cleaned_text
stringlengths 1
200k
⌀ | category
stringclasses 7
values |
---|---|
Jahon banki huzuridagi Investitsiya nizolarini hal qilish bo'yicha xalqaro markaz (INHQXM) Rossiyaning MTS mobil operatorining Turkmanistonga qarshi da'vosini ko'rib chiqishni yakunladi. INHQXM saytidagi ma'lumotlarga ko'ra , ish bo'yicha qaror 14-iyun kuni qabul qilingan, ammo uning natijalari e'lon qilinmagan. Turkmaniston tomonini himoya qiluvchi Squire Patton Boggs yuridik firmasi 15-iyun kungi bayonotida Turkmaniston tomoni ishda g'alaba qozonganini xabar qildi . Squire Patton Boggs bayonotida aytilishicha, arbitraj sudi MTS`ning 2 milliard dollarlik da'vosini rad etgan. Bundan tashqari, uyali aloqa kompaniyasi Turkmanistonga 11 million dollardan ortiq sud xarajatlarini qoplab berishi belgilangan. MTS 2017-yil sentabrida "Turkmentelekom" davlat telekommunikatsiya kompaniyasi operatorning chastotalardan foydalanish ruxsatnomalari va ijara shartnomalarini yangilashdan bosh tortganidan keyin Turkmaniston bozoridan majburiy ravishda chiqib ketgani haqida e'lon qilgan edi . 2018-yilda MTC Turkmaniston ustidan da'vo bilan INHQXMga murojaat qilgan. Operator mamlakat hukumati uning Rossiya hukumati bilan kelishuvda mustahkamlangan xorijiy investor sifatidagi huquqlarini buzganini qayd etgan. Kompaniya o'z yo'qotishlarini 750 million dollarga baholagan. 2019-yilda operator o'zining moliyaviy da'volari miqdorini ikki baravar oshirib, 1,5 milliard dollarga yetkazgani ma'lum bo'ldi. Da'vo miqdori Squire Patton Boggs bayonotida ko'rsatilganidek qachon 2 milliard dollarga oshgani noma'lum. Squire Patton Boggs`ning ma'lumotlariga ko'ra, INHQXM "MTS`ning barcha da'volarini bir ovozdan rad etgan" va operatorda Turkmanistonda shartnoma uzaytirilishini kutishga "huquq va qonuniy asoslar bo'lmagan" degan qarorga kelgan. Shuningdek, arbitraj "Turkmaniston MTS faoliyatiga nisbatan noqonuniy harakatlar sodir etmagan" deb topgan. | world |
"Bi-bi-si" jurnalistlari iyun oyida KXDR fuqarolari bilan suhbatlashishga muvaffaq bo'ldi (manbalar ular suhbatlashgan fuqarolar ishonchli ekani, yolg'on ma'lumot bermasligini ta'kidlamoqda). Ularning ma'lum qilishicha, so'nggi yillarda mamlakatdagi iqtisodiy ahvol va oziq-ovqat ta'minoti birdan sezilarli yomonlashgan. Avvallari guruchga pul topa olgan aksariyat shimoliy koreyaliklar endi nisbatan arzonroq yegulik — makkajo'xori iste'moliga o'tgan. Bozorlarda mahsulotlar kamayib ketgan va, "Bi-bi-si" suhbatdoshlarining so'zlaridan xulosa qilinsa, odamlar ochlikdan o'la boshlagan. Meduza Seuldagi Kunmin universiteti yetakchi ilmiy tadqiqotchisi Fyodor Tertitskiyga tayanib, Shimoliy Koreya hukumati nima sababdan o'nlab yillardan beri oziq-ovqat muammosini hal qila olmayotgani va pandemiya vaziyatni qanday qilib yanada og'irlashtirgani haqida tahliliy maqola e'lon qildi. "Gazeta.uz" maqola tarjimasini e'tiboringizga havola qiladi. Iqtisodiy inqirozlar va ocharchilik Shimoliy Koreyaning 78 yillik tarixida muntazam yuz berib turgan. Eng birinchi inqiroz Koreyaning Sovet-Yapon urushi natijasida sovetlar tomonidan egallab olingan hududida boshlangan. Inqiroz yarim orolning shimoliy qismi agrar sohaga ixtisoslashgan janub va sobiq metropoliya (ya'ni Yaponiya)dan uzib qo'yilishi, shuningdek, bosqinchi kuchlar qo'mondoni general-polkovnik Ivan Chistyakovning shafqatsiz rahbarlik uslubi natijasida yuzaga kelgan. Shimoliy Koreyadagi ilk ocharchilikning asosiy qurbonlari yaponiyaliklar bo'lib, ularni sovet qo'mondonligi gettoga (izolyatsion lagerga — tahr.) joylashtirgan — u yerda odamlar yomon sanitariya sharoitlari va oziq-ovqat yetishmovchiligidan qirilgan. Chistyakov qo'l ostidagilarning odamlarga guruch berish to'g'risidagi iltimosiga veto qo'ygan va guruch Qizil Armiya o'ljasi ekanligini aytgan. Yaponiya taslim bo'lganidan keyin Koreyaning shimoliy qismida iqtisodiyot amalda butunlay to'xtab qoladi. Ochlik aholining yanada kengroq qatlamlarini qamrab olishi mumkin edi, biroq falokatning oldini olishga erishiladi. Arxiv hujjatlari shuni ko'rsatadiki, bunda Primorskiy harbiy okrugi qo'mondoni marshal Kirill Meretskovga okkupatsiya hududida nimalar sodir bo'layotgani haqida xabar berishdan qo'rqmagan ikki ofitser — podpolkovnik Georgiy Fedorov va mayor Yuriy Livshitsning aralashuvi asosiy omil bo'lib xizmat qilgan. O'zi 1941-yilgi qatag'ondan mo''jizaviy tarzda qutulib qolgan marshal ochlikdan azob chekayotgan yaponlarga yordam ko'rsatish haqida buyruq beradi. KXDRda keyingi ocharchilik 1954−1955-yillardagi voqealar paytida yuz bergan. Bu safar ocharchilikka kollektivlashtirish sabab bo'ladi: Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Ir Sen sovet modeliga ergashishga shu qadar ishtiyoq bilan kirishib ketadiki, 1952-yilda Moskvadagi uchrashuv chog'ida Iosif Stalinning o'zi unga sur'atni biroz susaytirishni maslahat beradi. Nafaqat xususiy savdoga nisbatan qo'yilgan bir qator taqiqlar sabab yuzaga kelgan ocharchilik, balki KXDRning urushdan keyingi tuzilmasidan xafsalasi pir bo'lgan amaldorlarning birin-ketin o'z joniga qasd qilishlari ham partiya rahbariyatini iqtisodiy siyosatni vaqtincha yumshatishga majbur qiladi. Savdoga qo'yilgan cheklovlar yengillashtiriladi va bunga parallel ravishda Pxenyan yetishmayotgan donni boshqa sotsialistik mamlakatlardan sotib ola boshlaydi. Biroq Shimoliy Koreya tarixidagi eng dahshatli yut 1990-yillardagi Buyuk ocharchilik bo'lib, bu Sharqiy Osiyoda Mao Szedunning "Buyuk sakrash" davridan keyin kuzatilgan eng katta fojiadir. Ushbu hodisalarga bir qancha omillar sabab bo'lgan. Birinchidan, Kim Ir Senning iqtisodiy masalalarda mutlaqo bilimsizligi. KXDR asoschisi, birinchi navbatda, o'zining azaliy orzusi — Janubga bostirib kirish va Koreyani o'z hukmronligi ostida birlashtirishga xizmat qiluvchi maksimal darajada markazlashgan iqtisodiyotni yaratishga intilgan. Qishloq xo'jaligi mamlakat rahbari uchun ustuvor ahamiyatga ega emasdi va shu sababli 1980-yillarda bu soha chuqur inqirozga yuz tutdi. Kolxoz tizimining samarasizligi ham, rivojlanmagan infratuzilma sharoitida mexanizatsiyalashning yetarli darajada emasligi ham, shuningdek, qishloq xo'jaligidagi muvaffaqiyatsiz tajribalar ham o'z so'zini aytdi. Ikkinchi muhim omil — geosiyosiy o'zgarishlar edi. Iqtisodiyoti "birodar mamlakatlar" — birinchi navbatda Xitoy va SSSR — ta'minotiga bog'liq bo'lgan Shimoliy Koreya tashqi yordamsiz qoldi. Bunga ko'p jihatdan Pxenyanning o'zi — Moskva (1990-yilda) va Pekinning (1992-yilda) Janubiy Koreya bilan diplomatik munosabatlar o'rnatish qaroriga emotsional munosabatda bo'lganligi sabab edi. Kim Ir Sen nuqtai nazarida bu — Janubiy Koreya bilan diplomatik munosabatlar o'rnatish — xiyonat edi va u "Janubiy Koreya qo'g'irchoqlari"ni tan olgan sovet va xitoylik "revizionistlar" KXDRning bu pozitsiyasini his qilishi uchun harakat qildi. Nihoyat, uchinchi omil — 1990-yillar o'rtalarida qishloq xo'jaligiga navbatdagi zarba bo'lgan suv toshqinlari, to'rtinchisi esa 1994-yilda Kim Ir Senning olamdan o'tishi edi. Otasining qariyb yarim asrlik hukmronligidan keyin hokimiyatni meros qilib olgan ehtiyotkor Kim Chen Ir har qanday qaltis harakat rejimni qulatishi mumkinligidan cho'chib, tizimda imkon qadar hech qanday o'zgarish qilmaslikka qaror qildi. Shu bois KXDR hukumati tarkibiy islohotlarni amalga oshirmadi va hatto qo'shnilaridan yordam ham so'ramadi. Natijada falokat yuz berdi. KXDRda ocharchilik qurbonlari soni kamida yuz minglab , ayrim hisob-kitoblarga ko'ra , million kishidan oshib ketdi. Omon qolgan ko'pchiligining salomatligi muntazam ravishda to'yib ovqatlanmaslik tufayli yomonlashdi. Inqiroz bir necha yil o'tgach, KXDR iqtisodiyoti qora bozor tufayli yana o'sishni boshlaganidagina barham topdi, hukumat esa uni liberallashtirishga qaror qildi. So'nggi bir necha yil ichida KXDR taqdirini belgilab bergan asosiy omil koronavirus pandemiyasi bo'ldi. Uxanda yuzaga kelgan ilk epidemiyadan so'ng — va hatto 2020-yil mart oyining boshida kasallik butun sayyora bo'ylab tarqala boshlamasdan oldin — Shimoliy Koreya tashqi dunyo bilan aloqani qariyb butunlay uzdi . Shunga o'xshash, hartugul nisbatan yumshoqroq karantin rejimini, aksariyat hollarda KXDRning uchinchi davlatlar bilan aloqalariga vositachilik qiluvchi, Xitoy ham joriy qildi. Janubga sayohat qilayotgan KXDR fuqarolari soni ham keskin qisqardi (so'nggi uch yilda ularning soni 1990-yillardagi ko'rsatkichdan ham kamaydi). Janubiy Koreyaga kelayotgan KXDR fuqarolari soni. Infografika: Meduza Natijada KXDR haqidagi ma'lumotlar hajmi keskin qisqardi. Ushbu yopiq mamlakatni o'rganish uchun tadqiqotchilar bir nechta usullardan foydalanardilar: Ushbu olti banddan faqatgina ochiq ma'lumotlar va sun'iy yo'ldosh tasvirlari bilan ishlash o'zgarishsiz qoldi — hatto materiallarning sizib chiqishi ham bir necha baravarga qisqardi (bunday holatlardan biri sifatida faqat Koreya Mehnat partiyasining 2021-yil VIII yig'ilishida tasdiqlangan yopiq Nizomining sizib chiqishini keltirish mumkin). Qariyb butun dunyo (shu jumladan, koronavirusga nisbatan butkul murosasizlik rejimini saqlab qolishga harakat qilgan Xitoy, Avstraliya va Yangi Zelandiya)dan farqli o'laroq, KXDR hali ham chegaralarini ochmadi. Bu esa deyarli birgina Xitoy bilan amalga oshiriladigan tashqi savdo intensivligining keskin pasayishiga olib keldi. Xitoydan iqtisodiy yordam yetkazib berish ham qiyinlashdi. Shu bilan birga, Shimoliy Koreya oziq-ovqat sektori Xitoyga kuchli bog'langan. Gap nafaqat mahsulot yetkazib berish, balki o'g'itlar, asbob-uskunalar, yoqilg'i, qishloq xo'jaligi texnikalari va yuk avtomobillari uchun ehtiyot qismlar kabi tovarlar haqida ham bormoqda. Biroq, yangi inqirozga turtki bergan omil faqatgina Xitoy bilan savdo aloqalarining uzilishi emas. KXDR iqtisodiyotida bugun — aksil-islohotlar davri . Iqtisodiyotdagi 2000-yillarning oxiri va 2010-yillarning boshlaridagi ijobiy o'zgarishlarni orqaga qaytarish 2019-yili Xanoyda bo'lib o'tgan Shimoliy Koreya-Amerika sammiti muvaffaqiyatsizlikka uchragach boshlangan edi. O'shanda Kim Chen In prezident Donald Trampdan KXDRga qarshi sanksiyalar bekor qilinishini kutgani holda, amalda hech narsa ololmadi. Pxenyanning shundan keyingi xatti-harakatlaridan xulosa qilinsa, KXDR rahbari sanksiyalar hali-beri bekor qilinmaydi va avtarkiyaga asoslangan, o'zini o'zi ta'minlaydigan iqtisodiyotni qurish zarur, degan qarorga kelgan. Shimoliy koreyaliklarning umumiy ovqatlanish tamoyili o'nlab yillardan beri o'zgarishsiz qolmoqda. O'ziga to'q kishilar baliq va go'sht mahsulotlarini nisbatan tez-tez iste'mol qilish imkoniga ega. Guruch — o'rta sinf uchun. Kambag'al qatlam uchun — makkajo'xori. Ochlikdan aziyat chekayotgan odamlarda esa hatto shunga ham pul yo'q. DailyNK tomonidan yuritiladigan statistik ma'lumotlarga ko'ra , Pxenyan va unga chegaradosh Siniychju va Xesan shaharlarida guruch narxi 2019-yilga nisbatan 25 foizga oshib, so'nggi besh yil ichidagi eng yuqori darajaga yetdi. Makkajo'xori narxi yanada ko'proq oshdi — 2019-yildagidan deyarli ikki baravar yuqori. Gap Shimoliy Koreya vonining qadrsizlanganida emas, chunki uning KXDRda qo'llaniladigan asosiy xorijiy valyuta — AQSh dollariga nisbatan kursi deyarli o'zgarishsiz qolmoqda . Bozorda narx o'sishi odatda talabning ortishi yoki taklifning kamayishiga javoban yuz beradi — va Shimoliy Koreyada sodir bo'layotgan voqealar haqida biz bilgan nisbatan kam ma'lumotlar shuni ko'rsatadiki, KXDR vaziyatida gap ikkinchi ssenariy haqida ketmoqda. Mamlakatning o'zini-o'zi yakkalaganligi ham, qishloq xo'jaligidagi inqiroz tufayli yakkalanib qolishi ham bozorlarda mahsulotlarning kamayishiga olib kelmoqda. Narxlar oshib bormoqda — odamlar esa tobora kamroq oziq-ovqat sotib olishga majbur. Natijada mamlakatda turmush darajasi pasayib bormoqda. Ilgari to'yib ovqatlanganlarning bir qismi to'yib ovqatlanish imkoniyatidan mahrum bo'la boshlaydi. Ilgari to'yib ovqatlanmaydiganlarning bir qismi ochlikdan va organizmning zaiflashishi bilan bog'liq kasalliklardan vafot etadi. Mavjud barcha ma'lumotlarga tayanilsa, KXDRda yuzaga kelayotgan vaziyat 1990-yillardagi ocharchilikka olib kelgan shart-sharoitlarga ma'lum darajada o'xshaydi. Asosiy sabab — o'sha-o'sha: Xitoy, Vetnam, Laos va Kuba (ya'ni, sotsialistik blokning boshqa barcha mamlakatlari)dan o'rnak olib bozor islohotlarini o'tkazish o'rniga, KXDR turgan joyidan oldinga harakat qilmayapti. Oliy rahbariyat nisbatan liberallik hukm surgan yillarda mavjud bo'lgan Vazirlar Mahkamasining islohotchi qismining lobbi qilish imkoniyatini muntazam ravishda qaytarishga urinmoqda. Ikkinchi sabab ham o'xshash — Xitoy taklif qilayotgan yordamni rad etish. Shu bilan birga, 2023-yildagi ehtimoliy ocharchilik va 1990-yillardagi voqealar o'rtasida jiddiy farq bor. Birinchidan, KXDRning hozirgi iqtisodiyoti 25−30 yil avvalgisidan ko'ra ko'proq bozorga yo'naltirilgan. Ikkinchidan, 1990-yillarda Pxenyanning asosiy motivi — "xitoyliklarning shimoliy koreyaliklarga yordam berishiga yo'l qo'ymaslik" — mafkuraviy (Janubiy Koreyani tan olgani uchun Xitoyga nisbatan norozilik) edi va 2020-yillarda uning o'rnini sanitar motiv — pandemiya sharoitidagi karantin egalladi. Yana bir jihati, 2023-yil iyundagi qat'iy koronavirus cheklovlari anaxronizmga o'xshaydi. Sharqiy Osiyoda karantin dunyoning boshqa mintaqalariga qaraganda uzoqroq amal qilganiga qaramay, Xitoy , Janubiy Koreya va Yaponiya allaqachon odatdagi turmush tarziga qaytgan. Vaziyat o'zgarishiga, nimadandir umid qilishga shimoliy koreyaliklarda ham asoslar yo'q emas. 18-iyun kuni KXDRning bosh gazetasi "Nodon Sinmun" Kim Ir Sen tavalludining 110 yilligi va Kim Chen Ir tavalludining 80 yilligi munosabati bilan navbatdagi "Pektu tog'idan buyuk odamlarni madh etish festivali" o'tkazilishi haqida xabar berdi. Hozircha u Pxenyanda bo'ladimi yoki onlayn tarzda — aniq emas, biroq karantin siyosatida o'zgarishlar bo'lishiga imkoniyat mavjud. KXDR nima uchun o'z fuqarolarining bir qismining hayotiga zomin bo'lishi mumkin bo'lgan bunday xatarli siyosat olib bormoqda? Turli farazlarni ilgari surish mumkin, biroq aniq sababini bilmaymiz. Shunga qaramay, nisbatan katta ishonch bilan ayrim xulosalar qilish mumkin. Birinchidan, amaldagi yopiqlik rejimi Kim Chen Inning ixtiyori bilan amal qilmoqda va faqat uning roziligi bilan bekor qilinishi mumkin. Ikkinchidan, makkajo'xori guruchdan ham ko'proq qimmatlashgani vaziyat yanada yomonlashgan taqdirda birinchi galda qashshoq shimoliy koreyaliklar jabr ko'rishidan dalolat beradi. Narxlar o'sishda davom etgan taqdirda, ochlikdan o'lish holatlari ham ortib boraveradi. | world |
Janubiy Afrika Respublikasining eng yirik shahri Yohannesburgda 11 yil ichida birinchi marta qor yog'di. Janubiy yarimsharda iyundan avgustgacha qish oylari hisoblanadi va ushbu shaharda oxirgi marta bu hodisa 2012-yil avgust oyida kuzatilgan, deya xabar bermoqda BBC. Mahalliy aholi qor yog'ish hodisasini "mo''jizaviy", "haftaning ajoyib boshlanishi" deb ta'riflagan. Foto: Anadolu Agency Witwatersrand universitetining fizik geografiya professori Jennifer Fitchett mahalliy Times gazetasiga bergan intervyusida qorning davomli yog'ishi ehtimoli past ekanini va hodisaga namlikning ko'tarilishi, sovuq harorat va sovuq shamol sabab bo'lganini ta'kidlagan. "Bu har 10 yilda bir marta sodir bo'ladi. Biz qor ko'p yog'adigan hudud emasmiz va bu bizda qishda quruq muhit bo'lishi bilan qisman bog'liq. Bizda kuchli, yuqori bosimli muhit bo'lgani uchun qish oylarida yomg'ir yog'maydi yoki juda kam yog'adi. Shuning uchun havoda namlik ko'p bo'lmaydi", — deydi professor. Foto: EPA Ko'plab o'quvchilar qorni birinchi marta ko'rdi. Foto: Reuters Uning aytishicha, shaharda oxirgi marta qor 2012-yilda va undan oldin esa 2007-yilda yog'gan. JAR ob-havo xizmati meteorologi Ueyn Venterning aytishicha, kuzatilayotgan hodisa istisno hisoblanmaydi va uni iqlim o'zgarishi bilan bog'liq deb bo'lmaydi. | world |
Qozog'iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Ostona shahrini rivojlantirish bo'yicha yig'ilishda poytaxt muammolarini sanab o'tdi. "Gazeta.uz" tahririyati ularning ko'pchiligi Toshkent muammolariga o'xshashligiga e'tibor qaratdi. "Ochig'ini aytishimiz kerakki, Ostonaning asosiy muammolari uning rivojlanishini noto'g'ri rejalashtirish, to'g'rirog'i, umuman yo'qligi bilan bog'liq. Nazoratsiz tezlashtirilgan qurilishlar, katta hajmlar ortidan quvish va o'ylab chiqilmagan qarorlar shaharda muhim infratuzilma yetishmasligiga olib keldi", — deb hisoblaydi Qasim-Jomart Toqayev. Uning so'zlariga ko'ra, bunday ayanchli natijaga "mas'uliyatli rahbarlarning yo ochiqdan-ochiq layoqatsizligi yoki g'arazli niyatlari" sabab bo'lgan. "Shahar hokimiyati davlat va fuqarolar manfaatlarini doimo birinchi o'ringa qo'yishi, quruvchilarning so'rovlari va foydaga bo'lgan tashnaligiga yo'l qo'ymaslik", — dedi Toqayev. Prezident poytaxtda so'nggi isitish mavsumi issiqlik quvvatlarining katta taqchilligi bilan o'tganini ta'kidladi. "Iliq qish sharofati bilan kollapsdan qochishning iloji bo'ldi. Bir vaqtning o'zida mahalliy hokimiyat millionlab kvadrat metr uy-joylar qurilishiga ko'maklashishda davom etmoqda, vaholanki ularni zarur issiqlik bilan ta'minlashga tayyor emaslar. Shahar muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish esa ko'p jihatdan kommunal xizmat ko'rsatuvchi korxonalar mas'ul mutasaddilarining kasbiy mahoratiga bog'liq", — dedi u. Qozog'iston rahbari Ostona meri Jenis Qasimbekka shahar kommunal korxonalari boshqaruvini tahlil qilish topshirilganini eslatdi. "Poytaxtda IESga advokat, REKka baholovchi, issiqlik yetkazib beruvchisiga agronom, shahar suv xo'jaligiga chorvachilik mutaxassisi rahbarlik qiladi. Ishonchim komilki, har kim o'zi professional bo'lgan ish bilan shug'ullanishi kerak. Aks holda ish natijasi shunga yarasha bo'ladi", — dedi davlat rahbari. Qozog'iston prezidentining ta'kidlashicha, hokimlarning uzoqni o'ylamasligi va harakatsizligi tufayli "yong'in" rejimida yangi issiqlik manbalari, suv quvurlari, tozalash inshootlarini qurishga majbur bo'lishmoqda. Uning qayd etishicha, shahar tez sur'atlar bilan o'sib bormoqda, muhandislik tarmoqlariga yuklama esa muttasil ortib bormoqda. "Shuning uchun 3-IEMning ikkinchi navbati va uchinchi gaz qozonxonasini qurish bo'yicha zudlik bilan hamda yakuniy qaror qabul qilish zarur. Bir oy muddatda tegishli takliflar kiritishni topshiraman. Bizning vazifamiz — Ostonani kamida o'n yil davomida ishonchli issiqlik bilan ta'minlash. Bu poytaxtning barqaror rivojlanishi uchun nihoyatda muhim. Poytaxtning davlatning ma'muriy-siyosiy markazi sifatidagi alohida o'rni hisobga olinsa, bu masala strategik ahamiyatga ega", — dedi Toqayev. Prezident, shuningdek, yoz boshida Ostonada suv yo'qligi, shu sababli turar-joy majmualari aholisi yo'llarni to'sib qo'ygani va uylariga suv berish talabi bilan mitinglarga chiqqani haqida gapirdi. Uning so'zlariga ko'ra, poytaxt uchun bunday holat qabul qilinishi mumkin emas. — Ochiq aytsak, vujudga kelgan vaziyat shahar muhandislik infratuzilmasini rivojlantirishda ishtirok etishi kerak bo'lgan shaxslar harakatsizligining tabiiy oqibati bo'ldi. Hayotiy muhim soha uchun o'ta muhim bo'lgan bunday xatolar nafaqat vijdonsizlik, balki haqiqiy zararkunandalik ham bo'lib, javobgarlik shunga yarasha bo'lishi kerak. Bu sohada xatoga yo'l qo'yib bo'lmaydi, chunki suv, issiqlik va yorug'lik insonning hayotiy ehtiyojlari hisoblanadi. Aybdorlar javobgarlikka tortilishi kerak", — dedi u. Qasim-Jomart Toqayev poytaxt Ostona suv omboriga to'liq qaram ekanini ta'kidladi. Boshqa suv manbalari yo'q, bu juda xavfli. Har qanday vaqtda yuz berishi mumkin bo'lgan avariya butun shahar uchun xavf tug'diradi, shuning uchun Ostonani suv bilan ta'minlashning muqobil usullarini izlash kerak, dedi u. "Poytaxt aholisi soni ortib borayotgani va tobora ko'proq yangi obyektlar foydalanishga topshirilayotgani bois yaqin bir-ikki yil ichida suv ombori tugab bitishi hozirdan ma'lum… Agar kerakli ishlar amalga oshirilmasa, men buni sabotaj sifatida qabul qilaman. Biz zudlik bilan vaziyatni to'g'irlashimiz kerak. Poytaxtni bunday zaif holatda qoldirishni qabul qilib bo'lmaydi", — dedi u. Bundan tashqari, Toqayev akimatga Qarabidayiq suv to'plash ko'lini keyingi yil oxirigacha kengaytirish bo'yicha topshiriq berdi: "Hozir Yesil daryosiga tashlamalar shaharning yagona suv arteriyasini ifloslantirmoqda. Bu juda xavfli, shunchaki qabul qilinishi mumkin emas. Hukumat ushbu tashlamalarni tartibga solish masalalarini hal qilishi kerak. Mana hukumat va vazirlik nima bilan shug'ullanishi kerak: normativ tartibga solish". Qozog'iston prezidenti uy-joy qurilishini tartibga solish zarurligini ta'kidladi. Bugungi kunda Ostonada 10 mln kvadrat metrga yaqin uy-joy qurilish ishlari olib borilmoqda. Qurilishlar sur'ati yuqori bo'lganida sifat bir chetda qolib ketadi, dedi u. Prezident katta mablag' ajratilayotgan qurilish sohasiga "har xil turdagi firibgarlar"ning kirib kelishga urinishlarini qayd etdi. "Tadbirkorlik faoliyatini tekshirishga qo'yilgan moratoriydan foydalanib, bir qator kompaniyalar tegishli ruxsatnomalarsiz qurilish ishlari olib bormoqda. Ular hissadorlardan noqonuniy ravishda pul yig'ishmoqda. Bu juda xavotirli tendensiya. Hokimiyat huquq-tartibot idoralari bilan birgalikda bu xavfli tendensiyaga chek qo'yishi kerak. Bularning barchasi yangi muammoli obyektlarning paydo bo'lishiga olib keladi. Agar hokimlik mavjud muammoga ko'z yumishda davom etsa, bu og'ir oqibatlarga olib kelishi mumkin", — dedi u. Uning fikricha, mansabdor shaxslarning bunday jinoiy beparvoligi va mas'uliyatsizligi milliy xavfsizlikka ham zarar yetkazishi mumkin. Ma'lum qilinishicha, bugungi kunda 4000 ga yaqin hissador o'z kvartirasiga ko'chib o'ta olmayapti. Toqayevning aytishicha, tadbirkorlik salohiyatidan foydalanish va avariya holatidagi uylarni buzish hamda shahar uy-joy fondini ta'mirlash bo'yicha xususiy quruvchilarning investitsiya faolligini rag'batlantirish zarur. "Shuningdek, investorlar renovatsiya qilinadigan hududdagi yer uchastkalarini buzish va sotib olishga pul sarflashni xohlamaydilar. Ular uchun Ostonaning chap sohilida tayyor muhandislik tarmoqlari bo'lgan bo'sh joylarda qurilish qilish foydaliroq. Ammo o'zaro murosalarni topish kerak. O'ng qirg'oqni saqlash va to'g'ri rivojlantirishga e'tibor berish zarur — shaharning eski qismi, u o'ziga xos xarizmaga ega. Bizga Ostonaning muvozanatli rivojlanishi kerak", — dedi u. Investorlar avariya holatidagi obyektlarni buzishi, aholini boshqa binolarga ko'chirishi va bo'sh yerlarda yangi uylar qurishi lozim. O'z navbatida, hokimlik ham ularga zarur shart-sharoitlarni yaratishi kerak. Shahar muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish, yo'llar, ijtimoiy obyektlar qurish zarur. Shunday qilib, birgalikdagi sa'y-harakatlar bilan avariya holatidagi va eskirgan uy-joy muammosini hal qilish mumkin bo'ladi. "Bundan tashqari, bu shahar markazi va uning chekkalari rivojlanishidagi nomutanosibliklarni bartaraf etishga yordam beradi. Shaharning eski qismi qiyofasi ham o'zgaradi. Odamlarning farovon yashashini ta'minlaydigan eng yaxshi shaharsozlik yechimlaridan Ostonaning butun hududida foydalanish kerak. Yaltiroq osmono'par binolar, boy mahallalar va haqiqiy xarobalar, vayronaga aylangan binolar — bu bizning yo'limiz emas. Vaziyatni "tenglashtirish" kerak. Bu adolatli jamiyat qurish g'oyasining mohiyatidir", — dedi Toqayev. Qozog'iston prezidenti poytaxtning yagona me'moriy qiyofasini shakllantirish bo'yicha samarali chora-tadbirlar ko'rish bo'yicha topshiriq berdi. Uning fikricha, Ostonaning ishlab chiqilgan yagona loyiha kodeksi aslida rasmiy hujjatga aylangan, "qurilayotgan obyektlar bir-biriga mos kelmaydi, yagona uslub yo'q, eklektika mavjud". "Poytaxtni qurilish sifati hech qanday tanqidlarga bardosh berolmaydigan bir xil turdagi qutisimon binolar bilan to'ldirishdi. Bu uy-joy va ofisga ham taalluqli. Axir bu ko'plab o'n yilliklar uchun shaharning me'moriy qiyofasini belgilab beradi-ku. Yangi obyektlar umumiy shaharsozlik konsepsiyasidan ajralib turmasligi kerak. Buni quruvchilardan doimiy ravishda talab qilish muhim", — deya ta'kidladi u. Toqayev, shuningdek, rejaga ko'ra, Qozog'iston poytaxtining tashrif qog'ozlaridan biriga aylanishi kerak bo'lgan "Minjildiq" xiyobonini rivojlantirish haqida ham gapirdi. "Haqiqatda biz didsiz, dod-voy soluvchi fasadli, hamma yoq iflos, daraxtlar o'rniga qurigan cho'plar va muhandislik infratuzilmalardagi son-sanoqsiz muammolar bo'lgan ikkita g'arib ko'chaga ega bo'ldik. Ustiga-ustak, mazkur xiyobondagi yagona maydon uy-joy qurish uchun xususiy kompaniyaga berilgan. Buni mutlaqo qabul qilib bo'lmaydi. Bosh rejada ko'zda tutilgan maydonlarni qaytarib berishni va zudlik bilan "Minjildiq" xiyobonini tizimli rivojlantirish bilan shug'ullanishni topshiraman", — dedi u. Prezident poytaxtning Tinchlik va totuvlik saroyidan yangi vokzalgacha cho'zilgan "strategik o'qi" yagona katta va shinam yashil bog'ga aylanishi kerakligini ta'kidladi. Qozog'iston poytaxtida noyob obyektlar qurishni bas qilishdi, "uy-joy qurilishiga haddan tashqari berilib ketishdi", deb hisoblaydi Toqayev. "O'z vaqtida biznes tomonidan qurilgan "Abu-Dabi Plaza", "Xan Shatir", "Talan Towers" kabi mashhur majmualar bugungi kunda Ostona timsoli hisoblanadi. Hokimlik ushbu yondashuvni qaytadan qo'llashi va shaharning yangi diqqatga sazovor joylarini qurish uchun xususiy investorlar va taniqli arxitektorlarni jalb qilishi kerak", — dedi u. Prezidentning so'zlariga ko'ra, shaharni ko'kalamzorlashtirish katta ahamiyatga ega va Ostonada bu borada muammolar bor. "Yashil maydonlar yetishmaydi… Mavsumiy o'simliklarni ekish amaliyotidan qochib, ko'p yilliklarini faolroq o'tqazish zarur. Shu bilan birga, poytaxtning keskin iqlimini hisobga olish, ilmiy jamoatchilik salohiyati va ilg'or jahon tajribasidan foydalanish muhim ahamiyatga ega", — dedi u. Ko'kalamzorlashtirish ishlari qurilish sur'atiga mos ravishda olib borilishi kerak, dedi Tokayev. "Umuman olganda, Ottava, Toronto shaharri iqlim zonasi Ostonaga mos keladi. Bu yashil shaharlar, chiroyli ko'rinadi. Kanada tajribasidan foydalanishimiz kerak. Bunda quruvchilarning o'zlarini faol jalb qilish kerak. Misol uchun, Xelsinkida quruvchilarga qurilishdan so'ng darhol tutash hududlarni ko'kalamzorlashtirish majburiyati yuklatiladi. Bu biz foydalanishimiz kerak bo'lgan tajriba. Germaniya hatto "bir vaqtning o'zida" tamoyiliga asoslangan "Yashillashtirish kodeksi"ni ham qabul qildi. Ya'ni, quruvchi qurilish maydoniga teng bo'lgan yer uchastkasiga daraxt va butalarni ekishga majburdir. Bunday yondashuv yaxshi samara beradi", — dedi Qozog'iston rahbari. Toqayevning ma'lum qilishicha, shahar qiyofasini tartibsiz va pashshaxo'rda reklamalar chiqarayotgan "vizual shovqin" buzmoqda. "Olti oy oldin men Ostona shahrini 5 yil ichida bog'-shaharga aylantirish vazifasini qo'ygan edim. Bu boradagi aniq qadamlar hali yetarli emas… Poytaxtimizda keng ko'lamli ko'kalamzorlashtirish ishlarida dastlabki aniq natijalarga joriy yilda erishilishi kerak. Zamonaviy texnologiyalarni qo'llash muhim ahamiyatga ega. Bu yerda esa yashil maydonlarni sug'orish hali ham eski usulda amalga oshiriladi, tomchilatib sug'orish qo'llanilmaydi. Ish uslubimizni o'zgartirishimiz kerak", — dedi u. "Hozircha, juda qimmat narxlarda shoshilinch mavsumiy ishlarga e'tibor qaratilmoqda, bu esa nomutanosib ravishda katta budjet xarajatlariga olib keladi. Shahar qiyofasini tartibsiz va pashshaxo'rda reklamalar chiqarayotgan "vizual shovqin" ham sezilarli darajada buzadi. Bu muammo mahalliy hokimiyat organlaridan tadbirkorlik jamiyati bilan alohida e'tibor va mashaqqatli ishlashni talab qiladi", — dedi prezident. Hammabop ijtimoiy infratuzilma Tohayev Ostonaning butun aholisi shahar infratuzilmasi — ta'lim va sog'liqni saqlash muassasalari, madaniyat va sport, shuningdek, bog'lar va jamoat joylaridan teng foydalana olishi kerakligini ta'kidladi. Bu barcha fuqarolar hayoti uchun qulay va qulay muhit yaratishning asosiy shartidir, dedi u. "Aholining nazoratsiz o'sishi" tufayli bugungi kunda Ostonada zamonaviy poliklinikalar, sifatli va arzon xizmat ko'rsatadigan ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari, shuningdek, malakali tibbiyot kadrlari keskin yetishmaydi. — Ko'pincha poliklinikalardagi navbatlar, xususiy klinikalarda xizmat ko'rsatishning qimmatligi tufayli odamlar so'nggi lahzagacha tibbiy yordamga murojaat qilmaydi. Bularning barchasi fuqarolar salomatligiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Vaziyatni tuzatish uchun poytaxtda uchinchi ko'p tarmoqli shifoxona qurish taklifini qo'llab-quvvatlashni muhim deb bilaman", — dedi u. Toqayevning aytishicha, Ostonada bolani maktab yoki bog'chaga olish hamon muammo bo'lib qolmoqda. "Ko'pgina maktablarda o'quvchilar soni loyihaviy quvvatdan sezilarli darajada oshadi, uch smenali ta'lim saqlanib qolmoqda, bu allaqachon qabul qilinadigan holat emas. Birinchi navbatda shaharda yangi ta'lim muassasalari, jumladan, 15 ta qo'shimcha ta'lim obyekti qurilishini ta'minlash talab etiladi", — dedi u. Toqayev insonning, ayniqsa, shahar aholisining asosiy ehtiyojlaridan biri, bu — internetga kirish ekanligini ta'kidladi. "Biz hamma joyda Ostonani "aqlli shahar" va mintaqaviy IT xab deb e'lon qilamiz, bu esa avtomat ravishda asosiy raqamli infratuzilmaning yuqori sifatini anglatadi. Biroq poytaxtda Internet va uyali aloqa barqarorligi orzu bo'lib qoldi. Bu nafaqat aholi uchun noqulaylik tug'diradi, balki shahar iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazadi, poytaxt mehmonlarida o'ta salbiy taassurot uyg'otadi", — dedi prezident. Metropoliya aholisining hayot sifatiga jamoat transporti faoliyati va tirbandlik ham bevosita ta'sir qiladi, dedi Qozog'iston rahbari. "Gazeta.uz"ning shaharlarni obodonlashtirish, qulay yashash sharoiti va iqtisodiy rivojlanish o'rtasidagi bog'liqlik to'g'risida ko'plab materiallarini " urbanistika " va " shahar odamlar uchun " kalit so'zlari ostida topish mumkin. | world |
12-iyul kuni Bishkek shahar sudi Qirg'iziston Madaniyat vazirligi va "Azattiq Media" o'rtasidagi kelishuv bitimini tasdiqlab, nashrni yopish haqidagi qarorni bekor qildi. "Azattiq" radiosi — Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi (RFE/RL) saytida bu haqda so'z boradi. "Azattiq" sayti O'zbekistonda ochilmaydi. Nashrning xabar qilishicha, sudga da'vo kiritilishiga sabab bo'lgan video hozirda RFE/RL saytlarida mavjud emas, chunki mediakorporatsiya resurslarida kontentni saqlash bo'yicha umumiy protokollarga kiritilgan o'zgarishlar tufayli materiallar "cheksiz saqlanmaydi". "Sudning kelishuv bitimini tasdiqlash to'g'risidagi qarorini inobatga olgan holda [Madaniyat] vazirlik Qirg'iziston Respublikasi Raqamli rivojlanish vazirligiga "Azattiq" sayti faoliyatini qayta tiklash zarurligi haqida xat yuboradi", — deyiladi xabarda. Qirg'iziston Madaniyat vazirligi, o'z navbatida, "Azattiq Media" vazirlik sudga berishiga sabab bo'lgan qirg'iz-tojik chegarasidagi mojaro haqidagi videoni "barcha manbalarida o'chirib tashlaganini" ma'lum qildi . Madaniyat vazirligining sudga da'vo kiritishiga "Nastoyaeye vremya" ("Hozirgi zamon" — RFE/RL xoldingi tarkibiga kiruvchi) telekanalining 2022-yil 16-sentabrda "Qirg'iziston va Tojikiston chegarasida og'ir janglar" sarlavhasi ostida lavha chiqarilishi sabab bo'lgan. Madaniyat vazirligiga ko'ra, materialda Qirg'izistonning "milliy manfaatlariga zid" "noto'g'ri ma'lumotlar" mavjud. Ma'lumot uchun : 2022-yil sentabrida Qirg'iziston va Tojikiston o'rtasidagi chegarada harbiy mojaro kelib chiqqan , natijada jami 94 kishi halok bo'lgan, 150 dan ortiq kishi jarohatlangan edi. Tomonlar hujumda bir-birini aybladi. Mart oyida Human Rights Watch tashkiloti har ikki davlat kuchlari tinch aholini o'ldirish va yaralashda ishtirok etgani hamda ularning harakatlari urush jinoyati bo'lishi mumkinligi haqida hisobot e'lon qildi . "Nastoyaego vremeni" reportajida jurnalistlar mojaroning har ikki tomonidagi manbalardan foydalangan, shuningdek, Tojikistondagi odamlarga so'z bergan, deb yozadi BBC. 2022-yil oktabr oyi oxirida Madaniyat vazirligi nashr videomaterialni olib tashlamagani uchun "Azattiq" radiosi sayti faoliyatini ikki oyga to'xtatib qo'ydi . Vazirlikning bildirishicha, materialda "qirg'iz tomonining Tojikistonga hujum qilgani haqidagi tasdiqlanmagan ma'lumotlar" "fuqarolar o'rtasida nafrat, kamsitish va bo'linishga sabab bo'ladi". Qirg'iziston Milliy xavfsizlik davlat qo'mitasi talabi bilan "Azattiq Media" akkauntlari bloklandi . Dekabr oyida Madaniyat vazirligi nashr materialni olib tashlamaguncha, "Azattiq" bloklanishi muddatini uzaytirishga qaror qildi . Yanvar oyida esa "Azattiq Media" ustidan sudga murojaat qilib, tashkilotni yopishni talab qildi. Aprel oyida Bishkekning Leninskiy tuman sudi Madaniyat vazirligining "Azattiq"ning OAV sifatida faoliyatini tugatish haqidagi da'vosini qanoatlantirdi . Amnesty International tashkiloti "Azattiq"ning yopilishini Qirg'izistonda "so'z erkinligiga jiddiy zarba" deb atadi . "Qirg'iz rasmiylarining "Azattiq" radiosi tomonidan e'lon qilingan video nafratni targ'ib etayotgani haqidagi da'vosi faqat mustaqil ommaviy axborot vositalarini yopish uchun yolg'on bahona bo'ldi", dedi o'sha paytda Amnesty International tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha direktori Mari Strazers. Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi esa "Azattiq"ning yopilishi "mamlakat mustaqil matbuoti uchun dahshatli signal bo'lib, Qirg'iziston rasmiylari o'z mamlakatini qaysi yo'nalishga olib ketmoqchi ekani borasida jiddiy savollar tug'diradi", deya ma'lum qildi . Qirg'iziston prezidentining matbuot kotibi Sadir Japarov Erbol Sultanbayevning qayd etishicha , "Azattiq Media" va Madaniyat vazirligi o'rtasidagi tinchlik kelishuvi "yana bir bor mamlakatda hech kim so'z erkinligini buzmasligi yoki u yoki bu OAVni kamsitmasligidan darak beradi". Uning so'zlariga ko'ra, Japarov "Azattiq" radiosining yangi bosh direktori Jeffri Gedmindan chegaradagi mojaroga oid materiallar hozirda mavjud emasligi haqida xat olgan. Sultanbayevning qo'shimcha qilishicha, "yolg'on ma'lumot tarqatishni taqiqlovchi mamlakat qonunlariga istisnosiz hamma rioya qilishi kerak". "Men har doim aytganman va takrorlayman — bizda so'z erkinligi bor edi, bor va bo'ladi", — deb yozadi u. AQShning Qirg'izistondagi elchixonasi ham sudning "Azattiq Media"ga qarshi ishni bekor qilish haqidagi qaroriga izoh berdi. ""Azattiq" radiosining qayta ochilishi matbuot erkinligi uchun muhim va Qirg'iziston Respublikasida barcha ovozlar eshitilishini ta'minlash uchun to'g'ri yo'nalishdagi qadamdir", — deyiladi elchixona bayonotida. | world |
