cleaned_text
stringlengths 1
200k
⌀ | category
stringclasses 7
values |
---|---|
14 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Hisob palatasining 2021 yilgi faoliyati bo'yicha hisoboti eshitildi. Hisobotda keltirilgan davlat xaridlaridagi qonunbuzilish va korrupsiya holatlari ko'lami ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo'ldi. Ushbu maqolada davlat xaridlarida qanday korrupsion sxemalar mavjudligi hamda ularni bartaraf etish uchun qonunchilikda va nazorat amaliyotida qanday o'zgarishlar qilish kerakligi haqida so'z yuritiladi. Maktab, kasalxona, ko'priklar, yo'llar qurish, ta'mirlash va jihozlash kabi davlat siyosatining iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa ustuvor vazifalarning barchasi davlat buyurtmasi (xaridlari) orqali amalga oshiriladi. Iqtisodda davlat ulushi va ishtiroki katta bo'lgan mamlakatlarda davlat xaridlari xususiy sektor uchun muhim moliyalashtirish manbalaridan biri hisobanadi. Davlat xaridlarining asosiy prinsiplari, bular — ochiqlik va shaffoflik, raqobat, xolislik va korrupsiyaga yo'l qo'ymaslikdir. Lekin, hech kimga sir emaski, davlat xarid va buyurtmalarida korrupsion va raqobatga zid amaliyotlar keng tarqalgan. Hisob palatasining hisobotiga ko'ra, 2021 yilda davlat xaridlari jarayonida 763 ta holatda 971,1 mlrd so'mlik manfaatlar to'qnashuviga yo'l qo'yilgan. Qurilish sohasining o'zida esa 3,5 trln so'mlik tender savdolarida qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining hisobotiga ko'ra esa, 2021 yilda davlat xaridlari bo'yicha 452 ta tender savdolarida 145,3 mlrd co'm miqdorida qonun hujjatlarining buzilish holatlari aniqlangan. Bu faqat aniqlanganlari. Amaliyotda keng uchraydigan davlat xaridlaridagi sxemalarni 2 ta turga bo'lish mumkin: a) buyurtmachi (davlat organi) va tender ishtirokchisi (tadbirkor) o'rtasida til biriktirish (korrupsiya); b) tender ishtirokchilari (tadbirkorlar) o'rtasidagi til biriktirish (kartel kelishuvi). Buyurtmachi (davlat organi) va tender ishtirokchisi (tadbirkor) o'rtasida til biriktirish korrupsion sxemasi ishtirokchilari qo'llashi mumkin bo'lgan usullarni ko'rib chiqamiz. Porasini olgan yoki «otkat» va'da qilingan davlat xizmatchisi o'ziga kerakli tadbirkor tenderda g'olib bo'lishini ta'minlashi uchun amaliyotda bir nechta sxemalardan foydalanadi. Shuni ta'kidlab o'tish lozimki, ushbu qoidabuzarliklar qonunchilikdagi kamchiliklar sababli emas, asosan amaliyotda ularga qarshi kurash sustligidan kelib chiqadi. 1. Soxta saralash. Buyurtmachi tender talablarida tovar (ishlar, xizmatlar)ning xususiyatlarini kerakli ishlab chiqaruvchi firmaning mahsulotiga moslab tavsiflaydi. Yoki tender talablarida faqat kerakli firmada mavjud malakalar alohida ko'rsatilishi mumkin. Bu esa potensial tender ishtirokchilar sonini kamaytiradi va o'ziga kerakli firmaning yutib chiqishiga zamin yaratadi. 2. Tovar (xizmat)ga zarurati yo'q talablar qo'yish. Kerakli firma tenderda yutib chiqishi uchun buyurtmachi mahsulot (xizmat)ga zarur bo'lmagan talablarni qo'yadi. Masalan, tender talablarida yetkazib beruvchining rasmiy diler bo'lishi kerakligi ko'rsatiladi yoki ruxsatnoma sertifikati aynan mahsulotni ishlab chiqargan zavod tomonidan taqdim etish zarurligi, ishni bajarish uchun zarur bo'lmagan hujjatlar, litsenziya va ruxsatnoma, sertifikatlar talab etiladi. Aslida bunday talablarning qo'yilishi tovar (xizmat)ning sifatiga ta'sir qilmasligi mumkin. Biroq bu kerakli firma uchun raqobatni sezilarli darajada kamaytiradi va yutib chiqish imkoniyatlarini oshiradi. 3. Tender hujjatlarini murakkablashtirish. Bunda tender hujjatlari bir necha o'nlab sahifalardan iborat murakkab (noaniq) texnik topshiriqlarni o'z ichiga olgan bo'ladi. Natijada tender ishtirokchilarining ko'pchiligi ularni to'ldirishda xatoga yo'l qo'yishi mumkin. Buyurtmachi esa hujjatlardagi bunday xato va kamchiliklarni asos qilib ishtirokchilarni tenderdan chetlatishi yoki ballarini kamaytirishi mumkin. Natijada tenderda to'g'ri va mukammal «javoblarni» taqdim etgan kerakli firma g'alaba qozonadi. 4. Noxolis (subyektiv) baholash . Bu komissiya tomonidan arizalarni ko'rib chiqishda ishtirokchilar tomonidan ko'rsatilgan ma'lumotlarning to'g'riligini tekshirmasligi yoki baholash tartibida ko'zda tutilmagan takliflar uchun ham qo'shimcha ball berishda namoyon bo'ladi. Masalan, komissiya tomonidan baholash jarayonida ishtirokchilarning xarid predmetiga taalluqli bo'lmagan ko'rsatkich va yutuqlarini inobatga olish. Misol tariqasida Korrupsiyaga qarshi kurash agentligining ma'lumotlarini keltirish mumkin: «Toshkent viloyatida 50,7 mlrd so'mlik qurilish obyekti bo'yicha o'tkazilgan tenderga MCHJ "V" kategoriya bilan kirib, baholashda Qurilish vazirligi tomonidan "SSS" kategoriyaga qayta baholangani oqibatida mazkur MCHJ mag'lub bo'lgan)». Shuningdek, subyektiv baholashning yana bir ko'rinishi sifatida — bu buyurtmachining taklifdagi keyinchalik nazorat qilmagan ko'rsatkichlarni baholash jarayonida inobatga olishidir. Misol sifatida, firma yuqori malakali mutaxassislarga ega ekanligi uchun tenderda g'alaba qozonadi. Lekin shartnomani bajarish jarayonida arizada ko'rsatilgan mutaxassislar ishga jalb qilinmagan va buyurtmachi esa bunga e'tibor bermagan bo'ladi. 5. Tender arizalarining asossiz rad etilishi. Buyurtmachi tomonidan tenderda ishtirokchilarning arizalari asossiz yoki tegishli tushuntirishlarsiz rad etiladi. Shuningdek, hatto tezda bartaraf etilishi mumkin bo'lgan hujjatlardagi mayda kamchiliklar vaj qilinib, firmaning tender yoki auksiondagi ishtiroki rad etiladi. Texnik topshiriqda ish ishlab chiqarish uchun zarur bo'lgan materiallar narxini hisoblab, smetaga kiritish zarurligi haqida hech qanday ko'rsatma bo'lmagan bo'lsa-da, buyurtmachi bunday hisob-kitoblar yo'qligi sababli arizani rad etganini misol keltirish mumkin. Masalan, Aksilkorrupsiya agentligi ma'lumotlariga ko'ra, Bolalar-o'smirlar sport maktabiga 800 mln so'mlik 27 ta turdagi sport inventarlari sotib olish uchun tanlov e'lon qilingan. Takliflarni baholashda tanlov ishtirokchisining takliflar solingan konvertlarni ochish jarayonida bo'lmaganligi sababli firmaning arizasi qabul qilinmagan, vaholanki qonunchilikda tanlov ishtirokchisi vakili tanlovda shaxsan qatnashishi shartligi va ishtirok etmaslik tanlovdan chetlatishga asos bo'lishi belgilanmagan. Takliflarni ko'rib chiqish va baholash bayonnomasida tanlovdan chetlashtirilish sabablari ko'rsatilmagan. 6. « Imkonsiz missiya». Bunda, misol uchun, tender loyihasini bajarishga atayin juda kam muddat qo'yilishi mumkin. Misol uchun, xaridor murakkab montaj ishlari uchun atigi bir kun ajratgan. Tabiiyki, ushbu ishlarni ancha oldin boshlagan yoki oldindan kelishib olgan firmagina tenderda g'olib chiqishi mumkin. Ko'pincha, bunday sxemada buyurtmani bajarish uchun noreal qisqa muddatlar belgilanadi. Natijada, insofli firmalar tender shartlarini bajara olmasligini tushunishadi va ishtirok etishdan bosh tortishadi. Keyin esa, tenderni haqiqiy deb topish uchun qo'g'irchoq firmalar tenderga jalb qilinib, kerakli firma g'olib chiqishi ta'minlanadi. G'olib firma ishni muddatida bajarmasa ham hujjatlar to'g'rilanib, ish «yopti-yopti» qilinadi va hech kim hech qayerga da'vo qilmaydi. Bundan tashqari, buyurtmachi hali tugallanmagan ishlarni qabul qilib, to'lovlarni oldindan amalga oshirib qo'yishi ham mumkin. Amalda ishni muddatidan kech tugatilishi kabi holatlar ham korrupsiyadan dalolat berishi mumkin. Antikorrupsiya agentligining ma'lum qilishicha , 2021 yilning birinchi yarim yilligida 7833 ta qurilishi tugallangan deb foydalanishga qabul qilingan obyektlardan 2928 ta obyekt aslida foydalanishga tayyor holda bo'lmagan. 7. Buyurtmachi tomonidan tenderga oid maxfiy ma'lumotlarni ochiqlash. Masalan, buyurtmachi tanlovda tadbirkorlar tomonidan taqdim etilgan pul kotirovkalari hajmi haqidagi ma'lumotlarni kerakli firmaga oshkor qiladi. Natijada, kerakli firma eng maqbul narxni taklif etib, tender (auksion) g'olibiga aylanadi. 8. X-variant. Buyurtmachi tender hujjatlari va talablari bilan kerakli firmani tender e'lon qilishdan ancha oldin tanishtiradi . Natijada ushbu firma arizasini tayyorlashda ma'lum bir imtiyozga ega bo'ladi. Misol uchun, tender haqidagi e'lon berilgandan keyin hujjatlarni topshirishga bir oy vaqt beriladi, lekin aslida kerakli hujjatlarni tenderga tayyorlash uchun kamida 2−3 oy ketishi mumkin. 9. Bir nechta texnik va funksional jihatdan mustaqil lotlarni bittaga birlashtirish . Bunday hiyla raqobatni cheklash uchun ishlatiladi, chunki bir ishtirokchi bir vaqtning o'zida bir nechta o'zaro bog'liq bo'lmagan ishlarni bajarishga malakasi yetishmasligi mumkin. Odatda tadbirkorlar ma'lum turdagi tovar yoki xizmatlarga ixtisoslashgan bo'ladi. Shu sababli buyurtmachi har xil turdagi ehtiyojlarini bitta xarid (buyurtma)ga jamlashi potensial ishtirokchilarning tenderda ishtirok etishiga to'siq bo'lishi mumkin. Misol sifatida sut mahsulotlaridan qaymoq va pishloqni bir lotga birlashtirishni keltirish mumkin. Odatda pishloq ishlab chiqaruvchilar faqat pishloqqa ixtisoslangan bo'lishadi. Yana bir misol, yo'llar, piyodalar yo'laklari, yer osti o'tish joylari, jamoat transporti bekatlari, ko'priklarni remont va saqlash xizmatlari kabi bir nechta ishni bitta lotga birlashtirish orqali faqat yirik firmalar tenderda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo'lishadi. 10. Noqulay shartlar. Misol uchun, davlat organi bajarilgan ish uchun ko'pchilik tadbirkorlarga maqbul bo'lmagan to'lov shakllarini taklif etadi (uzoq muddatli yoki bo'lib-bo'lib to'lov shakllari) va natijada keraksiz firmalarning tenderga qiziqishini pasaytirishga erishishi mumkin. 11. Rasmiyatchilik. Ish bajarilgandan yoki qurilish boshlangandan keyin tender e'lon qilinadi. Misol uchun, Samarqand viloyati hokimligi kompaniyasi tenderni 2021 yil 3 avgust kuni e'lon qiladi , lekin aslida qurilish may oyida, e'lon qilish muddatidan uch oy oldin boshlangan. 12. «Yashirin» xaridlar. Agar buyurtmachi tenderga begona firmalar e'tiborini qaratishni istamasa, tenderni «yashirishi» mumkin. Misol uchun, sotib olish predmetini yoki tenderni asliga mos kelmagan boshqacha nom bilan ataydi, uning toifasini noto'g'ri belgilaydi. Natijada bu tenderga kamroq firmalar ariza topshiradi va o'ziga kerakli firma yutish imkoniyatlarini oshiradi. 13. Tenderda ishtirok etishdan bosh tortishga undash. Buyurtmachi o'ziga kerakli tadbirkor yutib chiqishi uchun tenderda g'olib bo'lish ehtimoli yuqori bo'lgan tadbirkorga ma'lum bir haq evaziga tenderdan voz kechishni taklif qiladi. 14. Shartnoma shartlarini o'zgartirish yoki bajarilmagan ishni qabul qilish. Kerakli firma tender (auksion)da g'olib chiqish uchun bozor narxiga mos bo'lmagan zararli narxlarni ham taklif etishiga to'g'ri kelishi mumkin. Lekin keyinchalik shartnomani bajarish jarayonida shartnoma shartlari ikki tomonga manfaatli tarzda o'zgartiriladi. Amaliyotda shartnoma narxi o'zgarmagan, lekin amalda xarid kam hajmda yetkazib berilgan holatlarni ham ko'rish mumkin. Bundan tashqari, shartnomadan farqli turdagi mahsulotlar buyurtmachi tomonidan qabul qilib olinishi ham korrupsiya mavjudligidan dalolat beradi. Misol tariqasida 3,2% sut o'rniga 2% sutni yetkazib berishni keltirish mumkin. Misol uchun, Aksilkorrupsiya agentligi ma'lumotlariga ko'ra, Jizzax viloyatida 19 ta obyektda 6,3 mlrd so'mlik qurilish ishlari to'lov hujjatlariga asossiz qo'shib yozilgani va 1,4 mlrd so'mlik aslida bajarilmagan ishlar hisobot hujjatlariga qo'shib yozilgani aniqlangan. Qarshi tumani Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig'i o'zining singlisi ta'sischiligidagi fermer xo'jaligi bilan 149,1 mln so'mlik gul ko'chatlarini o'tkazish bo'yicha shartnoma tuzib, 27,1 mln so'm asossiz xarajatlar hisobotga kiritilib, ortiqcha mablag' olinishiga yo'l qo'yilgani aniqlangan. Shahrisabz tuman «Obod qishloq» dasturi asosida 2 ta mahallada piyodalar yo'lagi qurish va tungi yoritish chiroqlarini o'rnatishda korxona tomonidan 67 mln so'mlik haqiqatda bajarilmagan ishlar qo'shib yozilgani va smeta hujjatlariga materiallar narxlari asossiz oshirib ko'rsatilgani aniqlangan. Shuningdek, Kitob tumanida joylashgan Qashqadaryo viloyat 2-son asab-ruhiy kasalliklar dispanseriga yangi «olib kelingan» Mobile X-Ray RU-510 rusumli rentgen apparati o'rniga qog'oz quti bilan o'ralgan qizil rangdagi eski temir buyum turgani ma'lum bo'ldi . 15. Lobbizm. Bu eng agressiv sxemalardan biri. Bunda davlat organi tomonidan tender o'tkazmasdan kerakli xususiy firma bilan to'g'ridan-to'g'ri shartnoma tuzish uchun maxsus hukumat qarori chiqartirib olinadi. Amaliyotda bu 2 ta ko'rinishda uchraydi: a) qarorda ayrim davlat organlariga tender o'tkazmasdan o'zi xohlagan xususiy firmalar bilan to'g'ridan-to'g'ri shartnoma tuzish huquqi beriladi; b) ayrim qarorlarda tendersiz davlat buyurtmalari bo'yicha to'g'ridan-to'g'ri shartnoma tuzish kerak bo'lgan xususiy firma (MCHJ) nomi aniq ko'rsatiladi. Yuqoridagi holatlardan tashqari, davlat xaridlarida buyurtmachi tomonidan tender (auksion)da g'olib chiqqan firma bilan shartnoma imzolashni kechiktirishi, o'z vaqtida bajarilgan ish bo'yicha topshirish-qabul qilish dalolatnomasini imzolashdan asossiz bo'yin tovlashi, firmaga tender shartnomasi bo'yicha to'lovni vaqtida amalga oshirmasligi kabi holatlar ham mansabdorlarning «otkat» ta'ma qilayotganlidan kelib chiqishi mumkin. Endi esa tender ishtirokchilari (tadbirkorlar) o'rtasidagi til biriktirish holatlarini ko'rib chiqamiz. Buyurtmachining aloqasi yo'q holatda tadbirkorlar o'rtasida ham tenderdagi narxni oshirish yoki g'oliblik bo'yicha kelishuvlar bo'lishi mumkin. Bunda ham insofsiz tadbirkorlar qonun talablarini chetlab o'tish maqsadida turli xil sxemalardan foydalanishadi. 1. «Uch mushketyor». Bu sxema uchun uchta ishtirokchi kerak bo'ladi, ulardan ikkitasi narx tushuruvchi rolini bajarib, narxni iqtisodiy jihatdan foydasiz chegaraga (30−70%) tushiradi. Bunda affillangan yoki soxta firmalar mushketyor rolida ishtirok etishi ham mumkin. Natijada insofli tadbirkorlarning tender yoki auksionga qiziqishi so'nib, tanlovni tark etishga majbur bo'lishadi. Tanlovning so'nggi daqiqalarida uchinchi «mushketyor» narxni raqobatchi narxidan biroz pastroq beradi. Arizalarning ikkinchi qismlarini ko'rib chiqish paytida narxlarni keskin tushirgan «mushketyor"lar atayin ariza hujjatlarida kamchiliklarga yo'l qo'yishadi va shu sababli ularning takliflari buyurtmachi tomonidan rad etiladi. Natijada uchinchi «mushketyor» g'alaba qozonadi. 2. Navbatli g'oliblik. Ushbu sxemaga ko'ra tenderdagi g'oliblik navbatma-navbat bo'ladi. Tenderda tadbirkorlar kelishgan bo'lsa, narxlar arzimagan miqdorgagina (0,5−1%) pasayadi. Foyda esa ko'pincha kelishuv ishtirokchilari o'rtasida subpudrat shaklida deyarli teng taqsimlanadi yoki boshqa mukofot variantlari ham qo'llanilishi mumkin. 3. Passiv ishtirok. Bunda qo'g'irchoq firmalar jalb qilinadi va ular atayin yutish ehtimoli past bo'lgan takliflarni (yuqori narxlar, bajarib bo'lmaydigan shartlar) taqdim etadilar va natijada kerakli firma g'alaba qozonadi. Shuningdek, ayrim firmalar tomonidan ishtirok etish uchun ariza beriladi, lekin narx bo'yicha takliflar taqdim etilmasligi ham mumkin. Odatda bunday qo'g'irchoq firmalarning arizalarini ham bitta kerakli firmaning o'zi tayyorlab topshiradi. Shuning uchun amaliyotda turli firmalarning hujjatlari bir xil IP adres orqali topshirilganligi yoki hujjatlarda bir xil xatoliklar (orfografik, hisob-kitobdagi xatolar) mavjudligi dalil sifatida qo'llanilganligini kuzatish mumkin. Yuqoridagi hiylalardan kelib chiqib, O'zbekistonda davlat xaridlaridagi korrupsiyaga qarshi kurash samarasini oshirish uchun quyidagi takliflarni bildirmoqchiman: 1. Data-skrining imkoniyati ega barcha davlat xaridlari o'tkaziladigan yagona portal yaratish va data-skrining amaliyotini yo'lga qo'yish. Taklif etilayotgan data-skrining davlat dasturida nazarda tutilgan nafaqat davlat xaridlaridagi manfaatlar to'qnashuvi bilan bog'liq holatlarni, balki korrupsiyaning boshqa yashirin belgilari (narxlar keskin (20−50% gacha) tushishib ketishi, arizalarni rad etish, narxlarni arzimagan 0−1% gacha pasayishi kabi holatlar) asosida ham shubhali tenderlarni tezda aniqlash imkonini beradi. Data-skriningning ushbu me'zonlarini o'rnatishda Ruminiya va Janubiy Koreya davlatlari tajribasi qo'l kelishi mumkin. 2. Davlat xaridlarida teng raqobat muhitini ta'minlash maqsadida hukumat qarorlari asosida tender o'tkazmasdan to'g'ridan-to'g'ri shartnoma tuzish imkoniyatlarini maksimal darajada qisqartirish va aniq mezonlarini belgilash kerak (masalan, davlat xavfsizligi, favqulodda holatlar, mudofa kabi holatlar bilan cheklash). 3. Javobgarlikni kuchaytirish. Jinoyat kodeksiga «Davlat xaridlari to'g'risidagi qonunchilikni buzish» nomli alohida modda kiritish taklif etiladi. Jinoiy javobgarlik uchun davlat xaridlarida korrupsion holat bo'lishi shart emas, davlat xaridlaridagi protsessual qoidalarni qo'pol yoki takroran buzilishining o'zi jinoiy javobgarlikka tortish uchun yetarli asos bo'lishi kerak. Ayrim holatlar uchun davlat xaridlaridagi qonunbuzilish holatlari bo'yicha bir marta ma'muriy javobgarlikka tortilgandan keyin takroran sodir etilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash mumkin. Lekin davlat xaridlari to'g'risidagi qonunchilik buzilishi oqibatida davlat budjetiga zarar yetkazilsa, to'g'ridan-to'g'ri jinoiy javobgarlikni belgilash masalasini o'ylab ko'rish kerak. Bu mansabdorlarning davlat xaridlarida mas'uliyatini oshirishga yordam beradi va ma'muriy yoki intizomiy javobgarlik bilan qutilib ketishlarining oldini oladi. 4. Davlat xaridlaridagi korrupsion sxemalarni aniqlash va isbot qilish bo'yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar va tegishli davlat xizmatchilariga maxsus treninglar tashkil etish. 5. Tadbirkorlarga davlat xaridlaridagi korrupsion sxema va kelishuvlardan voz kechish haqida tushuntirish berish. Ularga davlat xaridlaridagi huquqbuzarliklar yuzasidan qanday holatlarda shikoyat qilish va sudga murojaat qilish mumkinligini bo'yicha huquqiy bilimlarni targ'ib qilish. Muallifning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin . Xusain Radjapov Toshkent davlat yuridik universiteti «Biznes huquqi» kafedrasi mudiri hisoblanadi. Kobe universitetida (Yaponiya) huquqiy fanlar sohasida PhD darajasini olgan. Raqobat huquqi mutaxassisi. | columnist |
Ilk marotaba «Zakovat» intellektual o'yini 2001 yil mart oyida ekran yuzini ko'rdi. 20 yil davomida aql va zakovat janglarini millionlab teletomoshabinlar ekran ortidan tomosha qilishdi. «Zakovat» klubi a'zosi Saodat Umarova ko'pchilikning sevimli bilimdonlariga aylangan «Zakovat» yulduzlari bilan suhbatlar uyushtiradi. «Zakovat» bilimdonlari haqidagi materialning navbatdagi qismida «Gazeta.uz» UzQuiz asoschisi va boshlovchisi, «Zakovat» klubi a'zosi Saidkamol Abdurazokov bilan suhbatni taqdim etadi. U klubga qanday kirib kelganligi, «Zakovat» boshlovchisi sifatidagi tajribasi, kitobning inson hayotidagi o'rni va klub faoliyatidagi kulgili voqea haqida so'zlab berdi. — Bilimdon deganda hozir ko'pchilik intellektual o'yin ishtirokchilarini tushunadi. Lekin men hayotdagi bilimdon inson va intellektual o'yinlarda qatnashuvchi bilimdonni farqlab olishni istardim, chunki bu ikkita bilimdon mutlaqo ikki xil tushuncha. Bilimdonlik — bu tug'ma fazilat emas, deb o'ylayman . Masalan, bola maktabda hech narsaga qiziqmasligi mumkin, yaxshi o'qimasligi mumkin, lekin katta bo'lganida biron sohaga ishtiyoqi oshib, shu sohada yaxshi natijaga erishadi. Bilimdonlikka inson umri davomida orttirilgan bilim orqali erishadi, biror bir sohada mutaxassis bo'lish uchun o'z oldiga maqsad qo'yadi, keyinchalik o'z kasbiga oid maxsus bilimlarga ega bo'ladi, boshqalardan ko'ra ko'proq, yaxshiroq bilimga ega bo'lishga harakat qiladi. Bu inson bilimdonligini o'z kasbida namoyish etadi. O'yindagi bilimdonlik ham, albatta, shunga o'xshash narsa, kimdir intellektual o'yinlarga qiziqib ketsa, ikki-uch yilda o'z bilimlarini tizimlashtirib kuchli bilimdonga aylanishi mumkin. To'g'ri ba'zilarga o'yinda intuitsiya yordam beradi deyishadi, lekin aslida intuitsiya ham hayotiy tajriba va bilim yordamida rivojlanadi, ongostidagi bilimlarni solishtirish, qiyoslash orqali vujudga keladi. — Bolalaligimda, albatta, kitob o'qishga qiziqardim, kitob o'qishni erta o'rganganman. 1980-yillarning birinchi yarmida televizorda ko'radigan qiziq dasturlar deyarli yo'q edi. Kitobdan tashqari, shaxmatga qiziqqanman, boshlang'ich sinflarda shaxmat to'garagiga borganman. Sportga qiziqardim, maktabda gandbol to'garagi bo'lardi, maktabdagi gandbol terma jamoasi a'zosi edim. Hozir gandbolga hech kim qiziqmaydi, ko'proq futbolga qiziqishadi, o'zim ham gandboldagi qiziqarli vaziyatlar aks etgan videolavhalarni YouTube orqali ko'rib turaman. — Albatta, aytib o'tilgan narsalar hammasi zarur muhitni yaratishga yordam bera oladi, lekin faqat o'yinchoqlarni o'zi yetarli emas deb hisoblayman. Yana 1980-yillarning boshiga qaytadigan bo'lsak, u defitsit davrlari edi, o'yinimiz asosan ko'chada o'tardi. O'yinchoqlar ham qo'l bola, taxtadan avtomat yasash mumkin edi, raskladushka qoldiqlaridan xokkey klyushkasi yasardik. Hozirgi imkoniyatlar yo'q edi, albatta. Lekin hozirgi zamon — bugungi davrmi u, yuz yildan keyingi davrmi — eng yaxshi zamon hisoblanadi. Bugun stoldan turmasdan til o'rgansa bo'ladi. Biz 1995 yilda institutda o'qiganimizda, o'qishimiz ingliz tilida bo'lgan, adabiyotlar juda kam edi, kutubxonadan bir kunga kitob olib almashib-almashib o'qirdik, yakshanba kunlari uchrashib kitob almashar edik kursdoshlar bilan. Hozir 10 yoshli bola ham o'tirgan stolidan turmasdan yangi til o'rganishi mumkin. — Yo'q, men savol muallifi sifatida kirib kelmaganman. Birinchi marta «Zakovat» o'yinida rahmatli Farhod Akbarov jamoasida o'ynaganman. Jamoada men, Farhod, Zebo Shomirova, Habibulla, Dilshod, Sobir, Rustam Saidaminovlar bor edi. O'rtog'im Hasan Mamasaidov «Biz bilan birga Rustam Saidaminov degan bola «Zakovat» o'yinlarida ishtirok etadi, judayam aqlli yigit, sen ham qatnashib ko'r», deb aytardi, lekin meni vaqtim bo'lmasdi borishga rosti. Saidkamol Abdurazakov shaxsiy arxividan. Bir kuni Rustam bilan mahallamiz oldida uchrashganmiz, shu bahona o'yinga taklif qilgan edi. O'yinlarda uncha ko'p qatnashmadim, chunki Angliyaga o'qishga ketib qoldim. Angliyadayam baribir o'yinni sog'inganman, o'zim qatnasha olmaganim sababli xat jo'natib, aytganingizdek, «barrikada»ni bu tarafida bo'lish qanaqa ekanligini his qilganman. — Men Chexovning holatida emasman, shuning uchun taqqoslashim qiyin ( kulib ). Lekin agar jiddiy aytadigan bo'lsam, kasbim orqali men ro'zg'or yuritaman, o'sha tashkilotdagi insonlarga ozmi-ko'pmi yordamim tegadi. «Zakovat» o'yinlari orqali esa juda ko'p yaqin do'st, kerak bo'lsa, aka-uka deb ham ayta olaman, men uchun qadrli insonlar bilan tanishganman. To'g'ri, ko'pincha mashg'ulotlar sabab ko'rishib turamiz, lekin ba'zida o'zimiz shunchaki ko'rishib, fikr almashish uchun yig'ilamiz, ba'zida sport o'yinlariga qatnashamiz. Lekin mutaxassisligim «Zakovat»dan muhimroq deb o'ylayman, chunki «Zakovat»dagi faoliyatimni vaqtincha to'xtatib qo'yishim mumkin, lekin asosiy kasbimni chetga surib qo'yolmayman. — Birinchi o'qigan badiiy asarimni rosti eslolmas ekanman. O'qishni uch yoshimda o'rganganman, esimda uyda «Avtomobil ma'lumotnomasi» bor edi, adamlar shu kitobni o'qishni o'rgatganlar. Bog'chada peshin vaqti uxlolmas edim, hozir ham shu odatim saqlanib qolgan, charchagan holatda bo'lsam ham tushlik vaqti uxlolmayman. Bog'chada ham peshin paytida kichkina ertak kitobchalarni o'qib yotardim. Oxirgi o'qigan badiiy asarimga kelsak, o'tgan yili «Eljernonga atalgan gullar» asarini rus tilida o'qib chiqdim. Kitob davomida bir qiziq xulosaga kelish mumkin, inson qaysi davrda yashayotgan bo'lsa, o'sha vaqtdagi fikrlarini eng to'g'ri deb hisoblar ekan. Yana bir xulosam — yosh ortgani sari, ish, ro'zg'or, hayot o'z domiga tortayotgan paytda, inson baribir ko'proq his-tuyg'uga emas, aqlga tayanadi, lekin shu vaqtda baribir inson his-tuyg'ularga ozgina joy qoldirishi kerak ekan, kamida ozgina, agar insonni butun borlig'i, vujudini aql egallab olsa ham inson qiynalib qolar ekan. — Oxirgi yillarda kitob o'qishga juda katta urg'u berilmoqda. Bir narsaga aniqlik kiritish kerak, kitob — o'zi nima? Kitob — bu bir jismoniy obyekt emas, kitobni ma'nosi, mazmuni muhim. Inson uni qog'oz kitobdan oladimi, elektron kitobdan oladimi, telefon ekranida o'qiydimi uni farqi yo'q. Hozir «haqiqiy qog'oz kitob o'qish boshqacha» deb fikr yuritish moda bo'lgan, men umuman qo'shilmayman bu fikrlarga. Butun boshli kutubxonadagi kitoblardan sizni telefoningizda ko'proq manba bo'lishi mumkin. Siz butun kutubxonani o'zingiz bilan olib yurolmaysiz. Ba'zida maxsus ma'lumot qidirib topish ehtiyoji tug'iladi, lekin oddiy kitobdan bu ma'lumotni qidirib topish ancha qiyin. Bu bilan qog'oz kitobni qadrsizlantirmoqchi emasman, lekin kitobni turlarga bo'lishni uncha oqlamayman. Inson badiiy asarlarni ko'proq yoshligida o'qishi kerak, bu tasavvurni rivojlantirishga yordam beradi. Ma'lum bir mutaxassislikni o'zlashtirgandan keyin esa, hamma o'z faoliyatiga doir adabiyotlarni ko'proq o'qishi kerak deb o'ylayman. Agar inson 45 yoshda ham kasbiga oid kitob qolib ketib, eston xalq ertaklarini o'qib yursa, u odam yoki nafaqaxo'r bo'lishi kerak, yoki bekorchi vaqti juda ko'p bo'lishi kerak. Bu shaxsiy fikrim. Juda ko'pchilik kitoblar nomigagina chiqarilgan va qiymati makulaturadan baland emas. Xulosa sifatida shuni ayta olamanki, kitobning birlamchi vazifasi — insonning o'zini va atrofidagilarni hayotini yaxshilanishiga xizmat qilish . Qog'ozda chop etilgan har qanday narsa ham foydali kitob bo'la olmaydi. — Bugungi kundagi terma jamoaga men quyidagi o'yinchilarni qo'shgan bo'lardim. Xushnud Xudoyberdiyev — jamoa motori sifatida xizmat qila oladi, ishtirokchilarni fikr bildirishga chaqirib turadi doim, jimjitlikni bartaraf etadi. Sardor Ahmedov — keng qamrovdagi bilimga ega va bugungi kunda, menimcha, Sardorni intellektual o'yinlarga bo'lgan qiziqishi bir yuqori cho'qqiga chiqqan, o'yinlar ichida yonayotgan vaqti. Saidakrom Rasulov — yaxshi bilimlarga ega, mantiqiy fikrlashi kuchli, vaqti kelganda jamoani sardor bir o'zi boshqarishga qiynalgan vaqtida, yordam berib keta oladigan o'yinchi deb o'ylayman. Aziz Abdullayev — shubhasiz eng kuchli bilimdonlardan deb bilaman, u qizishib tez gapirmasligi mumkin, ancha sokin yigit, lekin juda kuchli bilimga ega. Ravshan Ismoilov — oxirgi vaqtda ko'p savol tuzib kelyapti, savol ko'p tuzgan odam savolni topishiyam oson bo'ladi, Ravshanni bir yaxshi hislati — savollarni juda tez ishlay oladi, juda tez tushunadi, savolni tushunmagan odamga ham oson yetkazib berish qobiliyatiga ega. — Ustozimiz Abdurasul Abdullayev tibbiy muolaja olganlari sababli, men boshlovchilik qilib turdim vaqtincha. Boshlovchi «etig"ini kiyib ko'rdim deya olmayman, «etik»ni o'lchab ko'rdim xolos. Albatta, ustozimiz o'rinlarini to'laqonli bosish juda qiyin. Lekin jamoaga yon berish fikri umuman xayolimga ham kelmadi, rosti o'zimni ancha adolatli inson deb hisoblayman. Bu yerda juda ehtiyot bo'lish kerak, ba'zida «o'zimni jamoam o'ynayapti, kel, shunga qattiqqo'lroq bo'lay, hech kim shubhalanmaydi shunda» deyishim ham mumkin edi, lekin unday qilganim yo'q. Boshlovchilik qilganimdan keyin o'z o'yinimda hech narsa o'zgarmadi deb o'ylayman. Saidkamol Abdurazakov shaxsiy arxividan. — Bilasiz shanba kuni reyting o'yinlari o'tkazilardi, bir oyda bir marta reyting o'yinlarida Abdurasul Abdullayev savollari o'ynalardi, qolgan o'yinlarda zakovatchilar galma-galdan savol o'qishardi. Bir marta Aziz Abdullayev savol o'qiganida sodir bo'lgan qiziq voqeani aytib bergandi. Aziz zaldan chiqib ketayotganida bir odamdan eshitib qolgan ekan: «Ey, bugun yana boshlovchini o'g'li savol o'qidi. Nimaga nuqul shu bola savol o'qiydi, boshlovchini o'g'li bo'lsa bo'ldimi, o'qiyverarkanda», deb aytgan ekan. Azizni familiyasi Abdullayev bo'lgani uchun Abdurasul akani o'g'li deb o'ylashgan ekan. Shunaqa qiziq voqealar ko'p bo'lib turadi mashg'ulotlarda. — Siz tug'ilgan yilda qanday muhim tarixiy hodisa ro'y bergan? — Men tug'ilgan yilimda Toshkent shahrida metro yurishni boshlagan. — Siz tug'ilgan joyga qisqacha ta'rif bering. — Toshkentning Eski Shahar qismi atrofidagi mahallalardan birida tug'ilganman, Toshkentning yuragi bo'lgan joydagi mahallada katta bo'lganman, eslasam hozir ham bir boshqacha his-tuyg'ular ko'ngildan o'tadi. — Siz o'zingizni qaysi adabiy qahramonga o'xshatasiz? — Hech qanday adabiy qahramonga o'xshatmayman, hammaga ham yoqavermayman. Salbiy qahramongayam o'xshayman deb ayta olmayman, chunki salbiy qahramonlar ham odamlarni qaysidir jihati bilan jalb qiladi. — Qaysi zamondoshingiz bilan suhbatlashishni xohlardingiz? — Fikrimcha, har qanaqa zamondoshimizni ham eng talab qilingan fikrlari yoritib bo'lingan, internetdan qidirib topib eshitsa bo'ladi. Men berishni xohlagan savollarni ham ularga berib bo'lishgan deb o'ylayman. — Qaysi bilimdon bilan bir jamoada o'ynashni niyat qilgansiz, ammo hech qachon birga o'ynash imkoni bo'lmagan? — Jobir Ahmedov bilan bir jamoada muntazam ravishda o'ynamagan ekanmiz, Jobir Ahmedov bilan bir jamoada o'ynash niyatim bor. — «Zakovat» klubida o'ynalgan sizga yoqqan eng yaxshi savol qaysi? — Zafar Rahimov jamoasiga «Fazogirlar fazoga chiqqanda, nimaga fazo kemasi shiftiga gazetani qirqib osib qo'yishadi?» degan savol berilgan, adashmasam, jamoa to'g'ri javobni topa olmagandi. To'g'ri javob esa — «gazeta qiyqimlari bir-biriga ishqalanib, daraxtlar shitirlashini eslatib turishi uchun». Shu savol juda yoqqan va yaxshi esimda qolgan. Savol muallifini eslolmadim. — Sizdan keyingi intervyu Temur Mirzayev bilan bo'lib o'tadi, Temur akaga bitta savol berish imkoni bo'lsa, qaysi savolni berardingiz? — Temur vodiylik yigit, juda gapga usta, so'z o'yinlariga usta. O'zbek adabiyoti buyuk darg'alaridan biri Erkin Vohidovni yonida yurgan inson. «Temur, qachon qiziq voqealar yig'ilgan bir kitob yozasiz?» deb so'ramoqchiman. Ishonchim komil-ki, Temurda qiziq voqealar bitta emas bir nechta kitobga yetadi. — Agar siz haqingizda kitob yozilsa, unga qaysi satrlar epigraf bo'lishini xohlaysiz? — Qur'onda Zalzala surasini oxirgi oyatlari bor «Kimki dunyoda zarra miqdorida yaxshilik qilgan bo'lsa, uni ko'rar. Kimki zarra miqdorida yomonlik qilgan bo'lsa, uni ham ko'rar». Mana shu satrlar epigraf bo'lishini xohlagan bo'lardim demaymanu, shu satrlar tanlansa to'g'ri bo'lardi deb o'ylayman. | columnist |
2021 yilning birinchi yarmida global ta'minot zanjirlaridagi uzilishlar oqibatida qisqa muddatda jahon bozorida, shu jumladan, O'zbekistonda ham o'simlik yog'i narxida keskin o'sish kuzatildi. Xususan, 2021 yil aprel oyining o'zida mahalliy bozorda o'simlik yog'ining narxi 26,5% ga oshgan edi . Buni ko'p jihatdan mamlakatning chet eldan import qilinadigan o'simlik yog'iga kuchli bog'langanligi bilan izohlash mumkin. O'zbekistonda o'simlik yog'i iste'molining o'rtacha yillik hajmi 460 ming tonnani tashkil etadi va bu iste'molning taxminan teng yarmi import hisobidan qoplanadi . Bunday sharoitda global bozorda yuz berayotgan har qanday tebranishlar ichki bozordagi narxga jiddiy ta'sir ko'rsatadi. Qolaversa, bu borada import geografiyasi ham muhim ahamiyatga ega. Ya'ni importning asosiy qismi sanoqli davlatlar hissasiga to'g'ri kelishi o'sha davlatlardagi yoki jahon bozoridagi beqarorlikning mamlakat ichki bozoriga ta'sirini yanada kuchaytirishi mumkin. Raqamlar misolida qaralsa, 2021 yilda O'zbekistonga umumiy qiymati 313,6 mln dollarga teng o'simlik yog'i import qilingan (2020 yilda bu ko'rsatkich 258 mln dollarni tashkil etgan edi). Jami import qilingan o'simlik yog'ining 66% qismi Rossiyadan olib kirilgan bo'lsa, 25% qismi Qozog'iston hissasiga to'g'ri kelgan. Guvohi bo'lganimizdek, mamlakat aholisi o'simlik yog'i ta'minotining qariyb yarmiga faqatgina ikki davlat egalik qilmoqda. Bundan xulosa qilish mumkinki, mazkur ikki davlatda beqarorlik yuzaga kelishi ichki bozorda o'z aksini ko'rsatmasdan qolmaydi. 2021 yilda jahon bozoridagi tebranishlar fonida mahalliy bozorda o'simlik yog'i narxlari keskin ko'tarildi va hukumat buning salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida o'simlik yog'i importi hamda realizatsiyasini 2021 yil may oyidan yil yakuniga qadar QQSdan ozod qildi (keyinchalik bu muddat uzaytirildi). Tan olib aytish kerakki, yog' mahsulotlariga imtiyoz berilishi ortidan yog' narxlari barqarorlasha boshladi. Yilning qolgan qismida — imtiyozli davr mobaynida o'simlik yog'i narxlarining hatto pasayganligiga ham guvoh bo'lishimiz mumkin. Umuman olganda, yil davomida o'simlik yog'i narxlarining barqaror saqlanganligini iste'molchilar ham sezishgan bo'lsa kerak. Lekin 2022 yilning uchinchi oyi boshlanishi bilan vaziyat yana jiddiylasha boshlagandek taassurot uyg'otmoqda. Sababi birgina mart oyining o'zida o'simlik yog'ining narxi 3,1% ga oshdi . Taqqoslash uchun, 2021 yilning may oyidan 2022 yilning fevral oyigacha bo'lgan davrda o'simlik yog'i narxlarida 2,5% lik pasayish kuzatilgan. Boshqacha aytganda, birgina mart oyida kuzatilgan narx o'sishi oxirgi o'n oydagi narx o'zgarishi bilan taqqoslaganda iste'molchilar uchun sezilarli darajada yuqori bo'lgan. Grafik: Davlat Statistika qo'mitasi ma'lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlangan. Soliq imtiyozlari hali bekor qilinmaganligiga qaramasdan, mart oyiga kelib o'simlik yog'ining narxi yana ko'tarilishni boshladi. Bunga asosiy sabab fevral oyi oxirida Rossiyaning Ukrainada «maxsus harbiy operatsiya» boshlaganligi bo'ldi. Rossiya hamda Ukraina o'simlik yog'ini yirik hajmda eksport qiluvchi mamlakatlar hisoblanadi. Xususan, 2019 yilda Rossiya hamda Ukrainaning birgalikdagi o'simlik yog'i eksporti dunyo eksportining 64% qismini tashkil etgan . Tabiiyki, bu ikki mamlakatda siyosiy ziddiyat hamda beqarorlikning yuzaga kelishi butun dunyoda o'simlik yog'i narxlarining o'zgarishiga ta'sir qiladi. Manba: Our World In Data Urush natijasida yuzaga kelayotgan uzilishlardan tashqari, Rossiya hukumati o'simlik yog'i hamda uning xomashyosi (kungaboqar) eksportiga 2022 yil aprel oyidan vaqtincha kvota o'rnatish to'g'risida qaror qabul qildi . Qarorga muvofiq, aprel oyidan sentabr oyiga qadar mamlakatdan o'simlik yog'i eksporti hajmi 1,5 mln tonnadan, kungaboqar ozuqasi eksporti hajmi 700 ming tonnadan oshmasligi belgilangan. Bundan tashqari, aprel oyidan boshlab eksport uchun olinadigan yig'im miqdori oshirilishi qayd etilgan . Umuman olganda, mazkur vaqtinchalik cheklov eksportni to'liq cheklovchi chora emas. Ammo urushning davom etayotganligi, eksport uchun boj miqdorining oshirilganligi hamda eksport kvotasining davlatlar kesimida qanday taqsimlanishi borasidagi noaniqliklar kelayotgan oylarda O'zbekistonda o'simlik yog'i narxining tezroq o'sishiga sabab bo'lishi mumkin. Bundan tashqari, hukumat tomonidan o'simlik yog'i importi hamda realizatsiyasiga berilgan soliq imtiyozlari aprel oyining so'ngiga qadar amal qiladi. To'g'ri, imtiyozlar muddati yana uzaytirilishi mumkin va, ta'kidlash joizki, ayni vaqtdagi tendensiyalarga ko'ra, bu holat kuzatilishining ehtimoli yuqori. Xususan, mart oyida prezident Vazirlar Mahkamasiga ichki bozorda narxlar barqarorligini ta'minlash, o'simlik yog'i va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini import qiluvchi tadbirkorlarga ko'maklashish orqali aholi talabini qondirish bo'yicha qo'shimcha topshiriqlar berdi. Ammo imtiyozlarning uzaytirilishi amalda 2021 yildagi kabi narx pasayishiga olib kelmaydi. Albatta, soliq imtiyozlari narxning potensial o'sish sur'atini pasaytirishi ehtimoli yo'q emas. Lekin vaziyat bir yil oldingidek bo'lmasligi aniq. Sababi — tashqi risklarning ta'siri juda yuqori. Rossiyada o'simlik yog'i eksportiga kvota belgilanmasidanoq O'zbekistonda o'simlik yog'i narxlarining o'sish sur'ati sezilarli darajada tezlashganligiga guvoh bo'ldik (mart oyidagi o'sish). Ya'ni Ukrainadagi urush natijasida yuzaga kelgan global uzilishlar allaqachon o'z ta'sirini o'tkazishni boshlagan. Bunga qo'shimcha ravishda, eksportning kvota orqali qisman cheklanishi hamda uning importyor davlatlar bo'yicha qanday taqsimlanishi borasidagi noaniqliklar esa, yuqorida ta'kidlaganimizdek, o'simlik yog'i narxining yanada tezroq o'sishiga xizmat qiladi. Kelayotgan oylarda, katta ehtimol bilan, o'simlik yog'i narxining tezroq o'sishiga guvoh bo'lishimiz mumkin. Narx o'sishining qanchalik tez bo'lishi esa, birinchidan, urushning qanday ssenariyda davom etishi hamda uning global uzilishlarga ta'sirining kuchayishi yoki kamayishiga, ikkinchidan, Rossiya hukumati qo'ygan eksport cheklovining O'zbekiston bozoriga qay darajada ta'sir qilishiga bog'liq (yuqorida aytib o'tilganidek, eksport (hozircha) butunlay cheklanmagan). Nima bo'lganda ham, kelayotgan oylar inflyatsiyani, ayniqsa, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasini nazorat qilish hamda narxlar barqarorligini saqlab qolish uchun juda sinovli davr bo'ladi. | columnist |
«Baribir Ukraina oldindan, eskitdan Rossiyaning yeri». «Ukrainaning qilayotgan ishiga qo'shilmayman, Rossiyanikini to'g'ri deb bilaman». «Biz ham Rossiyaga bo'ysunamiz». «U yerda odamlar halok bo'layotgandi, shuning uchun ham hammasi boshlanib ketdi». «Rossiya o'zi chiqargan xabarlarda Ukrainada tinch aholiga hujum qilinmayotganligini aytishgan o'zlari». «Zelenskiy xalqdan foydalanyapti». « Buchada bo'lgan narsa sahnalashtirilgan edi». BBC o'zbek xizmati tomonidan o'tkazilgan so'rovning natijalarini , ehtimol, oldindan bashorat qilsa bo'lardi. Turli sabablarga ko'ra — xorijiy tillarni bilmaslik, muqobil axborot manbalarini qidirishni xohlamaslik (agar xohish bo'lsa rus yoki o'zbek tillarida ham topsa bo'ladi), tanqidiy fikrlash ko'nikmalari bilan muammolar — ko'plab o'zbekistonliklar uchun dunyoda sodir bo'layotgan voqealar, shu jumladan Rossiyaning Ukrainaga bosqini — yoki Rossiyada aytiladiganidek «denatsifikatsiya va demilitarizatsiya qilish bo'yicha maxsus operatsiya» — haqidagi xabarlarning asosiy, va ehtimol yagona manbasi Rossiya davlat telekanallari bo'lib qolmoqda. Ular bo'lsa memga aylangan «chormixga tortilgan bolakay» syujeti an'analariga rioya qilgan holda Ukraina Rossiya serialini suratga olish uchun mo'ljallangan manekenlardan jasadlar sifatida foydalanilayotgani, 10 yil oldin yo'q qilingan zavod omborxonasini minalayotganligi, yuqumli kasallikni tarqatish uchun ko'chmanchi qushlardan foydalanishni rejalashtirayotganligi va hattoki «slavyanlarni o'ldiradigan genetik qurolni» (bunda ukrainlar ham xuddi ruslarga o'xshagan slavyanlar ekanligini yoddan chiqarib) ishlab chiqayotganligiga ishontirmoqchi bo'lishmoqda. Bundan tashqari, «denatsifikatsiya va demilitarizatsiya qilish bo'yicha maxsus operatsiya bilan faqat Ukraina bilan cheklanib qolmasligini» taklif qilishmoqda hamda O'zbekiston OAVlari va blogerlarini tanqid ostiga olishmoqda . Qanday qilib hamyurtlarimizning ongiga o'nlab kanallarga va 500 mlrd so'mdan ortiq budjetga ega Milliy teleradiokompaniya (MTRK) emas, xorijiy mamlakat telekanallari ta'sir qilmoqda? Nima uchun «aholiga obyektiv va ishonchli xabar yetkazish, O'zbekiston mediamakonini sifatli axborot-tahlil mahsulotlari bilan boyitish, siyosat, xavfsizlik, iqtisod, madaniyat, ilm-fan va sport, shuningdek boshqa davlatlardagi muhim voqealarni tezkorlik bilan yoritish» maqsadlarida tashkil etilgan mamlakatning asosiy axborot kanali Rossiya federal kanallariga ommaboplikda yutqazmoqda , tomoshabinlar esa mahalliy televideniyeda joylardagi haqiqiy muammolar haqida reportajlar va ijtimoiy-siyosiy teleko'rsatuvlar yetishmaydi, deb hisoblashadi ? O'zbekiston televideniyesidagi asosiy axborot-tahlil dasturi bo'lmish «Tahlilnoma» ko'rsatuvining 10 aprel kuni efirga uzatilgan sonini tahlil qilsak. Qariyb ikki soat davom etgan dastur Navoiy viloyatida yangi konlar ochilganligi haqidagi xabardan boshlanadi. Boshlovchi esa bu «prezident tomonidan geologiya sohasini rivojlantirish, zavolga yuz tutayotgan sohani qayta oyoqqa qo'yish borasida amalga oshirilayotgan qat'iy islohotlarning natijasi» ekanligini eslatib o'tadi. Dastur davomida o'tgan hafta voqealari xronologiyasi beriladi: qo'shni mamlakatlar prezidentlari bilan telefon muloqotlari, loyihalar taqdimotlari va obyektlarning ko'zdan kechirilganligi, selektor yig'ilishlari. Keyin esa MTRK versiyasiga ko'ra, o'tgan haftaning eng asosiy xabarlari boshlanadi. Masalan, prezidentning Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi buyuk ajdodlar haqidagi tarixiy «ekskurs»dan boshlanadi. Umuman olganda, axborot va tahlil uchun to'g'ri kelmaydigan «badiiy-pafosli» uslub yurtimizdagi davlat OAVlari jurnalistlarining sevimli uslubidek tuyuladi. Haftaning asosiy dasturida boshqa muhim yangiliklar uchun efir vaqti yetmadi. Ukrainadagi voqealar tahlili, BMT Inson huquqlari kengashida Rossiya a'zoligini to'xtatib turish bo'yicha ovoz berishda O'zbekiston pozitsiyasi bo'yicha izoh, Pokistondagi siyosiy inqiroz sabablari, klasterini o'zgartirishga majburlanayotgan fermerlar ishi bo'yicha tushuntirish — bularning barchasi e'tibordan chetda qolib ketdi. MTRKning asosiy kanali bo'lmish «O'zbekiston»ning haftalik teledasturlari rejasi tahlil qilinsa, televideniye efirida o'zbekistonliklarga dunyoda nima ro'y berayotganini tushuntiradigan, nima fakt va nima feyk ekanligini anglashda bizga yordam beradigan, turli xil muhim masalalar bo'yicha O'zbekiston pozitsiyasini tushuntiradigan bitta ham ko'rsatuv yo'qligining guvohi bo'lish mumkin. Bunday dasturlarning o'rnini Rossiyaning «Pervыy» kanalidagi deyarli uzluksiz «axborot kanali», «Rossiya 1» kanalidagi siyosiy tok-shoular va Solovev, «Zvezda» kanalidagi «ochiq efirlar», va albatta 24 soatlik «Rossiya 24» kanali bajonidil egallab olgan. Ushbu kanallarning aksariyati OAV to'g'risidagi qonunlar va xolisona jurnalistika tamoyillarini buzganligi uchun Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida taqiqlangan. Mening fikrimcha, BBC o'zbek xizmatining so'rovini jurnalistlarimiz signal sifatida qabul qilishlari kerak. Bu — kontent jihatidan ham, axborotni yetkazish jihatidan ham nimanidir o'zgartirish kerakligi haqidagi signal. Jamiyat qandaydir xorijiy mamlakat kategoriyalari asosida fikr yuritmasdan, mustaqil fikrga ega bo'lishi uchun sifatli axborot va sifatli tahlil kerakligi haqidagi signal. Va soliq to'lovchilar cho'ntagidan to'lanayotgan yarim trillion so'mni yurtdoshlarimiz axoborot olish uchun birinchi navbatda ularga murojaat qiladigan tarzda sarflash kerakligi haqidagi signal. Kasalxonalar va jarrohlik bo'limlari sterillangan bo'lishi lozimdir, lekin suveren davlatning «asosiy axborot kanali» maqomiga da'vo qilayotgan kanalda bunga hojat yo'q. Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. | columnist |
So'nggi yillarda O'zbekistonning savdo balansi defitsiti o'sib bormoqda. Bu borada iqtisodchi mutaxassislarning ommaviy axborot vositalarida yoritilayotgan qizg'in bahs-munozaralari ham mazkur muammoning nafaqat qisqa muddatda, balki o'rta va, ayniqsa, uzoq muddatda mamlakatda makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiy o'sish va aholi farovonligini ta'minlashda naqadar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini ko'rsatadi. Markaziy bank ma'lumotlariga ko'ra, 2019 yilda O'zbekistonda tovar va xizmatlar eksporti hajmi 17,0 mlrd dollarni, import hajmi 26,6 mlrd dollarni va tashqi savdo salbiy saldosi 9,6 mlrd dollarni tashkil etgan bo'lsa, 2021 yilda mazkur ko'rsatkichlar mos ravishda 16,4 mlrd dollar, 27,8 mlrd dollar va 11,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Yalpi ichki mahsuloti (YAIM) 69,2 mlrd dollarni tashkil etuvchi mamlakat uchun tovar va xizmatlar balansidagi 11,4 mlrd dollar miqdoridagi defitsit — bu sezilarli darajada yirik miqdor ekanligini inkor etib bo'lmaydi. Tovar va xizmatlar balansida bunday salbiy va doimiy ravishda o'sib boruvchi defitsitning mavjud bo'lishi yaxshimi yoki yomon? Bu savolga, defitsitning paydo bo'lishi va o'sishining asosiy sabablari, shuningdek, tovar va xizmatlar balansini qoplash manbalarini tahlil qilmasdan turib, aniq javob berishning imkoni yo'q. O'zbekistonning 2020−2021 yillardagi to'lov balansi bo'yicha tahlillar shuni ko'rsatadiki, tovar va xizmatlar balansidagi defitsitning asosiy qismi mamlakatdan tashqarida mehnat faoliyatini olib borayotgan o'zbekistonlik mehnat migrantlarining pul o'tkazmalari hisobidan qoplanadi. Umuman olganda, 2021 yilda to'lov balansi joriy hisobining «omilli daromadlar» moddasi bo'yicha ijobiy saldosi 6,6 mlrd dollarni tashkil etgan. Agar mamlakatning tovar va xizmatlar balansida aynan shu miqdordagi defitsit yuzaga kelgan bo'lganida, bu makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o'sishga hech qanday tahdid solmagan bo'lardi. Ta'kidlash joizki, bu faraz faqatgina ushbu daromadlarning pasayishiga olib kelishi mumkin bo'lgan xatarlar mavjud bo'lmagan sharoitda amal qiladi. Biroq, bunday xatarlar mavjud, hatto tovarlar eksporti bilan bog'liq xavflar ham mavjud. Masalan, eksport qilinadigan tovarlarning jahon bozoridagi narxlari tushishi yoki tovarlarimizni import qiluvchi mamlakatlarda daromadlar darajasining pasayishi natijasida eksportdan olinadigan daromad kamayishi mumkin. Bu, shuningdek, eksportimiz hajmini ham qisqartiradi. Biroq 2021 yilda O'zbekistonda tovar va xizmatlar balansi defitsiti miqdori omil daromadlari balansidagi profitsitdan 4,8 mlrd dollarga (11,4−6,6 mlrd dollar) oshib ketgan. Nazariy jihatdan, to'lov balansining joriy operatsiyalari defitsitini to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarning sof oqimi, portfel investitsiyalari, xalqaro kreditlar va oltin-valyuta zaxiralarining kamayishi hisobidan moliyalashtirish mumkin. Albatta, yuzaga kelgan tashqi savdo balansi defitsiti iqtisodiyotga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarning sof oqimi bilan bog'liq bo'lsa, bu tashqi qarzdorlikning oshishiga olib kelmaydi. Qolaversa, to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar zamonaviy texnologiyalar, menejment, transmilliy korporatsiyalarning savdo kanallariga yo'l ochadi, dunyoga mashhur brendlardan foydalanish va boshqa shu kabi imkoniyatlarni taqdim etadi. Shu nuqtai nazardan mamlakatga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarning kirib kelishi bilan bog'liq bo'lgan tashqi savdo defitsiti tahdid emas, balki makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o'sishning ijobiy omili hisoblanadi. Faqatgina xorij kapitali ishtirokidagi korxonalar tomonidan ichki bozorning monopollashtirilishi holatlari bundan mustasno. Bunday holda to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar oqimi iqtisodiyotni tarkibiy qayta qurish va yangi ish o'rinlarini yaratishga xizmat qilayotgandek tasavvur uyg'otsa-da, umumiy holda aholi turmush farovonligining pasayishiga olib kelishi mumkin. Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning ichki bozorni monopollashtirishi mamlakatda qaror qabul qiluvchi hukumat tomonidan olib borilayotgan samarasiz siyosatning to'g'ridan-to'g'ri oqibati hisoblanadi hamda davlat mansabdor shaxslarining layoqatsizligi va korrupsiyaga moyilligidan dalolat beradi. Mamlakatning to'lov balansiga oid ma'lumotlar tahlili shuni ko'rsatadiki, so'nggi yillarda O'zbekiston iqtisodiyotiga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar hajmi o'sganligiga qaramay, tashqi savdo balansi defitsitini qoplashning asosiy manbai mehnat migrantlarining pul o'tkazmalari va to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar bilan bir qatorda, mamlakat tashqi qarzdorligining oshishiga olib keluvchi tashqi qarzlar (xalqaro kreditlar va portfel investitsiyalari) hisoblanadi. Savdo balansi defitsitini tashqi qarzdorlik hisobidan moliyalashtirish va tashqi qarzdorlik o'sishining o'zi iqtisodiy siyosat sifatini tavsiflamaydi, makroiqtisodiy muvozanatning buzilishi va iqtisodiy o'sish sur'atlarining sekinlashishiga olib kelmaydi. Tashqi qarz o'sib borayotgan bo'lsayu, biroq, bir vaqtning o'zida, jalb qilingan kreditlardan samarali foydalanilsa, mamlakatning iqtisodiy salohiyati yuksalib borsa hamda bu o'rta va uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiy o'sishning jadallashuvida namoyon bo'lsa, u holda tashqi qarzlarning o'sishi xalq uchun manfaatli bo'ladi. Biroq, xalqaro kreditlardan samarasiz foydalanilgan holatda tashqi qarzdorlikning o'sishi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, jalb qilingan xalqaro kreditlardan foydalanish samaradorligini tahlil qilish muhim ahamiyatga ega. Markaziy bank ma'lumotlariga ko'ra , 2021 yil 1 yanvar holatiga mamlakatning umumiy tashqi qarzi 34,17 mlrd dollarni tashkil etgan bo'lsa, 2022 yil 1 yanvar holatiga bu ko'rsatkich 39,56 mlrd dollarga yetgan. Ko'rib turganimizdek, 2021 yilda tashqi qarz hajman 5,39 mlrd dollarga oshgan. Xususan, davlat tashqi qarzi hajmi 2,37 mlrd dollarga ko'payib, 23,73 mlrd dollarga yetgan bo'lsa, xususiy sektor tomonidan jalb qilingan tashqi qarz hajmi 3,02 mlrd dollarga ortib, 15,83 mlrd dollarni tashkil etgan. Bundan kelib chiqadiki, 2022 yilda umumiy tashqi qarzning 60% qismi davlat ulushiga, 40% qismi xususiy sektorga to'g'ri keladi. Ta'kidlash joizki, 2021 yilda jalb qilingan tashqi qarzlarning 44% qismi davlat, 56% qismi xususiy sektor hissasiga to'g'ri kelgan edi. Davlat nima sababdan chetdan kredit oladi? Odatda, bu davlat budjeti defitsiti mavjudligi bilan bog'liq. Agar davlat budjeti defitsiti mavjud bo'lmaganida, xalqaro kreditlar va portfel investitsiyalari ko'rinishidagi tashqi moliyalashtirishni jalb qilishga zarurat tug'ilmagan bo'lardi. Binobarin, mamlakat tashqi savdo defitsitining o'sishi asosan davlat budjeti defitsiti bilan bog'liq bo'lib, 2021 yilda uning tashqi savdo balansi defitsitiga qo'shgan «hissasi» 2,37 mlrd dollarni tashkil etgan. Ma'lumki, davlat — eng samarali xo'jalik yurituvchisi emas va uning tashqi qarzlardan samarasiz foydalanish ehtimoli juda yuqori. Tashqi qarzlarning salmoqli qismi (jami qarzlarning 60% i va 2021 yilda jalb qilingan qarzdorlikning 44% i) davlat hissasiga to'g'ri kelishi va kelgusida ular davlat budjetidan foiz va dividend to'lovlari bilan birgalikda qaytarilishi lozimligini inobatga olinsa, davlat tomonidan jalb qilingan tashqi qarzlardan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi va mazkur masalalar iqtisodiy siyosatning diqqat markazida bo'lishi lozim. Ushbu moliyaviy resurslar inson kapitali sifatini oshirish, infratuzilmani yaxshilash va boshqa shu kabi ko'rinishlarda mamlakat iqtisodiy salohiyatini oshirishga hissa qo'shishi favqulodda muhim ahamiyatga ega. Va shu orqali uzoq muddatli istiqbolda tashqi qarzdorlik hisobiga olinadigan foyda uning xarajatlaridan ortiqroq bo'lishi va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishi mumkin. Xususiy sektor haqida gap ketsa, 2022 yil 1 yanvar holatiga umumiy tashqi qarzning 40% qismi va 2021 yildagi tashqi qarzdorlik o'sishining 56 foizi xususiy sektor hissasiga to'g'ri keladi. O'z navbatida, xususiy sektorning tashqi qarzlarni jalb qilish (to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar oqimini hisobga olmaganda) orqali mamlakat tashqi savdo balansi defitsitiga qo'shgan «hissasi» 2021 yilda 3,02 mlrd dollarni tashkil etgan. Ma'lumot uchun: Tashqi savdo balansi defitsiti, yuqorida aytib o'tilganidek, to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarning sof oqimi, joriy va kapital transfertlari, oltin-valyuta zaxiralarining kamayishi hisobidan yuzaga kelishi ham mumkin. Biroq biz hozir faqat tashqi qarzning tashqi savdo balansi defitsitidagi «hissasini» tahlil qilayotganligimizni inobatga olib, to'lov balansining boshqa elementlarining ta'siri ko'rib chiqilmayapti. Ayni paytda, bank sektorining tashqi qarz hajmi o'tgan yili 1,06 mlrd dollarga ko'payib, 7,34 mlrd dollarni tashkil etgan, neft-gaz va energetika sohasida — 0,61 mlrd dollar ( 5,05 mlrd dollar ), tog'-kon-metallurgiya sanoatida — 0,66 mlrd dollarga ( 0,99 mlrd dollar ) tashqi qarzdorlik o'sishi kuzatilgan. Davlat sektori tashqi bozordan qarz olishining sababi davlat budjeti defitsiti bo'lsa, xususiy sektor tashqi bozordan qarz olishining sababi — xususiy sektorda jamg'armalarning investitsiyalarga nisbatan kamligi, ya'ni jamg'armalar defitsitidir. Mana shu defitsit xususiy korxonalarni tashqi bozordan qarz olishga majbur qiladi. Xususiy sektorga tashqi qarzdorlik jalb qilishda iqtisodiyotning davlat ishtirokidagi korxonalar ustunlik qiluvchi tarmoqlarining hissasi yuqori ekanligini payqash qiyin emas. Davlat mulki samaradorligi darajasining pastligini hisobga olgan holda, bu holat ham, bir tomondan, davlat korxonalariga jalb qilingan tashqi moliyaviy resurslardan foydalanish samaradorligiga alohida e'tibor qaratishni talab etadi. Demak, davlat budjeti defitsitini faqat davlat budjeti va budjetdan tashqari fondlar daromadlari va xarajatlari o'rtasidagi farq deb emas, balki davlat korxonalari daromadlari va xarajatlarini ham o'z ichiga oladi, deb keng talqin qiladigan bo'lsak, mamlakat tashqi bozorlardan olayotgan qarzlarning va mamlakat tashqi qarzi o'sishining aksariyat qismi davlat sektori hissasiga to'g'ri kelayotganinini ko'rishimiz mumkin. Boshqa tomondan, davlat korxonalari faoliyati samarasizligi muammosining mavjudligi ularni xususiylashtirish va bu borada qabul qilingan davlat dasturini amalga oshirish, moliya sektorini isloh qilish va iqtisodiyotda jamg'armalarni rag'batlantirish masalalarining dolzarbligini yanada oshiradi. Markaziy bank ma'lumotlariga ko'ra, bank tomonidan o'tkaziladigan valyuta intervensiyalari oltin-valyuta zaxiralarining «neytralligi» tamoyiliga asoslanadi. Bu Markaziy bank valyuta mablag'larini sof sotish hajmini yil mobaynida xarid qilingan monetar oltin chegarasida ushlab turishini anglatadi. Boshqacha aytganda, Markaziy bank ichki valyuta bozorida operatsiyalar amalga oshirishda jamg'arish yoki mavjud oltin-valyuta zaxiralaridan foydalanish maqsadini ko'zlamaydi, balki pul massasining haddan tashqari o'sishining oldini olish tamoyiliga asoslanadi. Ushbu yondashuv suzib yuruvchi valyuta kursi rejimi talablariga mos keladi. Bunday rejimda markaziy banklarning ichki valyuta bozoridagi ishtiroki minimal bo'ladi va Markaziy bankning valyuta bozoriga intervensiyasi faqatgina umumiy tendensiya doirasida so'm kursining keskin tebranishlarini yumshatish maqsadida amalga oshiriladi. So'nggi yillardagi ma'lumotlar tahlili shuni ko'rsatadiki, Markaziy bankning valyuta bozoridagi operatsiyalari cheklovchi emas, ko'proq rag'batlantiruvchi harakterga ega bo'lib kelmoqda. Xususan, 2017−2021 yillarda O'zbekistonning rasmiy oltin-valyuta zaxiralari 8,0 mlrd dollarga (27,1 mlrd dollardan 35,1 mlrd dollarga) oshgan . Bundan kelib chiqadiki, valyuta bozoridagi intervensiyalar orqali Markaziy bank sotganidan ko'ra ko'proq chet el valyutasini sotib oldi va bu orqali mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari hajmini oshirdi. Demak, Markaziy bank intervensiyalarisiz o'zbek so'mining kursi yuqoriroq bo'lishi mumkin edi, o'z navbatida, eksport hajmi kamroq, import hajmi va tashqi savdo defitsiti miqdori esa amaldagidan ham ko'proq bo'lar edi. Demak, O'zbekistonda sezilarli savdo balansi defitsiti mavjudligi, bir tomondan, davlat budjeti defitsiti mavjudligi bilan, ikkinchi tomondan, xususiy sektorga yo'naltirilgan investitsiyalar hajmiga nisbatan jamg'armalarning yetishmasligi bilan izohlanadi. Aynan davlat budjeti defitsitini qoplash va xususiy sektor investitsiyalarini (asosan davlat ishtirokidagi korxonalarni) moliyalashtirish maqsadida kreditlar va portfel investitsiyalar ko'rinishidagi tashqi moliyaviy resurslar jalb qilinmoqda. Ushbu moliyaviy resurslarning kirib kelishi mamlakat importining eksportdan oshib ketishining asosiy sababidir. Bu shuni anglatadiki, jamg'armalar va xususiy sektorga investitsiyalar darajasi o'zgarmagan holda savdo balansi defitsitini qisqartirish uchun davlat budjeti defitsitini kamaytirish, davlat budjeti defitsiti darajasi o'zgarmagan holda esa iqtisodiyotning xususiy sektoridagi «jamg'arma-investitsiya» balansidagi yetishmovchilikni qisqartirish zarur. «Davlat budjeti daromadlari va xarajatlari» hamda xususiy sektorda «jamg'arma va investitsiyalar» nomutanosibligining umumiy qisqarishi har qanday kombinatsiyada mamlakat savdo balansi defitsitining kamayishiga olib keladi. Ushbu nisbatlar tiklanmas ekan, savdo balansi defitsitini kamaytirishga qaratilgan har qanday urinish muvaffaqiyatsizlikka mahkum. Bir qarashda, savdo defitsiti import hajmining eksport hajmidan ortib ketishi bo'lganligi sababli, bu defitsit miqdorini kamaytirish uchun import proteksionizmini kuchaytirish va import hajmini qisqartirish zarurdek tuyuladi. Import siyosatini liberallashtirishdan qo'rqish ham shundan — liberallashtirish importning ortishiga va tashqi savdo defitsitiga olib keladi, deb hisoblashdan kelib chiqadi. Biroq, agar suzib yuruvchi valyuta kursi sharoitida tashqi savdo defitsiti davlat budjeti defitsiti va xususiy sektorda «jamg'arma-investitsiya» muvozanati nomutanosibligining oqibati bo'lsa, u holda bu muammoni hal qilish import proteksionizmini kuchaytirishni emas, balki iqtisodiy siyosatning mutlaqo boshqa dastaklaridan foydalanishni talab qiladi. Suzib yuruvchi valyuta kursi sharoitida proteksionizm yoki tashqi savdo siyosatini liberallashtirish orqali tashqi savdo balansiga ta'sir ko'rsatib bo'lmaydi. Ushbu dastaklardan foydalanish tashqi savdo balansiga emas, faqatgina eksport va import hajmiga ta'sir qilishi mumkin. Masalan, import proteksionizmi darajasining oshishi milliy valyutaning real ayirboshlash kursining o'sishiga olib keladi. Natijada eksport hajmi qisqaradi va import hajmi ortadi, bu esa savdo balansi dastlabki holatining qayta tiklanishiga xizmat qiladi. Liberallashtirish va import proteksionizmining qisqarishi real ayirboshlash kursining pasayishi va shunga mos ravishda eksport hajmining oshishi, import hajmining qisqarishiga olib keladi. Natijada dastlabki savdo balansi yana o'zgarishsiz qoladi. Savdo balansi defitsitining asosiy sababi davlat budjeti defitsiti yoki xususiy sektor investitsiyalariga nisbatan jamg'armalarning yetishmasligi bo'lganligi sabab, savdo defitsitini kamaytirish uchun iqtisodiy siyosat davlat budjeti defitsitini qisqartirishga yoki xususiy sektorda jamg'armalarni rag'batlantirishga yoki bir vaqtning o'zida har ikkisiga qaratilgan bo'lishi lozim. Ochiq iqtisodiyotda makroiqtisodiy darajadagi o'zaro bog'liqliklar bizning intuitsiyamiz taklif qilgandan ko'ra murakkabroq. Shu nuqtai nazardan, iqtisodiy siyosatning turli vositalaridan foydalanish, mavjud vaziyatdan kelib chiqqan holda, butunlay kutilmagan makroiqtisodiy natijalarga olib kelishi mumkin. Aytaylik, hukumat avtomobillar uchun import bojlarini 80% dan 20% gacha kamaytirishga qaror qildi. Bunday liberallashtirish mamlakat savdo balansi defitsitining oshishiga olib keladimi? Birinchi intuitiv javob — ha , chunki bunday siyosatning oqibati avtomobillar importining sezilarli darajada oshishidan iborat bo'ladi, bu esa tashqi savdo defitsitini oshiradi. Lekin, aslida, to'g'ri javob — yo'q . Avtomobil importi siyosatini liberallashtirish, katta ehtimol bilan, mamlakatning tashqi savdo balansi salbiy saldosining qisqarishiga olib keladi. Mana, nima uchun to'g'ri javob — «yo'q»: avtomobillar uchun import bojlarini 80% dan 20% gacha kamaytirish avtomobillar importi hajmining yiliga, aytaylik, 200 mingtagacha oshishiga olib keladi. Mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchi korxona butlovchi qismlarni olib kirishdagi bojlarni to'lashdan ozod qilingani bois, avtomobillar uchun import bojlar stavkasini pasaytirish va ularni import qilish hajmini oshirish davlat budjetiga qo'shimcha daromad keltiradi. Faraz qilaylik, import qilinadigan avtomobilning o'rtacha narxi 10 ming dollar. Bu holda davlat budjetiga import bojlaridan 20% miqdorida qo'shimcha tushum yiliga 400 mln dollarni tashkil etadi. Shu bilan birga, ushbu qo'shimcha daromadlar davlat budjeti defitsitini va uni qoplash uchun tashqi qarzga bo'lgan ehtiyojni ayni shu miqdorga kamaytiradi. Bu jami savdo balansi defitsitining o'sishiga emas, balki shu miqdorga qisqarishiga olib keladi, garchi avtomobil importi o'sgan bo'lsa ham. Savdo balansi defitsitining bunday qisqarishiga, avtomobillar importi rejimini liberallashtirishga javoban milliy valyuta kursini avtomatik moslashtirish (pasaytirish) va buning natijasida eksport umumiy hajmining tegishli tarzda o'sishi va importning umumiy hajmini cheklash orqali erishiladi. Qolaversa, bunday siyosat iqtisodiyotda resurslardan yanada samarali foydalanish, iste'molchilarning tanlovini kengaytirish va ularning didi va xohishidan kelib chiqqan holda talablarini to'liq qondirish imkonini beradi. Importni liberallashtirish dasturini xuddi shu tarzda, hozirgi vaqtda yuqori import bojlari o'rnatilgan, lekin tarkibiy qismlariga import tariflari qo'llanilmaydigan boshqa mahsulotlar (masalan, maishiy elektronika importi) ham qamrab olinishi hisobiga kengaytirilsa, davlat daromadlari yanada ko'payadi, tashqi qarzdorlik va, o'z navbatida, tashqi savdo defitsiti yanada kamroq bo'ladi. Bundan tashqari, savdoni erkinlashtirish nafaqat import tariflarini pasaytirish, balki barcha xo'jalik yurituvchi subyektlar uchun teng va adolatli raqobat sharoitlarini yaratish maqsadida savdo siyosatining barcha vositalarini isloh qilishni ham anglatadi. Masalan, ichki bozorda faoliyat yuritayotgan korxonalar uchun juda ko'p sonli samarasiz soliq va kredit imtiyozlari bekor qilinsa, davlat budjeti daromadlari qanchalik ko'payib, budjet defitsiti, o'z navbatida, mamlakat savdo balansi defitsiti ham qanchalar kisqarishini tasavvur qilish mumkin. Darhaqiqat, agar davlat budjeti muvozanatlashgan bo'lsa va xususiy sektor jamg'armalari xususiy sektorning investitsiya ehtiyojlarini moliyalashtirish uchun yetarli bo'lsa, unda savdo balansi defitsiti qayerdan kelib chiqadi? Import rejimini liberallashtirish odatda iqtisodiyotning ochiqligini oshirish, ichki tovar bozorlarida raqobatni kuchaytirish, inflyatsiya sur'atini pasaytirish, mulkiy huquqlarni mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar bilan bir vaqtda olib borilishi ham muhim. Bu chora-tadbirlarning barchasi iqtisodiyotda narxlar darajasi izdan chiqishini bartaraf etish, mamlakatdagi investitsiya muhitini yaxshilash, to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar oqimini oshirishga xizmat qiladi. Bu islohotlarning natijasi o'rta va uzoq muddatli istiqbolda tarkibiy qayta qurishlar sur'atlarining tezlashishi, iqtisodiy o'sish va shunga mos ravishda xalq turmush farovonligining oshishidan iborat bo'ladi. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin. | columnist |
4 aprel kuni AOKAda Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi rahbariyati ishtirokida «Keksalar va nogironligi bo'lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko'rsatish: holat va kelajakdagi rejalar» mavzusida matbuot anjumani o'tkazildi . Tadbir oxirida savollarga javob berayotganda agentlik direktori Alisher Inakov Daun sindromi bo'lgan bolalar haqida quyidagi so'zlarni aytdi. «Lekin bitta narsa bor: o'qiy olmaydigan bolalar bor. " Neobuchayemыye " (rus tilida — tahr.) deyiladi. Bu "neobuchayemыye" degan toifadagilar uni uyida sharoit қи лс ангиз ham, boshqa yerda sharoit qilsangiz ham, o'qitishni iloji yo'q. Misol uchun, kuni kecha biz Daun kasalligi bo'yicha shug'ullandik. Daun kasalligi ularni boshqacha qilib xalq tilida aytganda "solnechnыy rebyonok" deydi, quyoshli bola deydi. Kulib turaveradi va hammasi bir biriga o'xshaydi. Bu oq rangilimi, qizil ranglimi, qizil tanlimi, sariq tanlimi — hammasining yuzi bir xil. " Solnechnыy rebyonok" deydi. U bolalarni elementar narsaga o'rgatsa bo'ladi. Onasiga mehribonlikka, uyida jindek kichikroq mehnat qilishga, o'zini tutishga va hokazo . Nima deganda, ular neobuchayemыye. Ularni o'qitishni iloji yo'q narsa. Lekin elementar shart-sharoitlarga, hayotga, elementar hayotiy qo'nikmalar ularga yaratishimiz kerak. To'g'ri bu toifadagi bemorlar uzoq yashamaydi. Biz hozir 73−75 yosh deyapmizku, ular uncha uzoq yashamaydi. Lekin qancha yashasa ham, u ham Xudoning mo'jizasi». Bunday kamsituvchi so'zlarga javoban «Daun sindromi bo'lgan bolalar «o'qiy olmaydimi»? sarlavhasi ostida Telegram-kanalimda qo'yidagi postni yozib, matbuot anjumanida olingan videoning kerakli joyini kesib joylagan edim. Post tagida ko'pgina ota-onalar keskin ravishda agentlik rahbariyatiga o'z salbiy munosabatlarini bildirishgan. Qisqa qilib aytganda, rezonans juda kuchli bo'ldi. Bundan xulosa qilib aytish mumkinki, bir amaldorning nojo''ya so'zi butun boshli oilalar ichida nizolar keltirib chiqarishi mumkin. O'zi jamiyatda nogironligi bo'lgan farzandlar dunyoga kelgach bunday oilaviy nizolar ko'payib yotgan bir pallada… Ota-onalar va fuqarolik jamiyati vakillari Alisher Inakovning so'zlariga darhol munosabat bildirishdi. Samarqand viloyatida yaqinda davlat ro'yxatidan o'tgan hozircha butun respublika bo'yicha yagona Daun sindromi bo'lgan shaxslarni qo'llab-quvvatlovchi "Iymon" nodavlat notijorat tashkiloti agentlikka rasmiy murojaatnoma bilan chiqdi. Bundan tashqari, advokat Shaxlo Mamaraximova o'z bayonotini ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qildi . Ota-onalar va jamoatchilik faollari agentlik rahbarining "quyoshli bolalarni o'qitib bo'lmaslik, ular qisqa umr ko'rishlari va yuzi bir xil bo'lishi" degan noto'g'ri so'zlarini haqoratli deb topishgan. Daun sindromi bo'lgan bolalarning ota-onalaridan ochiqchasiga uzr so'rashni talab qilishgan. Shuningdek, bolalar bilan shaxsan uchrashish, ular o'z qo'llari bilan pishiradigan nonlardan tatib ko'rishga va tayyorlagan hunarmandchilik mahsulotlarini sovg'a sifatida qabul qilishni taklif qilishgan. «Agar siz yuqori lavozimli amaldor bo'lsangiz, bunday gaplarni jamoat oldida, shahar tadbirida aytishdan tortinmasangiz, u holda idoralarda yopiq eshiklar ortida aytilgan gaplarni faqat tasavvur qilishimiz mumkin. O'z nutqingiz bilan siz Daun sindromli bolalarning huquqlarini qo'pol ravishda poymol qildingiz va, bu so'zimdan qo'rqmasdan gapiraman, alohida ehtiyojga ega bolalarning onalik tuyg'ularini ranjitdingiz », — deyiladi Shaxlo Mamaraximova bayonotida. AQShda joylashgan Daun sindromi bo'lgan shaxslar uchun dunyo miqyosidagi yetakchi tashkiloti Milliy Daun sindromi jamiyati (The National Down Syndrome Society) ma'lumotiga ko'ra, so'nggi o'n yillarda Daun sindromi bo'lgan odamlarning umr ko'rish davomiyligi keskin oshgan — 1983 yildagi 25 yoshdan bugungi kunda 60 yoshga yetgan. Aslida bunday katta umr ko'rish ijtimoiy va tibbiy taraqqiyotning ajoyib yutuqlaridan dalolat beradi. Lekin ayrim amaldorlarimiz hanuz 1980-chi yillar sovet paytidan beri yangilanmagan ma'lumotlarga tayanib ishlashyapti. Aynan Daun sindromi bo'lgan bolalar va kattalar ijtimoiylashuv va jamiyatdagi ijobiy munosabat tufayli uzoq umr ko'rishadi — bu nafaqat nogironligi bo'lgan, balki nogironligi bo'lmagan shaxslarga ham taalluqli. To'g'ri, Daun sindromi bo'lgan shaxslar boshqalarga qaraganda sekinroq fikrlashlari va ma'lumotni o'zlashtirishga ko'p vaqt talab qilishlari mumkin. Ammo ularning harakat qilish va ko'rinishi o'xshash bo'lishi mumkin bo'lsa-da, har bir Daun sindromli bola turli xil qobiliyatlarga ega bo'ladi. Ilmiy tadqiqotlarga ko'ra, Daun sindromi bo'lgan bolalar yengil va o'rta darajada past diapazonda IQ (intellekt o'lchovi) ga ega va boshqa bolalarga qaraganda sekinroq gapirishadi. Ammo bu ular o'qiy olmaydi degani emas. Ta'lim olishga sindromning ta'siri odatda yengil va o'rtacha darajada bo'ladi. Muammo — har bir Daun sindromi bo'lgan shaxsning ko'plab kuchli qobiliyatlarini namoyon etishga individual shart-sharoitlar yetishmasligida. Rivojlangan davlatlarda Daun sindromi bo'lgan odamlar barcha qatori oddiy maktablarga boradilar, ishlaydilar, ularga taalluqli qarorlardni qabul qilishda qatnashadilar, oila quradilar, ovoz beradilar va jamiyatga ajoyib tarzda hissa qo'shadilar. O'tmishda Daun sindromi bo'lgan ko'plab yoshlar "aqli zaif" o'quvchilar uchun alohida maktablarga qatnagan. Biroq, tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, Daun sindromi bo'lgan bolalarning aksariyati tengdoshlari bilan birgalikda umumiy maktablarda ta'lim olganlarida eng yaxshi muvaffaqiyatga erishadilar. O'zbekistonda yashovchi Daun sindromi bo'lgan bolalarning boshqa mamlakatlardagi bolalardan nimasi yomon? Ularga faqat teng imkoniyatlar va kerakli inklyuziv muhitni yaratish kerak. 8 aprel kuni Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi rahbariyati "Daun Sindromi uyushmasi" va bolalarning ota-onalari bilan uchrashuv tashkil qildi . Agentlik matbuot xizmati tarqatgan videoda Alisher Inakov "Agentlikning press-konferensiyasida so'zlarni…gap, fikrdan yulib olib, podacha (nutq tushunarsiz — tahr.) umuman noto'g'ri fikrlar ketib qolgan ijtimoiy tarmoqlarda", deya fikr bildiradi. Ammo Daun sindromi bo'lgan bolalar o'qiy olmaydi deb matbuot anjumanida Inakov o'zlari bir necha bor aniq takrorlaganlar. « Daun sindromi bo'lgan bolalar o'qiy oladi. Daun sindromi bo'lgan bolalar to'laqonli hayot kechira oladi. To'g'ri boshqalarga nisbatan sal murakkabrok, balki qiyinchilik bordir… Shu qiyinchiliklarni yengib, o'tib bolani jamiyatda o'zini dostoyniy (munosib) joyini topishga intilyapti hozir. Shuning uchun bizning eng asosiy vazifamiz shuki — ota-onalar bir joyda, davlat organlari ikkinchi joyda, jamiyat uchinchi joyda, bir birimizga ko'prik ko'yishimiz kerak», — dedi Alisher Inakov ota-onalar bilan uchrashuv jarayonida. Quvnoq musiqa ko'shib montaj qilingan video bilan birgalikda matbuot xizmati tomonidan aftidan menga nisbatan hech qanday asossiz maqola ham chop etildi. Quyida matbuot xizmati bayonotidan bir parcha keltiraman: «Hozirgi axborot makonida, internet rivojlangan davrda dunyoning bu chetidan gapirgan gaping, sal o'tmay Afrikaning qaysi bir go'shasida yoki dengiz orti «sehrli diyor»ning qaysi bir gazetasi yuzini bezab turadi. Rivojlanish, internetning tezligi yaxshi, biroq gapning «…berdi"sini eshitmay, ovozayu doston qilish, piar uchun, obunachini ko'paytirish maqsadida tarqatish kishining dilini xira qiladi». Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganlaridek «Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati faoliyatini har tomonlama qo'llab-quvvatlash — samarali boshqaruvni amalga oshirishning ustuvor yo'nalishidir ». Bu yilgi «Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturining 43-vazifasi «Ayrim davlat funksiyalarini amalga oshirish jarayoniga jamoatchilik nazorati subyektlarini keng jalb qilish» hisoblanadi. Aslida Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi Daun sindromi bo'lgan bolalarning muammolariga aynan jamoatchilik faollari va ota-onalar guruhlari e'tibor qaratganligi uchun minnatdor bo'lishlari lozim. Balki fuqarolik jamiyati murojaatlari va bayonotlarisiz agentlik ota-onalar bilan uchrashuv ham o'tkazmagan bo'lar edi va bu sohada to'planib qolgan muammolarni muhokama qilish imkoniyati ham bo'lmas edi? Aynan qizg'in jamoatchilik muhokamasi Alisher Inakov aytgan «ko'prik»ni qo'rishga birinchi qadam bo'lmadimi? Bu vaziyatda agentlik matubot xizmati kontrpiar yoki rahbariyatining reputatsiyasini yuvish bilan emas, Daun sindromi bo'lgan bolalar va kattalarning jamiyatimizda to'planib qolgan muammolarini yoritishga haraqat qilishi kerak. Chunki ularning ko'p narsalardan uncha xabarlari yo'q, menimcha. Misol uchun, «Daun Sindromi uyushmasi» degan tashkilotning o'zi yo'q. Ancha yillardan beri ko'p sonli Daun sindromi bo'lgan bolalar ota-onalarining o'z-o'ziga yordam klublari nodavlat notijorat takshilotini davlat ro'yxatidan o'tkazishga harakat qilib kelishadi. Daun sindromi bo'lgan bolalarning ota-onalar klubi. Foto: Shaxnoza Ikramova Hozircha faqat Samarqand viloyatidagi «Iymon» NNT bor, ammo respublika miqyosida rasmiy faoliyat yurituvchi tashkilot yo'q. Shu sababli, uchrashuvda ota-onalar agentlik rahbariyatidan qo'llab-quvvatlovchi xat taqdim etishni iltimos qilishgan va respublika NNTSini Adliya vazirligida ro'yxatdan o'tkazishda amaliy yordam so'rashgan. Alisher Inakov bu borada yordam berishga va'da bergan. Bundan tashqari, ota-onalar so'zlariga ko'ra endilikda agentlik rahbariyati bilan ota-onalar har oy uchrashuv o'tkazishga kelishib olishgan. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi kontrpiar amaliyotlaridan so'ng boshqa davlat idoralariga yaqin bo'lgan internet-nashrlarda Daun sindromi bo'lgan bolalarga atab maqolalar chop eta boshlandi . Darvoqe, 21 mart halqaro «Daun sindromi kuni»ga bag'ishlab bunday OAVlar hech qanday maqola chiqazishmagan. Ota-onalar o'z kuchlari bilan tashkil qilgan «Dunyo quyosh nigohida!» festivali haqida ham bir og'iz aytilmagan. Lekin, halqaro tashkilot bo'lmish YUNISEF bu tadbrini yoritgan . YUNISEFning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade shaxsan o'zi tadbirda ishtirok etgan va nutq qilgan. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi ota-onalar taklifiga qaramay, noma'lum sabablarga ko'ra tadbirda ishtirok etmagan. Lekin agentlikning ishini ko'z-ko'z qilish maqsadida «Ulg'aygani sari qalbi bola bo'lib qolaveradigan misli farishtalar…» «Farishta sifat, beg'ubor, qalbi pok, sodda, samimiy, doim kulib turadigan bu bolajonlarni «quyosh bolalari» kabi jumlalarga boy maqolalar tezda paydo bo'lishni boshladi. Afsuski, ko'pgina matbuot xizmatlari vakillari va jurnalistlarning nogironlik va inklyuziv rivojlanish muammolarini nogironlikning ijtimoiy modeli va BMT nogironlar huquqlari to'g'risidagi Konvensiya asosida yoritishga bilim va ko'nikmalari yetishmaydi. Muammo shundaki, ko'pgina jurnalistlarimiz bunday maqolalarni yozishdan oldin Daun sindromi bo'lgan shaxslar va ularning ota-onalari bilan maslahat qilishmaydi. Agentlik esa o'z faoliyatiga ularni to'g'ridan-to'g'ridan jalb qilmaydi. Ko'pgina savollar , shu jumladan «Agentlikning o'zida nechta nogironligi bo'lgan shaxs ishlaydi? » savoli ochiqligicha qolmoqda. «Biz haqimizda faqat biz orqali» halqaro tamoyiliga asoslanib nogironligi bo'lgan shaxslar va ularning oila a'zolari bevosita mutaxassis sifatida bunday davlat idoralariga jalb qilinishi kerak. «Daun sindromi bo'lgan bolalar katta bo'lsa ham boladek qoladi», degan tushuncha ularni kamsitishga kiradi. Ilmiy tilda bu «infantilizatsiya» — kattalarga go'yo u hali boladek munosabatda bo'lish. Daun sindromi bo'lgan bolalar ham ulg'ayadi va nafaqat sifatli ta'lim olishlari balki munosib mehnat qilish huqiga ham egalar. Agar bolaga sifatli va inklyuziv ta'lim berib, jamiyatga qo'shsak va kerakli ijtimoiy ko'nikmalarni bersak, ular ham barcha kattalar qatori ishlab, mustaqil bo'lishlari mumkin. Hozirgi paytda esa, ko'p Daun sindromli bolalar maxsus maktabni bitirib, uyda o'tirib qolishyapti. Agentlik va boshqa mutasaddi tashkilotlar bu muammoni yechish uchun nima ishlar qilishyapti? Daun sindromi bo'lgan shaxslar boshqalar kabi mustaqil yashashni, sevishni va turmush qurishni xohlashadi. Misol uchun, «Dunyo quyosh nigohida!» festivalida ishtirok etgan Daun sindromi bo'lgan qiz podiumda milliy kelinlar libosini ko'rsatdi. Ularni kim «ulg'aygani sari bola» qiladi? Maxsus maktablarda ularga oddiy zamonaviy dasturlar bo'yicha dars bermaydiganlar, ularni inklyuziv ta'lim va mehnatga jalb qilmayotganlar. Rivojlanishida o'ziga xos bo'lgan bolalarga ajratilgan alohida yopiq maxsus maktablarda bolalar jamiyatdan yiroqda tarbiyalanadi. Natijada maktabni bitirgandan so'ng alohida ehtiyoji bor bolalar hech qanday ijtimoiy ko'nikmalarsiz jamiyatga kirib borishadi. Axir, jamiyatdan ajralgan holda ulg'ayib bu ko'nikmalarni qanday qilib orttirsa bo'ladi? Hamma narsani tushuntirish va talqin qilish kerak, bolalar hayotda qanday muammolarga duch kelishi mumkin, u yoki bu vaziyatdan qanday chiqish kerak — hammasini o'rgatishimiz kerak. Daun sindromi bo'lgan o'smirlar uchun kasb-hunar o'rganish kollejlari yoki kurslari yo'q! Ota-onalar o'zlarining pullarini ketkazib xususiy ta'lim markazlariga murojaat qilishlariga to'g'ri kelyapti. Agentlik Daun sindromi bo'lgan bolalarni qo'llab-quvvatlaymiz deb hamma yerga bong uradi, lekin biz haliyam ular haqida aniq stastik ma'lumotlarga ega emasmiz. Yaqinda Daryo.uz nashri rasmiy va norasmiy murojaatlariga Sog'liqni saqlash vazirligi bunday statistik ma'lumotlar bor yoki yo'qligi haqidagi axborotni hech qanday sabab keltirmasdan berishdan bosh tortdi. Axir, statistik ma'lumotlar va ilmiy izlanishlarsiz qanday qilib samarali ijtimoiy siyosatni yuritish mumkin? Daun sindromi bo'lgan bolalar ota-onalarining klubi bergan norasmiy ma'lumotga ko'ra, respublikamiz bo'ylab 700 dan ortiq shunday oilalar bor. Hozirda qancha oilalar tibbiy va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olingan? Bu yil bunday har bir oila bilan ishlash uchun aniq, maqsadli yo'l xaritasi tuzilganmi? Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining bu sohadagi faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni davom ettiramiz. Fuqarolik jamiyati reaksiyasi tabiiy va rivojlanish uchun juda muhim. Aynan agentlik va boshqa tegishli davlat idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o'rnatish bunday noprofessional bayonotlarni aniqlash va harakatlarni kuzatish imkonini beradi. Agentlik tanqidiy ommaviy xabarlarga og'riqli munosabatda bo'lsa, xuddi shu g'ayrat bilan Daun sindromli bolalar va kattalar uchun ta'lim va mehnat imkoniyatlarini yaratishga yordam bersa yaxshi bo'lardi. Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. | columnist |
BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska «Gazeta.uz» ruknida shahar va qishloqlarda havoni tozalash, iqlim o'zgarishiga moslashish va cho'llanishga qarshi kurash bo'yicha «Yashil makon» katta tashabbusining ahamiyati haqida yozadi. Ko'pgina tashkilotlar va fuqarolarning sa'y-harakatlariga qaramay, har tomonlama parvarish qilish va boshqarishsiz ekilgan ko'chatlarning taqdirini oldindan aytib bo'lmaydi. Ishga kirishishdan oldin qanday daraxt va buta turlarini, qayerda va qanday ekish, qanday parvarish qilish kerakligini ilmiy nuqtai nazardan aniqlash kerak. Shuningdek, mablag'larni, jumladan, mahalliy nodavlat mablag'larni jalb qilish bo'yicha keng ko'lamli ishlarni boshlash kerak. Muallifning fikricha, eng muhim ekish maydonlarini, daraxt va buta turlarini aniqlash va sa'y-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish tizimi zarur. 2021 yilning noyabr oyida O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» tashabbusini ilgari surdi. Ulkan maqsad va uzoqni ko'zlagan mazkur tashabbus kelgusi besh yil davomida mamlakat bo'ylab 1 mlrd tup daraxt va buta ko'chatlari ekilishi lozimligini nazarda tutadi. Loyiha shahar markazlaridagi havoni tozalash, odamlar hayotini saqlab qolish va ularning turmush sharoitini yaxshilashga hissa qo'shadi. Tashabbus, shuningdek, O'zbekiston iqlim o'zgarishi oqibatlarini yumshatish va iqlim ta'siriga moslashish bo'yicha Parij bitimi doirasida o'z zimmasiga olgan majburiyatlarning bajarilishiga xizmat qiladi. Muayyan hududlarda esa daraxtlar tuproq sifatini yaxshilab, cho'llanishning oldini olish va hatto bu jarayonni ortga qaytarishga yordam berishi mumkin. Ilk natijalar tashabbus e'lon qilingandan bir necha kun o'tiboq ko'zga ko'rina boshladi, negaki ko'chat ekishdek savobli ishga ko'plab tashkilotlar, mahallalar va keng jamoatchilik safarbar bo'lgandi. Prezident matbuot xizmati xabariga ko'ra, 2021 yil oxiriga kelib 85 mln tup ko'chat ekilgan bo'lsa, shu yilning bahor oylarida qo'shimcha 125 mln dona ko'chat ekilishi mo'ljallangan. Qashqadaryo viloyatining Kasba tumanida daraxt ekish. Foto: Davlat ekologiya qo'mitasi . Jarayon ko'tarinkilik bilan jadal sur'atda davom etayotgan bo'lsa-da, daraxtlarni ekish va parvarishlash jarayonini boshqarish bo'yicha samarali va keng qamrovli yondashuv qabul qilinmasa, daraxtlar va, umuman, dasturning taqdiri mavhum bo'lib qoladi. Muvaffaqiyatga erishish, ya'ni ko'chatlar ildiz otib, osmonga bo'y cho'zishini ta'minlash, uglerod tashlanmalari hajmini kamaytirish va ular bilan keyinchalik potensial ravishda savdo qilish imkoniyatini qo'lga kiritish uchun sa'y-harakatlar mamlakat miqyosida samarali tarzda muvofiqlashtirilishi lozim. Loyihani qo'llab-quvvatlash va uning barqarorligini ta'minlash uchun innovatsion moliyalashtirish yechimlari ishlab chiqilishi mumkin. «Yashil makon» kabi tashabbuslar naqadar dolzarb ahamiyatga ega ekani tashabbus ilgari surilgan oyning o'zidayoq, kun tunga aylangan, quyuq chang Toshkent quyoshi va moviy osmonini to'sib qo'ygan 5 noyabr kuni, ayniqsa, yaqqol namoyon bo'ldi. Asosan, Toshkent va Sirdaryo viloyatining janubiy hududlarini qamrab olgan chang bo'roni mamlakatda meteorologik kuzatuvlar yuritila boshlangan 1871 yildan buyon ro'y bergan eng kuchli bo'ron bo'ldi. Ushbu ekstremal ob-havo hodisasi Glazgodagi iqlim o'zgarishi bo'yicha BMT Konferensiyaning 26-sessiyasi — sayyoramiz kelajagi muhokama qilinadigan eng yirik va eng muhim anjuman paytiga to'g'ri keldi. Konferensiya ishtirokchilari Orol dengizining qurishi tufayli Markaziy Osiyoda iqlim o'zgarishi jarayoni boshqa mintaqalarga qaraganda ikki barobar tez kechayotganini alohida ta'kidlashdi. Iqlim o'zgarishi tufayli yuzaga kelayotgan xavf-xatarlarni to'liq anglab yetgan holda, O'zbekiston kelgusi o'n yil davomida o'z iqtisodiyotining tashlanmalar jadalligi — mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarish jarayonida paydo bo'ladigan issiqxona gazlari miqdorini 35 foizga kamaytirish majburiyatini oldi. Chang bo'roni ostidagi Toshkent — NASA Yer observatoriyasi suratlari. 2021 yil 4−5 noyabr. Manba: NASA EOSDIS LANCE va GIBS/Worldview asosida MODIS ma'lumotlaridan foydalangan holda Loren Dofin tomonidan olingan NASA Yer observatoriyasi suratlari. O'zbekiston kabi hududlarda chang bo'ronlari bilan bog'liq bo'lgan eng katta xavflardan biri yirik qattiq zarrachalar (PM10) bo'lib, 5 noyabr kuni ularning hajmi havoning har kub metrida 18 000 mikrogrammgacha yetib, ko'pincha, ularning tarkibida, changdan tashqari, boshqa moddalar ham bo'ladi. Bu changning katta qismi 1960 yillarda mintaqaning qishloq xo'jaligini rivojlantirish uchun suv oqimi o'zgartirilishi natijasida qurib, cho'lga aylangan Orol dengizining tubidan ko'tariladi. Orol dengizining qurigan tubi o'rnida sanoat va qishloq xo'jaligi chiqindilarining zaharli ifloslantiruvchi moddalari bilan to'yingan ulkan cho'l paydo bo'ldi. Orol dengizi qirg'oqlarida yashagan odamlar esa yoki ko'chib ketdi yoki hayotlari qiyinchiliklar bilan kurashda o'tmoqda. Bu vaziyat onalar va bolalar uchun ayniqsa xavfli, negaki bu hudud dioksinlar kabi atrof-muhitni ifloslantiruvchi moddalar darajasi bo'yicha dunyoda eng yuqori o'rinlardan birida turadi. Ma'lumotlarga ko'ra, 1960-yillar oxirlaridan boshlab Orol dengizining qurigan tubidan har yili 75 mln tonnadan ziyod chang va zaharli tuzlar havoga ko'tariladi. Surxondaryo viloyati mamlakatning janubi-sharqiy chegarasida joylashgan bo'lib, garmsel yoki afg'on shamoli, deb nom olgan quruq issiq shamollardan aziyat chekadi. Bunday shamollar har yili bir necha marta sodir bo'lib, changni 20−25 m/s gacha tezlikda ko'chirib yuradi. Garmsel havoni zaharlashdan tashqari, unumdor tuproq qatlamlariga zarar yetkazadi va qishloq xo'jaligidagi hosildorlik darajasini pasaytiradi. Orolbo'yi mintaqasi 2018 yildan buyon Hukumat va BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan qo'llab-quvvatlanayotgan o'rmonlashtirish bo'yicha qizg'in kampaniyaning diqqat markazida turgani bejiz emas. Mazkur kampaniya doirasida saksovul ko'chati tanlab olingan bo'lib, u qurg'oqchilikka chidamli o'simlik hisoblangani bois tuproqni himoya qilish va ortiqcha bug'lanishni kamaytirish, pirovardida, mahalliy mikroiqlimni yaxshilash uchun keng miqyosda ekilmoqda. Foto: O'zbekistondagi BMTTD. 2030 yilga qadar 500 ming gektar maydonga saksovul ekish bo'yicha belgilangan maqsadga O'zbekiston O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasi 2020 yildayoq erishishga muvaffaq bo'ldi . Futbol tilida aytadigan bo'lsak, bu — 930 000 dan ziyod futbol maydoniga teng. «Yashil makon» tashabbusi BMT Bosh Assambleyasining Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb e'lon qilish to'g'risidagi 2021 yilgi rezolyutsiyasi maqsadlari bilan hamohang. Dunyoning 60 ta davlati hammuallif bo'lgan ushbu muhim hujjat atrof-muhit holatini tiklash va yaxshilash, tabiiy resurslarni, shu jumladan, suv resurslarini asrash va mintaqadagi turmush darajasini yaxshilash uchun tadqiqotlar o'tkazish va ilmiy faoliyat yuritishga chaqiradi. BMTTD mazkur sa'y-harakatlarni to'liq qo'llab-quvvatlagan holda O'zbekiston Hukumatiga kompleks chora-tadbirlar turkumini ishlab chiqish va amalga oshirishda ko'maklashish maqsadida, innovatsiyalar, texnologiya va siyosat sohasidagi mutaxassislarni o'z ichiga olgan ko'p tarmoqli guruhni tuzdi. Fikrimizcha, «Yashil makon» — yuqori maqsadlarga yo'naltirilgan jadal tashabbus bo'lsa-da, puxta tayyorgarlik va rejalashtirish orqali uning yanada samaraliroq bo'lishini ta'minlash mumkin. O'rmonlashtirish va o'rmonlarni qayta tiklash dasturlari doirasida istalgan natijalarga erishish uchun uzoq muddatli investitsiyalar va boshqaruv bilan bir qatorda, puxta rejalashtirish va doimiy diqqat-e'tibor talab etiladi. O'zbekiston kabi suv taqchilligi kuzatiladigan mamlakatlarda daraxtzorlar barpo etish suv resurslariga bo'lgan yuklamani yanada oshiradi. O'rmonchilik sohasi mutaxassislarining ta'kidlashicha, daraxtzorlarni barpo etishdagi asosiy masala — bu daraxtlarning qaysi turlarini ekish, qayerda va qanday zichlikda ekish va boshqalar. Surxondaryo viloyati Termiz tumanida «Yashil makon» loyihasi doirasida ko'chat ekish. Foto: Davlat ekologiya qo'mitasi . Ayrim mamlakatlar daraxtzorlarni yaratish dasturlarini muvaffaqiyatli amalga oshirishga erishgan. Masalan, Xitoyda «Buyuk yashil devor» loyihasi natijasida chang bo'ronlarining takrorlanish darajasi va jadalligi pasaygan bo'lsa, Afrikaning Sahel hududidagi cho'llanishga qarshi kurash bo'yicha umumafrika dasturi doirasida Senegalda 40 ming gektar maydonga 12 million tup daraxt ekildi. Boshqa mamlakatlarning muvaffaqiyatlari va muvaffaqiyatsizliklaridan olinadigan saboqlar kutilmagan oqibatlar xavfini kamaytirishga yordam beradi. Biz, shuningdek, daraxtzorlar yaratishga kirishishdan avval Ko'kalamzorlashtirish bosh rejasi bilan bog'liq bo'lgan kompleks texnik-iqtisodiy asoslash o'tkazilishini tavsiya qilamiz. Mazkur tayyorgarlik bosqichi muhim ekologik zonalar va ekish maqsadlarini aniqlash, daraxt, buta yoki maysalar ekish uchun mos keladigan joylarni belgilash, monitoring tizimini yaratish, yerga egalik qilish masalalarini hal qilish, uglerod tashlanmalari miqdorini kamaytirish yo'llarini aniqlash va sug'orish infratuzilmasini rejalashtirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, turli manfaatdor tomonlar sa'y-harakatlari unumdorligini ta'minlash uchun samarali muvofiqlashtirish tizimi zarur. Dasturni amalga oshirishning turli bosqichlarida, jumladan, ko'chatzorlarni qo'llab-quvvatlash, ekish, infratuzilmani rivojlantirish, parvarishlash, moliyalashtirish, monitoring jarayonlarida ishtirok etayotgan turli muassasalar harakatlariuyg'unligi va muvofiqlashtirilgan bo'lishini ta'minlash juda muhim. Dastur maqsadlariga erishish uchun samarali yetakchilik va muvofiqlashtirish tizimi mavjud bo'lishi lozim. Nihoyat, dastur natijalari belgilangan yuqori maqsadlarga mos bo'lishini ta'minlash uchun imkon qadar qisqa vaqt ichida samarali va innovatsion moliyalashtirish modeli joriy etilishi lozim. «Yashil makon» davlat jamg'armasining tashkil etilishi maqtagulik ilk qadam, ammo maqsadga erishish uchun davlat investitsiyalarining o'zigina yetarli bo'lmaydi. Jalb qilinadigan nodavlat mablag'larining hajmini ko'paytirish hamda investitsiya va moliyalashtirish manbalarini kengaytirish lozim. Bularga o'rmonlardan barqaror foydalanish va o'rmon xo'jaligini rivojlantirish maqsadlariga yo'naltirilgan xalqaro moliyalashtirish, xususiy ichki moliyalashtirish va yashil/BRM obligatsiyalari kiradi. BMTTD va unga yondosh tashkilotlar, jamg'armalar hamda BMT dasturlari mazkur tashabbusni muvaffaqiyatli amalga oshirilishini tilagan holda «Yashil makon» dasturini kelgusi besh yillik davrdagi barcha bosqichlarda qo'llab-quvvatlashga tayyormiz, buni istaymiz va bunga qodirmiz. | columnist |
Ma'mur Ahlidinov va Dilmurod Yusupovning maqolalari o'zbek imo-ishora tiliga Gulnora Mahkamova tomonidan tarjima qilingan. 2020 yilning sentabrida o'zbek imo-ishora tilining (O'IT) huquqiy maqomini mustahkamlash zarurligi, bu, o'z navbatida, mamlakatimizda uning rivojlanishiga xizmat qilishi haqida yozgan edik . 2020 yil 2 dekabr kuni esa Vazirlar Mahkamasining «Imo-ishora tilini rivojlantirish to'g'risida»gi qarori loyihasi muhokamaga qo'yildi . Biroq oradan ikki yildan ko'proq vaqt o'tgan bo'lsa ham, mazkur hujjat haligacha qabul qilingani yo'q. 2 fevral kuni Vazirlar Mahkamasining shunga o'xshash qarori loyihasi yana bir bor jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilindi. Ammo uzoq davom etgan tanaffusga qaramay, qaror loyihasi hamon xom bo'lib, O'zbekistondagi karlar jamiyatida ko'plab savollarni keltirib chiqarmoqda. Qaror loyihasining fevral oyidagi matnida ko'plab vazifalarni amalga oshirish muddati va boshlanish sanasi joriy yilning «1 yanvariga qadar» yoki «1 yanvardan» deb ko'rsatilgani ajablanarli. Masalan, imo-ishora tilini o'rgatish bo'yicha o'quv markazlari faoliyati 2022 yil 1 yanvardan boshlanishi kerak . Bunday rasmiyatchilik hujjat loyihasi olti oy avval e'lon qilinishi kerak, degan fikrni uyg'otadi. Birinchidan , biz chindan ham imo-ishora tilini rivojlantirmoqchi bo'lsak, bunday qarorlarni muhokama qilayotganda, eshitish bo'yicha nogironligi bo'lgan odamlarni ular uchun tushunarli muloqot formatlarida xabardor qilishimiz lozim. Paradoks shundaki, imo-ishora tilini rivojlantirish to'g'risidagi qaror loyihasiga o'zbek imo-ishora tilidagi tarjimasi ilova qilinmagan . Axir eng yaxshi ekspertlar — karlar va eshitish qobiliyati zaif odamlarning o'zlari-ku! Aynan ular imo-ishora tilining tashuvchilari hisoblanib, hayotiy tajribalariga asoslangan holda uning rivojlanishiga to'sqinlik qilayotgan barcha muammolarni yaxshiroq bilishadi. Nima uchun mazkur hujjatni ishlab chiqqan Xalq ta'limi vazirligi uni muhokamaga qo'yishdan oldin qaror ishlab chiqilayotgani haqida kar va zaif eshituvchilar hamjamiyatini ular tushunadigan imo-ishora tilida xabardor qilib, ularni ushbu jarayonga jalb etmadi? Bir o'xshatishni keltirib o'taylik: o'zbek tili o'z ona tili bo'lgan xalqning o'zini faol muhokamaga jalb qilmasdan turib, o'zbek tilini rivojlantirish bo'yicha qaror qabul qilish mumkinmi? Yo'q! Axborotdan o'z vaqtida foydalanish va qaror loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etish imkoniyatlarini ta'minlamaslik kar va zaif eshituvchi fuqarolar huquqlarining qo'pol buzilishi hisoblanadi. Natijada, hujjatning onlayn muhokamasida nogironligi bo'lgan shaxslar tashkilotlarining faqat ikki nafar vakili qatnasha oldi, xolos. Nogironlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasida 30 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlarini birlashtirgan O'zbekiston nogironlar uyushmasi raisi Oybek Isoqov o'nta alohida taklif qoldirdi. Ulardan faqat ikkitasi XTV tomonidan qabul qilingan. Qolgan sakkiztasi hujjat «mavzusiga mos kelmasligi» va avvalroq «Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida»gi qonunda belgilangani sababli ko'rib chiqilmagan. Biroq takliflar qaror loyihasining mavzusi va predmetiga mos kelmasligi hamda mazkur takliflar qonunning qaysi moddasida qay darajada o'z aksini topgani haqida aniq tushuntirishlar berilmagan. Foto: Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e'lon qilingan qaror loyihasidan skrinshot. O'zbekiston karlar jamiyati blogi muallifi Ma'mur Ahliddinov tomonidan bildirilgan ayrim takliflar ishlab chiqilgan loyihaning asosiy mavzusi bo'lmagani uchun qisman qabul qilindi. XTV ularning ba'zilari loyiha hujjatini takomillashtirish uchun ishlatilishini qayd etdi. Xo'sh, unday bo'lsa, muhokama kim uchun va nima uchun o'tkazildi? Hujjat hech qayerda o'zbek imo-ishora tilida — na real vaqt rejimida va na video shaklida taqdim etilmagan, ikki ekspert tomonidan ilgari surilgan takliflar ham rad qilingan bo'lsa? Ko'pgina mamlakatlarda imo-ishora tillari uzoq vaqtdan beri rasmiy huquqiy maqomga ega to'laqonli tillar sifatida tan olingan. Butunjahon karlar federatsiyasi (WFD) milliy imo-ishora tillarining qonuniy tan olinishini muntazam ravishda kuzatib boradi. Tashkilot bunday qonunchilikning yo'qligini karlarning asosiy huquqlarining jiddiy buzilishi, deb hisoblaydi. O'zbekiston 2021 yil iyun oyida ratifikatsiya qilgan «Nogironlar huquqlari to'g'risida»gi konvensiyaga muvofiq, mamlakatimiz ham o'zbek imo-ishora tilining yuridik tan olinishini qo'llab-quvvatlash majburiyatini zimmasiga olgan. WFD ma'lumotlariga ko'ra, imo-ishora tillari dunyoning 71 mamlakatida huquqiy maqomga ega. Shu bilan birga, imo-ishora tillarining huquqiy maqomini ta'minlashning bir qancha shakllari mavjud . Bu quyidagilardan iborat bo'lishi mumkin: umumiy qonun yoki qoidalarda qaysidir darajada yuridik tan olinishi; konstitutsiyaviy tan olinishi; umumiy til qonunchiligida tan olinishi; imo-ishora tiliga oid alohida qonun yoki akt; qonunchilikdagi nogironlar huquqlari to'g'risidagi me'yorlar va boshqa shakllar. Milliy imo-ishora tillarining yuridik tan olinishi (2021 yil dekabr holatiga ko'ra). Manba: Butunjahon karlar federatsiyasi Yuqoridagi tasvirda O'zbekiston ikki xil — ko'k va qizil rang bilan belgilangan. Moviy ko'rsatkich mamlakatimizda imo-ishora tili 2020 yilda nogironlik bo'yicha milliy qonunchilikda rasman e'tirof etilganini anglatadi. Aftidan, gap 2021 yil 16 yanvarda kuchga kirgan «Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida»gi yangi qonun haqida bormoqda. Qaror loyihasi nomining o'zidayoq o'zbek imo-ishora tiliga shaxslararo muloqot vositasi sifatidagi ta'rif allaqachon kiritilgan. «Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida»gi qonunning 28-moddasida ham imo-ishora tili faqat «shaxslararo muloqot vositasi» sifatida e'tirof etilgan va qo'llab-quvvatlangan. Aslida, yangi qonun hech narsani o'zgartirmadi. O'IT maqomi bu yerda hech qanday tarzda mustahkamlanmagan, chunki «Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida» gi eski qonunning 22-moddasida «shaxslararo muloqot vositasi sifatida imo-ishora tili» ning shunga o'xshash tan olinishi allaqachon qo'llanilgan. Shu bilan birga, har ikkala qonunda ham noto'g'ri atamalar ishlatilgan. «Imo-ishora tili» va «O'zbek imo-ishora tili» atamalari o'rtasida katta farq bor. Imo-ishora tili tana tili yordamida og'zaki bo'lmagan muloqotdir, o'zbek imo-ishora tili esa o'zbek, rus, ingliz yoki boshqa tillar singari to'laqonli til hisoblanadi. Qaror loyihasida qo'llanilgan atamalardan kelib chiqadigan bo'lsak, ishlab chiquvchilar nogironligi bo'lmagan shaxslardir. Matnda nogironlar va «sog'lom» odamlarning noto'g'ri bo'linishi ustunlik qiladi. Masalan, 2-bandda «nog'ironligi bo'lgan shaxslar va sog'lom insonlar o'rtasidagi» jumlasi ishlatilgan. Shuni esda saqlash kerakki, karlar — «kasallar» emas. Nogironlikni tibbiylashtirish nogironlikning ijtimoiy modelini ilgari suruvchi BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konvensiyasi qoidalariga ziddir. Imo-ishoralar tili, bu — kar va zaif eshituvchilar jamiyati o'ziga xosligining noyob madaniy qismidir. Avvalgi maqolada biz O'ITning maishiy maqomini shaxslararo muloqot vositasi sifatida qayta ko'rib chiqishni va uni boshqa to'laqonli tillar kabi ta'lim olish mumkin bo'lgan rasmiy til sifatida qabul qilish ni taklif etgan edik. Kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida O'ITning cheklangan maqomi tufayli yaqin vaqtlargacha ta'lim jarayonlarida undan foydalanish mushkul edi. Pedagogika oliy o'quv yurtlarida O'IT dars soatlari kam edi, ko'plab maxsus maktab o'qituvchilari hali ham o'zbek imo-ishora tilini professional darajada bilishmaydi. Ayni paytda 2 foizlik kvota asosida o'qishga kirgan qariyb barcha kar va zaif eshituvchi talabalarning malakali surdo-tarjimonsiz tahsil olayotganlari ularning sifatli oliy ta'lim olish huquqlarini poymol qilmoqda. Masalan, O'zbekiston Milliy universitetining «Taekvondo va sport faoliyati» fakultetida bir akademik guruhda to'rt nafar eshitishida nuqsoni bo'lgan talaba tahsil olmoqda. Ammo ular uchun imo-ishora tili xizmatlari ko'rsatilmagan. Tarjima xizmatlari bo'lmagani sababli zarur bilim va ko'nikmalarni egallay olmagan eshitishda nuqsoni bo'lgan talabalar o'qishni tamomlagandan so'ng qanday mutaxassis bo'lib yetishadilar? Bunday ijtimoiy xizmatlar ko'rsatishga kim va qaysi idora mas'ul ekani haligacha tushunarli emas — oliy o'quv yurtlarining o'zimi, Tibbiy va ijtimoiy xizmat ko'rsatish agentligimi yoki Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligimi? Shuni esda tutish kerakki, Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konvensiyaga ko'ra, davlatning nogironligi bo'lgan shaxslarni «oqilona moslashtirish» bilan ta'minlamasligi nogironlik alomati bo'yicha diskriminatsiya ko'rinishlaridan biri hisoblanadi. Bunday hollarda oqilona moslashtirish, bu — malakali o'zbek surdo-tarjimonidir. Boshqacha qilib aytganda, O'IT, bu — nafaqat shaxslararo muloqot, balki ta'lim olish vositasi hamdir . Biroq professional tarjimonlarning keskin taqchilligi tufayli ushbu xizmatni taqdim etish juda qiyin. O'zbek imo-ishora tilini o'rganish bo'yicha standartlashtirilgan o'quv-uslubiy qo'llanmalarning yo'qligi uning rivojlanishini yanada og'irlashtirmoqda. Karlar jamiyati orasida tilning o'zgaruvchanligi kuchayib bormoqda, tilning o'zi ham vaqt o'tishi bilan o'zgarishlarga uchrab, rivojlanib bormoqda. Masalan, ma'lumot darajasi past bo'lgan karlar orasida «ko'cha imo-ishora tili» deb ataladigan til qo'llaniladi. Shu sababli, O'ITni unifikatsiyalash va standartlashtirish uchun muomalaga kirgan eng ko'p ishlatiladigan hamda yangi imo-ishoralarni tanlash va aniqlash bo'yicha doimiy ishlarni olib borish juda zarur. 2005 yilda o'zbek imo-ishora tilini tizimlashtirish maqsadida O'zbekiston karlar jamiyati Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ko'magida ilk bor O'IT lug'atini nashr ettirdi. Hozirda yagona bo'lgan O'IT lug'ati JICA`ning moliyaviy ko'magida cheklangan adadda nashr etilgan edi. Dunyoning ko'plab mamlakatlarida bu kabi nashrlar allaqachon ko'rgazmali o'quv va uslubiy qo'llanmalar sifatida qo'llanilmoqda va ixtisoslashtirilgan maktablar va universitetlarda O'ITni kasbiy o'qitishda yordami tegmoqda. Birinchi o'zbek imo-ishora tili lug'ati «O'zbekiston karlarining imo-ishorali nutqi», 2005 yil nashri. Foto O'zbekiston karlar jamiyati tomonidan taqdim etilgan Afsuski, o'n yetti yildan ortiq vaqt davomida O'ITni tizimlashtirish bo'yicha bunday ishlar amalga oshirilmadi. O'zbekiston karlar jamiyati bu boradagi ishlarni muntazam olib borish uchun zarur tashkiliy salohiyat va moliyaviy imkoniyatlarga ega emas. XTV tomonidan tayyorlangan O'ITni rivojlantirish to'g'risidagi qaror loyihasida o'zbek imo-ishora tilining bugungi holatini aks ettiruvchi shu kabi lug'atlarni yaratish (yangilash) zarurligi esga olinmagan va bu bo'yicha aniq vazifalar qo'yilmagan. «O'zbekiston karlarining imo-ishora nutqi» lug'atidan sahifalar. Foto O'zbekiston karlar jamiyati tomonidan taqdim etilgan Qaror loyihasining beshinchi bandida XTVga Moliya vazirligi bilan birgalikda 2022 yil 1 yanvardan boshlab uch oy muddatda «Lotinchadagi o'zbek imo-ishora tili alifbosi»ni ishlab chiqish vazifasi yuklangan. Bu tez orada lotinchadagi yangi daktil alifbosi qabul qilinishini anglatadi. Qaror loyihasida jismoniy, sensorli, aqliy yoki mental rivojlanishida nuqsoni bo'lgan bolalar (shaxslar) uchun ta'lim muassasalarida imo-ishora tilini o'qitishning innovatsion vositalari, o'qitishning samarali shakl va uslublarini ta'lim jarayoniga joriy etish zarurligi qayd etilgan. Eshitish qobiliyatidan boshqa nogironligi bo'lgan bolalarga imo-ishora tilini o'rgatish nima uchun kerakligi esa tushunarsiz. Hujjatda, shuningdek, ko'zi ojiz odamlar tomonidan qo'llaniladigan Brayl alifbosini o'rgatish bo'yicha faoliyat yo'nalishlari ham mavjud. Biroq, shu bilan birga, loyihada kar-ko'r odamlar tomonidan qo'llaniladigan taktil imo-ishora tilini (teginish orqali ishora tili) rivojlantirish haqida gapirilmagan . Zero bir vaqtning o'zida ham eshitish, ham ko'rish qobiliyati buzilgan shaxslar tiflosurdotarjimon (teginish orqali imo-ishora tilidan tarjima) yordamida muloqot qilishadi. Karlarning kundalik hayotida hali ham rus daktil alifbosi keng qo'llaniladi. O'IT butunlay rus imo-ishora tiliga (RIT) va kirill yozuvidagi rus daktil alifbosiga asoslangan. Aytish mumkinki, O'IT qaysidir ma'noda RITning shevasi hisoblanadi, chunki unda allaqachon O'zbekistonning ijtimoiy-madaniy kontekstiga xos imo-ishoralar keng qo'llaniladi. Rus daktil alifbosi. Biroq 1997 yilda o'zbek tilli kar va eshitmaydigan bolalar maktab-internatlarining barcha o'qituvchi va tarbiyachilari maxsus malaka oshirish kurslarini tamomladilar. O'shanda tajriba tariqasida ularga lotin alifbosiga asoslangan daktil alifbosini o'rgata boshladilar. Tayyorlov sinflaridan boshlab barcha maktab-internatlar lotin alifbosiga o'tdi. Hatto o'rta maktab o'quvchilariga ham lotin daktil alifbosi maxsus o'rgatilgan. Hozirgi kunda esa faqat Surxondaryodagi kar bolalar maktab-internatida o'quvchilar to'liq lotin daktil alifbosini astoydil o'rganishmoqda. Kirill alifbosidagi daktil alifbosi xalq ta'limi tizimi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan lotin daktil alifbosidan farq qiladi. Shu munosabat bilan, hatto karlar jamiyatida ham lotin daktiliga o'tish zarurati haqida bahslar mavjud. Masalan, «L» va «L», «D» va «D» harflari bir-biridan tubdan farq qiladi. Jizzax shahridagi kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabda o'zbek imo-ishora tilining lotin yozuvidagi daktil alifbosi tasvirlangan plakat. Foto: Ma'mur Ahlidinov 2020 yil noyabr oyi oxirida Ma'mur Ahlidinov Jizzaxdagi eshitish qobiliyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga tashrif buyurib, ayrim bolalar ishlatadigan daktil alifbosi boshqacharoq ekanidan hayratda qolgan edi. Shuningdek, u Surxondaryo viloyatining Sho'rchi tumani, Buxoro, Samarqand, Olmaliq shaharlaridagi ixtisoslashtirilgan maktablarda ham bo'ldi. O'quvchilar bilan imo-ishora tilida gaplashish qiyin bo'lgan, ba'zida ular bir-birini tushunmay qolishgan. Bir nechta daktil alifbolarning mavjudligi haligacha kirillcha daktil alifbosidan foydalanadigan karlarning yosh va katta avlodlari o'rtasida aloqa bo'shlig'ining shakllanishiga olib kelishi mumkin. Kirill alifbosiga anchadan beri o'rganib qolgan keksa avlod vakillarining lotin alifbosiga o'tishlari qiyin — o'zbek tili alifbosi islohotidan keyin aynan shunday bo'ldi. Afsuski, yangi daktil alifbolarning barchasi O'zbekistondagi imo-ishora tilida so'zlashuvchilar va foydalanuvchilar jamoasi bilan muhokama qilinmasdan ishlab chiqilmoqda. Lotin daktil alifbosini O'zbekiston karlar jamiyati rahbariyati va a'zolari, professional surdo-tarjimonlar, shuningdek, «Imo-ishora tili ta'limi» yo'nalishi bo'yicha pedagogika oliy o'quv yurtlarining professor-o'qituvchilari va ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar o'qituvchilari bilan yaqin hamkorlikda rivojlantirishga chaqiramiz. 2020 yil oxirida XTV yuqoridagi vakillar bilan birgalikda lotin daktil alifbosining navbatdagi versiyasini ishlab chiqdi. Ammo 2021 yilning mart oyida ijtimoiy tarmoqlarda o'zbek tilidagi «Sh», «Ch», «G'», «O'» harflarining yozilishi o'zgarishi mumkinligi faol muhokama qilina boshladi. Lotin alifbosiga asoslangan o'zbek tilining yangi alifbosi qachon yakuniy tasdiqlanishi esa hozircha noaniq. Agar bunday o'zgarishlar tez-tez ro'y beradigan bo'lsa, bu lotin daktil alifbosiga asoslangan O'ITning rivojlanishiga ham salbiy ta'sir qiladi. Shuni hisobga olish lozimki, imo-ishoradagi hatto bitta eng kichik o'zgarish ham karlar jamiyatida qarama-qarshiliklarni keltirib chiqarishi va ularning jamiyat bilan muloqotini cheklashi mumkin. O'zbek imo-ishora tilini ishlab chiqish va rivojlantirish jarayoniga karlar jamiyatining o'zi ham kiritilmagani vaziyatni yanada og'irlashtirishi mumkin. Qaror loyihasining nomi va mohiyatidan tortib, hujjatni o'zbek imo-ishora tilini rivojlantirish bo'yicha eng muhim vazifalardan kelib chiqqan holda to'liq qayta ko'rib chiqish zarur. O'zbek imo-ishora tilini rivojlantirish bo'yicha vazifalar va muddatlar ko'rsatilganda, bu vaqt oralig'i, nimalar amalga oshirish mumkinligi, qanday xarajatlar talab etilishini real baholash zarur. Axir qanday qilib uch oy muddatda imo-ishora tilini o'rgatuvchi o'quv markazi to'g'risidagi nizomni ushbu markaz qanday moliyaviy va ilmiy asosda tashkil etilishini ko'rsatmagan holda tasdiqlash mumkin? Shuningdek, o'zbek imo-ishora tilini rivojlantirish bo'yicha ko'plab takliflarni amalga oshirish uchun moliyaviy resurslar zarur . Aynan shunday qarorda har bir modda bo'yicha aniq budjet belgilanishi kerak. Karlar jamiyatining huquq va manfaatlariga to'g'ri kelmaydigan yana bir bajarilmas hujjatni qabul qilmaslik uchun avvaldan imo-ishora tilida so'zlashuvchilarning o'zlarini haqiqiy mutaxassis sifatida jalb etish zarur. Imo-ishora tilini rivojlantirish to'g'risidagi qaror loyihasini nogironligi bo'lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasidagi: «Bizsiz biz haqimizda hech narsa» asosiy xalqaro tamoyiliga rioya qilgan holda bevosita uning tashuvchilarisiz ishlab chiqishning imkoni yo'q. Ma'mur Ahlidinov — O'zbekiston karlar jamiyati blogining O'zbekistondagi kar va zafi eshituvchilar uchun ta'lim, ilm-fan, sport va madaniyat mavzularini yoritadigan muallifi, O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi. Dilmurod Yusupov — Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya) Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti. Mualliflar fikri tahririyat nuqtai nazari bilan mos kelmasligi mumkin. | columnist |
Tarix guvoh — urushlar insoniyatni hamisha fojeali insoniy yo'qotishlar va ijtimoiy-iqtisodiy tanazzulga yetaklagan. Urushlar keltirib chiqaradigan oqibatlarni butun miqyosi bilan o'lchashning imkoni yo'q. Faqat aniqki, urush madaniylashgan inson vujudida ibtidoiy odam qiyofasini yaratadi, erishilgan taraqqiyot va farovonlikni ana shu odamning qo'li, ibtidoiy axloqi vositasida yo'qqa chiqaradi. Insoniyatni o'tmishdagi xatolardan saboq olishga, ularga qayta yo'l qo'ymaslikka va oqibatlarini takrorlamaslikka chaqiradigan, tarix bilan bir qatorda yana bir qudrat borki, u urush davrlarini shunchaki faktlar va raqamlar orqali emas, balki badiiy so'z vositasida butun sezgilari, dahshati, fojeasi bilan, (deyarli) bor bo'y-basti bilan ko'z oldimizda gavdalantiradi. Bu qudrat — badiiy so'z qudratiga tayangan adabiyotdir. «Gazeta.uz» kolumnisti Muqaddamxon Saidrasulova insoniyat o'tmishidagi shunday qora kunlarga (imkon qadar xolisona) nazar tashlash va bugungi kunimiz uchun zarur xulosa chiqarish umidida, urush adabiyotida o'ziga xos janr — kundaliklar, aniqroq aytganda, Ikkinchi jahon urushi davriga oid yaxudiylarga qarshi qirg'in xotiralarini o'zida jamlagan «Anna Frank kundaligi» to'g'risida hikoya qiladi. Urushlar — insoniyat yo'l qo'yishi mumkin bo'lgan xatolar, jaholatlar orasida eng mudhishi va halokatlisi, eng achinarlisi va og'riqlisidir. Sababi, urushda insonga xos ziddiyat va nizolar g'ayriinsoniy — insonga xos bo'lmagan yo'llar bilan hal etiladi (yoki shunday qilishga urinishadi). Urushda qay bir tomonning qo'li baland kelmasin, yuzlab, minglab, millionlab qurbonlarning, ayniqsa, navnihol yigitlarning tuproqqa qorishgan navqiron jasadlari ustida g'alaba bayrog'i tiklanadi. Yodda tutish kerakki, hech bir ota-ona farzandini bombardimon ostida qolishi, o'qqa tutilishi yoki (undan qanday maqsad ko'zlangan bo'lmasin) urush dahshatlari ta'sirida ruhiyatini boy berish evaziga jon saqlab qolib, qolgan umrini tirik murdadek, mash'um xotiralar girdobida o'tkazishi uchun dunyoga keltirmaydi, shu niyatda voyaga yetkazmaydi. Urush adabiyotida Ikkinchi jahon urushi xotiralari bilan bog'liq kundaliklar orasida «Anna Frank kundaligi» eng ko'p shuhrat qozongan. Ehtimol bunga sabab uning hali bolalik, faqatgina bolalikka xos mas'umlik, haqgo'ylik va hayrat tark etmagan 13 yoshli qizaloq tomonidan bitilganligidir. Darhaqiqat, kundalik o'smir yoshli yaxudiy qiz — Anna tomonidan, uning xayoliy do'sti Kittiga maktublar shaklida yozilgan bo'lib, kundalikdan Annaning 1942 yil iyunidan 1944 yil avgustigacha bo'lgan ikki yillik davrga oid xotiralari, jumladan, uning o'y-xayollari, qalb kechinmalari, yaxudiylarga qarshi ta'qiblar va qirg'in sabab maxfiy boshpanada kechgan og'ir turmushi tafsilotlari, yon-atrofida va dunyoda sodir bo'layotgan hodisalarga nisbatan o'smirlarga xos munosabati joy olgan. Birinchi jahon urushidagi mag'lubiyat, urushdan keyingi hududlarining qisqarishi, reparatsiyalar va, keyinroq, Buyuk Depressiya natijasida Germaniyada siyosiy vaziyat beqaror, mamlakat og'ir ijtimoiy-iqtisodiy ahvolda edi. Ayni paytda natsistlarning g'oyalari xalqda farovonlik va mamlakatning urushdan avvalgi kuch-qudratini tiklash umidini uyg'otadi va 1933 yilda Adolf Gitler rahnamoligidagi Natsistlar partiyasi hokimiyatni egallaydi . Natsistlarning shafqatsiz va radikal ruhdagi siyosati ko'lamining tobora kengayib borishiga (shu bilan birga, Ikkinchi jahon urushiga zamin hozirlanishiga) nisbatan dunyoning ta'sir kuchiga ega davlatlari tomonidan avvaliga hech qanday reaksiya bo'lmagan. Ta'kidlash joizki, o'sha davrda Birinchi jahon urushi va inqiroz oqibatlari qator Yevropa davlatlarini har tomonlama holdan toydirgan, ehtimol ular qayta urushga kirishga tayyor emas edilar. Natsistlar hokimiyat tepasiga kelishi bilan mamlakatda yaxudiylarga (nafaqat yaxudiylarga, balki imkoniyati cheklanganlar, lo'lilar, slavyanlar va h.k.) qarshi kurash boshlanadi. Avvaliga ularni muayyan kasblardan chetlashtirish, ta'lim olish imkoniyatlaridan mahrum qilish, mamlakatdan ko'chib ketishga undash bilan boshlangan qarshi siyosat bora-bora fuqarolikdan mahrum qilish, keyinroq ochiqdan-ochiq qatli om — ommaviy qirg'inga aylanadi. Kelib chiqishi o'ziga to'q oiladan bo'lgan Otto Frank (Annaning otasi) 1933 yilda natsistlar tomonidan boshlangan ta'qiblardan so'ng oilasi bilan Niderlandiyaga ko'chib o'tishga qaror qiladi. 1939 yilning kuzida Germaniyaning Polshaga bostirib kirishi bilan Ikkinchi jahon urushining boshlanishi, keyinroq — 1940 yilning may oyiga kelib natsistlarning Niderlandiyaga kirib kelishi va hokimiyatni qo'lga olishi mamlakatdagi yaxudiylarning nisbatan betashvish turmushlariga nuqta qo'yadi. Tobora avj olayotgan urush, ayni paytda ta'qib va bosimlar, majburiy mehnat va o'lim lagerlariga chaqiriqlar fonida Otto Frank, o'sha paytda aksariyat yaxudiylar singari, nasroniy do'stlarining ko'magi bilan o'zi ishlaydigan korxona binosida natsistlardan yashirinish maqsadida maxfiy boshpana hozirlaydi. Otto Frank ishlaydigan korxona binosidagi maxfiy boshpana. Maxfiy boshpanada jon saqlayotgan yahudiylar haqida korxonaning sanoqli xodimlari, xususan, yashiringanlarga muntazam yordam ko'rsatgan nasroniy do'stlarigina xabardor bo'lishgan. Foto: annefrank.org Korxona binosining maxfiy boshpana joylashgan qismiga olib chiquvchi eshik shkaf bilan to'sib qo'yilgan. Foto: annefrank.org Franklar oilasi va ularning do'stlari maxfiy boshpanada ikki yil — 1942 yil 6 iyulidan 1944 yil 4 avgustigacha — natsistlar tomonidan qo'lga olingunlariga qadar jon saqlashgan. «Oddiy fuqarolar — begunoh odamlar — qatlni kutish uchun qamoqqa olib ketiladi. Gestapo isyonchini topa olmasa, beshta asirni devorga tirab, qatorasiga o'q uzadi. Ertasi kuni ularning "tasodifan o'lganligi" haqidagi xabarni gazetalarda o'qiysan» — Anna Frank kundaligidan. Anna oilada ikkinchi (ayni paytda kenja) farzand bo'lgan. 16 yoshli nisbatan vazmin va mulohazali opasi Margodan farqli ravishda Anna tabiatan sho'x-shaddod va sergap, murg'ak qalbi bir olam orzularga to'la qiz edi. Buyuk yozuvchi bo'lish istagi unga tinchlik bermas, shu bilan birga dunyo kezish, chet tillarini o'rganishni, erkin va zamonaviy ayol bo'lishni orzu qilardi. Annada aksariyat kattalarga xos bo'lmagan cho'rtkesarlik va isyonkorlik mavjud edi. Mamlakatdagi betartibliklar, yaxudiylarga qarshi siyosat, tortib olingan huquqlar va kiritilgan asossiz cheklovlar uning sabrini toshirardi. Xususan, risoladagidek jamiyatda risoladagidek odam foydalanishi mumkin bo'lgan barcha imkoniyatlar — har qanday turdagi transportda harakatlanish, turli xizmat ko'rsatish va jamoat obyektlari, ko'ngilochar joylar, har qanday sport maydonchalariga tashrif buyurish yaxudiylar uchun taqiqlangan, ular uchun hatto xarid qilish va umuman jamoat joylarida bo'lish vaqti chegarasi ham o'rnatilgan edi. Avvaliga shunga o'xshash taqiqlar, keyinroq, (Anna uchun) kutilmaganda maxfiy boshpanaga ko'chib o'tilishi hamda u yerda, o'zlarini binodagi boshqa kishilarga sezdirib qo'ymaslik maqsadida, har qanday ovoz va shovqinning cheklanishi, tashqi dunyodan butunlay uzilgan holda, o'zini imkon qadar bu makonu zamonda mavjud emasdek tutish talabi erkka va o'yin-kulgiga tashna yosh Annani salkam aqldan ozdirardi. Shu bilan bir vaqtda, maxfiy boshpanadagi og'ir yashash sharoiti hamda istalgan paytda tashqi dunyo bilan aloqa uzilishi, ta'minot to'xtashi yoki qo'lga tushib qolish xavfidan muntazam tahlika ostida yashayotgan kattalar Annaning o'tish davri bilan bog'liq qaysarlik, tajovuzkorlik va isyonkorligini noshukurlik deb baholashlari, doimiy tanqid ostiga olishlari uning tinkasini quritardi. Franklar oilasi. Foto: http://exhibitions.ushmm.org Natijada Anna otasi va opasining bee'tiborligi, onasining kesatiqlariyu ta'na-dashnomlari, «qo'shnilarning» tanqidlariyu pand-nasihatlaridan to'yib, o'z qobig'iga o'ralgan holda, his-tuyg'ularini «bo'g'ib», kattalar nazarida risoladagidek qiz rolini o'ynashni ma'qul ko'radi. O'z dunyosiga sig'dirolmagan qalb kechinmalarini, og'riqlarini esa pinhona do'sti Kittiga — kundalikka to'kib soladi. «Tasavvurimizdagi olam parchalanib, yo'q qilingan, inson tabiatining eng jirkanch tomoni ustunlikni qo'lga olgan hamda haqiqat, adolat va Xudo tushunchalari shubha ostida qolgan kezda biz, yoshlarga, o'z fikrimizda sobit turish ikki karra og'irroq bo'ladi». Anna Frankning kundaligi. Foto: annefrank.org Shunday qilib, Anna 13 yoshga to'lishi munosabati bilan hadya etilgan bejirim kundalik bilan do'st tutinib, hech kimga ishonmagan, onasi, opasi, hatto o'ziga eng yaqin deb biladigan dugonalaridan ham pinhon saqlagan sirlarini u bilan bo'lishadi. Anna kundalik yozish haqidagi qarorini sirdosh do'sti yo'qligi bilan izohlagan. U bir tinglovchiga, hamdard-hamfikrga muhtoj edi. Biroq uning qalb tug'yonlari, vujudida ko'pirib-toshayotgan his-tuyg'ulari, o'smirlarga xos aqlida yangrayotgan oxiri yo'q savollar, jumboqlarning aks-sadosi (ehtimol vaziyat taqozosi sabab) kattalarning quloqlariga yetib bormaydi. Natijada, kattalarning me'yorlariga mos kelmaydigan, chegaralarini yorib o'tadigan murg'ak qalb kechinmalari, mulohazalar, xotiralar jonsiz kundalik qatlaridan panoh topadi. «Nega har kuni urush uchun millionlab pul sarflanyapti-yu, kambag'allarga, tibbiyot va san'at sohasiga bir chaqa ham ajratilmayapti? Dunyoning boshqa joylarida botmon-botmon oziq-ovqat chirib yotgan bir paytda nega ko'plab insonlar ochlikdan o'lmoqda? Nima uchun inson zoti bunchalar ahmoq?» Qog'oz, Annaning ta'biri bilan aytganda, odamlardan ko'ra sabrliroq. Chunki qog'oz uni so'zsiz tinglaydi, e'tiroz bildirmaydi, dashnom bermaydi, tanqid yoki pand-nasihat qilmaydi. Qayd etish joizki, maxfiy boshpanadagi hayot Annani ulg'aytiradi. Fikrlari, mulohazalari teranlashadi, oilasiga munosabati (yaxshi tomonga) o'zgaradi. Kattalarni «tushuna» boshlaydi. Kundalikni 1942 yildan — 13 yoshdan yoza boshlagan bo'lsa, 1944 yilga kelib avvalgi yozganlari o'ziga o'rinsiz, kulguli, hatto erish tuyula boshlaydi, onasiga nisbatan keskin ayblovlaridan hijolat chekadi va kundalikning ayrim qismlarini qayta yozib, tuzatishlar kiritadi. «Ota-onalar farzandlariga faqat maslahat berishadi yoki ularni to'g'ri yo'naltirishadi. Alaloqibat, insonlar o'z «men"larini o'zlari shakllantirishadi». Kundalikda bir jihat e'tiborni tortadi — Anna va u mansub bo'lgan jamiyat a'zolarining o'qish, o'rganish, mutolaaga bo'lgan jiddiy munosabati. Tashqi dunyodan uzilgan, mavhum kelajak oldida turgan, tahlika ostida hayot kechirayotgan bo'lishlariga qaramay, ularning barchasi nimadir o'qish-o'rganish payida bo'lishadi. Avvaliga bu maxfiy boshpanada kunning ayrim belgilangan soatlaridan tashqari vaqtda ovoz chiqarmaslik, gaplashmaslik yoki harakatlanmaslik talabi bilan bog'liq, shunchaki vaqtni o'ldirish vositasi degan tasavvur uyg'onadi. Biroq bu mazmundagi shubhalarni aritadigan boshqa bir jihat bor — yashirinishdan avvalgi davrga oid xotiralarida (undan keyingilarida ham) Anna har qanday tug'ilgan kun yoki bayramlar haqida hikoya qilar ekan, eng ko'p qabul qilingan sovg'a kitoblar ekanligiga guvoh bo'lish mumkin. Ular o'qish, o'rganish, mutolaaga — tabiiy zarurat, voz kechib, chetga surib, hatto kechiktirib bo'lmaydigan ehtiyojdek qaraydilar. Xuddi odamning qorni ochganida, chanqaganida, uyqisi kelganida (yoki hojatga chiqqisi kelganida), uni keyinga qoldirib turishning imkoni bo'lmaganidek, o'qish-o'rganishni ham paysalga solishmaydi. Yana bir e'tiborli jihati shundaki, bu intilish zamirida, nazarimda, zamonaviy dunyodagi aksariyat o'quvchi-talabalarga xos moddiy farovonlik maqsadi emas, aqliy yuksalish, o'zi yashab turgan dunyoni kashf etish, atrofidagi bo'lib o'tgan va o'tayotgan voqealar, jarayonlardan boxabar bo'lish istagi yotadi. Yaxudiylarga nisbatan ommaviy qirg'inning ko'lami tobora kengayar ekan, yashirinish, yashiringanlarga yordam ko'rsatish, soxta hujjatlar tayyorlab berish, ularni oziq-ovqat va boshqa zaruratlar bilan ta'minlash kabi sa'y-harakatlar, natsistlarning o'ta shafqatsiz siyosiy tuzumiga qaramay, ommalashib borgan. Franklar oilasi va ular bilan birga yashagan millatdosh do'stlari, umuman, yaxudiylarning natsistlar ta'qibi va qirg'inidan vaqtinchalik yoki butunlay xalos bo'lishi va omon qolishida nasroniylar, Annaning ta'biri bilan aytganda, mardlik namunasini ko'rsatganlar. Shunisi e'tiborliki, ular bu ishlari ortidan o'zlari duch kelishlari mumkin bo'lgan potensial xavfni bo'ynilariga olib, ongli ravishda shu ishga qo'l uradilar . Ular har qanday vaziyatda insonparvarlikka, umuminsoniy qadriyatlarga sodiq qolishgan. Inson qadr-qiymatini har narsadan — mollaridan, jonlaridan ustun qo'yib, shuncha haqsizlik, shafqatsizliklar orasida o'z vijdonlarini pok saqlab qolishga muvaffaq bo'lishgan. «Agar hech bo'lmaganda bitta do'stimizni saqlab qololsak ham, qolgani ahamiyatsiz». Ehtimol ular bu urush insonlarga baxt yoki farovonlik olib kelmasligini, uning behuda qon to'kish va vayronagarchilikdan, millatlar, xalqlar orasida adovat urug'ini sepishdan boshqa narsa emasligini yaxshi anglaganlar. «Urush keltirgan ayanchli kulfatlar haqida soatlab gapirish mumkin, faqat dilim xufton bo'lgani qoladi. Iloji boricha ovozimizni ham chiqarmay, jimgina urush tugashini kutishdan boshqa choramiz yo'q. Yahudiylar ham, nasroniylar ham kutyapti — butun dunyo kutyapti… Ko'pchilik esa o'limini kutib yotibdi». Kundalikdagi oxirgi «xat» 1944 yil 1 avgustda — maxfiy boshpanadagi sakkiz nafar yaxudiy va ularning ikki nafar haloskorlari hibsga olinishidan uch kun oldin yozilgan. Maxfiy boshpanada jon saqlaganlarning yetti nafari, shu jumladan, Franklar oilasining uch a'zosi konslagerlarda halok bo'ladi. Faqatgina Otto Frank konslager daxshatlaridan omon qolib, 1945 yilda Amsterdamga qaytadi. Anna Frankning kundaligi va boshqa qaydlari. Foto: annefrank.org Yashiringanlarni hibsga olish payti, tintuv vaqtida tushirib qoldirilgan kundalikni topib olgan Franklar oilasining yaqin do'sti Mip Giz uni Otto Frankka topshirgan . Otto Frank ayrim tuzatishlar bilan kundalikni kitob holida chop ettirgan va qolgan umrini qizining nomini abadiylashtirishga bag'ishlagan. Anna Frank muzeyi, Amsterdam. Foto: annefrank.org Franklar yashiringan maxfiy boshpana hozirda Anna Frank nomidagi uy- muzeyga aylantirilgan. Anna Frank kundaligi asosida qisqa va to'liq talqinda filmlar suratga olingan. Kitob bugungi kungacha 70 dan ortiq tillarga tarjima qilingan. Anna Frank uy-muzeyi eshigi. Foto: Davlat Umarov / «Gazeta.uz». Foto: annefrank.org «Insonlar qalbiga vayronkorlik ancha chuqur ildiz otgan, ularda zo'ravonlik, o'limga, qasosga tashna qalb ming yillardan beri mavjud! Toki insoniyat tabiatidagi ushbu nuqson o'zgarmas ekan, urushlar ham tobora avj olaveradi, peshona teri bilan tiklangan, barpo etilgan hamda parvarish qilingan barcha narsa vayron bo'laveradi va hammasi yana yangidan boshlanaveradi!» Muqaddamxon Saidrasulova — iqtisodchi, O'zbekiston Milliy universiteti tayanch doktoranti. | columnist |
Avgust oyida Oliy ta'lim vazirligi tomonidan 2015 yil joriy etilgan reyting tizimining qanchalik adekvatligi to'g'risida maqola e'lon qilgandik. Unda «Gazeta.uz» kolumnisti, faylasuf, sotsiolog va antropolog Valeriy Xan Oliy ta'lim vazirligi ishlab chiqqan tizimni tanqid qilgan edi. Ushbu maqolada muallif o'qituvchilar mehnatini baholaydigan reyting tizimi qanday bo'lishi kerakligi haqida o'z fikrlarini bayon qiladi. Ma'lumotim bo'yicha faylasuf bo'lganim hamda so'nggi 25 yil davomida tarix, etnologiya, sotsiologiya va siyosatshunoslik sohalarida professional faoliyat olib borganim sababli ijtimoiy fanlardagi ilmiy-pedagogik mehnatni baholash haqida gapiraman, tabiiy va texnik fanlar sohasi bo'yicha esa hech narsa deyolmayman. Shu bilan birga, ilmiy-pedagogik mehnatning umumiyligi tufayli, tabiiy va texnik fanlar bo'yicha reyting tizimini yaratish uchun ba'zi takliflardan foydalanish mumkin. Oliy o'quv yurtlarida fan va ilmiy-pedagogik mehnat yutuqlarini baholash nisbatan yosh fan bo'lmish «fanshunoslik»ning bir qismi hisoblanadi. U bir qator fan sohalarini o'z ichiga oladi — fan tarixi, fan falsafasi, fan sotsiologiyasi, fan metodologiyasi va mantig'i, fan iqtisodiyoti, fan ijodi psixologiyasi va boshqalar. Yigirmanchi asrning ikkinchi yarmida fanshunoslik doirasida yangi yo'nalish — predmet sohasi fan samaradorligi va ilmiy-pedagogik mehnat samaradorligini baholashni o'z ichiga oladigan, ilmiy ma'lumotni statistik va miqdoriy usullar bilan o'rganish bilan bog'liq ilmiy fan — naukometriya rivojlana boshladi. Xirsh indeksi, jurnalning impakt faktori va kvartilligi, iqtibos olish indeksi kabi o'lchov ko'rsatkichlari aynan naukometriya doirasida shakllantirildi. Ushbu maqolada faqat ilmiy mehnatni baholashga to'xtalib o'taman. Darsdagi ma'ruza va amaliy mashg'ulotlarni baholash, o'quv-uslubiy qo'llanmalarni tayyorlash, ilmiy-tadqiqot va o'quv majmuasi bir-biridan shu darajada farq qiladiki, bu faoliyat turlarining har biri o'z reyting tizimiga muhtoj. Shu bilan birga, ilmiy mehnatni baholashda taklif qilingan (sifat va miqdor) tamoyillardan ham o'quv, ham pedagogik, ham o'quv-uslubiy, ham tarbiyaviy faoliyatni baholashda foydalanish mumkin. Gumanitar fanlar sohasida ilmiy yutuqlarning markazida matn turadi. Nyutonni o'qimasdan klassik mexanikani, Yevklidni o'qimasdan geometriyani bilish mumkin. Ammo Platon, Gegel yoki Freydni o'qimasdan turib ularni tushunib bo'lmaydi. Gumanitar fikrni, bu fikrlarning teranligini, nyuanslarini formulalar bilan ifodalab bo'lmaydi. Ilm-fan tarixida muayyan bir sohada turli xil ma'lumotlar to'planishi bilan, bu xilma-xillik har doim ma'lum bir fanning predmet sohasidagi ba'zi bir mavhum (sifatli individual o'ziga xosligini yo'qotgan) atom, nisbatan bo'linmas birlik, «hujayra» ga qadar kamaygan. Shunday qilib, dunyodagi barcha xilma-xil obyektlar (sayyoralar, toshlar, binolar, odamlar, barcha jonli va jonsiz mavjudotlar) shakl, hid va ta'mga ega bo'lmagan mavhum ideal umumlashtirilgan obyekt — jism tushunchasiga aylanganida tabiatshunoslikning birinchi nazariy sohasi hisoblangan klassik mexanika paydo bo'ldi. Siyosiy iqtisodiyotda bunday «hujayra» — tovar , evolyutsiya nazariyasida — tur , sintetik evolyutsiya nazariyasida — populyatsiya , genetikada — gen , sitologiyada — hujayra , kimyoda — kimyoviy element , leksikologiyada — so'z , mantiqda — tushuncha , tizimlar nazariyasida — tizim , informatikada — bit tushunchasiga aylandi. Belgilangan «hujayralar» individual sifat xususiyatlaridan mahrumdir. Shunday qilib, ularni taqqoslash, o'lchash va matematik tavsiflash mumkin bo'ldi, bu spekulyativ tabiiy falsafadan qat'iy fanga o'tishni anglatardi. Shunday qilib, ularni matematik jihatdan solishtirish, o'lchash va tasvirlash mumkin bo'ldi. Bu esa mavhum tabiiy falsafadan qat'iy fanga o'tishni anglatar edi. Shunday qilib, klassik mexanikada aniq buyumlarning jismlari (ot, poyezd) sifat xususiyatlardan mahrum bo'lgan rasmiy birliklar vazifasini bajaradi — A jism va B jism. Klassik siyosiy iqtisodiyotda esa ayirboshlashdagi tovarlar bolta va bo'z vazifasini bajarmaydi (ya'ni iste'mol qadriyatlariga ega bo'lgan mahsulot sifatida). Ular mavhum 1-jism va 2-jism bo'lib, ish vaqtining ijtimoiy zaruriy xarajatlariga asoslangan muayyan qiymatga ega (teng yoki teng bo'lmagan). Ilmiy mehnatni baholash uchun reyting tizimini tuzishda bu mehnatning o'lchanishi mumkin bo'lgan birligini ham ajratib ko'rsatish zarur. Aks holda, ilmiy yutuqlarni umuman o'zaro taqqoslab bo'lmaydi. Ijtimoiy-gumanitar fanlarda bunday shartli birlik ma'lum bir sahifani ishlab chiqarish uchun ba'zi ruhiy va jismoniy xarajatlarning ekvivalenti (narxi) hisoblanadigan 1 ballga teng 1 sahifali matn bo'lishi mumkin. Shunda 2 sahifali tezis 2 ballga, 12 sahifali maqola — 12 ballga, 50 sahifali broshyura — 50 ballga, 300 betlik monografiya — 300 ballga teng bo'ladi. Shunda hammasi o'z joyiga tushadi, Oliy ta'lim vazirligining reyting tizimida bo'lganidek 1−2 soat davomida yozilgan referatlar uchun 2 ball va yillar davomida yozilgan monografiya uchun 3 ball berilishi kabi holat bo'lmaydi. Bunday baholash tizimi bilan o'qituvchi monografiyalarga qaraganda tezislarni topshirish orqali ko'proq ball oladi. Boshqacha qilib aytganda, ballar soni sahifalar soniga mutanosib bo'lishi kerak. Bunda nashr etilgan tezislar, maqolalar va kitoblar soni ham hisobga olinishi zarur. Shunday qilib, ballar soni o'qituvchining amalga oshirgan mehnatining shartli miqdoriga mutanosib bo'ladi. Lekin kimdir yaxshi maqola va yomon kitobning qiymatini solishtira boshlashi mumkin. To'g'ri, ilmiy mehnat uchun reyting tizimini tuzishda bu mehnatning nafaqat miqdor baholari, balki sifat baholari ham qo'llanilishi kerak. Hozircha gap bir ball qiymatini baholashning matematik (miqdoriy) yondashuvi haqida ketayotgan edi, ularsiz ilmiy o'lchov jarayonlarini amalga oshirishning iloji bo'lmaydi. Bu holatda matnning sifati baholanmaydi . Taqqoslanayotgan mahsulotlarning (maqolalar, kitoblar) sifatiga kelsak, ularni maxsus kiritilgan oshirish/kamaytirish koeffitsiyentlari (nashr etilgan joyi, tiraji, tarqalishi, qayta nashr etilishi, taqrizlari, taqrizchilarning nufuzi, iqtibos keltirilishi, ilmiy dunyoda tan olinganlik darajasi, chet tillariga tarjima, jurnalning reytingi (agar gap maqola haqida ketayotgan bo'lsa), shaxsiy nashr yoki hammualliflik va boshqalar) hisobiga baholash mumkin. Albatta, bu parametrlarning kiritilishi ularni boshidan ishlab chiqishni talab qiladi. Xuddi shunday tarzda, konferensiyalar va grant loyihalaridagi ishtirokni alohida baholash mumkin. Bu ko'rsatkich oliy ta'lim vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan kabi faqat mahalliy va xorijiy ilmiy konferensiyalar haqida bo'lmasligi kerak. Konferensiya sifatini baholashda uning ko'lami (universitet yoki respublika miqyosida, milliy seminar yoki mintaqaviy forum yoki jahon darajasidagi kongress) va joylashuvi (Chimkentda Markaziy Osiyo universitetlari ishtirokida yoki Nyu-Yorkda jahon ilmiy hamjamiyati yetakchilari ishtirokida) muhim ahamiyatga ega. Va, albatta, har bir konferensiyani hisobga olish kerak: agar bir kishi beshta konferensiyada ishtirok etgan bo'lsa, u bitta konferensiyada qatnashgan odam bilan bir xil ball to'plashi mantiqqa to'g'ri kelmaydi (bir xil tipdagi konferensiyalar haqida gapirayapmiz). Grant loyihalarida, ayniqsa, xalqaro loyihalarda ishtirok etish yana bir muhim ko'rsatkich sanaladi. Bu ko'rsatkich olimning xalqaro ilmiy hamjamiyatdagi obro'sidan dalolat beradi. Bu yerda grantni amalga oshirish muddati (qisqa muddatli (bir yilgacha) va ko'p muddatli (uch yil va undan ko'proq)), moliyalashtirish hajmi, qatnashchilar, donorlar va boshqalar baholash me'zoni bo'lishi mumkin. Fanlararo sohalardagi kompetensiyalar ham hisobga olinadi. Masalan, agar tarixchi tarixiy jarayonlarda matematik modellashtirishdan foydalansa, bunday yangilikni albatta qadrlash kerak. Ta'lim sifati va ish tajribasi ham hisobga olinishi darkor. Masalan, dunyoning eng yaxshi 30−40 oliy o'quv yurtlari ro'yxatiga kiritilgan hamda diplomi ta'lim sifatining kafolati hisoblangan Janubiy Koreyadagi Seul Milliy Universitetining bitiruvchisi eng nufuzli kompaniyada yuqori maosh olishiga bemalol ishona oladi. Bundan tashqari, nafaqat diplom, balki ta'lim jarayonida olingan baholar ham hisobga olinadi. Bundan bir necha yil oldin TOP-1000 oliy o'quv yurtlarini tamomlagan yoki shu muassasalarda ishlagan chet ellik mutaxassislarning ish haqi masalasi ko'tarilgan edi (nega faqat xorijiy?). O'zbekistonda ko'plab xorijiy oliy o'quv yurtlari bitiruvchilari va xorijiy ish tajribasiga, shu jumladan nufuzli oliy o'quv yurtlarida, ega bo'lgan mutaxassislar mavjud. Ishga qabul qilish va ish haqini belgilashda bu to'g'ri darajada hisobga olinganmi? Xuddi shu narsa til bilish, amaliyot, xalqaro tashkilotlar va jurnallar tahririyatiga a'zolik uchun ham amal qiladi. Bu yerda ham sifat va miqdor ko'rsatkichlari hisobga olinishi kerak. Natijada, oshirish/kamaytirish koeffitsiyentlariga (bu koeffitsiyentlar turlicha bo'lishi kerak) ko'paytirilgan ilmiy faoliyat turlari uchun ballar yig'indisiga teng formulaga erishish mumkin. Shu munosabat bilan, reytingni ishlab chiquvchi jamoa tarkibida matematik bilimga ega (matematik, iqtisodchi yoki sotsiolog), tegishli formulani ishlab chiqadigan olimning bo'lishi maqsadga muvofiq. Kimdir, bu juda murakkab, buning ustida ishlashga arziydimi deb aytishi mumkindir. Ilm-fan eng muhim ishlab chiqaruvchi kuchga aylangani sababli butun dunyoda olimning foydali ish koeffitsiyentini baholashni ishlab chiqish bilan shug'ullanishmoqda. Mamlakatning iqtisodiy holati olimning mehnati qanchalik to'g'ri baholanishi va motivatsiyaning tegishli mexanizmlari yaratilganiga bevosita bog'liq. Buni darhol amalga oshirish darkor! Eng muhimi bu — moslashtiruvdan qochish . Men allaqachon o'qituvchining daromadi ikki qismdan iborat bo'lishi kerakligi to'g'risida yozganman — davlat tomonidan belgilanadigan asosiy ish haqi (doimiy) va natijalar uchun ish haqi (o'zgaruvchan). Agar birinchisi daraja, unvon, lavozimni hisobga olsa, ikkinchisi yutuqlarni hisobga oladi. Ilm-fan rivojlangan mamlakatlar tajribasiga nazar tashlaydigan bo'lsak, ularning ko'pchiligida o'qituvchilar 30−35 yoshda PhD darajasiga ega bo'lishadi, ilmiy unvonlari esa bo'lmaydi. Ularning ish haqi miqdori yutuqlar bilan bog'liq bo'lgan lavozim bilan bog'liq. Jahon amaliyotida bir xil ilmiy darajadagi olimlar ilmiy samaradorlikni ifodalovchi indekslarga qarab bir necha barobar farq qiladigan maosh olishlari odatiy holga aylangan. Bizda daraja, unvon, lavozimga ish haqining bog'lab qo'yilganligi o'qituvchilarni ilmiy muammolar va ularning yechimlari bilan emas, balki har qanday yo'l bilan yuqoriroq darajadagi diplom olish uchun musobaqaga kirishishlariga sabab bo'ladi. Biroq bizning mamlakatda fan doktori ilmiy darajasi va professor ilmiy unvoni «aqlning sifati» va olimning fanga qo'shgan hissasining garovi emas. Professor bilim darajasi bo'yicha boshqa xorijiy universitetlarning magistr va doktorantlariga bas kela olmasligi achinarli holat. Qanday qilib oliy ta'lim muassasalarini o'qituvchilarni telefon yoki tanish-bilish orqali emas, balki professional xususiyatlari va yuqori samaradorligi uchun ishga olishdan manfaatdor qilish mumkin? Masalan, Janubiy Koreyada bu masala quyidagicha hal qilinadi. Universitetlarning reyting jadvalidagi o'rin uchun kurashi to'g'ridan-to'g'ri moddiy manfaatlarga bog'liq: davlatdan subsidiyalar olish va talabalarni qabul qilish shunga borib taqaladi. Reyting jadvali yuqorisida turgan universitetlar eng ko'p subsidiya oladi. Bu kichkina pul emas. Jadvaldagi yuqori o'rinlarga esa faqat yuqori samaradorlikka ega bo'lgan professionallar bilan erishish mumkin. Reytingni turli yo'llar bilan sotib olib bo'lmaydi. Bundan tashqari, Janubiy Koreyadagi aksariyat universitetlar xususiy hisoblanib, universitetning moddiy tomoni talabalar soniga bevosita bog'liq. Shunga muvofiq, talabalar yaxshi reytingga ega bo'lgan oliy o'quv yurtlariga kirishga intilishadi. Ularning kelgusidagi bandligi bunga bevosita bog'liq. Shuning uchun universitetlar eng yaxshi «miyalar» uchun doimiy kurash olib borishadi. Har bir fan sohasi o'ziga xos xususiyatlarga ega bo'lib, barcha universitetlarni bitta shablon bo'yicha baholash maqsadga muvofiq emas. Progressiv tizimni joriy etishni istamagan universitetlarga kelsak, ular jadvalning oxirgi qatorlarini egallashadi hamda o'zlari uchun juda muhim hisoblangan davlat subsidiyalarini qo'lga kirita olishmaydi. Nihoyat, ertami-kechmi, raqobat mexanizmi ishlay boshlaydi. Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. Valeriy Xan — faylasuf, tarixchi va antropolog. Falsafa fanlari nomzodi (1986), dotsent (1992). Hozirda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti. O'zbekiston Milliy Universiteti qoshidagi Strategik rivojlanishni rejalashtirish markazi rektori va direktorining maslahatchisi, O'zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktorining o'rinbosari, Yangi tarix markazi bosh mutaxassisi sifatida faoliyat olib borgan. Janubiy Koreyaning Xoso (1998−2000), Xanyang va Sonkyungvan (2011) universitetlarida dars bergan. AQSh va Janubiy Koreyaning ilg'or universtitetlarida ommaviy leksiyalar bilan chiqishlar qilgan. | columnist |
O'zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar Strategiyasi doirasida 2017−2021 yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijalari to'g'risidagi ma'lumotlar aks etgan Reforms.uz sayti ochildi. Saytdagi matnga ko'ra, Strategiya doirasida «oliy ta'lim muassasalarining akademik mustaqilligi ta'minlandi» va «oliy ta'lim muassasalarining jahon ta'lim makoniga integratsiyasi faollashdi». Bu bayonotlar qanchalik haqiqatga yaqin ekanligiga aniqlik kiritishga harakat qilamiz. 2017 yilda qabul qilingan Strategiyaning ustuvor yo'nalishlaridan biri ta'lim va fanni rivojlantirish bo'lib, uning doirasida «ta'lim va o'qitish sifatini baholashning xalqaro standartlarini joriy etish asosida oliy ta'lim muassasalari faoliyatining sifati hamda samaradorligini oshirish, oliy ta'lim muassasalariga qabul kvotalarini bosqichma-bosqich ko'paytirish» ko'zda tutilgan edi. Bu maqsadlarga erishish uchun har yilgi Davlat dasturlarida aniq qadamlar belgilangan edi. 2019 yilda mahalliy OTMlarni QS va Times Higher Education kabi xalqaro agentliklarning reytingiga kiritish bo'yicha yo'l xaritasini, shuningdek, oliy ta'lim uchun yagona makon yaratish va ta'lim ishtirokchilarining akademik harakatchanligini ta'minlashni nazarda tutuvchi Bolonya jarayoniga O'zbekistonning kirishi bo'yicha tashkiliy chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash ko'zda tutilgan edi . 2020 yilgi dasturga , jumladan, Oliy ta'lim vazirligining ta'lim mazmuniga aralashmasligini ta'minlaydigan normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish, shuningdek, yetakchi xorijiy OTMlar bilan birgalikda mahalliy oliy o'quv yurtlarining transformatsiyasini boshlash ko'zda tutilgan edi. Biroq, bunday transformatsiya nimadan iborat bo'lishi haqida dasturda aniq tushuntirish yo'q edi. 2021 yilgi dasturda mamlakatning 30ta OTMiga o'quv dasturlarini mustaqil ishlab chiqish, qabul kvotalarini belgilash va moliyaviy masalalarni hal qilish huquqi berilishi ko'zda tutilgan edi. 2020 yilda 1997 yilgi qonun o'rniga yangi « Ta'lim to'g'risidagi qonun » qabul qilindi. Qonunda mamlakat ta'lim tizimini tartibga soluvchi davlat organlarining vakolatlari belgilab berilgan. Ushbu qonunning 34-moddasiga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi davlat ta'lim standartlari, malaka talablari, oliy ta'lim, o'rta maxsus ta'lim hamda professional ta'limning o'quv rejalari va o'quv dasturlari ishlab chiqilishini ta'minlaydi. Tuzilmasida OTMlar mavjud boshqa vazirliklar va organlar o'z standartlari va dasturlarini Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi bilan muvofiqlashtirishi lozim. Ko'rib turganimizdek, OTMlar tomonidan o'quv rejalari va dasturlarining mustaqil ishlab chiqilishi, ya'ni ularning akademik erkinligi haqida hech narsa aytilmagan . To'g'ri, nodavlat ta'lim tashkilotlariga mustaqil ishlab chiqilgan o'quv dasturlari asosida ta'limni tashkil qilish huquqi berilgan, lekin davlat OTMlari bu huquqdan mahrum. Shu bilan birga, Oliy ta'lim to'g'risidagi nizom modulli o'qitish tizimiga o'tgan OTMlarga o'quv rejalari va fanlar dasturlarini mustaqil ishlab chiqish va tasdiqlash huquqini beradi. Biroq, bunda yuridik chigallik kelib chiqadi: nizom Oliy ta'lim vazirligining buyrug'i bilan tasdiqlangan va qonunga nisbatan pastroq yuridik kuchga ega bo'lgan normativ-huquqiy hujjatdir. «Normativ-huquqiy hujjatlar to'g'risida"gi qonunga muvofiq, normativ-huquqiy hujjatlar o'rtasida tafovutlar bo'lgan taqdirda yuqoriroq yuridik kuchga ega bo'lgan normativ-huquqiy hujjat qo'llaniladi. Yuqori yuridik kuchga ega bo'lgan normativ-huquqiy hujjat — qonun esa, yuqorida ko'rib turganimizdek, davlat OTMlariga akademik erkinlik bermaydi. 2019 yilda oliy ta'limni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi, u respublikaning kamida 10 ta oliy o'quv yurtini xalqaro reytinglarning eng yaxshi 1000taligiga, flagmanlar deb belgilangan ikkita oliy o'quv yurtini esa (O'zbekiston Milliy Universiteti va SamDU) eng yaxshi 500talikka kiritishni ko'zda tutadi. Biroq, belgilangan maqsadga erishish uchun qanday aniq qadamlar qo'yilishi haqida mazkur hujjatda hech narsa aytilmadi. Lex.uz milliy qonunchilik bazasida bu boradagi harakatlar rejasi bo'lgan boshqa hujjatlarni izlash ham hech qanday natija bermadi. Konsepsiyada, shuningdek, konsepsiyani amalga oshirishdan kutilgan natijalardan biri sifatida oliy o'quv yurtlarining akademik mustaqilligini ta'minlash haqida so'z boradi. Biroq, bu yo'nalishdagi aniq harakatlar haqida hech nima deyilmagan. Oliy ta'lim vazirligining konsepsiyani amalga oshirishga bag'ishlangan matbuot anjumanida ham OTMlarga akademik erkinlik berish rejalari haqida hech qanday izoh berilmadi. Shuningdek, 2019 yil 1 mayga qadar bu yo'nalishdagi chora-tadbirlarni tasdiqlash ko'zda tutilgan bo'lsada, Bolonya jarayoniga qo'shilish yoki qo'shilmaslik haqida hech qanday ma'lumot berilmadi. 2020 yilda talabalarning kredit birliklarni to'plashi va bu kreditlarning boshqa OTMlar tomonidan tan olinishi jarayonini aniqlashtirib beruvchi kredit-modul tizimini OTMlar o'quv jarayoniga joriy qilish to'g'risidagi Nizom tasdiqlandi. Qizig'i, ushbu hujjatda kredit-modul tizimga daxldor hujjatlar, shu jumladan, o'quv dasturlari va fanlar katalogi oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi qayd etilgan, shu tariqa OTMlar akademik erkinlikdan yanada uzoqlashtirilgan . Shuningdek, 2020 yilda «Oliy ta'lim muassasalarini nufuzli xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda transformatsiya qilish chora-tadbirlari to'g'risida"gi hukumat qarori qabul qilindi. Oliy ta'lim vazirligiga 2021 yil 1 martgacha ochiq tanlov orqali beshta OTMni tanlash va 2021 yil 1 mayga qadar ushbu OTMlarni transformatsiya qilish dasturini tasdiqlash topshirildi. Tajriba sifatida, 2021/22 o'quv yilidan boshlab, tanlangan OTMlar bakalavriat va magistraturaga kirish uchun kvotalarni mustaqil belgilashlari , shuningdek, «eng yaxshi xalqaro tajriba» asosida bakalavr darajasiga kirish imtihonlarini mustaqil o'tkazishlari kerak edi. Shuningdek, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligiga ham 2021/22 o'quv yilidan boshlab ushbu OTMlarga keng akademik mustaqillik berish choralarini ko'rish topshirilgan edi. Internet sarhadlarida bu kabi tanlovning o'tkazilganligi va uning natijalari bo'yicha hech qanday ma'lumot topilmadi. Shuningdek, biror-bir davlat OTMining qabul kvotalarini mustaqil belgilashi yoki kirish imtihonlarini mustaqil o'tkazishi haqida hech bir axborot yo'q. Yevropa universitetlarining buyuk xartiyasi — 1988 yilda Bolonyada (Italiya) Yevropa universitetlari rektorlari tomonidan qabul qilingan va dunyoning 900 dan ortiq universitetlari tomonidan imzolangan hujjat universitet «ilmiy tadqiqot va o'qitish orqali madaniyatni yaratadigan, o'rganadigan, baholaydigan va avloddan avlodga qoldiradigan muassasa» ekanligini uqtiradi. Bu vazifani bajarish uchun tadqiqot va ta'lim axloqiy va intellektual jihatdan har qanday siyosiy hokimiyat va iqtisodiy bosimlardan mustaqil bo'lishi kerak. Hujjat tadqiqot va kasbiy tayyorgarlikdagi erkinlikni «universitet hayotining fundamental tamoyili» sifatida tan oladi. 1997 yil noyabr oyida YUNESKOning Bosh konferensiyasi tomonidan qabul qilingan OTMlarning o'qituvchi kadrlari maqomi to'g'risidagi tavsiyanomasi universitet avtonomiyasini «oliy o'quv yurtlari o'zlarining ilmiy ishlari, tartiblari, boshqaruvlari va tegishli faoliyatiga nisbatan samarali qaror qabul qilishlari uchun kerak bo'lgan o'zini o'zi boshqarish darajasi» sifatida baholaydi. 1998 yilda YUNESKOning Butunjahon oliy ta'lim konferensiyasi ishtirokchilari tomonidan qabul qilingan «XXI asr uchun oliy ta'lim to'g'risidagi butunjahon deklaratsiyasi «ga binoan, OTMlar, ularning xodimlari va talabalari «huquq va majburiyatlarning majmuasi sifatida tushuniladigan to'liq akademik erkinlik va avtonomiyadan foydalanishlari kerak, shu bilan birga, jamiyat oldida to'liq javobgar bo'lishlari lozim». Ta'lim sifati bo'yicha xalqaro ekspert Bastian Baumann «Gazeta.uz» nashriga bergan intervyusida avtonomiya va mas'uliyat munosabatlari haqida gapirganda, quyidagi o'xshashlikni keltiradi: agar OTM uchun barcha qarorlar vazirlik yoki boshqa muassasa tomonidan qabul qilinsa, OTM ham sifat uchun javobgar emasligini aytishi mumkin. Amerika o'qituvchilari assotsiatsiyasi ta'rifiga ko'ra, akademik erkinlik — bu OTM o'qituvchi-professorlari tarikibining OTM o'quv dasturi, fanlar mazmuni, o'qitish va baholash usullarini tashqi aralashuvsiz, mustaqil belgilash huquqidir. Akademik erkinlik OTMlarni talabalar va o'qituvchilar har qanday sohada yangi bilimlarni yaratishi mumkin bo'lgan tadqiqot maydoniga aylantiradi. Umuman olganda, OTMlarning akademik erkinligi (mustaqilligi, avtonomiyasi) ular uchun eng muhim vazifalardan biri — yangi bilimlarni yaratish va tarqatish uchun zarur shart sifatida qaraladi. Bundan tashqari, akademik mustaqillik OTMlar mehnat bozorining doimiy o'zgarib turadigan talablariga o'z vaqtida moslashishi va o'quv jarayonining sifatini ta'minlashi uchun zarurdir. Shuningdek, akademik erkinlik — bu OTMlar o'rtasidagi talaba uchun raqobat hamdir. Xuddi o'sha intervyuda Baumann shunday degan edi: «OTMlar o'quv dasturlarini o'zgartira olsa, o'qitmoqchi bo'lgan sohasining qaysidir jihatlariga chuqurroq kira olsa, o'qitish va o'rganishning turli usullarini taklif qila olsagina raqobat paydo bo'ladi». Shaxsiy tajribamdan misol keltirishga ruxsat bersangiz. Oldimda magistraturada o'qish uchun Buyuk Britaniyadagi OTMni tanlash masalasi turganda, meni qiziqtirgan yo'nalishda dasturlarni taklif qiladigan OTMlar ro'yxatini tuzdim. Bir yo'nalishning o'zi bo'yicha turli OTMlar turli o'quv dasturlarini taklif qilishdi va OTM tanlashda, boshqa omillar qatorida, men tanlagan yo'nalish bo'yicha qaysi OTM meni qiziqtirgan jihatlarga ko'proq urg'u berishiiga e'tibor qaratdim. Otmlarning akademik erkinligi ta'minlanganmi? OTMlarning jahon ta'lim makoniga integratsiyasi qanchalik faollashgan? Bu savollarga javoblarni ko'rib chiqsak. Yuqorida ko'rganimizdek, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar davlat OTMlariga o'z o'quv dasturlarini ishlab chiqish va joriy qilishga ruxsat bermaydi. OTMning akademik erkinligi deganda talabalarni turli ta'lim dasturlariga qabul qilish va ularni baholash bilan bog'liq masalalarni mustaqil hal qilish imkoniyati ham tushuniladi. Oliy ta'lim tizimini boshqarishdagi oxirgi qaror va takliflarga qaraganda, mahalliy OTMlar bu borada ham mustaqillikdan umid qila olmaydi. Oliy ta'lim sifatini ta'minlashning asosiy tamoyillaridan biri — OTMning ta'lim dasturlariga talabalarni qabul qilishda qo'llaniladigan baholash usullari mazkur ta'lim dasturlarini muvaffaqiyatli yakunlash salohiyatiga ega bo'lgan talabalarni tanlash imkonini berishidadir . Mahalliy OTMlarda qo'llaniladigan talabalarni tanlash usullari bu tamoyilga mos keladimi? Bu savolga ijobiy javob berish mushkul. Davlat test markazining 20 yildan oshiq vaqt mobaynidagi faoliyati davomida talabaning OTMga kirish imtihonlarida qayd etgan natijasi va keyingi o'qish ko'rsatkichlari o'rtasidagi korrelyatsiya (bog'liqlik) to'g'risida hech qanday tadqiqot natijalari chop etilmagan. Bunday korrelyatsiya — fanda prediktiv validlik deb ataladi — test tizimimiz haqiqatan ham munosib nomzodlarni tanlab bermoqdami yoki yo'qligiga ishonch hosil qilish imkonini bergan bo'lardi. Shuningdek, super va giper-kontraktlar asosida qabul qilingan bitiruvchilarning sifati bo'yicha tadqiqotlar o'tkazish ham foydadan xoli bo'lmasdi. Bakalavriat dasturlariga talabalarni qabul qilish uchun ishlatiladigan DTM testlarining prediktiv validligi borasida ishonchli ma'lumotlar yo'qligiga qaramay, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi rahbariyati magistraturaga qabul ham DTM testlari orqali amalga oshirilishini taklif qilmoqda . Ya'ni, OTMlarni magistrlik dasturlariga kimlar saralab olinayotganini nazorat qilish imkoniyatidan mahrum qilish taklif qilinmoqda. Balki, maqsad korrupsiyaga barham berishdir, biroq korrupsiyaga qarshi kurash akademik erkinlik va sifatning asosiy tamoyillarini inkor qilish evaziga bo'lishi shartmi? Yana bir qiziq, lekin tushunarsiz taklif — OTM bitiruvchilarini Davlat test markazi tomonidan sinovdan o'tkazish. Birinchidan, OTM bitiruvchisi tahlil qilish, sintez, baholash, muammolarni hal qilish kabi ko'nikmalarga ega bo'lishi kerak, bunday ko'nikmalarni DTM o'zining asosiy baholash instrumenti bo'lgan yopiq turdagi test topshiriqlari (bir nechta javob variantli test) yordamida tekshira olishi dargumon. Ikkinchidan, OTMda davlat akkreditatsiyasining mavjudligi davlatning OTMga bo'lgan ishonchini bildiradi, OTMni o'z bitiruvchisini baholash imkoniyatidan mahrum qilish taklifi bunday ishonchni chippakka chiqaradi. Va nihoyat, bu OTMni akademik erkinlikdan butunlay mahrum qilish deganidir, axir akademik erkinlik talabalarni baholash usullarini erkin tanlash imkonini ham nazarda tutadi. Boshqa bir yangilikni ko'rib chiqamiz — mamlakat ichida bir OTMdan boshqasiga va chet el OTMidan mahalliy OTMga o'qishni ko'chirish talablarining qiyinlashtirilishi. Talabaning yoki uning ota-onasining boshqa manzilga ko'chishi kabi uzrli sabablar bo'lmagan taqdirda, mamlakat ichidagi boshqa OTMga o'qishni ko'chirishga faqat super kontrakt to'langandan keyin ruxsat berilmoqda. «Turdosh bo'lmagan» yo'nalishga ko'chirish esa umuman ta'qiqlandi. Xorijiy OTMdan mahalliy OTMga o'qishni ko'chirishmoqchi bo'lgan talaba DTMning o'tgan yili abituriyentlar uchun ishlatilgan savollaridan tuzilgan testni topshirishi kerak va o'tgan yili belgilangan o'tish balini to'plashi kerak. Hatto diplomi O'zbekistonda imtihonsiz tan olinadigan top-1000likdan o'rin olgan OTMda tahsil olayotgan talabalar ham ushbu jarayondan o'tishlari shart. Bunday yondashuv ham OTMlarning akademik erkinligini va kredit tizimining mohiyatini yo'qqa chiqaradi. Bunday yo'l bilan OTMlarning jahon ta'lim makoniga integratsiyasiga erishish ham mumkin emas. Kredit tizimining afzalliklaridan biri — bu o'z mamlakati ichida ham, chet elda ham talabalarning akademik harakatchanligini ta'minlashidadir: talaba bir OTMda o'qishni boshlab, boshqasida davom ettirib, uchinchisida diplom olishi mumkin. Agar talaba o'qishini boshqa OTMga ko'chirmoqchi bo'lsa, bu OTM talaba oldin o'qigan OTMdagi o'quv dasturini o'rganadi, uni o'z dasturi bilan taqqoslaydi va talaba to'plagan kreditlarning qanchasi tan olinishini hal qiladi. Talaba bo'lsa yangi OTMda diplom olish uchun zarur bo'lgan kreditlarni yig'ishda davom etadi. O'qish yo'nalishlari aynan mos kelishi ham shart emas. Bir OTMda tarix yo'nalishida o'qishni boshlagan talaba o'qishini boshqa OTMning tilshunoslik bo'limida davom ettirishi mumkin — bu holda u yangi OTMda ko'proq kredit to'plashi kerak bo'ladi. OTMlarning mustaqilligi ularning ish beruvchilar sifatida xodimlar bilan, shu jumladan, professor-o'qituvchilar bilan munosabatlarini erkin tartibga solish vakolati hamdir. OTMlar o'qituvchilarga qo'yiladigan talablarni, ularning ish sifatini nazorat qilish, ularni attestatsiyadan o'tkazish va lavozimini oshirish tartiblarini mustaqil belgilaydi. Faylasuf va antropolog Valeriy Xan Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan professor-o'qituvchilarning ishini baholashning amaldagi tizimi ilmiy-pedagogik yutuqlarni baholamasligi va «boshi berk ko'cha»ga kelib qolgani haqida yozgan edi . Bu so'zlarning tasdig'i sifatida menga bir voqeani aytib berishdi: mahalliy OTMlardan birida ishlaydigan chet tillarini yaxshi biladigan, xalqaro jurnallarda maqolalar chop qilgan va xorijiy OTMlar bilan xalqaro loyihalarda qatnashadigan fan doktori o'sha «mashhur» 110 ballik baholash tizimidan o'ta olmagan. Shunga qaramasdan, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan umumxalq muhokamasiga qo'yilgan loyihani tahlil qilsak, professor-o'qituvchilar ishini tartibga solish va baholashga yondashuvlar hali beri o'zgaradiganga o'xshamaydi. «Qaroqchi» jurnallarda sifati shubhali «ilmiy» maqolalar chop etish ham — bu ko'rsatkich bo'yicha O'zbekiston 2020 yilda birinchi o'rinni egallagan — jahon ta'lim makoniga integratsiyalashuvga yordam bermaydi . OTMlar o'z xodimlaridan har yili ma'lum miqdordagi maqolalarni xalqaro jurnallarda chop etishni talab qiladilar, buni Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining talabi va xalqaro reytinglarga kirish istagi bilan izohlaydilar. Maqola chop etish bo'yicha bunday «reja»ni bajarmaslik ko'pincha mehnat shartnomasining bekor qilinishiga olib keladi. Ammo shuni ham tushunish kerakki, nufuzli ilmiy jurnalda maqola chop etish degani — odatda jiddiy ilmiy izlanishlarning yakunidir, buni «konveyer»ga aylantirib bo'lmaydi. Shubhali jurnallardagi maqolalar esa OTMning obro'siga ijobiy ta'sir qilmaydi va xalqaro reytinglarga kirishga yordam bermaydi. Shunday qilib, oliy ta'limni boshqarishning so'nggi tendensiyalari tahlili shuni ko'rsatadiki, Reforms.uz sayti mualliflari «oliy ta'lim muassasalarining akademik mustaqilligini ta'minlash» va oliy ta'lim muassasalarining jahon ta'lim makoniga integratsiyasini faollashtirish" to'g'risida bergan hisoboti haqiqatdan hali ancha yiroq. O'tgan yillar davomida davlat dasturlariga kiritilgan ko'p vazifalar ham shu ko'yi qog'ozda qolib ketdi. Mahalliy oliy ta'limni isloh qilish dasturlarini kelajakda ham xuddi shunday taqdir kutmasligiga umid qilishdan boshqa choramiz yo'q. Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. | columnist |
Markaziy Osiyoning aholisi eng zich hududlardan biri hisoblangan O'zbekistonning Farg'ona viloyatidagi kichik qishloqni tasavvur qiling. Bu yerda, huddi boshqa aholi yashash maskanlarida bo'lgani kabi, xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish imkoni mavjud emas hamda foydalanuvchilarning qariyb uchdan ikki qismi kuniga ko'pi bilan olti soat davomida suv olishlari mumkin. Natijada, ushbu hududda yashovchi bolalar va kattalar suv orqali yuqadigan kasalliklar oqibatidagi o'lim holatlarining yanada yuqori ko'rsatkichlariga to'qnash keladilar. Endi esa o'zingizni Farg'ona viloyatidagi aynan shu tumanning xokimi deb tasavvur qiling: siz aholi eski suv ta'minoti tizimidan qolgan ariqlardan ifloslangan suvni ichmasligi uchun infratuzilmani yaxshilashni istaysiz. Biroq, bu infratuzilmaviy loyihalarni qanday moliyalashtirish mumkin? Xavfsiz va arzon ichimlik suvidan foydalanish inson huquqi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari 6 dasturining ( BRM 6 ) asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Lekin, rivojlanish sohasidagi loyihalarning moliyalashtirilishi yetarli bo'lmaganligi sababli (COVID-19 inqirozining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari va ekologik tahdidlar bilan birgalikda), O'zbekistonning 2030 yilgacha bu va boshqa BRMga erishishi qiyin kechishi ehtimoldan yiroq emas. O'zbekiston hukumati, Barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibiga qat'iy sodiqligiga qaramay, mamlakat ehtiyojlarini qondirish sohasidagi moliyalashtirish taqchilligining o'sishiga duch kelmoqda. 2019 yildagi baholashga ko'ra, milliy BRMga erishish uchun har yili kamida 6 milliard AQSh dollari hajmidagi qo'shimcha investitsiayalar talab etiladi. Yangi baholashga ko'ra COVID-19 ta'siri oqibatlarini bartaraf etish 4 milliard AQSh dollari yoki mamlakat YAIMning 7 foizini talab qiladi. Moliyalashtirishning ushbu taqchilligini bartaraf etish maqsadida ham davlat, ham xususiy resurslarni safarbar etish uchun salmoqli qo'shimcha va muntazam sa'y-harakatlar talab etiladi. Davlat va xususiy sarmoyalarni jalb qilishga doir choralarning biri sifatida O'zbekiston Hukumati tomonidan milliy BRM maqsadlari va ko'rsatkichlariga erishishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish maqsadida impakt-investorlar va institutsional xaridorlarning mablag'larini jalb qilish uchun BRM suveren obligatsiyalari muomalaga chiqarildi. Ushbu maqsadda BRM obligatsiyalari Hadli bitimi ishlab chiqilgan bo'lib, unda qaysi loyihalar moliyalashtirish olish huquqiga ega ekanligi, obligatsiyalardan tushumlar qanday kuzatilishi va nazorat qilinishi, shuningdek obligatsiyalar muomalasi davomida hisobotlar qay tariqa taqdim etilishi ko'rsatilgan. Yangi obligatsiyalar yettita viloyatda BRMga yo'naltirilgan davlat loyihalarini moliyalashtirish imkonini beradi: ta'lim (BRM 4), suv resurslarini boshqarish (BRM 6), salomatlik (BRM 3), yashil transport (BRM 9 va BRM 11), isloflanishga qarshi kurash (BRM 11), tabiiy resurslarni boshqarish (BRM 13 va 15) hamda yashil energiya (BRM 7). Masalan, suv ta'minoti infratuzilmasini qurish bo'yicha loyiha Farg'ona viloyatining chekka tumanlaridagi aholi uchun xavfsiz va arzon ichimlik suvidan foydalanish imkonini yaratishi va shu tariqa bir nechta BRMga erishishga yordam berishi mumkin. Muvofiq ravishda, bunday loyiha BRM obligatsiyalari sotuvidan tushgan mablag'lar hisobiga moliyalashtirishni olish huquqiga ega. Mamlakat uchun bu — BRMga erishish yo'lidagi muhim olg'a qadam. Moliyalashtirishning ushbu yangi manbai tufayli mamlakat Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish tomon yanada yaqinlashmoqda. Barqaror rivojlanish sohasidagi loyihalarda xususiy sektorning yanada keng ishtirokini rag'batlantirish maqsadida O'zbekiston Hukumati 2017 yildayoq yanada ochiqroq bozor iqtisodiyotiga o'ta boshlagan. Iqtisodiy siyosatning asosiy choralari narxlar, savdo tariflari va ayriboshlash kursini liberallashtirishni, iqtisodiyotni xususiy tashabbuslar, xalqaro savdo uchun ochishni, korxonalar va uy xo'jaliklariga to'g'ridan-to'g'ri soliqlarni qisqartirishni qamrab olgan. Bunday liberallashtirilgan iqtisodiy siyosat O'zbekistonga butun dunyodagi biznes vakillari uchun jozibali bo'lishga yordam berdi. Islohotlarning uzoqni ko'zlovchi kun tartibi natijasi o'laroq, O'zbekiston 2021 yilning iyul oyida London fond birjasida BRM obligatsiyalarini joylashtirgan dunyodagi birinchi davlatlardan biri bo'ldi. Qisqa vaqt ichida ushbu obligatsiyalarga bo'lgan talab o'sa boshladi, shuningdek foiz stavkasi O'zbekiston uchun foydali ko'rsatkichda saqlanib qoldi. Jahon investorlari tomonidan bildirilgan yuqori qiziqish O'zbekistonga nisbatan moliyaviy ishonchning ortib borayotganidan dalolat berib, investorlarning Hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarga bo'lgan ishonchini tasdiqlaydi. Butun dunyoda BRM obligatsiyalari xalqaro institutsional investorlar uchun jozibador ekanligi aksariyat holatlarda obuna limitining oshib ketishiga sabab bo'ladi. Biroq, emitent-davlatlar tomonidan mablag'lardan foydalanish yuzasidan ishonchli va aniq monitoring hamda hisobot ta'minlanishi, shuningdek moliyalashtirish uchun tanlangan loyihalar qay tariqa BRMga erishishga sezilarli ta'sir ko'rsatishining namoyon etilishi kutilmoqda. Aslini olganda, Butunjahon bankining ma'lumotlariga ko'ra, «investorlarga nafaqat o'z portfellaridagi ekologik, ijtimoiy va boshqaruv tavakkallarini kamaytirishni, balki investitsiyalari jamiyatning turmushiga hissa qo'shishda yordam berayotganini ko'rsatadigan ma'lumot kerak». Hozirda BMTTD va mamtakatimiz Hukumati BRM obligatsiyalari tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarning amalga oshirilishini har tomonlama va shaffof monitoring qilishni ta'minlash ustida ish olib borib, investorlar va keng jamoatchilikni O'zbekiston tomonidan rivojlanish sohasidagi vazifalarga erishilishiga investitsiyalarning ta'siriga doir zarur axborot bilan ta'minlashga intilmoqdalar. Matilda Dimovska, BMTTDning O'zbekistondagi doimiy vakili | columnist |
Bizning qadrli xo'jayinlarimiz — o'zbekistonliklar, balki yetar? Shahar va qishloqlarni qoplagan o'tib bo'lmaydigan chang-qumli tuman nihoyat bizni o'ldirishni to'xtatishingiz uchun yetarlidir? Balki endi o'zingizni ko'changiz, hovlingiz, shahringizdagi daraxtlarning o'ldirilishiga befarq qilib ko'rsatishni bas qilarsiz? Biz muayyan odamlar yoki tashkilotlarga murojaat qilmayapmiz, biz har qaysingizga murojaat qilyapmiz. Ortingizda gullab-yashnagan dalalar, sersuv vodiylar, yam-yashil saylgohlar o'rniga chang bosgan cho'l va chuqurlar, ko'llar, bog'lar va o'rmonlar o'rniga jonsiz beton — o'lim manzarasini qoldirib, o'z xaloskorlaringiz — daraxtlarni kesar ekansiz, nega o'zingizni sevmaysiz, nega o'z vataningiz, farzandlaringiz, shahringizni sevmaysiz? Nega Yerdagi barcha tirik jonning qon rishtalari haqida unutdingiz? Nega bugungi kuningiz va kelajagingizga befarqsiz? Davlatimiz bayrog'ida yashil rang porlaydi. Poytaxtimiz — Toshkent — gerbida esa nigohimiz tiriklik va to'kinlik ramzi bo'lgan sershox daraxtga tushadi. Nega endi amalda hayot nihollari ildiziga bolta uryapsiz? Biz — o'sha yashil rangning vakillarimiz. Biz — shu muborak tabiatning timsolimiz. Biz — daraxtlar, bog'lar va dalalar, tabiat va shahar saylgohlari — bu mamlakatda ko'pchiligingizdan ko'ra ko'proq yashaganmiz, aksariyatingizdan yoshimiz ulug'roq va sizdan ko'ra ko'proq narsalarga guvoh bo'lganmiz. Ko'p avlodlar, davrlar va o'zgarishlarning guvohi bo'ldik. Bu bizning ham yerimiz va bizning ham yashashga haqqimiz bor. Bizni eshitib bo'lmaydi, chunki bizda lobbistlar yo'q. Bizni suiqasddan himoya qiladigan darajada qudratli yashil lobbi yo'q. Bizni o'ldirayotgan faqatgina arraning o'tkir tig'i emas, qotillikning eng asosiy quroli — bu ko'pchilik odamlarning sukut saqlashidir. Bundan roppa-rosa 12 yil muqaddam, 2009 yilning noyabr oyida «genotsid» oqibatida — kuppa-kunduzi, poytaxtingizning bosh maydonida — ko'plab keksalarimiz halok bo'lishdi. O'shanda sodir etilgan butun boshli fojeani anglab yetdingizmi? Bu Adliya vazirligi — qonunlar ijrosini nazorat qiluvchi organ binosining ro'parasida sodir bo'ldi. Shahar aholisi ham, o'tkinchilar ham — barcha bu noqonuniy harakatning guvohi bo'ldi va o'zlari uchun bir umrlik «saboq» olishdi. Amir Temur maydoni, 2008 yil iyul va 2009 yil noyabr . Manba: Google Earth. Bir necha yil avval poytaxtingiz markazidagi tarixiy Milliy bog'ni xususiy qo'llarga topshirdingiz, ular kelishdi, bizni kesib tashlashdi va ko'l o'rniga beton yotqizishdi. Bugunga kelib qonun chiqaruvchi eng oliy organ — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi — binosidan uncha uzoq bo'lmagan ikkinchi ko'l hududi ham qurib bitdi. Milliy bog', 2017 yil avgust va 2021 yil aprel. Manba: Google Earth. Ma'lum bo'lishicha, ikkinchi ko'l hududida milliy akademik teatrning yangi binosi qurilishi rejalashtirilmoqda. Ammo ko'l — bu ekotizim, bu — barcha ranglarida aks etgan hayot. Bir vaqtlardagi tabiiy ko'l o'rnida tiklangan favvorali beton hovuz esa uning qabri ustidagi jonsiz qo'g'irchoq, xolos. Biz, O'zbekiston daraxtlari, saylgohlari va ko'llari, ushbu yangi teatrda qo'yiladigan ilk spektakl «O'zbekistondagi saylgohlar, daraxtlar va ko'llarning genotsidi haqida» bo'lishini taklif qilamiz. Tijoriylashtirish va yorqin tashqi ko'rinish ilinjida Toshkentni Dubayga o'xshatishni xohlayapsizmi? Ha, Dubay sahro ustida qurilgan. Lekin, harholda, yam-yashil Toshkentni dastavval jonsiz cho'lga, shundan keyingina Dubayga aylantirmoqchi emasdirsiz? Cho'l sizni ham, bizni ham o'z bag'riga olib bo'ldi va endi qo'yib yubormaydi. Biz kamchilikmiz va uddalay olmayapmiz. Mamlakatimiz havosi inson salomatligi uchun tobora xavfli bo'lib bormoqda. Allergiya, astma, o'pka sili epidemiyasi — shuni xohlaganmidingiz? Biz, daraxtlar, bebahomiz: • biz havodan salomatlik uchun sezilarli xavf tug'diradigan zararli moddalarni yo'qotib, uni yanada toza va foydaliroq qilamiz; • biz — ko'plab beton qoplamalar natijasida yuzaga kelgan issiqlik «orollari» bilan kurashishning eng yaxshi vositasimiz; • biz haydovchi va piyodalarni tinchlantiramiz, ularga soya va salqinlik tuhfa qilamiz; • biz, daraxtlar, ko'chmas mulk qiymatini oshiramiz. Agar uyingiz qimmatroq baholanishini istasangiz, daraxt eking va parvarish qiling; • soyamiz bilan salqinlik beramiz, shu orqali, ayniqsa yozda, elektr to'lovlaridan pulingizni tejaymiz; • biz maktab o'quvchilarining muvaffaqiyatini oshiramiz, chunki ular sinf oynasidan daraxtlarga tikilganlarida, ko'zlari dam oladi va miyada yoqimli his-tuyg'ular paydo bo'ladi; • kasalxonadagi bemorlar derazadan bizga nazar tashlaganlarida, ularga kuch va yashash istagini tuhfa etamiz. Biz imtiyozlar va preferensiyalar so'ramaymiz. Siz ularni mebel ishlab chiqaruvchilar , sement ishlab chiqaruvchilar , avtomobil ishlab chiqaruvchilar , turizm , to'qimachilik , maishiy texnika ishlab chiqaruvchilar , investorlar va hattoki ta'lim sohalariga berib bo'lgansiz. Buning ustiga, bizga sizning va'dalaringiz kerak emas. Biz sizdan faqat qonun ustuvorligini ta'minlashingizni so'raymiz, yashash huquqi va qonuniy huquqimiz himoyasini so'raymiz. Mamlakatimiz Bosh qomusining 55-moddasiga rioya qiling. Zero unda shunday deyiladi: «Yer, yer osti boyliklari, suvlar, o'simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar milliy boylik bo'lib, ulardan oqilona foydalanish zarur va davlat muhofazasidadir». Fuqarolardan o'z mamlakati Konstitutsiyasiga rioya qilishni so'raymiz, zero uning 50-moddasida shunday deyilgan: «Fuqarolar tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo'lishga majburdirlar». Biz faqat bir narsani so'raymiz: bizni o'ldirmasligingizni. Jinoyatni yashirish uchun kechalari yoki kuppa-kunduzi ruxsatnoma qog'ozini mag'rur silkitgancha. Bizni «qimmatbaho navlar» va «qimmat emas» deb ajratmang. Sizni tirik saqlashga hammamiz birdek harakat qilamiz. O'z sog'lig'ingizga, o'z farovonligingizga befarq bo'lmasangiz, hovlingiz, mahallangiz yoki maydoningizda kimdir daraxt kesayotganida, bu sizni ishingiz emasdek, beparvo o'tib ketmang. Siz sayr qilgan yashil saylgoh darvozasi birdan yopib qo'yilsa va yillar davomida yopiqligicha qolsa, beparvo o'tib ketmang, nima bo'layotganini so'rang. Ehtimol, uning sizga kerak yoki kerak emasligini so'rashni unutgan bo'lishlari mumkin. Ularga bu sizga kerakligini ayting. Qotillikka chek qo'ying. Sizning daraxtlaringiz, bog'laringiz va ko'llaringiz | columnist |
Agar biz soliq to'lovchilar mablag'larini sarflashda hisobdorlik va shaffoflikning yetarli darajada emasligi bilan bog'liq vaziyatni o'nglamoqchi bo'lsak, birinchi navbatda davlat korxonalari mablag'lariga g'aznadek munosabatda bo'lishga chek qo'yishimiz lozim. Davlat korxonalarining mablag'larni «jamoat maqsadlarida» yoki «xayriya» nomi ostida sarf qilishdagi javobgarligi va vakolatlarini sezilarli darajada cheklash zarur. Davlat tashkilotlarining bunday «olijanob» maqsadlarga yo'naltirilgan xarajatlari odatda kvazifiskal xarajatlar deb yuritiladi — ya'ni asosan budjet xarajatlarini takrorlaydigan, biroq budjet orqali o'tmaydigan [budjetda aks etmaydigan] xarajatlar. Aksariyat jamiyatlarda, ayniqsa rivojlangan jamiyatlarda xalq saylagan vakillar o'z saylovchilarining qancha miqdorda va qanday tartibda soliqqa tortilishi, shuningdek, bu soliqlar qanday va qayerga sarflanishini hal qiladi. O'zbekiston ham bundan mustasno emas. Soliqlar va boshqa to'lovlarni joriy qilish parlament mavjudligining eng muhim sababi sifatida Konstitutsiyamizda ham mustahkamlab qo'yilgan: 78-moddaga ko'ra, bu Oliy Majlisning mutlaq vakolati hisoblanadi. Deputatlar, «budjetni tasdiqlash» deb yuritiluvchi protsedura doirasida, soliq to'lovchilarning pullarini qay tarzda va qayerga sarflash yuzasidan qaror qabul qilar ekanlar, parlament hukumat zimmasiga budjetni qonun doirasida ijro etish majburiyatini yuklaydi. budjet mablag'larini istagancha sarflash mumkin emas — ijro etuvchi hokimiyat va hududiy hokimliklar ularni faqat deputatlar tomonidan qabul qilingan budjetda ko'rsatilgan maqsadlargagina sarflash vakolatiga ega. Bu soliq to'lovchilarning pul mablag'lari faqat o'sha soliq to'lovchilarning vakillari — deputatlar — kollegial tarzda belgilab bergan maqsadlargagina sarflanishi uchun amalga oshiriladi. Pulni qayerga sarflash — bu juda nozik mavzu, barcha fuqarolarning pullarini qayerga sarf qilish esa undan ham nozikroq masala. Shuning uchun ham sivilizatsiyalashgan jamiyatlar davlat pullarini faqat ushbu jamiyat a'zolari eng muhim deb hisoblagan ehtiyojlarga sarflash kerak degan xulosaga kelishgan. Aytaylik, men soliqlarimning jamoat istirohat bog'lariga sarflanishi tarafdoriman, lekin kimdir davlat pullari kutubxonalar uchun sarflanishini xohlaydi. Jamiyat o'z vakillarini saylash orqali pul mablag'larini istirohat bog'lari va kutubxonalar o'rtasida qanday taqsimlanishini hal qiladi. Demak, budjet mablag'lari — ma'lum bir jamiyat vakillarining kelishuvi natijasida aniq maqsadlarga ajratilgan pullar bo'lib, bu mablag'larni bemaqsad va o'rinsiz sarflanish yoki o'g'irlanishdan himoya qiluvchi qator qonuniy chora-tadbirlar mavjud. Albatta, davlat pullarini o'g'irlash yomon va hammamiz, aytaylik, budjet mablag'larini o'g'irlaganlarni yoqtirmaymiz. Lekin, nazarimda, isrofgarchilik o'g'irlikka qaraganda yaxshiroq emasligi haqidagi haqiqatni ko'zdan qochiryapmiz. Menimcha, bu hatto yomonroq ham. Soliq to'lovchilarning budjet tarkibiga kiritilmagan mablag'larining ma'lum qismini sarflash to'g'risidagi qaror deputatlarning kollegial qarori asosida qabul qilinmaydi. Ushbu hisobga olinmagan «budjet»dagi eng yirik «qism» «kvazifiskal xarajatlar» sirasiga kiradi — bu davlat korxona va tashkilotlari o'z xo'jalik faoliyati natijasida oladigan, lekin ularni, aytaylik, budjetga to'g'ridan-to'g'ri o'tkazish o'rniga, ijtimoiy yoki boshqa «hayriya» maqsadlarida sarflaydigan mablag'lardir. Misol uchun, agar samolyot ishlab chiqaruvchi davlat korxonasi o'z mablag'larining bir qismini istirohat bog'i yoki kasalxona qurishga sarflasa, demak bu holatda kvazifiskal xarajatlarga yo'l qo'yilmoqda. Birinchidan , budjet pullaridan farqli ravishda ularni sarflash to'g'risida Oliy Majlis qaror qabul qilmaydi, bu esa o'z-o'zidan Konstitutsiyaga unchalik ham mos kelmaydi. Davlat mablag'larini sarflash masalasida gap uning miqdori qanchaligida emas: biz bu pul mablag'lari yirik miqdorda bo'lgani uchun emas, balki pul xalqniki bo'lgani va uni qanday sarflash to'g'risidagi qarorni jamiyat qabul qilishi kerakligi uchun tegishli vakolatni parlamentga beramiz. Davlat korxonasi o'z xohishiga yoki boshqa sabablarga ko'ra o'z mablag'larining bir qismini ayrim jamoat ehtiyojlari uchun sarflashga qaror qilar ekan, soliqlar va budjet mavjudligining asosiy prinsipi buziladi. Qarorlar jamiyat tomonidan emas, balki kompaniya rahbariyati tomonidan qabul qilinadi. Ikkinchidan , budjetdan tashqari xarajatlar hisobdorlik va ma'lumotlarni birlashtirish bilan bog'liq muammolarni keltirib chiqaradi va shaffoflikni ta'minlashda jiddiy qiyinchilik tug'diradi. budjet mablag'larini sarflashning jiddiy tartib-taomillari mavjud bo'lsa-da, davlat korxonalarining kvazifiskal xarajatlari aksariyat budjet qoidalariga umuman javob bermaydi . Ularga ko'pincha hisobdorlik va jamoatchilik nazorati bilan bog'liq qat'iy talablar kamroq qo'yiladi. Bu yerda gap faqat bu pullarni o'g'irlash osonligida emas: bunda shaffoflik bilan bog'liq boshqa bir muammo ham borki, bu pullarni qayerga yo'naltirish bo'yicha tanlov qay darajada shaffof o'tkazilganligi hech kimga ma'lum emas. Masalan, davlat korxonasi tomonidan bolalar bog'chasi qurilishiga sarflangan mablag'lar budjetga kiritilmagan va budjet hajmida aks etmaydi. Birinchi muammo shundaki, bolalar bog'chasi yoki shifoxona qurish bo'yicha qarorlar parlament yoki tuman (shahar) jamoatchiligi tomonidan qabul qilinmaydi. Ikkinchi muammo shundaki, bu bilan biz budjetdan tushum va xarajatlarni haqiqatda kam baholaymiz, bu esa hisobdorlikni ta'minlash uchun yomon va, eng asosiysi, bizga budjet xarajatlarimiz kamdek tuyuladi. De-fakto, mamlakatda hech kim real budjetni hisoblay olmaydi, chunki barcha kvazifiskal xarajatlarni birlashtirishning imkoni yo'q. Shuning uchun, aytaylik, bizning davlat xarajatlarimiz YAIMning atigi 32 foizini tashkil etishini ko'rsatuvchi hisob-kitoblar kamaytirilgan va haqiqiy budjet hajmini aniqlash nihoyatda mushkul. Buni hisoblash qiyin, chunki kvazifiskal xarajatlarning aksariyati xayriya emas va aslida korxonaning qanday xarajatlari tijoriy maqsaddagi biznes xarajatlar hisoblanadiyu, qanday xarajatlari kvazifiskal xarajatlar hisoblanadi — bilishning deyarli imkoni yo'q. Ammo savol tug'iladi: agar kvazi-fiskal xarajatlar yomon bo'lsa, nega biz bunga yo'l qo'ydik? Javob juda oddiy: stimullar. Misol uchun, siz viloyat rahbarisiz va oldingizda yo'lni ta'mirlash vazifasi turibdi. Siz uchun hududingizdagi davlat korxonalariga yo'lni ta'mirlashni yoki hokimlikka pul o'tkazib berish to'g'risida aytish yoki ko'rsatma berish bu pullarni budjet orqali yo'naltirgandan ko'ra ancha osonroq. Nega bunday? Birinchidan, agar davlat korxonalari mablag'lari budjet orqali yo'naltirilsa, respublika (alohida viloyat) mablag'larni qancha va qanday sarflayotgani darhol ma'lum bo'ladi va daromadga nisbatan xarajatlarni qisqartirish uchun rag'bat paydo bo'ladi. Ikkinchidan, xarajatlar ulushini oshirish uchun siz nimanidir qisqartirishingiz kerak va bu sizdan yetarlicha siyosiy kapitalni talab qiladi (qat'iyat, vakolat, mas'uliyat degandek). Uchinchidan, budjet orqali olgan taqdiringizda ham, bu mablag'lar yuzasidan hisob berish va nazorat qilish yana qiyinchilik tug'diradi. Shuning uchun ham, kelib chiqadiki, fiskal xarajatlarni qoplash uchun, aksariyat hollarda «Moliya vazirligining pullari» deb yuritiladigan budjet mablag'larini emas, balki davlat korxonalari mablag'larini sarflash hamma uchun qulayroq ekan. Biroq bu mablag'lar orqali shaffoflik va hisobdorlik ta'minlanmaydi. Siyosatchilar bu amaliyot nima uchun yomon ekanligini anglab yetishlari va uning oldini olishlari lozim. Afsuski, yetarlicha qonunchilik aralashuvisiz, davlat korxonalarining yirik miqdordagi kvazifiskal xarajatlari aksariyat qaror qabul qiluvchilarning manfaatlariga mos keladi. Ya'ni, qonunchilik bosimisiz, mahalliy hokimiyat organlari, hatto, davlat tashkilotlari rahbarlarining o'zlari ham bunday xarajatlarni kamaytirishdan unchalik manfaatdor emaslar — axir, bunday xarajatlar bo'lmasa, unda samarasiz bo'lish uchun hech qanday sabab qolmaydi. Bugungi kunda davlat korxonalari rahbariyati uchun «jamoatchilik yuki» shunday parda vazifasini o'taydiki, samarasizlik va malakasizlikning haqiqiy manzarasini uning ortiga berkitish imkoni mavjud. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin | columnist |
2 noyabr kuni prezident daraxt ekish bo'yicha «dolzarb 40 kunlik » e'lon qilgan edi. Ertasiga barcha viloyatlar hokimliklari ko'chat ekish bo'yicha boshlangan ishlar yuzasidan hisobot bera boshladi. «Gazeta.uz» O'rmon xo'jaligi ilmiy-tadqiqot institutining Ixota o'rmonzorlari va o'rmon melioratsiyasi laboratoriyasi mudiri, Zamin xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi a'zosi, qishloq xo'jaligi fanlari doktori Zinoviy Novitskiy дан Toshkent shahri va Orolbo'yi misolida daraxt ekish va parvarish qilish haqida so'zlab berishni so'radi (Zinoviy Novitskiy Orol dengizining qurigan tubida ish olib borish bo'yicha 40 yillik ilmiy tajribaga ega, biz uning sobiq dengiz o'rnida o'rmon plantatsiyalarini yaratish haqidagi maqolasini e'lon qilgan edik). Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz». Toshkent — yashil shahar, unda ko'plab turli daraxtlar o'sadi. Biroq ularning hammasi ham zarur agrotexnik parvarishni olmaydilar. Ko'pgina daraxtlar, ayniqsa ignabargli daraxtlar zararkunandalar va kasalliklarga ta'sirchan bo'lib, bu ularning qurishiga, oxir-oqibat o'limiga olib keladi. Yangi maydonlarda kuzga bormay qurib, o'lib qoladigan qarag'ay va archalar ekilaveradi. Magistral va temir yo'llar bo'ylab ixota o'rmon plantatsiyalarini barpo etishda xalqaro tajribani o'rganish va ularni bizning sharoitimizdan kelib chiqqan holda qo'llash zarur. Masalan, Odessa-Kishinyov yoki Terebovlya-Ternopil (Ukraina) yo'llari bo'ylab yo'lning ikki tomonida dastlab yong'oq yoki gilos ekishgan, so'ngra 3−5 metrdan keyin shamol to'suvchi va qordan himoyalovchi o'rmon daraxtzorlari tashkil etilgan. Bunda bir qator tog'olcha, bir qatorga esa tut, so'ngra bir qatordan skumpiya (manzarali daraxt), kalina (bodrezak, buta), qizil (mevali buta), olxo'ri, qorag'at (smorodina), olcha, o'rmon yong'og'i (funduk) va boshqa O'zbekiston sharoitida barq urib o'sadigan turlarni ekish mumkin. 5 km uzunlikdagi har bir «polosa»ga yo'l ustasi biriktirilgan bo'lib, ular o'simliklar holatini kuzatib boradi. O'sib kelayotgan avlodni madaniyatli qilib tarbiyalash, ularda har bir novda, har bir o'simlikka ehtiyotkorona munosabatda bo'lish hissini shakllantirish ham muhim ahamiyatga ega. Bunga eng avvalo oiladagi tarbiyaviy ishlar va ota-onalarning shaxsiy namunasi, keyin esa maktabda erishiladi. Bolaligimdan xotiralar: ota-onam bilan mana shu ixota o'rmon belbog'lariga qizil, tog'olcha, tut, olcha yig'ish uchun borardik — ulardan murabbo tayyorlardik. Gilos yig'ardik, undan onam yakshanba kuni biz uchun murabbo tayyorlardi. Xudo ko'rsatmasin, kimdir daraxt shoxini sindirsa — o'z tengdoshlari, sinfdoshlari, qo'shnilarining janjal va tanbehlariga sabab bo'lardi. Hammamizga meva terib olishga ruxsat berilardi, lekin shoxlarini sindirib tashlamas edik. Qancha yong'oq yig'ardik? Shu bilan birga, biz, bolalar, daraxtlarimiz yaxshi o'sib, ko'proq meva berishi uchun harakat qilardik, ularning ostiga go'ng separdik. Men sanab o'tgan barcha daraxtlar O'zbekistonda yaxshi o'sadi va modomiki biz tabiatimizni yaxshi tomonga o'zgartirishni xohlar ekanmiz, shunday yondashuv bo'lishi kerak, biroq bu bir martalik aksiya bo'lmasligi lozim. Daraxtzorlarni tashkil etish haqidagi ma'lumotlar ishonchli bo'lishi hamda ularda ikki raqam: bahorda qancha ko'chat o'tqazilgani va sentabrda ularning qanchasi yashab ketgani aytilishi kerak. Va kelgusi bahorda qanchasi tirik qolgani haqida ma'lumotga ega bo'lish maqsadga muvofiqdir. Agar o'simliklarning bir qismi nobud bo'lsa, ularni almashtirish va bo'sh joylarning bo'lishiga yo'l qo'ymaslik kerak. Xonobodda (Andijon viloyati) ko'chat ekish. Foto: t.me/Xonobodpress. 4 noyabr kuni ro'y bergan va mamlakatimizga ulkan zarar yetkazgan, yo'lidagi barcha narsalarni tuproq zarralari bilan qoplagan chang bo'roniga barchamiz guvoh bo'ldik. Bu bo'ron ikki sababga ko'ra ro'y bergan bo'lishi mumkin edi. Birinchisi , oxirgi yillarda daraxtlar turli bahonalar bilan ommaviy ravishda kesilmoqda. Daraxtlarni kesganlarning asosiy bahonalari ularning kasal ekanliklaridir. Kechirasiz, ularni kim shunday ahvolga keltirdi, nega zararkunanda va kasalliklarga qarshi kimyoviy tozalash ishlari olib borilishi kerak bo'lgan tegishli tashkilotlar buni amalga oshirmadi? Mana shuni aniqlashtirib olishimiz kerak, ko'p yillik daraxtlarni kesish emas. Ikkinchi sabab — Orol dengizining qurishi muammosi, uning qurigan tubida allaqachon o'rmon plantatsiyalari yaratilgan, ammo ular hali juda kam va qumlarning osongina ko'chishidan himoya qila olmaydi. Qarshi shahrida ko'chat ekish. Foto: t.me/qashvilhokimligi. Mening oldimga odamlar kelib, bunday bo'ronning nima uchun sodir bo'lgani, butun mavjudotlarga zarar yetkazgani, avval ham shamollar bo'lgani, lekin havoni tuproq zarrachalari bilan to'yintirgan bunday bo'ron shu vaqtgacha kuzatilmaganini so'rashmoqda. Javob bitta — bizning tabiatga befarqligimiz, o'simliklar qatlamini yo'q qilishimiz, daraxtlarni kesib tashlaganimiz. Odamlar tabiatga nisbatan munosabatlarini o'zgartirishlari, uy-joy, do'kon va boshqalar qurishdek o'tkinchi o'yu-havaslari yo'lida daraxtlarni kesishni bas qilishlari uchun yana nima sodir bo'lishi kerak? Ha, Orol muammosini hal qilishga ham yanada samaraliroq munosabatda bo'lish kerak. Shiorlar bilan issiq kabinetlarga yashirinmasdan, [dengizning] qurigan tubida ishchilar bilan birga samarali ishlash lozim. Prezidentimiz tashabbusi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasining mohirona mehnati bilan bugungi kunda Orol dengizining qurigan tubida 1 million 550 ming gektar maydonda o'rmonzorlar barpo etildi, biroq bu ishlar bir necha yillardan keyin shamolga qarshi vazifalarini to'laqonli ado etishni boshlaydi. Shu bois, Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan «Yashil makon» loyihasi o'z vaqtida va hayotiy zarur hisoblanib, yaqin kunlar amaliyoti shuni ko'rsatganidek, mamlakatimizdagi ekologik vaziyatni yaxshilashda g'oyat muhim ahamiyatga ega. «Yashil Makon» loyihasi Orolbo'yida mavjud plantatsiyalarning ekologik holatini o'zgartirishga yordam beradi. Avvalo, Orolbo'yida ishlarni amalga oshirishdan oldin ekiladigan maydonlar, navlar assortimenti, ekish materiallari yetkazib beriladigan joylar hamda o'rmon plantatsiyalarini tashkil etish va ular parvarishiga mas'ullar ko'rsatilgan hisob-kitob va texnologik xaritalarni o'z ichiga olgan Orolbo'yi aholi punktlarida o'rmon plantatsiyalarini tashkil etish loyihasi ни ishlab chiqish zarur. Qishloqlarda ko'cha yoqalariga ko'chatlar, birinchi navbatda terak va qarag'ay ko'chatlari o'tqaziladi, ariqlar yotqiziladi. Ushbu plantatsiyalarning holati uchun javobgarlik mahalla qo'mitalari zimmasiga yuklatiladi. Qishloqlarda har bir daraxtga tomchilatib sug'orish usulini olib kelish qiyinligini inobatga olgan holda ekish paytida ko'chat chuquriga suv saqlovchi polimer nanomoddalar (gidrogel) yotqiziladi. Mazkur uslub sug'orishlar miqdorini sezilarli darajada kamaytirish va suvni tejash imkonini beradi. Orolbo'yi shaharlarida navlar assortimentini kengaytirish mumkin, lekin bu yerda havo haroratining 30 darajagacha sovuqqa tushishini hisobga olish zarur, bunday haroratda hamma daraxtlar ham yashab qololmaydi — muzlaydi va nobud bo'ladi. Yuqoridagi barcha jihatlar O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasining ilmiy bo'linmalari tomonidan belgilanadi. Orol dengizining qurigan tubida cho'l o'simliklari urug'ini ekish ishlari noyabr-dekabr oylarida davom ettiriladi. U yerda barcha o'rmon-meliorativ ishlar O'rmon xo'jaligi ilmiy-tadqiqot institutida qo'lga kiritilgan ilmiy ishlanmalar asosida olib boriladi. Ularning bajarilishi loyiha koordinatori tomonidan qat'iy nazorat qilinadi va shuning uchun hech qanday og'ishlar bo'lmaydi. Barcha ishlar agrotexnik muddatda, pastki cho'kindi turlarini hisobga olgan holda qat'iy ravishda amalga oshiriladi. Biroq so'nggi yillar juda quruq kelgani va prognozda hech qanday yaxshi narsani kutilmayotganini hisobga olsak, namlikni saqlab qolish uchun suv saqlaydigan nanomoddalardan foydalanishni boshlash kerak. Bundan tashqari, loyihani amalga oshirish uchun yem-xashak o'simliklari urug'larini yig'ish hajmini kengaytirish hamda ularni unib chiqish va yer qoplamini (yaylovlarini) shakllantirishi uchun allaqachon yaratilgan saksovul plantatsiyalariga sepish maqsadga muvofiqdir. Shunday qilib, mavjud saksovul plantatsiyalari shamol tezligini pasaytiradi va biz yem-xashak o'simliklari urug'ini ekkan qator oraliqlarida mikroiqlim ko'rsatkichlarini yaxshilaydi, bu esa ikki-uch yilda birinchi yarusda saksovul, ikkinchisida esa yaylov hosil qiluvchi yem-xashak o'simliklaridan iborat ikki komponentli plantatsiyalar olish imkonini beradi. Shahar va aholi punktlarida ko'chat ekish ishlarini boshlashdan oldin loyiha ishlab chiqilishi kerak. Unda tashkil etilayotgan plantatsiyalarning dizayni va estetikligi hisobga olinishi lozim. Loyihasiz ko'kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilmasligi zarur . Ko'kalamzorlashtirishda, birinchi navbatda, mahalliy daraxt va buta turlariga asoslanib, ular yo'q bo'lgandagina boshqa turlarni xorijdan olib kelish mumkin. Xorazm viloyatida ko'chat ekish. Foto: t.me/xorazm_uz_official. Ko'kalamzorlashtirishda birinchi navbatda mahalliy daraxt va buta navlariga tayanish, ular bo'lmagan taqdirdagina xorijdan boshqa turlarni olib keltirish mumkin. Bardoshli va keng yaproqli turlardan ko'proq foydalanish va majburiy tomchilab sug'orish tizimini joriy etish zarur. Tuproqda namlikni uzoqroq vaqt saqlab turish uchun ekish chuquriga namlik saqlovchi polimer nanomoddalar joylashtirilishi kerak. Ekish o'simliklari agrotexnik parvarish, birinchi navbatda mineral va organik o'g'itlarga ehtiyoj sezadi. Ko'chalar, shaharlar va aholi punktlari bo'ylab mavjud barcha ko'chatlarning entomologik va fitopatologik xaritasini tuzish zarur . Zararkunandalar va kasalliklarning turlarini aniqlash, ularga qarshi kurashish choralarini belgilash va zudlik bilan kurashni boshlash lozim. | columnist |
Yaqinda O'zbekistonning shahar va tumanlarida kuzatilgan qum va chang bo'roni hamda tuman havoning tozaligi — sifatli hayotning juda muhim tarkibiy qismi ekanligi va so'nggi o'ttiz yil davomida daraxtlarning muntazam ravishda keng miqyosda kesilishi muqarrar iqtisodiy yo'qotishlarga olib kelganligi haqida yaxshigina eslatma bo'lib xizmat qildi. Eng ahamiyatlisidan boshlasak. O'zbekistonlik bir guruh olimlarning tadqiqotlariga ko'ra, so'nggi 29 yil mobaynida shahar ichidagi yashil hududlar 12 ming gektardan 2661 gektargacha qisqargan, bu — 4,5 barobardan ziyodga kamaydi degani. Bu davr mobaynida shahar aholisi 50 foizga o'sgan. Davlat statistika qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, bugungi kunda shahar aholisi 2,8 million kishini tashkil etadi (90-yillar boshida shaharda 1,9 million kishi istiqomat qilgan). Shaharda bir kishiga to'g'ri keladigan yashil hududlar maydoni kishi boshiga 63 kvadrat metrdan 9 kvadrat metrgacha kamaydi. Bu yetarlicha konservativ raqamlar, chunki aholini ro'yxatga olish amaliyoti yo'qligi sababli aholi sonini aniq hisoblashning imkoni yo'q va katta ehtimol bilan poytaxt aholisi soni 2,8 milliondan ko'proq. Toshkent dunyoning boshqa megapolislari singari ko'p qavatli va zich bo'lmasa-da, Toshkent shahrida aholi jon boshiga to'g'ri keladigan yashil hududlar maydoni (9 kvadrat metr) hatto Nyu-Yorkdagidan ham kichik (13,5 kvadrat metr). Shu bois, Toshkent va Nyu-Yorkdagi obodonlashtirish darajasini solishtira turib, Nyu-Yorkni «beton changalzor» deb atash adolatdan emas. AQShdagi ikkinchi yirik shahar hisoblangan Los-Anjelesda bir kishiga to'g'ri keladigan yashil hudud maydoni — deyarli 40 kvadrat metr. Poytaxt Vashingtonda esa aholi jon boshiga to'g'ri keladigan ko'kalamzor hududlar 55 kvadrat metrni tashkil qiladi. Albatta, o'tgan haftada sodir bo'lgan voqealar fonida, javob aniq bo'lishi mumkin, biroq men hatto tabiiy ofatlar bo'lmagan taqdirda ham havoning sifati inson hayoti uchun nihoyatda muhim ekanligiga e'tibor qaratishingizni istagan bo'lardim. Bir guruh olimlar tomonidan Xitoydan olingan ma'lumotlar asosida olib borilgan yirik eksperimental tadqiqot havoning ifloslanishi yuqori o'lim darajasining sababi hisoblanadi, degan xulosaga keldi. Aynan sababi. Bu tadqiqot juda muhim, chunki olimlar buni eksperimental tarzda isbotlay olishdi. Odatda kambag'al mamlakatlarda odamlar qisqaroq, boy mamlakatlarda esa uzoqroq umr ko'radilar. Mamlakatda umr ko'rish davomiyligi boylik bilan chambarchas bog'liq, shuning uchun havoning ifloslanishi yuqori o'lim darajasiga sabab bo'ladimi, degan savolga javob unchalik aniq emasdi. Mamlakatlararo taqqoslashlar sabab-oqibat bog'liqligini ko'rsatib berolmaydi, ular faqat korrelyatsiyani ko'rsatadi. Havo haqiqatan ham umr ko'rish davomiyligiga ta'sir qiladimi degan savolga javob topish uchun olimlar «tabiiy eksperiment»dan — Xuayxe daryosi bo'ylab amal qilgan energetika siyosatidan foydalanishdi. 1950−1980-yillardagi markazlashgan rejalashtirish davrida Xitoy hukumati daryoning shimolida joylashgan shaharlardagi qozonxonalar uchun ko'mir yetkazib berish orqali qish mavsumida bepul isitish tizimini ta'minladi, ammo janubda ko'mir yetkazib berishdan voz kechdi. Qozonxonalarda ko'mir yoqish atmosferaga ifloslantiruvchi moddalarning chiqarilishi va ayniqsa, qattiq zarrachalar, inson salomatligiga nihoyatda zararli bo'lishi mumkin bo'lgan kulning chiqarilishi bilan bog'liq. Shunday qilib, Xitoy rasmiylarining bu qarori tayyor eksperiment maydoniga aylandi, bu yerda aholining bir qismi havoning sifati ancha yomonroq bo'lgan sharoitda yashardi, boshqa bir qismi — nisbatan yaxshiroq. Tadqiqot natijalari daryoning janubida yashovchi odamlarning o'rtacha umr ko'rish muddati besh yarim yilga ko'proq ekanligini ko'rsatdi. Olimlarning xulosasiga ko'ra, Xuayxe daryosi bo'ylab olib borilgan energetika siyosati dahshatli yo'qotishlarga — 2,5 milliard yildan ortiq yo'qotilgan umrlarga sabab bo'ldi. Tadqiqotlardan olingan xarita. Ya'ni, tadqiqotlar shuni isbotladiki, havoning sifati — hayot sifati va eng asosiysi, davomiyligiga kuchli ta'sir ko'rsatadi. Ta'kidlash joizki, Xitoyda odamlar ustida o'tkazilgan tajriba natijasida aniqlangan besh yarim yillik farq — bu juda katta farq: buni aholining o'rtacha umr ko'rish davomiyligi ko'rsatkichlari bo'yicha O'zbekiston (74,6 yosh) va Daniya (81 yosh) o'rtasidagi farq bilan taqqoslash mumkin. Shu boisdan, barchamiz havoning sifati haqida qayg'urishimiz va uning qay darajada muhimligini anglashimiz zarur. Chikago universiteti energetika siyosati instituti tomonidan yaqinda e'lon qilingan hisobotda aytilishicha, agar hindistonliklar havoning sifati bo'yicha JSST standartlariga javob beradigan havodan nafas olganlarida, mamlakatda o'rtacha umr ko'rish davomiyligini 5,9 yilga uzaytirgan bo'lar edilar. Hisobotga ko'ra, ko'plab mamlakatlarda havoning ifloslanishi aholi salomatligiga hatto sil, OIV/OITS va sigaret chekishdan ko'ra ko'proq xavf tug'diradi. Daraxtlar va shaharning ko'kalamzor hududlari havoning sifatiga bevosita ta'sir ko'rsatuvchi uchta funksiyaga ega — shaharda havo haroratini pasaytirish , havoni zararli zarralardan tozalash hamda yozda soya berish va qishda shamollarni to'sish orqali haroratni pasaytirish hisobiga binolarda energiya sarfini kamaytirish. Demak, shaharda daraxtlar qancha ko'p bo'lsa, shahar havosining sifati shunchalik yuqori bo'ladi va o'z navbatida, odamlar ham shunchalik uzoq umr ko'rishadi. Shu nuqtai nazardan daraxtlar xavfsizlik va salomatlikning g'oyat muhim jihati hisoblanadi. Shuning uchun daraxtlarni kesish inson salomatligiga bevosita ta'sir ko'rsatadi. Aniqrog'i, qancha ko'p daraxt kesilsa, odamlar shuncha kam umr ko'rishadi. Bundan tashqari, umr ko'rish davomiyligi — kasallanishlar va hayot sifatining natijasidir. Ya'ni, ifloslangan havo umrni nafaqat qisqartiradi, balki kasallanishga moyilroq va yomonroq qiladi. Tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki, havoning sifati yomon bo'lgan sharoitda bolalar astma bilan ko'proq kasallanishadi. Kaliforniyada havo sifatining yaxshilanishi bolalarda astma bilan kasallanish holatlarini kamaytirdi va kasalxonalarning tez-tibbiy bo'limiga yotqizilgan bolalar sonining 5−14 foizga kamayishiga olib keldi. Kaliforniyada havoning sifatini yaxshilash to'g'risidagi ma'lumotlardan foydalanilgan yana bir tadqiqot 1990 yillarda uglerod oksidi emissiyasini kamaytirish Kaliforniyada taxminan 1000 nafar bolaning hayotini saqlab qolgan , degan xulosaga keldi. Niderlandiyadagi 355 ta munitsipalitet ma'lumotlari asosida o'tkazilgan nisbatan yangiroq va qiziqarli yana bir tadqiqot natijalariga ko'ra, koronavirus pandemiyasi davrida munitsipalitetdagi havoning sifati qanchalik yomon bo'lsa, kasallanish, kasalxonaga yotqizish va o'lim ko'rsatkichlari shunchalik yuqori bo'lganligi kuzatilgan. Havoning sifati odatda havodagi PM2,5 zarralari konsentratsiyasi bilan o'lchanadi, bu odatda diametri 2,5 mikrometr yoki undan kichik bo'lgan, nafas bilan yutiladigan mayda zarralarni tavsiflaydi. JSST standart me'yori — 10 mkg/m3 ni tashkil qiladi. Gollandiyada tajribani o'tkazish davrida PM2,5 ning o'rtacha darajasi 10,49 mkg/m3 ni tashkil etdi. Shunday qilib, tadqiqot natijalari shuni ko'rsatdiki, agar munitsipalitetda, qolgan barcha omillar o'zgarmagan holda, PM2,5 konsentratsiyasi 1 mkg/m3 ga oshsa, bu o'lim holatlari sonini 13 foizga oshiradi. To'rt kun avval Toshkent shahrida PM2,5 darajasi 23,1 mkg/m3 ni tashkil qildi , bu yuqorida keltirilgan tadqiqotdagi ko'rsatkichdan 12,61 mkg/m3 ga yuqori. Agar ushbu raqamlarni hisob-kitoblar uchun asos qilib oladigan bo'lsak, Toshkent shahrida havoning sifati tufayli koronavirusdan o'lim darajasi 163,93 foizga oshgan. Bu raqamlar ortida saqlab qolish mumkin bo'lgan juda ko'plab inson hayoti bor. Xulosa shundan iboratki, daraxtlarni kesish odamlarning hayotini yomonlashtiradi — umr ko'rish davomiyligini ancha qisqartiradi va uni og'irlashtiradi. Toshkent shahrida 30 yil mobaynida yashil hududlar yetti barobarga qisqarganligidan kelib chiqadiki, shaharda havoning sifati juda yomon holatda. Ammo tadqiqotlar bilan tanish bo'lmagan taqdiringizda ham, ba'zida shahar bo'ylab sayr qilganingizda, saylgoh hududlar sezilarli darajada qisqarganiga guvoh bo'lasiz. Salbiy o'zgarishlar ko'lamini tushunishga yordam berish uchun sun'iy yo'ldosh xaritalari juda qo'l keladi. Qachondir xaritadagi eng katta yashil nuqta bo'lgan — Milliy bog' hozirda daraxtlari va ko'llarini deyarli butunlay yo'qotgan. Milliy bog'dagi sobiq Komsomol ko'li. Foto: Yuriy Korsunsev. Qonunchilik palatasi binosi oldidagi hozirda quritilgan ko'l. Foto: Yuriy Korsunsev. Amir Temur xiyobonidagi shaharliklarga salqinlik tuhfa qilgan ko'p yillik daraxtlar ham yo'qotildi. Amir Temur maydoni, 2008 yil iyul va 2009 yil noyabr . Manba: Google Earth. «Gulshan» kabi boshqa kichikroq istirohat bog'lari ham qurilish uchun berib yuborilgan; bolaligim yaqinida o'tgan Bobur nomidagi bog' ham o'z hududining sezilarli qismidan ayrilgan. Abdulla Qodiriy nomidagi istirohat bog'i ham aftidan qurilish maydoniga aylangan; Botanika bog'ining bir vaqtlar yam-yashil tusda bo'lgan ayrim qismlari qurilish uchun berila boshlangan. Albatta, istirohat bog'larining yo'q qilinishi chang miqdorining ko'payishiga va havo ifloslanishining kuchayishiga olib keladi. Biroq buning ustiga jamoat transporti hajmining qisqarishi va sifatining yomonlashishi natijasida yuzaga keladigan shaharning asossiz motorizatsiyasi yanada og'ir yuk bo'lmoqda. Ayniqsa, tramvay va trolleybus kabi ekologik toza transportlardan voz kechish ham havo sifatining yomonlashuvi omillaridan hisoblanadi. Shaharda avtomobil yo'llari maydoni o'sib bormoqda va yo'llar maydonining ko'payishi tirbandliklar va avtomobillarning ko'payishiga olib keladi. Bularning barchasi birgalikda bizni, yuqoridagi tadqiqotlarda aytib o'tilganidek, quyidagi singari oqibatlarga yetaklaydi: Umuman olganda, odamlarning hayot sifati sezilarli darajada yomonlashmoqda va bu bilan bog'liq iqtisodiy xarajatlar sezilarli darajada oshmoqda. Har qanday shaharning asosiy manbai — bu odamlardir. Agar shahar aholisining hayot sifati past bo'lsa, iqtidorli odamlarni jalb qilish yoki mavjud inson kapitalini saqlab qolish mushkul. Shu bois, o'quvchilar e'tiborini qum bo'roni to'xtagan bo'lsa ham, baribir havoning sifatini yaxshilash ustida ishlash zarurligiga qaratmoqchiman. Axir, agar bizni o'ldiradigan zarralar bizga mikroskopsiz ko'rinmasa, bu ularning mavjud emasligini anglatmaydi. Tabiatga g'amxo'rlik qilishni boshlash uchun halokatlar va ofatlar sodir bo'lishini kutib o'tirish shart emas. Gap eng muhim narsa — har birimizning bugungi kundagi hayotimiz haqida bormoqda. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin. | columnist |
Kun.uz nashrining xabar berishicha, bir guruh tilshunos olimlar yopiq eshiklar ortida lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosiga o'zgartirishlar kiritish bo'yicha uzil-kesil qarorga kelishgan. Alifbodagi sh, ch, oʻ va gʻ harflarini ş, ç, ō va ğ shakliga o'zgartirish hamda ñ harfini kiritish takliflari ma'qullangan. Mazkur qaror qonunchilik palatasiga ko'rib chiqish va qonun sifatida ma'qullash uchun kiritiladi, deb xabar bermoqda Kun.uz. Shuningdek, nashrning ta'kidlashicha, yig'ilish qatnashchilari unda qabul qilingan qarorlarni hech qayerga chiqarmaslik bo'yicha qat'iy topshiriq olishgan. Kun.uz nashrining Facebook (yoki "Feysbuk"?) ijtimoiy tarmog'ida mazkur xabar tagida qoldirilgan ko'plab izohlar mualliflari bu yangilikka nisbatan salbiy munosabat bildirishgan va bu o'zgarishlar savodsizlikning yanada urchishiga xizmat qilishi, lotin yozuviga to'liq o'tishimizni ta'minlab bermasligi haqida yozishgan. Ayrimlar bundan ko'ra mamlakatda mavjud ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal qilishga mablag' yo'naltirilishi lozim, deyishgan. Yangilikka blogerlar ham o'z munosabatini bildirishdi. Platforma.uz kanali "alifbo islohoti uch-to'rtta odamning "shivir-shivir"i bilan imi-jimida hal qilinadigan narsa emas", deb yozdi va "pulimiz oshib-toshib ketyaptimi?" degan savolni o'rtaga tashladi. Tentakminds kanali ham "savodsizlikning yuz yili" istehzoli sarlavhasi bilan budjetdan ajratiladigan milliardlarga e'tibor qaratdi. "Ma'rifat" gazetasi o'z telegram kanaliga o'tkazgan so'rovda ovoz berganlarning yarmidan ko'pi sh, ch, oʻ va gʻ harflari o'zgarishsiz qolishini yoqlashgan. "O'zbekiston Respublikasining "Lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosini joriy etish to'g'risidagi Qonuni"ga o'zgartirishlar kiritish haqida"gi qonun loyihasi bundan oldin ikki marta ( ID 31596 va ID 45020 ) umumxalq muhokamasiga qo'yilgan edi. Har ikkala muhokamada ham taklif qilinayotgan o'zgarishlarni yoqlaydiganlar ham, qarshilar ham va hatto alifboning muqobil variantlarini taklif qilganlar ham yetarlicha edi. Lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosiga taklif qilinayotgan o'zgarishlar tagida aniq ilmiy asoslar yo'qligi haqida oldin ham yozgan edim. Na loyiha mualliflari va na Davlat tilini rivojlantirish departamenti maqolaga munosabat bildirishdi. Masalan, department alifboni o'zgartirish uchun asos sifatida keltirgan "xalqimiz tarixda foydalangan arab, lotin, kirill yozuvlari ham "bir tovushga — bir harf" tamoyiliga asoslangan", degan argumentning haqiqatga mos kelmasligini arab, kirill, amaldagi lotin va taklif qilinayotgan "yangi" alifbo misolida ko'rsatgan edim. Qonun loyihasi muallifi O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi alifboga o'zgartirish kiritish to'g'risidagi qonun loyihasi muhokamasida bildirilgan fikrlarga javob berar ekan, xuddi shu g'ayriilmiy argumentni yana bir marta qaytargan: "Bizning xalqimiz azal-azaldan bir tovushga — bir belgi tamoyiliga ko'nikkan". O'zbek alifbosi uchun uzoq muddat ishlatilgan alifbolardan hech qaysi birida "bir tovushga — bir belgi" tamoyili amal qilmaganligini tushunish uchun katta ilmiy tadqiqot o'tkazish shart emas, oldingi maqolamda keltirilgan bir necha misollarning o'zi yetarli. Yoki Fanlar akademiyasi bergan yana bir javob: "Ularning (sh, ch harf birikmalarining — tahr.) matnda ketma-ket kelishi o'qish-yozish jarayonida noqulaylikni yuzaga keltirmoqda". Kim uchun noqulaylik yuzaga keltirmoqda? Masalan, men va men taniydigan ko'plab faol, o'zbek tilida yozadigan mutaxassislar sh, ch tufayli hech qanday noqulayliklarni sezishayotgani yo'q. Lotin yozuvidan faol foydalanadiganlarning necha foiziga bu harflar noqulaylik tug'dirayotgani, aynan qanday noqulayliklar yuzaga keltirayotgani borasida aniq tahlillar, raqamlar bormi? Yoki muammo shunchaki sh va ch tovushlarining kirill yozuvida bitta harf bilan ifodalanishiga ko'nikkan katta avlod vakillarining bu tovushlar uchun endi ikkita harf ishlatilishiga ko'nika olmayotganligidami? Nega c harfi yo'q alifboga undan yasalgan ç harfi kiritilgan? Nega ō va ğ harflari uchun har xil diakritik belgilar tanlangan? "Kiritilgan o'zgarishlar kompyuter klaviaturasida borligi uchun shunday o'zgartirilgan" deya da'vo qilayotgan Fanlar akademiyasi vakillari taklif qilinayotgan alifboda matn terib ko'rishdimi? Bu harflar klaviaturaning biron-bir raskladkasida birga keladimi? Bu harflarni kiritish uchun hadeb raskladkalarni o'zgartirishga majbur bo'lmaymizmi? Agar alohida raskladka ishlab chiqiladigan bo'lsa, nega amaldagi alifbo uchun ishlab chiqish mumkin emas? Yoki ng tovushi uchun yangi ñ harfining kiritilishini olaylik. N va g birga kelganda har doim ham bitta tovushni ifodalaydimi? N+g bitta tovushni va har xil tovushlarni ifodalaydigan holatlarni tilshunos bo'lmagan aholining necha foizi farqlaydi? H va x bilan bog'liq har qadamda ko'zga tashlanadigan xatolar qatoriga ng va ñ bilan bog'liq xatolar ham qo'shilmaydimi? Umuman, departament va akademiyaning alifboni o'zgartirish uchun ilmiy asosanlanmagan, tagida hech qanday tadqiqot yotmagan argumentlarni hadeb qaytarishidan maqsad nima? Nima uchun alifbo bo'yicha "yakuniy va hal qiluvchi" maqomidagi yig'ilishga ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik vakillari taklif qilinmadi? Oldin aytilganidek , "ilmiy anjumanlarda bildirilgan taklif va mulohazalar turli soha olim va ziyolilaridan iborat ekspertlar guruhi ishtirokida o'tkaziladigan konferensiyada" ko'rib chiqilmasdan, aniq ilmiy asoslarsiz tayyorlangan loyihani yopiq eshiklar ortida tasdiqlashdan maqsad nima? Axir alifbo bir necha olimlardan iborat guruhning mulki emas-ku? Akademiya qonun loyihasi tagida qoldirilgan qoldirilgan izohlarga javob berar ekan, alifboga taklif qilinayotgan o'zgarishlar zaruratini quyidagicha izohlaydi: "O'zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o'ttiz yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimda so'zlagan nutqida ona tilimizning qadr-qimmatini ko'tarish va uni yanada rivojlantirish bilan bog'liq ko'plab masalalar qatorida lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosini takomillashtirish vazifasini ham alohida ta'kidlab o'tgan edi. 2020−2030 yillarda o'zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining 4-bandida ham lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosini, imlo qoidalarini yanada takomillashtirish va yangi yozuvga to'liq o'tishni ta'minlash vazifasi alohida qayd etilgan". Odatda davlat rahbarining qaror va farmonlari loyihalarini ishlab chiqishda yoki nutqlarini yozishda tegishli soha vakillari jalb qilinadi. Qaror yoki farmon qabul qilingandan keyin esa uning ijrosi nazorati Adliya vazirligi va Hisob palatasi tomonidan olib boriladi. Qandaydir sabablar bilan qabul qilingan hujjatda xatolik o'tib ketgan bo'lsa ham (inson omilini hali hech kim inkor qilgani yo'q), hujjatni tayyorlagan tashkilot aksar hollarda buni tan olgisi kelmaydi (axir kimning ham "kaltak yegisi" keladi deysiz). Shuning uchun hujjat ijrosini bir amallab "yopish"ga, ya'ni hujjatda belgilangan topshiriqni "bajargan" qilib ko'rsatishga harakat qilinadi. Akademiya tilga olgan nutq va konsepsiyada haqiqatdan ham lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosini takomillashtirish zarurati qayd etilgan. Prezident farmoni bilan tasdiqlangan konsepsiyani 2020−2022 yillarda amalga oshirish dasturida "lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosini, imlo qoidalarini yanada takomillashtirish va yangi yozuvga to'liq o'tishni ta'minlash" vazifasini bajarish muddati qilib 2020 yil dekabr — 2021 yil yanvar belgilangan. Agar qilinayotgan harakatlar zamirida cho'zilib ketgan va yil boshida "yopilishi" kerak bo'lgan "ijro"ni "yopish" turgan bo'lsa, prezident tomonidan imzolangan hujjatlarga puxta o'ylanmagan bandlarning va mavhum, turlicha talqin qilinishi mumkin bo'lgan jumlalarning kiritilishi va hayotga tadbiq qilinishi ertaga qimmatga tushmaydimi? Hujjatni ishlab chiqishga jalb etilganlar "takomillashtirish" deganda aynan nimani nazarda tutgan? To'rtta harfning o'zgarishi alifboni qanday qilib takomillashtiradi? Umuman, bu "takomillashtirish" aynan alifbodagi harflarni o'zgartirish yoki unga yangi harflar kiritish shaklida bo'lishi kerakmi? Takomillashtirish, masalan, yozilishi ayrimlar uchun muammo tug'dirayotgan o' va g' harflarini qanday yozish kerakligi bo'yicha aniq tavsiyalar va texnik yechimlar ishlab chiqish, haligacha bahsli bo'lib kelayotgan "sentabr" — "sentabr" singari muammolarning aniq yechimini berish yoki tilga kirib kelayotgan so'zlar hamda boshqa tillardagi atoqli otlarning yozuvda qanday berilishini (masalan, "back-end dasturchi"mi yoki "bek-end dasturchi", "Windows"mi yoki "Vindovs", "Apple"mi yoki "Epl", "IT"mi yoki "Ay-Ti", "Soy"mi "Tsoy"?) aniq ilmiy asoslab berish shaklida bo'lishi ham mumkin emasmi? Yoki hujjatda "yangi yozuv" deganda nima nazarda tutilgan? O'ttiz yil davomida to'liq o'ta olmayotganimiz lotin alifbosimi yoki uning qandaydir yangi "versiyasi"mi? "Yangi" versiya qabul qilinsa, unga to'liq o'tish yana o'ttiz yilga cho'zilmasligi, bu orada alifboni "yanada takomillashtirish", "yanada yangi yozuv"ga o'tish zarurati tug'ilmasligiga ishonchimiz komilmi? "Yangi" versiya ikki alifbo (kirill — lotin) o'rtasida "sarson" o'zbek tilini uch alifbo (kirill — amaldagi lotin — "yangi" lotin) o'rtasida sarson qilmasligi bo'yicha aniq tadqiqotlar natijalari bormi? Lotin yozuviga asoslangan alifboga o'zgartirish to'g'risidagi qonun loyihasi muhokamasi uzaytirilganda Davlat tilini rivojlantirish departamenti "alifboga shakliy o'zgarishlar kiritilishi munosabati bilan talab etiladigan xarajatlar miqdori o'rganiladi" deb va'da bergan edi. "Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasiga kiritish tartibi to'g'risida"gi qonunga muvofiq, moddiy xarajatlar talab qilinadigan qonun loyihasini tayyorlashda unga moliyaviy-iqtisodiy asoslar ilova qilinadi. Alifboni o'zgartirish uchun ketadigan xarajatlar miqdori o'rganildimi, qonun loyihasining moliyaviy-iqtisodiy asoslari ishlab chiqildimi? O'zgarishlar soliq to'lovchilarga qanchaga tushadi? Tashqi qarz YAIMning yarmidan ko'pini tashkil qilayotgan sharoitda soliq to'lovchilar o'z mablag'laridan milliardlarning aynan alifboni o'zgartirishga sarflanishiga rozimi? Darsliklar nashr qilinishiga yaqin manbalarning taxminiy hisob-kitoblariga ko'ra, alifbo o'zgarsa, maktab darsliklarining o'zi uchun kamida 2−3 trillion so'm (hozirgi kurs bilan taxminan 186 million — 280 million AQSh dollari) kerak bo'lar ekan. Bundan tashqari, boshqa turdagi o'quv va ilmiy adabiyotlar, lug'atlar, badiiy kitoblar, butun respublika bo'ylab rasmiy hujjatlar blankalari, davlat idoralari va jamoat joylaridagi yozuvlar, bannerlar, lavhalar, axborot tizimlaridagi ma'lumotlar ham o'zgarishi kerak bo'ladi. Bularning bari qaysi mablag'lar hisobidan amalga oshiriladi? Aholi qo'lidagi shaxsni tasdiqlovchi va ruxsat beruvchi tusdagi hujjatlar-chi? Qonun nuqtai nazaridan, misol uchun, "Mengliyev" va "Meñliyev" har xil shaxslar ekanligi hisobga olinsa, bunday hujjatlar ham zudlik bilan o'zgartirilishi kerak bo'ladi. Aholi yana yoppasidagi hujjatlarini almashtirish uchun pul to'lashga tayyormi? Tizim-chi, bunday katta hajmdagi yuklamani ko'tara oladimi? Umuman, Fanlar akademiyasi yoki "bir guruh olimlar" qonunchilik tashabbusi huquqiga ega subyektlar ro'yxatiga kirmas ekan, alifboga o'zgartirish kiritish to'g'risidagi qonun loyihasi qaysi huquqiy asoslarga ko'ra tayyorlandi? 1990-yillar boshida alifboni o'zgartirishga siyosiy motivlar sabab bo'lgan ekan, hozir imi-jimida, yopiq eshiklar ortida qaror qabul qilmasdan, Konstitutsiya bo'yicha davlat hokimiyatining birdan-bir manbai bo'lgan va oxir-oqibatda alifboni takomillashtirish bilan bog'liq xarajatlarni to'laydigan xalqning fikrini hisobga olishga nima xalaqit bermoqda? Qonun loyihasi muhokamasida o'zgarishlar uchun sarflanadigan xarajatlar haqidagi savolga Fanlar akademiyasi bunday javob bergan: "Bugun O'zbekistonda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar muayyan moliyaviy mablag'larni talab etmoqda. Agar siz maktab darsliklarini qayta chop qilinishini nazarda tutayotgan bo'lsangiz, darsliklar qayta nashr etish muddati yetganda chop qilinaveradi". Akademiya taklif qilayotgan yondashuv, ya'ni alifbo o'zgarsa ham eski alifbo asosida chop qilingan darsliklar asosida o'quvchilarga dars berishni davom ettirish bir qancha avlodning yoppasiga savodsizlashishiga olib keladi. Maktab darsliklari davriylik asosida har besh yilda yangilanadi. Misol uchun, bu yil yaratilgan 2-sinf darsliklari besh yildan keyin qayta chop qilinadi. Endi tasavvur qilamiz: alifbo almashdi, lekin darsliklar yangilanmadi. O'quvchilar qo'lidagi darsliklarda "o'ng", "g'uncha", "Toshkent", "shamchiroq" shaklida yozilgan so'zlarni o'qituvchi aslida "ōñ", "ğunça", "Toşkent", "şamçiroq" shaklida yozish kerakligini o'rgatadi. Yoki bir yil yangilangan alifboda chop qilingan darsliklarni o'qigan o'quvchilarga keyingi yil eski alifboda chop qilingan darsliklar berildi (agar darsliklar yoppasiga yangilanmasdan, akademiya taklif qilgandek, qayta nashr etish muddati yetganda chop qilinsa, shunday holatlar ro'y berishi aniq). So'zlarni to'g'ri yozish, imlo qoidalarini yodlashda vizual xotira (ko'rish orqali eslab qolish) katta rol o'ynashini hisobga olsak, bunday o'quvchilarda savodxonlik, so'zlarni to'g'ri yozish bilan katta muammo chiqishi aniq. Va bu avlod vaqt o'tib davlat idoralarida hozirgi avlodning o'rnini egallaganda yangi alifboni inkor qiladi — xuddi hozirgi yoshi katta avlod kirill yozuviga o'rgangani uchun amaldagi lotin yozuvini inkor qilganday. Qarabsizki, yana alifboni "takomillashtirish" zarurati tug'iladi. O'zbekiston xalqi hadeb alifboni "takomillashtirish"ga tayyormi? P.S. Maqola yozilib, nashrga tayyorlangandan so'ng tadqiqotchi va bloger Eldar Asanov o'z telegram kanalida yig'ilish haqida ma'lumot berib, unda ilmiy bahslar bo'lgani, hech qanday rasmiy hujjat qabul qilinmagani haqida yozdi . Asanovning xabar berishicha, ishchi guruh va ekspertlar funksional alifbo loyihasini tayyorlashga urinmoqda, xolos. Nazarimda, alifboni "takomillashtirish"dan oldin, aniq savollarga aniq, ilmiy asoslangan javoblar olishimiz kerak: 1. Alifboning maqsadi tildagi barcha tovushlarni transkripsiya qilib berish emas, yozma muloqotni ta'minlash ekanligidan kelib chiqsak, joriy alifboning qaysi jihatlari yozma muloqotni ta'minlashga xalal bermoqda va takomillashtirishga muhtoj? 2. Bu takomillashtirish aynan alifboni o'zgartirish shaklida bo'lishi kerakmi yoki boshqa yechimlar ham bormi? 3. Agar alifboni o'zgartirish haqiqatda ham zarur bo'lsa, bu qanchaga tushadi va qaysi manbalardan moliyalashtiriladi? Va albatta alifbo bilan bog'liq har qanday munozaralar, takliflar, yechimlar, qarorlar jamoatchilikka e'lon qilib borilishi lozim. Agar alifboni o'zgartirishdan maqsad o'ttiz yil oldin bo'lganidek, siyosiy kon'yunktura uchun, birinchi rahbar aytgani uchun bo'lsa, unda har yigirma — o'ttiz yilda "takomillashtirish" zarurati tug'ilishi aniq. Muallifning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasiligi mumkin. | columnist |
8 dekabrda O'zbekistonda Konstitutsiya kuni nishonlanadi. Asosiy qonun 1992 yil 8 dekabrda mamlakatning o'sha paytdagi parlamenti — Oliy Kengash sessiyasida qabul qilingan. Konstitutsiya qabul qilingan kun munosabati bilan mamlakatning 20-asrdagi SSSR tarkibiga kirgan paytdagi konstitutsiyalari va mustaqil O'zbekiston konstitutsiyasi tarixiga nazar tashlab, mamlakatning Bosh qomusi kelajagi haqida fikr yuritishni taklif qilaman. Oldindan aytib qo'yay: maqola ilgari mavjud bo'lgan yoki amaldagi normalar hamda ularning qo'llanilishiga huquqiy baho berishga mo'ljallanmagan. 1924 yil 27 oktabrda RSFSR tarkibida bo'lgan Turkiston ASSR hamda Buxoro va Xorazm sotsialistik sovet respublikalari hududlarining bir qismida O'zbekiston SSR tuzildi. O'zbekiston SSRning birinchi Konstitutsiyasi 1927 yil 30 martda Butuno'zbek Sovetlari ikkinchi s'ezdida qabul qilingan. Poytaxti Samarqand shahrida bo'lgan va tarkibiga Tojikiston ASSR ham kirgan O'zbekiston SSR «ishchilar va dehqonlarning sotsialistik davlati» deb e'lon qilindi, bunda «butun hokimiyat ishchilar, dehqonlar va Qizil Armiya deputatlari sovetlariga tegishli» ekani belgilandi. «Ishchilar, dehqonlar va Qizil Armiya» hokimiyatini o'rnatish uchun oliy organ — Ishchilar, dehqonlar va Qizil Armiya deputatlari Sovetlari S'ezdi tuzildi. Amalda davlatga mamlakatning oliy qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, ma'muriy va nazorat qiluvchi organi bo'lgan Sovetlar Markaziy Ijroiya Qo'mitasi Prezidiumi va O'zSSR Xalq Komissarlari Soveti — mamlakat hukumati rahbarlik qilgan. Tabiiyki, hokimiyatlar bo'linishi yoki nazorat va muvozanat tizimi haqida hech qanday gap bo'lmagan. Joylarda davlat hokimiyati mahalliy sovetlar s'ezdlari va ular tomonidan shakllantiriladigan ijroiya qo'mitalari (ispolkomlar) tomonidan amalga oshirilgan. Quyi bo'g'inlardagi ispolkomlar yuqoridagilarga, okrug ispolkomlaridagi bo'lim va boshqarmalar esa (xalq ta'limi, sog'liqni saqlash, moliya va hokazo) — tegishli xalq komissariatlariga (narkomat) hisobdor bo'lgan. Ehtimol, hozirgi vazirliklar va davlat organlari mahalliy bo'limlarining ikki karra — ham o'z vazirligiga ham, mahalliy hokimlikka bo'ysunuvi amaliyoti o'tgan boshqaruv tizimidan meros bo'lib qolgandir. Mazkur konstitutsiyada barcha milliy ozchiliklarga o'z ona tilidan s'ezdlarda, sudda, davlat va jamiyat hayotida erkin foydalanish, shuningdek, o'z ona tilida ta'lim olish huquqi berilgan, dekretlar (qonunlar), qaror va farmoyishlar esa o'zbek, rus va tojik tillarida nashr etilgan. Ushbu konstitutsiyaning yana bir qiziq jihati shundaki, mehnat fuqarolarning huquqi emas, balki majburiyati sifatida tan olindi, daromad olish maqsadida yollanma mehnatdan foydalangan shaxslar va «mehnatsiz daromad» evaziga yashayotgan shaxslar, shuningdek, xususiy savdogarlar, savdo vositachilari, diniy xizmatchilar, Rossiya imperiyasi, Buxoro amirligi va Xiva xonligi politsiya va ma'muriyatining sobiq xodimlari ovoz berish va kengashlarga saylanish huquqidan mahrum etildi. O'zbekiston SSSRning birinchi Konstitutsiyasi 10 yil davomida — 1937 yilgacha amal qildi. 1936 yilda SSSRning «stalincha» konstitutsiyasi qabul qilingandan so'ng O'zbekiston SSRning Asosiy qonuni ham yangi tahrirda qabul qilindi . Xuddi avvalgi konstitutsiyada bo'lgani kabi O'zSSR «ishchilar va dehqonlarning sotsialistik davlati» deb e'lon qilindi. Tojikiston ASSR 1929 yilda ittifoq respublikasiga aylantirilgan va shu tariqa O'zbekiston SSSR tarkibidan chiqarilgan edi. O'zSSR tarkibiga Qoraqalpog'iston ASSR kirdi, respublika okruglar, tumanlar, milliy tumanlar va shaharlarga bo'lindi. Poytaxt Toshkent shahriga ko'chirilgan edi. Hokimiyatni bir organda jamlashning avvalgi yondashuvi saqlanib qoldi, faqat Sovetlar S'ezdi o'rniga O'zbekiston SSR Oliy Kengashi deb ataldi. Oliy Kengash avvalgi Sovetlar S'ezdi kabi doimiy faoliyat yurituvchi organ emas, balki yiliga ikki marta chaqirilganligi sababli Oliy Kengash Prezidiumi — doimiy organ — tuzildi. Prezidium xalq komissarlarini — hukumat a'zolarini tayinlar va lavozimidan ozod etardi. Konstitutsiyaning avvalgi tahririda bo'lgani kabi, mahalliy hokimiyat organlari mahalliy kengashlar tomonidan tuziladigan va yuqori turuvchi ijroiya qo'mitalari oldida hisobdor bo'lgan ijroiya qo'mitalardan iborat edi. Oliy sud va quyi sudlardan tarkib topgan sud hokimiyati Oliy Kengash va tegishli mahalliy kengashlar tomonidan saylangan. Mehnat endi fuqarolarning majburiyati emas, balki huquqi deb tan olindi. Shuningdek, Konstitutsiyada dam olish, ta'lim olish, qariganda, kasallik va nogironlik chog'ida moddiy ta'minlanish huquqi kafolatlandi, shaxs, uning uy-joyi va yozishmalari daxlsizligi, jamoat tashkilotlariga birlashish huquqi, e'tiqod, so'z va matbuot erkinligi, yig'ilishlar, mitinglar, ko'cha yurishlari va namoyishlar erkinligi ham qog'ozda qayd etildi. Avvalgi konstitutsiyada mavjud bo'lgan ayrim toifadagi shaxslarni saylov huquqidan mahrum qilish to'g'risidagi qoida chiqarib tashlandi: qog'ozda barcha fuqarolarga saylash va saylanish huquqi ham kafolatlandi. 1978 yilda «Stalincha» konstitutsiya «Brejnev» konstitutsiyasi bilan almashtirildi. O'zbekiston «respublikadagi barcha millat va elatlar, ishchilar, dehqonlar va ziyolilarning irodasi va manfaatlarini ifodalovchi umumxalq sotsialistik davlati» deb e'lon qilindi. Mazkur konstitutsiyada Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasining (KPSS) «boshqaruvchi va yo'naltiruvchi roli» mustahkamlandi — haqiqiy vaziyat yuridik jihatdan rasmiylashtirildi va Kommunistik partiya Markaziy Qo'mitasining birinchi kotiblari rasmiy oliy organ — O'zbekiston Oliy Kengashi va uning Prezidiumiga qaraganda ko'proq vakolatlarga ega bo'ldilar. Oliy Kengash davlat hokimiyatining oliy ijro etuvchi va boshqaruv organi — Vazirlar Kengashini tuzdi. Quyi xalq sudlari fuqarolar tomonidan, yuqori sudlar esa tegishli kengashlar tomonidan saylanadigan bo'ldi. 1989−1992 yillarda 1978 yilgi konstitutsiyaga jiddiy o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi : o'zbek tili davlat tili deb e'lon qilindi, prezident va vitse-prezident lavozimlari ta'sis etildi, Vazirlar Kengashi Vazirlar Mahkamasiga o'zgartirildi, Vazirlar Kengashi raisi lavozimi tugatilib, Vazirlar Mahkamasi raisining vazifalari prezidentga o'tkazildi. 1992 yil sentabrda «Xalq so'zi» va «Narodnoye slovo» gazetalarida e'lon qilingan Konstitutsiya loyihasi. Konstitutsiyaning yaratilish tarixiga oid arxiv hujjatlari ko'rgazmasidan surat, 2017 yil noyabr. Yolqin Shamsiddinov / O'zA. 1978 yilgi Konstitutsiya keyinchalik o'zgartishlari bilan mustaqil O'zbekiston e'lon qilinganidan va SSSR parchalanganidan keyin ham — 1992 yil 8 dekabrgacha, ya'ni Respublika Oliy Kengashining 12-chaqiriq 11-sessiyasida mustaqil O'zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinguncha amalda bo'ldi. Narzulla Jo'rayev, Tursunboy Fayzullayev, Qamariddin Usmonov 1998 yilda chop etilgan «O'zbekiston tarixi» maktab darsligida yozganidek, mamlakat Oliy Kengashi 1990 yilda 64 nafar a'zodan iborat konstitutsiyaviy komissiya tuzgan va unga o'sha paytdagi prezident Islom Karimov rahbarlik qilgan. Fanlar akademiyasining Falsafa va huquq instituti, Siyosatshunoslik va boshqaruv instituti hamda Prezident devonining yuridik bo'limi konstitutsiya konsepsiyasining uchta variantini ishlab chiqdi. Prezident apparati tomonidan taklif qilingan konsepsiya asosida Konstitutsiya loyihasi ishlab chiqilib, 1992 yil sentabr va noyabr oylarida umumxalq muhokamasi uchun e'lon qilindi va mamlakatning amaldagi Asosiy hujjatiga asos bo'ldi. Sovet davridagi konstitutsiyalardan farqli ravishda, mustaqil O'zbekiston Konstitutsiyasida hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlariga bo'linishi tamoyili mustahkamlab qo'yildi (11-modda). Hududiy saylov okruglari bo'yicha ko'ppartiyaviylik asosida besh yil muddatga saylandigan 150 nafar deputatdan iborat bir palatali Oliy Majlis mamlakatda qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiruvchi oliy davlat vakillik organi bo'ldi. Konstitutsiya loyihasi muhokamasi chog'ida ikki palatali parlament yaratish taklifi ham bildirilgan, biroq bu takliflar «bunday an'ana yo'qligi» tufayli rad etilgan edi. Besh yil muddatga saylanadigan va bir vaqtning o'zida Vazirlar Mahkamasining raisi bo'lgan mamlakat prezidenti davlat va ijro etuvchi hokimiyat rahbari deb e'lon qilindi. Ayrim siyosiy tahlilchilarning fikricha , konstitutsiyaning birinchi tahririda qabul qilingan boshqaruv shaklini «prezident juda keng vakolatlarga ega, parlamentning nazorat funksiyalari kam bo'lgan prezident-parlament respublikasi» sifatida tavsiflash mumkin. Mahalliy hokimiyat vakillik organlari — hokimlar boshchilik qiladigan xalq deputatlari kengashlari tuzildi. Sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil deb e'lon qilindi. 2003 yilda konstitutsiyaga jiddiy o'zgartirishlar kiritildi : bir palatali Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatdan iborat ikki palataliga aylantirildi, prezidentlik muddati yetti yilga uzaytirildi. Prezident ham davlat, ham ijroiya hokimiyati rahbari bo'lib qoldi, biroq u endi Vazirlar Mahkamasi raisi emas edi. Parlament rolini kuchaytiruvchi bu va undan keyingi o'zgarishlar, huquq fanlari doktori Mirafzal Miraqulovning fikricha , mamlakatni prezidentlik va parlament respublikasi belgilariga ega aralash respublika sifatida tasniflash imkonini beradi. Yana bir o'zgarish — prezidentlik saylovlarini prezidentlik muddati tugaydigan yil dekabr oyining uchinchi o'n kunligining birinchi yakshanbasida o'tkazish qoidasi — huquqiy qarama-qarshilikka olib keldi, deyiladi YeXHT/DIIHBning 2007 yildagi saylovlarni kuzatish bo'yicha cheklangan kuzatuvchi missiyasi hisobotida : prezident saylovi 2007 yil 23 dekabrda bo'lib o'tdi, vaholanki, uning vakolatlari muddati o'sha yil yanvar oyida tugagan edi. 2007 yilda Konstitutsiyaga navbatdagi o'zgartirishlar kiritildi : prezident ijro hokimiyati rahbari bo'lishni to'xtatdi. Endilikda u «davlat boshlig'idir va davlat organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishi hamda hamkorligini ta'minlaydi». 2011 yilda kiritilgan o'zgartirishlar bosh vazirni tayinlash va unga ishonchsizlik votumini bildirish tartibiga tegishli edi. Bundan tashqari, amaldagi prezident o'z vazifalarini bajara olmaydigan hollarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha Senat raisining zimmasiga yuklatilishi to'g'risidagi norma joriy qilindi — avvalgi tahrirda bunday hollarda Oliy Majlis deputatlardan (senatorlardan) birini mazkur vazifani bajaruvchi etib tanlashi kerak edi. Shuningdek, alohida tuzatish bilan yetti yillik o'rniga besh yillik prezidentlik vakolati muddati qaytarildi. 2014 yilda asosan Prezident, Vazirlar Mahkamasi, hokimlar va Markaziy saylov komissiyasi faoliyatiga taalluqli o'zgarishlar kiritildi . 2017 yilda Konstitutsiyaga uch marta: mart , may va avgust oylarida mahalliy kengashlar, Konstitutsiyaviy sud va Oliy sudlar faoliyati bilan bog'liq o'zgartirishlar kiritildi. Oxirgi o'zgarishlar 2019 yil avgust va 2021 yil fevral oylarida kiritilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yilda Konstitutsiya kuni munosabati bilan yo'llagan bayram tabrigida [ A1 ] Konstitutsiya va qonunlarni takomillashtirish , hayotimizning barcha jabhalarini liberallashtirish zarurligini ta'kidladi. Joriy yil noyabr oyida bo'lib o'tgan inauguratsiya marosimidagi nutqida ham prezident jahon tajribasini o'rganish asosida mamlakatimizning bugungi va keyingi taraqqiyotini belgilab beruvchi Asosiy qonunni takomillashtirish zarurligini ta'kidladi . Davlat rahbari Konstitutsiya kuni munosabati bilan kechagi bayram tabrigida Konstitutsiyaga taklif etilayotgan o'zgartirishlarning asosiy yo'nalishlarini sanab o'tdi . Konstitutsiyaga kiritiladigan o'zgartishlar haqida fikr yuritar ekanmiz, keling, demokratik jamiyatni yanada rivojlantirish uchun qanday o'zgarishlar foydali bo'lishini tahlil qilishga harakat qilaylik. 13-moddaga muvofiq, demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko'ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi hamda demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi. Biroq asosiy huquq va erkinliklar га (ko'chish erkinligi, fikr, so'z va e'tiqod erkinligi) taalluqli moddalarda «Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir» degan qo'shimcha mavjud. Majburiy mehnat ham taqiqlangan, biroq «sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o'tash tartibidan yoki qonunda ko'rsatilgan boshqa hollardan tashqari». Bunday talqin tayanch huquqlarni istagancha cheklash imkonini beradi, chunki cheklashlar qonun bilan tasdiqlansa, konstitutsiya talablariga mos tushaveradi. Masalan, fuqarolarni toifalarga bo'ladigan va ularga tug'ilgan hududidan kelib chiqqan holda turli huquqlar beradigan propiska instituti qonun bilan tasdiqlangan (darvoqe, bu qonun hali ham amalda), demak u konstitutsiyaga muvofiq, garchi Konstitutsiyaning 18-moddasiga yaqqol zid bo'lsa ham. Tayanch huquqlarning cheklanish shartlari (masalan, qonuniy kuchga kirgan sud hukmini o'tash davrida yoki favqulodda vaziyatlarda harakatlanish erkinligini cheklash) Bosh qomus matniga kiritilishi kerak — dunyoning ko'plab mamlakatlari (masalan, AQSh , Germaniya , Shvetsiya , Rossiya) konstitutsiyalarida shunday qilingan. Konstitutsiyaga muvofiq, O'zbekiston Respublikasining davlat hokimiyati tizimi hokimiyatlarning bo'linishi prinsipiga asoslanadi. Qadimgi Rim Respublikasida asos solingan va fransuz ma'rifatparvarlari tomonidan rivojlantirilgan hokimiyatlarning bo'linish prinsipiga ko'ra, davlat hokimiyati bir-biridan mustaqil va bir-birini tiyib turuvchi bo'g'inlar orasida taqsimlanadi hamda hech bir bo'g'in vakolatlarini suiiste'mol qilmasligi uchun choralar ko'riladi. Respublika darajasida qonun chiqaruvchi hokimiyatni parlament (Oliy Majlis), ijro etuvchi hokimiyatni esa Vazirlar Mahkamasi amalga oshirsa, viloyat darajasida vakillik va ijro etuvchi hokimiyatni bir shaxs — hokim boshqaradi, u o'zi hisob berishi kerak bo'lgan xalq deputatlari kengashlariga rahbarlik qiladi va xuddi shu deputatlar uni bir ovozdan Senatga — qonunchilik organi yuqori palatasiga saylashadi . Bunday holat hokimiyatning bo'linish prinsipiga qanchalik mos keladi? Bu kabi holatlar vakolatlarning birlashib ketishi va manfaatlar to'qnashuvini keltirib chiqarmaydimi? Hokimiyat vakolatlari aniq-tiniq ajratilmagan taqdirda nimalarga olib kelish mumkinligini ko'plab misollarda ko'rishimiz mumkin. Andijon viloyati hokimiga tegishli audioyozuv bilan bog'liq vaziyatga munosabat bildirar ekan, deputat Rasul Kusherbayev: «Bir shaxsda vakolatlarning haddan ortiq ko'p bo'lishi atrofdagilarga qimmatga tushadigan xatolarga sabab bo'ladi», — deb yozgan edi. Deputat aslida hokimiyatlar bo'linishi nazariyasi asoschilaridan biri Montesk'yo bir necha asrlar ilgari yozgan so'zlarni takrorladi: «Agar qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar bir shaxs yoki muassasada birlashgan bo'lsa, u holda erkinlik bo'lmaydi, chunki bu monarx yoki senat mustabid qonunlar qabul qilishi va ularni zulm bilan qo'llashni boshlashi xavotiri mavjud». Ko'p sonli suiiste'mol holatlari: so'kish , kaltaklash , tarixiy va shaxsiy obyektlarni buzish, «vaqt mashinasi» bilan tajribalar , tashkil etilishi va natijalari savollarni keltirib chiqarayotgan tenderlar — bularning hammasi buyuk faylasuf va huquqshunos aytgan so'zlarni tasdiqlamayaptimi? Prezident , Senat rahbari , hukmron O'zLiDeP partiyasi raisi hududlar darajasida hokimiyatlar bo'linishi zarurligi haqida gapirgan edi. Davlat rahbari va'da qilganidek, mahalliy aholi tomonidan saylanadigan , kengashlar oldida hisob beruvchi hokimlar hamda bu hokimlar qonunlarni buzsa, faqat prezidentga shikoyat qilish bilan cheklanib qolmasdan, ularni vakolatlaridan mahrum eta oladigan mahalliy kegashlar — bunday holat Konstitutsiyada belgilangan xalq hokimiyatchiligi prinsipiga ham, hokimiyatning bo'linishi prinsipiga ham muvofiq keladi. Parlamentning yuqori palatasiga ham mahalliy kengashlar deputatlari orasidan vakillar saylanishi kerak, hokimlar emas. O'zaro tiyib turish va muvozanat tamoyili ham hokimiyatning bo'linishi prinsipini to'liq amalga oshirishning muhim sharti hisoblanadi. Bunday tizimda hokimiyatning har bir bo'g'ini bir vaqtning o'zida bir bo'g'in uchun tiyib turish va boshqa biri uchun posangi (himoya) vazifasini o'tovchi qonuniy vakolatga (harakat qilish huquqiga) ega bo'ladi, bu esa hokimiyatning barcha bo'g'inlari muvozanati va bir-birini nazorat qilishini ta'minlaydi. Misol uchun, davlat rahbarining Konstitutsiyada mustahkamlangan parlamentni tarqatib yuborish huquqi parlament uchun tiyib turish, davlat rahbari uchun esa posangi vazifasini bajaradi. Muvozanat ta'minlanishi uchun parlament tizimi ham davlat rahbari uchun tiyib turish, parlament uchun posangi sifatida xizmat qiluvchi qonuniy vakolatga (masalan, ishonchsizlik votumi yoki impichment e'lon qilish huquqiga) ega bo'lishi kerak. Shuningdek, hokimiyat алмашинuви нинг qomusiy asoslari konstitutsion qadriyat sifatida kuchaytirilishi kerak: tatqiqotchilarning qayd etishicha , mazkur jarayon ham siyosiy, ham iqtisodiy taraqqiyot uchun muhim hisoblanadi. Hokimiyatning boshqa tarmoqlari va prokuraturadan mustaqil va betaraf bo'lgan hamda faqat qonunlar asosida qarorlar qabul qiladigan sud tizimi ham demokratik jamiyat uchun muhim — sud hokimiyatini hokimiyatning boshqa tarmoqlari va prokuraturaga qaram qilib qo'yuvchi mexanizmlarni yo'q qilish zarur. Konstitutsiya mamlakatning Asosiy qonuni bo'lib, hech bir normativ-huquqiy hujjat unda belgilangan norma va tamoyillarga zid bo'lishi mumkin emas. Shunday ekan, Konstitutsiya samarali ishlashining yana bir muhim sharti — barcha normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini doimiy nazorat qilib borish va ulardagi Konstitutsiyaga zid deb topilgan har qanday qoidalarini bekor qilishdir. Har qanday masala bo'yicha, xoh xususiy mulkni tortib olish, xoh turli toifadagi abituriyentlar uchun keng imtiyozlar berish yoki o'z nomzodini ko'rsatish huquqini bekor qilish bo'lsin — Konstitutsiyaga mos kelishi yoki muvofiq emasligi to'g'risida aniq asoslangan xulosalar bo'lishi kerak va buning uchun Konstitutsiyaviy sud, balki, hozirgidan ko'ra faolroq ishlashi kerak bo'ladi. Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. | columnist |