AQSh Rossiyaning Ural kon-metallurgiya kompaniyasiga (UKMK) qarshi taqiqlovchi sanksiyalar kiritdi. Bu haqda AQSh moliya vazirligi saytida xabar berildi . Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) 18-oktabrgacha UKMK va uning shu'ba korxonalari bilan operatsiyalarni to'xtatish bo'yicha litsenziya berdi. "Qora ro'yxat"ga (SDN-list) Ural KMK guruhiga kiruvchi "Uralelektromed" i "UGMK-OSM" kompaniyalari ham kiradi. UKMK — Rossiyaning tog'-metallurgiya xoldingi, mamlakatdagi mis, rux, ko'mir va qimmatbaho metallarning eng yirik ishlab chiqaruvchilardan biri. 2022-yil mart oyida UKMK kompaniya asoschisi Iskandar Mahmudov (7,3 milliard dollar boyligi bilan rossiyalik milliarderlar ro'yxatida 21-o'rinni egallagan) va Andrey Bokarev (47-o'rin, 2,7 milliard dollar) UGMK, "Kuzbassrazrezugol" ko'mir kompaniyasi, "Vostochniy port" va "Rosterminalugol" aksiyadorlik jamiyatlaring nazorat qiluvchi benefitsiarlari bo'lishni to'xtatganini e'lon qildi . Shuningdek, ular ushbu kompaniyalarning direktorlar kengashi safidan chiqqani ham qayd etilgan. Bir oy o'tgach, Mahmudov va Bokarev Buyuk Britaniyaning sanksiyalar ro'yxatiga kiritilgan . Iyun oyi boshida Forbes UKMKning 2022-yil uchun moliyaviy hisobotiga tayanib, O'zbekiston sobiq tashqi ishlar vaziri, hozirda Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o'rinbosari Abdulaziz Komilovning o'g'li Doniyor Komilov kompaniyaning yangi benefitsiar egasiga aylangani haqida xabar bergandi . AQSh Rossiya Hisob palatasining sobiq rahbari va hozirda Yandex kompaniyasining korporativ rivojlanish bo'yicha maslahatchisi Aleksey Kudrin, Tinkoff Bank va mudofaa zavodlarini ham sanksiyalar ro'yxatiga kiritdi . | world |
23-iyulga o'tar kechasi Rossiya qo'shinlari Ukrainaning Odessa viloyatini yana o'qqa tutdi. Ukraina QK Harbiy-havo kuchlari qo'mondonligi ma'lumotlariga ko'ra, Rossiya hududga jami besh turdagi 19 ta raketa uchirdi. Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari ulardan to'qqiztasini urib tushirishga muvaffaq bo'lgan. Qolgan raketalar Odessa port infratuzilmasi va kamida oltita turar-joy binosiga, jumladan, ko'p qavatli uylarga zarar yetkazgan. Shahardagi ko'plab binolarning fasadlari va tomlari shikastlangan, deraza oynalari singan. Odessaning tarixiy markazida rus raketasining zarbasi natijasida Moskva Patriarxiyasining Ukraina pravoslav cherkoviga tegishli shahardagi eng katta pravoslav cherkovi — Spaso-Preobrajenskiy kafedral sobori vayron bo'ldi. "Vayronagarchilik juda katta, u o'ng tomonga urildi va minus birinchi qavatgacha kirib bordi. Soborning yarmi tomsiz qoldi. Markaziy ustunlar, poydevor vayron qilingan. Barcha derazalar, ganchlar sinib ketdi. Yong'in sodir bo'ldi, s obordaxoch va shamlar sotiladigan qism yonib ketdi ", deya ma'lum qildi Odessa yeparxiyasi kliriki, arxidiakon Andrey Palchuk "Suspіlne" nashriga. Umuman olganda, Odessa viloyati harbiy ma'muriyati rahbari Oleg Kiperning so'zlariga ko'ra, raketa hujumi vaqtida Odessa markazidagi kamida 25 ta me'moriy yodgorlik zarar ko'rgan. Bundan tashqari, hujum paytida bir kishi halok bo'lgan , yana 19 kishi, jumladan, to'rt nafar bola yaralangan. Foto : t.me/V_Zelenskiy_official Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Odessaning o'qqa tutilishini izohlar ekan, bu zarbadan keyin javob qaytarilishiga ishontirdi. "Tinch shaharlarga, turar-joy binolariga, cherkovga qarshi raketalar… Rossiya yovuzligini hech qanday oqlab bo'lmaydi. Har doimgidek, bu yovuzlik yutqazadi. Odessa uchun esa, albatta, rus terrorchilariga javob bo'ladi. Ular bu javobni his qilishadi. Bu so'nggi teraktdan jabr ko'rgan barchaga yordam ko'rsatilmoqda", — dedi u. Rossiya Mudofaa vazirligi Odessadagi pravoslav soboriga hujum qilinganini inkor etmoqda . Vazirlikning ta'kidlashicha, "yuqori aniqlikdagi qurollar" "RFga qarshi terrorchilik harakatlari tayyorlanayotgan" obyektlarga "sobor majmuasidan xavfsiz masofada" zarba bergan. Cherkovning vayron bo'lishi esa "[Ukraina] havo hujumidan mudofaa tizimlari operatorlarining savodsiz harakatlari" bilan izohlangan. 18-iyul, ya'ni Rossiya rasman "g'alla bitimi"dan chiqqanidan beri rus armiyasi Odessa viloyatini, jumladan, port infratuzilmasi obyektlari va don terminallarini har kuni o'qqa tutmoqda. | world |
24-iyul kuni ertalab Moskvaga ikkita uchuvchisiz uchish apparati hujum qildi. Bu haqda shahar meri Sergey Sobyaninga tayanib, Meduza xabar berdi . "Bugun ertalab soat to'rtda ikkita noturar joy binosiga dron zarbalari qayd etildi. Jiddiy vayronagarchilik va qurbonlar yo'q", — deb yozgan mer o'zining Telegram kanalida. Rossiya Mudofaa vazirligi dronlar Ukrainaga tegishli ekanini da'vo qilmoqda. "24-iyul kuni ertalab Kiyev rejimining ikkita uchuvchisiz uchish apparati tomonidan Moskva shahridagi obyektlarga terrorchilik hujumi uyushtirishga urinishi bartaraf etildi", — deyiladi bayonotda. "TASS" ma'lumotiga ko'ra, birinchi dron qoldiqlari Komsomol shohko'chasidagi 17-uy yonidan topilgan. Bu hudud Rossiya Mudofaa vazirligi binosidan unchalik uzoqda emas. Ikkinchi dron Lixachev shohko'chasida qurilayotgan biznes markaziga kelib tushdi. Oqibatda 50 kvadrat metr maydondagi binoning 17 va 18-qavatlari oynalari singan. Voqea joyiga favqulodda xizmatlar yetib bordi. Bu hududlar bo'ylab harakatlanish cheklangani bildirildi. Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli bostirib kirishi boshlanganidan beri Moskva bir necha bor uchuvchisiz samolyotlar hujumiga uchragan. 3-mayga o'tar kechasi Moskva Kremliga ikkita dron hujum qilgan . Rossiya rasmiylari voqeani terakt va o'sha paytda boshqa qarorgohda bo'lgan Vladimir Putinga suiqasd deb atagan. 30-may kuni ertalab dronlar Moskva va Moskva viloyatining bir qancha tumanlariga hujum qilgan. Uchta dron Yangi Moskva va Rossiya poytaxti markazidagi turar joy binolariga zarba bergan. 21-iyun kuni Yangi Moskva va Naro-Fominsk shahri okrugida uchta dron urib tushirilgan. 4-iyul kuni Moskvaga yaqinlashayotganda bir nechta uchuvchisiz samolyotlar urib tushirilgan, shu sababli Vnukovo aeroporti vaqtincha yopilgan. | world |
24-iyul kuni Isroil parlamenti mamlakatda ommaviy noroziliklarga sabab bo'lgan sud-huquq islohoti doirasidagi birinchi qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o'qishda ma'qulladi, deb xabar bermoqda The Times of Israel. "Oqilonalik" tamoyili — Oliy sudning hukumat qarorlarining haqiqiyligini tekshirish huquqini bekor qiluvchi qonun loyihasi ovozga qo'yildi. Bu sud qonunchiligidagi eng bahsli o'zgarishlardan biridir. Tanqidchilarga ko'ra, sud-huquq islohoti mamlakatda demokratiya va qonun ustuvorligining izdan chiqishiga olib keladi. Hukmron koalitsiya 64 ovoz bilan hujjatni yoqlab ovoz berdi. Muxolifatdagi deputatlar norozilik sifatida ovoz berishni boykot qildi. Qonun loyihasi muhokamasi qariyb 30 soat davom etdi. Muxolifatning barcha 140 e'tirozi rad etildi, deb yozadi gazeta. Isroil adliya vaziri Yariv Levin ovoz berishdan keyin parlament a'zolari "sud tizimini o'rnatish hamda yillar davomida hukumat va Knessetdan tortib olingan vakolatlarni tiklash bo'yicha tarixiy jarayonda birinchi qadamni" qo'yganini ta'kidladi . Isroilda yanvar oyidan buyon har hafta bosh vazir Benyamin Netanyaxu boshchiligidagi hukumat tomonidan ilgari surilgan sud tizimi islohotiga qarshi norozilik namoyishlari o'tkazilib kelinmoqda. Mart oyida Netanyaxu jamoatchilik bosimi ostida islohotlar loyihasini kechiktirgan edi. Isroil shaharlarida va parlamentdagi ovoz berish paytida minglab namoyishlar bo'lib o'tdi. Namoyish tashkilotchilari hukumatga bosim o'tkazishda davom etishlarini aytib, "oxirigacha kurashishga" va'da berishdi. | world |
Xitoyning Kibermakon boshqarmasi (CAC) 18 yoshgacha bo'lgan bolalarning mobil qurilmalarda onlayn o'tkazadigan vaqtini cheklashni taklif qildi, deb xabar bermoqda Xitoyning Global Times nashri. Ushbu chora-tadbirlar "voyaga yetmaganlar uchun xavfsiz va sog'lom internet muhitini yaratish"ga qaratilgan. Regulyator tomonidan ishlab chiqilgan qoidalar mobil qurilmalar, operatsion tizimlar, ilovalar va ilovalar do'konlarini ishlab chiqaruvchilarga "voyaga yetmaganlar rejimi"ni joriy etish majburiyatini yuklaydi. U tizim sozlamalarida yoqiladi. Rejim bir vaqtning o'zida bir nechta qurilmalardagi hisoblar orqali qo'llab-quvvatlanishi lozim. Uni o'chirib qo'yish uchun ota-ona roziligi va parol yoki barmoq izini skanerlash orqali tasdiqlash talab etiladi. Bolalarga taqdim etiladigan kontent yoshga qarab tuziladi va besh toifaga bo'linadi: 3 yoshgacha, 3 yoshdan 8 yoshgacha, 8 yoshdan 12 yoshgacha, 12 yoshdan 16 yoshgacha, 16 yoshdan 18 yoshgacha. 3 yoshgacha bo'lgan bolalarga faqat bolalar qo'shiqlari va audio o'yinlar tavsiya etiladi, 8 yoshgacha bo'lgan bolalarga esa internetda 40 daqiqadan ko'p bo'lmagan vaqtni o'tkazishga ruxsat beriladi. 16 yoshdan 18 yoshgacha bo'lgan o'smirlar uchun chegara ikki soat bo'ladi. Bundan tashqari, soat 22:00 dan 06:00 gacha voyaga yetmaganlarga bolalar himoyasi rejimi yoqilgan mobil qurilmalarda aksariyat xizmatlardan foydalanish taqiqlanadi. | world |
Qozog'iston internet foydalanuvchilari Ukrainadagi urush avj olayotgan bir paytda Rossiya armiyasiga qo'shilish taklif qilingan reklamalarga to'qnash kelishni boshladi, deb yozmoqda Reuters. Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolaganlarga 5 ming dollardan ortiq bir martalik to'lov va'da qilingan. Bundan tashqari, potensial yollanganlarga oyiga 2000 AQSh dollari miqdorida maosh, shuningdek, xabarda ko'rsatilmagan qo'shimcha imtiyozlar taklif etiladi. Agentlikning qayd etishicha, reklama qozog'istonliklarga "aniq yo'naltirilgan". Unda Rossiya va Qozog'iston bayroqlari tasvirlangan bo'lib, yonida "yelkama-yelka" shiori yozilgan. Reklamadagi havola Saxalindagi Rossiya armiyasiga qo'shilishni taklif qiladigan saytga olib boradi. Sahifa Saxalin viloyatining Inson kapitalini rivojlantirish agentligiga tegishli bo'lib, uning saytida ta'kidlanishicha , "korxonalar uchun malakali xodimlarni jalb qiladi va o'qitadi". Saxalin tashkilotining qo'ng'iroq markazida operatorlar Qozog'istonda reklama joylashtirish haqidagi ma'lumotga izoh bera olmadilar. Qozog'iston Axborot va ijtimoiy rivojlanish vazirligi ham Reuters so'rovlariga javob bermagan. Reuters, shuningdek, jurnalistlarga o'z vatandoshlarining bir qismi Rossiya armiyasiga yoki "Vagner" kabi xususiy harbiy qismlarga qo'shilayotganini, lekin yollash odatda Rossiya hududida amalga oshirilayotganini aytgan bir qancha markaziy osiyoliklar bilan gaplashgan. Qozog'iston qonunchiligi mamlakat fuqarolariga xorijdagi qurolli mojarolarda qatnashishni taqiqlaydi — yollanish belgilari bo'lmasa, Jinoyat kodeksiga ko'ra, bu 5 yildan 9 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishiga olib kelishi mumkin. Yollanma harbiylar esa 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi . Mart oyida Bloomberg o'z manbalarga tayanib, Kreml 2023-yil oxirigacha 400 ming shartnoma bo'yicha harbiy xizmatchilarni qo'shinlarga jalb etish vazifasini qo'yganini yozgan edi. Bu Rossiya rasmiylariga safarbarlikning yangi to'lqinidan qochish imkonini beradi | world |
Rossiyaning asosiy muxolifatchi siyosatchisi Aleksey Navalniy yana 19 yilga maxsus rejimli koloniyaga hukm qilindi. Moskva shahar sudi 4-avgust kuni shunday qaror qabul qildi, deb xabar bermoqda BBC rus xizmati. Navalniyga nisbatan "ekstremistik" ish bo'yicha sud jarayoni maxfiy o'tkazildi. Sud jarayoni 19-iyun kuni boshlangandi va u bir oy davom etdi. 16 ta sayyor yig'ilish yopiq eshiklar ortida o'tkazildi. 20-iyul kuni prokuror suddan firibgarlik ishi bo'yicha to'qqiz yillik qamoq jazosini o'tayotgan Navalniyga yana 20 yillik maxsus rejimli koloniyada (eng og'ir sharoitga ega muassasa) o'tashga hukm qilishni so'radi. Muddat oldingi jazoga umumiy summani qisman qo'shish orqali so'ralgan. "19 yil maxsus rejimli koloniyada. Raqam muhim emas. Men ko'plab siyosiy mahbuslar kabi umrbod qamoq jazosini o'tayotganimni juda yaxshi tushunaman. Bu yerda umrbodlik mening hayotimning davomiyligi yoki bu rejimning umri bilan o'lchanadi", — deb yozgan Navalniy o'zining Telegram-kanalida. "Hukmdagi raqam men uchun emas. U siz uchun. Ular meni emas, sizni qo'rqitmoqchi, sizni qarshilik ko'rsatish irodasidan mahrum qilmoqchi… Putin o'z maqsadiga erishmasligi kerak. Qarshilik qilish irodasini yo'qotmang ", — deyiladi sharhda. Navalniy Jinoyat kodeksining yetti moddasi bo'yicha aybdor deb topildi, ularning eng og'iri ekstremistik jamiyat yaratishga qaratilgan. Rossiya hukumati Korrupsiyaga qarshi kurash fondini (Rossiyada ekstremistik tashkilot deb tan olingan va taqiqlangan) "ekstremistik hamjamiyat" deb biladi. Bundan tashqari, muxolifatchi ekstremizmga chaqirish, ekstremistik harakatlarda qatnashish, fuqarolar huquqlarini poymol qiluvchi notijorat tashkilot tuzish, ekstremizmni moliyalashtirish, o'smirlarni xavfli harakatlarga jalb qilish va natsizmni qayta tarbiyalashda ayblangan. Bu ish bo'yicha yana bir ayblanuvchi, Navalniy LIVE YouTube kanalining sobiq texnik direktori Daniyel Kholodniyga prokuror suddan 10 yil davomida koloniyada o'tirish hukmini berishni so'ragan. Sudlanuvchiga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berildi. Navalniyning sheriklari tomonidan e'lon qilingan so'nggi so'zda muxolifatchi adabiyotshunos Yuriy Lotmanning so'zlaridan iqtibos keltirdi: "Inson doim kutilmagan vaziyatda bo'ladi. Va bu yerda uning ikki oyog'i bor: vijdon va aql … Vijdon oyog'iga tayanishni istamay, mening Rossiyam bir nechta katta sakrashlarni amalga oshirdi, atrofdagilarni itarib yubordi, lekin keyin sirpanib ketdi va bo'kirish bilan atrofdagi hamma narsani vayron qilib, qulab tushdi". "Bu kuch bilan sirpanib, peshonangizni, kelajagingizni ezishdan charchaganingizda, vijdonni rad etish aqlning yo'qolishiga olib kelishini nihoyat tushunganingizda, ehtimol siz inson turishi kerak bo'lgan ikki oyoqda turasiz va biz birgalikda kelajakdagi go'zal Rossiyani yaqinlashtirishimiz mumkin", dedi u. Navalniy uchun bu oxirgi bir necha yil ichida uchinchi hukmdir. U 2021-yil yanvar oyida zaharlanib, bir necha oy davolangandan so'ng Germaniyadan qaytgach, Moskva aeroportida hibsga olingan. Tahlillar shuni ko'rsatdiki, u Novichok guruhining moddasi bilan zaharlangan. Keyin sud Iv Rocher ishi bo'yicha shartli jazo siyosatini haqiqiy bilan almashtirdi, u Vladimir viloyatidagi Pokrovdagi 2-sonli umumiy rejimli koloniyaga o'tkazildi. 2022-yil iyun oyida "donatlar bilan bog'liq firibgarlik" va sudga nisbatan hurmatsizlik bo'yicha hukm kuchga kirganidan so'ng, Navalniy to'qqiz yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi — muxolifatchi Vladimir viloyatidagi Melexovo qishlog'idagi qattiq rejimli koloniyaga jo'natildi. | world |
Joriy inqirozning kelib chiqishi sabablari va Gaiti nima uchun o'zining 200 yildan oshgan mustaqil davlat sifatidagi tarixida hech bir vaqt siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikka erisha olmagani to'g'risida Meduza hikoya qildi , "Gazeta.uz" uni o'zbek tilida taqdim etadi. Butunjahon oziq-ovqat dasturi ma'lumotlariga ko'ra, yaqin kelajakda Gaitining 4,7 mln aholisiga kuchli ocharchilik tahdid solishi kutilyapti, 1,8 mln kishi esa allaqachon to'yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda. 2022-yil oktabr oyida gumanitar tashkilot Gaitidagi ocharchilik darajasi beshinchi — aksariyat hollarda urush davridagi gumanitar falokatlarni tavsiflashda ishlatiladigan eng yuqori darajaga ko'tarilganini qayd etdi . Mamlakatni qamrab olgan to'dalararo urushlar natijasida odatiy oziq-ovqat zanjirlari uzilgan. Aksariyat shifoxonalar o'z faoliyatini to'xtatgan, ayrim hududlarda esa aholi hatto muntazam ichimlik suvdan foydalanish imkoniyatidan ham mahrum. Gaitining AQShdagi elchisi Bochchit Edmondning ta'kidlashicha , davlat qulash arafasida, siyosatchilar va ekspertlar esa haligacha inqirozdan chiqish strategiyasini shakllantirishning uddasidan chiqa olgani yo'q. "Bu Gaiti uchun misli ko'rilmagan vaziyat, — deydi tarixchi va Londonning Britaniyadagi qulchilik davri merosini tadqiq etish markazi rahbari Metyu Smit. — Mamlakatning butun boshli tarixini kam sonli tinchlik davrlari va umid bilan kechgan ketma-ket inqirozlar sifatida talqin qilish mumkin. Biroq hozirgisi singari holat u yerda sira sodir bo'lmagan". Mustaqil Gaitining tarixi 1804-yilda, mahalliy qora tanli aholi fransuz hukmronligiga qarshi muvaffaqiyatli qo'zg'olon ko'targan paytdan boshlanadi. Gaiti Yangi Dunyoda mustaqillikka erishgan AQShdan keyingi ikkinchi davlat bo'ldi (Fransiya o'z mustamlakasini yo'qotganini 1825-yilga kelibgina rasman tan olgan). Oradan ikki yil o'tar-o'tmas, yosh davlatda dastlabki davlat to'ntarishi yuz beradi: davlat asoschisi, o'zini Gaiti imperatori deb e'lon qilgan sobiq qul Jan-Jak Dessalin harbiy qo'zg'olon vaqtida o'ldiriladi. 1807-yilda fitnachilardan biri Aleksandr Petion yangi davlat rahbari — prezidentga aylanadi. To'qqiz yil o'tgach esa u umrbod hukmronlik vakolatlarni o'ziga o'zi taqdim etadi. Butun XIX asr davomida Gaitidagi hokimiyat bir diktator qo'lidan boshqasiga o'tdi, shu bilan birga mamlakat rasman goh respublika, goh imperiya, goh qirollik, goh yana respublika bo'ldi. Yosh davlat o'z mustaqilligining tan olinishi evaziga Fransiyaga katta miqdorda tovon to'lagani sababli ham uzoq vaqt davomida mamlakatda iqtisodiy barqarorlikka erishish imkoni bo'lmadi. Rasmiylar davlat daromadlarining 40 foizgacha bo'lgan qismini tashqi qarzlarni so'ndirish uchun sarflashga majbur edi . 1867-yili davlat konstitutsiyasi qabul qilingach, vaziyat biroz yaxshilandi. Unda hokimiyatning tinch yo'l bilan almashishi tamoyillari mustahkamlab qo'yilgan edi, bu esa o'z navbatida mamlakatning iqtisodiy o'sishiga zamin yaratdi. Biroq XX asr boshlarida siyosiy beqarorlik qaytdi: 1911-yildan 1915-yilgacha Gaitida yettita prezident almashdi — ularning ayrimlari siyosiy raqiblari tomonidan o'ldirildi, boshqalari mamlakatni tark etishga majbur bo'ldi. 1915-yilda uzoq vaqtdan beri Karib dengizi mintaqasida o'z ta'sirini kuchaytirishga intilib kelayotgan AQSh Gaitini bosib oldi. Davlat o'z mustaqilligini rasman saqlab qolganiga qaramay, amalda 1934-yilgacha Amerika nazorati ostida bo'ldi. AQSh qo'shinlari mamlakatni tark etganidan atigi uch yil o'tgach esa ispan tilida so'zlashuvchi qo'shni Dominikan Respublikasi diktatori Rafael Truxilo fransuzzabon gaitiliklarga qarshi etnik tozalov uyushtirdi. 20 mingga yaqin tinch aholining o'limiga sabab bo'lgan ushbu qirg'in "petrushka" deb nomlangan (potensial qurbonning etnik kelib chiqishini aniqlash maqsadida askarlar odamlarni "perejil " — ispancha "petrushka" so'zini talaffuz qilishga majbur qilgan). Agar suhbatdosh so'zdagi "r" tovushini "l" deb talaffuz qilsa, Dominikan harbiylari uni frankofon deb bilgan va otib o'ldirgan yoki machete (Markaziy Amerika va Karib mintaqasida foydalaniladigan chopqiga o'xshash sovuq qurol — tahr. ) bilan chopib tashlagan. 1957-yilda davlat rahbari lavozimini diktator — o'zi tomonidan o'ylab topilgan Papa Dok taxallusi ostida shuhrat qozongan — Fransua Dyuvale egalladi (u yoshligida tibbiy amaliyot bilan shug'ullangan edi, tibbiy ma'lumotga ega edi). Fransua va uning o'g'li Jan-Klod mamlakatni qariyb 30 yil boshqardi: bu vaqt davomida ular o'z siyosiy raqiblariga qarshi bir qator qatag'onlarni amalga oshirdi. Dyuvale tomonidan rejimning tayanchi sifatida yaratilgan qurolli guruhlar — tonton-makutlar — aholini qo'rquvga soldi, ko'plab gaitiliklar chet elga qochib chiqishga majbur bo'ldi. Dyuvale va uning o'g'li diktaturasi davridagi qatag'on qurbonlarining umumiy soni, turli manbalarga ko'ra, 30 mingdan 60 minggachani tashkil etgan. 1986-yildagi qo'zg'olondan so'ng kichik Dyuvale Fransiyaga qochib ketdi, Gaiti hukumati esa yana ketma-ket o'zgara boshladi. Avvalgidek, rahbarlarning deyarli hech biri aholi to'g'risida qayg'urmadi — ular hokimiyatni o'z qo'lida ushlab turish va raqobatchilarni yo'q qilish haqida ko'proq bosh qotirdi. Zo'ravonlik va korrupsiyaning madaniyat darajasida ildiz otishi tanazzulni yanada kuchaytirdi, amalda ishlamayotgan davlat institutlari esa hatto eng past darajadagi tartibni saqlashga ham yaroqsiz bo'lib qoldi. "Intervensiyalar zanjir reaksiyasiga sabab bo'ldi va zamonaviy Gaitini shakllantirdi, — deydi tarixchi Metyu Smit The Guardian gazetasiga bergan intervyusida . — Dyuvale diktaturasi hokimiyat xalq farovonligi yo'lida harakat qiladigan, amalda ishlaydigan davlatga bo'lgan umidlarni yo'qqa chiqardi". 2010-yili Gaiti zamonaviy tarixdagi eng dahshatli tabiiy ofatlardan biriga to'qnash keldi. Kuchli zilzila poytaxt Port-o-Prens va uning atrofini deyarli to'liq vayron qildi. Turli hisob-kitoblarga ko'ra, 100 mingdan 311 ming nafargacha aholi halok bo'ldi . Zilzila natijasida ko'rilgan zarar 7,8−8,5 mlrd dollarni tashkil etdi — bu dunyodagi eng qashshoq va beqaror davlatlardan biri uchun juda katta mablag' edi. Butun mamlakat bo'ylab yoyilgan korrupsiya sabab, hatto boshqa davlatlar tomonidan ko'rsatilgan insonparvarlik yordamiga qaramay, zilzila oqibatlarini bartaraf etishning, shu jumladan, ochlik va antisanitar sharoitlarga qarshi kurashishning imkoni bo'lmadi. 2011-yilgi prezidentlik saylovlarida Dyuvale davrini ochiqchasiga qo'msab yashaydigan o'ngchi-konservativ Mishel Marteyi g'alaba qozondi. U mamlakatdagi vaziyatni normallashtira olmadi va besh yil o'tgach, aholining korrupsiya va qashshoqlikdan noroziligi tufayli keti uzilmagan mitinglar fonida iste'foga chiqishga majbur bo'ldi. Uning vorisi Jovenel Moiz yo'llar, suv ta'minoti tizimlari va mamlakatning energiya ta'minotini qayta tiklash bo'yicha ulkan loyihalarni amalga oshirishga va'da berdi — biroq budjet mablag'larini o'g'irlash bilan bog'liq mojarolar sira to'xtamadi. Aholining siyosiy tuzilmalarga bo'lgan ishonchi eng past darajaga tushib ketdi: 2016-yilgi parlament saylovlarida saylovchilarning 20 foizdan sal ko'prog'i ishtirok etdi . AQShdagi gaitilik muhojirlar davlat rahbarining partiyasi — "Tet Kale"ni ochiqdan-ochiq "o'g'rilar" deb atadi . 2018-yilda mamlakatda Moizning iste'fosini talab qilib ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi, biroq prezident lavozimidan ketish o'rniga, navbatdagi parlament saylovlarini noma'lum muddatga qoldirdi. Moiz, shuningdek, unga deyarli cheksiz vakolatlarni taqdim etishi mumkin bo'lgan konstitutsiyaviy islohotlarni o'tkazishga urindi, biroq koronavirus pandemiyasi tufayli zarur referendumni o'tkazishning imkoni bo'lmadi. 2020-yil yanvarida parlament vakolatlari tugadi, shunda ham yangi saylovlar o'tkazilmadi va Moiz mamlakatni prezident farmonlari yordamida boshqara boshladi. 53 yoshli Moiz 2021-yilning 7-iyulida o'z qarorgohiga bir guruh noma'lum shaxslarning hujumi natijasida halok bo'ldi. Prezident vafotidan keyin boshqa siyosatchilar hokimiyat uchun kurashga kirishdi. Bosh vazir Klod Jozef o'zini prezident vazifasini bajaruvchi deb e'lon qildi va mamlakatda harbiy holat joriy etdi, Senat esa davlat rahbari etib Senat raisi Jozef Lambertni tayinladi. Biroq, bir necha kundan so'ng, Moiz o'limi oldidan hukumat boshlig'i etib tayinlashni rejalashtirgan "Vatanparvarlik birligi" partiyasi rahbari Ariel Anrini qo'llab-quvvatlagan BMT, AQSh va boshqa mamlakatlar bosimi ostida Jozef ham, Lambert ham prezidentlik ambitsiyalaridan voz kechishga majbur bo'ldi. 20-iyulda Anri muvaqqat prezident etib tayinlandi — shu bilan bir vaqtda, Gaiti bosh vaziri lavozimini ham egalladi. Yangi davlat rahbari o'z chiqishlarida mamlakat xalqini hamkorlik va muloqotga chaqirdi , biroq uning tayinlanishi ham hukmron doiralar, ham oddiy fuqarolar o'rtasidagi kelishmovchiliklarni yanada kuchaytirdi. Gaitiliklarning aksariyati Anrini prezident sifatida tan olmadi, chunki u hokimiyatga saylovlar natijasida emas, balki chet elliklar aralashuvi ostida kelgandi. Ayrimlar esa hatto Anrini Moizning o'ldirilishida ishtirok etganini ham taxmin qildi . Lotin Amerikasi va Karib havzasidagi inqirozli vaziyatlarni tadqiq etish guruhlari rahbarlaridan biri Renata Seguraning izoh berishicha , butun boshli hokimiyat amalda legitimligi aholining katta qismi tomonidan tan olinmagan shaxsning qo'lida to'planib qolgan. "Biz yaqin-yaqingacha hokimiyat almashinuvi algoritmi sifatida tayanib kelgan konstitutsiya bor-yo'g'i bir matnga aylanib qolgan, chunki unda ko'rsatilgan institutlarning hech biri hozirda normal ishlayotgani yo'q", — deya ta'kidlaydi u. Moiz o'ldirilganidan bir oy o'tib, 2021-yil sentabr oyida Gaitida navbatdagi kuchli zilzila sodir bo'ldi : 2,2 ming kishi halok bo'ldi, 12 mingdan ortiq kishi jarohatlandi. Anrining legitimligiga nisbatan shubhalar fonida hukumatning jabrlanganlarga insonparvarlik yordami ko'rsatishga qodir emasligi jamiyatda keskinlikni yanada kuchaytirdi hamda fuqarolar va politsiya o'rtasida to'qnashuvlarni keltirib chiqardi. Rasmiylar vaziyat ustidan nazoratni tezda yo'qota boshladi. "Moizning o'limi, shak-shubhasiz, hokimiyatda bo'shliq qoldirdi, — deydi jurnalist, 2010-yilgi zilzila to'g'risidagi reportaj muallifi Jonatan Kats. — Ko'chalarda bu bo'shliqni jangari to'dalar to'ldirdi". Jangari to'dalar tezda Port-o-Prensning butun boshli tumanlarida o'z nazoratlarini o'rnata boshladi, mamlakatda odam o'g'irlab, pul talab qilish, qotilliklar va ommaviy zo'ravonliklar odatiy holga aylandi . 2023-yilning birinchi choragida Gaitida 1,6 mingdan ortiq qotillik, odam o'g'irlash va zo'rlash holatlari qayd etildi . To'dalar harakatini na politsiya, na bor-yo'g'i 500 kishidan iborat armiya to'xtata oldi. "Hozir vaziyat shundayki, har tomonda o'q uchib kelishi mumkin. Hatto kim o'q uzganini ham bilmaysiz, — deydi Port-o-Prens chekkalaridan birida yashovchi aholi vakili. — Har safar ko'chaga chiqqanda juda ehtiyot bo'lishga to'g'ri keladi". 2022-yilning kuzida prezident Anri boshqa davlatlar hukumatlarini tartibni tiklash uchun mamlakatga "maxsus bo'linmalar" olib kirishga chaqirdi , biroq na BMT, na AQSh hukumati Gaitining "ichki ishlariga" aralashish istagini bildirdi. Tanqidchilar Anrini hech bo'lmaganda xalqning davlatga bo'lgan ishonchini tiklash uchun o'tish davri hukumatini tuzish va hokimiyatni topshirishga chaqirdi , biroq u buni rad etdi. Prezident 2023-yilda saylov tashkil etish va 2024-yil fevralida ish boshlaydigan yangi Vazirlar Mahkamasini tayinlashga va'da berdi. 2023-yil yanvarida Anri Oliy sud qayta tiklanishi va umumiy ovoz berish uchun mas'ul bo'lgan muvaqqat saylov kengashi tayinlanishini e'lon qildi , biroq buning aniq muddatlari hozirgacha ham aytilmagan. Taxminan bir vaqtning o'zida saylovda saylangan so'nggi 10 senatorning vakolatlari ham tugadi, shundan so'ng mamlakatda o'z lavozimini ovoz berish natijalariga ko'ra egallashi mumkin bo'lgan milliy darajadagi birorta ham siyosatchi qolmadi. 2022-yilning kuzida Gaiti hukumati boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlarni intervensiya uyushtirishga chaqirdi , biroq ularning iltimosi javobsiz qoldi. AQSh hozircha faqatgina eng ko'p korrupsiyaga yo'l qo'ygan Gaiti siyosatchilariga qarshi sanksiyalar kirtitgan. Ba'zi ma'lumotlarga ko'ra, xalqaro missiyani boshqarishga tayyor bo'lgan Kanada kichik moliyaviy va harbiy-texnik yordam bilan cheklanmoqda . 2023-yil mart oyida Jo Bayden aralashuv masalasi kun tartibidan olib tashlanmaganini, biroq faol ko'rib chiqilmayotganini ham ma'lum qildi va Gaiti huquq-tartibot kuchlarining o'zi tartibni tiklashlari uchun ularga yordam ko'rsatishga e'tibor qaratishga undadi. Shu bilan birga, BMT davlatlarni Gaitidagi avj olib borayotgan zo'ravonlikni to'xtatish uchun "ixtisoslashtirilgan qo'llab-quvvatlash kuchlarini" joylashtirishga chaqirdi . Ayni paytda, ba'zi hisob-kitoblarga ko'ra, qurolli to'dalar allaqachon Port-o-Prens hududining 90 foizini o'z nazorati ostiga olgan. Mahalliy huquqshunos Samuel Madistin zamonaviy Gaitining siyosiy tuzilishini shunday tavsiflaydi : "Bu mamlakatni demokratik deb atash qiyin. Amaliy nuqtai nazardan, davlat endi mavjud emas". | world |
Xitoy Milliy statistika byurosi yoshlar o'rtasidagi ishsizlik darajasi haqidagi ma'lumotlarni chop etishni to'xtatishini e'lon qildi. Bu ushbu ko'rsatkich rekord darajaga ko'tarilganidan keyin sodir bo'ldi, deya xabar bermoqda BBC. "Iqtisodiyot va jamiyat doimo rivojlanib, o'zgarib bormoqda. Statistik faoliyat ham doimiy ravishda takomillashishga muhtoj", — deya tushuntirdi byuro matbuot kotibi Fu Linxuey. Iyun oyida shaharlarda yashovchi 16 yoshdan 24 yoshgacha bo'lgan yoshlar o'rtasidagi ishsizlik rekord darajadagi 21,3 foizga yetgan edi. Iyulda ham mamlakatdagi umumiy ishsizlik darajasi 5,2 foizdan 5,3 foizga ko'tarildi. BBC rus xizmatining qayd etishicha , Xitoy hukumati pandemiya davrida o'lim haqidagi ma'lumotlarni nashr etishni to'xtatgan, ammo iqtisodiy ko'rsatkichlar ilgari yashirilmagan. The New York Times gazetasi Xitoy hukumati yoshlar bandligini oshirish bo'yicha choralar ko'rgani, biroq "iqtisodiy javob sekin bo'lgan"ini yozdi . Xususan, hokimiyat shaharlarda bandlikning 80 foizini ta'minlaydigan xususiy kompaniyalarga subsidiyalar taklif qilgan. Nashrning izoh berishicha, bugungi kunda Xitoyda yoshlar ishchi kuchiga bo'lgan talab va taklif o'rtasida katta tafovutga duch kelishmoqda. Koronavirusga qarshi kurash bo'yicha qat'iy choralar, shuningdek, hukumatning korxonalarga bosimi ommaviy ishdan bo'shatishga olib keldi. Shuningdek, xitoylik bitiruvchilar odatda boradigan texnologiya, ko'chmas mulk, ta'lim va ko'ngilochar kompaniyalarning kengayishi shubha ostiga qo'yildi. Xitoy iqtisodiyotining so'nggi ko'rsatkichlari uning o'sish sur'ati pasayganidan dalolat beradi, deb yozadi The Guardian. Iste'molning asosiy ko'rsatkichi bo'lgan chakana savdo tahlilchilar kutganidan past bo'lib, iyul oyida o'tgan yilning shu davriga nisbatan atigi 2,5 foizga o'sgan. Gazetaning qayd etishicha, bunday ma'lumotlar Xitoyning joriy yil uchun belgilangan 5 foizlik o'sish ko'rsatkichiga erishishda qiyinchiliklarga duch kelishi mumkinligini ko'rsatadi. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyoti 2023-yilning birinchi va ikkinchi choraklari orasida atigi 0,8 foizga o'sgan. | world |
AQSh Erondan sanksiyalarni yumshatish evaziga Rossiyaga Ukrainadagi urushda foydalanayotgan hujum dronlarini yetkazib berishni to'xtatishga harakat qilmoqda, deb yozdi Financial Times amerikalik va eron rasmiylari o'rtasidagi manbalarga tayanib. Bu masala AQSh prezidenti Jo Bayden ma'muriyati tomonidan Qatar va Ummondagi Eron vakillari bilan bilvosita muzokaralarda ikki marta ko'tarilgan. Bundan tashqari, AQSh Erondan Rossiyaga dronlar uchun ehtiyot qismlarni yuborishni ham to'xtatishni istaydi. Muzokarachilar ishtiroqchilari ikki tomonlama munosabatlarda deeskalatsiyaga erishishiga umid qilmoqda. Buning uchun Eron ham uranni 60 foizdan ortiq boyitishdan voz kechishi, Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentlik bilan hamkorlikni yaxshilashi va amerikaliklarga hujum qilmaslik majburiyatini olishi kerak, dedi manbalar nashrga. Buning evaziga Vashington Eronga qarshi yangi sanksiyalarni (inson huquqlari bilan bog'liq bo'lganlar bundan mustasno) joriy qilmaydi va neftga nisbatan allaqachon kiritilgan cheklovlarni "qat'iy nazorat qilmaydi". Nashrning ta'kidlashicha, Eron AQShni Yevropadagi ittifoqchilarini mamlakatga bosimni yumshatishga ko'ndirishga ham harakat qilmoqda. Tehron Eronning ballistik raketa dasturini cheklovchi yadroviy kelishuv qoidalari oktabr oyida tugashi ortidan Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya yangi sanksiyalar joriy qilishi mumkinligidan xavotirda, dedi Eron rasmiysi. Rossiya armiyasi muntazam ravishda Ukraina shaharlarini Eronning Shahed-136/131 hujum dronlari bilan o'qqa tutmoqda. 2022-yil noyabrida Eron rasmiylari bosqindan bir necha oy muqaddam Rossiyaga "oz sonli" dronlarni yetkazib berganini tan olgan , biroq yetkazib berishda davom etayotganini inkor etgan edi. | world |
AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Qozog'istonda ro'yxatdan o'tgan Defense Engineering kompaniyasini sanksiyalar ro'yxatiga kiritdi. AQSh Moliya vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, u Shimoliy Koreyadan Rossiyaga qurol-yarog' yetkazib berishni tashkil etishga uringan sanksiyalarni aylanib o'tish tarmog'i bilan bog'langan. "Mazkur choralar Rossiyaning Ukrainaga qarshi shafqatsiz urushini qo'llab-quvvatlashga intilayotgan uchinchi davlatlarning harakatlarini aniqlash, fosh qilish va barbod qilish bo'yicha AQSh strategiyasining bir qismidir. Rossiya [Ukrainadagi] jang maydonlarida o'q-dorilarni isrof qilishda va og'ir texnikani yo'qotishda davom etar ekan, mamlakat sababsiz urushni davom ettirish uchun o'zining bir nechta hamkorlariga, shu jumladan KXDRga murojaat qilishga tobora ko'proq majbur bo'lmoqda", — deyiladi OFAC matbuot bayonotida. Shuningdek, Rossiya va Slovakiyaning "Verus" va Versor S.R.O kompaniyalariga nisbatan ham sanksiyalar joriy etildi. Har uchala kompaniya Rossiya va Shimoliy Koreya o'rtasidagi qurol-yarog' savdosiga ko'maklashishga uringani uchun mart oyida AQSh sanksiyalari ostida qolgan Slovakiya fuqarosi Ashot Mkrtychev bilan bog'langan. Kompaniyalar, tashkilot ma'lumotlariga ko'ra, KXDR va Rossiya rasmiylari bilan muzokaralar chog'ida Rossiyaga bir qator tovarlar, jumladan, xom ashyo va tovarlar evaziga yigirmadan ortiq turdagi qurol-yarog' va o'q-dorilarni topshirishni tashkil etishni rejalashtirgan. Bu Markaziy Osiyo kompaniyalari Rossiya bilan hamkorlik qilgani uchun AQShning sanksiyalar ro'yxatiga kiritilgan birinchi holat emas. Eslatib o'tamiz, avvalroq AQSh moliya vazirligi Qirg'izistonda ro'yxatdan o'tgan to'rtta korxonaga nisbatan Rossiyaga taqiqlangan mahsulotlar yetkazib bergani uchun sanksiyalar joriy etgan edi. O'zbekiston korxonalari va fuqarolari ham Rossiyaga savdo cheklovlarini chetlab o'tishda yordam bergani uchun AQSh sanksiyalariga kiritilgan . | world |