Ekologiya , daraxtlar , shahar bog'lari , toza havo haqida gapirar ekanman, ularning shaharlar, odamlar salomatligi va farovonligi uchun ahamiyatini alohida ta'kidlayman . Shuningdek, ushbu jamoat boyliklarining kamayishi shaharlarni xavfli va yashash uchun yaroqsiz holga keltirishini ham takrorlayman. Shaharlarda hayot sifatini pasaytiradigan, ularni yashash uchun xavfli qilayotgan, noteng imkoniyatlar yaratayotgan, alohida shaxslar guruhini butun boshli jamiyatdan ustuvor qilib qo'yayotgan yana bir omil ham bor. Bu omil — hayotimiz va shaharlarimizning avtomobillashtirilishidir. Shaharlarimizda qarorlar qabul qilishda ustuvorlik avtomobillarga berilmoqda. Jumladan, shaharlar ichida ko'priklar va keng avtostradalar qurish va ularni kengaytirish avj olmoqda, muhim jamoat transporti tizimlarini o'ldirilmoqda, bolalardan o'yin maydonchalarini, xalqdan jamoat bog'lari va yashil maydonlarni tortib olib, ular o'rniga avtoturargohlar qurilmoqda. Bularning barchasi odamlarni avtomobillarga qaram qilib qo'ymoqda. Mashina haydash va ularni «parkovka» qilish xarajatlari avtomobili yo'qlar hisobidan ham «subsidiya qilinmoqda». Shu bilan birga, mashinasi yo'qlar havo sifatining yomonligi, sayr qilish va dam olish uchun joylarning kamligi, ifloslangan havodan nafas olish natijasida sog'lig'i va umrining qisqarishi, xavfsizlik talablariga javob bermaydigin yo'l infratuzilmalaridan foydalanish kabi mashina haydash va unga egalik qilishning salbiy oqibatlari bilan to'qnash kelmoqdalar. Eng asosiysi, avtomobillashtirish siyosati noteng imkoniyatlar yaratgan holda odamlarni kambag'alroq qilmoqda. Biz shaharlarimizni odamlar uchun yaxshiroq va xavfsizroq qilishimiz uchun urbanizatsiya siyosatimizni qayta ko'rib chiqishimiz, bunda aksariyat davlatlar boshlaridan kechirgan muammolarga to'qnash kelishdan qochish, ishonchli tarixiy va ilmiy dalillardan saboq olishimiz kerak. Bugungi kunda mamlakatimiz shaharlarida qurilayotgan qariyb barcha yangi keng yo'llar go'yoki o'tkazuvchanlikni oshirish hisobiga yo'llardagi tirbandlikni kamaytirish maqsadida barpo etilmoqda. Ushbu fikrga tayangan holda ko'priklar, estakadalar, keng yo'llar quryapmiz yoki mavjud yo'llarni qo'shimcha harakat yo'laklari hisobiga kengaytiryapmiz. Biroq bu sa'y-harakatlar ezgu niyatlarda amalga oshirilayotgan bo'lsa ham, yarim asrlik tarixiy dalillar va ilmiy izlanishlar natijalari buning aksini ko'rsatmoqda — yo'l o'tkazuvchanligining oshirilishi, aksincha, yo'l tirbandligining ko'payishiga olib keladi, shaharlarimizni avtomobillarga yanada ko'proq qaram qiladi. Muammo mashinalar yoki haydovchilarda emas, balki avtomobillardan juda ko'p va xavfli ko'rinishda foydalanishimizdadir. Bu odamlarning mashina haydashni bilmasligi yoki o'ta mas'uliyatsizligi, ya'ni haydovchilik madaniyatining pastligidan ham emas. Muammo aslida bizni mas'uliyatsiz bo'lishga undaydigan yoki majburlaydigan sabablar va infratuzilmalarni yaratganimizdadir. Atrof-muhitning ifloslanishi, avariyalar, bepul avtoturargohlar bilan bog'liq sarf-xarajatlarni sotsializatsiya qilish uchun katta-katta yo'llar va ko'priklarga mablag' ajratayotganimizda, shaharlarimiz, tuman va mahallalarimiz mashinasiz yashab bo'lmaydigan ko'rinishda qurilishini talab qilayotganimizda, odamlarga avtomobillar sotib olish, ularga egalik qilish va ko'proq haydashlari uchun ishonchli signallar yuborayotgan bo'lamiz. O'zbekistonda 2021 yil boshida jismoniy shaxslarga tegishli bo'lgan barcha avtomobillar soni 3 million donani tashkil etdi . Bu 2015 yilga nisbatan 40 foizga ko'pdir. Yo'llarda mashinalar qancha ko'p bo'lsa, bu shunchalik tirbandlik нi keltirib chiqaradi. Afsuski, uzoq yillar davomida ko'chalarda avtomobillar sonining ortishi va tirbandliklar muammosini bartaraf etish chorasi sifatida hukumat va shahar hokimligi mutasaddilari ko'proq yo'llar qurish va ularning o'tkazish imkoniyatini oshirish haqida o'ylamoqda. Intuitiv jihatdan buni tushunsa bo'lar — nazariy jihatdan mavjud yo'llarga yangi yo'laklarni qo'shish yoki yangi avtomagistrallar va ko'priklar qurish yo'l tizimlarining imkoniyatlarini oshiradi. Yo'llar kengaytirilganda, yangi ko'priklar qurilganida bunchalik ko'p budjet mablag'lari nimaga sarflangani har safar jamoatchilikka mana bunday ko'rinishda tushuntiriladi — chunki bu o'tkazuvchanlik qobiliyatini oshiradi, yo'llarda tirbandliklarni kamaytiradi, tranzit vaqtini qisqartiradi. Biroq bu g'oyaning fundamental muammolari bor. Ko'p sonli yo'llar, ko'priklar qurish, yo'laklarni kengaytirish aslida tirbandliklarni bartaraf etmaydi, balki ularni yanada chuqurlashtiradi. Mutaxassislar 1930-yillardayoq anglab yetgan muammo mohiyati shundan iboratki, avtostrada qurishingiz yoki unga yo'laklar qo'shishingiz bilanoq, uning bo'sh qismini to'ldirish uchun yanada ko'proq avtomobillar paydo bo'ladi. Iqtisodchilar bu hodisani indutsiyalangan, yoki qo'zg'atilgan, talab deb atashadi: agar siz nimanidir ko'proq yoki arzonroq narxda taqdim qilsangiz, odamlar katta ehtimol bilan undan ko'proq foydalanishadi. Indutsiyalangan talab shuni ko'rsatadiki, avtomobillar oqimi ma'lum bir tezlikda harakatlanishi uchun muayyan bo'sh joyni talab qiladigan suyuqlikka emas, balki ruxsat berilgan bo'shliqni to'liq egallab oladigan gazga o'xshaydi. Xo'sh, nima uchun yangi yo'llarning o'tkazuvchanlik qobiliyati yangi harakat yo'laklarini qo'shish yoki yangi yo'llar qurish hisobiga oshirilgan taqdirda ham transport oqimi ortadi? Iqtisodchi olimlar bu hodisaning qariyb yarmi odamlarning avtomobil boshqarish qarori bilan bog'liq ekanini keltirib o'tadilar. Iqtisodchilar AQShning har bir megapolisidagi avtomagistrallarning umumiy o'tkazuvchanligini ko'rib chiqdilar va natijalarni avtomobillar bosib o'tgan umumiy millar soni bilan taqqosladilar. Yakunda o'zaro bog'liqlik borligini aniqladilar: shahardagi avtomobil yo'llarining o'tkazuvchanligi qancha katta bo'lsa, u orqali avtomobillar shuncha ko'p mil bosib o'tar ekan. Misol uchun, yo'l o'tkazuvchanligini 10 foizga oshirish, avtomobil bosib o'tgan masofaning 10 foizga oshishini ko'rsatdi. Bu faqatgina AQShga taalluqli emas: boshqa davlatlarda o'tkazilgan ko'p sonli tadqiqotlarda ham xuddi shunday natija qayd etilgan. Masalan, Barselona universiteti olimlari ushbu metodologiyani takrorlash uchun Yevropaning yuzlab shaharlari bo'yicha yigirma yillik ma'lumotlardan foydalandilar. Ular ham yo'ldagi tirbandliklarning fundamental qonunini tasdiqlaydigan juda o'xshash natijalarni qo'lga kiritdilar. Harakat egiluvchanligining o'tkazuvchanlik qobiliyatiga nisbati asosan unitardir: avtomobil yo'lining o'tkazuvchanligini 1 foizga oshirish transport vositalarining harakatlanishini 1 foizga oshiradi. Misol tariqasida quyidagi holatni ko'rib chiqaylik: sizga kerakli narsani sotib olib, 100 ming so'm tejashingiz mumkin bo'lgan do'kon borligini bilasiz, lekin u sizdan 7 kilometr uzoqlikda joylashgan. Agar siz tirbandlik dahshatli bo'ladi va yo'l kamida 30 daqiqani oladi, deb hisoblasangiz, mahsulotni eng yaqin do'kondan olib qo'yaqolasiz. Biroq avtomagistralga safaringizni tezlashtiradigan yana bir yangi qator qo'shilsa, 100 ming so'mni tejash uchun ushbu do'konga borishga arziydi, degan qarorga kelasiz. Yo'lni qisqa muddatda bosib o'tish (yoki kamroq vaqt sarflagandek tuyulishi) haydovchi xatti-harakatlarining o'zgarishiga olib keladi. Endi velosipedda, jamoat transportida yoki piyoda qilish mumkin bo'lgan safarlar jozibadorligi kamayib, o'z navbatida, mashinada yurish yanada jozibadorroq bo'ladi. To'satdan uzoqroq joylarga safar qilish va biznes qilish imkoniyatlari arzirlidek tuyulishni boshlaydi. Bu kabi holatlar umumlashgan holda yaqindagina kengaytirilgan yo'lda avtomobillar sonining ko'payishi, transport vositalari bosib o'tgan sof masofalar va issiqxona gazlari chiqarilishining (Toshkentda atmosferaga chiqarilayotgan 90 foiz gazlar avtotransport hissasiga to'g'ri keladi ) ortishiga olib keladi. Keling, indutsiyalangan talab qanday ishlashini ko'rsatadigan model jadvalini o'rganib chiqaylik. Qoidaga ko'ra, oqim hajmi to'g'rilanadi va vaqt o'tishi bilan muvozanatga keladi, biroq yangi sig'im qo'shilishi bilan navbatdagi muvozanatga erishishdan avval uni to'ldirish uchun hajm yana ortadi. Birinchi yechim: Shaharlar ichida 6−8−10 polosali keng yo'llar va ko'priklar qurish amaliyotini to'xtatish Shunday ekan, yo'l o'tkazuvchanligini oshirish uchun kengroq yo'llar qurish o'rniga nima qilish kerak? Bu ko'pchilik odamlarga (ayniqsa haydovchilar) noto'g'ri tuyulishi mumkin, lekin tirbandlik muammolarini kamaytirish va shaharlarni yaxshilashning eng yaxshi yo'llaridan biri, bu — juda keng bo'lgan harakat polosalarini toraytirish yoki ayrim polosalarni olib tashlash orqali ko'chalarning o'tkazuvchanlik qobiliyatini kamaytirish, shahar ichidagi butun boshli yo'llar va ko'priklarni olib tashlash hamda shahar markazlarini avtomobillar uchun yopish — ya'ni, haydashga bo'lgan rag'batlarni kamaytirish va shaharlarni piyodalar uchun qulayroq qilishdir. Shahar avtostradalari odamlarni bo'lib tashlaydi hamda markaziy hududlardagi havo ifloslanishi va shovqinni kuchaytiradi. Ular avtomobillardan foydalanishni rag'batlantirishmoqda va bu yo'l harakati muammolari hamda odamlarning halok bo'lishi yoki jarohatlanishiga olib kelmoqda. Dunyoning aksariyat shaharlarida shahar avtostradalarini buzish va ularning o'rniga xiyobonlar, ko'chalar va yangi piyodalar uchun hududlar qurish tendensiyasi kuzatilmoqda. Garchi bu qiyin va qimmatdek tuyulsa-da, markaziy shaharlardagi avtomobil yo'llarini buzish shaharlarda odamlarni birlashtiradigan bog'lar va jamoat joylarini yaratish orqali havo ifloslanishini kamaytiradi. Chxongechxon, Seul Shahar markazida avtostradani olib tashlash bo'yicha qayta o'zgartirish loyihalaridan birida nafaqat shosse buzib tashlandi, balki eski suv yo'li ham qaytarildi. 2003 yilda Seul meri 1976 yilda qurilgan yo'l o'tkazgichni olib tashlashni va bu yerni yashil maydonga aylantirishni taklif qildi, buning natijasida qachonlardir bu yerdan oqib o'tgan suv yo'li qayta tiklandi. Manba Markaziy arteriya, Boston Markaziy arteriya/tunnel loyihasi Amerikaning eng qadimiy va aholi gavjum yirik shaharlaridan birida harakatni qisqartirdi va harakatchanlikni yaxshiladi. Loyiha buzilgan olti qatorli yer usti Boston markaziy arteriyasi (I-93) o'rnini egalladi. Bu zamonaviy yer osti magistrali va Charlz daryosi bo'ylab ikkita yangi ko'prik sharofati bilan amalga oshdi. Loyiha 300 akrdan (121,4 ga) ortiq yer maydonini ochib berdi va Boston shahar markazini qirg'oq bilan bog'ladi. Fotosurat manbasi . Fotosurat manbasi . San-Fransiskoda 1989 yilda kuniga deyarli 100 ming avtomobil o'tgan Markaziy avtostrada deb atalgan shosse olib tashlandi. Uning o'rnida hozirda kuniga atigi 45 000 ta mashina o'tadigan, ammo tirbandliksiz yo'l mavjud! Toshkentda aholi punktlarini bo'lib tashlaydigan, havoni ifloslantiradigan, tirbandlikni kuchaytiradigan shahar yo'llarini qurish davom etmoqda — bularning barchasi mashina haydamaydiganlar hisobiga ham subsidiyalanadi. Maktab derazalari ortidagi avtoban Yaqinda Yangi Sergeli ko'chasidagi yuklamalarni kamaytirish, avtomobillar oqimining bir qismini o'ziga olishi lozim bo'lgan va ko'proq poyga trassasi yoki avtobanni eslatuvchi yangi yo'llar ochildi. Bu yo'l Yakkasaroy va Sergeli tumanlarini bog'laydi. Manba. E'tiboringizni loyihaning ushbu qismi 317-maktabni (pastdagi qizil tomli bino) va hovuzni (o'rtadagi bino) ajratib qo'yganiga qaratmoqchiman. Suratda ko'rib turganingizdek, maktab o'quvchilarining basseynga o'tish imkoni yo'q. Eng yomon tomoni, endi maktab derazalarining shundoqqina ro'parasida ko'p darajali estakada va ifloslangan havo mavjud. Manba. Shunga o'xshash holat Portlend shahrida (Oregon shtati, AQSh) ham sodir bo'lgan. Tabman o'rta maktabining shundoqqina tashqarisida keng avtomagistral bor. Ma'lum bo'lishicha, maktab okrugi maktabda atrof-muhitni muhofaza qilishga, asosan, sinflardagi havo nafas olish uchun xavfsiz bo'lishini ta'minlash maqsadida maxsus havoni filtrlash uskunalariga 12 million dollar sarflagan. O'quvchilar (va ularning ota-onalari) ikki baravar zarar ko'rishi mutlaqo adolatsizlikdir: (1) shundoqqina oynalar ortidagi avtostrada tufayli ifloslangan havodan nafas olish va (2) ta'limga ajratilgan shundoq ham cheklangan miqdordagi mablag'larini o'qishuchun zarur bo'lgan boshqa ehtiyojlar o'rniga havo filtrlariga sarflashlari. Shu bilan bir paytda ushbu yo'ldan o'tayotgan yuqori daromadli yo'lovchilarushbu xarajatlarni to'lashmaydi. Quyidagi suratda Toshkentdagi yo'lning hali ochilmagan qismida ryukzak taqqan yosh o'quvchi qiz maktabga ketayotgani yoki undan qaytib kelayotgani aks etgan. Mazkur holat piyodalar sog'lig'i va hayoti uchun qanchalar qiyinchilik va xavf tug'dirishi mumkinligidan darak beradi va bu fikrlar yo'l qurilishida ko'pincha e'tiborga olinmaydi. Manba. Mahalla va uylarni ajratib yuborgan 10 polosali avtoban Buzilgan uylar o'rnida qurilgan Nurafshon ko'chasi Toshkentning eski qismidagi mahallalarni bir-biridan ajratdi, endilikda ko'plab uylarning eshigi oldidan mashinalar uchib o'tadi. 2014 yil 28 mart, 2014 yil 7 iyul va 2020 yil 10 oktabrdagi suratlar. «Gazeta.uz» Har safar Toshkentning tep-tekis, keng va yaxshi yoritilgan yo'llari rekonstruksiyadan so'ng ochilishiga qadar yaqin mavzelarda yashovchi aholi uchun sayrgohlarga aylanishi haqida yozgan edi . Bu ham poytaxtning ko'plab tumanlarida yashash joylaridan piyoda borish mumkin bo'lgan masofada qulay va xavfsiz jamoat joylari yetishmasligi muammosidan darak beradi. Biroq yangi yo'llarni qurish jarayonida piyodalar o'tish joyini to'g'ri tashkil qilishni ham esdan chiqarishadi. Nurafshon ko'chasi ochilishiga qadar, 2016 yil. Ikkinchi Yechim: o'zgaruvchan yo'l to'lovini (congestion pricing) joriy qilish Bizning yo'llardan foydalanishimiz va ularni moliyalashtirishimiz sovet davridagi non tarqatish usuliga o'xshaydi. Kommunistik tuzumda tovarlar hammaga birdek berilar, har bir tovarning narxi esa markaziy hukumat tomonidan belgilanardi. Bu narx ko'pincha odamlar ushbu mahsulot uchun to'lashga tayyor bo'lgan narxdan ancha past bo'lar, lekin mahsulot taqchilligi sababli odamlar ko'chalarda navbatlarga tizilishib, uni sotib olishga shoshilishardi. Bozorlarga sovetcha yondashuv ayrim nazorat qilinadigan narxlarni belgilab qo'yar va so'ngra taqchilikka yo'l ochardi. Ushbu tizimda millionlab behuda soatlar navbatga turishga sarflangan va tovarlar ular uchun hammadan ko'proq to'lashga tayyor bo'lgan iste'molchilarga emas, balki navbatlarda turishga vaqti bo'lgan iste'molchilar qo'liga tushardi. Yo'llardagi tirbandliklardan kelib chiqib yo'l haqini (kunning ma'lum vaqtlarida va atrof-muhitning ifloslanishi, daraxatlar kesilishi va boshqalar bilan bog'liq tashqi omillardan kelib chiqib, ushbu yo'llarning haqiqiy qiymatini ko'rsatadigan) belgilasak va yo'l harakati ishtirokchilaridan «tig'iz vaqtlarda» ushbu qimmatbaho o'tkazuvchanlik qobiliyatini ta'minlash qiymatining hech bo'lmaganda bir qismini to'lashni so'rasak, ularning ko'pchiligi yo'l qiymatining arzimagan ulushini ham to'lash uchun qatnov qismini unchalik qadrlamasliklarini aytadilar. Ayrimlar esa bu narxga rozi bo'lmaydi va: «Hoziroq borishim shart emas, keyinroq borarman yoki avtobusga chiqarman», — deydi. Yo'l uchun o'zgarib turuvchi to'lovlar — bu yo'llardagi tirbandliklar bilan bog'liq yo'qotishlarni qisqartirish uchun narx belgilash tizimlari va bozor mexanizmlaridan foydalanish usulidir. Tirbandliklar sharoitida narx belgilashda tig'iz vaqtlarda avtostradalar bo'ylab ayrim safarlar boshqa transport turiga yoki tig'iz bo'lmagan vaqtlarga o'tkaziladi. To'lib-toshgan ko'chalardagi avtotransport vositalarining bir qismini (hatto atigi 5%) olib tashlash xuddi shu jismoniy makonda ko'proq sondagi avtomobillarning harakatlanishiga imkon yaratgan holda tizimning samaraliroq ishlashini ta'minlaydi. Xuddi shunday o'zgaruvchan yig'imlar aviachiptalar, uyali aloqa va elektr energiyasi tariflari kabi boshqa sohalarda ham muvaffaqiyatli qo'llanilgan. Iqtisodchilarning fikricha , yo'l tirbandliklari sharoitida to'lovlarni joriy qilish tirbandlikni kamaytirishning yagona eng maqbul va barqaror usuli hisoblanadi. Eng asosiysi, transport vositalaridan foydalanish yoki egalik qilishdagi arzimagan qisqarish ham katta foyda keltiradi. Yo'l tirbandligi chiziqli bo'lmagan effektga duchor bo'ladi: transport oqimidagi kichik qisqarish yo'ldagi tirbandlikni sezilarli darajada kamaytiradi. Sayohatlarni monitoring qiluvchi Inrix kompaniyasi 2008 yilda transport vositalari bosib o'tgan masofaning 3 foizga qisqarishi yo'llardagi tirbandlikning 30 foizga qisqarishiga olib kelganini ma'lum qildi. Avtomobil haydashning kamayishi natijasida atmosferaga uglerod va boshqa ifloslantiruvchi moddalarni chiqarish ozaygan, shuningdek, yo'l-transport hodisalari natijasida sodir bo'lgan avariya va o'limlar soni qisqargan. Congestion pricing dunyoning ko'plab shaharlarida muvaffaqiyatli sinovdan o'tkazildi va ommaviylashib bormoqda. Misol uchun, 2003 yilda London haydovchilardan shahar markazining tor ko'chalari bo'ylab harakatlanish uchun to'lov olishni boshladi. O'shandan beri yillar davomida olib borilgan tadqiqotlar tirbandliklar kamaygani, avtobus xizmati yaxshilanganini, baxtsiz hodisalar soni ozayganini va umumiy hayot sifati yaxshilanganini tasdiqladi. O'zgarib turadigan to'lovning ayrim tanqidchilari bu kam daromadli odamlarga nisbatan adolatsizlik ekanligini ta'kidlaydilar, ammo Londonda bundan kam daromadli sayohatchilar ko'proq manfaatdor bo'ldilar, ertalabki soatlarda avtobus yo'lovchilari soni 38 foizga oshdi. London Iqtisodiyot maktabi iqtisodchisi Jonatan Lip Londonga kirish uchun to'lovlar joriy etilishini iqtisodiyot uchun juda muhim g'alaba deb bilishini ta'kidladi. Bu yo'llardagi tirbandliklarni jamoatchilik va siyosiy doiralar tomonidan tashqi effektni buzuvchi omil sifatida tan olinishini va yo'l uchun to'lov belgilash tirbandliklarga qarshi kurashning munosib usuli ekanligini bildiradi. Ammo bu qarorning bitta ulkan «lekin"i bor: saylovchilar fikri. Hech kim ilgari bepul bo'lgan narsa uchun pul to'lashni xohlamaydi, garchi bu ularning manfaatlariga xizmat qilsa ham. O'zbekistonda haydovchilar va avtomashina egalari mutlaq ozchilikni tashkil etishiga qaramasdan, ularning ovozi va xohishi aholining ko'pchiligini hosil qilgan avtomobili yo'qlar yoki haydovchi bo'lmaganlardan balandroq eshitiladi! Va eng muhimi, O'zbekistondagi barcha qaror qabul qiluvchilarning yoki avtomashinalari bor yoki bir nechta haydovchiga ega bo'lish afzalliklaridan foydalanadilar. Tabiiyki, ular qaror qabul qilish chog'ida butun aholi avtomashinaga ega, deb xato taxmin qilishadi. Ikkinchidan, ular ovozi «kuchliroq» bo'lganlar — avtomobil egalari va haydovchilarni tinglashlari kerak. Avtomobil egalari yoki avtomobillashtirish bo'yicha qaror qabul qiluvchilar orasida avtotugargohlar hamma uchun kerak degan fikr mavjud. Biroq aholining katta qismi avtoturargohlarga muhtoj emas — ular mashina haydamaydigan bolalar, qariyalar yoki mashina olishga qodir bo'lmagan odamlardir. Asfalt sotsializmining g'alabasi taqchil va qimmatbaho tovar — jamoat ko'chalarida cheklanmagan miqdorda bepul yoki qimmat bo'lmagan avtoturargohlar taqdim etilishida namoyon bo'ladi. Bunday taqchil resurs bilan ta'minlash xarajatlari esa aksariyati avtomobilga ega bo'lmagan yoki mashinada yurmaydigandan iborat bo'lgan aholi hisobiga qoplanadi. Avtomobil umumiy vaqtning o'rtacha 5 foizi davomida harakatda, 95 foiz vaqtda esa «parkovka» holatida bo'ladi ! Shahar ko'chalarida avtoulovlarni bepul saqlashdan avtomobilga ega bo'lish uchun yetarlicha boy bo'lganlar manfaatdordir. Jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtomashinalar soni, masalan, Toshkent shahrida 470 ming atrofida . Ba'zilarning bir necha avtomobilni o'z nomiga rasmiylashtirganini inobatga oladigan bo'lsak, avtomobil egalarining haqiqiy soni bundan ham kamroq — taxminan shahar aholisining 10 foizini tashkil etsa kerak. Boshqacha aytganda, avtomobil egalari va haydovchilar aholimizning mutlaq ozchilik qismini tashkil qiladi. Mashina sotib olishga qurbi yetmaganlar bundan hech qanday foyda ko'rmaydilar, aksincha zarar ko'radilar — piyodalar yo'laklarida, maktab darvozalari yaqinida, hovlilarda to'xtab turgan mashinalar ko'chalarni o'tib bo'lmas holga keltiradi va piyodalar, ayniqsa bolalar uchun xavf tug'diradi. Odamlar yagona ehtimoliy muqobil — jamoat transportidan foydalanish uchun ham pul to'lashlariga to'g'ri keladi. Avtomobil egalariga mashinalarini jamoat ko'chalarida «parkovka» qilish qanchaga tushishi (bizning shaharlarimizda bu asosan bepul) va jamoat transportidan foydalanish narxi o'rtasidagi nomutanosiblik transportdan foydalanish bo'yicha imtiyozlar va tengsizliklardan dalolat beradi . Mashinangiz bormi, demak siz ko'chadagi bepul yoki arzon to'xtash joylaridan foydalanishda ustunlikni qo'lga kiritasiz. Bu, o'z-o'zidan, aholining boy bo'lmagan qatlamlari hech qanday foyda olmasligini anglatadi. Avtomobilga egalik daromad bilan chambarchas bog'liq ekanligini inobatga olsak, bundan yuqori daromadli uy xo'jaliklari ko'proq foyda ko'radi. Iqtisodiy nuqtai nazardan, shaxsiy va jamoat tovarlari mavjud. Avtoulovlarni ko'chada saqlash shaxsiy tovar bilan bog'liq barcha jihatlarga ega: iqtisodiy nuqtai nazardan, u raqobatbardosh va istisno hisoblanadi. Mashinangizni ko'chaga qo'yganingizda, boshqalarning bu joydan foydalanish imkoniyatlarini yo'qqa chiqargan bo'lasiz. Bu holatda «boshqalar» deganda faqatgina u yerga mashinasini qo'yishni xohlaydigan boshqa avtomobil egalari emas, piyoda yoki velosipedda yurishni xohlaydigan boshqa yo'l foydalanuvchilari ham nazarda tutilishi mumkin. Uchinchi yechim: Shahar markazida to'xtash joylari bepul bo'lmasligi kerak. Ko'chada to'xtash joyining narxi joyning mavqeyi, kunning vaqti va bo'sh joylar sonidan kelib chiqqan holda bozor qiymatiga mos ravishda belgilanishi kerak. Misol uchun, ish kunlari soat 8:00 da mashinalar to'xtash joyi 20:00 dagidan qimmatroq, yakshanba kunlari esa bepul bo'lishi lozim. Iqtisodiy nuqtai nazardan, ko'chada (ayniqsa, shahar markazida) to'xtash joyini uning nolga teng bo'lmagan real narxini aks ettiradigan qilish ancha oqilona ish bo'lardi. Tadqiqotlar natijalari yanada hayratlanarli. Shimoliy Illinoys universiteti professori Kris Gudman yaqinda AQShning 30 ta eng yirik shahri bo'yicha shaharlarning ko'chada to'xtash uchun ruxsat berilgani uchun olinadigan to'lovlar narxining yo'l haqi narxlariga nisbatiga oid ma'lumotlarini to'pladi. Har bir shaharda oylik jamoat transporti chiptasining narxi to'xtash joyi narxidan o'ndan yigirma baravar va undan ko'p marta balandroq ekan. Shaharlarda to'xtash uchun ruxsatnomaning oylik o'rtacha narxi 2,25 dollar, jamoat transportida yurganlik uchun oylik yo'l haqi esa 77 dollarni tashkil etgan. Boshqacha qilib aytganda, jamoat transportidan foydalanish avtomobil to'xtash joyidan 31 barobar qimmatroq! Avtoturargoh uchun subsidiyaga misol: mashinasi yo'q odamlar do'konlardan mahsulot sotib olganda avtomobili borlar mashinasida bepul yurishi va xuddi shu do'kon yaqiniga «parkovka» qilishlari uchun o'sha mahsulotlarga ko'proq pul to'laydilar. Chunki supermarketda mashina qo'yish narxi mahsulotlar qiymatiga kiritilgan, do'konga mashinasiz kelgan odamlar boyroq xaridorlar sotib olgan mahsulotlarga subsidiya kiritadilar. Odamlarning u yerga borish niyati bor yoki yo'qligidan qat'i nazar, quruvchilardan ushbu xarajatlarni savdo markazlari, ofislar yoki ko'p qavatli uylar uchun smetalarga qo'shishni talab qiluvchi qoidalar — tengsizlik masalasidir. Qoidalar mashina haydamaydigan odamlarni haydaganlar uchun subsidiya berishga majbur qiladi. Qoidalar aslida ko'pchilik mashina haydamasa ham, hamma mashina minadi, degan taxminni ilgari suradi. To'rtinchi yechim: Savdo markazlari va turar joy majmualari kabilar oldida avtoturargoh bo'lishi shart degan qoida bo'lmasligi kerak. Shaharlarimiz kam daromadli odamlar uchun qila oladigan eng yomon narsa, bu — sizga mashina kerak bo'ladigan shaharni yaratishdir. Avtoturargohlar shahardan bog'lar, odamlar dam oladigan jamoat joylari va velosiped yo'llari uchun ishlatilishi mumkin bo'lgan qimmatli joylarni olib qo'yadi. Buning o'rniga, siz mashinaga ega bo'lish uchun yetarli darajada boy bo'lmasangiz ham, siz hech qachon foydalanmaydigan barcha bepul avtoturargohlar uchun badal to'lashingizga to'g'ri keladi. Haydovchilarning haydash va to'xtash joyi uchun to'g'ridan-to'g'ri pul to'lashlari bu to'lovni barchaning bo'yniga ilishdan ko'ra adolatliroqdir. Haydovchilar to'lash deyarli talab qilinmagandagina ko'proq yo'llar bo'lishini xohlashadi. Transport bilan bog'liq eng katta muammo shundaki, biz yo'ldan foydalanishni noto'g'ri baholaymiz va barcha yo'l foydalanuvchilarini haydovchilar jamiyatga va ushbu yo'ldan yuradigan har kimga yuklaydigan xarajatlar haqida xabardor qilmaymiz. Aslida shaharlarimizdagi har kunlik tirbandliklar oddiy sababga ko'ra sodir bo'ladi: qimmatbaho narsa uchun maqbul narx belgilamasak, odamlar navbatda turib, ko'prog'ini talab qila boshlaydilar. Ko'pchilikning tig'iz paytda ko'cha bo'ylab mashina haydashlarining sababi, buning uchun biz ularga pul to'laymiz. Qanday qilib? Avtostradalar va boshqa har qanday yo'llar ulardan qachon o'tishingizdan qat'i nazar, bir xil qat'iy narx, ya'ni hech narsa to'laganingizdagina «bepul» bo'ladi. Albatta, barchamiz benzin sotib olayotganda va benzin solig'ini to'laganda, transport vositasini ro'yxatdan o'tkazayotganda yo'llar uchun to'lovni amalga oshirgan bo'lamiz. Biroq, gap shundaki, haydovchilar ham o'zlari yuradigan hamda tig'iz paytlarda juda qimmat va taqchil bo'ladigan yo'llar uchun real narxdagi to'lovni amalga oshirishlari kerak. Masalan, siz deyarli mashina bo'lmaydigan tungi soat 2 da yoki tirband bo'ladigan ertalabki 8 da yo'lda yursangiz ham, bu siz uchun to'g'ridan-to'g'ri xarajatlarga olib kelmaydi. Tig'iz paytlarda o'tkazuvchanlik qobiliyati yetarli bo'lmayotgani sababli «bepul» yo'llar qurilishi tig'iz vaqtda yo'llardan foydalanadigan nisbatan kam sonli odamlar uchun aholi to'laydigan ulkan subsidiyadir. Beshinchi yechim: Mashina haydash va qo'yish xarajatlarini subsidiyalashni to'xtatish Toshkentning Yakkasaroy va Sergeli tumanlarini bog'laydigan olti polosali yo'l va uchta yo'l o'tkazgich qurilishiga 518,3 mlrd so'm yoki qariyb 49 mln AQSh dollari sarflandi . Agar ko'prikning umumiy uzunligi 6,6 km ekanligini hisobga oladigan bo'lsak, uning har bir kilometri budjetga, ya'ni soliq to'lovchilarga taxminan 7,4 million dollarga tushadi. Boshqacha aytganda, sizning avtomobilingiz bormi yoki uni shu yerda haydaysizmi va yoki umuman haydamaysizmi, bundan qat'i nazar, siz ushbu loyihaning narxini subsidiya qilasiz. Shahar magistrallari va ko'priklar qurilishini to'xtatish (hatto ba'zilarini buzish!), yo'l bo'laklarini toraytirish, tig'iz soatlarda tirbandlik uchun tariflarni joriy etish, pulli to'xtash joylari singari yuqorida sanab o'tilgan barcha yechimlar jamoat transportini radikal yaxshilash bilan parallel ravishda olib borilishi kerak. Biz jamoat transportini o'ldirishda davom etar ekanmiz, ko'chalarimizni avtomobillashtirishni tugatishga bo'lgan rag'batlar ish bermaydi. Ha, afsuski, so'nggi o'n yillik davomida jamoat transportimizni qasddan o'ldirmoqdamiz va bundan aholining katta qismi jabr ko'rmoqda. 2016 yilning 2 may kuni Markaziy Osiyodagi eng qadimiy va eng yirik yengil relsli yo'l tizimi — Toshkent tramvayi tarixga kirdi. Rasmiylar buni avtotransportlar sonining doimiy ko'payishi va tramvay yo'nalishlarining samarasiz ishlashi bilan izohlashdi. Shahar hukumatining ko'p sonli avtomobillar uchun yo'llarni yanada kengaytirishni xohlaganlari uchungina 115 yillik tarixga ega butun boshli jamoat transporti tizimini buzib tashlashga qaror qilganini aqlga sig'dirib bo'lmaydi! Dunyoning boshqa davlatlarida shaharlar yengil temir yo'l transporti (LRT) qurishga va shaharlarga tramvay olib kelishga harakat qilayotgan bir paytda, eng toza va eng tejamkor transport turini nobud qilish va uni Toshkent ko'chalaridan olib tashlash tarix kitoblarimizga eng katta xatolarimizdan biri sifatida kiradi. Keling, tramvay olib tashlangan joylarda nimalar sodir bo'lganini esga olaylik : 13-tramvay eski ToshMIdagi ko'prik ostidan tushib kelmoqda, 2011 yil avgust. 2021 yilda ushbu uchastkada har kuni 8 ballik tirbandlik yuzaga kelmoqda. Manba : «Gazeta.uz» 13-yo'nalishdagi 3110-tramvay eski ToshMIdagi yo'l o'tkazgichga yaqinlashmoqda, 2014 yil 6 noyabr. Hozir piyodalar yo'laklari yo'q, har bir yo'nalishda to'rt polosada har kuni tirbandliklar vujudga kelmoqda va avtomobillar orasida avtobuslar, tez yordam va YPX mashinalari turib qolmoqda. Shahrisabz ko'chasidagi Ucell ofisi qarshisida 8- tramvay. Yo'lning ushbu qismi 2021 yilda. Manba : «Gazeta.uz». Toshkentda tramvaydan tashqari 63 yillik tarixga ega yana bir ekologik transport turi — trolleybuslar ham o'ldirildi. Sababi — uni saqlash foydali emas . Jamoat transporti, bu — shunchaki harakat vositasi emas. Bu imkoniyatlar, adolatga erishish va hayot sifatini yaxshilash vositasi hamdir. Odamlar ijtimoiy-iqtisodiy holatlarini yaxshilash maqsadida shaharlarimizdagi iqtisodiy imkoniyatlar va salohiyatdan foydalana olishlari uchun harakatlanish imkoniyatiga ega bo'lishlari juda muhim. Mashina sotib olish imkoni bo'lmagan o'zbekistonliklar o'z avtomobilida harakatlana olmaganlari uchun jazolanmasliklari kerak. Buning o'rniga geografik jihatdan keng va qulay jamoat transporti bilan ta'minlagan holda ularga harakatlanish imkoniyatini taqdim etish lozim. Tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki , geografik harakatchanlik to'g'ridan-to'g'ri iqtisodiy harakatchanlikka bog'liq va bu, o'z navbatida, insonning iqtisodiy muvaffaqiyatlariga ta'sir ko'rsatadi. Iqtisodiy taraqqiyot bilan bog'liq deyarli hamma narsa — ish, sifatli oziq-ovqat va tovarlar (o'rtacha narxlarda), sog'liqni saqlash va ta'lim — arzon narxlarda samarali harakatlanish qobiliyatiga bog'liq. Garvard tibbiyot maktabi va Minnesota universiteti olimlari yaqinda jamoat transportini yaxshilash (yangi tramvay liniyasini ochish), ayniqsa kam daromadlilar uchun, sog'liqni saqlash xizmatidan foydalana olishga ijobiy ta'sir ko'rsatishi mumkinligini aniqladilar . Bu tibbiy xizmatdan barchaning teng foydalanishini ta'minlashda sifatli jamoat transportining naqadar ahamiyatli ekaniga yangi dalildir. Professor Raj Chetti va uning Garvarddagi hamkasblari tomonidan olib borilgan yuqoriga intiluvchi harakatchanlik bo'yicha (upward mobility) tadqiqotiga ko'ra, maktab, ish va uy o'rtasidagi safarlar vaqti kambag'allikdan qutulishning eng kuchli omili bo'lgan . Shaharning ma'lum bir hududida ishlash uchun yo'lga o'rtacha qancha ko'proq vaqt sarflansa, kam daromadli oilalarning daromad pillapoyalari bo'ylab ko'tarilish ehtimoli shunchalik kamayadi. Jamoat transportiga investitsiyalar iqtisodiy foyda keltiradi: jamoat transportiga kiritilgan har bir dollar 4−5 dollar iqtisodiy naf keltiradi . O'zbekistonda ko'pchilikning boshqa iloji yo'q: aholining kamida 90 foizida avtomobil yo'q va jamoat transportidan foydalanishga majbur. Shunday qilib, jamoat transporti mamlakat aholisining ko'pchiligi uchun asosiy harakatlanish xizmatini taqdim etadi, lekin nega biz bunga e'tibor bermaymiz? Javobni yuqorida keltirib o'tdik: qaror qabul qiluvchilar yo avtomashinalarga ega yoki haydovchilar xizmatidan foydalanishadi. Ular jamoat transportidan foydalanmaydilar. Binobarin, ularning barcha qarorlari «shaharlar mashinaga egalik qilish, haydash va qo'yish uchun qulay bo'lishi kerak» degan qarashga asoslanadi. Oltinchi yechim: Jamoat transportini keskin yaxshilash, ekologik toza transport turlarini ko'chalarga qaytarish. Jamoat transporti budjetga yuk emas, jamoat transporti O'zbekiston aholisining mutlaq ko'pchiligi uchun yagona harakatlanish vositasidir. Jamoat transportini yaxshilash faqat metro liniyalarini ko'paytirish bilan cheklanib qolmasligi kerak. Darhaqiqat, metro eng samarali va tejamkor transport turi emas va 19-asr texnologiyalariga asoslangan ushbu transport qiymati 21-asr narxlari bilan o'lchanadi. Ayniqsa, bizning holatlarimizda, bu shusiz ham qimmatga tushayotgan yer usti halqa metropoliteni liniyasi qurilishi loyihasida qo'shimcha isrofgarchiliklar va shahar daraxtlarining yanada ko'proq kesilishiga olib kelmoqda. Turli mamlakatlardan olingan ma'lumotlar shuni ko'rsatdiki, tramvay qurish va unga xizmat ko'rsatish narxi metroga qaraganda ancha arzon — 9 yoki hatto 12 baravar! 2019 yilda Toshkent hokimligi qoshidagi transport boshqarmasi (hozirda Transport vazirligi tasarrufida) «tramvayni qaytarish maqsadga muvofiq emasligi» haqida xabar bergan edi . Demak, Toshkentda metro liniyalarini qurish tramvayni qaytarishdan ko'ra arzonroqmi? Eng qizig'i, bu metro liniyalarining ba'zilari aynan o'sha, avvallari tramvay liniyalari o'tgan joyda (masalan, TTZgacha) barpo etilishi rejalashtirilmoqda . 1-argument: «Jamiyatni avtomobillarga kamroq qaram qiladigan infratuzilma va rag'batlantirish tizimlariga jamiyatni avtomobillardan nisbatan mustaqilroq qiladigan qandaydir bir o'zgartirishlar kiritishdan oldin, birinchi navbatda haydash madaniyatini oshirishimiz kerak». «Keling, avval haydovchilarimizning haydash madaniyatini oshiraylik», bu — xuddi ba'zilar iqtisodiy qoloqligimiz va ko'plab sohalarda noto'g'ri qaror qabul qilinishida mentalitetni ayblayotganlari kabi xom-xatala va asossiz javobga o'xshaydi,. Iqtisodiyotning asosida rag'batlantirish muhim ahamiyatga ega degan g'oya yotadi. Bu kuchli qurilma, chunki u odamlar qilayotgan deyarli hamma narsaga taalluqli. Binobarin, rag'batlantirishdagi o'zgarishlar — pul va pul bo'lmagan — bashorat qilinadigan tarzda inson xatti-harakatlariga ta'sir qilishi mumkin. To'g'ri rag'batlantirish bilan haydovchining haydash qobiliyati, «madaniyati» va tajribasi kabi xususiyatlari ikkinchi darajali masalaga aylanadi. Yanada muhimrog'i, «rag'batlantirish muhim ahamiyatga ega» degan iqtisodiy konsepsiya yomon xulq-atvor nima uchun bunday xatti-harakatning foydasi yuqori bo'lganida hamda qo'lga tushish va jazolanish ehtimoli past bo'lganda sodir bo'lishini tushuntiradi. Masalan, haydovchining tezlikni oshirib, piyodani urib yuborishi u mashinani hayday olmagani yoki ehtiyotsizligidan emas, balki unga tezligi 70 km/soat tezlikda harakatlanish mumkin bo'lgan 10 polosali keng avtostrada hamda ushbu avtostrada o'rtasida joylashgan tartibga solinmaydigan piyodalar o'tish joyi taqdim etilganidan sodir bo'ladi. 2-argument: «Agar yuqoridagi o'zgarishlardan birortasi ro'y bersa (avtomobillar uchun yopiq shahar markazlari, pullik to'xtash joylari, tor yo'llar), u holda haydovchilarning hayoti qiyinlashadi va qimmatlashadi». Aynan shunday bo'lishi kerak: haydovchilar o'z harakatlari va avtomobil egasi sifatidagi ustunliklari badalini hamda qo'shimcha ravishda salbiy tashqi ta'sirlar (masalan, ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishi) uchun qo'shimcha kompensatsiyani bevosita o'zlari to'lashni boshlashlari kerak. Biz moliyaviy va ijtimoiy jihatdan qimmat va xavfli xatti-harakatlar uchun subsidiya talab qiladigan narsalardan voz kechishimiz kerak. Haydovchilik, bu — tanlov va haydovchilar ushbu tanlov bilan bog'liq barcha xarajatlarni (moy, texnik xizmat ko'rsatish, sug'urta, auksionlardan qimmat raqamlarni sotib olish) to'laydilar, biroq haydovchilar ularning tanlovi bilan bevosita bog'liq bo'lgan yo'llardan va shahar ko'chalaridagi to'xtash joylaridan foydalanganlari uchun ham to'lashlari kerak, degan fikrga qarshi chiqishga sabab yo'q. 3-argument: «Haydovchi sifatidagi xarajatlarim benzin narxining oshishi tufayli shusiz ham tobora ortib bormoqda. Avtoturargoh va tig'iz soatlarda yo'l uchun ham pul to'lashni boshlasam, qanday qilib yashab qolishim mumkin?» Siz mashinasi yo'q odamlar, masalan, 18 yoshgacha bo'lgan bolalar, nafaqaxo'rlar, harakatchanligi cheklangan odamlar va mashina haydash imkoniga ega bo'lmaganlardan qanday yashab qolayotganlarini so'rang — ularning barchasi jamoat transportidan foydalanishga majbur. Ular o'layotgan jamoat transportida qanday omon qolib, A nuqtadan B nuqtaga mashinasiz o'tishmoqda? Eslasangiz, avtomobilga egalik qilish O'zbekiston aholisining mutlaq ozchiligigina ega bo'lgan imtiyozdir. 4-argument: «Biz Yevropa yoki AQSh emasmiz, O'zbekistonda ilg'or yechimlar ish bermaydi, chunki bizda mentalitet va o'zbek modeli boshqacha». To'g'ri, biz infratuzilma va yo'l harakati xavfsizligi bo'yicha ayrim davlatlardan, agar asrlar bo'lmasa, o'nlab yillar ortda qolib ketyapmiz. Ammo bu bizga bitta imkoniyat beradi — boshqalar qanday xatolarga yo'l qo'yganini ko'rish, bu xatolarning tasdiqlangan oqibatlari haqida bilish va ularni takrorlamaslik. Lekin buning o'rniga, biz o'z tajribamizda ularni takrorlashni ma'qul ko'rganga o'xshaymiz. 5-argument: «Pulli avtoturargohdan olinadigan pul odamlardan pul yig'ishning yana bir vositasidir. Va ular amaldorlarning shaxsiy manfaatiga sarflanadi». Afsuski, bu xavotirda jon bor. Iste'molchilardan yaqinda sotib olingan telefonlarini faollashtirish uchun haq oladigan mamlakatda odamlardan yana nimalardir uchun haq olishni boshlash qiyin bo'lmasa kerak. Aynan shuning uchun muayyan ko'chalardagi avtoturargohlardan tushgan mablag'lar aynan mana shu hududni obodonlashtirishga, shu ko'chalarda yashovchi aholi manfaatiga yo'naltirilishi nihoyatda ochiq va oshkora bo'lishi kerak. Masalan, bepul Wi-Fi, yoritish, toza hudud va hokazo uchun. Yo'l uchun to'lovlardan tushgan pullarni esa, barcha soliq to'lovchilardan undirish o'rniga, ushbu aniq yo'llarni saqlashga sarflanishi kerak. Boshqacha qilib aytganda, haydovchilar pullari qayerga sarflanayotganini ko'rishlari kerak. Dunyoning hech bir davlati yoki shahri ortib borayotgan avtomobillar soni muammosini yo'llar va to'xtash joylarini ko'paytirish hisobiga hal qila olmadi. O'tgan asrdagi xatolardan so'ng, dunyo shaharlari avtomobillarga kamroq qaram bo'lib, aholining barcha qatlamlari uchun adolatliroq bo'lib bormoqda. Odamlar mashina oladigan darajada boy bo'lishi yoki hech qachon uni sotib olishga qodir bo'lmasliklaridan qat'i nazar, barchaning ta'lim, sog'liqni saqlash, ish va shunchaki shaharda yashab qolishlari uchun harakatlanish imkoniyatlari cheklanmasligi kerak. O'zbekistondagi shaharlarimiz aholi uchun teng imkoniyatlar taqdim etishi kerak. Shaharlar aglomeratsiya tufayli iqtisodiy o'sish drayveri bo'ladi va bu asosan transport xarajatlarining pastligi va aholining oson harakatlanishi bilan bog'liq. Ushbu harakatchanlik nafaqat avtomobillar, balki jamoat transporti, ko'chalarning piyodalar uchun qulayligi, o'tish uchun xavfsiz yo'llar va boshqalar hisobiga ta'minlanadi. Binobarin, jamoat transporti bo'yicha qarorlar, xoh u kengaytirish (metro) yoki olib tashlash (tramvay) haqida bo'lsin, yagona harakatlanish vositasi avtomobillar bo'lgan amaldorlar tomonidan kabinetlarda emas, balki jamoat transportidan foydalanuvchilar, shuningdek, professional va mustaqil muhandislar, urbanistlar, arxitektorlar va shahar iqtisodchilarining fikr va mulohazalari asosida ham qabul qilinishi kerak. Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. Botir Qobilov Iqtisodchi, Garvard universiteti doktoranti va ilmiy tadqiqotchisi. Dyuk Universiteti (AQSh) iqtisodiyot magistri. Oldinroq O'zbekiston Markaziy bankida bosh iqtisodchi bo'lib ishlagan. | columnist |
Agar bugungi o'quvchi sizdan kelajakda o'qituvchilarning daromadini qanday oshirish mumkinligi haqida so'rasa, javobi oddiy — buning uchun iqtisodiyot o'sishi kerak. Kelajakda iqtisodiyot o'sishi uchun nima qilish kerak, degan savolga ham javob tayyor — bu bugungi investitsiya darajasiga bog'liq. Biz kabi rivojlanayotgan davlat uchun aholi daromadlarining o'sishi deyarli tamoman iqtisodiy o'sishga bog'liq, o'z navbatida iqtisodiy o'sish — bu shunchaki xususiy investitsiyalarning ortda qolgan ko'rsatkichidir. Xo'sh, bizda investitsiyalar bilan ishlash qanday yo'lga qo'yilgan? Taassufki, javob hafsalangizni pir qiladi. Bozor investorlar uchun ochilganiga qaramay, tashqi va ichki investitsiyalar darajasi hali ham juda past. Masalan, aholi jon boshiga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar hajmi xususida gap ketsa, 2019 yilda — tariximizda to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar uchun eng yaxshi hisoblangan yilda — biz nafaqat Ozarbayjon, Qozog'iston yoki Mo'g'uliston, balki harbiy harakatlar xavfi yuqori bo'lgan Gruziya yoki Ukraina kabi davlatlardan ham ortda qoldik . Ichki jamg'armalar haqida ham xuddi shunday mulohazani keltirish mumkin — jamg'armaga ega bo'lgan mamlakat fuqarolari ham, ma'lum bo'lishicha, ularni mamlakatda o'z investitsiyalariga aylantirishga shoshilmaydilar. Iqtisodiy rivojlanish vazirligining yaqinda e'lon qilingan hisobotiga ko'ra, markazlashtirilgan investitsiyalar, masalan, davlat qarzi yoki davlat korxonalarining kafolatlangan qarzlari uchun zaxiralar tugash arafasida. Boshqacha qilib aytadigan bo'lsak, to'g'ridan-to'g'ri xususiy investitsiyalar yoki boshqa investitsiya resurslari hajmi sezilarli darajada oshmasa, iqtisodiy o'sishning hozirgi unchalik yuqori bo'lmagan sur'atlarini ta'minlash ham imkonsiz bo'lib qoladi. Ya'ni, mo'jiza ro'y berib, birdan mamlakatga chet el investitsiyalari yog'ilmasa, iqtisodiy o'sish sur'atlarining pasayishini kutish mumkin. Bundan kelib chiqadiki, kelgusida aholi daromadlari oshadi, deyish uchun bizda asos yo'q. Bundan tashqari, daromadlarning o'sish sur'ati tushishi xavfi mavjud. Bu, albatta, yomon xabar. Yuqoridagi «Kelajakda daromadlar oshadimi?» degan dolzarb savolga javoban, o'sish sur'ati pasayadi, deyish mumkin. Ma'lum bo'lishicha, daromadlar oshishi va rivojlanish uchun shunchaki iqtisodiy resurslar zarur, bizda esa ularni jalb qilish bilan bog'liq muammolar mavjud. «Nega bizga investitsiyalar kirib kelmayapti?» degan tabiiy savol tug'iladi. Qachonki biror joyda talab yuqori bo'lsa, u narxlar ko'tarilishi va shunga mos ravishda ushbu bozorda taklifning oshishiga ham sabab bo'ladi. Misol uchun, agar ma'lum bir bozorda mandaringa talab katta bo'lsa, bu ularning narxini oshiradi, mandarin yetkazib beruvchilar ushbu bozorga mandarin olib kirishni boshlaydilar va shu bilan taklifni oshiradilar. Bu qisman bizda ham amal qiladi: pul resurslariga bo'lgan talabning yuqoriligi O'zbekistonda pulning narxini haqiqatda oshiradi, lekin negadir pulning yuqori bahosi bozorda pul taklifini oshirish uchun yetarli sabab deb hisoblanmaydi. Bu savolning javobi ham juda oddiy — xatarlar darajasi taklifni oshirishga imkon bermaydi. Shuning uchun pul narxining oshishi pul yetkazib beruvchilar — investorlar uchun yetarli shart-sharoit hisoblanmaydi. Mandarin to'g'risidagi hikoyani davom ettiradigan bo'lsak, deylik, mandarinlarni o'sha bozorda sotgan sotuvchilarning daromadlarini yo'l-yo'lakay ko'cha bezorilari o'g'irlashi ehtimoli bor. Bunday vaziyatda, yo'lda talon-taroj qilish ehtimoli yetarlicha yuqori bo'lsa, bozorda mandarinlarning juda yuqori narxi ham ushbu mandarinlarni yetkazib beruvchilar uchun yetarli rag'bat bo'lmasligi mumkin, chunki kutilayotgan foyda kutilayotgan yo'qotishdan kamroq bo'ladi. Oxir-oqibat, bunday bozorda kam miqdordagi mandarinlar juda qimmat narxda sotiladi — yetkazib beruvchilar duch kelgan xatarlarni qoplash uchun. Nazarimda, bu holat mamlakatdagi pul bozorining hozirgi holatini yaxshi tavsiflaydi. Endi O'zbekistonda biznes yuritishning xavf-xatarlari nima uchun yuqori, degan savolga to'xtalamiz. Joriy yilning oktabr oyida World Justice Project (WJP) 2021 yil uchun «Qonun ustuvorligi» indeksini e'lon qildi, umumiy ro'yxatda O'zbekiston 139 davlat va yurisdiksiya orasida 85-o'rinni band etdi. Qonun ustuvorligini baholashning eng muhim mezonlari bo'yicha biz reytingning so'nggi o'rinlarida qolmoqdamiz. Masalan, xususiy mulkni himoya qilish, aynan davlat tomonidan xususiy mulkni o'zlashtirish va adolatli kompensatsiya qilish bo'yicha biz 139 davlat va hudud orasida 138-o'rindamiz . Oxiridan bitta oldingi o'rinni 2016 yildan buyon egallab turibmiz, 2015 yilda oxirgi o'rinda edik. Biz uchun bu reytingdagi eng yaxshi yil 2017−2018 yillar bo'ldi, o'shanda biz Zimbabve, Kambodja va Venesuelani ortda qoldirgan edik. Ammo 2021 yilga kelib, Zimbabve va Kambodja bizdan oldinga o'tib oldi va xususiy mulkning davlat musodarasidan himoyasi biznikidan yomonroq bo'lgan reytingdagi yagona davlat Venesuela bo'lib qolmoqda. Xususiy mulk davlat tomonidan olib qo'yilish xavfidan himoyalanganligi darajasining bunday baholanishi nafaqat o'tmishga nazar tashlaganimizda, balki kelajak uchun prognoz qilayotganimizda ham bizni ogohlikka chaqirishi lozim. Xususiy mulkni himoya qilish muammolarining ushbu ko'rsatkichlari, ehtimol, uzoq muddatli davrda daromadlarimiz nima uchun o'smayotganligining eng yaxshi izohidir. Bu ko'rsatkichlar iqtisodiy o'sish va mamlakatdagi qashshoqlik muammosi bilan chambarchas bog'liq. Boshqacha aytganda, xususiy mulkni himoya qilishning hozirgi darajasida iqtisodiy o'sish sur'atlarining oshishini kutish xomxayoldan boshqa narsa emas. Albatta, barcha reytinglar yetarlicha subyektiv va, ehtimol, ushbu reytingda o'z pozitsiyamizni yaxshilashimizga yordam berishi mumkin bo'lgan ba'zi kosmetik usullar mavjud. Shunday ekan, o'z muammolarimizda reytingni ayblash adolatdan emas. Xorijiy investorlar balki bu reytinglarni ko'rib chiqarlar, balki yo'q. Biroq hatto hech qanday reytinglarsiz ham mahalliy va xorijiy investorlar xususiy mulkni davlatdan himoya qilish muammosi borligini juda yaxshi anglaydi. Nega ular yaxshi anglaydi, deyapman? Bu ularning xatti-harakatlarida namoyon bo'lmoqda. Chunki aholi va xorijiy investorlar mamlakatga mutlaqo investitsiya kiritmayotganiga guvoh bo'lib turibmiz. Bu, ehtimol, odamlar xususiy mulkni himoya qilish muammosini qanchalik yaxshi anglayotganining eng yaxshi ko'rsatkichidir. O'zbekistonliklar jamg'arish vositasi sifatida kvartira yoki mashina kabi likvid bo'lmagan obyektlardan foydalanishga majbur. Shuning uchun bu masala reyting yoki O'zbekistonning undagi nisbiy o'rniga bog'liq emas. Davlat shaxsning xususiy mulkini osongina tortib olishi mumkinligi ko'pchilik o'zbekistonliklar uchun sir emas. Buning uchun yangiliklarni ochish va davlatning xususiy mulkni tortib olayotgani va tortib olganligi , uy-joy va tijorat binolarini buzib tashlayotgani to'g'risidagi qanchadan-qancha misollarni o'qish kifoya. Birgina joriy yilning o'zida ommaviy axborot vositalarida shu mazmundagi o'nlab xabarlar tarqaldi. Bugun ham navbatdagi obektlarning buzilishi atrofidagi voqealar qizg'in muhokama qilinmoqda . Qolaversa, ommaviy axborot vositalarida yoritilmagan bu kabi holatlarning soni to'g'risida umuman ma'lumotga ega emasmiz. Oxir-oqibat, bu investorlarning — u xoh tashqi, xoh mahalliy bo'lsin — xususiy mulkni davlatdan himoya qilish muammosi bilan bog'liq vaziyatdan hech qanday reytinglarsiz ham ochiq-oydin xabardor bo'lishiga olib keladi. Aynan shu muammo — xususiy mulkning himoyalanmaganligi kelajakda ham iqtisodiy o'sish sur'atlari va shunga mos ravishda aholi daromadlari ham yuqori bo'lmasligining sabablaridan biridir. Iqtisodiy taraqqiyot vaziriligining hisobotida aytilishicha, iqtisodiy o'sish va kambag'allikni kamaytirish uchun asosiy qadam — xususiy va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun institutsional asos yaratishdan iborat. Albatta, xususiy mulkni himoya qilish ana shunday eng asosiy institutlardan biridir. Ana endi o'quvchining o'qituvchilarning maoshini qanday oshirish mumkinligi haqidagi savoliga yetarlicha to'g'ri va qisqacha javob berishingiz mumkin: xususiy mulkni himoya qilish orqali. Muallifning fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin. | columnist |
"Gazeta.uz" kolumnisti iqtisodchi Behzod Hoshimov o'zining "Iqtisodchi kundaligi" Telegram-kanalida aeroport qurilishidagi xatoliklar timsolida ancha oldin o'ylab topilgan ba'zi yechimlar haligacha O'zbekistonda qo'llanilmayotganini qayd etdi . Quyida uning fikrlarini juz'iy tahrir bilan e'tiboringizga havola etamiz. Texnologiyalarda ancha qolib ketganmiz. Bu narsani Toshkent xalqaro aeroportiga qo'nganda bila olasiz. Qo'nishingiz bilan, sizni samolyotdan avtobus olib ketib, yangi qurilgan "kelishlar zali" terminaliga olib boradi. U binoni bir qiziq va dunyoda analogi yo'q tomoni bor: avtobusdan chiqqaningizdan so'ng, terminalga kirishingiz uchun zinadan ko'tarilishingiz kerak. Ha, buni to'g'ri o'qidingiz, eng yangi Toshkent aeroportidagi kelish zali terminalini qurishganida, bu binoni aeroport uchun, odamlar piyoda, qo'lida narsalari bilan, balki, bolalar va kolyaskalar bilan kelishini mo'ljallab qurishmagan. Terminalga kirib, keyin chiqqaningizdan keyin ham, ya'ni shaharga chiqish yo'lida ham, to'g'ri topdingiz, yana bir marta zinadan tushishingiz kerak. To'g'ri, g'ildirakli aravalar uchun sharoit qilingan (yomg'irda ozgina qiynalasiz xolos). Bu voqeada eng qizig'i, bu narsalar mavjud va bor eski zalni sharoitini to'g'rilash maqsadida qilingan choralar emas. Yangidan, noldan shunday noto'g'ri aeroport zalini qurishgan. O'sha qurilgan aeroport zali haqida ko'p o'qigan bo'lishingiz mumkin, masalan tomidan suv o'tgani , yoki bagaj chiqishini uzoq kutish sababi deb bagaj lentasining motori yaxshi emasligini aeroport xodimlari sizga aytgan bo'lishlari mumkin — ya'ni motor katta hajmdagi bagajlarni aylantira olmasligi haqida bagaj kutayotganingizda xodimlardan biri aytgan bo'lishlari mumkin. Lekin bu post aeroport haqida emas, texnologiyalar haqida. Xo'sh, Toshkent aeroporti quruvchilari, aeroportda zina bo'lmasligi kerakligini unutishgan, yoki dunyo ko'rishmagan va deylik aeroportda zina qilinmasligi kerakligini bilishmagan deya olmaymiz. Chunki buni bilish uchun, ta'lim olish yoki chetga chiqish ham shart emas, axir shundoq yonida, 50 yil oldin qurilgan, Toshkent xalqaro aeroportining "eski" — asosiy terminali bor. Eski terminal qurilganiga keyingi yil ellik yil bo'ladi. Hatto undan ham oldin, 1956-yilda qurilgan terminal ham mavjud edi, va hatto o'sha yerda ham zina yo'q edi. Yarim asr oldin Toshkent aeroportini asosiy terminalini qurgan odamlar to'g'ri qurishgan, aeroportda birorta zina yo'q (Uchib ketish zali uchun yo'l bu yil ochilganini hisobga olsak, bu texnologiya mo''jizasini biz endi ishlatmoqdamiz, lekin g'oya bo'yicha, birorta zinasiz yo'lovchilar aeroport xizmatlaridan bahramand bo'lishgan). Toshkent aeroporti 1980-yilda. Foto: V.Klepko Manba: calendulae.livejournal.com Gapni qisqasi, tariximizda ishlatgan juda eski texnologiyalarni, masalan, zinasiz aeroportni biz hatto yigirma birinchi asrda qo'llashni haliyam boshlamadik. Toshkent xalqaro aeroportining yangi kelish zali yoki ichki qatnovlar uchun qurilgan yangi aeroport binosi buning ramzi xolos. Ikkovi ham yap-yangi, lekin yonidagi 50 metr nariroqda, 50 yil oldin barpo qilingan binodagi texnologiyani ham ishlatmagan. Bilib turib voz kechilgandek. Lekin bu aeroport qurilishdagi katta xatoni deb texnologiyalarni umumlashtirish mumkin emas deyishingiz mumkin, men esa umumlashtirishga harakat qilmoqchiman. Masalan, xuddi shunday misol, biz qachondir ishlatgan, lekin keyinchalik tushunarsiz sabablarga ko'ra voz kechgan texnologiya — bu tramvay va ommaviy transport. Bilasiz, butun dunyoda tramvaylar qaytmoqda, ommaviy va jamoat transportiga sarmoya kiritilmoqda, shahar ko'chalari toraytirilib, tirbandlikka qarshi kurashish uchun mashinalar yurar qismi torroq qilinmoqda, piyodalar yuradigan qismi kengroq qilinmoqda. Shaharda turar joy parkovka pullik qilinmoqda, hatto ko'pgina shaharlarga mashinada kirish uchun to'lov olinmoqda. Iloji boricha avtomobil eksternaliyalarini (tashqi ta'sirlari) narxlash siyosati olib borilmoqda. Shahardagi estakada va ko'priklar buzilib, parklar, hiyobonlarga aylantirilmoqda, avtomobil yurar qismi esa ancha tor ko'chalarga aylantirilmoqda. Biz bu tendensiyani teskarisini qilmoqdamiz. Shahar ko'chalarini kengaytirib, parklarni quritmoqdamiz. Yashil zonalarni misli ko'rilmagan templarda kesib, shaharni cho'llashtirmoqdamiz. Tramvay qaytishi haqidagi mulohazada buni esladim. Ya'ni tramvay olinishi yaqqol xato edi, endi buni tuzatishga ancha pul va vaqt ketadi. Tramvayni yo'qotish ham, uni qayta qo'yish ham shahar aholisi hisobidan moliyalashtirilgan xatoni tuzatishga urinish. Xuddi ertaga aeroportga zinali terminal qurilishi kabi narsa — xatoligi birinchi kundan ayon. Lekin tuzatishga ancha vaqt va juda ko'p pul ketadi. Shu narsalar meni o'ylantiradi, biz xuddi rivojlangan sivilizatsiyadan bir xil narsalarni meros qilib olganmiz va ularni qanday ishlatishni bilmagandek o'zimizni tutyapmiz. Olov yoqishni bilmaydigan qabilalar traktorni ishlatishni bilmagandek, biz ham, texnologik progressda yarim asr orqaga qaytib olib, keyin yana bir asr quvib yetishga uringandek bo'lyapmiz. Aytmoqchimanki, bizga tramvay qaytsa, yoki deylik aeroportda normal terminal qachondir qurilsa, buni progress deya olishga haqlimizmi? Axir shartli 1975-yilda, bizda shunday normal terminal va ancha normal tramvay mavjud edi. Buni progress emas, xatolar ustida ishlash deb aytsak bo'ladi. Masalan, keyingi 50 yilda, shaharda yashil maydonlarni 8 barobarga oshirsak (buni ehtimoli past, bilaman) shundagina 80-yillar oxiridagi progress darajasiga qaytamiz. Menga achinarli ko'rinishi, ko'pgina sohalarda, ayniqsa shaharsozlik va jamoat joylarini reja qilishda biz ko'p xatolarni endi qilyapmiz. Umidim borki, agar nasib bo'lsa, 30 yilda, balki 50 yilda, o'sha xatolarimizni to'g'irlashga musharraf bo'lamiz. Hozircha, keyingi o'n yilda tramvay qaytishi va aeroportda zinasiz terminal bo'lishiga umid qilsak bo'ladi. Bu fikr menga qachondir rejalashtirilgan metro bekati ichida keldi. U joy hozir metro bekati bo'lib ishlatilmaydi. Qandaydir syurrealizmga o'xshatdim. Yarim asr oldin buni metro bekati deb qazishgan, lekin yarim asrdan keyin kelgan odamlar, o'sha bekat bo'lishi kerakligidan bexabar ishlatyaptilar. Kelajak texnologiyasini ko'hna qabila qo'lga kiritganidek o'zlarini tutmoqdalar. Juda yomon analogiya uchun, uzrku, lekin qo'l telefoni bilan yong'oq chaqqandek menga tuyuldi. Xullas, bizga kelajakda xatolar ustidan ishlashimizga ko'proq pul kerak bo'lsa, kelajakka yetib olguncha ancha sabr kerak bo'ladi. | columnist |
2022 yil Markaziy Osiyo uchun Qozog'istondagi jiddiy siyosiy inqiroz bilan boshlanmoqda. Suyultirilgan gaz narxlari oshirilishi oqibatida yuzaga kelgan namoyishlar bir necha kun davomida butun mamlakatni qamrab oldi, keyinchalik siyosiy lozunglar paydo bo'ldi va natijada ommaviy tartibsizliklar, marodyorlik va prezident Qasim-Jomart Toqayevning ODKBdan yordam so'rashi bilan tugadi. Har qanday ommaviy namoyishlar sabablari haqida gap ketganda, xalq hech qachon ko'chaga sababsiz yoki qandaydir yagona muammoni hal qilish uchun chiqmasligini yodda tutish lozim. Gaz narxlarining oshishi, saylovdagi soxtalashtirishlar, politsiya zo'ravonligi — bularning barchasi namoyishlarga turtki beruvchi omillar, lekin ularning o'zi jamiyatdagi noroziliklar manbayi bo'lib xizmat qilmaydi. Shuning uchun, triggerlarning o'zlari bo'yicha tezkor chora-tadbirlar ko'rishning foydasi yo'q. Namoyishlar, ayniqsa ular bir necha kun davom etadigan bo'lsa, butun diqqatini ularga turtki bergan mavzuga qaratishni to'xtatib, yanada tizimli bo'lib boradi va masalalar ko'lamini kengaytiradi. Bunday vaziyatda iqtidordagi hokimiyatning norozilik kayfiyatlari bilan qanchalik samarali ishlashiga ko'p narsa bog'liq. Har qanday chalkashlik yoki shoshqaloqlik bilan qabul qilingan qaror vaziyatni keskinlashtirishi mumkin. Bo'lib o'tayotgan voqealarda namoyishchilarning o'zlari ham mas'ul bo'lishadi. Nazorat qilib bo'lmaydigan agressiyaning oldini olish va namoyishlarga radikallarni yaqinlatmaslik muhim. Vanihoyat, ikkala tomon ham kompromiss zaiflik timsoli emas, aksincha pragmatik kuchning namoyon qilinishi ekanligini tushunishlari lozim. Qozog'istonda suyultirilgan gaz narxlari bo'yicha norozilikdan hukumat iste'fosini talab qilishgacha yo'l juda qisqa bo'ldi. Toqayev tezkor choralar bilan noroziliklarni tugatmoqchi bo'ldi, biroq olomon radikallashuvining oldini olishning iloji bo'lmadi. Vaziyatlarning keyingi rivojlanishi de-fakto ikkihokimlik siyosiy tizimida bo'lib turgan (har holda kechagi kungacha) Qozog'istonning barcha zaif tomonlarini namoyon qildi. Tinch namoyishlarning ommaviy tartibsizliklarga aylanib, ma'muriy binolar yoqilishi, banklar va savdo markazlari o'marilishi dialogga erisha olmagan jamiyat va hokimiyat o'rtasida chuqur jarlik borligini bildiradi. Namoyishlarni o'z atrofida birlashtira oladigan va tartibsizliklarni bartaraf eta oladigan oppozitsiyaning yo'qligi vaziyat yomonlashuviga olib keldi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va kuchishlatar tizim xodimlari strategik obyektlarni osonlik bilan qoldirib, chekinishgani esa yoki ularning iqtidordagi hokimiyatni himoya qilishni xohlamasligidan yoki aynan o'sha ikkihokimlikning ichidagi jiddiy kelishmovchilikdan dalolat beradi. Natijada, siyosiy elita inqiroz qarshisida yakka o'zi qoldi. Toqayevning o'zi juda qiyin vaziyatda qoldi. Kun davomida u Nazarboyev rejimidan masofalanishga harakat qildi. Hukumat iste'fosi, Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketishi, Elboshi kadrlarining muhim lavozimlardan haydalishi — bularning barchasi vaqtni yutish va jamiyat oldida ishonch qozonishga yo'naltirilgan edi. Bu choralarning birortasi ham yetarlicha foyda bermadi, vaziyat esa nazoratdan chiqib ketaverdi. Ma'muriy va strategik obyektlarning birin-ketin qulashini kuzatgan Toqayev so'nggi choraga yuzlandi — ODKBdan yordam so'radi. Bu murojaatning legitimligini ta'minlash uchun esa tashqi kuchlar tomonidan moliyalashtirilgan agressiya kabi klassik hikoyadan foydalandi. ODKB kuchlarining Qozog'istondagi ichki siyosiy inqirozni bartaraf etish uchun jalb qilinganligi tashkilot tarixidagi birinchi to'laqonli operatsiya hisoblanadi hamda, ehtimol, Markaziy Osiyo va postsovet davlatlari uchun o'rtamuddatli istiqbolda burilish nuqtasi bo'ladi. Tashqi kuchlarning ichki siyosiy mojarolarga aralashuvi — juda salbiy pretsedent. Hokimiyatning o'zi tashqi aktorlarni o'z hududiga olib kelishi esa undan-da yomonroq. Postsovet makonida bunday holatlar ko'payib bormoqda. Anqara qo'llab-quvvatlovi ostida Qorabog' mojarosini harbiy yo'l bilan hal qilishni boshlagan Ozarbayjon g'alabaga bir qadam qolganda to'xtashga va o'zining de-yure hududiga Rossiya qo'shinlarini kiritishga majbur bo'ldi. Yuqoridagi urushda mag'lub bo'lgan Armaniston davlat chegaralari xavfsizligini ta'minlay olmasligini tan olib, ushbu mas'uliyatni Moskva zimmasiga yukladi. Siyosiy inqirozni boshidan kechirayotgan Ukraina o'z hududiy yaxlitligini tiklash uchun NATO (Vashington)dan yordam so'ramoqda. Lukashenko hokimiyatni o'z qo'lida saqlab qolish uchun Rossiya bilan integratsiyaning barcha yo'l xaritalariga imzo qo'yishga qaror qildi. Endi esa Qozog'iston o'z hududiga tashqi kuchlarni chaqirmoqda. Toqayev rejimni qutqarib qolish va o'z hokimiyatini mustahkamlashga urinib, jamoatchilik ko'z oldida o'zining legitimligiga qattiq zarba bermoqda. Ushbu qaror davlat apparatining inqirozni mustaqil ravishda bartaraf etishga va o'zining asosiy vazifasi — jamoat tartibi va xavfsizligini ta'minlashga qodir emasligini tan olishidir. Hech qaysi jamiyat tashqi kuchlar aralashuvni ijobiy qabul qilmaydi. Ayniqsa bu aralashuv o'zining siyosiy elitasi murojaati ortidan ro'y berayotgan bo'lsa. Mabodo tartibsizliklarni bartaraf etish operatsiyasi siyosiy muxoliflik va fuqarolik faolligini bostirish yo'lida ham ishlatilsa, hozirda Toqayevda mavjud bo'lgan credibility ni qaytarish juda qiyin bo'ladi. ODKB (ya'ni Rossiya) yordami «bepul» bo'lmasligi tayin. Hozircha Moskva aniq talablarni qo'ygani yo'q, biroq standart talablar allaqachon ma'lum. Bularga Kremlning pozitsiyasini ommaviy ravishda faol qo'llab-quvvatlash, shu jumladan Qrimni Rossiyaniki deb tan olish, milliy tashqi siyosat kursining diversifikatsiyasini tugatish, butunlay Rossiya ta'sir zonasi maqomiga o'tish va siyosiy integratsiya (belarus ssenariysigacha) kiradi. Uzoq vaqtdan beri Nazarboyev soyasidan chiqishni xohlagan Toqayev birdaniga Yevrosiyo soyasiga tushib qolishi mumkin. Vanihoyat, hozircha Qozog'istondagi vaziyat qaysi ssenariy bo'yicha rivojlanishi tushunarsiz. Hozirda postsovet makonida bunday inqirozlarning uchta asosiy ssenariysi mavjud: qirg'izcha ssenariy — elitalar o'rtasida hokimiyat uchun permanent urush va davlat to'ntarishlari hududiga aylanish, ukraincha ssenariy — davlatchilik inqirozi va hududiy yaxlitlikning yo'qolishi, belaruscha ssenariy — majburiy Ittifoq davlati. Qozog'iston ushbu uch ssenariylardan biri bo'ylab ketadimi yoki yangi pretsedent bo'ladimi (ODKB ishtirokini inobatga olgan holda), hozircha noaniq. Shunga qaramasdan, Qozog'iston ushbu siyosiy inqirozdan qanday va qay tarzda chiqishi faqat mamlakatning o'zi uchun emas, balki butun Markaziy Osiyo uchun muhimdir. Ichki siyosiy mojaroni hal qilishga ODKBning jalb qilinishi hozircha YeEI (Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi) va ODKBga qo'shilmagan davlatlarga bosimni kuchaytiradi hamda tashqi siyosatda manyovr qilish uchun imkoniyatlarni qisqartiradi. Bundan tashqari, Qozog'istonning ko'pvektorlik siyosatidan voz kechishi mintaqaviy hamkorlikni qayta tiklash jarayoniga qattiq zarba beradi. Markaziy Osiyo masalasi kun tartibida yana ikkinchi darajaga o'tib qolishi, hattoki 2000-yillar o'rtasidagi kabi yo'q bo'lib ketishi xavfi bor. Vanihoyat, Qozog'iston pretsedenti mintaqadagi boshqa davlatlarning ichki siyosiy hayotiga ham ta'sir o'tkazishi mumkin. Markaziy Osiyo jamiyatlarida noroziliklar yig'ilib qolgan, tarixda esa namoyishlarning bir norozi jamiyatdan ikkinchisiga ko'chib o'tishiga ko'plab misollar mavjud. Shu sababli, Qozog'iston qo'shnilari ichki siyosiy qarorlarni qabul qilishda ehtiyotkor bo'lishlari, norozilik kayfiyatlari bilan ishlashlari, eskalatsiyaning oldini olishlari, shuningdek jamoatchilik bilan samarali va to'g'ri kommunikatsiyani ta'minlashlari kerak. Asosiysi — barcha muammolarning ildizi ichkaridaligini, tashqi omil esa siyosiy elita jamiyat bilan dialog qilishga qodir bo'lmagan, shoshqaloqlik bilan qaror qabul qilayotgan va holatni mustaqil ravishda nazoratga olishni udallamayotgan vaziyatda aralashishini unutmaslik lozim. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin. Yuriy Saruxanyan — xalqaro munosabatlar sohasi mutaxassisi, «Seriya penalti» Telegram-kanali muallifi. | columnist |
O'tgan kunlarda ta'lim tizimiga u yoki bu tarzda ta'sir o'tkazuvchi ikki hujjat qabul qilindi va e'lon qilindi. Mazkur hujjatlar qanday o'zgarishlarga olib kelishi mumkinligini o'rganib chiqamiz. Ushbu hujjatlardan birinchisi — Vazirlar Mahkamasining «Xorijiy tillarni o'rganishni takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarori . Hujjat bilan 2022/2023 o'quv yili qabulidan boshlab xorijiy tillar bo'yicha mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti va Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga, shuningdek, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Qo'qon davlat pedagogika va Nukus davlat pedagogika institutlarining xorijiy til yo'nalishlariga kirishda abituriyentlar chet tili bo'yicha an'anaviy test savollari bloki o'rniga nutq ko'nikmalarini (tinglab tushunish, o'qib tushunish, yozish va gapirish) baholashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon topshiradigan bo'ldilar . Nutq ko'nikmalarini tekshiruvchi xuddi shunday imtihonlarni attestatsiya paytida maktab, litsey va kasb-hunar ta'lim muassasalari xorijiy tillar o'qituvchilari ham topshirishlari belgilandi. Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligiga Davlat test markazi (DTM) bilan birgalikda 2024/2025 o'quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari uchun belgilangan majburiy fanlar majmuasiga xorijiy til fanini kiritish yuzasidan asoslangan taklif kiritish topshirildi. Hujjatda xorijiy tillar o'qituvchilari uchun xorijiy til bo'yicha o'quv kurslarini tashkil etish ham ko'zda tutilgan. OTMga kirishda asosan grammatik qoidalarni ko'r-ko'rona yodlash darajasini aniqlab beruvchi an'anaviy testlar o'rniga nutq ko'nikmalarini tekshirish muhim va to'g'ri qadam. Biroq shu o'rinda ko'plab savollar tug'iladiki, bu savollarga javoblar testlarning validligi va ishonchliligiga jiddiy ta'sir qiladi . Ijodiy imtihonlar, qoidaga ko'ra, OTMga hujjat topshirish tugallanishi va kirish testlari boshlanishi oralig'ida o'tkaziladi — bu odatda iyulning ikkinchi yarmiga to'g'ri keladi. Agar, masalan, yozish va gapirish ko'nikmalarini tekshirish uchun kerak bo'ladigan eng minimal vaqtni — har bir abituriyentning har bir ko'nikmasiga 15 daqiqadan olsak (aslida, albatta, ushbu ko'nikmalarni sifatli tekshirish uchun ko'proq vaqt kerak), u holda faqatgina uchta OTMning 27 ming nafar abituriyentini tekshirish uchun (o'tgan yili ularning soni taxminan shuncha bo'lgan ) 13500 soat talab qilinar ekan. Buncha sondagi abituriyentlarni baholashga ulgurish uchun, masalan, sakkiz soatlik 20 ish kuniga 80 nafardan ko'proq ekspertni (baholovchini) jalb qilish talab qilinadi. Va bu hali baholarning ishonchliligini ta'minlash uchun zarur bo'lgan ikkinchi ekspert tomonidan baholarni moderatsiya qilish jarayonisiz — moderatsiya ekspertlar sonini eng kamida 1,5 barobar oshirishni taqozo etadi. OTMga kirish imtihonlari, bu — test topshiruvchi uchun katta ahamiyatga ega bo'lgan sinovdir. Bunday imtihonlar ta'lim tizimi ishtirokchilariga kuchli ta'sir ko'rsatadi (ilm-fanda bunday testlar « high-stakes tests » deb ataladi). Bunday muhim imtihonlarda test topshiruvchilar ishini baholash uchun ekspertlar jalb qilinganda, ularning tashqi va ichki ishonchliligini ta'minlash juda muhimdir. Baholovchilarning tashqi ishonchliligi yoki baholovchilar o'rtasidagi ishonchlilik ( inter-rater reliability ), bu — ayni bir ish turli baholovchilar tomonidan baholanganda katta tafovutlarning yo'qligi. Misol uchun, agar bir baholovchi bir yozma ishni 80 ballga, boshqa bir baholovchi esa xuddi shu ishni 65 ballga baholagan bo'lsa, baholovchilarning tashqi ishonchliligi mavjud emasligini ko'ramiz. Baholovchining ichki ishonchliligi ( intra-rater reliability ), bu — ayni bir ishni tekshirishda baholovchining turli vaziyatlarda ham bir xil yoki o'xshash bahoni qo'yishidir. Masalan, ekspert ish kunining boshlanishida yozma ishni 70 ballga baholagan bo'lsa, biroq xuddi shunday ishga kunning oxiriga kelib bundan ancha balandroq yoki pastroq baho qo'ysa, demak, baholovchining ichki ishonchliligi mavjud emas. Baholovchilarning tashqi va ichki ishonchliligini ta'minlash va nazorat qilishning turli usullari mavjud. Ushbu usullardan foydalanish nafaqat test topshiruvchilarga nisbatan adolatni, balki testning validliligi va saralash sifatini ham ta'minlaydi, ammo bu vaqt, pul va malakali mutaxassislarni talab qiladi. DTM xorijiy tillar bo'yicha milliy sertifikat va pedagoglar ustamasi uchun o'tkazilayotgan test sinovlari doirasida bir necha yillardan buyon yozish va gapirish ko'nikmalarini tekshirish maqsadida baholovchilarni jalb etib kelayotganiga qaramasdan, haligacha ushbu imtihonlarga jalb etilayotgan baholovchilarning tashqi va ichki ishonchliligini aniqlash bo'yicha birorta ham tadqiqot natijasini e'lon qilganicha yo'q. DTM tasarrufida kerakli treninglardan o'tgan hamda yozish va gapirishni baholash mezonlarini bir xilda talqin qiladigan yetarli sondagi baholovchilar bormi? Baholovchilarning tashqi va ichki ishonchliligini ta'minlash va nazorat qilish uchun qanday usullar qo'llaniladi? Abituriyent uchun juda ham muhim bo'lgan imtihonda baholashga bunchalik ko'p odamni jalb qilishda xatari muqarrar bo'lgan subektivizm va korrupsiya omillari qanday qilib minimallashtiriladi? Boshqa bir muhim masala. Tinglab tushunish va o'qib tushunish uchun testlarni yaratishda abituriyentlar darajasiga mos keladigan autentik (asl, til egalari bo'lgan mutaxassislar tomonidan yaratilgan) matnlar va audio materiallar kerak bo'ladi. Bundan tashqari, matnlar abituriyentlar uchun notanish bo'lishi kerak, aks holda test o'z kuchini yo'qotadi, chunki u til ko'nikmalarini emas, balki xotirani sinaydigan bo'lib qoladi. Imtihonlarda autentik matnlardan foydalanish uchun mualliflik huquqi egalaridan ruxsat olish kerak bo'ladi — axir, davlat organining mualliflik huquqlari va O'zbekiston ham ishtirokchisi bo'lgan Bern konvensiyasi qoidalarini buzishi munosib ish emas-ku. Bundan tashqari, matnlar va ular asosida tuzilgan test topshiriqlarining tekshiriladigan darajaga mosligiga ishonch hosil qilish uchun test topshiriqlari jiddiy aprobatsiyadan o'tkazilishi, shuningdek, testlar natijalarining umumqabul qilingan xalqaro imtihonlar bilan korrelyatsiyasi (o'zaro muvofiqligi — tarj.) bo'yicha tadqiqotlar o'tkazilishi kerak. Masalan, DTM ishlab chiqqan testining ingliz tilidan nutq ko'nikmalarini CEFR xalqaro standarti bo'yicha B2 darajasida tekshirishini iddao qilayotgan bo'lsa, u holda ushbu testni muvaffaqiyatli topshirgan shaxslar IELTS, TOEFL yoki APTIS bo'yicha ham xuddi shunday natijani qayd etishlari lozim. DTM ushbu vazifalarni sifatli bajara olishi uchun yetarlicha resurslarga egami? Ko'p sonli imtihon topshiruvchilarning nutq ko'nikmalarini qisqa vaqt ichida sinab ko'rishga urinish testlar sifati va natijalar ishonchliligiga salbiy ta'sir ko'rsatmay qolmaydi. Validlik va ishonchlilik talablariga javob bermaydigan test esa ta'lim tizimi uchun foydadan ko'ra ko'proq zarar keltirishini hisobga olsak, muammoni hal qilish usullaridan biri — til bo'yicha ijodiy imtihon o'rniga DTM tomonidan beriladigan milliy sertifikat yoki Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirish agentligi tan olgan sertifikatlardan birini taqdim qilish talabini joriy etish mumkin. Xuddi shunday talab magistraturaga topshirayotgan shaxslar uchun allaqachon o'rnatilgan. To'g'ri, abituriyent sertifikatni olish uchun mablag' sarflashiga to'g'ri keladi, biroq, birinchidan, u tasdiqlangan ro'yxatdan narxi va boshqa ko'rsatkichlari bo'yicha o'ziga mos imtihonni tanlashi mumkin, ikkinchidan, agar birinchi urinishdan kerakli ballni to'play olmasa, qaytadan topshirish imkoniyatiga ega bo'ladi. Bundan tashqari, agar abituriyent yuqori ball to'plasa, davlat unga imtihondan o'tish uchun to'liq xarajatlarni qoplaydi . Abituriyentlarning nutq ko'nikmalarini sinovdan o'tkazishda yuzaga keladigan muammolar — testlarning validliligi va ularning tekshirilayotgan darajaga muvofiqligi, baholovchilarning ishonchliligi, ko'p sonli imtihon topshiruvchilarning yozish va gapirish ko'nikmalarini tekshirish uchun vaqt va resurslar, autentik matnlar topish va ulardan foydalanishga ruxsat olish — xorijiy tillar o'qituvchilarini attestatsiyadan o'tkazishda ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi oldida ham muqarrar vujudga keladi. Biroq attestatsiya bilan bog'liq boshqa bir muammo ham bor. Tilni bilish va uni o'rgatish boshqa-boshqa narsalar ekanligi haqida oldin ham yozgan edim . Pedagog chet tilini S2 darajasida (CEFR xalqaro standarti bo'yicha eng yuqori daraja) bilishi mumkin, biroq uning sinf bilan ishlash, o'quvchilarning bilim olish faoliyatini boshqarish, darsni oqilona tashkil etish, o'quvchilar bilan qayta aloqani o'rnatish qobiliyatlari bo'lmasa, uning tilni bilishidan o'quvchilarga foydasi kam bo'ladi. Bu vaziyatda inspeksiyani birinchi navbatda pedagogning sifati, pedagogik mahorati darajasi qiziqtirishi kerak, shunchaki mavhum «til bilishi» emas. Demak, urg'uni tilni bilishni tekshirishdan pedagogik kompetensiyalarni tekshirishga yo'naltirish zarur. Darvoqe, xuddi shu holat boshqa fanlar uchun ham to'g'ri keladi — fizikani Eynshteyn darajasida biladigan, ammo metodikani bilmaydigan mutaxassis maktab o'quvchilariga ko'p narsa bera olmaydi. Buning sababi — XXI asr maktab ta'limidagi asosiy paradigma — bilimlarni yetkazish (transmissiya pedagogikasi) emas , balki zamonaviy dunyoda muvaffaqiyatli o'z o'rnini topish uchun zarur bo'lgan ko'nikma va kompetensiyalarni shakllantirishdan iboratdir. Pedagoglar attestatsiyasiga qaytsak. Bu yerda ham, mening fikrimcha, muammolar sababini hal qilish lozim, oqibatlarini emas. Xorijiy til o'qituvchilari — xorijiy tilga ixtisoslashgan OTMlar bitiruvchilari va ular to'rt yillik o'qishi davomida xorijiy tilni asosiy fan sifatida o'rganishgan. OTM o'z bitiruvchisiga davlat namunasidagi diplom berar ekan, uning o'z mutaxassisligini bilishini tasdiqlaydi. Demak, bitiruvchiga filolog yoki xorijiy til o'qituvchisi diplomi berilishidan avval uning xorijiy tilni yetarli darajada bilishiga ishonch hosil qilish zarur. Bitiruvchiga diplom berishdan oldin xorijiy tilni bilish darajasi tekshirilsa, kelajakda xorijiy til o'qituvchilari uchun xorijiy til kurslarini tashkil qilishga ham zarurat qolmaydi, ya'ni ularga OTMda to'rt yil davomida o'rganmagan narsasini bir necha hafta yoki oyda o'rgatishga urinib o'tirmaymiz. Qarorning mavhum oqibatlarga olib keladigan eng munozarali bandi — OTMga kirishda majburiy fanlar blokiga xorijiy tilni ham qo'shish taklifidir . Birinchidan, abituriyentlar soni har yili bir millionga yetishi yoki undan ham oshishini hisobga olsak, bunchalik ko'p sonli kishilarning nutq ko'nikmalarini (tinglab tushunish, o'qib tushunish, yozish, gapirish) qisqa vaqt ichida sinab ko'rishning imkoni yo'q. Xorijiy til bo'yicha blok hozirgidek grammatik qoidalarni bilish va qisman o'qish qobiliyatlari bo'yicha topshiriqlardan iborat bo'lsa, u holda haqiqatan ham qisqa vaqt ichida ommaviy ravishda tekshirish mumkin bo'ladi, biroq bunday test valid bo'lmaydi: u xorijiy tilini bilishning haqiqiy darajasini ko'rsatmaydi. Ikkinchidan, OTMga kirishda abituriyentlar allaqachon beshta: uchta majburiy (45ta test topshirig'i) va ikkita mutaxassislik fanidan (60ta test topshirig'i) test topshiradilar. Bunday tartibning reprezentativlik tamoyiliga javob bermasligi hamda asosiy maqsadi abituriyentning tanlangan mutaxassislik bo'yicha o'qishga tayyorgarlik darajasini tekshirish bo'lgan testning validliligini oshirmasligi haqida yozgan edim . Fanlar sonini oltitaga oshirish topshiriqlarning umumiy sonini oshirish va test topshirish vaqtini uzaytirish yoki boshqa fanlar bo'yicha topshiriqlar sonini qisqartirishni taqozo qiladi, bu esa reprezentativlik va validlik bilan bog'liq vaziyatni yanada chigallashtiradi. Uchinchidan, majburiy va ixtisoslik fanlari o'rtasidagi nomutanosiblik (to'rtta majburiy fan va ikkita ixtisoslik fani) kirish testlarining o'zining asosiy vazifasi — tanlangan mutaxassislik bo'yicha o'qishga tayyor bo'lgan abituriyentlarni saralash qobiliyatiga salbiy ta'sir ko'rsatadi . OTMga o'z mutaxassisligining asosini tashkil etuvchi fanlarni yaxshi biladigan abituriyent kerak. Masalan, qishloq vrachlik punktiga odamlarni davolagani boradigan bo'lg'usi shifokor uchun xorijiy tildagi artikl va sifatdoshlarni ajrata bilishdan ko'ra biologiya va kimyo fanlarini bilish ancha zarurroq. Umuman olganda, barcha maktab fanlari bolaning umumiy rivojlanishi uchun muhimdir va kelajakda majburiy blokni kengaytirish, unga maktab dasturidan yanada ko'proq fanlarni kiritish vasvasasiga qarshi turish qiyin bo'ladi. Savodli mutaxassis nima uchun aynan uning fani abituriyent uchun hayotiy muhim ekanini isbotlash uchun bir dunyo sabablarni keltira oladi. Maktab o'quvchisining bilim darajasi davlat standartlariga muvofiqligi u maktab attestatini olgunga qadar tekshirilishi kerak , OTMga kirishda emas. Bolani, ayniqsa, yuqori sinf o'quvchisini imtihonlar yoki baholar bilan qo'rqitib o'qishga majburlash — ta'limning eng yaxshi usuli emas. Pedagogikada tashqi (ekstrinzik) motivatsiya deb ataladigan bunday motivatsiya usuli kerakli natijani bermasligi mumkin. Endi OTMga kirish qoidalariga o'zgartishlar kiritayotgan ikkinchi hujjatni ko'rib chiqamiz. Bu — prezidentning «"Zakovat"» intellektual o'yinini aholi o'rtasida ommaviy-ma'rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o'yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to'g'risida»gi qaroridir. Hujjatga muvofiq, intellektual o'yinlarning respublika bosqichida g'olib va sovrindor bo'lgan umumiy o'rta, o'rta maxsus va professional ta'lim muassasalari o'quvchilari hamda OTM talabalari ta'limning keyingi bosqichiga (OTM, magistratura) bazaviy to'lov-kontrakt asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilinadi . «Zakovat» (Rossiyadagi «Nima? Qayerda? Qachon?» o'yinining analogi), bu — umumiy eruditsiya va zukkolikka asoslangan jamoaviy intellektual o'yin. Bir daqiqa ichida olti o'yinchidan iborat jamoaning «kollektiv» ongi assotsiatsiyaviy fikrlashdan foydalangan holda, muhokamalar yo'li bilan savollarga javob topishi kerak va ularga beriladigan savollar odatda, qaysidir sohada maxsus, chuqur bilimlarni talab qilmaydi. OTMga kirish testlari esa, bu — alohida olingan abituriyentda tanlangan mutaxassislik bo'yicha kelgusidagi o'qishi uchun zarur bo'lgan maxsus bilim va ko'nikmalarning mavjudligini tekshirishdir. Ya'ni, umumiy zukkolikka asoslangan jamoaviy intellektual o'yin bilan ma'lum bir soha (sohalar) bo'yicha bilimlarni individual tekshirish bir-biriga qarama-qarshi tushunchalardir. Abituriyentni universitetga bunday yo'l bilan, hatto to'lov-kontraktga bo'lsa ham, qabul qilish — masalan, dutor chalish ko'nikmasini baholab tibbiyot oliygohiga yoki tayoq bilan sakrash qobiliyati orqali yuridik OTMga qabul qilish singari, — bo'lg'usi mutaxassislarning sifati borasida o'ta salbiy oqibatlarga olib kelishi mmkin. Shuningdek, «Nima? Qayerda? Qachon?» yo'nalishidagi o'yinlarni kuzatib boradigan har kim o'yinda omadning qanchalar muhim ekanligini yaxshi biladi — u yoki bu hisobda jamoaga qanday savol tushishi ko'p narsani hal qiladi, axir savollarning murakkablik darajasi har xil-ku. «Nima? Qayerda? Qachon?» boshlovchisi Boris Kryuk bekorga o'yinda ko'p narsa volchokka (aylanib, qaysi savol tushishini hal qiladigan moslama) bog'liqligini ko'p takrorlamaydi . Abituriyentlarni saralashga qaratilgan testlar esa tasodifiy omad va turli imtihon topshiruvchilarga har xil darajada savollar tushishini istisno qiladigan testologiya tamoyillariga asoslangan bo'lishi kerak. Magistratura — shunchaki oliy ta'limning navbatdagi bosqichi emas, u ilm-fan va ilmiy izlanishlar sari qadamdir. Magistraturaga o'qishga kirayotgan mutaxassis o'z mutaxassisligi bo'yicha bilimlardan tashqari, o'z dissertatsiyasi doirasida o'rganishi mumkin bo'lgan muammolar haqida ham aniq tasavvurga ega bo'lishi kerak. Qanday qilib «Zakovat» o'yinidagi g'alaba bo'lg'usi tadqiqotchini aniqlab berishi mumkin? Nazarimda, OTMga kirishni imkoniyat tug'ilishi bilan o'ngu so'lga tarqatish mumkin bo'lgan sovg'a sifatida ko'rishni bas qilish kerak. Bunday munosabat bo'lajak mutaxassislarning sifatiga ham, oliy ta'limning nufuziga ham ijobiy ta'sir qilmaydi. Umid qilamanki, qabul qilib bo'lingan qarorlarni to'g'rilash uchun siyosiy iroda topiladi, kelgusida esa muayyan soha uchun muhim bo'lgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari imzolash uchun stolga qo'yilishdan avval umumiy muhokamaga qo'yiladi va ular bo'yicha mutaxassislarning fikrlari inobatga olinadi. Imtihonlar xayolga kelgan tajribani qo'llab ko'rish uchun maydoncha emas, balki ilmiy, puxta o'ylangan yondashuvni talab qiladigan sohadir. Muallifning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. | columnist |
Ta'lim har qanday zamon va makonda jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti va farovonligini ta'minlashning asosiy dastagi vazifasini o'tab kelgan. Insoniyat madaniy hayotning bugungi darajasiga kelguniga qadar nimagaki erishgan bo'lsa, barchasi uning aql-zakovati va bilimi mahsuli ekanligi kundek ravshan. Axborot asrida jahon iqtisodiyotining bilimlar iqtisodiyotiga tomon transformatsiyasi ta'limning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini tasdiqlaydi. Bilimlar iqtisodiyoti sharoitida bilim — eng asosiy resurs sifatida maydonga chiqadi. Bilimlar iqtisodiyoti — bu bilimlar asosiga qurilgan iqtisodiyot; bunda yaratilgan har qanday mahsulot yoki xizmatning (qiymat) asosiy tarkibiy qismini intellektual kapital, sodda qilib aytganda, ishchilarning bilimi tashkil etadi. Jahon bankiga ko'ra, bilimlar iqtisodiyoti bilimning amaliyotga tadbiq etilishi, malakali kadrlar va yaxshi ta'lim tizimi, axborot va kommunikatsion texnologiyalar infratuzilmasining mavjudligi hamda innovatsion jarayonlar bilan xarakterlanadi. Ta'limning taraqqiyoti alohida olingan shaxslar, biznes va mamlakat miqyosida farovonlikka xizmat qiladi. Jumladan, yaxshi ta'lim alohida olingan shaxsning, eng avvalo, mehnat bozoridagi tanlovini kengaytiradi, yuqori daromadni kafolatlaydi. Bilimli va malakali kadr har qanday biznesni yuqori mehnat unumdorligi va yangi g'oyalar bilan ta'minlaydi. Mamlakatda jamg'arilgan intellektual kapitalning yuqori darajasi uning rivojlanganlik darajasini baholashda asosiy omillardan biri hisoblanadi . Shu nuqtai nazardan har qanday davlatda ta'lim sohasini rivojlantirishga ustuvorlik beriladi. Jumladan, O'zbekistonda respublika budjeti hisobidan ijtimoiy sohaga yo'naltiriladigan mablag'larning asosiy qismi ta'lim sohasi hissasiga to'g'ri keladi. 2022 yil uchun ma'qullangan davlat budjeti parametrlariga ko'ra, Maktabgacha ta'lim, Xalq ta'limi hamda Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirliklariga qariyb 36,5 trln so'm mablag' ajratilishi ko'zda tutilgan . Davlat statistika qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, bugungi kunda O'zbekistonda 7753 ta maktabgacha ta'lim tashkiloti, 10181 ta umumta'lim muassasasi, 790 ta ixtisoslashtirilgan maktab, shuningdek, prezident maktablari, 339 ta kasb-hunar ta'limi muassasasi hamda 127 ta oliy ta'lim muassasasi faoliyat ko'rsatib kelmoqda (2020−2021-o'quv yili). Ayni paytda, mamlakatda nodavlat ta'lim tashkilotlari soni ortib bormoqda. O'zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning kelgusi besh yillik mo'ljallariga muvofiq , mamlakatda maktabgacha ta'limdagi qamrov darajasi 80 foizga, oliy ta'limdagi qamrov darajasi 50 foizga yetkazilishi, xalq ta'limi tizimida qo'shimcha 1,2 million o'quvchi o'rni yaratish rejalashtirilgan. Biroq, qayd etish joizki, mamlakatda ta'limni yuqori bosqichga ko'tarish va malakali kadrlar tayyorlash uchun ta'limga davlat xarajatlarini ko'paytirish, sohada xususiy sektor ulushini oshirish yoki qamrov darajasini oshirish, bir so'z bilan aytganda, mamlakatda ta'limni rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosatining o'zi yetarli emas . Bunga yetarlicha faktlar va ilmiy asoslar keltirish mumkin. Birinchidan , ta'lim olish imkoniyatining mavjudligi ta'lim olishning o'ziga teng emas. Ya'ni, masalan, bolaning maktabga qatnayotganligi uning bilim olayotganligini anglatmaydi . UNICEF ma'lumotlariga ko'ra, dunyo bo'ylab qariyb 617 million bolalar va o'smirlar o'qish va matematika bo'yicha minimal ko'rsatkichdagi bilim darajasiga ham ega emas, vaholanki, ularning uchdan ikki qismi maktabda o'qiydi. Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi bu borada Afrika davlatlaridan keyin ikkinchi o'rinda bo'lib, mintaqada 6−14 yosh oralig'idagi bolalar va o'smirlarning 81 foizi mazkur fundamental fanlar bo'yicha minimum darajadagi bilimga ega emas. Ikkinchidan , o'quvchi va talabalarning ta'limdagi ko'rsatkichlariga nafaqat ta'lim tizimining joriy holati, balki oilaviy shart-sharoitlar va shaxsiy xususiyatlar kabi qator omillar ham ta'sir ko'rsatishi ilmiy jihatdan isbotlangan. Xususan, AQShning Viskonsin-Medison universiteti mutaxassislari tomonidan o'tgan asr oxirlarida olib borilgan tadqiqotlarga ko'ra, bolaning ta'lim olish jarayonida qayd etadigan ko'rsatkichlari — erishadigan yutuqlarini uch guruhga mansub omillar belgilab beradi. Birinchi guruh — bu institutsional omillar bo'lib, ularga ta'limga kiritilgan investitsiya, madaniy hayot, ijtimoiy-iqtisodiy muhit omillari kiradi. Bu kabi omillar ota-onalar hamda bolalarning ta'lim borasidagi qarorlariga ta'sir ko'rsatadi. Ikkinchi guruh — ota-ona bilan bog'liq omillarni o'z ichiga oladi. Ota-ona tomonidan bolalar uchun ajratilgan vaqt, daromad darajasi, oilaning tuzilishi va katta-kichikligi, bolaning ta'lim olishi bilan bog'liq qarorlar va eng muhimi, bolaning ijtimoiy kelib chiqishi — oilaviy muhiti shular jumlasidan. Mazkur omillar, bir so'z bilan aytganda, ota-onaning qarorlari yuqorida sanab o'tilgan institutsional omillar — hukumatning qarorlariga javoban shakllanib, bolaning ta'lim olishi hamda rivojlanishiga bevosita ta'sir ko'rsatadi. Uchinchi guruh — bolaning o'z xohish-istaklarini, imkoniyatlari hamda kamchiliklarini aks ettiruvchi qarorlar. Shuningdek, boladagi ta'lim olishga bo'lgan rag'bat. Bu, o'z navbatida, jamiyat va ota-ona tarafidan qabul qilingan qarorlar ta'sirida yuzaga keladi. Oilaning daromadi darajasi, oilaning turi, katta-kichikligi va ota-onalarning ma'lumoti kabi omillar bolalarning yetarli darajada va sifatli ta'lim olishida hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligi qator ilmiy izlanishlar natijasida o'z tasdig'ini topgan. Britaniyalik tadqiqotchilar tomonidan uy xo'jaliklari orasida o'tkazilgan keng qamrovli so'rovnoma natijalari shuni ko'rsatadiki, ta'lim bilan bog'liq qarorlarni qabul qilishda ota-onalarning ma'lumoti darajasi va jinsi muhim rol o'ynaydi. Ota-onalarning o'qimishlilik darajasiga ko'ra farzandlarning ta'lim olishdagi potensialini prognoz qilish mumkin ekan. Ayniqsa, onaning ma'lumoti darajasi farzandlarning majburiy ta'limdan keyin ta'limni davom ettirishi yoki davom ettirmasligini hal qiluvchi asosiy omil hisoblanadi. Qiz farzandlarning ta'limni davom ettirish borasidagi qaroriga ham onaning ma'lumoti darajasi kuchliroq ta'sir ko'rsatadi. Umuman olganda, ota-onaning ma'lumoti darajasi qanchalik yuqori bo'lsa, farzandlarning ta'limni davom ettirish, jumladan, oliy ta'lim olish imkoniyati shuncha oshadi. Shuningdek, tadqiqotchilarning qayd etishicha, farzandlarning ta'lim olishi bilan bog'liq masalada, oilaning daromadi past yoki yuqori bo'lishidan qat'i nazar, ota-onaning ma'lumoti darajasi o'z ta'sir kuchini yo'qotmaydi. Bundan tashqari, Britaniya ta'lim tizimida o'tkazilgan islohotlar natijalari tahliliy o'rganilganida, ta'lim bozorini kengaytirish va imkoniyatlar tengligini ta'minlash yuzasidan amalga oshirilgan barcha institutsional sa'y-harakatlarga qaramay, ta'limdagi tafovut oilaviy kelib chiqishi yaxshiroq bo'lgan bolalar foydasiga oshib borgani kuzatilgan. Past daromadli oilalarda o'sayotgan bolalar esa sohaning ular uchun zararli bo'lgan jihatlaridan aziyat chekishda davom etayotganligi aniqlangan. Shuningdek, 2004−2005 yillarda Buyuk Britaniyada o'tkazilgan tadqiqotlarning tasdiqlashicha ( 1 , 2 ), oliy ta'limni kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar yuqori va past daromadli ota-onalar farzandlarining ta'lim darajasi o'rtasidagi tafovutni kamaytirmaydi. Bu — oliy ta'lim bozorini kengaytirish orqali adolatli natijalarga erishib bo'lmasligiga, soddaroq aytganda, oliy ta'limga davlat xarajatlarini oshirish orqali aholining boy va kambag'al qatlamining ta'lim olish imkoniyati va ta'lim darajasini tenglashtirib bo'lmasligiga ishora qiladi. AQShning Illinois Veslyan universitetida o'tkazilgan tadqiqotlar natijalariga ko'ra, bolalarning ta'limda qayd etgan natijalari va uchta omil — onalarning ma'lumoti, oilaning daromadi darajasi va oilaning katta-kichikligi o'rtasida kuchli bog'liqlik mavjud. Mutaxassislarning ta'kidlashlaricha, «bolalar bilan o'tkaziladigan vaqtning sifati va miqdori» ularning jismoniy va ruhiy jihatdan kamol topishi uchun muhim ahamiyatga ega. Bundan tashqari, ta'lim tizimi, har bir o'quvchiga ajratiladigan mablag' miqdori va maktabning joylashuvi ham bolaning ta'limdagi yutuqlarini (yoki muvaffaqiyatsizligini) belgilab beruvchi asosiy omillar qatoriga kiritilgan. Illinois Veslyan universiteti mutaxassislari o'z tadqiqotlari natijalariga tayanib, kam ta'minlangan, yolg'iz ona qaramog'idagi va ko'p bolali uy xo'jaliklariga bu borada hukumat ko'magi zarur ekanligini qayd etgan. Yana bir e'tiborli jihati shundaki, G'arb va Sharq mamlakatlarida bolalarning ta'limdagi natijalariga oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati va tarkibiy omillarning ta'siri turlicha ekanligi aniqlangan. Xususan, bu borada Xitoy, AQSh va Germaniya misolida olib borilgan ilmiy izlanishlar shuni ko'rsatadiki, boshqa mamlakatlarda bo'lganidek, Xitoyda ham «bolalarning akademik ko'rsatkichlariga oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati ta'sir qiladi, biroq Xitoyda oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati ta'siri AQSh va Germaniyadagiga qaraganda ancha kichik». Xitoyda ta'limga mamlakatdagi siyosiy va iqtisodiy tizim bilan bog'liq bo'lgan tarkibiy omillarning ta'siri nisbatan kuchliroq. AQSh va Germaniyada esa bu omillar deyarli ahamiyatga ega emas. Sodda tilda aytganda, AQSh va Germaniyada, kam ta'minlangan yoki yomon oilaviy muhitda o'sayotgan bolalarning ta'limda muvaffaqiyat qozonishiga yaxshi tashkil etilgan ta'lim tizimi ham yordam berolmasligi mumkin. Xitoyda esa aksincha, bolalarning oilaviy ahvoli qanday bo'lishidan qat'i nazar, bu ularning ta'limda yuqori natijalarni qayd etishlariga to'sqinlik qilmaydi. Bu borada faqat tizimdagi juz'iy kamchiliklar yoki ta'lim bozoridagi taklif rol o'ynashi mumkin, xolos. Bu borada xitoylik olimlarning xulosalariga tayanilsa, oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati xitoylik bolalarning ta'limdagi natijalariga ta'sir etuvchi asosiy omillardan biriligicha qolmoqda. Biroq, qayd etilishicha, shahar va qishloq joylar kesimida uning ta'sir kuchi turlicha ekanligi aniqlangan. Xususan, oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati shahar joylarda o'sayotgan bolalarning ta'lim olish imkoniyatiga kuchliroq ta'sir ko'rsatadi. Ya'ni ota-onalar farzandlarining sifatli ta'lim olishi va ta'limda yaxshi natijalarga erishishini ta'minlash maqsadida o'zlarining ijtimoiy va iqtisodiy resurslarini safarbar etadilar (davlat maktabi va bozordagi boshqa ta'lim xizmatlarining yaxshirog'idan foydalanish kabi). Qishloq joylarda esa bolalarning ta'limdagi yutuqlariga o'zlaridagi ta'lim olishga bo'lgan rag'bat kuchliroq ta'sir ko'rsatadi. Ya'ni chekka hududlarda yashovchi ota-onalar farzandlarining ta'lim olish jarayonida bevosita ishtirok etish (ta'limga oid masalalarni birgalikda muhokama qilish, dars qilishda ko'maklashish va h.k.) orqali ularda ta'limga bo'lgan qiziqishini oshirish, bilim olishga oid zarur odat va ko'nikmalarni rag'batlantiradilar hamda shu orqali farzandlarining ta'limdagi muvaffaqiyatini ta'minlaydilar. AQShdagi xususiy maktablardan biri bergan ma'lumotlarga ko'ra, institutsional omillar (maktablarning yetishmasligi, talabga javob bermaydigan shart-sharoitlar) va moliyaviy yetishmovchiliklardan tashqari, ta'limning ahamiyatini to'la anglamaslik, jamiyatdagi turli stereotiplar va, ayrim hollarda, noqulay geografik joylashuv natijasida bolalar yetarli darajada ta'lim olish imkoniyatidan mahrum bo'lishadi. Bu esa, o'z navbatida, bolalarda salomatlik bilan bog'liq muammolar, qator ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarga olib keladi. Jumladan: Bugungi kunda ta'lim sohasidagi sifat, texnologiya ta'minoti va tengsizlik muammosidan barcha rivojlanayotgan davlatlar, hatto ayrim rivojlangan davlatlar ham aziyat chekadi. Dunyo hamjamiyati ta'lim inqirozini boshdan kechirayotgan bir paytda, pandemiya uni yanada chuqurlashtirdi. Xususan, 2020 yil pandemiya avjiga chiqqan paytda dunyo bo'ylab 1,6 milliardga yaqin bola an'anaviy shaklda ta'lim olish imkoniyatidan mahrum bo'lgandi. Hozirgi kunda ham dunyo miqyosida qariyb 38 million o'quvchilar uchun maktablar qisman yoki butunlay yopilgan. Jahon bankining hisob-kitoblariga qaraganda, pandemiya inqirozi vaqtidagi ta'lim sohasi bilan bog'liq iqtisodiy yo'qotishlarning umumiy qiymati trillionlab AQSh dollariga teng bo'lishi mumkin. Bolalar ta'limidagi yo'qotishlar o'nlab yillar davomida ularning umumiy farovonligi va mehnat unumdorligiga ta'sir ko'rsatishi mumkin. Ayni paytda pandemiya ta'limdagi tiklanish yuzasidan shoshilinch chora-tadbirlar ko'rishni talab qilish bilan birga, har qanday ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqish va sharoitlardagi bolalar bilim olishi va rivojlanishi uchun ta'limni qayta ko'rib chiqish va qayta tiklash uchun «noyob imkoniyatni» taqdim etganligi ta'kidlanadi. Jahon bankiga ko'ra , global ta'lim inqirozini uchta qadam bilan yengib o'tish mumkin — malakali o'qituvchilarni tayyorlash va jalb qilish, tizimni eng zamonaviy texnologiyalar bilan ta'minlash orqali o'qish va o'qitish sifatini yaxshilash, tizimda boshqaruvni kuchaytirish va uning samarali tashkil etilishini ta'minlash. Biroq bularning aksariyati, yuqorida ta'kidlanganidek, hukumat qarorlari va tizim bilan bog'liq omillar sirasiga kiradi. Ta'limda kutilgan natijalarga erishish birgina tizimga emas, aholi daromadlari, ta'limga nisbatan qarashlar, ota-onalar o'z bilimi va saviyasidan kelib chiqqan holda qabul qiladigan qarorlariga bog'liqligicha qolaveradi. Yuqorida keltirilgan tadqiqotlar natijalari, ilmiy dalillar hamda mutaxassislar tavsiyalaridan kelib chiqqan holda xulosa qilish mumkinki, ta'lim sohasini rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosati doirasida ishlab chiqilgan chora-tadbirlarga qo'shimcha ravishda quyidagi masalalarga e'tibor qaratish maqsadga muvofiq: 1. Birinchi navbatda, shahar va qishloq joylar ta'lim infrastrukturasida mavjud tafovutlarni imkon qadar qisqartirish orqali ta'limda tenglikni, jamiyatda barcha bolalarning bir xil shart-sharoitlarda ta'lim olishini ta'minlash zarur. 2. Daromadlar tengsizligini imkon qadar qisqartirish. Jamiyatda daromadlar tengsizligining kuchayishi quyi daromadli va yuqori daromadli oilalarda o'sgan bolalarning akademik natijalari orasidagi tafovutning kengayishiga, bundan tashqari, quyi daromadli oilalar farzandlarining oliy ta'limdagi ishtiroki darajasi pasayishiga olib keladi. Oqibatda, bilim va malakaning notekis taqsimlanishi kelgusida daromadlar notekis taqsimotining avloddan-avlodga o'tib borishiga sabab bo'lishi mumkin. Shuningdek, aholi daromadlarining oshishi bolalarning erta yoshdan mehnatga jalb qilinishi va maktabni tark etishining oldini oladi. 3. Jamiyatda ayollar faolligini oshirishda asosiy urg'u faqatgina ular orasida bandlikni ta'minlash va kasb-hunarga o'qitish masalalari bilan cheklanib qolmasligi kerak. Ayollarning farzand tarbiyasi va ta'lim olishi jarayonidagi ishtirokini hisobga olgan holda, ularning zamonaviy va professional bilim olishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish maqsadga muvofiq. Jahon banki ma'lumotlariga ko'ra, O'zbekistonda 16−29 yoshdagilarning 26,4 foizini mehnatda, ta'limda yoki professional tayyorlov kurslarida band bo'lmagan yoshlar (NEET) tashkil qiladi. E'tiborlisi shundaki, mamlakatda 16−29 yoshdagi ayollarning 44 foizi NEET yoshlar toifasiga kiradi. Bu shu yoshdagi erkaklar NEET darajasidan to'rt baravar yuqori. 4. Ta'limning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, jamiyat farovonligida tutgan o'rni va ahamiyatini , yetarli ta'lim darajasiga ega bo'lmaslikning potensial oqibatlarini aholiga chuqurroq yetkazish lozim. 5. Shuningdek, ota-onalar ish va shaxsiy hayot muvozanatini saqlashi , ijtimoiy masalalar, ish va boshqa kundalik yumushlardan holi tarzda farzandlariga yetarli darajada vaqt ajratishlari uchun zarur choralar va targ'ibot ishlarini tashkil etish foydadan holi bo'lmaydi. Muallifning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. | columnist |
Soliqlarni to'lashdan bo'yin tovlash va allaqachon hisoblangan soliqlarni to'liq to'lamaslik qanchalik yomon bo'lsa, iqtisodiyotdagi yashirin aylanma ham shunchalik yomon ekanligiga shubha yo'q. Hisoblangan soliqlarni to'liq to'lamaslik hatto ahmoqlik ham. Bularning barchasi, albatta, aniqlanishi, jilovlanishi hamda jazolanishi lozim. Shu bilan birga, har qanday hisoblangan soliqlarni to'liq hisobga olish va so'zsiz undirish Davlat soliq qo'mitasining (DSQ) vazifasi va bevosita majburiyati hisoblanadi (O'zbekiston Soliq kodeksining 27-moddasi). Buning uchun DSQda barcha huquq va vositalar mavjud. To'liq to'lanmagan soliqlarni majburan undirish bo'yicha huquq va vositalar ham shular jumlasidan (Soliq kodeksining 13−15-boblari). So'nggi paytlarda soliq ma'murchiligidagi yangiliklar, jumladan, ancha avval e'lon qilingan «risk-analiz» dasturi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 sentabrdagi 595-sonli qarori (asosiy qoidalari 2021 yil 22 dekabrdan kuchga kirgan) aynan yashirin aylanmani qisqartirishga qaratilgan. Biroq, yashirin aylanmaga qarshi to'g'ridek ko'rinayotgan chora-tadbirlar korxona rahbarlari va buxgalterlari orasida, shu jumladan, menda bahs-munozaralar, e'tirozlar va tushunmovchiliklarga sabab bo'ldi. Nima bo'ldi o'zi? Nazarimda, so'nggi yangiliklar bo'yicha «birinchi qo'l»dan izoh olishni istayotgan yolg'iz men emasman. Yangiliklar ko'p, biroq men faqat ikkitasi bilangina cheklanaman — « QQS bo'yicha soliq uzilishlari koeffitsiyenti» va QQS to'lovchi sertifikatining amal qilishini to'xtatib turish. Bizning kichik biznesimiz ofis jihozlarini ta'mirlash bilan shug'ullanadi va dunyoning bir qancha yetakchi ishlab chiqaruvchilari tomonidan tasdiqdan o'tgan. 22 dekabr kuni, mamlakatning boshqa ko'plab tadbirkorlari singari biz ham, elektron hisobvaraq-fakturaning standart shaklidagi yangi ustun — «QQS bo'yicha soliq uzilishlari koeffitsiyenti» ga ko'zimiz tushganida, hayron qoldik. Bizning holatimizda u 1,0 ga teng bo'lib, to'q qizil rangda aks ettirilgan edi. Kompaniya xodimlari bilan, ushbu yangilikning ommaviy axborot vositalari va buxgalteriya forumlaridagi muhokamalaridan shuni angladikki, to'q qizil rangdagi birlik — bu juda yomon ekan! Buning ustiga, korxonamiz amalda «soliq riskining past darajasi» maqomiga ega ( 2021 yil sentabrdan boshlab DSQ barcha korxonalar uchun risk maqomlarini belgilaydi ). 2021 yil 23 dekabrda Vazirlar Mahkamasining yuqorida qayd etilgan 595-sonli qarori kuchga kirdi, shuning uchun «koeffitsiyent»ning nima ekanligini yaxshiroq tushunish umidida uni yana bir bor sinchiklab o'rganib chiqdik, biroq qarorda u tilga olingan biror o'ringa duch kelmadik. Uchta risk guruhi haqida so'z yuritilgan, ammo «koeffitsiyent» va uni hisoblash haqida — hech qanday gap-so'z yo'q. Biz zudlik bilan Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasiga EHFdagi bunday «xunuk» rangning sababini izohlash yuzasidan so'rov yubordik. Va batafsil javobni 12 yanvar kuni oldik. Davlat soliq boshqarmasi «QQS bo'yicha soliq uzilishlari koeffitsiyenti»ning eng yuqori ko'rsatkichiga ega bo'lishimiz sababi yigirmadan ortiq uchinchi tomon kontragentlari bilan bog'liqligini ma'lum qildi (ushbu korxonalar ro'yxati ilova qilingan holda) — 2021 yil davomida o'z tadbirkorlik faoliyatimizni amalga oshirish maqsadida biz ulardan tovar va xizmatlar xarid qilganmiz. Davlat soliq inspeksiyasi xatida to'g'ridan-to'g'ri, mazkur korxonalar tomonidan budjetga to'langan QQS tasdiqlanmaganligi ko'rsatilgan. Shuning uchun, bizga «QQS uzilishi»ning shunday yuqori, to'q qizil darajasi munosib ko'rilgan. Xayolga kelgan birinchi narsa — bu korxonalarga qaratilgan achchiq va qattiq so'zlar bo'ldi, chunki yanvar oyi boshidayoq ikkita mijozimiz biz bilan ishlashdan bosh tortganliklari haqida xabar berishdi — to'q qizil «koeffitsiyent» bilan ular uchun «toksik» bo'lib qoldik. Ikkinchidan, paysalga solib o'tirmay, sanab o'tilgan barcha korxonalarni DSQning ma'lumot bazalarida tekshirib chiqdik. Xayriyatki, ular DSQning rasmiy veb-сайтиda очиқ joylashtirilgan. Natijada barcha kontragentlarimiz ( bittasidan tashqari ) to'liq «toza» ekanliklarini aniqlab, hayron qoldik ( va ular sha'niga aytilgan asossiz «epitetlardan» hijolat tortdim ). 14 yanvar holatiga ko'ra, kontragentlarimiz to'g'risida, mana, aynan nimani ko'rganimiz — DSQning barcha ma'lumotlar bazalari bo'yicha, ro'yxatda keltirilgan barcha korxonalar uchun : Faqat bitta korxona xuddi biz singari to'q qizil koeffitsiyentga ega va 424 ming so'mga yaqin QQS qarzdorligi mavjud edi (bundan tashqari, ushbu korxona davlat unitar korxonasi tashkiliy shakliga ega edi) . Birinchi savol shu yerda tug'ildi — «risk-analiz» dasturi «uzilish koeffitsiyenti»ni belgilash uchun ma'lumotni qayerdan oladi? Negaki, DSQning o'z ma'lumot bazasiga ko'ra, bu korxonalarning barchasi «toza» bo'lib chiqdi. Shuningdek, men ushbu sirli koeffitsiyentni hisoblashning metodologiyasi va dastlabki ma'lumotlarini hamda ular qayerda taqdim etilganligini bilmoqchiman. Chunki uning tavsifi va hisoblash metodlarini hech qayerdan, hech qanday me'yoriy hujjatdan topishning imkoni bo'lmadi. Va ikkinchi savol. «QQS bo'yicha soliq uzilishi koeffitsiyenti» qachon va qaysi hujjat bilan muomalaga kiritildi va, eng asosiysi, ushbu koeffitsiyent moliyaviy va soliq hisobotining asosiy shakllaridan biri bo'lgan EHF shakliga qaysi asosga ko'ra kiritilgan? Ko'rib turganingizdek, bunga faqat Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 avgustdagi 489-sonli qaroriga o'zgartirish/qo'shimchalar kiritish to'g'risidagi hukumat qarori asos bo'lishi mumkin. EHF shakli ushbu qarorning 2-ilovasida keltirilgan. Hukumat qaroriga har qanday o'zgartirish esa faqat hukumat qarori bilan kiritilishi mumkin. Vazirlar mahkamasining 489-sonli qaroriga oxirgi o'zgartirishlar 2021 yil 7 yanvar va 22 sentabrda kiritilgan. Bunda hech qanday koeffitsiyent haqida so'z yo'q. Shunday qilib, agar Vazirlar Mahkamasining qaroriga o'zgartirish/qo'shimchalar kiritishning qonuniy tartibiga rioya qilinmagan bo'lsa ( o'zgartirishlar hali hech qayerda aks ettirilmagan ), unda yangi «koeffitsiyent» ustuni noqonuniy hisoblanadimi? DSQ va Adliya vazirligining hurmatli huquqshunoslari, sizning fikr-mulohazalaringizni bilishni juda xohlar edim. Vazirlar Mahkamasining 595-sonli qarori mazmun-mohiyatining ayrim tafsilotlariga e'tibor qaratishni lozim deb topdim. Uning 1-ilovasi bilan QQS to'lovchilarni hisobga olish to'g'risidagi yangi nizom tasdiqlandi. Shu bilan birga, amaldagi , DSQning o'zi tomonidan tasdiqlangan (Adliya vazirligida 2020 yil 2 mayda 3232-son bilan ro'yxatga olingan) xuddi shunday nizom bekor qilinmagan. Natija — bitta protsedura bo'yicha ikkita har xil hujjat. Vazirlar mahkamasining 595-sonli qaroridagi yangi tartibning «eski"sidan asosiy farqi shundaki, yangisi soliq to'lovchilarni soliq risklari va bu risklarning oqibatlariga ko'ra uch darajaga tasniflashni joriy qiladi. Ularning eng «dahshatli» belgilari ( «yuqori risk darajasi» ) 1-ilovaning 16-bandida ko'rsatilgan. Unda 13 ta xususiyat sanab o'tilgan bo'lib, ularning istalgan bittasiga ega bo'lgan korxona yuqori risk guruhiga kiritiladi. Biroq o'n uchtadan faqat ikkitasigina soliqlarning aynan shu korxona tomonidan to'lanishi ( yoki to'lanmasligi ) bilan bog'liq ( bu nyuansni eslab qoling, bir necha paragraflarda kerak bo'ladi ). 20-bandda aytilishicha, 13 ta belgining istalgan bittasiga asoslangan «yuqori risk darajasi» QQS to'lovchi sifatida ro'yxatdan o'tishni rad etishga olib keladi. Bir qarashda tushunarli mezondek — har qanday shubhali korxonalardan voz kechish. To'g'ri, bu Soliq kodeksining 237 va 461-moddalariga mos kelmaydi , bunda aylanmasi 1 milliard so'mdan ortiq bo'lgan har qanday yuridik shaxs qo'shilgan qiymat solig'i to'lovchisi bo'lishga majbur. Majbur! Va buning uchun ro'yxatdan o'tish kerak. Biroq Vazirlar mahkamasining 595-sonli qaroriga 1-ilovaning 20-bandiga binoan, DSQ buni rad etishi mumkin. Soliq kodeksida bunday ro'yxatdan o'tishni rad etish imkoniyati va sabablari haqida hech qanday eslatma topa olmadim. Bunda men turli darajadagi normativ hujjatlar (kodeks darajasi hukumat qarori darajasidan yuqori ) o'rtasidagi huquqiy ziddiyat va qarama-qarshilikka duch keldim. Shu bo'yicha ham DSQ va Adliya vazirligi huquqshunoslarining fikr-mulohazalarini bilishni xohlar edim. Lekin bu hali hammasi emas. Ko'rib chiqilayotgan 1-ilovaning 31-bandiga ko'ra, «yuqori risk darajasi» belgilari nafaqat soliq to'lovchini ro'yxatga olish bosqichida, balki amaldagi , ilgari ro'yxatdan o'tgan to'lovchilar uchun ham amal qiladi. Bundan tashqari, kundalik monitoring rejimida (32-band). Ya'ni, bu Davlat soliq qo'mitasiga QQS to'lovchi sertifikatining amal qilishini to'xtatib turish huquqini beradi — va buning oqibatida kontragentlar uchun ham QQSni hisobga olish rad etilishi mumkin! Biroq Soliq kodeksiga ko'ra, QQSni hisobdan olishni bekor qilish uchun birgina sabab mavjud — bu qalbaki yoki ko'zbo'yamachilik uchun tuzilganligi isbotlangan bitim (Soliq kodeksining 266-moddasi oxirgi bandi). Turli darajadagi huquqiy hujjatlar o'rtasida yana qarama-qarshilikka duch kelinmayaptimi? ( kodeks darajasi Vazirlar mahkamasi qarori darajasidan yuqori ). Bir qarashda ushbu yangilikni joriy etishda muayyan mantiq bor: agar kimdir budjetga QQS bo'yicha o'z ulushini kamroq to'lagan bo'lsa, bu ulushni kontragent uchun ham hisobga olishga asos yo'q. Lekin mohiyatan bu mantiq rasmiy, «arifmetik»: pul yo'q — hisobga olish yo'q. Va bu yondashuvda nimadir chalkash, nimadir noto'g'ri. Masalan: pul nega «yo'q»? Keling, endi nizomga muvofiq va huquqiy mantiqni ko'rib chiqamiz. «Pul»ni kim to'lashi kerak va «nishonni uchinchi shaxsga yo'naltirish» qonuniy jihatdan qanchalik asosli? Takror aytaman, DSQning yashirin aylanma va soliq to'lashdan bo'yin tovlashga qarshi mutlaq adolatli kurashini so'zsiz olqishlayman . Lekin bu «adolatli» kurash doirasida DSQ vijdonli soliq to'lovchiga shunday deydi: sizning kontragentingiz qayerdadir qoqildi, «yuqori risk» toifasiga tushib, QQS to'lovchi maqomini yo'qotdi. Shuning uchun, siz [u tomonidan to'lanishi kerak bo'lgan] QQSni o'z hisobingizga ololmaysiz , balki uni to'liq o'zingiz to'laysiz ( xo'sh, nima qipti, buning sizga nima zarari bor? ). Bu kontragent aslida nima sababdan QQS to'lovchi maqomini yo'qotdi: aynan soliq to'lamaganlik uchunmi yoki boshqa sabablarga ko'ra? Afsuski, bunisi muhim emas ko'rinadi. Garchi yana «boshqa» 11 ta sabab mavjud bo'lsa ham (13 tadan). Nahotki bu mantiqiy va to'g'ridek ko'rinayotgan bo'lsa? Nihoyat, uchinchi savol ochildi. Soliq idoralari to'lanmagan soliqlarni «qahramon»ning o'zidan undirib olishga urinib ko'rishganmi? O'sha to'lamaganlarning o'zidan. Maqolaning boshida yozganimdek, bu DSQning vazifasi va bevosita majburiyati hisoblanadi (Soliq kodeksining 27-moddasi). Va DSQ aybdordan soliqlarni majburan undirish uchun barcha huquq va vositalarga ega! Huquqiy mantiq aynan shu yerda: o'z jinoyati uchun javobgarlikni aybdorning o'zi zimmasiga oladi va uning javobgarligini boshqa shaxsga o'tkazish mumkin emas. Hozirgi vaziyatda moliyaviy majburiyatni aybdorga tashkiliy jihatdan mutlaqo aloqador bo'lmagan uchinchi shaxsga yuklash — bu qonunchilik va soliq amaliyotida mutlaqo yangi, biroq ilg'or so'zdek ko'rinadi ( men ushbu yangilik mualliflari jamoasi tarkibini e'lon qilishni taklif etishni istardim, lekin bunday qilmayman ). Taxminlarim va shubhalarim o'rinsiz bo'lib chiqsa, xursand bo'laman. Hurmatli vakolatli davlat organlari, marhamat qilib, oydinlik kiritsangiz. P.S. Shuningdek, Soliq kodeksiga muvofiq vakolatli bo'lganlar tomonidan kiritiladigan QQSni hisobga olish bo'yicha cheklovlar hamda QQSni qaytarish bo'yicha cheklovlarning oqibatlari haqida o'z fikrimni bildirmoqchiman. — QQS bilan soliqqa tortishning boshqa shakllari ( masalan, yagona soliq yoki aylanma solig'i ) o'rtasidagi asosiy va prinsipial farq — bu mahsulot ( tovar / xizmatlar ) bo'yicha umumiy soliq yukini ushbu mahsulotning butun ishlab chiqarish zanjiri bo'ylab ushbu mahsulotga qo'shilgan qiymat bilan mutanosib ravishda taqsimlashdir . Soliqlarni taqsimlash kiritilgan QQSni «hisobga olish» mexanizmi orqali amalga oshiriladi. Bu ishlab chiqarish zanjirining har bir ishtirokchisiga va natijada yakuniy mahsulotga soliq yukini oqilona va adolatli tarzda kamaytirish imkonini beradi. Aynan shu nuqtai nazardan QQS tizimi dunyoning aksariyat mamlakatlarida qo'llaniladi. — Biroq kiritilgan QQSni hisobga olishga ruxsat etilmas ekan , u zanjirning har bir bosqichida 13% aylanma solig'iga aylanadi ( yagona soliq yoki aylanma solig'i stavkalarini solishtirib ko'ring — 5%, 4% ). Buning natijasi kundek ravshan — yakuniy mahsulot tannarxi qabul qilib bo'lmaydigan darajagacha ko'tarilib ketadi . Natijada korxonada ishlab chiqarish hajmi qisqarishi va uning budjetga to'lovlari ham, o'z navbatida, kamayishi mumkin. Eksportyorlar uchun esa QQSni qaytarishni cheklash eksport hajmini kamaytirishi mumkin. Va, tabiiyki, valyuta tushumlarining kamayishi, tashqi savdo balansi saldosining yomonlashishi kuzatiladi va… Milliy valyuta kursi haqida nima deyish mumkin? Ehtimol men bo'rttirib yuborgandirman, lekin bunday tushkun ssenariy ehtimolligini Markaziy bank va Moliya vazirligi ko'rib chiqa qolsin. Ularga yaxshiroq ko'rinadi … Vladimir Srapionov — Toshkentdagi korxonalardan birining direktori. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin. Ushbu maqola «Gazeta.uz»ning rus versiyasida 26 yanvar kuni soat 20:59 da e'lon qilingan edi . 27 yanvar kuni soat 09:36 da Davlat soliq qo'mitasi matbuot xizmati ushbu maqolaga qo'mita mutaxassislari javob berishini ma'lum qildi . | columnist |
So'nggi paytlarda yangiliklarda ta'lim, sog'liqni saqlash, bolalar bog'chalari, gaz taqsimlash tarmoqlari, shahar ma'muriyati va h.k.larda mablag'larni o'zlashtirish va talon-taroj qilish to'g'risida xabarlar ko'payib bormoqda — birgina shu yilning yanvar oyida bu kabi o'nlab xabarlarga ko'zimiz tushdi. O'tgan yil davomida Davlat moliyaviy nazorati xizmati tomonidan katta miqdordagi — 246 milliard so'mlik o'zlashtirish holatlari aniqlandi ! Odatda bunday holatlarning sababi mansabdor shaxslarning — joylardagi hokimiyat vakillari va davlat kompaniyalarining beparvoligi va shaxsiy manfaatdorligidir. Biroq, ehtimol, bundan ham ko'proq zarar professionallik darajasining yetishmasligi va davlat boshqaruvining nomuvofiqligi tufayli kelib chiqayotgandir, balki, bundan yuqori darajani o'rganib, aynan o'sha yerdagi «ofat darajasini» baholash kerakdir. O'tgan yil oxirida iqtisodchi Yuliy Yusupov mening tezislarimni qo'llab-quvvatlab, O'zbekistonda xususiy mulkni himoya qilish bilan bog'liq keng ko'lamli muammolarga e'tibor qaratgan maqolalarimdan biriga ijtimoiy tarmoqlarda bergan izohidan so'ng, parlamentning Qonunchilik palatasining ba'zi deputatlari ushbu dalillarga keskin munosabat bildirishdi. Deputatlardan biri maqoladan «bugungi kunda davlat eng korrupsiyalashgan organ degan taassurot kelib chiqadi» deb yozgan. Ming afsuski, bu shunchaki «taassurot» emas, balki O'zbekistonga investitsiya jalb qilishga halaqit beradigan ko'rinib turgan fakt. Faqatgina 2019−2020 yillarda va 2021 yil yanvarida davlat majoritar aksiyalar paketi egasi sifatida qilgan hatti-harakatlari va hukumat qarorlari tufayli mahalliy kompaniyalarning minoritar aksiyadorlariga yetkazilgan zarar kamida 1,49 trillion so'mni tashkil etdi (hisoblash metodologiyasi quyida keltirilgan). Va bu faktlar talon-taroj, jinoiy fitna yoki boshqa turdagi jinoyatlarga taalluqli emas (har holda, odamning shunga ishongisi keladi) — ularning barchasi hukumat qarorlari, Prezident farmonlari va qarorlari, kompaniyalar aksiyadorlari umumiy yig'ilishlarining qarorlari va boshqa zarur hujjatlar bilan asoslangan. Kapital bozori rivojlanishi, mulkchilik huquqi instituti, mamlakat investitsion muhitining rivojlanishining bu kabi fojeali zarbaga uchrashi sababi — kompaniyalar va hujjatlar loyihalarini tayyorlovchi vazirliklar / boshqarmalar rahbariyatining oddiy bozor tushunchalariga ega emasligi, bozor va iqtisodiyotning umumiy qonunlari bilan bir qatorda o'zimizning «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida"gi, «Qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risida"gi qonunlarni bilmasliklarida bo'lgandek tuyuladi. Bundan tashqari, bunday qarorlar Prezidentning 2020 yil 19 maydagi «Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda Adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida» gi farmoniga zid, unda 2020 yil 1 iyuldan boshlab xo'jalik boshqaruvi vakolatiga kiruvchi masalalarni va korporativ munosabatlarni ikkilamchi qonunchilikni qabul qilish yoki ma'muriy usullar orqali tartibga solish taqiqlanadi. Keling, dekabr-yanvar oylari uchun bir nechta misollarni ko'rib chiqaylik. «O'zbekgeofizika» AJ o'z kapitalini 3,7 barobardan ziyod oshirib, qariyb 159 milliard so'mlik yangi aksiyalar chiqarishga qaror qiladi . Barcha aksiyalar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) foydasiga kompaniyaning O'zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi oldidagi (O'TTJ) qarzini hisobdan chiqarish yo'li bilan taqsimlanadi. Shu bilan birga, aksiyadorlik kapitali (ya'ni, bitim tuzish paytida bitta aksiyaga tushadigan sof aktivlarning qiymati) 3520 so'mni (kompaniya 1957 yildan beri ishlab kelmoqda, ustav kapitalidan tashqari 700 mlrd so'mga yaqin foyda olgan va bu foyda aksiyadorlarga tegishli, shu jumladan minoritar aksiyadorlarga ham) tashkil qilib turgan bir paytda joylashtirish har bir aksiya uchun 286 so'mlik aksiyalarning nominal qiymati bo'yicha amalga oshiriladi. Bitimdan keyin bu ko'rsatkich 3520 so'mdan 944 so'mgacha pasayadi. Shunday qilib, har bir aksiya o'zining balansidagi 2576 so'mni yo'qotadi va minoritar aksiyadorlarga yetkazilgan umumiy zarar 95,6 milliard so'mni tashkil qiladi. Ammo aksiyadorlar qanday qilib bunday qarorni qabul qilishlari mumkin edi? Nazarimda, bu yerda «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida"gi qonunning 28, 40, 41, 58, 60-moddalari qo'pol ravishda buzilgan. Bunday vaziyatda, DABA ushbu masala bo'yicha ovoz berish huquqiga ega emas edi, chunki u bitimda manfaatdor tomon edi va qarorni minoritar aksiyadorlar qabul qilishi kerak edi. Qoidabuzarliklarni oldini olish va bitimni minoritar aksiyadorlarning manfaatlarini hisobga olgan holda amalga oshirish mumkinmidi? Albatta! Agar biz bozor mexanizmlaridan foydalansak, ya'ni joylashtirishni bozor qiymatida yoki hech bo'lmaganda sof aktivlar qiymatida baholasak va amalga oshirsak yoki bunday qarorga qarshi bo'lgan minoritar aksiyadorlarga aksiyalarni bozor narxida yoki aksincha, unga qo'shimcha mukofot bilan qayta sotib olishni taklif qilinsa, buning imkoni bor, shunda kamaygan hissa «faqatgina» 1,78 martani tashkil etgan bo'lar edi. Yoki ushbu qaroroga qarshi chiqqan, rozi bo'lmagan minoritar aksiyadorlarga aksiyalarni bozor narxida sotishni yoki unga premiya bilan sotishni taklif qilish mumkin. Eng so'nggi yo'li esa, agar minoritar aksiyadorlarni ishontirishning iloji bo'lmasa va kompaniya ushbu qarzlarni O'TTJga to'lay olmasa, bankrotlik jarayoni va aktivlarni sotish qonuniy yo'llar bilan boshlanganda, aksiyadorlar o'z ulushlarini mulkda yoki uni sotishdan tushadigan mablag'larda olishlari mumkin edi. Shunga o'xshash yana bir misol. Olmaliq TMK davlatning kapitaldagi ulushini birinchi navbatda kapitalga «Kizilkumskiy fosforitnыy kompleks» MCHJdagi ulushni qo'shish orqali 284 milliard so'mga, keyin esa 1 trillion so'mdan ziyod oshirmoqda . Minoritar aksiyadorlarga yetkazilgan zarar kamida bir necha yuz milliard so'mni tashkil etadi, chunki har bir aksiya uchun kapital 243 ming so'mdan 52 ming so'mgacha kamaydi. Va yana kompaniyaning aksiyalari bozor qiymatida emas, balki nominalda baholanadi (shuni ta'kidlash kerakki, qo'shilgan MCHJning mulki ham nominalda baholanadi, ammo OTMK aktivlari qiymati alohida bo'linmaga qaraganda ancha yuqori). Oldingi maqolada men «O'zbekiston pochtasi» AJ uchun shunga o'xshash bitimlarning yana bir turini keltirgan edim: kompaniya kapitaliga pul qo'shadigan kompaniyalar ro'yxati mavjud, ammo mohiyati yana bir xil — aksiyalar qiymati to'plangan daromad va zararni hisobga olmagan holda va bozor bahosisiz, nominal bilan baholanadi. Shuningdek, banklarga O'TTJ kreditlarini ushbu banklarning aksiyalariga ayirboshlash va davlat tomonidan davlat banklarining jami 10 trillion so'mdan ortiq mablag'ga kapitallashtirilganigi kabi boshqa holatlarni esga olish mumkin. Qo'p xollarda aksiyalarning bozor qiymati nominal qiymatiga qaraganda pastroq bo'lgan, bunda davlat rasman «ortiqcha to'lagan», lekin banklarning xar bitta aksiyasiga to'g'ri keladigan kapital ancha yuqori bo'lgan va minoritar aksiyadorlarga zarar yetkazilgan, qaror yana manfaatdor majoritar tomonidan qabul qilingan. Afsuski, ushbu odatga aylangan amaliyot kapital bozorini rivojlantirish, investitsion muhitni yaxshilashga qaratilgan sa'y-harakatlarning muhim qismini qadrsizlantiradi, chunki potensial investorlar ushbu amaliyotdan noroziliklarini yashirmaydilar, bundanda achinarlisi davlat organlarining o'z qonunlari va harakatlari o'rtasidagi nomutanosibligi, hujjatlar iyerarxiyasiga hurmatsizlik, qaror yoki farmon yuqori maqomdagi hujjat — qonunga zid bo'lsada, hanuzgacha ularning ijro etib kelinishidir. Ko'rinib turganidek, muammolar qonuniy yo'llar bilan hal qilinishi mumkin bo'lgan oddiy vaziyatlarda yuzaga keladi. Ha, davlat va kompaniyalar aksiyalarni sotib olish yoki sotib olingan aksiyalarni bozor narxida baholash va kompaniyaning kichikroq ulushini olish uchun pul sarflashlari kerak edi, biroq, bu pul aksiyadorlarga, aksariyati kompaniyalar ishchilari, nafaqaxo'rlar va boshqalarga o'tardi. Bu milliy boylikni o'z fuqarolari va bozorni rivojlantirish istiqbollariga ishonadigan investorlar o'rtasida shaffof ravishda taqsimlashning eng samarali usullaridan biri emasmi? Muallif 2019−2020 va 2021 yil yanvar oylari uchun 35 ta aksiyalar emissiyasini tanladi, unda davlat yoki davlatga tegishli kompaniyalar va tashkilotlar minoritar aksiyadorlarning ulushini bozor qiymatining o'rniga nominal qiymatidan foydalanib, kamaytirgan holda kompaniyalarning ustav kapitalini oshirgan (barcha holatlarda nominal qiymati kompaniyaning keyingi chorak moliyaviy hisobotlariga ko'ra kompaniyaning sof aktivlari qiymatidan past bo'lgan va ko'pincha «Toshkent» RFB AJ ma'lumotlariga ko'ra olingan bozor qiymatlaridan bir necha baravar past bo'lgan). Ko'p hollarda, ushbu qaror davlat ulushi bo'yicha ovozlar hisobiga qabul qilingan, bu manfaatlar to'qnashuvining aniq belgisi va bitimni «manfaatdor tomon bitimi» sifatida belgilash omili bo'lib, tasdiqlangandan so'ng manfaatdor (ya'ni davlat) aksiyador ovozlarini hisobga olmaslik kerak («Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida"gi qonunning 60-moddasi). Zarar minoritar aksiyadorlarning o'z kapitalidagi ulushi (sof aktivlar miqdori) sifatida ularning aksiyalarini kamaytirish faktidan oldin va keyin hisoblab chiqilgan. Shuni ta'kidlash kerakki, har bir kompaniyadagi minoritarlar ulushiga oid aniq ma'lumotlar ochiq emas, shuning uchun hisob-kitoblar bilvosita manbalar — minoritarlar aksiyalarining so'nggi ma'lum soni, aksiyadorlar yig'ilishidagi minimal kvorum va boshqalar yordamida amalga oshirilgan. Xuddi shunday, emissiya ro'yxatdan o'tkazilgan paytdan boshlab ustav kapitali miqdorida noaniqliklar bo'lishi mumkin, chunki emissiyaning to'liq shakldagi barcha prospektlaridan ochiq foydalanish imkoni mavjud emas. Ta'kidlash lozimki, ko'plab emissiyalar bo'ylab aniq parametrlarni, narxni aniqlash usulini va boshqalarni belgilash qiyin bo'ldi, shuning uchun ular hisob-kitoblarga kiritilmagan, ammo katta ehtimol bilan mazkur emissiyalarni hisobga olgan holda, zarar miqdori ancha yuqori bo'lishi mumkin. Bundan tashqari, bunday emissiyalarning sezilarli hajmi oldingi 5−10 yil ichida yuz berishi mumkin edi. Bundan tashqari, hisoblash shunga o'xshash operatsiyalarning boshqa turlarini o'z ichiga olmagan, masalan, baholash xulosalariga ko'ra aksiyalarning haqiqiy bozor qiymati o'nlab va yuz baravar yuqori aktivlarni kompaniyadan ularning balans qiymati bo'yicha olib qo'yilishi (misollar: «Toshkent mexanika zavodi» AJ , «Andijon Tajriba-Sinov zavodi» AJ , BGSK AJ , «O'zbekgeofizika» AJ va boshqalar) yoki kompaniya daromadini minoritar aksiyadorlarga taqsimlamasdan uni tugatish (TTZ AJ, «O'zqishloqxo'jalikmash-xolding» AJ va boshqalar). Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. | columnist |