Qozog'istonda 62 ta maktab qurilishi korrupsionerlardan tortib olinib, Ta'lim infratuzilmasini qo'llab-quvvatlash jamg'armasiga o'tkazilgan pullar hisobidan moliyalashtirildi. Bu haqda mamlakat hukumati matbuot xizmati xabar berdi . Maktablar Qozog'istonning qator viloyatlari, shuningdek, Ostona, Olmaota va Chimkent shaharlarida ikki smenada 76 ming o'quvchini qabul qila oladi. Ma'lum qilinishicha, o'tgan yilning dekabr oyida tashkil etilganidan beri jamg'armaga 151,6 milliard tenge (taxminan 328 million dollar) tushgan. Jamg'arma faoliyati maktablar, xo'jalik binolari va maktab-internatlarni qurish va rekonstruksiya qilish orqali mamlakatda uch smenali ta'lim, avariya holatidagi muassasalar muammolari va umuman o'quvchilar o'rinlari yetishmasligiga barham berishga qaratilgan. May oyida Qozog'iston Ta'lim vazirligi korrupsionerlarning 96,5 milliard tenge (208,8 million dollar) puliga 62 ta maktab qurish buyrug'ini ma'qullagan edi. Kelajakdagi maktablar 38 mingdan ortiq o'ringa mo'ljallangan. Xabar qilinishicha, korrupsionerlarning maxsus g'azna hisobiga tushayotgan mablag'lari shifoxonalar ham qurilishga yo'naltiriladi. Bu, Qozog'iston bosh vaziri o'rinbosari, moliya vaziri Yerulan Jamaubayevning so'zlariga ko'ra, loyihalar narxining oshishi natijasida mahalliy budjetlar taqchilligini qoplash imkonini beradi. Prezident Qasim-Jomart Toqayev avvalroq korrupsiyaga oid jinoiy ishlar bo'yicha qo'lga kiritilgan mablag'larni Ta'lim infratuzilmasini qo'llab-quvvatlash jamg'armasiga yuborish haqida ko'rsatma bergan edi . Eslatib o'tamiz, Qozog'iston hukumati "Bolalar milliy jamg'armasi" loyihasi doirasida 18 yoshgacha bo'lgan bolalarga har yili 150−160 dollar to'lashni rejalashtirgan . Dastlabki mablag' 2024-yil yanvar oyida hisob raqamlariga o'tkazilishi mumkin. | world |
Rasmiy Pekin Xitoyning yo'liga to'g'anoq bo'lish uchun AQSh o'zining barcha imkoniyatlarini ishga soladi, degan fikrda. Vashington esa Xitoy dunyoning yetakchi qudrati sifatida AQShni siqib chiqarishga urinayotganiga qat'iy ishonadi. The Economist nashri yaqinda e'lon qilgan maqolasida tobora chuqurlashib borayotgan ushbu ziddiyat va bu ikki yirik qudrat o'rtasidagi potensial urushning oldini olish imkoniyatlari to'g'risida amerikalik nufuzli diplomat, tinchlik bo'yicha Nobel mukofoti sovrindori Genri Kissinjerning mulohazalarini ulashdi. "Gazeta.uz" mazkur maqolaning eng diqqatga sazovor nuqtalarini o'z o'quvchilari e'tiboriga havola qiladi. Genri Kissinjer — XIX asr diplomatiyasi bo'yicha yirik olim, AQSh milliy xavfsizligi bo'yicha davlat maslahatchisi hamda kotibi, shuningdek, so'nggi 46 yil davomida monarxlar, prezidentlar, bosh vazirlarga maslahatchi va emissar sifatida faoliyat yuritgan. Qolaversa, u uzoq yillik faoliyati, kuzatuvlari va tajribasiga tayanib, tashqi siyosat, diplomatiya, dunyo tartibi singari mavzulardagi bir qator kitoblar va maqolalarga mualliflik qilgan. Shu yilning 27-mayida janob Kissinjer 100 yoshni qarshiladi. The Economist talqinicha, dunyoda biror shaxs yo'qki, xalqaro munosabatlarda Genri Kissinjerdan ko'proq tajribaga ega bo'lsa. Genri Kissinjer. Foto: AP Shu yil aprel oyining oxirida The Economist nashri Genri Kissinjer bilan Xitoy va Amerika o'rtasidagi raqobat chinakam urushga aylanib ketishining oldini olish imkoniyatlari xususida sakkiz soatdan ortiq davom etgan suhbat uyushtirdi. Suhbat davomida janob Kissinjer "har ikki kuch qarshi tarafning strategik xavf tug'dirishiga o'z-o'zini ishontirib bo'lganligi"ga oid xavotirlarini bildiradi. Genri Kissinjer Xitoy va Amerikaning texnologik va iqtisodiy ustunlik uchun tobora kuchayib borayotgan o'zaro raqobatidan xavotirda. Hatto Rossiya Xitoy orbitasiga tushib qolgan, Yevropaning sharqiy qanotiga urush soya solayotgan bir paytda ham, janob Kissinjerni sun'iy intellekt Xitoy-Amerika raqobatini chuqurlashtirib yuborishi ko'proq tashvishga soladi. Butun dunyoda kuchlar muvozanati va urushning texnologik asoslari shunchalik tez va ko'p jihatdan o'zgarib bormoqdaki, endilikda mamlakatlar tartib o'rnatish uchun hech qanday qat'iy belgilangan tamoyillarga ega emas. Agar shunday tamoyillar topilmas ekan, ular kuch ishlatishga o'tishlari mumkin. "Biz Birinchi Jahon urushidan oldingi klassik vaziyatdamiz", — deydi janob Kissinjer. Uning qayd etishicha, bunday vaziyatda hech bir tomon siyosiy jihatdan yon berishga tayyor emas va "muvozanatning har qanday buzilishi halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin". Janob Kissinjer o'zining hayotiy va professional tajribasiga tayanib, har qanday halokatli mojaroning oldini olishning yagona yo'li — umumiy qadriyatlar bilan mustahkamlangan sovuqqon diplomatiya ekanligiga ishonch hosil qilganini ta'kidlaydi. Uning fikricha, insoniyat taqdiri AQSh va Xitoy qay darajada murosaga kela olishiga bog'liq. Buning uchun ularning ixtiyorida, sun'iy intellektning jadal rivojlanishi fonida, faqatgina besh-o'n yil vaqt bor xolos. Janob Kissinjerning yosh rahbarlarga beradigan ilk maslahati — o'z o'rni, holatiga xolisona baho berish. Shu nuqtai nazardan, uning fikricha, Xitoyda tobora kuchayib borayotgan notinchlikni tahlil qilish urushning oldini olishda dastlabki qadam bo'lishi mumkin. Xitoylik mutafakkirlarning aksariyati Amerika tushkunlik bo'sag'asida ekanligiga, aynan shu nuqtai nazardan, tarixiy evolyutsiya natijasida Xitoy oxir-oqibat AQShni siqib chiqarishiga ishonadi. Janob Kissinjerga ko'ra, G'arb siyosatchilari global qoidalarga asoslangan tartib xususida so'z yuritganida, bu Xitoy rahbariyati tomonidan ma'qullanmasligiga sabab — ular buni Amerika qoidalari va Amerika tartibi sifatida talqin qilishidir. G'arb tomonidan Xitoyga muayyan shartlar asosida berilishi mumkin bo'lgan imtiyozlar borasida taklif qilingan kelishuv Xitoy rahbarlari nazdida kamsituvchi harakterga ega va haqoratomuz — ular o'sib borayotgan qudrat sifatida, mazkur imtiyozlar ularga to'g'ridan-to'g'ri tegishli bo'lishi lozim, deb hisoblashadi. Darhaqiqat, Xitoyda ba'zilar Amerika Xitoyni qachondir o'ziga teng deb hisoblashiga shubha bilan qaraydi, shunday bo'lishini tasavvur qilishning o'zi ahmoqlik, deb hisoblaydi. Shunga qaramay, janob Kissinjer Xitoyning ambitsiyalarini noto'g'ri talqin qilishdan ham ogohlantiradi. Vashington Xitoy dunyo hukmronligini xohlaydi, degan fikrda. Biroq, Xitoy qudratli davlat bo'lishni istaydi, xolos. Xitoy Gitler Germaniyasi singari dunyo hukmronligiga intilmaydi, u xayol qilgan yoki qilayotgan dunyo tartibi — bu emas. Natsistlar Germaniyasida urush muqarrar edi, sababi — bu Adolf Gitlerga kerak edi, deydi janob Kissinjer. Biroq, Xitoy — boshqa masala. Mao Szedundan boshlab ko'plab Xitoy rahbarlari bilan uchrashgan janob Kissinjerning fikricha, ularning mafkurasi hamisha o'z mamlakatlari manfaatlari va imkoniyatlarini chuqur his qilish bilan bog'liq bo'lib kelgan. Genri Kissinjer Xitoy rahbari Si Szinpin bilan, Pekin, 2023-yil 20-iyul. Foto: China Out / AFP Janob Kissinjer Xitoy tuzumi asosida marksizmdan ko'ra ko'proq konfutsiylik yotadi, deb hisoblaydi. Bu Xitoy rahbarlarini o'z mamlakati imkoniyatlari doirasidagi maksimal qudratga erishishga va erishgan yutuqlari uchun hurmatga sazovor bo'lishga undaydi. Xitoy rahbarlari xalqaro tizimda o'z manfaatlarini himoya qiluvchi yakuniy hakam sifatida tan olinishni istaydi. Janob Kissinjerning fikricha, Xitoy chinakam ustunlikka erishgan taqdirida ham buni "Xitoy madaniyatini singdirish darajasiga" olib kelmaydi. Qolaversa, u AQSh "diplomatiya va kuch-qudrat uyg'unligida bunday vaziyat yuzaga kelishining oldini olish uchun yetarli salohiyatga ega" ekanligiga ishonadi. Xitoyning ambitsiyalari muammosiga Amerikaning tabiiy javoblaridan biri — bu, ikki kuch o'rtasida muvozanatni qanday saqlash mumkinligini aniqlashning bir yo'li sifatida, uni sinovdan o'tkazish. Yana biri — Xitoy va Amerika o'rtasida doimiy muloqot o'rnatish. Janob Kissinjerning qayd etishicha, Xitoy "global rol o'ynashga urinmoqda". Bu o'rinda strategik rol tushunchasining mos kelish-kelmasligi munozarali. Bordiyu mos kelmagan taqdirda, kuch masalasi o'rtaga chiqadi. "Xitoy va AQSh bir-birlari bilan keng qamrovli urush tahdidisiz birga yashay olishlari mumkinmi? Men buni mumkin deb hisoblaganman, hozir ham shunday", — deydi janob Kissinjer. Biroq, bu borada muvaffaqiyat kafolatlanmaganligini ham tan oladi. "Shunday ekan, muvaffaqiyatsizlik [yuz bergan taqdirda, vaziyat]ni barqarorlashtirish uchun harbiy jihatdan yetarlicha kuchli bo'lishimiz zarur". Ayni paytdagi eng dolzarb masala — Xitoy va Amerika Tayvan masalasida qanday yo'l tutishi. Janob Kissinjer 1972-yili AQSh prezidenti Richard Niksonning Xitoyga ilk tashrifi chog'ida faqat Mao Szedun orol bo'yicha muzokaralar olib borish vakolatiga ega bo'lganini eslaydi. "Nikson har safar muayyan bir masalani o'rtaga tashlaganida, Mao "Men faylasufman. Bunday masalalar bilan shug'ullanmayman. Keling, buni Chjou [Enlay] va Kissinjer muhokama qilaqolsin," derdi… Biroq Tayvan haqida gap ketganda, u juda ochiq gaplashgan. "Ular bir to'da aksilinqilobchilar. Ayni paytda bizga ular kerak emas. Biz 100 yil kutishimiz mumkin. Bir kun kelib biz ularning o'zlaridan so'raymiz. Biroq, bunga hali uzoq vaqt bor", degan edi u". Janob Kissinjerning ta'kidlashicha, Nikson va Mao o'rtasida tuzilgan kelishuv shu 100 yildan atigi 50 yil o'tib Donald Tramp tomonidan bekor qilindi. U Xitoydan savdo-sotiq bo'yicha imtiyozlarni tortib olib, qattiqqo'llik borasida o'z imidjini oshirmoqchi edi. Siyosatda Bayden ma'muriyati ham sobiq prezident Tramp rahbarligiga ergashdi, biroq liberal ritorika bilan. Janob Kissinjer Tayvanga nisbatan bu yo'lni tanlamagan bo'lardi, chunki u yerda Ukraina uslubidagi urush orolni vayron qilib, jahon iqtisodiyotini izdan chiqaradi. Urush Xitoyni mamlakat ichkarisida ham taraqqiyotda ortga qaytarib yuborishi mumkin — hozirda mamlakat rahbarlarining eng katta qo'rquvi ham aynan ichki g'alayonlar bo'lib qolmoqda. Urush qo'rquvi umidga zamin yaratadi. Muammo shundaki, hech bir tomonda yon berish imkoniyati yo'q. Har bir Xitoy rahbari o'z mamlakatining Tayvan bilan aloqadorligini qat'iy tasdiqlab keladi. Shu bilan birga, "hozir vaziyat qanday rivojlanmasin, AQSh Tayvandan, o'zining boshqa joylardagi mavqeiga putur yetkazmagan holda voz kechishi oson emas". Janob Kissinjer bu boshi berk ko'chadan chiqish yo'lini, o'z lavozimidagi tajribasiga tayangan holda, quyidagicha tavsiflaydi. Dastavval, o'zaro munosabatlarda qiziqqonlikni pasaytirish, keyin esa asta-sekin o'zaro ishonch va ish munosabatlarini o'rnatish zarur. AQSh prezidenti xitoylik hamkasbiga o'zining barcha e'tirozlarini sanab o'tirish o'rniga, shunday deydi: "Janob prezident, ayni paytda tinchlik uchun ikkita eng katta tahdid — biz ikkimiz. Insoniyatni yo'q qilish qudratiga ega ekanligimiz nuqtai nazaridan". Xitoy va AQSh hech bir narsani rasman e'lon qilmagan holda, vazminlik yo'liga o'tadi. Hech qachon siyosatni belgilab beruvchi byurokratiyaning ishqibozi bo'lmagan janob Kissinjer bir-biri bilan oson muloqotga kirishish imkoniga ega bo'lgan, vazminlik bilan birga ishlovchi kichik maslahatchilar guruhini ko'rishni xohlaydi. Ikkala tomon ham Tayvanga nisbatan o'z pozitsiyasini tubdan o'zgartirmaydi, biroq AQSh o'z kuchlarini qanday joylashtirish xususida bosh qotiradi va orolning mustaqilligini qo'llab-quvvatlashi to'g'risidagi shubha-gumonlarni kuchaytirmaslikning payida bo'ladi. Janob Kissinjerning yosh rahbarlarga beradigan ikkinchi maslahati: "Odamlarni ergashtira oladigan maqsadlar qo'ying. Ushbu maqsadlarga erishish uchun tavsiflash mumkin bo'lgan vositalarni toping". Tayvan — bu ikki yirik qudratning umumiy til topishi mumkin bo'lgan va shu tariqa global barqarorlikni qo'llab-quvvatlaydigan bir nechta sohalarning birinchisi bo'lishi mumkin. AQSh moliya vaziri Janet Yellen yaqinda qilgan nutqida iqlim o'zgarishi va iqtisodiyot aynan shunday sohalar qatorida bo'lishi lozimligini ta'kidladi. Janob Kissinjer bularning har ikkisiga shubha bilan qaraydi. Garchi u iqlim bo'yicha "hamma uchun" harakati tarafdori bo'lsa-da, dunyoning bu ikki qudratli davlati o'rtasida o'zaro ishonch yoki muvozanatni o'rnatish uchun iqlim masalasi yetarli darajada yordam bermasligi mumkin. Iqtisodiyot masalasidagi tahdid shundan iboratki, savdo kun tartibi Xitoyga rivojlanish uchun mutlaqo imkon qoldirishni istamaydigan "shoqollar" tomonidan egallab bo'lingan. "Hammasi yoki hech narsa" qabilidagi munosabat yanada kengroq miqyosda kuchsizlanishga yo'l ochuvchi tahdiddir. Agar Amerika Xitoy bilan hamjihatlikda yashash yo'lini topish istagida bo'lsa, Xitoyda rejim o'zgarishini maqsad qilmasligi kerak. Ayrim amerikaliklar mag'lub etilgan Xitoy demokratik va tinch bo'ladi, deb hisoblashadi. Janob Kissinjer Xitoyning demokratik davlat bo'lishi tarafdori ekaniga qaramay, hozirda bunday natijaga olib keladigan hech bir asos ko'rmayotganini ta'kidlaydi. Uning fikricha, kommunistik tuzumning qulashi, katta ehtimol bilan, mamlakatda fuqarolar urushiga olib keladi va bu, o'z navbatida, mafkuraviy to'qnashuvga aylanib, global beqarorlikka hissa qo'shadi. AQSh bu borada Xitoyning o'z manfaatlari mavjud ekanligini tan olishiga to'g'ri keladi. Ukraina voqeasi bunga yaxshi misol. Xitoy prezidenti Si Szinpin o'tgan yilning fevrali — Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri birinchi marta yaqinda ukrainalik hamkasbi Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qildi. Ko'pchilik bu muloqotni Xitoy Rossiya bilan yaqin ittifoqdosh ekanidan norozi bo'layotgan yevropaliklarni tinchlantirish uchun qilingan behuda ishora sifatida e'tiborsiz qoldirdi. Janob Kissinjer esa buni urush atrofidagi diplomatiyani murakkablashtiruvchi, shunga qaramay AQSh va Xitoy o'rtasida o'zaro ishonchni mustahkamlash uchun imkon yaratishi mumkin bo'lgan jiddiy iroda ko'rsatilishi sifatida baholaydi. Janob Kissinjer Ukraina misolini tahlil qilar ekan, shunday deydi: "Bu [Ukrainadagi urush], oxir-oqibat, shubhasiz Putin qabul qilgan qarorning halokatli xatosi edi". Biroq, bu o'rinda G'arb ham aybsiz emas. "Ukrainaning NATOga a'zoligi masalasini ochiq qoldirish, mening nazarimda, juda noto'g'ri qaror bo'lgan". Bu vaziyatni beqarorlashtirdi, chunki NATOning himoya qilish to'g'risidagi va'dasi, ayni paytda buni qanday amalga oshirish yuzasidan hech bir aniq rejaga ega emasligi, Ukrainani aksincha himoyasiz qoldirdi. Bu nafaqat Putin, balki uning ko'plab vatandoshlarini ham g'azablantirishi muqarrar edi. Genri Kissinjer Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan, 2007-yil. Foto: EPA / Sergey Chirikov Endigi vazifa — ziddiyatning keyingi bosqichiga zamin yaratmasdan turib, urushni tugatishdan iborat. Janob Kissinjer Rossiya 2014-yilda bosib olgan hududlardan imkon qadar voz kechishi tarafdori, biroq real voqelik shundan iboratki, Rossiya har qanday vaziyatda ham, eng kamida, Sevastopolni (Qrimdagi eng yirik shahar va Rossiyaning Qora dengizdagi asosiy harbiy-dengiz bazasi) saqlab qolishi mumkin. Rossiya erishganlarining ba'zilaridan voz kechib, ba'zilarini o'zida saqlab qolishini nazarda tutuvchi bunday kelishuv Rossiyani ham, Ukrainani qanoatlantirmaydi. Uning fikricha, Ukrainada kechayotgan urush kelajakdagi qarama-qarshilik uchun zamin yaratishi mumkin. Hozir Yevropa Ukraina bilan bog'liq xatarni yuqori baholab, uni NATOda ko'rishni istamaydi. Ayni paytda uni eng ilg'or qurollar bilan ta'minlashi esa Ukrainani Yevropadagi "eng yaxshi qurollangan", shu bilan birgalikda, "rahbarlik borasida strategik jihatdan eng kam tajribaga ega bo'lgan" davlatga aylantiradi. Yevropada barqaror tinchlik o'rnatish uchun hozir G'arbdan ikkita qadam talab qilinadi. Birinchisi, Ukrainaning NATOga qo'shilishi — uni tiyib turish va himoya qilish vositasi sifatida. Ikkinchisi, Yevropa uchun Rossiya bilan yaqinlashuv tadbirlarini ishlab chiqish — barqaror sharqiy chegarani yaratish yo'li sifatida. Aksariyat G'arb davlatlari bu maqsadlarning biri yoki boshqasidan bosh tortishi tushunarli. Rossiyaning ittifoqchisi va NATOning raqibi sifatida Xitoy ishtirok etgan taqdirda, vazifa yanada qiyinlashadi. Xitoy Rossiyaning Ukrainadagi urushdan daxlsiz chiqib ketishidan ustun manfaatdor. Rossiyadagi potensial tanazzul Markaziy Osiyoda "Suriya tipidagi fuqarolar urushi" bilan to'ldirilishi mumkin bo'lgan "hokimiyat bo'shlig'ini" yaratishi ehtimoli yuqori ekanligi nuqtai nazaridan Xitoyni tashvishga soladi. Si Szinpinning Zelenskiy bilan muloqotidan so'ng, janob Kissinjer Xitoy Rossiya va Ukraina o'rtasida vositachilik pozitsiyasini egallashga urinayotgan bo'lishi mumkin, deb hisoblaydi. Amerika va Xitoyni Sovet Ittifoqiga qarshi qo'ygan siyosat me'morlaridan biri sifatida u Xitoy va Rossiya yaxshi hamkorlik qila olishiga shubha bilan qaraydi. Ular AQSh masalasida hamfikr bo'lishi mumkin, biroq ularda bir-biriga nisbatan instinktiv ishonchsizlik bor. Xitoy va Rossiya — tabiiy ittifoqchilar emas. Xitoy Ukraina masalasida o'z milliy manfaatlari ifodasi sifatida diplomatiyaga kirishdi, deydi janob Kissinjer. Garchi Rossiyaning yo'q qilinishiga qarshi turishni istamasa ham, Xitoy Ukraina mustaqil davlat bo'lib qolishi kerakligini tan oladi va yadro qurolidan foydalanishdan ogohlantiradi. Xitoy hatto Ukrainaning NATOga kirish istagini ham qisman qabul qilishi mumkin. "Chunki u AQSh bilan to'qnash kelishni xohlamaydi", deydi janob Kissinjer. Xitoy va Amerika muloqot o'rnatishi lozim bo'lgan ikkinchi soha — bu sun'iy idrok. "Biz mashinalar global o'lat yoki boshqa pandemiyalarni keltirib chiqarishi, nafaqat yadroviy, balki insoniyat halokatining har qanday sohasiga zamin yaratishi mumkin bo'lgan yo'lning boshida turibmiz", deydi u. Uning e'tirof etishicha, hatto sun'iy intellekt bo'yicha mutaxassislar ham uning qudrati qay darajada bo'lishi haqida aniq tasavvurga ega emas. Biroq, yaqin besh yil ichida sun'iy intellekt xavfsizlik sohasida asosiy omilga aylanadi. Janob Kissinjer uning buzg'unchi harakterga ega bo'lgan salohiyatini XVI-XVII asrlardagi halokatli urushlarga hissa qo'shgan g'oyalarning keng yoyilishiga sabab bo'lgan matbaa ixtirosi bilan taqqoslaydi. "Misli ko'rilmagan halokatlar dunyosida [yashayapmiz]", deya ogohlantiradi janob Kissinjer. Kompyuterlar model yaratishida inson ko'magi va ishtirokini nazarda tutuvchi human-in-the-loop ta'limoti mavjud ekaniga qaramay, avtomatik va to'xtatib bo'lmaydigan qurollar yaratilishi mumkin. "Harbiy tarixga nazar tashlasangiz, aytish mumkinki, geografiya va aniqlik borasidagi cheklovlar sababli barcha raqiblaringizni yo'q qilish hech qachon mumkin bo'lmagan. [Endi] hech qanday cheklovlar yo'q. Har qanday raqib 100 foiz himoyasiz". Sun'iy intellekt bekor qilinishi mumkin emas. Shunday ekan, Xitoy va AQSh uning kuchidan harbiy jihatdan tiyib turuvchi vosita sifatida foydalanishlari zarur. Biroq, ular, shuningdek, qurol-yarog' nazorati bo'yicha muzokaralar yadroviy qurol tahdidini cheklagani kabi, sun'iy intellekt keltirib chiqarishi mumkin bo'lgan tahdidni cheklash imkoniyatiga ega. Janob Kissinjerning fikricha, Xitoy va AQSh texnologiyalarning har ikki tomonga ta'siri yuzasidan muloqotga kirishishi lozim. Bu boradagi muzokaralarning o'zi o'zaro ishonchni mustahkamlashga yordam berishi mumkin va bu ularga o'zaro munosabatda vazminlikni qo'llash imkonini beradi. Buning siri shundaki, rahbarlar sun'iy intellekt o'z imkoniyatlarining maksimal chegarasi darajasida qo'llanilmasligi kerakligini tushunadigan darajada kuchli va aqlli. "Agar siz faqatgina kuch-qudrat orqali erishishingiz mumkin bo'lgan narsaga tayansangiz, dunyoni yo'q qilib yuborishingiz mumkin". Janob Kissinjerning yosh rahbarlar uchun uchinchi maslahati — barcha narsani, u nima bo'lishidan qat'iy nazar, ichki maqsadlar bilan bog'lash. AQSh uchun bu ko'proq pragmatik bo'lishni o'rganish, yetakchilik fazilatlariga e'tibor qaratish va, eng asosiysi, mamlakat siyosiy madaniyatini yangilashni anglatadi. Janob Kissinjerning pragmatik fikrlash borasidagi modeli — Hindiston. Bu tashqi siyosatda mamlakatning yirik ko'p tomonlama tuzilmalarga bog'liq bo'lishidan ko'ra, aniq masalalarga yo'naltirilgan, doimiy bo'lmagan ittifoqlarga tayanishni nazarda tutadi. Janob Kissinjerning fikricha, muammo axloqiy tamoyillarning — hatto ular istalgan o'zgarishlarga olib kelmasa ham — ko'p hollarda manfaatlardan ustun qo'yilishidan kelib chiqadi. U inson huquqlari muhimligini tan oladi, biroq ularning siyosatga asos qilib olinishi maqsadga muvofiq emas. Bundagi farq — majburlash yoki bu munosabatlarga ta'sir qiladi, deb aytish o'rtasida, biroq — qaror qilish har kimning o'z ixtiyorida qolishi lozim. "Biz Sudanda [ularni majburlashga] urindik", deydi u. "Mana, endi Sudanni ko'ring". Darhaqiqat, to'g'ri deb hisoblangan biror ishni amalga oshirishning majburlash usuli — bu shunchaki siyosatning oqibatlarini o'ylashga layoqatsizlikni oqlash uchun bahona bo'lishi mumkin. Janob Kissinjerning ta'kidlashicha, dunyoni o'zgartirish yo'lida kuch ishlatmoqchi bo'lgan odamlar, ko'p hollarda idealistlardir, garchi odatda realistlar kuch ishlatishga tayyor, deb hisoblansa ham. Hindiston — Xitoyning o'sib borayotgan qudratiga asosiy qarama-qarshi kuch. Shunga qaramay, unda diniy murosasizlik, sud ishiga aralashuvlar va matbuotni cheklash ko'rsatkichlari yomonlashmoqda. Janob Kissinjer to'g'ridan-to'g'ri izoh bermagan bo'lsa-da, xulosa qilish mumkinki, Hindiston masalasi Amerika pragmatik bo'la oladimi yoki yo'q, degan savolga javob bo'lishi mumkin. Boshqasi — Yaponiya. Agar janob Kissinjer bashorat qilganidek, Yaponiya yaqin besh yil ichida yadroviy qurolga ega bo'lish uchun harakat qilsa, munosabatlar keskinlashadi. XIX asrda qaysidir jihatlardan tinchlikni saqlab qolishga hissa qo'shgan diplomatik manyovrlarni esga olar ekan, u Osiyodagi kuchlar muvozanati haqida strategik fikr yuritishda AQShga yordam berish uchun Britaniya va Fransiyaga murojaat qiladi. Janob Kissinjerning fikricha, yetakchilik ham muhim ahamiyatga ega. U hamisha alohida shaxslar qudratiga ishonib kelgan. Rahbarlik mamlakatning siyosiy madaniyatini aks ettiradi. Janob Kissinjer Amerikaning qadr-qimmati haqidagi umumiy tasavvur yo'qolib borayotganidan, shuningdek, ommaviy axborot vositalari faoliyatida mutanosiblik va mulohazakorlik yetishmayotganidan tashvishda. Eng yomoni esa siyosatning o'zi. Hozir turli partiyalar vakillari o'rtasida do'stona muhit yetishmaydi. "Menimcha, Tramp va hozir Bayden [o'zaro adovatni] cho'qqiga olib chiqdi", deydi janob Kissinjer. U vaziyat zo'ravonlikka va yetakchilikning yetishmasligiga olib kelishidan xavotirda. "Men Bayden ilhomlantira oladi deb o'ylamayman va… Respublikachilar yaxshiroq boshqa birovni topishiga umid qilaman", deydi u. Uning fikricha, Amerika uzoq muddatli strategik fikrlashga juda muhtoj. Amerika siyosatida strategik fikrlash yetishmagan taqdirda, "muvaffaqiyatsizlik haqidagi bashoratlar" to'g'ri bo'lib chiqishi mumkin. U insoniyat ulkan yutuqlarga erishganini ta'kidlaydi. To'g'ri, bu taraqqiyot ko'p hollarda dahshatli to'qnashuvlardan so'ng — 30 yillik urush, Napoleon urushlari va Ikkinchi Jahon urushidan keyin sodir bo'lgan, biroq Xitoy va Amerika o'rtasidagi raqobat boshqacha bo'lishi mumkin. Tarix shuni ko'rsatadiki, bunday turdagi ikki kuch bir-biriga to'qnashganda, odatiy natija harbiy mojarodan iborat bo'ladi. "Biroq, muqarrar halokat va sun'iy intellekt sababli bu odatiy holat bo'lmaydi", — deydi janob Kissinjer. Uning qayd etishicha, Yevropa, Xitoy va Hindiston ishtirokidagi qoidalar asosida dunyo tartibini yaratish mumkin. Bu esa nisbatan yaxshi, eng kamida, falokatsiz yakunga zamin yaratishi va insoniyat oldinga siljishi ehtimoli mavjud. Bu bugungi qudratli davlatlar rahbarlarining vazifasi. "Immanuil Kant "tinchlik yo insonga xos o'zaro tushunish orqali, yoki qandaydir falokat tufayli o'rnatiladi", degan edi", deydi janob Kissinjer. Shunday ekan, jahon yetakchilari zimmasiga katta mas'uliyat yuklanadi. Bu kelajakdagi xavf-xatarlarga qarshi turish uchun realizmni, yechim o'z mamlakatlari kuchlari o'rtasidagi muvozanatga erishishda ekanligini ko'rishni va o'zlarining hujumkor kuchlarini maksimal darajada ishlatishdan tiyilishni talab qiladi. "Bu misli ko'rilmagan chaqiriq va buyuk imkoniyat", deya ta'kidlaydi janob Kissinjer. Insoniyat kelajagi ular qay darajada buning uddasidan chiqa olishiga bog'liq. | world |
Tojikistonda 27-avgust kuni yog'ib o'tgan kuchli yomg'irlar tufayli 13 kishi halok bo'ldi. Bu haqda mamlakat prezidenti matbuot xizmati xabar berdi . Tabiiy ofat oqibatida Vahdat shahrida 11 kishi, Rudakiy tumanida esa 2 kishi halok bo'lgan. "Tojikiston Respublikasi prezidenti, millat yetakchisi Emomali Rahmon halok bo'lganlarning oila a'zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi", — deyiladi xabarda. Davlat rahbari, shuningdek, mamlakat bosh vaziri, Favqulodda vaziyatlar va fuqarolik mudofaasi qo'mitasi, boshqa tegishli tuzilma va organlarga tabiiy ofat oqibatida halok bo'lganlarning oila a'zolariga yordam ko'rsatish hamda hodisa oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan zudlik bilan chora-tadbirlar ko'rish bo'yicha topshiriqlar bergan. Dushanbe shahrida va respublikaning boshqa viloyatlarida yakshanba kuni kuchli yomg'ir yog'ib, yo'llarni suv bosdi va bu sel oqimlariga olib keldi. "TASS"ning yozishicha , sel Dushanbe-Chanoq yo'li bo'ylab kuzatilgan, hodisa tufayli bir qancha avtomobillarga shikast yetgan, avtomobil yo'li to'sib qo'yilgan. Dushanba kuni, ob-havo ma'lumotlariga ko'ra, Tojikistonda yana yomg'ir yog'ishi kutilmoqda. | world |
Parijdagi elektrosamokatlarni ijaraga beruvchi kompaniyalar o'z transport vositalarini ko'chalardan yig'ishtira boshladi, deya xabar bermoqda Le Figaro. Shahar hokimiyati aprel oyida bu masala yuzasidan refendum o'tkazdi. Unda ishtirok etganlarning aksariyati elektrosamokatlarni ijaraga beruvchi kompaniyalar bilan shartnomani uzaytirmaslikni bildirgan va natijada bu faoliyat bilan shug'ullanuvchi Dott, Lime va Tier kompaniyalari bilan shartnomalar yangilanmadi. Amaldagi shartnoma muddati 1-sentabrda tugaydi, bu sanagacha shahar ko'chalaridan 15 mingta elektrosamokat yig'ib olinishi kerak. Tier Mobility kompaniyasi kuniga 450 ta transport vositasini ko'chalardan yig'ib olayotganini, shartnoma muddati tugashiga yaqin qolganda kuniga 750 ta elektrosamokatni yig'ishtirib olishini ma'lum qildi. Mazkur uchta kompaniya transport vositalarida texnik xizmat va profilaktika ishlarini o'tkaziganidan keyin ularni Fransiyaning boshqa shaharlari, shuningdek, Germaniya, Polsha, Belgiya, Italiya va Isroilga jo'natmoqchi. Endilikda bu kompaniyalar Parijda elektrosamokatlar o'rniga elektrovelosipedlar ijarasi bilan shug'ullanadi. Kompaniya vakillarining aytishicha, ular bu transport turi ijarasiga talab ortib borayotganini kuzatmoqda. Ma'lumot o'rnida, Ann Idalgo boshchiligidagi Parij meriyasi aprel oyida shaharda elektrosamokatlarni ijaraga beruvchi kompaniyalar bilan shartnomani yangilash masalasi bo'yicha referendum o'tkazgandi. Ishtirokchilarning aksariyati referendumda qarshi ovoz bergan. Jarayonda shahar aholisining 8 foizi ishtirok etgani uchun elektrosamokatlarni ijaraga beruvchi kompaniyalar bu ovoz berish aholining fikrini yetarlicha aks ettirmasligini (reprezentativ emas) ta'kidlamoqda. | world |
Qozog'iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev hukumatga "qozoq-qirg'iz chegarasida yuzaga kelgan vaziyatni mamlakatlar o'rtasidagi sheriklik va qardoshlik munosabatlari asosida hal etish"ni topshirdi. Bu haqda 26-avgust kuni Akorda matbuot xizmati ma'lum qildi . "Chegara orqali tovarlarning noqonuniy olib o'tilishiga yo'l qo'ymaslik uchun raqamlashtirish va avtomatlashtirishni faolroq joriy etish masalasida Qirg'iziston tomoni bilan muzokaralarni davom ettirish zarurligi ham qayd etildi", — deyiladi xabarda. 20-avgustdan beri Qozog'iston va Qirg'iziston chegarasida yuzlab yuk mashinalaridan iborat navbat paydo bo'ldi . Qirg'iziston Chegara xizmati ma'lumotlariga ko'ra, 24-avgust holatiga ko'ra, to'rtta nazorat-o'tkazish punktida 600 dan ortiq yuk mashinalari turibdi. Qirg'iziston Iqtisodiyot va savdo vazirligi chegaradagi tirbandlikni izohlar ekan, Qozog'iston tovarlarning harakatlanish erkinligini cheklab qo'ygani va bu bilan YeOII yagona bozorining asosiy tamoyilini buzayotganini ta'kidladi . Vazirlik, shuningdek, vaziyat "tizimli" ekanini, Qozog'iston tomoni Qirg'izistondan kelayotgan yuk mashinalarining Qozog'iston hududi orqali o'tishini sekinlashtirish uchun "har safar turli sabablarni topayotganini" qo'shimcha qildi. Keyinroq vazirlik furalarning o'tishi tezlashgani haqida xabar berdi . Qozog'iston chegara xizmati, o'z navbatida, "cheklov choralari" joriy etilmagani va nazorat-o'tkazish punktlari normal rejimda ishlayotganini bildirdi. Qozog'iston moliya vaziri Yerulan Jamaubayevning so'zlariga ko'ra, yuk mashinalarining nazorat-o'tkazish punktida kechikishiga giyohvandlikka qarshi operatsiya sabab bo'lgan. | world |
Iqlim o'zgarishi issiqlik to'lqinlarining intensivligi va chastotasini oshirmoqda, bu esa o'z navbatida, havo sifati, inson salomatligi va atrof-muhitga jiddiy ta'sir ko'rsatmoqda. Bu haqda Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) yangi hisobotida aytiladi . Mutaxassislar yuqori harorat natijasida yuzaga keladigan havo ifloslanishi ta'siri ko'pincha e'tibordan chetda qoladi, lekin u ham xuddi o'shanday halokatli. "Issiqlik to'lqinlari havo sifatini yomonlashtiradi, inson salomatligiga, ekotizimlarga, qishloq xo'jaligiga va, albatta, kundalik hayotimizga ta'sir qiladi. Iqlim o'zgarishi va havo sifatini alohida ko'rib chiqish mumkin emas. Bu ayovsiz doirani buzish uchun bu muammolarni birgalikda hal qilish kerak", dedi JMT bosh kotibi Petteri Taalas. Avvalroq Copernicus Yevropa Ittifoqining iqlim o'zgarishi bo'yicha xizmati 2023-yil yozi rekord darajadagi eng issiq bo'lganini ma'lum qilgandi . Iyul va avgust oylari sanoatdan oldingi darajadan 1,5 darajaga issiqroq bo'ldi, bu iqlim o'zgarishining eng halokatli ta'siridan qochishning asosiy ko'rsatkichidir. Ayrim hududlarda bunday ob-havo o'rmon yong'inlari sabablaridan biriga aylangan. Bu yil yozda Kanada, Gavayi va O'rta yer dengizi mintaqasida yirik o'rmon yong'inlari kuzatildi. "Issiqlik to'lqinlari va o'rmon yong'inlari bir-biri bilan chambarchas bog'liq. O'rmon yong'inlari tutuni nafaqat havo sifati va sog'lig'iga ta'sir qiladigan, balki o'simliklar, ekotizimlar va ekinlarga zarar yetkazadigan kimyoviy moddalar aralashmasini o'z ichiga oladi, bu esa karbonat angidrid chiqindilarining ko'payishiga olib keladi va shuning uchun atmosferada issiqxona gazlari ko'payadi", — dedi JMT tadqiqotchisi Lorenzo Labrador. 2023-yil iyun oyi boshida Kanadadagi o'rmon yong'inlari tutuni Nyu-Yorkni (AQSh) qamrab oldi. Surat: Twitter/NYCMayor. Shahar hududlari ko'pincha balandligi 100 metr yoki undan ko'p bo'lgan binolar va infratuzilmalardan iborat bo'lib , bu qishloq joylariga nisbatan shamol va harorat rejimiga ta'sir qiladi. Ushbu ta'sir odatda "shahar issiqlik oroli" deb ataladi. Shunday qilib, kechasi shahar va qishloq o'rtasidagi harorat farqi 9 darajagacha yetishi mumkin. Yuqori haroratga ta'sir shahar aholisining kasallanishi va o'limlar sonini oshirishi mumkin, ayniqsa issiqlik to'lqinlari vaqtida va tunda. JMT ekspertlarining ta'kidlashicha, shaharlarda yashil hududlarni yaratish atrofdagi iqlim muvozanatiga hissa qo'shadi va bu aholi farovonligi uchun zarurdir. Ushbu yashil orollar karbonat angidridni o'zlashtirish va havoni sovutish orqali havo sifatini yaxshilashga yordam beradi. An'anaviy ifloslantiruvchi moddalarga ozon kabi qisqa muddatli reaktiv gazlar, shuningdek zarrachalar, atmosferadagi ko'plab mayda zarrachalar (odatda aerozollar deb ataladi) kiradi. Har ikki turdagi ifloslantiruvchi moddalar inson salomatligiga zararli ta'sir ko'rsatadi va atmosferaning sovishi yoki isishiga olib keladigan murakkab xususiyatlarga ega. Havo sifati, o'z navbatida, atmosfera cho'kishi (havoni ifloslantiruvchi moddalarning atmosferadan Yer yuzasiga tushishi jarayoni) orqali ekotizim salomatligiga ta'sir qiladi, shu bilan havo sifatini iqlim bilan bog'laydi. Azot, oltingugurt va ozonning cho'kishi tabiiy ekotizimlar tomonidan taqdim etiladigan toza suv, biologik xilma-xillik va uglerod saqlash kabi xizmatlarga salbiy ta'sir ko'rsatishi hamdaqishloq xo'jaligi tizimlarida hosildorlikka ham ta'sir qilishi mumkin. Issiq to'lqinlar paytida ko'p kun davom etadigan haddan tashqari issiqlik yong'in tarqalishi uchun qulay muhit yaratishi mumkin. Ular boshlangandan so'ng, ular quruq, yonuvchan o'simliklarga duch kelganda tez o'sadi. Bunday holatlar ayerozol emissiyasining oshishiga olib kelishi mumkin. Yuqori harorat va katta miqdordagi aerozollarning kombinatsiyasi aholining katta qismi uchun xavfli sog'liq uchun xavf tug'diradi. Misol tariqasida hisobot mualliflari 2022-yilda sodir bo'lgan ikkita voqeani keltirishmoqda: AQSh g'arbiy qismidagi jazirama to'lqinlar va butun Yevropa bo'ylab cho'l changining kirib kelishi bilan kechgan jazirama to'lqinlar natijasida yuzaga kelgan yong'inlar. O'tgan iyul oyida Yevropaning ko'p qismini qamrab olgan haddan tashqari issiqlik to'lqini vaqtida havo Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti tomonidan belgilangan xavfsiz ozon darajasidan oshib ketdi. AQShdagi yong'inlar tabiiy ekotizimlarga azot birikmalarining sezilarli darajada tarqalishiga olib keldi, bu biologik xilma-xillik, ichimlik suvi tozaligi va havo sifatiga salbiy ta'sir ko'rsatdi. | world |