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Umarov , TDPUning O'zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri Valeriy Xan va Madaniyat vazirligining Investitsiyalarni jalb qilish va madaniy turizmni rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Gulasalxon Saidmavlonova «aql markazlari» nima va ular rivojlangan mamlakatlarda qanday rol o'ynashi haqida maqola yozishdi. Biz raqamli inqiloblar va yangi dunyo tartibi qurilayotgan, yangi muammolar va tahdidlar paydo bo'layotgan davrda yashayapmiz. Dunyo tobora mavhumlashib bo'lib bormoqda. Bu global ta'sir ko'rsatuvchi masalalarga, masalan, COVID-19 oqibatlari yoki Qo'shma Shtatlardagi ma'muriyatning o'zgarishiga va har bir inson uchun alohida ahamiyatga ega bo'lgan savollarga ham tegishli: 10 yildan so'ng bugungi kunda dolzarb bo'lgan kasblar kerak bo'ladimi? Kim ishonchli va aniq javob beradi oladi? Amaldagi hukumatlar, korporatsiyalar, partiyalar va siyosatchilar ma'lumotlarning qor ko'chkisi kabi ko'payib borishi sababli tez va bir vaqtning o'zida samarali qaror qabul qila olmaydilar. Davlat arboblari, siyosatchilar va siyosiy partiyalar haqida gap ketganda, ular juda ko'p vaqtni talab qilishi mumkin bo'lgan chuqur va puxta tahlil qilish zaruriyati hamda axborot va voqealarga har kuni tezkor javob qaytarish zaruriyati «iste'mol qaychisi» o'rtasida turadilar. Siyosatchilar o'z faoliyatini quradigan vaqt oralig'i saylov muddati bilan belgilanadi; boshqacha qilib aytganda — keyingi saylov kampaniyasigacha. 2003 yilda Gerxard Shrederning kanslerlik idorasi rejalashtirish bo'limining sobiq rahbari Volfgang Novak siyosatda «kelajakka yo'naltirilgan fikrlashning qashshoqlashuvi» haqida gapirgan edi . Turli darajadagi davlat va siyosiy tuzilmalar maqbul siyosiy qarorlarni qabul qilish va mutaxassislarning ilmiy asoslangan tavsiyalari asosida uzoq muddatli faoliyat ko'rsatmalarini izlash uchun tobora ko'proq «fikrlar fabrikasi»ga (think tanks) murojaat qilishmoqda. Bugungi kunda, hatto hukumatlar ham o'zlarining ma'muriyatlarining iqtisodiy bashoratlariga emas, think tanks tavsiyalariga suyanadilar. Bunda sayyoramizning aql markazlari mamlakat, siyosiy partiyalar va jamoatchilik uchun g'oyalar ta'minotchisidirlar. «Think tanks» («aql markazlari», «aql trestlari», «fikrlar fabrikalari») — bu xususiy manbalar yoki davlat tashkilotlari tomonidan moliyalashtiriladigan, amaliyotga yo'naltirilgan ekspert-tahliliy institutlar va markazlar bo'lib, ularning asosiy vazifalari tadqiqot, dalillarga asoslangan sharhlar, muayyan ijtimoiy va siyosiy ahamiyatga molik mavzular hamda loyihalar bo'yicha tavsiyalar va tahlillardir. Eng kuchli aql markazlari sanoati rivojlangan mamlakatlarda joylashgan. Ularning yordami bilan ushbu mamlakatlarning rivojlanishi eng yaxshi trayektoriyalar bo'yicha amalga oshiriladi. Bugungi kunda dunyoning 180 dan ortiq mamlakatlarida 7000 ga yaqin aql markazlari mavjud bo'lib, ularning aksariyati AQSH, G'arbiy Yevropa, Hindiston, Xitoy, Rossiya, Yaponiyada joylashgan. Aql markazlari jamiyatdagi jarayonlarga va davlatning siyosiy tuzilmalariga bevosita ta'sir ko'rsatishidan kelib chiqib, ekspert va tahlil markazlari sohasidagi yetakchi ekspert Jeyms Makgann ularni siyosiy qarorlarni qabul qilishga ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan qonunchilik, ijro etuvchi, sud hokimiyati va OAVdan keyin «beshinchi hokimiyat»ga tenglashtiradi . Nega bo'lmasin? Agar yigirmanchi asrning ikkinchi yarmi va hozirgi asrni oladigan bo'lsak, unda global va mahalliy ko'plab muhim siyosiy qarorlar ortida aql markazlari turibdi. Qo'shma Shtatlardagi zamonaviy siyosiy adabiyotga murojaat qilishning o'zi kifoya: unda siz u yoki bu Amerika ma'muriyati qarorlari qanday tayyorlangani jarayoni va bunda tahlil markazlari qanday rol o'ynagan, siyosatda, iqtisodiyotda va xalqaro maydonda qanday oqibatlarga olib kelgani bilan deyarli qadam-baqadam tanishasiz. «Aql markazi» atamasi birinchi bo'lib 19−20-asrlarning boshlarida «miya» so'zi uchun britancha jargon sifatida paydo bo'lgan. Ikkinchi Jahon urushi paytida u Qo'shma Shtatlarning harbiy jargoniga kirib, «fikrlash uchun himoyalangan xonalar» («tanklar» so'zining kelib chiqishi ham shundan) degan ma'noni anglatgan, unda generallar va fuqarolik mutaxassislari, dushman josuslaridan germetik himoyalangan holda harbiy harakatlarni tinchgina muhokama qilishlari va tegishli qarorlar qabul qilishlari mumkin bo'lgan. Keyinchalik, ushbu atamaning mazmuni butunlay o'zgartirildi. Gap bugun hech kim tanklarda o'tirmasligida ham emas. Ikkinchi jahon urushidan farqli o'laroq, zamonaviy tahlil markazlari qaror qabul qilmaydi. Ularda mumkin bo'lgan yechimlar va ularning oqibatlari ishlab chiqiladi, tahlil qilinadi va baholanadi. Bu qaror qabul qilish markazlari emas, balki tahlil markazlaridir . Faqatgina 50 yillarning oxiriga kelib, ushbu atama ijtimoiy ahamiyatga ega (siyosiy, iqtisodiy va h.k.) muammolarni hal qilish uchun maslahat va g'oyalar beradigan intizomlararo tuzilishga ega ilmiy-tadqiqot muassasalari yoki mutaxassislar guruhlarini bildiruvchi tushuncha sifatida ishlatila boshlandi. «Aql markazlari» paydo bo'lishidan oldin ularning zamonaviy ko'rinishida idoraviy kengashlar, siyosiy va iqtisodiy maslahatchilar, hukumatlar huzuridagi axborot-tahlil markazlari va boshqalar mavjud edi. Ular tomonidan berilgan konsultatsiyalar yopiq ma'ruzalar shaklida taqdim etilgan (ular bugun ham XDFU shaklida mavjud: xizmat doirasida foydalanish uchun). Biroq, hukumat qoshidagi tahlil markazlari jiddiy kamchilikka ega edilar: hukumat harakatlariga yashirinmagan sodiqlik, amaldagi siyosatni tanqidiy tushunishning past darajasi va buning natijasida cheklangan tavsiyalar to'plami (ularda ushbu siyosatni tubdan o'zgartirish uchun tavsiyalar prinsipial berilmas edi). Ertami-kechmi dunyoning barcha mamlakatlarida bunday tavsiyalar FIKining (foydali ish koeffitsiyenti) pastligi har qanday qaror va har qanday siyosatni tanqidiy baholashga qodir bo'lgan kuchli intellektual salohiyatga ega mustaqil markazlarni yaratish zaruriyatini keltirib chiqarardi. Aniq tashxis, manfaatlardan qat'iy nazar, qimmatlashdi va unga bo'lgan talab kuchaydi. Bu xuddi tibbiyotda bo'lgani kabi: aniq va to'g'ri tashxis bo'lmasa (qanday bo'lishidan qat'iy nazar), to'g'ri muolaja ham bo'lmaydi va demakki, tuzalish ham bo'lmaydi. Hukumat qarorlarini baholash uchun buyurtmachilar nafaqat moliya kompaniyalari va muxolifatdagi siyosiy partiyalar, balki hukumat tuzilmalarining o'zi ham bo'lib, nafaqat ularning siyosatini qo'llab-quvvatlash, balki ularni tanqidiy tahlil qilish uchun ham xizmat qilishgan. Shunday qilib, hukumatning o'zi o'z faoliyatining betaraf tahlilini buyurtma qilib, o'ziga qarama-qarshilik yaratardi. Bu davlat organlari bekinmachoq yoki sukut saqlash o'ynamaydigan, ammo jamiyat oldidagi mas'uliyatini hiq siladigan demokratik jamiyatda bo'lishi mumkin va hatto zarur bo'lib qoldi . Albatta, rivojlangan mamlakatlarda ham bu kabi markazlar ideal emas — korporatsiyalar, o'zlarining farovonliklari jamoatchilik farovonligidan muhimroq bo'lgan siyosatchilar va davlat arboblari bor, ular ijtimoiy ahamiyatga ega ma'lumotlarni ommadan yashirishadi, ammo shuning uchun ham jamoatchilik muammolarini ko'taruvchi va ochiq gapiruvchi «aql markazlari» mavjud. Think tanks sof akademik institutlardan farqli o'laroq, ilm-fan va jamiyatni bir-biriga bog'lab turadi yoki Qo'shma Shtatlardagi «aql markazlari» haqidagi kitobda ta'kidlanganidek, «Ushbu muassasalar ko'pincha davlat va fuqarolik jamiyati o'rtasidagi siyosatni aniqlashtiruvchi hamjamiyat va akademik hamjamiyat orasidagi ko'prik vazifasini bajaradi. Ular amaliy va asosiy tadqiqotlarni siyosatchilar va jamoatchilik uchun tushunarli, ishonchli bo'lgan tilga tarjima qiluvchi mustaqil ovoz sifatida jamoat manfaatlariga xizmat qiladi». Mustaqil ekspert-tahlil markazlarining paydo bo'lishiga, shuningdek, yopiq tavsiya beruvchi idoraviy markazlar sababli muhim ma'lumotlarning boshqa bo'limlarga, jamoatchilikka yetkazilmasligi, yopiq holda qolishiga olib kelganligi ham turtki bo'ldi va bu jamiyat uchun jiddiy oqibatlarga olib keldi. Vaqt o'tishi bilan «aql markazlari» siyosiy elitaning tegirmoniga aylandi. Ko'plab tahlilchilar yetakchi siyosatchilarga, prezident ma'muriyatining mas'ul a'zolariga, va aksincha, ko'plab siyosatchilar ish faoliyatlarining so'ngida professorlar, maslahatchilar va yetakchi aql markazlarining faxriy a'zolariga aylanishdi. Uzoq vaqt davomida mamlakatda analitika (tahlil)ning holati aytarli yaxshi emas edi. Bunga ta'lim va malakali kadrlar tayyorlash darajasi, ochiq yoki yopiq senzura, taqiqlangan mavzularning mavjudligi, nashrlar ustidan nazorat, oldindan belgilab qo'yilgan tadqiqotlar va amaldagi hukumat siyosatini qo'llab-quvvatlashga yo'naltirilganlik, xorijiy tashkilotlar bilan aloqalarning cheklanganligi, yuqori hokimiyat organlari oldida hisobdorlik, ishonchli empirik ma'lumotlarning yetishmasligi, ish haqining pastligi, xodimlar almashinuvi va aqliy salohiyatning yetishmasligi o'z ta'sirini ko'rsatdi. Dunyo miqyosidagi aql markazlarining eng nufuzli reytinglarini tuzuvchi Pensilvaniya universiteti dasturi (The Global Go-To Think Tanks Index) ma'lumotlariga ko'ra , O'zbekistonda think tanks deb tan olingan 12 ta tahlil markazlari mavjud. Bular davlat tashkilotlari — O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (ISRS), Prezident administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CER), Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik va parlament tadqiqotlari instituti, strategik tahlil va prognozlash oliy maktabi, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi (sobiq Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti — FJSHMQMI), «Siyosiy tadqiqotlar markazi» (CPS), «Taraqqiyot strategiyasi» markazi, «Tahlil» ijtimoiy tadqiqotlar markazi, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlari — Iqtisodiy rivojlanishni targ'ib qilish markazi (CED), «Bilimlar karvoni», «Ma'no» tadqiqot tashabbuslari markazi va boshqalar. Ushbu markazlarning hech biri, 2019 yil tahlillariga ko'ra, dunyoning eng yaxshi 175 ta tahlil markaziga yoki AQSH tashqarisidagi eng yaxshi 155 ta markazning reytingiga kirmagan. Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlaridagi eng yaxshi markazlarning ro'yxatiga 63ta tashkilot kirdi. Ro'yxatga O'zbekistondan atigi 4 ta markaz kirgan: CER (10), CPS (22), ISRS (26), Tahlil Ijtimoiy tadqiqotlar markazi (33). 2017 yil yakunlari bo'yicha O'zbekistonning «Taraqqiyot strategiyasi» markazi «2017 yilning eng yaxshi yangi aql markazi» nominatsiyasi bo'yicha eng yaxshi elliktalikka kirdi. Bizda tahlil markazlari bor va ularning soni ko'payishi mumkin, ayniqsa, mamlakat prezidenti aql markazlariga urg'u berganidan so'ng. Ammo ularning sifati ta'minlanadimi? Bizning markazlarimizning xalqaro reytingda ko'tarilishlariga, pirovardida, mamlakatning axborot-tahliliy makonida o'z o'rnini egallashiga to'sqinlik qiluvchi bir qator to'siqlar mavjud. Birinchisi, qonunchilikning nomukammalligi. Bizda «aql markazlari» uchun alohida qonunchilik bazasi mavjud emas. Tahliliy maslahat sohasida ijtimoiy ilmiy tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash uchun me'yoriy-huquqiy bazani yaratish zarur. Zamonaviy dunyoda raqamlashtirish va kichik shaharlar hamda hududlarning (viloyatlarning, tumanlarning) rivojlanishi ta'siri ostida yirik «aql ajdarlari»dan mobillik bilan mini-fikrlash markazlariga o'tish tendensiyasi mavjud. Shuning uchun, ular tobora ko'payib bormoqda. Ikkinchidan, bizning «aql markazlarimiz»ning aksariyati davlat tomonidan ta'sis etilgan. FJSHMQMI singari o'zini mustaqil deb biladiganlar ham aslida davlat tuzilmalari va davlat tomonidan ta'sis etiladi. Shuning uchun mavjud muammolarga nisbatan ularning tahlili va tavsiyalari davlatning qarashlaridan tashqariga chiqmaydi. Bizda siyosiy partiyalar huzurida «aql markazlari» yo'q, ammo bu butun dunyoda odatiy holdir. Partiyalar o'z strategiyalarini qanday tuzishmoqda, ijroiya hokimiyati faoliyatiga, mamlakat siyosiy va iqtisodiy hayotidagi muhim voqealarga munosabati qanday? 2 fevral kuni mamlakat prezidenti siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashuvda partiyalarni va mamlakat parlamentini past tashabbuskorligi, «nomiga» ishlashning rasmiy tus olganligi va siyosiy partiyalarning ijro hokimiyati organlari bilan o'zaro aloqasi past darajada ekanligi uchun tanqid qilgani bejiz emas. Shu o'rinda bir masala ko'ratilgan edi: «Nahotki, islohotlarni amalga oshirish uchun faqat prezidentning farmonlari va qarorlari qabul qilinishi zarur bo'lsa?». Ammo bu darajadagi muammolarni ko'tarish uchun partiyalar huzuridagi tahliliy markazlar kerak, ularning tavsiyalari parlamentdagi partiyalar fraksiyalari orqali muhokama mavzusi bo'lishi mumkin. Biz alohida siyosatchilar, deputatlar, bloggerlarning chiqishlarini ko'ramiz, ammo dunyoning turli mamlakatlarida bo'lgani kabi siyosiy partiyalarning «aql markazlari» bera oladigan tizimli tahlillar mavjud emas. Turli xil jamoat va davlat fondlari qoshida tegishli markazlar mavjud emas. Ular nafaqat siyosat va iqtisodiyot, balki ta'lim, madaniyat, barcha ijtimoiy hayot sohalarida kerak. Bizning ba'zi markazlar — moliyaviy sabablarga ko'ra — juda zaif, ekspertlar guruhlarini ta'minlashga qodir emas va keng ko'lamli tadqiqotlarni olib bora olmaydi va shuning uchun ular faqat o'z rahbarlari uchun ovozni kuchaytiruvchi karnaylar xolos. Uchinchidan, bizda asossiz ravishda yopiq ma'lumotlar va statistik ma'lumotlar juda ko'p. U mamlakat milliy xavfsizligi bilan bog'liq masalalardan tashqari iloji boricha to'liq va ochiq bo'lishi kerak. Noto'g'ri yoki bo'lak statistik ma'lumotlar, boshqa muhim ma'lumotlar singari, siyosiy yoki iqtisodiy qarorlarni qabul qilishda harakati sekin kuchga kiruvchi minaga o'xshaydi. To'rtinchidan — har doimgidek kadrlar. Bizda tahlilchilar tarbiyalanadigan va o'qitiladigan elitar o'quv va ilmiy muassasalar yo'q. Bugungi kunda davlat har qachongidan ham mustaqil ekspertiza va diagnostikaga muhtoj. Bu vaqtni, pulni tejashga, strategik va taktik xatolarni minimallashtirishga va hukumat qarorlarini muhokama qilishda jamoatchilik fikrini jalb qilishga imkon bergan bo'lar edi. Hech kimga sir emaski, ba'zida u yoki bu loyihalar boshidanoq jiddiy xatolarni, vaqtni sarflashdan iborat bo'ladi. Ularning erta aniqlanishi loyihani o'z vaqtida to'xtatishga yoki o'zgartirishga, hukumat mablag'larini behuda sarflamaslikka, vaqtni, moliyaviy va inson resurslarini tejashga imkon berardi. Ammo bizning ko'plab amaldorlarimiz ma'lum loqaydlik, korporativ «etika» bilan ajralib turadi: uydagi gapni ko'chaga chiqarmaydi. Bu amalda nimani anglatadi? Boshqarma boshliqlari noto'g'ri qaror qabul qilishadi, hujjatni ishlab chiquvchilar buni bilishadi, lekin ular jim turishadi — axir, aks holda, savol tug'iladi: shu paytgacha qayerda edingiz? Va aynan shu yerda «o'tib ketadi» iborasi kuchga kiradi. Boshqarmalar mutaxassislari buni 2−3 yildan keyin aniqlaydilar, ammo ular jim turishadi, gapni tashqariga chiqarishdan qo'rqishadi, chunki hech kim ishidan ayrilishni istamaydi. Xato loyihani moliyalashtirish davom etadi va to'satdan, 5 yildan so'ng u barbod bo'ladi. Bu birinchi zilziladayoq qulab tushgan noto'g'ri qurilgan ko'p qavatli binoga o'xshaydi. Bunga kim javobgar bo'ladi? Kim sarflangan davlat pullarini qaytaradi? Jamiyat ahamiyatiga ega zamonaviy, innovatsion loyihani amalga oshirish uchun qancha vaqt va mablag' kerak? Axir, keng ko'lamli yechimlar narxi qulab tushgan uyning narxidan ancha yuqori. Va ularning oqibatlari yillar davomida sado berishi mumkin. Bu biz o'zimizga ravo ko'rmagan ahmoqlikdir — bunga vaqtimiz yo'q. Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. | columnist |
15 fevral kuni Adliya vaziri Ruslanbek Davletov OAVga vazirlikning 2020 yildagi faoliyati to'g'risida hisobot berib, O'zbekistonda NNTlarni ro'yxatdan o'tkazish va tartibga solish bo'yicha savollarga javob berdi. «Gazeta.uz» kolumnisti Dilmurod Yusupov bu sohada amalga oshirilgan ishlar va bajarilmagan vazifalarni tahlil qildi. NNTlarni ro'yxatdan o'tkazish borasida savol bilan murojaat qilgan Zo'ravonlikka qarshi NeMolchi.uz loyihasi asoschisi Irina Matviyenko mustaqil tashabbuskor tashkilotlarni ro'yxatdan o'tkazish hali ham mushkulligini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, faqat «hokimiyat organlariga bevosita bog'liq bo'lgan yoki prezident farmoni bilan tuzilgan tashkilotlargina juda tez ro'yxatdan o'tkaziladi. Fuqarolik tashabbuslari hanuzgacha juda ko'p hollarda rad qilinmoqda , bu rad javoblari esa qandaydir ahamiyatsiz xatoliklar bilan bog'liq». U o'zi bir necha marta NNTni ro'yxatdan o'tkazishga urinib ko'rgani va ro'yxatdan o'tkazuvchi organ ta'sis hujjatlarini birinchi ko'rib chiqish paytida yo'l qo'yilgan barcha xatoliklarni ko'rsatmaganini aytib o'tdi. Hujjatlar to'rtinchi marta rad qilinganida, unga barcha hujjatlar risoladagidek bo'lgan taqdirda ham ro'yxatdan o'tkazilmasligi haqida ochiqchasiga ma'lum qilinganini aytdi Matviyenko. NNTlarni ro'yxatdan o'tkazishda bunday byurokratik talablar va to'siqlar mening o'tgan yilgi «Ro'yxatdan o'tkazish mumkin emas rad etish» maqolamda batafsil tahlil qilingan edi. Huquqshunoslik fanlari nomzodi Leonid Xvan NNTlarni ro'yxatdan o'tkazishni rad etish holatlarini chuqur tahlil qilgan holda NNTlarni ro'yxatdan o'tkazishning amaldagi tartiblari «Ma'muriy tartib-taomillar to'g'risida"gi qonunning tartibi va tamoyillarini buzishini ta'kidlagan edi. Ruslanbek Davletov hozirgi paytda ba'zi byurokratik to'siqlar saqlanib qolganini tan oldi. «Ha, tan olishim kerakki, bizning qonunchiligimizda (NNTni — tahr. ) ro'yxatga olish bilan bog'liq byurokratik jihatlar mavjud. Agar siz qonunchilikni liberallashtirish tendensiyasiga e'tibor qaratsangiz, so'nggi ikki-uch yil ichida biz ushbu yo'nalishda juda muhim qadam tashladik. Biz ko'pgina talablarni olib tashladik. NNTlarning barcha faoliyatini muvofiqlashtirish kabi talablar mavjud edi, bojlar juda yuqori edi. Bundan tashqari, ko'rib chiqish davri juda uzoq edi. Biz bu borada aniq ildam qadam tashladik». Vazir ayni paytda NNT to'g'risidagi yangi Kodeks ishlab chiqilayotganligini ta'kidladi va bu yo'nalishda davlat talablarini yumshatish uchun harakatlar olib borilayotganiga ishontirdi. O'tgan yilning fevralida vazir «islohotlar sur'ati mutaxassislarning umidlariga javob bermasligi mumkin», deb aytgandi va vazirlik kodeks loyihasida faol fuqarolar bilan birgalikda ishlashiga ishontirgandi. Biroq, muqobil NNT kodeksi (matn o'zbek va rus tillarida) ishlab chiquvchisi Oybek Isoqov: «Afsuski, vazir NNT kodeksini qabul qilish jarayonini kechiktirish sabablari va uni ishlab chiqish va qabul qilishda NNT vakillarining o'zlarining fikrlari qanday hisobga olinishiga to'xtalmadi. Bugunga kelib, NNTlar o'zlarining Kodeks loyihasi versiyasini tayyorladilar va Adliya vazirligiga taqdim qildilar, ammo hech qanday javob bo'lgani yo'q . Bizning takliflarimiz umuman ko'rib chiqilganmi yoki yo'qmi, biz bilmaymiz. Kodeks loyihasini ishlab chiqish bo'yicha ishchi guruh yig'ilishini o'tkazish va NNT kodeksining barcha variantlarini ko'rib chiqish ham mumkin edi» deb takidlaydi. Prezidentning 2020 yil 22 iyundagi O'zbekistonda Inson huquqlari bo'yicha milliy strategiyasini tasdiqlagan farmoniga binoan, NNT to'g'risidagi kodeks loyihasini ishlab chiqish 2020 yil 1 avgustgacha yakunlanishi kerak edi. Prezidentning 2020 yil 22 iyundagi UP-6012-sonli farmoni matnining skrinshoti. Adliya vaziri bu masalani gipotetik fond misolida tahlil qildi, bunda odamlar mablag'lari to'planib, so'ng muhtojlarga qayta taqsimlanadi. U bu sohada juda ko'p firibgarlar va shu yo'l bilan mablag' yig'ib, ularni shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatmoqchi bo'lgan insofsiz odamlar borligini ta'kidladi. «Shu bilan birga, hozirda turli NNTlarni ro'yxatdan o'tkazmoqchi bo'lganlar juda ko'p, ammo biz, albatta, ushbu sohadagi davlat siyosatini olib boruvchi davlat organi sifatida hujjatlarni juda sinchkovlik bilan ko'rib chiqishimiz kerak. Byurokratiya mavjud, ha, albatta, men buni tan olaman, lekin bu majburiy byurokratiya … Biz bu odamlarni tekshirishimiz kerakku?! Bu odam kim? Sudlanganmi, sudlanmaganmi? Bu yerda biz e'tibor qaratishimiz lozim bo'lgan aniq jamoat manfaatlari mavjud», — deya ta'kidladi vazir. Shunday qilib, NNT asoschilarining va / yoki ularning qarindoshlarining ilgari sudlanganligi tashkilotni ro'yxatdan o'tkazishda to'siq bo'lishi mumkinligi to'g'risida oldinroq so'z yuritgan taxminlarimiz o'z tasdig'ini topdi. Shu bilan birga, 2014 yil mart oyidagi NNTlarni ro'yxatdan o'tkazishning amaldagi tartibida ta'sis hujjatlarini ko'rib chiqishda ta'sischilarning sudlanganligi mezonlarini qo'llash to'g'risida hech narsa aytilmagan. Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt adolatli sud qilish va sudlanish huquqini kafolatlaydi (14-modda). Ne bis in idem prinsipiga ko'ra, sodir etilgan jinoyati uchun jazolangan shaxs yana jazolanishi mumkin emas ( Umumiy tartibdagi izoh №32 (2007), IX punkt). Birlashish erkinligi uchun jamoaviy jazoni anglatuvchi sudlanganligi sababli ro'yxatdan o'tkazishda rad etish (22-modda) pakt ishtirokchi-davlatlari tomonidan qabul qilinmasligi kerak (O'zbekiston unga 1995 yilda qo'shilgan). Ma'lumot uchun: mazkur masala YeXHT / DIIHB ekspertlari tomonidan «Jamoat birlashmalari to'g'risida"gi Turkmaniston qonuniga sharhlar va tavsiyalar berish paytida ko'tarilgan . Ilgari sudlangan shaxslar assotsiatsiya va NNTlarni ro'yxatdan o'tkazish erkinligi huquqiga ega va bu huquq O'zbekiston Konstitutsiyasining 34-moddasi bilan mustahkamlangan . Agar COVID-19 pandemiyasi paytida ijtimoiy yordamni tarqatish tajribasiga nazar tashlansa, «Mahalla» hamda «Sahovat va ko'mak» kabi davlat tomonidan tashkil etilgan xayriya fondlari ko'plab huquqbuzarliklardan xoli bo'lmaganiga amin bo'lish mumkin. Bosh prokuratura tomonidan kam ta'minlangan oilalarga beriladigan nafaqa , ishsizlik nafaqalari va aholining boshqa zaif qatlamlariga ajratilgan mablag'larni o'zlashtirish holatlari aniqlandi. Aslida, amaliyot shuni ko'rsatadiki, «pastdan yuqoriga» tamoyili asosida tashkil etilgan NNTlar o'z faoliyatini ancha shaffofroq olib boradi va suiiste'mol qilish holatlari kamroq, chunki ular muhtojlarga yordam berish uchun o'z g'oyalari va faoliyati bilan yonishadi. Shuningdek, vazir «masalani siyosiylashtirish» zarurati yo'qligini ta'kidladi va NNTlarni ro'yxatdan o'tkazish bo'yicha har bir norozilikni batafsil ko'rib chiqish zarurligini ta'kidladi. U Adliya vazirligi xodimlari rad etish sabablarini batafsil tushuntirib berishlari uchun ro'yxatdan o'tkazishda rad etilgan tashabbuskor guruhlarning aniq nomlarini ko'rsatishni so'radi. Eslatib o'tamiz, 6 yanvar kuni Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti O'zbekistondagi o'z tashkilotlarini ro'yxatdan o'tkazishda to'siqlarga duch keladigan mustaqil guruhlar ro'yxatini e'lon qildi . Tashabbuskor guruhning konkret misoli — «Oltin qanot» yosh volontyorlar markazi, u Toshkent shahar Adliya boshqarmasidan NNTni ro'yxatdan o'tkazishda 20 ta (!) yozma rad javobini olgan . Misol uchun, 4 dekabr kuni Adliya vazirligi matbuot xizmati Toshkent hokimi tomonidan noyabr oyida volontyorlik tushunchasini belgilash zarurligi to'g'risida qilgan bayonotlaridan so'ng, O'zbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi ro'yxatdan o'tganligini e'lon qildi . Shu bilan birga, «Volontyorlik faoliyati to'g'risida"gi qonun ikki yil oldin qabul qilingan va ushbu konsepsiya va «volontyorlik tashkiloti» ta'rifini qonunchilik bilan mustahkamlab qo'yilgan edi. NNTlarni ro'yxatdan o'tkazishda yuzaga keladigan muammolarning aksariyati tashabbuskor guruhlarni huquqiy qo'llab-quvvatlamaslik bilan bog'liq bo'lib, bu me'yoriy hujjatlardagi xatoliklarning sababi hisoblanadi. Irina Matviyenko e-ngo.uz portalida NNTlarning, shu jumladan diniy tashkilotlarning namunaviy ustavlarini e'lon qilishni iltimos qildi, chunki ulardan fuqarolik faollari o'zlarining ta'sis hujjatlarini taqdim etishda namuna sifatida foydalanishlari mumkin bo'lar edi. Vazir Ruslanbek Davletov ustav va umumiy talablar NNT portalida e'lon qilinishini va'da qildi. Shu bilan birga, u har bir NNTning ustavlari sohalar va faoliyat yo'nalishlariga asoslangan holda o'ziga xos xususiyatlarga ega ekanligini ta'kidladi. Tashkiliy-huquqiy shakllari asosida NNT ustavlari namunalarining nashr etilishi, nizomni ro'yxatdan o'tkazishga tayyorlash vazifasini ancha osonlashtiradi, shu bilan birga ustav hujjatlaridagi huquqiy kamchiliklarni minimallashtiradi. Adliya vaziri, shuningdek, «odamlar bizning qarorimiz ustidan shikoyat qilish huquqiga ega», ammo NNTlarni ro'yxatdan o'tkazishdan bosh tortganligidan norozi bo'lib, «hech kim sudlarga shikoyat qilmasligini» va «sudga murojaat qilish odamlarning konstitutsiyaviy huquqi» ekanligini ta'kidladi. Biroq, shuni yodda tutish kerakki, yuridik ma'lumotga ega bo'lmagan va shaxsiy mablag'lari yetarli bo'lmagan tashabbuskor fuqaro yuristlardan iborat o'z armiyasiga ega Adliya vazirligini sudga berishga jur'at etolmaydi. Fuqarolik jamiyati faollariga malakali yuridik yordamning yetishmasligi og'riqli nuqtalardan biridir. Irina Matviyenko «Madad» NNTning maslahat byurolariga bepul yuridik maslahatlar berishni va shu tariqa tashabbuskor guruhlarga o'z tashkilotlarini ro'yxatdan o'tkazishda amaliy yordam ko'rsatishni taklif qildi. Vazir, «"Madad" biz ijtimoiy sheriklik orqali qo'llab-quvvatlaydigan NNT. Ularning viloyat va tumanlarda 60 ta vakolatxonasi mavjud. Ular bepul yuridik yordam ko'rsatadilar. Va ularga biror bir ishni qilish kerakligini, kimgadir nimanidir tushuntirishlari lozimligini aytish, menimcha, bu bizning ishimiz emas. Ular sizning so'rovlaringizdan kelib chiqib, shundoq ham yordam berishyapti. Jismoniy shaxslarga, yuridik shaxslar vakillariga emas. Ular fuqarolar bilan ishlaydi », — deb aytdi. Shuni unutmaslik lozimki, o'zlarining NNTlari ro'yxatdan o'tkazilgunga qadar tashabbuskor guruhlar a'zolari ham jismoniy shaxslar va O'zbekistonning to'la fuqarolari hisoblanadi. «Madad» NNTning vakolatiga nodavlat notijorat tashkilotlarni ro'yxatdan o'tkazish bo'yicha huquqiy maslahatlar berish kiritilganmi, yo'qmi, noma'lum bo'lib qolmoqda. Muallifning 27 yanvardagi maqolasiga rasmiy munosabat bildirilganda, vazirlik « manfaatlar to'qnashuvi va korrupsiya xatarlari paydo bo'lishiga » qarshi turish maqsadida «NNTlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish to'g'risidagi ta'sis hujjatlarini tayyorlashda adliya organlari huquqiy yordam ko'rsatishga, hujjatlar kelib tushganidan keyin ularning to'liqligini tekshirishga haqli emas», deb ta'kidlagandi. Ehtimol, bunday qabullarni ta'sis hujjatlarini ko'rib chiqish jarayonida ishtirok etmaydigan va NNTlarni davlat ro'yxatidan o'tkazishni amalga oshiruvchi davlat idorasi bo'lmagan «Madad» bepul yuridik maslahat byurolari xodimlari tomonidan amalga oshirilsa maqsadga muvofiqroq bo'lar edi. Umuman olganda, NNTlarni ro'yxatdan o'tkazish funksiyasi bir necha daqiqa ichida mas'uliyati cheklangan jamiyatlarni (MCHJ) ta'sischining ma'lumotlarini tayyor ustav va ta'sis hujjatlari shablonlariga kirita turib, ro'yxatdan o'tkazayotgan «Yagona darcha» markazlariga o'tkazilsa, samaraliroq bo'lardi. Shuni ta'kidlash muhimki, mamlakatning avvalgi prezidenti davrida shakllangan NNTlarni ro'yxatdan o'tkazish tartibi hali ham o'zgarmagan. Hozirga qadar barcha jarayonlar Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 10 martdagi 57-sonli qarori bilan tartibga solinadi. Ushbu qarorning 1-ilovasining 19-bandiga binoan, adliya organlari hujjatlarni uchinchi tashkilotlarga ko'rib chiqish uchun yuborish huquqiga ega, bu butun ro'yxatga olish jarayonini но шаффоф qiladi . «Hujjatlarni ko'rib chiqishda biz ushbu hujjatlarni shubhasiz, davlat tashkilotlariga ularning faoliyat sohalariga qarab yuboramiz. Bu bizning nizomimizda yozilgan. Shuning uchun ular NNTni ta'sis etmqochi bo'lgan ayrim tashkilotlar faoliyati to'g'risida o'z fikrlarini bildiradilar. Bu borada qilgan har qanday harakatlarimiz qonunchilik nuqtai nazaridan asoslangandir». Aynan mana shu yerda haqiqiy manfaatlar to'qnashuvi yuzaga kelishi mumkin, chunki tashabbus guruh a'zolari bilmagan «sirli ekspertiza» o'tkazadigan tashkilotlar ma'lum faoliyat sohasidagi o'zlarining dominant pozitsiyasi asosida u yoki bu NNTni yaratish maqsadga muvofiq emasligi to'g'risida xulosasini bildirishlari mumkin. Masalan, O'zbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi ekspertiza uchun «Oltin Qanot» tashabbus guruhining ta'sis hujjatlarini olishi va bunday ko'ngillilar tashkilotini tashkil etish maqsadga muvofiq emasligi to'g'risida xulosa berishi mumkin, axir allaqachon butun bir assotsiatsiyasi mavjud, uning asosiy vazifasi bu — «volontyorlar faoliyatini tashkil etish, volontyorlarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo'yicha tashabbuslarni rag'batlantirish va qo'llab-quvvatlash"dir. Bundan tashqari, nahotki, adliya organlari xodimlarining o'zlari NNTlar to'g'risidagi qonunni buzganlik uchun ta'sis hujjatlarini tekshirishni cheklashlari mumkin bo'lmasa, axir qonunning 25-moddasida NNTlarni ro'yxatdan o'tkazishni rad etish sabablari aniq ko'rsatilganku? «Men tashkilotlar bilan, NNTlar bilan muloqotda bo'laman, ba'zida ular menga "bilasizmi, men bu haqda kuratordan so'rashim kerak", deyishadi. Bilaman, Karimov davrida har bir NNTda MXXdan kurator bor edi. Nahotki, bu tizim hozir ham qolgan bo'lsa?» — savol bilan murojaat qildi Irina Matviyenko. Vazir NNTlarning qandaydir «kuratorlari» borligi haqidagi fikrni qat'iyan rad etdi va bu so'zga o'zining shaxsiy noroziligini bildirdi. U buni eshitib hayratga tushdi va bunday tushunchalar endi yo'qligini aytdi. Ta'kidlash joizki, «Nodavlat notijorat tashkitlotlar to'g'risida"gi qonunning 4-moddasiga binoan «Davlat organlari hamda ular mansabdor shaxslarining nodavlat notijorat tashkiloti faoliyatiga aralashishiga, xuddi shuningdek nodavlat notijorat tashkilotining davlat organlari hamda ular mansabdor shaxslarining faoliyatiga aralashishiga yo'l qo'yilmaydi ». Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. Dilmurod Yusupov — Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya), Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti. | columnist |
2020 yilgi Korrupsiyani qabul qilish indeksida O'zbekiston 26 ball to'pladi va Bangladesh hamda Markaziy Afrika Respublikasi bilan 146-o'rinni bo'lishdi. So'nggi sakkiz yil ichida ushbu ko'rsatkich 9 ballga yaxshilanishiga qaramay, oldinda hali bosib o'tilishi lozim bo'lgan korrupsiyaga qarshi islohotlarning uzun yo'li bor. Prezident yaqinda ta'kidlaganidek, biz korrupsiyani yenga olmayapmiz. Mamlakat ravnaqi uchun korrupsiyani yo'q qilish zarurligi to'g'risida tez-tez eshitamiz, lekin tan olish kerak, nima uchun korrupsiya O'zbekistonning barqaror rivojlanishiga katta tahdid bo'layotganiga asosli izoh topish mushkul. Iqtisodiy nazariyaga ko'ra, jismoniy shaxslar, ishlab chiqaruvchilar va firmalarning ijara haqiga qaratilgan (rent-seeking) noqonuniy siyosiy va siyosiyga yaqin usullarni qo'llash orqali iqtisodiy foyda olish yo'lidagi harakatlari bir qator xarajatlarga olib keladi. Muayyan sub'ektni boyitadigan korrupsion bitim jarayoni samarali bo'lmaganligi sababli, olingan iqtisodiy foyda asossiz deb hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, korrupsiya tovarlarni yoki xizmatlarni ishlab chiqarish va sotish orqali emas, balki noiqtisodiy yo'llar orqali boyitishga olib keladi, bu uning ijtimoiy qiymati yo'qligini anglatadi. Iqtisodiy nuqtai nazardan yana bir ravshan, ammo paradoksal bo'lgan korrupsiyaning o'ziga xos xususiyati ingliz siyosiy iqtisodchisi Gordon Tallok tomonidan ifodalangan bo'lib, u pora beruvchi sub'ektning foydasi uning xarajatlaridan sezilarli darajada oshib ketishiga e'tibor qaratadi. Masalan, chet eldan olib kelinadigan choy importiga boj solish to'g'risidagi qonunni qabul qilish uchun lobbilik qilgan mahalliy choy paketlari ishlab chiqaruvchisi 1 million «xarajat» qiladigan bo'lsa-da, uning bozorni monopollashtirishdan oladigan foydasi yuzlab millionlarga teng bo'lishi mumkin. Ammo ushbu maqolada men korrupsiyaga qarshi an'anaviy iqtisodiy dalillardan uzoqlashib, ancha xavfli, ammo «mashhur bo'lmagan» tomonini ochib beraman. Iqtisodiyot va sotsiologiya sohalaridagi bir qator tadqiqotlar «asosli» va «asossiz» ijtimoiy tengsizlik tushunchalarini ajratadi. Shunday qilib, boshqa omillar teng bo'lganda, kambag'allar va boylar o'rtasidagi iqtisodiy tengsizlikka munosabat boylarning taxmin qilingan boylik manbasiga bog'liq ekanligi isbotlangan. Ijtimoiy mobillik mumkin bo'lgan mamlakatlarda odamlar boylikni ma'lum bir xizmatlari — iste'dod, salohiyat va mehnatsevarlik natijasi sifatida qabul qilishadi, bunda esa tengsizlik asoslangan deb hisoblanadi. Bunday mamlakatlarda institutlarning yuqori meritokratik darajasi (yetakchi lavozimlarni ijtimoiy kelib chiqishi va moddiy boyligidan qat'i nazar, eng qobiliyatli odamlar egallaydi — tahr. ) haqiqatan ham ijtimoiy iyerarxiya bo'yicha ko'tarilishga loyiq bo'lgan odamlarga biznesda yoki professional karerada yuqori darajalarga erishishga imkon beradi. Shu bilan birga, amaldorlar orasida korrupsiya darajasi yuqori bo'lgan mamlakatlarda erkin bozor munosabatlari «o'zinikilar uchun kapitalizm» bilan o'rin almashadi. Bu, o'z navbatida, odamlar ongida ijtimoiy tengsizlikning adolatsizligi haqidagi g'oyani muskahkamlantiradi. Shuni ta'kidlash kerakki, mamlakatda korrupsiya darajasini ob'ektiv ravishda o'lchashning ishonchli usuli yo'q va deyarli barcha xalqaro reytinglar va indekslar so'rovnomalarda ishtirok etganlarning idrokiga asoslangan sub'ektiv ko'rsatkichlardan foydalanadilar. Shunday qilib, qonuniy tadbirkorlik orqasidan emas, balki mansabini yoki aloqalarini suiiste'mol qilib boylik orttirgan shaxslarni qancha ko'p uchratsangiz, ijtimoiy klasslar orasidagi iqtisodiy tengsizlik sizga shunchalik adolatsizdek tuyuladi. Biz jamiyatning tengsizlik haqidagi tasavvurlari korrupsiyaning tarqalish darajasiga bog'liqligini aniqladik. U qanchalik ko'p bo'lsa, odamlarning «kapitalistlar» deb ataluvchilarga nisbatan dushmanligi shunchalik kuchayadi (bu atamaning faqat salbiy ma'noda ishlatilishi ramziydir). O'sib borayotgan tengsizlik aholining aksariyat qismi uchun adolatsiz bo'lib tuyulganda nima sodir bo'ladi? Bu masalani Yellik iqtisodchi Ruben Dyuran, Braun universiteti iqtisodchisi Lui Patterman va Amsterdam universiteti iqtisodchisi Joel van der Vil ko'tarishdi. Shunday qilib, 2013 yilda ular 16 ta bir xil eksperiment o'tkazdilar, unda turli xil ijtimoiy-iqtisodiy, diniy va siyosiy guruhlardan jami 336 kishi ishtirok etdi, bu esa tanlovning reprezentativligini ta'minladi. Eksperimentning mohiyati shunda ediki, har bir ishtirokchiga AQSHdagi haqiqiy iqtisodiy tengsizlikning asl ko'rinishini iloji boricha yaqqolroq tasvirlaydigan ravishda to'rtta usulning biridan foydalangan holda pul beriladi. Ishtirokchilarning eng «kambag'ali» 0,11 dollar, eng «boyi» esa 100 dollarga ega bo'lishadi. Eksperiment boshida hech bir sub'ekt unga qancha pul ajratilganini va pulni tarqatishning to'rt usulidan qaysi biri ishlatilganini bilmaydi. Quyidagilardan bitta usul tanlanadi: (1) mutlaqo tasodifiy taqsimot, (2) ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlarga ko'ra, bu degani belgilangan pul qiymati inson tug'ilgan hududning farovonligi va ota-onasining boyligiga bog'liq bo'lishi, (3) tetris o'yinining natijalariga ko'ra va nihoyat (4) umumiy bilim uchun kichik test natijalariga ko'ra. Sub'ektlar o'zlari haqida ma'lumotni to'ldirgandan so'ng, ularga o'yin qoidalari tushuntirildi. Keyinchalik, ulardan yuqorida tavsiflangan to'rtta usulning har biri uchun soliq darajasini belgilash so'raldi. Tajribaning oxirida, pul miqdorini taqsimlash usuli va har bir o'yinchidan taklif qilingan soliqlar olinadigan va soliqlarning umumiy miqdori sub'ektlar soniga bo'linadigan ishtirokchilardan biri tasodifiy ravishda tanlandi. 100%lik soliq darajasi to'liq tenglikni ta'minlar edi, 0% soliq darajasida esa hamma narsa o'z holicha qolardi. Shuni ta'kidlash joizki, sub'ektlar soliq darajasi bo'yicha o'z takliflarini test sinovidan o'tishdan yoki tetris o'ynashdan oldin bildirgan edilar, shuning uchun soliq darajasini tanlagan vaqtlarida ular o'zlarining «boyish» imkoniyatlari to'g'risida noaniq tasavvurga ega edilar. Eksperiment ishtirokchilari tomonidan tanlangan «tasodifiy usul» bo'yicha soliq o'rtacha 54,6% ni tashkil etdi, bu to'rttala usul orasida eng yuqori ko'rsatkichdir. «Ijtimoiy guruhga mansubligi bo'yicha» pulni taqsimlash usuli bo'yicha o'rtacha soliq 45,1% ni tashkil etdi. Eng past soliq stavkalari «tetris» — 36,8% va bilim viktorinasi — 39,9% usullarida belgilandi. Soliq qiymatining ushbu eksperimentdagi miqdorlarni taqsimlash uslubining adolatliligiga bog'liqligi statistik jihatdan ahamiyatli sanaladi. Shunday qilib, eksperiment orqali ishtirokchilarning tengsizlikning asoslanganligi to'g'risidagi umumiy tushunchasi o'rtasida o'zaro bog'liqlik o'rnatildi. Ishtirokchilar tomonidan muvaffaqiyat ko'nikma va bilimga bog'liq bo'lgan «tetris» va «viktorina» taqsimlash usullariga «tasodifiy» va «ijtimoiy guruh» usullariga taklif etilgan soliq darajalariga nisbatan soliqlarning quyi darajasini belgilash taklif qilindi. Garvard va Massachusets Texnologiya Instituti (MIT) olimlari korrupsiya darajasiga qarab mamlakatda soliqlarning barqaror holati (steady-states) to'g'risida olib borgan tadqiqotlarida ham xuddi shunday fikrga kelishdi. Matematik modellashtirish orqali iqtisodchilar yuqori darajadagi korrupsiya xalq tomonidan yuqori soliqlarni va so'lliberal choralarni qo'llab-quvvatlanishiga olib keladi degan xulosaga kelishdi. Korrupsiya darajasi yuqori bo'lgan mamlakatlar fuqarolari, yuqoridagi eksperimentning birinchi ikkita holatida bo'lgani kabi, iqtisodiy tengsizlikni asossiz deb hisoblashadi. Adolatsizlikni bunday qabul qilish, o'z navbatida, odamlarning siyosiy xohishlariga qiziq tarzda ta'sir ko'rsatadi. O'z daromadini noqonuniy yo'l bilan topgan boylarga soliq solish bir qarashda oqilona yechim bo'lib tuyulishi bilan birga, u muammo sababiga emas, balki alomatiga e'tiborni qaratmoqda. Shubhasiz, davlatning iqtisodiyotdagi ulushi qanchalik katta bo'lsa, resurslarni samarasiz taqsimlash ehtimoli shuncha yuqori bo'ladi va korrupsiyaning gullab-yashnashi uchun qulay sharoit yaratiladi. Yaponiyalik bir guruh olimlar iqtisodiyotdagi davlat ulushi hajmi va korrupsiya darajasi o'rtasidagi bog'liqlikni o'rganish jarayonida 82 mamlakatdan olingan ma'lumotlarni o'rganib chiqdilar va demokratiya bo'lmagan mamlakatlarda davlat sektori ulushining oshishi korrupsiya ko'rsatkichlarining yomonlashuviga olib keladi degan xulosaga kelishdi. Biroq, yuqori soliqlarni xalq tomonidan qo'llab-quvvatlanishi aksincha ta'sir qiladi: byudjet daromadlari o'sib boradi va ular bilan birga korrupsiya ham oshadi. Masalan, O'zbekiston YAIM tarkibidagi davlat kompaniyalarining ulushi , o'rtacha jahon ko'rsatgichi 20 foizni tashkil qilib turgan paytda, 55 foizga teng. Davlat byudjetiga tushumlar YAIMning 34 foizini tashkil etadi, bu esa mavjud bo'lgan yuqori soliq yuklamasi haqida gapiradi. Ko'pgina mutaxassislar tomonidan davlat ulushining pasayishi kelgusi yillar uchun O'zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning eng to'g'ri vektori sifatida tan olingan bo'lsada, korrupsiya odamlarning siyosiy qarashlariga o'z tuzatishlarini kiritmoqda. Biz quyidagi ko'rinishga ega bo'lgan «yopiq doira»ga tushib qolishimiz mumkin: Venesuelaning sotsialistik yetakchisi Ugo Chaves o'z vaqtida «asossiz» ijtimoiy tengsizlikning o'sishidan charchagan kambag'allarga qaratilgan saylov kampaniyasi orqali oddiy venesuelaliklarning qo'llab-quvvatlashiga erishgan. Sotsializm yillarida Venesuela bilan nima sodir bo'lganligi ko'pchilikka ma'lum: dunyodagi eng katta neft zaxiralariga ega mamlakatning dahshatli qashshoqlashuvi va 1,700,000%lik inflyatsiya . Korrupsiyaning paradoksi ham shunda: u odamlarni vaziyatni yanada yomonlashtiradigan choralarni qo'llab-quvvatlashga majbur qiladi. Kapitalizmga qarshi chiqa turib, odamlar, aksariyat hollarda, «crony capitalism» yoki «o'zinikilar uchun kapitalizm» deb nomlangan tushunchalarni tanqid qiladilar. Korrupsiya iqtisodiy rag'batlantiruvchi omillarni to'liqligicha ko'rsatmasligi sababli, biz aniqlashtirganimizdek, adolatsiz tengsizlikka olib keladi. Shunday bir holatda, korrupsiyaga qarshilik jamiyatda so'l kayfiyatning radikallashuviga aylanishi mumkin. Korrupsiyani kamaytirishning ikki yo'li mavjud: (1) davlat ulushini kamaytirish, shunda mansabdorlarning o'g'irlik qilish manbalari qolmaydi yoki (2) poraxo'rlik, nepotizm va mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish bilan kurashish uchun kuchli siyosiy iroda va o'zgarmas majburiyatlar. Birinchi va ikkinchisi o'rtasida tanlovni amalga oshirish haqiqatdan ham zarur. Korrupsiyaga qarshi tuzilmalarni yaratish, maxsus xizmat xodimlarining oylik maoshlarini oshirish, mansabdor shaxslar faoliyatidagi shaffoflikka rioya etilishini nazorat qilish uchun mablag'lar, joylarda ta'lim faoliyati — bir so'z bilan aytganda, faol hukumat aralashuvi orqali status-kvoni o'zgartirishga qaratilgan har qanday urinishlar byudjet xarajatlarini ko'paytirishni talab qiladi. Demak, byurokratik vositalarni qo'llash orqali korrupsiyaga qarshi kurash davlat rolini pasayishiga yo'l qo'ymaydi. Xuddi shunday dilemmaga farzandining shirinliklarni iste'molini to'xtatishni istagan ota-onalar to'qnash kelishadi: uyga shirinlik olib kelmaslik yoki stolga shokoladni ochiqchasiga qo'yib dahshatli oqibatlar bilan qo'rqitish. Masalan, Gruziya ikkinchi usulni tanladi va Korrupsiyani qabul qilish indeksining pastki o'rinlaridan ancha muvaffaqiyatli chiqa oldi. Mixail Saakashvili boshchiligidagi Gruziya hukumati qiyin byurokratik yo'lni tanladi, mansabdorlik darajasining eng quyi darajalaridan boshlab barcha amaldorlar oldiga aniq tanlov qo'ydi: kafolatlangan va uzoq muddatli qamoq muddatimi yoki halol xizmat va munosib maoshmi? Atigi bir necha yil ichida mamlakat korrupsiyani qabul qilish indeksida 127-o'rindan 44-o'ringa ko'tarilib, Yevropa Ittifoqining bir nechta davlatlarini ortda qoldirishga muvaffaq bo'ldi. Ammo bu tajriba mamlakatimiz madaniy sharoitiga qanchalik mos keladi? Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. Shahzod Yuldoshboyev — Jorjtaun universiteti (Vashington) Diplomatik xizmat maktabining xalqaro iqtisodiyot fakulteti talabasi. | columnist |
OTMlarga kirish imtihonlarida taklif etilayotgan o'zgartirish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida «Katta muammolarga yetaklaydigan arifmetika» sarlavhali tahliliy maqolamda yozgandim. Shu maqolamga DTM o'z javobini beribdi. Eslatib o'taman, loyihaga ko'ra, OTMlarga kirish imtihonlarida abituriyentlar to'plagan ballarga ularning maktabdagi so'nggi 6 yillik baholari o'rta arifmetik ko'rsatkichini qo'shib hisoblash taklif etilmoqda. O'z maqolamda bu loyiha kirish imtihonlari validligiga ijobiy ta'sir ko'rsatmasligini isbotlashga harakat qilgandim. Shuningdek, maktabda qo'yiladigan baholar subyektiv ekanligini, bir maktabning qo'ygan bahosini boshqa maktab bahosiga qiyoslab bo'lmasligini inobatga olsak, taklif qilinayotgan tizim abituriyentlarga nisbatan adolatsizlik bo'lishi hamda maktablardagi korrupsiya darajasini oshirishi mumkinligini aytib o'tgandim. DTMning «Qaror loyihasi to'g'risida» deb nomlangan javob maqolasida aytilishicha, «ayrim internet nashrlarida loyiha haqida ba'zi noto'g'ri fikr-mulohazalar bildirilmoqda va Davlat test markazini loyiha muallifi sifatida ayblash holatlari ham kuzatilmoqda». O'zbek tilining izohli lug'atiga ko'ra, fikr — biron narsaga nisbatan munosabatni, bahoni ifodalaydigan hukm, xulosa. Munosabat, baho — subyektiv tushunchalar bo'lib, faktlar talqini va ularga emotsional munosabatdan kelib chiqadi. Odamlar ayni bir faktlarga asoslanib, turlicha (hattoki, bir-biriga umuman zid bo'lgan) xulosalarga kelishlari ham mumkin. Shundan kelib chiqadiki, fikr «noto'g'ri» yoki «to'g'ri» bo'lmaydi: fikrga qo'shilmaslik va unga qarshi dalillar keltirish mumkin. «Davlat test markazini loyiha muallifi sifatida ayblash holatlari»ga keladigan bo'lsak, men shunchaki DTM loyihaning muallifi ekanligini qayd etdim , xolos. Axir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga mazkur hujjat DTM nomidan joylashtirilgan . Maqolamda kimnidir ayblashdan yiroqman, faqat o'z bilim va tajribamga asoslanib, taklif etilayotgan loyiha oqibatlarini tahlil qilishga harakat qilganman. DTMning ta'kidlashicha, «loyiha oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirishda abituriyentlarga keng imkoniyat, sharoit yaratishi bilan birga, umumiy o'rta, o'rta maxsus ta'lim muassasalari va kasb-hunar maktablarida ta'lim sifatini oshirishga xizmat qiladi». Na loyihaning o'zida, na unga ilova qilingan tushuntirish xatida va na DTMning javob maqolasida loyiha yuqoridagilarga erishishda qanday yordam berishi aniq ko'rsatilmagan. DTM loyihani ishlab chiqishda AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Avstraliya, Rossiya, Belarus, Turkiya kabi o'ndan oshiq davlatlar tajribalari o'rganib chiqilganini ta'kidlamoqda. Yuqorida ko'rsatilgan davlatlarning qaysilarida OTMga kirish imtihonlari yoki standartlashtirilgan testlar natijalariga maktab baholarini qo'shish amaliyoti mavjudligini ko'rib chiqaylik. AQSh va Kanadada qabul shartlarini universitetlar belgilaydilar va bir universitet belgilagan talab boshqasinikidan farq qilishi mumkin. OTM qabul komissiyasi ko'pgina omillarga tayanib qaror qabul qiladi: yuqori (9−12) sinflarda bo'lajak mutaxassislikka oid fanlardan olingan baholar, standartlashtirilgan test (SAT yoki ACT) natijalari, talabgorning o'qish yoki sportdagi yutuqlari. Aksariyat oliygohlar «Nega men shu oliygohda o'qimoqchiman?» qabilidagi insholar va o'qituvchilardan tavsiyanomalar ham talab qilishadi. Ba'zi universitetlar abituriyentlar sonini cheklash maqsadida GPA, ya'ni yuqori sinflarda olingan baholarning o'rtacha ko'rsatkichiga minimal talab belgilashlari mumkin: GPA ko'rsatkichi qo'yilgan chegaradan past bo'lgan abituriyent hujjatlari ko'rib chiqilmaydi. Bunda shuni inobatga olishimiz kerakki, GPAni aniqlashda faqat fandan olingan baholar emas, balki fanga ajratilgan kreditlar miqdori (ya'ni fanni o'zlashtirish uchun ketadigan vaqt) ham inobatga olinadi. Umuman olganda, OTM o'z talablaridan kelib chiqib qaror qabul qiladi. Buyuk Britaniyada ham talablar OTMga qarab farqlanishi mumkin. Lekin, odatda abituriyent taqdiri A-level imtihonlari yoki unga teng kuchli hisoblanadigan muqobil imtihonlar (mustaqil tashkilotlar tomonidan o'tkaziladigan standartlashtirilgan testlar) natijalariga qarab hal qilinadi . Abituriyentlar natijalarini taqqoslashda OTMlar «UCAS tarif ballari»dan foydalanishlari mumkin — bunda A-level yoki unga muqobil imtihonlarda to'plangan natijalarga muayyan ballar to'g'ri keladi. Ayrim universitetlar qo'shimcha kirish imtihonlari o'tkazishlari mumkin. Germaniyada abituriyentni OTMga qabul qilish «Abitur» deb ataladigan standartlashtirilgan imtihon natijalariga asoslanadi. Bu imtihonni o'quvchilar maktabni bitirayotganda topshirishadi. Tibbiyot singari ayrim sohalar uchun OTMlar alohida qo'shimcha imtihon olishlari mumkin. Yaponiyadagi abituriyentlar OTMlarga qabul bo'yicha milliy test markazi tashkillashtiradigan kirish imtihonlari yoki universitetlarning o'z imtihonlarida olgan natijalaridan kelib chiqib OTMga qabul qilinadilar. Ba'zi universitetlarda qabul ikki bosqichda o'tkaziladi: avval milliy test markazi testlari natijalariga tayanib abituriyentlar saralab olinadi va so'ngra universitetlar o'zlari imtihon o'tkazishadi, bu imtihon, odatda, milliy markaz testlaridan qiyinroq bo'ladi. Avstraliyada ATAR (Australian Tertiary Admission Rank — Avstraliya oliy ta'limga kirish reytingi) deb ataladigan tizim ishlaydi. Bu tizimda har bir maktab bitiruvchisining 100 ballik shkala bo'yicha reytingi aniqlanadi (ballar 0,05 aniqlikda hisoblanadi). Bu reyting ballari abituriyentni o'z tengdoshlari bilan taqqoslash imkonini beradi. Bu ballar o'quvchining maktab bitiruv diplomi Higher School Certificate (HSC)ni olish uchun yuqori sinflarda o'tishi kerak bo'lgan fanlaridan olgan baholariga qarab aniqlanadi. Buyuk Britaniyadagi A-level imtihonlari kabi, HSC tarkibidagi fanlarning mazmuni va baholash mezonlari mustaqil tashkilotlar tomonidan belgilanadi. Imtihonlar esa standartlashtirilgan. Har bir shtatdagi OTM qabul markazlari bitiruvchilar natijalarini olib, ATAR reytingini hisoblashadi. Bunda albatta HSC tarkibidagi fanlarning shu yilgi o'quvchilar uchun nisbiy qiyinlik darajasi aniqlanadi va shunga ko'ra imtihon natijalari yagona shkalaga keltiriladi. ATAR reytingi yo'qlar (masalan, oldingi yil bitiruvchilari) uchun standartlashtirilgan test tashkil qilinadi. Rossiya Ilm-fan va oliy ta'lim vazirligi tasdiqlagan Oliy ta'lim dasturlariga qabul qilish tartibiga ko'ra, abituriyent kirish imtihonlarida (yagona davlat imtihoni — YeGE yoki OTMning o'zi tashkil qiladigan ichki imtihonlar) olgan ballariga qarab OTMga qabul qilinadi. Bu ballarga universitet qarori bilan o'quvchining shaxsiy yutuqlaridan (sportdagi yutuqlari, masalan, Olimpiada o'yinlari, Yevropa yoki jahon chempioni ekanligi; o'qishdagi yutuqlari: maktabni oltin, kumush medal yoki imtiyozli hujjat bilan bitirgani, fan olimpiadalardagi o'rni; volontyor sifatidagi ijtimoiy faoliyati) kelib chiqib, qo'shimcha ballar qo'shilishi mumkin. Belarusda OTMga qabul qilish «I bosqich oliy ta'limga qabul qilish» nizomi bilan tartibga solinadi. Ushbu nizomga ko'ra, maktab bitiruvchilari uchta majburiy imtihon topshirishadi: ona tilidan (rus yoki belarus tili) Respublika bilim nazorati markazi o'tkazadigan test va 2 ta maxsus fandan OTMning o'zida yoki markazlashtirilgan holda o'tkaziladigan imtihon. Qabul qilish jarayonida 3ta imtihon natijalari va maktab shahodatnomasining o'rtacha bahosi inobatga olinadi. Turkiyada maktab bitiruvchilarining Baholash, saralash va joylashtirish markazi o'tkazadigan 2 bosqichli kirish imtihonlarida olgan natijalariga maktab yoki litsey shahodatnomasining o'rtacha bahosi qo'shiladi va shu asosda OTMlarga qabul qilinadi. Ko'rib turganingizdek, yuqorida sanab o'tilgan davlatlardan Belarus va Turkiyada maktab baholari kirish imtihoni natijalariga qo'shiladi. Bunday amaliyot o'sha davlatlar ta'lim tizimida qanday ijobiy va salbiy oqibatlarga olib kelganligini ham o'rganib chiqish foydadan holi bo'lmasdi , nazarimda. DTMning javob maqolasida «loyihani tayyorlashda korrupsiyani oldini olish e'tiborga olingan» deyilmoqda. Biroq na men, na portalda loyiha maktablardagi korrupsiya darajasining oshishiga olib kelishi borasida xavotirlar bildirgan yurtdoshlarimiz loyihada korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan mexanizmni ko'rmadik . Agar loyiha mualliflari baholar kiritiladigan elektron platformani nazarda tutishgan bo'lsa, baholar platformaga tushishidan oldin «kelishib olish» mumkinligi haqida avval ham yozgandim. Shu bilan birga, DTMning javobida oldingi maqolamda keltirilgan xavotirli masalalar ham javobsiz qoldirilgan: bu loyihaning kirish imtihonlari validligiga ta'siri, baholarning subyektivligi va bir maktab (hatto bir o'qituvchi) qo'ygan bahoni boshqa maktab, o'qituvchi qo'ygan baho bilan solishtirib bo'lmasligi, buning oqibatida kelib chiqadigan adolatsizlik. DTM, shuningdek, DTMning aytishicha, loyihani ishlab chiqishda ishtirok etgan Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi kabi bevosita ta'lim tizimini rivojlantirishga mas'ul davlat tashkilotlari loyihaning barcha oqibatlarini yana bir bor tahlil qilib chiqishlarini so'rab qolardim. Umid qilamanki, DTM va'da qilganidek, «birorta fikr e'tiborsiz qoldirilmaydi». Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. Maqola tarjimasi Khan Academy Uzbek tomonidan taqdim etildi. | columnist |
Lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosiga o'zgartirishlar kiritish to'g'risidagi qonun loyihasi e'lon qilindi . Alifboda mavjud harf birikmalarini ("sh" va "ch"), shuningdek, "o'" va "g'" harflarini diaktrik belgili harflar bilan almashtirish taklif etilmoqda. Kolumnist Komil Jalilov so'nggi yuz yil ichida alifbo qanday o'zgargani, bu til va jamiyatning rivojlanishiga qanday ta'sir ko'rsatgani va taklif etilayotgan o'zgarishlar qanchalik asosliligini tahlil qildi. XX asr o'zbek yozuvi uchun o'zgarishlarga boy bo'ldi. 1920 yillarning boshlarida asrlar davomida foydalanib kelingan arab yozuviga o'zgartirishlar kiritildi. Ushbu o'zgartirishlar arab tiliga xos tovushlarni alifbodan chiqarish va unli tovushlarni anglatuvchi belgilarni kiritish bilan bog'liq edi. (Arab alifbosi konsonant ("abjad") yozuv turiga mansub bo'lib, bunday alifbolarda so'z ichidagi unlilar odatda yozuvda aks etmaydi.) Alifboga o'zgartirishlar rasman Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi Maorif Xalq Komissarining buyrug'i bilan 1923 yil 18 oktyabrda tasdiqlandi. Isloh qilingan arab yozuvidan ko'p ham foydalanilmadi. 1929 yilda Samarqandda — o'sha paytda O'zbekiston SSR poytaxtida — Respublika imlo konferensiyasi bo'lib o'tdi va unda lotin alifbosiga asoslangan yangi o'zbek alifbosi ("yanalif") tasdiqlandi. 1930 yillarning lotin alifbosi 34 belgidan iborat bo'lib, biz hozir ishlatayotgan lotin alifbosidan tubdan farq qilar edi — taqqoslash uchun 1933 yilda chop qilingan jurnaldagi e'lonni o'qib ko'ring. Biroq tez orada lotin alifbosi ham almashtirildi. 1940 yilda O'zbekiston SSR Oliy Kengashi kirill alifbosiga asoslangan o'zbek alifbosini tasdiqladi. Bu alifboga keyinchalik kiritilgan ayrim o'zgarishlarni (masalan, 1956 yilda apostrofning "ъ" harfiga almashtirilishini) hisobga olmasa, hanuzgacha shu alifboda qonunlar va farmonlar e'lon qilinmoqda, kitoblar va davriy adabiyotlar chop etilmoqda, saytlar sahifalanmoqda. 1993 yilda "Lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosini joriy etish to'g'risida"gi qonun qabul qilindi. Adliya vazirining maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatova yaqinda "lotin alifbosiga o'tishga siyosiy motivlar — "sovetcha anglashdan qochish" sabab bo'lgan", degan fikrni bildirdi . Mamlakat Oliy Kengashining qarori bilan 2000 yilgacha yangi alifboga to'liq o'tish yakunlanishi kerak edi. Biroq, 1995 yilda alifboga o'zgartirishlar kiritildi (u biz hozir foydalanayotgan shaklga kirdi) va to'liq o'tish muddati 2005 yilgacha , keyin esa 2010 yilgacha uzaytirildi. 2010 yilga kelib ham o'tish nihoyalanmadi va mamlakat hali ham bir paytning o'zida ikkita alifbodan foydalanmoqda. Yaqinda hukumat 2023 yil yanvarni yangi "oxirgi muddat" etib tasdiqladi — shu vaqtgacha hamma "takomillashtirilgan" lotin o'zbek alifbosiga o'tishi kerak. Demak, taklif qilinayotgan islohot alifboning so'nggi yuz yil ichida beshinchi marta o'zgartirilishi bo'ladi, bu hali alifbo almashishlari orasida imlo qoidalariga kiritilgan o'zgarishlarni hisobga olmasak. Yana bir qiziqarli tomoni — ko'pgina tillar, ushbu til qayerda ishlatilishidan qat'iy nazar, bir xil alifbodan foydalanadi. Erondan tashqarida yashovchi eronliklar xuddi Eronda bo'lgani kabi arab yozuvida yozadilar. Rus tili uchun Rossiyaning o'zida, MDH davlatlarida va butun dunyoda birdek kirill alifbosi qo'llaniladi. Bu borada o'zbek tili istisno bo'lib qolmoqda. O'zbekistonda yashovchi o'zbeklar bir paytning o'zida ham kirill, ham lotin yozuvlarini ishlatadilar. MDH mamlakatlaridagi o'zbeklar kirill alifbosida yozishadi. Masalan, Qirg'izistonda o'zbek tilida o'qitiladigan maktablar uchun darsliklar hanuzgacha kirill yozuvida nashr etilmoqda. Afg'onistonda o'zbek tili uchun arab yozuvidan foydalaniladi — misol uchun BBCning ushbu mamlakatda yashovchi o'zbeklarga mo'ljallangan sahifasiga ko'z tashlash kifoya. Bitta tildagi matnlarni yozish uchun turli alifbolarning ishlatilishi turli mamlakatlardagi yashovchi til egalari o'rtasidagi muloqotga, shuningdek, kompyuter lingvistikasi sohasidagi (masalan, mashina tarjimasi bo'yicha) tadqiqotlarga salbiy ta'sir ko'rsatmay qo'ymaydi. Mulohazalarni davom ettirishdan oldin ozgina nazariyaga "sayohat" qilamiz. Bu bizga, alifboga o'zgartirish kiritish zarurmi yoki yo'qmi, agar zarur bo'lsa, aynan qanday o'zgartirishlar zarur ekanligini tushunishga yordam beradi. O'qish va tushunish jarayonini tadqiq qiluvchi olimlar shunday xulosaga kelishganki , o'qiyotganda biz so'zni tushunishimiz uchun miyamiz har bir harfni alohida qabul qilmaydi, balki butun so'zni idrok etadi. Kichik tajriba. Mana bu gapni o'qib ko'ring: "Ytigga yetmish hnar ham oz". Ayrim harflardagi xatolarga qaramay, siz jumlani o'qiy va tushuna oldingiz, chunki miya alohida harflarni emas, balki butun so'zlarni qabul qiladi. Alifbo — matematik belgilar yoki zamonaviy emodzilar singari shartli belgilar tizimidir. Bu tizimda tildagi tovushlarga (aniqrog'i, fonemalarga) ma'lum belgilar mos keladi. Tilni o'rganayotgan kishi o'zi uchun qaysi belgilar qaysi tovushlarga mos kelishini o'zlashtirib, "tovush — belgi" bog'liqligini (assotsiatsiyasini) hosil qilishi bilanoq, bu belgilarning ma'nosi yo'qoladi. Ya'ni, masalan, "sh" tovushi turk tilidagi yoki taklif qilinayotgan o'zbek alifbosidagi kabi "ş" belgisi bilan yoziladimi, ingliz tilidagi yoki amaldagi o'zbek alifbosidagi kabi "sh" bilanmi, nemis tilidagi kabi "sch" yoki fransuz tilidagi kabi "ch" bilanmi — hech qanday farqi yo'q. Jamiyatda qaysi belgi yoki belgilar yig'indisi qabul qilingan bo'lsa, inson o'shani eslab qoladi va kelajakda shundan foydalanadi. Boshqa muhim bir jihat. Tillar ko'p va har bir til o'ziga xos fonemalar tizimiga ega. Ushbu tillardagi matnlarni qayd qilish uchun ishlatiladigan yozuv tizimlari (alifbolar) esa ancha kamroq. Bugungi kunda eng keng tarqalgan yozuv tizimlari ma'lum bir til uchun yaratilganligini hisobga olsak (masalan, lotin yozuvi lotin tili uchun), tabiiyki, bu yozuvlar keyinchalik qaysi tillar uchun qo'llanila boshlangan bo'lsa, o'sha tillardagi barcha fonemalarini aks eta olmaydilar. Masalan, ingliz tilidagi 44ta tovush lotin alifbosining atigi 26ta harfi yordamida (boz ustiga, hech qanday maxsus harflar va diaktrik belgilardan foydalanmagan holda) ifodalanadi. Shuning uchun ham bir nechta harflarning birikmasi bitta tovushga mos kelishi mumkin (masalan, "sh", "ch" yoki "th"), shuningdek, ayni bir harf yoki harflar birikmasi turli o'rinlarda kelganda turli xil tovushlarni bildirishi ham mumkin (masalan, "can" va "call" so'zlaridagi "a" harfi har xil tovushlarni anglatadi). Rus tilidan misol. "Молоко" so'zida birinchi "o" va oxirgi "o" har xil tovushlarni bildiradi, ya'ni har xil fonemalar bir xil belgi bilan yozilmoqda. Alifbo — bu har bir fonemaga faqat bitta belgi to'g'ri kelishi kerak bo'lgan fonetik transkripsiya emas. To'g'ri, alifbolarida deyarli mukammal "tovush-harf" mosligi aks etgan tillar ham yo'q emas, ammo bunday tillar nisbatan kam. Ko'p tillarda, turli sabablarga ko'ra, bu nisbat buzilgan. Masalan, o'zbek kirill alifbosida ham turli xil tovushlar bitta harf bilan yozilishi yoki bitta harf bir nechta tovushlarni anglatishi mumkin. Masalan, bir-biridan mutlaqo farq qiladigan ikkita tovush ("жўжа" va "журнал") uchun bir xil "ж" harfi olingan, turkiy tillar uchun xos bo'lgan ŋ tovushi esa ikki harf birikmasi — "нг" bilan yoziladi (masalan, "сингил"). Darvoqe, xuddi shu holatni amaldagi va taklif qilinayotgan o'zbek lotin alifbolarida ham ko'rishimiz mumkin. Yoki o'zbek kirill alifbosidagi "е" harfi, qaysi o'rinda kelishiga qarab, bitta tovushni yoki ikkita tovushni bildirishi mumkin (taqqoslang: "бер" — "ер"). Bunday holatlar uchun "alifbo tamoyili" tushunchasi mavjud bo'lib, unga ko'ra alifbodagi belgilar va tovushlar o'rtasidagi munosabatlar "bitta tovush — bitta harf" tamoyiliga amal qilishi shart emas, ammo bu munosabatlar tizimli va tushunarli bo'lishi kerak. Ya'ni, biz tilda so'zlarni qanday yozishimiz va talaffuz qilishimizni belgilaydigan ma'lum qoidalar mavjud. Alifbo tamoyilining o'zbek tilida ishlashiga misol. "Maktab", "kitob" va "maktabim", "kitobim" so'zlaridagi "b" harfi turli xil tovushlarni bildiradi, ammo ikkala holatda ham bitta harf yozilishi kerakligini belgilaydigan qoida mavjud. Yuqoridagilarni umumlashtiramiz. Bitta tovushni ifodalash uchun bitta belgidan emas, balki bir nechta belgilar birikmasidan foydalanish normal holatdir. Shuningdek, alifbodagi bitta belgi tilning turli xil tovushlarini bildirishi ham normal holatdir. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portalida ushbu qonun loyihasi fikr va mulohazalar soni bo'yicha yetakchi o'rinlardan birini egallab turibdi. Bu tushunarli holat — har bir kishi alifbodan foydalanadi, o'zgartirishlar u yoki bu tarzda har birimizga daxldor. Muhokamada ishtirok etayotganlar orasida o'zgarishlarni qo'llab-quvvatlovchilar ham bor va keskin qarshi bo'lganlar ham ko'p. Hatto o'zlarining muqobil alifbo variantlarini taklif qilayotganlar ham mavjud. "Gazeta.uz" telegram-kanalida o'tkazilgan so'rovnomada va sayt sahifasidagi sharhlarda ham fikrlar keskin bo'linganini ko'rish mumkin. Mutaxassislar ham bu masalada yakdil emaslar. Tilshunos va antropolog Eldar Asanov alifboning taklif qilinayotgan versiyasi mukammal emas va mukammalroq alifboni joriy etish imkoniyati paydo bo'lguncha hozirgi alifbodan foydalanishni davom ettirish yaxshiroq, degan fikrni bildirdi . Unga ko'ra, taklif etilayotgan versiyadagi muammolardan biri — singarmonizm (unli tovushlar uyg'unligi) hodisasining alifboda o'z aksini topmaganligi. Men suhbatlashgan mutaxassislardan biri — xususiy noshir ham alifboning taklif qilingan versiyasi mukammal emas, o'zbek tiliga xos barcha tovushlarni aks ettirmaydi, degan fikrga qo'shildi. Biroq, uning fikricha, o'zbek lotin alifbosining taklif qilinayotgan versiyasi teskari apostroflar yo'qligi sababli sahifalardagi matnning ko'rish uchun yaxlitligini ta'minlaydi. Men suhbatlashgan ilmiy darajaga ega bo'lgan boshqa bir mutaxassis, filolog singarmonizm haqidagi fikrga qo'shilmadi. Uning fikricha, singarmonizm hodisasi o'zbek tilining ayrim shevalaridagina saqlanib qolgan, ammo adabiy tilda emas, shuning uchun alifboga qo'shimcha unlilar kiritishga hojat yo'q. Aytgancha, O'zbekiston milliy ensiklopediyasida ham zamonaviy o'zbek tilida singarmonizm qoidasiga rioya qilinmasligi qayd etilgan . Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti professori, maktablar uchun o'zbek tili darsligi mualliflaridan biri Baxtiyor Mengliyev Facebookdagi sahifasida "bironta tilning alifbosi mukammal emas" va o'zbek tilining murakkab tarkibi (lahjalarning ko'pligi) alifboni mukammallashtirishga bo'lgan har qanday harakatlarini yo'qqa chiqaradi, deya ta'kidladi. Uning fikriga ko'ra, alifbo islohotida barcha ijobiy va salbiy tomonlarini hisob-kitob qilmay turib, "ola-ta'sir" ish ko'rish yaramaydi, taklif qilinayotgan islohotning esa "foydadan ko'ra zarari ko'proq"dir. Muammoga befarq bo'lmaganlarni ikki qutbga ajratgan yana bir masala — kirill alifbosidagi "ц"ga to'g'ri keladigan harfning yo'qligi. Ba'zilar "ц" tovushi o'zbek tiliga xos emas va buning uchun alohida harf kerak emas, deb hisoblashadi. Boshqalar esa "ц" mavjud bo'lgan juda ko'p miqdordagi so'zlar (shu jumladan ilmiy atamalar) o'zbek tiliga kirib kelganligini ta'kidlaydilar. Bundan tashqari, "ц" turli millat vakillarining atoqli nomlarida ishlatiladi (masalan, "Цой"). Shu sababli, ularning fikriga ko'ra, alifboga lotincha "c"ni kiritish lozim. (O'rni kelganda aytish joiz, amaldagi lotin o'zbek alifbosida ham "c" yo'q). Alifbo borasidagi munozaralar ishtirokchilarini ajratgan yana bir masala. O'zbek lotin alifbosining amaldagi va taklif etilayotgan versiyalarida kirill yozuvidagi "ҳ" va "x" harflariga "h" va "x" harflari mos keladi. Ayrimlar faqat "h"ni qoldirib, "x"dan voz kechishni taklif qilishmoqda. Ular o'z fikrlarini "x" tovushi turkiy tillarga xos bo'lmaganligi va ko'p o'zbeklar "ҳ" va "x"ni farqlamasliklari sababli yozishda xatolarga yo'l qo'yishi bilan asoslamoqdalar. Masalan, ushbu nuqtai nazarni tadbirkor va noshir Firuz Allayev ham o'zining Telegram-kanalida qo'llab-quvvatladi . Biroq, tanganing boshqa tomoni ham bor. "ҳ" va "x" orasidagi farq yetkazilmoqchi bo'lgan fikr mazmuniga ta'sir qilishi mumkin. Masalan, "шох" — daraxt shoxi va "шоҳ" — hukmdorni taqqoslang. Ijtimoiy tarmoqlardagi munozaralar paytida ayrimlar amaldagi alifboning yana bir muammosiga — apostrofli so'zlarning kompyuter tizimlari tomonidan noto'g'ri qabul qilinishi (so'zni bo'lib yuborishi) masalasiga e'tibor qaratdilar. Masalan, "O'zbekiston" (noto'g'ri kiritilgan bo'lsa), "ta'lim" kabi so'zlar kompyuter tizimlari tomonidan bitta so'z sifatida qabul qilinmaydi. Bu kompyuter lingvistikasi sohasidagi mutaxassislar va dasturchilar uchun muayyan muammolarni keltirib chiqaradi, shuningdek, ma'lumotlarni avtomatik qidirish va tizimlashtirishni murakkablashtiradi. Men suhbatlashgan filologlar va o'qituvchilar esa asosan taklif qilinayotgan o'zgarishlarga qarshi chiqishdi. Suhbatdoshlardan biri taklif qilinayotgan o'zgarishlarda mantiq yo'qligini aytdi. Ona tilini o'zlashtirish jarayonlarini o'rganadigan mutaxassis sifatida u kiritiladigan o'zgarishlar hamma uchun — kirillda o'qishni o'rganganlar uchun ham, amaldagi lotin alifbosida o'qiganlar uchun ham yozma matnni idrok etish bilan bog'liq jarayonlarning sekinlashishiga olib keladi deb hisoblaydi. Boshqa bir suhbatdoshim — maktab o'qituvchisi alifboni o'zgartirish uchun sarflanadigan xarajatlar masalasini ko'tardi. Axir, barcha hujjatlar, blankalar, muhrlar, shtamplarni, ko'chalar, binolar, aholi punktlariga kiraverishdagi yozuvlarni almashtirish, darsliklarni, kitoblarni, lug'atlarni, xaritalarni qayta nashr etish kerak bo'ladi. Uchinchi suhbatdoshimning fikriga ko'ra esa, o'zgartirishlar "o'zini ko'rsatishni istagan odamlar" tomonidan taklif qilingan va birmuncha vaqt o'tgach, qaysidir bir amaldor yangi bir taklif bilan chiqsa, alifboning yana o'zgarmasligiga kafolat yo'q. U alifboni juda ko'p marotaba almashtirishimizga to'g'ri kelganini, bu esa yaxshi holat emasligini eslatdi. Filologiya fanlari doktori, professor Aziz Jo'rayev o'zining "Standart o'zbek tili" (2016) nomli monografiyasida shunday yozgan edi: "Deyarli bir asr davomida o'zbek yozuvi va imlosini isloh qilish yoki almashtirish bilan bog'liq tadbirlar (1922, 1929, 1934, 1940, 1956, 1993, 1995 yillar) yozma o'zbek tilini surunkali beqarorlikka duchor etdi. Har safar lingvodidaktik namuna sindirilib, yangisini yaratish uchun vaqt, mehnat va pul sarf qilinaverdi, har safar o'zbeklarning lisoniy ongiga o'zgarirtirish kiritildi. Bu hol standart o'zbek tilining (yozma va og'zaki lingvodidaktik namunaning) mavjudlik shakliga ta'sir etmay qolmadi. Uning hech bir davrda to'laqonli rivoj topa olmagani ham shundandir" (8−9-betlar). Qonun loyihasiga ilova qilingan tushuntirish xatida loyiha mualliflari alifboni takomillashtirish zaruratini lotin alifbosiga to'liq o'tishni ta'minlash zarurati, shuningdek, o'zbek tilining mamlakat ichkarisidagi va jahon miqyosida nufuzi va mavqeini oshirish maqsadi bilan izohlashgan. Tilning nufuzidan boshlasak. Yuqorida aytganimdek, alifbo shunchaki shartli belgilar tizimidir. Mamlakat ichkarisida ham, dunyoda ham o'zbek tilining obro'si uchun qaysi tovushlarni qanday belgilar bilan ifodalashimiz hech qanday ahamiyatga ega emas. Ingliz tilining yer yuzidagi obro'si alifbo bilan belgilanmaydi. Yuqorida men inglizcha tovushlarning hammasi ham bitta harf bilan aks etmasligini yoki aksincha, bir xil harflar har doim ham bir xil tovushni anglatmasligini misol keltirdim. Ingliz tilining obro'sini ushbu tildagi ilmiy, ilmiy-ommabop, texnik va boshqa adabiyotlarning (shu jumladan media — filmlar, qo'shiqlar, kompyuter dasturlari va o'yinlarning) ko'pligi va ularning sifati, shuningdek inglizzabon mamlakatlarning jahon iqtisodiyoti, siyosati, ilm-fani va ta'limidagi mavqei mustahkamlaydi. Shuning uchun, agar biz o'zbek tilining obro'sini ko'tarmoqchi bo'lsak, nazarimda, bu tildagi turfa adabiyotlar, manbalarning miqdori va sifati haqida o'ylashimiz lozim. Alifboning tez-tez o'zgarib turishi esa tilning obro'sini mustahkamlashga ijobiy hissa qo'shmasligi aniq, bundan tashqari, keyingi avlodlarni oldingi alifboda (yoki oldingi alifbolarda) qayd etilgan ma'lumotlardan ajratib qo'yadi. Lotin alifbosiga to'liq o'tishni ta'minlash zaruratiga kelsak. Tushuntirish xatida, mening fikrimcha, amaldagi lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosi bilan bog'liq qanday muammolar lotin yozuviga to'liq o'tishga to'sqinlik qilayotgani va taklif qilingan alifbo bu muammolarni qanday bartaraf etilishi borasida aniq tushuntirishlar berilsa, maqsadga muvofiq bo'lardi. Taklif qilinayotgan alifbo nimasi bilan hozirda ishlatilayotgan alifboga qaraganda o'zbek tiliga yaqinroq, tilimiz uchun qulayroq, mukammalroq? Taklif etilayotgan alifbo chorak asrga cho'zilgan yangi alifboga o'tish masalasiga nuqta qo'yishga qodirmi? Ikki alifbo o'rtasidagi arosatga barham berish o'rniga, biz endi uchta alifbo o'rtasida sarson bo'lmaymizmi? Biroz vaqt o'tgach, taklif qilinayotgan alifbodagi muammolar haqida savollar tug'ilmaydimi? Afsuski, loyiha mualliflari bu savollarni ochiq qoldirganlar. Bu savollar aslo yo'q joyda tug'ilmagan va ular faqat menda tug'ilayotgani ham yo'q. Masalan, Facebook ijtimoiy tarmog'idagi "O'zbek tili jonkuyarlari guruhi"da "sh" va "ch"ni almashtirish qanchalik zarur, "oʻ" va "gʻ"ni to'g'ri kiritish uchun klaviatura ishlab chiqish mumkin-ku, singari savollar o'rtaga tashlangan . Bu kabi savollardan qochish yaramaydi, ularga asoslangan javoblar berish kerak. Axir alifbo va imlo masalasi, yuqorida ta'kidlaganimdek, barchaga daxldor. Mening fikrimcha, agar amaldagi lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosi qaysidir ma'noda nuqsonli, o'zbek tilidagi barcha ma'nolarni yetkaza olmaydigan bo'lganida edi, shu vaqt ichida, biz hujjatlarni bu alifboda chop eta olmasdik, kitoblar, darsliklar, gazetalar, jurnallar nashr eta olmasdik, e'lonlar yozolmasdik, ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qilolmasdik, saytlarni lotin yozuvida sahifalay olmasdik. Axir, bunday emas-ku. Qulaylik yoki go'zallikka kelsak, bu tushunchalar nisbiydir. Bir tomondan, amaldagi lotin alifbosi har qanday kompyuterda yoki smartfonda mavjud bo'lgan standart QWERTY klaviaturasida matn terish imkoniyatini yaratishi bilan qulaydir. Diaktrik belgili harflarni esa alohida o'rnatish kerak. Bundan tashqari, agar "ş" yoki "ç" harflari klaviaturaning turk yoki ozarbayjon nusxalarida (raskladkalarida) mavjud bo'lsa, amaldagi "oʻ" yoki "gʻ"ning o'rniga taklif qilinayotgan harflarni esa (ustida to'g'ri chiziqli (makron belgili) "o" va "g") hali izlab ko'rish kerak. Vikipediyadagi ma'lumotlarga ko'ra, lotin yozuvidan foydalanadigan boshqa tillarning alifbolarida bunday harflar yo'q . Ko'plab e'lon yoki taxtalarda xatolarni ko'rish mumkin. Foto: Shuxrat Latipov / "Gazeta.uz". Boshqa tomondan, so'zlardagi teskari apostroflarning (bir tirnoqlarning) ko'pligi (masalan, "qo'rg'on") so'zlarni idrok etishni qiyinlashtirishi, ayrimlar uchun bunday yozish xunuk ko'rinishi mumkin. Bundan tashqari, masalan, ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalarni kuzatsak, ko'pchilik "oʻ" va "gʻ" harflarini yozishda teskari vergul o'rniga boshqa har xil belgilarni ishlatib, xatoga yo'l qo'yayotganlarini payqash mushkul emas. Filolog sifatida, alifboning taklif qilinayotgan versiyani tahlil qilar ekanman, uni ishlab chiqishda qaysi tamoyilga amal qilinganligi men uchun mavhum qoldi. Agar mualliflar "bir tovush — bir harf" tamoyiliga amal qilishgan desak, bu tamoyilga doim ham amal qilinmagan. Ma'lumot uchun: bu tamoyilga kirill yozuviga asoslan o'zbek alifbosida yoki amaldagi lotin alifbosida ham amal qilinmagan (yuqoridagi "ж" ("j") va "нг" ("ng") bilan bog'liq misollarga qarang). Diaktrik belgilarni tanlash tamoyili ham tushunarsiz. Agar biz alifboga diaktrik belgili harflarni kiritishga qaror qilgan bo'lsak, nima uchun bitta klaviatura tartibida (raskladkasida) mavjud bo'lgan harflardan foydalanish mumkin emas? Shunday qilsak, matn terish osonlashardi-ku? Boshqa qiziqarli tomoni. Taklif qilinayotgan alifboda "c"dan yasalgan "ç" mavjud, ammo "c" harfining o'zini kiritmaslikka qaror qilingan. Bu alifboni o'rganishda muammolar tug'dirmaydimi? Alifbo — bu yoqmagan paytda almashtirish mumkin bo'lgan kiyim-kechak yoki texnika emas. Aks holda, nemislar, ehtimol, davlatlari nomi — "Deutschland" (Germaniya) so'zida birgina "ch" tovushi uchun to'rtta harfni yozishga majbur qiladigan alifboni allaqachon o'zgartirgan bo'lar edilar. Alifboni, hattoki undagi ayrim harflarni o'zgartirish, katta byudjet xarajatlaridan tashqari, avlodlar o'rtasida uzilishga, to'plangan bilimlar bazasidan foydalanish imkoniyatining yo'qolishiga va tilning rivojlanishidagi ma'lum bir sekinlashishlarga olib keladi, shuningdek, odamlarning tilga bo'lgan munosabatini o'zgartiradi. Ehtimol, 1993 yilda lotin alifbosiga o'tish qarori siyosiy sababga ega edi. 1995 yilda alifboga kiritilgan o'zgartirishlar ortida ham siyosiy sabablar turgan bo'lishi mumkin. Ammo alifboni o'zgartirish masalasi ma'lum vaqtdan keyin yana paydo bo'lishini istamasak, alifbo va imlo bilan bog'liq masalalarni siyosiylashtirmaslik kerak. Har qanday qaror, har qanday o'zgarish aniq ilmiy asoslangan, puxta o'ylangan bo'lishi kerak. Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. | columnist |
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosiga taklif qilinayotgan o'zgarishlar bo'yicha munosabatini bildirdi . Departamentning ta'kidlashicha, bu o'zgarishlar o'quvchilarning savodiga ijobiy ta'sir qiladi, shuningdek, katta avlod vakillarining ham alifboni o'rganishini tezlashtiradi. «Gazeta.uz» kolumnisti Komil Jalilov «Bahs va yarashish alifbosi» nomli maqolasida alifbo va imlodagi o'zgarishlar masalasini puxta o'ylab, aniq ilmiy asoslarga tayanib amalga oshirish lozim, degan fikrni ilgari surgan edi. Departament o'z munosabatida alifboni isloh qilish zarurati bo'yicha bir qancha fikrlarni keltirgan, lekin kolumnist bu fikrlarning asosida ilmiy dalillarni ko'rmaganligini ta'kidladi. Alifbodagi bahsli to'rt harfni o'zgartirish zaruratiga to'xtalar ekan, departament «xalqimiz tarixda foydalangan arab, lotin, kirill yozuvlari ham "bir tovushga — bir harf" tamoyiliga asoslangan», degan fikrni keltirgan. Yuqorida tilga olingan maqolamda «alifbo — fonetik transkripsiya emas va bir fonema bir necha harflar bilan ifodalanishi yoki aksincha, bitta harf bir necha fonemani ifodalashi normal holat», degan fikrni keltirgan edim va bir qancha tillardan bunga misollar keltirgan edim. O'zbek tili uchun ishlatilgan arab yoki kirill yozuvlarida ham «bir tovushga — bir harf» tamoyiliga rioya qilinmagan. Masalan, arab yozuvidagi «se», «sin», «sod» harflari «s» tovushini ifodalaydi. To'g'ri, arablar bu uch xil harf ifodalagan tovushlarni har xil talaffuz qiladilar, lekin o'zbek tili uchun bu farq mavjud emas. Rahimboy Jumaniyozov o'zining «Eski o'zbek yozuvi» nomli qo'llanmasida shunday yozadi: «Arab yozuviga diqqat qilgan bo'lsangiz, bizning tilimizdagi bir tovushni ifodalash uchun ikki, uch va hatto to'rt harf mavjudligini ko'rasiz. O'zbek tilida bu harflar ifoda etgan tovushlar o'rtasida hech qanday farq ko'zga tashlanmaydi. Lekin tilimizning lug'at sostaviga kirgan arabcha so'zlarda arablar qaysi harfni qo'llagan bo'lsalar, biz ham shu so'zni yozishda o'sha harfni ishlatamiz» (110−111 betlar). Demak, arablar talaffuzda farqlay oladigan, lekin o'zbeklar farqlamaydigan tovushlarni ifodalaydigan harflar sababli arab yozuviga asoslangan o'zbek alifbosida amalda bir tovushni ifodalaydigan bir necha harf mavjud bo'lgan va qaysi so'zda qaysi harf yozilishini eslab qolish kerak bo'lgan. Bundan tashqari, arab yozuvi konsonant yozuvlar sirasiga kiradi — bunday yozuvlarda so'z ichidagi unlilar yozuvda ifodalanmaydi. Misol uchun, «Eski o'zbek yozuvi» qo'llanmasida keltirilgan «zolim», «g'azab» so'zlarining arab imlosida yozilishiga e'tibor bersak, «zolm» (5 tovush — 4 harf), «g'zb» (5 tovush — 3 harf) shaklida yozilganini ko'rishimiz mumkin. Bundan tashqari, o'zbek tilida unlilar soni ko'proq bo'lgani holda, arab yozuvida unlilarni ifodalaydigan faqat uchta harf mavjudligini ham qayd etish lozim. Demak, asrlar davomida ishlatilgan arab alifbosida «bir tovushga — bir harf» tamoyiliga amal qilingan, deya olmaymiz. Kirill yozuvida ham bu tamoyilga qat'iy rioya qilingan, deyish qiyin. «Ya», «yu», «yo» (misol uchun, «yalpiz», «yurt», «yomon») harflarining aslida ikki tovushni bildirishi, «ye» harfining o'rniga qarab bir yoki ikki tovushni bildirishi (masalan, «yengil» so'zida ikki tovush, «men» so'zida bir tovush), bitta «j» harfining ikkita tovushni ifodalashi (solishtirib ko'ring: «jiyda» — «jirafa»), «ng» harflarining o'rni kelganda ikki tovushni («menga») yoki bir tovushni («dengiz») bildirishi bunga yaqqol misol bo'la oladi. Demak, departament ta'kidlaganidek, «xalqimiz tarixda foydalangan arab, kirill alifbolari "bir tovushga — bir harf" tamoyiliga asoslangan», deyish unchalik ham haqiqatga mos emas. Faqat isloh qilingan arab alifbosida (1921−1929) va «yanalif»da (1929−1940 yillarda ishlatilgan lotin alifbosida) bu tamoyil u yoki bu darajada kuzatilgan, deyishimiz mumkin. Biroq bu alifbolarning amal qilish muddatini arab, kirill yoki amaldagi lotin alifbolari qo'llanilgan davr bilan solishtirib bo'lmaydi. Yana bir holat. Kirill yozuvidagi «j» va «ng» bilan bog'liq holatlar taklif qilinayotgan yozuvga aynan ko'chganligi sababli, taklif qilinayotgan alifboning o'zida ham «bir tovushga — bir harf» tamoyiliga har doim amal qilinmaganini ko'rishimiz mumkin. Departament amaldagi «O'» va «G'» harflariga to'xtalar ekan, bu harflarni yozish uchun kompyuter klaviaturasida 6ta tugma (avval O yoki G, keyin: alt 0145) bosilishini ta'kidlagan. Aslida, ayrim mutaxassislarning ta'kidlashicha , bu harflar uchun UNICODE tavsiya qilgan harfni «o'zgartiruvchi teskari vergul» (U+02BB, «modifier letter turned comma») ishlatilsa, kompyuter tizimlari bunday harflar ishtirokidagi so'zlarni to'g'ri qabul qiladi. Darhaqiqat, bu harflarni kompyuterda terish qiyinligi ham, ko'pchilik bu harflarni terishda har xil belgilarni ishlatib, xatoga yo'l qo'yishi ham bor gap. Lekin muammoning yechimi faqat alifboni o'zgartirishmi? Bu harflarni qiyinchiliksiz va bexato terish imkonini beradigan klaviatura raskladkasi yaratilishi mumkin emasmi? Departament «zamonaviy gadjetlar klaviaturalarida o'zbek tilining barcha harflari bo'ladi», deya ta'kidlagan. Amaldagi lotin alifbosidagi bu harflarni bitta tugma bilan terish imkonini beradigan klaviatura Android tizimidagi qurilmalarda allaqachon mavjud. Bunday klaviaturaning texnik imkoniyatlari, ijobiy va salbiy jihatlari o'rganildimi? Shunga o'xshagan klaviaturani boshqa tizimlar uchun yaratish imkoniyatlari tadqiq qilindimi? Departament shu bo'yicha ham asoslangan fikrlarni taqdim qilsa, mutaxassislar bilan ochiq muhokama qilsa, foydadan xoli bo'lmas edi, nazarimda. Departament bildirgan munosabatda «sh» va «ch» harflarini o'zgartirish zaruratini bu tovushlarning ikkita harf bilan ifodalanishi «hech bir turkiy davlatlar amaliyotida yo'q"ligi bilan izohlagan. Asl maqsadimiz turkiy tillar alifbosiga yaqin alifboni qabul qilish emas, lotin alifbosiga o'tishni tugallash ekanligini unutmaylik. Birinchidan , turkiy tillar turli alifbolardan foydalanishadi. Masalan, turkiy tillar orasida o'zbek tiliga eng yaqin bo'lgan uyg'ur tili uchun arab va kirill yozuvlari ishlatilsa, ozarbayjon, turk, turkman, qoraqalpoq tillari uchun lotin, qirg'iz, qozoq, shuningdek, Rossiya tarkibidagi aksar turkiy xalqlar tillari (oltoy, boshqird va boshqalar) uchun kirill alifbosi asosidagi yozuv ishlatiladi. Demak, turkiy tillar yozuvlari mushtarakligi haqida ayni paytda, turli sabablarga ko'ra, gapirishga asos yo'q. Ikkinchidan , alifbodagi «sh» va «ch» harflarining o'xshashligi o'zbeklar uchun boshqa turkiy tillarni o'rganishni osonlashtirib qo'ymaydi. Baribir o'zbekzabon o'quvchi qaysi turkiy tilni o'rganmoqchi bo'lsa, o'sha tilning grammatikasi va so'z boyligi bilan birga alifbosi va imlo qoidalarini ham o'rganishi kerak bo'ladi. Masalan, «j» tovushi o'zbek tilida «j» bilan ifodalansa (misol: «jonim mening») , turk tilida «c» bilan beriladi («canim benim»). Shunday ekan, uzr, lekin men «sh» va «ch» borasida berilgan asos tagida mantiq ko'rmadim. Shunchaki ma'lumot uchun. Genealogik jihatdan bir-biriga yaqin (hind-yevropa tillari oilasi g'arbiy german tillari guruhiga kiruvchi) ingliz va nemis tilarida «sh» va «ch» tovushlari har xil harf birikmalari («sh», «ch» va «sch», «tsch» bilan ifodalanadi). Alifboga o'zgartirish kiritish zarurati haqida munosabat bildirar ekan, departament yozmoqda: «Alifbodagi ushbu harflar sababli kattaroq hajmdagi matnni o'qish va yozish qiyinligicha qolmoqda. Bu o'z navbatida, O'zbekistonda lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosining ommalashishiga salbiy ta'sir qilmoqda». Savol tug'iladi. Keltirilgan fikr nimaga asoslangan? Amaldagi alifboning oson yoki qiyinligi bo'yicha tadqiqotlar o'tkazildimi? Turli vositalar orqali (masalan, qog'ozda, kompyuter yoki smartfon ekranida, elektron kitob o'qish qurilmasi — bukriderda) amaldagi lotin alifbosi va taklif qilinayotgan alifbodagi matnlarni o'qish tezligi, idrok qilish darajasi orasidagi farqlar o'rganildimi? Turli yoshga mansub shaxslar, kirillda yoki amaldagi lotinda savodi chiqqan shaxslar, ona tili o'zbek tili bo'lgan va boshqa millatga mansub shaxslar kategoriyalariga qarab har ikki alifbodagi matnni o'qish tezligi va idrok qilish qobiliyati qanday farq qildi? Xuddi shunday tadqiqotlar amaldagi va taklif qilinayotgan alifbolarda yozish bo'yicha ham o'tkazildimi? Qog'ozda yozish, smartfonda yoki kompyuterda matn terish bo'yicha qanday ko'rsatkichlar olindi? Agar bunday tadqiqotlar o'tkazilgan bo'lsa, departamentdan ularning natijalarini taqdim qilishni so'rardim. Agar o'tkazilmagan bo'lsa, uzr — siz o'qish va yozish qiyin deyayotgan alifboni men yoki boshqa birov oson deyishi mumkin. Departament munosabatida amaldagi alifbo qiyinligi bilan bog'liq yana bir qiziq argument keltirilgan: «milliy alifbodagi murakkabliklar tufayli ko'pchilik bitiruvchi yoshlar mehnat faoliyatlarini kirill alifbosida davom ettirishga majbur bo'lmoqda». Darhaqiqat, nega ta'lim tizimida (maktabda, oliy ta'limda) lotin alifbosida o'qigan yoshlar mehnat faoliyatlarini kirill alifbosida davom ettirishga majbur bo'lmoqda? Sabab milliy alifbodagi murakkabliklarmi? Shaxsiy tajribamdan bir voqea. Davlat tashkilotlaridan birida ishlaganimda Vazirlar mahkamasi va Prezident administratsiyasiga yuborilishi kerak bo'lgan hujjatlarni lotin alifbosida tayyorlaganimda ularni kirill alifbosiga o'girib berishni so'rashgan va bunday hujjatlar keyinchalik kirillchada tayyorlanishi lozimligini uqtirishgan edi. Xulosa o'zingizdan. Departament keltirayotgan argumentlardan yana biri: «Lotin yozuvida o'qigan yoshlar orasida savodsizlik kuchayib, yozma nutqda soddaroq belgi ("o'" ning o'rniga "6", "ch" ning o'rniga "4", "sh" ning o'rniga "w") dan foydalanish avj olgan». Yozma nutqda soddaroq belgilardan foydalanish — bu savodsizlik belgisi emas, balki butun dunyoda, ko'p tillarda kuzatiladigan « sms tili » yoki « tarmoq jargoni » deb ataladigan hodisa. Ya'ni, ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalarda, sms orqali muloqotda vaqtni tejash, yozma muloqot tezligini oshirish maqsadida turli usullar ishlatiladi. Shunday usullardan biri so'zlarni qisqartirish bo'lsa (ingliz va rus tillaridan misollar: «in my humble opinion» (fikri ojizimcha) — «IMHO», «chasto zadavayemыye voprosы» (ko'p beriladigan savollar) — «CHAVO»), yana biri ayrim harflar (harf birikmalari) o'rniga boshqa belgilarni ishlatishdir (misol uchun: «tomorrow (ertaga) — «2mro», «chto delayesh» (nima qilyapsan) — «4to 2yelayesh»). Bunday holatlar alohida tendensiya, lingvistik hodisa sifatida tadqiq qilinmoqda, o'rganilmoqda. Nazarimda, alifboning o'zgarishi bu hodisani to'xtata olmaydi. Departamentning munosabatida amaldagi alifbo o'zbek tilining internet tiliga aylanishiga xalal berayotgani ham ta'kidlangan: «Alifbodagi murakkab harflar tufayli o'zbek tilini "raqamlashtirish", internet tiliga aylantirish imkoni bo'lmayapti». Ma'rifat gazetasida e'lon qilingan bir maqolada ham joriy alifbodagi to'rtta harf tufayli kompyuter tizimlari, sun'iy intellekt, internet tizimlari o'zbek tilini tanimasligi aytilgan. Ushbu fikrni tekshirish uchun bir tajriba o'tkazib ko'rdim. Amaldagi lotin alifbosida terilgan matnni Google tarjimon dasturiga tashlab ko'rdim. Google tarjimon matnning o'zbek tilida ekanligini tanidi va men tanlagan boshqa tillarga (rus va ingliz tillariga) deyarli benuqson tarjima qilib berdi. «Murakkab harflar» Yandeks tarjimon dasturiga ham matnning o'zbek tilida ekanligini aniqlab olishga xalaqit qilmadi. Ilova qilingan rasmlarda bu holat aks etgan. Departament keltirgan yana bir argument — «transliteratsiya dasturlari tufayli kirill alifbosidagi adabiyotlarni milliy alifboga tezkor va xatosiz o'girish va o'qish imkoni paydo bo'lishi»ga kelsak, kirill yozuvida terilgan matnni amaldagi alifboga transliteratsiya qilib beradigan dasturlar ham mavjud. Faqat bir narsani unutmaslik kerak — lotin yozuvi asosidagi o'zbek alifbosi, xoh amaldagisi bo'lsin, xoh taklif qilinayotgani — kirill yozuvining ayni transliteratsiyasi emas, balki o'z qoidalariga ega alohida tizimdir. Shuning uchun bir yozuvdan ikkinchi yozuvga transliteratsiya hech qachon bexato bo'lmaydi. Departament o'z munosabatida alifbodagi shakliy o'zgarishlar sababli «katta avlodga mansub fuqarolarning lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosi imlosini o'zlashtirishi tezlashadi», «o'zbek tili tabiatiga mos yozuv bo'ladi», deya ta'kidlagan, lekin taklif qilinayotgan alifbo aynan qaysi jihatlari bilan o'zbek tili tabiatiga mos bo'lishini yoki katta avlodga amaldagi alifboni o'zlashtirishga qaysi omillar xalaqit berayotganini izohlamagan. Yakun sifatida oldingi maqolamda keltirilgan fikrni yana bir marta qaytarishga ruxsat bersangiz. Agar alifboga o'zgartirish kiritish zarur bo'lsa, men bu o'zgarishlarning puxta o'ylab, ilmiy asoslangan holda kiritilishi tarafdoriman. Aks holda alifbo va imlo masalasiga yana va yana qaytishga majbur bo'laveramiz. Hozircha esa, afsuski, alifboni o'zgartirish uchun keltirilayotgan argumentlar meni filolog sifatida ham, foydalanuvchi sifatida ham ishontira olgani yo'q . Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. | columnist |
Biznes tuzilmalarining jamiyat taraqqiyotiga qo'shishi mumkin bo'lgan hissasini inkor etib bo'lmaydi. Bu hissa korxonalarning o'z xodimlari va jamiyat oldidagi ijtimoiy va ekologik majburiyatlarni o'z zimmasiga olishi bilan muhimdir. Mas'uliyatni o'z zimmansiga olish o'ta og'ir yukdek tuyulishi mumkin — lekin kichik qadamlardan boshlasa bo'ladi, masalan ishchilarning tashabbuslari va manfaatlarini qo'llab-quvvatlash yoki mahallaga yordam berish orqali ham buni amalga oshirish mumkin. Ijtimoiy muammolar bilan shug'ullanuvchi tadqiqotchi, korporativ ijtimoiy mas'uliyat bo'yicha mutaxassis Malika Sharipova va ijtimoiy himoya sohasidagi tadqiqotchi Dilmurod Yusupov o'z maqolalarida korporativ ijtimoiy mas'ulityani amalga oshirishda qanday xatolardan saqlanish kerakligiga to'xtalib o'tganlar. Biznesda muvaffaqiyatga erishishda korporativ ijtimoiy mas'uliyatning (KIM) o'rni tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Ijtimoiy va ekologik siyosat hamda standartlarni tatbiq etayotgan, bir qator xalqaro sertifikatlarni qo'lga kiritishga urinayotgan va audit tizimlaridan o'tayotgan, yillik KIM hisobotlarini chiqarayotgan kompaniyalar kundan kunga ko'payib bormoqda. Global miqyosda transmilliy korporatsiyalar ham barcha manfaatdor tomonlarning tobora ortib borayotgan talablarini qondirishga harakat qilmoqda. Hatto KIMni rivojlantirishga bag'ishlangan The CSR journal , 3BL , Triple Pundit kabi maxsus platforma va nashriyotlar ham ko'paymoqda. "BlackRock" investitsiyalarni boshqarish transmilliy korporatsiyasi raisi va bosh ijrochi rahbari Lourens Fink ham o'zining yaqinda e'lon qilingan murojaatida investitsiya qarorlarini qabul qilishda KIMning rolini alohida ta'kidlab o'tdi. U 2020 yilda ekologik, ijtimoiy va boshqaruv (Environmental Social Governance — ESG) tamoyillarida yetakchi bo'lgan kompaniyalar investorlarning qiziqishini jalb qilgani va shu orqali o'z raqobatchilaridan ustun bo'lganliklarini aytib o'tdi. Foyda olishdan tashqari, biznes tuzilmalari o'z xodimlarining huquqlarini ta'minlashi va barcha manfaatdor tomonlar oldidagi majburiyatlarini bajarishi orqali jamiyat rivojiga hissa qo'shishlari, shu bilan birga jamiyatdagi ijtimoiy muammolarning yechimida ishtirok etishlari zarur. Atrof-muhitni muhofaza qilish va xodimlarni ijtimoiy himoyalash, mas'uliyatli amaliyotlar, qonunchilikka rioya qilish, ta'minot zanjiri bo'yicha hisobot berish va boshqalar — bularning barchasi KIMning asosiy talablaridir. KIM tamoyillarini amaliyotda tadbiq etuvchi, kuchli ijtimoiy himoya va xodimlar huquqlarini to'laqonli tarzda ta'minlovchi mas'uliyatli biznes tuzilmalari nafaqat investorlarni jalb qilish, balki jamoatchilik ishonchini ham qozonish, o'z nufuzini ko'tarish, yangi mijozlar va yuqori malakali xodimlarni jalb qilish imkoniga ega bo'ladilar. Juda zo'r imkoniyat, shunday emasmi? Ammo KIMni to'g'ri tarzda amalga oshirish oson ish emas! Amaliyot shuni ko'rsatadiki, muvaffaqiyatli KIM tashabbuslarini amalga oshirish puxta rejalashtirish, yetakchilik va samarali muloqot qobiliyatini talab qiladi. Afsuski, KIMdan faqat g'araz maqsadlarda foydalanadigan kompaniyalar ham mavjud. Balki o'quvchilar "whitewashing", ya'ni "obro'ni oqlash", "greenwashing" yoki "yashil piar" kabi tushunchalar haqida eshitgandir. Bunda kompaniyalar xaridor va mijozlarini o'z xizmatlari ijtimoiy mas'uliyatli tarzda amalga oshirilishi yoki o'z mahsulotlari ekologik toza ekaniga ishontirishga urinishadi. Aslida esa bunday kompaniyalarda tegishli standartlar yoki siyosat amalga oshirilmaydi. Shu bilan birga, KIM tamoyillarini noto'g'ri tushunadigan kompaniyalar ham mavjud. Shuni aytib o'tish kerakki, KIM — imkoniyati cheklangan bolalarga sovg'alar ulashish yoki ular uchun bayram tashkillashtirilgan ta'sirchan reklama roliklari yoki xayriya degani emas. O'zbekistondagi kompaniyalar o'rtasida o'tkazilgan so'rovnoma shuni ko'rsatdiki, mamlakatimizdagi biznesning salmoqli qismi KIM ga xayriya prizmasi orqali qaraydi. Ba'zi tadbirkorlar buni diniy e'tiqodlari yoki altruistik tushunchalari asosida amalga oshirishadi, ba'zilari esa boshqa kompaniyalarning KIM strategiyalari to'g'risida eshitib, o'zlarida ham shu usullarga taqlid qilishga harakat qilishadi. Quyida, O'zbekistonda KIM loyihalarini samarasiz amalga oshirishga misollarni ko'rib chiqamiz (voqealar va holatlarning o'xshashligi tasodifiy bo'lishi mumkin). "A" kompaniyasi mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilariga yangi yil bayrami uyushtiradi. Kompaniya vakillari bolalar uylariga tashrif buyurishadi, yangi yil sovg'alarini, oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatishadi, konsert uyushtirishadi va bolalar bilan suratga tushishadi. Keyin kompaniya PR-mutaxassisi mashhur internet-OAVlarda "reklama huquqi asosida" o'z xayriya aksiyalari to'g'risida foto va video materiallarni joylashtiradi. Bir qarashda bunday strategiyaning yomon joyi yo'q — axir bolalarni xursand qilishdi-ku! Ehtimol "A" kompaniyasi ushbu xayriya aksiyasini faqat yaxshi niyatlar bilan tashkillashtirgandir. Ammo, ilg'or xalqaro amaliyotga nazar tashlasak, ko'plab rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda bolalar uchun maxsus muassasalardan voz kechib , vasiylikning muqobil, oilaviy shakllarini (homiy oilalar) qo'llab-quvvatlashga e'tibor berilmoqda. Bolalarga sovg'alar tarqatish albatta yaxshi, lekin aslida ular uchun eng muhimi ularning oilaviy muhitda, mehr-muhabbat bilan ulg'ayishidir. Kompaniyalar bolalarning asl muammolari bilan shug'ullanish o'rniga "mehribonlik uyi turizmi" ni amalga oshirishi jamoat ongida mehribonlik uylari institutini yana ham kuchaytirishga va boshqa muqobil yo'llar haqida bosh qotirmaslikka olib keladi. Moddiy yordam va ijtimoiy xizmatlarga muhtoj bo'lgan notinch va kam ta'minlangan oilalar farzandlarini o'zlari boqa olmaganliklari sababli ularni mehribonlik uylariga berishga majbur bo'ladilar. 2019 yilda Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining 14 foizigina to'liq yetim bo'lgan, qolganlari esa ota-onasining noilojligidan shu muassasalarda qo'nim topganlar. Yaqinda prezidentning Namanganga tashrifi chog'ida 26-mehribonlik uyidagi to'rt nafar bola moddiy qiyinchiliklar tufayli ularni tashlab ketgan onalariga qaytarildi . Ammo nega bolaning onaga qaytarilishi uchun aynan prezidentning tashrifini kutish kerak? Ijtimoiy xizmatlar, mahalla qo'mitasi, KIMni targ'ib qiluvchi kompaniyalar, xayriya qiluvchilar — ular moddiy jihatdan qiynalayotgan bu kabi oilalarni o'z vaqtida qo'llab-quvvatlashi va bolalarning o'z oilalaridan ajralishining oldini olishlari mumkin-ku. Albatta, kompaniyalarning sharoiti yo'q oilalarning har biriga ijtimoiy yordam berishga vaqti yo'q va ular bunga majbur ham emas, axir mehribonlik uylarida bayram tashkil qilish — kompaniyaning obro'sini yaxshilash uchun tez samara beruvchi arzon va ishlangan sxema. Biroq, aytib o'tish kerak, ushbu xayriya yondashuvi barqaror emas va afsus, ko'pincha masalaning mohiyati bilan shug'ullanishni istamagan kompaniyalarning bir martalik PR aksiyasi sifatida xizmat qiladi. Shuni ta'kidlab o'tish kerakki, KIM strategiyasining barchaga bir xil darajada mos keladigan aniq andozasi mavjud emas. KIM strategiyasi kompaniyaning o'z rivojlanish strategiyasiga muvofiq ishlab chiqilishi, jamiyat uchun ham, kompaniya uchun ham samarali bo'lishi va boshqa korxonalar siyosatidan ko'chirma bo'lmasligi kerak. Kompaniyalar KIM tamoyillarini o'z maqsadlari va vazifalari, qadriyatlari va barcha manfaatdor tomonlarining ehtiyojlarini, shuningdek, jamiyatdagi mavjud muammolarni chuqur anglagan holda ishlab chiqishlari kerak. Hech bir kompaniya 100% "yashil" bo'la olmaydi, lekin shu bilan birga, har bir kompaniyaning o'ziga xos ekologik zararni kamaytirish va ijtimoiy mas'ullik maqsadlari bo'lishi kerak. Masalan, siz barqaror rivojlanish yo'lini tanlashingiz, inson huquqlari, ayollar huquqlarini himoya qilishingiz yoki nogironlarning jamiyat bilan integratsiyalashuviga yordam berishingiz, biron maqsadga qaratilgan xayriya ishlarini amalga oshirishingiz mumkin. Ammo ta'kidlab o'tish zarurki, bu strategiyalarning barchasi doimiy va barqaror bo'lishi kerak . KIM bir martalik yordam emas, balki aniq belgilangan va maqsadga yo'naltirilgan uzoq muddatli strategiya bo'lishi kerak. Dunyo tajribasidan bir misol — AQSHda 2011 yildan beri faoliyat olib borayotgan qayta ishlangan bambuk, yog'och va boshqa materiallardan qo'lda ishlangan ko'zoynaklar ishlab chiqaradigan Solo Eyewear kompaniyasini misol qilib olsak. Kompaniya insonlarga g'amxo'rlik qiladi — kompaniya o'z daromadining 10% ini doimiy tarzda muhtoj insonlarni ko'zoynaklar bilan ta'minlash, ko'z tibbiy ko'riklaridan o'tkazish va katarakta operatsiyalarini moliyalashtirishga xayriya qiladi. Solo Eyewear shu paytgacha 13 mingdan ziyod muhtoj ko'zi ojizlarga ko'rish imkoniyatini qaytargan. Shu bilan birga, kompaniya atrof-muhitni muhofaza qilishga o'z hissasini qo'shish maqsadida quyoshdan saqlaydigan qora ko'zoynaklarni tayyorlash uchun qayta ishlangan bambuk, yog'och yoki plastmassa kabi ikkilamchi mahsulotlardan foydalanadi va bu bilan yuzlab kilogramm birlamchi materiallarni isrof qilishning oldini oladi. Aravind Eye Care System va Restooring Vision bilan hamkorlik orqali Solo Eyewear kompaniyasning ko'rishni tiklash bo'yicha harakatlari 32 mamlakatga tarqalgan. Keyingi samarasiz KIM xatolarini takrorlamaslik uchun siz ham o'zingizning siyosatingizga to'g'ri keladigan nodavlat notijorat tashkilotini qo'llab-quvvatlash yoki ular bilan sheriklik qilish orqali qo'yilgan ezgu maqsadlarga erishish imkonini kuchaytirishingiz mumkin. "B" kompaniyasi O'zbekiston mustaqilligi kuni munosabati bilan nogironlar tashkilotiga xayriya yordamini ko'rsatadi. Kompaniya xodimlari tashkilotning 100 dan ortiq a'zolariga firma logotiplari tushirilgan sumkalar va qutilarda oziq-ovqat tarqatadi va bu jarayonini suratga olishadi. So'ngra kompaniyaning matbuot xizmati ommabop Internet-nashrlardan birida nogironlarga yordam berish qanchalik muhimligi to'g'risida fotosurat va "oliyjanob" matnni reklama huquqlari asosida e'lon qiladi. Bu misolda yana o'sha xatoni kuzatamiz, ya'ni "B" kompaniyasi oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatishda ijtimoiy himoyaga muhtoj odamlarga osongina yordam berishni ma'qul ko'radi. Lekin, keling, "agar bir odamga yordam berishni istasang, unga baliq berma, balki unga baliq tutishni o'rgat", — degan qadimiy dono maqolni eslaylik. Ehtimol, "B" kompaniyasi sog'lom insonlarga qaraganda nogironlarning munosib ish topishlari to'rt barobar qiyinroq ekanligidan xabari yo'qdir. Bir martalik "baliq" tarqatish xayriyasi o'rniga bu kompaniya nogironlarning asl muammolarini o'rganish, ularni ish bilan ta'minlash, o'qitish yoki ularga ish tajribasini o'rgatishi mumkin edi. Ammo, bir martalik xayriya yordamini tarqatish nogiron ishchilar uchun ma'lum ish joylarini moslashtirish va treninglar o'tkazishdan ko'ra ancha osonroq ish albatta. Shu bilan birga, nogironlar tashkilotining 100 dan ortiq a'zolariga oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatish — bu ommaviy axborot vositalarida xayriya ishlarini tezkor yoritib, obro' orttirishga xizmat qiladigan kompaniyalar uchun juda yaxshi imkoniyat. Biroq faqat xayriya bilan shug'ullanish yondashuvi barqaror emas va afsus bu kabi aksiyalar nogironlarni mamlakat iqtisodiyoti rivojiga o'z hissasini qo'shishi mumkin bo'lgan faol fuqarolar sifatida emas, balki п ассив qabul qiluvchilarga aylantirishni rag'batlantiradi. Bundan tashqari, xayr-ehson beruvchilar va uni oluvchilar o'rtasida teng bo'lmagan munosabatlarni vujudga keltiradi, bunda odatda, beruvchilar oluvchilarga nima kerakligini o'zlari "hal qilishadi". KIM bo'yicha samarali va barqaror loyihalarni amalga oshirish uchun kompaniyalar o'z strategiyalariga mos yoki o'xshash qadriyatlarni targ'ib qiluvchi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa vakillari bilan uzoq muddatli ijtimoiy sheriklik aloqalarini o'rnatishlari maqsadga muvofiq. Afsuski, o'tgan yilning may oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ko'rib chiqilgan "Ijtimoiy sheriklik to'g'risida" gi qonunning yangi tahriri qabul qilinmadi. O'shanda Xalq demokratik partiyasi va O'zLiDep deputatlari "ijtimoiy sheriklik institutini kengaytirish", bu sohada biznes va tadbirkorlik sub'ektlarining ishtirokini ta'minlashni taklif qilishgan edi. Misol uchun, — Nestlé o'z global palma yog'i ta'minot zanjirlarining 100 foiz monitoringi uchun Starling (Global tekshiruv tizimi) yo'ldosh xizmatini yo'lga qo'ygan birinchi oziq-ovqat kompaniyasidir. The Forest Trust notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda kompaniya o'z mahsulotlarida ishlatadigan palma yog'i tropik o'rmonlarning noqonuniy ravishda kesilishiga olib kelmasligi uchun harakat qiladi va noqonuniy kesishlarga qarshi siyosatni ilgari suradi. O'zbekiston sharoitida mahalliy kompaniyalarning o'z mahsulot qadoqlarining ekologik zararini kamaytirishga qaratilgan siyosati muvaffaqiyatli KIM siyosatiga yaxshi misol bo'lishi mumkin. Masalan, KIM siyosatlari doirasida kompaniyalar Hashar Week ning chiqindilarni qayta ishlash loyihasi bilan hamkorlik qilishlari yoki talaba va olimlarning chiqindilarni barqaror va ekologik tarzda yo'q qilish bo'yicha ilmiy tadqiqotlarini qo'llab-quvvatlashlari mumkin. "B" kompaniyasining nogironlar uchun oziq ovqat mahsulotlarini tarqatish misolini qo'llash o'rniga, siz masalan, "Inklyuziv ish bilan ta'minlash" loyihasi doirasida nogiron xodimlarni tanlash uchun Sharoit+ Toshkentdagi nogironlar jamoat birlashmasi — nodavlat notijorat xizmatidan foydalanishingiz mumkin, yoki www.ishplus.uz ixtisoslashtirilgan portalida mavjud bo'sh ish o'rinlarini taklif qilishingiz mumkin. KIM tashabbuslari mahalliylashtirilsa yanada samaraliroq bo'ladi. Kompaniyangizning katta yoki kichikligidan qat'i nazar, KIM dasturingiz mahalliy hamjamiyat ehtiyojlaridan kelib chiqishi kerak. Bu ma'lum bir mahalla jamoatchiligi muammolarini hal qilishga qaratilgan va o'sha hudud talablaridan kelib chiquvchi "mahallabay" yondashuvdir. Masalan, 2011 yilda dunyoga taniqli Levi Strauss & Co kompaniyasi ishlab chiqarish zanjiri bo'ylab ishchilarga yaxshi sharoitlar yaratish va yanada barqaror ta'minot zanjirini ta'minlash uchun Worker Well-Being (WWB) deb nomlangan inqilobiy tashabbusni boshladi. Kompaniya mahalliy ishchilar malakasini oshirish, ularning oilaviy salomatligi va farovonligini ta'minlash, tenglik va bag'rikenglikni rivojlantirish uchun o'z dasturlarini amalga oshirishda ta'minotchilar va mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi. WWB ishchilar muammolarini tinglashdan boshlab ishchilar ehtiyojlarini qondirishgacha o'ziga xos yondashuvni qo'llaydi. Har qanday tashabbusni boshlashdan oldin, ta'minotchilar Levi Strauss & Co zavod ishchilari bilan ularning ehtiyojlari borasida suhbat olib boradi. Shundan so'ng kompaniya o'z ta'minotchilari bilan birgalikda mahalliy va milliy nodavlat notijorat tashkilotlar bilan ishchilar ehtiyojlarini qondiradigan dasturlarni amalga oshiradi. Levi's o'z WWB dasturini 17 mamlakatda joriy qilgan va hozirda bu dastur kompaniyaning 65 foiz mahsulotini ishlab chiqaruvchi 190 ming ishchini qamrab oladi. Qizig'i shundaki, WWBning dasturlari investitsiyalar rentabelligini 4:1 nisbatiga ko'targan! KIMda halollik, oshkoralik va samimiylik juda muhim. Umuman aslida, har bir inson ham, kompaniya ham o'zlari ishonmagan maqsadni yoki g'oyani ilgari surmasliklari yoki o'zlari kuyunmagan masalaga aralashmasliklari lozim. KIMni g'arazli maqsadlarda faqat obro'ni yaxshilash uchun aldov orqali amalga oshirish qisqa muddatli foyda keltirishi mumkin, ammo bu kabi aldov aniqlansa, kompaniyaning obro'siga qaytarib bo'lmas jiddiy putur yetkazishi mumkin. Volkswagen ning avtomobillaridagi yangi dizel dvigatellarini ekologik toza degan aldovning achchiq tajribasi barchamizning yodimizda. Nemis avtoulovi muhandislari mashinalardagi 11 million "yashil" dvigatellarni haqiqiy zararni yashiradigan dastur bilan jihozlaganliklari aniqlangan va oqibatda ushbu firibgarlik kompaniya uchun obro' yo'qotish bilan birga milliardlab dollar jarimalarga tushdi. Sizni xaqiqatdan tashvishga soluvchi masalani aniqlab olishingiz va shundan so'nggina jamiyatga bu muammoni yechishda chin dildan qanday yordam bera olishingizni belgilashingiz muhimdir. Agar sizni samimiy ravishda tashvishlantiradigan hech qanday masala bo'lmasa, soxta KIMni amalga oshirgandan ko'ra hech narsa qilmagan yaxshiroq. O'zbekistonda KIM hali ham yangi yo'nalish, shuning uchun to'g'ri KIM strategiyasini ishlab chiqish uchun mutaxassislarning yordami kerak. Samarali va barqaror KIM dasturlariga sarmoya kiritish kompaniyalarga o'zlari uchun jamiyatdagi mavjud ijtimoiy va ekologik muammolarni hal etish qanchalik muhim ekanini namoyish etish imkoniyatini beradi. Mahalliy biznes va tadbirkorlar KIM tadqiqotlari uchun o'z vaqtlari va ma'lum sarmoyalarini sarflashga tayyor bo'lishi kerak. Mahalliy yoki xalqaro miqyosdagi fuqarolik sektori va KIM mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlash muvaffaqiyat kalitidir. KIM mutaxassislari kompaniyani barcha tomondan o'rganib (materiality assessment) , chuqur tadqiqotlar asosida, barcha manfaatdor tomonlarning hamda biznesning o'z ehtiyojlari va maqsadlariga muvofiqligini ta'minlash asosida barqaror KIM strategiyasini ishlab chiqishda yordam beradilar. Shuningdek agar biznes haqiqatan ham uzoq muddatli ijtimoiy mas'uliyatini namoyish qilmoqchi bo'lsa hamda jamiyat bilan shaffof va samimiy aloqani ta'minlash niyati bo'lsa, KIM bo'yicha yillik hisobotlarni tayyorlash ham muhim omil hisoblanadi. Vaholanki, KIM — bu biznes o'z pullarini qanday sarflashi emas, balki bu pullarni qanday ishlab topishi haqidadir. Mualliflarning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. Malika Sharipova — KIM bo'yicha mutaxassis "CARE CSR konsalting kompaniyasi asoschisi va direktori. Dilmurod Yusupov — aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish, nogironlik muammolari va inklyuziv rivojlanish sohasi tadqiqotchisi. | columnist |
Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi spikeri o'rinbosari Alisher Qodirov «Milliy Tiklanish» Demokratik Partiyasi ilgari surgan taklif — davlat idoralariga murojaatlar davlat tilida, ya'ni o'zbek tilida bo'lishi kerakligi haqidagi norma deputatlar tomonidan ma'qullanganmaganini ma'lum qildi . Amaldagi «Davlat tili haqida"gi Qonunga ko'ra, O'zbekistonda istiqomat qiluvchi shaxslar davlat idoralariga davlat tilida va boshqa tillarda murojaat qilishlari mumkin. Ayni huquq «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida"gi Qonunda ham aks etgan. «Milliy Tiklanish» Demokratik Partiyasi taklifining qabul qilinmaganligiga munosabat bildirar ekan, Alisher Qodirov «o'zbek tili ojiz» deb yozdi . Davlat tilida ish yuritish asoslarini o'qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov «nahotki deputatlarimiz shunchalik loqayd, shunchalik dunyoqarashi tor», deya munosabat bildirdi . Tarixchi, deputat Azamat Ziyo «agar demokratiya millatim, davlatim tilini kesishga, chuchuk qilishga xizmat qilsa, men undan yuz o'giraman», deb yozdi . O'zLiDeP a'zosi, deputat Doniyor G'aniyev fuqarolarning davlat organlari bilan rasmiy muloqoti davlat tilida bo'lmas ekan, davlat tilini tushunish va o'rganish ehtiyoji hech qachon yaratilmasligini aytdi . Xuddi shu partiya vakili, deputat Rasul Kusherbayev esa bu masalaga «bir tilni bu mamlakatdagi barcha uchun majburiy «xalq tili»ga aylantirishdan tiyilaylik», deya munosabat bildirgan edi . Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi «Milliy tiklanish» partiyasi taklifiga qarshi ovoz bergani sababini izohlar ekan, bu taklifni «amaldagi qonunlarga zid», «Milliy tiklanish» partiyasi raisi esa «odamlarning nozik hissiyotlari va e'tiqodlariga tegish maqsadida» «Davlat tili to'g'risida"gi qonun loyihasining aynan shu moddasiga urg'u berayotgandek, deya baholadi . XDP vakili Maqsuda Vorisova «Hokimning qabuliga kelgan qozoq, qirg'iz, qoraqalpoq, rus qariyalar o'zlari bilan tarjimon olib kelishlari haqidagi talab qaysi qonunga yoki insoniylikka to'g'ri keladi? Nahotki bechora, miskin, nogironlarni sarson qilish bilan o'zbek tili yuksaladi?» deya savol bilan murojaat qildi . Ijtimoiy tarmoqlarda ham mazkur normaning qabul qilinmaganligi qizg'in muhokamalarga sabab bo'ldi. Ayrimlar bu normani ma'qullamagan va betaraf ovoz bergan deputatlarning kimligini oshkor qilishga chaqirishdi. Boshqalar esa Rossiya va AQSH tajribasini eslatib, bu davlatlarda hamma davlat organlariga davlat tilida (mos ravishda rus yoki ingliz tilida) murojaat qilishi lozimligini aytishdi. Haqiqatda ham shundaymi? «Gazeta.uz» kolumnisti Komil Jalilov ushbu masalani tahlil qildi. AQSH Konstitutsiyasida hech qaysi til davlat tili deb belgilanmagan. Aksar davlat organlari ingliz tilini bilmaydiganlar huquqlarini ta'minlashga va bunday shaxslar uchun tarjima xizmatlarini tashkil etishga majbur. Ko'pchilik shtatlar o'z qonunchiligida ingliz tilini rasmiy til deb e'lon qilishgan, shu bilan birga, ularda ham rasmiy tilni bilmaydiganlar huquqlari kafolatlangan. Masalan, Kaliforniya shtati qonunlariga ko'ra ingliz tili rasmiy til bo'lsa ham, ingliz tilida gaplashmaydiganlarga davlat xizmatlarini rad qilish diskriminatsiya sifatida baholanishi mumkin . Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasining 68-moddasiga ko'ra, rus tili davlat tili hisoblanadi. Shu bilan birga, Rossiya tarkibidagi respublikalar davlat tilini o'zlari belgilashi mumkinligi qayd etilgan. Masalan, Tatariston Konstitutsiyasiga ko'ra, rus va tatar tillari davlat tillari hisoblanadi. «Rossiya Federatsiyasi fuqarolari murojaatlarini ko'rib chiqish to'g'risida"gi Federal Qonun davlat organlariga murojaatlar qaysi tilda bo'lishi kerakligini belgilamaydi. Rossiya parlamenti yuqori palatasi — Federatsiya Kengashining murojaatlar bilan ishlash bo'yicha yo'riqnomasida xorijiy tillardagi yoki Rossiyada istiqomat qiluvchi xalqlar tillaridagi murojaatlar rus tiliga tarjima qilingandan keyin ko'rib chiqilishi belgilangan. Yo'riqnoma matnidan murojaat tarjimaga Federatsiya Kengashi tomonidan yuborilishini tushunish mumkin. Rossiya tarkibidagi Tataristonning murojaatlar to'g'risidagi qonunida fuqarolarga Tataristonning davlat tillarida, o'z ona tillarida yoki Rossiyada istiqomat qiluvchi millatlar tillarida murojaat qilish huquqi kafolatlangan bo'lib, murojaatlarga javoblar imkon qadar murojaat tilida, buning imkoni bo'lmagan hollarda esa davlat tillarida berilishi qayd etilgan. Qirg'izistonda qirg'iz tili davlat tili, rus tili esa rasmiy til deb e'lon qilingan. «Fuqarolar murojaatlarini ko'rib chiqish to'g'risida"gi Qonunda fuqarolar davlat organlariga davlat tilida, rasmiy tilda yoki Qirg'izistonda yashovchi boshqa millatlar tilida murojaat qilishi mumkinligi, murojaatga javob imkon qadar murojaat qilingan tilda berilishi qayd etilgan. Tojikistonning jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini tartibga soluvchi qonunida murojaatchiga nisbatan turli asoslarga ko'ra, shu jumladan, til bilan bog'liq diskriminatsiyaga yo'l qo'yish mumkin emasligi belgilangan . Mazkur qonunga ko'ra, murojaatga javob davlat tilida (ya'ni tojik tilida), murojaatchi talab qilgan hollarda esa — murojaat qilingan tilda berilishi lozim. Shunga o'xshash, ya'ni murojaatlarga javob davlat tilida yoki murojaat qilingan tilda berilishini belgilovchi norma Qozog'iston qonunchiligida ham belgilangan. Shu bilan birga, fuqarolarning davlat organlari bilan munosabatlarida davlat tilining qo'llanilishi bilan bog'liq qat'iyroq talablar qo'yilgan davlatlar ham yo'q emas. Masalan, Ukrainaning «Ukrain tilining davlat tili sifatida ishlatilishini ta'minlash to'g'risida"gi Qonuniga muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlariga murojaatiga javoblar davlat tilida beriladi. Ozarbayjon qonunchiligida ham murojaatga javob davlat tilida bayon qilinishi belgilangan, shu bilan birga, til nuqtai nazaridan murojaat qilish huquqini cheklash ta'qiqlangan . Gruziyaning «Davlat tili to'g'risida"gi Qonunida fuqarolar davlat va mahalliy boshqaruv organlari bilan aloqalarda davlat tilini ishlatishi belgilangan, shu bilan birga, milliy ozchiliklar jips yashaydigan hududlarda fuqarolarning davlat va mahalliy boshqaruv organlari bilan aloqalarida davlat tarjimon bilan ta'minlashi majburiyati ham belgilangan. Latviya qonunchiligida fuqarolarning davlat organlari bilan muloqotlari davlat (latish) tilida bo'lishi belgilangan. Shuni ham qayd etish lozimki, xalqaro normalarda, xususan, BMTning «Milliy yoki etnik, diniy va lisoniy ozchiliklar huquqlari to'g'risida"gi Deklaratsiyasida va Yevropa Kengashining «Milliy ozchiliklar huquqlarini himoya qilish to'g'risida"gi Doiraviy Konvensiyasida ozchiliklar vakillari o'z ona tillarini «shaxsiy hayotda va ommaviy munosabatlarda erkin, diskriminatsiyasiz ishlatish huquqiga ega ekanliklari» belgilangan. Xususan, Latviyaning yuqorida qayd etilgan til to'g'risidagi qonunini o'rgangan xalqaro tashkilotlar mazkur qonunda milliy ozchiliklarning davlat idoralari bilan muloqotlarida ona tilini ishlatishlari masalalarida yengilliklar kiritishni tavsiya qilishgan . Amaldagi «Davlat tili to'g'risida"gi Qonunning 4-moddasida fuqarolarga davlat tilini o'rganish uchun shart-sharoit yaratilishi, davlat tilini o'qitish bepul amalga oshirilishi belgilangan. Bu modda qanchalik ishlamoqda, degan savol tug'iladi. Ta'lim o'zbek tilidan boshqa tillarda olib boriladigan maktablarning o'quv rejasiga 2-sinfdan boshlab o'zbek tili kiritilgan, ya'ni maktab o'quvchisi 10 yil davomida o'zbek tilini o'rganadi. Amaldagi o'zbek tili darsliklarini tahlil qilsak, ularning ona tili bo'lmagan tillarni o'qitishga mo'ljallangan kommunikativ til o'qitish metodikasidan mutlaqo yiroq ekanligining guvohi bo'lamiz. Kommunikativ til o'qitish metodikasida har bir darsda biron-bir nutqiy vaziyat doirasida o'quvchilarning nutqiy kompetensiyalarini (o'qib tushunish va tinglab tushunish, og'zaki va yozma muloqotga kirishish) shakllantirish maqsad qilinadi hamda shu maqsadga mos grammatik va leksik birliklar tanlanadi. Bunda imkon qadar autentik (tilning real hayotda ishlatilishini ko'rsatadigan) yoki yarim autentik materiallar tanlanadi: ko'chalardagi e'lonlar, gazeta yoki jurnallardan olingan maqolalar, televideniye va radiodan yozib olingan materiallar, hatto chiptalar autentik materiallarga misol bo'la oladi. 2-sinf darsligini varaqlar ekanmiz, darslikning yarmi o'zbek tili alifbosining harflarini o'rgatishga bag'ishlanganligini, bunda darslar uzuq-yuluq, hech qanday tilni qo'llash vaziyatini aks ettirmaydigan gaplar asosida tuzilganligini ko'ramiz. Harflar «o'rgatib bo'lingandan» keyingi darslar ham «matnni o'qing», «takrorlang», «ko'chirib yozing», «suhbatlashing», «tarjima qiling» singari mutlaqo bir-biriga bog'lanmagan, o'quvchida tilni qo'llay olish kompetensiyalarini shakllantirishga xizmat qilmaydigan topshiriqlardan iborat. Buning ustiga, darslik hali tilni endi o'rganishni boshlagan o'quvchi tushunmasligi aniq bo'lgan she'rlar va matnlarga «boy». Keyingi sinflar darsliklari ham til o'rganuvchi ehtiyojlarini mutlaqo hisobga olmagan holda tuzilgan. Ushbu darsliklarning zamonaviy til o'qitish metodikasidan naqadar yiroqligini tushunish uchun kommunikativ metodikaga asoslangan istalgan darslik, masalan, boshlang'ich maktab o'quvchilari uchun mo'ljallangan «English World» darsligi bilan solishtirib ko'rish yetarli. Mavzu boshida o'quvchilarga muayyan mavzuda muloqot qilish uchun kerakli so'zlar va grammatik qoliplar beriladi, shundan so'ng ushbu so'zlar va qoliplar ishtirokida nutq ko'nikmalarini rivojlantiradigan mashqlar ustida ishlanadi. Bunday metodika o'quvchilarning darsda faolligini ta'minlaydi va til ko'nikmalarining shakllanishiga xizmat qiladi. Shuning uchun ham aksar hollarda, deylik, til o'rgatuvchi kurslarga qatnagan o'quvchi til muhiti bo'lmagan ingliz tilini bir yilda erkin muloqot darajasigacha o'zlashtirishi mumkin, til muhiti bo'lgan holda 10 yil o'qib ham o'zbek tilida muloqot qila olmaydi. To'g'ri, Respublika ta'lim markazi boshqa fanlar qatori o'zbek tili dasturi va darsliklari ham tubdan qayta ko'rib chiqilayotgani haqida xabar bergan edi. Biroq, yangi dastur va darsliklar asosida o'qishni boshlagan o'quvchilar maktabni bitirishi uchun hali kamida o'n yil kerak bo'ladi. Yana bir jihat. Ingliz tilida til o'rganishning har bir bosqichida o'rganilishi lozim bo'lgan so'zlar va grammatik konstruksiyalarni aniq belgilash uchun maxsus tadqiqotlar o'tkazilgan. Shunga o'xshash til o'rganishning darajalarini belgilaydigan taqdiqotlar boshqa tillar, masalan, rus tili uchun ham o'tkazilgan va o'quv materiallarini shakllantirishda bu tadqiqotlar natijalariga suyaniladi. Boshqa millat vakillariga o'zbek tilini o'rgatishning ilmiy-metodik asoslari yaratilganmi? Yoshi katta yurtdoshlarimiz uchun, qonunda belgilanganidek, bepul asosda yoki pullik bo'lsa ham o'zbek tilini muloqot darajasida o'rganish uchun kurslar mavjudmi? 1990 yillar boshida chop qilingan va ham ma'nan, ham metodik jihatdan eskirgan Kissen va Rahmatullayevlarning , yoki Ismatullayevning qo'llanmalaridan keyin, o'zbek tilini mustaqil o'rganishga mo'ljallangan adabiyotlar chop etildimi, agar «ha» bo'lsa, ular ehtiyojni qoplay oladimi? O'zbek tilini mustaqil o'rganish imkonini beradigan, masalan, Britaniya Kengashi , Eron Merosi fondi yoki Pushkin Institutining platformalariga o'xshagan resurslar mavjudmi? «Davlat tili to'g'risida"gi Qonunning amaldagi tahriri 1995 yilda qabul qilingan edi va fuqarolarga davlat tilini o'rganish uchun shart-sharoit yaratilishi haqidagi norma ham o'sha paytda belgilangan edi. Shu davr ichida bu norma amalda ishladimi, «shart-sharoit yaratildimi», endi biz bemalol barcha fuqarolarning davlat organlariga murojaati davlat tilida bo'lishini talab qila olamizmi? Lotin yozuvi asosidagi o'zbek alifbosiga kiritilishi kutilayotgan o'zgarishlarga bag'ishlangan maqolamda tilning obro'si, mavqeini ko'tarish uchun bu tildagi sifatli manbalar ko'p bo'lishi kerakligini yozgan edim. Dunyoning turli burchaklarida olimlar ingliz tilini o'rganishlariga sabab — ilm-fan olamidagi yangiliklar birinchi bo'lib shu tilda e'lon qilinadi. O'zbek tilda sifatli ilmiy, ilmiy-ommabop, texnikaviy manbalar, o'quv adabiyotlari yetarlimi? O'tgan yili baholash nazariyasi va pedagogik o'lchovlarga bag'ishlangan o'zbek tilidagi qo'llanmamni nashrga tayyorlayotganimda sohaga oid ayrim atamalarni ingliz tilida qoldirib, o'zbek tilida izohini berishga majbur bo'lgan edim. Sababi — bu sohaga oid o'zbekcha atamalar muammosi oxirigacha hal qilinmagan. O'ylaymanki, bunday muammolar boshqa sohalarda ham mavjud. Balki, «sentabr» yozish kerakmi yoki «sentyabr» to'g'rimi , «sh» yozish qulaymi yoki «ş» singari bahslardan ko'ra, o'zbek tilining obro'si va mavqeini oshirish uchun sohalarga oid atamalar muammolarini, o'zbek tilidagi manbalar sifati masalasini hal qilgan foydaliroqdir? Axir, o'zbek tilida sifatli manbalar qanchalik ko'p bo'lsa, uni o'rganishga tabiiy ehtiyoj shunchalik yuqori bo'ladi. Yoki, butun dunyo yoshlarining ingliz, nemis, fransuz, xitoy, koreys yoki yapon tillarini o'rganishga intilishiga sabablardan biri — bu tillarda sifatli ta'lim imkoniyati. Yetakchi universitetlar reytinglarini tahlil qilsak, eng yuqori o'rinlarni egallagan oliy ta'lim muassasalari ro'yxatida inglizzabon mamlakatlar oliygohlari ko'pligini ko'ramiz. Yaqinda e'lon qilingan xabarlarga qaramasdan, O'zbekistondagi bironta oliy ta'lim muassasasi ta'lim va ilmiy tadqiqotlar sifatini belgilovchi xalqaro reytinglardan o'rin olgan emas. Agar oliy ta'limimiz sifati hech bo'lmaganda mintaqada raqobatbardosh bo'lganida, bu ham o'zbek tilini bilishga ehtiyoj yaratgan bo'lardi. Shunda o'zbek millatiga mansub oilalarning farzandlarini ta'lim rus tilida olib boriladigan maktablarga berishlarini cheklash singari tashabbuslarga ham ehtiyoj qolmasmidi… Nazarimda, davlat tili mavqeini oshirish bahonasida boshqa tillarning qo'llanilishini cheklash o'zbek tiliga obro' ham olib kelmaydi, tilni o'rganishga ehtiyoj ham yaratmaydi. Ehtiyoj tabiiy ravishda paydo bo'lishi, shu bilan birga, ehtiyojni qondirish uchun yetarlicha sharoit ham taklif qilinishi lozim. Davlatning davlat tili mavqeini oshirishdagi roli esa uning rivojlanishi, o'z davlati hududida va undan tashqarida turli millatlar vakillari tomonidan zavq bilan o'rganilishi uchun yetarli sharoit yaratib berishida ko'rinadi. Muallifning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. | columnist |
So'nggi haftalarda eng ko'p muhokama qilingan mavzulardan biri — bu prezident tomonidan selektor yig'ilishi paytida ko'tarilgan xorijiy tillarni o'qitish sifati masalasi bo'ldi. Mazkur sohada vaziyatni yaxshilash bo'yicha chora-tadbirlar e'lon qilindi : xalqaro til sertifikatlariga ega bo'lgan o'qituvchilarga ustama haqlari joriy etish; yangi (yoki qayta) ishga qabul qilingan o'qituvchilar uchun milliy va xalqaro til sertifikatiga ega bo'lish lozimligi talabini joriy etish; yuqori ball olgan o'qituvchilar uchun o'qish xarajatlarining bir qismini qoplash; xorijiy tillarni o'qitish sifatini oshirish maqsadida har bir tuman va shahar uchun mablag' ajratish; chet ellik o'qituvchilarni jalb qilgan holda ixtisoslashtirilgan maktablarni ochish; xorijiy tillarni bilish bo'yicha eng yaxshi ko'rsatkichlarga erishgan maktablarni rag'batlantirish uchun prezident mukofotini joriy etish. Har bir maktab bitiruvchisi ikkita xorijiy tilni mukammal bilishi lozimligi haqida gapirildi . Xalqaro talablarga javob beradigan darsliklar va metodikalarni joriy etish , shuningdek, OTMlarda ixtisoslik fanlarni xorijiy tillarda o'qitish zarurligi ta'kidlandi. Shu bilan birga, davlat idoralariga ishga qabul qilish va yangi lavozimlarga tayinlashda xorijiy tilni bilishni majburiy talab sifatida joriy etish hamda xorijiy tilni chuqur biladigan xodimlarga qo'shimcha ustama to'lovi joriy etish maqsadlari borasida so'z yuritildi. Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etilishi e'lon qilindi . E'lon qilingan ko'plab chora-tadbirlar Prezidentning «Xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirishni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarorida o'z aksini topdi. Biroq, xorijiy tillarni o'qitish sifatini oshirishga urinishlar bir qancha vaqt oldin — Prezidentning 2012 yil 10 dekabrdagi «Chet tillarni o'rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi keng ko'lamli qarori asosida ham amalga oshirilgan edi. O'sha davr matbuotida bot-bot ko'zga tashlangan «ushbu qarorning muvaffaqiyatli hayotga tatbiq qilinayotganligi» to'g'risidagi «ajoyib» ma'ruzalar va hisobotlarga qaramay, haligacha, davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berishicha , «joylardagi ahvol maqsad qilingan katta rejalarga mos emas». Balki yangi qadamlarni bosishdan oldin avvalroq bosib o'tilgan yo'lga nazar tashlash, tahlilini qilish kerakdir? Axir, o'zbek adabiyotining buyuk namoyondasi Abdulla Qodiriy yozganidek, «moziyga qaytib ish ko'rish xayrlik, deydilar». Ma'lum qilinishicha , 53 ming xorijiy til o'qituvchisidan atigi 4 foizida milliy va xalqaro til sertifikati mavjud. Maktablardagi 11 ming xorijiy til o'qituvchisining deyarli yarmi test sinovlaridan o'ta olmagan. Prezidentning yuqorida eslab o'tilgan 2012 yildagi qarori bilan xorijiy til o'qituvchilariga oylik ustamalar belgilangan edi. Davlat test markazi (DTM) tarkibida maxsus boshqarma tashkil etilgan edi va o'qituvchilarni test sinovidan o'tkazish mazkur boshqarmaning vazifalaridan biri etib belgilangan edi. Ustamalar aynan shu test natijalari asosida tayinlanadi. Ushbu testlarni muvaffaqiyatli topshirgan o'qituvchilarning ulushi juda pastligi sababli ustama olish uchun test natijalariga qo'yiladigan talablar yumshatildi . Shuningdek, o'qituvchilar uchun ommaviy haftalik o'quv kurslari tashkil etildi , ularda ko'plab o'qituvchilar tahsil olishdi, buning uchun byudjetdan ozmuncha mablag' sarflanmagan bo'lsa kerak. Ammo, shuncha sa'y-harakat bilan natija maqtangudek emas — xorijiy tillar o'qituvchilarining yarmi o'zlari o'qitayotgan xorijiy tilni talab darajasida bilmaydi. Buning sababi nimada? Davlat statistika qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra , 2020 yilda ta'lim sohasida o'rtacha oylik ish haqi 1,9 million so'mni tashkil etgan, vaholanki norasmiy iste'mol savati 2,1 million so'mga teng deyilmoqda. Inflyatsiya darajasi 11,1 foizni tashkil etgan bir paytda ish haqi 2019 yilga nisbatan atigi 7,4 foizga oshgan. Qo'mita ma'lumotlariga ko'ra, ustamalar, ish haqi, rag'batlantirish to'lovlari, kompensatsiya to'lovlari va ishlamagan vaqt uchun to'lovlar ham shu 1,9 millionning ichiga kiradi. Hali bu mablag'dan jismoniy shaxslarning daromad solig'i va kasaba uyushma jamg'armasiga ajratmalar ushlab qolinishini hisobga oladigan bo'lsak, vaziyat kishini u qadar xursand qilmaydi. Hali bu ish haqini olish uchun maktab o'qituvchisi haftasiga 20 soat dars o'tishi va 16 soat darsdan tashqari ishlarni bajarishi , oliy ta'lim o'qituvchisi esa o'quv yili davomida kamida 400 soat auditoriyada dars o'tishi kerak. HeadHunters yoki IshKop saytlari ma'lumotlariga ko'ra, xuddi shu o'qituvchi, milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo'lsa, xususiy markazlarda 10−15 million so'mgacha pul topishi mumkin. Shuni ham hisobga olish kerakki, davlat maktabida yoki OTMdagi va o'quv markazidagi sharoitlarni (guruhdagi talabalar soni, qog'ozbozlik, darsliklarning sifati, uslubiy va texnik jihozlanganlik darajasi, haftalik ish hajmi) odatda bir-biri bilan solishtirib bo'lmaydi. 6 mart kuni bo'lib o'tgan yig'ilishda qat'iy topshiriq berildi : yaqin uch yilda 53 ming maktab o'qituvchisi xalqaro til sertifikatlarini olishlari shart. Savol tug'iladi: xalqaro sertifikatga ega bo'lgandan keyin ularning qanchasi maktablarda qoladi? Axir, prezidentning yangi qaroriga binoan endi S1 darajali sertifikatlarga ega o'qituvchilarga har oy beriladigan 50 foizli ustama to'lovi bilan qo'shib hisoblaganda ham maktablardagi ish haqi xususiy markazlardagi ish haqidek jozibador bo'la olmaydi, buning ustiga ish sharoitlari, yuqorida ta'kidlab o'tilganidek, tubdan farq qiladi. Agar biz ta'limning davlat sektori malakali o'qituvchilar uchun jozibador bo'lishini istasak, avvalambor ish sharoiti va ish haqi o'z ishini puxta biladigan mutaxassislar uchun raqobatbardosh bo'lishi kerak. Bu nafaqat xorijiy tillar o'qituvchilari, balki barcha fanlarga tegishli. Axir, masalan, ona tili, matematika yoki tabiiy fanlarni yaxshi biladigan va bolalarda bilim olishga ishtiyoqni uyg'ota oladigan o'qituvchining mehnati jamiyat uchun xorijiy til o'qituvchisi mehnatidan kam ahamiyatli emas, to'g'rimi? Shuningdek, malaka oshirish va kasbiy o'sish uchun ham «xo'ja ko'rsin»ga emas, balki real ehtiyojlarni hisobga olgan holda sharoitlar yaratilishi kerak. Yangi (yoki qaytadan) ishga qabul qilinadigan o'qituvchilar uchun milliy va xalqaro til sertifikatiga ega bo'lish majburiy talab sifatida belgilanishi rejalashtirilmoqda. Xo'sh, unda filologik yo'nalishdagi OTMlarning diplomi bir parcha qog'ozga aylanadimi? Axir, amaldagi davlat standartlariga muvofiq, bo'lajak xorijiy tillar o'qituvchilari tayyorlanadigan filologik yo'nalishdagi OTMlar bitiruvchilari tilni S1 darajasida bilishi kerak ekan, bu — nazariy jihatdan — filolog diplomiga ega shaxsning tilni talab darajasida bilishini anglatmaydimi? Ushbu talab bajarilyaptimi o'zi? Bitiruvchiga ta'lim muassasalarida xorijiy tildan dars berishga ruxsat beruvchi diplom berilishidan oldin uning haqiqatda S1 darajaga ega ekanligi qanday tekshirilyapti? Modomiki xorijiy til o'qituvchisi o'zi o'qitayotgan tilni kerakli darajada bilishi kerak ekan, unda kasbiy faoliyatga ruxsat beruvchi hujjat berishdan oldin ushbu talabning bajarilishini tekshirish mantiqan to'g'ri bo'lmasmidi? Ishga kirayotganda til sertifikatini talab qilish filolologik yo'nalishdagi OTMlar bitiruvchilariga nisbatan adolatsizlik bo'lmaydimi, axir, matematika yoki tarix fakulteti bitiruvchisini ishga olish uchun matematika yoki tarixni talab darajasida bilishi to'g'risidagi sertifikat talab qilinmaydi-ku? Tanganing ikkinchi tomonini ko'rib chiqamiz. Til sertifikati faqat tilni bilish darajasini ko'rsatadi, ammo o'qituvchining kasbiy mahoratini ko'rsatmaydi. Deylik, IELTS imtihonidan 7.0 yoki undan yuqori natijaga ega bo'lish, kishi ingliz tilini o'qitish metodikasini bilishini, sinfni boshqara olishini va o'quvchilarni ruhlantira bilishini anglatmaydi — aks holda, bunday sertifikatga ega maktab o'quvchisi ham sinfga kirib, tengdoshlariga dars berishi mumkin bo'lar edi. Ammo hozircha na bo'lajak o'qituvchilar uchun o'quv dasturidagi 270 kreditdan atigi 9 kredit ajratilgan « Pedagogika » va « Metodika » fanlarining eskirgan mazmunini qayta ko'rib chiqish va na pedagogik mahoratni tasdiqlovchi xalqaro sertifikatlarga ega o'qituvchilarni rag'batlantirish to'g'risida hech bir so'z yuritilmayapti. Fanni bilish va uni o'qita bilish — har xil tushunchalar. Xorijiy til o'qituvchisi uchun xorijiy tilni bilish, masalan, matematik uchun — matematikani bilish yoki tarixchi uchun — tarixni bilish kabi tabiiy holatdir, chunki aslida filologiya yoki xorijiy tilga ixtisoslashgan OTM bitiruvchisi uchun bu shunchaki xorijiy til emas, balki uning mutaxassisligi, «noni"dir. Pedagogika, ta'lim psixologiyasi, o'qitish metodikasi, baholash singari fanlar o'qituvchilarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishda asosiy fanlardan bo'lishi kerak va ushbu fanlarning mazmuni pedagogika fanining zamonaviy tendensiyalariga mos kelishi kerak. O'qituvchilarni rag'batlantirishda nafaqat fan bo'yicha bilimlarini, balki dars berish mahoratini ham hisobga olish kerak. Endilikda, maktab, litsey, kollej va OTMning har bir bitiruvchisi kamida ikkita xorijiy tilni mukammal bilishi shartligi ta'kidlandi. Mukammal deganda CEFR shkalasi bo'yicha kamida S1 darajasi tushuniladi, vaholanki, amaldagi standartlar maktab yoki litsey bitiruvchisidan tilni V1 darajasida bilishini talab qiladi. Bundan tashqari, Xalq ta'limi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan rus tili (ta'lim rus tilida olib borilmaydigan maktablar uchun) va xorijiy tillar bo'yicha milliy o'quv dasturlari loyihalarida ham ushbu tillarni maktabda V1+ darajasigacha o'qitish nazarda tutilgan. 2012 yilgi qarordan keyin xorijiy tillar maktablarda 1-sinfdan o'qitila boshlangan edi. Amaldagi maktab o'quv rejasida 11 yil davomida xorijiy tilni o'rganish uchun 984 soat ajratilgan. Kembrij universiteti tavsiyalariga qaraydigan bo'lsak, o'rta maktab o'quvchisi yaxshi o'qituvchi yordamida ingliz tilidan V2 darajasiga erishishi uchun 750dan 950gacha auditoriya soati talab qilinadi. Qizig'i shundaki, agar o'rta maktab o'quvchisi A1 darajasiga (boshlang'ich darajaning birinchi bosqichi) erishishi uchun 200 soatgacha vaqt talab qilinsa, boshlang'ich sinflar o'quvchisiga xuddi shu darajani egallash uchun 440 soat kerak bo'ladi. Bu esa amaldagi o'quv rejasi bilan o'quvchi A1 darajasini eng yaxshi vaziyatda 6-sinf oxiridagina egallashi mumkinligini anglatadi. Har bir keyingi (qiyinroq) darajani o'zlashtirish avvalgi darajaga nisbatan ko'proq soat talab etishini hisobga olsak, maktab yakuniga qadar tilni mukammal bilish — ota-onalarning repetitor yoki xususiy markazlarda qo'shimcha mashg'ulotlar o'tkazish uchun moliyaviy xarajatlarisiz amalga oshadigan vazifa emas. Bundan tashqari, maktab o'quv dasturiga nafaqat tillar, balki boshqa fanlar ham kiritilganini, ularning har biri bolalar rivojlanishi uchun ahamiyatli ekanini unutmaylik. Shu nuqtai nazardan, boshlang'ich maktabda — bolalar hali o'z ona tilidagi matnlarni tushunishda muammolarga duch kelayotgan paytda ularga uchta yoki hatto to'rtta tilni o'qitish samara beradimi yoki ehtimol, xorijiy tillarni o'quv dasturiga o'rta maktabda kiritib, bir darajani o'zlashtirish uchun kamroq vaqt sarflagan maqulroqmi? Bu masalaga populizm nuqtai nazaridan yondashmasdan, ilmiy asoslangan javob qidirib ko'rish maqsadga muvofiq bo'lar edi. Esimda, ilgari xorijiy tillarni 5-sinfdan boshlab o'rganishni boshlashardi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) va Jahon bankining mazkur masala bo'yicha Qirg'izistonga bergan tavsiyalari to'g'risida esa ilgariroq yozgandim . Muammo nafaqat tillarni o'rganishga ajratilgan soatlarda, balki metodikada, darslik va o'quv qo'llanmalarda, shuningdek, baholash tizimida hamdir. Chet tillari to'g'risidagi 2012 yilgi qarorning muqaddimasida bunday deyilgan edi: «Chet tillarni o'rganishni tashkil qilishning amaldagi tizimini tahlil etish shuni ko'rsatmoqdaki, ta'lim standartlari, o'quv dasturlari va darsliklar zamon talablariga, xususan, ilg'or axborot va media-texnologiyalardan foydalanish borasidagi talabga to'liq javob bermayapti. Ta'lim asosan an'anaviy uslublarda olib borilmoqda». Shundan so'ng, CEFR — Chet tillarini bilishning Umumevropa talablari asosida yangi ta'lim standartlari qabul qilindi, yangi darsliklar nashr etildi va chet tillari bo'yicha milliy test tizimi joriy etildi. 2012 yilgi qaror bilan keyin chet tillarini o'rganishni yanada rivojlantirish bo'yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilgan edi . Ushbu kengashning vazifalaridan biri chet tillari bo'yicha darsliklar uchun mualliflik guruhlarini tasdiqlash edi. O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti esa ushbu kengashning ishchi organi etib belgilangan edi. Eng qizig'i, universitet huzuridagi Innovatsion metodikalarni rivojlantirish Respublika ilmiy-amaliy markazi xodimlari ingliz tili bo'yicha yangi maktab darsliklarining mualliflari sifatida jalb qilinganligi haqida oldin ham yozgan edim. 2020 yilda nashr etilgan yangi 8-sinf darsligini varaqlab ko'raylik. 8-sinf o'quvchisi, amaldagi standartlarga muvofiq, tilni A2 darajasida — boshlang'ich darajaning ikkinchi bosqichida o'rganayotgan bo'ladi. Bu daraja tanish yoki kundalik mavzular bo'yicha oddiy ma'lumot almashish bilan bog'liq vazifalarni bajarish, shuningdek, sodda so'zlar yordamida o'zi, oilasi va do'stlari haqida, kundalik hayotning asosiy jihatlari haqida gapirib bera olishni nazarda tutadi. Bu daraja uchun darslikda tanlangan mavzular anchayin «qiziqarli»: urf-odatlar va an'analar, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, ekologiya… A2 darajada so'z boyligiga ega o'quvchi qanday qilib bunday nisbatan mavhum mavzulardagi matnlarni tushunishi va bu mavzular doirasida muloqot qila olishi tushunarsiz. Mazkur savolga javobni ushbu darslikning o'qituvchi uchun metodik qo'llanmasidan topishga urinish samara bermadi: bu darslik asosidagi o'qituvchi kitobi o'rniga XTV darsliklari portalida butunlay boshqa, 2014 yilda nashr etilgan va hozirda iste'moldan chiqqan darslik asosidagi o'qituvchi uchun metodik qo'llanma joylashtirilgan. Prezident matbuot xizmati yangi tashkil etiladigan xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktablarga chet elda ishlab chiqarilgan darsliklar, ilg'or o'quv dasturlari va metdikalarni tanlash erkinligi berilishini ma'lum qiladi. Savol tug'iladi: nima uchun barcha maktablar o'qituvchilariga o'z o'quvchilariga mos keladigan metodika va qo'llanmalarni tanlash erkinligini berish mumkin emas? Axir xususiy markazlar va repetitorlar xalqaro nashriyotlar chop etgan kitoblar yordamida dars o'tib, natijalarga erishmoqdalar-ku. Bundan tashqari, sog'lom raqobat mahalliy mualliflar va nashriyotlarni o'z kitoblarining metodik sifatiga ko'proq e'tibor qaratishga majbur qilgan bo'larmidi. Til bilish, birinchi navbatda, kommunikativ kompetensiyalarni egallash deganidir. Til og'zaki va yozma nutqni tushunish, shuningdek, og'zaki va yozma ravishda muloqot qila olish uchun o'rganiladi, lug'at boyligi va grammatikani bilish esa tushunish va muloqot uchun xizmat qilishi kerak. Leksik va grammatik bilimlar kommunikativ kompetensiyalar orqali tekshirilishi mumkin, ya'ni insonning og'zaki va yozma matnlarni qay darajada tushunishi, yozma va og'zaki nutqinini baholash orqali uning so'z boyligi va grammatik bilimlari to'g'risida xulosa chiqarish mumkin. Aksincha bo'la olmaydi: lug'at va grammatikani baholash kommunikativ kompetensiyalar haqida to'liq ma'lumot bermaydi — inson grammatika qoidalarini yaxshi bilishi, ko'p so'zlarni yodlagan bo'lishi, ammo nutqni tushunmasligi va muloqot qila olmasligi mumkin. Aynan shuning uchun ham xorijiy tillar bo'yicha xalqaro miqyosda tan olingan barcha imtihon tizimlari — ingliz tili bo'yicha IELTS, TOEFL yoki Cambridge Exams, nemis tili bo'yicha TestDAF yoki Goethe-Zertifikat, fransuz tili bo'yicha DELF yoki DALF va boshqalar — aynan nutq malakalarini tekshiradi. Bizning xorijiy tillar bo'yicha baholash tizimimiz asosan grammatika va so'z boyligini tekshirishga qaratilgan — 2012 yildagi qarordan oldin ham shunday edi, undan keyin ham shu holicha qoldi. Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xorijiy tillar o'qituvchilarini attestatsiyadan o'tkazishda kommunikativ kompetensiyalarni tekshirmaydi. DTMning OTMga kirayotgan abituriyentlar uchun mo'ljallangan testlari ham grammatikani, so'z boyligini va qisman o'qishni tekshirishga qaratilgan, buning ustiga, mazkur testlarning validligi — til darajasini baholashga yaroqliligini tasdiqlaydigan ilmiy tadqiqot natijalari haligacha e'lon qilinmagan. Baholash tizimining ta'limga ta'siri — «washback effekti» ni hisobga olsak (oldin ham bu haqda bir necha marta yozganman), bizning o'qituvchilarimiz va o'quvchilarimiz qaysi artiklni qayerga qo'yishni xorijliklarday bilishlari mumkindir, lekin aksar hollarda muloqot qilishda va tushunishda muammolarga duch kelishadi. Chet tillari bo'yicha milliy test tizimi mazkur holatni o'zgartirishga yordam berishi mumkin edi. Aynan «edi»: ko'pchilik abituriyentlar bu tizimda imtihon topshirishga qiziqayotgan bir paytda abituriyentlarga qo'yiladigan talablar o'zgartirildi , endilikda faqat V2 yoki undan yuqori darajadagi sertifikat abituriyentni OTMga kirish paytida chet tili testlaridan ozod qilishi belgilandi va natijada ko'pchilikning bu tizimga qiziqishi yo'qoldi. Bu qaror hali muhokama qilinayotganidayoq bunday o'zgarishlarning ehtimoliy oqibatlari to'g'risida yozgan edim . Axir V2 darajasi abituriyent uchun anchagina yuqori daraja hisoblanadi va maktab o'quv dasturi bu darajaga erishishni umuman ko'zda tutmaydi. Milliy sertifikat egalari soni to'g'risidagi ma'lumotlar tahlili shuni ko'rsatadiki, talabgorlarning atigi 9 foizi V2 va undan yuqori darajadagi milliy tizim testlaridan o'ta olishgan, 2019 yilda o'zbekistonliklarning IELTS imtihoni bo'yicha o'rtacha natijalari esa atigi 5,7 ballni tashkil etgan — bu, masalan, Rossiya, Ukraina yoki Qozog'istonga nisbatan pastroq. Yig'ilishda OTMlarda fanlarni chet tilida o'qitish haqida ham so'z yuritildi. Xuddi shu vazifa — oliy o'quv yurtlarida ayrim maxsus fanlarni, xususan, texnik va xalqaro mutaxassisliklar bo'yicha o'qitishni chet tillarda olib borish — 2012 yilgi qarorda ham belgilangan edi. Ammo mutaxassislik fanlarini xorijiy tilda muvaffaqiyatli o'zlashtirish uchun talaba ma'ruzalar, o'quv va ilmiy adabiyotlarni tushunishi va ushbu tilda kurs ishlarini yoza olishi kerak. Amaldagi test tizimi esa mutaxassislik fanlarini xorijiy tilda o'zlashtirishga tayyor abituriyentlarni tanlash imkonini bermaydi — bunday vaziyatda talaba na tilni va na o'z mutaxassisligini o'zlashtirisha oladi. Maxsus fanlarni xorijiy tillarda o'qita oladigan mutaxassislar ham, prezident keltirgan raqamlarga qaraganda, unchalik ko'p emas va bori ham, katta ehtimol bilan, ish haqi yuqoriroq, har xil «boshog'rig'i» esa kamroq bo'lgan xususiy OTMlarda yoki chet el OTMlarining filialida ishlashni afzal ko'rishadi. O'qitish tizimi samarali bo'lishi uchun «standartlar-metodika-baholash» uchligi hamohang ishlashi zarur. Standartlar bir talabni ilgari surib, metodika boshqa tomonga yo'naltirilib, baholash tizimi esa butunlay boshqa narsani tekshirsa, muvaffaqiyatga erishish mumkin emas, buni 2012 yilda qabul qilingan qarordan keyingi amaliyot ham isbotladi. Mazkur muammoni hal qilish uchun kompleks yondashuv talab etiladi. Darsliklar hamda test sinovlari sohalarini monopoliyadan chiqarish esa raqobat muhitini yaratish orqali ta'limning asosiy tarkibiy qismlari uyg'unligini ta'minlashga, shu yo'l bilan ta'lim sifatini, xususan, xorijiy tillarni o'qitish sifatini oshirishga yordam berishi mumkin. Prezident qarori bilan, shuningdek, yangi davlat organi — Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etildi. Uning poytaxtda markaziy apparati va viloyatlarda filiallari bo'ladi. Agentlik xorijiy tillarni o'qitishning xalqaro tan olingan dastur va darsliklari ta'limning barcha bosqichlarida joriy etilishini muvofiqlashtiradi, talab yuqori bo'lgan xorijiy tillarni o'qitishni tashkillashtiradi, aholining barcha qatlamlariga mos bo'lgan tilni o'rganish bo'yicha uslubiyot va tavsiyalarni ishlab chiqishni muvofiqlashtiradi hamda o'rgatuvchi kontent — videoroliklar, o'yinlar, ko'ngilochar dasturlar, filmlar yaratadi. Bundan tashqari, u davlat tilidan xorijiy tillarga va xorijiy tillardan davlat tiliga professional tarjima qilish uslubiyotlarini yaratishi va hududlar, tarmoqlar, davlat organlari va ta'lim tashkilotlari kesimida xorijiy tillarni bilish reytingini tuzishi kerak. 2012 yilgi qaror qabul qilinganidan so'ng ham bir qator organlar — chet tillarini o'rganishni yanada rivojlantirish bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash, O'zDJTU huzuridagi Innovatsion metodikalarni rivojlantirish bo'yicha respublika ilmiy-amaliy markazi, DTM tarkibidagi Chet tillarni bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi tashkil qilingan edi. Xo'sh, yangi tashkil qilinayotgan agentlikning vazifalarini mavjud davlat idoralari bajara olmaydimi? Xorijiy tillarni o'qitishning xalqaro tan olingan dastur va darsliklari ta'limning barcha bosqichlarida joriy etilishini muvofiqlashtirish — bu ta'limni boshqaruvchi organlar — MTV, XTV yoki Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirliklarining, shuningdek, ta'lim muassasalarining bevosita vazifasi emasmi? Nima uchun o'quvchilar yoki talabalar bilan bevosita ishlaydigan o'qituvchiga o'z auditoriyasiga mos dasturlar va darsliklarni tanlash huquqini bera olmaymiz? Axir, yuqorida ta'kidlaganimdek, o'quv markazlaridagi o'qituvchilar va repetitorlar o'zlari mijozlarning talablaridan kelib chiqib, darsliklar va metodikalarni tanlaydilar va bu vazifani juda yaxshi uddalashyapti. Yangi organ ta'lim muassasalari uchun buyruqlar yuboradigan va hisobotlar talab qiladigan yana bir «xo'jayin»ga aylanib qolmaydimi? Talab yuqori bo'lgan xorijiy tillarni o'qitishni tashkillashtirish — bozor sharoitida tabiiy ravishda talab bo'lgan joyda taklif paydo bo'lishi kerak emasmi? Bundan tashqari, agentlik qanday qilib o'qitishni tashkillashtirishi ham noaniq — o'quv markazlarini ochib, xususiy sektor bilan raqobatlashadimi? Aholining barcha qatlamlariga mos bo'lgan tilni o'rganish bo'yicha uslubiyot va tavsiyalarni ishlab chiqishni muvofiqlashtirish — bu kabi metodikalar allaqachon xorijlik metodist olimlar va darsliklar mualliflari tomonidan xalqaro bozorni hisobga olgan holda yaratilmaganmi? Masalan, Oksford, Kembrij, Longman, Makmillan kabi xalqaro nashriyotlarning kataloglarida maktabgacha yoshdagi bolalardan tortib turli sohalar mutaxassislariga qadar har qanday yoshdagi o'rganuvchiga ingliz tilini o'qitishga mo'ljallangan darsliklarni, shuningdek o'qish va o'qitishning turli jihatlari bo'yicha professional adabiyotlarni topishingiz mumkin. O'rgatuvchi kontentni yaratish — hozirgi kundagi xorijiy tillarni o'rganish uchun pullik va bepul yuqori sifatli video va mobil kontent haddan ortiq ko'p bo'lgan bir vaqtda bu masala qanchalik dolzarb? Davlat tilidan xorijiy tillarga va xorijiy tillardan davlat tiliga professional tarjima qilish metodikasini yaratish — unda ixtisoslashtirilgan OTMlar va ilmiy-tadqiqot institutlari nima bilan shug'ullanadi? Ta'lim tashkilotlari kesimida xorijiy tillarni bilish reytingini yuritish, agar bu kabi reyting haqiqatan ham zarur bo'lsa — nima uchun ta'lim muassasalari reytingini o'tkazish bo'yicha tajribaga ega bo'lgan Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi buni qila olmaydi, axir, chet tillarini o'qitish sifati umumiy ta'lim sifatining bir bo'lagi emasmi? Ba'zi ommaviy axborot vositalarida O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasiga uch oy ichida xorijiy tillarda kechayu-kunduz efirga uzatiladigan yangi teleradiokanallarni ishga tushirish to'g'risida ko'rsatma berilganligi haqida xabar berildi . 2012 yilgi qarorda quyidagilarni o'qiymiz: «O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Davlat aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari qo'mitasi, O'zbekiston matbuot va axborot agentligi hamda O'zbekiston Milliy axborot agentligi quyidagilarni ta'minlasin… televideniye, shu jumladan mahalliy telekanallar orqali bolalar va o'smirlarni xorijiy tillarga o'rgatish bo'yicha ko'rsatuvlar tayyorlash hamda ularni translyatsiya qilish, xorijiy badiiy hamda multiplikatsiyaviy filmlarni o'zbek tilidagi subtitr yordamida, muntazam ko'rsatib borishni amalga oshirish». MTRKning 13 ta markaziy kanalidan birortasida xorijiy tillarda filmlar va ko'rsatuvlarning tizimli translyatsiyasi mavjudmi? Raqamli televideniye ko'rsatuvlarni bir vaqtning o'zida bir nechta tilda va subtitrlar bilan efirga uzatish imkonini beradi. Balki yangi kanallarni ochish o'rniga bor imkoniyatlardan samarali foydalanish kerakdir? Mahalliy hokimlarga mahalliy byudjet mablag'lari hisobidan har bir tuman va shahar uchun xorijiy tillarni o'qitish sifatini oshirish maqsadida 1 milliard so'm ajratish topshirildi. Qarorda, shuningdek, ularga o'z hududlarida xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirish maqsadida «yo'l xaritalari»ni ishlab chiqish va tatbiq qilish topshirildi. Shu o'rinda, Moliya vazirligining davlat byudjeti mablag'larini o'zlashtirish va mahalliy byudjetdagi moliyaviy huquqbuzarliklarning o'sishi to'g'risidagi xabari , shuningdek, prezidentning « bizni hanuzgacha ta'qib qilayotgan korrupsiya » va loyihalarni amalga oshirishdagi ko'zbo'yamachiliklar to'g'risidagi so'zlari beixtiyor yodga keladi. Xorijiy tillarni o'qitish sifatini oshirish uchun ajratilgan mablag'lar qanday sarflanadi, hokimlar «sifatni yaxshilash» deganda aynan nimani tushunadilar, mablag'lardan maqsadli foydalanish ustidan nazorat qanday amalga oshiriladi — bularning barchasi haqida obdon o'ylash lozim. Qarordagi yana bir qiziq jihat. 2022 yildan boshlab davlat organlariga ishga qabul qilish va yuqori lavozimga tayinlash uchun xorijiy tilni bilish talab qilinadi. Davlat xizmatiga da'vogar chet tilini qay darajada bilishi kerak? Rus tilini bilish «chet tilini bilish» hisoblanadimi? Agar xodimning lavozim vazifalari bajarishi uchun xorijiy tillarni bilish kerak bo'lmasa-chi? Biz xorijiy tilni o'rganmagan, lekin o'z ishining ustalari bo'lgan mutaxassislarni yo'qotib qo'ymaymizmi? Esingizda bo'lsa, davlat idoralariga murojaatlar faqat davlat tilida bo'lishi kerak, degan taklif bilan chiqqan partiya rahbari o'z fikrini shunday izohlagan edi : O'zbekistonda davlat idorasi xodimiga davlat tilidan boshqa tilni bilish talab qilinmaydi. Davlat idoralari xodimlariga qo'yilayotgan yangi talab haqida mazkur partiya rahbari fikrini bilish ham qiziq bo'lar edi. O'ylaymanki, bozor sharoitida eng yaxshi sifatni ta'minlash mexanizmi — bu «talab va taklif zanjiri». Ya'ni, shaxsiy, ta'limiy yoki kasbiy maqsadlarda xorijiy tillarni o'rganishga bo'lgan tabiiy ehtiyoj va bu ehtiyojni qondirish uchun mos metodika, kitoblar, o'quv muassasalari, test tizimlarini tanlash imkoniyati. Davlatning vazifasi esa — adolatli, ochiq, sog'lom raqobat uchun teng imkoniyatlarni ta'minlash va sifat talablariga rioya etilishini xolis nazorat qilishdir. Amaliyot shuni ko'rsatadiki, davlat aralashuvi va ma'muriy choralar har doim ham sohani rivojlantirishga yordam bermaydi. Muallifning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. | columnist |
Bayramlar arafasida, muborak Ramazon oyida, shuningdek, pandemiya sharoitida mamlakatimizda tovarlar narxining ko'tarilishi odatiy holga aylandi. Mutaxassislar narxlarning ko'tarilishini turli xil iqtisodiy omillar, masalan, talabning oshishi, inflyatsiya, ishlab chiqarish va importning qisqarishi va boshqalar bilan izohlashmoqda, ammo narxlar ko'tarilishining sababi har doim ham tabiiy iqtisodiy omillarga bog'liq emas. Ma'lumki, bozordagi raqobatchilar soni qancha ko'p bo'lsa, narx bo'yicha raqobat shunchalik shiddatli bo'ladi. Shuning uchun iste'molchi uchun raqobatning ijobiy natijasi — bu arzonroq narxlardir. Amaliyotda, bozorda bir nechta raqobatchilarning mavjudligi doim ham arzonroq narxlarni anglatmaydi. Istisno bo'lgan ozchilikni tashqari, aksariyat tadbirkorlar uchun raqobat — bu noqulay jarayondir. Raqobat muhitida o'zining bozordagi mavqeini saqlab qolish va mustahkamlash uchun tadbirkor doimiy ravishda o'z ustida ishlashga — tovar tannarxini pasaytirish yo'llarini izlash, nou-xau va marketingni joriy etish va reklama qilishga majbur bo'ladi. Qo'pol qilib aytganda, tadbirkor uchun raqobat — bu ortiqcha xarajatlar, yo'qotilgan foyda, bosh og'rig'i va mashaqqatli mehnat. Shuning uchun amaliyotda aksariyat tadbirkorlar raqobatdan ko'ra hamkorlik (kelishib ishlash)ni afzal ko'rishadi. Har qanday tadbirkorning asosiy maqsadi daromadni ko'paytirishdir va buning uchun esa u iloji boricha tovarini qimmatroq narxda sotishi kerak. Ammo tadbirkor uchun mahsulot narxini bir tomonlama ko'tarish xavfli, chunki iste'molchi mahsulotni arzonroq narxda taklif etayotgan raqobatchilari tomoniga o'tib ketishi va natijada tadbirkor o'z mijozlarini yo'qotishi mumkin. Ammo buning ham yo'li bor — narxni ko'tarish masalasida raqobatchilar bilan kelishish mumkin, chunki narxlarning ko'tarilishi hamma uchun birdek manfaatlidir. Bundan tashqari, raqobatchilar bir vaqtning o'zida narxni oshirishi natijasida mijozlarni yo'qotish xavfi minimal darajada bo'ladi, chunki raqobatchilar o'rtasidagi oldingi narx farqi saqlanib qolinadi. Shu bilan birga, narx oshishidan ular oladigan foyda endi ancha yuqori bo'ladi. Demak, tadbirkorlar o'zaro kelishib ishlaganda, ularning daromadlari raqobat muhitiga qaraganda yuqori va barqarorroq bo'ladi. Adabiyotda raqobatdan bosh tortib, raqobatchilar tomonidan narxlarni o'zaro kelishgan holda belgilash, oshirish va muvofiqlashtirish bo'yicha kelishuvlar kartel kelishuvi (til biriktirish) deb nomlanadi. Raqobatchilarning narxlarni belgilashdagi bunday hamkorligi ularga «yashirin» monopoliya kabi harakatlanish imkonini beradi, chunki monopoliya istalgan vaqtda narxlarni ko'tarishi hamda sun'iy tanqislikni keltirib chiqarish maqsadida ishlab chiqarish hajmini qisqartirishga qodir. Tashqaridan qaraganda, iste'molchi uchun bozorda bir nechta raqobatchi tadbirkorlar faoliyat ko'rsatayotgandek va ular o'rtasida raqobat mavjud bo'lib ko'rinadi, ammo aslida bu shunchaki raqobat illyuziyasi bo'lishi mumkin. Kartellar raqobat sohasidagi xavfli huquqbuzarlik hisoblanadi, hatto monopoliyadan ham yomonroqi, chunki monopolist ochiq harakat qiladi, kartellar esa yashirincha. Kartellar — bu bozor iqtisodiyotining ishlash prinsiplarini buzuvchi, bozordagi munofiqlik (ikkiyuzlamachilik), iste'molchilarga qarshi jinoyatdir. Bundan tashqari, kartellar davlat tomonidan monopoliyalarni kamaytirish va tadbirkorlikni rivojlantirish bo'yicha olib borilayotgan islohotlar foydalaridan iste'molchilarni mahrum qilishi ham mumkin. Misol uchun, yaqinda mamlakatimizda o'simlik yog'i narxini pasaytirish maqsadida o'simlik yog'i importida QQSning nol qiymatga tenglashtirilishi o'simlik va paxta yog'i narxini pasaytirmaganligining sabablaridan biri, kartel kelishuvi, ya'ni ishlab chiqaruchilar tomonidan sun'iy ravishda narxlarni oshirgani tufayli bo'lgani aniqlandi. Shuningdek, avtomobil sanoati sohasida ham ishlab chiqaruvchilar narx bo'yicha kartel kelishuvlarini sodir etish xavfi mavjudligi uchun, O'zbekistonda avtomobil ishlab chiqaruvchilar sonining ko'payishi avtomobil narxlarining pasayishiga olib keladi deb to'liq ishonch bilan aytolmaymiz. Bundan tashqari, yaqinda aviatashuv hizmati bozoriga xususiy aviakompaniyaning kirib kelishi natijasida ushbu sohaning monopoliyadan chiqarilishi iste'molchilar uchun kutilayotgan narxlarning pasayishiga olib kelmasligi mumkin, chunki milliy va xususiy kompaniyalar o'rtasida raqobatchi chetga surib, narxlarni kelishgan holda belgilash ehtimoli yo'q emas. Kartel kelishuvlari ko'plab mamlakatlarda qonun bilan taqiqlangan, ba'zi mamlakatlarda buning uchun jinoiy javobgarlik ham mavjud. O'zbekiston «Raqobat to'g'risida"gi qonuni (11-modda) xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning raqobatni cheklaydigan kelishilgan harakatlari va bitimlarini taqiqlaydi va bizda kartel kelishuvlarini tuzganlik uchun faqat ma'muriy javobgarlik belgilangan ( MJtKning 178-moddasi ). Amaliy tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, kartellar mavjud bo'lgan bozorlarda narxlar kartel bo'lmagan bozorlarga qaraganda 10−15 foizga yuqoriroq bo'ladi. Kartellar ko'proq oligopolistik bozorlarda (2 dan 5 gacha raqobatchilar bo'lgan bozorlarda) uchraydi, chunki tadbirkorlar sonining kamligi kartellar tuzishni va ularni ushlab turishni osonlashtiradi. Kartel kelitshuvlari davlat xaridlari bo'yicha tenderlarda ham keng tarqalgan bo'lib, unda ishtirokchilar narxlarni oshirish bo'yicha kelishishlari yoki g'oliblar navbatini belgilashlari mumkin, bu esa davlat byudjetiga «salmoqli» zarar yetkazadi. Tadqiqotlarga ko'ra, tenderlardagi kartellar natijasida tender savdolari davlatga 20−30 foizga qimmatga tushadi. Kartel kelishuvlarini fosh etish juda murakkab bo'lib, uni isbotlash undan ham qiyin, chunki kartellar yashirincha, aksar hollarda og'zaki shaklda (telefon, yozishmalar orqali, yig'ilishlarda va tadbirlarda) tuziladi. Kartellar odatda yozma bitim shaklida tuzilmaydi, chunki ular kartel fosh etilsa, bu ularga qarshi kuchli dalil bo'lib hizmat qilishi mumkin. Shuning uchun amaliyotda kartel kelishuvlarini isbotlash juda qiyin. Raqobat bo'yicha qonunchilik monopoliyaga qarshi organidan raqobatchilar o'rtasida tuzilgan kelishuv faktini tasdiqlovchi bevosita dalillarni taqdim etishni talab qiladi . Kartellarning og'zaki va maxfiy tuzilishini hisobga olgan olinsa, raqobatchilar o'rtasidagi kelishuv mavjudligini isbotlash va bevosita dalillarni topish juda qiyin, ba'zida hatto imkonsiz hisoblanadi. Mamlakat bozorlaridagi kartellar soni to'g'risida ma'lumot yo'q, ammo hech kim bizda kartellar yo'qligini istisno eta olmaydi. Monopoliyaga qarshi qo'mitaning statistik ma'lumotlariga ko'ra, so'nggi yillarda kartel kelishuvlari deyarli fosh etilmagan. Taqqoslash uchun ko'shni davlatlarda: Rossiyada 2019 yilda kartellar bo'yicha 424 ta ish qo'zg'atilgan, ulardan 372 tasi tender savdolariga tegishli, Qozog'istonda 2018 yilda — 56 ta kartel kelishuvlari bo'yicha ish qo'zg'atilgan. Kartel kelishuvlari hatto bozor iqtisodiyotida ancha oldinlagan rivojlangan mamlakatlar uchun ham bosh og'rig'i hisoblanadi, chunki bugungi kunda kartellarning yangi turi — raqamli qartellar (digital cartels) paydo bo'lishni boshladi. Buning bir nechta sabablari bor: Shuni ta'kidlash lozimki, xalqaro amaliyotda kartellarni oshkor qilishning eng samarali mexanizmi — bu javobgarlikdan ozod qilish (jazoni yumshatish) dasturi (leniency program) hisoblanadi . Mazkur dasturning ishlash mexanizmi juda oddiy: masalan, monopoliyaga qarshi organ narxlarning shubhali sinxron o'sishini tekshirishni boshlaydi, keyin kartel ishtirokchilaridan biri, fosh etilishdan qo'rqib monopoliyaga qarshi organga ixtiyoriy ravishda murojaat qilib, aybini tan oladi va kerakli dalillarni taqdim etadi. Aybini tan olgani va kartelni oshkor qilishda hamkorlik qilgani uchun ushbu kartel a'zosi jazodan ozod qilinadi, qolgan ishtirokchilar esa to'liq javobgarlikka tortiladi. Mazkur dasturni O'zbekistonda amalga oshirishning huquqiy asoslari 2012 yilda «Raqobat to'g'risida"gi qonunda belgilangan edi ( 27-moddaning 3-qismi ), biroq amalda qo'llanishining hali guvohi bo'lganimizcha yo'q. Monopoliyaga qarshi organning veb-saytida hatto «Kartel haqida xabar bering» nomli maxsus bo'lim mavjud, ammo hozirgacha kartel a'zolaridan birortasi, o'zaro narxni oshirganligi haqida xabar bermagan. Ushbu dasturning bizda ishlamayotganligining sababi — kartel ishtirokchilarining monopoliyaga qarshi organga murojaat qilishlari uchun rag'batning (stimul) yetishmasligidadir. Sababi, kartel ishtirokchilari antimonopoliya organi kelishuv mavjudligini isbot qilishga kuchi yetmasligiga ishonadi va hatto, fosh etilgan taыdirda ham jarima miqdori arzimagan miqdorni tashkil etadi. Mamlakatdagi kartellarni aniqlash holatini yaxshilash uchun muammoning ikkita muqobil yechimini ko'rib chiqishni taklif qilaman: Yechim 1. Monopoliyaga qarshi organga kartel kelishuvini aniqlash va isbotlash uchun qo'shimcha vakolatlar berish. Biroq, hozirgi vaqtda ushbu taklifni amalga oshirish qiyin bo'lishi va quyidagi to'siqlarga duch kelishi mumkin: a) monopoliyaga qarshi organ vakolatlarini kuchaytirish amaldagi tadbirkorlar uchun qulay sharoitlarni yaratish siyosatiga zid deb ko'rilishi mumkin (aslida kartellar bilan kurashda faqat insofsiz tadbirkorlar mo'ljalga olinsada); b) monopoliyaga qarshi organ xodimlari tomonidan vakolatlarni suiste'mol qilish xavotir mavjudligi (bu havotir istisno qilinmaydi va asosli); s) kartel kelishuvlari biznes yuritishning keng tarqalgan vositasi sifatida qo'llab kelgan biznes elitaning qarshiligi. Yechim 2. Agar biz ushbu bosqichda monopoliyaga qarshi organ vakolatlarini kuchaytirish hali maqsadga muvofiq emas deb topilsa, unda isbot qilish yukini kartel kelishuvlarini tuzishda gumon qilinayotgan tadbirkorlarga yuklashni taklif qilaman. Amaldagi qonunchilikka binoan, hozirda kartel kelishuvi faktini isbotlash va dalillarni yig'ish yuki tegishli vakolatlarga ega bo'lmagan monopoliyaga qarshi organga yuklatilgan. Taklifga ko'ra, bozorda narxlarning sinxron o'sishi kuzatilsa, endilikda monopoliyaga qarshi organ tadbirkorlar tomonidan shubhali narx oshishi kartel kelishuvi natijasi emasligini isbotlashini va narx oshishi uchun asosli individual iqtisodiy sabablarni ko'rsatishini talab qilishi mumkin bo'ladi. Agar monopoliyaga qarshi organ yoki sud tadbirkorlar tomonidan keltirilgan iqtisodiy sabablarni asossiz deb topsa, unda narxlarning oshishi kartel kelishuvi deb tan olinishi mumkin. Albatta, agar narxlarning sinxron tarzda oshishi kartel natijasida yuzaga kelmasa, unda tadbirkor narx oshishini asoslashda qiynalishmaydi. Shu bilan birga, ta'kidlash kerakki, agar narxlarning sinxron oshishi bu bozorning barcha ishtirokchilariga teng ta'sir ko'rsatadigan va tadbirkorning xohish-irodasiga bog'liq bo'lmagan tashqi omillarning natijasi bo'lsa, (soliqlarning o'sishi, tovar narxlarining ko'tarilishi va boshqalar), unda bunday sinxron nax oshishi kartel kelishuvi deb hisoblanmaydi. Bundan tashqari, kartel kelishuvlari uchun per se qoidasini qo'llashni taklif qilaman. Bu kartel kelishuvining sodir etilishining o'zi uni noqonuniy deb tan olish uchun yetarli asos bo'lishi kerakligini anglatadi. Ya'ni, sud kartel harakatlari natijasida raqobatga yetkazilgan zarar mavjudligini isbotlashni talab qilmasligi kerak. Masalan, narxlar bir oy keyin ko'tarilishi to'g'risida tadbirkorlar oldindan kelishib olishadi, ammo monopoliyaga qarshi organ ushbu kartel kelishuvini tezkorlik bilan narx amalda oshishidan oldinroq fosh etadi. Bunday holda, kelishilgan narxlar hali amaliyotga tatbiq etilmagani va iste'molchilarga zarar yetkazishga ulgurmaganiga qaramay, kartel kelishuvi faktining o'zi javobgarlikka tortish uchun yetarli asos bo'lishi kerak. Rivojlanayotgan mamlakatlarning tajribasi shuni ko'rsatadiki, kartellar ko'pincha oziq-ovqat (shu jumladan qishloq xo'jaligi mahsulotlari), sog'liqni saqlash, transport, ta'lim, qurilish materiallari va yoqilg'i bozorlarida ko'p uchraydi. Masalan, kartellarni aniqlash bo'yicha xalqaro amaliyot sement kartellari deyarli barcha mamlakatlarda mavjudligini ko'rsatadi. Kartellar, shuningdek, o'quv qurollarining davlat xaridlarida va sog'liqni saqlashning xususiy sektorida ham keng tarqalgani kuzatilgan. Bundan tashqari, savdo uyushmalari tadbirkorlar o'rtasida narxlarni kelishib olish va muvofiqlashtirish uchun qulay joylardan biri hisoblanadi. Shuningdek, kartel kelishuvlar ko'pincha pandemiya va inqiroz sharoitida tuzilishi ham kuzatilgan. Xulosa o'rnida, bozorda kartel kelishuvlari xavfi bor ekan, mamlakatda bozor iqtisodiyotini shakllantirish uchun monopoliyalar sonini kamaytirish va iste'molchilar barqarorligini ta'minlash bo'yicha islohotlar yetarli samara bermasligiga e'tiborni qaratmoqchiman. Ushbu maqolada kartel kelishuvlarining faqat ba'zi jihatlari va turlari muhokama qilindi, bundan tashqari kelishuvlarning boshqa turlari, masalan, sukunatli kelishuv (tacit collusion), vertikal kelishuvlar, signal kartellari (price signaling) va boshqalar ham mavjud. Bundan tashqari, kartel kelishuvlari shuningdek, moliya bozorlarida ham uchraydi. Shuning uchun kartellarga qarshi kurashish uchun maxsus huquqiy yondashuv zarur. Yuqoridagilardan kelib chiqib, mahalliy xususiyatlarni va O'zbekiston bozorlaridagi kartel kelishuvlarini fosh qilishning muqobil yondashuvlarini hisobga olgan holda kartellarga qarshi kurash bo'yicha alohida milliy konsepsiyani ishlab chiqishni taklif qilaman. Muallifning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin . Xusain Radjapov Toshkent davlat yuridik universiteti «Biznes huquqi» kafedrasi mudiri hisoblanadi. Kobe universitetining (Yaponiya) huquq fakulteti doktoranti. | columnist |
Chang va ifloslangan havodan nafas olishning imkoni bo'lmayotgan shaharlarimiz havosi nima uchun bunday holga keldi? Ko'rinib turibdiki, ifloslanish darajasini to'liq baholash uchun mamlakatimizda monitoring punktlari yetarli emas. Havoning ifloslanishini monitoring qilish uchun respublika bo'ylab avtomatik stansiyalar o'rnatish rejalashtirilgan . Ayni paytda, turli xil manbalardan olingan ma'lumotlarni taqqoslash kutilayotgan natijani bermasligi mumkin. Yel universiteti tomonidan tuzilgan ekologik natijadorlik indeksi 11 toifadagi samaradorlik ko'rsatkichlaridan foydalanadi va atrof-muhit holati va ekotizimning barqarorligi bo'yicha 180 mamlakatni baholaydi. 2020 yilgi tadqiqotlarga ko'ra, havo sifati ko'rsatkichlari bo'yicha O'zbekiston dunyoning 180 mamlakati orasida 177-o'rinni egalladi . O'zbekiston, ayniqsa Toshkent aholisi uchun bu ajablanarli emas. Bilamizki , IQAir platformasi ma'lumotlariga ko'ra, Toshkentda havo sifati juda yomon bo'lishi mumkin. Yel universitetining ekologik natijadorlik indeksida butun O'zbekistonda havo sifati juda past deb baholangan. Bizdan keyin faqat Nepal, Hindiston va Pokiston. Taqqoslash uchun quyidagi jadvalda ba'zi mamlakatlar va ularning havo sifati baholari ko'rsatilgan: O'rin Mamlakat Havo sifati indikatori 29 Janubiy Koreya 71,7 36 Iordaniya 58,0 59 Eron 49,2 68 Aljir 45,3 115 Qozog'iston 32,0 136 Zimbabve 27,2 177 O'zbekiston 15,0 Manba: Yel у ниверситети ekologik qonунчили k va siyosat markazi, 2020 yil. Ushbu tadqiqotga ko'ra, O'zbekistonda havo sifati Zimbabve va Qozog'istonga qaraganda taxminan ikki baravar yomon, Jazoir va Eronga nisbatan uch baravar yomonroq… Havoning ifloslanishining juda ko'p aniq sabablari bor: ko'mir va o'tin yonishi yoki dizel yoqilg'isidan hosil bo'ladigan sanoat va maishiy chiqindilar, avtomobillardan chiqadigan gazlar va boshqalar. O'zbekiston misolida, sabablar ro'yxatiga yana qo'rqmasdan shaharlarda qurilishlar uchun yashil zonalar va bog'larning yo'q qilinayotganligini, shahar jamoat transportining noto'g'ri boshqarilishini, yo'llarning cheksiz kengaytirilishi va aholining avtomobilizatsiya siyosatini kiritishimiz mumkin. Havoni shahar ichkarisidagi ifloslantiruvchi, shu bilan birga eskirgan texnologiyalar bilan ishlayotgan sanoat korxonalarning noto'g'ri joylashuvi, issiqlik elektr stansiyalarida ko'mirdan foydalanishda davom etilishi, avtomobil yoqilg'isi ekologizatsiya darajasining pastligi va boshqalar ifloslantirmoqda. Aniq savol vujudga keladi: endi nima qilish kerak? Qanday qilib havo sifatini yaxshilash va dunyodagi eng iflos havodan nafas olishni to'xtatish mumkin? Biz qila oladigan eng birinchi, eng oson va eng qulay harakat — daraxtlarni boshqa kесmаслиk дир ! Daraxtlarning atrof-muhit, sog'liq va hatto iqtisodiyot uchun ahamiyati to'g'risida oldinroq bir necha bor yozgan edim . Keling, so'nggi yillarda yashil shahrimizni nimaga aylantirganimizga nazar solaylik: Toshkent (birinchi surat — 2005 yil iyul, ikkinchisi — 2020 yil may). Manba: Google Earth. Toshkent markazi (birinchi surat — 2008 yil iyul, ikkinchisi — 2020 yil avgust). Manba: GoogleEarth. Toshkent, sobiq Komsomol ko'li (birinchi surat — 2014 yil iyul, ikkinchisi — 2020 yil avgust). Manba: Google Earth. Toshkent, Chilonzor tumani (birinchi surat — 2008 yil iyun, ikkinchisi — 2019 yil iyul). Manba: Google Earth. Farg'ona shahri (birinchi surat — 2008 yil avgust, ikkinchi surat — 2020 yil avgust). Manba: Google Earth. Daraxtlar — bu qurilish, yo'llarning kengayishiga «to'sqinlik qiladigan» yoki oddiygina binolarning fasadiga to'g'ri kelmaydigan estetik predmetlar emas. Daraxtlar inson hayoti va sog'lig'i uchun juda ahamiyatlidir. Ma'lumki, ifloslangan havo bilan nafas olish yurak xurujlari, insult, diabet va yuqori qon bosimi kabi salomatlik bilan bog'liq muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Tadqiqotlar havo sifatining yomonligi yurak-qon tomir kasalliklari o'lim holatining 19 foiziga va o'pka saratoni o'lim holatining 29 foiziga sabab ekanligini ko'rsatib turibdi . Bundan ko'rinadiki, sog'liqqa ko'rsatilgan bu ta'sirlar sog'liqni saqlash xizmatlariga xarajatlarning oshishiga va katta iqtisodiy xarajatlarga olib keladi. Ushbu kasalliklar (yurak xurujlari, insultlar, diabet) COVID-19 infeksiyasidan o'lish ehtimolini oshiradi. Garvard jamoat sog'liqni saqlash maktabi olimlari tomonidan olib borilgan yangi tadqiqotlar natijasida havoning yillar davomida ifloslanishi o'rtasidagi bog'liqlik aniqlandi . Havo ifloslanishining 1 mkg/m3ga oshishi, ko'rib chiqilayotgan hududda COVID-19dan o'limning 11 foizga ko'payishi bilan bog'liq. The Lancet jurnalida chop etilgan 2017 yilgi tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki, shaharlarda ko'kalamzorlashtirishning 10% ga ko'payishi erta o'limning o'rtacha 4% ga kamayishiga olib kelgan. Daraxt ekish — bu yaxshi. Ammo ko'chatlar har doim ham kesilgan katta bargli daraxtlar keltirgan foydalarni qoplay olmaydi, chunki navnihol novdada o'sgan shox-shabbalar yo'q va ular nisbatan kam kislorod chiqaradi. Yangi ekilgan daraxtlar keyingi yigirma yillikda havoning tozalanishini ta'minlamaydi va katta bargli daraxtlar kabi mikroiqlimga foydali ta'sir ko'rsatmaydi. Iqlimni yaxshilash uchun mavjud daraxtlarni saqlab qolish, ularning o'rnini ko'plab yangi ko'chatlar bilan to'ldirishdan ko'ra muhimdir. Ehtimol, ikki yil ichida va'da berilgan xiyobon barpo bo'lar, yoki yo'q — bularning barchasi kelajakda ro'y beradi. Ammo hozir bir narsa aniq: biz mavjud daraxtlarni kesmasligimiz kerak. Daraxtlarning kesilishini hech qanaqasiga oqlab bo'lmaydi. Toshkentda daraxtlarni kesishga moratoriy joriy qilingan, biroq, bu moratoriy amalda qo'llanilmayapti shekilli. Ayniqsa, shaharning turar-joylari ichkarisida shaharning hech qanday bosh rejasisiz davom etayotgan qurilishlar odamlarning sog'lig'i uchun zarur bo'lgan sog'lom daraxtlarni kesish bilan birga olib borilmoqda. Daraxt — jamiyat boyligidir. Hech kim uni odamlarga, binolarga xalaqit bergani yoki xunuk ko'ringani uchun kesib tashlolmaydi. Bizning ularni yo'q qilishga ma'nan haqqimiz yo'q. Daraxtlarning mahalliy aholining roziligisiz, ba'zan qo'rqoqlarcha, tun yarmida kesilayotgani odamni tashvishga soladi. Noqonuniy shaharsozliklar va qaror qabul qiluvchilarni daraxtlarning kesilishiga yo'l qo'yganlikda ayblash boshqa, yoningizdagi daraxtlarni himoya qilish esa boshqa narsa. Ayb o'zimizda ham, odamlarda ham bor. Ko'p odamlardan daraxtlarni asrash — tashvishlanishimiz kerak bo'lgan birinchi navbatdagi muammo emasligini eshitaman. Bu fikrga mutlaqo qo'shilmayman. Agar hozir bo'lmasa, ehtimol yaqin kelajakda aksariyat muammolarni to'g'ri yechimlar yoki kerakli odamlar bilan hal qilish mumkin bo'ladi. Ammo nobud qilingan daraxtlarni, demakki, vayron qilingan ekotizimni bir necha yil ichida tiklab bo'lmaydi. Biz mahalliy va xalqaro hamjamiyatni xabardor qilishga urina turib, xalqaro maydonda Orol dengizining falokati haqida gapiramiz. Hech birimiz ushbu fojia uchun to'g'ridan-to'g'ri javobgarlikni his qilmaymiz, chunki buning uchun oldingi avlodlarni ayblashimiz mumkin. Biroq, ehtimol, bargli shahar daraxtlarini mas'uliyatsiz ravishda kesilishining hozirgi sur'ati, noilmiy urbanizatsiya, yo'llar tizimi va jamoat transporti tizimining noto'g'ri boshqarilishi, jamoat bog'larining kamayishi oqibatida o'zimiz ekotizimning buzilishini va navbatdagi hamda juda jiddiy ekologik muammoni keltirib chiqarmoqdamiz. Dunyoda daraxtlarning kesilishi mumkin bo'lgan har bir holat, ularni boshqa joyga ko'chirib o'tkazish bo'yicha jamoatchilik muhokamasini talab qiladigan amaliyot mavjud. Yaqin atrofda yashovchilarni daraxtlartlar kesilishi mumkin bo'lgan holatlarda yozma tartibda xabardor qilish mumkin. Yozma xabarnoma kesilishi rejalashtirilgan daraxt yaqinida osib qo'yilishi kerak. Unda so'z yuritilayotgan daraxt, uning kesilish sabablari va jamoat muhokamasi o'tkaziladigan vaqt, joy ko'rsatiladi. Barcha xohlovchilar muhokamada ishtirok etishlari mumkin. Bu Massachusets shtatidagi Uintrop shahri shahar ma'muriyati xabarnomasining namunasi . Xabarnomalarning yana bir turi — shahar ma'muriyati 10 kun ichida aholi e'tiroz bildirmagan taqdirda ma'lum sabablarga ko'ra daraxt kesilishi to'g'risidagi e'lonni joylashtiradi. Agar e'tirozlar bo'lsa, shahar aholi o'z qarashlarini himoya qilishi uchun ommaviy tinglovni o'tkazadi. Bunday amaliyot bizning mamlakatimizda foydali bo'lgan bo'lardi — bu shaffoflikni va aholining ma'lum bir daraxtni himoya qilishda tinglanish huquqini ta'minlaydi. Jamoat xabarnomasi , Konnektikut shtati, Grinvich shahri. Manba: greenwichfreepress.com Kesilgan daraxtlarni, shu yo'l bilan zararlangan ekotizimni va havoning sifati sababli aholining «o'g'irlangan» sog'lig'ini hech narsa qoplay olmaydi. Kecha va bugun bu muammoga e'tibor bermasdan va hal qilmasdan, biz Toshkent va boshqa shaharlarning muqarrar ekologik halokatiga yo'l ochyapmiz. «Moviy gumbazla») yaqinidagi yoki Toshkentdagi Abdulla Qodiriy nomidagi bog'dagi daraxtlarning kesilish tahdidi tug'ilsa, bu Toshkentning boshqa hududlarida yashovchilarni tashvishga solmay qo'ymaydi. Zavodning zaharli chiqindilari tufayli Navoiy aholisi nafas olishga qiynalganida , bu barcha o'zbekistonliklarga ham tegishli bo'lishi kerak. Chunki ekologiya chegara bilmaydi va barchaga ta'sir qiladi. Agar har bir fuqaro shahar daraxtlari, shahar bog'lari va yashil maydonlarning ahamiyatini tushunishni boshlamasa va ular uchun javobgarlikni his qilmasa, bu muammoni hal qilish mushkul bo'ladi. AQSHning ba'zi shaharlar ma'muriyatlari aholidan shaharda sog'lom shahar o'rmoni va yolg'iz daraxtlarni saqlashga yordam berishni so'rashmoqda. Eng avvalo, shahardagi har bir daraxt o'z pasportiga va xaritadagi joyiga ega bo'lishi kerak. Aholi o'z uylari (biznesi, maktabi va h.k.) yaqinida o'sayotgan daraxtlarni «asrab olishi» va ularni sug'orish va to'g'ri parvarish qilish majburiyatini olishlari mumkin. Ushbu vazifani shahar aholisi hech bir qiyinchiliksiz bajara oladi va hozirdanoq uni keng miqyosda amalga oshirishni boshlash mumkin. Boshqacha qilib aytganda, har bir daraxtning unga g'amxo'rlik qiladigan, ayniqsa, zanjirli benzoarrali odamlardan himoya qiladigan kishisi bo'lishi kerak. Adopt-A-Tree dasturidan olingan daraxtlar xaritasi, Kembrij, Massachusets, 2021 yil. Daraxtlarni kesib, boshqalarga daraxtlarni kesishga ruxsat berib, har bir daraxtning kesilishiga ko'z yumib, biz bolalarimizning umrini qisqartiramiz. Bu yerdagi yashil daraxtlar o'rniga hech qanday estakada, savdo markazi yoki turar-joy majmuasi bizni sog'lomroq qilmaydi — afsuski, aksincha. Toshkent va uning aholisi Amir Temur maydonida yuz yillik daraxtlarning qanday kesilganini unutmagan va unutmaydi. Bir yoki bir nechta odamning buyrug'i va istak-xohishi bilan bir necha avlodlar uchun toza havo va sog'liqni ta'minlagan ekotizim buzilganda biz bu kabi ssenariylardan qochishimiz kerak. Muallifning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. Botir Qobilov Iqtisodchi, Garvard universiteti doktoranti va ilmiy tadqiqotchisi. Dyuk Universiteti (AQSH) iqtisodiyot magistri. Oldinroq O'zbekiston Markaziy bankida bosh iqtisodchi bo'lib ishlagan. | columnist |
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy ta'lim tizimidagi ustuvor vazifalarga bag'ishlangan yig'ilish arafasida yuzaga kelgan milliy test tizimi atrofidagi mojaro haftaning eng ko'p muhokama qilingan mavzularidan biriga aylandi. Ayrim fanlar bo'yicha test topshiriqlarining sinovlar oldidan tarqalgani ma'lum bo'ldi. Davlat test markazi matbuot xizmatining xabar berishicha, test topshiriqlari Xalq ta'limi vazirligi va Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Xalq ta'limi vazirligi esa test topshiriqlarini yaratishga jalb qilingan ekspertlar bilan shartnomalar to'g'ridan-to'g'ri DTM tomonidan tuzilganligi, test topshiriqlari Davlat test markazi binosida yaratilganligi, vazirlik testlarni tashkil qilish yoki yaratilgan testlarni joylarga yetkazib berishda ishtirok etmaganligi to'g'risida bayonot bilan chiqdi . Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ham xuddi shunday bayonot berdi . Profi Education o'quv markazi Facebook ijtimoiy tarmog'ida sertifikat natijalarini bekor qilishni talab qildi . Manbalarning xabar berishicha, muammo bilan Senat ham qiziqib qolgan va tegishli idoralarga so'rov yuborgan. DTM test topshiriqlari tarqalganligini inkor etmadi va test topshiriqlari sinovda qatnashgan shaxslar tomonidan yodlab chiqilib, sinov o'tkazilgandan so'ng kompyuterda terilgan, degan taxminni ilgari surdi. Ushbu taxminni DTM direktori o'rinbosari Sardor Radjabov ham advokat va blogger Xushnudbek Xudoyberdiyevning Telegram-kanalidagi ovozli chat vaqtida takrorladi. Biroq, mazkur taxminga ishonish qiyin — yodlash bir emas, balki bir nechta abituriyentga ishonib topshirilgan taqdirda ham, test variantining strukturasini xotiradan shu qadar aniq tiklash deyarli imkonsiz. DTM testlari bilan bog'liq muammolar ilgari ham kuzatilgan. 2020 yilgi kirish imtihonlari paytida Toshkent davlat yuridik universitetiga kirish testlarida foydalanilgan test topshiriqlari sotilgan bo'lishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo'lgan edi. Bundan tashqari, texnik xatolik sababli ba'zi viloyatlardagi test natijalari qayta hisoblab chiqilgan edi . Bundan oldin esa, kimyo fanidan test topshiriqlari bo'yicha ko'plab shikoyatlar qayd qilingan edi . Bu kabi holatlarning oldini olish uchun xalqaro imtihonlarda qanday standartlar qabul qilinganligi va test sinovlari qoidalariga rioya qilinganligi borasida shubhalar uyg'onsa, qanday choralar ko'rilishini tahlil qilib ko'ramiz. Shu bilan birga, milliy test tizimi bilan solishtirishga urinib ko'ramiz. Xalqaro imtihonlar amaliyotini tahlil qilsak, testlarni ishlab chiqishni litsenziyalash (agar mamlakat qonunchiligida bunday litsenziya talab etilsa), test materiallarini ishlab chiqish va imtihonlarni o'tkazish jarayonlari bir-biridan ajratilganligini ko'rishimiz mumkin. Test materiallarini ishlab chiqish bilan testologiya , psixometriya , statistika bo'yicha ko'plab mutaxassislar armiyasiga ega tashkilotlar shug'ullanadi. Bunday tashkilotlarda nafaqat testlar ishlab chiqiladi, balki ularning validligi bo'yicha ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Mazkur tashkilotlar, shuningdek, testni o'tkazish jarayoniga qo'yiladigan talablarini ham ishlab chiqadilar va ushbu talablarni bajara olishini isbotlagan tashkilotlarga testlarni o'tkazish huquqini beradilar, ya'ni test markazlarini tanlaydilar. Test markazi testni yaratgan tashkilotdan test materiallarini oladi, test jarayonini o'tkazadi va test materiallarini testni yaratgan tashkilotga qaytarib yuboradi. Shu bilan birga, testni o'tkazuvchi markaz testni yaratgan tashkilot tomonidan beriladigan barcha yo'riqnomalarga rioya qilishi shart. Vaqti-vaqti bilan test markazlari qoidalarga qay darajada amal qilayotganligi tekshiriladi (audit o'tkaziladi). Bundan tashqari, testni yaratgan tashkilot test o'tkazilgan har bir markaz bo'yicha test natijalarining statistikasini doimiy ravishda tahlil qilib boradi. Litsenziyalovchi organ esa testlarni ishlab chiqish va o'tkazishda qoidalar va standartlarga rioya etilishini nazorat qiladi. Masalan, IELTS imtihoni materiallari xalqaro sinovlar bozorida yetakchi tashkilotlardan biri, ingliz tili imtihonlarini ishlab chiquvchi Cambridge Assessment English tomonidan yaratiladi. O'zbekiston hududida imtihon Britaniya Kengashi yoki IELTS'ning egalaridan biri bo'lgan IDP tashkilotidan imtihon o'tkazish uchun litsenziyaga ega bo'lgan Edu Action tashkiloti tomonidan o'tkaziladi. TOEFL yoki GRE imtihonlari ham xuddi shunday — AQShda joylashgan, sinovlar va baholash bo'yicha dunyodagi eng yirik notijorat tashkilotlaridan biri bo'lgan Educational Testing Service (ETS) test materiallarini yaratadi, ammo tashkilotning o'zi imtihonlarni o'tkazmaydi. Ilgari yozganimdek , Buyuk Britaniyada parlament huzuridagi Ofqual malaka va imtihonlar boshqarmasi imtihonlarni tartibga soluvchi organ hisoblanadi va imtihonlar qoidalarini ishlab chiqadi. Ofqual'ning o'zi imtihonlarni o'tkazmaydi, lekin ularni o'tkazadigan tashkilotlar tomonidan bajarilishi kerak bo'lgan talablarni belgilaydi, shuningdek ushbu talablarning bajarilishini nazorat qiladi. Rossiyada Yagona davlat imtihoni (YeGE) uchun test topshiriqlarini tuzish bilan Pedagogik o'lchovlar federal instituti, test sinovlarini o'tkazish bilan esa Federal test markazi shug'ullanadi. Bu kabi vakolatlarning chegaralanishi jarayonda qatnashadigan har bir tashkilotning o'z ishi uchun javobgar bo'lishini va «bir birini tiyish va muvozanat» tizimi ishlashini ta'minlaydi. Litsenziyalash (nazorat qilish) tashkiloti baholash bilan shug'ullanadigan barcha tashkilotlar tomonidan qoidalar va talablarning bajarilishini xolisona nazorat qiladi. Test materiallarini yaratadigan tashkilot testning validligini ta'minlash uchun testlarni ishlab chiqish va o'tkazish jarayonida barcha qoidalarga rioya qilinishidan manfaatdor bo'ladi. Testni o'tkazuvchi tashkilot (test markazi) esa testni o'tkazish huquqini saqlab qolish uchun testni ishlab chiquvchi tashkilot tomonidan belgilangan qoidalarga rioya qilishga harakat qiladi. Mazkur yondashuv, shuningdek, qoidalar buzilgan taqdirda bunday holatlarni aniqlash va surishtiruv o'tkazishni osonlashtiradi. Testning validligiga kelsak, bu juda muhim masala, chunki ta'lim muassasalari va ish beruvchilar imtihon natijalarini qandaydir hukumat qarorlari kuchi bilan emas, balki testning validligi sababli tan olishadi. Testlar haqidagi fan — testologiya test natijalarining validligini testning sifatini belgilovchi yagona mezon deb hisoblaydi. Test tashkilotlari uchun dasturul-amal bo'lib xizmat qiladigan hujjat — Pedagogik va psixologik testlar bo'yicha standartlarda belgilanishicha, testlar shunday ishlab chiqilishi kerakki, test natijalari validligini ta'minlasin. Testlarning adolatliligi, ishonchliligi va validligini ta'minlash uchun ko'rilgan barcha choralar hujjatlashtirilishi kerak. Bundan tashqari, testni o'tkazish qoidalari ham test natijalarining validligini ta'minlashi, bu qoidalarga rioya qilinishi esa doimiy ravishda tekshirilishi lozim. Yuqoridagilarni misol yordamida tushuntirishga harakat qilamiz. Tasavvur qilaylik, qaysidir tashkilot tibbiyot fakultetiga kiruvchilar uchun kimyo fani bo'yicha testlar ishlab chiqdi. Tibbiyot oliy o'quv yurtlari test natijalarini tan olishlari, ya'ni mazkur testlar asosida abituriyentlarni qabul qilishni boshlashi uchun test natijalarining validligini isbotlash kerak. Ya'ni, test haqiqatan ham abituriyentning tibbiyot sohasida o'qish uchun kimyo fani bo'yicha tayyorgarlik darajasini aniqlab bera olishi isbotlanishi lozim. O'zbekistonda Davlat test markazi (DTM) bir vaqtning o'zida uchta vazifani bajaradi: E'tibor bering: DTM o'zi tomonidan ishlab chiqilgan materiallar asosida testlarni o'zi o'tkazadi, shu bilan birga u «test sinovlarini o'tkazish tartibiga rioya etilishi ustidan nazorat»ni ham amalga oshirishi kerak. Bundan kelib chiqadiki, agar biror bir bosqichda — testni ishlab chiqish yoki o'tkazishda — qoidalarga rioya qilinmasa, markaz, Gogolning mashhur komediyasidagi ayol singari, «o'zini o'zi savalashi» kerak. Ammo markaz bundan qanchalik manfaatdor? Masalan, men bir vaqtning o'zida ham kolbasa ishlab chiqaruvchi va kolbasa mahsulotlariga qo'yiladigan davlat standarti talablariga muvofiqligini nazorat qiluvchi bo'lsam, tabiiyki, mening kolbasam har doim ham davlat standartlariga mos kelaveradi, amalda unday bo'lmasa ham. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan DTM umumta'lim fanlari bo'yicha milliy test tizimini o'tkazuvchi tashkilot hisoblanadi. Shuni qayd etish lozimki, test sinovlarini o'tkazish va sertifikatlar berish DTM yoki qonunchilikda belgilangan tartibda tuzilgan ta'lim sifatini baholovchi boshqa tashkilot tomonidan amalga oshirilishi mumkin. XTV va Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi esa test materiallarini ishlab chiquvchi sifatida belgilangan, lekin test topshiriqlarining tarqalib ketishi mojarosidan so'ng XTV va inspeksiya bergan bayonotlarga qaraganda, DTM mutaxassislar bilan shartnoma tuzib, ularni o'z hududida ish bilan ta'minlagan va ushbu mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan testlarni qabul qilib, ulardan foydalangan, ya'ni testlarni ishlab chiquvchi vazifasini ham bajargan. Cambridge Assessment Englishning tushuntirishicha , test topshiriqlari imtihonda ishlatilishidan oldin bir necha tajriba-sinov bosqichlaridan o'tadi. Odatda, test topshirig'ini ishlab chiqish boshlanishidan boshlab uning ishlatilishigacha bir necha yil o'tadi. Xorijiy tillar bo'yicha imtihonlar kengashlari Yevropa assotsiatsiyasining (ALTE) testlarni ishlab chiqish va imtihonlarni o'tkazish bo'yicha qo'llanmasida ham testlarning dastlabki tajriba-sinovi va haqiqiy imtihonda ishlatilishi o'rtasida yetarlicha vaqt o'tishi kerakligi ta'kidlangan. Testning yakuniy varianti kompyuterda maxsus algoritmlarga tayangan holda shakllantiriladi va ushbu variantning validligi va ishonchliligi bo'yicha tadqiqotlar o'tkaziladi. Test materiallari bilan ishlashda tizimning turli ishtirokchilari uchun foydalanishning turli darajalari o'rnatiladi, test topshirig'i muallifi esa o'z materialidan qachon va qayerda foydalanilishini bilmaydi. Milliy test tizimini joriy etish to'g'risidagi qaror o'tgan yilning oktyabr oyida qabul qilingan edi. Joriy yilning mart oyida birinchi sinovlar aprel oyida bo'lib o'tishi ma'lum qilindi . Manbalarning xabar berishicha, testlarni ishlab chiqish mart oyida boshlangan. Bunday tig'iz muddatda matbuot anjumanida va'da qilinganidek , testlarning validligi va ishonchliligi bo'yicha tadqiqotlar o'tkazishga vaqt ham yetmagan bo'lsa kerak. Tig'iz muddatlarda ishlanganligi tufayli ekspertlar test topshiriqlarini ishlab chiqishni boshlaganlarida ularning qachon va qayerda ishlatilishini ham bilishgan. Test topshiriqlarini ishlab chiqishda qatnashgan mutaxassislarning halolligiga shubha bildirmoqchi emasman, biroq, tizimning istalgan ishtirokchisi ishlab chiqilayotgan test materialining qayerda va qachon ishlatilishini oldindan bilsa, bunday tizimning o'zi ishonchli bo'la olmaydi. Hamma test topshiruvchilar 50ta topshiriqdan iborat bitta test variantini yechishganini sharhlar ekan, Xalq ta'limi vaziri o'rinbosari Usmon Sharifxo'jayev ovozli chat davomida IELTS imtihoni tajribasini eslatdi. To'g'ri, IELTS imtihonida bir vaqtning o'zida test topshirayotganlar testning bir xil variantini yechishadi, biroq, birinchidan, yuqorida aytib o'tganimdek, ushbu variant imtihonga bir oy qolganda yaratilmaydi, ikkinchidan, IELTSda ochiq turdagi topshiriqlari ham mavjud, demak, test topshiruvchi tayyor kalitlarni yodlagan holda javob bera olmaydi. Yuqorida eslatib o'tilgan standartlar testlardan foydalanadigan tashkilotlardan test materiallari xavfsizligini ta'minlash uchun barcha choralarni ko'rishni talab qiladi. Demak, testni ishlab chiqish va undan foydalanishning barcha bosqichlarida test materiallari bilan faqat maxsus ruxsat berilgan shaxslar ishlay oladi. Odatda, tizimning turli ishtirokchilariga testlarni tuzish, ularning validligini o'rganish va ulardan foydalanishdagi vazifalariga qarab, turli darajadagi huquqlar beriladi. Keyingi bosqichda qayta ishlash va foydalanish uchun qabul qilingan test topshiriqlarini saqlash uchun test ishlab chiquvchilar odatda ruxsatsiz kirish va nusxa ko'chirishdan himoyalangan maxsus dasturiy ta'minotdan foydalanadilar. Masalan, xalqaro PISA test materiallari bilan ishlash huquqiga ega bo'lgan mutaxassislar ma'lumotlarni boshqa dasturlarga ko'chirish imkonini bermaydigan maxsus dasturda ishlaydilar. Ma'lumotlar saqlanadigan binolar ham odatda, kodli qulflar singari kirishni cheklovchi tizimlar bilan himoyalanadi. Tizimga nafaqat test topshiriqlari, balki ular bilan bog'liq barcha ma'lumotlar kiritiladi : topshiriqning yagona identifikatsiya raqami, validlik tadqiqotlarining qaysi bosqichlaridan o'tganligini ko'rsatadigan ro'yxat, topshiriqqa kiritilgan o'zgarishlar tavsifi va boshqalar. Milliy tizim uchun testlarni ishlab chiqishda qatnashgan ekspertlarning aytishlaricha, DTMda test topshiriqlarini yaratish va saqlash uchun oddiy Word muharriridan foydalaniladi — bu esa maxfiy ma'lumotlarni saqlash uchun eng yaxshi yechim emas. Ekspertlar oddiy parol bilan himoyalangan kompyuterlarda ishlashadi va bu kompyuterlar tarmoqqa ulangan, bu ham maxfiy ma'lumotlar saqlanadigan kompyuterni himoya qilishning eng ishonchli vositasi emas. Ekspertlar ishga kelganda, DTM xodimi parolni kiritib, kompyuterlarning ochib beradi. Kompyuterda ishlayotgan ekspert ushbu kompyuterda boshqa ekspertlar tomonidan yaratilgan papkalar va fayllarni ko'rishi mumkin. DTM xodimi ekspertlar ishlaydigan barcha kompyuterlarning parollarini biladi, demak, u barcha kompyuterlarga kirish va ularda saqlanadigan materiallarni ko'rish imkoniga ega. Kompyuterlarning USB portlari yopishqoq lenta bilan muhrlangan, demak, ularni yechib olish muammo tug'dirmasa kerak, bundan tashqari, tarmoqda ishlash ko'nikmalariga ega bo'lgan kishi uchun kompyuterdagi ma'lumotlarni mahalliy tarmoq orqali olish ham qiyin ish emas. Standartlar shuni talab qiladiki, imtihon topshiruvchilar aldov yo'li bilan — test qoidalarini buzgan holda, shu jumladan imtihondan oldin test materiallarini qo'lga kiritish orqali ball olish imkoniyatlarini yo'qqa chiqarish uchun barcha choralar ko'rilishi kerak. Imtihondan oldin test materiallarining qo'lga kiritilishi test natijalarining validligini jiddiy xavf ostiga qo'yadi, demakki, bunday test natijalari hech qanday qaror qabul qilish uchun ishlatilishi mumkin emas va bekor qilinishi lozim. Imtihon topshiruvchilar tomonidan ham, test markazi tomonidan ham test qoidalarining buzilishini aniqlashga imkon beradigan muayyan choralar mavjud. Ushbu chora-tadbirlardan biri alohida olingan test topshiruvchilar, shuningdek test kunlari va joylari bo'yicha test natijalarini statistik tahlil qilishdir. Bu kabi tahlil har bir testdan so'ng testni ishlab chiqqan tashkilot tomonidan amalga oshiriladi. Masalan, ikki yoki undan ortiq test topshiruvchilarning javoblari bir-biriga mos kelgan, test topshiruvchining natijalari testning turli bo'limlari bo'yicha katta farq qilgan, test o'tkazilgan kunlar yoki test markazlari kesimida ballarning normal taqsimotidan katta og'ishlar qayd etilgan holatlar har doim shubha uyg'otadi va natijalar maxsus komissiya tomonidan tekshirilgunga qadar e'lon qilinmaydi. Masalan, Educational Testing Service (ETS) ballarni taqsimlanishidagi har qanday og'ishlarni avtomatik ravishda aniqlab beradigan tizimdan foydalanadi . Tekshiruv natijasida test natijalari bekor qilinishi va test topshiruvchiga ma'lum vaqt davomida test topshirish ta'qiqlanishi mumkin. Agar test markazi tomonidan test sinovlarini o'tkazish qoidalarida buzilganligi aniqlansa, ushbu markazda test sinovlaridan o'tganlarning barchasi uchun test natijalari bekor qilinadi . Odatda, bunday holatlarda test sinovi uchun to'langan mablag' test topshiruvchiga qaytariladi yoki unga test sinovini bepul qayta topshirish imkoniyati beriladi. Albatta, xalqaro imtihonlar amaliyotida ham noxush voqealar bo'lgan. Masalan, 2018 yilda Katmanduda politsiya IELTS imtihoni topshiriqlarini sotayotgan guruhni qo'lga olganidan keyin Britaniya Kengashi imtihonni bekor qildi . Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) Qozog'istonning 2015 yilgi PISA testi natijalarini xalqaro reytingdan chiqarib tashladi , sababi — testlarda ishtirok etadigan maktablarni tanlashda qoidalarga rioya qilinmagani va test natijalarini tekshiruvchilarning xolisligi shubha uyg'otgani edi. Biroq, tizim shunday tuzilganki, har qanday qoidabuzarliklar tekshirilib, ularga nisbatan chora ko'riladi, bundan tashqari, qoida buzilishini zanjirning bir halqasida yashirishga urinishlar muqarrar ravishda keyingi halqada aniqlanadi. DTM direktori o'rinbosari Sardor Radjabov Xushnudbek Xudoyberdiyevning Telegram-kanalidagi ovozli chatda test topshiriqlari tarqab ketganligi gumon qilinayotgan hududlardagi test natijalari statistik tahlil qilinishi va bu tahlillar natijalari jamoatchilikka e'lon qilinishini va'da qildi. Biroq, bunday tahlilni nafaqat alohida hududlar, balki test sinovlari o'tadigan barcha kunlar va hududlar kesimida amalga oshirish, ballar taqsimotidagi har qanday og'ishlarni aniqlash va ularning sabablarini o'rganish muhimdir. Surishtiruv ishlari olib borilayotgan paytda test natijalarini e'lon qilmay turish va balki, surishtiruv natijalariga ko'ra natijalarni bekor qilish ham lozim bo'ladi. Aks holda, milliy test tizimiga ishonchni tiklash qiyin bo'ladi. Shunday qilib, test sinovlari shunchaki"ekspertlarni yig'ish, ularga test tuzdirish va imtihon o'tkazish" emas. Test materiallarini ishlab chiqish, imtihon o'tkazish va uning natijalarini e'lon qilishning har bir bosqichida jiddiy ilmiy yondashuv va muayyan standartlarga rioya qilish lozim. Albatta, testlarni «bo'laveradi» tamoyili asosida ishlab chiqish va o'tkazish ham mumkin — axir, test natijalarining validligi bo'yicha dalillar bo'lmasa ham, hukumat qarori test natijalarining ta'lim muassasalari tomonidan tan olinishini kafolatlaydi. Ammo bunday yondashuv kelajakda qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? Test tizimidagi muammolar kelajakda jiddiy oqibatlarga olib kelmasligi uchun, mening fikrimcha, Pedagogik va psixologik testlar bo'yicha standartlar asosida test natijalari validligini ta'minlaydigan aniq yo'riqnomalar va qoidalarni ishlab chiqish zarur. Ushbu qoidalar va yo'riqnomalar (shu jumladan axborot xavfsizligi qoidalari) testlarni ishlab chiqish va o'tkazishning barcha bosqichlarini, shuningdek, test natijalarini qayta ishlash va e'lon qilishni ham qamrab olishi zarur. Test natijalari qandaydir hukumat qarorlari bilan emas, balki validlik bo'yicha ilmiy dalillar e'lon qilinganidan keyin tan olinishi lozim. Ushbu qoidalar va yo'riqnomalarga rioya qilinishini ta'minlash uchun test materiallarini ishlab chiqish, testlarni o'tkazish va test qoidalarining bajarilishini nazorat qilish funksiyalarini bir-biridan ajratish juda muhimdir. Yuqorida ko'rganimizdek, bu uchta vazifa bir tashkilotning zimmasida ekan, nazorat va muvozanat tizimi buziladi va har qanday bosqichda standartlar buzilganligini obyektiv tekshirish imkonsiz bo'ladi. DTM qanday tashkilot — nazoratchimi (regulyatormi), testlarni ishlab chiquvchimi yoki testlarni o'tkazuvchimi, shuni aniq-tiniq belgilab olish va shunga muvofiq baholash xizmatlari bozorida boshqa ishtirokchilarning paydo bo'lishi uchun sharoit yaratish lozim — raqobat ularni o'z obro'sini qadrlashga majbur qiladi. Shuningdek, «oxirgi muddat kecha edi» tamoyilidan voz kechish kerak. Test materiallarini ishlab chiquvchi tashkilotlar bunday muhim masalaga jiddiy, ilmiy asoslangan holda yondashishlari uchun yetarlicha vaqt bo'lishi kerak. Umuman olganda, testlar bilan ilmiy asoslangan holda shug'ullanish yoki umuman shug'ullanmaslik kerak — axir, mamlakatning intellektual kelajagi bilan o'ynashib bo'lmaydi. Muallifning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasiligi mumkin. | columnist |
«Gazeta.uz» kolumnisti Botir Qobilov «Shahar odamlar uchun» loyihasida shaharlarimizni qanday qilib xavfsiz, sog'lom, qulay va eng muhimi yashashga yaroqli qilish haqida so'z yuritadi. To'g'ri rejalashtirilgan va amalga oshirilgan urbanizatsiya bandlikni ta'minlashning eng yaxshi imkoniyatlari hamda hayot, ta'lim va sog'liqni saqlash sifatini oshirish hisobiga kambag'allik va tengsizlikni qisqartirishi mumkin. Ammo, kuzatayotganimiz — ilg'or tajribalarni e'tiborsiz qoldirish havo sifatining yomonlashishi va umuman atrof-muhitning ifloslanishi, aholi sog'lig'ining yomonlashishi, ko'chalardagi muqarrar tirbandlik, ishchi kuchi mobilligining pastligi, tengsizlik, ijtimoiy izolyatsiya va iqtisodiy ko'rsatkichlarning pastligi kabi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shaharlarga munosabat va ularni boshqarishimizdagi yondashuvlarimizni tubdan o'zgartirish vaqti keldi. Botir Qobilov o'zining yangi maqolasida Toshkent misolida mamlakatimiz shaharlari qanday qilib yashil shahar bog'larini yo'qotib borayotgani haqida yozadi va ularni imkon qadar qutqarish, tiklash va haqiqiy egalariga — odamlarga qaytarishga chaqiradi. O'zbekiston bayrog'ida yashil rang bor — u barokatli tabiatni aks ettiradi. Ammo biz daraxtlarni (ularni kesishga moratoriy e'lon qilinishiga qaramay), istirohat bog'larini, ko'llarni va yashil ekinlarni yo'qotayotganimizga qarab, tabiatga hurmat ko'rsatilmayapti va uning qadr-qimmatini anglash tushunchasi yo'qolgan degan xulosaga kelish mumkin. Ushbu maqola e'lon qilinishidan bir kun oldin «Gazeta.uz» o'zining Telegram-kanalida so'rov o'tkazdi. Biz Toshkentda istiqomat qiluvchi o'quvchilarimizdan birgina savolga javob berishlarini so'radik: «Jazirama issiqdan dam olish uchun sizga shaharda yashil zonalar va bog'lar yetarlimi?» Bir kundan kam vaqt ichida kanalning o'zbek tilidagi versiyasida 30 mingga yaqin, rus tilidagi versiyasida esa 20 mingdan ziyod kishi ovoz berdi. 93% rus tilida va 90% o'zbek tilida «Yetarli emas» javobini tanladilar. Doimiy aholisi 2,7 milliondan oshiq va umumiy aholi soni taxminan 4 millionga yaqin bo'lgan Toshkentda 20 dan kam jamoat yashil istirohat bog'lari mavjud. Ilgari poytaxtda bo'lgan va odamlarga tegishli bo'lgan bog'larni va ko'llarni yodga olishni taklif qilaman, ammo endi ular yopiq, ko'llar quritilgan, maydonlar beton bilan to'ldirilgan, foyda olish (do'konlar, turar-joy majmualari va hokazolarni qurish) uchun xususiy mulkdorlarga berilgan. «Poytaxt aholisi madaniyat va istirohat bog'lari yetishmasligidan shikoyat qilmoqda. Ochig'ini aytganda, bu borada biz poytaxt aholisi va mehmonlari, ayniqsa yoshlar oldida qarzdormiz». (Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 24 noyabrdagi Toshkentda aytilgan saylovoldi nutqidan .) Nima uchun biz Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog'imizni Toshkentning markazida joylashgan ko'l bilan xususiy mulkchilik egaligiga topshirib qo'ydik ? Natijada, u savdo va ko'ngilochar markazga aylandi. Ilgari «Komsomol ko'li» nomi bilan tanilgan ulkan ko'lga ega bo'lgan Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog' 1939 yilda ochilgan. Uning yaratilishida shahar aholisining o'zi ishtirok etgan. Odamlar o'z shaharlari markazida noyob yashil vohani qurish uchun hasharga chiqishgan o'shanda. Foto: Bog' qurilishining boshlanishi. 1939 yil. Manba . Foto: Komsomol ko'li qurilishi. Manba . Bugun kosmosdan olingan tasvirlarda nafaqat qurigan ko'l, balki tijorat yoki ma'muriy binolarning bog' ichiga «bostirib kirgani» ham aks etgan. Rasmiylar shahar aholisining bog'larga tegmaslik haqidagi ko'plab chaqiriqlarini e'tiborsiz qoldirishdi. Endi aholi sobiq Milliy bog' yonida joylashgan sobiq Navro'z nikoh saroyi yaqinidagi chinorlarning yo'q qilinayotganligidan shikoyat qilishmoqda . Milliy bog'dagi sobiq ko'l xususiy mulchilikka o'tishdan oldin va keyin (birinchi rasm — 2016 yil iyun, ikkinchisi — 2021 yil aprel). Manba: Google Earth. Nima uchun 1930 yillarda yaratilgan va Eski shaharning deyarli yagona bog'i bo'lgan Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog'i hududida betonlashtirish va mehmonxona qurish uchun yer ajratilyapti? Sun'iy yo'ldosh fotosuratlaridan park maydoniga tijorat va notijorat binolar osongina kirib kelayotganini ko'rish mumkin. Abdulla Qodiriy nomidagi bog' (birinchi rasm — 2019 yil may oyi, ikkinchisi — 2021 yil aprel). Manba Google Earth. Nima uchun Do'stlik bog'ini (sobiq Bobur bog'i) chet el kompaniyasiga o'tkazish to'g'risida qaror qabul qilindi va u uzoq vaqt davomida yopiq turibdi? Samodan olingan tasvirlarda daraxtlar sonining kamayayotgani va qurigan suv havzasi yaqqol ko'zga tashlanadi. Sobiq Bobur bog'i (birinchi rasm — 2008 yil iyul, ikkinchisi — 2020 yil avgust). Manba: Google Earth. Nima uchun chet el kompaniyasiga o'tkazishga qaror qilingan G'ofur G'ulom nomidagi istirohat bog'i ham uzoq vaqt mobaynida yopiq holda qolmoqda? Bog' ushbu hudud va uning atrofidagi aholi, ayniqsa, jazirama issiq paytida dam olishlari uchun muhim ahamiyatga ega Chilonzor tumanidagi eng katta yashil bog'. Nafaqat G'ofur G'ulom bog'i hududiga, balki unga tutash hududlarga ham e'tibor berish muhimdir. Bog' ichidagi suv havzasi ikkinchi yil quruq qolmoqda. Suratlarda stadion qurilishi, yo'lning kengaytirilishi va ko'prik qurilishi natijasida yo'l bo'yidagi qancha daraxt va ularning atroflari yo'qolganligi ko'rinib turibdi. Shuningdek, turar-joy massivlari ichida daraxtlarning yo'qolishini aniq ko'rish mumkin. G'ofur G'ulom nomidagi bog'ning atrofi (birinchi rasm — 2008 yil may, ikkinchisi — 2020 yil may). Manba: Google Earth. Nima uchun Gulshan bog'i hududida bog'ning o'rniga tibbiy klinikalar qurilmoqda ? Gulshan bog'i (birinchi rasm — 2018 yil avgust, ikkinchisi — 2020 yil avgust). Manba: Google Earth. Baxt ko'li nafaqat shahar aholisi uchun an'anaviy dam olish maskani, balki suvda suzuvchi va suvga yaqin qushlarning noyob rezervati ham bo'lgan. 1990 yillarda qo'shni Rohat ko'l-bog'i elita golf klubiga aylangandan so'ng, Baxt ko'li butun Bektemir tumanidagi yagona bog' maydoni bo'lib qolayotgan edi. 1970 yillarning o'rtalaridan taxminan 2000 yillarning boshlariga qadar Baxt ko'lidagi dam olish zonasi Toshkentdagi eng ko'p tashrif buyuriladigan va eng mashhur joylardan biri bo'lgan. Hozir ko'l chet el kompaniyasiga topshirilgan va qo'riqxona o'rnida navbatdagi siti barpo etilmoqda. Baxt ko'li. Birinchi rasm — 2006 yil iyul, ikkinchisi — 2020 yil avgust. Manba: Google Earth. Sokin va yashil joy bo'lgan «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasini rekonstruksiya qilish paytida nima uchun do'kon, kafe va amfiteatr uchun yer berish rejalashtirilgan edi? Nima uchun qatag'on natijasida mamlakatning eng ilg'or vakillari yo'q qilinganlar xotirasiga barpo etilgan yodgorlik savdo va ko'ngilochar obyektga aylanmoqda? Jamoatchilik aralashuvidan so'ng, Qurilish vazirligi chakana savdo shoxobchalari, kafelar, amfiteatr, ko'ngil ochar joylar va boshqalarni loyihadan chiqarish to'g'risida e'lon qilgan bo'lsa ham, milliy bog'lar va majmualarda bunday g'oyalar amalga oshirilmasligiga kafolat bormi? Shahar aholisi, shuningdek, O'zbekistonning milliy boyligi bo'lgan Botanika bog'ining taqdiridan juda xavotirda. Bu jonli ochiq osmon ostidagi tabiat muzeyi . Muzeyda esa raqsga tushilmaydi va qo'shiq kuylanmaydi, u yerga tabiatni o'rganish va o'qish uchun boriladi. Tabiatni o'rganish sukunat va yolg'izlikni talab qiladi. Ammo so'nggi yillarda bog' hududida tobora ommaviy va xususiy tadbirlar o'tkazib kelinmoqda. Mahorat darslari, intellektual o'yinlar , raqs ansambllari va yoshlar rok guruhlari, shoirlarning chiqishlarini qo'llab-quvvatlash kerak, albatta. Biroq, bu tadbirlarni Botanika bog'ida olib borilishini to'xtatish kerak. Shaharda bunday tadbirlar uchun joylar yetarli. Ushbu maqola tayyorlanayotganda, Toshkent botanika bog'ida minglab yoshlar uchun ikki kunlik tadbir bo'lib o'tdi. Fotosuratlarga qaraganda, forumdan so'ng Botanika bog'i xodimlari axlatlarni tozalashlari va inshootlarni demontaj qilishlariga to'g'ri kelgan. Forum arafasida shahar obodonchilari ham daraxtlar orasidagi o'tlarni yulishgan, Botanika bog'i atrofida og'ir yuk mashinalari va avtobuslar harakatlanishgan. Botanika bog'i « obodonlashtirish »ga muhtoj emas. Bu yerda velosiped yo'llari, kafe va boshqa inshootlarni qurishning hojati yo'q. Bog'ni faqat o'z holiga qo'yish kerak. U shahar byudjetidan yetarli moliyalashtirilishi kerak. Eslatib o'taman, Botanika bog'i — o'yin-kulgi joyi emas. Bu ilmiy joy. Ko'llar va suv infratuzilmasi qurishi — biz, afsuski muvaffaqiyatga erishgan narsaga o'xshaydi. Orol dengizi muammosi haqida hammamiz bilamiz va bizning geografik joylashuvimiz bizni dengizga yoki okeanga chiqish nuqtai nazaridan qanday qiyin ahvolga solib qo'yishini yaxshi bilamiz. Daryolarimiz va ko'llarimizdagi suvni ham, ichimlik suvini ham isrof qila olish hashamati bizda yo'q. Lekin nima uchun biz bila turib bunga befarqmiz va shaharlarimizdagi barcha shahar ko'llarini quritamiz? Bu allaqachon Toshkent shahri havo sifatiga ta'sir ko'rsatib ulgurgan. Biz «istirohat bog'i» so'z birikmasining ta'rifini unutganga o'xshaymiz. Istirohat bog'i — bu sayr qilish va dam olish uchun ajratilgan yer maydoni. Bu daraxtlar, o'tlar, gullar, suv havzalari yoki favvoralar bilan ko'kalamzorlashtirilgan maydon. Boshqa hech narsa emas. Shahar bog'lari — bu odamlar bo'sh vaqtlarini o'tkazadigan, shaharning shovqinidan dam oladigan va shunchaki tabiatdan zavqlanadigan joy. Nima uchun biz hech qanday ma'muriy, texnologik binolar, umumiy ovqatlanish va savdo shoxobchalari, muzeylar va shovqinli attraksionlarsiz shunchaki yashil, sokin bog'ga ega bo'lolmaymiz? Dunyoning ozmi-ko'pmi rivojlangan shaharlarining barchasida anchadan buyon attraksion bog'lar shahar tashqarisida barpo etiladi. Sobiq Milliy bog'da bo'lgani kabi aynan shahar markazida emas. Shahar bog'lari nafaqat daraxtzor joy, balki ular har bir aholining hayot sifatini va uzoq umr ko'rishini yaxshilash uchun ulkan salohiyatga ega. Shahar bog'lari, ayniqsa, mobilligi cheklangan yoki shaxsiy hordiq chiqarish imkoniyati cheklangan odamlar (masalan, shahar tashqarisida), shu jumladan yoshlar, qariyalar, kam ta'minlangan odamlar uchun juda muhimdir. Lekin nima uchun biz doimo buni e'tiborsiz qoldiramiz?! Men jamoat yashil bog'larini xususiy mulkdorlarga o'tkazish, ularni tijorat loyihalari, kafelar, do'konlar, ko'ngilochar joylar uchun rekonstruksiya qilish nafaqat yashil bog'larning yo'qolishiga, balki jiddiyroq va hatto halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligiga e'tibor qaratmoqchiman. Shahar bog'lariga barcha uchun teng bo'lmagan kirish imkoniyati yoki umuman kirish uchun ruxsat yo'qligi aholining sog'lig'iga (jismoniy va ruhiy jihatdan) va mehnat samaradorligiga salbiy ta'sir qiladi, shu bilan birga ijtimoiy va iqtisodiy tengsizlikni kuchaytiradi. Daraxtlardan bahramand bo'lish imkoniyatining chegaralanishi aholining daromadlaridagi farqni ko'rsatadi. New York Times nashrining yaqinda e'lon qilingan maqolasida boy odamlar bog' va daraxtlardan ko'proq foydalanish imkoniyatiga ega ekanliklari, natijada ular yashi sifatdagi havodan nafas olishlari va sog'lig'i yaxshilanganligi aniq ko'rsatilgan. Xususan, badavlat amerikaliklar yashash joylarida daromadi pastroq bo'lgan hududlarga nisbatan 50% ko'proq yashilliklarga (daraxtlar va bog'larga) ega. Shu bilan birga, yuqori daromadga ega bo'lgan odamlar shaharlar chekkasida yashash, ko'proq daraxtlardan bahramand bo'lish, tabiatga va chet elga tez-tez sayohat qilish imkoniyatiga ega bo'lishlari mumkin, ammo daromadlari cheklangan odamlar bunga qodir emaslar. Odatda ular yo'llar, binolar va to'xtash joylari kabi beton yuzalar nisbati kattaroq bo'lgan joylarda hamda daraxtlar va bog'lar soni juda cheklangan hududlarda yashaydilar. Tobora yomonlashayotgan Toshkent ekologiyasi, tozalash inshootlari va tiqilib qolgan kanallardan keladigan tungi badbo'y hid, qurilish loyihalari natijasida kelib chiqadigan chang bo'ronlari va avtomobil yo'llari bo'ylab havo sifatining doimiy ravishda yomonligi bilan birgalikda fuqarolarning sog'lig'iga qattiq zarba berish bilan tahdid qilmoqda. Bularning barchasi prezident va hukumat qarorlarini buzgan holda va (!) huquqni muhofaza qilish idoralari himoyasida daraxtlarni ommaviy va doimiy ravishda kesish, ko'chalarni doimiy ravishda kengaytirish va dahshatli chorrahalar qurish, shuningdek, turar-joy binolari hovlisi oldidagi gulzorlarni yo'q qilish va bolalar o'yin maydonchalarini betonlashtirish bilan bir vaqtda sodir bo'lmoqda. Shahar bog'larini yo'qotish haqida faqat Toshkent misolida gapiryapman. Biroq, ushbu tendensiyani mamlakatning barcha shaharlarida kuzatish mumkin, axir Toshkent har doim boshqa hududlar uchun namuna bo'lib kelgan. Yaqinda «Gazeta.uz» daraxtlarning kesilishi tufayli Zarafshon milliy tabiiy bog'i bir necha yil ichida yashil vohadan deyarli yarim cho'lga aylanganini yozgan edi. Barchamiz instinktiv darajada shaharlarda bog'larning bo'lishi yaxshi ekanligini bilamiz. Yashil o'tlar, baland daraxtlar va tabiat hidi bilan ko'rkam bog'da sayr qilish bir zumda kayfiyatni ko'taradi va umuman bu hudud haqida yaxshiroq tasavvur hosil qiladi. Ilmiy tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, yashil hududlarda yashovchi odamlarda stress, xavotir va tushkunlik darajasi past bo'lib, ular g'azab va tajovuzkorlikning past darajasini his qilishlari haqida aytishadi. Yurak kasalligi o'lim holatlari va umumiy o'lim ko'rsatkichlari yashil hududlarda yashovchilar uchun 12−15 foizga kamroq . AQShda, shumtol qo'ng'izi tomonidan zararlangan shumtol daraxtlarining asta-sekin yo'q bo'lib ketishi yurak-qon tomir kasalliklari o'limining tobora ko'payib borishi bilan bog'liq ekanligi aniqlangan edi . Bu esa daraxtlar nobud bo'lgan joylarda odamlar ham vafot etishlari mumkinligidan darak beradi. Tadqiqotga ko'ra, bog'larni yaratish va saqlashga sarflangan har bir dollar sog'liqni saqlash xarajatlaridan qariyb 3 dollarni tejaydi. Bog'larni yopish yoki shahar yashil bog'larini xususiy mulkdorlarga berish tarafdorlari o'z harakatlarini oqlash uchun foydalanishi mumkin bo'lgan ba'zi argumentlarni ko'rib chiqamiz. Argument: «Bizning sharoitimizda istirohat bog'lari zararga ishlaydi, foydasiz va davlat dotatsiyasida turadi. Bundan kelib chiqadiki, bog'ni pul ishlaydigan qilib qayta qurish kerak». Shunaqa bahona bilan bizning bog'larimizni xususiy mulk egalariga o'tkazishga harakat qilishmoqda . Shahar bog'lari shahar munitsipaliteti uchun foyda keltirmasligi rost. Shahar bog'lari o'zining saqlanishini moliyaviy tomondan oqlamaydi. Ammo ular odamlar va shahar uchun katta iqtisodiy ahamiyatga ega. Bog'larning ba'zi bir afzalliklari iqtisodiy nuqtai nazardan baholanadi. Tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki, yashash joyi yaqinida shahar bog'ining mavjudligi mulk qiymatini 10−30 foizga (bog'dan 600 metrgacha) oshiradi. Bog'ning yaqinligi, shuningdek, ushbu hududda joylashgan korxonalarning foydasi va qiymatini oshiradi. Bu, asosan, odamlar ko'kalamzorlashtirilgan joylarda yashash va ishlashni afzal ko'rishlari bilan bog'liq. Bog'lar ko'plab ekologik afzalliklari, shu jumladan o'simlik va hayvonlarning yashash joylarini saqlab qolish, havoning ifloslanishini kamaytirish va suvni filtrlash bilan birgalikda mahalliy byudjetlarga ham, yaqin atrofdagi aholiga ham iqtisodiy foyda keltiradi. Yaxshi parvarishlangan bog'lar va ular uchun yetarlicha yerni tejash moliyaviy daromad keltirishi mumkin, bu ko'pincha sarmoyalangan mablag' (bog'larni qurish uchun) va parvarishlash xarajatlaridan oshib ketadi. Bog'larni shahar muhitiga yaxshi integratsiyalashuvi natijasida kamroq ko'zga tashlanadigan iqtisodiy foyda ham mavjud. Avvalroq aytib o'tganimdek, bog'lar yaqin atrofda yashovchilarning sog'lig'ini yaxshilaydi. Bu odamlar sog'liqni saqlashga kam pul sarflashlarini anglatadi. Masalan, tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki, Filadelfiyadagi (Pensilvaniya, AQSh) jamoat bog'lari yiliga shahar uchun 1 milliard dollardan ko'proq mablag'ni tejaydi, bu har yili ularni parvarishlashga sarflanadigan mablag'dan 100 baravar ko'proq. Bog'larning afzalliklari juda ko'p va ular ko'p jihatlarda bir-biriga bog'liqdir. Atrof muhitni yaxshilash odamlarning baxtini va sog'lig'i yaxshilanishini anglatadi, bu iqtisodiy o'sishga yordam beradi, bu hayot sifatini yanada yaxshilaydi va hokazo. Ushbu rekursiv pozitivlik bog'lar ularni yaratadigan va qo'llab-quvvatlaydigan shaharlarga keng qamrovli va yaxlit foyda keltirishini anglatadi. Argument: «Bog' tashlandiq va yaroqsiz edi, shuning uchun biz undan yaxshiroq foydalanish yo'lini topishimiz kerak». Ehtimol, bu bog'lar hududga e'tibor berilmaganligi va asta-sekin ifloslanishi tufayli mashhurligini yo'qotayotgandir, ammo bu muammolarni hal qilish mumkin. Va bu bog'ni yopish va do'konlar hamda attraksionlar bo'lgan shovqinli joyga aylantirish uchun bahona bo'lib xizmat qila olmaydi. Argument: «Bog' sayyohlarni jalb qilishi kerak». Chet ellik sayyohlar shaharning o'ziga xosligini va tarixiy merosini ko'rish uchun kelishadi. Agar biz «hammasi sayyohlarni jalb qilish uchun» degan argumentni ishlatadigan bo'lsak, afsuski, shu yo'l bilan biz hoziroq ilgari sayyohlar birinchi navbatda tashrif buyurgan ro'yxatdan Toshkentning eng mashhur sayyohlik yo'nalishlaridan birini chiqarib tashlagan bo'lamiz. Argument: «Investor bog'ni boshqarishni sizdan yaxshiroq biladi». Ushbu argument shunchaki yerlarni davlat mulkidan xususiy mulkka qayta taqsimlash uchun ishlatiladi. Birinchidan, har qanday investorning maqsadi daromadni ko'paytirishdir. Agar odamlarga qarashli shahar bog'ining yerlari investorga berilsa yoki ijaraga berilsa , u holda investordan odamlar manfaatlarini ko'zlashini kutish mumkin emas. Investor tijorat binolari, klinikalar, mehmonxonalar, ko'ngilochar bog'lar yoki do'konlarni quradi — barchasi dastlabki sarmoyani qaytarish va ko'proq pul ishlash uchun. Boshqacha qilib aytganda, avvalgi bog'ning yerlaridan olinadigan foyda endi qachonlardir bog'ga egalik qilgan, undan foydalangan va undan zavq olgan aholi o'rtasida emas, balki investorlar o'rtasida taqsimlanadi. Umuman olganda, daraxtlarni kesish va istirohat bog'lari va yashil maydonlarni qisqartirish orqali biz nafaqat atrof-muhitni yo'q qilamiz, balki aholi o'rtasida tengsizlikni kuchaytiramiz, aholini nosog'lomroq, baxtsizroq va kambag'alroq qilamiz. Olmaotada to'qqizta yangi istirohat bog'i barpo etilmoqda, bu yerni shahar mulkiga qaytaradi. Qozog'iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev ham Olmaotaning markazida ko'p qavatli uylar qurilishi va shaharni ko'kalamzorlashtirish muammosi haqida qayg'urdi. Uning so'zlariga ko'ra, «rahbarlarning bugungi avlodi tabiat va yashil maydonlarning dushmanlari sifatida tarixga tushib qolish xavfi ostida». Tbilisi shahar meriyasi uchun rekreatsiya zonalarini rivojlantirish birinchi vazifa deb e'lon qilindi. Buning uchun minglab gektar yerlar hozir ko'kalamzorlashtirish jarayonidan o'tmoqda. Shahar meriyasi tarixiy yodgorlik bo'lgan Vake bog'ini tiklamoqda. Hududni tavsiflovchi barcha tafsilotlar saqlanib qolinmoqda va tiklanmoqda. Toshkentdan farqli o'laroq, Tbilisi meriyasi shaharning eng muhim rekreatsiya zonasi — Toshbaqa ko'lini tiklamoqda. Kiyev meriyasi tashlandiq «Sovki» parkini yangilab, tikladi. Yangilangan bog'da na kafe, na do'kon, na attraksion mavjud. Bishkekda yangi bog'lar va xiyobonlar barpo etilmoqda, piyodalar uchun yashil zonalar ko'paytirilmoqda. Nima uchun O'zbekiston shaharlari bu shaharlardan farq qilishi va teskari yo'nalishda ketishi kerak? Har doim savol tug'iladi, endi nima bo'ladi? Birinchi qadam sifatida biz hozir qilayotgan ishimizni to'xtatishimiz kerak: Va nihoyat, aholining hovlilari, ko'chalari, shaharlarida HAR QANDAY loyihani amalga oshirishdan oldin ularning fikrlarini inobatga olmaslikni to'xtatib, ularni tinglashni boshlash kerak. Varvarlar hamma joyda va har doim bo'lgan. Shuning uchun qonun va huquqni muhofaza qilish idoralari, sudlar va parlament mavjud. Agar oddiy qoidaga rioya qilinsa, yuqorida tilga olinganlarning barchasi amalga oshiriladi va har bir daraxt saqlab qolinadi: har kim o'z ishini bajaradi va Konstitutsiyaga amal qiladi. Davlat va mansabdor shaxslardan bitta narsa talab qilinadi: o'z majburiyatlarini bajarish — qonun ustuvorligini ta'minlash va Konstitutsiyaga rioya qilish: «Yer, yer osti boyliklari, suv, o'simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir». (55-modda). Afsuski, bizda hali ham umumiy manfaat nima va nima uchun daraxtlar va bog'larni har qanday yo'l bilan bo'lsa ham himoya qilishimiz kerakligi to'g'risida tushuncha va birdamlik yetishmayotganga o'xshaydi. Ba'zilar daraxtlarni yoqtirmaydilar, chunki ularga to'siqdek qaraladi, daraxtlar mashinalarga qulab tushadi, restoran ko'rinishini to'sadi yoki shunchaki o'tin uchun ishlatiladi. Ammo Konstitutsiyaga rioya qilish kerak: «Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo'lishga majburdirlar». (50-modda). Biz ham qisman aybdormiz, har bir fuqaro. Birovni ayblash har doim ham oson, ammo daraxtlarni, shahar bog'larini asrash, piyodalar uchun shaharlar yaratish, havo sifati va ekologiya kabi mavzularning aksariyati biz shaxsan to'qnash kelaganimizdagina bizni tashvishga solishni boshlaydi. Har birimiz o'z sukutimiz bilan shahar bog'larining yo'q qilinishiga hissa qo'shamiz. Ko'chalaringizda, mahallalaringizda kesilayotgan daraxtlarni ko'rganingizda yoki sizning hududingizdagi shahar bog'lari to'satdan to'sib qo'yilganda jim turmaslik kerak. Agar biz haqiqatan ham fuqarolik jamiyatini qurmoqchi bo'lsak, bu avvalo bizga tegishli bo'lgan narsalarni va umumiy manfaatlarni himoya qilishdan boshlanadi. Muallifning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasiligi mumkin. | columnist |
O'tgan 40 yil mobaynida ko'plab rivojlanayotgan mamlakatlarda iqtisodiy o'sish ancha sust bo'lmoqda, ularning ayrimlari esa aholi jon boshiga o'sish bo'yicha o'nlab yillar davomida o'ta sekin rivojlanishmoqda. Tabiiyki, o'sish bo'lmasa, bunday mamlakatlarda yashash sifati past bo'lib qolaveradi: ushbu mamlakatlardagi odamlar boy mamlakatlarga qaraganda qisqaroq umr ko'radi, bolalar ko'proq kasal bo'ladi va go'daklar o'limi darajsi yuqoriroq bo'ladi, ko'plab odamlar qashshoqlikda yashaydi, maktab va shifoxonalarning sifati yomon, oddiy havo va suvning ham sifati past, shaharlar qulay hayot uchun kamroq moslashtirilgan, natijada odamlar avtohalokat va favquloddagi vaziyatlarda ko'proq halok bo'ladi. Qisqasi, agar siz imtiyozga ega bo'lgan juda tor doiraga aloqador bo'lmasangiz, iqtisodi yomon bo'lgan mamlakatda yashash unchalik oson emas. Noto'g'ri iqtisodiy siyosat ushbu sust o'sishning asosiy sababi hisoblanadi. Ushbu davlatlar o'zlarining qoloqligini ko'rib, Gonkong va Singapur kabi iqtisodiy muvaffaqiyatga erishgan mamlakatlarning iqtisodiy islohotlarini o'zlashtirish kerakligini va ish bermayotgan an'analaridan voz kechish lozimligini tan olishmaydi. Aksincha, kambag'al va rivojlanayotgan mamlakatlar aksariyat holatlarda iqtisodiy o'sishni chegaralovchi iqtisodiy siyosatni yuritishadi: proteksionizm, tor doiradagi guruhlar manfaatiga xizmat qiladigan "sanoat siyosati", biznesni keragidan ortiqcha nazorat qilishga urinish, resurslarni taqsimlashda davlat rolining kattaligi, yuqori soliq ulushi, davlat korxonalarining samarasiz boshqarilishi, markaziy bankning hukumatga bo'ysunuvchanligi va shaffof bo'lmagan fiskal siyosat. Diqqatga sazovor narsa shundaki, mamlakat qanchalik kambag'al bo'lsa, ushbu holat shunchalik keng tarqalgan bo'ladi. Shu sabab kambag'al mamlakatlarning rivojlanishini kuzatib boradiganlarning ta'kidlashicha, bunday jamiyatlarni faqat jiddiy inqirozlar va chuqur sarosimalar iqtisodiy siyosatni isloh qilishga va taraqqiyotga to'siq bo'lib turgan choralardan voz kechishga unday olishi mumkin. Ayrim kuzatuvchilarning fikricha, to'g'ri islohotlar "juda yomon voqealar" natijasida sodir bo'ladi, bunday holatlar jamiyatni atrofda sodir bo'layotgan voqealarga "yangicha nazar" bilan qarashga undaydi va iqtisodiy siyosatni o'zgartiradi. Islohotlar haqidagi ushbu nazariya fatalistik (taqdirga tavakkal qilish — tahr. ) bo'lishi mumkin, lekin u juda keng tarqalgan. Masalan, XX asr boshida Nikolay Chernishevskiyning "Qanchalik yomon bo'lsa — shunchalik yaxshi" degan iborasi mashhur edi. Ba'zan Leninning repressiya va erkinliklarni cheklash tarafdori bo'lganligini ta'kidladb, ushbu iborani unga tegishli deyishadi, chunki bu inqilobni tezlashtirishi mumkin edi. Boshqacha aytganda, mamlakatdagi vaziyat qanchalik yomon bo'lsa, bu kelajakdagi islohotlar va o'zgarishlar uchun shunchalik yaxshi. Ammo buning aksini ko'rsatadigan tadqiqotlar ham mavjud: taraqqiyot yomonlik emas, yaxshilik natijasida sodir bo'ladi. Jorj Meyson universiteti iqtisodchisi Brayan Kaplan "g'oyalar tuzog'i" degan modelni taklif qiladi . Ushbu modelga ko'ra, agar vaziyot yomon bo'lsa, jamiyatda to'g'ri islohotlar uchun talab tug'ilishi dargumon. Ya'ni: jamiyatdagi holat qanchalik yomon bo'lsa, to'g'ri islohotlar ehtimoli shunchalik kam. Uning modelining asosida quyidagi faraz yotadi — dunyoda yashash eng yoqimsiz bo'lgan joylar uchta umumiy xususiyatlarga ega: birinchisi, past iqtisodiy o'sish ko'rsatkichi; ikkinchisi, o'sishga to'siq bo'layotgan iqtisodiy siyosat; uchinchisi esa qaror qabul qiluvchi shaxslarning boshqa iqtisodiy siyosat yaxshiroq degan tushunchani inkor etishi. Tasavvur qiling, o'sish, siyosat va g'oya — bu uchta o'zgaruvchanlar iqtisodiy va siyosiy vaziyatni aks ettiradi. Bunda biz uchta xulosaga kelishimiz mumkin, dastlabki ikkita xulosa o'z-o'zidan kelib chiqadi: 1. Yaxshi g'oyalar to'g'ri iqtisodiy siyosatni keltirib chiqaradi. 2. To'g'ri iqtisodiy siyosat yaxshi o'sishga olib keladi. Uchinchi xulosa oldingilariga nisbatan kamroq intuitivroq: 3. Yaxshi o'sish yaxshi g'oyalarga olib keladi. Uchinchi xulosani tushunish uchun, daromadning o'sishi iqtisodiy savodxonlikni oshishiga olib kelishi, daromad darajasi esa bunga ta'sir qilmasligini ko'rish mumkin . Boshqacha qilib aytganda, daromadi tez o'sayotgan qambag'al insonlar ham daromad o'sishi kuzatilmayotgan boylardan ko'ra ko'proq iqtisodiy sezgirlikka ega. Xulosa shuki: Yaxshi g'oyalar to'g'ri iqtisodiy siyosatga olib keladi, to'g'ri iqtisodiy siyosat yaxshi o'sishga olib keladi, yaxshi o'sish esa yaxshi g'oyalarni mustahkamlaydi. Yomon xabar shundaki, ushbu tushunchaning aksi bo'lgan ketma-ketlik ham mavjud. Jamiyat "g'oyalar tuzog'i"ga tushib qolsa, unda yomon g'oyalar noto'g'ri iqtisodiy siyosatga, noto'g'ri iqtisodiy siyosat esa — yomon o'sishga olib keladi, va bu vaziyatda yomon o'sish esa yomon g'oyalar uchun unumli tuproq vazifasini o'tab berishi mumkin. Ushbu tuzoqqa tushganda, undan chiqib ketish uchun sizga faqatgina sog'lom fikrlash yordam berishi mumkin. Afsuski, odamlar tushkunlikda bo'lganda bu haqida o'ylanishlari qiyin masala. Yaqinda AQShda sodir bo'lgan himoya niqoblari tanqisligi muammosi bunga yorqin misol. Sog'lom fikrlash himoya niqoblari va vositalari yetishmovchiligini hal qilish uchun ularni ishlab chiqarish va yetkazishni daromadliroq qilib, bozorga narxni ko'tarish imkoniyatini berish kerakligigi ishora qiladi. Lekin buning o'rniga jamiyat ta'minotchilarga "o'z ishlarini bajarishmayapti" deb tashlandi va hukumatdan narxlarning o'sishiga yo'l qo'ymaslikni talab qildi. Boshqa so'z bilan aytganda, tushkunlik xolatlarida to'g'ri siyosat va yaxshi g'oyalar paydo bo'lishi dargumon. Ya'ni, vaziyat qanchalar yomon bo'lsa, jamiyat tomonidan to'g'ri qarorlar qabul qilinishining ehtimoli shunchalik kam. Iqtisodiy o'sish va g'oyalar o'rtasida mantiqiy bog'liqlikdan ko'ra ko'proq psixologik bog'liqlik mavjud. Albatta, faqatgina vaziyat yomonlashgani uchun foydali bo'lmagan g'oyalarni qabul qilish va noto'g'ri siyosatni amalga oshirish unchalik mantiqqa to'g'ri kelmaydi, lekin odamlar buni faol ravishda bajarib kelishmoqda. Bunga misol topish uchun turli mamlakatlarda turli davrlarda valyuta bozorlarining holatiga nazar solish mumkin. Masalan, yaqinda Turkiyada sodir bo'lgan holat yoki Osiyo moliyaviy inqirozi davri: valyuta kurslari o'sgan bir paytda jamiyat va siyosiy rahbarlar bor aybni chayqovchilar va qora bozorda faoliyat yurituvchilarga to'nkab qo'yishdi. Qandaydir mahsulotlar narxi ko'tarilganda, jamiyat va rahbarlar qabul qilish mumkin bo'lgan eng yomon qarorlarni qabul qiladilar. Yana bir misol, 2003 yilda Argentinada go'sht narxi keskin oshib ketganda hukumat go'sht eksportini taqiqlab qo'yadi. Bu esa ushbu sanoat rivojlanishini to'xtatib qo'ydi va boshqa ko'plab salbiy tasirlarga ega bo'lgan iqtisodiy va ijtimoiy natijalarga olib keldi. Xuddi shu narsa yuqori inflyatsiya davrida ham sodir bo'ladi: jamiyat va rahbarlar aybdorlarni qidirib, inflyatsiyaning yanada ko'tarilishiga sabab bo'luvchi qarorlarni qabul qilishadi. Xattoki o'zimizning yangi tariximiz misolida ko'rishimiz mumkinki, yomon sharoitlarda yanada yomonroq qarorlar qabul qilinadi. Hukumat so'mni konvertatsiya qilib bo'lmaydigan valyutaga aylantirib, importni cheklab va sun'iy yuqori dollar kursi evaziga "eksportni rivojlantirmoqchi" bo'lganda, bizning asosiy eksport maxsulotlarimizning dunyo bozoridagi narxlari keskin pasydi, ya'ni, bu qaror "yomon vaziyatda" qabul qilingan edi. Kaplan modelida ushbu ikki muvozanat barqaror va doimiy: siz yoki yaxshi o'sish yaxshi g'oyalarni keltirib chiqaradigan muvozanatdasiz, yoki o'sish yo'qligi yanada yomonroq g'oyalarni keltirib chiqaruvchi xolatda. Bu boshi berk vaziyatdan qanday qilib chiqib ketish mumkin? O'z modelida Kaplan buni "omad" deb nomlaydi. Vaqti-vaqti bilan, jamiyat lotereyada katta bo'lmagan yutuqqa erishish imkoniyatiga ega. Misol uchun, qandaydir tasodifiy holat sababli rahbarlar bozor munosabatlariga erkinroq yondashuvni sinab ko'rishlari mumkin. Ularning siyosati ma'lum o'sishga olib keladi, bu esa, o'z navbatida, jamoatchilik ongini yaxshilaydi va rivojlanish uchun yanada ko'proq to'g'ri g'oyalar va islohotlarga talab yaratadi. Boshqa modellarda ushbu ssenariy "sinish nuqtasi" deb nomlanadi, bunda biror voqea mamlakatni bir holatdan boshqa holatga o'tkazishi mumkin. Islohotlar mohiyatini tushunish uchun Kaplanning ikkita muvozanatli holatlar xaqidagi xulosalari muhim ahamiyatga ega. Bir tomondan olib qaraganda, to'g'ri islohotlar va o'zgarishlar "vaziyat yaxshi bo'lsagina" sodir bo'lishini va fatalist bo'lish maqsadga muvofiq emasligini tushunish muhim. Boshqacha qilib aytadigan bo'lsak, agar siz unchalik muhim yoki inqilobiy deb hisoblamaydigan o'zgarishlarga to'qnash kelsangiz, optimist bo'ling, chunki har bir mayda ijobiy o'zgarishlar o'z o'rnida yaxshi g'oyalar va to'g'ri islohotlar uchun zamin yaratishi mumkin. Boshqa tomondan, unchalik muhim tuyulmagan noto'g'ri qarorlar va muhim bo'lmagan ortga siljishlarga nisbatan juda ham e'tiborli bo'lish lozim . Agar qandaydir qaror bu iqtisodga sezilarli darajada salbiy ta'sir ko'rsatmasa ham, biz bir narsani doimo yodda tutishimiz lozim. Ushbu kichik noto'g'ri qadamlar kelajakda yanada noto'g'riroq qadamlar qo'yilishiga olib keladi. "Status-kvo"ni o'zgartirish va xatolar ustida ishlash haqida qachon o'ylanish mumkin? Qachonki vaziyat yaxshi, rahbarlar va jamiyat tinch bo'lsa. Shuning uchun ham bozor islohotlari tarafdorlari doimo yaxshi vaziyat tarafdorlari bo'lib, mayda ijobiy o'zgarishlarga ham quvonishlari lozim. Xatolar odamlarni to'g'ri xulosalar chiqarishga o'rgatishi mumkin degan tabiiy va intuitiv tendensiya mavjud, lekin, afsuski, bunday emas. Fatalist bo'lmaslik muhim — boshimiz devorga urilganidan keyingina yaxshi o'zgarishlar boshlanadi, to'g'ri xulosalar chiqaramiz va iqtisodiyotni vayron qilayotgan choralardan voz kechamiz deb kutish kerak emas. Aksincha, xatolar ketidan yanada yomonroq xatolar sodir bo'lishi, "omad" va "sinish nuqtasi"dan bo'lak boshqa narsa o'zgarishga olib kelishi amrimaholligi tarix va nazariyadan bizga ma'lum. Bir narsani tushunish kerak: rivojlanish ham, degradatsiya ham bir zumda sodir bo'lmaydi, va ma'lum yo'nalish bo'ylab bosilgan har qanday qadam ushbu yo'nalishda davom etish ehtimolini oshiradi. Bu ba'zan marom yoki yo'lga bog'liqlik deb ataladi (path dependence). Qabul qilinayotgan qarorlar sababli biz kutayotgan iqtisodiy rivojlanish imkoniyatlarini tahlil qilar ekanmiz, ushbu qarorlarni va ularning oqibatlarini baholashda ochiq bo'lishimiz va vijdonan yondashishimiz kerak. Misol uchun, proteksionizm va tanish-bilish bo'lgan joyda biz raqobat xamda samaradorlikni kutishimiz noto'g'ri. To'g'ri g'oyalar va erkin tashabbuslar uchun sharoitlarga talab hamon kam emas, shuning uchun biz hattoki mayda noto'g'ri qarorlarga ham yo'l qo'ymasligimiz kerak. Bo'lmasa biz tuzoqqa tushib qolamiz. Muallifning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasiligi mumkin. Behzod Hoshimov — iqtisodchi, Medisondagi (AQSh) Viskonsin universiteti biznes-maktabining doktoranti. 2016 yil may oyidan buyon Vaynart tadbirkorlik markazida tadqiqotchi bo'lib ishlaydi. Viskonsin universitetining iqtisodiyot magistri va Nanyang texnologik universitetining (Singapur) matematika bakalavri darajasiga ega. | columnist |
Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun strategik ahamiyatga va qulay geografiyaga ega bo'lgan Afg'oniston ushbu mintaqa mamlakatlari uchun haligacha xavf tug'dirmoqda. Mustaqil tadqiqotchi Akram Umarov «Gazeta.uz» uchun maqolasida Afg'onistonning bog'lovchi roli va mintaqalar o'rtasidagi o'zaro bog'liqlikni rivojlantirish yo'lidagi muammolar haqida yozadi. So'nggi oylarda Afg'onistonda mojaroning avj olishi va ixtilofdagi tomonlar o'rtasida shiddatli to'qnashuvlar soni oshgani kuzatilmoqda. Qariyb 20 yil davomida mamlakatda vaziyatni nazorat qilgan xalqaro koalitsiya qurolli kuchlarining Afg'onistondan chiqib ketishi ixtilofdagi siyosiy kuchlar o'rtasida mavjud o'ziga xos muvozanatga putur yetkazadi va Qobuldagi Afg'oniston hukumati nazorat qiladigan hududlarning tez orada kamayishiga olib kelishi mumkin. Kelgusi oylar mamlakatda vaziyat qanday tus olishida hal qiluvchi bo'lishi mumkin. Bunday sharoitda, O'zbekiston uchun eng to'g'ri yo'l — bu ў збек-afg'on chegarasi hududini mustahkamlash va beqaror vaziyat Afg'onistondan tashqariga tarqalishi oldini olish maqsadida o'z xavfsizligini ta'minlashga e'tiborni kuchaytirish bo'ladi . Biroq, rasmiy Toshkent bunday qarorlar faqat cheklangan va qisqa muddatli ta'sirga ega bo'lishini tushunadi. O'zbekiston bilan to'g'ridan-to'g'ri chegaradosh bo'lgan beqarorlik o'chog'ini uzoq muddatga barqarorlashtirmasdan mamlakat va butun Markaziy Osiyo (MO) mintaqasining barqaror iqtisodiy rivojlanishi, transport yo'laklarining diversifikatsiya qilinishi, shuningdek, Janubiy Osiyo bilan bog'lanish haqida fikr yuritish juda mushkul. So'nggi 40 yil ichida Afg'onistondagi vaziyatni harbiy yo'l bilan hal qilishga urinishlarning muvaffaqiyatsiz yakun topganligi mamlakatda mojaroli vaziyatni tinchlantirishning yangi usullarini izlash zaruriyatini ko'rsatmoqda. Aynan Afg'oniston hududlarini qo'shni davlatlar va mintaqalar bilan yaqindan bog'lovchi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar, shuningdek tinch muzokaralarni qo'llab-quvvatlovchi fasilitatorlik vazifasini bajarish orqali turli xil afg'on siyosiy kuchlari o'rtasida murosa izlashga dastlabki turtki berish mumkin. 2001 yildan keyin Afg'onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun xalqaro kuchlarning jalb qilinishi bilan ushbu davlat qo'shni mamlakat barqarorligidan manfaatdor bo'lgan Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi tarixiy aloqalarni tiklash uchun muhim maydonga aylandi. Shu nuqtai nazardan, ilgari Yevroosiyo mintaqalarini ajratib turuvchi bufer hududi bo'lib xizmat qilgan Afg'oniston bosqichma-bosqich ravishda Markaziy va Janubiy Osiyoni birlashtiradigan yangi makro mintaqaning markaziga aylanishga intilmoqda. Biroq, Afg'onistondagi hukumat kuchlari va boshqa qurolli guruhlar o'rtasida to'qnashuvlarning avj olishi, shuningdek, mamlakatning turli viloyatlari vakili bo'lgan siyosiy liderlar o'rtasidagi ziddiyatlar davlat birligiga tahdid solmoqda. Qobuldagi hokimiyatning kechikkan, bir lahzali va kuchsiz javobi fonida «Tolibon» harakatining Afg'onistonning turli viloyatlarida va tumanlarida keng tarqalishi ushbu mamlakatda xavfsizlik bilan bog'liq vaziyatni yanada yomonlashtiradi va mojaroning kelajakda qanday rivojlanishi bo'yicha noaniqlik darajasini keskin ravishda oshiradi. Afg'onistonning o'ziga xosligi shundaki, mamlakat Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'z hududidan o'tuvchi chegaralarni yaxshi qo'shnichilik, o'zaro tushunish va ishonch chegarasiga hamda ko'p qirrali taraqqiyot hududiga o'zgartirishi mumkin. Ehtimol, Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'ziga xos chegara Afg'onistonning markaziy viloyatlari orqali o'tadi, shu bilan birga mamlakatning shimoliy va shimoli-g'arbiy viloyatlari geografik jihatdan Markaziy Osiyoga, janubiy va sharqiy viloyatlari esa Janubiy Osiyoga yaqinroq. Afg'oniston Islom Respublikasining (AIR) deyarli butun markaziy qismi bo'ylab cho'zilgan Gindikush tog' tizimi Shimoliy Afg'onistonni mamlakatning qolgan qismidan ajratib turadi. Afg'onistonning ajralib qolgan viloyatlarini birlashtiradigan infratuzilma loyihalarini amalga oshirish Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o'rtasidagi o'zaro aloqalarning kuchayishiga olib keladi. Mintaqalarni bog'laydigan eng qisqa yo'l sifatida Afg'onistonni kesib o'tadigan avtomobil va temir yo'llarning qurilishi nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikning o'sishiga, balki siyosiy, madaniy va ijtimoiy aloqalarning mustahkamlanishiga ham turtki berishi mumkin. Boshqa tomondan, yirik iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish ish o'rinlari yaratilishi, davlat byudjeti daromadlarining ko'payishi hamda avtomobil va temir yo'llarning samarali ishlashini ta'minlash uchun xizmat zanjirlarining shakllanishiga olib kelishi mumkin. Iqtisodiy rivojlanishning eksportga yo'naltirilgan modellarini hisobga olgan holda, Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqada ishlab chiqariladigan tovar va xizmatlarni yangi savdo bozorlariga sotishga ehtiyoji katta. O'tgan asrda hozirgi postsovet hududi Markaziy Osiyo davlatlari uchun asosiy bozor bo'lib xizmat qildi. Ijobiy natijalar bilan bir qatorda eksport yo'nalishlarining bunday bir tomonlama rivojlanishi mintaqaning eng maqbul savdo bozorlarini tanlash bo'yicha imkoniyatlarini qisqartiradi. Bundan tashqari, ushbu hududdagi mamlakatlar aholisi 1989 yildan 2019 yilgacha 285,7 dan 297,8 million kishiga, jami 4,2 foizga o'sdi . Shu bilan birga, bu o'sishga asosiy hissani Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlari qo'shishgan bo'lsa, qolgan postsovet davlatlarida aholi soni doimiy ravishda kamayib bormoqda, bu 2050 yilga kelib 284 milliongacha kamayishi va Nigeriya kabi mamlakat aholisidan kamroq bo'lishi mumkin. Janubiy Osiyoda aholi soni 1,95 milliard kishini tashkil qilishi, iqtisodiy rivojlanishning yuqori sur'atlari kuzatilayotganligi va dunyoning bu qismida Hindiston va Pokiston kabi yetakchi mintaqaviy kuchlarning mavjudligi mintaqani Markaziy Osiyo uchun jozibador hamkorga aylantiradi. «Mozori Sharif — Qobul — Peshovar» temir yo'l loyihasi to'liq amalga oshirilishi bilan Pokistondan O'zbekistonga yuk tashish uchun 35 kun emas, 3−5 kun sarflanishi kutilmoqda. Hisob-kitoblarga ko'ra, konteynerni Toshkentdan Karachiga yetkazish narxi taxminan 1400−1600 dollarga teng bo'ladi, hozir amaldagi «Toshkent — Bandar Abbos» yo'nalishida bu xarajat 2600−3000 dollarni tashkil qilmoqda. Mozori Sharifdan Peshovargacha bo'lgan temir yo'l qurilishi doirasida 264 ta ko'prik, 7 ta tunnel va 641 ta suv o'tkazgichli tizimli infratuzilma yaratiladi, bu Afg'oniston va Pokistondagi kesib o'tuvchi hududlarnining rivojlanishiga yordam berishi mumkin. Shu bilan birga, anchadan buyon Markaziy Osiyodan Janubiy Osiyoga «CASA-1000» elektr uzatish liniyalarini hamda TAPH (Turmaniston-Afg'oniston-Pokiston-Hindiston) transafg'on gaz quvurlarini qurish loyihalari bo'yicha muzokaralar olib borilmoqda. TAPH loyihasi qo'shni mintaqalar orasidagi hamkorlikni yaxshilashi va qit'aning turli qismlarining iqtisodiy rivojlanishini rag'batlantirib, Yevroosiyoning Shimoli va Janubi o'rtasidagi to'liq bog'liqlikni yaratishi mumkin. Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining Afg'oniston hududi orqali yaqinroq integratsiyasi jarayonida yuzaga keladigan istiqbolli imkoniyatlar bilan bir qatorda, ushbu yo'lda uchrashi mumkin bo'lgan bir qator qiyinchiliklarga ham to'xtalib o'tish lozim. Birinchi. Afg'onistondagi mavjud beqaror vaziyat har qanday loyihalarni amalga oshirishni qiyinlashtirmoqda, yuqori investitsion xavfi bo'lgan katta sarmoyalarni va yuqori xavfsizlik darajasini ta'minlagan holda ko'plab xorijiy va mahalliy mutaxassislarga ehtiyoji bo'lgan yirik infratuzilma obyektlari haqida gapirmasa ham bo'ladi. Toliblarning mamlakatning turli viloyatlarida hujumlar uyushtirib, vaziyatni o'z tomonlariga og'dirish uchun faol urinishlari hamda Afg'oniston hukumati va «Tolibon» harakati o'rtasida bilan 2020 yil sentyabr oyida Dohada ishga tushirilgan tinchlik muzokaralari jarayonida kuzatilayotgan turg'unlik fonida xalqaro koalitsiya qo'shinlarining Afg'onistondan jadal sur'atlarda olib chiqib ketilishi ixtilofdagi tomonlar o'rtasida kelishuv yechimlarini tez orada topish imkoni yo'qligini ko'rsatmoqda. Qo'shni Afg'onistondagi mojaroning kuchayishiga javoban Markaziy Osiyo mamlakatlari harakatlarining yetarli darajada muvofiqlashtirilmaganligi xavotirli holatdir. Mintaqa chegaralari xavfsizligini ta'minlash hamda Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizlik tuzilmalarining tezkor ma'lumotlar va kontaktlar bilan almashish bo'yicha kelishilgan harakatlariga bo'lgan ehtiyoj bilan bir qatorda mintaqa davlatlari rahbarlarining Afg'onistondagi mavjud vaziyat bo'yicha umumiy pozitsiya va vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida uni tartibga solish bo'yicha takliflar yuzasidan qo'shma bayonotini e'lon qilish muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, afg'on qurolli kuchlarining jangovar qobiliyati va ularning mamlakat ichidagi hududlarni nazorat qilish darajasi sust va zaif bo'lib qolmoqda. Afg'oniston rahbariyati turli vakillarining harakatlarida mamlakatning hozirgi va kelajakdagi rivojlanishi masalalari bo'yicha kelishmovchiliklar va raqobat kuzatilmoqda. Qobuldagi Afg'oniston hukumatining ichki tarqoqligi va boshqaruv tizimidagi ko'zga ko'rinib turgan kamchiliklar mamlakatda muhim loyihalarni amalga oshirishda ular bilan muzokara olib borish uchun imkoniyatlarni cheklamoqda. Bunday holat hukumat bilan tuzilgan deyarli har qanday kelishuv xatarini sezilarli darajada oshiradi. Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarini bog'lovchi rejadagi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, shubhasiz, hozirgi tanglikdan chiqib, Afg'onistondagi mavjud mojaroni hal qilishni talab qiladi. Hokimiyat tepasiga mamlakatdagi mavjud tanglik holatidan chiqishga qodir va chet el investitsiyalarining xavfsizligini kafolatlay oladigan aholi tomonidan keng miqyosda qo'llab-quvvatlanadigan hukumatning kelishi muhim. Afg'onistonning ko'plab qo'shnilari va hamkorlari Qobulda kutilmagan harakatlar qilmaydigan, barqaror, konsolidatsiyalashgan va muzokara olib borish qobiliyatiga ega, Afg'onistonni Markaziy Osiyodagi savdo-iqtisodiy jarayonlarga integratsiya qilish bo'yicha uzoq muddatli dialog olib borish mumkin bo'lgan hukumat bilan ishlashni istaydilar. Aks holda, ushbu mamlakatda muhim transport va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish juda mushkul bo'ladi. Ikkinchi. Afg'oniston hukumati va Pokiston rahbariyati o'rtasidagi mavjud kelishmovchiliklar Afg'oniston hududi orqali Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasida birlashtiruvchi ko'prik yaratish ishlarini qiyinlashtirishi mumkin. Afg'oniston siyosiy isteblishmentida rasmiy Islomobodni salbiy tomondan qabul qiluvchi va uning afg'on mojarosini hal qilishni qo'llab-quvvatlash va muhim ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani yaratish bo'yicha ezgu niyatlariga ishonmaydigan ko'plab odamlar guruhi mavjud. Ashraf G'ani 2014 yilda prezidentlikka saylanganidan so'ng uning ilk dasturiy maqsadlaridan biri Afg'onistondagi urushni to'xtatish uchun Pokiston bilan yaqin aloqalarni o'rnatish edi. 2014 yil noyabr oyida Pokistonga birinchi tashrifi chog'ida u ikki davlat o'rtasidagi munosabatlarda yangi davrni boshlash va ular o'rtasida «haqiqiy va halol do'stlik» o'rnatish zarurligi haqida gapirdi. Biroq, keyinchalik munosabatlar yana yomonlashdi va e'lon qilingan hamkorlik rejalari amalga oshirilmay qoldi. Tomonlar ko'pincha bir-birini qo'shni mamlakat hududida buzg'unchi harakatlarni qo'llab-quvvatlashda ayblashadi. Uchinchi . Nyu-Dehli va Islomobod o'rtasidagi munosabatlarda saqlanib qolayotgan yuqori darajadagi ishonchsizlik va dushmanlik kayfiyati. Bu davlatlarning Afg'oniston mojarosini hal qilish bo'yicha munosabatlariga ham ta'sir qilmoqda. Mamlakatni iqtisodiy tiklash va uning hududida yirik infratuzilma obyektlarini qurish bo'yicha ilgari surilgan rejalar har doim ham Hindiston va Pokistonni teng ravishda jalb qilmaydi. Shu bilan birga, Hindiston Pokistonning AIRdagi ehtimoliy ustunligini cheklash maqsadida Afg'oniston hukumatining Hindiston tomoni bilan hamkorlik bo'yicha sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatlaydi. Pokiston va Afg'oniston siyosatlari o'rtasidagi ziddiyatlardan foydalangan holda, Hindiston hukumati Afg'oniston hududida o'zining milliy manfaatlarini ilgari surish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida faol harakat qilmoqda. Shu nuqtai nazardan, Nyu-Dehlining Qobul bilan yaqin aloqalari va mamlakatning turli viloyatlarida keng ishtiroki, Afg'onistonda tinchlik o'rnatish jarayonida Hindistonning alohida ahamiyatini hisobga olgan holda, Afg'onistonda Hindiston tomoni bilan kelishilmagan loyihalarni amalga oshirish muvaffaqiyatsiz va samarasiz bo'lishi mumkin. Hindistonning faol ishtirokisiz va qiziqishisiz Markaziy va Janubiy Osiyo aloqalarini rivojlantirish jiddiy qarshiliklarga duch kelishi mumkin. To'rtinchi. Boshqa tashqi subyektlarning Markaziy Osiyo mamlakatlarining yaqin hamkorlikni yo'lga qo'yish va Afg'oniston orqali shimoliy transport yo'lagiga muqobil bo'ladigan janubiy yo'lni yaratish bo'yicha faol pozitsiyasiga nisbatan yuzaga kelish ehtimoli bo'lgan salbiy munosobati yanada puxta va batafsil tahlil qilinishi lozim. AIRda keng ko'lamli ijtimoiy-iqtisodiy obyektlarni amalga oshirish va uzoq muddatli istiqbolda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarini yagona makromintaqaga integratsiya qilishda Afg'onistonning roli Markaziy Osiyodagi geosiyosiy va geoiqtisodiy holatni jiddiy ravishda o'zgartirishi mumkin. Bu amalga oshgan taqdirda, shimoliy yo'laklarning mintaqa davlatlari uchun ahamiyati biroz pasayishi mumkin. Bu esa, o'z navbatida, Markaziy Osiyo mamlakatlari tomonidan muvozanatli va ko'pvektorli tashqi siyosat kursini olib borishga yordam berishi mumkin. Bunday sharoitda zarar ko'rgan tranzit davlatlar turli xil vositalardan foydalangan holda Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro aloqalarning jadal sur'atda rivojlanishini chegaralashga urinishlari mumkin. Beshinchi. Afg'onistonning ichki muammolari uning tashqi aloqalariga ham ta'sir qiladi. So'nggi yillarda holat shunday tus oldiki, Afg'oniston viloyatlari o'z mamlakatlaridagi qo'shni viloyatlar bilan emas, balki chegaradosh davlatlar bilan iqtisodiyot va xavfsizlik sohasidagi aloqalarni mustahkamlab borishmoqda. Infratuzilma qurish, transchegaraviy almashinuv va savdo-sotiqni rivojlantirish orqali mamlakat rivojlanishiga yordam berishga harakat qilayotgan Afg'oniston qo'shnilari ma'lum darajada mamlakatning ichki dezintegratsiyasiga hissa qo'shishmoqda. Markaziy Osiyodagi mintaqaviy xavfsizlikka Afg'onistonning g'arbiy va janubiy mintaqalarga nisbatan shimoliy viloyatlari kuchliroq ta'sir ko'rsatadi. Shu bilan birga, mamlakatning janubiy va sharqiy mintaqalari deyarli barcha sohalarda Pokiston va Janubiy Osiyoning xavfsizlik kompleksi bilan yaqin aloqalar o'rnatgan. Bunday sharoitda Afg'oniston viloyatlarining bog'liqligini va integratsiyasini kuchaytirishi mumkin bo'lgan chinakam transafg'on va milliy loyihalarni ilgari surish va maqsadli amalga oshirish juda muhimdir. Bunday rejalashtirish Afg'onistonga qo'shni mamlakatlardan ushbu mamlakat bilan transport-logistika, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ijtimoiy aloqalarni amalga oshirish siyosatini yanada samaraliroq muvofiqlashtirishni talab qiladi. Bugungi kunda Markaziy va Janubiy Osiyo dunyo bo'yicha integratsiya darajasi eng past bo'lgan mintaqalar qatoriga kiradi. Muhim ichki muammolar bilan bir qatorda, Afg'onistondagi beqarorlik omili Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari ichidagi va mintaqalararo o'zaro aloqalarni mustahkamlashga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Ammo, ko'p yillik tajriba shuni ko'rsatadiki, Afg'oniston masalasida har ikki mintaqa davlatlari tomonidan haddan tashqari sekyuritizatsiyalangan (faqat xavfsizlik masalalariga yo'naltirilgan) tashqi siyosat yo'nalishini olib borish Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo davlatlari manfaatlari uchun konstruktiv natijalarni bera olmaydi. Afg'oniston muammosini desekyuritizatsiya qilish (faqat xavfsizlik masalalari bilan bog'lashdan chetlashish), AIRni kesib o'tadigan va Markaziy Osiyo hamda Janubiy Osiyo mintaqalarini bog'laydigan muhim infratuzilma loyihalarini rejalashtirish va amalga oshirish Kaspiy dengizidan Hind okeanigacha bo'lgan keng mintaqani siyosiy, madaniy-gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy integratsiyasiga turtki bo'lishi mumkin. Markaziy va Janubiy Osiyoda barqaror rivojlanish istiqbollari qo'shni Afg'onistonda tinchlik o'rnatilishi bilan chambarchas bog'liqdir. Barqaror, kutilmaydigan harakatlarni amalga oshirmaydigan va jadal rivojlanayotgan Afg'oniston Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi muhim ko'prik, shuningdek zamonaviy sharoitlarda tarixiy Ipak Yo'lini tiklashda muhim rol o'ynashi mumkin. Shu bilan birga, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarining Afg'oniston mojarosini hal qilishdagi imkoniyatlarini real baholash, ushbu mamlakatda tinchlik o'rnatish va keng qamrovli mintaqalararo hamkorlikni yo'lga qo'yish muhimdir. Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi aloqalarni rivojlantirishni cheklaydigan bir qator jiddiy muammolarning mavjudligi bu ikki mintaqani integratsiya qilish va Afg'onistonda murosali tinchlikni o'rnatish maqsadida nostandart yechimlarni ishlab chiqish uchun mashaqqatli yo'lni bosib o'tish zarurligini ko'rsatib turibdi. Akram Umarov — O'zbekistonlik mustaqil tadqiqotchi. | columnist |
O'tgan hafta kirish imtihonlarining natijalari e'lon qilindi . Qariyb 1,5 million nafar abituriyent va ularning oila a'zolari buni intiqlik bilan kutishgan edi. Pandemiya sharoitida qiyin kechgan mazkur test sinovlari natijalarini testologiya talablariga muvofiqligi nuqtayi nazaridan tahlil qilishimiz hali oldinda (tahririyat Davlat test markazidan o'z so'roviga javob kutmoqda), ushbu maqolada esa imtiyozlar masalasiga e'tiboringizni qaratmoqchimiz. Test natijalari e'lon qilingan kuni ijtimoiy tarmoqlarda eng ko'p muhokama qilingan mavzulardan biri abituriyentlarning javob varaqalari bo'ldi. Ularda eng yuqori natijalar qayd etilgan (bu yil ikkita fan bo'yicha test sinovlari o'tkazilganligi va natijalarni hisoblash tartibi o'zgarganligi sababli eng yuqori ball 189 ni tashkil etgan), ammo o'quvchi to'lov-shartnoma asosida o'qishga tavsiya etilgan. Boshqa nashrlardagi hamkasblarimiz ta'kidlaganidek, 2020 yilgi imtihon mavsumi «hatto 100 foiz natija bilan ham talaba bo'la olmaslik mumkin"ligini isbotladi. DTM mazkur holatni Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 13 oktyabrdagi 226-sonli qaroriga binoan, respublika va xalqaro musobaqa hamda tanlovlar g'oliblari universitetlarga test sinovlarisiz, grant asosida o'qishga qabul qilinishi, natijada ayrim joylardagi grant o'rinlari shunday abituriyentlar bilan to'lganligi bilan izohladi . Darhaqiqat, yuqoridagi qaror bilan tasdiqlangan «Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari g'oliblari bo'lgan akademik litseylar, professional ta'lim muassasalari va umumta'lim maktablari o'quvchilarini taqdirlash tartibi to'g'risida Nizom » respublika musobaqalarida birinchi va xalqaro tanlovlar (olimpiya va Osiyo o'yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari)da 1−3-o'rinlarni egallagan akademik litsey, kasb-hunar kollejlari hamda umumta'lim maktablari bitiruvchilarining oliy o'quv yurtlariga test sinovlari va qo'shimcha imtihonlarsiz qabul qilinishini nazarda tutadi. Ammo huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev bunday abituriyentlarga qo'shimcha o'rin ajratilishi kerakligi to'g'risida eslatib o'tdi . Prezidentning 2020 yil 24 yanvardagi «O'zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi 5924-sonli farmoniga binoan, 1 fevraldan yangi tartib joriy etilishi kerak edi. Unga ko'ra, olimpiya, paralimpiya, Osiyo va Para-Osiyo o'yinlari, olimpiya va paralimpiya sport turlari bo'yicha jahon, Osiyo hamda respublika chempionatlari g'olib va sovrindorlari universitetlarga kirish imtihonlarisiz, qo'shimcha davlat granti asosida qabul qilinadi. Huquqshunos tushuntirib o'tganidek, sportchilarni davlat granti asosida qabul qilishda Vazirlar Mahkamasining qaroriga qaraganda yuqori yuridik kuchga ega bo'lgan prezident farmoniga muvofiq ish tutish va ular uchun qo'shimcha joy ajratish kerak edi. Demak, bloggerning fikricha, test natijalari qayta ko'rib chiqilishi zarur. Sport, albatta, yaxshi va mamlakat sharafini xalqaro maydonda munosib himoya qiluvchi sportchilarni rag'batlantirish borasida e'tirozga o'rin yo'q. Ammo nega bunday rag'batlantirish sportga hech qanday aloqasi bo'lmagan oliy o'quv yurtlariga qabul qilish orqali amalga oshirilishi kerak? Axir, kirish imtihonlari aslida kim bo'lajak mutaxassislik uchun zarur bo'lgan fanlarni o'zlashtirishga tayyor ekanini aniqlash maqsadida o'tkaziladi. Aytaylik, suzish bo'yicha xalqaro musobaqada g'oliblikka erishgan sportchi qanday qilib huquqshunoslik yoki iqtisod sohasida o'qishga tayyorligini isbotlay oladi? Xuddi shu o'rinli savolni boshqa imtiyozlarga nisbatan ham berish mumkin. DTM tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarga ko'ra, imtiyozga ega bo'lishi mumkin bo'lgan abituriyentlar naq 19 toifaga ajratiladi! Respublika va xalqaro fan olimpiadalarida g'olib bo'lgan, shuningdek, til sertifikatlariga ega bo'lgan abituriyentlarga tegishli fan bo'yicha maksimal ball berilishini oqlash mumkindir (aslida bu imtiyoz emas, balki muqobil shaklda namoyish etilgan bilim darajasini tan olish hisoblanadi), ammo qolgan imtiyoz toifalarini na mantiqan, na qonun jihatidan va na ilmiy asoslanganligi nuqtayi nazaridan izohlab bo'lmaydi. Mantiq nuqtayi nazaridan. Masalan, Ibrat maktab-internati bitiruvchilari boshqa ta'lim muassasalari bitiruvchilaridan nimasi bilan farq qiladi? Agar bu maktab shunchalik yaxshi o'qitsa, nega bitiruvchilari boshqalar qatori halol musobaqada qatnashmasliklari kerak? Yoki nima uchun «Temurbek maktablari» bitiruvchilariga qo'shimcha ball sifatida imtiyoz berilishi kerak? Ya'ni (diqqat!) maksimaldan yuqori ball to'plagan abituriyentlar ham bo'lishi mumkin… Ammo bu mantiqqa zidku! Testni 115 foizga yechib bo'ladimi? Ayrim o'quv yurtlari bitiruvchilariga imtiyoz berish orqali biz ushbu maktablarga o'qishga kirishlari uchun soxta shov-shuv ko'targan, korrupsiyaga yo'l ochgan va shu bilan birga, mazkur o'quv maskanlari o'quvchilarining shashtini tushirgan bo'lamiz («Menda imtiyoz bor, shundoq ham universitetga kiraman, yaxshi o'qib nima qildim?») Qonun nuqtayi nazaridan. Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev Konstitutsiyaga binoan «imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanishi va ijtimoiy adolat tamoyillariga muvofiq bo'lishi kerak» (18-modda), shuningdek «bolalar ota-onalarining kelib chiqishi va fuqarolik holatidan qat'i nazar, qonun oldida teng » (65-modda) ekanligini eslatib o'tadi . Agar, masalan, yetim bolalar va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun universitetda qo'shimcha joy ajratishni ijtimoiy adolat tamoyili bilan izohlash mumkin bo'lsa, unda harbiy xizmatchilar va ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlariga imtiyozlar berilishini qanday izohlash kerak? (Aytgancha, bojxona xodimlarining farzandlari uchun ham shunday imtiyozlarni nazarda tutuvchi hujjat loyihasi muhokamaga qo'yilgan). Bundan kelib chiqadiki, barcha bolalar teng, ammo ayrim ota-onalarning farzandlari boshqalariga qaraganda tengroq, shundaymi? Nima uchun, masalan, o'qituvchilar, shifokor yoki jurnalistlar farzandlari uchun imtiyoz olishga loyiq ko'rilmaydi? Axir, har qanday kasb egasining mehnat faoliyati mamlakat ravnaqi va farovonligi uchun muhim ahamiyat kasb etmaydimi? Ota-onalarining faoliyatiga asoslanibgina ayrim kasb egalari farzandlariga imtiyoz berish orqali biz bolalarga hamma ham teng huquqli emasligini o'rgatyapmiz va ularning murg'ak ongidagi barcha minbarlarda jaranglagan «qonun oldida tenglik» tamoyiliga bo'lgan ishonchini butunlay so'ndiryapmiz. Ilmiy asoslanganlik nuqtayi nazaridan. Imtihonlar to'g'risidagi fan test orqali sinovdan o'tkaziladigan bilim va ko'nikmalarga aloqasi bo'lmagan omillar test natijalariga ta'sir ko'rsatmasligi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishni talab etadi. Imtihon muayyan qarorni qabul qilish uchun o'tkaziladi va bu qarorlar faqat test sinovlarida tekshirilayotgan ko'nikma va malakalarga asoslangan bo'lishi kerak. Bizda esa, abituriyentning o'qishga kirish-kirmasligi, uning davlat granti yoki to'lov-shartnoma asosida o'qishi ko'plab omillarga bog'liq: jinsi, ota-onasining kasbi, muddatli harbiy xizmatni o'tganligi, qaysi ta'lim muassasasini tugatganligi, yashash joyi va hokazo. Bularning hech biri na testda sinovdan o'tgan malaka va ko'nikmalar bilan, na kelajakdagi mutaxassislik bilan bog'liq. Mamlakatning Bosh qomusi va testologiya fani qoidalariga zid bo'lgan ulkan, mantiqsiz imtiyozlar tizimi yosh avlodning adolatga ishonchini yo'qqa chiqaradi, oliy o'quv yurtlariga kelajakda malakali mutaxassis bo'lib yetishishi mumkin bo'lgan eng munosib nomzodlarni qabul qilishga to'sqinlik qiladi. Imtiyozchilarning aksariyati qo'shimcha kvota bo'yicha o'qishga qabul qilinadi va go'yo bilimli abituriyentlarga «xalaqit bermaydi», deya e'tiroz bildirishlari mumkin. Ammo davlat byudjeti chegarasiz emas — qo'shimcha kvotalar har qanday holatda ham boshqalarning talaba bo'lish imkoniyatiga ta'sir ko'rsatadi: umumiy «qozon»dan ajratilgan bu qo'shimcha kvotalar bo'lmaganida, umumiy ro'yxatdagi o'rinlar soni biroz ko'proq bo'lishi mumkin edi. Barcha qonun oldida teng bo'lgan, har kim o'z ishini sifatli bajaradigan, shu bilan o'zi va butun jamiyat farovonligini ta'minlaydigan huquqiy davlatga intilar ekanmiz, bunday tizimdan voz kechishimiz zarur. Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. Maqola tarjimasi Khan Academy Oʻzbek tomonidan taqdim etildi. | columnist |
Insoniyat duch kelgan pandemiya rejalarimizni buzib yubordi, iqtisodiyotga qaqshatqich zarba berdi, xalqaro aloqalarni muzlatib, xalqlarni o'z hududlaridagi uylariga qamab qo'ydi. Yaqin oylarda pandemiya tugashini kutishga hatto umid ham yo'q. Virus tobora avjiga chiqmoqda. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, 21 oktyabr holatiga dunyoda koronavirus infeksiyasini yuqtirganlar soni 40,5 milliondan oshib, ulardan 1,12 milliondan ortig'i vafot etdi. BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish bu raqamning hayratomuz va dahshatli ekanini bayon etdi. Albatta, har bir mamlakat o'z kuchi va imkoniyatlaridan kelib chiqib, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish siyosatini olib bormoqda. Bu borada kasallangan va vafot etganlar bo'yicha past ko'rsatkichlarga ega bo'lgan davlatlarning tajribasini o'rganish muhimdir. Pandemiya e'lon qilingan birinchi kundanoq O'zbekistonda virus tarqalishining oldini olish bo'yicha zudlik bilan keng ko'lamli chora-tadbirlar ko'rildi . Bu koronavirus tufayli o'limlar soni ortishining oldini olish imkonini berdi. Lekin virus hech qayerga ketgani yo'q, xuddi butun dunyodagi kabi. Karantin rejimining yumshaytirilishi esa kasalliklar va o'limlar sonining ko'payishiga olib keldi. Agar joriy yil may oyida O'zbekistonda kuniga o'rtacha 51 ta virus yuqtirish holati qayd etilgan bo'lsa, iyun oyida bu ko'rsatkich allaqachon 163 taga ko'tarildi. Garchi O'zbekiston pandemiya boshlanganda epidemiyaning keng avj olishi va nazoratsiz ko'payishidan saqlanib qolgan bo'lsa-da , hozirgi vaziyat shundan dalolat bermoqdaki, xotirjam bo'lish kerak emas. Ayni vaqtda karantin choralarining yumshatilishi, niqob taqish rejimiga rioya qilmaslik (bu ayniqsa, hududlarda sezilmoqda), virus yuqishini tezlashtiradigan kuz-qish mavsumi bemorlar sonining oshishiga turtki beradi. Ma'lumki, bir vaqtning o'zida qancha kam odam kasal bo'lsa, har qanday epidemiyaga qarshi kurashish shuncha oson bo'ladi. Vaziyat o'z holiga tashlab qo'yilsa, nima bo'lishi mumkin? Javob aniq: ko'rinmas yovga qarshi kurashni qat'iyat bilan davom ettirish kerak, aks holda yo'qotishlar ko'lami ortadi va muammo ham katta bo'ladi. Savol: qanday kurashish va u samarali bo'lishi uchun nima qilish kerak? Pandemiya kasallik tarqalishiga jahon hamjamiyatining tayyorgarligi, afsuski, yetarli emasligini ko'rsatib berdi. Agar birgalikdagi sa'y-harakatlar kuchaytirilmasa, vaziyat nazoratdan chiqib ketishi va ancha jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. JSST bosh direktori Tedros Gebreyesus 18 sentyabr kuni matbuot uchun brifingda nutq so'zlab, qat'iy siyosiy iroda va yetarlicha moliyaviy resurslar bizga bugun pandemiyaning oldini olish va keyinchalik yumshatish imkonini berishini ta'kidladi. Bu xayriya tadbiri emas, bu bizning umumiy kelajagimiz uchun investitsiyalardir. Mamlakatlar uchun keskin o'zgarish davri yetib keldi va jahon rahbarlari infeksiya tarqalishini jilovlashga va sog'liqni saqlash tizimi hamda tibbiyot xodimlarini himoya qilishga ko'maklashadigan sinalgan aniq maqsadli choralar ko'rishi zarur. Koronavirusga qarshi kurashda ijobiy natija ko'rsatayotgan Tailand ni misol qilib keltirish mumkin. Shu yilning 13 yanvar kuni Tailand kasallikni Xitoydan tashqarida aniqlagan birinchi mamlakat bo'ldi. OO'RS (og'ir o'tkir respirator sindromi) va H5N1 (parranda grippi) infeksiyasiga qarshi kurashish tajribasi va ijtimoiy sog'liqni saqlash hamda epidemik nazoratning ishonchli tizimi Tailandda «mushakli xotira»ni rivojlantirish imkonini berdi, bu esa COVID-19 pandemiyasiga qarshi tezlikda choralar ko'rishga zamin yaratdi. Davlat organlarining qat'iy kompleks sa'y-harakatlari va jamoatchilik qo'llab-quvvatlovi hamda millionlab jamoat tibbiy-sanitariya xodimlari (mamlakat aholisi 69 milliondan ortiq) borligi kasallik yuqtirgan shaxslarni va ular bilan aloqada bo'lgan shaxslarni aniqlashning samarali tizimini tezlikda rivojlantirishga ko'maklashdi. Bu mamlakatga infeksiya yuqtirish zanjirini uzishga yordam bergan fuqarolar ko'magida virus tarqalishini to'xtatish imkonini berdi. JSST Tailandning sa'y-harakatlarini yuqori baholadi. Germaniya tajribasi yaxshi namun bo'la oladi. U yerda epidemiologik vaziyat bilan bog'liq siyosiy qarorlar Robert Kox institutining ishonchli ma'lumotlariga asoslanadi. Mazkur institut Germaniyaning yuqumli va bakterial-virusli kasalliklarni o'rganish bo'yicha yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biridir. O'zbekiston uchun ham epidemiyani jilovlash bo'yicha ishlarni qat'iy ilmiy asosda olib borish, mamlakatdagi epidemiya ko'lamini baholash, shuningdek, qarorlar qabul qilishda faqat ishonchli manbalardan foydalanish o'ta muhimdir. Ma'lumotlarni yashirish yoki haqiqatga to'g'ri kelmasligi epidemiologik vaziyatni to'g'ri baholash imkonini bermaydi, natijada zarur chora-tadbirlar ko'rilmaydi, bu esa oxir-oqibat koronavirus qurbonlari ko'payishiga olib kelishi mumkin. Ishonchli tarzda to'plangan ma'lumotlar har kuni hududiy va milliy darajada umumlashtirilishi hamda tahlil qilib borilishi kerak. Ma'lumotlar bemorlarning yoshi, jinsiy mansubligi, test turi va kasallikning og'irligi bo'yicha ajratilishi lozim. Doimiy tahlil hisobotlari hukumat veb-saytida erkin joylashtirilishi maqsadga muvofiq. Vaholanki, bir nechta davlatning ko'plab mahalliy sog'liqni saqlash idoralari kuzatuv ma'lumotlarini taqdim etish uchun allaqachon onlayn boshqaruv panellarini ishlab chiqdi. Ularning asosiy maqsadi infeksiya tarqalishini cheklash, sog'liqni saqlash idoralariga COVID-19 yuqish xavfini boshqarish va shu bilan iqtisodiy-ijtimoiy faoliyatni maksimal darajada tiklash imkoniyatini berishdir. Ehtimol, bizda ham epidemiologik nazorat tizimiga yangi raqamli texnologiyalarni joriy etish vaqti kelgandir. Epidemiyani jilovlash bo'yicha boshqa mamlakatlarning tajribasidan ibrat olish mumkin. Xususan, pandemiya bilan kurashish bo'yicha Germaniya bemorlar orasida o'lim darajasining pastligi bilan bugun Yevropadagi qo'shnilariga qaraganda peshqadam . Bunda unga keng dasturdagi test tizimi, qat'iy karantin va sog'liqni saqlashning ishonchli tizimi yordam bermoqda. Germaniyada haftasiga 120−200 ming kishidan test olinadi, bu esa, kasallikni erta aniqlash imkonini beradi. Mamlakatda virus yuqtirganlar soni kuniga 50 kishiga, hatto ba'zi mintaqalarda har 100 ming aholiga 30−35 kishiga ko'payishi noxush holat hisoblanadi. Hozirgi kunda infeksiya aniqlanganlar soni kuniga 100 ming aholiga 3,1 kishini tashkil qiladi. Bundan tashqari, bu mamlakatda boshqa laboratoriyalarga testlarni o'tkazishni taqiqlaydigan tezkor bo'lmagan diagnostika tizimiga ega markazlashtirilgan davlat laboratoriyasi mavjud emas. Tibbiyot sohasi — bu ochiq bozor. Davlat va xususiy tibbiy xizmatni birlashtirgan rivojlangan tizim pandemiya bilan kurashishda nihoyatda qo'l kelmoqda. Germaniya bir kishining sog'lig'ini saqlash maqsadlariga har yili 4 714 dollar sarflaydi. Bu boshqa davlatlarga qaraganda ko'p. Bundan tashqari, Germaniyada ixtisoslashgan shifokorlar va tibbiy muassasalar, shuningdek yetarli miqdordagi yotoq joylar mavjud. Bularning barchasi, boshqa mamlakatlardan farqli o'laroq, og'ir ahvoldagi bemorlarning omon qolishiga salmoqli hissa qo'shadi. Fuqarolarning cheklov choralariga munosabatini tushungan holda hukumat olib borgan faol harakatlar Janubiy Koreyaga koronavirusning ikkinchi to'lqini jadalligini pasaytirishda yordam berdi. Epidemiyaga qarshi kurash strategiyasi «sinovdan o'tkazish, kuzatib borish, oldini olish» tamoyiliga asoslandi. Test olish jarayonlari qanday o'tdi? Hukumat tezkor, qulay va ommaviy testlar o'tkazdi. Eng boshidanoq kunlik testlar soni 12−20 ming oralig'ida o'zgarib turdi. Bunday hajmlar infeksiya o'choqlarini tezda aniqlash va lokalizatsiya qilishga imkon berdi. Bunday dasturni amalga oshirish uchun butun mamlakat bo'ylab bepul mobil markazlar tarmog'i yaratildi. Ular piyoda yurish (walk-thru) va transport haydash (drive-thru) tizimlarida ishladi. 10 million aholisi bo'lgan Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) iyul oyidayoq allaqachon 4,5 milliondan ortiq testlarni o'tkazgan, bu o'sha paytda AQSHning shunday ko'rsatkichidan 3 baravar yuqori edi. Darvoqe, bu milliondan ortiq aholisi bo'lgan davlatlar orasida eng yuqori test darajasi bo'ldi. Birlashgan Arab Amirliklari hukumati sinovlardan o'tishni juda osonlashtirdi va ushbu choralar ko'p jihatdan virus tarqalishining oldini olishga yordam berdi. Shubhasiz, ommaviy test infeksiyaning tarqalishi va saqlanishida muhim omil hisoblanadi. Hozirgi kunda koronavirusni aniqlash bo'yicha O'zbekistonda 43 ta davlat laboratoriyasi , ularda 92 ta koronavirus infeksiyasini aniqlash usukunalari mavjud. Nega aholini keng qamrovli testdan o'tkazish juda muhim? Bu infeksiyaning tarqalish darajasi va yo'nalishini aniqlash imkonini beradi. Tasdiqlangan holatlar to'g'risidagi har qanday ma'lumotni talqin qilish uchun aslida qancha COVID-19 testini o'tkazish lozimligini davlat bilishi kerak. Test virus yuqtirganlarni yakkalash, ularga tibbiy yordam ko'rsatish va ularning kimlar bilan aloqada bo'lishini kuzatib borishga imkon beradi. Bundan tashqari, ishonchli statistika tibbiy resurslar va xodimlarni to'g'ri va samarali taqsimlashga yordam beradi. Ommaviy testlarning yana bir ijobiy tomoni — bu o'zini o'zi izolyatsiya qilish rejimining amalga oshirilishini va ish joylari, jamoat joylari, umuman, jamiyatda karantin choralariga rioya qilish darajasini baholab borish va kerakli xulosalarni chiqarishda muhim o'rin tutishidir. Bugungi kunga kelib koronavirus dunyoning 213 mamlakati va hududiga o'z salbiy ta'sirini o'tkazdi. Ammo ulardan faqat 104 tasidagina COVID-19 testlari to'g'risidagi ma'lumotlar mavjud, xolos. Afsuski, Xalqaro ma'lumotlar bazasida joriy yilning 14 iyun kunidan keyin O'zbekiston haqida ma'lumot uchramadi. Veb-sayt ma'lumotlariga ko'ra, Lyuksemburg (12.49), Bahrayn (5.83), BAA (4.56), Isroil (3.12), Daniya (2.25) aholining har mingta qismiga to'g'ri keladigan testlar soni bo'yicha yetakchi o'rinlarni egallab turibdi. O'tkazilgan testlar sonini bilish, haqiqiy vaziyatni, uning dinamikasi va prognozlarini baholash uchun ham o'ta zarurdir, bu yetarli darajadagi chora-tadbirlar tizimini shakllantirish imkonini beradi. Pandemiya mamlakatdagi laboratoriyalarni kompyuterlashtirish, zamonaviy jihozlar bilan ta'minlash va laboratoriya dasturiy ta'minotini joriy qilish kabi muammolarni yuzaga chiqardi. Bugungi kunda laboratoriya tahlili sohasida yangi samarali texnologiyalarni joriy etish har qachongidan ham dolzarbdir. Hozirda O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligi Osiyo Taraqqiyot banki (OTB) va boshqa xalqaro institutlar ko'magida sog'liqni saqlash tizimidagi laboratoriyalarni jihozlash va faoliyatini yaxshilash bo'yicha ish olib bormoqda. Vazifasi boshqa laboratoriyalarning tadqiqotlari sifatini va aniqligini baholashdan iborat bo'lgan referens — laboratoriyalarini yaratish ishning barcha bosqichlarida yuqori sifat nazorati o'rnatish uchun ham nihoyatda zarur hisoblanadi. Va bugungi kunda bu har qachongidan ham muhimroq. Pandemiya shuni ko'rsatdiki, sog'liqni saqlash tizimlarining haddan tashqari zo'riqishi boy davlatlarga ham, kambag'al davlatlarga ham birdek tahdid solmoqda. Jiddiy epidemiologik vaziyat jiddiy iqtisodiy tanazzul bilan birga O'zbekiston aholisining sog'lig'iiga ham salbiy ta'sir ko'rsatdi. Davlat rahbarining 2020 yil 25 iyulda imzolangan «Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Farmoni yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish ishlarini takomillashtirish va sanitariya-epidemiologiya xizmatini yana kuchaytirishga qaratilgan. Mazkur hujjat sanitariya-epidemiologiya xizmatlari va birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining kasalliklarning oldini olish, erta aniqlash, diagnostikasi va davolash bo'yicha o'zaro ta'sir mexanizmlarini belgilab berdi. Jumladan, koronavirusning oldini olish bo'yicha har bir oilaviy va ko'p tarmoqli markaziy poliklinikalarda mobil guruhlar tashkil etildi. Farmon bilan yagona tizim — Sanitariya-epidemiologiya xizmati, uning viloyat boshqarmalari va tuman (shahar) bo'limlari tashkil etildi. Yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash uchun sharoit yaratish va sohada ilmiy ishlanmalarni rivojlantirish bo'yicha ko'rsatmalar berildi. «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to'g'risida"gi Qonunni yangi tahrirda va boshqa normativ hujjatlarni ishlab chiqish belgilandi. Hukumatga mas'ul tashkilotlar bilan hamkorlikda yuqumli kasalliklarning paydo bo'lishi va tarqalishiga qarshi harakatlarning batafsil algoritmi va amalga oshiriladigan chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish topshirildi. Shunday qilib, yangi tashkil etilgan Sanitariya-epidemiologiya xizmati har qanday epidemiyadan himoya qilishning ishonchli tayanchiga aylanishi va uning faoliyati, avvalo, qat'iy epidemiologik kuzatuvga asoslangan bo'lishi kerak. Barcha ko'rilayotgan choralarga qaramay, mamlakatda epidemiologik vaziyat ancha jiddiyligicha qolmoqda. Har kuni 300 ga yaqin faol yuqtirish holatlari mavjud, ularning aksariyati aholi orasida. Xo'sh, nima qilish kerak? Virusdan yo'qotishlar va oqibatlar minimal bo'lishi uchun ratsional ozuqani qanday topish mumkin? Muammoning yechimi uning sirtida yotadi — virus yuqtirganlarni, shuningdek, yuqtirganlar bilan aloqada bo'lganlarni ajratish uchun yuqtirish yo'lini to'g'ri topish va o'z vaqtida to'sish kerak. Epidemiyaning oldini olish uchun boshqalarning sog'lig'iga bevosita tahdid soladigan koronavirus tashuvchilarni aniqlash o'ta muhimdir. Infeksiya yuqtirish yo'lini uzish uchun bunday tashuvchilarning boshqalar bilan aloqalarini muntazam kuzatib borish lozim. Kuzatish infeksiyaning odamdan odamga yuqish zanjirlarini uzish imkonini beradi. Bu virus yuqtirgan odam bilan muloqotda bo'lgan barcha shaxslarni aniqlash va keyinchalik muntazam nazorat qilib borishni o'z ichiga oladi. Virus yuqqan odam bilan aloqada bo'lgan shaxslarni o'sha kundan boshlab 14 kun ichida har kuni kuzatib borish, yuqtirish va kasallik xavfi yuqori bo'lganlarni aniqlash va ularni boshqa odamlarga yuqtirguniga qadar karantinga olish lozim. Eng tezkor hisobotlar, aloqada bo'lganlarni kuzatish samaradorligini ta'minlash, tezkor boshqarish va ma'lumotlarni tahlil qilish uchun raqamli texnologiyalardan unumli foydalanish maqsadga muvofiq. To'g'ri yo'naltirilgan va mas'uliyatli kuzatuv infeksiya yo'lini to'sadi va uning hech bo'lmaganda tezda tarqalishining oldini oladi. Bunday qilmasak, biz sog'liqni saqlash tizimini haddan tashqari zo'riqtirib qo'yamiz va surunkali kasalliklarga chalingan bemorlar o'z vaqtida tibbiy yordamdan mahrum bo'lishlari mumkin. Shuning uchun infeksiya darajasini pasaytirish, o'sish egri chizig'ini tekislash o'ta muhimdir, bu sog'liqni saqlash tizimiga COVID-19ga qarshi kurashish uchun yangi vositalarni topish imkonini beradi. Bu sa'y-harakatlarda mamlakatning barcha aholisi faol ishtirok etishi kerak. Odamlar kasallik qaytalanishining oldini olishda har kimning o'z o'rni borligini anglab yetishlari zarur. Asosiysi — prinsipga rioya qilish: o'zingiz yuqtirmang va boshqalarga ham yuqtirib qo'ymang; o'zingizni himoya qilsangiz, siz pandemiyani jilovlaysiz! Odamlar samarali epidemiologik nazoratga beqiyos hissa qo'shishlari mumkin. Buning uchun ular yangi virusning barcha jabhalarini, ayniqsa, uning tarqalishi, yuqishi va oldini olish borasidagi holatlarni yaxshi tushunishlari kerak. Nima bo'lganda ham, fuqarolar kasallikning dastlabki belgilari yoki alomatlari to'g'risida laboratoriya tekshiruvisiz yoki shifokorning ko'rigisiz o'zlari mustaqil ravishda xabar berishlari darajasiga erishishimiz kerak. Yosh avlod bundan befarq qolmasligi kerak, zero mamlakatning ertangi kuni ularga bog'liq. Yoshlar nima qilishlari mumkin? Mahalliy jamoatchilik darajasida tushuntirish ishlarini olib borishlari, volontyorlik bilan shug'ullanishlari va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlariga yaqindan yordam berishlari mumkin. Bu virus yuqtirgan taqdirda og'ir kasalliklarga ko'proq moyil bo'lgan keksa avlod vakillari oldidagi katta mas'uliyatdir. Tibbiyot oliy o'quv yurtlari talabalari uchun epidemiologik nazorat bo'yicha kuzatuv ishlarida ishtirok etish eng maqbul yo'l. Ehtimol, bu faol yoshlar harakatini malakali tashkil etish mumkin bo'lgan faoliyatning to'liq ro'yxati emasdir. Shu bilan birga, yoshlar uchun «niqob» madaniyatini kuzatishda beparvo bo'lmaslik muhim jihatdir. Ular boshqalar kabi bir xil choralarni ko'rishlari kerak. Biz keng miqyosdagi karantin cheklovlaridan bosqichma-bosqich voz kechish, og'ir holatlarni tashxislashdan barcha holatlarni aniqlash va izolyatsiyalashga o'tish, uning doirasida profilaktika choralarini doimiy ravishda amalga oshirib borish «yangi me'yor» ekanini anglab yeta boshladik. Shuning uchun shubhali holatlarni tezkor aniqlash, yakkalash, test sinovlarini o'tkazish va boshqarishni ta'minlash juda muhimdir. Bu o'rinda aholining zaif qatlamlari orasida virus tarqalishini o'z ichiga olgan kasallik epidemiyasini aniqlash va nazorat qilish alohida ahamiyat kasb etadi. O'z navbatida, uzoq muddatli epidemiologik an'analarni monitoring qilib borish lozim. Tezkorlik va monitoring, yana tezkorlik — bu koronavirusga qarshi kurashda yangi yondashuvning asoslari. Buning uchun sog'liqni saqlash tizimi yetarli darajada inson resurslariga ega bo'lishi kerak. Mamlakat COVID-19 pandemiyasi muammosiga birinchi marta duch kelayotganini idrok etish muhimdir. Binobarin, pandemiya o'z pozitsiyasini boy bermayapti, bu uni jilovlash va o'sishini to'xtatish uchun bugun amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarni qayta ko'rib chiqishni talab qiladi. Bu, avvalambor, COVID-19ning hayotiyligini va tarqalishini tushunishda, o'rganilayotgan hodisaning asosiy omillarini aniqlashga qaratilgan muntazam yondashuv. Agar biz ushbu asosiy omillarni tushunmasak, noxush holatlar soni keskin o'sishi mumkin. Virus tarqalishiga ta'sir qiluvchi asosiy omillarni aniqlash, ma'lumotlarni muntazam tahlil qilish, resurslarni qayta taqsimlash, infeksiyani muvaffaqiyatli nazorat qilish tajribasini o'rganish, tibbiyot xodimlarini doimiy o'qitish — bularning barchasi noxush holatlarning o'sish egri chizig'ini birgalikda bostirishga va keyinchalik infeksiyalar tarqalishini to'xtatishga yordam beradi. Va bu yerda mashhur prinsip birinchi o'rinda turadi — kasallikni davolashdan ko'ra, uning oldini olish osonroq. Pandemiya u yoqda tursin, har qanday epidemiyada eng xavfli omil, bu kasallikning o'zi emas, balki uning keng tarqalishidir. Ertami-kechmi, vaksinalar yaratiladi, ammo unga qadar kasallik tarqalish zonalarini lokalizatsiya qilish va tarqalish zanjirlarini to'xtatish juda muhimdir. Bu nafaqat pandemiya, balki ushbu kasallikning global tarqalishiga qarshi kurash kalitidir. Epidemik vaziyatni nazorat qilish strategiyasiga aholi va fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish zarur. Hukumat va xalq o'rtasidagi bunday o'zaro munosabatlar muammoni samarali hal etish uchun xizmat qiladi va mamlakatda epidemiologik vaziyatni nazorat qilish uchun eng to'g'ri choralar ko'rishga imkon beradi. Dunyo bo'ylab shiddat bilan tarqalayotgan, odamlarning yostig'ini quritayotgan va kurrai zamin aholisini qo'rquvda ushlab turgan yangi virusni mana shu tarzda yengishimiz mumkin, deb o'ylayman. | columnist |
14 oktyabr kuni OAVda Uchtepa tumanlararo sudining fuqaroviy ishlar bo'limi chiqargan qarorga bo'ysunmaganligi uchun Toshkent pedagogika universiteti rektoriga javobgarlik belgilanib, uning jarimaga tortilgani haqida xabarlar tarqaldi. Unga noqonuniy asosda ishdan bo'shatilgan kafedra mudirini ishga tiklash buyurilgan edi. Biroz vaqt o'tib TDPU xodimlari rektorni himoya qilib chiqishdi . So'ngra universitet talabalarining vaziyatga munosabatlarini bayon etgan maqolasi omma e'tiboriga havola etildi . Bu masalada kim haq, kim nohaqligini vaqt ko'rsatadi. Tarix shuni ko'rsatadiki, aynan kichik va xususiy masalalar jamiyatdagi kattaroq, muhimroq, ko'p uchrab turadigan muammolarni ochib beradi. Yuqoridagi xususiy vaziyat ham mamlakatdagi muhim va qiyin bir masalaga e'tiborni qaratadi. Gap ta'lim tizimining sifatini oshirish va xalqaro standartlarga moslashtirishni kafolatlovchi mehnat munosabatlarini boshqarishdagi huquqiy masalalar haqida bormoqda. Qonun ijroni talab qiladi — bu aksioma va u hech qanday muhokamalarga muhtoj emas. Aks holda huquqiy tartibsizlik boshlanadi. Bunga esa yo'l qo'yib bo'lmaydi. Biroq qonun o'zgarmas tushuncha emas. Qonun ijroni talab qiladi … faqat unga o'zgartirish kiritilgunga qadar. Ilgari foyda qilish maqsadida mahsulotni bir joydan xarid qilib, boshqa joyda sotish bilan shug'ullanuvchilar chayqovchilar hisoblanib, Jinoyat kodeksiga binoan javobgarlikka tortilardi. Hozir esa bunday shaxslarga xususiy tadbirkor deb qaraladi. Tabiiyki, kodeksdagi tegishli moddalar olib tashlangan. Shunday davrlar bo'lganki, uyda xorijiy valyuta saqlash jinoyat hisoblangan. Bugun har bir fuqaro xorijiy valyutaga egalik qilishi, uyda yoki bank hisob raqamida saqlashi mumkin. Bu ro'yxatni yana davom ettirish mumkin. Sud qarorlaridagi o'zgarishlar haqida mulohaza yuritar ekanmiz, 2019 yilning o'zida xo'jalik sudlarida qayta ko'rib chiqilgan qarorlarning 2500 (44%) dan ortig'i yo bekor qilingani, yo o'zgartirilganini eslab o'tish lozim. Ya'ni ikki holatning birida hududiy va viloyat sudlari chiqargan qarorlar yuqori sud organlari tomonidan o'zgartirilgan. 2020 yilda kelib tushgan murojaatlarning 8000tasida (44%) sud jarayonining cho'zilishi, ishning to'liq ko'rib chiqilmaganligi va ob'ektiv yondashilmaganidan shikoyat qilingan. Bundan atigi bir yil oldin Oliy sud kengashi raisi o'z murojaatida ko'rilayotgan choralarga qaramay, sud tizimidagi vaziyat hali ham oqsayotganini tan oldi: yuqori sud organlari quyi organlar chiqargan qarorlarga o'zgartirish kiritadi, fuqarolar yuqori sud va ularga tegishli organlar faoliyatidan shikoyat qilishadi. Vaqt bir joyda turmaydi. Shunday ekan, ta'lim tizimini tubdan o'zgartirish ishlarini cho'zib yurishdan ma'no yo'q. Tez orada bu sohada hal qiluvchi muhim o'zgarish bo'lishi lozim. 23 avgustda bo'lib o'tgan xalq ta'limi tizimini rivojlantirishga bag'ishlangan yig'ilishda O'zbekiston prezidenti maktab ta'limi tizimini rivojlantirish umummilliy maqsad, umumxalq harakatiga aylanishi kerakligini aytib o'tdi. Shu bilan birga, pedagogikaga yo'naltirilgan OTMlar nufuzli ta'lim dargohlariga aylanishi lozimligiga urg'u berildi. Pedagoglarni tayyorlashga nega buncha e'tibor berilmoqda? 2030 yilgacha O'zbekistonning Global innovatsion indeks reytingi bo'yicha 50ta eng ilg'or mamlakatlar safiga kirishi ko'zda tutilgan. Bunga erishishning yagona yo'li — ta'lim tizimini tubdan isloh qilish. Mamlakatning 2019−2021 yillarga mo'ljallangan innovatsion rivojlanish strategiyasi inson kapitalini rivojlantirishni «mamlakatning dunyo sahnasidagi raqobatbardoshligini ta'minlash va uni innovatsion yuksaltirish uchun asosiy omil» sifatida belgilaydi. Qo'yilgan maqsadlar ichida 2030 yilga borib O'zbekistonni PISA o'quvchilarni baholashning xalqaro dasturi reytingida yetakchi 30ta davlatlar qatoriga kiritish ham bor. Innovatsion iqtisodiyot yaratishning asosiy kaliti inson kapitali bo'lib, uni yaratish ta'lim tizimining zimmasidadir. O'z navbatida, kapital yetishtirishning kaliti pedagogika universitetlari tayyorlayotgan bo'lajak pedagoglar qo'lida. Shu sababli ham ushbu universitetlarning mamlakat oldida turgan ulkan vazifalarni bajarishdagi ahamiyati nihoyatda katta ekaniga shubha yo'q. Bu rejalarga erishish maqsadida OTMlar rahbariyatini yangilash ishlari olib borilmoqda — o'tgan asrning 80 yillarida ularni «qayta qurishning kapitanlari» deb atagan bo'lardik. Rektor lavozimiga bir necha tillarni biladigan, xorijda o'qib kelgan, xalqaro tashkilotlar bilan ishlash tajribasiga ega bo'lgan, mamlakatdagi korrupsion vaziyatlarga aralashib qolmagan kishilar taklif qilinmoqda. Tabiiyki, o'zgarishlarni istamaydiganlar bunga qarshi chiqadi. Pedagoglarni tayyorlash tizimiga yangiliklar kiritish va shunga yo'naltirilgan OTMlarning salohiyatini oshirish vazifasi topshirilgan kishilar uch boshli ajdar bilan bo'ladigan jangga tayyor bo'lishlari kerak. Bizning doimiy bosh og'rig'imiz ham, nozik nuqtamiz, jon joyimiz ham shu. Ko'rilgan choralarga qaramasdan hali-hanuz OAVlar maktab va OTMlardagi korrupsiyaga oid maqolalarga to'la. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qo'qon, Andijon, Navoiy, Guliston, Qoraqalpog'istonda prorektor, dekan, dekan o'rinbosarlari, o'qituvchilar pora olishda ayblanib, qo'lga olinmoqda. Bosh prokuror bergan ma'lumotlarga ko'ra , 2018−2019 yillar oralig'ida oliy va o'rta maxsus ta'lim muassasalaridagi jami 326 nafar xodim o'quv jarayoni bilan bog'liq noqonuniy faoliyatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ulardan 220 tasi kollej va litseylar, 106 tasi OTMlarda faoliyat yuritgan. Qabul jarayonlaridagi jinoyat uchun javobgarlikka tortilgan 115 xodimning 58 nafari oliy, 57 tasi o'rta ta'lim muassasalarida ishlagan. Bu hali dengizdan tomchi ekanligi hammaga ayon. Yuqoridagi holatlar faqat qabul jarayonlarida kuzatilgan hamda katta miqyosdagi poraxo'rliklardir, bu hali hammasi emas. Huquqni himoya qiluvchi organlar tomonidan qo'lga olinganlarning aksariyati biroz vaqt o'tib yana o'z lavozimlariga qaytadi. Kirish imtihonlari vaqtida «bunker"lar faoliyat ko'rsatganini hamma bilsa kerak. Bunda o'qituvchilar abituriyentga tushgan biletga javoblar yozib, ba'zan yashirin, ba'zan oshkora tarzda ota-onasi «qabulga» pul to'lab qo'ygan bolaga yetkazib berishgan. Bu jinoiy ishlarda qatnashganlardan qay biri qo'lga olinib, sud qaroriga muvofiq jazo o'tayapti? Yana bir yoppasiga tarqalgan korrupsion holat sessiya jarayoni bilan bog'liq bo'lib, talabalarning ta'kidlashicha , unda ko'plab o'qituvchilar ishtirok etadi. Qarabsizki, talabaning bilim darajasi past ekaniga ko'z yumib, unga pul evaziga baho qo'yayotgan o'qituvchilar «savodli» bitiruvchilarni maktablarga yubormoqda. Bu kabi yangi pedagoglar bilan kelajakning innovatsion jamiyatini qurib bo'lmaydi. Ular bolalarga nimani o'rgatadi? Bu ommaviy korrupsiya — huquqni himoya qiluvchi organlar nazoratidan chiqib ketgan muammo. Eng dahshatlisi shuki, jamiyat ongiga bu holat shunchalik singib ketganidan ko'pchilik buni jinoyat deb qabul qilmaydi. Bitiruvchilarning salohiyati borib-borib o'qituvchiga taqaladi. Agar mamlakat kelajagi hozirgi va bo'lajak o'quvchilar qo'lida ekanligini inobatga oladigan bo'lsak, OTMlardagi muallimlar masalasi davlat miqyosidagi masalaga aylanadi. Bo'lg'usi kadrlar tarbiyasi kimning qo'lida ekanligini bilish uchun o'rtacha o'qituvchining malakaviy portreti kerak bo'ladi. Shubhasiz, mamlakat miqyosidagi barcha muallimlar salohiyati bir xil emas. O'zbekistonda ham yuqori malakali olimlar elitasi hamda mustaqillik yillarida chet mamlakatlarda o'qib kelgan yosh mutaxassislar qatlami ham bor. Biroq, aksariyat hollarda, ayniqsa viloyatlardagi OTMlarda hatto ijtimoiy fanlar yo'nalishidagi o'qituvchilarning ham darajasi juda past. Ularning aksariyati chet tillarni bilmaydi. Axir aynan shu sifat dunyo adabiyoti va insoniyat jamlagan dunyo ilmiy bazasiga kalit vazifasini bajaradi. Chet tillarni, jumladan, rus tilini bilmasdan turib, malakali jamiyatshunos, ijtimoiy yo'nalish mutaxassisi bo'lishning iloji yo'q. Ijtimoiy fan mutaxassisi o'tmish va zamonaviy chet el adabiyotlaridagi bilimlarni tushuna olish darajasida chet tilini bilmas ekan, demak, u faqat darsliklarga tayanib bilim beradi. Ularning xalqaro jurnallarda maqolalari yo'q, o'zlari xalqaro konferensiyalarda ishtirok etmaydi. Aksariyati o'z sohasini mukammal bilmaydi, hatto sohadagi ilg'or zamondoshlarining ismlarini ham bilmaydi. Shunga mos ravishda, ularni ham O'zbekistondan tashqarida (balki universitet tashqarisida) hech kim bilmaydi. O'qituvchilarda yetishmayotgan yana bir jihat — zamonaviy pedagogik texnologiyalardan bexabarlik. Zaruriy islohotlarni hozirgi o'qituvchilar tarkibi bilan amalga oshirishning iloji bormi? Yana bir marta takrorlayman, gap o'rtacha o'qituvchining portreti haqida ketyapti. Ularning hozirgi malakasi va OTMdagi vazifalarini nazarda tutadigan bo'lsak — yo'q, iloji yo'q. Bu esa xalq ta'limi va oliy ta'lim tizimidagi kadrlar korpusini yangilamasdan turib yuqori malakali bitiruvchilarni tayyorlash va maktablarni tubdan o'zgartirish ilojsizligini anglatadi. Bu holda rektorlar nima qilsin? Bir tomondan, OTM (jumladan, pedagogik yo'nalishdagi OTMlar) va maktablardagi professor-o'qituvchilar tarkibini yangilash zarur jarayondir. Biroq agar xodim ko'zga ko'rinarli xato yoki nojo'ya ish qilmagan bo'lsa, uni qanday bo'shatish mumkin? Shu yerda Gamletning mashhur iborasi: «tirik qolmoq yo o'lmoq?» mos kelsa kerak. Tasavvur qiling, xodim mehnat qoidalariga rioya qiladi, kech qolmaydi, ma'ruzalar o'qiydi, seminarlar o'tkazadi, jurnalni vaqtida va tartibli qilib to'ldiradi, kostyum va galstukda keladi, o'tadigan darslarining hammasidan ma'ruzalarning yozma nusxasini topshiradi. Bundan tashqari, 1−2 yilda bir marta universitet konferensiyalarida qatnashadi, mahalliy to'plamlarda 3−4 betli maqolasini chop ettiradi (ba'zi-ba'zida respublika to'plamlariga ham topshiradi), yotoqxonalarda navbatchilik qiladi (hatto sanuzellarning ishga yaroqliligini ham tekshiradi), darslarida qo'shimcha ko'rgazmalar (qaysidir talaba tomonidan tayyorlangan plakatlar)dan foydalanadi, universitetdagi hamma majlislarda qatnashadi. Hatto zamonaviy axborot texnologiyalaridan ham foydalanadi: test va imtihonlarni kompyuter dasturlari orqali o'tkazadi (mayli, jadvalni biron talaba to'ldirib bergan bo'lsa ham). Uni ishdan haydab bo'ladimi? Bu imkonsiz — uning himoyasida mustahkam Mehnat kodeksi turibdi. U o'qituvchi — namunali o'qituvchining yorqin misoli. Zamonamiz qahramoni desak ham bo'ladi. U muallim ma'ruzalarni matnga tikilib olib, tom ma'noda o'qib berishi va ma'ruza davomida talabalar yo uxlayotgan, yo smartfonlarini titkilayotgan bo'lishi, seminar paytlari esa kitobdan o'qib berishlari, barcha referatlar internetdan ko'chirib olinishi, o'zining yozgan uslubiy qo'llanmalari kafedradagi tokchalarda chang bosib yotishi, shu o'qituvchining ilm-fan rivojiga hech narsa qo'shmayotgani (sovet va rus olimlarining maqolalari tarjimasini hisobga olmasak), uni xorijiy hamkasblaridan hech kim tanimasligi — bular muhim emas, shunchaki hayotning ikir-chikirlari. Lekin bir muammo bor. Bunday muallimlar bilan O'zbekiston 2030 yil u yoqda tursin, hali ko'p yillar davomida PISA reytingidagi ilg'or 30 mamlakat ichidan joy ololmaydi. Zero, bunday «bilim olgan» bitiruvchi-pedagoglar ta'lim muassasalaridagi o'quvchilarning bilim va ko'nikmalarini raqobatbardosh qila olmaydi. Maktabdagi vaziyatni o'zgartirish uchun pedagogika universitetlaridagi tizimni tubdan o'zgartirish choralarini ko'rish lozim. Buning uchun o'qituvchilarni baholashning yangi tartibi, yangi malaka standarti o'rnatilib, xodimlar tarkibi shunga ko'ra o'zgartirilishi joiz. O'z navbatida, bu o'zgarishlar quyidagilarni taqozo etadi: O'quv-metodika bazasini yangilash va zamonaviylashtirish yo'lida ham katta ishlar qilinishi lozim. Til bilan bog'liq quyidagi muammolar hal qilinishi kerak: birinchidan, o'qituvchi va talabalarning xorijiy tillarni bilish ko'nikmalarini oshirish; rus va boshqa tillardagi badiiy, ilmiy-metodik adabiyotlarni o'zbek tiliga tarjima qilishni yo'lga qo'yish. Universitetlardagi ilmiy izlanishlar soni va sifatini ham oshirish zarur. Eng muhimi: sovet davridan qolgan umrbod ishga yollash tizimidan yangi samarali mehnat shartnomasi tizimiga o'tish lozim. Hozirgi kunda universitetning qoidalariga rasman amal qiladigan xodimni ishdan olish deyarli imkonsiz. Undaylar universitetga kanadek yopishib olib, uni o'zining tinch va odatiy maskaniga, «botqog'i»ga qarab tortaveradi. Buning ham o'z afzalliklari borda: «ustoz» va «domla» tabarruk unvoni bilan chaqirilish, «sen menga tegma, men senga tegmayman» qabilidagi ish, odatiy hayot tarzi, mamnun talabalarning sovg'alari. Inqilobning nima keragi bor?! Amerika, Yevropa va Janubiy Koreya universitetlarida orttirgan shaxsiy tajribam bilan bo'lishmoqchiman. Ularning ko'pchiligida umrbod xodim bo'lish qiyin. Yosh olimlar (o'qituvchilar) odatda shartnoma bo'yicha (1−2 yil) yoki soatbay ishlashadi. Bu vaqtinchalik shartnomalar zarur bo'lganda cho'ziladi. Kishi vaqtinchalik shartnoma asosida umrbod ishlab yuraverishi mumkin, doimiy bir lavozim bo'lishi shart emas. Undan yuqoriroq unvondagi shartnomalar 5 yilga tuziladi. Eng yuqorisi esa sizga umrbod professor lavozimining berilishi bo'lib, universitet ma'muriyati sizni ishdan bo'shata olmaydi. Bir shartnoma turidan ikkinchisiga o'tish uchun yuqori talablarga javob berish lozim (ta'lim sifati, xorijdagi faoliyati, nashriyotdagi faolligi, katta jurnallardagi maqolalari, xalqaro konferensiyalardagi ishtiroki, universitetga grantlar olib kelish qobiliyati, o'quvchilarga beriladigan anonim so'rovnomalardagi yillik reytingi). Fikrim shunday, agar bizning hozirgi o'qituvchilarimiz qandaydir tasodif tufayli xorij universitetiga borib qolib, hozirgidek ishlaydigan bo'lsa, 1 yildan ortiq qolishmaydi (agar 1 semestrdan ortiq qola olishsa). Bu esa kishining o'z faoliyatiga qora dog' tushirishi bilan tengdir. Universitetlar ta'lim muassasasining o'ziga xos jihatlarini inobatga oluvchi mehnat kodeksi asosida ishlashi lozim. Rektorlarga mehnat shartnomasiga to'g'ri keladigan yangicha ilmiy tizim asosida xodimlar tarkibini yaratishga erkinlik qo'yib berilishi kerak. Mehnat shartnomasi turli xil bo'lsin: qisqa, o'rta, uzoq muddatli. Odatda barcha o'qituvchilar bir vaqtning o'zida ham ta'lim, ham ilm-fan, ham ijtimoiy hayotda faoliyat olib borishlariga to'g'ri keladi. Biroq bir o'qituvchining ikkinchisidan farqi katta. Biri — ajoyib metodist, lekin ilmiy tadqiqot ishlarida yaxshi emas. Boshqasi — tadqiqotchi, lekin odamovi, o'quvchilar bilan til topisha olmaydi. Shunday shartnomalar tuzish kerakki, o'qituvchining kuchli tarafi samarali ishlatilsin. Universitetlarda ko'rsatkichlarga ega raqobatbardoshlikni o'stiruvchi dasturlar bo'lishi kerak. Ularda muassasa rivojiga hissa qo'shmayotgan xodimlarni bo'shatish (yoki vaqtinchalik shartnoma asosida saqlash, boshqa lavozimga tayinlash) universitet yuzini yorug' qilayotganlar, raqobatbardoshligini oshirayotganlarni rag'batlantirish uchun imkoniyat bo'lsin. Universitetlarning raqobatbardoshligini oshiradigan ushbu dasturlar mamlakat miqyosida o'z amaliy ifodasini topgandagina ta'lim tizimi o'zgaradi. Shundagina innovatsion iqtisodiyotga qadam qo'yamiz. Muallif fikri tahririyat qarashlaridan farq qilishi mumkin. Maqola tarjimasi Khan Academy Oʻzbek tomonidan taqdim etildi. | columnist |
8 noyabrga qadar jamoatchilik muhokamasiga qo'yilgan Prezidentning «Mamlakatimiz ta'lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi farmoni loyihasini tahlil qilishda davom etamiz. Avvalgi maqolamizda biz bir-biridan farq qiladigan har xil kompetensiyalarni baholaydigan turli test tizimlarining mavjudligi ta'lim tizimini izdan chiqarishi, milliy o'quv dasturida belgilangan maqsadlarni yo'qqa chiqarishi mumkinligi haqida so'z yuritgan edik. Mazkur maqolada loyihadagi ayrim, bizning nazarimizda, bahstalab takliflarni tahlil qilishga harakat qilamiz. Hujjatning 14-bandida umumta'lim muassasalari direktorlarini tayinlash yoki lavozimidan chetlashtirish, shuningdek, ularga nisbatan intizomiy choralar qo ʼ llashda mahalliy kengashlarning roziligini olish tartibini belgilash taklif qilinmoqda. Bundan tashqari, ular har yili o'z faoliyati natijalari to'g'risida kengashga hisobot berishlari zarur bo'ladi. Loyihaning 15-bandiga ko'ra, hududiy xalq ta'limi boshqarmalari rahbarlari tegishli hudud hokimlarining maslahatchilari hisoblanadi. Umid qilamanki, ta'lim tizimining mahalliy hokimliklarga bo'ysunishi qanday fojiali oqibatlarga olib kelganini unutib qo'ymaganmiz. O'sha payt biz ta'lim tizimini — hududiy ta'limni boshqarish idoralari va ta'lim muassasalarini mahalliy ijro hokimiyati organlaridan ajratish kerakligi, ta'lim muassasalarining tegishli vazirlikka vertikal бў йсuniши ни joriy etish zarurligi to'g'risida o'z fikrimizni bayon qilib o'tgan edik. O'shanda mamlakat Bosh vaziri Abdulla Aripov Xalq ta'limi vazirligining yangi rahbariyatini tanishtirar ekan, maktablarning mahalliy hokimliklarga bo'ysunishini bekor qilishni buyurgan edi . Ta'lim to'g'risidagi yangi qonunda ta'lim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy rahbarlik qilish tegishli vazirliklar (MTV, XTV, OO'MTV) vakolatiga kiritilgan bo'lib, mahalliy hokimliklarga asosan ta'lim muassasalari faoliyati uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish topshirilgan. Prezidentning maxsus farmoni bilan o'qituvchilarni o'z vazifa va majburiyatlaridan tashqari turli ishlarga jalb qilish taqiqlangan. Shunga qaramay, garchi avvalgidek keng miqyosda bo'lmasada, o'qituvchilar baribir majburiy ishlarga jalb qilinayotganligi to'g'risida hanuzgacha xabarlar kelmoqda, XTV bunday holatlarga yo'l qo'yish mumkin emasligini eslatib , o'qituvchilar huquqlarini himoya qilishga harakat qilmoqda. Vazir Sherzod Shermatovning o'zi hokimliklarni ta'lim sifatini oshirish uchun sharoit yaratishga foydasi tegmasa, hech bo'lmaganda xalaqit bermaslikka chaqirdi . Aftidan, endi biz ta'lim tizimini hokimliklar qo'l ostiga qaytarib, yaqin o'tmishdagi xatoni takrorlamoqchimiz. E'tirozlar bo'lishi mumkin: mahalliy kengashlar — xalq saylagan vakillar maktab ishlariga aralashsa, buning nimasi yomon? Mavjud vaziyatga to'g'ri baho beraylik. Hokimlar kengash raisi bo'lgan va konstitutsiyada belgilangan hokimiyatlar bo'linishi tamoyiliga zid ravishda hatto parlamentning yuqori palatasi bo'lmish Senatga «saylanayotgan» hozirgi tizimda kengashlar mohiyatan hokim qarorlarini rasmiylashtirishga xizmat qiladi, xolos. Ularning qo'lidan hokim juda ham chegaradan chiqqan holatlarda prezidentga shikoyat qilishdan boshqa ish kelishi dargumon. Direktorlar nomzodlarini kengash tasdiqlashi, aslida ularni hokimlar tasdiqlashini anglatadi, ta'lim idoralari rahbarlari uchun «hokim maslahatchisi» maqomi esa hokimlar ularga o'zlariga bo'ysunuvchilar sifatida qarashlariga olib keladi. Birovlarni omma oldida haqorat qiladigan , qo'l ko'taradigan , ko'zbo'yamachilik bilan shug'ullanadigan , maktab maydonlarini tadbirkorlarga berib yuboradigan , barcha qilmishlari uchun aksar hollarda «uzr» bilan qutulib qoladigan hokimlarni ta'limga yaqin yo'latmaslik kerak. Shunda ta'lim tizimidagilar uchun ham, hokimlarning o'zi uchun ham tinchroq bo'ladi. O'rni kelganda aytish joiz, hujjatni muhokama qilishda ishtirok etgan ko'plab vatandoshlarimiz ham taklif qilinayotgan o'zgarishlar hududiy ta'lim boshqaruv idoralari va ta'lim muassasalari rahbarlarini hokimlarga to'liq qaram qilib qo'yadi deb hisoblashmoqda. Balki yaqin kelajakda (kim bilsin!) kengashlar hokimlardan chinakamiga mustaqil bo'lib, tegishli hudud aholisi manfaatlarini qog'ozda emas, amalda himoya qila oladigan darajaga yetsa, ta'lim rahbarlarining kengashga hisobot berish g'oyasi ijobiy natija berar. Hozircha esa ta'lim muassasalarining tegishli vazirliklarga vertikal ravishda бў йсuнishini saqlab qolish lozim, soha rahbarlarining hisobotlarini esa vazirlikda ham eshitilish mumkin: zamonaviy dunyoda buni masofadan turib ham tashkil etish imkoni yo'q emas. Yana bir qiziqarli, ammo juda ziddiyatli masala 11-bandda qayd etilgan universitetga kirishda o'quvchining so'nggi 6 yil ichida to'plagan o'rtacha bahosini hisobga olish taklifidir. Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov taklif qilinayotgan o'zgarishga izoh berar ekan, bu maktab baholariga bo'lgan e'tiborni oshirib, o'quvchini maktabda yaxshi o'qishga undashini ta'kidladi. «Bola 11 yil maktabda o'qiydi, ammo bir kun ichida uning taqdiri hal qilinadi. Balki o'sha kuni uning issig'i chiqqandir?» — dedi vazir va uning gapida jon borligini tan olish kerak. Maktablarda baholarni yaxshilash uchun korrupsiyaga yo'l qo'yilishi ehtimoli haqida so'ralganda, u elektron kundalik tizimining joriy etilishi baholarni o'zgartirishning oldini olishga yordam berishini aytib o'tdi. Darhaqiqat, bola test kuni o'zini yomon his qilishi yoki unga bog'liq bo'lmagan boshqa holatlar kirish imtihonlarida o'z bilimlarini ko'rsatishiga xalaqit berishi mumkin. Testlar to'g'risidagi fanga — testologiyaga murojaat qiladigan bo'lsak, bunday holatlar fanda inobatgan olingan. Testologiyada « o'lchov xatoligi » degan tushuncha mavjud bo'lib, unga ko'ra, har qanday testda ў лчов xatoligi mavjud, ya'ni test sinovdan ў ткaзилaётgaн kishining haqiqiy bilimlarini 100 foiz aniqlik bilan ko'rsatib bera olmaydi. Test ishlab chiquvchilarning vazifasi ushbu xatolikni minimallashtirishdan iborat. O'lchash xatoligidan butkul qutulish imkonsiz. Shuning uchun ham test o'tkazuvchi tashkilotlar mazkur xatolik qiymatini ў з hisobotlarida кў рсaтиб o'tadilarki, test natijalari asosida qaror qabul qilishda uni inobatga olish imkoni bo'lsin. DTMning testlarni o'tkazishdagi yondashuvi o'lchov xatoligining qiymatini hisoblashga imkon bermaydi. Demak, ushbu yondashuvni o'zgartirish zarur. Yana bir holat. Pedagogikada baholashning ikki turi mavjud: formativ va summativ . Formativ baho o'quvchining kuchli va zaif tomonlari haqida ma'lumot berishi va o'quvchiga ham, o'qituvchiga ham keyingi qadamlarini rejalashtirish uchun imkon berishi lozim. Formativ baholash, odatda, sub'ektiv bo'lib, biror o'qituvchi tomonidan berilgan baho boshqa o'qituvchi qo'ygan bahodan farq qilishi mumkin. Axir, o'qituvchilar ham odam, ular ham biror kimga ko'proq yon bosishlari mumkin. Summativ baholarni esa o'zaro solishtirib bo'ladi. O'qituvchining tarafkashligidan xoli ravishda, bir maktabda A o'quvchiga qo'yilgan uch baho boshqa maktabdagi B o'quvchiga qo'yilgan uch baho bilan bir xil bilim darajasini anglatishi darkor. Buning uchun ma'lum shartlarning bajarilishi talab etiladi: bir xil baholash mezonlaridan foydalanish, barchaning ularni birdek talqin etishi, «so'qirchasiga baholash» (tekshiruvchi kimning ishini baholayotganini bilmaydi) va hokazo. Summativ baho formativ baholarning o'rtacha qiymatiga teng bo'la olmaydi. Ular butunlay har xil baholash turi bo'lib, har birining o'z vazifasi mavjud. Muhim qarorlarni qabul qilishda (masalan, OTMlarga qabul jarayonida) aynan summativ bahoni hisobga olish zarur. Biroq bizning maktablarda qo'llaniladigan baholash tizimi formativ va summativ baholashni bir-biridan farqlamaydi. Natijada, na birinchisiga, na ikkinchisiga qo'yiladigan talablar hisobga olinmaydi. Universitetga kirishda o'zlashtirishning o'rtacha ko'rsatkichini hisobga olish ў қuв jarayonini baho ortidan doimiy quvishga aylantirib қўя ди va natijada, baholash turlarining hech biri — na formativ, na summativ baholash — o'z vazifasini bajarmaydi. E'tiborga molik yana bir jihat Respublika ta'lim markaziga (RTM) darsliklar mualliflarini tanlash, shuningdek, darslik va o'quv qo'llanmalarining original maketlarini yaratish vazifasining yuklanishi (4-band). RTM bir vaqtning o'zida darsliklarni ishlab chiqish va ekspertizadan o'tkazish bilan shug'ullanishi sifatli muqobil darsliklarning yaratilishiga imkon bermasligini aytib o'tgan edik . Tan olish kerak, joriy yil to'liq yangilangan informatika, tarbiya yoki ona (o'zbek) tili kabi fanlar darsliklari bir qarashda ijobiy taassurot qoldiradi. Sababi — mavzular qiziqarli tarzda ochib berilgan, illyustratsiya va infografikadan o'z o'rnida foydalanilgan hamda o'quvchining bilim olish faoliyatini rag'batlantiruvchi topshiriqlar ishlab chiqilgan. Ammo bu degani sifatli darsliklarni yaratishning barqaror tizimi yaratildi degani emas. RTM mualliflarni tanlash va darsliklar yaratish bilan shug'ullanar ekan, darsliklarning sifati markaz rahbariyatining qarashlariga, nimani ustun qo'yishiga bog'liq bo'lib qoladi. Sifatni har narsadan ustun qo'yib, «tanish-bilish» va boshqa manfaatlar bir chetga surib qo'yilsa, ehtimol, yuqori sifatli darsliklar ishlab chiqilar. Biroq hech nima abadiy emas — rahbarlar o'zgarsa, yondashuv ham boshqacha bo'ladi. Shuning uchun darsliklarni yaratish va nashr etishda bozor mexanizmlari ishlashi zarur: darslikni noshirlarning o'zi ishlab chiqadi, RTM esa ularni vazirlik vakolat bergan organ sifatida xolislik bilan, oldindan e'lon qilingan mezonlarga muvofiq baholaydi va ulardan o'quv jarayonida foydalanishga ruxsat beradi. Qaysi nashriyot va muallif darsligini ishlatish esa maktab jamoasining ixtiyorida qoladi. Bunday vaziyatda tizim shaxslarga bog'liq bo'lmaydi: darsliklarni yaratish va nashr etishga sarmoya kirituvchi noshirlar iste'molchi uchun raqobatlashib, doimiy ravishda sifatni ta'minlashga majbur bo'lishadi. Bundan tashqari, mazkur yondashuv yangi kuchli mualliflar, uslubchilar va dizaynerlarning paydo bo'lishiga hamda o'quv adabiyotlari sanoatining shakllanishiga turtki beradi. O'qituvchilarga tanlov imkoniyati berilib, ular o'z o'quvchilariga mos darsliklarni tanlashlari mumkin bo'ladi. Maqola so'ngida qaror loyihasidagi boshqa ayrim takliflarga e'tiboringizni qaratmoqchimiz. Loyiha muhokamasi chog'ida bildirilgan o'rinli takliflar yakuniy hujjatda hisobga olinadi degan umiddamiz. Zero, ta'lim sohasidagi har qanday islohot va o'zgarishlar puxta o'ylangan, oqilona yondashuvni talab etadi. P. S. Farmon loyihasining umumxalq muhokamasi 8 noyabrgacha belgilanligiga qaramasdan, bugun, 9 noyabr kuni «O'zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta'lim-tarbiya va ilm fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida» gi prezident farmoni ( PF -6108) hamda farmon ijrosini ta'minlash maqsadida «Ta'lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida» gi prezident qarorining (PQ-4884) ( qaror nusxasi «Gazeta.uz» tahririyatida mavjud ) imzolangani e'lon qilindi. 6 noyabr kuni imzolangan qaror va unga ilova qilingan chora-tadbirlar rejasining to'liq matni bilan tanishar ekanmiz, muhokama jarayonida bildirilgan aksar fikrlar inobatga olinmaganligining guvohi bo'lish mumkin. Faqat muhokama jarayonida ko'plab e'tirozlarga sabab bo'lgan ayrim bandlar (xususan, maktab direktorlarini mahalliy kengashlar tasdiqlashi va lavozimidan ozod etilishi, hududiy ta'limni boshqarish organlariga hokim maslahatchisi maqomi berilishi singari) qarorning asosiy matnidan olinib, ilovaga «yashiringani» ko'rinadi. Bu ham qiziq strategiya. Faqat bir savol tug'iladi: loyihalar muhokama yakunlanmasdan tasdiqlanar ekan, muhokama jarayonida bildirilgan fikrlar inobatga olinmas ekan, bunday «muhokama» ning nima keragi bor? Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. Maqola tarjimasi Khan Academy Oʻzbek tomonidan taqdim etildi. | columnist |
«Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida"gi qonunni haqli ravishda milliy qonunchilikning yutug'i deb hisoblash mumkin, chunki ilk bor nogironlik ijtimoiy himoya yoki tibbiyot muammosi emas, balki birinchi navbatda inson huquqlari muammosi sifatida ta'rif ланди. Asosiy yangiliklardan biri, bu — ilgari O'zbekiston qonunchiligida bo'lmagan «nogironlik belgisiga ko'ra kamsitish» tushunchasidir. Yangi qonun 28 ta nogironlik tashkilotlarini birlashtirgan O'zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi rahbarligida nogironlarning bevosita va faol ishtirokida ishlab chiqildi . Qonun asosi sifatida qonunning so'nggi tahririga Assotsiatsiyaning loyihasi va nogironlarning 60 foizga yaqin takliflari kiritildi. Shunga qaramay, ilgari Assotsiatsiya tomonidan taklif qilingan ba'zi moddalar qonunga kiritilmadi. Eng muhim savol esa ochiqligicha qolmoqda: yangi qonun amalda o'z kuchini ko'rsata oladimi? Qonunda nogironlarning huquqlari to'g'risida gapirilishiga qaramay, nogironlikning ta'rifi hali ham inson huquqlari himoyasi yondashuviga asoslanmagan. Qonunda nogironlik insonlarning barqaror jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlariga tenglashtirilgan hamda ular jamiyat va davlatning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hayotida boshqalar bilan teng ravishda to'liq va samarali ishtirok etishlari uchun shart-sharoitlar yaratilishi, «ijtimoiy yordam va himoyaga» muhtoj shaxslar sifatida ta'riflanadi. Biroq BMTning nogironlar huquqlari to'g'risidagi konvensiyasida «nogironlik tadrijiy rivojlanib boruvchi tushuncha bo'lib, tana funksiyalari buzilgan insonlarda munosabat va muhit bilan bog'liq to'siqlar orasidagi o'zaro aloqa natijasida nogironlik holati yuzaga keladi. Bu to'siqlar ushbu insonlarni jamiyat hayotida barcha bilan teng ravishda to'laqonli va samarali ishtirok etishlariga yo'l qo'ymaydi» deb tan olingan. Manba: Mualliflar illyustratsiyasi. Nogironlikning sof tibbiy ta'rifi tibbiy va ijtimoiy ekspertizaning e'tiborini faqatgina «organizmining funksiyalari turg'un buzilgani sababli hayot faoliyati cheklangani darajasini» aniqlashga qaratadi. Nogironlikni tekshiruvdan o'tkazishning bunday yondashuvi Ishlashning, nogironlikning va sog'likni saqlashning xalqaro tasnifi (ICF) asosidagi biopsixosotsial (biopsixoijtimoiy) modeliga javob bermaydi. Boshqacha qilib aytganda, inson hayot faoliyatining cheklanganlik darajasi nafaqat sog'liq holati, balki atrof-muhit omillari tufayli ham yuzaga keladi. Yangi qonunning 6-moddasida nogironlik belgisiga ko'ra kamsitilishga yo'l qo'ymaslik tamoyili aks ettirilgan: «Nogironligi bo'lgan shaxslarga nisbatan har qanday ajratib qo'yish, istisno etish, chetlatish, cheklash yoki afzal ko'rish holatlari, shuningdek nogironligi bo'lgan shaxslarning ob'ektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishni rad etish taqiqlanadi». Boshqacha qilib aytganda, masalan, davlat muassasasida yoki transportda zaruriy jismoniy muhit mavjud bo'lmasa, u holda nogironlar qonun asosida erkin harakatlanish uchun zarur shart-sharoitlarni ta'minlamagan tashkilotni sudga berishlari mumkin. Ammo ular sudga murojaat qilishlari va adolatga erishishlari uchun ham shart-sharoitlar yaratilishi lozim. Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konvensiyada odil sudlov huquqidan foydalanish to'g'risida 13-modda mavjud. Afsuski, Nogironlar Assotsiatsiyasi tomonidan taklif qilingan ayni o'xshash modda yakuniy qonunga kiritilmadi. Biroq ushbu moddaning ayrim nizomlari kiritilgan. Masalan, yangi qonunning 28-moddasida eshitishi va nutqida nuqsoni bo'lgan shaxslarga tergov harakatlarini amalga oshirishda yoki jinoyat, fuqarolik, ma'muriy va iqtisodiy ishlar bo'yicha sud protsesslarida ishtirok etish chog'ida imo-ishora tilida tarjima qilish xizmatlari ko'rsatilishi kerakligi aytilgan. 29-moddada ko'zi ojiz va zaif ko'ruvchi odamlar foydalanadigan faksimil imzo (maxsus tayyorlangan shtamp)dan foydalanish huquqi belgilangan. Biroq nogironlarning qonuniy huquqlarini amalda qo'llashlari uchun odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini ta'minlashning o'ziga xos mexanizmini ishlab chiqish zarur. Yaqinda nogironlar huquqlari bo'yicha maxsus hisobotchi Katalina Devandas Agilar turli mamlakatlarda sudlar va huquqni muhofaza qilish idoralarida nogironlar uchun sharoitlar mavjud emasligini aytdi. Shu munosabat bilan BMT tomonidan «Nogironlar uchun odil sudlovga erishish bo'yicha xalqaro tamoyillar va ko'rsatmalar» ishlab chiqildi . Sudyalar va advokatlarning mustaqilligi bo'yicha maxsus hisobotchi Diyego Garsiya-Sayyan o'tgan yili O'zbekistonga qilgan ish tashrifi yakunlari bo'yicha «nogironlarning boshqalar bilan teng ravishda odil sudlovga erishish huquqiga to'sqinlik qiladigan yoki cheklaydigan me'moriy va lingvistik to'siqlarni olib tashlash»ni tavsiya qildi . U o'z hisobotida sud binolarining qisman yoki to'liq kirish imkoniyati yo'qligi, ayniqsa, asosiy shaharlar tashqarisida, imo-ishora tarjimonlarining yetishmasligi va sud hujjatlari sensor, intellektual yoki psixosotsial (psixoijtimoiy) nuqsonlari bo'lgan shaxslar uchun mavjud formatlarda yetishmasligi yuzasidan tashvishlarini bildirdi. Sudga murojaat qilish qo'shimcha moliyaviy xarajatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Ammo nogironlar ushbu xarajatlarni ko'tara oladilarmi? Natijada kamsitilishni his qilganlar «shamol tegirmonlari»ga qarshi cheklangan vaqtlarini, pullarini va kuchlarini behuda sarf qilmaslik uchun shunchaki bunga ko'z yumishlari tayin. Agar sudlarda ham shart-sharoitlar va oqilona qulayliklar taqdim qilinmasa — unda ular nima ham qila olishardi? Bundan tashqari, nogironlik belgisiga ko'ra kamsitilishning ma'naviy zararini qanday baholash mumkin va uni kim qoplaydi? Nogironlarning huquqiy bilimlari va savodxonligining past darajasini inobatga olib, bu masalalarni barchasini yaxshilab o'ylab chiqish kerak. Avvalgi «nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida"gi qonunda «nogironlarning ijtimoiy infratuzilma ob'ektlariga to'sqinliksiz kirishini ta'minlash, transport, transport kommunikatsiyalari, aloqa va axborotdan foydalanish bo'yicha majburiyatlarni bajarmaganligi uchun» ma'muriy javobgarlik ko'zda tutilgan edi. Ammo Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining ma'lumotlariga ko'ra, «binolar va ijtimoiy infratuzilma ob'ektlarining 85 foizi nogironlar foydalanishi uchun moslashtirilmagan». Poytaxt transport infratuzilmasi nogironlar harakatlanishi uchun moslashtirilmagan ekan, viloyatlardagi ahvol haqida gapirmasa ham bo'ladi. Yangi qonun ushbu achinarli holatni o'zgartira oladimi? Qonunlarda to'siqsiz muhitni yaratish zarurligini belgilab qayta-qayta yozilmasin, qulay muhitni ta'minlashning aniq mexanizmlarini joriy qilmasdan vaziyatni o'zgartirib bo'lmaydi. Afsuski, qonunga nogironlar huquqlari to'g'risidagi konvensiyasida aks ettirilgan « universal dizayn» tushunchasi kiritilmadi, ya'ni: «barcha odamlar uchun moslashtirish yoki maxsus dizaynni talab etmaydigan holda eng yuqori imkoniyat darajasida yaroqli qilishga da'vat etilgan buyumlar, sharoit, dastur va hizmatlar dizaynini anglatadi. "Universal dizayn" zarurat bo'lganda aniq bir nogironlar uchun assistiv qurilmalarni istisno etmaydi». Yangi qonunning 23-moddasi davlat qabul komissiyasiga nogironlar jamoat tashkilotlari vakillarini kiritgan holda ijtimoiy, maishiy va madaniy maqsadlardagi qurilish va rekonstruksiya qilingan ob'ektlarni foydalanishga topshirishni amalga oshirishni majbur qiladi. Shu munosabat bilan, « Jamotchilik nazorati to'g'risida «gi va « Ijtimoiy sheriklik to'g'risida «gi qonunlar asosida nafaqat qabul qilishda, balki ijtimoiy infratuzilma ob'ektlarini loyihalashda ham nogironlar NNTlari imkoniyatlarini kuchaytirish va faol jalb qilish zarur. Imkoniyat bo'lsa, ushbu jarayonlarda nogironligi bo'lgan shaxslarning barcha toifalari ishtirok etishi muhim, chunki ularga turli xil shart-sharoitlar yaratilishi kerak. Yangi qonunga binoan, davlat qulay formatlarda axborot olinishini kafolatlaydi. Davlat telekanallari yangiliklar uzatilishini imo-ishora tarjimasi yoki subtitr bilan ta'minlashi kerak. Qonun 2021 yil 16 yanvarda kuchga kirgunga qadar, O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi milliy telekanallarda subtitrlarni kiritish uchun o'zbek nutqini avtomatik ravishda tanib olish texnologiyasini ishlab chiqa boshlasa, maqsadga muvofiq bo'lar edi. Imo-ishora tarjimonlarining soni cheklangan bir vaqtda subtitrlar kar va zaif eshituvchi insonlar uchun ma'lumotga ega bo'lish imkoniyatini yaratib, ularning savodxonligini oshirishi mumkin. Shu bilan birga, ko'rsatuvlarni uzatish faqat yangiliklar dasturlari bilan cheklanib qolmaydi. Afsuski, imo-ishora tili oldingi «Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida"gi qonundagi kabi yangi qonunda ham faqat «shaxslararo muloqot vositasi» bo'lib qoldi. Davlatning imo-ishora tilini rivojlantirish va undan foydalanishda amaliy yordami unga davlat tili maqomini berishdir , zero bu tilda eshitishda nuqsoni bo'lgan insonlar ta'lim olish imkoniga ega bo'ladilar. Shu sababli, Vazirlar Mahkamasining «Imo-ishora tili maqomi to'g'risida"gi qarori loyihasini ishlab chiqish zarur, bu O'zbekistonda imo-ishora tilini joriy etish va rivojlantirish mexanizmini belgilab beradi. Qonunning 38-moddasida hayoti davomida maktabgacha ta'limdan tortib, oliy o'quv yurtidan keyingi ta'limgacha «Davlat nogironligi bo'lgan shaxslarning inklyuziv ta'limini rivojlantirishni, ularning ta'lim olishi va kasbiy tayyorgarlikdan, qayta tayyorlashdan va malaka oshirishdan o'tishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini kafolatlaydi» deb ko'rsatilgan. Biroq inklyuziv ta'lim olish huquqini amalga oshirish mexanizmi noaniq bo'lib qolmoqda. Shuning uchun «Inklyuziv ta'lim to'g'risida"gi alohida normativ hujjatni qabul qilish talab etiladi. «Ta'lim to'g'risida"gi qonunning yangi tahririda inklyuziv ta'limni belgilovchi 20-modda kiritildi. Ammo qonunda «inklyuziv ta'limni tashkil etish tartibi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi» deyilgan. Mavjud ma'lumotlarga ko'ra, bunday tartib hali ishlab chiqilmagan. Asosiy muammo shundaki, «sohaga oid shifokorlar tavsiyalari» ta'lim muassasalarida nogiron bolalar va kattalarning «o'qish qobiliyati» yoki aksini aniqlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb qilishi mumkin. Shifokorlarning tavsiyalari ko'pincha maslahat emas, balki imperativ hususiyatga ega bo'lib , bu inklyuziv ta'lim huquqini amalga oshirishga to'sqinlik qiladi. Oldingi qonunda bo'lgani kabi, yangi qonunda ham mahalliy davlat hokimiyati organlarining nogironlarni ish bilan ta'minlash uchun ishchilar umumiy sonining kamida 3% miqdorida ish joylarining minimal miqdorini belgilash vakolatlari saqlanib қол ин ди. «Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida"gi qonun oldin ham davlat hokimiyati organlarini 20 kishidan ortiq ishchilari bo'lgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning ishchilar sonining kamida 3% miqdorida ish joylarini kvotalashtirishga majbur qilgandi. Ish bilan ta'minlash kvotalari nogironlar foydasiga ishlaydimi? Javob aniq deb o'ylaymiz. Birlashgan Millatlar Tashkilotining nogironlar ahvoli bo'yicha vaziyat tahliliga ko'ra, ro'yxatdan o'tgan nogironlarning atigi 7 foizigina rasmiy ravishda ish bilan ta'minlangan. Shu bilan birga, boshqa manbalarga ko'ra, nogironlarning atigi 2 foizi ish bilan ta'minlangan. Mehnat kvotalarining samarasizligi sababi qonunchilik ijrosining qoniqarsiz monitoringida bo'lishi mumkin. 3 foizli kvotani bajarmaganlik uchun jarimalarni undirish vakolatiga ega bo'lgan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qonunlarga rioya etilish holatlarini tegishli darajada nazorat qilmayapti. Agar «qamchi» usuli kutilgan natijani bermayotgan bo'lsa, ehtimol «qand» usulini sinab ko'rish, davlat idoralari va xususiy sektorni nogironlarni ish bilan ta'minlashga ko'proq undash kerakdir? Aholini ish bilan ta'minlash muammosiga muqobil yechim sifatida mahalliy davlat hokimiyati organlari va korxonalari nogironlar jamoat birlashmalari qoshidagi ixtisoslashgan korxonalarga, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlikni amalga oshiradigan nogironlarga turar-joy bo'lmagan ko'chmas mulk ob'ektlarini, yer uchastkalarini imtiyozli shartlarda berishni taklif qilishi mumkin. Ammo, afsuski, Assotsiatsiyaning ushbu taklifi ham qonunga kiritilmadi. Shuningdek, qonunga nogironlarni va ularning oilalari sog'lig'i va farovonligini saqlash uchun oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy, bepul tibbiy xizmat va zarur ijtimoiy xizmatlarga bo'lgan asosiy ehtiyojlarini inobatga olgan holda ularni yetarli darajada turmush darajasi bilan ta'minlashga oid moddalar kiritilmagan. Asosiy masala ijtimoiy nafaqa va nogironlik bo'yicha to'lovlar miqdori bo'lib, ularning kun kechirish uchun zarur miqdordan pastroq belgilanishi mumkin emas. Bu O'zbekiston Konstitutsiyasida ham mustahkamlangan. Biroq, kun kechirish uchun zarur miqdor va iste'mol savatchasining rasmiy hajmi hali tasdiqlanmagan . Inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda har yili nogiron bolalar va kattalarga, shuningdek ularning vasiylariga to'lanadigan nafaqalarni har yili muvofiq darajada indeksatsiya qilish zarur. Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konvensiyaning 31-moddasida nogironlik bo'yicha tegishli statistik ma'lumotlar va tadqiqot ma'lumotlarini yig'ish nazarda tutilgan. Nogironlar assotsiatsiyasi tomonidan taklif qilingan statistik ma'lumotlarni yig'ish bo'yicha shunga o'xshash modda ham qonunning so'nggi versiyasiga kiritilmadi. Qonun chiqaruvchilar buni 2018 yil 22 martda Vazirlar Mahkamasining «Nogironligi bo'lgan shaxslarni statistik hisobga olish tizimini takomillashtirish to'g'risida"gi alohida qarori qabul qilingani bilan asosladilar. Mazkur qaror amalda aynan qanday amalga oshirilayotgani noaniqligicha qolmoqda. Nogironlik bo'yicha mavjud statistik ma'lumotlar kamligicha qolmoqda va nogironlar hayotini to'liq aks ettirmaydi. Nogironlik bo'yicha ochiq statistika Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)larga erishish jarayonini kuzatish uchun juda muhimdir. Nogironlik masalalari beshta maqsadga kiritilgan , jumladan qashshoqlikni bartaraf qilish, sog'liq va farovonlik, gender tenglik, tengsizlikni kamaytirish, shuningdek, barqaror shaharlarni va aholi punktlarini rivojlantirish. Nogironlarni ijtimoiy muhofaza qilish va ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini samarali monitoring qilish uchun davlat muntazam ravishda nogironlar hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi statistik ma'lumotlarni to'plashni tashkil etishi va o'tkazishi kerak. Bunday ma'lumotlarni muntazam ravishda tahlil qilish dolzarb muammolarni aniqlashga, turli guruhdagi nogironlar holatini baholashga va jismoniy muhitga kirish uchun sharoitlar mavjudligini alohida qayd etishga imkon beradi. Nogironlarning hayotiy faoliyati to'g'risidagi keng qamrovli statistik ma'lumotlar quyidagilarni o'z ichiga olishi kerak: jinsi, yoshi, yashash joyi, nogironlik guruhi, ma'lumoti, bandligi, uy-joy ehtiyojlari va uy-joy sharoitlarining yaxshilanishi, transport va reabilitatsiya vositalari, sport, ijtimoiy, siyosiy va madaniy hayot, shuningdek, hayotning boshqa sohalari. «Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida"gi yangi qonunning tahlili qonun BMTning nogironlar huquqlari to'g'risidagi konvensiyasi qoidalariga to'liq mos kelmasligini ko'rsatdi. Nogironlik ta'rifi hanuzgacha tibbiy xarakterga ega, bu nogironlikka ta'rif berishning inson huquqlari himoyasi yondashuviga asoslangan xalqaro standartlarga ziddir. Yangi qonunda «universal dizayn», nogironlik bo'yicha ma'lumotlar yig'ish va nogironlik statistikasini yuritish kabi muhim tushunchalar chiqarib tashlangan, imo-ishora tili maqomi bo'yicha davlat tili bilan to'laqonli tilga tenglashtirilmagan. Shubhasiz, konvensiya ratifikatsiya qilingandan so'ng, mazkur qonunni konvensiya qoidalariga muvofiqlashtirish muammosi tug'iladi. Qonunning ishlashi uchun nogironlarning o'zlari va ularning vasiylarining huquqiy savodxonligi va ongini oshirish juda zarur. Bunga Adliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan «Madad» nodavlat notijorat tashkilotining maslahat byurolari tarmog'i orqali yuridik xizmatlar va amaliy huquqiy yordamlardan foydalangan holda erishish mumkin. Shuningdek, nogironlarning, ayniqsa, chekka hududlarda nogironlarning huquqiy ongini oshirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun nogironlar NTTlarining tashkiliy salohiyatini kuchaytirish va moliyalashtirishni ta'minlash zarur. Eng muhimi, biz nogironlarning kamsitilishlardan himoya qilish huquqlarini amalga oshirishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqishimiz kerak; nogironlarning nodavlat notijorat tashkilotlari bilan qurilish loyihalarini atrof-muhitga qulaylik va universal dizayn tamoyillariga javob berishini muvofiqlashtirish; sifatli ta'lim va munosib ish o'rinlari, shuningdek, munosib turmush darajasini bilan ta'minlashimiz zarur. Mualliflarning fikri tahririyat fikrlari bilan mos kelmasligi mumkin. Oybek Isoqov — huquqshunos, respublika bo'ylab 28 ta nogironlarning jamoat tashkilotlarini birlashtirgan soyabon tashkilot — O'zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi. Dilmurod Yusupov — Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya) Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti — inklyuziv rivojlanish va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar masalalari bo'yicha tadqiqotchi. | columnist |
Facebook tarmog'idagi «Potrebitel.uz» guruhi juda qizg'in muhokama maydoniga aylanib ketdi. Unda Zuhra Nabiyeva ismli foydalanuvchi maktab dasturiga Science (tabiiyot) fanining kiritilishi bo'yicha o'z munosabatini bayon etib, Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatovga ochiq xat bilan murojaat qilgan. Biroz avval Xalq ta'limi vazirligi qoshidagi Respublika ta'lim markazi 1−6-sinflar o'quv dasturiga Science fani kiritilishi haqida xabar bergandi . Xabar berilishicha, yangi fan maktab dasturida avvaldan mavjud bo'lgan 6 ta fan: boshlang'ich sinflar uchun «Atrofimizdagi olam» va tabiatshunoslik, yuqori sinflar uchun esa geografiya, biologiya, fizika va kimyoni o'z ichiga oladi. Fanning o'quv dasturi loyihasi omma e'tiboriga havola etilib, muhokamaga qo'yilgan edi . Yuqoridagi yangilikka o'z fikrini bildirar ekan, Zuhra Nabiyeva: «Agar 6 fanni birlashtirgan Science fani kiritilsa, o'quvchilar bu fanlarni faqat yuzaki o'rganishadi, bu esa ta'lim sifati tushib ketishiga olib keladi», — deb yozadi. Murojaatnoma muallifi fizika, kimyo, geografiya, biologiya fanlari alohida o'qitilishi tarafdori. Biroq o'quvchilarni dunyoni yaxlit qabul qilishga o'rgatish maqsadida Science fanini fakultativ sifatida qoldirishni taklif qilgan. Ushbu ochiq murojaat guruhda qizg'in muhokama qilindi: 3500 dan ortiq «layk» va 800 ta izoh yig'di. Ko'pchilik izohlarning mazmuni «Bu islohotlarning maqsadi bir — aholining fikrlashini o'ldirish. Chunki kaltafahm jamiyatni boshqarish osonroq» degan xulosaga borib taqaladi. Konspirologik nazariyalarni chetga surgan holda aytish lozimki, nazarimda, tabiiy fanlarni integratsiyalashgan holda o'qitish — 2030 yilgacha xalq ta'limini rivojlantirish Konsepsiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish yo'lida kerakli qadamlardan biri. Mening diqqatimni esa xat muallifi aytib o'tgan boshqa fikr jalb etdi. Maktubda shunday deyilgan: «Buyuk Britaniyada dunyoning eng nufuzli maktablardan biri bo'lmish Iton misolida fanlarni alohida-alohida o'qitish tizimiga o'tishga va bosqichma-bosqich bu tizimni butun mamlakatga joriy qilishga qaror qilindi. Ma'lum bo'lishicha, bu maktabda (Itonda) darslar sovet darsliklaridan o'tilayotgan ekan». Keling, bu qanchalik haqiqatga yaqin ekanligini aniqlaymiz. Sobiq Ittifoq tarqalib ketganiga yaqinda 30 yil to'ladi. Ittifoq davrida yaratilgan eng so'nggi darsliklar 1991 yil, yemirilish arafasida chop etilgan taqdirda ham, undagi ma'lumotlar eskirib bo'lgan. Bir semestr uchun o'qish to'lovi 14 ming funt sterlingdan ko'proq (o'quv yili esa uch semestrdan iborat) bo'lgan Iton kolleji ma'lumotlari eskirib ketgan kitoblardan foydalanishi dargumon. Bundan tashqari, maktab bergan ma'lumotlarga ko'ra, uning bitiruvchilari Britaniyaning GCSE va A-level imtihonlarida yuqori natijalarni ko'rsatib kelishadi. Bu sinovlar esa, «sovet tajribasini qo'llash» haqida hech narsa deyilmagan Britaniya milliy o'quv dasturiga asoslanadi. Shunday ekan, 30 yillik kitoblardan foydalanib, bu imtihonlarda yaxshi natija olish imkonsiz. Xo'sh, unda yuqorida keltirilgan Iton maktabi, umuman, butun Britaniya Sobiq Ittifoq darsliklariga o'tayotgani haqidagi ma'lumot nimaga asoslangan? Ochiq xat tagida qoldirilgan izohlarning birida «Novыye izvestiya» gazetasidagi bir maqolaga havola keltirilgan. Unda yozilishicha: «Britaniya siyosatchisi, sobiq ta'lim vaziri Grining xonim o'zining televideniyedagi chiqishida Angliya o'quvchilari endi Landau va Kolmogorovning kitoblaridan ta'lim olishayotganini aytdi». Gazetada Grining go'yoki shunday degani yozilgan: «Sovet ta'lim tizimiga o'tish natijasida, Britaniya maktablari o'quvchilari Yevropaning boshqa mamlakatlaridagi eng obro'li va qimmat maktablarda tahsil olayotgan bolalarga qaraganda yuqoriroq bilim darajasini namoyish etmoqdalar». Jastin Grining Tereza Mey Bosh vazir bo'lgan davrda 2016 yil iyulidan 2018 yil yanvariga qadar ta'lim vaziri bo'lib kelgan. Ahamiyatlisi, Britaniyaning sovet ta'lim tizimiga o'tishi haqidagi yuqorida keltirilgan xabarni chop etgan hech qaysi sayt sobiq vazirning asl intervyusiga havola keltirmagan. BBC teleradiokompaniyasi va Britaniya ta'lim vazirligining rasmiy saytlarida bunga oid hech qanday xabarlar topilmadi. Rossiyaning «Vesti obrazovaniya» gazetasi Uels ta'lim departamenti sobiq bosh direktori Devid Houkerga havola berib, Grining bergan ma'lumotlar haqida tarqalgan xabarlar soxtaligini aytib o'tadi . «Sovet darsliklari yoki metodikasining Britaniya maktablariga kirib kelishi — bo'lmagan gap», — deb yoziladi gazetada. Soxta xabarlarni fosh qilishga ixtisoslashgan Gruziyaning Factcheck.ge portali Grining bilan intervyu haqidagi xabarlarni 2018 yilning soxta xabarlar yetakchi beshligiga kiritgan. Shuningdek, bu xabarlar «Georgian Thought» agentligi tomonidan tarqatilgani aytib o'tilgan. Portalning yana qayd etishicha, misol uchun, Sovet Ittifoqi davrida Lev Landau darsliklaridan maktablarda emas, oliy o'quv yurtlarida foydalanilgan. Qozog'istonning mahalliy va Markaziy Osiyo bo'yicha yangiliklarni tekshiruvchi Factcheck.kz portali ham bu soxta xabar dastlab 2018 yil noyabr oylarida «Pravda-TV» va «Panorama» sahifalarida e'lon qilingani, keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarga tarqaganini yozadi . Bu ikki saytdan birinchisi NewsGuard loyihasi tomonidan muntazam soxta xabarlar tarqatuvchi sayt sifatida baholangan. U chop etgan xabarlar sirasidan «Britaniya qirollik oilasining barcha a'zolari — reptiliyalar» qabilidagi «xabar»ni topish mumkin. «Panorama» sayti esa undagi barcha xabarlar satira yo'nalishida bo'lib, to'qima ekanligi haqida ogohlantiradi. Ma'lumotlar oqimi ulkan bo'lgan bugungi davrda qaysi xabar ishonchli, qaysi biri soxta ekanligini aniqlab olish juda qiyin. Shunday bo'lsa ham, o'ta ahamiyatli mavzularda (ta'lim mavzusi hamisha shundaylar sirasiga kiradi) ma'lumot e'lon qilishdan oldin puxta tekshirilishi va qayta tekshirilishi lozim. Axir, shularga asoslanib, ma'lum bir xulosalarga kelinadi. Agar farzandlarimiz mantiqiy fikrlaydigan, to'g'ri tahlil qila oladigan bo'lib ulg'ayishini istasak, biz o'zimiz — ta'lim tizimi vakillari shunday ko'nikmalarga ega bo'lishimiz lozim. Axir, o'zimizda yo'q narsani bolalarga qanday o'rgata olamiz? Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. Maqola tarjimasi Khan Academy Oʻzbek tomonidan taqdim etildi. | columnist |
Joriy yilning boshida biz tashabbuskor nodavlat notijorat tashkilotlarini (NNT) ro'yxatdan o'tkazishda sun'iy to'siqlar va qarshiliklar to'g'risida maqola nashr etgandik. Bunga javoban Adliya vazirligi ro'yxatdan o'tishda muammolarga duch kelayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari nomlarini aniqlashtirishni so'radi . Biz tashabbuskor guruhlarning aniq ikkita misolini taqdim etdik — «Oltin qanot» yosh volontyorlar markazi va «Inklyuziv hayot» nogironlar jamoat birlashmasi. Nogironligi bo'lgan shaxslarning tashabbuskor guruhi 12 marta rad javobini olganidan so'ng «Inklyuziv hayot» NNT 28 sentyabr kuni Adliya vazirligida ro'yxatdan o'tkazildi. Biroq, «Oltin qanot» yosh volontyorlar markazini tashkil etishga harakat qilayotgan bir guruh yosh faollar 2018 yil oktyabr oyidan buyon Toshkent shahar Adliya boshqarmasidan o'n sakkiz marta rad javob xatini oldi. Quyida rad javoblarining yangilangan xronologiyasi hamda ro'yxatdan o'tkazuvchi organ tomonidan ko'rsatilgan sabablar keltirilgan. Rad javobining raqami Rad qilingan javob xatining sanasi va raqami NNTni ro'yxatdan o'tkazishda rad qilinishining sabablari 1 2018 yil, 22 noyabr, №5−3007 Belgilangan miqdorda davlat boji to'langanligini tasdiqlovchi bank to'lov hujjati tashkilotni davlat ro'yxatidan o'tkazish to'g'risidagi taqdim etilgan arizaga ilova qilinmagan, shuningdek, Ustav hujjatga tikilmagan. 2 2018 yil, 27 dekabr, №5−3391/6 NNTni tashkil etish to'g'risidagi umumiy yig'ilish bayonnomasi NNTni davlat ro'yxatidan o'tkazish to'g'risidagi arizaga (jamoat birlashmasi uchun ro'yxatdan o'tkazuvchi organga umumiy yig'ilish o'tkazilgan kundan boshlab bir oy ichida taqdim etiladi) va Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 10 martdagi 57-sonli qarorining 13-bandida ko'rsatilgan ba'zi hujjatlarga ilova qilinmagan. 3 2019 yil, 15 fevral, №5−6/878 Tashabbuskor fuqarolar ro'yxatidagi imzolar va ma'lumotlar yashash, ishlash yoki o'qish joyida tasdiqlanmagan va nodavlat notijorat tashkilotni tashkil etish bo'yicha umumiy yig'ilish u o'tkazilgan kundan boshlab 1 oylik muddatni buzgan holda o'tkazilgan. Nizomda «Nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risida"gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq mablag'larni shakllantirish manbalari, NNT va uning tarkibiy bo'linmalarining mulkni boshqarish huquqlari ko'rsatilmagan. 4 2019 yil, 9 aprel, №5−4/68 Arizada tashkilotning boshqaruv organining nomi ko'rsatilmagan. Ustavning 1.5-bandida O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro'yxatidan o'tgan jamoat birlashmasining davlat tilida to'liq rasmiy nomi yozilgan dumaloq muhri, shtampi, firma blankalari va o'z ramzi bo'lishi mumkinligi belgilangan. Biroq, ushbu band nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish tartibi to'g'risidagi nizomning 5-bandi 2-qismiga zid. 5 2019 yil, 24 may, №5−4/94 Ustavning 5.8-bandida 4.4-bandga asosan a'zolikdan chiqarilishi ko'rsatilgan bo'lsada, ushbu ustavda 4.4-bandi mavjud emas. NNT ustavining 6-bobida «Birlashmaning pul mablag'lari va boshqa mol-mulkni shakllantirish manbalari» belgilangan, ammo tarkibiy bo'linmalar mulkini boshqarish huquqlari ko'rsatilmagan. 6 2019 yil, 3 iyul, №5−4/111 Ustavning 5.8-bandida 4.2-bandga asosan a'zolikdan chiqarilish ko'rsatilgan. Biroq 4.2-bandda a'zolikdan mahrum bo'lish shartlari va tartibi ko'rsatilmagan. 7 2019 yil, 9 avgust, №5−4/127 NNT ustavining 5.8-bandida ustavning 5.7-bandiga asosan a'zolikdan chiqarilishi ko'rsatilgan. Biroq, 5.7-bandida a'zolikdan mahrum bo'lish shartlari va tartibi ko'rsatilmagan. 8 2019 yil, 16 sentyabr, №5−4/152 «Nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risida"gi Qonunning 17-moddasiga binoan NNT Ustavida a'zolikni yo'qotish shartlari ko'rsatilmagan. 9 2019 yil, 21 noyabr, № 5−4/170 NNT Ustavining 3.3.1-bandiga binoan, kamida 5 kishidan iborat Kengash a'zolari umumiy yig'ilish a'zolarining ko'pchilik ovozi bilan 5 yil muddatga saylanadi. Kengash raisi bir vaqtning o'zida Assotsiatsiya raisi hisoblanmasligi belgilangan. Ammo, 3.3.2-bandga binoan, Kengash qarorlari qabul qilinishida ovozlar teng kelganda, Assotsiatsiya raisi hal qiluvchi ovozga ega ekanligi belgilangan, demak, ushbu bandlar o'zaro bir-biriga zidligini anglatadi. 10 2019 yil, 28 dekabr, №5−4/187 NNT Ustavining 3.3.1-bandiga binoan, kamida 5 kishidan iborat Kengash a'zolari umumiy yig'ilish a'zolarining ko'pchilik ovozi bilan 5 yil muddatga saylanadi. Kengash raisi bir vaqtning o'zida Assotsiatsiya raisi hisoblanmasligi belgilangan. Biroq, Kengash raisini saylash tartibi ko'rsatilmagan. 11 2020 yil, 10 fevral, №5−4/5 «Nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risida» gi qonunning 15, 22, 17-moddalariga ko'ra, nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun tegishli hujjatlar, shu jumladan ta'sis konferensiyasi (s'ezdi) yoki umumiy yig'ilishining bayonnomasi yoki ta'sischining qarori (boshqaruv organlari va boshqa organlarning tuzilishi to'g'risidagi ma'lumotlar ham ko'rsatilgan) va hajmi boshqaruv organlarining vakolatlari va ularni shakllantirish tartibi, ularning vakolat muddati. Biroq, ta'sischilar umumiy yig'ilishining bayonnomasida tashkilotning boshqaruv organlari tuzilishi to'g'risidagi ma'lumotlar mavjud emas. 12 2020 yil, 4 mart, №5−4/12 Joriy yilning 10 fevraldagi 5−4/5-sonli javob xatida ko'rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilmaganligi sababli, ro'yxatdan o'tkazishda rad etildi. 13 2020 yil, 16 mart, №5−4/15 5−4/12-sonli javob xatida ko'rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilmaganligi sababli, ro'yxatdan o'tkazishda rad etildi. 14 2020 yil, 30 aprel, №5−4/33 Joriy yilning 16 martdagi 5−4/15-sonli javob xatida ko'rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilmaganligi sababli, ro'yxatdan o'tkazishda rad etildi. 15 2020 yil, 30 aprel, №5−4/33, №5−4/52 Joriy yil 10 fevraldagi 5−4/12, 4 martdagi 5−4/12, 16 martdagi 5−4/15 va 30 apreldagi 5−4/33-sonli javob xatlarida ko'rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilmaganligi sababli, ro'yxatdan o'tkazishda rad etildi. 16 2020 yil, 15 iyul, №5−4/53 Tashkilotning Umumiy yig'ilishi tomonidan tasdiqlangan Ustavda takrorlanishlar aniqlandi. Tashkilot Ustavi 3.3.3-bandining 2 va 12-kichik bandlari bir-biriga qisman mos keladi. Bu, shuningdek, Tashkilot Ustavi 4.1-bandining 2 va 14-kichik bandlariga va 6 va 16-kichik bandlariga taalluqlidir. Shu bilan birga, tashkilot Ustavining matni orfografik va stilistik xato va kamchiliklar bilan qabul qilindi. Yuqoridagilar tufayli ro'yxatdan o'tkazish rad etildi. 17 2020 yil, 10 sentyabr, №5−4/80, №5−4/84 Toshkent shahar adliya boshqarmasiga taqdim etilgan nodavlat notijorat tashkilotlari Nizomi 3.2.1-bandiga muvofiq Umumiy yig'ilish 5 yilda bir marta o'tkaziladi. Navbatdan tashqari umumiy yig'ilishlar Assotsiatsiya Kengashi yoki Taftish komissiyasining tashabbusi bilan chaqirilishi mumkin. Navbatdan tashqariumumiy yig'ilishni chaqirish taklifi umumiy yig'ilishga tayyorgarlik ko'rish uchun zaruriy vaqtni hisobga olib, yig'ilish sanasi va ko'riladigan masalalar ko'rsatilgan holda uyushma raisiga yozma ravishda taqdim qilinishi kerak. 18 2020 yil, 22 oktyabr, №5−4/105, №5−4/107 Toshkent shahar adliya boshqarmasiga taqdim etilgan NNT Ustavining 11.3-bandida Ustavda nazarda tutilmagan qoidalar O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinishi ko'rsatilgan qoida Ustavning 12.1-bandida ham takrorlanishiga yo'l qo'yilgan. Shu munosabat bilan ro'yxatdan o'tkazish rad etildi. Ro'yxatdan o'tkazuvchi organ ta'sis hujjatlaridagi kamchiliklarning hammasini sanab o'tish imkoniyatiga ega bo'lganmi? Agar 1-sonli rad javobining sababi bank to'lov hujjati ilova qilinmaganligi va 2-sonli rad javobining sababi umumiy yig'ilish bayonnomasi ilova qilinmaganligi bo'lsa, Nizomdagi keyingi kamchiliklar bosqichma-bosqich aniqlangan . Ariza beruvchi nizomda topilgan kamchiliklarni bartaraf etganidan so'ng, shahar adliya boshqarmasi yangidan yangi kamchiliklarni ko'rsatadi, vaholanki, ro'yxatdan o'tkazishda birinchi bor taqdim etilgan rad javobida barchasini ko'rsatish mumkin bo'lgan. Bu kabi amaliyot yuridik fanlari nomzodi Leonid Xvan tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarni ro'yxatdan o'tkazish to'g'risidagi arizalarni ko'rib chiqishga nisbatan batafsil tahlil qilingan «Ma'muriy tartib-taomillar to'g'risida"gi Qonun nizomini ochiqdan-ochiq buzmoqda. Adliya organlarining bunday munosabati ilk bor volontyorlik tashkiloti — qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan va volontyorlik faoliyatini amalga oshiruvchi nodavlat notijorat tashkiloti sifatida ko'rsatilgan «Volontyorlik faoliyati to'g'risida"gi qonunni amalga tadbiq qilishda to'sqinlik qiladi. Boshqacha qilib aytganda, volontyorlik tashkiloti NNT maqomida ro'yxatdan o'tmaguncha, u tashkil etilgan deb hisoblanmaydi. Toshkent shahar adliya boshqarmasidan kelib tushgan 18 ta rad javobining xronologiyasidan ko'rinib turibdiki, volontyorlik tashkiloti ochish amalda nihoyatda mashaqqatli yumushdir. Adliya vazirligi rahbariyatiga savol: agar volontyorlik tashkilotlarini ro'yxatdan o'tkazish shu qadar qiyin bo'lsa, volontyorlikni qanday rivojlantiramiz? «Volontyorlik», «volontyorlik tashkiloti» yoki «volontyor» (shu jumladan, kirill yozuvidagi so'zlar) kalit so'zlaridan foydalangan holda nodavlat notijorat tashkilotlari va ularning bo'linmalarining ochiq reyestrida ma'lumot izlash hech qanday natija bermadi. Bu bugungi kungacha bironta nodavlat notijorat tashkiloti volontyorlik tashkiloti sifatida ro'yxatdan o'tkazilmagan degan xavotirni kuchaytiradi. NNTlarni ro'yxatdan o'tkazish jarayoni yoshlar tashabbuskor guruhining hafsalasini pir qildirish va oxir-oqibat o'z g'oyalaridan voz kechish uchun mo'ljallangan degan taassurot uyg'otadi. Ammo, «Oltin qanot» yosh volontyorlar markazining tashabbuskorlaridan biri bo'lgan O'zbekiston Milliy universiteti «Ijtimoiy soha» yo'nalishi bo'yicha talabasi Sanatbek Muzaffarov taslim bo'lmayapti: «Ikki yil o'tgach ham bizning tashkilotimizni baribir ro'yxatdan o'tkazishmadi. Ammo biz MCHJ maqomidagi Volontyorlar akademiyasini tashkil etdik. Yaqinda biz NNTni ro'yxatdan o'tkazish uchun yigirma uchinchi marta ta'sis hujjatlarini topshirdik. Oxirgi marta hujjatlarni topshirganimda, Toshkent shahar adliya boshqarmasi xodimi meni chetga olib, to'rt-beshta tashkilotdan rozilik olganini va hanuzgacha ikki-uchta tashkilotdan javob kutayotganini aytib, boshqa bu masalada murojaat qilmasligimni so'radi. Bizga agar ushbu tashkilotlar ijobiy javob bersa va hujjatlar ekspertizadan o'tsa, bizning nodavlat notijorat tashkilotimiz ro'yxatdan o'tkazilishini aytishdi. Aks holda, tashkilotni ro'yxatdan o'tkazishning imkoni bo'lmaydi. Ammo biz taslim bo'lmaymiz va hujjat topshirishda davom etamiz». Sanatbekning ta'kidlashicha, NNTni ro'yxatdan o'tkazish to'g'risida joriy yilning 15 iyun, 19 avgust, 30 sentyabr va 16 oktyabrdagi to'rtta murojaatiga shahar adliya bo'limidan yozma javob berilmagan. So'nggi marta 9 noyabrda ular hujjat topshirishgan. Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 10 martdagi 57-sonli qarorining 19-bandiga binoan, «ro'yxatdan o'tkazuvchi organ, zarurat bo'lganda, tegishli tashkilotlarga NNTni davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ekspertizadan o'tkazish uchun yuborishga haqlidir». Bunday «eksperitizalar»ni o'tkazish huquqiga ega tashkilotlar ro'yxati oshkor qilinmaydi. Qarorga asosan bunday tashkilotlar 20 kun ichida o'z xulosalarini bildirishlari shart . Shu bilan birga, noma'lum ekspert tashkilotlarining xulosasida nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro'yxatidan o'tkazishni rad etishning maqsadga muvofiqligi to'g'risida xulosa bo'lishi mumkin va bu holda tashkilot NNTni davlat ro'yxatidan o'tkazish tartibi to'g'risidagi Низом niнг 24-bandining 2−10-abzatslarida nazarda tutilgan holatlar doirasida o'z xulosasini asoslashi shart. Biroq, «Oltin Qanot» nodavlat notijorat tashkilotini ro'yxatdan o'tkazish bo'yicha tashabbus guruhiga uchinchi tashkilotlarning ekspertizalari bilan tanishish imkoniyati berilmayapti. Taqqoslash uchun qiziqarli fakt — Olmazor tumani Davlat xizmatlari markazida «Volonterlar akademiyasi» MCHJni ro'yxatdan o'tkazish uchun atigi bir soat vaqt ketdi; tashkilot birinchi martaning o'zida ta'sis hujjatlari topshirilganda darhol ro'yxatdan o'tkazildi. «Markaz xodimining o'zi bizning ma'lumotlarimizni MCHJ ustavining tayyor shabloniga kiritdi va hech qanday hujjatlarni talab qilmadi», — deydi Sanatbek Muzaffarov. Paradoks shundaki, yoshlar ixtiyoriy ravishda ijtimoiy yo'naltirilgan va ijtimoiy manfaatli faoliyatni beg'araz faoliyat asosda amalga oshirishni xohlashlariga qaramay, ularga to'sqinlik qilinmoqda, biznes va tadbirkorlik faoliyati uchun esa barcha yo'llar ochiq. «Oltin qanot» nodavlat notijorat tashkilotini ro'yxatdan o'tkazish jarayoni nima uchun bu qadar cho'zilmoqda? «Ekspert tashkilotlari»dan biri rad etish uchun rasmiy ravishda qabul qilingan sabablarga mos bo'lmagan NNTni ro'yxatdan o'tkazishning maqsadga muvofiq emasligi to'g'risida xulosa bergan bo'lishi mumkinmi? Biz faqat taxmin qilishimiz mumkin, chunki tashabbuskor guruhga kelishishning aniq muddati to'g'risida, ro'yxatdan o'tkazuvchi organning tegishli noma'lum tashkilotlar bilan uchrashuvlari va muzokaralari protokollari to'g'risida ma'lumot berilmaydi, bu esa NNTlarni ro'yxatdan o'tkazishning butun jarayonini shaffof qilmaydi. Volontyorlar guruhining motivatsiyasi NNT ro'yxatdan o'tkazish uchun uzoq davom etgan kurashga tushib qolishi xafa qiladigan holat. Yoshlar tashabbuslarini har tomondan qo'llab-quvvatlash o'rniga shahar adliya boshqarmasi ro'yxatdan o'tkazishni qayta va qayta rad etyapti. Albatta, ushbu aniq holatga asoslanib, O'zbekistondagi barcha tashabbuskor guruhlar bunday to'siqlarga duch kelmoqda, deb aytish mumkin emas. Shunga qaramay, ro'yxatdan o'tish tizimi va tartibi hamma uchun bir xil, ammo nodavlat notijorat tashkilotlarini ro'yxatdan o'tkazishda qanday mezon asosida qaror qabul qilinishi aniq emas. Masalan, nima uchun «Inklyuziv hayot» NNT hujjatlarni o'n uchinchi marta topshirilganda ro'yxatdan o'tdiyu, ammo «Oltin qanot» NNT hanuzgacha kutilayotgan yorug'likni ko'rmayapti? Nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risidagi kodeks loyihasi Vazirlar Mahkamasiga 2020 yil 1 fevralgacha т ақдим etilishi kerak edi. Yanvar oyi oxirida Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori, O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Maslahat kengashi a'zosi, yuridik fanlari nomzodi Sayyora Xodjayeva Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan kodeksning asl nusxasi shoshilinch tarzda va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokisiz tayyorlanganligini ta'kidlagan edi . «Yevropaning ko'plab mamlakatlarida bir kishi uch kun ichida hech qanday to'siqlarsiz nodavlat notijorat tashkilotini ro'yxatdan o'tkazishi mumkin. Bizda esa ta'sischilar kamida 10 kishidan iborat bo'lishi kerak va ro'yxatdan o'tkazish jarayoni bir oy davom etadi. Yangi kodeksda biz ta'sischilar sonini kamida besh kishiga, ro'yxatdan o'tkazish muddatini esa 10 kungacha qisqartirishni taklif qildik, ammo bizni eshitishmadi » — Sayyora Xodjayeva yanvar oyida shunday degan edi . O'shanda fuqarolik faollari Adliya vazirligi tomonidan taklif qilingan nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risidagi kodeks loyihasidan nihoyatda noroziligini bildirdilar va muqobil hujjatlarini ishlab chiqishga kirishdilar. Tashabbuskor NNT vakillari ishtirokida bir nechta mustaqil guruhlar tashkil etildi. Demokratiya va inson huquqlari instituti Huquqiy muammolarni o'rganish markazi va Fuqarolik tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash markazining Farg'ona filiali bilan birgalikda NNT to'g'risidagi kodeks bo'yicha o'z versiyasini tayyorladi. Bundan tashqari, O'zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi, 50 dan ortiq o'z tashabbusi bilan faoliyat yuritadigan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari va xalqaro ekspertlar ishtirokida, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risidagi muqobil kodeks (matn o'zbek va rus tillarida) ishlab chiqildi. Kodeksning muqobil versiyalari parlamentga yuborildi. Assotsiatsiya raisi, huquqshunos Oybek Исоқо в nodavlat notijorat tashkilotlarini ro'yxatdan o'tkazish jarayoni bilan bog'liq quyidagi qoidalarni kiritishni taklif qildi. « NNTni ro'yxatdan o'tkazish hujjatlar topshirilgan kundan boshlab, xabardor etish tartibida 7 ish kuni ichida elektron shaklda amalga oshirilishi kerak. Yuridik maqomga ega va ega bo'lmagan holda NNTlar tashkil qilish huquqini berish kerak. Shu bilan birga, o'z faoliyatini yuridik maqom bilan amalga oshirmoqchi bo'lgan NNTlarni ro'yxatdan o'tkazish zarur. Kodeksning biz taklif qilgan na'munasida NNTlarni ro'yxatdan o'tkazish funksiyasini Д авлат xizmatlari agentligiga o'tkazishni taklif qildik, bunda NNTlar bir vaqtning o'zida soliq xizmati va statistika organlarida ro'yxatdan o'tishlari mumkin bo'ladi». NNTlar to'g'risidagi muqobil kodeksni ishlab chiquvchilar «hujjat matnidagi grammatik, uslubiy va boshqa texnik xatolar, shuningdek dizayndagi texnik nuqsonlar sababli ro'yxatdan o'tkazishni rad etish, ro'yxatdan o'tkazishni cho'zish yoki keyinga qoldirish»ni taqiqlashni taklif qilishmoqda. Agar ro'yxatga oluvchi organ ta'sis hujjatlarini tayyorlashda xatolar va texnik kamchiliklarni aniqlasa, unda murojaat etuvchiga ro'yxatdan o'tkazuvchi organ xodimlari yordami bilan kamchiliklarni ular aniqlangan kundan boshlab uch kun ichida bartaraf etish imkoniyati berilishi kerak. Biroq, Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkilotining ma'lumotlariga ko'ra , «nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) kodekslarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish bo'yicha va'dalar bajarilmasdan kelinmoqda». Fuqarolik faollari tomonidan tayyorlangan NNTlar bo'yicha muqobil kodekslar Adliya vazirligi va Prezident administratsiyasiga yuborildi. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy strategiyasini amalga oshirish bo'yicha «Yo'l xaritasi»da 2020 yil 1 avgustga qadar NNTlar to'g'risidagi kodeks loyihasi bo'yicha ishlar yakunlanishi ko'zda tutilgan edi . Ammo Adliya vazirligi nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risidagi kodeksning yakuniy loyihasini hali ham normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portalida e'lon qilgani yo'q. «Rivojlanish strategiyasi» markazining ijrochi direktori Eldor Tulyakov , COVID-19 pandemiyasi sababli NNTlar to'g'risidagi kodeks va Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish kechiktirilganini ma'lum qilgan edi . Agar «Oltin qanot» yoshlar markazi pandemiyadan oldin ro'yxatdan o'tkazilganida, aholining zaif qatlamlarini qo'llab-quvvatlash uchun qancha ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishi mumkin edi? Axir, tadbir yoki aksiya o'tkazish uchun rasmiy ravishda ro'yxatdan o'tgan birlashma bo'lishi kerak. NNTlarni ro'yxatdan o'tkazishdagi muammolar bilan bir qatorda, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bilan bog'liq bir qator masalalar ham hal qilinmay qolyapti. Rasmiylarning 2020 yil martigacha Toshkentda «NNTlar uyi» ochishga va'da berganiga qaramay, yil oxirigacha bu haqda hali rasmiy ma'lumot yo'q. Prezident farmoniga binoan, bunday «uylar» 2019 yilning 1 yanvariga qadar mamlakatning har bir viloyatida bo'sh va samarasiz foydalanilayotgan davlat mulki ob'ektlari negizida yaratilishi kerak edi. Jamoatchilik palatasi tuzilmasi hali shakllanmagan , u manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy ichida uning apparati to'g'risidagi nizom loyihasini ishlab chiqishi va Prezident Administratsiyasiga taqdim etishi, shuningdek, «O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoat palatasi to'g'risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqishi va Vazirlar Mahkamasiga kiritishi kerak edi. Afsuski, 2020 yil 16 aprelda Prezident farmoni imzolanganidan yetti oydan ko'proq vaqt o'tishiga qaramay, Jamoatchilik palatasini yaratish uchun hech bir harakat amalga oshirilmadi. Muallifning fikri tahririyat fikri bilan mos kelmasligi mumkin. Dilmurod Yusupov — Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya), Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti | columnist |