Gonkongda so'nggi 140 yildagi eng kuchli yog'ingarchilik natijasida 130 dan ortiq kishi jarohatlandi, kamida ikki kishi halok bo'ldi, deya xabar bermoqda South China Morning Post. Gonkong meteorologiya observatoriyasi juma kuni kechqurun 2021-yil oktabr oyidan beri birinchi marta bo'ron to'g'risida eng yuqori qora ogohlantirishni e'lon qildi. Bor-yo'g'i bir soat ichida — 23:00 dan 00:00 gacha — meteorologlar 158,1 mm yog'ingarchilikni qayd etishdi. Shaharning ayrim hududlarida bir sutkadan kamroq vaqt ichida 500 mm gacha yomg'ir yog'di. 8-sentabr kuni tushdan keyin qora bo'ron haqida ogohlantirish 12 soatdan ko'proq vaqt davomida amalda bo'lib, 1999-yildagi 5 soat 47 daqiqalik rekordni yangiladi. Yomg'ir ko'chalar, yo'llar, vokzallar va savdo markazlarini suv bosishiga olib keldi va ularni "daryolarga" aylantirdi, deb yozmoqda SCMP. Jamoat transporti harakati to'xtatilgan. Mahalliy hokimiyatlar barcha kunduzgi maktablarni yopdi va kompaniyalarga xodimlarga uyda qolishga ruxsat berishni tavsiya qildi. Gonkong fond birjasi va HKEX hisob-kitob palatasi ob-havo sharoiti tufayli savdo sessiyalari bekor qilinganini bildirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda odamlar suvdan qochish uchun mashinalar va boshqa platformalarga chiqishayotgani aks etgan. Meteorologiya xizmati ma'lumotlariga ko'ra, yomg'irlar avvalroq Xitoy janubini qamrab olgan "Xaykuy" to'foni qoldiqlari tufayli yuzaga kelgan. O'tgan hafta Gonkongga ikkinchi xavfli toifaga kiritilgan "Saola" to'foni ham yopirilgan edi. Bundan tashqari, qo'shni Shenchjenda ham kuchli yomg'ir yog'di — shahar 1952-yildan beri eng yuqori yog'ingarchilikni qabul qilib oldi. | world |
Afrikaning Marokash davlatida 9-sentabrga o'tar kechasi sodir bo'lgan zilzila oqibatida 1037 dan ortiq kishi halok bo'ldi, 1200 kishi jarohatlandi, deb xabar berdi Al Jazeera mahalliy OAVga tayanib. AQSh Geologiya xizmati zilzila magnitudasi 6,8 ballni tashkid etgani, epitsentri esa 18,5 km chuqurlikda bo'lganini ma'lum qildi . Marokash Ichki ishlar vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, zilzila 8−10 million kishi istiqomat qiladigan Atlas tog'lari hududidagi oltita provinsiyada ro'y bergan. Zilzila sodir bo'lgan hudud Marrakesh shahridan taxminan 70 km uzoqlikda joylashgan. Guvohlarning so'zlariga ko'ra, shaharning YUNESKO Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan tarixiy qismi eng ko'p zarar ko'rgan. Zilziladan jabr ko'rgan hududlarda internet va elektr ta'minotida muammolar kuzatilmoqda. Marokashdagi oxirgi kuchli zilzila 2004-yilda sodir bo'lgan. Uning magnitudasi 6,5 ballni tashkil etgan, 600 ga yaqin odam halok bo'lgandi. Marokash hududida yuz bergan kuchli zilzila oqibatida ko'plab odamlar qurbon bo'lgani va jiddiy jarohat olgani, katta talafotlar ko'rilgani munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev Marokash podshohi Muhammad VI`ga ta'ziya yo'lladi. Davlat rahbari vafot etganlarning oila a'zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi, jabrlanganlar tez fursatda sog'ayib ketishini tiladi, deyiladi O'zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov bergan xabarda. | world |
Marokashdagi zilzila qurbonlari soni 2122 kishiga, jarohatlanganlar soni esa 2421 kishiga yetdi. Bu haqda Anadolu agentligi Marokash Ichki ishlar vazirligi ma'lumotlariga tayanib xabar qildi . Marokash matbuoti 9-sentabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 23:10 da sodir bo'lgan zilzila poytaxt Rabot, Kasablanka, Meknes, Agadir va Fesda sezilganini xabar qildi. Qurbonlarning asosiy qismi Al Hauz, Tarudant, Shivava, Uarzazat, Marrakesh, Azila, Agadir, Kasablanka va Yussifi viloyatlarida qayd etilgan. Tabiiy ofat hududida qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Ularga fuqaro mudofaasi kuchlari bilan bir qatorda harbiylar ham jalb qilingan. Ushbu zilzila mamlakat tarixidagi o'tgan asrdagi eng yirik zilzila bo'ldi. | world |
Turkiya Markaziy banki asosiy stavkani 25 foizdan 30 foizgacha oshirdi. Bu haqda tashkilot rasmiy sahifasida xabar berildi . "Qo'mita [Pul-kredit siyosati qo'mitasi] inflyatsiyani imkon qadar tezroq pasayish yo'nalishiga qaytarish, inflyatsiya kutilmalarini mustahkamlash va narx siyosati yomonlashuvini nazorat qilish maqsadida pul-kredit siyosatini kuchaytirish jarayonini davom ettirishga qaror qildi", — deyiladi regulyator bayonotida. Mamlakat Markaziy bankining qayd etishicha, iyul-avgust oylarida inflyatsiya ko'rsatkichlari kutilganidan yuqori bo'lgan. Ichki talabning yuqoriligi, xizmat ko'rsatish va neft mahsulotlari narxlarining barqaror o'sishi, shuningdek, aholi va biznesning inflyatsion kutilmalarining yomonlashishi inflyatsiya o'sishi bo'yicha qo'shimcha risklarni keltirib chiqarmoqda. Shuningdek, yil yakuniga ko'ra inflyatsiya prognoz diapazonining yuqori chegarasiga yaqin shakllanishi kutilmoqda. "To'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar, yaxshilangan tashqi moliyalashtirish sharoitlari, valyuta zaxiralarining o'sishda davom etishi, turizm daromadlarining joriy balansga ijobiy ta'siri va turk lirasidagi aktivlarga ichki va tashqi talabning ortib borishi narxlar barqarorligini oshirishga katta hissa qo'shadi", — deya qayd etgan regulyator. Markaziy bank inflyatsiyani barqarorlashtirish uchun o'z ixtiyorida bo'lgan barcha vositalardan "qat'iyat bilan foydalanishga" va'da bergan. So'nggi yillarda Turkiya regulyatori prezident Erdog'anning "past qarz xarajatlari" siyosati ta'siri ostida foiz stavkasini muntazam pasaytirib kelayotgandi. Bu, o'z navbatida, chuqur inflyatsiya, yashash xarajatlarining ko'tarilishi va investorlarning mamlakatni tark etishiga olib keldi. Mamlakat prezidentligiga qayta saylangan Rejep Tayyip Erdog'an Mehmet Shimshekni g'aznachilik va moliya vaziri etib tayinlagani hamda Markaziy bank rahbarligini Hafize Gaye Erkanga ishonib topshirganidan so'ng mutaxassislar va jamoatchilikda pul-kredit siyosatining an'anaviy yo'nalishga qaytilishi, moliyaviy vaziyatning barqarorlashuviga umid uyg'ondi. Hafize Erkan regulyatorga yetakchilik qilishni boshlaganidan buyon asosiy stavka 2021-yil mart oyidan beri ilk marta ko'tarildi. Shundan so'ng regulyator stavkani ketma-ket jami to'rt bor ko'tardi va 8 foizdan 30 foizgacha yetkazdi. | world |
2024-yil bahoridan Qirg'iziston kinoteatrlarida namoyish etilayotgan barcha xorijiy filmlar qirg'iz tilidagi subtitrlar bilan birga namoyish etiladi. Bu haqda "Kыrgыztasmasы" davlat kinomarkazi xabar berdi . Regulyatorning ma'lum qilishicha, bu borada Qirg'izistondagi xorijiy filmlarning eng yirik distribyutorlari bilan kelishuvga erishilgan. "Kыrgыztasmasы" direktori Talantbek Tolobekov chet el filmlarini subtitr bilan berishni ularni qirg'iz tiliga dublyaj qilish masalasidagi "birinchi qadam" deb atadi. "Bu birinchi bosqichda eng maqbul variant, chunki dublyaj va sinxron ovozli tarjima katta budjetlarni talab qiladi", — dedi u. Iyul oyida Qirg'izistonda qirg'iz tilining maqomini mustahkamlovchi davlat tili haqidagi yangilangan qonun kuchga kirdi . Unga ko'ra, ta'lim, fan, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, hujjat aylanishi hamda boshqa soha va yo'nalishlarda qirg'iz tilidan foydalanish majburiy bo'ldi. Qonun shuningdek, barcha davlat xizmatchilariga qirg'iz tilini bilish majburiyatini yukladi. | world |
Qozog'iston Moliya vazirligining Davlat daromadlari qo'mitasi ilk bor xorijdan moliyalashtiriladigan shaxslar ro'yxatini e'lon qildi, deya xabar bermoqda Informburo.kz. Bir qator mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari uni Rossiyaning "xorijiy agentlar" reyestri muqobiliga o'xshatmoqda. Ro'yxatning 20-sentabrdagi birinchi tahririda "xorijiy davlatlar, xalqaro va xorijiy tashkilotlar, shuningdek, chet el fuqarolaridan pul yoki boshqa mol-mulk oluvchi" 242 nafar shaxs hamda tashkilot kiritilgan. Ular orasida Qozog'istondagi taniqli jurnalistlar, jamoat arboblari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari bor, deb yozadi nashr. Xususan, reyestrga Inson huquqlari bo'yicha Qozog'iston xalqaro byurosi, Erkindik Qanaty jamg'armasi, Reuters vakolatxonasi, Masa.Media nashri va boshqalar kiritilgan. Bundan tashqari, ro'yxatga "Gazprombank"ning (Rossiya) Qozog'istondagi vakolatxonalari, "Kiyev vitamin zavodi" va Niderlandiyaning Markaziy Osiyodagi silga qarshi kurash bo'yicha qirollik markazi kiritilgan. Qozog'iston qonunchiligi reyestrga kiritilgan tashkilotlar va shaxslarga hozircha hech qanday cheklovlar qo'ymaydi. 2018-yildan boshlab Qozog'iston soliq qonunchiligi davlat organlariga xorijdan moliyalashtirish bo'yicha hisobot berishni talab qiladi. 2022-yil mart oyida bunday mablag' olgan shaxslar reyestri ochiq e'lon qilinishini talab qiluvchi tuzatishlar qabul qilindi. Hukumat o'shanda bu chora "fuqarolarning davlatga ham, nodavlat tashkilotlarga ham ishonch darajasini oshirishga qaratilgani" bilan izohlagan edi. Qirg'iziston ham "xorijiy agentlar" reyestrini yaratishga harakat qilmoqda . Nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risidagi qonun loyihasi may oyidan beri Jogorku Keneshda ko'rib chiqilmoqda. Hujjatda "Xorijiy vakil funksiyalarini bajaruvchi NNT" tushunchasini joriy etish taklif etiladi. Kaktus.media nashrining qayd etishicha , agar qonun loyihasi qabul qilinsa, nafaqat siyosiy faoliyat bilan shug'ullanuvchi NNTlar, balki ayrim masalalar bo'yicha "jamoatchilik fikrini shakllantirishda" ishtirok etayotganlar ham "xorijiy agent" hisoblanadi. | world |
21-sentabr kuni Oy uyda AQSh prezidenti Jo Bayden va Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy o'rtasidagi uchrashuv bo'lib o'tdi. Shundan so'ng AQSh yetakchisi Ukrainaga 325 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini e'lon qildi, deya xabar berdi mamlakat Mudofaa vazirligi. Pentagon bergan xabarda yordam paketi, xususan, Avenger zenit kompleksi, AIM-9M havo mudofaa raketalari, Javelin tankka qarshi kompleksi va yana bir Hawk havo mudofaa batareyasini o'z ichiga olishi aytilgan. Shuningdek, Ukraina bir necha turdagi o'q-dorilar ham olishi kutilmoqda. Ro'yxatda HIMARS uchun 300 kilometr masofaga uchadigan ATACMS raketalari kiritilmagan. Avvalroq Ukraina hukumati bir necha bor AQShdan bu turdagi raketalarini taqdim etishni so'ragan va Ukraina Qurolli kuchlari ulardan Rossiya hududidagi nishonlarga hujum qilish uchun foydalanmasligini ta'kidlagandi. Qo'shma Shtatlar Ukrainaga ushbu yordam paketini joriy moliyaviy yil budjetidan taqdim etadi. Biroq Ukrainaga keyingi harbiy yordam ko'rsatish uchun Bayden administratsiyasi Kongressining qo'llab-quvvatlashiga yana bir bor erishishi kerak bo'ladi. Kongressda bir qator deputatlar budjet xarajatlarining amaldagi taqsimotidan rozi emasligini ochiq e'lon qilgan. Zelenskiy bilan uchrashuvdan so'ng Bayden AQSh erkinlik va mustaqillik uchun qancha lozim bo'lsa, shuncha yordam berishini yana bir bor ta'kidladi . "Qo'shma Shtatlar jasur Ukraina xalqi bilan birga turishda davom etadi. Bu shunchaki Ukraina kelajagiga sarmoya emas. Balki kelajakda butun dunyoda mustaqillik, suverenitet va hududiy yaxlitlik tamoyillari hurmat qilinishiga bo'lgan sarmoyadir", — degan AQSh prezidenti. | world |
Ikki terrorchi Anqarada Turkiya Ichki ishlar vazirligi Xavfsizlik bosh boshqarmasi darvozasi oldida portlash uyushtirdi. Bu haqda "Anadolu" agentligi buni terakt sifatida baholagan Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerlikayaga tayanib xabar berdi . У нинг so'zlariga ko'ra, hodisa mahalliy vaqt bilan 09:30 atrofida sodir bo'lgan. Vazirning aytishicha, ikki politsiyachi yengil jarohat olgan. "Taxminan 09:30 da IIV Xavfsizlik bosh boshqarmasining kirish eshigi tomon yengil tijorat avtomobilida kelgan ikki nafar terrorchi portlash sodir etdi. Terrorchilardan biri o'zini portlatib yubordi, ikkinchisi esa zararsizlantirildi. O'q otilishi natijasida ikki nafar politsiyachimiz yengil tan jarohati oldi. Qahramonlarimizga tezroq sog'ayib ketishlarini tilayman", — deb yozdi u Facebook -sahifasida. Ali Yerlikaya Turkiya xavfsizlik kuchlari "terrorizmga qarshi murosasiz kurashni davom ettirishini" ta'kidladi. TRT telekanalining xabar berishicha , terrorchilar vazirlik binosiga kiraverishgacha borgan, ulardan biri o'zidagi portlovchi moddani ishga tushirgan. Vazirlik xavfsizligi xodimlari hujumchilarga qarata o't ochgan. Qisqa muddatli otishma sodir bo'lgan va ikkinchi terrorchi zararsizlantirilgan. Terakt portlash joyi yaqinida joylashgan Turkiya parlamenti o'z ishini qayta boshlagan kuni sodir bo'lgan. Prezident Rajab Toyyib Erdog'an u yerda soat 14:00 da nutq so'zlashi kerak edi. | world |
Eron sudi Ozarbayjonning Tehrondagi elchixonasiga hujum uyushtirgan shaxsga nisbatan hukmni e'lon qildi, deya xabar bermoqda Report axborot agentligi. Sud hukmiga ko'ra, 50 yoshli Eron fuqarosi Yasin Husaynzodaga nisbatan o'lim jazosi tayinlangan. Qatl qachon amalga oshirilishi hozircha ma'lum emas. Eslatib o'tamiz, yanvar oyida Ozarbayjonning Tehronda joylashgan elchixonasiga qurolli hujum uyushtirilgandi . Hududga bostirib kirgan shaxs Kalashnikov avtomati bilan qo'riqlash postiga o'q uzgan, oqibatda xavfsizlik xizmati rahbari halok bo'lgan, ikki qo'riqchi yaralangandi. OAVda tarqalgan ma'lumotlarga ko'ra, erkak hujum qilishining sababini shaxsiy va oilaviy muammolar bilan izohlagan. Uning elchixona binosiga 2 nafar yosh bolasi bilan kirgani ma'lum bo'lgan. Bildirilishicha, u bedarak yo'qolgan ayolini shu hudud binosida deb o'ylagan. | world |
Tibbiyot va fiziologiya bo'yicha Nobel mukofoti Pensilvaniya universitetidan (AQSh) Dryu Vaysman va Katalin Karikoga berildi, ularning ishlari koronavirusga qarshi mRNA vaksinalarini yaratishga uchun asos bo'lgandi. Bu haqda 2-oktabr kuni mukofotni topshiruvchi Stokgolmdagi Qirollik Karolinska tibbiy-jarrohlik instituti xabar berdi . Mukofot "COVID-19 ga qarshi samarali mRNA vaksinalarini ishlab chiqishga imkon bergan nukleozid asoslari modifikatsiyalariga oid kashfiyotlar" uchun berildi. Kariko va Vaysmanning kashfiyoti 2020-yil oxirida millionlab odamlarning hayotini saqlab qolgan va ko'plab odamlarning og'ir kasallanishining oldini olgan mRNA`ga asoslangan ikkita muvaffaqiyatli kovid vaksinasi ishlab chiqilishiga olib keldi, deyiladi Nobel qo'mitasi bayonotida. "Ikki Nobel mukofoti sovrindorining kashfiyotlari 2020-yil boshida boshlangan pandemiya davrida COVID-19 ga qarshi samarali mRNA vaksinalarini ishlab chiqishda muhim ahamiyatga ega bo'ldi. O'zlarining mRNA`ning immun tizimimiz bilan o'zaro ta'siri haqidagi tushunchamizni tubdan o'zgartirgan kashfiyotlari bilan mukofotlanganlar zamonimizning inson salomatligi uchun eng katta tahdidlardan biri davrida misli ko'rilmagan tezlikda vaksinani ishlab chiqilishiga o'z hissalarini qo'shdi", — deyiladi bayonotda. Dryu Vaysman va Katalin Kariko. Foto: Peggy Peterson Photography/Penn Medicine. Kariko va Vaysman mRNA sintezi texnologiyasini yaratdi (matritsali ribonuklein kislotasi, vaksinalar yaratilishi haqida "Gazeta.uz" alohida maqolada ma'lumot bergandi). Ma'lum bo'lishicha, inson tanasiga belgilangan xususiyatlarga ega mRNA kiritilganda, hujayralar boshqa narsalar qatorida patogenlarga antitanachalar ishlab chiqarish qobiliyatiga ham ega bo'ladi. Bu kashfiyot tufayli BioNTech, Pfizer va Moderna o'zlarining koronavirusga qarshi vaksinalarini yaratishga muvaffaq bo'lishdi, deb yozadi Forbes. Tibbiyot va fiziologiya bo'yicha mukofot Nobel haftaligini ochib beradi. 3-oktabr kuni fizika, 4-oktabrda kimyo, 5-oktabrda adabiyot, 6-oktabrda Tinchlik bo'yicha Nobel mukofoti sovrindorlari nomi e'lon qilinadi. 9-oktabr kuni esa 1968-yilda Shvetsiya Davlat banki tomonidan ta'sis etilgan iqtisodiyot bo'yicha Nobel mukofoti sovrindori nomi ma'lum bo'ladi. 2022-yilda shved biologi, neandertallar tadqiqotchisi va odamlarning yangi turini kashf etgan Svante Paabo yo'q bo'lib ketgan gominidlar genomi va inson evolyutsiyasi sohasidagi kashfiyotlari uchun tibbiyot bo'yicha Nobel mukofotini qo'lga kiritdi . 2021-yilda inson tanasiga harorat va teginishni sezish imkonini beruvchi retseptorlarni kashf etgani uchun amerikalik tadqiqotchilar Devid Julius va Ardem Pataputyan tibbiyot va fiziologiya bo'yicha Nobel mukofotini olgan . | world |
7-oktabr kuni Falastindagi HAMAS guruhi Isroilga qarshi minglab raketalarni uchirdi . Bundan tashqari, ular G'azo sektori bilan chegaradosh hududlardagi isroilliklar yashovchi aholi punktlariga kirib, tinch aholi vakillari va harbiy xizmatchilarni garovga oldi. Bunga javoban Isroil G'azo sektorida HAMAS harbiy obektlari joylashgan ko'p qavatli binolarga zarbalar berdi. 7-oktabr kuni kechasi Isroil armiyasi G'azo sektori chegaralariga og'ir texnikalarini yo'naltirdi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G'azo sektori aholisidan hududni darhor tark etishni so'radi. Shuningdek, u urushni "HAMAS boshlaganini, Isroil esa uni tugatishini" ta'kidladi . Bundan tashqari, Netanyaxu Isroilga "bostirib kirgan" HAMAS a'zolarining aksariyati o'ldirilganini ma'lum qildi . 8-oktabr kuni Isroil Mudofaa kuchlari vakili Daniel Xagari 24 soat ichida G'azo sektori bilan chegaradosh shaharlarda yashovchi barcha aholi evakuatsiya qilinishini haqida xabar berdi . Xagarining Kfar-Aza shahrida janglar davom etayotganini qo'shimcha qilib, Isroil armiyasi 400 dan ortiq falastinlik harbiylarni yo'q qilganini, o'nlab harbiylar hibsga olinganini qayd etdi. Shu kuni G'azo sektoriga yaqin bo'lgan Reim qishloq xo'jaligi kommunasi 260 kishining jasadi topildi . Mazkur hududda 7-oktabr kuni Nature Party elektron musiqa festivali bo'lib o'tgan. Ijtimoiy tarmoqlarda festival ishtirokchilari sahro bo'ylab qochayotgani aks etgan videolar tarqaldi. 9-oktabr kungi ma'lumotlar bo'yicha, Isroilda 700 dan ortiq inson halok bo'lgan , 2200 nafardan ortiq odam jarohatlangan. G'azo sektorida esa, Falastin Sog'liqni saqlash vazirligi bergan ma'lumotlarga ko'ra , kamida 413 nafar falastinlik halok bo'lgan, ulardan 78 nafari bolalar ekani aytilmoqda. 2300 nafar odam yaralangan. Vazirlik qo'shimcha qilishicha, hududdagi elektr energiyasining uzilishi tibbiyot sohasi uchun katta muammo tug'dirib, davolanishga muhtoj bo'lgan yuzlab boshqa odamlarning hayotiga tahdid solmoqda. Ma'lumot o'rnida, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu shanba kuni Isroil G'azo sektoriga "elektr energiyasi, yoqilg'i va tovarlar" yetkazib berishni to'xtatishini e'lon qilgandi. O'shandan beri hududda elektr energiyasi ta'minoti kuniga o'rtacha sakkiz soatdan to'rt soatgacha kamaydi. The Wall Street Journal o'z manbalariga tayanib Eron razvedka xizmatlari Isroilga hujum uyushtirishda HAMASga yordam bergani haqida yozdi . Unga ko'ra, HAMAS va Livanning "Hizbulloh" qurolli guruhi yuqori martabali vakillari Eron razvedka xizmati 2-oktabr kuni Bayrutda bo'lib o'tgan uchrashuvda hujum qilish uchun "yashil chiroqni yoqqan". Eronning Isroilga hujum uyushtirishga aloqadorligi haqidagi ma'lumotni Yevropa rasmiylaridan biri va Suriya hukumati maslahatchisi ham jurnalistlarga tasdiqlagan. HAMASning yuqori martabali rasmiysi Mahmud Mirdaviy esa guruh hujumni o'zi rejalashtirganini qayd etgan. Eron tomoni esa buni rad etdi . Eronning BMTdagi delegatsiyasi e'lon qilgan bayonotiga ko'ra, mamlakat Falastin o'zining qonuniy manfaatlarini himoya qilmoqda deb hisoblaydi va uni qo'llab-quvvatmoqda. Biroq XAMASning Isroilga hujum qilishiga yordam bermagan. | world |
9-oktabr kuni Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant HAMAS guruhining harakatlariga javoban G'azo sektorini "to'liq blokada" qilish haqida buyruq berdi . "Elektr, oziq-ovqat, yoqilg'i bo'lmaydi", — dedi u. Mamlakat energetika vaziri Israel Kats G'azo sektoriga suv ta'minotini to'xtatishni buyurdi . Shuningdek, u hududga elektr energiyasi va yoqilg'i yetkazib berish ikki kun avval to'xtatilganini tasdiqladi. Bir kun avval xabar berganimizdek , Falastin Sog'liqni saqlash vazirligi G'azo sektorida kamida 413 nafar falastinlik halok bo'lgani va 2300 nafar odam yaralanganini ma'lum qilib, hududdagi elektr energiyasining uzilishi tibbiyot sohasi uchun katta muammo tug'dirayotganini qayd etgandi. Bu davolanishga muhtoj bo'lgan yuzlab odamlarning hayotiga tahdid solayotgani ta'kidlangan. Ma'lumot o'rnida, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu shanba kuni Isroil G'azo sektoriga "elektr energiyasi, yoqilg'i va tovarlar" yetkazib berishni to'xtatishini e'lon qilganidan beri hududda elektr energiyasi ta'minoti kuniga o'rtacha sakkiz soatdan to'rt soatgacha kamaydi. Isroil havo kuchlari G'azo sektoridagi Al-Furqon hududiga zarbalar bergani aks etgan videoni e'lon qildi. "Hudud HAMAS uchun terror uyasi bo'lib xizmat qiladi va u yerdan Isroilga qarshi ko'plab harakatlar olib borilmoqda", — deyiladi Isroil armiyasi postida. Isroil mudofaa kuchlari mamlakat hududiga Livan bilan chegara orqali shubhali shaxslar o'tganini ma'lum qildi . Keyinroq esa Livandan Isroil hududiga o'tgan qurolli odamlar o'ldirilgani haqida xabar berildi . Ularning aniq soni noma'lum. Isroil harbiylari hududni tekshirishda davom etayotgani, jangovar vertolyot chegara buzib o'tilgan hududdagi nishonlarga hujum qilayotgani qo'shimcha qilingan. Netanyaxu G'azo sektoriga berilayotgan zarbalar videosini e'lon qildi. "Biz boshladik. Isroil g'alaba qozonadi", — deb yozgan Isroil bosh vaziri. Beeri kibutsida 100 nafar halok bo'lgan isroillikning jasadi topildi. Ularni G'azo sektori bilan chegara yaqinida joylashgan hududda volontyorlar guruhi topgan, deya xabar berdi The Times of Israel Zaka qidiruv-qutqaruv guruhiga tayanib. Nashrning qayd etishicha, qurbonlar soni ortishi mumkin. Hududda jami mingga yaqin odam yashagan. AQSh prezidenti Jo Bayden HAMASning Isroilga hujumi oqibatida kamida 11 nafar AQSh fuqarosi halok bo'lganini ma'lum qildi. Halok bo'lgan amerikaliklarning ko'pchiligi Isroilda doimiy yashab kelgan. Baydenning aytishicha, HAMAS garovga olganlar orasida ham AQSh fuqarolari bor. "Bizda, shuningdek, bedarak yo'qolganlar orasida ham Amerika fuqarolari borligi haqida ma'lumot mavjud va Isroil rasmiylari bilan ularning qayerdaligi haqida qo'shimcha ma'lumot olish maqsadida ishlayapmiz", — deyiladi Oq uy e'lon qilgan bayonotda . Ramzan Qodirov xalqaro hamjamiyatga murojaat qilib , Falastin masalasida hech bo'lmasa bir marotaba yakdillik bilan adolatli qaror qabul qilishga chaqirdi. Checheniston rahbari Falastinni qo'llab-quvvatlashini, biroq mintaqadagi urushga qarshi ekanini ta'kidlagan. "Men musulmon davlatlari yetakchilariga murojaat qilaman — koalitsiya tuzing va unga jangarilarni yo'q qilish bahonasida tinch aholini bombardimon qilmasliklari uchun siz do'st deb ataganlarni, Yevropa va butun G'arbni chaqiring", — dedi Qodirov. "Biz Falastinni qo'llab-quvvatlaymiz va qolgan mojarolardan farqli o'laroq, kattalashib ketishi mumkin bo'lgan bu urushga qarshimiz", — deya ta'kidlagan Checheniston rahbari. Shuningdek, u Checheniston bo'linmalari, lozim bo'lgan taqdirda, mintaqada "tartibni tiklash va har qanday tartibsizlikka qarshi kurashish uchun tinchlikparvar kuchlar sifatida faoliyat yuritishga tayyorligini" qo'shimcha qilgan. So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, G'azoda halok bo'lgan falastinliklar soni 700 nafardan oshdi. Falastin sog'liqni saqlash vazirligining qayd etishicha, ularning 143 nafari bola va 105 nafari ayollar hisoblanadi. 4000 nafarga yaqin falastinlik yaralangan. Isroilda halok bo'lganlar soni 900 kishidan oshgan. Yaralanganlar soni esa 2400 nafardan ko'proqni tashkil etmoqda. Al Jazeera nashrining yozishicha , Falastin Sog'liqni saqlash vazirligi bemorlar ko'payib ketgan kasalxonalarga shoshilinch tibbiy yordam ta'minotini yetkazib berish uchun xavfsiz yo'lak ochishga chaqirmoqda. Shuningdek, Isroil Xan-Yunis shahrida tez yordam mashinalariga hujum qilgani va Beyt-Xanun shahrining bombardimon qilinishi oqibatida undagi yagona kasalxona ishi to'xtagani aytilgan. "Sog'liqni saqlash tizimi faoliyatini ta'minlashda hali ham elektr energiyasi yetishmasligi kuzatilmoqda. Bu barcha kasal va yaradorlarning hayotini xavf ostida qoldirmoqda", — deya Falastin rasmiylarining so'zlaridan iqtibos keltirgan nashr. | world |
Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Tehron HAMASning Isroilga uyushtirgan hujumida ishtirok etmaganini ma'lum qildi, biroq u Isroilning harbiy va razvedka sohasidagi "tuzatib bo'lmas mag'lubiyatini" olqishladi. Xomanaiy HAMAS hujumidan keyingi o'z chiqishida "sionistik rejimga hujumni rejalashtirganlarning qo'llarini o'pamiz" deb ta'kidladi . HAMAS hujumi Isroildagi osonlikcha tiklab bo'lmaydigan ba'zi muhim tuzilmalarni vayron qildi. Bu halokatga sionistik rejimning o'z harakatlari sababchi, — dedi Xomanaiy. HAMASning yuqori martabali mulozimi Mussa Abu Marzuk guruh "maqsadlariga erishganini" va Isroil bilan sulh bo'yicha muzokaralar uchun ochiq ekanini aytdi. "Guruh barcha siyosiy muloqotlarga ochiq", — deya ta'kidladi u Al Jazeera nashriga telefon orqali bergan intervyusida . Putin Isroil-Falastin urushi yuzasidan fikr bildirib, buni "AQSh siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli" deb atadi . Rossiya prezidentining fikricha, Vashington "har ikki tomon uchun murosa yo'lini izlashda unchalik ko'p xarakat qilmadi". "Bu AQShning Yaqin Sharqdagi nazoratni monopollashtirishga uringan siyosati muvaffaqiyatsizlikka uchraganiga yaqqol misol desam, o'ylaymanki, fikrimga ko'pchilik qo'shiladi", — dedi Putin HAMASning Isroilga hujumi va Isroilning G'azo sektoriga bergan zarbalarini izohlab. Rossiya prezidentining so'zlariga ko'ra, AQSh "Falastin xalqining tub manfaatlarini" hisobga olmagan. "Birinchi navbatda, BMT Xavfsizlik Kengashining mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish to'g'risidagi qarorlarini amalga oshirish zaruratini nazarda tutyapman", — dedi u. Putin aynan qaysi qarorlar haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmadi. Isroil mudofaa kuchlari Livandan Isroilga 15 ta raketa uchirilgani haqida xabar berdi . Raketalardan to'rttasi zararsizlantirilgan, 10 tasi esa ochiq joylarga tushgan va hech qanday zarar keltirmagan, qolgan bitta raketa bo'yicha ma'lumot berilmagan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Turkiya rahbari Rejep Tayyip Erdog'an bilan telefon orqali Isroil-Falastin urushini muhokama qildi. Prezidentlar ikki tomon zudlik bilan o't ochishni to'xtatishi va muzokara jarayonini qayta boshlash zarurligini ta'kidladi va bu uchun yordam berishga tayyor ekanini bildirdi. "Yaqin Sharq inqirozini uzoq muddatli tinch yo'l bilan hal qilish faqat BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan tasdiqlangan, 1967-yil chegaralarida poytaxti Sharqiy Quddusda joylashgan mustaqil Falastin davlatini yaratishni nazarda tutuvchi "ikki davlat" formulasi asosidagina imkonli ekani ta'kidlandi", — deyiladi Rossiya prezidenti matbuot xizmati bayonotida . Birlashgan Millatlar Tashkiloti komissiyasi Isroil va G'azoda harbiy jinoyatlar sodir etilgani bo'yicha "aniq dalillar" borligini ma'lum qildi. "Xalqaro huquqni buzgan va tinch aholini nishonga olgan barcha shaxslar o'z jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilishi kerak", — deyiladi komissiya bayonotida . Bayonotda tinch aholining HAMAS a'zolari tomonidan o'ldirilishi, asirlarni garovga olish va tinch aholidan tirik qalqon sifatida foydalanish qoralangan. Shuningdek, komissiya Isroilning G'azo sektorini o'qqa tutganini va hududning suv, elektr energiyasi, oziq-ovqat hamda yoqilg'i ta'minotini to'xtatib qo'yishni o'z ichiga olgan blokadasini ham qoralagan. Komissiya harbiy jinoyatlarga aloqador barcha shaxslarni aniqlash uchun ma'lumot to'plashni davom ettirish niyatida ekanini qo'shimcha qilgan. Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil G'azo sektoriga qarshi "to'liq hujumga" o'tayotganini aytdi . "Men barcha cheklovlarni olib tashladim, biz hudud ustidan nazoratni qo'lga oldik va to'liq hujumga o'tyapmiz", — degan Galant G'azo chegarasidagi harbiylarga murojaat qilib. "HAMAS G'azoda o'zgarish bo'lishini xohladi va bu o'zgarish ular o'ylaganidan 180 daraja farqli bo'ladi. Ular bu lahza uchun afsuslanishadi. G'azo hech qachon avvalgi holiga qaytmaydi. Kimki bosh kesishga, ayollarni, Xolokostdan omon qolganlarni o'ldirishga kelsa, biz uni bor kuchimiz bilan va murosasiz yo'q qilamiz", — degan Galant. G'azo sektoriga berilgan zarbalar oqibatida HAMASning ikki yuqori martabali a'zosi, jumladan, harakatning "iqtisodiyot vaziri" deb ataladigan Javad Abu Shamal halok bo'ldi . So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, to'rt kundan beri davom etayotgan urushda 1200 nafar isroillik halok bo'ldi . 2,5 ming kishi jarohatlandi. G'azo sektorida 950 kishi halok bo'ldi, 5 ming kishi yaralandi. Isroil elektr va suv yetkazib berishni to'xtatgan mintaqada gumanitar falokat yuz bermoqda, deya xabar bermoqda CNN nashri. | world |
Shvetsiyaning Stokgolm shahri rahbariyati havo sifatini yaxshilash va shovqinni kamaytirish maqsadida shahar markazida benzin va dizel yonilg'isi bilan ishlaydigan avtomobillar harakatini taqiqlash rejalarini e'lon qildi. Bu haqda The Guardian xabar bermoqda . 2025-yildan boshlab poytaxtning asosiy moliya va savdo markazlari joylashgan 20 blokli hududida faqat elektr transport vositalarining harakatlanishiga ruxsat beriladi. "Bugungi kunda Stokgolmdagi havo yomonlashishi chaqaloqlarda o'pka kasalliklariga, qariyalarda esa bevaqt o'limga sabab bo'lmoqda. Bu mutlaqo qabul qilib bo'lmaydigan holat", — dedi Stokgolm merining transport bo'yicha o'rinbosari Lars Stromgren. Ekologik zonada istisnolar gibrid dvigatelli yirik furgonlar, rasmiy funksiyalarni bajaradigan transport vositalari (masalan, tez tibbiy yordam mashinalari), shuningdek, egalari nogironligi haqida hujjatlashtirilgan transport vositalariga nisbatan qo'llanadi. Yevropaning bir qator boshqa shaharlarida ham havo ifloslanishiga qarshi kurash choralari ko'rildi, biroq Shvetsiya poytaxti bu borada "oldinda ketmoqda", deb yozadi nashr. Parij, Afina va Madridda dizelli avtomobillar taqiqlangan, Londonda esa ultra past emissiya zonasi (ULEZ) mavjud bo'lib, u yerga kirish uchun yuqori radiatsiya chiqaradigan avtomobil egalari pul to'laydi. | world |
AQSh prezidenti administratsiyasi Yevropa Ittifoqi va unga a'zo davlatlarni Markaziy Osiyoning ayrim davlatlaridan kelgan sayohatchilarga nisbatan keskin choralar ko'rishi haqida ogohlantirdi. Bu haqda Bloomberg xabar qildi . Nashr qayd etishicha, bu ehtimoliy terrorchilarning AQShga kirishini oldini olishga qaratilgan. Ogohlantirish bir guruh muhojirlar "ISHID"ga aloqador kontrabandachi yordamida AQShga janubi-g'arbiy chegaradan kirib kelgan voqeadan keyin berilgan. Bu Yevropa aeroportlari orqali tranzit o'tayotgan yo'lovchilarning Qo'shma Shtatlarga noqonuniy yo'llar bilan kirishga urinishlari bilan bog'liq xavotirlarni kuchaytirdi. AQSh rasmiylari Yevropa Ittifoqidan O'zbekiston va Tojikiston fuqarolari uchun aeroport tranzit vizalarini talab qilishni so'ragan. Avvalroq CNN ISHIDga aloqadorlikda gumon qilingan kontrabandachi o'zbekistonlik bir guruh muhojirlarga Meksika orqali AQShga kirishga yordam bergani haqida xabar bergandi . FQB ushbu tarmoq orqali AQShga kirgan barcha muhojirlarni hali aniqlab bo'lganicha yo'q va kamida 15 nafar O'zbekistondan kelgan muhojirni qidirib topishga harakat qilmoqda. O'shanda jami 120 ga yaqin o'zbekistonlik chegarani kesib o'tgan, deb xabar beradi Reuters. Byuro ularni "potensial jinoiy tahdidlar" manbalari sifatida ko'radi, deb ta'kidlaydi CNN. | world |
17-oktabrdan 18-oktabrga o'tar kechasi G'azo sektoridagi kasalxonaga zarba berildi. Sektordagi Sog'liqni saqlash vazirligi (HAMAS nazoratida) vakili voqea oqibatida 200 dan 300 nafargacha odam halok bo'lganini ma'lum qildi . Al Jazeera nashri bergan ma'lumotlarga ko'ra , ayni vaqtgacha aniqlangan qurbonlar soni 500 nafarni tashkil etmoqda. Al Arabiya telekanali bergan ma'lumotlarda halok bo'lganlar soni 800 kishi ekani aytiladi . Voqea yuzasidan G'azo sektoridagi Falastin hukumati bayonot berdi . "Bosqinchilar tomonidan G'azo shahri markazidagi "Al-Ahli" kasalxonasining bombardimon qilinishi orqali sodir etilgan yangi harbiy jinoyat — portlash oqibatida "Al-Shifo" tibbiyot majmuasiga o'nlab vafot etganlar va jarohatlanganlar olib kelindi. Qayd etish joizki, shifoxonada yuzlab bemorlar, yaradorlar va havo hujumlari tufayli uylaridan majburan ko'chib o'tganlar bo'lgan", — deyiladi bayonotda. Shuningdek, voqea yuzasidan HAMAS ham bayonot berib, buni "genotsid" deb atadi. "G'azo sektori markazidagi kasalxonada bo'lgan qirg'in genotsiddir", — deyiladi HAMAS bayonotida. Bundan avvalroq sektordagi Sog'liqni saqlash vazirligi (HAMAS nazoratida) vakili hujum Isroil tomonidan uyushtirilganini ta'kidlagandi . Isroil Mudofaa armiyasi vakili Daniel Xagari Isroil voqea tafsilotlarini o'rganib chiqayotganini va shifoxonaga mamlakat havo kuchlari zarba bergani yoki bu HAMASning muvaffaqiyatsiz raketa uchirishi oqibati ekani hozircha noma'lumligini ta'kidladi. Keyinroq Isroilning i24 kanali Isroil Mudofaa armiyasining dastlabki tergov natijalariga tayanib, G'azodagi shifoxonada kuzatilgan portlashga HAMASning muvaffaqiyatsiz raketa uchirishi sabab bo'ldi, deb yozdi . Undan biroz o'tib, Isroil Mudofaa armiyasi G'azodagi shifoxonaga raketa zarbasi berilishida "Islomiy jihod" guruhini aybladi. Isroil harbiylari bayonotida shifoxonadagi portlashdan oldin Isroil tomoniga raketa otilgani va u "shifoxona yaqinidan o'tayotganda urib tushirilgani" aytiladi. "Bizda mavjud bo'lgan bir qancha manbalardan olingan razvedka ma'lumotlari shifoxonaga qilingan muvaffaqiyatsiz [raketa] hujum[i] uchun "Islomiy jihod" tashkiloti javobgar ekanini ko'rsatmoqda", — deyiladi bayonotda. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu shifoxonaga berilgan zarbada "G'azo sektoridagi terroristlar"ni aybladi. "Butun dunyo bildi: G'azodagi shifoxonaga G'azodagi vahshiy terroristlar hujum qildi, Isroil Mudofaa armiyasi emas. Farzandlarimizni vahshiylarcha o'ldirganlar o'z farzandlarini ham o'ldirmoqda", — deb yozdi u o'zining Twitter`dagi sahifasida. Falastin prezidenti Mahmud Abbos shifoxonaga hujum qurbonlari xotirasiga uch kunlik motam e'lon qildi . Misr shifoxonaga hujumda Isroilni aybladi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi voqeani keskin qoralashini va Qohira "tinch aholini qasddan bombardimon qilishni xalqaro, insonparvarlik qonunlari va insoniyatning eng asosiy qadriyatlarini jiddiy buzish" deb hisoblashini qayd etgan . "Misr Isroilni G'azo sektoridagi odamlarga qarshi kollektiv jazolash siyosatini zudlik bilan to'xtatishga chaqirdi", — deyiladi Misr Tashqi ishlar vazirligi bayonotida. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti G'azo sektoridagi shifoxonada sodir bo'lgan portlashni qoralab chiqdi va Falastin anklavidagi tinch aholi va sog'liqni saqlash tizimini zudlik bilan himoya qilishni talab qildi. "JSST Al Ahli Arab kasalxonasiga qilingan hujumni keskin qoralaydi", deb yozdi tashkilot rahbari Tedros Gebreyesus o'zining Twitter`dagi sahifasida. Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog'an bu zarbani "eng asosiy insoniy qadriyatlardan mahrum bo'lishning so'nggi misoli", — deb atadi. Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel G'azodagi fuqarolik infratuzilmasini nishonga olish xalqaro qonunlarni buzish ekanini ta'kidladi. Arab Ligasi tashkiloti bosh kotibi Ahmad Abul Geyt G'arb yetakchilarini bu fojiani zudlik bilan to'xtatishga chaqirib, "arab mexanizmlari bu urush jinoyatlarini hujjatlashtiradi va jinoyatchilar bu ishlaridan qochib qutula olmaydi", — dedi . Rossiya va BAA G'azodagi shifoxonaga uyushtirilgan hujum sabab 18-oktabr kuni BMT Xavfsizlik kengashi yig'ilishini chaqirishni talab qildi . O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi voqeani "dahshatli zo'ravonlik" deb atadi. "Buni xalqaro gumanitar huquqning qo'pol buzilishi deb hisoblaymiz", — deyiladi vazirlik xabarida. Voqeadan so'ng darhol Yaqin Sharqning bir qancha davlatlarida, xususan, Turkiya, Iordaniya, Misr, Tunis, Suriya, Livan, Yaman va Eronda ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Namoyishlar Iordan daryosining G'arbiy sohilida ham bo'lib o'tdi. Bir qator holatlarda namoyishchilar Isroil elchixonalari yaqinida to'plandi. Iordaniya AQSh prezidenti Jo Bayden hamda Misr va Falastin rahbarlari ishtirokidagi to'rt tomonlama sammitni bekor qildi. Bu haqda Al Jazeera telekanali Iordaniya tashqi ishlar vaziri Ayman as-Safadiyga tayanib xabar berdi . Sammit 18-oktabr kuni Iordaniya poytaxti Ammon shahrida bo'lib o'tishi kerak edi. Avvalroq Falastin rahbari Mahmud Abbos kasalxonaga zarba berilgani haqidagi xabardan so'ng AQSh rahbari bilan uchrashuvdan bosh tortgan . AQSh prezidenti Jo Bayden Isroilga uchib ketdi . Bayden Isroil rahbariyati bilan uchrashib, HAMAS bilan davom etayotgan urushni muhokama qilishi kutilmoqda. So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, HAMASning Isroilga hujumlari oqibatida 1400 nafardan ortiq odam o'lgan. Isroilning G'azoga uyushtirgan hujumlarida 3000 nafarga yaqin falastinlik halok bo'lgan . | world |
Germaniya federal kansleri Olaf Shols 17-oktabr kuni Isroilga borib (bu HAMAS hujumidan keyin Isroilga birinchi bor xorijiy rahbarning tashrifi bo'ldi), mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hamda HAMAS tomonidan garovga olingan nemislarning yaqinlari bilan uchrashdi . Kansler Isroildan Misrga uchmoqchi bo'lgan vaqtda — samolyot Ben-Gurion aeroportidan havoga ko'tarilmoqchi bo'lganida Tel-Avivda havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar chalindi. Germaniya delegatsiyasi zudlik bilan samolyotdan evakuatsiya qilindi va uchish-qo'nish yo'lagiga yotishiga to'g'ri keldi. Keyin Shols bombapanoh joylashgan aeroport binosiga olib ketildi. Signal to'xtagach, kansler Misrga uchib ketdi. G'azodagi Sog'liqni saqlash vazirligi (HAMAS nazoratida) "Al-Ahli" kasalxonasida yuz bergan portlashda 471 kishi halok bo'lganini ma'lum qildi. Bir kun avval vazirlik voqea oqibatida 200 dan 300 nafargacha odam halok bo'lganini bildirgandi . Isroil Rabot (Marokash) va Qohiradagi (Misr) elchixona xodimlarini evakuatsiya qildi, deya xabar berdi "Yediot axronot" nashri. Bir kun avval bu va boshqa shaharlarda G'azo sektoridagi shifoxonaga hujum fonida norozilik namoyishlari boshlanib ketgandi. AQSh prezidenti Jo Bayden HAMASning Isroilga hujumini 11-sentabr voqealariga qiyosladi. Oq uy xabariga ko'ra , Amerika prezidenti isroilliklarni "g'azabga berilmaslikka" chaqirdi. "Men bu haqda ogohlantiraman. G'azabni his qilganingizda, unga berilib ketmang. AQShda 11-sentabr voqealaridan keyin biz ham g'azablangandik. Adolat izlagan bo'lsak-da, xatolarga ham yo'l qo'ydik", — dedi Amerika yetakchisi. Bayden falastinliklarning katta qismi HAMASga aloqador emasligini ham qo'shimcha qildi. AQSh prezidenti Xolokostni ham eslab o'tdi. "O'shanda dunyo tomoshabin bo'lib turdi va hech narsa qilmadi. Biz bu safar kuzatib, hech narsa qilmay o'tirmaymiz. Bugun ham emas, ertaga ham emas, umuman hech qachon qo'l qovushtirib o'tirmaymiz". Bayden, shuningdek, falastinliklar uchun 100 mln dollarlik insonparvarlik yordamini e'lon qildi. Bu yordamni G'azo sektoridagilar ham, G'arbiy sohildagilar ham olishi mo'ljallangan. AQSh prezidenti agar HAMAS bu yordamni o'g'irlasa, bu "terrorchilik guruhi G'azo sektoridagi tinch aholi manfaatlarini aks ettirmasligini yana bir bor isbotlaydi", deya ta'kidlagan. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ofisi Isroil HAMAS garovga olinganlarni ozod qilmaguncha Isroil o'z hududidan G'azo sektoriga insonparvarlik yordami jo'natilishiga ruxsat bermasligi haqida bayonot berdi . Shu bilan birga, Isroil Misr hududi orqali insonparvarlik yordami yetkazilishiga to'sqinlik qilmasligi aytilgan. Newsweek nashrining yozishicha , G'azo sektori ma'murlari yuzlab o'limlar haqida ma'lumot berayotganiga qaramay, AQSh va Isroil razvedkasi "Al-Ahli" kasalxonasidagi portlashda "ko'pi bilan bir necha o'nlab" odam o'lgan deb hisoblamoqda. "Bizga ma'lum bo'lishicha, Isroil shifoxonaga zarba bermagan. Tasvirlar yana shuni ko'rsatadiki, raketa G'azodan uchirilgan va shifoxona yaqiniga kelib tushgan, uning ustiga emas", — deya AQSh Mudofaa razvedka boshqarmasining katta ofitseridan iqtibos keltirgan nashr. Newsweek`ning yana bir manbasi — "Al-Ahli" voqeasi yuzasidan ishlayotgan AQSh Harbiy-havo kuchlari ofitserining ta'kidlashicha, portlashda qancha odam halok bo'lganini na AQSh, na Isroil taraf aniq bilmaydi. "Bizning va Isroilning razvedka ma'lumotlari ko'pi bilan bir necha o'nlab [o'limlar kuzatilganini] taxmin qilmoqda. Bu fojia emas, demoqchimasman, lekin bu HAMASning navbatdagi jiddiy bo'rttirishi va ochiq yolg'oni. [Portlash uchun] Isroil emas, falastinliklar javobgar", — deya qo'shimcha qilgan u. Misr G'azo sektoriga gumanitar yordam yetkazish uchun "barqaror" koridor ochilishini e'lon qildi . 19-oktabrga o'tar kechasi Misr hukumati G'azo sektori bilan chegaradagi Rafax chegara punktini ochishga tayyorligini ma'lum qildi. Bu bo'yicha AQSh prezidenti Jo Bayden va Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi kelishib olgan. Jo Baydenning so'zlariga ko'ra , gumanitar yordam yuklangan birinchi yuk mashinalari faqat juma kunidan boshlab G'azo sektoriga kira oladi. "Ular yo'lni ta'mirlamoqchi. Yuk mashinalari o'tishi uchun yo'ldagi chuqurlarni to'ldirishlari kerak. Ularning hisob-kitoblariga ko'ra, bu sakkiz soat davom etadi. Shuningdek, agar HAMAS insonparvarlik yuklarini yetkazib berishga xalaqit bermoqchi bo'lsa, Qo'shma Shtatlar G'azo sektoriga bunday yordam ko'rsatishni to'xtatadi, degan Jo Bayden. Rafax chegara punktida gumanitar yordam yuklangan 200 dan ortiq yuk mashinasi hozir kirish uchun ruxsat berilishi kutib turgani aytilgan. Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak ham payshanba kuni Netanyaxu bilan muzokaralar o'tkazish uchun Isroilga keldi . "Avvalo, men Isroil xalqi bilan birdamligimni bildirish uchun keldim. Sizlar dahshatli terrorchilik aktini boshdan kechirdingiz va shuni bilishingizni istaymanki, Buyuk Britaniya va men siz bilan birgamiz", — dedi Sunak isroillik jurnalistlarga. Tomonlar bergan so'nggi ma'lumotlarga ko'ra, HAMASning Isroilga hujumlari oqibatida 1400 nafardan ortiq odam o'lgan. Isroilning G'azoga uyushtirgan hujumlarida 3500 nafarga yaqin falastinlik halok bo'lgan. | world |
Qozog'iston urushda ishlatilishi ehtimoli bo'lgan 106 turdagi tovarning Rossiyaga eksportiga taqiq qo'ydi, deya xabar berdi "KazTAG" agentligi. Ma'lumotlariga ko'ra, xususan, dronlar, elektrochiplar va mikroelektronika eksporti taqiqlangan. "Biz urush bilan bog'liq bo'lgan tovarlardan tashqari barcha tovarlarni eksport qilamiz, ularga [urushga bog'liq tovarlarga] cheklov qo'yilgan. Bu 106 turdagi tovarlar — biz ularni eksport qilishni butunlay taqiqladik", — deya Qozog'iston savdo va integratsiya vaziri o'rinbosari Kayrat Torebayev so'zlaridan iqtibos keltirgan agentlik. Uning tushuntirishicha, bu turdagi mahsulotlarning barchasi Qozog'istonda ishlab chiqarilmaydi va Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan oldin Qozog'iston orqali reeksport qilingan. "Qozog'iston [bu tovarlarni] import qiladi, lekin eksport qilmaydi. Ular nafaqat G'arbda, balki boshqa mamlakatlarda ham [ishlab chiqarilgan]", — deya qo'shimcha qildi To'rebayev. Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak joriy etilgan cheklovlarga munosabat bildirdi . "Dushman reeksport orqali G'arb komponentlarini olishga harakat qildi. Makfol-Yermak guruhi hamkorlarimiz bilan rossiyaliklar uchinchi davlatlar orqali qurol ishlab chiqarish uchun muhim bo'lgan komponentlarni yanada ko'proq ololmasligini ta'minlash maqsadida ishladi". Ma'lumot o'rnida, Makfol-Yermak guruhi xalqaro ekspertlar guruhi hisoblanib, Rossiya va Belarusga nisbatan sanksiyalar siyosati bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqish bilan shug'ullanadi. U Vladimir Zelenskiy tashabbusi bilan yaratilgan bo'lib, uning ishiga Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak va AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi Maykl Makfol rahbarlik qiladi. Avvalroq The Bell sanksiyalar ostidagi Rossiya qo'shni davlatlar, jumladan, O'zbekistondan tovarlar importini salkam 40 foizga oshirgani haqida yozgandi . Bunga parallel tarzda Yevropaning mintaqaga eksporti, ayniqsa, mikroelektronika, transport uskunalari, kompyuter va boshqa elektron uskunalar eksporti o'sgan. | world |
27-oktabr kuni bo'lib o'tgan yig'ilishda Rossiya banki asosiy stavkani birdaniga ikki foiz punktga — 13 foizdan 15 foizga oshirdi. Regulyator bu qarorni proinflyatsion bosimning kuchayishi bilan izohladi . "Joriy inflyatsiya bosimi sezilarli darajada oshdi va Rossiya banki kutganidan yuqori", — deyiladi regulyator bayonotida. Asosiy stavkani oshirish sabablari orasida RF Markaziy banki "mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarishni kengaytirish imkoniyatlaridan tobora ortib borayotgan ichki talabning o'sishi" hamda "kreditlashning yuqori o'sish sur'atlari"ni ham ta'kidladi. Bu 2023-yil iyulidan beri asosiy stavkaning ketma-ket to'rtinchi o'sishidir. Iyulda Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 8,5% ga oshirgandi. Avgust oyida rublning pasayishi va inflyatsiya bosimining oshishi fonida bu ko'rsatkich 12 foizga , sentabrda esa 13 foizga ko'tarildi. The Bell nashri iqtibos keltirgan moliyaviy tahlilchilar va iqtisodchilar asosiy stavkaning oshishi yaqin oylarda rublning dollarga nisbatan kursini barqarorlashtirishini kutishmoqda. Nashrning qo'shimcha qilishicha, Markaziy bank qaroriga rubl o'rtacha o'sish bilan javob bergan: o'sha paytda dollar 92,7, yevro esa 97,8 rubl atrofida bo'lgan. Avvalroq O'zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o'zgarishsiz qoldirdi . Regulyatorning ta'kidlashicha, joriy inflyatsiya va asosiy savdo hamkorlaridagi valyuta kurslari bilan bog'liq vaziyat "so'mning real samarali ayirboshlash kursining mustahkamlanishiga bosimni kuchaytirmoqda". | world |
BMT Bosh assambleyasi G'azo sektorida zudlik bilan o't ochishni to'xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi . Iordaniya taklif qilgan hujjatga 120 ta davlat (jumladan, O'zbekiston) yoqlab ovoz berdi, 14 ta mamlakat (jumladan, AQSh va Isroil) qarshi chiqdi, yana 45 ta davlat (jumladan, Buyuk Britaniya, Kanada, Hindiston va Ukraina) betaraf qoldi. Bosh assambleya, shuningdek, Kanada tomonidan taklif qilingan, rezolyutsiyaga HAMASning Isroilga hujum qilish va asirlarni garovga olishdagi harakatlarini qoralashni nazarda tutuvchi tuzatishni rad etdi. Isroil Mudofaa kuchlari 27-oktabr oqshomida G'azo sektoridagi quruqlikdagi amaliyotini "kengaytirayotgani"ni, shuningdek, havodan, yerdan va dengizdan hujumlar intensivligini oshirganini ma'lum qildi . Bir necha kun avval BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Xavfsizlik kengashi yig'ilishida HAMASning Isroilga hujumi "yo'q joydan paydo bo'lmaganini" aytgandi . Bu fikr Isroil hukumati tomonidan qattiq tanqidga uchrab, mamlakat rasmiylari Guterrishning iste'fosini so'ragan. Avvalroq Xalqaro Amnistiya inson huquqlari tashkiloti Isroil va HAMASni harbiy jinoyatlarda ayblab, urushni zudlik bilan tugatishga chaqirgan bayonoti e'lon qilingandi . | world |
Qozog'istonning Qarag'anda viloyatidagi Kostenko ko'mir konida yuz bergan portlash oqibatida kamida 28 nafar konchi halok bo'ldi, deb xabar berdi mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi. 28-oktabr kuni ertalab shaxtadagi portlash haqida korxonaga egalik qiluvchi "ArselorMittal Temirtau" (AMT) kompaniyasi matbuot xizmati xabar qilgan . "Taxminlarga ko'ra, lavada metan gaz portlashi sodir bo'lgan", — deyiladi xabarda. Kompaniyaning ta'kidlashicha, hodisa vaqtida yer ostida 252 nafar konchi bo'lgan, ulardan 206 nafari yer yuzasiga chiqarilgan. Yana 16 kishini qidirish ishlari davom etmoqda, deya aniqlik kiritdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi. Qozog'iston Bosh prokuraturasi tog'-kon yoki qurilish ishlarini olib borishda xavfsizlik qoidalarini buzish moddasi bo'yicha sudgacha tergov boshlanganini e'lon qildi . Hodisadan so'ng Qozog'iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Qarag'anda viloyatiga bordi va u yerda halok bo'lgan konchilarning yaqinlari bilan uchrashib, hamdardlik bildirdi, deb xabar qildi Akorda. Davlat rahbari hukumatga "ArselorMittal Temirtau" bilan sarmoyaviy hamkorlikni to'xtatish bo'yicha topshiriq berdi. Voqea sabablarini aniqlash uchun hukumat komissiyasi tuzildi. Toqayev, shuningdek, 29-oktabrni hodisa qurbonlari xotirasiga milliy motam kuni deb e'lon qildi . Keyinroq "ArselorMittal" kompaniyaga egalik huquqini Qozog'iston rasmiylariga o'tkazish bo'yicha kelishuv yuzasidan dastlabki hujjatlarni imzolaganini tasdiqladi . O'zbekiston prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog'iston prezidentiga Kostenko konida ro'y bergan portlash oqibatida insonlar halok bo'lgani va jarohat olgani munosabati bilan hamdardlik yo'lladi . Davlatimiz rahbari kon ichida qolayotgan konchilar tez fursatda qutqarilishiga umid bildirdi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida. | world |
Moskva Tergov qo'mitasi Rossiya fuqaroligini olgan markaziy osiyolik fuqarolarga nisbatan harbiy xizmatdan bo'yin tovlaganlik bo'yicha 22 ta jinoyat ishi qo'zg'atdi. Rossiya Qurolli kuchlari safiga 80 dan ortiq kishi harbiy xizmatga jo'natildi, deya xabar bermoqda qo'mitaning Telegram-kanali. Tergov qo'mitasining ta'kidlashicha, Moskva harbiy komissarlari bilan birgalikda "harbiy xizmatdan bo'yin tovlayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida" chaqiriluvchilarning shaxsiy hujjatlari o'rganilmoqda. Ushbu ishning bir qismi sifatida, qo'mita ma'lumotlariga ko'ra, "bo'yin tovlovchilar tomonidan Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini olishning qonuniyligi tekshiriladi". Tergov qo'mitasi qonunga ko'ra, agar shaxs "harbiy va muqobil davlat xizmatidan bo'yin tovlagan bo'lsa" Rossiya fuqaroligi tugatilishi haqida ogohlantirdi. Eslatib o'tamiz, avvalroq Rossiya Tergov qo'mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin Rossiya pasportini olgan migrantlarga Ukrainadagi urushda qatnashishni taklif qilish, rad etganlarni fuqarolikdan mahrum qilish taklifini bildirgandi . Avgustdan buyon Rossiyada "yangi" fuqarolarga qarshi reydlar o'tkazilib, voyenkomatlarga olib ketilib, chaqiruv qog'ozlari berilmoqda. | world |
7-oktabrdan beri G'azo sektoridagi janglarda Birlashgan Millatlar Tashkilotining falastinlik qochqinlarga yordam ko'rsatish agentligining (UNRWA) 88 nafar xodimi halok bo'ldi. Bu haqda BMT qo'shma bayonotida so'z boradi, deb xabar bermoqda Meduza. "Bu — bitta konfliktda halok bo'lgan BMT xodimlarining eng ko'p soni", — deya ma'lum qildi BMT. Bayonotda aytilishicha, Isroil hukumati ma'lumotlariga ko'ra, Isroilda 1400 ga yaqin odam halok bo'lgan, minglab odamlar yaralangan, 200 dan ortiq odam, jumladan, bolalar garovga olingan. Tashkilotlar, shuningdek, G'azo sektorida 9,5 mingga yaqin odam, jumladan, 3900 nafar bola o'lgani haqida xabar bermoqda. Bu raqamlar G'azo Sog'liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga tayangan holda taqdim etilgan. "Tomonlarni xalqaro gumanitar huquq bo'yicha o'z majburiyatlarini bajarishga chaqiramiz. Biz garovga olingan barcha tinch aholini zudlik bilan va so'zsiz ozod qilishga chaqiruvimizni takrorlaymiz… Qo'shimcha yordam — oziq-ovqat, suv, dori-darmon va, albatta, yoqilg'i — G'azoga xavfsiz, tez va kerakli hajmda yetib borishi kerak… Biz zudlik bilan o't ochish to'xtatilishni xohlaymiz. Oradan 30 kun o'tdi. Yetar. Bu hoziroq to'xtatilishi kerak", — deyiladi bayonotda. Hujjatni BMTning 17 ta muassasasi vakillari, jumladan, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Gebreyesus, BMT bosh kotibining gumanitar masalalar bo'yicha o'rinbosari Martin Griffits, BMTning inson huquqlari bo'yicha oliy komissari (OHCHR) Folker Tyurk, Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM) direktori Emi Poup, BMT bolalar jamg'armasi (UNICEF) ijrochi direktori Ketrin Rassel va boshqalar imzoladi. 7-oktabr kuni HAMAS askarlari Isroilga hujum qilgan. Shundan so'ng Isroil mudofaa kuchlari G'azo sektoriga yirik hujumlar uyushtira boshlagan. oktabr oyi oxirida Isroil quruqlikdagi operatsiyaning "kengaytirilgani" haqida e'lon qildi va qo'shinlar G'azo sektorini qurshab olgani ma'lum qilindi . oktabr oxirida BMT Bosh assambleyasining G'azo sektorida o't ochishni zudlik bilan to'xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyasiga 120 ta davlat, jumladan, O'zbekiston yoqlab ovoz bergandi . 14 ta mamlakat bunga qarshi chiqqan bo'lsa, 45 ta mamlakat betaraf qolgan. | world |
Qozog'iston Markaziy saylov komissiyasi 5-noyabr kuni sinov rejimida o'tkazilgan tuman va viloyat ahamiyatiga ega shaharlar hokimlari saylovi natijalarini e'lon qildi . MSKning ma'lum qilishicha, ovoz berish 42 tuman va uchta viloyat ahamiyatiga ega shaharda bo'lib o'tgan. Ularda saylovchilarning 62,79 foizi ishtirok etgan. Saylovlar muqobillik asosida o'tkazildi, dedi MSK. Saylov byulletenlariga 125 nafar nomzod kiritildi. "Saylovoldi tashviqoti respublika saylov qonunchiligi talablari asosida o'tkazildi. Ovoz berish kuni Qozog'iston Respublikasining 8500 ga yaqin ishonchli vakili, kuzatuvchi va OAV vakillari tomonidan kuzatuvlar olib borildi", — deyiladi xabarda. Aksariyat tumanlarda amaldagi hokimlar va ularning o'rinbosarlari g'alaba qozondi, deb yozmoqda Vlast.kz. Nashr hisob-kitoblariga ko'ra, 45 nafar g'olibning 29 nafari hokim, 12 nafari hokim o'rinbosari lavozimida ishlagan. Ikkita tumanda tadbirkorlar, yana ikkitasida esa tumanlar maslihatlarining amaldagi raislari hokim bo'ldi. BES.media aniqlik kiritishicha , g'oliblarning aksariyati (37 nafar) hukmron "Amanat" partiyasi a'zolaridir. Tuman va viloyat ahamiyatiga ega shaharlar hokimlarining to'g'ridan-to'g'ri saylovini o'tkazish tashabbusi avvalroq Qozog'iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev tomonidan ilgari surilgan edi. "Mahalliy ijro hokimiyati darajasida qarorlar qabul qilishda fuqarolarning bevosita ishtirokini izchil kengaytirish muhim ahamiyatga ega. Ikki yildan oshdiki, fuqarolarning o'zlari qishloq, shaharcha va qishloq okruglari hokimlarini saylamoqda… Endi tuman va viloyat ahamiyatidagi shaharlar hokimlari saylovini sinovdan o'tkazishimiz kerak", — degan edi u joriy yilning sentabr oyida xalqqa qilgan murojaatida. | world |
Afg'onistonda ko'knori yetishtirish "Tolibon" hukumati tomonidan joriy etilgan taqiqdan keyin 95 foizga kamaydi, deyiladi BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi yangi hisobotida. BMT ekspertlarining fikricha, bu Afg'onistonning o'zi uchun ham, butun dunyo uchun ham katta ahamitga ega. 2022-yil aprel oyida "Tolibon" butun Afg'oniston bo'ylab fermerlarga ko'knori yetishtirishni taqiqlab, qoidabuzarlar shariat qonunlari bo'yicha jazolanishini e'lon qilgandi . BMT ma'lumotlariga ko'ra, 2023-yilda mamlakatning barcha hududlarida ko'knori yetishtirish 233 ming gektardan 10,8 ming gektargacha qisqargan. Natijada ko'knori yetkazib berish 2022-yildagi 6200 tonnadan joriy yilda 333 tonnagacha qisqardi. Hisobotda ta'kidlanishicha, keskin qisqarish ko'knori yetishtirishdan daromad oladigan ko'plab qishloq jamoalari uchun salbiy oqibatlarni keltirib chiqargan. Mutaxassislar 2023-yilgacha ko'knori mahsulotlari eksporti odatda mamlakat qonuniy eksporti qiymatidan oshib ketganini hisobga olib, ko'knori iqtisodining umumiy qisqarishi butun Afg'oniston iqtisodiyotiga ta'sir qilishini kutmoqda. Shu bilan birga, BMT ta'kidlaganidek, ko'plab afg'on fermerlari bug'doy yetishtirishga o'tgan, buning natijasida Farah, Xilmand, Qandahor va Nangahor viloyatlarida g'alla ekinlari 160 ming gektarga ko'paygan. Hisobotda aytilishicha, bug'doy yetishtirish oziq-ovqat xavfsizligini yengillashtirishi mumkin, ammo hosil ko'knoriga qaraganda ancha kam daromad keltiradi. | world |
2023-yilning oktabr oyi Yerdagi o'rtacha harorat bo'yicha rekord darajadagi eng issiq oy bo'ldi, deya xabar bermoqda Yevropa Ittifoqining iqlim o'zgarishi bo'yicha Copernicus xizmati. O'tgan oyda o'rtacha harorat 15,3 darajani tashkil etdi, bu 2019-yilda qayd etilgan avvalgi rekorddan 0,4 darajaga yuqori. Hisobotda qayd etilishicha, harorat anomaliyasi ham 1991−2020-yillardagi o'rtacha ko'rsatkichdan 0,85 darajaga yuqori bo'lgan. Meteorologlarning ta'kidlashicha, 1850-yildan 1900-yilgacha sanoatdan oldingi davrda oyning o'rtacha oktabr haroratidan 1,7 daraja issiqroq bo'lgan. Dengiz yuzasi harorati ham oktabr oyidagi rekord ko'rsatkich — 20,79 darajaga yetgan. "oktabr 2023-yilda rekord darajadagi haroratning to'rtinchi oyi bo'ldi. Ishonch bilan aytishimiz mumkinki, 2023-yil tarixdagi eng issiq yil bo'ladi", — deya qayd etdi Copernicus direktori o'rinbosari Samanta Burgess. 2023-yilning sentabri ham eng issiq deb tan olingan. Jahon meteorologiya tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, uning o'rtacha harorati 16,38 darajani tashkil etgan. Avvalroq Copernicus 2023-yilning yozini sayyorada "katta farq bilan" kuzatuvlar tarixidagi eng issiq bo'lganini yozgan edi . BMT rahbari Antoniu Guterrish o'shanda sayyora qaynoq mavsumni boshdan kechirgani va iqlim inqirozi boshlanganini ta'kidlagan. | world |
16-noyabr kuni Yevroparlament va Yevropa Ittifoqining ekologik kengashi ekologik jinoyatlarga qarshi kurash bo'yicha yangi direktiva bo'yicha kelishib oldi, deb xabar berdi Yevropa komissiyasi. Hujjatda atrof-muhitga qarshi jinoyatlar ro'yxatini kengaytirish va ularga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish, shuningdek, ekologik jinoyatlarga aniqroq ta'rif berish nazarda tutilgan. "Yangi qonunchilik bazasi jiddiy ekologik huquqbuzarliklar jazosiz qolmasligini ta'minlaydi. Bu atrof-muhitning ifloslanishi va degradatsiyasining oldini oladi hamda kelajak avlodlar uchun tabiatimizni asrab-avaylashga xizmat qiladi", — deyiladi YeK bayonotida. Umuman olganda, ekologik jinoyatlar ro'yxati 9 tadan 18 ta bandga kengaytirildi . Noqonuniy daraxt kesish yo'li bilan olingan yog'ochning noqonuniy muomalasi, kema qismlarini noqonuniy utilizatsiya qilish, kimyoviy moddalardan foydalanish va utilizatsiya qilish qoidalarini buzish shular jumlasidandir. O'limga olib keladigan qasddan ekologik jinoyatlar uchun Yevropa Ittifoqining barcha mamlakatlarida shaxslar kamida 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Boshqa qasddan ekologik jinoyatlar uchun jazo 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan belgilanadi. Atrof-muhitga qarshi jiddiy jinoyatlar sodir etgan kompaniyalar global tovar aylanmasining kamida 5 foizi miqdorida jarimaga tortiladi yoki 40 million yevro to'laydi. Kamroq jiddiy ekologik qoidabuzarliklar uchun jarima kompaniya umumiy aylanmasining 3 foizini yoki 24 million yevroni tashkil qiladi. "Ekologik jinoyatlar atrof-muhitga, salomatligimizga, shuningdek, iqtisodiyotimizga katta zarar yetkazadi. Jinoyatchilar juda uzoq vaqt davomida kuchsiz sanksiyalar va jazo muqarrar emasligidan foyda ko'rdi", — dedi Yevropa Ittifoqining atrof-muhit bo'yicha komissari Virjiniyus Sinkevichius erishilgan kelishuvlarni sharhlar ekan. Endi Yevroparlament va YeI Kengashi direktivani rasman qabul qilishi kerak. Shundan so'ng, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari hujjatda ko'rsatilgan normalarni o'zlarining milliy qonunchiligiga kiritishlari kerak. | world |
Emlash qamrovi kamaygani sababli butun dunyo bo'ylab qizamiq bilan kasallanganlar va undan o'limlar soni ortib bormoqda. Bu haqda Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti va AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari hisobotida so'z boradi . 2022-yilda qizamiq bilan kasallanish 2021-yilga nisbatan 18 foizga, o'lim darajasi 43 foizga oshgan. Umuman olganda, dunyo bo'ylab kasallanganlar soni 9 million kishiga, vafot etganlar soni esa 136 ming kishiga yetgan, deya baholanmoqda, ularning aksariyati bolalardir, deyiladi hisobotda. Hisobot mualliflariga ko'ra, kasallikning keng ko'lamda tarqalishi va avj olishi 2022-yilda 37 ta davlatda kuzatilgan, undan oldingi yilda esa raqamlar 22 tani tashkil etgan. "Qizamiq epidemiyasi va o'lim holatlarining ko'payishi hayratlanarli, ammo, afsuski, so'nggi yillarda biz kuzatayotgan emlash darajasining pasayishini hisobga olsak, kutilmagan holat emas", — dedi Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlarining global emlash bo'limi direktori Jon Vertefey. Hisobot mualliflarining qayd etishicha, qizamiqqa qarshi ikki dozali vaksina yordamida uning oldini olish mumkin. 2022-yilda vaksinaning birinchi dozasi bilan global qamrab olish 83% ni tashkil etdi, bu aholini epidemiyalardan himoya qilish uchun zarur bo'lgan 95% dan ancha kam. "Eng kam emlash ko'rsatkichlari 66% bo'lib, qizamiqdan o'lim xavfi yuqori bo'lgan kam daromadli mamlakatlarda qayd etilishda davom etmoqda. Bu mamlakatlarda emlash ko'rsatkichlari pandemiya davrida pasayganidan keyin qayta ko'tarilmadi", — deyiladi hisobotda. | world |
Meksika chegarasi orqali Amerika Qo'shma Shtatlariga kirishga urinayotgan O'zbekiston fuqarolarini chiqarib yuborish siyosatiga shoshilinch o'zgartirishlar kiritildi, deya xabar bermoqda mamlakatning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati. AQSh Ichki xavfsizlik departamentining bildirishicha, endilikda Meksika chegarasi orqali AQShga noqonuniy kirayotgan O'zbekiston fuqarolari AQShga qo'yib yuborilmaydi ( hozirgacha chegarani noqonuniy kesib o'tgan fuqarolar migratsion maqom olish bo'yicha sud bo'lib o'tgunga qadar mamlakat ichkarisiga qo'yib yuborilishi mumkin edi — tahr) . Buning o'rniga ular bilan bog'liq immigratsiya ishi hal qilingunga qadar hibsda saqlanadi . "AQSh mamlakatda qolish uchun qonuniy asosga ega bo'lmagan fuqarolarni chiqarib yuborish masalasi bo'yicha O'zbekiston hukumati bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Chiqarib yuborish tijorat aviakompaniyalari hamda Immigratsiya va bojxona nazorati bilan tuzilgan charter reyslari orqali amalga oshirilmoqda", — deyiladi xabarda. Elchixona Meksika chegarasi orqali noqonuniy migratsiya xavfli va qimmatligini qayd etib, kontrabandachilarning yolg'on va'dalariga uchmaslikni so'radi. Mamlakatga sayohat qilish uchun xavfsiz va qonuniy vositalardan foydalanishni maslahat berdi. Qayd etilishicha, chegarani noqonuniy kesib o'tgan shaxslar mamlakatga kamida besh yil ichida qonuniy ravishda qayta kirishlari taqiqlanadi. Noqonuniy migratsiyaga yordam beradigan oila a'zolari ham viza olishdan butunlay mahrum etilishi mumkin. "Mamlakat xavfsiz, tartibli va insonparvar migratsiya jarayonlarini rivojlantirish maqsadida chet ellik hamkorlar bilan faoliyat olib boradi hamda Qo'shma Shtatlarda qolish uchun qonuniy asosga ega bo'lmagan barcha noqonuniy kiruvchilar va fuqaroligi bo'lmaganlarni immigratsiya qonunchiligi (Title 8) vakolati ostida tezda mamlakatdan chiqarib yuboradi", — deyiladi elchixona xabarida. Avgust oxirida CNN telekanali ISHIDga aloqadorlikda gumon qilingan kontrabandachi o'zbekistonlik bir guruh muhojirlarga Meksika orqali AQShga kirishga yordam bergani haqida xabar bergandi . Ushbu voqeadan keyin AQSh prezidenti administratsiyasi Yevropa Ittifoqidan O'zbekiston va Tojikiston fuqarolaridan tranzit vizalarini talab qilishni so'ragan . Avvalroq Fox News 2021-yildan 2023-yilgacha AQSh hukumati tomonidan "alohida qiziqish uyg'otuvchi shaxslar" sifatida tasniflangan o'n minglab muhojirlar Meksika orqali AQShga noqonuniy kirishga harakat qilishganini bildirgandi . Qo'lga olinganlarning 13 mingdan ortig'i O'zbekiston fuqarolari bo'lgan. | world |
Britaniyaning The Guardian nashri, Stokgolm atrof-muhit instituti, Oxfam xayriya tashkilotlari xalqaro assotsiatsiyasi va alohida ekspertlar global iqlim tengsizligi bo'yicha tadqiqotni e'lon qildi . "O'ta boylar sayyorani talon-taroj qilishmoqda va uni vayron qilish darajasiga qadar ifloslantirmoqda. Eng katta badalni esa eng kam ta'minlanganlar to'lamoqda", deydi Chiara Liguori, Oxfam`ning iqlim siyosati bo'yicha katta maslahatchisi. Iqlim va tengsizlik inqirozlari "bir-birini to'ldiradi", deydi u. Hisobotning asosiy xulosalari: Uglerod izi — bu jismoniy shaxs, tashkilot, hodisa yoki mahsulot tomonidan to'g'ridan-to'g'ri va bilvosita ishlab chiqarilgan barcha issiqxona gazlari chiqindilarining yig'indisidir. | world |
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev navbatdan tashqari prezidentlik saylovini 2024-yil 7-fevralga belgilash to'g'risidagi farmoyishni imzoladi, deb xabar bermoqda Report agentligi. Markaziy saylov komissiyasiga saylovning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o'tkazilishini ta'minlash vazifasi yuklandi. Ozarbayjon konstitutsiyasiga ko'ra, mamlakat prezidenti yetti yillik muddatga saylanadi. Aliyevning davlat rahbari sifatidagi amaldagi muddati 2025-yilning aprelida — prezidentlik saylovi bo'lib o'tishi kerak bo'lgan paytda tugaydi. Mamlakatda 2018-yil aprel oyida bo'lib o'tgan so'nggi prezidentlik saylovi ham navbatdan tashqari o'tkazilgan. Turan agentligiga bergan munosabatida Yeni Azərbaycan hukmron partiyasi a'zosi, deputat Nagif Gamzayev navbatdan tashqari prezidentlik saylovini o'tkazish zarurati mintaqadagi "turfa xil va tezlashgan jarayonlar" fonida paydo bo'lganini, bu esa "tezkor qadamlar"ni talab qilganini aytdi. Muxolifatchi "Musavat" partiyasi rahbari Orif Hojilining ta'kidlashicha, odatda mamlakatda inqirozli vaziyat yuzaga kelganda navbatdan tashqari parlament yoki prezidentlik saylovlari o'tkaziladi, biroq "hozirda Ozarbayjonda siyosiy inqiroz kuzatilayotgani yo'q". Uning qo'shimcha qilishicha, saylovgacha bo'lgan ikki oylik muddat saylov kampaniyasini o'tkazish uchun juda qisqa vaqt hisoblanadi. Ozarbayjon xalq fronti partiyasi rahbari Ali Karimlining yozishicha, navbatdan tashqari saylovni jamoatchilik muhokamasisiz belgilash "rejimning bu saylovlarni soxtalashtirishga tayyorgarligi"dir. BBC rus xizmatining qayd etishicha , Ozarbayjonga 20 yildan beri rahbarlik qilib kelayotgan Aliyevning o'zi haligacha bu qarori sababini tushuntirmagan. | world |
Rossiya prezidenti Vladimir Putin yangi, beshinchi prezidentlik muddatiga o'z nomzodini ko'rsatishini aytdi. Bu haqda u 8-dekabr kuni Kremlda Rossiya Qahramonlarini taqdirlash marosimidan keyin aytdi . Donetsk Xalq Respublikasi (DXR) parlamenti spikeri Artyom Joga Putinga tegishli so'rov bilan murojaat qildi va Rossiya Federatsiyasi prezidenti bu taklifga rozi bo'ldi. "Katta rahmat, har xil vaqtlarda har xil fikrda bo'lganimni yashirmayman. Ammo hozir, siz haqsiz, hozir qaror qabul qilish kerak bo'lgan vaqt. Men Rossiya Federatsiyasi prezidenti lavozimiga nomzodimni qo'yaman", — dedi Rossiya rahbari. Putinning davlat rahbari sifatidagi amaldagi vakolatlari 2024-yil 7-mayda tugaydi. Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi avvalroq 2024-yilda Rossiya prezidenti saylovini uch kun ichida — 15 dan 17-martgacha o'tkazish to'g'risida qaror qabul qilgan edi . Bu safar prezidentlikka ketma-ket ikki muddatdan ortiq saylanishni taqiqlovchi konstitutsiyaviy cheklov amal qilmaydi. 2020-yilda mamlakatning asosiy qonuniga o'zgartirishlar kiritilgan . Shu sabab o'sha paytda amalda bo'lgan davlat rahbari avvalgi shartlarni hisobga olmagan holda ushbu lavozimga yana o'z nomzodini qo'yishi mumkin bo'ladi. | world |