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) elektron nashrlarga «jiddiy huquqiy oqibatlar» to'g'risida ogohlantirishlar yubormoqda. Hozirga qadar uchta yetakchi nashrlar tashkilot rahbari Asadjon Xo'jayev imzosi bilan «mujdalar» olganini e'lon qildi. Bir OAV — Kun.uz ijtimoiy tarmoqlarda aholining elektr energiyasi va gaz ta'minotidagi uzilishlar sabab «qalb faryodlarini» chop qilgani uchun ogohlantirish oldi. Boshqa ikkitasi — «Gazeta.uz» va Podrobno.uz esa koronavirus bilan og'rigan bemorlar to'g'risidagi statistik ma'lumotlarning nomuvofiqligiga e'tibor qaratgani uchun. OAV ularning materiallari «mamlakat hukumati tomonidan ushbu yo'nalishda olib borilayotgan sa'y-harakatlarga nisbatan salbiy fikr-mulohazalar uyg'onishiga sabab bo'lishi mumkin"ligi to'g'risida ogohlantirildilar. Avvalroq, MY5 telekanalining «Ochiqchasiga gaplashamiz» ko'rsatuvi efirdan olib tashlangan , kanal esa xuddi shu AOKA tomonidan o'sha — «salbiy fikr-mulohazalar uyg'onishiga sabab bo'lishi mumkin» iborasi bilan ogohlantirish olgan edi. Ko'plab taniqli blogerlar «salbiy fikr-mulohazalar uyg'onishiga sabab bo'lishi mumkin» bo'lgan sabablarga qarshi kurashish o'rniga ommaviy axborot vositalariga «musht ko'rsatish» harakatiga e'tibor qaratdilar. Xushnudbek Xudoyberdiyev kinoyali tarzda «yurtimizda hamma joyda elektr bor, charog'onligidan xalqning ko'zi qamashyapti, har bir xonadonda gaz ham bor, lovullaganidan uddalay olmayapmiz» deb yozdi . Nikita Makarenko «yozganimiz, diydiyo qilganimiz, bir nimalar so'raganimiz» uchun uzr so'radi . Insider.uz blogi «Senzuraga yo'l qo'ymaslik va jurnalistning ishiga to'sqinlik qilmaslik to'g'risidagi qonunlar bekor qilindimi?» degan savolni o'rtaga tashladi . Nozim Safari vaziyatni «so'nggi yillar so'z erkinligi bo'yicha amalga oshirilgan islohotlarga aholi orasida ishonchni susaytirishga urinish» deb baholadi. Sobiq AOKA matbuot kotibi Hikmatilla Ubaydullayev (Po'latov) tashkilotdan o'z vaqtida ketgani uchun Xudoga shukrona keltirdi. Umuman olganda, o'zini senzurachini rolida sinab ko'rishga urinish, kutilganidek, teskari ta'sirni keltirib chiqardi. Shunisi diqqatga sazovorki, vazifasi «fuqarolarning so'z va axborot erkinligiga bo'lgan konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirilishini ta'minlash, jurnalistlarning huquqlarini himoya qilish, ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirilishini ta'minlash» bo'lgan Prezident administratsiyasi huzuridagi bu tashkilot — AOKAning harakatlari mamlakat oliy hukumatining maqsadlariga zid kelmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev O'zbekistonda jamoatchilik nazorati ustidan hech qanday bosim o'tkazmaslik, ommaviy axborot vositalari vakillarining qonuniy huquqlarini buzilishiga yo'l qo'yilmasligini aytib, ommaviy axborot vositalarini jamiyat ko'zgusiga aylantirish zarurligi to'g'risida ta'kidlagandi . Mamlakat qonun chiqaruvchi organining yuqori palatasi bo'lmish Senat rahbari Tanzila Norboyeva davlat organlari rahbarlari va xodimlari ommaviy axborot vositalari tanqidini to'g'ri qabul qilishlari va «ochiqlik va so'z erkinligini demokratik davlatning asosiy tamoyillaridan biri» sifatida tan olishlari kerakligini aytib o'tgandi. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Londonda bo'lib o'tgan OAV erkinligi bo'yicha global konferensiyada so'zga chiqib, O'zbekiston bundan buyon ham OAV erkinligi va davlat idoralarining ochiqligini ta'minlash bo'yicha ishlarni olib borishini va'da qilgandi. AOKAning sobiq rahbari va direktor o'rinbosari, hozirda OAVni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi Vasiylik kengashi rahbarlari Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyeva ham so'z erkinligi va ommaviy axborot vositalarini to'rtinchi hokimiyatga aylantirish zarurligi to'g'risida so'z yuritgan edilar. Biroq, AOKA xatlariga qaytamiz. Asadjon Xo'jayevning ta'kidlashicha, Kun.uz mamlakat hukumatini aholiga qarshi jinoyatda ayblamoqda. Rasmiy xat yozilishiga sabab bo'lgan materialda quyidagi jumla bor edi: «XXI asrda millatni gazsiz va chiroqsiz qoldirish — jinoyat, kechirib bo'lmas jinoyat!» Agentlik direktori xatda muhim holatni e'tiborsiz qoldiryapti yoki o'zini e'tiborsiz qoldirgandek tutyapti: nashr materiali ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarning yig'indisi, xolos. Jurnalistlar shunchaki ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining bayonotlarini to'plab, e'lon qilishgan va har bir bayonot ostida mualliflarni ko'rsatishgan. Yuqorida keltirilgan jinoyat haqidagi so'zlar esa asarlari mamlakat tashqarisida bir necha bor nashr etilgan taniqli yozuvchi, shoir va adabiyotshunos Ulug'bek Hamdamga tegishlidir. «Gazeta.uz» va Podrobno.uzga yuborilgan xatlarning sabablari yanada taajubliroq. Gap shundaki, har ikkala nashr Sog'liqni saqlash vazirligi va prezident matbuot xizmati tomonidan e'lon qilingan kovid bilan kasallanganlar statistikasidagi nomuvofiqlikka e'tibor qaratdi. Yana bir bor ta'kidlashga izn so'rayman: OAVni kuzatib boruvchi aholi jurnalistlarsiz ham 2123 va 6570 raqamlari o'rtasidagi farqni ko'ra oladi — xayriyatki, o'rta ta'lim majburiy bo'lib, matematika maktab o'quv dasturining fanlaridan biri bo'lib qolmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari ham avvalroq kovid bo'yicha haqiqiy va rasmiy ma'lumotlar orasidagi o'n baravar farq haqida gapirgandi. Endi «salbiy fikr-mulohazalar uyg'onishi» haqida. Salbiy fikrlarni ijtimoiy muammolar keltirib chiqaradi: korrupsiya, urug'-aymoqchilik, tovar va xizmatlarni normal narxlarda sotib olishga to'sqinlik qilayotgan monopoliyalar, qiynoqlar , hokimlarning haqoratlari va qonuniyliki ta'minlashga mas'ul idoralarning bu haqoratlarga ko'z yumishlari, qimmatbaho mashinalar sotib olishlar , hali qish boshlanishmasdan turib energetika inqirozi, oddiy qor tufayli poytaxtda transport tizimining izdan chiqishi… Muammolarni hal qilish qiyinroq, ular haqida gapiradiganlarning «og'zini yopish» osonroq va tezroq bo'ladigan yumushday tuyuladi. Biroq bir narsani nazardan qochirishmoqda — butun aholining og'zini yopish imkonsiz, undan tashqari mamlakatni ham avvalgidek «temir devor» ortida saqlab ham bo'lmaydi. «O'zbekiston endi ochiq, endi ilgarigi kabi yopilish mumkin emas. Biz endi chegaralarni yopmaymiz, internetni ham o'chirmaymiz», — degan edi prezident ikki oy oldin. Undan tashqari, Konstitutsiyaga murojaat qilsak, O'zbekiston demokratik davlat bo'lib, unda «har kim fikrlash, so'z va e'tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o'zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir». Bu davlatda «ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Senzuraga yo'l qo'yilmaydi». Yuqoridagi gaplarda qo'shtirnoq belgisi istehzo emas, balki mamlakat Asosiy Qonuni matnidan so'zma-so'z iqtibos olinganligini ko'rsatmoqda. Demokratiyaning asosiy tamoyillaridan biri — bu fikrlarning xilma-xilligidir. Jamiyat a'zolari bir xil «ijobiy fikr»ga ega bo'lishga majbur emaslar. Hamma bir xil fikrlashi talab qilinadigan jamiyatlar yoki muvaffaqiyatsizlikka uchrashi muqarrar, yoki sivilizatsiya yutuqlaridan bebahra qolishga majbur — bunga misollarni uzoqdan izlashning keragi yo'q. Adabiyotda antiutopiya deb ataladigan qiziq janr bor. Masalan, Oruellning «1984», Bredberining «Farengeyt bo'yicha 451 daraja» yoki aka-uka Strugatskiylarning «Kimsali orol» asarlari shu yo'nalishda yozilgan. AOKA rahbariyatiga shunday asarlarni tavsiya qilishga ijozat bergaysiz. Antutopiya mualliflari badiiy uslublar orqali ogohlantiradilar: fikrlar bostiriladigan jamiyatlar yuzaki qaraganda farovon tuyulsa-da, ichida juda zaif va mo'rt bo'ladilar. Bunday jamiyatlarda muammolar haqida gapirilmaydi, ular ichkariga yashiringan va shunga yarasha hal qilinmaydi. Vaqtida hal qilinmagan muammolar esa qor uyumi kabi tobora yangi muammolarni keltirib chiqaradi, natijada davlatning o'zi xavf ostida qoladi. Ommaviy axborot vositalari esa mana shu muhim vazifani bajaradi — muammolar tahdidli darajada kattalashib ketmasidan oldin ular haqida ogohlantirib, hal qilishga yordam beradi. Jamiyat jiddiy qabul qilmaydigan va kinoyali tarzda «Susambil» deb ataydigan (o'zbek xalq ertaklarida jabrdiyda hayvonlar uchun jannat shunday deb atalardi) OAVlar bunday vazifani bajara olmaydi. Biz yaqin o'tmishda bir qismi bo'lgan davlatda ham OAVlar xuddi shunday zabonsiz edilar. Ma'lumki, bu davlat tarix qa'rida yo'q bo'lib ketdi. Umid qilamanki, biz mustaqil O'zbekistonimiz uchun ham shunday taqdirni ravo ko'rmaymiz. P. S. Maqola yozilganidan keyin Daryo.uz va ayrim xususiy telekanallar ham AOKAdan ogohlantirish xatlari olgani ma'lum bo'ldi. Keyingi navbat endi ijtimoiy tarmoqlarda akkaunti bor har bir fuqarogadir. Kim bilsin … Muallifning fikri tahririyatning fikri bilan mos kelmasligi mumkin. | columnist |
Roppa-rosa bir yil muqaddam — 3 dekabr, Xalqaro nogironlar kunida nega nogironligi bo'lgan shaxslar uchun bizning mamlakatimizda munosib ish topish qiyin degan savolni o'rtaga tashlagan edik. BMTning o'tgan yilgi O'zbekistondagi tadqiqotlari natijalari nogironlarning ish topish imkoni qariyb to'rt baravar kam ekanligini ko'rsatdi . 16−59 va 16−54 yoshdagi nogiron erkaklarning faqat 7,1% mos ravishda 2019 yilda ish bilan ta'minlangan edi. Shu bilan birga, qishloq joylarida nogironlarning atigi 5,8 foizi ish bilan ta'minlangan. Nogironligi bo'lgan ayollarning ahvoli erkaklarnikiga qaraganda ancha yomonroq: 8,9% erkaklar ish bilan ta'minlangan bir vaqtda atigi 4,4% ayollar ishga joylashtirilgan. Nogironlarni ish bilan ta'minlashning asosiy to'siqlaridan biri — Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (TMEK) tomonidan berilgan nogironlik to'g'risidagi guvohnomadagi «mehnatga yaroqsiz», «nogiron» yoki «maxsus yaratilgan sharoitlarda mehnatga yaroqli» deb yozilgan к амситuвчи xulosalaridir . Bunday yozuvlar BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konvensiyasining 27-moddasiga ziddir, unda davlatlar nogironlarning boshqalar bilan teng ravishda ishlash huquqlarini tan olishga majburliklari ko'rsatilgan. O'zbekistonda 630 mingdan ziyod nogironlar rasmiy ravishda ro'yxatdan o'tkazilgan. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ma'lumotlariga ko'ra, ularning 25 foizdan ko'prog'i yoki 162,2 ming kishi «muayyan turdagi mehnat faoliyati bilan shug'ullanishga layoqatli» deb topilgan. Davlat soliq qo'mitasining jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig'i bo'yicha soliq to'lovchining identifikatsion raqamini (STIR) taqqoslash yo'li bilan olingan ma'lumotlari shuni ko'rsatdiki, 162,2 ming «mehnatga layoqatli deb tan olinganligi» nogironlardan 21,1 ming kishi rasmiy ravishda ish bilan ta'minlangan — bu ro'yxatga olingan mehnatga layoqatli yoshdagi barcha nogironlarning atigi 6 foizini tashkil etadi. Vazirlik tomonidan e'lon qilingan statistika TMEKning uzoq muddatli va byurokratik jarayonidan o'tib, nogironlik guruhini olgan shaxslar to'g'risidagi ma'muriy ma'lumotlariga asoslanadi. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra , dunyo aholisining 15 foizdan ortig'ida turli hil nogironlik holatlari bo'lib va ularning 80 foizi rivojlanayotgan mamlakatlarda yashayotganligini hisobga olsak, O'zbekistondagi mavjud nogironlik statistikasi haqiqatga to'g'ri kelmaydi, chunki aksariyat bolalar va kattalar hali nogironlikni rasmiylashtirmagan va o'z vaqtida TMEK nazoratidan turmagan. «Vazirlik tomonidan e'lon qilingan 162,2 ming kishiga qaraganda mehnatga layoqatli nogironlar ancha ko'p. К ўпgiна nogironlar, agar ular uchun qulay mehnat sharoitlari yaratilsa, ish bilan ta'minlanishi mumkin. Nogironlarni ish bilan ta'minlash va ularning tizimli monitoringini olib borish, shuningdek ularning mehnat huquqlarini himoya qilish va qo'llab-quvvatlash uchun ularni alohida nazoratga olish zarur», — deydi O'zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov . Nogironlar qobiliyatiga nisbatan tibbiy-mehnat ekspert komissiyasiyalarining va umuman jamiyatning noto'g'ri shakllangan qarashi ularni «mehnatga layoqatsiz» va «yaroqsiz» qiladi. Boshqacha qilib aytganda, muammo ularning tana funksiyalari cheklanishida emas, balki munosabat va infratuzilmaviy to'siqlarda — ish beruvchilar tomonidan ochiq kamsitishlari va ular uchun ish o'rinlarining mavjud emasligida. «Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida"gi Qonunning 25-moddasi kamida 20 kishi ishlaydigan davlat muassasalari va xususiy korxonalarni nogironlar uchun ish joylarining kamida 3 foizini zaxiralashga majbur qiladi. Bunday kvota 2021 yil 15 yanvardan keyin kuchga kiradigan «Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida"gi yangi qonunning 43-moddasida ham nazarda tutilgan. Biroq, nogironlar uchun mavjud bo'lgan 3 foizli ish o'rinlari kvotasi ancha vaqt oldin kvota bajarilishini nazorat qilishning aniq mexanizmi mavjud emasligi sabab o'z samarasizligini ko'rsatib bo'lgan. Sog'liqni saqlash vazirligi huzurida 2018 yil mart oyida tashkil topgan Nogironlarni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi kvotaga rioya qilmaganlik uchun jarimalarni nazorat qilishi va undirishi kerak edi , ammo bu ish qanday amalga oshirilayotgani hanuzgacha aniq emas. Nogironlarni ish bilan ta'minlash uchun 3 foizli kvota asosida yaratilgan bo'sh ish o'rinlarining alohida elektron reyestri mavjud emas, bu esa bajarilmasligi uchun ma'muriy javobgarlik ko'zda tutilgan ushbu majburiy kvotaning bajarilishini nazorat qilishni murakkablashtiradi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining vakansiyalar bo'yicha milliy ma'lumotlari bazasida «Kvota bo'yicha ish joylari» deb nomlangan bo'lim ishlab chiqish jarayonida. Inklyuziv ish bilan ta'minlashni rag'batlantirish uchun bir qator imtiyozlar va preferensiyalar mavjud bo'lsada, ko'plab ish beruvchilar ular haqida yaxshi bilishmaydi. Masalan, Soliq kodeksining 337-moddasida ish bilan band bo'lgan nogironlarning har bir foizi uchun yuridik shaxslar uchun soliq stavkasini kvota normasidan 3 foizdan ortiq 1 foizga pasaytirish ko'zda tutilgan . Bundan tashqari, 2018 yil 1 avgustdan boshlab mehnat shartnomasi bo'yicha ishlaydigan xodimlarning kamida 30% nogironlar, qaramog'ida 16 yoshga yetmagan shaxslar yoki nogironligi mavjud bolalar bo'lgan yolg'iz shaxslar, shuningdek, aholining boshqa zaif guruhlari bo'lgan tadbirkorlik sub'ektlari uchun alohida imtiyozlar mavjud . BMT Taraqqiyot dasturining ish beruvchilar bilan suhbatlariga asoslangan tadqiqoti shuni ko'rsatdiki, suhbat o'tkazilgan barcha ish beruvchilarning 10 foizdan kamrog'i bunday imkoniyatlardan xabardor bo'lgan . Nogironlarni ishga qabul qilishda beriladigan imtiyozlar va preferensiyalar to'g'risida yetarlicha ma'lumotga ega emasligimiz 2018 yil 11 iyundagi 3782-son Prezident farmoniga muvofiq Savdo-sanoat palatasi va boshqa manfaatdor NNT, shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining yetarli darajada tushuntirish ishlarini olib bormagani sababli bo'lishi mumkin. Ochiq mehnat bozorida nogironlar uchun ish joylarini moslash, ayniqsa, kichik va o'rta biznes uchun qo'shimcha xarajatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Oqilona qulayliklar yaratish va ish joyini ularning ehtiyojlari/talablariga moslashtirish ish beruvchi tomonidan to'lanadi, bu esa ularning ishga joylashishiga yana bir to'siq bo'lishi mumkin. Shu munosabat bilan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ish beruvchilarga jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay jismoniy muhit yaratish uchun subsidiyalar ajratishni , shuningdek, 12 oy ichida 3 foizli kvotadan ortiq qabul qilingan nogironlarning ish haqiga subsidiyalar ajratishni ko'rib chiqishga tayyorligini e'lon qildi . Nogironlar ishga joylashish bilan bog'liq muammolardan tashqari, ta'lim olish va kasbiy tayyorgarlikda ham to'siqlarga duch kelishmoqda. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ma'lumotlariga ko'ra , faqat mehnatga layoqatli deb tan olingan nogironlarning 9200 nafari oliy ma'lumotga ega va ularning 25275 nafari maxsus o'rta ma'lumotga ega. Qolganlari umuman ma'lumotga ega emas yoki faqat o'rta ma'lumotli. Joriy yilning iyul oyida vazirlik nogironlarni o'qitish uchun vazirlik tizimiga o'tgan 30 ta kasb-hunar ta'limi muassasalarini kapital ta'mirlash va qayta jihozlash istagini bildirdi . 2021−2025 yillarda ushbu o'quv markazlarida nogironligi bo'lgan 1000 kishini kasbga tayyorlash va qayta tayyorlashni rejalashtirmoqda. Yaqinda e'lon qilingan maslahat varag'ida Xalqaro Mehnat Tashkiloti ko'pgina nogironlar pandemiyadan oldin ham mehnat bozorida sezilarli chetlatish va kamsitishlarga duch kelganligini ta'kidladi. Mamlakatdagi umumiy ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning yomonlashishi ularni yanada katta qiyinchiliklarga ro'baro' qilishi mumkin. Kuchli karantin choralari ham ularga qo'shimcha qiyinchiliklar tug'dirdi . Rasmiy sektorning mavjud to'siqlari nogironlarni soyali bandlikka o'tishga majbur qilmoqda. Bundan tashqari, I va II guruh nogironligi bo'lgan shaxslar ijtimoiy nafaqa olishi sababli, odatda, ishga joylashganda nogironlik nafaqalarini yo'qotishdan qo'rqishadi. Natijada, ko'plab nogironlar «mehnatga layoqatsiz» yorlig'ini qabul qilishadi va norasmiy sektorda ishlashni afzal ko'rishadi, masalan, norasmiy ravishda poytaxtdagi avtoturargohlarda mashinalarni joylashtiruvchilar sifatida ishlaydigan eshitish qobiliyati cheklanganlar kabi. Xalqaro mehnat tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra , COVID-19 pandemiyasi sharoitida nogironlarning norasmiy sektorda ish bilan ta'minlanishi virusni yuqtirish xavfini sezilarli darajada oshiradi va ularni sog'lig'i va moliyaviy ahvolini nisbatan zaifroq qiladi . Prezidentning 2019 yil 23 avgustdagi PQ-4423-sonli qarorida nogironlarni ish bilan ta'minlaydigan nogironlar jamoat birlashmalari korxonalarini rag'batlantirish bo'yicha bir qator chora-tadbirlar ko'zda tutilgan. Bunday choralar qatoriga «davlat buyurtmachilariga O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ishlovchilari umumiy sonining kamida 50 foizi nogironligi bo'lgan shaxslardan iborat va nogironligi bo'lgan shaxslar mehnatiga haq to'lash fondi umumiy mehnatga haq to'lash fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan yagona ishtirokchisi nogironligi bo'lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslarning tovarlari (ishlari, xizmatlari)ni xarid qilish uchun kvotalar taqdim etadi». Nogironlar jamoat birlashmalari tomonidan 2019 yil 27 noyabrda O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan kvotalar ro'yxati. Nogironlar birlashmalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni davlat xaridlari to'g'risidagi qonunchilikni amalga oshirish pandemiya paytida ularni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlashning yaxshi chorasi bo'lib, ularning ish bilan ta'minlanishiga yordam beradigan samarali mexanizm bo'lib xizmat qilishi mumkin. Biroq, bunday korxonalar o'z mahsulotlarini sotishda qiyinchiliklarga duch kelishdi. Respublika nogironlar jamiyati qoshidagi «Abdujabbor Servis turlari» sho''ba korxonasi I guruh nogironi Jabborqul Eshnazarov tomonidan davlat tomonidan ajratilgan imtiyozli kredit evaziga tashkil etildi. Besh nogiron ishchining mehnatidan foydalangan holda, ushbu korxona idish-tovoq yuvadigan suyuqliklar, oyna tozalalovchi vositalar, suyuq sovun, yuvinish geli, shampunlar, kir yuvish kukuni va boshqa gigiyena vositalari ishlab chiqaradi. I guruh nogironi Jabborqul Eshnazarov pandemiya paytida o'zining «Abdujabbor Servis turlari» korxonasi mahsulotlarini sotolmadi. «Muammo shundaki, Moliya vazirligi nogironlarning jamoat birlashmalari uchun kvotalar belgilab berdi, biroq noma'lum sabablarga ko'ra davlat tashkilotlari bizning korxonalarimiz bilan shartnoma tuzmayapti. Nogironlar jamiyatining sho''ba korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar pandemiya paytida juda zarur — bu yuvish vositalari. Ammo negadir bizning davlatimiz Xitoyda ishlab chiqarilgan shu kabi tovarlarni sotib olishni afzal ko'radi», — deydi Oybek Isoqov . Shu yilning oktyabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda mashhur «Sirojiddin Media» YouTube kanalida «Nima uchun ko'zi ojizlar rahbarlardan norozi» nomli видеорепорtaж ҳавола qilindi. Videoda Toshkentdagi Ko'zi ojizlar jamiyati qoshidagi «yotka» o'quv-ishlab chiqarish korxonasidagi ko'zi ojiz ishchilar juda past ish haqi va ishsizlikdan shikoyat qilmoqdalar. Ma'lum bo'lishicha, paxta sanoati uchun cho'tkalar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan ustaxonadagi og'ir qo'l mehnati uchun ular 435000 so'm maosh oladilar. Videoda ishchilardan birining ta'kidlashicha, hatto shu arzimagan ish haqini ham ular shu yilning mart oyidan beri olmayaptilar. Korxonaning ko'zi ojiz xodimlari ilgari korxona direktori 5 milliard so'mlik imtiyozli kredit jalb qilganiga qaramay, ularning cho'tka ishlab chiqaruvchi zavodi nihoyatda achinarli ahvolda ekanligini aytmoqda . Bundan tashqari, bu yil Ko'zi ojizlar jamiyati korxonasi gazlangan ichimliklar ishlab chiqarish uchun yana 14 milliard so'm miqdorida kredit oldi. Korxona xodimlarining so'zlariga ko'ra, ushbu kreditlarning barchasi dastlab O'zbekiston Ko'zi ojizlar jamiyati a'zolari uchun ish o'rinlari yaratish maqsadida jalb qilingan. Shunga qaramay, videoreportajdan ko'rinib turibdiki, olingan kreditlar ko'rish qobiliyati cheklangan insonlar manfaati uchun ishlatilmayapti. Ko'rishda nogironligi bo'lgan ishsizlar bir necha bor prokuratura, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga yozma shikoyat bilan murojaat qilishgan. Bunga javoban yuqorida tilga olingan tashkilotlar ularga nogironlik nafaqasi borligi va ular mehnatga layoqatsiz eknaliklarini ta'kidlashmoqda. Ammo bolalikdan nogironlik nafaqasi bilan oyiga 513 350 so'm miqdorida qanday kun ko'rish mumkin? Ma'lum bo'lishicha, nogironligi bo'lmagan Rossiyalik sarmoyador Xayrullo Qayumjonov 5 milliard so'mlik imtiyozli kreditni O'zbekiston Ko'zi ojizlar jamiyati balansiga jalb qildi va 2019 yil may oyidan boshlab Turk-Xitoy texnologiyalari asosida ayollar ustki kiyimlarini ishlab chiqarishni yo'lga qo'ydi. «O'zbekiston 24» telekanali jurnalist Gulchexra Mirzayevaning ushbu yangi ishlab chiqarish korxonasi to'g'risidagi видеорепорtaжиni намoyish etdi, to'quv sexida 90 kishi ish bilan ta'minlanganligi, shulardan 70 nafari nogironlar ekanligi haqida xabar berdi. Qizig'i shundaki, yangi to'qish sexida nogironligi bo'lmagan ishchilar 2 million so'mga yaqin maosh oladilar. Xodimlardan birining so'zlariga ko'ra, sexda jami 35 nafar ishchi ishlaydi. Videoblogerning cho'tka sexidagi ko'zi ojiz ishchilar juda kam ish haqi olishlari haqidagi fikriga u qisqa javob berdi: «Axir, ular davlatdan nafaqa (tahrir — nogironligi uchun) oladi va bu ularning xarajatlarini qoplaydi. Bu ular uchun qo'shimcha ish. Ular aslida nogironlar va agar bilsangiz nazoratda turadilar. Ular baribir sog'lom odamlar kabi ishlay olmaydilar va to'liq maosh ololmaydilar». Yangi to'quv sexining bir necha ko'zi ojiz ishchilari ayollar kiyimlarini qadoqlash bo'limida ishlaydi va 840 ming so'm maosh oladi. 14 milliard so'mlik yangi kredit, haqiqatda, Ko'zi ojizlar jamiyati tomonidan gazlangan ichimliklar ishlab chiqarish uchun olingan. O'sha rossiyalik sarmoyador ushbu korxonada 115 ta yangi ish o'rni yaratilishini va'da qildi, shundan 80% nogironlar uchun . Bunday inqirozli vaziyatda davlatimiz fuqarolik jamiyati vakillari bilan ijtimoiy sherikchilikda qanday choralar ko'rishi mumkin? Nogironlar pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy zarbasi ta'siriga eng ko'p uchraydigan bir paytda, ularni inklyuziv ish bilan ta'minlash va zarur moliyaviy yordam ko'rsatishda tezkor choralar ko'rish zarur. Birinchi navbatda, nogironlarni ish bilan ta'minlash sohasidagi milliy qonunchilikni bajarilishini ish joylarining minimal sonini zaxiralashni monitoring qilish, nogironlar jamoat birlashmalari bilan birgalikda inklyuziv ish bilan ta'minlashning imtiyozlari va afzalliklari to'g'risida keng axborot kampaniyasini o'tkazish orqali ta'minlash zarur. Ikkinchidan, mavjud ijtimoiy nogironlik nafaqalarini minimal turmush darajasiga tenglashtirish uchun oshirish kerak. TMEK tomonidan nogironlik to'g'risidagi guvohnomada kamsituvchi yozuv nogironlarning ishlash qobiliyatini hisobga olgan holda qayta ko'rib chiqilishi kerak. Ko'p hollarda nogironlar «temir daftar»ga va aholining ijtimoiy zaif guruhlarining boshqa ro'yxatlariga kiritilmaydi, chunki ular nogironlik bo'yicha nafaqa oladi va mahalla qo'mitalari vakillari va boshqa mansabdor shaxslar nazdida «mehnatga layoqatsiz» hisoblanadilar. Aslida esa nogironlar norasmiy sektorda o'z-o'zini ish bilan ta'minlashi mumkin va ularning mehnati ko'pincha davlat tomonidan himoya qilinmaydi. Shu sababli, pandemiya va ikki karantin davrida daromadlari kamaygan o'z-o'zini band qilgan nogironlarga moddiy tovon puli berish zarur. Shuningdek, bandlikka ko'maklashish dasturlari nogironligi bo'lgan qizlar va ayollarni qamrab gender jihatlarini ham inobatga olish kerak. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin. Dilmurod Yusupov — Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya), Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti | columnist |
Bir yil oldin, men mulk huquqlarini himoya qilishning zaifligi muammosi va aktivlarning potensial hajmi yoki aktivlarni past narxlarda muomaladan chiqarish haqida maqola tayyorlagandim. Ammo biz hozirgi kunga qadar eng aniq vaziyatlarda ushbu muammoga to'qnash kelishda davom etmoqdamiz. Bu barcha tomondan iqtisodiy rivojlanish va mamlakatning raqobatbardoshligini oshirishning eng muhim elementlaridan biri sifatida tan olingan xususiylashtirishni jadallashtirish va mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirish zarurligi to'g'risidagi doimiy muhokamalar fonida ro'y berayotgani ayniqsa ayanchlidir. Shunday sharoitda prezident farmoni darajasidagi bu kabi normativ-huquqiy hujjatlar chiqarilib, ular chet ellik investorlar qo'rqadigan asosiy xatarlarni tug'diradi: ularning investitsiyalari xavfsizlikdami? Ularning mol-mulki olib qo'yilmaydimi? Ular biznesdan «siqib chiqarilmaydimi»? Pochta aloqasini rivojlantirish to'g'risidagi hujjat, shubhasiz, muhim ahamiyatga ega va muhim maqsadlarni belgilaydi va albatta, ularni amalga oshirish uchun qo'shimcha mablag' kerak. Aynan ushbu mablag'ni jalb qilish usuli savollar tug'diradi. Davlat rahbarining 2020 yil 19 maydagi «Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda Adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmonida 2020 yil 1 iyuldan boshlab, xo'jalik boshqaruvi organlari vakolatiga kiradigan masalalarni va korporativ munosabatlar qonunosti hujjatlarini qabul qilish yoki ma'muriy usullar orqali tartibga solinishi taqiqlanishi aytilgan. «Ma'muriy aralashuv» bo'lmasa, kompaniyaga mablag' kirituvchi kompaniyalarning aniq ro'yxati ko'rsatilishini nima deb atash mumkin? Pochta aloqasini rivojlantirish bo'yicha muhokama qilinayotgan hujjatda yettita davlat banki va «O'zbektelekom» AKdan 100 milliard so'm mablag' jalb qilinishi taxmin qilinmoqda. Shuningdek, 2020−2024 yillarda davlat ulushi bo'yicha dividendlar ham kompaniyada kapitallashtiriladi. Shunday qilib, «O'zbekiston pochtasi» AJning o'zi shundoq ham ko'p bo'lmagan investorlarning nominal bo'yicha hozirgi taxminan 14,12% ulushi yoki 2,2 mlrd so'm 100 mlrd investitsiya kiritilganidan so'ng 2%ga tushadi. Keyingi kapitalizatsiya bilan esa dividendlar yanada kamroq bo'ladi. Holbuki, ushbu kompaniyalarning hammasi, xuddi «O'zbekiston pochtasi»ning o'zi kabi, aksiyadorlik jamiyatlari bo'lib, davlatdan tashqari (O'zmilliybank va AK «Xalqbank» dan tashqari) uchinchi tomon aksiyadorlariga ega. Ularning investitsiya bo'yicha qarorlari «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida"gi qonun bilan tartibga solinadi. Ko'plab savollar tug'iladi: minoritar aksiyadorlarga kompaniyadagi ulushlarini saqlab qolishlariga imkon beriladimi? Aksiyalar qay yo'l bilan — nominal yoki bozor bahosi bo'yicha mustaqil baholash xulosasi bilan baholanadi (menimcha, faqat Markaziy pochta aloqasi binosi kompaniya kapitalining katta qismiga to'g'ri keladi, u 30 milliard so'mdan kamroq baholanmoqda, butun mamlakat bo'ylab esa yuzlab filiallari mavjud)? Dividendlarni kapitalizatsiya qilish bilan boshqa akiyadorlarga ham shunday imkoniyat beriladimi yoki kapitalizatsiya faqat davlat ulushida amalga oshiriladimi? Va, eng muhimi, ushbu bitimga o'zaro bog'liq manfaatdor tomonlar bilan tuzilgan bitim sifatida qaraladimi, ya'ni, investitsiyalar va ushbu yangi aksiyadorlarni jalb qilish bo'yicha ovoz berishda davlat ulushi bo'yicha ovozlar hisobga olinadimi? O'ylashimizcha, qarorni minoritar aksiyadorlar qabul qilishi kerak, chunki aynan ularning manfaatlari xavf ostida. Davlat ular rad qila olmaydigan foydali taklif berishi yoki minoritar aksiyadorlarning ulushini real bozor narxida sotib olib, pochtani 100 foiz davlat kompaniyasiga aylantirishi lozim. Axir shu qarorning o'zini minoritar aksiyadorlarni asabiylashtirmaydigan to'g'riroq so'zlar bilan qabul qilish mumkin edi. Masalan, Davlat mulkini boshqarish agentligiga ustav kapitalini ko'paytirishni ko'rib chiqish, aksiyadorlarga biznes-reja va yo'l xaritasini taqdim etish, ularga o'xshash sharoitlarda sarmoya kiritishni va o'z aksiyalarini saqlab qolishni taklif qilish, mahalliy birja brokerlarini jalb qilgan holda fond birjasida aksiyalar IPO sini (birlamchi joylashtirish) o'tkazish va boshqalarni tavsiya etish va h.k. Aynan shu xatarlar va mahalliy hamda xorijiy minoritar investorlarning huquqlarini inobatga olmaslikning doimiy misollari mamlakatning investitsiya jozibadorligiga sezilarli darajada ta'sir qiladi. Xalqaro amaliyotda bu kabi holatni tasavvur qilish qiyin. Bundan tashqari, aksariyat mamlakatlarda minoritar aksiyadorlarni himoya qilishning qo'shimcha usullaridan foydalaniladi, masalan, minoritar aksiyadorlarga bozorda yoki undan yuqori narxda majburiy taklif, tag-along right huquqi (yirik aksiyadorning kapital operatsiyalarini faqat minoritar aksiyadorlar bilan birgalikda amalga oshirish majburiyati) va boshqalar. Hujjat Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bilan bozorni tartibga soluvchi organ sifatida, Moliya vazirligi bilan aksariyat banklarning aksiyadori sifatida, banklarga muntazam ravishda profillanmagan aktivlardan xalos bo'lishni tavsiya qiladigan Markaziy bank bilan kelishilganmi yoki yo'qmi bilmayman. Shubhasiz, har bir tashkilot boshqasidan ajralgan holda ish olib boradigan vaziyatda mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish bo'yicha aniq strategiyani amalga oshirish imkonsiz. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin. | columnist |
Biz davlat korxonalarini xususiylashtirish zarurligini ko'p bora ta'kidlaymiz, chunki ular samarasiz, jamiyat uchun juda qimmatga tushadi va iqtisodiy o'sishga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Ishonchim komilki, aksariyat xususiylashtirishni amalga oshirish zarur degan fikrga qo'shilishadi, ammo menimcha, xususiylashtirishni qanday amalga oshirish kerakligi masalasi jamiyatda yetarlicha muhokama qilinmayapti. Sirtdan qaraganda, hammasi juda oddiy tuyuladi: biz adolatli kim oshdi savdosini uyushtiramiz, u yerga ko'plab ishtirokchilarni taklif qilamiz va davlat mulkini hech qanday investitsiya majburiyatlari va talablarisiz eng yuqori narxni taklif qilganga sotamiz. Ammo haqiqat shundaki, xaridor va sotuvchi o'rtasidagi ma'lumot almashuvining notekisligi tufayli bunday kim oshdi savdosi kutilgan natijani bermasligi mumkin. Keling, Siz, aziz o'quvchimiz, juda halol odamsiz va siz davlat aktivlarini xususiylashtirish uchun javobgar etib tayinlandingiz deb faraz qilaylik. Siz hatto dunyodagi eng halol va tarbiyali odam bo'lishingizga qaramay, qanday muammolarga duch kelishingiz mumkinligini tasvirlab beraman. Deylik, zavod sotib olmoqchi bo'lgan uch nafar potensial xaridor bor: Anvar, Botir va Vali. Anvar zavodni 1 million dollarga, Botir 100 ming dollarga, Vali esa 300 ming dollarga baholamoqda. Nima uchun uch xil turli raqam? Chunki har bir tadbirkor korxonaning kelajakdagi daromadini turlicha hisoblaydi va, ehtimol, Anvar boshqa xaridorlar bilmagan qandaydir ma'lumotga ega va potensial foydani ancha yuqori baholaydi. Xaridor Anvar bo'lishi kerakligi tushunarli — axir, boshqalardan ko'proq to'lashga tayyor va bunday mulk egasi mulkini ko'proq qadrlashi va ob'ektdan samaraliroq foydalanishi aniq. Ammo muammo shundaki, siz, hurmatli davlat mulkining sotuvchisi, ushbu korxonani kim qancha qiymatga baholayotganligini bilmaysiz. Agar siz fikrlarni o'qiy olganingizda edi, Anvarga ob'ektni 999999 dollarga sotgan bo'lar edingiz va hamma xursand bo'lar edi. Ammo Sizning halol odam ekanligingiz, lekin bashoratchi emasligingizni taxmin qilganimiz sababli, Siz kim oshdi savdosini tashkil qilasiz. To'g'ri, Anvar va Vali o'zaro kelishishadi va «adolatli» kim oshdi savdosi natijasida ob'ekt 100 ming va 1 dollarga sotiladi. Chunki Anvar Valiga rad qilishi juda qiyin bo'lgan taklif beradi. Vali o'zining 300 minglik narxini aytmasligi uchun Anvar Valiga deyarli 200 ming dollar taklif qilishi mumkin. Va natijada, Valining «sukuti uchun» ular davlatning 200 ming «olinmagan» daromadini bo'lishadilar. Anvar va Vali uchun halol raqobatlashishdan ko'ra, kelishuvga erishish ancha foydali — ochiq kim oshdi savdosining rag'batlari shunaqa. Bu o'ylab topilgan ssenariy tez-tez amaliyotda uchrab turadi — hatto rivojlangan kapital va investitsiya bozori bo'lgan juda rivojlangan mamlakatlarda ham. Masalan, 1990 yillarning oxirida Kommunikatsiyalar bo'yicha AQSH Federal Komissiyasi (FCC) kim oshdi savdosida radiochastotalarni va 2G tarmoqlarini sotganida, ishtirokchilar o'z takliflarida shifrlargan xabarlar bilan almashishgan. Endi, Anvar va Vali o'zaro til biriktirmasligi uchun siz kim oshdi savdosini maxfiy qilasiz deylik: potensial xaridorlar bir-birlari haqida bilishmaydi va maxfiy konvertda narx belgilaydilar, eng baland narx bergan kishi ob'ektni oladi. Bu vaziyatda xaridorlar kelisha olmaydilar (biz hali ham o'quvchimizni halol tashkilotchi deb bilamiz). Ammo pand yeyishimiz mumkin bo'lgan bir holat bor: kim oshdi savdosi maxfiy ekanligini bilgan xaridorlar xato taxmin qilishlari mumkin. Anvar hech kim bu zavodni qanday qilib muvaffaqiyatli qilishni bilmaydi deb o'ylashi mumkin va 250 ming taklif qiladi, Vali, masalan, 290 ming taklif qiladi. Shunday qilib, zavodga Vali egalik qiladi. Ehtimol — agar omadi kelsa — xariddan so'ng Vali uni Anvarga sotadi. Natijada, davlat aniq kamroq pul oladi va yuqori ehtimol bilan eng samarali foydalanuvchi ob'ektni ololmaydi. Gap shundaki, «maxfiy konvert usuli» garchi ishtirokchilarning til biriktirishiga yo'l qo'ymasa ham, ularni «fol ko'rish»ga majbur qiladi. Ko'rinib turibdiki, siz, o'quvchilarning eng haloli, katta ehtimol bilan, yaxshi natijaga erisha olmaysiz. Xo'sh, nima uchun davlat mulkи нинг halol sotuvchisi bu muammoni hal qila olmaydi? Chunki xaridorlarning mahsulot (bizning holatimizda, zavod) haqidagi bilimlari va ma'lumotlari va ularning taklif etayotgan narxlari shaxsiy ma'lumotdir. Xaridor ushbu ma'lumotni siz bilan bo'lishishida afzallik ko'rmaydi. Umuman olganda, kim oshdi savdolarida sotuvchi fikrlarni o'qiy olmasligi sababli muammolardan qutilib bo'lmaydi. Ammo, baxtimizga, iqtisodiyot fani axborot assimetriyasi va kim oshdi savdosida sotuvchilar va xaridorlar o'rtasidagi stimullar tafovuti muammosini deyarli hal qildi. Xaridorlarning ma'lum bir ob'ektni qanchaga baholashi to'g'risidagi haqiqatni aytmasligida o'z manfaati bor. Axir, agar Anvar ob'ektni millionga baholayman desa, unda u kamroq foyda oladi. Iqtisodchilar ishtirokchilarni ob'ektning haqiqiy qiymatini oshkor qilishga «majburlaydigan» bir nechta mexanizmlarni ishlab chiqishgan. Ya'ni, kim oshdi savdosining barcha xaridorlarni haqiqatni aytishga undovchi aqlli dizaynlari o'ylab topilgan. Masalan, « ikkinchi narx kim oshdi savdosi » ( video ) deb nomlangan auksionlarda xaridorlar maxfiy konvertda ob'ekt uchun to'lamoqchi bo'lgan narxni ko'rsatishlari talab qilinadi va eng yuqori miqdorni taklif qilgan ob'ektni oladi va e'tibor qiling (!), uning eng yaqin ta'qibchisi taklif qilgan narxni to'laydi. Bunday kim oshdi savdosida xaridor berishni istagan haqiqiy narxni tushirishning hojati yo'q, chunki g'alaba qozongan taqdirda ham Anvar bir million to'lamaydi, u ikkinchi eng yuqori narx — 300 mingni to'laydi. Ammo ikkinchi narx kim oshdi savdosining asosiy xususiyati shundaki, ishtirokchilarning hech biri narxni pasaytirishida foyda ko'rmaydi. Ushbu turdagi kim oshdi savdosining yana bir afzalligi shundaki, hatto oz miqdordagi moliyaviy manbaga ega xaridorlar ham bunday auksionda qatnashishdan xursand bo'ladilar. Chunki ular katta miqdordagi manbaga ega bo'lgan ishtirokchilar konvertdagi taxminiy miqdorni ataylab pasaytirishsa ham, unda unchalik katta bo'lmagan summani taklif qilgan ishtirokchi ham g'olib chiqishi mumkinligini bilishadi. Bizning misolimizda, agar Anvar va Vali, masalan, kamroq to'lashga umid qilib, har biri 90 mingdan taklif qilsalar, 100 ming taklif qiladigan Botir 90 mingga ob'ektni olishi mumkin. Bunday kim oshdi savdosida katta miqdorda opportunistlar ishtirok etib, o'zlarining haqiqiy narxlarini taklif qilishadi va bunday xaridorlarga yutqazishdan qo'rqqan yirik xaridorlar konvertga real narxni yozishga majbur bo'lishadi. Gipotetik kim oshdi savdosi haqida yozganimda, bu real voqealardan yiroqdek tuyulishi mumkin. Ammo jamiyat uchun yaxshi kim oshdi savdosi va yomon kim oshdi savdosi o'rtasida juda katta farq bor. Masalan, Buyuk Britaniya mobil aloqa uchun litsenziyalarni sotayotgan paytda, kim oshdi savdosini dizayni bilan taniqli auksion nazariyachisi Pol Klemperer shug'ullangan. Va Britaniya hukumati deyarli 39 milliard yevro yoki kishi boshiga 650 yevro foyda oldi. Shveysariyada esa hukumat kim oshdi savdolari dizayni haqida bosh qotirmadi va radiochastotalarni sotishda kishi boshiga atigi 20 yevrodan undirildi. Ushbu muvaffaqiyatli kim oshdi savdolari tashkilotchilari Pol Klemperer va Ken Binmor o'zlarining maqolalarida ushbu tajriba va undan olingan xulosalar bilan bo'lishadilar. Ularning xulosalarini o'qigach, to'g'ri dizayn va jamoat foydasini maksimallashtirishda kim oshdi savdosi nazariyasining qanchalik ahamiyatli ekanini tushunish mumkin. Bundan tashqari, bizning jamiyatimiz uchun to'g'ri va adolatli kim oshdi savdosi orqali davlat aktivlarini sotish Buyuk Britaniyadagidan ham muhimroqdir. Bizda nohaq xususiylashtirishning ko'plab holatlari va xususiy mulkning institutsional kafolatlarining zaifligi tajribasi mavjud. Shuning uchun, agar kim oshdi savdolarimiz puxta o'ylanmagan bo'lsa, birinchi navbatda, o'zini hurmat qiluvchi va huquqiy sohada ishlovchi investorlarni qiziqtirmasligi mumkin. Bu esa ob'ektni unchalik samarali bo'lmagan mulk egalari qo'lga kiritishiga olib kelishi mumkin. Ikkinchidan, agar jamiyat xususiylashtirish adolatli bo'lmagan deb hisoblasa, hatto yangi mulk egasi ham ob'ektga yetarlicha mablag' sarflamaydi, chunki zaif institutlar bilan har doim xususiylashtirishni bekor qilish xavfi va boshqa oqibatlar mavjud. Ya'ni, kim oshdi savdosining dizayni faqat davlatning sotishdan tushadigan mablag'larini maksimal darajada oshirish yoki ob'ektni eng yaxshi mulk egasiga berish uchun emas, balki shubhali shartnomalarda ishtirok etmaydigan kompaniyalar va investorlarni jalb qilish uchun ham muhimdir. Albatta, to'g'ri kim oshdi savdosi jamiyatni davlat mulkining yangi egalari uni adolatli qabul qilganligini ko'rsatib beradi, bu oxir-oqibat yangi mulk egalariga davlat mulkiga o'zini boyitish uchun vaqtinchalik ob'ekt sifatida emas, balki uzoq muddatli investitsiya sifatida qabul qilishlari uchun yaxshi rag'bat bo'ladi. Ushbu maqoladan xulosa shuki, kim oshdi savdosi davlat mulkini sotishning eng yaxshi usuli bo'lsada, to'g'ri va noto'g'ri dizayn o'rtasida juda katta farq bor. Auksionning to'g'ri dizayni xaridorlarni haqiqiy narxni «ochish»ga majbur qilishi va davlat mulkini eng samarali mulk egasiga taqsimlanishiga yordam berishi mumkin. Yaxshi ishlab chiqilgan kim oshdi savdosining samaradorli va adolatli bo'lishiga qaramay, ushbu bozorning aksariyat qatnashchilari ularni yoqtirmaydilar. Mamlakatimizda davlat mulkini «go'zallik tanlovi» ga o'xshaydigan tanlovda sotish odat tusiga kirgan — unda mansabdor shaxslar mulkni sotish va o'tkazish, uning egasi kim bo'lishi to'g'risida sub'ektiv tarzda qaror qabul qilishadi. Shuningdek, qur'a tashlash yo'li bilan, investitsiya majburiyatlari va hattoki ish o'rinlarini yaratish talablari asosida ham sotuvlar ommabop hisoblanadi. Ushbu usullarning barchasi hatto eng yaxshi yaxshi bo'lmagan odatdagi ingliz kim oshdi savdosidan ham yomonroqdir. Xo'sh, nega bozor ishtirokchilari kim oshdi savdosini yoqtirmaydilar? Agar biz yaxshi kim oshdi savdosini o'tkaza olsak, u holda xaridorlar, ya'ni kim oshdi savdosi ishtirokchilari uchun auksionlar foydali bo'lmaydi, chunki ular xususiylashtirishning boshqa usulidagidan ko'ra ko'proq pul to'lashlari kerak. Masalan, Shveysariyadagi radiochastota xaridorlari, Buyuk Britaniyada chastotalarni sotib olganlarga qaraganda o'zlarini ancha yaxshiroq his qilgan bo'lishsa kerak. Xuddi shu narsa mulk sotadigan mansabdor shaxslar uchun ham amal qiladi: agar mol-mulk yaxshi ishlab chiqilgan dizayn orqali sotilsa, u holda ularda korrupsiya sxemalari uchun imkoniyatlar juda kam bo'ladi. Shu sababli, davlat mulkini sotadiganlar ham, sotib oluvchilar ham, afsuski, kim oshdi savdosidan voz kechish yoki «to'g'ri» kim oshdi savdolaridan voz kechish uchun bir xil stimulga ega bo'lishlari mumkin. Odil, halol va eng muhimi, to'g'ri kim oshdi savdosidan yagona foyda oluvchilar byudjet va soliq to'lovchilardir . Maqbul kim oshdi savdosining batafsil tavsifi uchun siz Nobel mukofoti egalari Mayerson , Maskin , Xurvits va bu yilgi ikki nafar Nobel mukofoti sovrindori — Milgorm va Uilsonlarning ( maqola rus tilida ) ishlarini o'qishingiz mumkin. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin. Behzod Hoshimov — iqtisodchi, Medisondagi (AQSH) Viskonsin universiteti biznes-maktabining doktoranti. 2016 yil may oyidan buyon Vaynart tadbirkorlik markazida tadqiqotchi bo'lib ishlaydi. Viskonsin universitetining iqtisodiyot magistri va Nanyang texnologik universitetining (Singapur) matematika bakalavri darajasiga ega. | columnist |
Joriy yilda Jizzax viloyati hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi tomonidan umumiy qiymati 290 mlrd so'mdan ortiq bo'lgan yirik davlat buyurtmalarini asoschilari hokimning sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo'jalik masalalari bo'yicha o'rinbosari Akram Baxritdinovich Rahmonqulovga aloqador bo'lgan kompaniyalar qo'lga kiritgan bo'lishi mumkin. Buning tasdig'i davlat xaridlari portalida aks etgan . Ushbu holatga bloger Davletov.uz e'tibor qaratdi. Manba: Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestri, davlat xaridlari veb-saytlari. «Gazeta.uz» hisob-kitoblariga ko'ra, Qurilish Ta'minoti 82,5 mlrd so'mlik davlat xaridlarini qo'lga kiritgan. Quyidagi lotdagi loyihalarda keltirilgan miqdorlar ba'zan buyurtmachi va pudratchi o'rtasidagi shartnomada ko'rsatilgan summadan farq qilishi mumkin. Shuning uchun buyurtmalarning umumiy miqdori biroz farq qilishi mumkin, chunki ayrim yakuniy shartnomalar davlat xaridlari saytidan o'chirib tashlangan. Qurilish Ta'minoti 2000 yilda ro'yxatdan o'tkazilgan, uning yagona ta'sischisi Shuhratjon Akramovich Baxriddinov (taxminanlarga ko'ra, Akram Rahmonqulovning o'g'li) hisoblanadi. U, shuningdek, 2018 yildan beri ofis va do'kon mebellarini ishlab chiqarish bilan shug'ullanuvchi Zenatkor Fabrika Mebellari (100%) xususiy korxonasi va 1997 yildan buyon noturar binolarni qurish bilan shug'ullanuvchi Kamol XKning (100%) asoschisi hisoblanadi. Hokimiyat saytidagi ma'lumотлар ga ko'ra, viloyat hokimi o'rinbosari Akram Rahmonqulov Kamol XK direktori o'rinbosari va direktori (1998−2010 yy.) sifatida ishlagan. U shuningdek, «Yagona buyurtmachi xizmati» IKning (2010−2012 yy.) direktori, Jizzax viloyati davlat arxitektura-qurilish inspeksiyasi boshlig'i (2012−2016 yy.), viloyat hokimi o'rinbosari (2016−2017 yy.), Jizzax shahar hokimi (2017−2018 yy.) vazifasida ishlagan va shundan so'ng viloyat hokimi o'rinbosari lavozimiga qaytgan. J-Quruvchi J-Quruvchi kompaniya 1998 yil iyul oyida noturar binolar qurilishi bilan shug'ullanuvchi sifatida ro'yxatdan o'tgan, u qariyb 146 mlrd so'mlik davlat buyurtmalarini qo'lga kiritgan. Akbar Baxriddinovich Rahmonkulov (taxminlarga ko'ra, hokim o'rinbosari qarindoshi) kompaniyaning yagona ta'sischisi, rahbari — Alisher Rahmonqulov hisoblanadi. Bundan tashqari, Akbar Rahmonqulov 2002 yildan buyon beton buyumlari qurilishi bilan shug'ullanadigan Zenatkor Temir Beton Buyumlari kompaniyasi ulushiga ega (100%), rahbari — Adham Rahmonqulov, shuningdek, 2019 yildan beri danakli mevalar va kungaboqar yetishtirish bilan shug'ullanuvchi Qo'nish Bobo Maxsus Bog'lari`da ham o'z ulushiga ega (100%), rahbari — Dilfuza Ummatova. O'z navbatida, Alisher Rahmonqulov Jizzax Savdo Lyuks (noturar-joy binolarni ijaraga olish va boshqarish) kompaniyasi va Ravon Yo'l Invest (toshni kesish, qayta ishlash va bezash) ta'sischisi hisoblanadi. Abduvohid Qurilish Ta'mir (noturar binolarni qurish) kompaniyasi 2015 yilning avgust oyida ro'yxatdan o'tgan. U 63,1 mlrd so'mlik davlat buyurtmalarini qo'lga kiritgan. Uning yagona ta'sischisi sifatida Ixtiyor Baxtiyorovich Toshpulatov qayd etilgan. Davletov.uz ma'lumotlariga qaraganda, u Rahmonqulov bilan ona tomondan qarindosh bo'lishi mumkin. Bundan tashqari, J-Quruvchi va Abduvohid Qurilish Ta'mir harbiy qismning transport parki binosini rekonstruksiya qilish bo'yicha 21,3 mlrd so'mlik tender da birgalikda ishtirok etgan. Akram Rahmonqulov tender komissiyasi raisi bo'lgan. Jizzax viloyati hokimligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, «hokimiyat tender komissiyasi ishiga aralashmaydi». Tahririyat Akram Rahmonqulovning shaxsan o'zi bilan bog'lana olmadi. «Gazeta.uz» shuningdek, KTYADR ro'yxatida keltirilgan kompaniyalarga ham qo'ng'iroq qilib tusha olmadi. Avvalroq, «Gazeta.uz» noyabrda Jizzax shahri ko'chalarini ko'rkamlashtirish bo'yicha 1,9 mlrd so'mlik davlat buyurtmasini My Flower MCHJ yutgani haqida yozgan edi. Mazkur kompaniya viloyat hokimining Ergash Soliyevning qizi — Soliyeva Nargiza Ergashevnaga tegishli. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Jizzax viloyatida ta'sischilari orasida viloyat hokimining qizi ham bo'lgan kompaniya ko'chalarni ko'kalamzorlashtirish bo'yicha ikkita tanlovda g'olib chiqqani bilan bog'liq holatni o'rganishini ma'lum qilgan edi. Bundan tashqari, Andijon viloyatida «Yagona buyurtmachi xizmati» IK rahbariga taalluqli kompaniya 20 mlrd so'mlik davlat buyurtmalarini qabul qilgan. | columnist |
Amerikaning Ogayo shtatida «Kuaxoga vodiysi» milliy bog'i joylashgan. U yerda bir temir yo'li bor. Bu temir izlar ustida eski bir teplovoz vagonlarini ergashtirgancha harakatlanadi. Arzonginaga chipta sotib olish va unda sayr qilish mumkin. Buning nimasi ajablanarli, deb o'ylayotgandirsiz? Xuddi shu poyezd davlatga tegishli emas. U tijoriy ham emas. Shunchaki, bir guruh ishtiyoqmandlar bir yerga to'planadi va bog'da poyezd harakatini yo'lga qo'yamiz, degan qarorga kelishadi. Ular nodavlat notijorat tashkilotni (NTT) ro'yxatdan o'tkazib, pul to'plashadi, teplovoz va vagonlarni ta'mirdan chiqarishadi va dam olish kunlari o'zlari mashinist, chiptachi va strelkachi bo'lib ishlash uchun bu yerga kelishadi. Umuman olganda, AQSHda odamlar har qanday sabab bilan notijorat tashkilotlar, kengashlar, klublar, harakatlarga uyusha oladilar. Aslida, shu narsaga fuqarolik jamiyati deyiladi — uyingiz ostonasidan tashqarida bo'lgan narsalar uchun javobgarlikni o'z zimmangizga olish. Bizda hammasi ham bunday emas. Odamlarimiz nimanidir tekinga qilib berishni yaxshi ko'rishmaydi. Vaziyat 1945 yilda bombalangandan keyingi Drezdendagi kabi go'yoki. Fuqarolik jamiyatining buruqsayotgan xarobalari oralab yerto'lalardan hadiksiragan faollar qo'rqqanicha chiqib kelmoqda. Va ularga nafaqat qo'l uzatishmaydi, balki aksincha, ortga qaytib kirib ketishlari uchun tayoqlar bilan ur - kaltak ham qilishadi. Men nimani nazarda tutmoqdaman? Eng oddiy narsalardan boshlashga urinib ko'ring - da. O'zbekistonda notijorat tashkilotini ro'yxatdan o'tkazing. AQSHda buning uchun taxminan bir kun vaqtingiz ketadi — kengashni to'playsiz, bayonnomani imzolaysiz va uni mahalliy hokimiyatga pochta orqali jo'natib yuborasiz. Yevropada — uch kun. O'zbekistonda esa — hatto urinib ham ko'rmang. NNT ochishga vaqt sarflashdan ahmoqona g'oya bo'lmasa kerak. Siz mushuksevarlar jamiyati, shahar bog'i do'stlarini to'plash yoki vetnam tili ishqibozlari klubini ochishni xohlamasligingiz uchun. Unuting. Men ro'yxatdan o'tkazishlarini 11 yil kutgan bir NNTni bilaman. Biladiganlarning aytishicha, hozirda buning uchun o'rtacha besh oydan abadiyatga qadar shug'ullanish mumkin. Arizangiz ko'rib chiqiladi va ortga qaytariladi, keyin bu yana juda ko'p marta sodir bo'ladi. Davlat notijoriy faoliyat bilan shug'ullanishni xohlayotgan har kimga juda shubha bilay qaraydi: «Aqlli odamlar faqat pul uchun ishlaydi, lekin bu qayoqqa qarab ketayapti? Josus, bildingizmi». Va qandaydir bahonalar bilan rad etishadi. Har doim ham bunday bo'lmagan. 2005 yilgacha odamlar qo'rqmasdan uyusha olar edi. Hozir qachonlardir shunday imkoniyat bo'lganiga ishonish ham qiyin. Toshkent markazida, O'zA binosining xuddi o'zida ishqibozlar tomonidan tashkil etilgan rok klubi bor edi. Mening o'zim ham shanba kunlari yig'ilib, qiziqarli bema'ni ishlar bilan shug'ullanadigan mutlaqo beayb fleshmob ishqibozlari jamiyatining a'zosi edim. Ularga nima bo'ldi? MXX hammani qo'rqitdi va ortga qaytishga majbur qildi. «Rangli inqilobga tayyorgarlik ko'rishayapti». Ayollar klublari, forumlar, enkaunter o'yinlar. Bittama - bitta aylanib, hammasini yo'q qilishdi. Chet elliklarni shunchaki chiqarib yuborishdi va ularning tashkilotlarini yopib tashlashdi. Buruqsayotgan Drezden qoldi. Nima uchun? Hech kim sababini to'g'ridan - to'g'ri tilga olmadi, biroq rasmiy tashviqot quloqlarga shivirlab turdi: «NNTlar "maydon" qilishmoqchi»". Bu siyosiy konsepsiya fuqarolik jamiyatining qabrtoshidagi yozuvga aylandi. Hokimiyat chet elliklarning ichki siyosatga notijorat tashkilotlari orqali ta'sir ko'rsatishidan qo'rqar edi. Biroq sallaga qo'shib kallani ham olishdi. Xavf - xatarlarni bittama - bitta yo'q qilish o'rniga (bunisi yanayam og'irroq - da chunki), shunchaki hammasini yopib yuborishdi. Bunday qilish bizda odat tusiga kirgan. Afsuski, bu konsepsiya 2020 yilda ham o'z hukmini o'qimoqda. «Maydon paranoyyasi» hali ham yashagandan - yashamoqda. 1 fevral kuni Vazirlar Mahkamasiga NNT to'g'risidagi yangi Kodeks taqdim etilishi kutilmoqda. Mutaxassislar uning loyihasi bilan tanishib chiqishdi : unda hech qanday yaxshi narsa yo'q . NNTni ro'yxatga olish, uni yuritish, nazorati, huquqbuzarliklar uchun javobgarlik - bularning barchasi juda murakkab va byurokratlashtirilgan. Hech narsa radikal ravishda soddalashtirilmagan. Birorta ham aqli raso faol buning uchun o'z vaqtini sarflashni xohlamaydi. Va bunga majbur ham emas. Jamiyat uchun kuyib - yonib yashaydigan odamga nima kerak o'zi? Masalan, men hayvonot bog'i do'stlari klubini ochishni xohlayman. Men hujjatlarni va kengash tarkibini tegishli idoraga onlayn yoki ko'rsatilgan manzilga pochta orqali jo'natib yuboraman. Biz bank hisob raqamini ochamiz, xayriya mablag'larini to'playmiz va jonivorlarga yordam ko'rsatamiz. Tamom! Tekshirishni xohlaysizmi? Keling, tekshiring. Lekin boshqa hech qanday boshog'riqlar kerak emas. Ertaga nima bo'lishi - hammasi hukumatning qaroriga bog'liq. Lekin hozirgi ko'rinishdagi Kodeks, bu - fuqarolik jamiyatini rivojlantirish haqida emas. Bu «maydon paranoyasi» tuxumlarini ekish, sug'orish va o'g'itlashdan boshqa narsa emas. Faollar va entuziastlar shusiz ham juda kamchilikni tashkil etadi. Ular noyob, kamyob va eksklyuziv bo'lishadi. Ularni asrash, g'amxo'rlik qilish va qadrlash kerak. Davlat ularning oldiga borib NNT ochishni taklif qilishi, qo'lidan tutib, yordam ko'rsatishi lozim. Chunki faollar davlatga uning ishlarini qilishga yordamlashadi. «Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bugungi kunda aholini o'ylantirayotgan muammolarga davlat idoralari e'tiborini qaratib, o'zlarining asoslangan takliflarini berib borishlari maqsadga muvofiq bo'ladi», - dedi prezident Shavkat Mirziyoyev 25 yanvar kuni Oliy Majlisga murojaatida. Ajoyib! Shuning uchun, keling, NNT va fuqarolik jamiyati institutlarini yaratishni boshlashlari uchun odamlarga erkinlik beraylik. Biz odamlar javobgarlikni o'z zimmalariga olishlarini xohlaymiz. Ammo shu bilan birga, ular javobgarlikni o'z zimmalariga olishlaridan qo'rqamiz. Paradoks. Shunday ekan, keling, avtobusni qaysi tomonga tortqilash kerakligini oldindan aniqlab olaylik — ortga, avtobus saroyigami yoki oldinga? Keling, kim jamiyatga ko'proq zarar yetkazishini o'ylab ko'raylik. Hozirda mavjud bo'lmagan va, ehtimol, qayernidir «maydon»ga aylantirishi mumkin bo'lgan xayoliy tashkilotlarmi? Yoki jamiyatga bugunning o'zidayoq rivojlanishga yo'l bermayotgan «g'ildirakka tiqilgan tayoqmi?» Tayoqlarni olib tashlaylik va oldinga intilaylik. | columnist |
Yanvarda bo'lib o'tgan ta'lim sifati masalalariga bag'ishlangan matbuot anjumanida so'zga chiqqan Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig'i Ulug'bek Toshkentboyev davlat buyurtmasi tizimi bilan darsliklar sifatini oshirib bo'lmasligini ta'kidlagan edi . Darsliklar sifati to'g'risida avval ham ko'p gapirilgan: ulardagi faktlarning ilmiy nuqtai nazaridan eskirgani , ma'lumotlarning bir-biriga zid kelishi , ayni holatni tasniflashga qarama-qarshi yondashuvlar, nazariya va amaliyot o'rtasidagi aloqaning mavjud emasligi , ayrim darsliklar bo'yicha o'qituvchi uchun metodik ko'rsatmalarning yo'qligi pedagoglarning darslikni tushunmay qolishiga olib kelayotgani qayd etilgan. Bu muammo hattoki Senatda ham muhokama qilindi . «Darsliklarni birgalikda takomillashtiramiz» tanlovi e'lon qilindi va uning shartlaridan biri darsliklardagi xatolar ro'yxatini tuzish edi. Ushbu tanlov g'oliblari Xalq ta'limi vazirligi (XTV) tomonidan taqdirlandi ham. Xuddi shunday vaziyatni xorijdagi yirik darsliklar noshirlari bilan sodir bo'lishini tasavvur qilib ko'raylik. Siz qachondir, deylik, Rossiya Maorif vazirligi Federal ro'yxati ga kiritilgan darsliklardagi xatolarni topish bo'yicha tanlov e'lon qilgani haqida eshitganmisiz? Yoki maktablar uchun ham darsliklar va qo'llanmalar chop etuvchi Kembrij universiteti nashriyoti o'z nashrlarida eng ko'p xatolarni topgan kishilarni taqdirlaganini? Katta ehtimol bilan yo'q. Balki, chindan ham, bizda darsliklarni yaratish mexanizmining o'zida sifatga to'sqinlik qiladigan nimalardir bordir? Bizga XTV huzuridagi Respublika ta'lim markazidan (RTM) javob berishdi (xat nusxasi tahririyat ixtiyorida mavjud). Unga ko'ra, darslik va o'quv-metodik qo'llanmalarni nashr qilish jarayoni bir qancha hujjatlar asosida tartibga solinadi. Jumladan: 548- sonli VMQga ilovada keltirilishicha, «o'quv adabiyotlarini ishlab chiqish uchun mualliflar tarkibi tanlov asosida tanlab olish yo'li bilan aniqlanadi, xorijiy tillar bo'yicha darsliklar va o'quv-metodik qo'llanmalar bundan mustasno». Tanlov to'g'risidagi e'lon OAVda chop etilishi hamda tanlovda eng kamida uchta nomzod ishtirok etishi lozim. Avvaliga tanlab olish yo'li bilan mualliflar jamoalari tanlab olinadi, so'ngra mazkur tanlov g'oliblari o'rtasida darslikni yozishga tanlov o'tkaziladi . RTMdan bizga tushuntirish berilishicha, birinchi bosqichda mualliflar jamoalariga darslik konsepsiyasini taqdim etish va bo'lg'usi darslikdagi bir bo'limning namunaviy matnini ishlab chiqish uchun 30 kun, ikkinchi bosqichda esa tanlov g'oliblariga darslik qo'lyozmasini yaratishga 120 kun vaqt beriladi. XTV saytidan darsliklarni ishlab chiqish bo'yicha tanlov haqidagi ma'lumotlarni topishning iloji bo'lmadi. Anonimlik saqlanishini xohlagan XTV vakili muallif bilan shaxsiy suhbatda oxirgi marta bu kabi tanlov qachon o'tkazilgani, qaysi darslikni yaratish uchun va qancha muallif (mualliflar jamoalari) o'zaro raqobatlashgani haqidagi savollarga javob berar ekan, bu tanlov 2015 yilda o'tkazilganini esladi, biroq boshqa tafsilotlarni aniqlashtira olmadi. Biz XTV portaliga joylashtirilgan darsliklarning elektron nusxalariga nazar tashlab, ularning qaysilari 2015 yilda yangilangan bo'lishi mumkinligini tushunishga harakat qildik. Ta'lim o'zbek tilida olib boriladigan maktablarning birinchi sinf uchun darsliklari asosan qayta nashr qilingan — to'rtinchidan o'n yettinchi nashrgacha. Ayrim mualliflarning familiyalari to'rtburchak rom ichiga olingan bo'lib, bu ularning vafot etganini anglatadi. Darsliklarning vafot etganlar nomidan qayta yozilayotgani va qayta chop etilayotgani haqida Senatning sobiq raisi ham gapirib o'tgan edi. Boshqa tillardagi (rus, qoraqalpoq va boshqalar) darsliklar, ona tili, o'qish va ikkinchi til darsliklarini hisobga olmaganda, odatda o'zbek tilidan tarjima qilinadi. Boshqa tillardagi asl (tarjima qilinmagan) darsliklar orasida eng «yangilari» tojik, qirg'iz va qozoq maktablari uchun «Alifbe» bo'lib chiqdi va ularning barchasi besh martadan qayta nashr qilingan. Boshqa sinflar darsliklari ham asosan avvalgi darsliklarning qayta nashr qilingan nusxalaridir. 2017 yilda 11 yillik maktab ta'limiga qaytilganidan keyin 10−11-sinflar uchun darsliklar, XTV vakili bo'lgan suhbatdoshimizning so'zlariga ko'ra, Vazirlar Mahkamasining 803-soni farmoyishi (hujjat matnini ochiq manbalardan topishning imkoni bo'lmadi) asosida tanlov e'lon qilinmagan holda ishlab chiqilgan. 2017 yilda «Adolat» gazetasiga intervyu bergan o'sha vaqtdagi XTV bosh boshqarmasi boshlig'i Dilshod Kenjayev ham ushbu farmoyishni tilga olib, 10−11-sinflar darsliklarini yozish uchun mualliflar jamoalari tasdiqlangani haqida to'xtalgan, biroq u Vazirlar Mahkamasining 548-sonli qarori ko'zda tutilgan jarayonlarga amal qilinganmi-yo'q, bunga aniqlik kiritmagan. Demak, Vazirlar Mahkamasining 548-sonli qarorida tasdiqlangan jarayonlarga har doim ham amal qilinmaydi yoki tanlab-tanlab amal qilinadi , shundaymi? RTMda ishlagan va vaziyatdan bevosita xabardor bo'lgan boshqa bir suhbatdoshimiz so'nggi vaqtlarda darslik yoki o'quv qo'llanmalarini yozish uchun mualliflarni tavsiya qilish bilan RTM metodistlari va bo'lim boshliqlari shug'ullanayotganini ma'lum qildi. U holda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan jarayonlarga qanday qilib rioya etiladi, degan savolimizga javob berarkan, suhbatdoshimiz XTV Vazirlar Mahkamasiga amaldagi tartiblarni bekor qilish to'g'risida taklif bilan chiqqanini aytdi, biroq o'rniga qanday yangi tartib taklif qilinayotganini aniq ayta olmadi. Maktab darsliklari va o'quv qo'llanmalari uchun mualliflarni tanlash mas'uliyati RTM va/yoki XTV xodimlari zimmasida qolayotgan bo'lsa, ushbu vazifaga ob'ektiv va puxta yondashilishini kafolatlaydigan mexanizmlar ham ishlab chiqilganmi? Bunday holatda bo'lg'usi darsliklarning sifati tor doiradagi shaxslarning sub'ektiv fikrlariga bog'liq bo'lib qolmaydimi? Chet tillari bo'yicha darsliklar masalasida ham qiziqarli holat mavjud. Xuddi o'sha 548-sonli Vazirlar Mahkamasi qarorida bu kabi dasrliklar uchun mualliflar guruhi Xorijiy tillarni o'rganishni rivojlantirish bo'yicha muvofiqlashtiruvchi kengash (prezidentning 2019 yil 9 dekabrdagi 4546-sonli qarori bilan 2020 yil 1 yanvardan tugatildi ) tomonidan tasdiqlanishi lozimligi ko'rsatilgan. O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organi hisoblanardi . Mazkur OTM huzurida esa Innovatsion metodikalarni rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazi faoliyat ko'rsatadi va ushbu markaz xodimlari, o'z navbatida, «Kids' English» i «Teens' English» kabi yangi ingliz tili darsliklari muallifi hisoblanadi. Vazirlar Mahkamasining 548-soni qarorida keltirib o'tilgan tanlov asosida tanlab olish mexanizmida, nazdimizcha, bir qator kamchiliklar mavjud, ularning eng asosiylaridan biri — ekspertlar tomonidan qo'lyozmalarni shaffof baholash imkoniyatining mavjud emasligi . Mazkur maqola muallifi bir o'quv qo'llanmasi qo'lyozmasi muhokamasiga guvoh bo'lgan edi. O'shanda ekspertlar kamchiliklarni ko'rsatib o'tar ekan, o'z fikrlarini hech narsa bilan asoslashmagan, na nazariyalarga va na tajriba yoki aprobatsiya natijalarini keltirishgan, balki shunchaki «bu yomon, chunki men shunday deb hisoblayman» qabilida yo'l tutishgan edi. Bir paytlar tanlov jarayoni orqali o'tgan darslik mualliflaridan birining aytishicha, uning darsligini chop etishning yozilmagan shartlaridan biri uni yozishda qatnashmagan muayyan odamlarni mualliflar ro'yxatiga kiritish bo'lgan ekan. Biroq bu mexanizm hech bo'lmaganda tashqaridagi odamlarga tanlovda ishtirok etish imkonini bergan. Mualliflar kimlardir tomonidan shunchaki tanlanganida esa, iqtidorli metodist, amaldorga notanish bo'lsa va kerakli odamlar bilan shaxsan tanish bo'lmasa, katta ehtimol bilan, mualliflar ro'yxatiga kirmaydi. Shunday qilib, mualliflar tayinlandi va ular ishga kirishdi. Ular hech qanday raqobatchilari yo'qligini bilishadi — mazkur sinf uchun mazkur darslikni faqatgina ular yozishadi. Ular darslik yakunda nashr qilinishini ham bilishadi. Agarda buyurtmachi darslikni sifatsiz deb topsa va uni qabul qilmaslikka qaror qilsa, u istasa-istamasa boshqa darslikka buyurtma berishga ulgura olmaydi. O'quv yili kutib turmaydi, qaysi amaldor maktablar darsliklar bilan o'z vaqtida ta'minlanmagani uchun «kaltak yeyish»ni xohlardi? Mana shunday yopiq zanjir paydo bo'ladi. Londonda men o'qigan universitet kampusi ortida ulkan kitob do'koni bor edi, uning ikkinchi qavati to'liq o'quv adabiyotlariga ajratilgan edi. Bu yerda muayyan bir fan bo'yicha bir qancha darsliklarni topish mumkin. Yevropaning boshqa mamlakatlari, masalan, Skandinaviya davlatlari, Italiya, Estoniyada bo'lgani kabi Angliyada ham «grif» — ta'lim jarayonida muayyan bir darslikdan foydalanish uchun ta'lim vazirligidan ruxsat olish yoki tasdiqlatish talab qilinmaydi. Qaysi darslikdan foydalanib saboq berish tanlovi oxirgi foydalanuvchi — maktablarning ushbu darslik bilan ishlaydigan pedagogik jamoalari ixtiyorida. O'qituvchining o'zi u yoki bu darslikning ta'lim standartlarida ko'rsatilgan maqsadlarga erishishida yordam bera olishi, o'z sinfining ehtiyojlari va shaxsiy qarashlaridan kelib chiqqan holda qaysi darslik bilan ishlash bo'yicha qaror chiqaradi. Mana shu — mijoz uchun kurashdir. Aynan shu narsa nashriyotlarni sifat uchun ishlashga majbur qiladi. Umuman olganda, tadqiqotchilar darsliklarning nashr etilishiga turlicha yondashadigan mamlakatlarni bir nechta turlarga ajratadilar . Ulardan biri — ta'lim vazirligi jarayonga mutlaqo aralashmaydigan davlatlar : nashriyotchilar darsliklarni ishlab chiqishadi va o'qituvchilar qaysi darslik o'zlariga ma'qul kelishini tanlashadi. Darslikdan o'quv jarayonida foydalanish uchun vazirlikning roziligi talab qilinmaydi. Biz yuqorida bunday davlatlarga misollar keltirdik. Boshqa bir tur — bu vazirliklar darslik yaratish jarayoniga aralashmaydigan, ammo ekspertizadan o'tkazadigan va ulardan foydalanish mumkinligi to'g'risida xulosa chiqaradigan mamlakatlardir. Xuddi shu har bir fan bo'yicha turli xil mualliflar va nashriyotlarning darsliklari turli xil bo'lishi mumkin va tanlov yana foydalanuvchi — ta'lim muassasi o'qituvchisi (pedagogik jamoasi) ixtiyorida qoladi. Rossiya, Ukraina, Qozog'iston, ba'zi Yevropa va ko'plab Osiyo mamlakatlari ushbu tamoyil asosida ishlaydi. Uchinchi tur — bu bitta fan bo'yicha faqat bitta darslikka ruxsat beriladigan va odatda vazirliklar ishlab chiqish (nashr etish) jarayonida faol ishtirok etadigan yoki boshqaradigan davlatlardir. Ya'ni, oxirgi foydalanuvchilar uchun tanlov amaldorlar tomonidan amalga oshiriladi. Amaldorlarning foydalanuvchi uchun tanlovni amalga oshirishi, umuman olganda, bu — eng yaxshi tanlov emas. Osiyo mamlakatlarida darsliklarni ishlab chiqish va nashr etish siyosatini o'rgangan Endi Smart va Shanti Jagannat ta'kidlaganidek , juda kam sonli davlatlargina yuqori sifatli darsliklarni o'quv adabiyotlariga ixtisoslashgan kuchli tijoriy nashriyotlarsiz ishlab chiqarishga muvaffaq bo'lgan. Hozirgi vaziyatimizdan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, biz bu «ozchilik» mamlakatlar qatoriga kirmasligimiz aniq. Biz maktablarni darsliklar bilan ta'minlashning amaldagi tizimi tarafdorlarining asosiy dalillaridan biri bu «ijtimoiy himoya» ekanligini allaqachon yozgan edik . Aytishlaricha, ijara narxlarining arzonligi ta'limning asosiy tarkibiy qismlaridan biri bo'lgan darsliklardan barchaning teng foydalanishini ta'minlar emish. Biroq biz bu bilan barchaning sifatsiz ta'limdan teng foydalanishini ta'minlab qo'ymayapmizmi? Pulli ta'lim xizmatlari — turli xildagi kurslar va repetitorlik xizmatlariga bo'lgan talabning yuqori ekani buni tasdiqlamayaptimi? Xalqaro tashkilotlar o'tkazgan tadqiqotlarning ayanchli natijalariga bir nazar tashlang: boshlang'ich maktablardagi bolalarning yarmidan kamrog'i o'qigan matnlarini tushunadi , o'quvchilarning yarmigina olgan bilimlarini amaliyotga tatbiq eta oladi . Hozirgi darsliklar asosan kelgusida maktab o'quvchisiga kerak bo'lmaydigan axborotlarni eslab qolish va takrorlashga qaratilgan va XXI asr ko'nikmalari : axborotlarni izlash, tahlil qilish va baholash, jamoada ishlash, muloqot qilish, yuklatilgan vazifaga ijodiy yondashish kabilarni rivojlantira olmaydi. O'zbekiston Ta'lim sektori tahlilida qayd etilishicha, mustaqil fikrlash hamda o'z intellektual va ijodiy salohiyatini ro'yobga chiqarishga qodir yoshlarni tarbiyalash maqsadida ta'limda kompetensiyaviy yondashuvga o'tish uchun darsliklarni yangilash talab qilinadi. Xuddi shu vazifa — darsliklar va o'quv adabiyotlari sifatini oshirish — jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilingan 2020 yilgi Davlat dasturi loyihasida ham (237-band) qayd etilgan. Sifatli darsliklar ta'lim sifatini oshirishda nima uchun bu qadar muhim ? Darsliklar o'qituvchi nimani o'qitishini va o'quvchi nimalarni o'rganishini belgilab beradi . O'qituvchida sinfga olib kelish uchun darslikdan boshqa o'quv materiallarini izlash yoki yaratishga vaqt, kuch, xohish yoki tajriba bo'lmasligi mumkin. Kam daromadli oilalarda darslik bola o'qishi mumkin bo'lgan yagona kitob bo'lishi ham ehtimoldan holi emas. Darsliklar baholash tizimida ham bevosita ta'sir kuchiga ega va test olish bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar ulardan baholash tizimini beliglovchi asosiy vositalardan biri sifatida foydalanishi mumkin. Va madomiki, maqola avvalida qayd etilganidek, amaldagi mexanizmlar sifatli darsliklarni yaratishga qodir emas ekan, mexanizmning o'zini o'zgartirish lozim. 2019 yilning aprelida Vazirlar Mahkamasi qarori bilan «Umumta'lim maktablari uchun muqobil darsliklarni yaratish va ulardan foydalanish to'g'risida"gi nizom tasdiqlangan edi. Muzlar erib, amaldagi darsliklar monopoliyasiga barham berilganga o'xshagan edi. Biroq hujjat yanada sinchkovlik bilan o'rganilsa, «muqobil» darsliklar kelajagi bir qator sabablarga ko'ra unchalik ham porloq emasligi ko'zga tashlanadi. Birinchisi . «Asosiy darslik» va «muqobil darslik» tushunchalarining joriy etilishi. Hujjat matnida «asosiy darslik» tushunchasiga izoh berilmagan bo'lsa ham, gap XTV tomonidan amaldagi darsliklarning ijara tizimi doirasida ishlab chiqilgan darsliklar haqida ekanini bilish qiyin emas. Ya'ni, bundan XTV tomonidan ishlab chiqilgan darsliklar boshqalaridan ustun qo'yilgani tushuniladi. O'qituvchi darslikni tanlaydigan boshqa mamlakatlarda bunday farqlilik mavjud emas — barcha darsliklar teng. Ikkinchisi . Muqobil darsliklarning original maketlari dastlabki ekspertizadan (9-band), XTV tanlagan ta'lim muassasalarida bir yil davomida tajriba-sinovdan (12-band), XTV rasmiy saytida jamoatchilik muhokamasidan (13-band) o'tkaziladi va eng kamida 95 ball to'plashi kerak (15-band). Ayni vaqtda asosiy darsliklar bunday murakkab jarayonlardan o'tkazilmaydi. Darsliklar sohasida yillar davomida monopoliyalar hukm surgan bizning sharoitda o'quv va o'quv-metodik adabiyotlarga ixtisoslashgan kuchli noshirlar hozircha shakllanmagan. Shunday ekan, «muqobil» darsliklarni ishlab chiqishga kattagina sarmoya kiritishga tayyor nashriyotlarni topish amri mahol. Chunki bu darsliklar barcha byurokratik to'siqlarni oshib o'tish imkoni yo'qligi sababli javonlarda chang bosib qolib ketishi mumkin. Uchinchisi . Muqobil darsliklardan foydalanishga qaror qilgan maktablar ularni «ota-onalar, maktab pedagogik jamoalari va homiylik xayriyalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan» sotib olishlari kerak. Ayni vaqtda, asosiy darsliklar Respublika kitob jamg'armasi hisobidan ijara asosida tarqatiladi . Bizga qozog'istonlik noshirlarning aytishicha, ularda pedagogik jamoalar qaysi darsliklar bilan ishlashni tanlaydilar, so'ngra o'z arizalarini mahalliy ta'lim departamentlariga topshiradilar, departamentlar esa ularning arizalari asosida nashriyotlardan kerakli darsliklarni sotib oladi va ularni maktablar orasida tarqatadilar. Bu tizim ko'plab mamlakatlarda shunday ishlaydi. Ammo bizda, har doimgidek, «o'zimizning yo'limiz» bor. «Asosiy» va «muqobil» darsliklar uchun bunday noteng shartlarga izoh bergan RTM vakillari buni asosiy darsliklarning allaqachon tayyor ekani hamda o'z vaqtida saralashning uzun bosqichlaridan o'tgani bilan asoslashdi. Ularning qo'shimcha qilishlaricha, ta'lim muassasalarida tajriba-sinovdan muvaffaqiyatli o'tgan muqobil darsliklar kelgusida asosiy darslikni oradan siqib chiqarishi mumkinligi va o'shanda uni tayanch darslik sifatida tasdiqlash masalasi o'rtaga chiqadi. Bizning fikrimizcha, XTV o'zining ishchi organi — RTM orqali bir vaqtning o'zida ham «asosiy» darsliklar uchun mualliflarni tanlash va ularni ishlab chiqarishni tashkil etish, ham mustaqil nashriyotlar va mualliflar tomonidan yaratilgan «muqobil» darsliklarni ekspertizadan o'tkazish va baholash bilan shug'ullanishi manfaatlar to'qnashuvi uchun zamin yaratadi . Aytaylik, siz uskunalar ishlab chiqaruvchilaridan biri bo'lsangiz va boshqa ishlab chiqaruvchilarning uskunalari sifat standartlariga mos keladimi yoki yo'qligini hal qilish vakolatiga ham ega bo'lsangiz, o'z raqobatchilaringizning bozorga kirishiga yo'l qo'ymaslik vasvasasiga qarshi turishingiz juda qiyin. Bir ozgina tushuntirish. Amaldagi ijara tizimi doirasida yaratilgan va yaratilayotgan darsliklarni nashriyotlarning mulki hisoblanadi, deb aytish mumkin. Rasman olganda — shunday. Biroq nashriyotlar mualliflarni tanlash bilan shug'ullanmaydi va ularning mazmuniga aralashmaydi. Ularning roli faqatgina mazmunini o'zgartirmagan holda matnlar musahhihligi, kitoblarni sahifalash va chop etishdan iborat xolos. Yana bir kichik nyuans. RTMning ma'lum qilishicha, muqobil darsliklarni tayyorlash bo'yicha talablar va ularni RTMga taqdim etish muddatlarini o'z ichiga olgan qo'llanma «Ma'rifat» gazetasining 2019 yil 17 iyuldagi 55-sonida e'lon qilingan. Gazeta adadining cheklanganligini (ushbu nashr faqatgina obuna orqali tarqatiladi) hisobga olsak, nima uchun ushbu xabar elektron OAVlarda, masalan, vazirlik sayti va Telegram-kanalida qaytadan e'lon qilinmadi (yanada aniqrog'i, ushbu talab qarorning o'zida ham ko'rsatib o'tilgan edi)? Axir qancha ko'p mualliflar va nashriyotlar xabardor bo'lsa, shunchalik yaxshi emasmi? Yana bir holat, darsliklarni nashr qilish davriyligiga ko'ra, 2-sinf darsliklari uchun muqobil darsliklarni nashr qilish bo'yicha e'lon berilgan. Mutlaqo tushunarsiz, nima uchun muqobil darsliklarni yaratish va chop etish amaldagi darsliklarni nashr qilish (qayta nashr qilish) muddatlariga bog'liq bo'lishi kerak? Agarda noshirlar muqobil darsliklarni o'z hisoblaridan tayyorlash va chop etishga tayyor bo'lsalar, u holda nima uchun mahsulotlarini qachon bozorga chiqarishni ularning o'rniga vazirlik hal qilishi kerak? Na qarorda, na nizomda darsliklarni baholash mezonlari va qanday qilib muqobil darsliklar tasdiqlanishi uchun talab qilinayotgan 95 balni to'plashi kerakligi ko'rsatilmagan. O'quv adabiyotlarini baholash mezonlari Vazirlar Mahkamasining 548-sonli qaroriga ilovalardan birida ko'rsatilgan, biroq ularning ayrimlari mutlaqo tushunarsiz va ular turli xil talqin qilinishi mumkin. Masalan, «davlat ta'lim standartlari, o'quv rejalari va dasturlariga muvofiqlik darajasi». Ha, darslik davlat ta'lim standartlariga muvofiq bo'lishi — o'quvchilarda standartlarda belgilangan kompetensiyalarni shakllantirishga yordam berishi kerak. O'quv rejalari esa u yoki bu sinfda fanni o'rganishga necha soat ajratilishini belgilaydi. Ammo bizda an'anaviy ravishda foydalanib kelinayotgan shakldagi o'quv dasturi, bu — standartlarda belgilangan maqsadlarga qanday erishish haqidagi darslik mualliflarining shaxsiy qarashlari demakdir (Ya'ni, ta'lim standartlarida belgilangan maqsadlarni har bir darslik muallifi o'zicha tushunadi va talqin qiladi — tarj.). Unda o'quvchilarning bilim va ko'nikmalariga bo'lgan talablar tafsilotlaridan tashqari, qoidaga ko'ra, o'qish uchun mavzular tartiblari hamda har bir mavzu uchun ajratilgan soatlar soni ham qayd etiladi. Biroq, masalan, o'qituvchi bolaga shartli algoritmli kompyuter dasturini yozishni o'rgatish maqsadini qo'ysa, u holda nima uchun ushbu maqsadga erishish yo'llari (mavzuni o'tish tartiblari, har bir mavzuga ajratilgan soatlar) barcha uchun bir xil bo'lishi kerak? Nima uchun turli darslik mualliflari turli xil yo'llarni taklif qila olmasliklari kerak? Yoki «O'qish» (boshlang'ich sinflarda) va «Adabiyot» (o'rta sinflarda) kabi fanlar bo'yicha o'quv dasturlarida odatda bolalar o'qishi (tahlil qilishi) kerak bo'lgan matnlar nomlari keltiriladi. Nima uchun turli xil darsliklar, tabiiyki, yosh o'ziga xosliklari va matnlarning badiiy qiymatini hisobga olgan holda turli matnlar misolida muayyan bir o'qish kompetensiyalarini rivojlantira olmasliklari kerak? Aftidan, yuqorida keltirilgan muqobil darsliklarni yaratish mexanizmlari mualliflar va noshirlar o'rtasida ochiq va haqqoniy raqobatni keltirib chiqarmaydi. Va bunday sharoitda darsliklar va o'quv-metodik adabiyotlarni ishlab chiqish va nashr qilish bo'yicha butun boshli tizimni yurita oladigan Cambridge University Press, Rossiyaning «Prosveeniye» yoki «Drofa», Qozog'istonning «Almatы Kitap» kabi haqiqatdan ham kuchli bozor ishtirokchilarining paydo bo'lishini kutish qiyin . Bizning fikrimizcha, farzandlarimiz sifatli darsliklar bo'yicha ta'lim olishlarini istasak, darsliklarni yaratish va nashr etish mexanizmlarini to'liq qayta ko'rib chiqish kerak. Quyidagi takliflar o'z vaqtida xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatovga yozma ravishda taqdim etilgan, ammo uning fikrini bilishning imkoni bo'lmadi. Shuningdek, ushbu takliflar XTV huzuridagi Innovatsiyalar, texnologiyalar va strategiyalar markazi tomonidan ishlab chiqilgan «Xalq ta'limi sohasidagi g'oyalar portali «ga yuborildi, ammo bizga noma'lum bo'lgan sabablarga ko'ra ular portalda e'lon qilinmadi. Shunday qilib, takliflar quyidagilar: — vazirlik mualliflarni tanlash bilan shug'ullanmasligi, darsliklarning yozilishi va nashr etilishini (ko'paytirilishini) nazorat qilmasligi kerak — butun bu jarayon boshidan oxirigacha noshirlar ishi bo'lishi kerak. Nashriyot mualliflarni tanlaydi (yoki aksincha — mualliflar noshirlarni topadilar), noshirlar mualliflar bilan shartnomalar tuzadilar, sifatni boshqarish tizimlarini joriy qiladilar va foydalanadilar, illyustratsiyalar, sahifalash va boshqa masalalar haqida bosh qotiradilar. O'z obro'si haqida qayg'uradigan noshir mahsulotlari sifatli va talabgir bo'lishi uchun barcha imkoniyatlarini ishga soladi; — darsliklarni baholash mezonlari aniq, bir xilda talqin qilinadi, barcha uchun tushunarli bo'lishi kerak, shu bilan birga, ular har qanday fanni o'qitish metodikasida maqsadlarga erishishning turli yo'llari bo'lishi mumkinligini hisobga olish kerak. Ushbu mezonlar batafsil shaklda vazirlik veb-saytida foydalanishga ochiq holda bo'lishi kerak (mezonlar va baholash varaqalari namunalari YUNESKO tavsiyalarida keltirilgan); — vazirlik qoshidagi ekspert komissiyalari faqatgina tasdiqlangan mezonlar asosida noshirlar tomonidan yaratilgan darsliklarni tekshirish bilan shug'ullanishlari kerak. Va agar darslik mezonlarga muvofiq kelsa, u vazirlik grifini (darslikdan o'quv jarayonida foydalanish uchun ruxsatnoma) oladi. Shu bilan birga, grif oladigan darsliklar soniga sun'iy ravishda cheklovlar qo'yilmasligi kerak — qancha darslik mezonlarga mos kelsa, shunchasi grif oladi; — ekspert komissiyasining grif bermaslik qarori batafsil asoslantirilgan bo'lishi hamda noshirda (mualliflar jamoasida) qarorda ko'rsatilgan sabablarni bartaraf etishlari va darslikni qaytadan ekspertizaga taqdim etishlari uchun vaqt bo'lishi kerak. Ekspertlarning maqsadi rad etish emas, balki o'quv jarayonida darslikdan foydalanishga to'siq bo'ladigan muammolarni bartaraf etishga yordamlashishdan iborat bo'lishi kerak; — darslikni takroriy ekspertizadan o'tkazishda birinchi murojaatga berilgan javobda ko'rsatilmagan sabablarga ko'ra rad etishga yo'l qo'yilmaydi. Noshirlarning ekspertizaga taqdim etgan darsliklari har safar har xil sabablar bilan rad etilavermasligiga ishonchi komil bo'lishi kerak; — grif olgan barcha darsliklar bir xil maqomga ega bo'lishi kerak va ularning ro'yxati XTV saytida mavjud bo'lishi kerak (mualliflik huquqi egalarining ruxsati bilan tanishish uchun elektron versiyalarni joylashtirish ham mumkin). Ta'lim jarayonida foydalanish uchun u yoki bu darslikni tanlash to'g'risidagi qarorni esa ta'lim muassasalarining pedagogik jamoalari mustaqil ravishda qabul qilishlari kerak; — noshirlar darsliklarni erkin savdoga chiqarish huquqiga ega bo'lishlari, kam ta'minlangan oilalar farzandlari uchun esa maktabning kutubxona fondidagi darsliklardan foydalanish yoki Respublika maqsadli kitob jamg'armasi mablag'lari yordamida darsliklar to'plamini ijaraga olish imkoniyati yaratilishi lozim. Noshirlar va mualliflar o'rtasidagi erkin, halol, ochiq raqobatgina, bizning nazarimizda, haqiqatan ham yuqori sifatli darsliklarning paydo bo'lishiga olib kelishi mumkin. Agar biz shu paytgacha imkonsiz ko'ringan sohalarda ham davlat xaridlari tizimidan voz kechayotgan va ishlab chiqaruvchilarning manfaatdorligini oshirishga harakat qilayotgan bo'lsak, u holda bizga darsliklar sohasida normal bozor munosabatlarini joriy etishga nima to'sqinlik qiladi? Aks holda, «yangi avlod darsliklari» haqidagi barcha bayonotlar shunchaki va'daligicha qolib ketaveradi, bundan esa o'qituvchilar va bolalar aziyat chekadi. Muallif fikri tahririyat fikridan farq qilishi mumkin. Komil Jalilov — A.Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida o'qituvchi. Kolumbiya universitetida (Nyu-York, AQSH) «Pedagogik psixologiya va tillarni o'qitish metodikasi» yo'nalishi bo'yicha va Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida «Ta'lim berish va o'qitish nazariyasi va amaliyoti» yo'nalishi bo'yicha malaka oshirgan. JIDU qoshidagi akademik litseyda, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti qoshidagi akademik litseyda, M. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent filialida ishlagan. London universitet kolleji Ta'lim institutining Chevening dasturi bo'yicha «O'quv dasturlarini ishlab chiqish, pedagogika va pedagogik baholash» mutaxassisligi bo'yicha magistri. | columnist |
19 may kuni Oliy Majlis ilk bor inklyuziv (uyg'unlashgan) ta'lim tushunchasi kiritilgan yangi tahrirdagi "Ta'lim to'g'risida" gi qonunni qabul qildi . O'zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi mutaxassislar bilan birga qonun loyihasining inklyuziv ta'lim tamoyillariga muvofiqligi bo'yicha tahlil o'tkazdi. Hozirda qonun loyihasi Oliy Majlis Senati tomonidan ko'rib chiqilmoqda. 2 iyun kuni Senatning Fan, ta'lim va sog'liqni saqlash qo'mitasi mazkur qonunni takomillashtirish bo'yicha nogironligi bor insonlarning 26ta jamoat tashkilotini birlashtirib turgan O'zbekiston nogironlar assotsiatsiyasiga so'rov yubordi. Hujjat tahlili shuni ko'rsatdiki, inklyuziv ta'lim nogironligi bo'lgan bolalarga nisbatan har qanday tarzdagi kamsitishni istisno qiluvchi ta'lim shakli sifatida kiritilganligiga qaramay, qonun loyihasi inkliyuziya tamoyillariga to'g'ri kelmaydi. O'zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi, Oliy Majlis senatining Fan, ta'lim va sog'liqni saqlash qo'mitasi ekspertlar kengashi a'zosi Oybek Isoqov qonun loyihasida inklyuziv ta'limga ta'rif berishdan boshlash kerakligini ta'kidladi. U quyidagi ta'rifni qonunga kiritishni taklif qiladi: "Inklyuziv ta'lim — barcha o'quvchilar uchun maxsus ta'lim ehtiyojlari va individual imkoniyatlarning farqliligini inobatga olgan holda ta'lim muassasalarida ilm olishda teng huquqlilikni ta'minlashdir ". Biroq, qonunning 20-moddasi "Inklyuziv ta'lim" bu ta'rifni o'z ichiga olmaydi. Unda faqatgina "inklyuziv ta'lim barcha bolalarga, shu jumladan ta'lim olish chog'ida o'ziga nisbatan har qanday tarzdagi kamsitishni istisno etuvchi jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsonlari bo'lgan bolalarga nisbatan teng huquqli munosabatda bo'lish" haqida so'z boradi. Mazkur modda nogironligi bo'lgan bolalarning barcha, ya'ni aqliy va sensor (eshitish va ko'rish) nuqsonlari bo'lgan bolalar toifalarini qamrab olmagan. Moddada ishlatilgan tushuncha "Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida"gi qonunda keltirilgan "nogiron bolalar" tushunchasiga mos kelishi lozim. Sasseks universiteti Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti Dilmurod Yusupov "Aqliy va sensorn nogironligi bo'lgan bolalarni ajratib qo'yish asosan, ko'zi ojiz va zaif ko'ruvchi, kar va eshitish qobiliyati cheklangan bolalar uchun maxsus ixtisoslashtirilgan matablar hamda internatlar faoliyat yuritayotganiga asoslangan bo'lishi mumkin, ammo bu kabi bolalarning inklyuziv ta'lim olish huquqini cheklab qo'yish mumkin emas " degan fikrni ilgari surdi. 20-modda inklyuziv ta'lim olish huquqini cheklaydi va quyidagi shartni qo'yadi: "Ta'lim tashkilotlarida jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsonlari bo'lgan bolalarga inklyuziv ta'lim, buning uchun ushbu tashkilotlarda zarur sharoitlar yaratilgan taqdirda, tashkil etiladi." Boshqacha aytganda, agar ta'lim muassasasida inklyuziv sharoitlar yaratilgan taqdirda, nogironligi bo'lgan bolalar inklyuziv ta'lim huquqidan foydalanishga da'vo qilishlari mumkin. Modda ta'lim muassasasiga nogironligi bo'lgan bolalar uchun maqbul sharoitlarni yaratib berish majburiyatini yuklamaydi. Bundan tashqari, 20-modda inklyuziv sharoitda ta'limni individual tartibda uyda yoki statsionar sharoitda tashkil etish tartibini belgilash uchun barcha vakolatlarni "ta'lim sohasidagi tegishli vakolatli davlat boshqaruvi organlari"ga berib, inklyuziv ta'lim olish huquqini cheklaydi. 9-moddada "Jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsonlari bo'lgan bolalar, shuningdek uzoq vaqt davolanishga muhtoj bolalar davlat ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarida, umumiy o'rta ta'lim muassasalarida inklyuziv shaklda yoki uy sharoitlarida yakka tartibda ta'lim oladi" deyilgan. Ushbu moddada keltirilishiga ko'ra, inklyuziv ta'lim ustuvor emas, balki hozirgi kunda mavjud ta'lim shakllaridan birigina xolos. O'zbekistondagi inklyuziv ta'lim tadqiqotchisi, yangi Zelandiyadagi Vaykato universiteti doktoranti Galina Namning ta'kidlashicha, nogironligi bo'lgan bolalar uchun maxsus maktab-internatlarda yoki uyda emas, balki umumiy ta'lim muassasalarida ta'lim olish ustuvor bo'lishi kerak. "Bu barcha davlat ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarining bir vaqtda yopilishini anglatmaydi, lekin bolalarning bu kabi maskanlarda va uyda o'qishiga faqatgina alohida holatlarda rozilik berishimiz zarur. Ta'lim muassasasini tanlash huquqi bolalarning o'zida va ularning ota-onasida/qonuniy vakillarida qolishi kerak", deya ta'kidlaydi Galina Nam. So'zining davomida u bolalarning inklyuziv ta'lim olish huquqini kafolatlash uchun maktab-internatlarda yashayotgan va ta'lim olayotgan bolalarda deinstitutsionalizatsiya jarayonini amalga oshirish kerakligini ta'kidlaydi. Shu munosobat bilan barcha darajadagi mutasaddi tashkilotlar ushbu guruh tarkibidagi bolalarning deinstitutsionalizatsiya qilinishiga qaratilgan tizimli yondashuvlarni ishlab chiqishi va hayotga tatbiq qilishi kerak. Bu kabi yondashuv ularning jamiyatga qayta integratsiyalashuvini rejalashtirish va amalga oshirish, keyinchalik umumiy ta'lim muassasalariga yo'naltirishni, institutsionalizatsiya jarayonining oldini olish, ushbu bolalar va ularning oilalari uchun qo'llab-quvvatlash (psixologik, ijtimoiy, moliyaviy, rekreatsion va pedagogik) xizmatlarini yaratishni qamrab olishi darkor. "Ta'lim to'g'risida"gi qonunning yangi loyihasi shunday ishlab chiqilganki, qonun chiqaruvchilar va unga amal qiluvchilar amaldagi mavjud tizim ustunlariga tayanishmoqchi. Boshqa so'z bilan aytganda, "mutaxassislar" o'z tavsiyalari bilan nogironligi bo'lgan bolalarning ta'lim olishning qay bir shaklida o'qishlari qaroriga ta'sir o'tkazadilar. Ammo O'zbekistonning ijtimoiy va madaniy yo'nalishdagi tajribasi shuni ko'rsatadiki, institutsional vakolatga ega bo'lgan psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyalarning tavsiyalari institutsional kuchga ega bo'lib, maslahat emas, imperativ xususiyat kasb qiladi . Bundan kelib chiqadiki, nogiron bolaning qayerda o'qishi borasida psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyalarning tavsiyalari ota-onalarda hech qanday shubha qoldirmaydi. Shunday qilib, qonun va uning moddalarini O'zbekistonda nogironlik diskursinining ijtimoiy va madaniy holatidan kelib chiqib o'qish lozim", — deydi AQSHning Sirakuz universiteti doktori Mirjahon Turdiyev . "Buyuk kelajak" ekspertlar kengashi a'zosi Odila Atabayeva Rossiya Federatsiyasining "Ta'lim to'g'risida"gi qonuni misolida o'quvchilarga ta'lim muassasasi va ta'lim turini tanlashning akademik huquqi berilishi zarurligini ta'kidlaydi. Shu bilan birga, qonunga asosan ta'lim muassasasi bolaning psixofizik rivojlanishi va sog'ligining ahvolidan kelib chiqib, bepul ijtimoiy-pedagogik va psixologik yordam olishi va psixologik-tibbiy-pedagogik maslahatlar olishi uchun shart-sharoit yaratib berishi zarur. "Ta'lim to'g'risida"gi qonun loyihasining hozirgi shaklidagi kabi cheklov hech qayerda mavjud emas. Agar biror yordamga ehtiyoj tug'ilsa, demak o'quvchining tanloviga ko'ra har qanday ta'lim muassasasi bu yordamni ko'rsatishi kerak. Agar umumiy ta'lim muassasasida maxsus ta'lim ehtiyojlari bo'lgan o'quvchi tahsil olayotgan bo'lsa, maktab psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyaning xulosasiga ko'ra zarur shart-sharoitlarni maktab (rahbariyati) xohishidan qat'i nazar yaratib berishi shart ", — deb tushuntiradi Odila Atabayeva. 5-moddaga ko'ra, "jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, har kimga ta'lim olish uchun teng huquqlar kafolatlanadi". Galina Nam mazkur moddaga sog'ligining imkoniyatlariga qaramasdan har kim ilm olish huquqiga ega bo'lishi uchun nogironlikni ham kiritishni taklif qiladi: "Jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, nogironlik holati, yoki aks holdagi holatidan qat'i nazar, har kimga ta'lim olish uchun teng huquq kafolatlanadi va to'siqsiz ta'lim olish uchun imkoniyatlar va sharoitlar yaratiladi ." Nogironligi va rivojlanishida nuqsoni mavjud bolalarning umumta'lim maktablarida tahsil olish huquqi qonun bilan belgilanishi lozim. Agar bola yoki uning ota-onasi bu huquqdan foydalanish istagini bildirsa, maktab zarur shart-sharoitlarni yaratib berishi lozim. "Qonun loyihasida inklyuziv ta'lim "teng huquqli munosobatlarga qaratilgan"ligi ko'rsatilgan — bu mutlaqo noto'g'ri ta'rif, chunki inklyuziya teng huquq emas, balki teng imkoniyat to'g'risida so'z yuritadi . Inklyuziya huquq to'g'risida emas, imkoniyatlar to'g'risidagi tushunchalarga asoslangan. Bu yerda katta farq mavjud. Haq-huquq hammadaku bir xil, biroq imkoniyatlarimiz bir xil emas. Inklyuziya hamma uchun teng imkoniyatlar va sharoitlar yaratilishiga qaratilgan ", — deb ta'kidlaydi Oybek Isoqov. 2009 yil O'zbekiston imzolagan va bugungi kungacha ratifikatsiya qilmagan Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konvensiyasining 24-moddasi nogironligi bor insonlarning ta'lim olish huquqini tan oladi va ushbu huquqni kamsitishsiz hamda teng imkoniyatlar asosida hayotga tatbiq qilish uchun ishtirokchi davlatlarga barcha darajadagi inklyuziv ta'lim va hayoti davomida uzluksiz o'qishni ta'minlash majburiyatini yuklatadi . Har bir bolaning inklyuziv ta'lim huquqini ta'minlash maqsadida (barcha darajadagi) tegishli davlat hokimiyati organlari umumta'lim o'quv muassasalarida nogironligi bor va rivojlanishida nuqsoni bor bolalarni ham nazarda tutgan holda barcha o'quvchilarga zarur sharoitlarni yaratishi lozim. "O'quvchilar shaxsiy tizimini qo'llab-quvvatlash uchun shart-sharoitlar yuqori malakali pedagok kadrlarning, ularning psixologik-pedagogik hamrohlikni amalga oshiruvchi zaxiradagi pedagog ( tyutor ) va boshqa mutaxassislarning borligini qamrab olishi zarur. Sharoitlar deganda bino va inshootlarning, o'quv materiallarining va texnik vositalarning jismoniy maqbulligi, o'quvchilar rivojlanishining individual rejasiga asosan o'quv dasturlarining adaptatsiyasi, shuningdek muassasaning tarbiyaviy tizimining barcha o'quvchilarni qabul qilishni shakllantirish va rivojlantirishga yo'naltirilganligi ko'zda tutiladi", — deya tushuntiradi Galina Nam. "Inklyuziv ta'lim olishning belgilangan huquqi yo'qligi sababli ota-onalar faqatgina Konstitutsiya moddasidan foydalanishga majbur. Biz uzoq vaqt ish olib borgan ota-onalarga farzandlari oddiy maktabda o'qishi uchun va ular faqat o'zlarining huquqlarini bilishlari hamda sabr-toqat bilan qurollanishlari kerakligini qat'iy uqtirdik. "Ta'lim to'g'risida"gi qonunning yangi tahririda esa aksincha, bizning huquqlarimizni qisqartirishdi, shunday qisqartirishdiki, "vakolatli organlar" siz uchun hammasini hal qildi, siz o'rningizda o'tiring va indamang deyayotgandek go'yo ", — deya xafa bo'ladi Qibray tumani "Opa-singillar" nogiron ayollar jamiyati raisi Natalya Plotnikova . Davlat statistika qo'mitasining ma'lumotlariga ko'ra, 2019 yil 1 yanvar holatida 1 6 yoshgacha bo'lgan 101316 nafar nogironligi bo'lgan bola ro'yxatdan o'tgan . Shulardan, 21153 nafari jismoniy va ruhiy nogironligi bo'lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarda, 6131 nafari sil va suyak kasalliklariga chalingan bolalar uchun sanatoriy tipidagi maktab-internatlarda, 13272 nafari esa uyda individual tarzda ta'lim olishadi. Quyidagi diagrammadan ko'rinib turibdiki, uyda o'qiydigan bolalarning asosiy toifalari bu tayanch harakati a'zolari shikastlangan, aqliy imkoniyati cheklangan va boshqa nogironligi bo'lgan bolalardir. "Odatda nogironligi bor o'quvchilarning uyda ta'lim olishi uchun "kamchilikka yo'l qo'ygan o'qituvchi" jalb qilinadi. Agar direktor biror o'qituvchini yoqtirmasa, uni nogironligi bo'lgan bolaga uyda ta'lim berishga jo'natadi. So'nggi bor shunday holat yuz berganida jismoniy tarbiya o'qituvchisi geometriya, geografiya, tarix va boshqa fanlarni o'tganini kuzatgan edik. Chekka tumandagi o'qituvchilar uchun nogironlshi bo'lgan bolalarga uyda ta'lim berish bu — jazo", — deb o'ksindi Oybek Isoqov. Ko'pgina bolalar jismoniy nogironlik yoki tayanch harakati a'zolari shikastlangan bolalar umumta'lim maktablarida bemalol tahsil olishlari mumkin — ularning jismoniy holatlari aqliy salohiyatining rivojlanishiga ta'sir ko'rsatmaydi. Maktab binosi bu kabi holatlar uchun moslashtirilmagan bo'lsa ham, darslarni birinchi qavatda tashkillashtirib, kirar joyini pandus bilan jihozlash mumkin. Bu holatda asosiy to'siq jismoniy yoki moddiy omillar emas, balki insoniy munosobatining ko'rinishidir , ko'pincha maktab rahbarlari, o'qituvchilar va nogironligi bo'lmagan bolalarning ota-onalari ularning farzandlari maktabda nogironligi bo'lgan bolalar bilan birgalikda o'qishlarini istashmaydi. "Uyda ta'lim olayotgan nogironligi bor bolalarga hatto davlat namunasidagi attestat berilmaydi. Ko'pgina oddiy maktablarda o'qitiladigan fanlarni ularning attestatlarida topish mushkul. Ularga faqatgina uyda ta'lim olganliklari to'g'risida ma'lumotnoma beriladi xolos. Bu bolalar haq-huquqlarining buzilishidir — bu kabi ma'lumotnoma bilan ular na oliy ta'lim muassasalariga kira oladilar, na munosib ishga joylasha oladilar. Ularning hayotlariga tamg'a bosiladi", — deydi Oybek Isoqov. Galina Namning ta'kidlashicha, "inklyuziv ta'limni moliyalashtirish muammo tug'dirmasligi lozim. Muammo ustuvor ta'lim yo'nalishlarini tanlashda, chunki nogironligi bor bolalar ta'lim olishi uchun (faqatgina ta'limga, nafaqadan tashqari) bir yilda 199 mlrd so'm ajratiladi (2016 yil ma'lumotlariga ko'ra). Bu yetarlicha katta mablag', biroq uning asosiy qismi maxsus ta'limni qo'llab-quvvatlashga yo'naltiriladi. Bolalarni institutsionalizatsiya qilish jarayoni shu tariqa davom etadi. Moliyaviy manbalarni inklyuziv ta'limni rivojlantirishga yo'naltirish zarur". Inklyuziv ta'lim nafaqat nogironligi bor bolalarga, balki barcha yoshdagi nogironligi bo'lgan insonlarga ham tegishli bo'lishi kerak. "Qonun loyihasida faqat bolalar haqida so'z boradi, biz esa kattalarning ham umri davomida uzluksiz ta'lim olish huquqi to'g'risida gapiryapmiz. Misol uchun, agar hozir men ham inklyuziv ta'lim olish istagini bildirsam, bu qonun men uchun ham o'z kuchida qolishi kerak", — dedi Oybek Isoqov. Inklyuziv ta'lim maktabgacha, o'rta maxsus, kasb-hunar, oliy, maktabdan tashqari va oliy ta'limdan keyingi barcha darajalarda sifatli ta'lim olish uchun teng imkoniyatlarni ta'minlashga, shuningdek, ularning maxsus ta'lim ehtiyojlari va individual imkoniyatlarining turliligiga qaratilgan bo'lishi zarur. Masalan, 2018 yilda I va II guruh nogironlari uchun ikki foizli kvota joriy qilinganidan so'ng, inklyuziv oliy ta'lim masalasi negizida nogiron talabalar uchun universitetlarning o'quv binolari va yotoqxonalari, eshitish qobiliyati cheklangan talabalar uchun imo-ishora tili tarjimonlari, mahsus Brayl yozuvidagi o'quv qo'llanmalarining yo'qligi, ko'rish qobiliyati cheklangan talabalar uchun mahsus o'quv qo'llanmalar va boshqa oqilona qo'layliklar yo'qligi muammosi dolzarblik kasb qildi. Oybek Isoqov barcha ta'lim muassasalarida inklyuziv ta'lim tamoyillarining tadbiq qilishi borasida o'ylab ko'rish zarurligini ta'kidlaydi. "Ta'lim to'g'risida"gi qonun inklyuziv ta'lim shart-sharoitlarini yaratish majburiyatini yuklatishi kerak. Davlat nodavlat ta'lim muassasalarida ham nogironligi bo'lgan shaxslarning o'qitilishini nazoratga olishi darkor. Inklyuziv ta'lim nafaqat davlat, balki egalik shaklidan qat'iy nazar barcha ta'lim muassasalarda bo'lishi kerak. O'zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi va inklyuziya sohasi ekspertlari "Ta'lim to'g'risida"gi qonunning xalq muhokamasiga qo'yilmaganini ta'kidlab o'tishdi. Yangi tahrirdagi qonun loyihasi Oliy Majlis qonunchilik palatasining saytida 2019 yil 29 avgustda chop etildi. Biroq nogironligi bor insonlarning jamiyat tashkilotlari, nogiron bolalar va ularning ota-onalari/vasiylari qonun muhokamasi uchun jalb qilinmadilar. Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi sayti regulation.gov.uz portaliga qonun loyihasi joylashtirilmadi. Inklyuziv ta'lim olish huquqini kafolatlash, nogironligi bo'lgan hamda rivojlanishida nuqsoni bo'lgan har bir inson ushbu huquqidan to'la foydalanishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratish uchun biz qonunga quyidagilarni kiritishni so'raymiz: Mazkur tahlil Oliy Majlis Senatining Fan, ta'lim va sog'liqni saqlash qo'mitasining so'rovnomasi tufayli o'tkazildi. "Ta'lim to'g'risida"gi qonun loyihasini takomillashtirish bo'yicha takliflar ro'yxati to'liq qo'mitaga yuboriladi. Nogironlarning 26 ta jamoat birlashmasidan iborat O'zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi nogironligi bor insonlarning fikrlari tinglanishiga va qonun inklyuziv ta'limning xalqaro tamoyillariga va BMTning nogironlar huquqlari to'g'risidagi Konvensiyasi tamoyillariga to'liq mos kelishiga umid bog'laydi. Maqolada bildirilgan fikrlar tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmasligi mumkin. Dilmurod Yusupov — Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya) Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti. | columnist |
Bundan ikki yil avval Marg'ilon shahridagi 1-sonli Mehribonlik uyida sodir bo'lganlarni yaxshi eslasangiz kerak. O'shanda ko'pchiligimiz bolalarni jinsiy va jismoniy zo'rlash hamda muassasa pullarini talon-toroj qilishda ayblangan bolalar uyi xodimlari ustidan "o'ta yumshoq hukm chiqarilganidan" juda norozi bo'lgan edik. Yakunda bolalarga qarshi mudhish jinoyatlarni sodir etgan direktor o'rinbosari va boshqalarga uzoq muddatli qamoq jazolari tayinlandi . Biroq ushanda faqatgina aybdorlar jazolandi. Endi muammoning asl ildizlariga nazar tashlash vaqti keldi — ya'ni bolalar uylarining mavjudligi bilan bog'liq muammolarga. "Gazeta.uz"ning 2374 nafar o'quvchisi ishtirok etgan mehribonlik uylari mavzusidagi so'rovni mutlaq haqiqat deb qabul qilib bo'lmaydi. Ammo uning natijalari ahamiyatga molik. Chunki so'rov vasiylik masalasi ko'pchilikni o'ylantirayotgan mavzu ekanini ko'rsatdi. Mehribonlik uylariga nisbatan ishonch yetarlicha emasligiga qarmay, so'rovnoma ishtirokchilarining deyarli yarmi hali ham O'zbekistonda mehribonlik uylari zarur ekanligini qayd etishgan. Shu bilan birga, respondentlarning deyarli uchdan bir qismi ular haqda ijobiy fikrda. "Gazeta.uz"ning 2374 nafar o'quvchisi ishtirok etgan mehribonlik uylari mavzusidagi so'rovni mutlaq haqiqat deb qabul qilib bo'lmaydi. Ammo uning natijalari ahamiyatga molik. Chunki so'rov vasiylik masalasi ko'pchilikni o'ylantirayotgan mavzu ekanini ko'rsatdi. Mehribonlik uylariga nisbatan ishonch yetarlicha emasligiga qarmay, so'rovnoma ishtirokchilarining deyarli yarmi hali ham O'zbekistonda mehribonlik uylari zarur ekanligini qayd etishgan. Shu bilan birga, respondentlarning deyarli uchdan bir qismi ular haqda ijobiy fikrda. Respondentlarning atigi 5 foizi deinstitutsionalizatsiyani mehribonlik uylari va boshqa maxsus muassasalarning yopilishi bilan bog'lashadi va 24 foiz o'quvchilar bu nima ekanligini bilishmaydi. Eng avvalo, deiinstitutsionalizatsiya deganda vasiylikning oilaviy shakllarini rivojlantirish va bolalarni tarbiya uchun oilalarga topshirish, shuningdek, oilaviy bolalar shaharchalarini rivojlantirish tushuniladi. Albatta, hammamizning ham niyatimiz yaxshi va balki ota-onalar qaramog'idan mahrum bo'lgan yetimlar va bolalar uchun barpo etilgan muassasaviy vasiylik tizimidan boshqa muqobilini ko'rmayotgandirmiz. Ammo ezgu niyatlar bilan jaxannamga yo'l hozirlandi. Bolalar oilalarga tegishli, mehribonlik uylariga emas Marg'ilon shahridagi 1-mehribonlik uyida sodir bo'lgan ayanchli voqea O'zbekistonda keng jamoatchilikning noroziligiga sabab bo'lgan bir paytda, men " Lyumos " xayriya tashkilotining "Vasiylikni o'zgartirishga kirish" qisqa kursini o'tayotgan edim. Garri Potter haqidagi mashhur asarlar muallifi Joan Rouling tomonidan asos solingan "Lumos"ning vazifasi "2050 yilga kelib barcha bolalar muhabbatga to'la, mehribon va g'amxo'r oilalarida ishonchli himoya ostida o'sib-ulg'ayishini ta'minlashdan iboratdir". Dunyoning 12 dan ziyod davlatlari, shu jumladan Moldova, Ukraina va Bolgariyada o'zining ish tajribasiga ega bo'lgan ushbu tashkilot, har qanday sharoitda ham muassasalar bolalar uchun zararli ekanligini uqtirib keladi. So'nggi sakson yil davomida o'tkazilgan ko'plab ilmiy tadqiqotlar natijalari shuni ko'rsatmoqdaki, institutlashtirish bolalarning sog'lig'i va rivojlanishiga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Bu salbiy ta'sir bolalar muassasalari barcha talablarga javob bergan va yaxshi moliyalashtirilgan taqdirda ham, kuzatilishi mumkin. Keling, bolalar uylaridan voz kechish sabablarini hamda muqobil oilaviy vasiylik shakllarini nima uchun rivojlantirishimiz lozim ekanligini ko'rib chiqamiz? Birinchi sabab: bog'liqlikning mavjud emasligi Bolalar uylarining bolalarga nima uchun zararli ekanligini tushunish uchun avvalo bog'liqlik nima ekanligini yaxshilab tushunib olishimiz kerak. Amerikalik psixolog Vera Falberg o'zining bog'liqlik nazariyasida buni juda yaxshi tushuntirib bergan. Bola dunyoga kelganda, uning yig'isi tashqi dunyo bilan aloqa qilishning yagona vositasi bo'lib xizmat qiladi . Har safar chaqaloq och qolganida, o'rni ho'l bo'lganda, charchaganda, sovqotganda, qayeridir og'riganida yoki shunchaki o'zini yolg'iz his etganida — u yig'laydi. " Qo'zg'alish — relaksatsiya " davriyligi (ehtiyoj — norozilik bildirish — ehtiyojning qondirilishi — tinchlanish — yangi ehtiyoj) bola hayotining birinchi haftalarida va oylarida ming marotabalab takrorlanadi. [bog'liqni bilan aloqador diagramma] Ota-onasining doimiy g'amxo'rligini his etgan go'dak ishonchli himoya va g'amxo'rlik ostida ekanligini tushunadi. Shu tariqa, bog'liqlik barcha oilalarda bot-bot takrorlanadi. Ammo biz kattalar bu jarayonning bolalar rivojlanishi uchun naqadar muhimligini kamdan-kam hollarda tushunamiz. To'laqonli siklda o'ziga baho berish, kognitiv rivojlanish va bolaning ta'lim olish qobiliyalatlari o'rtasida kuchli o'zaro bog'liqlik mavjud bo'ladi. Endi Go'daklar uyini tasavvur qiling, bu yerda odatda 5−20 bolaga har 8 soatda almashib turadigan bir tarbiyachi to'g'ri keladi. Bunday sharoitda har bir bolaning individual ehtiyojlarini muntazam ravishda qondirish mumkin emas. Natijada muassasada tasdiqlangan jadval asosida bolalar ovqatlantirilib, tagliklari almashtirilishi, cho'miltiriladi. Bu esa bolalar bir necha soat davomida ho'l o'rinda yotish, ochlik yoki og'riqlarni his etishi mumkinligini anglatadi. Shu tariqa chaqaloqlar hech kim uning so'roviga javob qaytarmagani sababli yig'lashni kattalar bilan muloqot qilish vositasi sifatida ishlatishni to'xtatishadi. Uzoq vaqt noqulay holatda qolish natijasida bolalar tashqi dunyoni o'rganishga diqqatini qarata olmay qolishadi. Ikkinchi sabab: jismoniy va ruhiy rivojlanishdan ortda qolish 1950-yillarda avstriya-amerikalik psixoanalitik Rene Shpits odatiy oilaviy hayotdan mahrum bo'lgan bolalarning jismonan yaxshi rivojlanmasligini, tanasini qimirlatib qo'yish, qo'llarini sollash (tebratish) va boshqa odatga aylangan ma'nosiz harakatlarni namoyon etishini aniqladi. 1952 yilda Rene Arpad Shpits o'zining Ikkinchi Jahon urushi bolalari uchun yetimxonalarda olib borgan izlanishlari asosida "Go'daklardagi psixogen buzilishlar" filmini suratga oldi. Natijalar shuni ko'rsatdiki, bolaning onasidan erta ajralishi uning barvaqt institutsionallashuvi u bolalar gospitalizmi deb nomlagan patologiya — bolalarda sensor va hissiy rag'bat yetishmovchiligi sababli jismoniy va ruhiy qoloqlikni keltirib chiqarishini ko'rsatdi. Mehribonlik uylarida ulg'ayish bolalarning aqliy rivojlanishiga juda ham zararli ekanligining yana bir ilmiy isboti 2000 yillarda Ruminiyada o'tkazilgan Buxarest loyihasi doirasidagi — erta aralashuv tadqiqotining natijalarida namoyon bo'ladi. O'shanda ilk bor tasodifiy tanlov uslubida 6−31 oylik 136 nafar yetim bolaning yarmi bolalar uyidagi guruhda qoldirilib, yarmi tutingan oilalarga tarbiyalanish uchun joylashtirilgan edi. Tadqiqot davomida muntazam ravishda mehribonlik uylari va hech qachon bolalar uyida bo'lmagan nazorat guruhidagi bolalarning rivojlanish darajalari taqqoslab borildi. Bolalar bosh miyasi elektron faolligini o'lchash uchun ensefalogrammalar (EEG) olindi. Manba: "Lyumos" tashkilotining "Vasiylikni o'zgartirishga qisqacha kirish" kursidan. Yuqoridagi ikkita rasm Buxarestda o'tkazilgan tadqiqotdan olingan bo'lib, ularda ikki bolaning miya tekshiruvi natijalari aks etgan. O'ng tomondagi rasmda oilada tarbiyalangan bola miyasining EEG tasviri aks etgan. Unda nevrologik faollik juda yuqori, ayniqsa miyaning old qismi yo'nalishi bo'yicha: qizil va to'q sariq rangdagi sohalar bola miyasining juda faol ekanligidan dalolat beradi. Chapdagi rasm esa muassasada tarbiyalangan bolaning miyasi. Moviy va yashil ranglar bola miyasining juda sust rivojlanayotganligidan darak bermoqda. Tadqiqot shuni ko'rsatdiki, muassasada o'tayotgan har 3 oyda bola 1 oyga rivojlanishdan orqada qoladi , bola u yerda qancha ko'p vaqt qolsa, unga shunchalik katta zarar yetadi va rivojlanishdan orqada qolishni bartaraf etish imkoniyatlari shuncha kam bo'ladi . Uchinchi sabab: tajovuzlar xavfining yuqori ekani Ko'pgina tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, mehribonlik uylarida tarbiyalangan barcha yoshdagi bolalar juda ko'p tajavuzlarni boshdan kechirishadi. Jumladan, ular jismoniy va jinsiy zo'ravonlik, g'amxo'rlikning yo'qligi, shuningdek, odam savdosi yoki ekspluatatsiyaning boshqa ko'rinishlaridan aziyat chekish xavfi ostida bo'lishadi. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti tomonidan o'tkazilgan tadqiqot shuni ko'rsatdiki, bolalar uylarining jismoniy nuqsoni bo'lgan tarbiyalanuvchilari nogironligi bo'lmagan boshqa bolalarga qaraganda zo'ravonlikdan 3,7 baravar ko'proq azob chekishadi . Shu munosabat bilan, nogironligi bo'lgan bolalarning bolalar muassasalariga joylashtirilishi ularning zo'ravonliklarga uchrashi xavfini yanada oshiradi. Internat muassasalarida muloqotda nuqsoni bo'lgan (eshitish va nutq hamda rivojlanishning o'ziga xosliklari bo'lgan) bolalar ularga qarshi qo'llanilgan zo'ravonliklar haqida xabardor qilishda qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin. Marg'ilon shahridagi 1-mehribonlik uyida bolalarga nisbatan zo'ravonliklar oshkor etilishi tarixi hali ham noma'lumligicha qolmoqda — zo'ravonlik haqidagi mish-mishlar 2017 yilning dekabrida tarqalganiga qaramasdan, 2018 yilning may oyida jamoatchilik e'tiboriga tushdi. Bolalar muassasalarida jamiyat ko'zidan panada sodir bo'layotgan holatlar ustidan doimiy nazorat va kuzatuv olib borish deyarli imkonsiz. "Mehribonlik" uylari, bolalar shaharchalari va Go'daklar uylari bino hamda hududlarining videokuzatuv kameralari bilan jihozlanishi yuzaki choralar hisoblanadi. Muammoni faqatgina vasiylikning oilaviy shakllari hamda tutingan ota-onalarni qo'llab-quvvatlash xizmatlari yo'li bilan hal etish mumkin. To'rtinchi sabab: balog'atga yetgandagi muammolar Bolalar uylaridagi zararlardan tashqari, institutsionalizatsiya bitiruvchilarga balog'atga yetganidan keyin ham muammolarni keltirib chiqarishda davom etadi. Rossiyada o'tkazilgan tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, mehribonlik uylari bitiruvchilarining to'satdan katta hayotga o'tishi ularning ijtimoiy yakkalanib qolish, uysiz va ishsiz bo'lib qolish, jinoyatchiga aylanish, ruhiy salomatligining buzilishini olib kelishi va ular hattoki o'z joniga qasd qilishgacha olib borishi mumkinligini ko'rsatdi. Rossiyada olib borilgan tadqiqot doirasida 15 000 nafarga yaqin yoshlarning taqdiri ular muassasani tark etganidan keyin o'rganildi. Ma'lum bo'lishicha, har besh kishidan biri jinoyat sodir etgan, yetti kishidan biri fohishalik bilan shug'ullana boshlagan, o'n kishidan bittasi esa o'z joniga qasd qilgan. Bularning barchasi ijtimoiylashuv va jamiyatga moslashish ko'nikmalarining yetishmasligidan kelib chiqqan. Ko'plab oilalarda bolalar odatda ovqat tayyorlash, kir yuvish, oziq-ovqat va kiyim-kechaklarni sotib olish va boshqa shu kabi mayda-chuyda ishlarni o'zlari qilishlari va bu borada mustaqil qaror qabul qila oladigan, biroq bolalar uylarida bu kabi ishlarni boshqalar ular uchun qilib berganlari sababli ularda boqimandalik kayfiyati paydo bo'ladi. Mustaqil hayot ko'nikmalari mavjud bo'lmagani natijasida ular jamiyatdagi mustaqil hayotga tayyor bo'lmagan holda chiqariladi. Beshinchi sabab: bolalar uylari juda qimmatga tushadi Davlatimiz bitta bolani bolalar uyida boqish va tarbiyalash uchun qancha mablag' sarflaydi? Masalan, Rossiya Ta'lim vazirligining rasmiy ma'lumotlariga ko'ra, bolalar uyidagi har bir bola uchun yiliga 1 milliondan 1,328 million rublgacha (143−190 million so'm) mablag' sarflanadi. Tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekistonda hukumat bir bolani institutsional muassasada saqlash uchun oyiga 10 million so'm mablag' sarflaydi, ish haqi jamg'armasi, kommunal xizmatlar va bolalar uyining binolarini saqlash xarajatlari bundan mustasno. Ammo moliyaviy va ma'naviy zararni taqqoslash qiyin. Bolalar uylari jamiyatga juda qimmatga tushadi, chunki biz yopiq muassasalarda bolalar uylari tarbiyalanuvchilarining ruhiyatini va rivojlanishini buzmoqdamiz. Agarda biz yetimxonalardan asta-sekinlik bilan voz kechib, "ozod qilingan" insoniy va moliyaviy resurslarni professional vasiylik va homiylikni rivojlantirishga yo'naltirsak, bolalarni oilalarga tarbiyalash uchun joylashtirish orqali byudjetdan soliq to'lovchilarning pullari kamroq sarflangan bo'lardik. Yuqorida keltirilgan barcha ilmiy dalillar shuni ko'rsatadiki, institutsional muassasalar bolalarga jiddiy va tuzatib bo'lmaydigan darajada zarar yetkazadi. Biroq, shunga qaramay, ko'plab odamlar hali-hamon institutsional vasiylikni hattoki ishonchga darz yetkazgan bo'lsa ham ma'qul deb hisoblashmoqda. Tabiiy savollar tug'iladi: "Nogironligi bo'lgan bolalar masalasi nima bo'ladi? O'ta qashshoq sharoitda yashayotgan bolalarchi? Vijdonsiz ota-onalar bilan qanday munosabatda bo'lish kerak — bolalarni ular qo'lida qoldirish kerakmi?" Albatta, bu savollarning barchasi ezgu niyatlardan tug'iladi, biroq, keling, avval keng tarqalgan afsonalarga to'xtalsak. Birinchi afsona: bolalar uylarida faqat yetim bolalar yashaydi Ma'lumotlarning ko'rsatishicha, butun dunyo bo'ylab institutsional muassasalardagi bolalarning 80 foizi, aslida, bir yoki har ikki ota-onasiga ega. Haqiqiy yetim hisoblangan bolalar, — to'g'ri qo'llab-quvvatlov sharoitida — oilasining boshqa a'zolari, tutingan va patronat oilalarda yashashlari mumkin. Qaysi ota-ona o'z farzandidan voz kechar edi? Bunday afsuslanarli qarorga kelishga hayotning og'ir shartlari, oiladagi ayanchli ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat, mehnat migratsiyasi sabab bo'lishi mumkin. Aksariyat holatlarda ota-onalar o'z farzandalari uchun munosib shart-sharoit yaratib bera olmasalar, bolalar uylarida ularga yaxshiroq g'amxo'rlik qilinadi, degan maqsadda o'z farzandlarini istamagan holda internetlarga topshiradilar. Ikkinchi afsona: bolalar uylari — bolalar uchun eng xavfsiz joy Ko'pchilik odamlar nomunosib oilalar va ularda shakllangan xafli muhitdan bolalarni himoya qilishda muassasalar ayrim bolalar uchun eng xavfsiz joy, deb hisoblaydi. Ba'zida shunday vaziyatlar tug'iladiki, bolaning o'z ota-onasi bilan yashashi xavfli bo'lib qoladi. Biroq agarda biz bolalarni oilalaridan olib, ularni muassasalarga joylashtirsak, ularni keyinchalik boshqa zo'ravonliklar xavfi ostida qoldirgan bo'lamiz. Puxtalik bilan rejalashtirish orqali oilaviy muqobillarni ishlab chiqish mumkin . Uchinchi afsona: bolalar uylari "murakkab" bolalar uchun kerak Ko'pchilik nogironligi va parvarishlashda alohida e'tiborga muhtoj bolalar, shuningdek, qiyin xulq-atvorli bolalar (boshqacha aytganda, "alohida ehtiyojga ega bolalar") faqatgina institutsional muassasalardagina zarur yordamni olishlari mumkinligiga ishonadilar. Hattoki rivojlanishda o'ziga xosligi bo'lgan bolalar tug'ilishi bilanoq tibbiyot xodimlari ota-onalarga yangi tug'ilgan go'dagini ixtisoslashtirilgan muassasalarga topshirishni tavsiya qiladilar. Bu holatga jamiyatda shakllangan stigma va kamsitishlar ham sabab bo'ladi. "Ha" va "yo'q" tomonlarni taroziga tortar ekan, ota-onalar rivojlanishda o'ziga xosligi bo'lgan bolalar uchun ijtimoiy va tibbiy xizmatlarni ko'rsatish cheklangan, inklyuziv (uyg'unlashgan) ta'lim rivojlanmagan hozirgi sharoitda farzandini muassasaga berish eng to'g'ri qaror, deb o'ylaydilar. Nogironligi bo'lgan bolalarni ijtimoiy muhofaza qilish borasidagi adolatsizliklar, jumladan, bolani munosib ravishda parvarishlash va uning rivojlanishiga yetmaydigan bolalikdan nogironlik bo'yicha arzimagan miqdorda ajratilayotgan nafaqalar ham ushbu qarorning tug'ilishiga turtki bo'ladi. Natijada, Xalq ta'limi vazirligining ma'lumotlariga ko'ra, 20 mingdan ortiq bola yoki O'zbekistonda institutsional muassasalardagi barcha bolalarning qariyb 70 foizini nogironligi bo'lgan bolalar tashkil etmoqda. Biroq to'g'ri yondashuv, inklyuziv ta'lim , intitutsional tizimlardan qayta yo'naltirilgan resurslardan foydalangan holda mahallalar darajasida ham bunday bolalar bilan ijtimoiy ishlashni va ular uchun zarur bo'lga barcha xizmatlarni ko'rsatish mumkin, shu yo'l bilan bolalar ota-onalaridan ham ajratib olinmaydi. Sobiq ittifoq davrida bolalar uyida bolalar serebral falajiga chalingan bola bo'lish qanday ekanini tushunish uchun Ruben Galegoning "Qoradagi oq" avtobiografik romani hamda bolalar uyi bitiruvchisi Aleksandr Gezalovning yaqinda o'zbek tiliga tarjima qilingan "Sho'rpeshona bolalik" asarini o'qishni tavsiya qilaman. Gezalov detdom (bolalar uyi) atamasi o'rniga "detlom" — bolalikni sindirib, amputatsiya qiladigan uy atamasini qo'llashni, butun boshli bolalarni institutsionallashtirish sanoatini esa "sirotprom" — "yetimlik sanoati" deb atashni taklif qiladi. To'rtinchi afsona: bolalar mehribonlik uylarida davlatning ishonchli himoyasi ostida Bugun 1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni. O'tgan yilda bo'lgani kabi, bolalar uylari va ixtisoslashtirilgan muassasalardagi bollar davlatning ishonchli himoyasi va g'amxo'rligi ostida ekani haqida balandparvoz gap-so'zlar aytiladi. Hattoki mehribonlik uylarida oilalardagidan ko'ra yaxshiroq sharoitlar yaratilganini ham tasdiqlashlari mumkin. Bularning ildizi sovetlar davriga borib taqaladi. O'sha davrlarda bolalarning institutsionallashuvi ikki asosiy omilga bog'langan edi. Ular: sovet davlatini barcha fuqarolarining asosiy ehtiyojlarini ta'minlaydigan insonparvar kuch sifatidagi ijtimoiy tasavvurlarni yaxshilash hamda Sovet Ittifoqining ijtimoiy muammolardan holi "sog'lom millat" sifatidagi qiyofasini shakllantirishga bo'lgan ongli zaruriyatlar sabab bo'lgan. Beshinchi afsona: bolalar uylari turizmi — ezgu ish Agarda bolalar uylari bolalarga zarar yetkazsa, u holda ular kim uchun foydali? Amaldorlar va yirik tijorat tuzilmalariga har yangi yil yetim bolalar uchun Yangi yil bayramini tashkil etish, sovg'alar berish va nogironligi bo'lgan bolalar bilan suratga tushish, keyin yangiliklarni ommaviy axborot vositalarida ijtimoiy reklama sifatida e'lon qilish mushkul ish emas. Mehribonlik uyi bir martalik xayriya aksiyasi uchun ajoyib maydondir — ham bolalar mamnun, ham ularning obro'si yanada yaxshilandi. Niyatlar qanchalik ezgu bo'lmasin, achinarli haqiqat shundaki, mehribonlik uylariga tashriflar va volontyorlik bolalarni o'z oilaridan ajratib, ularni suiste'molchiliklar va shafqatsiz munosabatlar xavfi ostida qoldiradigan "Yetimlik sanoati"ning rivojlanishiga sabab bo'lishi mumkin. O'tgan yili "Lyumos" uch yillik #HelpingNotHelping (#YordamYordamBermaydi) global aksiyasini boshladi, Joan Rouling esa barcha befarq bo'lmaganlarni bolalar uylari turizmiga (orphanage tourism) barham berishga chaqirdi . "Bugun men yoshlarga yuzlanib murojaat qilmoqdaman: Ha, ko'ngilli bo'ling, ammo puxta o'ylab ish qiling. Sizning vaqtingiz va kuchingiz juda qimmatbaho: ulardan oqilona foydalaning hamda ular sizga dunyoni o'zgartirishga yordam beradi. Bolalar uylarida ko'ngilli bo'lib ishlamang. Buning o'rniga, bolalarni mehribonlik uylariga itqitayotgansabablarga nazar tashlang va o'z vaqtingizni qashshoqlikka qarshi kurashayotgan yoki hayotan muhim xizmatlar bilan jamiyatni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarga sarflang", — deb maslahat berdi Joan Rouling. Bolalar uylarini yopish zarurligi haqidagi gap ketganida, ularni bir soatda yopib tashlash nazarda tutilmaydi. Birinchi navbatda oilalarning ajralib ketishiga barham beradigan ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish hamda o'z oilalari bilan yashay olmaydigan bolalarga munosib muqobil takliflarni taqdim etish zarur. Ikkinchidan, insoniy va moliyaviy resurslarni qayta yo'naltirgan holda bolalarni bosqichma-bosqich muassasalardan ularning ehtiyojlariga ko'proq mos keladigan vasiylikning oilaviy shakllariga o'tkazish zarur. Eng asosiysi — yetimlik oqibatlari bilan kurashish emas, balki uning oldini olish, himoyaga muhtoj oilalarning ijtimoiy -iqtisodiy ahvolini yaxshilash hamda inklyuziv (uyg'unlashgan) rivojlanishga ko'maq qilish ham zarur . Tanlov ixtiyori o'zimizda — yaxshi futbol o'ynaydigan yetim bolalar borligidan faxrlanib yurish yoki Xalqlar do'stligi maydoniga nazar tashlab, temirchi oilasidan ibrat-namuna olish. Maqolada bildirilgan fikrlar tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmasligi mumkin. Dilmurod Yusupov — Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya) Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti. | columnist |