2023-yil boshidan buyon dunyo bo'ylab 94 nafar jurnalist va ommaviy axborot vositalari xodimlari, jumladan, to'qqiz nafar ayol o'ldirildi. Bu bir yil oldingi, ya'ni 68 kishi vafot etgan 2022-yildagi raqamlardan deyarli 40 foizga ko'p, deyiladi Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi (International Federation of Journalists, IFJ) yillik hisobotida. Eng ko'p jurnalist — 68 nafar xodim Isroil va HAMAS o'rtasidagi janglarda halok bo'lgan. IFJ ma'lumotlariga ko'ra, tashkilot o'ldirilgan OAV xodimlari reyestrini yurita boshlagan 1990-yildan beri G'azo urushi jurnalistlar uchun eng qonli urush bo'lib qolmoqda. Ukrainadagi urush esa xavfligini saqlab turibdi. Ukraina, Rossiya va Fransiyadan bo'lgan uch nafar jurnalist uni yoritish chog'ida halok bo'ldi. Yil davomida mintaqada Yaqin Sharq va arab mamlakatlarida jami 71 jurnalist o'ldirilgan. Osiyo-Tinch okeani mintaqasida ularning soni yettitani tashkil etmoqda. Lotin Amerikasida yana yetti kishi halok bo'lgan. Afrikada besh, Yevropada to'rt nafar jurnalist vafot etgan. O'ldirilgan jurnalistlar va OAV xodimlarining ҳ удудлар bo'yicha bo'linishi. Foto: IFJ. Bundan tashqari, IFJ hisob-kitoblariga ko'ra, hozirda turli mamlakatlarda 393 nafar jurnalist qamoqda qolmoqda. Tashkilotning qayd etishicha, so'nggi uch yil ichida ularning soni sezilarli darajada oshgan. Xitoy va Gonkongda 80 nafar matbuot xodimi qamoqda. Bundan tashqari, keyingi o'rinlardan Myanma (54), Turkiya (41), Rossiya va bosib olingan Qrim (40), Belarus (35), Misr (23), Vetnam (18), Saudiya Arabistoni (11), Hindiston (10) va Suriya (9) joy olgan. | world |
Rossiya qo'shinlari 13-dekabrga o'tar kechasi Kiyevga raketa hujumi uyushtirdi. Ukraina poytaxti tomon uchgan o'nta raketaning barchasi urib tushirildi, deya xabar bermoqda Ukraina Harbiy havo kuchlari qo'mondonligi. Kiyev meri Vitaliy Klichkoning so'zlariga ko'ra , raketa parchalari qulashi oqibatida 53 kishi jabrlangan: ulardan 20 nafari, jumladan, ikki bola kasalxonaga yotqizilgan, jarohatlangan soni 33 nafarni tashkil etgan, jumladan, olti bolaga shifokorlar voqea joyida tibbiy yordam ko'rsatgan. Kiyev viloyati ma'muriyatining xabar berishicha , raketa qoldiqlari yo'llarga qulagan. Bir uy yonib ketgan, to'qqiz qavatli uyning yettinchi qavatida yong'in sodir bo'lgan, mashinalar, shuningdek, bolalar kasalxonasiga zarar yetgan. Ukraina Harbiy-havo kuchlari ma'lumotlariga ko'ra, raketalardan tashqari, seshanba kuni kechqurun mamlakat bo'ylab 10 ta kamikadze dronlari uchirilgan. Ularning deyarli barchasi Odessa viloyatida urib tushirilgan. Rossiya tomoni hozircha na Kiyevdagi raketa, na dron hujumiga izoh bermadi. Avvalroq Rossiya 11-dekabrga o'tar kechasi Kiyevga raketa hujumi uyushtirgan edi. O'shanda Ukraina Harbiy-havo kuchlari sakkizta raketa havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilganini ma'lum qilgan . | world |
Qozog'iston hukumati "Tolibon"ni taqiqlangan tashkilotlar ro'yxatidan chiqarishga qaror qildi. Bu haqda Kazinform agentligi Qozog'iston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Aybek Smadiyarovga tayanib ma'lum qildi . "Qozog'iston Respublikada taqiqlangan terroristik tashkilotlarning milliy ro'yxatini aktuallik maqsadida muntazam ravishda ko'rib chiqadi. Ushbu jarayon doirasida BMT amaliyotiga ko'ra "Tolibon"ni undan chiqarib tashlash to'g'risida qaror qabul qilindi. BMT Xavfsizlik Kengashining majburiy rezolyutsiyalariga ko'ra, "Tolibon" harakati BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan terrorchi deb tan olingan tashkilotlar ro'yxatiga kiritilmagan", — dedi Aybek Smadiyarov. Qozog'iston va "Tolibon" o'rtasidagi diplomatik aloqalarning rivojlanishi haqida gapirgan Smadiyarov, rasmiy Ostona Xavfsizlik Kengashi va BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan qaror va rezolyutsiyalarga qat'iy amal qilishda davom etishini aytdi. | world |
30-dekabr kuni tushdan keyin Ukraina armiyasi Rossiya bilan chegaradosh Belgorod shahri markazini o'qqa tutdi, dedi Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov. 31-dekabr tongiga ko'ra, 22 kishi halok bo'lgani ma'lum qilindi , 109 kishi jarohatlangan. "30 ta ko'p qavatli uy, 381 ta kvartira, bir nechta xususiy uylar, ko'plab mashinalar zarar ko'rdi. Bugun tiklash ishlari davom ettiriladi", — deydi Gladkov. Rossiya Mudofaa vazirligining ta'kidlashicha , Belgorodga hujum "taqiqlangan kassetali o'q-dorilarga ega ikkita "Olxa" raketasi, shuningdek, Chexiyada ishlab chiqarilgan "Vampire" yalpi o't ochish reaktiv tizimi snaryadlari tomonidan amalga oshirilgan. Xabarda, shuningdek, havo hujumidan mudofaa tizimlari raketa va snaryalarning katta qismini nishonga olgani, ammo ba'zilarining qoldiqlari "shaharga qulagani" aytiladi. "Shaharga "Olxa" raketalari tomonidan to'g'ridan-to'g'ri zarba berilgan taqdirda, oqibatlari bemisl darajada og'irroq bo'lardi", deb ta'kidladi Rossiya Mudofaa vazirligi. BBC rus xizmatining qayd etishicha , Ukraina bilan chegaradan 30 km uzoqlikda joylashgan Belgorodning o'qqa tutilishi "kamdan-kam uchraydigan hodisa, ammo bunday kuchli hujumlar ilgari hech sodir bo'lmagan". Ukraina rasmiylari shanba kungi zarbani rasman izohlamadi, biroq Ukraina ommaviy axborot vositalari xavfsizlik xizmatlaridagi manbalarga tayanib, hujumni Rossiyaning bir kun avval Ukraina shaharlariga bergan eng yirik havo hujumiga javob deb atadi. Oxirgi ma'lumotlarga ko'ra, ushbu hujum qurbonlari soni 39 kishiga yetgan, 150 dan ortiq kishi jarohatlangan. "Ukrainskaya pravda"ning maxsus xizmatlardagi manbasi Belgoroddagi vayronagarchilik va qurbonlarni Rossiya havo mudofaasining "noprofessional harakatlari" deya izohladi . Nashr suhbatdoshining ta'kidlashicha, mudofaa kuchlari Belgorod viloyatidagi harbiy nishonlarga hujumlar uyushtirgan. BMT Ukraina va Rossiya shaharlariga qilingan hujumlarni so'zsiz qoralashini bildirdi . Shanba kuni bo'ib o'tgan Xavfsizlik kengashining favqulodda yig'ilishida BMT bosh kotibi yordamchisi Xolid Xiyari urush "eskalatsiyasi va tarqalishining real xavfi"dan ogohlantirdi. Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya Ukrainani "tinch shaharga qasddan kombinatsiyalangan zarba berishda" aybladi. Ukrainaning BMTdagi missiyasi maslahatchisi Sergey Dvornikning aytishicha, Rossiya Ukraina shaharlariga bergan ommaviy zarbasidan so'ng vayronalar ostidan halok bo'lganlarning jasadlarini chiqarish davom etmoqda. Bundan tashqari, unga ko'ra, Rossiya Ukraina hududini o'qqa tutishni to'xtatgani yo'q. "Urush oqibatida insoniyat azoblanishi va halokatini to'xtatishning yagona yo'li bor: urushning o'zini to'xtatish", — deya ta'kidladi Dvornik. | world |
1-yanvar kuni Yaponiyaning markaziy qismidagi Noto yarimoroli va uning atrofidagi hududlarda ro'y bergan kuchli zilzila oqibatida kamida 64 kishi halok bo'ldi, hamon qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Bu haqda Kyodo News xabar bermoqda . 7,6 magnitudali zilzila Ishikava prefekturasidagi Vajima shahrida keng ko'lamli vayronagarchilik va yong'inlarga sabab bo'ldi, davom etayotgan zilzilalar qutqaruv ishlariga to'sqinlik qilmoqda. Shaharda yetti qavatli bino qulab tushgan, markaziy hududda kuchli yong'in sodir bo'lib, 200 dan ortiq binolarni qamrab olgan. Rasmiylarga ko'ra, Vajima shahrida odamlar vayronalar ostida qolgan bo'lishi mumkin. Yetti jabrlanuvchi kasalxonaga yotqizilgan. Zilzila tufayli Niigata, Toyama, Fukui va Gifu prefekturalarida ham vayronagarchiliklar qayd etilgan. Yapon dengizi bo'yidagi katta hududlar uchun bir kun avval e'lon qilingan sunami xavfi 2-yanvar kuni ertalab bekor qilingan. Bosh vazir Fumio Kishida chorshanba kungi matbuot anjumanida hukumat tabiiy ofatdan zarar ko'rgan mintaqada ishlayotgan xodimlar sonini 1000 nafardan 2000 nafargacha oshirishga qaror qilganini aytdi. | world |
Qozog'iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev "Egemen Qozog'iston" gazetasiga katta intervyu berib, unda Konstitutsiya bo'yicha referendum o'tkazish va 2026-yilda yana prezidentlik saylovlarida qatnashish rejalari borligi haqidagi mish-mishlarni rad etdi, shuningdek, mamlakatda qo'shhokimiyatga urinishlar bo'lgani va yanvar noroziliklari haqida gapirdi. "Gazeta.uz" suhbatdan eng muhim iqtiboslarni tanlab oldi. "Bu noto'g'ri ma'lumot. Ishonchim komilki, Konstitutsiyaga, ayniqsa, bunday fundamental masala bo'yicha o'zboshimchalik bilan o'zgartirishlar kiritish endi mumkin emas. Konstitutsiyaviy islohot Asosiy qonunga o'zboshimchalik bilan o'zgartirish kiritish maqsadida amalga oshirilmagan", — dedi Toqayev 2026-yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun konstitutsiyaviy referendum o'tkazmoqchiligi haqidagi mish-mishlarga javob berar ekan. "Konstitutsiyadagi bir martalik prezidentlik muddati haqidagi qoida o'zgarmaydi. Bu me'yor davlatimizning mustaqilligi, birligi, hududiy yaxlitligi va boshqaruv shakliga oid normalar kabi o'zgarmasdir", — dedi u. 2022-yil iyun oyida Qozog'istonda Konstitutsiyaga o'zgartirishlar kiritish bo'yicha referendum bo'lib o'tdi. Uni saylovchilarning 77,18 foizi qo'llab-quvvatladi . Asosiy qonunning yangi tahririga ko'ra, prezidentning vakolat muddati besh yildan yetti yilgacha oshirildi , qayta saylanish esa taqiqlandi. Qasim-Jomart Toqayev 2019-yil yozida Qozog'istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev iste'foga chiqqanidan keyin prezident etib saylangan edi. 2022-yil noyabridagi konstitutsiyaviy referendumdan so'ng Toqayev muddatidan oldin o'tkazilgan saylovda bir martalik yetti yillik muddatga Qozog'iston prezidenti etib qayta saylandi . Intervyuda Toqayev yagona yetti yillik muddat g'oyasi haqida 15 yil oldin ham yopiq muhokamalarda gapirganini, ammo o'shanda bu taklif "qo'llab-quvvatlanmaganini" aytdi. Prezidentlikka saylanganidan so'ng, u "g'oyaning ijobiy va salbiy tomonlarini o'lchab ko'rgan" va uni qanday amalga oshirish haqida "ko'p o'ylagan". "2022-yilda superprezidentlik vakolatlarini bekor qilishga qaratilgan bir qancha muhim konstitutsiyaviy o'zgartirishlar amalga oshirildi. O'shanda men yagona yetti yillik muddat g'oyasini taklif qildim. Ushbu tashabbus mamlakat miqyosida qo'llab-quvvatlandi. Shuning o'zi hammasini aytib turibdi", — deya qo'shimcha qildi Toqayev. Qozog'iston rahbari, shuningdek, "eski tuzumga qaytishning iloji yo'qligini", mamlakatdagi siyosiy islohotlar esa "qaytarib bo'lmas" tus olganini ta'kidladi. "Xalqning siyosiy mentaliteti tubdan o'zgardi. Huquqiy savodxonlik va fuqarolar faolligi demokratik o'zgarishlarning asosiy kafolatiga aylandi. Xalq endi orqaga qaytishga yo'l qo'ymaydi va, ishonchim komilki, ro'y bergan o'zgarishlarni qat'iy himoya qiladi", — dedi u. Toqayev Nazarboyev prezidentlikdan ketganidan keyin Qozog'istonda qo'shhokimiyat modelini joriy etishga urinishlar bo'lganini tan oldi. "Haqiqatan ham qo'shhokimiyat modelini joriy etishga urinishlar bo'lgan va, aytishim kerakki, bu urinishlar maqsadli va uyushtirilgan edi. "Hokimiyat tranziti"ning hozirgi siyosiy vaziyatida siyosiy manipulyatorlar o'ziga xos parallel hokimiyat markazini shakllantirdi. Mamlakatimizda prezident va Oliy bosh qo'mondon, shuningdek, sobiq prezident ko'rinishidagi Xavfsizlik Kengashi raisi bor edi. Bu, pirovardida, hokimiyat to'qnashuviga olib kelmasligi mumkin emasdi", — dedi Toqayev. Iste'foga chiqqaniga qaramay, Nazarboyev Qozog'istonda bir qator muhim lavozimlarni egallashda davom etdi, jumladan, "elboshi" konstitutsiyaviy unvonini oldi. Konstitutsiyaviy islohotdan keyin Nazarboyev barcha lavozimlaridan ayrildi. Bu holat Qozog'istonda 2022-yilning yanvarida sodir bo'lgan ommaviy tartibsizliklarning dastlabki sabablaridan biriga aylandi, dedi u. Toqayevning so'zlariga ko'ra, u Nazarboyevga qarata "siyosiy o'yinlar, ayniqsa, uning eng yaqin quroldoshlari mamlakatni deyarli parchalab tashlaganini" aytgan. "Men "katta va kichik prezidentlar" umuman bo'lmasligi kerak deb hisoblayman. "Ketdingmi — ortga qayrilma". Bu shunday ishlardan ogoh bo'lishi kerak bo'lgan kelajak avlod rahbarlari uchun jiddiy saboqdir", — deya qo'shimcha qildi u. "Menimcha, hukumat va jamiyat degradatsiyasiga aylangan ko'p yillik hal etilmagan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar hamda umumiy turg'unlik fojiali yanvar voqealariga olib keldi", — dedi Toqayev jurnalistning Qantar — " qonli yanvar " deb atalgan voqealar haqidagi savoliga javob berar ekan. Toqayev 2019-yilda prezident etib saylanganidan keyin siyosiy tizimni demokratlashtirish, jamiyat hayotini liberallashtirish va iqtisodiyotni monopoliyadan chiqarishga yo'naltirganini eslatdi. "Ochig'ini aytaman: bu yangi yo'nalish nufuzli odamlarning keskin noroziligiga sabab bo'ldi, ular buni mamlakatdagi chuqur ildiz otgan vaziyatga va ularning hukumat tuzilmalaridagi imtiyozli maqomiga tahdid deb bildilar. Ular tomonidan islohotlarga yashirin va ko'pincha ochiq qarshilik asta-sekin kuchayib bordi. Oxir-oqibat, o'zgarishlarni ortga qaytarish va avvalgi tartibni tiklash uchun radikal choralar ko'rishga qaror qilishdi", — dedi Qozog'iston prezidenti. Uning so'zlariga ko'ra, yuqori martabali amaldorlardan tashkil topgan ushbu guruh xavfsizlik kuchlari va jinoyatchilarga juda katta ta'sir ko'rsatgan, shuning uchun hokimiyatni zo'rlik yo'li bilan egallash varianti tanlangan. "Davlat to'ntarishiga urinishda ekstremistlar, jinoyatchilar va diniy radikallar birgalikda ishtirok etgan. Ular fuqarolar o'rtasida vahima uyg'otish, davlat institutlarini tartibsizlantirish, konstitutsiyaviy tuzumga putur yetkazish va yakunda hokimiyatni qo'lga kiritishni maqsad qilgan edi", — dedi Toqayev. Shuningdek, u Qozog'istonga olib kelingan KXSHT tinchlikparvar kontingenti aksilterror operatsiyasida qatnashmagani va birorta ham o'q uzmaganini ta'kidladi. "KXSHT kontingenti rostdan ham tinchlikparvar edi va o'sha fojiali kunlarda sodir bo'lgan g'alayonda to'xtatuvchi rol o'ynadi. Tashkilotga a'zo davlatlar bilan kelishilgan holda kontingent mamlakatni hech qanday shartlarsiz va muddatidan oldin tark etdi ", — deya qo'shimcha qildi Toqayev. Toqayev Qozog'iston hududida atom elektr stansiyasini qurish masalasiga alohida e'tibor qaratishini va bu vaziyatni "real ehtiyoj va imkoniyatlardan kelib chiqib va, albatta, geosiyosiy holat nuqtai nazaridan emas, balki ilmiy izlanishlar asosida hal etish zarurligini" aytdi. "Fuqarolar orasida atom elektr stansiyalari qurilishini tanqid qiluvchilar ham bor. Bu tushunarli holat, ko'pchilik Semipalatinsk yadro poligonidagi sinovlarning fojiali oqibatlarini yaxshi eslaydi. Loyihaning narxi, ekologik jihatlar kabi boshqa murakkab masalalar ham hisobga olinishi kerak. Shu bois, masalaning ahamiyatini tushungan holda, AES qurish masalasini umumxalq referendumiga qo'yishni taklif qildim", — dedi Qozog'iston rahbari. Uning so'zlariga ko'ra, mazkur masala yuzasidan keng jamoatchilik muhokamasi o'tkaziladi. "Fuqarolar o'z xohish-irodasini erkin ifoda etish jarayonida mutanosib, puxta o'ylangan qaror qabul qilish uchun barcha ekspertlarning AES qurilishini oqlovchi va qoralovchi fikrlarini ko'rib chiqishi va muhokama qilishi kerak. Bu xalqning qarori bo'ladi", — deya ta'kidladi Qozog'iston rahbari. Shuningdek, u toza atom energetikasi mamlakat uchun juda muhim va Qozog'iston kelajakdagi iqtisodiyoti uchun "asosiy masala" ekanini ta'kidladi. | world |
9-yanvar kuni Ekvadorning TC Television telekanalining Guayakil shahridagi studiyasi jonli efir vaqtida qurollangan shaxslar tomonidan egallab olindi. Mamlakatda 60 kunlik favqulodda holat e'lon qilingan. "Gazeta.uz" voqea bo'yicha "Meduza"da e'lon qilingan asosiy ma'lumotlarni tarjima qildi. Telekanalga uyushtirilgan hujum aks etgan к адрларga ko'ra, jinoyatchilar kanal xodimlaridan polga yotishlarini talab qilib, qurol bilan qo'rqitgan. Hujumchilar bir necha bor "Politsiya yo'q!" deya takrorlagan. Telekanalda qichqiriq va otishma ovozlari eshitilgan. "Biz efirdamiz, bilib qo'yingki, mafiya bilan o'yin o'ynolmaysiz", — degan hujumchilardan biri. Jarayon taxminan 20 daqiqa davomida jonli efirda namoyish etilgan. El Universo gazetasiga ko'ra , mahalliy vaqt bilan soat 15:00 da boshlanishi kerak bo'lgan efirdan avval telekanal studiyasiga qurollangan odamlar kirib kelgan. Guvohlarning aytishicha, ular kamida 10 kishini ko'rgan. Barcha garovga olinganlar ozod qilingan, telekanalga hujum paytida hech kim halok bo'lmagan. Politsiya hujumga aloqador 13 kishini hibsga oldi. Jinoyatchilardan portlovchi moddalar, ikkita to'pponcha va boshqa qurollar topilgan. Boshqa ommaviy axborot vositalarining ofislari joylashgan telekanal binosidan 40 ga yaqin odam evakuatsiya qilingan. Hibsga olinganlarning barchasi 16 yoshdan 25 yoshgacha bo'lgan yoshlar va ilgari ular jinoiy javobgarlikka tortilmagan. Hibsga olinganlar orasida ikki nafar voyaga yetmaganlar, shuningdek, Venesuelaning bir fuqarosi ham bor. Barcha hibsga olinganlar terrorchilikda ayblangan va ularga 13 yilgacha qamoq jazosi tayinlandi. Ekvador prezidenti Daniel Noboa telekanal egallab olingach, mamlakatda "ichki qurolli konflikt" rejimini e'lon qildi, shuningdek, 22 ta uyushgan jinoiy guruhni terrorchi tashkilot deb e'lon qilish bo'yicha farmon chiqardi. Mamlakatda 60 kunlik favqulodda holat e'lon qilindi. Ekvador qurolli kuchlari jinoiy guruhlar harbiy nishon sifatida ko'rilishini bildirdi. Bir necha kun oldin eng yirik jinoiy guruh "Los Choneros"ning rahbari Adolfo Masias, shuningdek, boshqa jinoiy guruh — "Los-Lobos"ning yetakchisi Fabrisio Kolon Piko qamoqdan qochib ketgan. Mamlakat bo'ylab bir qancha axloq tuzatish muassasalarida tartibsizliklar sodir bo'ldi. Kamida 139 nafar qamoqxona qo'riqchisi garovga olingan, deb xabar berdi Reuters. Ekvador provinsiyalaridagi politsiyachilar ham garovga olingan. Kuenka shahrida noma'lum shaxslar harbiy yuk mashinasiga qo'lbola bomba uloqtirgan. Portlashlar Esmeraldas, Machala, Los-Rios va boshqa shaharlarda ham sodir bo'ldi. Ekvadorda favqulodda holat e'lon qilinganidan beri kamida 10 kishi halok bo'lgan. Ulardan sakkiz nafari Guayakilda vafot etgan. Ekvador poytaxti Kitoning tarixiy markaziga talonchilik haqidagi xabarlardan so'ng harbiy texnikalar joylashtirildi. Aeroportda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Shahar aholisi uylarini tark etmaslikka chaqirildi. Associated Press`ning ta'kidlshicha , zo'ravonlikning avj olishi 2021-yilda qamoqxonalardagi hujumlar bilan boshlangan va 2023-yil avgustida — prezidentlikka nomzod Fernando Vilyavisensio Kitoda o'ldirilganida yangi darajaga ko'tarilgan. Ekvador hukumati zo'ravonliklarning avj olishiga jinoiy guruhlar o'rtasidagi qamoqxonalar nazorati bo'yicha kelishmovchiliklar sabab bo'lganini aytmoqda. Hukumat ma'lumotlariga ko'ra, zo'ravonliklar oqibatida 2023-yilda 8008 kishi o'lgan, bu 4,5 mingdan ortiq odam halok bo'lgan 2022-yildagi ko'rsatkichdan deyarli ikki baravar ko'p. | world |
Olimlarning dastlabki hisob-kitoblariga ko'ra, 2024-yil 2023-yilgi rekordni yangilashi va kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yil bo'lishi mumkin, deb xabar bermoqda Bloomberg. Meteorologlar allaqachon 2023-yil rekord darajadagi issiq yil bo'lganini, global harorat sanoat davridan oldingi o'rtacha ko'rsatkichdan 1,4 daraja yuqorilaganini tasdiqlagan . Agentlikning qayd etishicha, katta ehtimol bilan 2024-yilda bu ko'rsatkich ortadi. Olimlar bu yil sayyoradagi o'rtacha harorat sanoatgacha bo'lgan davrga nisbatan 1,3−1,6 darajaga oshishini taxmin qilmoqda. Bunday prognozlar nafaqat yoqilg'i yonishi oqibatida issiqxona gazlari hajmining oshishi bilan, balki 2023-yilning yozida boshlangan El-Nino tabiiy hodisasi bilan ham bog'liq. El-Nino — Tinch okeanining ekvatorial qismida suv sathidagi haroratning anomal ko'tarilishi bilan tavsiflangan tabiiy fenomen . Bu hodisa har 2−7 yilda sodir bo'ladi va 18 oygacha davom etishi mumkin. El-Nino epizodlari paytida tropik zonalarda yog'ingarchilik va atmosfera aylanishining normal sxemasi buzilib, butun dunyo bo'ylab ekstremal iqlim sharoitlarini keltirib chiqaradi. Tinch okeani suvniing isishi va sayyora yuzasi haroratining ko'tarilishi o'rtasida kechikish mavjud, shuning uchun El-Nino davridagi ikkinchi yil odatda birinchi yilga qaraganda issiqroq bo'ladi, deydi AQShning Okean va atmosfera tadqiqotlari milliy boshqarmasi katta olimi Maykl MakFaden. Biroq ba'zi olimlar bu taxminlarga qo'shilmaydi, deydi Axios. Berkeley Earth mustaqil iqlim tadqiqot guruhi olimi Robert Rodening so'zlariga ko'ra, 2023-yilda haroratning "hayratlanarli sakrashi" va "nisbatan kuchliroq" El-Ninoga tezroq o'tish holati kuzatilgan. "Katta ehtimol bilan 2024-yil prognozlardan farq qiladi va 2023-yildan biroz salqinroq bo'ladi", — degan Rode. | world |
Time jurnali 2024-yilning eng katta 10 ta global xavfi ro'yxatini e'lon qildi . Nashr muharrirlarining qayd etishicha, o'tgan yili dunyodagi asosiy voqealar ikkita qurolli mojaro bo'ldi — Ukraina Rossiya bosqiniga qarshilik ko'rsatayotgan Yevropada va Isroilning HAMAS bilan urushi kechayotgan Yaqin Sharqda. Bu yil mojarolar ko'lami kengayishi mumkin, ammo uchinchi "urush" — Qo'shma Shtatlarning o'ziga qarshi urushi — eng katta global xavfni tug'diradi, deb yozadi Time. AQSh armiyasi va iqtisodiyoti kuchliligini saqlab qolayotgan bo'lsa-da, siyosiy tizimi boshqa rivojlangan demokratik davlatlarga qaraganda ko'proq disfunksional. 2024-yilda bu muammo yanada og'irlashadi, deb yozadi Time. "Prezidentlik saylovi mamlakatdagi siyosiy bo'linishlarni chuqurlashtiradi, Amerika demokratiyasini mamlakat 150 yil davomida boshdan kechirmagan sinovlardan o'tkazadi va Qo'shma Shtatlarning xalqaro obro'sini pasaytiradi", — deyiladi maqolada. Gap bo'lajak prezidentlik saylovida Donald Trampning g'alaba qozonish ehtimoli haqida ketmoqda. Inqirozlar hukm surayotgan dunyoda Trampning hokimiyat tepasiga kelishi Amerikaning jahon sahnasidagi mavqeini zaiflashtiradi, deydi jurnalistlar. 2024-yilda G'azodagi janglar ko'lami kengayadi va uning kattaroq mintaqaviy urushga aylanib ketish xavfi bor. Bu kurashda AQSh va Eronning bevosita ishtirokini inkor etib bo'lmaydi. "Mojaro jahon iqtisodiyoti uchun xavf tug'diradi, geosiyosiy va siyosiy bo'linishlarni kuchaytiradi va global ekstremizmni kuchaytiradi. Eskalatsiyaga boshlovchi to'g'ridan-to'g'ri yo'l Isroil yoki "Hizbulloh"ning bir-biriga hujum qilishi bo'ladi", — deydi Time. Maqolada ta'kidlanishicha, G'azo mojarosida ishtirok etayotgan hech bir davlat mintaqaviy mojaroni qo'zg'atmoqchi emas, ammo "porox quruq bo'lsa ham, gugurti bor o'yinchilar soni eskalatsiya xavfini oshiradi". Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi tarixiy muvaffaqiyatsizlik bo'lib qolmoqda, deb yozadi Time. NATO yangi a'zolar — Finlyandiya va Shvetsiya bilan mustahkamlanmoqda, Yevropa Ittifoqi esa Ukrainaning ittifoqqa qo'shilish jarayonini boshladi. "Ammo bu yil Ukraina de-fakto bo'linadi va Rossiya endi jang maydonida tashabbus va moddiy ustunlikka ega", — deyiladi maqolada. "2024-yil — mojaroda burilish nuqtasi", — deb hisoblaydi nashr muharrirlari. "Agar Ukraina tez orada kadrlar bilan bog'liq muammolarni hal qilmasa, qurol ishlab chiqarishni ko'paytirmasa va real harbiy strategiyani ishlab chiqmasa, uning hududiy yo'qotishlari doimiy tus oladi va kengayib borishi mumkin". 2024-yilda texnologiyalar sun'iy intellekt (SI) boshqaruvini ortda qoldiradi, chunki tartibga soluvchilarning sun'iy intellektni nazorat ostiga olish harakatlari sustlashadi. Texnologiya kompaniyalari deyarli hech qanday cheklovlarsiz qolmoqda va ancha kuchli sun'iy intellekt modellari va vositalari hukumatlar nazorati ostida emas, deya ogohlantiradi Time. 2024-yilda Rossiya, Shimoliy Koreya va Eron bir-birining imkoniyatlarini rivojlantiradi va jahon sahnasida "borgan sari muvofiqlashtirilgan va buzg'unchi usullarda" harakat qiladi, deya qayd etadi jurnal. Shu bilan birga, hatto Vashingtonning do'stlari — Ukraina, Isroil va (ehtimol) Tayvan rahbarlari ham Qo'shma Shtatlarni o'zlari qochishni istagan qarama-qarshiliklar tomon tortadi, deyiladi maqolada. Xitoy rahbari Si Szinpin hokimiyatining zaiflashishi yoki katta islohotlar tomon keskin burilish bo'lmasa, Xitoy iqtisodiyoti 2024-yil davomida yomonlashadi. "Pekinning iqtisodiy o'sish sur'atini to'xtatib turish modelini isloh qilmasligi, mamlakatdagi moliyaviy muammolar va aholi ishonchining inqirozi Xitoy Kommunistik partiyasi rahbariyatidagi bo'shliqlarni ochib beradi va ijtimoiy beqarorlik xavfini oshiradi", — deb yozadi Time. Muhim minerallar XXI asrda o'sish, innovatsiya va milliy xavfsizlikni rag'batlantiradigan deyarli har bir sohada muhim tarkibiy qismidir — toza energiyadan ilg'or hisoblash, biotexnologiya, transport va mudofaagacha. 2024-yilda butun dunyo hukumatlari sanoat siyosati va savdo cheklovlarini kuchaytiradi, bu esa muhim minerallar yetkazib berishni to'xtatadi, deb taxmin qilmoqda Time. 2021-yilda boshlangan global inflyatsiya shoki 2024-yilda ham iqtisodiy va siyosiy bosimni davom ettiradi. "Doimiy inflyatsiya tufayli yuzaga kelgan yuqori foiz stavkalari butun dunyo bo'ylab o'sishni sekinlashtiradi va hukumatlar o'sishni rag'batlantirish yoki zarbalarga javob berish uchun kam imkoniyatga ega. Bu moliyaviy stress, ijtimoiy tartibsizliklar va siyosiy beqarorlik xavfini oshiradi", — dedi Time. Maqolada ta'kidlanishicha, to'rt yillik tanaffusdan so'ng El-Nino iqlim fenomeni joriy yilning birinchi yarmida eng yuqori cho'qqisiga chiqadi va bu ekstremal ob-havo hodisalariga olib keladi. Bular, o'z navbatida, ayniqsa, pandemiya, energiya va oziq-ovqat narxlari tufayli zaiflashgan mamlakatlarda oziq-ovqat ta'minoti, suv tanqisligi, logistikadagi muammolar, kasalliklarning tarqalishi, migratsiya va siyosiy beqarorlikka olib keladi, deya ta'kidlaydi Time. Mijozlar, xodimlar va investorlar — asosan ilg'or qarashlarga ega bo'lganlar — AQShdagi madaniy urushlarni korporativ ofislarga olib kelishdi. "Endi sudlar, shtat qonun chiqaruvchi organlari, gubernatorlar va faollar guruhlari — asosan konservativlar — bunga javob qaytarishadi", — deb yozadi jurnal. | world |
Qayta tiklanadigan energiyaning global quvvati 2023-yilda 2022-yilga nisbatan 50 foizga oshib, 510 gigavatt (GVt) ga yetdi. Bu so'nggi 20 yildagi eng yuqori o'sish sur'ati bo'ldi, deyiladi Xalqaro energiya agentligi (International Energy Agency — IEA) yangi hisobotida. Hisobot mualliflari prognoz qilishlaricha: Kelgusi besh yil ichida deyarli 3700 GVt yangi qayta tiklanadigan quvvatlar tarmoqqa qo'shiladi. Qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishning jadal o'sishi ushbu sohani 130 dan ortiq mamlakatlarda keng ko'lamli siyosiy qo'llab-quvvatlash bilan bog'liq, deyiladi hisobotda. Qayta tiklanadigan energiya manbalarining global o'sishining 95 foizi quyosh va shamol energiyasi ishlab chiqarish hissasiga to'g'ri keladi — 2028-yilga borib, har yili qo'shiladigan quyosh va shamol quvvatlari hajmi 2022-yilga nisbatan ikki baravardan ko'proq oshadi va qariyb 710 GVtga yetadi. Bunga "yashil energiya"ni ishlab chiqarish xarajatlari qazib olinadigan yoqilg'ilardan ishlab chiqarishga nisbatan past bo'lishi yordam beradi. 2023-yilda yangi quyosh va shamol quvvatlarining 96 foizi yangi ko'mir va gaz elektr stansiyalariga qaraganda ishlab chiqarish xarajatlari pastligini ko'rsatdi. Shu bilan birga, 2023-yilda quyosh panellarining narxi yillik hisobda qariyb 50 foizga pasaygan va ularning dunyoda ishlab chiqarish hajmi 2021-yilga nisbatan uch barobarga oshgan. 2028-yil oxiriga qadar dunyoda yangi qayta tiklanadigan energiya quvvatlarining 60 foizigacha bo'lgan ulushi Xitoyga to'g'ri kelishi kutilmoqda. 2023-yil dekabr oyida BMTning Iqlim o'zgarishi bo'yicha sammitida (COP28) 120 dan ortiq davlat qazib olinadigan yoqilg'idan foydalanishni kamaytirish uchun 2030-yilga kelib dunyoning qayta tiklanadigan energiya imkoniyatlarini uch barobar oshirishga kelishib oldi . Hujjatda O'zbekiston ham o'z imzosini qoldirdi. | world |
Qidiruv-qutqaruv xizmati Hindistonning Gaya shahridan Toshkentga yo'l olgan, biroq Afg'onistonda halokatga uchragan Falcon 10 samolyotini topdi, deb xabar berdi Federal havo transporti agentligi. Samolyot bortidagi olti kishidan to'rt nafari tirik, ular turli tan jarohatlari olgan. Yana ikki kishining taqdiriga oydinlik kiritilmoqda. Telegram`dagi Mash va Baza kanallari xabariga ko'ra, samolyot bortida rossiyalik tadbirkorlar Anna va Anatoliy Evsyukovlar bo'lgan. Ular Tailandda dam olayotganida Anna Evsyukova kasal bo'lib qolgan va kasalxonaga yotqizilgan. Ammo shifokorlar davolanishni uyda davom ettirishni tavsiya qilishgan. Shundan so'ng, qaytish uchun xususiy samolyot ijaraga olingan. 21-yanvar oqshomida Mash omon qolganlar orasida faqat ekipaj a'zolari bo'lgani, er-xotin vafot etgani haqida xabar berdi . Kanal ma'lumotlariga ko'ra, yo'lovchilarga hamrohlik qilgan tibbiyot xodimi eng yaqin qishloqqa yetib borib, imo-ishoralar yordamida mahalliy aholi bilan muloqotga kirishgan. 22-yanvar kuni ertalab kanal omon qolganlarni olib ketish uchun Rossiya vertolyoti uchib ketganini ma'lum qildi . Federal havo transporti agentligi halokatga uchragan samolyotning Gazpromavia. bilan bog'liqligi haqidagi ma'lumotni rad etdi. "Transport "Atletik Grupp" MCHJ va xususiy shaxsga tegishli", — deyiladi xabarda. | world |
Rossiyalik jurnalist, prodyuser, "Gazprom-media" bosh direktori o'rinbosari Tina Kandelakiga Qozog'istonga kirish taqiqlanadi. Qozog'iston Tashqi ishlar vazirligi bu borada zarur choralarni ko'rmoqda, deya vazirlik vakili Aybek Smadiyarov so'zlaridan iqtibos keltirmoqda Orda. "Bizdan [mamlakatga kirishi taqiqlanganlar] ro'yxatini bugun yoki ertaga [taqdim etishni] so'ramang. Davlat buni hech qachon kechirmaydi. Katta ehtimol bilan [Qozog'istonga] kelishni istamaydi, lekin kelgan taqdirda ham, uni kiritishmaydi", — deya izoh bergan Smadiyarov. Rossiyalik prodyuserning Qozog'istonga kirishi taqiqlanishi quyidagi vaziyatdan keyin yuz berdi. Tina Kandelaki 16-yanvar kuni o'zining Telegram kanalida Qozog'istonda asta-sekin, lekin ishonch bilan rus tilini "davlat darajasida siqib chiqarish" davom etayotgani haqida post qoldirdi . Bu post mamlakat Transport vazirligi bir nechta temiryo'l stansiyasi nomini o'zgartirayotganiga javoban yozilgan. Kandelaki Qozog'istonda ruscha nomlarni qozoqcha bilan almashtirishmoqchi ekanini (Uzen — Jaңaөzen, Uralsk — Oral) ta'kidlab, bu "Boltiqbo'yi tajribasi ko'rsatganidek" juda xavfli tendensiya ekanini aytgan. "U yerda ham hamma narsa kichkina o'zgarishlardan boshlandi, keyin esa haqiqiy qor to'piga aylandi: rus maktablari yopildi, sovet yodgorliklari olib tashlandi, rus tili taqiqlandi, va nihoyat, pensionerlar sovuqqa haydaldi. Tarixda o'z o'rnini qo'llab-quvvatlash bahonasida uzoqqa ketib qolish hech gap emas, ayniqsa, bunday shubhali qarorlarni ilgari surish uchun tarix ortiga berkinish qulay", — deb yozgandi u. Kandelakining bu posti qozoq pabliklarida keskin tanqidga uchradi. Xususan, uning nomiga boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashmaslik kerakligi haqidagi fikrlar bildirildi. Bir kun o'tib, Kandelaki uning postiga bo'lgan munosabatlar haqida yana post yozdi va kechagi postiga Qozog'iston vakillarining munosabatini qiziqish va qayg'u bilan kuzatayotganini ta'kidlab, postida manqurt so'zini ishlatdi. "Qichqiriq, shovqin, o'zimni yig'ishtirib olishim haqida maslahat — ko'p narsa, lekin hammasi — eski gaplar. Bularning barchasi avval ham kuzatilgan. Hurmatli qozoqlar, sizda oddiy, ammo keng qamrovli bo'lgan "mәңgu" tushunchasi. Bu tushunchadan xotirasini, o'zligini, ba'zan aqlini yo'qotgan odam — manqurt obrazi kelib chiqadi. O'zini va sodir bo'lgan narsalarning hech birini eslamaslik, tarixning barcha ko'rinishlaridan, shu jumladan, tarixiy nomlardan voz kechish nafaqat savodsizlik, balki xavfli faoliyatdir. Avvalo, Yer yuzida yashaydigan va kosmosda uchmaydiganlar uchun", — deb yozdi u. "O'tmishni eslamaslik — "Borat" filmini olqishlashdir. Qozog'istondan boshqa kim uni taqiqladi? Rossiya va Fors ko'rfazi mamlakatlari. G'arbning ma'rifatli elflari haqida nima deyish mumkin? Ular bunga tupirdi. Ular uchun qozoqlar kimlar? Filmdagi javob aniq", — deya qo'shimcha qildi Kandelaki. Shuningdek, Kandelaki o'z postida yanvar voqealaridan keyin KXSHT qo'shinlari Qozog'istonga kiritilganini ham eslagan. "O'tmishni eslamaslik, ikki yil avval Qozog'iston davlati yo'q bo'lib ketishiga oz qolganini ham eslamaslikdir. Qaysi biri yaxshiroq — yonayotgan shaharlarmi yoki yordamga kelgan qo'shnilarmi? O'tmishni eslamaslik — internetdagi olifta kiyinib, bir narsani aytib, boshqa ishni qiladigan odamlarga o'xshab kulgili ko'rinish. Qozoq nomlari, deysizmi? Ostonadagi Sharl de Goll ko'chasidagi Monako mehmonxonasi haqida gapiryapsizmi? Nega Kunanbayev yoki Xo'ja Yassaviy ko'chasi emas? Va nega "Monako" qozoqlarning tarixiy hududi? Kamroq g'azab, ko'proq aql. Shunda Amerika OAVga Boratning hazillari sizga yoqqanini tushuntirishingizga hojat qolmaydi. Hech bo'lmaganda, hali yoningizda Rossiya bor", — deya postini yakunlangan Kandelaki. | world |
Bryussel Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlarni G'azo sektoridagi muammoni mustaqil Falastin davlatini tashkil etish orqali hal qilish g'oyasini qo'llab-quvvatlashdan bosh tortgani uchun Isroilga qarshi "oqibatlar" tayyorlashga chaqirmoqda, deb yozdi Financial Times (FT) Yevropa Ittifoqi tomonidan tayyorlangan hujjatga tayanib. Yevroittifoq tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi arafasida tarqatilgan hujjatda ittifoq a'zolaridan YeI tinchlik rejasida "ishtirok etish yoki ishtirok etmaslik oqibatlarini belgilash" so'raladi. YeIning rejada ko'rsatilgan talabi "Isroil bilan yonma-yon tarzda, tinchlik va xavfsizlikda yashovchi, iqtisodiy hamkorligi va xavfsizligi butunlay normallashgan va sezilarli darajada o'sadigan mustaqil Falastin"ni o'z ichiga oladi. FT gazetasining yozishicha, 22-yanvarga rejalashtirilgan uchrashuv Isroilning g'arbiy ittifoqchilari G'azo sektorida tinch aholi qurbonlari soni ortib borayotgani sababli o'z pozitsiyasidan xavotirga tushayotganini ko'rsatmoqda. YeIning Isroilga ta'siri AQShnikidan sezilarli darajada zaifroq bo'lsa-da, ittifoq Tel-Avivni mintaqaning eng yirik iqtisodiy sherigiga aylantiruvchi savdo va sarmoyaviy imtiyozlar beradigan shartnomaga ega. "Biz a'zo davlatlarga ba'zi g'oyalarni taklif qilmoqdamiz. Va bu g'oyalarning bir qismi… "ikki davlat" yechimiga kelishda o'z shartlarimizdan qanday foydalanishimiz haqida", — degan nashrga Yevropa rasmiylaridan biri. Nashrga yana bir yevropalik rasmiyning aytishicha, YeIning ko'plab a'zolari Isroil "ikki davlat" rejasini qo'llab-quvvatlashni istamasligidan noroziligini bildirgan. "[Isroil bosh vaziri Benyamin] Netanyaxuni biror narsaga majburlash qiyin. Ammo u hokimiyatda abadiy qolishi ilojsiz", — degan u. Avvalroq Netanyaxu matbuot anjumani chog'ida Isroilning G'azo sektoridagi harbiy amaliyoti yakunlanganidan keyin Falastin davlati tashkil etilishiga qarshi ekanini ma'lum qilgandi . "Bu mojaro (Falastin) davlatining yo'qligi haqida emas, balki yahudiy davlatining mavjudligi haqida", dedi u. | world |
O'zbekiston ombudsmani Feruza Eshmatova Rossiya ombudsmani Tatyana Moskalkovaga Yekaterinburgda mehnat migrantlarining kamsitilgani yuzasidan murojaat yubordi. Bu haqda 22-yanvar kuni parlamentning inson huquqlari bo'yicha vakili matbuot xizmati xabar berdi . Murojaatda Rossiyada mehnat qilayotgan O'zbekiston fuqarolarining huquqlarini ta'minlash bo'yicha so'rov o'rin olgan. 17-yanvar kuni Yekaterinburgning Jeleznodorojniy tumani prokuraturasi, "FSB"ning Sverdlovsk viloyati bo'yicha boshqarmasi, viloyat migratsiya boshqarmasi va Ichki ishlar vazirligining Yekaterinburg bo'yicha departamenti xodimlari Rossiya gvardiyasi xodimlarining qurolli ko'magida qurilish maydonchalaridan birida reyd o'tkazgan. Hammasi bo'lib 150 kishi tekshirilgan. Ulardan sakkiz nafari migratsiya qonunchiligini buzgan va deportatsiya qilinadi. Harbiy xizmatda ro'yxatdan o'tmagan to'rt kishiga (bir qator manbalarga ko'ra, ularda Rossiya fuqaroligi bo'lgan) chaqiruv qog'ozi berilgan. Internetdagi fotosuratlar va videolardan ko'rish mumkinki, xavfsizlik kuchlari mehnat muhojirlarini qor bilan qoplangan qurilish maydonchasi bo'ylab o'rdaksimon harakatlanishga majburlagan. Migrantlarning qanchasi O'zbekiston fuqarosi bo'lganiga aniqlik kiritilmagan. U yerda Qirg'iziston va balki boshqa mamlakatlar fuqarolari ham bo'lgani ma'lum. Sverdlovsk viloyati ombudsmani Tatyana Merzlyakova URA.RU`ga bergan intervyusida vaziyatni o'rganayotganini aytgan. "Bunday holat yuz berganiga ishonish qiyin", — degan u va Yekaterinburg uchun bu kabi voqealar odatiy emasligini qo'shimcha qilgan. O'zbekiston ombudsmani ofisi xabarida aytilishicha, 2023-yilda Feruza Eshmatova Rossiyaga tashrif buyurib, u yerda ishlayotgan o'zbekistonliklar bilan uchrashgan. "Hamyurtlarimiz fikrlari asosida O'zbekiston va Rossiya ombudsmanlari o'rtasidagi hamkorlik yo'lga qo'yilib, murojaatlarni birgalikda ko'rib chiqish, jumladan, Rossiya Federatsiyasi xududida mehnat qilayotgan hamyurtlarimiz huquqlarini ta'minlash bo'yicha ishlanadi", — deyiladi xabarda. Bundan avval ham ombudsman Krasnodarda o'zbekistonlik migrantlarning ish joylarida o'tkazilgan reydlar bilan bog'liq vaziyatga munosabat bildirgan edi. Rossiya ombudsmani migrantlar huquqlarini ta'minlash bo'yicha monitoringlar o'tkazayotganini ma'lum qilgan, deya ta'kidlagan ombudsman idorasi. Qirg'iziston Tashqi ishlar vazirligi 20-yanvar kuni respublikaning Yekaterinburgdagi bosh konsulxonasi politsiya, chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markazi va qurilish obyektlariga borgani haqida xabar berdi . "Yekaterinburgdagi uchta qurilish obyektida 150 nafar xorijlik, jumladan, 40 nafar Qirg'iziston fuqarosining hujjatlari tekshirilgani aniqlandi. Qirg'iziston fuqarolari tomonidan migratsiya qonunchiligini buzish holatlari aniqlanmagan", — deyiladi xabarda. Mamlakat TIV xabariga ko'ra, o'rdaksimon yurishga majbur bo'lgan migrantlardan uch nafari qirg'izistonlik bo'lgan. Qirg'iziston fuqarolarining aytishicha, "tekshiruv tadbirlari davomida qo'shni davlat fuqarolari bino qavatlari bo'ylab qochib ketgan va huquq-tartibot xodimlaridan yashirinishga uringan". Natijada politsiya "qochib ketganlarni qo'lga olish, shuningdek, tekshirilayotganlarning erkin harakatlanishini cheklash choralarini ko'rgan". Qirg'iziston Bosh konsulxonasi "huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan mehnat faoliyati bilan shug'ullanuvchi fuqarolarning qadr-qimmatini kamsituvchi usullardan foydalanishning qonuniyligini tekshirishni tashkil etish" choralarini ko'rmoqda, — deyiladi qo'shni davlat TIV xabarida. "Qirg'iziston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ushbu fakt bo'yicha Qirg'izistondan ishlayotgan fuqarolarga nisbatan bunday xatti-harakatlarning oldini olish maqsadida Rossiya Federatsiyasining federal organlari darajasida ish qo'zg'atmoqda", — deyiladi xabarda. | world |
Transparency International xalqaro korrupsiyaga qarshi tashkiloti 2023-yil uchun Korrupsiyani idrok qilish indeksini e'lon qildi . Yangi reytingda O'zbekiston 2022-yilga nisbatan besh pog'onaga ko'tarilib, 180 ta davlat ichida 121-o'rinni egalladi. Mamlakat bu joyni Angola, Mo'g'uliston va Peru bilan baham ko'radi. 100 ballik indeks bo'yicha (bu yerda 0 — korrupsiyaning o'ta yuqori darajasi, 100 — o'ta past daraja) O'zbekiston 33 ball ( bir yil avval — 31 ball edi) to'pladi. O'zbekiston 2021-yilda 140 , 2020-yilda 146-o'rinda edi. Tashkilotning mintaqaviy sharhida so'nggi yillarda O'zbekiston reytingini sezilarli darajada yaxshilashga yordam bergan asosiy chora-tadbirlar qatorida Korrupsiyaga qarshi kurash agentligining tashkil etilishi , shuningdek, qonunchilikni takomillashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirish qayd etilgan. "Ta'kidlash joizki, ushbu qonunlarni amalga oshirish uchun choralar va tartiblar ishlab chiqilgan va ko'plab korrupsionerlarga nisbatan jinoiy ish qo'zg'atilgan. Hukumat, shuningdek, turli vazirliklar va mahalliy hukumatlarda yanada qattiqroq ichki nazorat va audit vositalarini, jumladan, poraxo'rlikning oldini olish mexanizmlarini joriy qildi", — deb ta'kidlaydi Transparency International ekspertlari. "Ammo avtoritar tuzum oshkoralik va demokratiya tamoyillarini joriy etishga, qonun chiqaruvchi va davlat institutlari ustidan nazoratni amalga oshirishga, norozi odamlarni ta'qib qilishda adliya tizimidan foydalanishga urinishlarga qarshilik qilmoqda. Bu korrupsiyani kuchaytiradi va keng qamrovli islohotlar zarurligini bildiradi", — deyiladi sharhda. 19 davlatni (jumladan, O'zbekistonni) o'z ichiga olgan Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida eng yaxshi natijani Gruziya ko'rsatdi — 49-o'rin (53 ball). Qozog'iston 39 ochko bilan 93-pog'onadan joy oldi. Reytingda Belarus 98-o'rinda (37 ball), Ukraina 104-o'rinda (36). Qirg'iziston va Rossiya 26 ochko jamg'arib, 141-o'rinni bo'lishdi. Tojikiston (20) va Turkmaniston (18) mos ravishda 162 va 170 o'rinni egalladi. Bu yilgi reytingning yetakchisi yana Daniya (90 ball) bo'ldi. Undan keyin Finlyandiya (87) va Yangi Zelandiya (85). Ro'yxatning oxirgi pog'onasida 177-o'rinni bo'lishib turgan Suriya va Venesuela (13 ochko) va Somali (180-o'rin, 11 ochko) joylashgan. | world |
Pokiston sudi 30-yanvar kuni sobiq bosh vazir Imron Xonni davlat sirlarini oshkor qilganlikda ayblab, 10 yilga ozodlikdan mahrum qildi, deb xabar bermoqda BBC. Ayblovga ko'ra, 72 yoshli Xon Pokistonning Vashingtondagi elchisining Islomoboddagi hukumatga yuborgan maxfiy telegramma mazmunini oshkor qilgan. U bu hujjatni bosh vazirlikdan chetlatilganidan so'ng mitingga olib chiqqan, shuningdek, buni iste'foga chiqishi xorijiy fitna natijasi ekanining isboti deya atagan. Bu Pokiston hukumatining sobiq rahbariga so'nggi olti oy ichida chiqarilgan ikkinchi hukmdir. 2023-yil avgustida Imron Xon korrupsiyada aybdor deb topilib, uch yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi. Siyosatchi ustidan sud jarayoni ketayotgan paytda mamlakatda keng ko'lamli norozilik namoyishlari bo'lib o'tgan. Xonning o'zi esa qo'yilgan barcha ayblovlarni siyosiy motivlarga asoslangan, deb atagan. Sobiq bosh vazirning "Tehrik-e-Insaf" partiyasi hukmga qarshi chiqmoqchi. Xon bilan birga Pokistonning sobiq tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qureyshi ham 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi, deb yozadi BBC. | world |
Qozog'iston parlamenti ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, oiladagi zo'ravonlik uchun jazoni kuchaytirish to'g'risidagi qonun loyihasini qabul qildi, deb yozadi Tengrinews.kz. Hujjatda, xususan, kaltaklash va qasddan badanga yengil shikast yetkazishni jinoiy javobgarlikka tortish taklif qilinmoqda. Hozirda ushbu moddalar uchun ma'muriy javobgarlik nazarda tutilgan. Bundan tashqari, qonun loyihasiga quyidagilar kiritilmoqda: Deputat va o'zgartirishlar mualliflaridan biri Asxat Ayamagambetov avvalroq qonun loyihasida amaldagi qonunchilikka jami 40 ta o'zgartirish kiritilganini ta'kidlagandi . Oilaviy zo'ravonlik uchun jazoni kuchaytirishni, shuningdek, Qozog'iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev ham qo'llab-quvvatlagan edi. Tengrinews.kz. nashrining aniqlik kiritishicha , 2023-yilda Qozog'iston huquq-tartibot idoralariga oilaviy zo'ravonlik yuzasidan 99 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan, 69 nafar ayol va 7 nafar bola uning oqibatida halok bo'lgan. | world |
Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukrainaga 50 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam berishga kelishib oldi. Bu haqda Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel ma'lum qildi . Yordam mamlakatning 2024−2027-yillardagi ehtiyojlarini qoplashi kerak. "Barcha 27 ta davlat rahbarlari Ukrainaga YeI budjeti doirasida qo'shimcha 50 milliardlik yordam paketi ajratish bo'yicha kelishib oldi. Bu Ukraina uchun doimiy, uzoq muddatli va taxmin qilish mumkin bo'lgan moliyalashni ta'minlaydi", — deb yozgan Mishel. "YeI Ukrainani qo'llab-quvvatlashda yetakchilik va mas'uliyatni o'z zimmasiga oladi. Biz nima xavf ostida turganini bilamiz", — deya qo'shimcha qildi u. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy YeI qaroriga munosabat bildirdi . Uning ta'kidlashicha, "YeIning Ukrainaga moliyaviy yordamini davom ettirishi bizning uzoq muddatli iqtisodiy va moliyaviy barqarorligimizni mustahkamlaydi, bu harbiy qo'llov va Rossiyaga qarshi sanksiyalar bosimidan kamroq ahamiyatga ega yordam emas". "Bu qaror barcha 27 yetakchi tomonidan qabul qilingani juda muhim. Bu Yevroittifoq qudratli birlik ekanini yana bir bor isbotlaydi", — dedi Ukraina rahbari. YeI Ukrainaga yordam paketini 2023-yil dekabrida tasdiqlashi kerak edi, biroq Vengriya bosh vaziri Viktor Orban unga veto qo'ygan . Bundan avval u Kiyev bilan Yevropa Ittifoqiga a'zolik bo'yicha muzokaralar boshlanishiga ham qarshi chiqqan edi. 1-fevraldagi sammit oldidan Orban agar mablag' har yili barcha ishtirokchilar tomonidan bir ovozdan ma'qullansa, Ukrainaga mablag' ajratishga rozi bo'lishga tayyorligini aytgan. Foto: European Union. Reuters agentligining yozishicha , sammit oldidan YeI yetakchilari Orbanga bosimni kuchaytirib, undan "Rossiyaga qarshi urush tug'dirayotgan ekzistensial muammoda bir tomonni tanlashni" so'rashgan. Agentlik yevropalik diplomatlarga tayangan holda YeI murosa sifatida paketni va uni qayta ko'rib chiqish masalasini har yili muhokama qilishga rozi bo'lganini, biroq bu Vengriyaning Ukrainani qo'llab-quvvatlashga to'sqinlik qilish huquqisiz amalga oshirilishini ta'kidladi. | world |
AQSh Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi (EPA) 2012-yildan beri birinchi marta havo sifatining yangi standartini qabul qildi . Yangi standart, EPA veb-saytiga ko'ra, havodagi PM2,5-mayda zarrachalarining ruxsat etilgan yillik o'rtacha konsentratsiyasini 12 mkg/m3 dan 9 mkg/m3 gacha pasaytiradi. Tashkilotning ta'kidlashicha, qabul qilingan norma eng yaxshi ilmiy ma'lumotlarga asoslangan. Agentlikning hisob-kitoblariga ko'ra, yangilangan standart 4500 tagacha erta o'lim va 290 ming ish kuni yo'qotilishining oldini oladi, natijada 2032-yilda sog'liq uchun 46 milliard dollargacha sof foyda keltiradi. "Ilmiy dalillar aniq: qurum bilan ifloslanish (PM2,5 kul, chang va boshqa aralashmalarning zarralarini nazarda tutadi — tahr. ) havo ifloslanishining eng xavfli shakllaridan biri bo'lib, bir qator jiddiy va potensial o'limga olib keladigan kasalliklar, shu jumladan, astma va yurak xurujlari bilan bog'liq", — dedi EPA administratori Maykl Rigan. Agentlik, shuningdek, PM2,5 ta'siri bilan bog'liq sog'liq uchun xavflar haqida jamoatchilikka yaxshiroq ma'lumot berish uchun havo sifati indeksini qayta ko'rib chiqmoqda. PM2,5 zarralari juda kichik o'lchami tufayli inson salomatligi uchun ko'proq xavfli hisoblanadi . PM2,5 o'pkaga chuqur kiribgina qolmay, qon oqimiga ham kirib, sog'liqda turli xil muammolarni, jumladan, yurak kasalliklari va boshqa yurak-qon tomir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. PM2,5 ko'pincha qazib olinadigan yoqilg'ilarning yonishi natijasida hosil bo'ladi va transport vositalarining chiqindisi, sanoat ishlab chiqarishi va elektr stansiyalari chiqindilari, shuningdek, shamol uchirib kelgan chang kabi tabiiy manbalar tarkibida saqlanadi. | world |
Copernicus Yevropa iqlim xizmati hisobotiga ko'ra , 2024-yil yanvar oyi rekord darajada issiq bo'ldi. O'tgan oyda o'rtacha global harorat 13,14 darajani tashkil etdi, bu 1850−1900-yillardagi sanoatdan oldingi darajadan 1,66 darajaga yuqori. Copernicus`da ta'kidlanishicha, joriy yilning yanvari ketma-ket sakkizinchi eng issiq oy bo'ldi — rekord darajalar 2023-yil iyunidan beri qayd etilmoqda. O'tgan yildagi global harorat ham rekord darajadagi eng yuqorisi bo'ldi: sanoatdan oldingi o'rtacha ko'rsatkichdan 1,52 daraja baland. Termometr janubiy Yevropa, sharqiy Kanada, shimoli-g'arbiy Afrika, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoda o'rtacha ko'rsatkichdan ancha yuqori haroratlarni ko'rsatdi. Copernicus direktori o'rinbosari Samanta Berdjess issiqxona gazlari chiqindilarini tezroq kamaytirish global haroratning ko'tarilishini to'xtatishning yagona yo'li ekanini qayd etdi. Meteorologlar avvalroq 2023-yil rekord darajadagi eng issiq yil bo'lganini tasdiqlagandi — global harorat sanoatdan oldingi o'rtacha ko'rsatkichdan 1,4 darajaga yuqori bo'lgan. Ammo, olimlarning dastlabki hisob-kitoblariga ko'ra, 2024-yil atmosferaga chiqayotgan issiqxona gazlari chiqindilari ko'payib, shuningdek, El-Nino tabiiy hodisasi tufayli o'tgan yilga nisbatan issiqroq bo'lishi mumkin . El-Nino — Tinch okeanining ekvatorial qismida suv sathidagi haroratning anomal ko'tarilishi bilan tavsiflangan tabiiy fenomen . Bu hodisa har 2−7 yilda sodir bo'ladi va 18 oygacha davom etishi mumkin. El-Nino epizodlari paytida tropik zonalarda yog'ingarchilik va atmosfera aylanishining normal sxemasi buzilib, butun dunyo bo'ylab ekstremal iqlim sharoitlarini keltirib chiqaradi. Hodisa 2023-yilning yozida boshlangan. Copernicus`da aytilishicha, El-Nino Tinch okeanining ekvatorial qismida zaiflasha boshlaydi, ammo okeanlar ustidagi dengiz havosining harorati odatda g'ayrioddiy darajada yuqoriligicha qolmoqda. | world |
Qozog'iston hukumati tibbiyot muassasalarida niqob rejimiga qaytdi va jamoat joylarida ham niqob taqishni tavsiya qildi. Bu haqdagi qarorni 8-fevral kuni bosh sanitariya shifokori Ayjan Yesmagambetova imzolagan. Ushbu chora mamlakatda COVID-19, qizamiq va boshqa o'tkir respirator virusli infeksiyalar tarqalishini to'xtatish maqsadida ko'rildi, deyiladi hujjatda. Endi tibbiyot muassasalarida xodimlar ham, tashrif buyuruvchilar ham niqob taqishlari shart. Bundan tashqari, mas'ul davlat organlariga tibbiyot muassasalarini antiseptiklar bilan ta'minlash majburiyati yuklatildi. Shuningdek, fuqarolarga gavjum joylarda (bozorlar, savdo markazlari, teatrlar, kinoteatrlar va boshqalar) hamda barcha transport turlarida niqob taqish tavsiya etildi. Bir kun avval COVID-19 bo'yicha noqulay epidemiologik vaziyat tufayli Qozog'iston parlamenti quyi palatasida niqob taqish tartibi joriy qilingan edi . Deputatlar vaqtinchalik onlayn rejimda yig'ilish o'tkazib turadi. Palata spikeri Yerlan Koshanov kovid bilan kasallanganlardan biri bo'lgandi, deb xabar beradi Zakon.kz. | world |
Argentina parlamentining Deputatlar palatasi prezident Xaver Miley tomonidan amalga oshirilgan tub islohotlar paketini qayta ko'rib chiqish uchun tegishli qo'mitalarga yuborishga qaror qildi, deb xabar bermoqda Reuters. Miley tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihalari to'plami "Omnibus qonuni" deb nomlangan. Bu iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy sohalarga ta'sir qildi. Deputatlar yanvar oyi oxirida hujjatni muhokama qilishni boshladi va avvaliga uni ma'qulladi. Keyin loyihaning ayrim moddalari bo'yicha ovoz berish bo'lib o'tdi, ularning aksariyati parlament muxolifati tomonidan qo'llab-quvvatlanmadi. Natijada 600 dan ortiq moddani o'z ichiga olgan hujjatning yarmidan ko'pi olib tashlandi. Rejalashtirilgan islohotlar fonida Buenos-Ayresda keng ko'lamli norozilik namoyishlari boshlandi . Aksiya namoyishchilar va politsiya o'rtasidagi to'qnashuvlarga aylanib ketdi. Parlamentdagi ovoz berish muvaffaqiyatsiz yakunlangach, Miley tarafdorlari muxolifatni "xiyonatda" aybladi. Prezident rasmiylari qonun loyihasini saqlab qolish yo'llarini qidirayotganlarini aytdi. Prezident a'zo bo'lgan "Ozodlik keladi" partiyasi hukumat rejalashtirilgan islohotlarni parlament orqali alohida qonun loyihalari shaklida amalga oshirishga qaror qilishi mumkinligini istisno qilmadi . Hujjatni qo'llab-quvvatlashning boshqa variantlari qatorida partiya umumxalq referendumini o'tkazishni ham ko'rib chiqmoqda. | world |
Rossiyalik marhum siyosatchi Aleksey Navalniyning rafiqasi Yuliya Navalnaya jamoatchilikka murojaat qilib, erining ishini davom ettirishini ma'lum qildi. Uning videomurojaati Navalniyning YouTube kanalida e'lon qilindi . Aleksey Navalniy 47 yoshida Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi 3-sonli axloq tuzatish koloniyasida vafot etdi . 2023-yil avgust oyida u "ekstremistik" ish bo'yicha 19 yilga maxsus rejimdagi koloniyaga hukm qilingandi . Bu siyosatchining so'nggi yillardagi uchinchi qamoq muddati edi. "Men bu joyda bo'lmasligim, bu videoni yozmasligim kerak edi. Mening o'rnimda boshqa odam bo'lishi kerak. Ammo Vladimir Putin u odamni o'ldirdi. Uch kun oldin Vladimir Putin mening erim Aleksey Navalniyni o'ldirdi. Putin bolalarimning otasini o'ldirdi. Putin eng qimmatli insonimni mendan ayirdi", — dedi Yuliya Navalnaya. U, shuningdek, Putin Navalniyni nafaqat undan, balki Navalniyning boshqa barcha tarafdorlaridan ham tortib olganini ta'kidladi. "[Putin] u bilan birga bizning umidimizni, erkinligimizni, kelajagimizni o'ldirmoqchi edi. Rossiya boshqacha bo'lishi mumkinligi haqidagi eng yaxshi dalilni yo'qqa chiqardi. <...> Bu yillar davomida men Alekseyning yonida bo'ldim. <...> Lekin bugun men sizning yoningizda bo'lmoqchiman, chunki bilamanki, siz ham mendan kam yo'qotmadingiz. <...> Aleksey uch yillik qiynoq va azoblardan so'ng koloniyada vafot etdi. <...> Uni mazax qilishdi, dunyodan uzishdi, menga va bolalariga xat yoza olmasligi uchun qog'oz-qalam berishmadi, och qoldirishdi. Va u nafaqat taslim bo'lmadi, balki bizni doimo qo'llab-quvvatladi. Biron soniya ham nima uchun kurashayotgani va nima uchun azob chekayotganiga shubha qilmadi. Erimni sindirib bo'lmasdi. Va aynan shuning uchun Putin uni o'ldirdi. Sharmandali tarzda, qo'rqoqlik bilan, uning ko'zlariga qarashga yoki ismini aytishga jur'at etolmasdan", — dedi Yuliya Navalnaya. "Men Aleksey Navalniyning ishini davom ettiraman. Siz bilan birgalikda vatanimiz uchun kurashishda davom etaman. Va sizni yonimda turishga chaqiraman. Nafaqat bizni o'rab olgan va qo'yib yubormayotgan qayg'u va cheksiz og'riqni baham ko'rishni, balki g'azabimni ham baham ko'rishingizni so'rayman. Bizning kelajagimizni o'ldirishga jur'at etganlarga nisbatan nafrat va g'azabni", — deya qo'shimcha qildi u. Yuliya Navalnaya, shuningdek, tez orada nima uchun "Putin Navalniyni o'ldirganini" aytib berishini ta'kidladi. U erining o'limiga bevosita aloqador bo'lganlarning shaxsi ham oshkor etilishini qo'shimcha qilib, "biz bu jinoyatni aniq kim va qanday sodir etganini aniqlaymiz, ismlarini aytib, yuzlarni ko'rsatamiz", — deya va'da berdi. | world |
Yevropa Komissiyasi TikTok ijtimoiy tarmog'i yangi qabul qilingan raqamli xizmatlar to'g'risidagi qonun doirasida kichik yoshdagi foydalanuvchilarni zararli kontentdan himoya qilish uchun yetarli darajada harakat qilayotgani yoki yo'qligini tekshirish uchun tekshiruv boshladi, deb xabar bermoqda Reuters. "Bugun biz oshkoralik va voyaga yetmaganlarni himoya qilish majburiyatlarini buzganlikda gumon qilib, TikTok`ga nisbatan tergov jarayonlarini boshlaymiz", — deya agentlik yevrokomissar Terri Breton bayonotidan iqtibos keltirmoqda. Raqamli xizmatlar to'g'risidagi qonun (Digital Service Act, DSA) YeIda 17-fevralda kuchga kirdi, hujjat barcha onlayn platformalar uchun amal qiladi. TikTok`ga egalik qiluvchi Xitoyning ByteDance kompaniyasi ijtimoiy tarmoq DSA qoidalarini buzganlikda aybdor deb topilsa, global daromadining 6 foizigacha jarimaga tortilishi mumkin. Tekshiruv TikTok tizimining dizaynini, jumladan, xulq-atvor qaramligini keltirib chiqarishi va "quyon o'rasi" effektini yaratishi mumkin bo'lgan algoritmlarni o'rganadi. Yevrokomissiya, shuningdek, TikTok voyaga yetmaganlarni maxfiylik, xavfsizlik va himoyalanishning yuqori darajasi bilan ta'minlash uchun tegishli va mutanosib choralar ko'rgan yo ko'rmaganini ko'rib chiqadi. Bundan tashqari, tergov tadqiqotchilar potensial onlayn xavflarni o'rganishi uchun TikTok o'z platformasida reklama bo'yicha ishonchli ma'lumotlar bazasini taqdim etishi yoki yo'qligini ko'rib chiqadi. Bu Yevrokomissiyasi tomonidan DSA doirasida raqamli platformalarga qarshi boshlangan ikkinchi tergov hisoblanadi. O'tgan yilning dekabr oyida regulyator X ijtimoiy tarmog'ini (sobiq Twitter) noqonuniy kontentni olib tashlash, shaffoflik va dezinformatsiyaga qarshi kurash bo'yicha Yevropa standartlarini buzganlikda ayblab, tekshiruv boshlagan edi. | world |
20-fevral kuni Qozog'iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Prezident yosh kadrlari zaxirasi forumida ishtirok etib, mamlakatdagi yosh kadrlarga murojaat qildi, deya xabar bermoqda Qozog'iston rahbarining matbuot xizmati. Bugungi kunda Qozog'istondagi Prezident yosh kadrlari zaxirasida 400 nafar mutaxassis bor . Ularning 280 nafari yoki 70 foizi markaziy va mahalliy davlat hokimiyati organlarining rahbarlik lavozimlariga tayinlangan. Yana ko'pchiligi esa kvazi-davlat sektorida va biznesda faoliyat olib boradi. Kadrlar ochiq va shaffof tarzda tanlab olinadigan bunday zaxirani shakllantirish g'oyasi prezident Toqayevning saylovoldi dasturida nazarda tutilgan edi . Foto: Qozog'iston prezidenti matbuot xizmati Toqayev o'z murojaatida dastlab davlat xizmatining jozibadorligini oshirish uchun xususiy sektor bilan raqobatbardosh ish haqini belgilash zarurligini ta'kidladi. "Men, qoida tariqasida, ertalab soat 8−9 dan kechki 8−9 ga qadar ish joyida bo'ladigan davlat xizmatchilari ish haqi va mukofotlar bilan cheklanmasdan ma'lum moddiy kompensatsiya olishlari kerak deb hisoblayman. Masala dolzarb. Biz uni davlat xizmatchilari foydasiga hal qilamiz. Uy-joy masalasini ham shunga yarasha hal qilish kerak. Bu borada Singapur va boshqa mamlakatlar tajribasiga e'tibor qaratish o'rinlidir. Davlat boshqaruvi tizimida samarali yondashuv va usullarni ko'rib chiqish zarur", — dedi u. Shu bilan birga, Qozog'iston yetakchisi mamlakatda adolatli davlat va inklyuziv jamiyat barpo etilayotgani, shu sababdan davlat xizmatida gender muvozanatini ta'minlash masalasi muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. "Davlat apparatida xotin-qizlarning ulushi qariyb 55 foizni tashkil etishiga qaramay, boshqaruv tarkibida bu ko'rsatkich pastroq — 39 foizni tashkil etadi. Mening davlat xizmatidagi katta tajribam ayollarni jalb qilish kerakligini ko'rsatadi. Birinchidan, ayollar baribir mehnatga e'tiborliroq, ular ishiga puxtaroq yondashadi va korrupsion amaliyot va harakatlarga moyil emas, desam bu erkaklarni ranjitmaydi deb o'ylayman. Korrupsiyaga qarshi kurash agentligining statistik ma'lumotlari ayollarning o'zini mas'uliyatliroq tutishini ko'rsatmoqda. Sezilarli nomutanosiblik siyosiy amaldorlar orasida kuzatilmoqda, ularning 10 foizdan kamrog'i ayollar. Davlat xizmatidagi yoshlar ulushida ham nomutanosibliklar mavjud. Davlat xizmatida xotin-qizlar, yoshlar va nogiron fuqarolar sonini ko'paytirish zarur. Xususan, ularga rahbarlik lavozimlarida ishlashlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berish kerak", — dedi Qasim-Jomart Toqayev. Foto: Qozog'iston prezidenti matbuot xizmati Qozog'iston yetakchisi, shuningdek, hali ham davom etayotgan jamoaviy ko'chib o'tishlar amaliyotini tanqid qildi. Shu munosabat bilan Prezident administratsiyasi va Davlat xizmati ishlari agentligiga mazkur masalani qattiq nazoratga olish, bunday amaliyotlarning oldini olish bo'yicha qat'iy topshiriq berdi. Barcha sektorlarda yoshlarning faoliyatini qo'llab-quvvatlash uchun qo'lidan keladigan barcha ishni qilishini aytdi. "Sizdan umidlarim katta. Iqtisodiyot, davlat xizmati va shu kabi qaysi soha bo'lsin, barchasida faoliyatingizni qo'llab-quvvatlash uchun qo'limdan kelgancha harakat qilaman. Siz ulg'ayasiz, biz qariymiz. Bu juda normal holat. Vaqt keladi, biz sizga o'rin bo'shatamiz. Biz nafaqaga chiqamiz, siz esa bizning o'rnimizga kelasiz. Lekin siz davlatingizga, vatanimizga xizmat qilishga tayyor bo'lishingiz kerak. Biz juda og'ir davrga kirib boryapmiz, xorijda qanday notinchliklar bo'layotganini ko'rib turibmiz", — dedi Qozog'iston prezidenti. | world |
AQSh G'azo sektorida o't ochishni vaqtincha to'xtatish va Isroilning Rafah shahrida amalga oshirishni rejalashgan quruqlikdagi operatsiyasi oqibatlaridan ogohlantiruvchi BMT rezolyutsiyasi loyihasini tayyorladi. Bu haqda hujjatga tayanib Guardian yozmoqda . AQSh birinchi marta Isroil va XAMAS o'rtasidagi mojaroda o't ochishni to'xtatishni ochiqcha qo'llab-quvvatladi. Ammo hujjat loyihasida vaqtinchalik sulh "imkon qadar tezroq" boshlanishi kerakligi ko'rsatilgan. Bu Isroil harbiylariga manyovr qilish (qo'shinlarning dushmanga talafot yetkazish uchun qulay bo'lgan kuch va vositalar guruhini tuzish maqsadidagi harakatlari — tahr.) uchun imkon qoldiradi, deyiladi xabarda. Rezolyutsiya matnida ta'kidlanishicha, Isroilning Rafahga rejalashtirgan hujumi "tinch aholiga yanada ko'proq zarar yetkazishi va ularning, jumladan, qo'shni davlatlarga ko'chib ketishiga olib keladi, bu esa mintaqa tinchligi va xavfsizligi uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi". AQSh, shuningdek, XAMASni 2023-yil 7-oktabrda Isroilga qilgan hujumi uchun qoraladi. Avvalroq AQShning BMTdagi missiyasi Xavfsizlik kengashining avvalgi rezolyutsiyalarida Falastin guruhiga nisbatan aniq ayblovlar mavjud emasligidan norozi bo'lgan edi. Reuters agentligining qayd etishicha , hujjat Qo'shma Shtatlarning Jazoir tomonidan zudlik bilan o't ochishni to'xtatish talabi natijasida tayyorlangan rezolyutsiyaga veto qo'yishi haqidagi signallari ortidan kiritilmoqda. AQSh rasmiylari rezolyutsiya Qo'shma Shtatlar, Misr, Isroil va Qatar o'rtasidagi garovga olinganlarni ozod qilish va urushni to'xtatib turish bo'yicha muzokaralarga putur yetkazishi mumkinligidan xavotirda. AQSh ma'muriyati vakilining Reuters agentligiga ma'lum qilishicha, AQSh "shoshilinch ovoz berish"ni rejalashtirmayapti va BMT Xavfsizlik kengashi a'zolariga muzokaralar uchun vaqt bermoqchi. Rezolyutsiyani qabul qilish uchun uni kamida to'qqiz mamlakat yoqlab ovoz berishi va AQSh, Fransiya, Buyuk Britaniya, Rossiya yoki Xitoy davlatlaridan biri unga veto qo'ymasligi kerak. Bungacha AQSh ikki marta BMTning boshqa davlatlar tomonidan zudlik bilan o't ochishni to'xtatish talab qilingan rezolyutsiyalarini bloklagan. Biroq Vashington Isroilning, turli manbalarga ko'ra, 1,5 millionga yaqin falastinlik qochqinlar boshpana olayotgan Rafahdagi harbiy operatsiyasiga qarshi. AQSh prezidenti Jo Bayden avvalroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni shaharga hujum uyushtirmaslikka chaqirgan edi. Guardian va Reuters`ning yozishicha, AQSh rezolyutsiyasi matni Baydenning izohlariga mos keladi. Ammo hujjat AQShning Rafah masalasida Isroilga bosim o'tkazish uchun BMT orqali borishga tayyorligini va faqat ikki tomonlama aloqalarga tayanib qolmasligini ko'rsatadi, deya ta'kidlaydi Guardian. BMT Xalqaro inqiroz guruhi direktori Richard Gouenning Reuters agentligiga aytishicha, Isroil Vashington tayyorlagan rezolyutsiyadan xavotirda. "Umuman olganda, oddiy fakt shundan iboratki, AQSh ushbu matnni kiritayotgani Netanyaxu uchun ogohlantiruvchi zarbadir, dedi u. — Bu Qo'shma Shtatlarning BMTga Isroil Amerika diplomatik himoyasiga cheksiz tayana olmasligi haqida yuborgan eng kuchli signalidir". | world |
Dunyodagi eng past tug'ilish ko'rsatkichlariga ega bo'lgan Janubiy Koreyada tug'ilish darajasi 2023-yilda yangi rekord darajagacha tushib ketdi, deb yozdi The Guardian. Mamlakat aholisi ketma-ket to'rtinchi yil kamaymoqda. Janubiy Koreya Statistika boshqarmasining dastlabki ma'lumotlariga ko'ra, tug'ilishning umumiy koeffitsiyenti — bir ayol o'z umri davomida dunyoga keltiradigan bolalarning o'rtacha soni 2023-yilda 0,72 ni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, 2022-yilda bu koeffitsiyent 0,78 ni, 2021-yilda 0,81 ni, 2020-yilda esa 0,84 ni tashkil etgandi. Bu mamlakatning hozirgi 51 million aholisini saqlab qolish uchun kerak bo'lgan o'rtacha 2,1 bola ko'rsatkichidan ancha past. 2018-yil holatiga ko'ra, Janubiy Koreya Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Tashkiloti (IHTT) a'zolari orasida tug'ilish koeffitsiyenti 1 dan past bo'lgan yagona mamlakat hisoblanadi. Bundan tashqari, o'rtacha koreyalik ayolda birinchi farzand tug'ilgandagi o'rtacha yosh 33,6 yoshni tashkil etadi. Bu IHTT a'zolari orasida eng yuqori natija. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko'ra, agar tug'ilishning shu kabi past darajasi davom etaversa, 2100-yilga borib Osiyoning beshinchi yirik iqtisodiyoti hisoblangan Janubiy Koreya aholisi qariyb yarmiga qisqarib, 26,8 million kishigacha tushib qoladi. 2006-yildan beri mamlakat hukumati tug'ilish darajasining pastligi muammosini hal qilish uchun 270 milliard dollarga yaqin mablag' ajratdi, biroq bu choralar o'z natijasini bermadi. Rag'batlantirishlar orasida er-xotinlar uchun moliyaviy subsidiyalar, bolalarni parvarish qilish xizmatlari va bepushtlikni davolashni qo'llab-quvvatlash kiradi. Juftliklar ko'p bolali oila qurish yo'lidagi to'siqlar sifatida bolalarni tarbiyalash xarajatlari va ko'chmas mulk narxining oshishi, yaxshi maoshli ish o'rinlarining yo'qligi va ta'lim tizimidagi keskin raqobatni tilga oladi, deb yozdi The Guardian. Mutaxassislar, shuningdek, madaniy omillar rolini, jumladan, kasbiy va onalik vazifalarini muvozanatda ushlashda ayollar duch keladigan qiyinchiliklarni, shuningdek, ular birinchi navbatda uy ishlari va bolalarga g'amxo'rlik qilishga mas'ul ekani haqidagi kutilmalarni ta'kidlaydi. | world |
28-fevral kuni Qozog'iston parlamenti Majilisi (quyi palatasi) ikki o'qishda qonunchilikka Ilon Maskka tegishli SpaceX kompaniyasining Starlink sun'iy yo'ldosh internetidan foydalanishni ma'qullovchi tuzatishlarni qabul qildi. Endi qonun Senat tomonidan ma'qullanishi kerak, deb yozadi informburo.kz. Hujjat "aloqa bozorini rivojlantirish, raqamlashtirish va mamlakatda qulay investitsiya muhitini yaratish" maqsadida ishlab chiqilgan, deyiladi xabarda. Qonun 2026-yilgacha geostatsionar bo'lmagan sun'iy yo'ldoshlardan (Starlink, OneWeb) foydalangan holda aloqa texnologiyalarini joriy etish bo'yicha maxsus reglament joriy etishni nazarda tutadi. Bu chekka qishloqlardagi ijtimoiy obyektlarni internet bilan ta'minlash imkonini beradi, deya aniqlik kiritdi informburo.kz. Majilis deputati Yekaterina Smishlyayevaning ta'kidlashicha, qonunning maqsadlaridan biri bunday xizmatlardan foydalanishning huquqiy modelini yaratish hisoblanadi, chunki SpaceX`dan tashqari, o'z sun'iy yo'ldoshlari bilan shu kabi xizmatlarni taklif etuvchi boshqa xorijiy kompaniyalar ham bor. Tuzatishlar qabul qilinishidan bir necha kun oldin Forbes Qozog'iston mamlakatga 500 ta to'plamdan iborat Starlink uskunasining birinchi partiyasi olib kelinganini yozgandi . Ularni qishloq maktablariga o'rnatish rejalashtirilgan. | world |
Illinoys okrug sudi sobiq prezident Donald Trampni 19-mart kuni bo'lib o'tadigan Respublikachilar partiyasidagi praymerizda saylov byulletenidan chetlashtirish haqida qaror qabul qildi, deb xabar bermoqda CNN. Sud bu "kutilmagan" qarorni AQSh Konstitutsiyasiga davlat lavozimlarida ishlashni taqiqlovchi 14-tuzatish asosida qabul qildi, deya qayd etdi telekanal. Sobiq prezidentga qarshi da'vo bir guruh saylovchilar tomonidan "Free Speech For People" advokatlik tashkiloti bilan birgalikda qo'zg'atilgan. Sud qarori hali kuchga kirmagan va Tramp jamoasi apellyatsiya berishi mumkin. Illinoys Trampga Respublikachilar partiyasining praymerizlarida qatnashishni taqiqlagan AQShning uchinchi shtatiga aylandi. Ilgari shunga o'xshash asoslar bo'yicha qarorlar Kolorado va Meyn shtatlari sudlari tomonidan qabul qilingan. Tramp Koloradodagi praymerizlardan chetlatilganiga qarshi Oliy sudga apellyatsiya berdi, birinchi eshituvlar fevral oyi boshida bo'lib o'tdi. Mutaxassislar o'z xulosalariga ko'ra, sud sobiq prezidentga moyil bo'lib, uning foydasiga qaror chiqarishi mumkin, deb hisoblamoqda. Agar bu sodir bo'lsa, boshqa shtatlardagi taqiqlar ham olib tashlanishi kerak. Oliy sud, shuningdek, 22-aprel kuni Trampning 2020-yilgi saylov natijalarini bekor qilishga urinishi to'g'risidagi ayblovga bo'lgan immuniteti bo'yicha sud majlisini o'tkazishga rozi bo'ldi. Ilgari ikkita quyi sud unga qarshi qaror chiqargan edi. 14-tuzatishning uchinchi qismi 1868-yilda Amerika fuqarolar urushidan keyin sobiq Konfederatsiya amaldorlarini hokimiyatdan chetlatish uchun qabul qilingan. Zamonaviy davrda u kamdan-kam qo'llaniladi. Koloradodagi sud uni prezidentlikka nomzodga qarshi birinchi bo'lib qo'lladi. Sud shuni aniqladiki, Tramp 2020-yilgi saylovlardan so'ng natijalarini bekor qilishga uringan va o'z tarafdorlarini 2021-yil yanvarida Kapitoliyga bostirib kirishga undagan. Siyosatchi bu ayblovlarni rad etadi. | world |
Isroil va Falastinning XAMAS guruhi o'rtasidagi urush natijasida G'azo sektorida halok bo'lganlar soni 30 mingdan oshdi, 70 mingdan ortiq kishi jarohat oldi, deb xabar bermoqda AP G'azo Sog'liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga tayanib. Xuddi shu ma'lumotni Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Adxanom Gebreyesus ham tasdiqladi . Uning qayd etishicha, halok bo'lganlarning aksariyati ayollar va bolalar hisoblanadi. "Bu dahshatli zo'ravonlik va azob-uqubatlarga barham berish kerak", — deb yozdi Gebreyesus X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog'ida. AP`ning aniqlik kiritishicha, G'azo Sog'liqni saqlash vazirligi o'z hisob-kitoblarida tinch aholi va jangchilarni tasniflamaydi. Isroil 10 ming XAMAS jangarisini o'ldirganini da'vo qilmoqda, ammo bunga hech qanday dalil keltirmadi. Ko'pchilik ekspertlarning ta'kidlashicha, janglarning davom etayotgani, aloqadagi uzilishlar va tibbiy tizimning qulashi fonida vafot etayotganlar sonini aniqlash qiyinligi inobatga olinsa, G'azodagi rasmiy qurbonlar soni unchalik katta emas, deb yozadi The New York Times. Gazetaning ta'kidlashicha, AQSh, Misr va Qatar Isroil hamda XAMAS o'rtasida vositachi bo'lib, o't ochishni to'xtatish va isroillik garovga olinganlarni ozod qilish bo'yicha kelishuv ustida ishlarni davom ettirmoqda, ammo uni har ikki tomon ham qabul qilishi istiqbollari "noaniq" bo'lib qolmoqda. Bir necha haftadan beri sulh bo'yicha muzokaralar davom etmoqda va, ayniqsa, Isroil armiyasi Rafahda quruqlikdagi hujumga tayyorgarlik ko'rayotgan bir paytda faollashdi. Shahar Isroil harbiy amaliyoti boshlanganidan so'ng G'azo shimolidan qochgan 1,5 millionga yaqin odamga boshpana bergandi — bu anklav umumiy aholisining yarmidan ko'p. | world |
Shvetsiya 7-mart kuni rasman Shimoliy Atlantika alyansining (NATO) 32-a'zosiga aylandi. A'zolik haqidagi protokol AQSh Davlat departamenti tomonidan e'lon qilindi . 11-mart kuni NATOning Bryusseldagi qarorgohi oldida Shvetsiya bayrog'ini ko'tarish marosimi bo'lib o'tadi. Protokoldan skrin. AQSh prezidenti Jo Bayden Kongressda "Mamlakatning holati haqida"gi nutqida Shvetsiyaning ittifoqqa qo'shilishini e'lon qilishi kutilmoqda. Oq uy bayonotida aytilishicha , tadbirga Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson taklif etilgan. Fevral oyi oxirida Vengriya parlamenti Shvetsiyaning NATOga a'zo bo'lish bo'yicha bergan arizasini ratifikatsiya qilgandi . Vengriya Stokgolm arizasini ma'qullagan NATOning so'nggi a'zosi bo'ldi. "Shvetsiyaning 200 yillik betaraflik va harbiy blokka qo'shilmaslik siyosati yakuniga yetmoqda. Biz o'zligimizni va o'zimiz ishonadigan barcha narsani yaxshiroq himoya qila olish uchun ham NATOga qo'shilmoqdamiz. Biz boshqalar bilan birgalikda erkinligimiz, demokratiyamiz va qadriyatlarimizni himoya qilamiz", — dedi Kristersson. | world |
Yevropa iqlim xizmati Copernicus hisobotiga ko'ra, 2024-yilning fevral oyi meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng issiq fevral bo'ldi. Fevral oyidagi o'rtacha harorat 13,54 darajani tashkil etgan, bu 1991−2020-yillardagi o'rtacha ko'rsatkichdan 0,81 darajaga yuqori hisoblanadi. Bu natija, shuningdek, 2016-yilning fevrali — bundan avvalgi rekordga nisbatan ham 0,12 darajaga ko'p. Sinoptiklarning ta'kidlashicha, fevral oyining birinchi yarmida o'rtacha kunlik global harorat juda yuqori bo'lgan. 8−11-fevral oralig'ida ko'rsatkichlar 1850−1900-yillardagi sanoatgacha bo'lgan holatdan 2 daraja yuqori bo'lgan. Copernicus`ning ta'kidlashicha, o'tgan fevral oyi, shuningdek, havo harorati ob-havo rekordlaridan oshib ketgan ketma-ket to'qqizinchi oy bo'lgan. Fevral oyida Yevropa bo'ylab o'rtacha harorat odatdagidan 3,3 daraja yuqori bo'lgan. Bundan tashqari, Sibir mintaqalari, Shimoliy Amerikaning bir qismi, Janubiy Amerikaning katta qismi, Afrika va g'arbiy Avstraliyada ob-havo iliqroq bo'lgan. "Fevral so'nggi bir necha oy ichida kuzatilayotgan ketma-ket rekordlar qatoriga qo'shildi. Bu qanchalik ajoyib ko'rinmasin, aslida ajablanarli emas, chunki iqlim tizimining doimiy isishi muqarrar ravishda yangi ekstremal haroratlarga olib keladi. Iqlim atmosferadagi issiqxona gazlarining haqiqiy konsentratsiyasiga javob beradi, shuning uchun uni barqarorlashtira olmasak, muqarrar ravishda yangi global harorat rekordlari va ularning oqibatlariga duch kelishda davom etamiz", — dedi Copernicus direktori Karlo Buentempo. Sinoptiklarning ma'lumotlariga ko'ra, 2023/2024-yilgi qish mavsumida (dekabr-yanvar-fevral) yog'ingarchilik dunyoning bir qator mintaqalarida o'rtacha darajadan yuqori bo'lgan. Ular orasida Markaziy Osiyo, Xitoy, Yaponiya, Pokiston va boshqalar bor. | world |
Nyu-York shahrida (AQSh) xotinini pichoqlab, unga og'ir tan jarohati yetkazgan 46 yoshli o'zbekistonlik erkak politsiya xodimlari tomonidan otib o'ldirildi, deya xabar bermoqda New York Post. Hodisa Kvins dahasida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o'tkazilayotgan ziyofat paytida yuz bergan. Voqeaga er-xotin Jamshid Ne'matov va Amira Ne'matova o'rtasida kelib chiqqan janjal sabab bo'lgan. Nizo paytida er xotiniga pichoq bilan zarba bergan va uni og'ir jarohatlagan. Voqea joyiga yetib kelgan politsiya xodimlari erkakdan qo'lidagi pichoqni tashlashni talab qilgan. Biroq u talabga bo'ysunmagan, politsiya xodimlari esa unga o'q uzishga majbur bo'lgan. Oqibatda Jamshid Ne'matov halok bo'lgan. 43 yoshli xotini kasalxonada davolanmoqda va u erining o'limidan xabardor emas. Oilaning ismini oshkor etmagan qarindoshining aytishicha, erkakning sog'lig'ida muammolar bo'lgan. Ma'lumotlarga ko'ra, er-xotin 20 yildan buyon birga yashab kelgan va ularning 4 nafar — 23 va 20 yoshli ikki qizi hamda 17 va 14 yoshli ikki o'g'li bor. | world |
12-mart kuni Yevropa parlamenti (YP) Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini aylanib o'tganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortuvchi qonunni ma'qulladi. Tashabbusni 543 deputat qo'llab-quvvatladi, 45 nafari qarshi ovoz berdi, yana 27 nafari betaraf qoldi, deyiladi YP saytida. Hujjat ittifoqqa a'zo barcha davlatlarda YI sanksiyalarini qo'llashni "uyg'unlashtirish" uchun qabul qilingan. Endi qonun Yevropa kengashi tomonidan tasdiqlanishi kerak. Keyin YeI mamlakatlariga uni amalda qo'llash uchun bir yil vaqt beriladi. "Yangi qonun qonunbuzarliklarning izchil ta'riflarini o'rnatadi, bu, jumladan, mablag'larni muzlatib qo'ymaslik, sayohat taqiqlari yoki qurol-yarog' embargosiga rioya qilmaslik, sanksiyalangan shaxslarga pul mablag'larini o'tkazish yoki sanksiyalangan mamlakatlarning davlat korxonalari bilan biznes yuritishni o'z ichiga oladi. Sanksiyalarni buzgan holda moliyaviy xizmatlar yoki yuridik maslahatlar ko'rsatish ham jazoga tortiladigan jinoyatga aylanadi", — deyiladi xabarda. Jismoniy shaxslar sanksiyalarni buzgani yo chetlab o'tgani uchun YIning barcha mamlakatlarida besh yilgacha qamoq jazosiga tortiladi. Kompaniyalarga esa jarima qo'llanadi. "Rossiya bosqinidan Yevropadagi qonunbuzar jinoyatchilar foyda ko'radi…Bizga bu qonun kerak, chunki turli milliy yondashuvlar zaiflik va bo'shliqlar yaratdi", — dedi Yevroparlamentning maxsus ma'ruzachisi Sofi in't Veld. Qonun, shuningdek, Rossiyaning muzlatilgan xususiy aktivlarini sud qarori bilan musodara qilishga ruxsat berishi kutilmoqda. Fevral boshida YeI Ukrainaga bosqinning ikki yilligi munosabati bilan Rossiyaga qarshi 13-sanksiya paketini tasdiqlagan edi . | world |
Ostona jinoiy sudi Qozog'iston Milliy xavfsizlik qo'mitasi raisining sobiq birinchi o'rinbosari Samat Abishni yanvar oyidagi namoyishlar bo'yicha aybdor deb topdi. U sakkiz yil shartli qamoq jazosiga hukm qilindi, deb xabar bermoqda Zakon.kz. Abish — Qozog'istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning jiyani. U 2015-yildan buyon Milliy xavfsizlik qo'mitasi raisining birinchi o'rinbosari bo'lib ishlagan, biroq 2022-yil yanvarida mamlakatda boshlangan ommaviy norozilik namoyishlaridan so'ng ko'p o'tmay o'z lavozimidan ayrilgan. Abishga nisbatan jinoiy ish o'tgan yilning sentabrida ochilgandi . Unga yanvar voqealari vaqtida hokimiyat va mansab vakolatlarini suiiste'mol qilganlikda ayblangan. Sud jarayoni yopiq tarzda kechdi. Sud matbuot xizmati Abish "aybiga to'liq iqror bo'lgani va chin dildan pushaymon ekanini" ta'kidladi. Sud sudlanuvchining yosh bolalari borligi va uning pushaymonligini yengillashtiruvchi holatlar sifatida tan oldi. Og'irlashtiruvchi holatlar aniqlanmagan, deyiladi xabarda. Qozog'iston Ichki ishlar vazirligi rahbari Yerjan Sadenovning matbuotga aytishicha , Abish o'z yashash joyida va probatsiya nazorati ostida bo'ladi, unga mamlakatdan chiqish taqiqlanadi. 2-yanvar kuni Qozog'iston g'arbida gaz narxi oshishiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari bo'lib o'tdi , keyinchalik bu norozilik boshqa shaharlarga, jumladan, Olmaota va Ostonaga ham tarqaldi. Namoyishchilarning talablari ijtimoiy-iqtisodiy talablardan siyosiyga o'zgardi. Jumladan, ular Nazarbayevning Xavfsizlik kengashi rahbari lavozimidan ketishini talab qilishdi. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, o'shanda 200 dan ortiq odam halok bo'lgan . Keyinchalik bu voqealar qozoqchada "Qandy Qantar" degan ma'noni anglatuvchi "Qandy Qantar" nomi bilan mashhur bo'ldi. O'shanda yanvar oyida Qozog'iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev MXQ rahbari Karim Masimovni ishdan bo'shatgandi. Keyinroq u davlatga xiyonat qilishda gumonlanib hibsga olingan . Aprel oyida sud Masimovni 18 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi . | world |
Moskva viloyatidagi "Krokus Siti Holl" konsert zalida sodir etilgan terakt yuzasidan jinoyat ishi bo'yicha tergov harakatlari davom etmoqda, ayni paytda qurbonlar soni 93 kishi ekani aniqlangan, deb xabar berdi Rossiya Tergov qo'mitasi. "O'lganlar soni yana ortishi mumkin. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, o'limga o'q jarohatlari va yong'in tufayli zaharlanish sabab bo'lgan", — deyiladi qo'mita xabarida. Avvalroq Sog'liqni saqlash vazirligi teraktda halok bo'lganlarning to'liq bo'lmagan ro'yxatini e'lon qilgan, unda 37 kishining ism-shariflari keltirilgandi. Jabrlanganlarning yangilangan ro'yxatida esa 121 kishi nomi keltirilgan . "Interfaks"ning Kreml matbuot xizmatiga tayanib yozishicha , Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov Rossiya prezidenti Vladimir Putinga 11 kishi, jumladan, "Krokus Siti Holl"da terakt sodir etishda gumon qilinayotgan barcha to'rt kishi hibsga olingani haqida ma'lum qildi. Bortnikov Putinga FXX terrorchilarning sheriklarini aniqlash ustida ish olib borayotganini haqida ham xabar bergan. Ma'lumot uchun, Moskva meri Sobyanin teraktda halok bo'lganlarning oilalariga har bir qurbon uchun 3 million rubldan to'lash topshirig'ini berdi. Eslatib o'tamiz, juma kuni tunda sodir etilgan terakt uchun javobgarlikni ISHID-Xuroson (ISHID-K) o'z zimmasiga olgan . Bu ma'lumotni AQSh razvedka xizmatlari ham tasdiqlagan. | world |
O'tgan dam olish kunlari Tel-Aviv va Quddusda minglab odamlar namoyishga chiqdi, bu 2023-yil oktabr oyida HAMAS Isroil hududiga hujum uyushtirgach, G'azo sektorida urush boshlangandan beri Isroildagi eng yiriklari bo'ldi, deb xabar bermoqda CNN. Namoyishchilar orasida HAMAS tomonidan asirga olingan isroilliklarning qarindoshlari ham bor, ular garovga olinganlarni ozod qilishni talab qildi. Shuningdek, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxudan iste'foga chiqish va yangi saylovlar o'tkazish talab qilindi. Namoyishchilar "Garovdagilarni hoziroq qutqaring" va "Uni almashtiring, ularni qutqaring" kabi yozuvlar yozilgan plakatlarni ko'tarib olgandi. Isroil muxolifati yetakchisi Yair Lapid namoyishda so'zga chiqib, Netanyaxuni keskin tanqid qildi. Uning so'zlariga ko'ra, bosh vazir uchun o'z lavozimida qolish muhim, hukumat esa garovga olinganlarning oilalari borligiga e'tibor bermayapti. Namoyishchilar Tel-Avivda markaziy yo'llarni to'sib qo'ydi, Quddusda esa Knesset (parlament) binosi yonida to'planib, Netanyaxu qarorgohiga yorib kirishga harakat qildi. Ba'zi ishtirokchilar politsiya bilan to'qnashdi. Politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun yomon hidli suvdan foydalandi, 16 kishi hibsga olindi. Yakshanba kuni qorong'u tushgach, namoyishchilar voqea joyida tunash uchun Knesset yaqinida 100 dan ortiq chodir qurdi. Hukumatga qarshi norozilik harakatlari koalitsiyasi bu hafta yana to'rtta miting o'tkazishni rejalashtirmoqda. Axios nashrining yozishicha , Netanyaxu avvalroq "Mossad" direktori va boshqa isroillik muzokarachilarning HAMAS bilan garovga olinganlarni ozod qilish bo'yicha kelishuvga erishish uchun ularga "ko'proq harakat erkinligi" berish haqidagi iltimoslarini rad etgan. Hukumatning bir qancha a'zolari ham bosh vazirni ko'proq moslashuvchanlik ko'rsatishga chaqirdi, biroq Netanyaxu ularni yumshoqlikda va HAMAS bilan muzokara olib borishga qodir emaslikda aybladi. | world |
Moskva yaqinidagi "Krokus siti holl" konsert zalida sodir etilgan terakt uchun javobgarlikni ISHIDning Afg'onistondagi bo'linmasi — ISHID-Xuroson (ISHID-K) o'z zimmasiga oldi, deb yozmoqda The New York Times . Bu ma'lumotni AQSh amaldorlari ham tasdiqladi. Bir necha qurollangan shaxslarning konsert zaliga uyushtirgan hujumi oqibatida kamida 40 kishi halok bo'lgan , 100 dan ortiq kishi jarohatlangan. Gazetaning yozishicha, AQSh mart oyida rejalashtirilgan terakt haqida razvedka ma'lumotlarini olgan. 7-mart kuni Qo'shma Shtatlar ehtimoliy hujum haqida ommaviy ravishda ogohlantirgan, shuningdek, bu haqda Rossiya rasmiylariga ham yopiq tartibda xabar bergan. "AQSh razvedka idoralari potensial hujumlar xavfidan xabardor bo'lganlarida "ogohlantirish" majburiyatiga ega", — deyiladi nashr xabarida. Qo'shma Shtatlar Rossiyaga qancha ma'lumot uzatgani noma'lum. AQSh aksilterror xizmatlari vakillaridan iqtibos keltirgan gazeta xabariga ko'ra, so'nggi paytlarda Rossiyada ISHID a'zolarining faolligi kuzatilgan. Yevropada hujumga urinishlarning aksariyati bartaraf etilgan, bu esa guruhning imkoniyatlari pasayib ketgandek taassurot uyg'otgan. Oxirgi hujum esa ushbu baholashni qayta ko'rib chiqishga majbur qiladi. Soufan Group tahlilchisi Kolin Klarkning The New York Times nashriga aytishicha, ISHID so'nggi ikki yil davomida Moskvaning "Afg'oniston, Checheniston va Suriyaga aralashuvi" bo'yicha o'z propagandalarida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni muntazam ravishda tanqid qilib keladi. 19-mart kuni Federal xavfsizlik xizmati hay'ati yig'ilishida Rossiya prezidenti Vladimir Putin G'arb razvedka xizmatlarining ogohlantirishini " provokatsion" deb atagandi. "Bularning barchasi ochiqdan-ochiq shantaj va jamiyatimizni qo'rqitish hamda beqarorlashtirishga bo'lgan niyatga o'xshaydi", — degan u ( iqtibos Kreml veb saytidan keltirildi ). AQSh, shuningdek, yanvar oyi boshida Eronni 85 ga yaqin odamning hayotiga zomin bo'lgan va 200 dan ortiq odam yaralangan terrorchilik hujumi oldidan ham ogohlantirgandi. Keyinroq Kirmon shahrida Islom inqilobi qo'riqchilari korpusi generali Qosim Sulaymoniyning 2020-yilda vafot etganining to'rt yilligi munosabati bilan motam marosimlari o'tayotgan qabristonda portlashlar sodir bo'lgan . G'arb razvedka xizmatlari dafn marosimi vaqtida ehtimoliy hujum haqida ma'lumot to'plagan. O'shanda javobgarlikni ISHID-K ham o'z zimmasiga olgandi. | world |
22-mart kuni kechqurun Moskvadagi "Krokus siti holl" binosiga konsert boshlanishidan oldin qurollangan odamlar bostirib kirib, o't ochdi. Binoda bir nechta portlashlar sodir bo'ldi va yong'in boshlandi. Qurbonlar soni 40 kishi bo'lgani, 100 dan ortiq kishi jarohatlangani ta'kidlanmoqda . The Bell`ning qayd etishicha , ichkarida jami 6200 tomoshabin bo'lishi mumkin. "RIA Novosti" xabariga ko'ra, hujumchilar soni kamida uch kishini tashkil etgan, ular kamuflyajda bo'lgan. Konsert zalining foyesida noma'lum bosqinchilar tashrif buyuruvchilarni otgan videoda avtomatlar bilan qurollangan kamida to'rt kishi ko'rinadi, deb yozmoqda BBC Rus xizmati. Baza Telegram kanalining yozishicha , hujumchilar jinoyat joyidan qochishga muvaffaq bo'lgan bo'lishi mumkin. Hujumchilar o't ochgandan so'ng ular granata yoki bomba uloqtirgan, oqibatda yong'in boshlangan, deb yozadi "RIA Novosti". Binoning tomi qulab tushgan. O't o'chiruvchilar 100 ga yaqin odamni konsert yerto'lasidan olib chiqdi , binodan odamlarni qutqarish ishlari olib borilmoqda. Rossiya Tergov qo'mitasi terakt moddasi bo'yicha jinoiy ish qo'zg'atdi. Kelgusi dam olish kunlari Moskvada barcha ommaviy tadbirlar bekor qilindi . 18-mart kuni AQShning Rossiyadagi elchixonasi amerikalik fuqarolarni Yevropada, jumladan, Rossiyada va, ayniqsa, Moskvada rejalashtirilayotgan teraktlar xavfi haqida ogohlantirgandi . | world |
Dushanba kuni kechqurun Isroil harbiylari G'azodagi World Central Kitchen (WCK) xayriya tashkiloti insonparvarlik karvonini o'qqa tutdi. Bu haqda tashkilot ma'lumotlariga tayanib, The Times of Israel xabar berdi . Ta'kidlanishicha, hodisa oqibatida yetti kishi halok bo'ldi, ular orasida Avstraliya, Buyuk Britaniya va Polsha fuqarolari ham bor. World Central Kitchen hujumni "kechirib bo'lmas" deb atadi va karvon tashkilot logotiplari bilan tamg'alanganini va harakat Isroil harbiylari bilan muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilganini bildirdi. Havo hujumidan so'ng qonga bo'yalgan Britaniya, Polsha va Avstraliya pasportlari, Dayr al-Balada, G'azo sektori, 1-aprel. Foto: AP World Central Kitchen G'azodagi faoliyatini noma'lum muddatga to'xtatadi, deya ma'lum qildi tashkilot. Isroil mudofaa kuchlari ma'lumotiga ko'ra, "fojiali voqea" tergov qilinmoqda: harbiylar "ushbu fojiali hodisani tushunishga harakat qilyapti", Isroil armiyasi esa zarba uchun javobgarlikni to'g'ridan-to'g'ri o'z zimmasiga olmagan. World Central Kitchen urush paytida G'azoda faoliyat yuritayotgan asosiy gumanitar tashkilotlardan biridir. Harbiy harakatlar boshlanganidan beri tashkilot 32 milliondan ortiq ovqat tarqatdi . Xalqaro tashkilotlar ma'lumotlariga ko'ra, G'azo sektorining 300 mingga yaqin aholisi yaqin kelajakda ochlikdan o'lim topish xavfi ostida. | world |
Isroil aviatsiyasi Eronning Damashq (Suriya)dagi konsulligiga zarba berdi, oqibatda Islom inqilobi qo'riqchilari korpusi (IIQK)ning yetti nafar a'zosi halok bo'ldi, deb xabar bermoqda CNN. Halok bo'lganlar orasida IIQKning yuqori martabali qo'mondoni Muhammad Rizo Zohidiy ham bo'lgan, u Eron tashqarisida maxsus operatsiyalar o'tkazish uchun mas'ul "Quds" kuchlarining elita bo'linmasiga qo'mondonlik qilgan . CNN`ning ta'kidlashicha , Zohidiy AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp 2020-yil yanvar oyida Bag'dodda IIQK generali Qosim Sulaymoniyni o'ldirishga ko'rsatma berganidan beri "eng muhim nishon" bo'lgan. Muhammad Rizo Zohidiy. Foto: Fars Media Corporation / Wikimedia CC BY 4.0. Hujumda IIQKning yana bir yuqori martabali qo'mondoni Muhammad Hodi Hoji Rahimiy ham halok bo'lgan. Voqea joyidan olingan kadrlarda konsulxona butunlay vayron bo'lganini ko'rish mumkin. Eronning Damashqdagi elchisi Husayn Akbariyning aytishicha, Isroilning F-35 qiruvchi samolyotlari tomonidan binoga oltita raketa uchirilgan. Isroil rasmiylari voqea yuzasidan hech qanday izoh bermadi, biroq Isroil mudofaa kuchlari matbuot kotibi Daniel Xagari CNN`ga hujum qilingan bino konsullik emas, ""Quds" kuchlari harbiy binosi" ekanini aytdi. Isroilning to'rt nafar rasmiysi anonim tarzda Damashqdagi hujum ortida Isroil turganini tan oldi, deb yozmoqda New York Time. Damashq konsulligiga qilingan hujum Isroilning Suriyadagi IIQK va Eron tomonidan qo'llab-quvvatlanayotgan Livandagi "Hizbulloh" guruhiga qaratilgan zarbalarining so'nggisi bo'ldi, deya aniqlik kiritmoqda CNN. Telekanalning qayd etishicha, hodisa "so'nggi tomchi" bo'lishi va mintaqada keskinlikning yangi bosqichiga olib chiqishi mumkin. Eron va Suriya Isroilni zarbani uyushtirganlikda aybladi va Tehron "keskin javob" bo'lishidan ogohlantirdi . "Hizbulloh", shuningdek, hujum ortidan "jazo va o'lim" kelishini va'da qildi. Bundan tashqari, Eron rasmiylari AQShni Isroilni qo'llab-quvvatlagani uchun "javobgar" qilishlarini bildirdi. | world |
Qirg'iziston prezidenti Sadir Japarov "Notijorat tashkilotlari to'g'risida"gi qonunga "xorijiy vakil" tushunchasini kirituvchi o'zgartirishlarni imzoladi. Bu haqda u Facebook`dagi sahifasida ma'lum qildi . Qirg'iziston ommaviy axborot vositalari va huquq himoyachilari hujjatni "xorijiy agentlar to'g'risidagi qonun" deb atadi va uning Rossiyaning xorijiy agentlar haqidagi qonuniga o'xshashligini qayd etdi. "Mamlakatimizda 30 yildan beri faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari hech qayerda ro'yxatdan o'tmagan. Ular hech kimga hisobot berishmagan. Ular faqat bank hisob raqamlarini ochib, xorijiy donorlardan pul olib, o'z ixtiyoriga ko'ra, jumladan, shaxsiy maqsadlariga ham ishlatgan… Endi ular ochiq ishlay boshlaydi. Avvalgidek tartibsizlik bo'lmaydi", — deb yozgan Qirg'iziston rahbari. Japarovning so'zlariga ko'ra, chet ellik donorlar bu qonunga qarshi chiqmoqda, chunki qirg'iz nodavlat tashkilotlari ularni "aldayapti". "Ular "bizni ta'qib qilishadi, xorijiy agent sifatida hibsga olishadi", deb yolg'on ma'lumot tarqatishmoqda", — deydi u. "Siz 30 yildan beri xorijlik donorlar bilan ishlaysiz va hech kim sizni pul olganingiz uchun ta'qib qilmagan. Buni hozir boshlaylikmi? Davlat rahbari sifatida hech qanday ta'qiblar bo'lmasligiga kafolat beraman", — dedi prezident. Japarovning so'zlariga ko'ra, qabul qilingan qonun "mamlakatga faqat foyda keltiradi". "Biz hamma narsani ochiq ko'rsatmoqchimiz, shunda hamma teng sharoitda ishlaydi. Shunda xorijlik donorlar qancha mablag' sarflangani va qanday loyihalar uchun foydalanilganini ko'rishlari mumkin bo'ladi. Va ular aldanmaydi", — dedi u. Yangi o'zgartirishlarga ko'ra, xorijiy vakil xorijdan mablag' oladigan va Qirg'izistondagi "siyosiy faoliyat"da, jumladan, xorijiy manbalar manfaatlarini ko'zlab ishtirok etuvchi notijorat tashkilot hisoblanadi. Bunday faoliyat deganda davlat organlari va jamoatchilik fikriga ta'sir o'tkazish maqsadida harakatlarni amalga oshirish tushuniladi. Qonun nodavlat notijorat tashkilotlarini organlarga moliyalashtirish manbalari, mulk va xodimlar to'g'risida ma'lumot berishga majbur qiladi. Bundan tashqari, ular davlat organlari tomonidan rejali va rejadan tashqari tekshiruvlarga duchor bo'lishi mumkin, ular ham huquqbuzarlik holatlarida tashkilot ishini to'xtatib turish huquqini olgan. Qirg'iziston parlamenti qonun loyihasini 14-mart kuni uchinchi o'qishda ma'qulladi . | world |
Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddin Rossiya huquq-tartibot idoralari "Krokus siti holl"dagi teraktni tergov qilish davomida xalqaro huquqiy me'yorlar va tamoyillarga amal qilishi, xususan, aybsizlik prezumpsiyasi va qiynoqlarga qo'yilgan taqiqga rioya qilishlari kerakligini aytdi. Bu haqda u 12-aprel kuni Minskda bo'lib o'tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi tashqi ishlar vazirlari kengashi yig'ilishida gapirdi, deya xabar berdi "Aziya-Plyus" nashri. "Ochiq axborot maydonida terrorchilik harakati sodir etganlikda gumonlanayotgan shaxslar tan jarohati yetkazish tarzidagi qiynoqlar qo'llangan holda hibsga olingani aks etgan tasvirlar namoyish etilishiga yo'l qo'yib bo'lmaydi. Bu yo'l bilan olingan iqrorlarning bahosi hammaga yaxshi ma'lum", — degan vazir. Tojikiston TIV rahbari, shuningdek, "yaxshi o'ylanmagan axborot kampaniyasi" oqibatida "Tojikiston fuqarolari va tojikistonliklarga nisbatan salbiy tushuncha shakllanayotganini va bu qabul qilib bo'lmaydigan holat" ekanini ta'kidlagan. Uning so'zlariga ko'ra, Tojikiston terakt bo'yicha tergov xolis va adolatli bo'lishini, barcha: "tashkilotchilar, aybdorlar, ularning sheriklari va bu dahshatli jinoyatga buyurtma berganlar" jazolanishini kutadi. Eslatib o'tamiz, 22-mart kuni kechqurun Moskva yaqinidagi "Krokus siti holl" konsert zaliga terrorchilar bostirib kirdi. Ular konsert zaliga tashrif buyurgan tomoshabinlar va u yerdagi xodimlarga qarata o't ochdi, keyin esa zalni yoqib yubordi. Voqea oqibatida 144 kishi halok bo'ldi, 500 dan ortiq kishi jarohatlandi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov 26-mart kuni sodir etilgan teraktga aloqador 11 kishi qo'lga olinganini ma'lum qildi . Ish bo'yicha dastlabki to'rt nafar ayblanuvchi — Tojikiston fuqarolari 25-martga o'tar kechasi sud qarori bilan hibsga olindi , ularga terrorchilik moddasi bo'yicha ayblov e'lon qilingan. Dalerjon Mirzoyev, Saidakrami Rajabalizoda, Muhammadsobir Fayzov va Shamsiddin Fariduni ikki oy muddatga hibsga olindi. Sud yopiq eshiklar ortida o'tdi . Ommaviy axborot vositalari tomonidan e'lon qilingan sud jarayonidan olingan fotosuratlar va videolarda ayblanuvchilar hibsga olish paytida yoki hibsga olingandan keyin jarohatlanganini ko'rish mumkin. Dalerjon Mirzoyevning bo'yniga polietilen paket o'ralgan. Hibsga olish chog'ida Saidakrami Rajabalizoda qulog'ining bir qismini kesib, uni yeyishga majburlangan (holat aks etgan video Telegram kanallarida tarqatilgan). Sud zalidan olingan suratda uni qulog'iga bog'lab qo'ygan holda ko'rish mumkin. Muhammadsobir Fayzov sudga aravachada olib kelindi. 23-mart kuni hibsga olinganidan so'ng uning ko'zi shishgan va qonagan holda tushgan surati chiqdi. Keyinchalik uning ko'zi o'yilgani haqida ma'lumot paydo bo'ldi. Sud majlisidan olingan suratda u tibbiy xalatda va aravachada tasvirlangan bo'lib, zaldagi majlisga munosabat beradigan darajada emasligini ko'rish mumkin. Hujumdan ikki kun o'tib, Shamsiddin Fariduniyning hibsga olinganidan keyingi surati paydo bo'ldi, u, aftidan, elektr toki bilan qiynoqqa solingan. Rossiya ombudsmani Tatyana Moskalkova 26-mart kuni hibsga olinganlar va ayblanuvchilarga nisbatan qiynoqlar qo'llanishiga yo'l qo'yib bo'lmasligi, barcha protsessual va operativ harakatlar qonunga muvofiq amalga oshirilishi kerakligini aytdi . "Meduza"ning ta'kidlashicha , hatto o'ta og'ir jinoyat sodir etgan shaxslarning ham qiynoqlarga uchragani butun jamiyat uchun xavflidir. | world |
Janubiy Koreyada muxolifatchi Koreya demokratik partiyasi parlament saylovlarida hukmron Xalq kuchi partiyasidan sezilarli o'zib ketdi, deb yozmoqda The Korea Times. Barcha ovozlarni sanab chiqish natijalariga ko'ra, demokratik partiya Milliy assambleyadagi (parlament) 300 ta o'rindan 175 tasini qo'lga kiritdi. Muxolifatchi partiyalar umumiy hisobda 190 dan ortiq o'rinni egalladi. Bu Koreya demokratik partiyasining 2016-yildan beri parlament saylovlarida ketma-ket uchinchi g'alabasi bo'ldi. Xalq kuchi partiyasi jami 108 ta o'rinni oldi. Natijalar e'lon qilingandan so'ng partiya rahbari Xan Dong Xun o'z lavozimidan ketishini e'lon qildi. Bosh vazir Xan Dok Su ham mag'lubiyat tufayli iste'foga chiqishni taklif qilgan . 10-aprel kuni bo'lib o'tgan saylovlarda 29 milliondan ortiq janubiy koreyalik ishtirok etdi . Saylovchilar ishtiroki 67 foizga yetdi — bu mamlakatdagi 32 yil ichidagi eng yuqori ko'rsatkich. BBC nashrining yozishicha , bu saylovlar ko'plab ekspertlar tomonidan besh yillik vakolati uch yildan keyin tugaydigan prezident Yun Sok Yolga ishonch bildirish bo'yicha oraliq referendum sifatida baholanadi. Uning legitimligi 2022-yilda saylanganidan beri yashash narxining oshishi va qator siyosiy janjallar tufayli tushib ketdi . Saylovga bir necha hafta qolganda prezident "inflyatsiyaning saylovchilarga ta'sirini tan olmagani" uchun qattiq tanqid qilindi, deb yozadi BBC. Mart oyida Yun Seul bozoriga tashrif buyurdi va ko'k piyozning maqbul narxlarda sotilishi bilan maqtandi. Biroq subsidiyalar tufayli mahsulot narxi arzonlashgandi. Yunning bayonoti jamiyatda salbiy munosabatga sabab bo'ldi va keyinchalik fermerlarning noroziliklariga ham uchradi hamda Koreya demokratik partiyasi saylov mitinglariga ko'k piyoz bog'lari olib chiqildi. Hukmron partiyaning pozitsiyasiga fevral oyidan beri davom etayotgan stajyor shifokorlarning ish tashlashi ham ta'sir ko'rsatdi. 8500 dan ortiq kichik shifokorlar hukumatning tibbiyot oliy o'quv yurtlariga qabul kvotalari oshirish rejasiga qarshi norozilik sifatida iste'foga chiqish to'g'risida ariza yozgan. Xalq kuchi partiyasi va Yunning reytinglari prezident rafiqasi Kim Kong Xi bilan bog'liq janjaldan keyin tushib ketdi. Xonim 2200 dollardan ortiq turuvchi Dior sumkasini ruhoniydan sovg'a sifatida qabul qilgan. Ruhoniy 2022-yil sentabrida bo'lgan bu hodisani o'z soatiga yashirilgan maxfiy kamera bilan yozib olgan. Keyin bu yozuv internetda paydo bo'ldi va mamlakat rahbari, birinchi xonim va partiyaning yuqori martabali a'zolariga nisbatan korrupsiya ayblovlarini keltirib chiqardi. | world |
Isroil Suriyadagi Eron konsulligiga berilgan zarbadan keyin Eron yoki unga tegishli kuchlar tomonidan hujum bo'lishiga tayyorlanmoqda, chunki Tehron bunda Isroil harbiylarini ayblamoqda, deb yozadi Reuters. Hindiston, Fransiya, Polsha va Rossiya o'z fuqarolarini mintaqaga sayohat qilishdan ogohlantirmoqda, AQSh esa Isroildagi Amerika elchixonasi xodimlari va ularning oila a'zolariga mamlakat ichida sayohat qilishni to'xtatib turishni buyurdi . O'zbekistonning Tel-Avivdagi elchixonasi ham Isroilda yashovchi O'zbekiston fuqarolarini ehtiyot choralariga rioya qilishga chaqirdi . Isroil harbiylari odamlarni hushyor bo'lishga chaqirdi, ammo tinch aholiga yangi ko'rsatmalar bermadi. "O'tgan kun davomida harbiylar vaziyatni baholadi hamda Eron hujumi haqidagi xabarlar va bayonotlar ortidan bir qancha ssenariylar bo'yicha rejalarni tasdiqladi", — dedi Isroil Mudofaa armiyasi vakili Daniel Hagari. AQSh rasmiylarining CBS News telekanaliga ma'lum qilishicha , Eron hujumi 100 dan ortiq dron va o'nlab raketalarni o'z ichiga olishi hamda Isroil harbiy obyektlariga qaratilishi mumkin. Telekanal suhbatdoshlariga ko'ra, Tel-Aviv uchun bunday kattalikdagi hujumdan o'zini himoya qilish qiyin bo'ladi. Shu bilan birga, ular Tehron mahalliyroq hujumni tanlashi mumkinligini tan oldi. Politico nashri, o'z navbatida, Eron AQShning aralashuviga olib keladigan "mintaqaviy mojaroni qo'zg'atmay, signal yuborish" uchun Isroilga yirik javob zarbasi berish rejalarini o'zgartirayotganini yozdi . Reuters xabariga ko'ra, AQShdagi eronlik manbalar va diplomatlar ham Tehron Vashingtonga vaziyatni keskinlashtirmaslikka ishora qilgani va "shoshilinch harakat qilmasligi"ni aytgan. Wall Street Journal manbalariga tayanib xabar berishicha , AQSh Eronning Isroilga to'g'ridan-to'g'ri hujumining oldini olishga umid qilib, Tel-Aviv va mintaqadagi Amerika qo'shinlarini himoya qilish uchun ikkita buzg'unchi kemalarini qayta joylashtirgan. Nashr suhbatdoshining ta'kidlashicha, Eron rasmiylari Isroilga hujum qilish rejalarini muhokama qilmoqda, biroq "yakuniy qaror hali qabul qilinmagan". AQSh prezidenti Jo Bayden 12-aprel kuni Oq uyda bo'lib o'tgan matbuot anjumanida Eron Isroilga "kechroq emas, ertaroq" hujum qilishiga ishonishini aytdi . "Biz Isroilni himoya qilishga sodiqmiz. Biz Isroilni qo'llab-quvvatlaymiz. Biz Isroilni himoya qilishga yordam beramiz va Eron muvaffaqiyatga erisha olmaydi", — dedi u. Hozir Eronga qanday signal yubormoqchisiz, degan savolga Bayden: "Bunday qilmang", — deb javob berdi. | world |
Qozog'iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 2024-yilning 13−14-iyun kunlari bo'lib o'tadigan Ostona xalqaro forumini bekor qildi. Bu haqda davlat rahbari X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog'ida yozdi . "Qozog'istonda misli ko'rilmagan suv toshqini va keng ko'lamli vayronagarchilik oqibatlarini bartaraf etish va mamlakat fuqarolariga yordam ko'rsatish uchun moliyaviy resurslarni tejash zarurati tufayli shu yilning 13−14-iyun kunlari bo'lib o'tadigan Ostona xalqaro forumini bekor qilishga qaror qildim. Umid qilamanki, tadbirga taklif etilgan ishtirokchilar bu qarorga tushunish bilan yondashadilar. Ostona xalqaro forumi 2025-yilda o'z ishini tiklaydi", — deb yozgan Qasim-Jomart Toqayev. Ma'lumot uchun, 2023-yil 8−9-iyun kunlari Qozog'iston poytaxtida Ostona xalqaro forumi bo'lib o'tgandi. Unda 70 ta davlatdan mingdan ortiq mehmon ishtirok etdi. Eslatib o'tamiz, Qozog'istonda 76 mingdan ortiq odam xavfli suv toshqini zonalaridan evakuatsiya qilindi, mamlakatning 10 ta hududida favqulodda holat e'lon qilingandi . Qozog'iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bu toshqinlarni so'nggi bir necha o'n yilliklardagi eng yirigi deb atadi . "Ko'p yillardan buyon kuzatilmagan tabiiy ofat yuz berdi. Ehtimol, bu so'nggi 80 yil ichida yuz bergan ko'lami va oqibatlari bo'yicha eng katta ofat", — dedi u xalqqa murojaatida. | world |
Subsets and Splits