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 28 iyundagi Kar-soqovlar madaniyat markaziga tashrifi O'zbekiston Karlar jamiyatining (O'zKJ) a'zolarini ilhomlantirdi va bundan buyon mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlardan chetda qolmasliklariga umid berdi. Prezident « O'zbekistondagi har bir inson u uchun qadrli ekanligini» aytdi va o'qituvchilarni, imo-ishora tili tarjimonlarini, pedagoglarni tayyorlashga alohida e'tibor qaratishga, karlarga munosib ish o'rinlari yaratishga chaqirdi. Atigi 10 kun ichida umumiy maydoni 39 208 kv.m. bo'lgan O'zKJ hududida Karlar madaniyat markazi binosini rekonstruksiya qilish, ish xonalari va o'quv xonalarini ta'mirlash, turli tadbirlarni o'tkazish uchun 450 kishiga mo'ljallangan konsert zalini jihozlash kabi keng ko'lamli qurilish va ta'mirlash ishlari olib borildi . Bundan tashqari, Karlar madaniyat markazi hududida uchta blokdan iborat tikuvchilik korxonasi tashkil etilgan bo'lib, ularning har biri kar va eshitish qobiliyati cheklangan insonlar uchun maxsus 100 ish o'rniga mo'ljallangan edi. Uchta tikuv blokining ochilishi hech bo'lmaganda ishsiz kar va zaif eshituvchi kishilarning ayrim bir qismini yetarli darajada ish bilan ta'minlanishiga umid uyg'otgan edi. Ammo xursandchilik uzoqqa cho'zilmadi. Korxonalar ochilgan vaqtdan boshlab karlarni faqat bitta «A» tikuv blokiga ishga olishgan (rasmda futbol stadioni yonidan o'ng tomondan), qolgan ikkita blok esa ular uchun yopiq bloki bo'lgan. «A» blokida kar ishchilarning oylik maoshlar to'lanishida kechikishlar paydo bo'lgani sababli ishchilar tikuvchilik korxonasidan asta sekinlik bilan chiqib keta boshladilar. Uchta tikuv sexi, yotoqxona binosi va Kar-soqovlar madaniyat markazi qarshisida futbol stadioni. Foto: Toshkent shahar hokimiyati matbuot xizmati. Ammo, Prezidentning Karlar jamiyatiga tashrifidan to'rt kun o'tar-o'tmas, 2018 yil 3 iyul kuni O'KJ Markaziy boshqaruvi prezidiumining 22-sonli qarori 6-protokol bilan Kar-soqovlar madaniyat markazi Karlar jamiyatining tarkibiy bo'linmalari balansida bo'lgan «bo'sh turgan hududlarni yo'q qilish va ularga xizmat ko'rsatish bilan bog'liq xarajatlarni kamaytirish» maqsadida 1,2 gektar yer uchastkasini Toshkent shahar hokimiyati balansiga beg'araz topshirdi. Aynan beg'araz berilgan hududda uchta tikuv bloki tashkil qilingan edi. Qorasaroy ko'chasi 353-uyda joylashgan Kar-soqovlar madaniyat markazi yangi hududiy o'zgarishlarni hisobga olgan holda kadastr hujjatlarini qayta ro'yxatdan o'tkazdi. Yangilangan kadastr hujjati Markazning o'ng tomondan o'ziga tegishli 1,2 ga hududni yo'qotganligini ko'rsatadi. Keyinchalik aniqlanishicha, uchta blokning yangi egasi «A» blokida qurilish materiallari ishlab chiqarishni boshlagan turkiyalik tadbirkor ekanligi ma'lum bo'ldi. Ishlab chiqarish binosi karlar yotoqxonasidan bir necha qadam narida joylashganligini hisobga olib, maqola mualliflari tadbirkorga karlarni ishga olishni taklif qilishdi, ammo tadbirkor buni qilishni xohlamasligini aytdi. G'azablantiradigan narsa shundaki, «karlar shaharchasining» avvalgi hududida faoliyati olib borayotgan turkiyalik tadbirkor «Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida"gi qonunga muvofiq karlar uchun ishchilar sonining kamida 3% hisobida ish o'rinlarini zaxiraga olishni ham istamadi. Natijada, tikuvchilik sexining tantanali ochilish marosimi prezident tashrifi uchun uyushtirilgan tomosha edimi? Biroq, Prezident ta'birlarida «ochko olishga intilish — bu xiyonat» ekanligi barchaga yaxshi ma'lum. Karlar jamiyatini har tomonlama qo'llab-quvvatlash o'rniga Toshkent shahar hokimiyati karlarga tegishli hududni o'z balansiga ikkilanmay qabul qildi. Ehtimol, kimdir bu harakatlarni e'tiborsiz qoldirishadi deb o'ylagandir, chunki «kar-soqovlar» Jamiyat a'zolari baribir hech narsa eshitmaydilar va bu haqda hech narsa deya olmaydilar… Maqola mualliflari Toshkent shahri hokimiyatidan ushbu holat yuzasidan izoh so'rashgan. 2018 yil 29 iyundagi Karlar madaniyat markaziga Prezident tashrifi vaqtida tikuvchilar. O'zini oshkor qilishni istamagan marosim qatnashchisi ma'lumotiga ko'ra yashil kiyimda kar ayollar, qizil rangdagi kiyimda esa Yangiyo'l tikuvchilik korxonasidan vaqtincha olib kelingan va prezident tashrifidan so'ng darhol qaytarib olib ketilgan ayollar. Foto: O'zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati Kar va eshitish qobiliyati chelkangan kishilarning ish bilan ta'minlanish holati bugun achinarli ahvolda. Karlar jamiyati o'quv-ishlab chiqarish korxonalarida (O'ICHK) butun mamlakat bo'ylab atigi 250 nafar karlar ish bilan ta'minlangan va ularning ishi asosan ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga beriladigan buyurtmalarga bog'liq. Ishsizlik tufayli ko'p kar odamlar poytaxtning avtoturargohlarida norasmiy ishlarni bajarishga, chorrahalarda bayroqlar va kalit-uzuklar sotishga, yer osti o'tish joylarida vazn o'lchash xizmatlarini taklif qilishga majbur bo'lmoqdalar. Prezidentining 2018 yil 11 iyundagi «Aholining ijtimoiy zaif qatlami bandligini ta'minlashni rag'batlantirishning tashkiliy chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori ijrosi afsuski talablarga javob bermaydi. Nogironligi bo'lgan odamlarni ishga joylashtirish uchun majburiy 3% kvota, shuningdek biznesni imtiyozlar bilan rag'batlantirish amaliyoti foyda bermayapti. Hozirgi kunda ochiq mehnat bozoridagi diskriminatsiya hamda nogironlar tashkiloti qoshidagi o'quv-ishlab chiqarish korxonalari (O'ICHK) barchani ish bilan ta'minlash imkoniyatiga ega emasligi sababli nogironligi bor odamlarning atigi 7 foizdan kamrog'i ish bilan ta'minlangan . Tikuv korxonalaridan tashqari ommaviy axborot vositalarida «sport zallarining yangilangani va 1800 kvadrat metr maydonga ega zamonaviy futbol maydoni qurilgani» ta'kidlangan edi. Ammo, O'zbekiston Karlar Sport federatsiyasi (NNT) sport majmuasi ta'mirsiz qolgan va uni prezident tashrifi paytida ko'rsata olishmagan. Sportzal binosini ta'mirlash bo'yicha ba'zi ishlar amalga oshirilgani va shahar/tuman hokimligi vakillari tomonidan 2019 yil yozning ikkinchi yarmida nihoyat ta'mirdan chiqarilishiga va'da berilganiga qaramay hozirgacha hech bir o'zgarish kuzatilmadi. 2019 yil 17 sentyabr kuni barcha muammolarni chetlab o'tgan O'zbekiston Karlar jamiyatining 90 yilligi nishonlandi . O'shanda Olmazor tumani hokimi O'zKJ rahbariyati va a'zolarini tabriklab, barcha binolar to'liq ta'mirlanishini ta'kidladi. Ammo shu paytgacha noaniq sabablarga ko'ra karlar sportmajmuasida hech qanday o'zgarishlar kuzatilgani yo'q. 2019 yil oktyabr Karlar sport majmuasi avariya holatida. Muallif: Ma'mur Axliddinov Sport majmuasining ayanchli ahvoli ko'plab kar sportchilarning noroziligini keltirib chiqarmoqda — qishda mashq qila olmaydilar, sport majmuasining isitish tizimi avariya holatida, yuvinish xonalari ishlamaydi. 2017 yil U-18 kar jamoalar orasida futzal bo'yicha jahon chempionlari kelajakka umidlarini yo'qotmoqdalar. Axir ular hali yosh va xalqaro musobaqalarda g'olib bo'lishda davom etishlari mumkin. Ammo bunday sharoitda jiddiy mashq qilishga kimda ham xohish va qiziqish qolishi mumkin? 23 mart kuni Ma'mur Axliddinov O'zKJning Markaziy boshqaruviga Jamiyat va tegishli o'quv-ishlab chiqarish korxonalarining tashkiliy va moliyaviy faoliyati to'g'risida ma'lumot olish uchun murojaat qildi. Ariza rais kotibi tomonidan olinganligi tasdiqlanganiga qaramay, xatda ko'rsatilgan savollarga javob olingani yo'q. Bundan tashqari, O'zKJ Markaziy boshqaruvi Ustavining dublikati bilan tanishish to'g'risidagi talab qoniqtirilgani yo'q. Agar o'zlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun tashkil etilgan O'zbekiston karlar jamiyatining a'zolari tashkilot faoliyati to'g'risida zarur ma'lumot ololmasa, unda Jamiyat kim uchun ishlayapti? Karlarning asosiy jamoat tashkilotida karlar jamiyati va eshitish bo'yicha nogironligi bo'lmagan O'zKJ Markaziy boshqaruvi raisi Javoxir Rixsiyev o'rtasida bo'linish mavjud bo'lib, eshituvchi rais kar faollarining noqulay savollariga e'tibor bermay kelmoqda. Kar-soqovlar madaniyat markazi 1,2 gektar maydonni shahar hokimiyatiga tekinga bergani sabablari noaniqligicha qolmoqda. Agar O'zKJ markaziy boshqaruvining fikriga ko'ra, yer maydonlarni «ularga xizmat ko'rsatish bilan bog'liq xarajatlarni kamaytirish» sabibiga ko'ra topshirilgan bo'lsa, ayb qisman rahbarlarining mol-mulkni va karlarning ixtisoslashgan korxonalarini samarali boshqarish qobiliyatiga ega emasligda bo'lishi mumkin. Natijada, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo Umumjahon karlar federatsiyasining mintaqaviy kotibiyatining veb-saytida joylashtrilgan O'zbekiston Karlar Jamiyatining yagona sahifasida ta'qidlanishicha «yillar davomida yaratilgan moddiy-texnik bazani, mulkiy va moliyaviy resurslarni saqlab qolishga» aksincha qodir emas . Mavjud ma'lumotlarga ko'ra, 2019 yilga kelib, mamlakatda 21600 dan ortiq eshitish qobiliyati cheklangan shaxslar ro'yxatga olingan, ularning 5,700 ga yaqini ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar o'quvchilari. O'zKJ markaziy boshqaruvi ta'kidlashicha, 16 yoshdan oshgan 10000 ga yaqin odamlar yoki mamlakatda ro'yxatdan o'tgan barcha kar odamlarning deyarli 47% Karlar jamiyatiga a'zo. Biroq, O'zbekiston karlar jamiyati eshituvchi raisi o'z tashkiloti a'zolarining huquq va manfaatlarini qay darajada samarali himoya qilaolishi degan savol ochiqligicha qolmoqda. Mualliflarning fikrlari nashriyotning fikri bilan mos kelmasligi mumkin. Ma'mur Axliddinov — O'zbekiston Karlar jamiyati blogining muallifi, O'zbekistonda kar va zaif eshituvchi odamlar uchun ta'lim, fan, sport va madaniyat mavzularini yoritadi, O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi. Dilmurod Yusupov — Sasseks universiteti Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti (Buyuk Britaniya). | columnist |
Maktablarda o'quv yili yakunlanib, OTMlarga kirish imtihonlari o'tkazilishiga ikki oydan kam vaqt qolganiga qaramasdan, o'tgan haftagacha yuz minglab abituriyentlar, ularning ota-onalari va ustozlarni qiynab kelayotgan savollar javobsiz qolayotgan edi. Joriy yilda nechta fandan imtihon bo'ladi: 2019-yil 14-maydagi Prezident qarorida tasdiqlanganidek beshtami (qarorning 3 ta majburiy va 2 ta mutaxassislik fanlaridan imtihon bo'lishi belgilangan qismigat o'zgartirish kiritilmagan) yoki Davlat test markazi aytib o'tganidek ikkitami? DTM rasmiy saytida aytib o'tilgan «test topshiriqlarining soddalashtirilishi» deganda nimani tushunish kerak? Vaziyat o'tgan payshanba kuni bo'lib o'tgan brifingdan so'nggina biroz oydinlashdi . Bu noaniqliklar davomida DTM va bir Telegram kanali o'rtasida boshlanib ketgan savol-javob «jangi»ga guvoh bo'ldik. Bizni esa, yuqoridagi kanal adminining (o'zi ta'kidlaganidek, bir «tentakona») taklifi qiziqtirib qo'ydi: belgilangan shartlarga amal qilgan holda, kirish imtihonlarini o'tkazish xususiy sektor qo'liga topshirilsa nima bo'ladi? Keling, xorij tajribasini tahlil qilib, qaysi omillar tufayli xorijiy nodavlat-notijorat tashkilotlar kirish imtihonlarini tuzish va sertifikat berish ishlarini muvaffaqiyatli amalga oshirib kelayotganliklariga oydinlik kiritamiz. Tahlilni ko'pchilikka tanish bo'lgan ingliz tilini bilish darajasini tekshiruvchi xalqaro test — IELTS dan boshlaymiz. Umuman olganda, bu test OTMlarga kirish imtihoni sifatida ishlab chiqilmagan. Biroq, ingliz tili ona tili bo'lmagan abituriyentlar xalqaro universitetlarga kirishdan oldin bu test sinovidan o'tishi va universitet tomonidan belgilangan eng kam ballni qo'lga kiritishi lozim (bakalavr bosqichi uchun, odatda, maksimal 9.0 balldan 5.5- 6.0, magistratura uchun esa 7.0). Yuqoridagi minimum ballar abituriyent ingliz tilidagi ilmiy kitoblarni o'qib, shu tildagi ma'ruzalarni tinglab tushunishi va o'qituvchilar bilan muloqot qila olishini anglatadi. Bundan tashqari, inglizzabon davlatlarga muhojirlik va ishchi vizalarini olish uchun ham ushbu test natijalari talab etiladi. O'tgan yildan boshlab esa yurtimizda IELTS sertifikatiga ega abituriyentlarga davlat OTMlariga kirish imtihonlarida ingliz tilidan eng yuqori ball berish tartibi joriy qilindi . Test Kembrij universitetining ingliz tili bo'yicha xalqaro imtihonlar bilan shug'ullanuvchi bo'limi ( Cambridge Assesment English ), Britaniya Kengashi va Avstraliyaning IDP tashkiloti hamkorlikdagi mahsuloti hisoblanadi. Test materiallari Kembrij universiteti tomonidan tayyorlanadi va tasdiqlanadi. Testologiya (testlarni tuzish va qo'llash haqidagi maxsus fan) bo'yicha bir ma'ruzada test tashkilotchilari bittagina test variantini tayyorlash jarayoni — uni rejalashtirish, sinab ko'rish, tahlil qilish taxminan 3 yil talab qilishini aytib o'tishdi. IELTS testlarini 140 dan ortiq mamlakatda topshirishingiz mumkin, O'zbekiston hududida test 2 ta akkreditatsiyalangan markaz tomonidan tashkillashtiriladi. Test natijalari xoh Britaniyada, xoh boshqa chet davlatlarida qabul qilinishining sababi qandaydir rasmiy qarorlar emas, balki ishonchdir. Testning validligi bo'yicha muntazam ravishda tadqiqotlar olib boriladi, testning ishonchlilik darajasi esa maksimal ko'rsatkich — 1ga yaqin. Ingliz tilini xorijiy til sifatida o'rganayotganlar uchun yana bir test — IELTS ning asosiy raqobatchisi hisoblangan TOEFL bo'lib, u AQSHda joylashgan Ta'limiy test xizmati (Educational Testing Service, ETS) nodavlat-notijorat tashkiloti mahsuli hisoblanadi. Bu testning ishonchliligini tekshirish uchun ham muntazam ilmiy tadqiqotlar o'tkazib boriladi va natijalar ommaga taqdim etiladi. Yuqorida ta'kidlaganimizdek, OTMlarda bu sertifikat tan olinishining sababi AQSH federal hukumati qarori emas, balki olib boriladigan tadqiqotlar natijalaridir. Bu testlar aslida kirish imtihonlari emasligini, ingliz tilida so'zlashuvchi mahalliy abituriyentlar bu imtihonni topshirmasliklarini aytib o'tdik. Xo'sh, unda ular uchun kirish imtihonlari qay tarzda bo'lib o'tadi? Buyuk Britaniyada imtihonlar bilan bog'liq qoidalarni hukumat tarkibiga kirmaydigan, balki to'g'ridan-to'g'ri parlamentga bo'ysunuvchi tashkilot — Ofqual (Kvalifikatsiyalar va imtihonlar boshqarmasi) ishlab chiqadi. Aynan shu tashkilot maktab bitiruvchilarining yakuniy attestatsiyasi bo'lgan A-level imtihonlari qoidalarini ham belgilaydi. (Maktab o'quvchilari shu imtihonlar natijalari bilan OTMlarga qabul qilinadi.) Ofqualning o'zi imtihon savollarini tuzish yoki imtihonni tashkillashtirish bilan shug'ullanmaydi, balki mas'ul tashkilotlar rioya qilishi lozim bo'lgan qoida va majburiyatlarni ishlab chiqadi. U qo'ygan eng asosiy shartlardan biri — bu testning validligi. Hozirgi kunda 5 ta nodavlat tashkilot A-level imtihonlarini o'tkazishga ruxsatnoma olgan. Ulardan qaysi birining xizmatlaridan foydalanishni esa maktablar hal qiladi. Qiziqarlisi shuki, bir fandan imtihonni bir tashkilotda topshirsangiz, boshqa fan uchun ikkinchi bir tashkilotni tanlash huquqiga egasiz. Ko'rib turganimizdek, hukumat faqat «o'yin qoidalari»ni tuzadi va unga rioya qilinishini nazorat qiladi. Imtihonlarni o'tkazish va sertifikat berishga esa nodavlat tashkilotlar mas'ul. AQSH maktab bitiruvchilari ham ikkita standartlashtirilgan imtihon — ACT yo SAT dan birini topshirishadi. Ikkala test ham nodavlat-notijorat tashkilotlar — ACT va College Board loyihalari. Avstraliya OTMlariga qabul jarayonida ATAR (Australian Tertiary Admission Rank — Avstraliya OTMlariga qabul reytingi)dan foydalaniladi. Unga ko'ra, maktab bitiruvchisiga uning maktab davridagi yutuq va egallagan ko'nikmalariga tayanib, 100 ballik tizimda reyting belgilanadi. Reytingdan joy olmagan yoki reytingi eskirgan (avvalgi yil bitiruvchilari)lar uchun maxsus standartlashtirilgan test — STAT (Special Tertiary Admissions Test) belgilanadi. Testni ishlab chiqish va tashkiliy ishlar bilan 1930-yilda asos solingan nodavlat-notijorat tashkilot bo'lmish ACER (Avstraliya ta'lim tizimi tadqiqot markazi) shug'ullanadi. ACER o'z test xizmatlarini Birlashgan Arab Amirligi maktablariga ham taklif etgan. Shtab-kvartirasi Jenevada joylashgan International Baccalaureate nodavlat tashkiloti yoki Kembrij universiteti tarkibiga kiruvchi «Cambridge Assessment International Education» tashkiloti dasturlarini tamomlaganlik to'g'risidagi sertifikatga ega bo'lib ham, dunyoning ko'plab universitetlariga topshirish imkonini qo'lga kiritasiz. Bu dasturlar sertifikatini olish uchun ularning maxsus o'quv dasturida ta'lim olishingiz va o'qish yakunida standartlashtirilgan test imtihonidan muvaffaqiyatli o'tishingiz lozim bo'ladi. Shuni aytib o'tish kerakki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan har bir viloyatda barpo etilayotgan prezident maktablaridagi ayrim fanlar «Cambridge Assessment International Education» dasturi bo'yicha o'qitiladi va kirish imtihonlari ham ushbu tashkilot tomonidan tuzilgan edi. Ko'rib turibmizki, nodavlat tashkilotlarni kirish imtihonlarini tuzishga jalb qilish ko'pgina rivojlangan davlatlar tomonidan qo'llanilib kelinmoqda. Bunday tashkilotlar sertifikatlari nafaqat mahalliy, balki xalqaro miqyosda ham o'z kuchini saqlab qoladi. Testlarni tuzish va o'tkazish — bu eng avvalo ilmiy jarayon. Har qanday test topshiriqlari ilmiy asosga ega bo'lishi va bu test natijalaridan foydalanayotgan tashkilotlar (masalan, abituriyentni qabul qilayotgan OTMlar) testning validligi va ishonchliliga amin bo'lishlari lozim. Validatsiya (testni ilmiy asoslash) jarayoni anchagina vaqt, moliya va inson omilini talab qiladi. Ilmiy tadqiqotlar o'tkazib, testlarining validligi va ishonchliligini asoslashga qodir tashkilotlargina bu sohada yetakchilikni qo'lga kiritadi. Hattoki test topshiriqlari davlat boshqaruvidagi tashkilotlar tomonidan tuziladigan mamlakatlar (Rossiyada YeGE, Janubiy Koreyada CSAT, Yaponiyada OTMga qabul uchun milliy imtihon)da ham test tashkilotchilari muntazam ravishda topshiriqlarning validligi borasida tadqiqotlar o'tkazib borishadi va bu tadqiqotlar natijalarini e'lon qilishadi. Test tizimidagi har qanday o'zgarish asoslangan bo'lishi va bir necha yil oldin e'lon qilingan bo'lishi lozim. Masalan, Yaponiya test tizimida 2021-yilda bo'ladigan o'zgarish to'g'risida 2019-yildayoq e'lon qilingan . DTM tashkillashtiradigan testlarning ilmiy asoslanganligi haqidagi munozaralar avval ham ko'tarilgandi . Bundan tashqari, test tashkilotchisi o'z zimmasidagi mas'uliyatni yuqori turuvchi tashkilot, masalan, «davlat komissiyasi»ga yuklab qo'ya olmasligi haqidagi fikrni ham bildirgan edik. Testning ilmiy jihati bilan shug'ullanish yuqori tashkilotlardagi amaldorlarning ishi emas. Abituriyentlarning imtihondan bir necha oy oldin ham nechta fandan imtihon bo'lishi, imtihon tartibi va mazmuniga qanday o'zgartirishlar kiritilishi haqida aniq ma'lumotga ega emasliklarini pandemiya holati bilan oqlab bo'lmaydi. Keling, maqolaning kirish qismida aytib o'tilgan taklifga qaytamiz. Kamina oliy ta'lim tizimidagi muammolar tahlil qilingan bir muzokarada qatnashgan edi. Shunda oliy ta'lim muassasalari vakillari DTMni kirish imtihonlarini tashkillashtirish monopoliyasidan mahrum qilish taklifini ilgari surishgan edi. Ya'ni, ma'lum bir belgilangan talablarga javob berib, o'z testlarining validligini isbotlab bera olgan nodavlat tashkilotlariga kirish imtihonlarini tashkillashtirishga ruxsat berish, qaysi tashkilot bilan hamkorlik qilish tanlovini esa OTMlarning ixtiyoriga qoldirish taklif qilindi. Ushbu taklifning yuqorida aytib o'tilgan fikrlarga hamohangligini, ayniqsa, davlatimiz rahbarining mamlakat iqtisodiyotiga davlat ta'sirini kamaytirish va ayrim davlat xizmatlarini xususiy sektorga topshirish borasidagi yaqindagi topshiriqlarini inobatga olib, bu taklif o'ylab ko'rishga arziydi. Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. Maqola tarjimasi Khan Academy Uzbek tomonidan taqdim etildi. | columnist |
Yangi o'quv yilidan boshlab maktab direktorlari va o'qituvchilarining maoshi maktab bitiruvchilarinng OTMlarga kirish ko'rsatkichlariga va ularning ishga joylashishiga bog'liq bo'lishi haqidagi yangilik jamoatchilikning qizg'in muhokamasiga sabab bo'ldi. Ehtimol, bu qaror maktab bitiruv va OTMga kirish imtihonlarini unifikatsiyalashtirish (birlashtirish) rejalari bilan bog'liqdir. Bu qaror nimalarga asoslangani va qanday natija berishi mumkinligini «Gazeta.uz» kolumnisti Komil Jalilov tahlil qiladi. Biroz avval «Ma'rifat» gazetasining Telegram-kanalida Namangan viloyati Xalq ta'limi boshqarmasi rahbari V.Rajapov yozgan ogohlantirish xatining nusxasi ommaga talqin qilingandi. Xatdan tushunilishicha, maktablar bitiruvchilarning OTMga kirish ko'rsatkichlaridan kelib chiqib maxsus «rangli» guruhlarga ajratiladi hamda «qizil» va «sariq» guruh maktablaridagi xodimlar maoshlari qisqartiriladi. Xalq ta'limi vazirligining axborot xizmati ushbu xatning haqiqatda mavjudligini inkor qilmadi va chindan ham maktablarni baholash bo'yicha loyiha tayyorlanayotgani haqida xabar berdi. Shu navbatda, maktablarni baholash mezonlarida bitiruvchilarning OTMga kirish darajasi ham hisobga olinishi aytib o'tilgan. Bundan tashqari, vazirlikning rasmiy saytida bitiruvchilarining 50% dan ko'pi OTMlarga kirgan maktablar direktorlari «oltin zahira»ga olinishi, aksincha, past ko'rsatkichli maktab direktorlarining faoliyati qayta ko'rib chiqilishi haqida yangilik e'lon qilingan. Maktab faoliyatiga uning bitiruvchilaridan necha foizi OTMga kirishiga qarab baho berish hozirgi tizim nuqtai nazaridan qanchalik adolatli? Birinchidan . Shu paytgacha mintaqaviy va xalqaro standartlar bo'yicha eng past bo'lib kelayotgan oliy ta'lim qamrovini endi bu yil 25% ga olib chiqish rejalashtirilgan . Bu maktab bitiruvchilarining har 4tasidan bittasigina OTMda ta'limni davom ettira olishini anglatadi. Agar abituriyentlar ichida avvalroq maktabni tamomlaganlar ham bo'lishini hisobga olsak, bu ko'rsatkich yanada kamroq bo'ladi. Misol tariqasida, joriy yilgi qariyb 1,5 million abituriyentdan 1,3 millionga yaqini davlat OTMlarida o'qish imkoniyatidan bebahra qoladilar (davlat OTMlarida bakalavr uchun tasdiqlangan o'rinlar soni 139,9 mingni tashkil etadi). OTMlarga kirish davlat miqyosida cheklangan bir paytda, maktablarni bitiruvchilarning OTMga kirish ko'rsatkichiga tayanib rag'batlantirish yoki «jazolash» qanchalik to'g'ri bo'ladi? Ikkinchidan . Abituriyentning imtihonlarda muvaffaqiyat qozonishi faqat uning bilimiga bog'liq emas. Bu yerda abituriyent oilasining moliyaviy va ijtimoiy ahvoli kabi maktab ta'sir doirasidan tashqari omillar ham mavjud. OTMlarda kunduzgi ta'lim talabalarining 23 foizigina davlat granti asosida o'qiy oladi (sirtqi va kechki bo'limlar bundan mustasno — ular uchun o'qish faqat to'lov asosida). Ana endi, eng arzon to'lov-shartnoma narxlari o'rtacha oylik ish haqidan 5 baravar ko'pligini hisobga oladigan bo'lsak, har bir oilada ham kundalik zaruriyatlarga ketadigan xarajatlar (oziq-ovqat, kommunal to'lovlar va hokazolar)dan orttirib, farzandining kontraktini to'lashga imkoniyat bo'lmasligiga amin bo'lamiz. Keling, bir holatni ko'z oldimizga keltiramiz: bir maktab bitiruvchisi qabul imtihonlarida yetarli ball to'plab, kontrakt asosida o'qishga qabul qilindi. Lekin oilasidagi moliyaviy qiyinchiliklar tufayli kontrakt to'lovini to'lay olmadi va o'qishdan bosh tortdi. Boshqa bir maktab bitiruvchisi esa, kerakli ballni to'play olmadi, biroq super-kontrakt asosida o'qishga kirdi. Bundan kelib chiqib, ikkinchi maktab birinchisidan yaxshiroq ishlagan deyish to'g'rimi? OTMlarga kirishda taqdim etiladigan imtiyozlar ro'yxati esa alohida bir mavzu. Bu imtiyozlar abituriyentning bilimiga qarab emas, balki uning qaysi hududdan, qaysi maktabdan ekanligi (ba'zi maktab bitiruvchilar maxsus imtiyozlarga ega), harbiy xizmatni o'taganligi, ota-onasining kasbi (ba'zi mutaxassislar farzandlariga alohida kvotalar belgilangan), jinsi kabi omillarga tayanib ajratilgan. Parlamentning quyi palatasi deputati Maqsuda Vorisova bu imtiyozlar davlat Konstitutsiyasidagi ijtimoiy tenglik tamoyiliga mutlaqo zidligi haqida fikr bildirgan edi. Bu tizim testologiya — baholash haqidagi fanga ham mutlaq ziddir. Test natijalariga sinalayotgan bilim va ko'nikmalardan tashqari, boshqa omillar ham ta'sir ko'rsatishi test natijalarining validligini yo'qqa chiqaradi. Agar yuqoridagi qarashlardan kelib chiqsak, maktablar «qizil» ro'yxatga tushmaslik uchun imtiyozga ega va kontrakt pulini to'lashga qurbi yetadigan o'quvchilarni o'ziga jalb qilishni bilishi kerak, axir ularda OTMga kirish imkoniyati kattaroqku. Uchinchidan . O'z sohasida muvaffaqiyatga erishish uchun oliy ta'lim shart bo'lmagan kasblar juda ko'p. Hozirgi kunda tan olinishicha, «9+3» tizimi o'zini oqlamadi va shu sababli yangi turdagi professional ta'lim muassasalari tarmog'i yaratildi. Biroq, agar maktablar faqat OTMga kirish ko'rsatkichi bilan baholansa, o'quvchilarning OTMga emas, bunday professional ta'lim muassasalariga va o'rta bo'g'in kasblariga qiziqishini qanday qo'llab-quvvatlash mumkin? Yana bir holatni inobatga olish kerak: aytaylik, o'quvchi maktabni bitirgach, o'z kelajagi haqida o'ylab olish uchun tanaffus — «gap year» olishga qaror qildi. AQSHda olib borilgan tadqiqot natijasida Amerika maktab bitiruvchilarining 1/3 qismi ana shunday tanaffus olishni istashlari ma'lum bo'ldi. Qiziqarlisi shuki, shunday tanaffus yilida vaqtini samarali o'tkazganlari — qo'shimcha ish tajribasini orttirib, ko'ngilli sifatida turli loyihalarda qatnashganlari keyingi ta'lim faoliyatida yuqori natijalarga erishar ekan. Axir, 11-sinfni bitirib hali ham o'z hayot yo'lini aniqlamagan o'quvchilar topiladi va ularni majburlab biror-bir OTMga topshirishga undash vaqt, kuch va pulni bekorga sarflashga olib kelishi mumkin. To'rtinchidan . Nazarimizda, shuni tan olish lozimki, hozirgi sharoitda OTMga kirish maktabga emas, boshqa bir qator omillarga bog'liq. Bunday omillardan ayrimlarini — oilaning ijtimoiy va iqtisodiy ahvolini yuqorida sanadik. Shunday omillardan yana biri — bu «soyadagi ta'lim». « Soyadagi ta'lim » (shadow education) — maktab dasturiga kirgan va o'quvchilar muhim imtihonlar topshiradigan fanlardan qo'shimcha pullik mashg'ulotlar. Bunday mashg'ulotlar individual (yakka) yoki guruhlarda bo'lishi mumkin. O'qituvchilar tanlovi ham juda keng: istalsa, maktabda o'sha fandan dars beruvchi o'qituvchini yoki tashqaridan boshqa o'qituvchini yollash mumkin. Bunda «soyadagi» so'zi «soyadagi iqtisodiyot» atamasi singari salbiy ma'no kasb etmasligini ham inobatga olish lozim. Soyadagi ta'lim butun dunyoda keng tarqalgan holat. Bu borada izlanish olib borgan olimlar Osiyo davlatlarida 85 foizgacha yuqori sinf o'quvchilari soyadagi ta'limdan foydalanishi , Yevropa bozorida esa bu sohadagi faoliyat bir necha yuz million yevro yillik daromad olib kelishini aniqlashdi . Afsuski, bu boradagi O'zbekistonga tegishli tadqiqot natijalari topilmadi (2009 yilda YUNESKOning Markaziy Osiyoda soyadagi ta'lim borasida olib borgan tadqiqotida bizning mamlakat haqida ma'lumotlar berilmagan). Biroq o'quv markazlari va repetitorlarning keng ommalashganidan kelib chiqib, bizning mamlakatimizda ham bu holat ancha keng tarqalganligini aytishimiz mumkin. «Ma'rifat» gazetasi Buxoro viloyati Shofirkon tumani misolida OTMlarga kirishning yuqori ko'rsatkichi maktablarning emas, repetitorlarning xizmati ekanligini tahlil qilishga harakat qilgan. Umuman olganda, maktablarni OTMga kirish darajasi bo'yicha baholashga o'tishdan oldin bu jarayonga ta'sir ko'rsatuvchi turli omillar borligini ham inobatga olish to'g'ri bo'ladi. O'qituvchi, maktab rahbari, hatto Xalq ta'limi vazirligining ta'sirida bo'lmagan shunday omillar borki, ular bevosita ta'lim sifatiga ta'sir ko'rsatadi. Masalan, 18−20 soatlik dars yuklamasi va respublika bo'yicha o'rtacha ish haqidan past bo'lgan maosh o'qituvchilarni bir necha stavkalarda ishlashga majbur qiladi. Har bir o'quvchiga e'tibor qaratishga imkon qoldirmaydigan darajada o'quvchilar ko'p bo'lgan sinflar , faqat «yodla-qaytar»ga asoslangan va xatolarga to'la yagona darsliklar , zamondan ortda qolgan laboratoriyalar — bularning hammasi, o'z navbatida, ta'lim sifatiga o'z salbiy ta'sirini ko'rsatmay qolmaydi. Natijada, farzandining kelajagidan xavotirga tushgan ota-onalar va o'quvchilarning o'zida soyadagi ta'limga murojaat qilishdan boshqa yo'l qolmaydi. Ba'zan esa, hukumat qarorlarining o'zi ham o'quvchilarni qo'shimcha darslardan najot izlashga majbur qiladi. Bunga yorqin misol — chet tilini bilish darajasi: ta'lim standartlariga ko'ra, maktab bitiruvchisidan tilni B1 darajada bilish talab qilinsa, OTMga kirishda chet tilida maksimal ball olish uchun esa negadir bir pog'ona yuqori — B2 daraja so'raladi. Biz bunday talab qo'yishning salbiy oqibatlarini normativ-huquqiy hujjat hali muhokamada bo'lganida tahlil qilishga harakat qilib ko'rgandik. Yaqinda huquqshunos va blogger Xushnudbek Xudoyberdiyev ham masalani yana bir bor ko'tarib chiqdi . Yana bir muhim omil . Jahon bankining ta'lim bo'yicha eksperti Nodira Meliboyevaning fikricha , O'zbekistonda iqtidorli va malakali pedagoglarni ta'lim tizimiga jalb qilish va ushlab turish tizimi yo'q. Maktab muhitiga bog'liq yuqorida ko'rsatilgan to'siqlardan tashqari, kamdan-kam insonlar e'tibor qaratadigan yana bir narsa bor: o'qituvchilarning professional ko'nikmalarni yo'qotishi. Kasbiy ko'nikmalarni yo'qotishning (ingliz ilmiy adabiyotida «deskilling» atamasi qo'llaniladi) sabablari turlicha. Mutaxassislar fikriga ko'ra , ana shunday omillardan biri shaxsiy rag'batning sustligi yoki o'ta markazlashtirilgan tizim bo'lishi mumkin. Masalan, yuqoridan berilgan o'quv dasturi chegaralaridan chiqa olmaslik va o'z o'quvchilari uchun fanni o'qitishni rejalashtira olmaslik o'z paytida Turkiya va Janubiy Koreya ta'lim tizimida muammolarga sabab bo'lgan. Bu voqealar qarshisida Xalq ta'limi vazirligining yaqinda ishlab chiqqan qarori — «maktabdagi qog'ozbozlikni bartaraf etish maqsadida» o'quv rejasining Xalq ta'limi vazirligi tomonidan tuzilishi va respublika maktablariga birdek targ'ib etilishi tabiatan ijodiy kasb bo'lmish o'qituvchilikni mexanik «ma'lumot berish»ga aylantirib qo'yadi. O'qituvchi o'z faoliyati uchun mas'uliyatni his qilishi, umuman olganda, jarayondan zavq olishida o'quv rejasini o'quvchilarga moslashtirib o'zgartira olish imkoniyati juda muhim hisoblanadi. Agar reja o'quvchilar bilan ishlab ko'rmagan yuqoridagi bir amaldor tomonidan tuzilar ekan, o'qituvchi rejaga amal qilish uchun ko'proq bilimlarni to'g'ri o'zlashtirishga yordam berish to'g'risida emas, o'quv dasturidagi vaqt bilan to'g'ri ketish haqida qayg'ura boshlaydi. Oxir-oqibat, ta'lim sifatidan qoniqmagan o'quvchi qo'shimcha darslar, soyaviy ta'lim imkoniyatlarini izlay boshlaydi. Nihoyat, oxirgi, ammo muhim omillardan biri — ta'lim standartlari bir narsani talab qilgan paytda, OTMga kirish imtihonlari butunlay boshqa narsani tekshirsa, test tizimi testologiyaning eng oddiy talablarini ham inobatga olmasa , maktablarni OTMga kirgan bitiruvchilarga ko'ra baholash imkonsizdir. Axir o'qituvchining vazifasi ta'lim standartidagi talab va maqsadlarga erishish emasmi? Masalan, o'z sohasini yaxshi biladigan adabiyot o'qituvchisi XX asr o'zbek adabiyotining yorqin namunasi — «Kecha va kunduz»dagi epizodik qahramon bo'lmish aravakashning ismini eslab qolishni o'quvchilaridan talab qilmaydi . O'qituvchining vazifasi — har bir o'quvchida asar haqida o'z tushunchasini shakllantirishga yordam berish. Yoki bo'lmasa, tarix fani o'qituvchisi bolalardan tarixiy davlat arboblari va turli xalqlar ilohlarining rasmlarini yodlab qolishni talab qilishi mantiqsizlik emasmi? Uning vazifasi — kelajak avlodni tarixiy voqealarni tahlil qilgan holda, xulosa chiqarishga o'rgatish. Keling, bir narsani aniqlashtirib olamiz: o'qituvchining maqsadi kelajakda kerak bo'ladigan ko'nikmalarni shakllantirishmi yoki faqat test uchun kerak bo'ladigan va hayot uchun umuman keraksiz ma'lumotlarni yodlashga o'rgatishmi? Maktab bitiruvchilarining «ishga joylashuvi» masalasiga keladigan bo'lsak (aynan shu o'qituvchi va murabbiylarning maoshini aniqlashda ikkinchi omil hisoblanadi), yaqin o'tmishni eslashning o'zi kifoya. Kasb-hunar ta'lim muassasalarining bitiruvchilari faqat chiroyli hisobot uchun mavjud bo'lmagan yoki allaqachon yopilib ketgan korxonalarga qanday « ishga joylashtirilganini » eslasangiz kerak? Ba'zan bu «bandlik» hisobot ko'rib chiqilgunga qadar davom etgan . Aytishlaricha, o'tgan asrning eng yorqin ayollaridan biri Indira Gandi shunday degan ekan: «Tarix — eng yomon o'quvchilarga ega eng yaxshi o'qituvchidir». Ta'lim sohasidagi har qanday o'zgarishlar ilmiy tadqiqot va chuqur tahlillarga asoslangan bo'lishi lozim. Aks holda, bunday tez qarorlar bilan tizim ichidagi ishtirokchilarni to'g'ri yo'ldan chalg'itish yoki ularga zarar yetkazib qo'yish mumkin. Ta'lim tizimida shoshilinch va sayoz, populistik qarorlarga aslo yo'l yo'q. Axir, bu yo'lda millatning intellektual kelajagi taqdiri tikilgan. Muallif fikrlari tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. Maqola tarjimasi Khan Academy Oʻzbek tomonidan taqdim etildi. | columnist |
Qurbon hayiti bayrami arafasida O'zbekiston hukumati ehtiyojmand oilalarga bir martalik yordam pullarini naqd pul ko'rinishida tarqatish to'g'risidagi qarorni e'lon qildi . 1,7 milliondan ortiq odam yoki 400 ming oila kishi boshiga 220 ming so'mdan olishadi. Muhtojlarning ro'yxati («temir daftar») aprel oyida mahallalarda uyma-uy yurish natijasida shakllantirilgan. Aprel oyida iqtisodchi Botir Qobilov pulni «vositachilarsiz» tarqatish muhimligini yozgan edi . Hukumat vakillari va mutaxassislarning ta'kidlashicha, O'zbekistonda bunday yondashuvni amalga oshirish qiyinchilik tug'diradi, xususan, aholining katta qismi norasmiy sektorda bandligi, byudjet uchun oqibatlarni hisobga olish zarurligi va pandemiyada naqd pul berishning iloji yo'qligi. Muallif kelajakda shaffof, tez va kamchiqim manba talab qiladigan mexanizmga e'tibor qaratishni taklif qiladi. O'zimizni o'zimiz aldamaylik. Ba'zilarimiz (agar ko'pchiligimiz bo'lmasa) mart, aprel oylarida bu pandemiya tezda o'tib ketadi deb o'yladik. Va hatto hozir ham — iyulda, yana biroz vaqt o'tsa hammasi ortda qolib ketadigandek tuyulishi mumkin. Tez orada iqtisodiyot tiklanib, odamlar yana ishlay boshlaydigandek ham tuyulishi mumkin. Ammo haqiqat xafa qilgulik: pandemiya biz bilan davomiy qolmoqda, uning iqtisodiy oqibatlari esa hali uzoq vaqt saqlanib qoladi. Vaqt nuqtayi nazaridan tahlil qilish bizga to'g'ri qaror qabul qilish va taxminlarimizni to'g'ri yo'naltirishga yordam beradi. Bundan kelib chiqadiki, hozirgi o'ta og'ir davrda aholiga beriladigan har qanday ijtimoiy to'lov qayta-qayta foydalanish mumkin bo'lgan tizim orqali amalga oshirilishi kerak. Balki pulni bir necha oy davomida to'lashga to'g'ri kelishi mumkin. Shuning uchun bizga tasodifiy pul o'tkazmalari yoki to'lovlar o'rnini bosa oluvchi tizim kerak. Ehtimol, ba'zi tahlilchilar bunday qiyin paytlarda keng jamoatchilikka pul berishga qurbimiz yetmaydi va moliyaviy mablag'larimiz uni qoplay olmaydi deb hisoblashar. Mamlakat 1 mlrd AQSH dollaridan ortiq tashqi yordam olganligi biz zarur resurslarni safarbar etishimiz mumkinligini anglatadi. Asosiy e'tiborni pullar qayerga sarflanayotgani va eng ko'p yordamga muhtoj bo'lganlar bu pullarni olayaptimi degan masalaga qaratish kerak . Moliya vazirligi va «Yuksalish» umummilliy harakati ushbu mablag'larning sarflanishi to'g'risidagi jamlangan ma'lumotlarni e'lon qilib borishyapti. Men savolning ikkinchi qismiga to'xtalaman: odamlarga oldindan belgilangan oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa narsalardan iborat «savatcha» bilan yordam berish g'oyasi foydali emas, aksincha, aslida isrofgarchilikdir . Hech kim bir oila aynan nimaga muhtojligini aniq bilmaydi, kimdir kamroq ovqatga muhtoj, biroq, ko'proq dori-darmonga ehtiyoji mavjud yoki aksincha. Ehtimol, kimdir un yoki shakar iste'mol qilmaydi. Afsuski, ishini, daromadini yo'qotgan va tom ma'noda hayot uchun kurashayotgan odamlarga yordam beradigan yagona samarali vositaga qaytish uchun to'rt oy vaqt sarflandi. Pulni taqsimlash borasida so'z ketganda, boshqa mamlakatlar tajribasiga qarashimiz va ularning samarali amaliyotidan namuna olishimiz mumkin — chunki bu yaxshi natija beradi! Masalan, Qozog'istonda favqulodda holat davrida 4 milliondan ortiq odam 42,5 ming tenge miqdorida ijtimoiy nafaqa oldi. Hammasi «Qiyin vaziyatda ijtimoiy yordam» maxsus manbasida aniq tasvirlangan. Birinchi navbatda kompensatsiya quyidagilar tomonidan olinishi kerak: 1. Ishini yo'qotgan, maosh olmayotgan (oxirgi oy ichida yoki undan ko'proq) yoki to'lovsiz ta'til olishga majbur bo'lgan har bir kishi. Bu ma'lumot soliq organi tomonidan osonlikcha tekshirilishi mumkin. 2. Norasmiy sektorga tegishli bo'lgan har bir kishi. Norasmiy sektor ishchilari — bu daromadlari kunlik shakllanadigan individual mehnat faoliyati bilan shug'ullanuvchi ishchilardir. Bu yerga yana turmush tarzi oila a'zolarining xalqaro pul o'tkazmalariga bog'liq bo'lgan oilalarni ham kiritish lozim. Shuni ta'kidlash kerakki, bu odamlar soliqlarni va boshqa majburiy to'lovlarni pensiya jamg'armasiga va boshqalarga to'lamaydilar. Ammo bu ularning ijtimoiy nafaqa oluvchilar soniga qo'shilishiga to'sqinlik qilmasligi kerak. Aslida, hozir ular yordamga oldingidan ko'proq muhtojdirlar. Tez, to'g'ridan-to'g'ri — yordamga muhtoj bo'lganlarga, vositachilarsiz va tranzaksiya xarajatlarisiz. Bu faqat bank kartalariga pul o'tkazmalari shaklida bo'lishi kerak edi, naqd pul emas. Foto: O'zA. Albatta, agar pul bank hisob raqamlari va kartalari o'rtasida taqsimlangan bo'lsa, chiroyli fotohisobotlarni tayyorlashning imkoni bo'lmaydi, ammo pandemiya hali ham davom etmoqda. Hozirgi vaqtda eng xavfsiz narsa bu ijtimoiy masofalanish qoidalariga rioya qilish va odamlar bilan har qanday aloqani minimallashtirishdir. Davlat o'zi va pul olishi kerak bo'lgan odamlar o'rtasidagi har qanday vositachini minimallashtirishi va iloji boricha bartaraf qilishi kerak. Vazirliklar, shahar hokimliklari, ayniqsa joylardagi boshqaruv va hokimiyat organlari jarayonga jalb etilmasligi kerak. Bu yuqori tezlikni, samaradorlikni va tranzaksion xarajatlarni kamaytirishni ta'minlaydi. Bundan hamma, har bir jalb qilingan tomon foyda oladi. Bu haqiqatan ham juda oddiy narsa. Mexanizm bir vaqtning o'zida ikkita usulda amalga oshirilishi kerak: yagona interfaol davlat xizmatlari portali platformasidagi markazlashtirilgan veb-sayt va call-markazlar orqali. To'ldirilishi kerak bo'lgan ariza shakli saytga joylashtiriladi. Fuqaro ariza topshiradi, ariza ko'rib chiqiladi, tasdiqlanadi va pul kartaga o'tkaziladi. Sayt keng ommaga e'lon qilinishi kerak, uning havolalari SMS orqali mobil operatorlar tomonidan tarqatilishi mumkin. Veb-sayt orqali murojaat qilish ikkita xususiyatga ega bo'lishi kerak: Shu joyda muammo bor. Hamma ham bank kartasiga ega emas. Agar mehnatga layoqatli aholining soni 20 millionga yaqin bo'lsa, undan 5 millionga yaqin, ehtimol ko'proq aholi norasmiy sektorda ishlaydi. Binobarin, ularda ish haqi kartalari yo'q. Bu odamlar uchun bankda hisob raqamlar ochish va ularga bank kartalari berishlozim. Markaziy bank hisob raqamlarni ochish va kartalarni chiqarish jarayonini tezlashtirishga yordam berishi kerak. Muomalada bo'lgan amaldagi plastik kartalar soni 2020 yil mart oyi holatiga ko'ra 21 millionni tashkil etgan edi . Agar ushbu kartalarning 60% kompaniyalarga emas, balki jismoniy shaxslarga tegishli deb taxmin qilsak, demakki bu mehnatga layoqatli aholining yarmi qamrab olinganligini bildiradi. Yashash joyidan kelib chiqqan holda, bank kartalaridan ba'zi yoki ko'plab to'lovlarni amalga oshirish imkoniyati yo'q. Hamma joyda ham terminallar mavjud emas. Biroq, bu bank kartalariga qarshi argument emas albatta, bu hal qilinishi kerak bo'lgan muammo. Pandemiya davrida bu qulaylik emas, balki qo'llab-quvvatlash va omon qolish chorasidir. Shu bilan birga, bankomatlarda naqd pullar va mamlakatning barcha mintaqalarida naqd pul olish imkoniyati ta'minlanishi lozim. Call-markazlari Internetga kirish imkoni yoki mobil telefoni yo'q odamlar uchun tashkillashtirilgan. Bu holda, shahar telefonlari orqali bog'lanib, pasport ma'lumotlarini va STIRni aytish mumkin. Agar STIR bo'lmasa, uni berish uchun ariza qabul qilinadi. Agar fuqaroda STIR mavjud bo'lsa, u ma'lumotlar bazasiga kiritiladi, shundan so'ng bankda hisob raqami ochiladi, karta chiqariladi va yordam oluvchiga eng yaqin bank filialida beriladi. 2020 yil 1 mart holatiga ko'ra onlayn-banking xizmatidan foydalanganlar soni 9,6 mlnni tashkil qildi. Bu esa mehnatga layoqatli aholining yarmini tashkil etadi. Ishonchim komilki, yordamga muhtoj bo'lishmasada, ijtimoiy yordam oladigan odamlar ko'plab topiladi. Ulardan ko'ra bu pullarga ko'proq muhtoj bo'lgan odamlarga yordam berish uchun olingan mablag'larni qaytarishga tayyor odamlar ham bor. Ularga pullarni saytning o'zida umumiy «hamyon»ga o'tkazishlariga imkon berish kerak. Shu bilan birga, jamoatchilik ushbu pul o'tkazmalaridan xabardor bo'lishi kerak. Ammo eng muhimi — pul o'tkazuvchilar ushbu pul qayerga ketayotganini aniq bilishlari kerak. Algoritm mos tanlovni amalga oshirish funksiyasiga ega bo'lishi kerak: homiyning yashash joyi ijtimoiy to'lov oluvchining yashash joyi bilan bog'liq bo'lishi lozim. Mexanizm shunday ishlashi kerakki, minimal byurokratik to'siqlar bilan aholining imkon qadar ko'proq qatlami qamrab olinsin. Shu bilan birga, yordam vositachilarsiz to'g'ridan-to'g'ri muhtojlarga yetib borishi kerak . Muhtoj bo'lishmasa ham kompensatsiya uchun murojaat qiluvchilar bo'ladimi? Ha! Bundaylar bo'ladi. Bolalar sonini «ko'paytiruvchi"lar bo'ladi, o'zini o'zi band qilganlardan kimdir o'z daromadini yashirishi mumkin va hokazo. Ammo ular kam bo'ladi. Va hatto pullar muhtoj bo'lmagan odamlarga berilsa ham, bu ommaviy yordamni kechiktirish va vaqtni yo'qotish uchun unchalik katta muammo emas. Ijtimoiy yordam ko'rsatishda bolalar soni va uy xo'jaliklarining hajmini hisobga olish ham muhimdir. Menimcha, muhtojlarga tezkor yordam ko'rsatish uchun hamma narsaga egamiz: call-markazlarining ish tajribasi, kartalarni tezkor chiqarishda yordam bera oladigan yetarlicha bank xodimlari, STIR berish uchun soliq xizmati xodimlari. Ushbu tajriba jamiyat va davlatni raqamlashtirish yo'lidagi muhim qadam bo'ladi. Eng katta yutuq esa — ko'pchilik muhtoj odamlar uchun mo'ljallangan pulning katta qismi (agar hammasi bo'lmasa), aynan ehtiyojmandlarga hech qanday tranzaksiya xarajatlarisiz yetkazib beriladi va bu pul o'rtada hech qayerda yo'qolib qolmaydi. Muallifning fikri tahririyat fikri bilan mos kelmasligi mumkin. Botir Qobilov Iqtisodchi, Garvard universiteti doktoranti va ilmiy tadqiqotchisi. Dyuk Universiteti (AQSH) iqtisodiyot magistri. Oldinroq O'zbekiston Markaziy bankida bosh iqtisodchi bo'lib ishlagan. | columnist |
Pandemiya ko'p mamlakatlar ijtimoiy himoya tizimi uchun juda qiyin davr bo'ldi. Ish va tirikchilik vositalaridan mahrum bo'lgan davrda ko'plab odamlarning ijtimoiy yordam va xizmatlarga bo'lgan ehtiyoji oshdi. Bundan tashqari, ijtimoiy yordam ko'rsatish mexanizmlari ijtimoiy masofani saqlash va infeksiya tarqalishini oldini oluvchi qo'shimcha ehtiyot choralari qo'llanilayotgan sharoitda o'zgarishlarga uchradi. O'zbekistonda kam ta'minlangan va himoyaga muhtoj odamlarga keng ko'lamli bir martalik ijtimoiy yordam mart oyida tashkil etilgan Inqirozga qarshi jamg'armasidan ko'rsatilmoqda. Uning ijtimoiy sohaga qaratilgan xarajatlari 11 avgust holatiga 2,56 trln so'mni tashkil etdi , shundan 489 mlrd so'm mablag' ijtimoiy nafaqa to'lovlariga sarflandi. O'zbekistondagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam ko'rsatish uchun ehtiyojmandlar to'g'risidagi ma'lumotlar kiritilgan «temir daftar» ro'yxati joriy qilindi. Ro'yxat mahalla qo'mitalari raislari tomonidan sektor rahbarlari bilan birgalikda shakllantiriladi. Mas'ul shaxslar ma'lumotni «temir daftar»ga elektron shaklda sakhovat.argos.uz saytida elektron imzo kaliti yordamida kiritadilar. Manba: AOKA. «Temir daftar»ni yuritishda kam ta'minlangan oilalarning besh toifasi belgilandi: Zamonaviy O'zbekistonda «temir daftar» iborasi qarz majburiyatlarini hisobga oladigan vosita sifatida xalq kundalik hayotida mustahkam o'rnashgan. Qarzdorlarni «temir» hisobga olish zarurati ko'proq qishloq joylarda, odamlar vaqtincha pulsiz bo'lganida va do'kondan oziq-ovqat mahsulotlarini qarzga olishganida paydo bo'lgan. Sotuvchi «temir daftar»da aynan qanday mahsulotlar va umumiy qancha miqdorda qarz olinganligini yozib olgan va qishloq aholisi hosil yig'ib olingandan keyin yoki sharoit yaxshilangan vaqtlarda qarzni qaytargan. Qarz qaytarilganidan so'ng, sotuvchi qarzni o'chirib tashlagan. Ehtimol, «temir daftar»ning qarzlar daftarchasi sifatida paydo bo'lgani kabi, ushbu ro'yxatning nomi hozirgi vaqtda ko'rsatilayotgan moliyaviy yordam kelajakda soliq to'lovchilar uchun soliq yukiga aylanishiga ishoradir. Mahalla qo'mitalari tomonidan COVID-19 pandemiyasi davrida nafaqalar va bir martalik to'lovlarni tayinlash uchun muhtojlik tekshiruvlarini amalga oshirishda inson omilining namoyon bo'lishi ushbu yondashuvning samaradorligi va bir xilligiga shubha tug'diradi. Shu bilan birga, moddiy yordamning adolatli taqsimlanishining asosiy omili ehtiyojlik mezonidir . Oilaning ro'yxatga kiritilganligi uning karantin davrida bir martalik pul yordamini olish huquqiga ega ekanligini anglatadi. Ammo mahalla xodimlari va sektor rahbarlari muhtoj oilalarni «temir daftar»ga kiritish uchun uyma-uy yurganda qaysi aniq mezonlarga asoslanib, aniqlashayotgani noma'lumligicha qolmoqda. Yaqinda Toshkentning ayrim joylarida mahalla vakillari oilaning ehtiyojmandligini aniqlash uchun muzlatgichlar tarkibini uyma-uy yurib, tekshiruvdan o'tkazayotgani haqida xabar berildi. Shunday qilib, kam ta'minlangan oila ijtimoiy himoyaga muhtoj oiladan nimasi bilan farq qiladi? Ro'yxatga kiritishda kam ta'minlanganlik va ijtimoiy himoyaga muhtojlikni aniqlash uchun yagona, aniq mezonlar mavjudmi va ularning barcha holatlarda bir xilda qo'llanilishining kafolatlari qanday? Shubhasiz, tadqiqot ishtirokchilari muzlatgichlar va ularning tarkibidagi narsalar, televizor va boshqalar kabi «muhtojlik mezonlari»ni sub'ektiv talqin qilishlari mumkin. Muzlatgich tarkibini ko'zdan kechirish uchun yashab turgan uyga kirish kerak bo'lsa, bu inson sha'ni va qadr-qimmatiga tegmaydimi? Agar kishi mahalla vakillarini uyga kiritishdan bosh tortsa, ayniqsa pandemiya paytida, uning ehtiyoj darajasi aniqlanmaydimi va u yordamga haqiqatdan ham muhtoj bo'lsa, unga rad etiladimi? Shu bilan birga, fuqarolarning shaxsiy hayoti va turar joyi dahlsizligi O'zbekiston Konstitutsiyasining 27-moddasi bilan himoya qilinishini yodda tutish muhim. Kam ta'minlanganlar va ijtimoiy himoyaga muhtojlarning qandaydirro'yxatini «e'lon qilish» va uni mahalla qo'mitasida osib qo'yish to'g'rimi? Albatta, bu ishlar mahalla fuqarolari mazkur ro'yxatga haqiqatda kim tushgani va tushmagani, kim qanday yordam olgani bilan tanishishlari uchun shaffoflik nuqtai nazaridan amalga oshirilayotgani aniq. Shaffoflikka bo'lgan bu intilish to'la asosli namoyon bo'lyapti. Ammo shuni yodda tutish lozimki, ezgu maqsadlarda oshkor qilingan «temir daftar» ayrim vaziyatlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni stigmatizatsiyasiga, uni oluvchida uyat, boshqalarda esa hasad yoki boshqa yomon hissiyotlarga, shuningdek shaxsiy ma'lumotlarning maxfiyligini buzilishiga olib kelishi mumkin. Shuni ham yodda tutish kerakki, yordamga muhtoj odamlar o'zlarining moliyaviy ahvolini oshkor qilishni istamasliklari mumkin va bu ularning huquqi. Mahallalarda hali hech qanday yordam olmagan kam ta'minlangan oilalar istiqomat qilib turganda, nisbatan badavlat oilalar ro'yxatga kiritilishida korrupsiya holatlari bo'y ko'rsatadi. Faktlar ham buni tasdiqlab turibdi: karantin davrida mahalla faoliyati mahalla qo'mitalari raislari va xodimlari tomonidan kam ta'minlangan oilalar uchun ajratilgan nafaqa, ishsizlik nafaqalari , «Mahalla» va «Saxovat va ko'mak» xayriya jamg'armalari mablag'larini o'zlashtirish ko'rinishidagi qonunbuzarlik holatlaridan holi bo'lmadi. Bundan tashqari, pandemiya davrida uyma-uy yurish oqsoqollar (mahalla raislari)ning, shuningdek, yolg'iz keksa odamlar, nogironligi bor yoki surunkali kasalliklari mavjud odamlarning koronavirusga chalinish xavfini sezilarli darajada oshirishi aniq. Bu Elmira Bositxonova (o'sha paytda Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirining o'rinbosari bo'lgan) tomonidan mustaqil ko'ngillilar guruhlari faoliyatini 1 apreldan to'xtatish uchun foydalangan ayni argument edi. «Temir daftar» joriy qilingunga qadar ba'zi oilalarda 2 yoshgacha bo'lgan bola parvarishi uchun nafaqa, 14 yoshgacha bo'lgan bolalar uchun nafaqa va kam ta'minlangan oilalar uchun nafaqalar olish imkoniyati mavjud edi. Bunday yordamni olish uchun oilaning har bir a'zosining jami daromadi so'nggi uch oyda o'rtacha eng kam ish haqining 1,5 baravaridan yoki 358 ming so'mdan oshmasligi kerak. Agar oilaning har bir a'zosi daromadi 358 ming so'mdan ortiq bo'lsa, unda ro'yxatdan o'tish uchun ariza Yagona ijtimoiy reyestrda avtomatik ravishda rad qilinadi. Manba: AOKA. Biroq, kam ta'minlanganlikning 358 ming so'm miqdoridagi yuqori chegarasi oilalar muhtojligining pasaytirilgan mezonidir. 2015 yildan buyon Jahon banki o'ta qashshoqlikni kuniga 1,9 AQSH dollariga kun kechirish deb belgilagan , bu esa o'z navbatida bir kishining oylik daromadi 57 dollarni yoki 580 ming so'm (hozirgi valyuta kursi bo'yicha)ni tashkil qilishi o'ta kambag'allik belgisini anglatadi. Natijada, O'zbekistonda yagona ijtimoiy reyestrda belgilangan daromadlar mezoni global qashshoqlik chegarasidan 1,62 baravar kam , bu esa mamlakat aholisini ijtimoiy nafaqalar bilan qoplashni sezilarli darajada kamaytiradi. Demak biz o'ta qashshoqlikda kun ko'rayotgan oilalarga yordam berish bilangina cheklanayapmiz, agar ular mahalla qo'mitalarida barcha qog'ozbozlik jarayonlaridan o'tib, bir to'da qog'oz taqdim eta olishsa albatta. Yaqinda YUNISEFning O'zbekistondagi hisoboti kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam ko'rsatish butun mamlakat bo'ylab 61,5 ming oilani qamrab olgan juda kichik dastur ekanligini ko'rsatdi. YUNISEF tahlillari yashash sharoiti hattoki muhtojlikning sezilarli past mezoniga to'g'ri kelayotgan 98 foiz uy xo'jaliklari ushbu dastur bilan qamrab olinmaganini aniqladi. Bundan tashqari, YUNISEFning 2012 yildagi ma'lumotlariga ko'ra, oilalar bola parvarishi bo'yicha o'rtacha 6,7 oy va bolali oilalar uchun 4,7 oy davomida nafaqa olganlar. Mahalla qo'mitalari ham kam ta'minlangan oilalarga nafaqa tayinlash uchun mas'ul hisoblanadilar. YUNISEF tadqiqotida ta'kidlanishicha, mablag' yetishmasligi va kam ta'minlangan oilalarning ko'pligi sababli ko'plab kishilar hatto COVID-19 pandemiyasi va qattiq karantin choralari qo'llanilishidan oldin ham, yashash sharoiti muhtojlikning past mezonlari talablariga javob bersa ham, mahallalardagi ijtimoiy nafaqalarni olish uchun o'z navbatlarini kutishga majbur bo'lishgan . Onasi ishlamaydigan, 14 yoshgacha bo'lgan ikkita voyaga yetmagan farzandi bo'lgan va oilaning yolg'iz boquvchisi otasining o'rtacha oylik ish haqi 2,3 million so'mni tashkil qiladigan oilani olamiz. Bu daromad shunchaki oilaga kuniga bir kishi uchun $ 1,9 kambag'allikda yashashga imkon beradi va oila daromad mezonlariga javob bermaydi va bolalar nafaqasini olmaydi. Vaziyat O'zbekistonda iste'mol savatchasining va kun ko'rishning minimal hajmi hali rasman tasdiqlanmaganligi sababli yanada qiyinlashadi . Dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra, o'tgan yilning yozida Toshkent va Farg'ona viloyatlarida iste'mol savatchasi 650 ming so'mni, kun ko'rishning eng kam hajmi esa 800 ming so'mni tashkil etgan . Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligining matbuot kotibi Saodat Boymirzayeva fuqarolarning savollariga javob berar ekan, kam ta'minlanganlar ro'yxatida turgan va oldin ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam olayotgan oilalar Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi qaroriga asosan faqat bitta turdagi nafaqa yoki moddiy yordam olish huquqiga ega ekanligini ta'kidladi . Boshqacha qilib aytganda, ular «temir daftar»ga kiritilishga umid qilolmaydilar. Bundan tashqari, qandaydir sabablarga ko'ra o'ta muhtoj odamlarning ushbu ro'yxatlarga kiritilmasligi xatari to'liq chiqarib tashlanishi haligacha aniq emas. Masalan, pandemiya paytida ular ro'yxatdan o'tgan mahallada yashamasliklari yoki olti oydan kam yashayotgan bo'lishlari, yoki ro'yxatdan o'tganligini va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini yo'qotib qo'ygan bo'lishi mumkin. Ilgari oila olti oydan kam vaqt davomida yotoqxonada yashaganligi asosida bolalar nafaqasini tayinlashda shunga o'xshash rad etish holatlari yuz bergan. Keling, boshqa sodir bo'lishi mumkin bo'lgan vaziyatni ko'rib chiqaylik. Aytaylik, yolg'iz ona oyiga 700 ming so'm ish haqiga farrosh bo'lib ishlaydi. Uning nogiron bolasi bor, u bolalikdan 466 000 so'm miqdorida nogironlik nafaqasini oladi. Natijada ushbu kichik oilaning umumiy daromadi 1 million 116 ming so'mni tashkil etadi va har bir oila a'zosiga 583 ming so'm to'g'ri keladi. May oyidan boshlab bolalar va nabiralari bilan yashaydigan bobo va buvilar uchun keksalik nafaqasi, shuningdek nogironlik va boquvchisidan ayrilganlik nafaqalari oilaning umumiy daromadiga kiritilmaydi . Ushbu qaror tufayli haqiqatan ham juda oz daromadga ega bo'lgan nogiron bolasi bo'lgan yolg'iz ona mahalla orqali kam ta'minlangan oilalar ro'yxati bo'yicha moddiy yordam olishi mumkin. Bosh vazir Abdulla Aripov 8 avgust kuni fuqarolar yig'inlari raislarini muhtoj oilalarga bir martalik moliyaviy yordam berish jarayonini kechiktirganliklari uchun tanqid qildi . Tabiiyki, uyma-uy yurish va tasdiqlanmagan, sub'ektiv mezonlarga ko'ra yetti toifadagi oilalarni aniqlashga ancha ko'p vaqt va kuch talab qilinishi mumkin, shuningdek, shtat birliklari cheklangan mahalla qo'mitalari xodimlarining tezkorligi va tayyorgarligi ham o'z ta'sirini ko'rsatadi. Mahalla raislari va ularning o'rinbosarlari mahallada bo'layotgan jarayonlardan xabardor, tashkilotchilik mahorati, hayotiy tajribasi va aholi orasida obro'ga ega bo'lishi mumkin. Biroq, ular ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar va kattalar uchun keys-menejment ko'nikmalariga ega mahoratli ijtimoiy ishchilar o'rnini bosa olmaydilar. Shuning uchun bu masalada mahalla vositachiligidan voz kechish maqsadga muvofiqdir. Ijtimoiy himoyaning yagona reyestrining yangi tizimida (2019 yil 1 oktyabrdan Sirdaryo viloyatida sinov tartibida ishlaydi , yil oxiriga qadar butun O'zbekiston bo'ylab joriy etilishi k uтилмоқda ) fuqarolar shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR) yordamida ro'yxatdan o'tishlari va ijtimoiy nafaqa olish uchun ariza berishlari mumkin. Ushbu jarayonni raqamlashtirish ortiqcha qog'ozbozlikdan qochish va kam ta'minlangan oilalarning daromad darajasini, ish haqi va boshqa yopiq shaxsiy ma'lumotlarini kuzatib borish imkoniyati bilan muhtojlik darajasini ob'ektiv baholash imkonini beradi. Shunga qaramay, 358 000 so'm miqdordagi muhtojlikning juda pasaytirilgan chegarasini kambag'allikni aniqlashning xalqaro standartlariga mos kelishi uchun qayta ko'rib chiqish kerak. Moliya vazirligi vakilining so'zlariga ko'ra , Ijtimoiy himoya yagona reyestrining yangi tizimida mahalla qo'mitasining oila tarkibini tasdiqlash va fuqarolardan keyinchalik Pensiya jamg'armasiga o'tkazish uchun hujjatlarni to'plash vazifasi saqlanib qolmoqda. Shunday qilib, ijtimoiy himoya reyestrida ro'yxatga olish jarayonining dastlabki bosqichlarida inson omili chiqarib tashlanmaydi va ariza berish jarayoni hali ham mahalla vakillari bilan bevosita aloqani talab qiladi . Uyma-uy yurish natijasida «temir daftar»ga kiritilgan shaxslar va ularning hikoyalari ro'yxatga kiritiladimi yoki yo'qmi noma'lum bo'lib qolmoqda. Agar ular biror bir sababga ko'ra «temir daftar»dan chiqib ketishgan bo'lsa ham, ehtimol ularning iqtisodiy holati yaqin kelajakda juda zaif bo'lishi mumkin. Reyestrni tuzishda hammada — mahallada, Xalq ta'limi va Sog'liqni saqlash vazirliklarida, Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarida aholining zaif va moddiy yordamga muhtoj qatlamlarining har xil ro'yxatlari borligini yodda tutish zarur. Ularning barchasi yagona reyestrga kiritilishi kerak. Pandemiya natijasida ijtimoiy-iqtisodiy inqirozdan aziyat chekkan oilalarga bir martalik yordam ularga bir muddat o'zini tiklab olishga imkon beradi. Shu bilan birga, mahalla va sektor vakillari bu odamlarga qattiq karantin choralari qo'llanilganidan so'ng ish topishda yordam berishadi, ammo past malakali va jamoat ishlaridan keladigan past miqdordagi maoshning oila umumiy daromadiga ko'rsatadigan ijobiy ta'siri sezilarli bo'lmasligi mumkin. Koronavirus pandemiyasi sog'liq borasida ham, ijtimoiy-iqtisodiy holat borasida ham hammamiz zaif ekanligimizni ko'rsatdi. Yetarlicha katta bo'lgan norasmiy sektorda mehnat qilayotganlar va o'z-o'zini band qilgan ishchilar ayniqsa zaif bo'lib chiqdilar. Dastlab, aholini ijtimoiy himoya qilish deganda aholining ijtimoiy zaif qatlamlariga yordam berish nazarda tutilgan bo'lib, bu davlatimiz tomonidan ijtimoiy nafaqalarning umumiy tizimidan kam ta'minlangan oilalarga manzilli yordam berish — kambag'illikka manzilli yondashish usullarini joriy etish uchun muhim asos bo'ldi. Ammo, pandemiyadan oldin ham, ijtimoiy nafaqa olish uchun kambag'allikning pasaytirilgan chegarasi va qog'ozbozlik to'siqlari ko'plab himoyasiz bolalar va kattalarni davlat tomonidan beriladigan ayni ijtimoiy yordamsiz qoldirdi. Yil boshida Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga qilgan murojaatida turli hisob-kitoblarga ko'ra, O'zbekiston aholisining 12−15 foizi yoki 4−5 million fuqarosi qashshoqlikda yashayotganini ta'kidladi . Hozirgi inqiroz sharoitida bu ko'rsatkich sezilarli darajada o'sishi mumkin. Bunday vaziyatda kambag'allikka manzilli yondashish ma'nosiz bo'lib qoladi , chunki aholining ko'p guruhlari u yoki bu holatda bu vaziyatdan aziyat chekishi aniq va ular ijtimoiy yordamga muhtoj bo'lishi mumkin. Ehtiyojmandlar uchun «temir daftarni» yuritish oilalarning farovonligini baholashning standartlashtirilmagan, sub'ektiv mezonlariga asoslanadi. Mahalla qo'mitasi xodimlari va sektor rahbarlari uyma-uy yurib, aholi moddiy ahvolini yillar davomida yig'ilgan mol-mulkdan (transport vositalari, ko'chmas mulk ob'ektlari va h.k) kelib chiqib baholashlariga asoslanadigan bo'lishsa, inqiroz davrida oilaning yo'qotilgan daromadlariga yetarlicha e'tibor bermasliklari mumkin. Kelajakda «temir daftar»da to'plangan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar to'g'risidagi ma'lumot haqiqatan ham ijtimoiy yordam oluvchilarning tarixini aks ettiradigan respublika reyestrini yaratish uchun qanday saqlanishi va undan foydalanish mumkinligini batafsil o'ylab ko'rish juda muhim. Oxir oqibat, vaziyatni baholash va odamlarga ko'rsatilayotgan yordamning samaradorligi mamlakatning ijtimoiy xavfsizlik tarmog'ini rivojlantirishga xizmat qiladi. Muallifning fikri tahririyat fikri bilan mos kelmasligi mumkin. Dilmurod Yusupov Sasseks universiteti Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti (Buyuk Britaniya). | columnist |
Koronavirus pandemiyasi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tezlashtirishni taqozo qilmoqda. Bugungi kunga kelib, karantin choralari tufayli vujudga kelgan iqtisodiy muammolarni yengib, oldinga harakat qilish lozim. Biz islohotlar haqida 1991 yildan buyon gapirib kelamiz (undan avval qayta qurish islohoti bo'lgan). Ular har doim «keng miqyosli» va «ko'p sohani qamrovchi» deb ta'riflangan. Bu esa, baholarning balandparvozligiga ahamiyat bermasak, hayotimizning barcha sohalaridagi ko'plab, katta yoki kichik, chora-tadbirlarni anglatadi. Biroq tizimli yondashuvga ko'ra, tizimning iyerarxik tuzilishi tufayli o'zgarishlar bir vaqtning o'zida va bir xil intensivlikda sodir bo'lmaydi. Bu yerda qanday vazifa eng ustuvor, eng asosiysi ekanligini aniqlash muhim. Kelajagimiz xavfsizligining kaliti innovatsion iqtisodiyot ekanligi barchaga ma'lum. Men ilgari ham bilimga asoslangan innovatsion iqtisodiyotning o'ziga xos xususiyati, uning nisbatan qisqa davr ichida katta o'zgarishlarga erishib, samarali va raqobatbardosh iqtisodiyotni yaratishi mumkinligi haqida so'z yuritganman . Bu esa «quvib yuruvchi» iqtisodiyotlar qatoridan ilg'or iqtisodiyotga o'tishni anglatadi. Innovatsiyalar va dinamik innovatsion iqtisodiyotning asosiy drayveri esa sifatli ta'lim olgan, yaratuvchan va muvaffaqiyatga intiluvchi inson kapitali hisoblanadi. Buning uchun mamlakatda sifatli ta'lim tizimi va kuchli ilm-fan maktabi bo'lishi lozim. 2018 yilda Prezidentning «2019−2021 yillarda O'zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini tasdiqlash to'g'risida» farmoni qabul qilindi. Unda murakkab va uzoq ko'zlangan maqsad qo'yilgan: 2030 yilga kelib Global innovatsion indeks reytingida O'zbekistonni dunyoning 50 ta eng ilg'or mamlakati qatoriga kiritishga erishish. Strategiyaning asosiy maqsadi — «mamlakatning xalqaro maydondagi raqobatbardoshliligi darajasini va innovatsion jihatdan taraqqiy etganini belgilovchi asosiy omil sifatida inson kapitalini rivojlantirish"dir. Mamlakatning innovatsion rivojlanishida inson kapitalining ahamiyati haqida matnda aniq yozilgan bo'lsada, amaliyotda ba'zida buning teskarisi bo'lib turibdi: innovatsion iqtisodiyot deganda ko'pchilik, jumladan, davlat amaldorlari hali-hanuz ishlab chiqarish texnologiyalarini tushunadilar. Bunday qo'pol xato strategiyada belgilangan asosiy tushunchaning e'tibordan chetda qolishiga olib keladi. Asosiy g'oya esa «barcha darajada ta'lim sifati va qamrovini oshirish, uzluksiz ta'lim tizimini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimining iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashuvchanligini ta'minlash, ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarning ilmiy salohiyatini mustahkamlash va samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlar natijalarini keng joriy etish uchun ta'lim, ilm-fan va tadbirkorlikni integratsiya qilishning ta'sirchan mexanizmlarini yaratish»ni o'z ichiga oladi. Ilm-fan va ta'lim — aynan shular mamlakatning raqobatbardoshligi, uning innovatsion rivojlanishini ta'minlovchi inson kapitalini yaratishi lozim. Bizning kelajagimiz ham shunga bog'liq. Shunisi aniqki, innovatsion rivojlanishning drayverlari bo'lishga qodir mutaxassislar paydo bo'lishi uchun, hech bo'lmaganda, xalqaro talablarga javob beruvchi universitet ta'limi bo'lishi lozim . Bunga erishishimizga esa hali ko'p qovun pishig'i bor. Faraz qilaylik, biz shunday oliy ta'lim tizimini yaratdik. Biroq yangi muammoga duch kelamiz: maktab bitiruvchilarining ko'pi u yerlarda tahsil ololmaydilar. Sababi esa maktablar ta'limining sifatidir. Biroq bolalar maktabga ham o'z-o'zidan kelib qolmaydi. Maktabgacha ta'lim vazirligi bolalarni maktabga tayyorlash jarayonida ularga zamonaviy bilimlarni o'rgatishi va tahliliy fikrlashga tayyorlashi lozim. Prezidentimiz aytganidek, «agar biz 10 yil davomida maktabgacha ta'lim-maktab-oliy ta'lim muassasasi tizimida ishlasak, jamiyatimizda ko'zlari chaqnab, kelajakka ishonch bilan boquvchi va hech kimdan qo'rqmaydigan insonlar paydo bo'ladi». Aynan shu insonlar mamlakatimizni ilg'or mamlakatlar qatoriga kiritishga qodir yoshlardir. Agar maktabgacha ta'lim, o'rta, oliy va undan keyingi ta'limni isloh qilmas ekanmiz, rivojlangan innovatsion iqtisod ham bo'lmaydi. Muhimi shuki, sekin qadamlar bilan o'zgarishlarga erishib bo'lmaydi. «Sekin yursang, uzoqqa borasan» maqoli bu holatda amal qilmaydi. Aynan shu sababdan pedagogik ta'lim tizimidagi islohotlar juda muhim hisoblanadi. Vaqt buni bizga allaqachon isbotlagan. 2017 yilda mavjud pedagogika universitetlariga qo'shimcha sifatida 15 ta OTMda pedagogik mutaxassislik bo'yicha qo'shimcha sirtqi bo'limlar ochildi . Joriy yildan yana besh hududda ham yangi pedagogik institutlar ochilmoqda . 2018−2019 yillarda xalq ta'limi sohasida bir qator muhim hujjatlar, avvalambor, 2030 yilgacha xalq ta'limi tizimini rivojlantirish Konsepsiyasi qabul qilingan. Pedagogik ta'limni isloh qilish nega shu qadar muhim? O'qituvchi shaxsi har qanday ta'lim tizimida markaziy bo'g'in hisoblanadi. U asosiy rol o'ynovchi shaxsdir: o'qituvchi qanday bo'lsa, o'quvchilar ham (ularning bilim, ko'nikmalari, qabul qilishlari) shunday bo'ladi. Demak, davlat iqtisodiyoti ham shunga qarab shakllanadi. Ulardan qay biri OTMga kirishi yoki jamiyatimizda bir necha yildan keyin kelajakka ishonch bilan boquvchi yuqori ma'lumotli va hech narsadan qo'rqmaydigan avlod paydo bo'lishi ham aynan ularga bog'liqdir. Hech kim o'qituvchining maktabdagi roli haqida e'tiroz bildirmaydi go'yo. Biroq buni tan olishning o'zi yetarli emas. Prezidentning «O'zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha xalq ta'limi tizimini rivojlantirish Konsepsiyasini tasdiqlash to'g'risida"gi farmonida konsepsiyaning asosiy maqsadi sifatida «umumiy o'rta va maktabdan tashqari ta'limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo'nalishlari»ni aniqlash belgilangan. E'tiborlisi shuki, bu tizimli islohotdir . So'nggi paytlarda bu tushuncha urfga kirmoqda. Hamma tizimni o'zgartirish kerak deb bong uradi, biroq buning zamirida nima borligini hech kim tushuntirib bera olmaydi. Tizimli islohot, tizimli yondashuv, tizimli tahlil tushunchalarini har qanday ilmiy yoki publisistik maqolada, dissertatsiyalarda uchratish mumkin, aslida esa mualliflar u haqida aniq tushunchaga ega bo'lmay, uni kompleks yondashuv bilan adashtiradilar. Tizimli yondashuv qandaydir tushunchaga tizim (bizning misolda — ta'lim tizimi), ya'ni o'zaro tartib va bog'liqliklar bir butunlikni hosil qiluvchi elementlar jamlanmasi sifatida qarashni nazarda tutadi. Murakkab tizimlarda bu elementlar birinchi darajadagi kichik tizimni, ular esa, o'z navbatida, ikkinchi darajali kichik tizimni hosil qiladi va hokazo. Elementlar, kichik tizimlar, ular orasidagi nisbat va aloqalar murakkab iyerarxiyani hosil qiladi. Dinamik tizimlarda ularning holati, elementlar miqdori, iyerarxiyasi ular orasidagi munosabatlar kabi harakatda bo'lib, o'zgarishi mumkin va bu tahlil qilishni murakkablashtiradi. Ta'lim tizimi esa, har qanday ijtimoiy voqelik kabi dinamik voqelikdir. Maqolaning boshida ta'kidlanganidek, tizimli yondashuvda yadro, hal qiluvchi bo'g'in, matritsani, butun tizim ishlashi nimaga bog'liqligi va oxir-oqibat, uning samaradorligini aniqlash juda muhimdir. Bo'lajak o'qituvchilarni tayyorlashda asosiy vazifa — talaba va o'qituvchilar hozirgi bog'cha va maktab yoshidagi bolalar ulg'ayganida qanday dunyoda yashashlarini tushunishlari kerak. Ta'lim sohasida qanday strategiyalarni ilgari surishimiz ham shunga bog'liq. Bu nihoyatda muhim. Biz kimsasiz orolda hayot kechirib, u yerda alohida mamlakat barpo qilayotganimiz yo'q. Tizimli yondashuvdan gap ochgan ekanmiz, aytish joizki, har qanday mamlakat muayyan muhitda mavjud bo'ladi, muhit va tizim orasida (xalqaro maydon, tabiat) esa ularga ta'sir qiluvchi turli o'zaro jarayonlar yuz beradi. Amerikalik jamiyatshunos, siyosatchi va faylasuf, zamonamizning yorqin mutafakkirlaridan biri, dunyo-tizim nazariyasining muallifi Immanuil Vallerstaynning ta'kidlashicha, ko'plab siyosatchilar o'z mamlakatlari jahon tizimining bir qismi ekanligini unutib qo'yib, qo'pol xatoga yo'l qo'ymoqdalar. Bu tizim qanday rivojlanayotganini inobatga olmay, ishonch bilan ushbu mamlakatlarning o'tmishi yoki kelajagi haqida biror nima deyish mumkin emas. Bugun biz SPOD-dunyodan (Steady — barqaror; Predictable — oldindan aytib bo'ladigan; Ordinary — oddiy; Definite — aniq) VUCA-dunyo га (Volatility — o'zgaruvchanlik; Uncertainty — noaniqlik; Complexity — murakkablik; Ambiguity — mujmallik) o'tayotganimiz haqida ko'p aytilmoqda . Bizni kelajakdan turib o'ziga chorlovchi dunyo zamonaviy ta'lim oldiga vazifalar qo'yadi va uning yo'nalishlarini aniqlaydi. Ko'pchilik maktab bolalari va talabalarga umumiy bilimlarni emas (fundamental fanlar sohasidagi mutaxassislar boshqa masala), balki yangi dunyoda qo'llaniluvchi bilim, ko'nikma va malaka berish lozim. Shunda bu bilimlar noaniqlik va beqarorlik hukm surgan sharoitda ham tashuvchisining moslashuvchanligi, ham moliyaviy sermahsullik jihatidan samarali bo'ladi. Shuningdek, shu nuqtayi nazardan, bizda nimalar mavjudligi va nimalar qilishimiz lozimligiga ham baho berishimiz lozim. Odatda, maktab matematika, fizika, tarix kabi fanlardan umumiy bilimlar berishi lozim hisoblanadi. Bu XVII-XIX asrlarda vujudga kelgan ta'limning bilimga yo'naltirilgan shakli bo'lib, uning asosida bolalarga barcha fanlardan umumiy bilimlarni berish yotadi. Oliy ta'limda esa xuddi shu tizim tor soha mutaxassislarini tayyorlashda qo'llanilgan. Bu tizim o'zini oqlay olmadi, XX asrda bunga ikki omil sabab bo'ldi: ma'lumotlar, axborot bazasi, ilm-fandagi kashfiyotlar va ixtirolar aql bovar qilmas darajada ko'payib ketdi, na maktab, na universitet bu o'zgarishlarning izidan quvib yeta oldi. Bir paytning o'zida, jamiyatdagi o'zgarishlar tufayli zamonaviy yoshlar o'zlashtirayotgan ko'pchilik kasblar yaqin kelajakda yo'q bo'lib ketmoqda. Butun XX asr va hozirgi asr bizdan shaxsga yo'naltirilgan ta'limga o'tishni taqozo qilmoqda. Uning asosida esa ma'naviy, muloqot va kognitiv ( yaratuvchan, tanqidiy, tizimli va nostandart fikrlash , keng dunyoqarash, hissiy idrok, katta va o'zgaruvchan ma'lumotlar bazasi bilan ishlay olish qobiliyati va hokazo) sifatlari doimiy o'zgarib borayotgan muhitda shaxsning rivojlanishi yotadi. Ko'p hollarda fan tamoyili emas, balki fanlararo mezondan kelib chiqqan holda dars beriladi (STEAM, Liberal Arts), bu esa tor soha mutaxassislarining qo'lidan kelmaydi. Bu yo'nalishda ham biz rivojlanishimiz lozim. Shu sababdan pedagogik oliy ta'lim muassasalarida (maktab bitiruvchilarining sifati nuqtayi nazaridan) kimlar o'qitilishi, kim o'qitishi, nimalar, nima maqsadda va qanday o'qitilishi — bizning kelajagimiz, boringki, milliy xavfsizligimiz masalasidir. Men ular haqida oldin ham to'xtalganman . Oxir-oqibat, biz pedagogik ta'limning quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi konsepsiyasini ishlab chiqishimiz lozim bo'ladi: Ta'kidlash joizki, 2030 yilgacha xalq ta'limini tizimini rivojlantirish Konsepsiyasi yetarlicha batafsil ishlab chiqilgan bo'lib, ko'plab g'oya va yondashuvlarni, jumladan, yuqorida aytib o'tilganlarni o'z ichiga oladi. Biroq pedagogik ta'lim masalasi alohida masaladir, shu tufayli pedagogik universitetlar haqida alohida qaror qabul qilish muhim ahamiyatga ega. Muhimi, bizning shunchaki sifatli ta'lim tizimi yoki yangi pedagogik texnologiyalar, yangi kadrlar va darsliklarga emas, balki to'la kelajakka qaratilgan yangi ta'lim tizimiga ehtiyojimiz bor. Konsepsiyada nazarda tutilgan har qanday g'oya va yangilik bizga kelajakda nima berishini aniq anglamog'imiz lozim. Buning uchun esa ushbu kelajak bilan tanishish, unga boradigan yo'llarni ko'rish, bugungi kunning asosiy tamoyillarini anglab yetish va ularni yangi ta'lim loyihasiga kiritish lozim. Bugun kelajakning yangi ta'lim tizimini yaratuvchi mamlakatlar ertangi kunda dunyo iqtisodiyotining yetakchilariga aylanadilar. Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. Valeriy Xan — faylasuf, tarixchi va antropolog. Falsafa fanlari nomzodi (1986), dotsent (1992). Hozirda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti. O'zbekiston Milliy Universiteti qoshidagi Strategik rivojlanishni rejalashtirish markazi rektori va direktorining maslahatchisi, O'zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktorining o'rinbosari, Yangi tarix markazi bosh mutaxassisi sifatida faoliyat olib borgan. Janubiy Koreyaning Xoso (1998−2000), Xanyang va Sonkyungvan (2011) universitetlarida dars bergan. AQSH va Janubiy Koreyaning ilg'or universtitetlarida ommaviy leksiyalar bilan chiqishlar qilgan. Maqola tarjimasi Khan Academy Oʻzbek tomonidan taqdim etildi. | columnist |
O'zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a'zosi, xalqaro toifadagi madaniyat va san'at menejeri Husniddin Ato konsert faoliyatini litsenziyalash amaliyoti mumtoz musiqa rivojlanishiga to'sqinlik qilishi, ushbu sohadagi xonanda va sozandalarga qiyinchilik tug'dirayotganligi hamda nega mumtoz musiqa konsertlari O'zbekistonda ko'p tashkil etilmasligi haqidagi fikrlarini «Gazeta.uz» bilan bo'lishdi. Yillar davomida murojaatlarimni o'qiyverib, keyin navbatchi javoblar yo'llayverganlar endi xotirjam nafas olishlari mumkin. Sababi men uchun og'ir: Nomoddiy Madaniy Meros targ'iboti va rivojiga to'sqinlik qilayotgan va sizlar jon-jahdingiz bilan qo'llab-quvvatlab kelayotgan litsenziya borasida endi yozmayman. O'z milliy madaniyating, mumtoz merosing himoyasi va rivoji uchun hukumatga qanchalik taklif kiritmagin, barchasi bekor ketmoqda. Asos va dalillar ham, barcha-barchasi. Aslida, Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risidagi prezident farmoni muhokamaga qo'yilganida mumtoz meros targ'iboti uchun yorug' kunlar yaqindek tuyulgandi, bunga ishongim kelmasdi. Sababi ushbu farmon loyihasiga ko'ra, 2021 yil 1 yanvardan boshlab Konsert-tomosha faoliyatiga litsenziya berish tartibini bekor qilgan holda Konsert-tomosha faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik haqida xabarnoma taqdim etish tartibiga o'tilishi kerak edi. Ming afsuslar bo'lsinki, bunday bo'lmadi. 24 avgustda imzolangan ushbu farmonda konsert faoliyatiga tegishli band butunlay olib tashlandi. Bundan esa ushbu sohada hech qanday o'zgarishga hojat yo'q, hammasi mukammal degan xulosaga kelindi. Loyiha himoyasi uchun portalda men keltirgan asos va dalillar esa, afsuski, so'nggi qarorni qabul qilgan hech bir vatan farzandini qiziqtirmadi. Qiziqtirmaydi ham, bundan oldin ham qiziqtirmagan. Avval bo'lganidek, endi ham Nomoddiy madaniy meros jilovlanishda, estrada va shou-biznes bilan bir qozonda qaynashda va uning changida qolishda, ommaviy madaniyat o'rmonida adashishda davom etadi. Qoraqalpog'istonlik baqsilar Gulshinar Kudaybergenova hamda Erisbay Askarovlar ishtirokidagi «Doston kechasi». 2018 yil. Foto: Husniddin Ato. Konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash tartibi nomoddiy madaniy meros rivoji va targ'iboti, milliy cholg'u ijrochiligi hamda professional konsertlar tashkil etilishiga juda katta to'siq, xalqaro raqobatga mos mahoratli xonanda va sozandalar, jamoalarning yetishib chiqishi yo'lidagi ulkan devor hisoblanadi. Aslida, biz umuman ijod sohasida, estrada - konsert faoliyati sohasida litsenziyaning bekor qilinishi tarafdorimiz. Buni bemalol har qanday bahsli jarayonda isbotlay olamiz ham. Lekin bizni eng tashvishlantiradigani, bu — Nomoddiy Madaniy Merosimizga nisbatan sodir bo'layotgan ayanchli tarixiy fojeadir. O'zbekistonda Nomoddiy Madaniy Meros yo'nalishida ijod qilayotgan ijodkorlarning qonun doirasida mustaqil faoliyat olib borishlari uchun biror hujjatda huquq va erkinliklar keltirib o'tilmaganligi sababli ham asosan estrada yo'nalishidagi konsert faoliyati uchun ishlab chiqilgan qoidalarga ro'para bo'lishlariga to'g'ri keladi. Bu esa o'z navbatida an'anaviy xalq musiqasi va milliy raqslar borasida shundoq ham nochor kechayotgan targ'ibot ishlariga, yo'qolib borayotgan meroslarimizni saqlab qolish va kelajak avlodga yetkazish ishlariga to'sqinlik qilmoqda. Biz istagancha maxsus maktablar, maxsus oliygohlar tashkil etmaylik, ushbu ijrochi va ijodkorlarning erkin ijod qilishlari, va o'z ijodlarini professional tarzda namoyish etishlari uchun mukammal tizim yaratilmas ekan, kelajakda barchalari o'sha mashhur litsenziya atalmish devorga borib urilishlari, va o'z ijodlarini faqatgina davlat tasarrufidagi ansambllar, va shuningdek, to'ylar bilan cheklashlariga to'g'ri keladi. An'anaviy va xalq musiqa merosini litsenziya to'sig'idan qanday qilib qutqarish mumkin, degan savol ustida men talabalik davrimdan, taxminan 2003-yillardan boshlab bosh qotirib kelaman. Aynan shu yillardan boshlab mumtoz musiqa merosini internet orqali targ'ib qilishni boshlaganman. Bu mavzudagi rasmiy murojaatlarim tarixi esa 2014 yilning martidan boshlanadi. O'zbekiston xalq baxshisi Abunazar Poyonov ishtirokidagi «Doston kechasi». 2015 yil. Foto: Husniddin Ato. 2014 yil 24 mart sanasida Vazirlar Mahkamasi hamda Madaniyat Vazirligiga, shuningdek, 2014 yil 13 dekabr sanasida marhum birinchi prezidentimiz Islom Karimov nomiga yo'llagan xatlarimda konsert faoliyati uchun joriy etilgan litsenziya va soliqlar borasida quyidagi takliflarni bergan edim: Ushbu takliflar bilan 2014 yildan buyon Oliy Majlis qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Madaniyat vazirligi, Davlat Soliq qo'mitasi, Oliy Majlis Senati, Adliya vazirligi, O'zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov va O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevlarga murojaat kiritib kelganman. Quyidagi savollar esa 2017 yil 7 may va 4 dekabr sanalarida prezident Shavkat Mirziyoyevga yo'llangan murojaatimda mavjud muammoni bayon etishimda keltirilgandi: Bunday savollarga javob berish uchun sohadagi faoliyatlarni tahlil qila oladigan, tanqidiy yondasha oladigan jurnalistlar, xalqaro tajribaga ega mutaxassislar, afsuski, yetishmaydi. Hattoki, Madaniyat vazirligi va tizim tashkilotlari rahbar va xodimlari bilan bo'lgan suhbatlarda ham har doim masala boshi berk ko'chaga kirib, jiddiy islohotlar talab etilishi shartligiga borib taqalavergan. Quyidagi takliflar ham alohida e'tiborga olinishi lozim: Bunday murojaatlarni yozish, takliflar berishning umuman nafi yo'q ekan. Shu yerga kelganda barcha umidlar so'nib bo'ldi. Fidoiylik so'zining ma'nosi esa lug'atdagidan umuman boshqa ekanini ham anglab yetdim. Afsuski, o'shanda «ovvora bo'lib nima qilasan, baribir befoyda» degan maslahatlarga e'tibor bermay bekor qilgan ekanman. Hattoki, murojaatlarim qo'liga borib tushayotgan xodimlarning «anavi yana yozibdi, aytinglar, yozmasin, bunisiga yana nima deb javob yozaman?» — deganlariga ham e'tibor qilmabman. O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Otaxon baxshi Matyoqubov ishtirokidagi «Doston kechasi». 2018 yil. Foto: Husniddin Ato. Mumtoz musiqa konsertlari borasida suhbat qilganimda, deyarli barchaning, hatto yuqori martabali soha rahbarlarining ham «bunaqa konsertlarga odam kiradimi o'zi?» degan so'zlaridan keyin ushbu sohamiz, merosimiz va unga nisbatan munosabat qay ahvolda ekanini his qilish qiyin emas edi, aslida. Endi har kim o'ziga yuqoridagi savollarni berib ko'rsin. Siz oxirgi marta qachon mumtoz musiqa konsertiga tushdingiz? Bu borada har bir deputat, har bir senator o'zidan so'rasin, har bir vazir o'ziga savol bersin. To'g'ri, istagan shaxs biror bir xonanda yoki sozandani o'z xonadoniga yoxud biror kichik davraga chorlagan holda o'z chanqog'ini qondirishi mumkin, lekin bu faqat sanoqli shaxslarning ehtiyoji va chanqog'ini qondirishi mumkin bo'lgan kichik davra, xolos. O'zbekistondek musiqa merosi va madaniyati boy mamlakat uchun maxsus konsertlarning, musiqa kechalarining muntazam tashkillashtirilmasligini nafaqat ma'naviy va madaniy jihatdan, balki imidj jihatidan ham katta yo'qotish deb bilaman. An'anaviy yo'lda ijod qilayotgan san'atkorlarning, hattoki, aksariyat nomdor Xalq artistlarimiz va hofizlarimizning birorta konsertlarini uchratmasligimizning sababi ham aynan shu litsenziya masalasi ekanligini hech o'ylab ko'rdikmi? OAVda Xalq artistlari va hofizlarini suhbatga chorlab, nega ijoddan chetlashgani va konsertlar bermayotganligi borasida suhbat qilinadi-yu, lekin muammo aslida nimada ekanligiga jiddiy yondashilmaydi. Barcha sohalarda xususiy sektorning faoliyati qo'llab-quvvatlanayotgan bir davrda Hukumat madaniyat sohasida o'zi sezmagan holda muammo yaratilishiga yo'l qo'ymoqda. E'tibor qaratsangiz, rasmiy faoliyat olib boradigan, konsertlar orqali daromad qiladigan birorta ham mustaqil an'anaviy musiqa va raqs jamoalarini uchratmaysiz. Bu fikrni inkor etmoqchi bo'lganlar bilan bahslashishga tayyorman. Naychi sozanda Azamat Ergashev ishtirokidagi «Mumtoz musiqa oqshomi». 2018 yil. Foto: Husniddin Ato. Ayni vaqtda ko'plab sohalarda tajribalar qilinmoqda, nega endi ushbu yo'nalishda ham hech bo'lmasa tajriba qilib ko'rish mumkin emas?! Ma'naviyatimizning o'tmaslashishi, eshitganda odam uyaladigan jinoyatlar sodir etilayotganligining sababi, ehtimol, aynan tinglash vositasidagi tarbiyani unutayozganimizdir? Nomoddiy Madaniy Meros konsertlari uchun litsenziyalarni bekor qilmagan holda ham konsert faoliyati va targ'ibotni amalga oshirsa bo'ladi. Buning uchun davlat tomonidan muntazam grantlar ajratilib borishi lozim. Lekin men buni tavsiya etolmayman, sababi xususiy konsertlarning davlat tomonidan moliyalashtirilishining adolatli va shaffofligi hamisha savol ostida qolaveradi. Eng ma'qul yo'l esa ularning barchasini litsenziya olish majburiyatidan ozod etishdir. Litsenziya olish majburiyatidan ozod etilgach, albatta, bu soha birdan rivojlanib ketmaydi. Sababi — mumtoz musiqa konsertlari deyarli hamisha davlat tomonidan tashkillashtirib kelingan va mustaqil tashkilotchilar hali shakllanmagan. Bu yo'nalishdagi konsertlardan birdan daromad olishni realashtirmaslik lozim. Soha xususiy sektor ishtirokida rivojlanib olguniga qadar biroz sabr qilishga, uni qo'llab turishga to'g'ri keladi. Kim qanday taklif berishidan qat'iy nazar, amalga oshiriladigan islohotlar nomoddiy madaniy meros targ'ibotiga, ijrochilarning konsert-tomosha faoliyatiga, an'anaviy va xalq musiqa merosi yo'nalishidagi ijodning rivojlanishiga va bu sohadan daromad qilinishiga to'sqinlik bo'lishi kerak emas. Litsenziya olish majburiyatining bekor qilinib, xabardor qilish tarziga o'tkazilishi milliy cholg'ularimizning mahoratli ijrochilarining individual bo'lib shakllanishlariga, o'z ustlarida jiddiy shug'ullanishlariga, mumtoz yo'nalishda ijod qilayotgan sozanda va guruhlarning konsertlarini ko'proq va muntazam tashkillashtirilishiga, viloyatlarimiz va chekka hududlarimiz musiqiy an'analarini va musiqachilarining ham rivojlanishlariga yo'l ochishi mumkin edi. Afsuski, endi bunday bo'lmaydi. Bu ketishda hech qachon mustaqil an'anaviy jamoalar vujudga kelmaydi. Bu ketishda hech qachon mustaqil an'anaviy konsertlar ko'paymaydi, rivojlanmaydi. Soham va kasbim yuzasidan har yili dunyo bo'ylab nashr etilayotgan yuzlab audio albomlarni tinglayman. Ular orasida birorta ham O'zbekistonlik jamoaning albomi uchramaydi. Har yili 50 dan ortiq musiqiy va raqs jamoalarining jonli konsertlarini tinglash imkoniyatiga ega bo'laman. Yil davomida 30 ga yaqin xalqaro institutlar, muzeylar, tashkilotlar, madaniyat markazlariga tashrif buyurib, muzokaralar olib boraman, tajriba almashaman. Yil davomida 100 dan ortiq xorijlik musiqashunos, menejerlar, prodyuser, ekspert va festivallar tashkilochilari bilan muloqotda bo'laman. Xorijlik musiqiy jamoalarning muvaffaqiyatlari, festivallarning dovrug'i va madaniyat sohasidagi boshqa ko'pgina holatlarni O'zbekistondagi vaziyat bilan solishtirib, muammolarni hal qilish yo'llari haqida bosh qotiraman. Va ushbu tajribadan kelib chiqqan holda o'tgan 2016−2018 yillarda xorij sahnalarida O'zbekiston mumtoz va xalq musiqa merosi, milliy raqslarini targ'iboti o'laroq 140 dan ortiq konsert, chiqishlar, mahorat darslari tashkillashtirishga muvaffaq bo'ldim. Afsuski, COVID-19 sababli 2020 yildagi yana 40 ga yaqin xorijiy konsertlar bekor qilindi. O'zbekiston xalq baxshisi Abunazar Poyonov ishtirokidagi «Doston kechasi». 2015 yil. Foto: Husniddin Ato. Xorijiy mamlakatlarda musiqa merosi, madaniy ta'limi va targ'iboti bo'yicha xususiy va davlat sektorlariga mansub bo'lgan turli xil tashkilotlar yonma-yon faoliyat olib borishadi. Sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning deyarli barchasi hukumatning, homiylarning moliyaviy ko'magi asosida amalga oshiriladi. Ko'pgina xorijiy davlatlar madaniy siyosati, menejment tajribasi bunga yaqqol misoldir. Masalan, Yevropani oling. Klassik musiqa ijrochiligi u yerda katta daromad keltirmasa ham, obro'li soha hisoblanadi. Joiz bo'lsa, bu boradagi tahliliy misollarni bir qanchasini keltirishimiz ham mumkin. Lekin biz esa o'z faolyatimiz, loyihalarimiz uchun hali hukumatdan moliyaviy yordam so'ramadik. Bizda O'zbekiston madaniy, musiqiy imidjini shakllantirish borasida talaygina takliflarimiz bor. Lekin, milliy merosimizni saqlash va rivojlantirishga yo'l bermayotgan oddiy masalalar borasida ijobiy munosabatga, o'zgarishga erisholmayotgan ekanmiz, qanday qilib global, olamshumul loyihalar haqida gap ochishimiz mumkin?! Biz O'zbekistonda Nomoddiy Madaniy Merosni saqlab qolish, rivojlantirish, targ'ib etish va yosh avlodga yetkazish borasidagi qoplanmayotgan xarajatlarimiz, bepul tashkillashtirayotgan doston va maqom kechalarimizni o'tkazishimizdagi to'sqinliklar, davlat madaniyat tizimining bizga raqobatchi sifatida qarashlari borasida hali hech qanday so'z ochmaganmiz. Ammo bizda bu kabi muammolar mavjud. Toki xususiy madaniyat tashkilotlari madaniy targ'ibot ishlarida hukumat tomonidan himoyalanmas ekan, u davlatga begonaligicha qolaveradi. Xalqaro Press-klubning 20-avgustda bo'lib o'tgan navbatdagi sonida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov quyidagicha fikr bildirdi: «Avvallari san'atkorlarning chetga chiqishi juda muammo edi. Mingta joydan ruxsatnoma olish kerak bo'lardi. Men falon kuni falon joyga boraman, falon kishi bilan ko'rishaman, deb yozib berish kerak bo'lardi. Agar chetga chiqqanligini davlat bilmasa, jazo qo'llanilardi. Bugungi sharoitlar juda ko'p san'atkorlarimizga chetga chiqib, migrantlarimizga xizmat ko'rsatish imkonini beradi». Shu o'rinda savol tug'iladi, hatto bu darajadagi nomdor san'atkorlar shunday holatlarga uchragan ekan, bizdek kichkina odamlar bunday holatlarda dardimizni kimga aytaylik? Ming afsuski, an'anaviy musiqiy merosimiz borasida xorijda amalga oshirayotgan targ'ibotimiz uchun garchi hukumatdan biror ko'mak olmayotgan bo'lsakda, hatto safarlarni tashkillashtirishdagi xarajatlar qoplanmayotgan bo'lsada, bizning targ'ibot ishlarimizga nisbatan turli qarshiliklar, to'sqinliklar hali ko'p bo'ladiganga o'xshaydi. Sozandalar Abror Zufarov va Muzaffar Rasulxo'jayev ishtirokidagi «Mumtoz musiqa oqshomi». 2018 yil. Foto: Husniddin Ato. Hukumatda madaniy meros targ'iboti bilan shug'ullanishni o'z oldiga maqsad qilgan xususiy sektorga o'rin yo'q. Qancha loyihalarni amalga oshirmang, «balki o'z ko'zi bilan ko'rib, fikri o'zgarar», degan maqsadda tadbirlaringizga qancha taklifnoma jo'natmang, sizni hatto eslashmaydi ham. Chunki, siz davlat sektoridan emassiz. Siz xususiysiz. Siz begonasiz. Ta'bir joiz bo'lsa, o'gaysiz… Hattoki, yaqinda bo'lgani kabi karantin davrida ham hech kimdan yordam so'rolmaysiz. Barcha sohani qamrab olayotgan imtiyozlar madaniyat sohasini chetlab o'taverdi. Sababi — madaniyat tizimida xususiy sektor begona sanaladi. Mana shular mening O'zbekiston an'anaviy va xalq musiqa merosi, nomoddiy madaniy merosi ishtirokidagi konsert dasturlari, ijrochilari va madaniyat sohasidagi har qanday tashkilotchilar faoliyatini turli ruxsatnomalar olish majburiyatidan ozod qilish borasidagi so'zlarim edi. Agarda biror mard deputat topilsa, balki masalani ko'rib chiqishar. Balki yana 10−15 yillardan keyin menga o'xshagan shu sohaning biror bir telbasi o'rtaga chiqib, shu masalani yana ko'tarib chiqar. Balki o'shanda biror nima o'zgarar. Lekin bugun emas. Bugun kech bo'ldi… Husniddin Ato — O'zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a'zosi, dunyo musiqasi bo'yicha xalqaro ekspert. Xalqaro toifadagi madaniyat va san'at menedjeri, trener. «Transglobal World Music Chart» a'zosi. «OXUS Culture» jamiyati rahbari. Muallif fikrlari tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. | columnist |
Bir kishining erkinligi boshqa birovning erkinligi boshlangan joyda tugaydi degan fikr hammaga ma'lum. Shu bilan birga, O'zbekiston Konstitutsiyasi so'z erkinligini kafolatlashini yodda tutishimiz zarur. Biroq, bu huquqning chegaralari bormi va bir shaxsga zarar yetkazadigan harakatlar yoki harakatsizliklar uchun javobgarlik qayerdan boshlanadi? So'nggi paytlarda Internet tarmog'ida internet-bulling yoki muayyan masala bo'yicha o'z fikrini bildirganlarni «ta'qib qilish» hollari tez-tez uchrayapti va ijtimoiy tarmoqlarning o'zbek segmenti ham bundan istisno emas. Ko'pincha, jamiyatimizda umumiy qabul qilinadigan fikrlardan farq qiluvchi g'oyalarni targ'ib qiluvchi insonlar nafratli so'zlarni yozadiganlarning ta'qibiga uchrashadi. Shaxsni ta'qib qilish unga ma'naviy va jismoniy zarar yetkazadi, bunday harakat minglab Internet-auditoriyasi bo'lgan foydalanuvchi tomonidan amalga oshirilganda esa uning ko'lami oshadi. Ushbu zo'ravonlik qurbonining tarafdorlari ham onlayn hujumlarga duch kelganda, vaziyat yanada og'irlashadi, bu qo'rquv va shaxsiy fikrini bildirishni istamaslikka, kelajakda esa — ijtimoiy loqaydlikka olib kelishi mumkin. So'z erkinligi huquqi borasida qanday xalqaro standartlar mavjud? Mamlakatimiz qonunchiligi onlayn-ta'qib qilish holatidan qanday himoya qiladi? Bunday nafratli so'zlar mualliflarining javobgarligini qanday oshirish mumkin? Keling, ushbu savollarga navbat bilan javob topishga urinib ko'ramiz. Huquqiy chegaralarni belgilashdan oldin, nafratli so'zlarni yozish ko'pincha so'z erkinligiga o'tkazilayotgan bosimning asl sababi bo'lgan — yolg'on ma'lumot tarqalishidan tubdan farq qilishini aniq tushunish lozim. Xalqaro huquqda nafrat so'zlarining aniq ta'rifi keltirilmagan, ammo so'z erkinligi va nafrat, uni tarqatmaslik, uning targ'iboti chegaralari qayerda ekanligini aniqlashtiruvchi xalqaro standartlar va huquqiy asoslar mavjud. Shu bilan birga, «[so'z erkinligi]ga bo'lgan cheklovlar istisno xarakteriga ega bo'lib, qat'iy shartlar va qattiq nazorat ostida qo'yilishi kerak» (BMTning Fikr erkinligi va uni erkin ifoda etish huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirish bo'yicha maxsus ma'ruzachisining 2019 yil 9 oktyabrdagi A/74/486 hisoboti 6 qismiga qarang). O'zbekiston tomonidan 1995 yilda ratifikatsiya qilingan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi Xalqaro paktning (FSHXP) 19-moddasida ta'kidlanganidek, «1. Har bir inson o'z fikrlariga erkin rioya qilish huquqiga ega. 2. Har bir inson o'z fikrini erkin ifoda etish huquqiga ega; ushbu huquq davlat chegaralaridan qat'i nazar, o'zining tanlovi asosida yoki ifoda etishning badiiy shakllari orqali, og'zaki, yozma yoki nashr usullari bilan har qanday ma'lumot va g'oyalarni izlash, olish va tarqatish erkinligi tushunchalarini qamrab oladi". Mazkur huquq mamlakatimiz qonunchiligida ham kafolatlangan va o'z aksini topgan. Ammo shunday holatlar ham bo'ladiki, haqoratli izohlar nafaqat bildirilgan fikrga tegishli, balki shaxsiy haqoratga aylanib, zo'ravonlik, kamsitish va jazolash tahdidini targ'ib qiladi. Bundan tashqari, nafratli ritorikaga ergashuvchilarning ba'zilari ta'qib qurbonlarining va umuman jamiyatning hayoti va sog'lig'iga tahdid solishi, jamoatchilik loqaydligi va/yoki bid'atlarni keltirib chiqarishi mumkin. Jinoyatni sodir etgan shaxs qilgan ishi uchun O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortilishi shubhasiz. Biroq, nafrat so'zlarini ijtimoiy tarmoqning boshqa foydalanuvchilari tomonidan tarqatilishi uchun nafrat ritorikasi muallifi ham javobgar bo'lishi kerakmi? Ba'zan biz ijtimoiy tarmoqlarda gender siyosatidagi ayrim islohotlarga salbiy va yanglish xulosaga ega munosabatlarni kuzatishimiz mumkin. Biroq, gender tenglik haqida salbiy fikr bildirilganda so'z erkinligi huquqiga apellyatsiya qilish, aslida, ushbu huquq chegaralarini tushunmaslik, internet-bullingni yaratib va rivojlantirib, jinsiy yoki boshqa xususiyatlar asosida zo'ravonlik, zulm va kamsitishni to'siqlarsiz targ'ib qiluvchi hate speech tarqatuvchilarining mas'uliyatsizligi kuchayishiga olib keladi. Bundan tashqari, bunday hujumlar irqiy, milliy, diniy yoki gender nizolarga olib kelishi mumkin, bu esa O'zbekiston milliy xavfsizligiga bevosita tahdiddir. Xalqaro standartlarni va inson huquqlarini ta'minlash bo'yicha xalqaro majburiyatlarni o'z zimmasiga olgan holda, mamlakatimiz Internetda ham, boshqa ommaviy axborot vositalarida ham zo'ravonlik va nafrat targ'ibotining oldini olish uchun choralar ko'rishi shart. FSHXP ning 20-moddasida aytilishicha : «1. Urushning har qanday targ'iboti qonun bilan taqiqlanishi kerak. 2. Kamsitish, dushmanlik yoki zo'ravonlikni qo'zg'atadigan milliy, irqiy yoki diniy nafratni qo'llab-quvvatlovchi har qanday chiqish qonun bilan taqiqlanishi kerak". Ushbu masala bo'yicha BMTning Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasi FSHXPning 20-moddasidagi qonuniy cheklovlar so'z erkinligiga zid emasligiga aniqlik kiritadi. BMTning Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasi: «… 2-band, tegishli davlatga nisbatan ichki yoki tashqi xususiyatga ega bo'lishidan qat'i nazar, kamsitish, dushmanlik yoki zo'ravonlikni qo'zg'atadigan milliy, irqiy yoki diniy nafratni qo'llab-quvvatlovchi har qanday tashviqot yoki chiqishga qarshi qaratilgan «ligini aytadi . FSHXPning 20-moddasi 1-bandiga binoan O'zbekiston Jinoyat kodeksida jinoiy javobgarlik belgilangan, xususan Jinoyat kodeksining 150-moddasi urushni targ'ib qilish, Jinoyat kodeksining 156-moddasida milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni qo'zg'atish taqiqlanadi . Biroq, FSHXPning 20-moddasi 2-bandi bizning qonunchiligimizda hali ham biror bir tarzda, ya'ni genderga asoslangan ta'qiblar nuqtai nazaridan o'z aksini topmagan. Afsuski, bizning qonunchiligimiz kibermaydonda virtual ta'qib qurbonlarini va ularni himoya qiluvchilarni himoya qilmaydi, natijada fuqarolar ham, tashkilotlar ham, mansabdor shaxslar ham qaltis vaziyatda qoladi. Bundan tashqari, bu kabi hujumlar O'zbekistondagi ayollarning mavqeini zaiflashtiradi va mamlakat gender siyosatiga to'sqinlik qiladi. Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 41-moddasida haqorat « shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish» deb ta'riflanadi. Biroq, ko'p minglab obunachilari bo'lgan blogerning shamali xabarlari («Axborotlashtirish to'g'risida"gi qonunning 8-qismi 3-moddasida bloger o'z veb-saytida va (yoki) veb-sayt sahifasida ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xarakterdagi ommaviy ma'lumotni joylashtiradigan, shu bilan birga uni muhokama qilishi mumkin bo'lgan axborot foydalanuvchisi sifatida belgilanadi) to'g'ridan-to'g'ri haqorat qilmasdan, kamsitish va zo'ravonlikni targ'ib qilishga qaratilgan bo'lsa, qonunchilik onlayn ta'qib qurbonini va uning tarafdorlarini himoya qilmaydi. «Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida"gi qonunning 2-moddasi 9-qismida «tazyiq va zo'ravonlik qurboni — o'ziga nisbatan tazyiq va zo'ravonlik sodir etilishi tahdidi ostida bo'lgan yoki tazyiq va zo'ravonlik natijasida jabrlangan ayol jinsidagi shaxs» deb ta'riflangan. Ammo na ushbu qonun, na kodekslar shaxslarni Internet foydalanuvchisi — post muallifi va sharhlovchilari tomonidan sodir etiladigan zo'ravonlik va tazyiqlardan himoya qilmaydi. Zo'ravonlik va kamsitishni targ'ib qilish uchun javobgarlikni kuchaytirish FSHXPning 19-moddasiga zid emas, chunki ushbu moddaning uchinchi qismida: «Ushbu moddaning 2-bandida nazarda tutilgan huquqlardan foydalanish maxsus burch va majburiyatlarni yuklaydi. Shuning uchun huquqlardan foydalanish: a) boshqalarning huquqlari va obro'sini hurmat qilish; b) davlat xavfsizligini, jamoat tartibini, sog'lig'ini yoki axloqini himoya qilish uchun qonun bilan belgilanishi kerak bo'lgan zaruriy muayyan cheklovlar bilan bog'lanishi lozim" deyilgan. BMTning Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasi ushbu bandga aniqlik kiritib, quyidagilarni ta'kidladi : «So'z erkinligi huquqidan foydalanish maxsus vazifalar va majburiyatlarni yuklaydi, shuning uchun ham mazkur huquqdan foydalanish doirasida ham alohida shaxslarga, ham jamiyatga nisbatan qo'llanishi mumkin bo'lgan ayrim cheklovlarga yo'l qo'yiladi. Biroq, ishtirokchi-davlat o'z fikrini ifoda etish huquqini amalga oshirishda ma'lum cheklovlarni qo'yganda, ushbu cheklovlar mazkur huquqning tamoyiliga zid bo'lmasligi kerak». Shuni ta'kidlash kerakki, FSHXP bo'yicha so'z erkinligini cheklashlar uch shartga javob berishi kerak : (1) qonuniylik, (2) xalqchillik hamda (3) zaruriyat va mutanosiblik . Bundan kelib chiqadiki, YeXHT/DIIHB (Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi) «nafrat asosidagi jinoyatlar (hate crime) — bu ma'lum shaxslar guruhiga nisbatan xurofot yoki xuruj asosida sodir etilgan, jazoga tortilishi belgilangan jinoiy harakat ekanligini belgilaydi . Jinoyatga nafrat holatidagi jinoyat deb qaralishi uchun u ikki mezonga javob berishi kerak: — birinchidan, sodir etilgan harakat jinoiy huquq nizomlariga muvofiq jinoyatdan darak berishi kerak; — ikkinchidan, harakat birovga qarshi noto'g'ri fikrdan kelib chiqishi kerak. Nogironligi bor insonlar ham nafrat holatidagi jinoyatlar qurboniga aylanishi mumkin". Bundan tashqari, «stereotiplar vaji ma'lum bir guruhga qarshi qaratilgan salbiy hukm, murosasizlik yoki nafrat deb ta'riflanishi mumkin. Ushbu guruhni umumiy xususiyat, masalan, irq yoki etnik kelib chiqishi, tili, dini, millati, jinsiy oriyentatsiyasi, gender o'ziga xosligi yoki boshqa har qanday asosiy xususiyatlar birlashtirishi kerak». So'z erkinligi va nafratli ritorika o'rtasidagi farq haqida gapirganda, shuni ta'kidlash kerakki, har qanday qarama-qarshiliklarni nafratli ritorika deb tasniflash mumkin emas. Masalan, Inson huquqlari bo'yicha Yevropa sudi (IHES) «Xendisayd Birlashgan Qirollikka qarshi» ishida davlatni yoki jamiyatning ayrim qismlarini hayratga solishi mumkin bo'lgan tortishuvli va befarqlik bo'lmagan bayonotlar jinoiy va boshqa javobgarlikka tortilmasligi kerakligini ta'kidlaydi . Chunki «bu plyuralizm — fikrlar xilma-xilligi, bag'rikenglik va ochiq fikrlilik talablari, ularsiz demokratik jamiyat bo'lmaydi». Richard Xendisayd Stage 1 nashriyotinig egasi edi. U 1969 yilda Daniyada nashr etilgan va keyinchalik tarjimalari bir qator Yevropa mamlakatlarida chop etilgan Syoren Xansen va Jesper Yensen tomonidan yozilgan «Kichik qizil maktab kitobi»ga britan huquqini qo'lga kiritdi. Kitob boblarining birida Buyuk Britaniya matbuotining turli xil salbiy mulohazalarini keltirib chiqargan va axloqsiz nashrlar to'g'risidagi qonunni buzganlik uchun jinoiy ish ochilishiga sabab bo'lgan jinsiy tarbiyaga oid bo'lim mavjud edi. Mazkur ish bo'yicha IHES qarori 1976 yil 7 dekabrda chiqarilgan va so'z erkinligini ifodalash bo'yicha birinchi va asosiy da'vogarlardan biri bo'lgan. Batafsil … Biroq, IHES «Syurek va Turkiyaga qarshi» ishida zo'ravonlik va kamsitishlarni qo'llab-quvvatlash va zo'ravonlikning maqtalgan ritorikasi qonun bilan himoya qilinishi mumkin emasligini va so'z erkinligi huquqiga zid ekanligini ta'kidlamoqda . Kamil Tekin Syurek va Turkiyaning haftalik Haberde Yorumda Gerçek sharhining bosh aksiyadori va bosh muharriri Yusel Ozdemir to'rt kurd tashkilotining qo'shma bayonoti bilan birga Kurdiston ishchilar partiyasi rahbarining o'rinbosari bilan bo'lib o'tgan intervyuni nashr qildilar. O'sha paytda Kurdiston ishchilar partiyasi va to'rtta tashkilot Turkiya hukumati tomonidan terroristik guruhlar sifatida belgilangan edi. Intervyuda kurd xalqining mavqei bo'yicha AQSHning munosobati va Kurdiston ishchilar partiyasining Turkiyadagi tez o'zgaruvchan siyosiy muhit haqidagi qarashlari borasida fikrlar bildirilgan. Suhbatni olib borgan jurnalist Turkiyaning kurdlar yashovchi asosiy hududini Kurdiston deb ataydi. IHES ushbu ish yuzasidan tergov va sud ishlarini yuritishda Turkiyaning terrorizmga qarshi qonunlarini buzish bo'yicha Turkiya hukumati tomonidan sodir etilgan bir qator qonunbuzarliklarni aniqladi, ammo 1999 yil 8 iyuldagi qarorida ushbu intervyu so'z erkinligini buzish, zo'ravonlikni targ'ib qilish va terrorni maqtash ekanligini tasdiqladi. Batafsil … Internetda sodir bo'layotgan voqealar va O'zbekistonda nafratga asoslangan ta'qiblar va kamsitish, zo'ravonlik tashviqotidan jabrlanganlarni himoya qilish bo'yicha huquqiy me'yorlarning yo'qligi, shuningdek, o'zgacha fikr bildirishni ushbu turdagi majburlash va tashviqot qilish vositalarining biri sifatida ishlatilishi asosida bunday harakat va harakatsizlik uchun javobgarlikni kuchaytirish imkoniyatlarini ko'rib chiqish zarur. Shuningdek, internetdagi ushbu harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish zarur, chunki jazosiz qolish qurbonlar va ularning himoyachilariga nisbatan nafrat, kamsitish va ta'qib qilish holatlari tarqalishining kuchayishiga olib keladi. Fikrimcha, milliy qonunchilikka nafratli ritorika va nafrat holda sodir etilgan jinoyatlar kabi tushunchalarning kiritilishi zo'ravonlik qurbonlarini himoya qilish, shuningdek xalqaro hamjamiyatga O'zbekiston Respublikasining mamlakatda qonun ustuvorligi va adolat indeksini yaxshilash borasidagi jiddiy istaklarini namoyish etish imkoniyatini beradi. Shunga qaramay, yuqorida keltirilgan tushunchalar va atamalarni hamda ular uchun javobgarlikni O'zbekiston qonunchiligiga kiritish faqat ilmiy, ekspert va professional doiralarda keng muhokamalardan so'ng amalga oshirilishi kerak. Bundan tashqari, jurnalistlar/bloggerlar, yuridik mutaxassislar va amaliyotchilarning professional hamjamiyati nafratli ritorika uchun javobgarlik turini va hajmini aniqlashi, shuningdek, uning jamoat kayfiyati va shaxsning shaxsiy xavfsizligiga ta'sirini aniqlashi kerak. Jamiyat, professional va akademik doiralar bu kabi muammolarni qancha ko'p muhokama qilsalar, o'z harakati/harakatsizligi uchun javobgarlikni oshirish bo'yicha umumiy holat va choralar shunchalik aniqroq bo'lishiga ishonaman. Muallifning fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin. | columnist |
Prezident parlamentga murojaatida oliy ta'lim tizimidagi vazifalardan birini belgilab bergan: chet el tajribasi asosida oliy ta'lim standartlarini takomillashtirish, uning yo'nalishlari va o'rganilayotgan fanlar tuzilishini qayta ko'rib chiqish. Tanlangan mutaxassislik bilan bog'liq bo'lmagan fanlarning soni ikki karra qisqartirilishi kerakligi ta'kidlangan. Faylasuf, sotsiolog va antropolog Valeriy Xan belgilab qo'yilgan vazifalar asosida O'zbekistondagi tabiiy fanlar va texnika universitetlarida ijtimoiy fanlar bo'yicha qanday o'zgarishlar kutilishi mumkinligini tahlil qiladi. Mana, yangi o'quv yili boshlandi. Oliy ta'lim vazirligi va oliy o'quv yurtlari rektorlari «tanlangan mutaxassislik bilan bog'liq bo'lmagan» fanlar sonini kamaytirish masalasini qanday hal etadi? Asosiy savol: «tanlangan mutaxassislik bilan bog'liq bo'lmagan» fanlar deganda nimani tushunish kerak? Muayyan fan u yoki bu mutaxassislikka tegishli yoki yo'qligini kim hal qiladi? Bir qator universitetlarda rektor va prorektorlarning mutaxassisliklari ular rahbarlik qilayotgan universitet profiliga to'g'ri kelmaydi. To'g'ri kelsa ham, ko'pchiligi taniqli va ilg'or fikrlovchi mutaxassislar emas. Ilmiy darajaning mavjudligi, ayniqsa, ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasida (ularning mafkuraviy tarafkashligi va kafedralar, ixtisoslashgan kengashlar hamda Oliy attestatsiya komissiyasi barcha dissertatsiyalarni, shu jumladan, xomligi ochiq ko'rinib turgan ishlarni tasdiqdan o'tkazishi hisobiga) har doim ham ushbu darajaga ega shaxslar olim bo'lishini anglatmaydi. Oliy ta'lim tizimidagi «islohotlar», aniqrog'i, ularga taqlid qilishga (avvalgi «optimallashtirish» islohotlaridan kelib chiqib) kelsak, bizning shundoq ham jahon reytingining quyi qismida turgan ta'lim tizimimiz tobora yomonlashmoqda. Bir necha yil oldin o'qituvchilarni universitetlarda kechgacha olib qolingani va ularning aksariyati xorijiy tillarni bilmasada (!), chet el darsliklarini tarjima qilishga majbur qilinganini eslash kifoya. Yoki falsafa, mantiq, etika va estetikani qanday qilib bir fanga birlashtirib, hech kimga kerak bo'lmagan tanlov fanga aylantirishganini eslang, bu butun Yevropa bo'ylab otni yeldirib o'tishdek gap. Mavzu bo'yicha tavsiya etiladigan adabiyotlar 2017 yildan keyingi nashrlar bo'lishi kerakligi haqida «talab» bor. Vaholanki, yaxshi tanilmagan mualliflarning 2020 yilda chop etilgan eng yangi ishlari xalqaro miqyosda tan olingan olimlarning 10, 20 va hatto 30 yil oldin chiqqan asarlari uchun munosib qo'shimcha adabiyot bo'lmasligi mumkin — klassikaga aylangan asarlar haqida esa gapirmasa ham bo'ladi. Ko'pchilikda savol tug'diruvchi rasmiy attestatsiya va reytinglar yoki asosiy doktorantlar (aspirantlar) uchun SCOPUS hamda shunga o'xshash jurnallarda majburiy maqolalar nashr etish talablarichi? Texnika va tabiiy fanlar universitetlarida rektorlar ijtimoiy-gumanitar fanlar (IGF)ni shunchaki qisqartirib yuborishi ehtimoli katta. Ammo Prezident oliy ta'lim standartlari, o'rganilayotgan fanlar yo'nalishlari va tuzilishi xorij tajribasi asosida qayta ko'rib chiqilishi kerakligini ta'kidlagan. Chet el universitetlarining o'quv dasturlari to'g'risida gapirishdan avval bir qator asosiy masalalarga to'xtalib o'tmoqchiman. Men allaqachon matbuotda bildirgan savol : tabiiy fanlar va texnika universitetlarida ijtimoiy-gumanitar va san'at fanlari o'qitilishi kerakmi? Bu g'alati tuyulishi mumkin, ammo XX asrning taniqli tabiatshunoslik sohasi vakillari — Albert Eynshteyn, Maks Plank, Nils Bor, Verner Karl Geyzenberg, Ervin Shryodinger, Maks fon Laue, Ilya Prigojin (barchasi Nobel mukofoti sovrindorlari) va boshqalar gumanitar bilim, falsafa, adabiyot va san'at o'zlari uchun qanchalik ahamiyatli degan savol ustida bosh qotirmagan. Gumanitar bilimlarga bo'lgan ehtiyoj ular uchun aksioma bo'lgan. Ma'lumki, Eynshteyn falsafaga (xususan, Spinoza falsafasiga) jiddiy qiziqish bildirgan va uning 70 yoshiga bag'ishlangan 1949 yilgi yubiley to'plami bejiz «Albert Eynshteyn. Faylasuf-olim» deb nomlanmagan. Eynshteynning aytishicha, u boshqa mutafakkirlar va hatto eng buyuk matematik Gaussga qaraganda Fyodor Dostoyevskiydan ko'proq ta'sirlangan. Buyuk fizik mug'ombirlik qilganmi? Aslo. Bugungi kunda Dostoyevskiy dunyosidagi «noevklid» makon, romanlaridagi hayotning paradoksal tabiati, bu dunyoni ikki ma'noli mantiq («haqiqat-yolg'on», «yaxshi-yomon») bilan tavsiflashning imkonsizligi, qahramonlarining hatti-harakatlari va voqealar trayektoriyasining kutilmaganligi — fizikadagi nisbiylik nazariyasining adabiy ekvivalenti bo'lib, kashfiyotga turtki bergan ushbu barcha narsalar haqida ko'p yozilgan. Rassomchilikda esa XIX asr oxiri — XX asr boshlaridagi impressionizm va boshqa oqimlar ana shunday ekvivalent va ilmiy kashfiyotga turtki vazifasini o'tagan. Eynshteynning mumtoz musiqaga bo'lgan muhabbati va skripka chalishni yaxshi ko'rgani haqida ko'p yozishgan. U Motsart, Bax, Gendel asarlarini ijro etgan. Vaqtining katta qismini (xoh uyda, xoh katta o'tirishlaru xayriya konsertlarida bo'lsin) musiqa chalishga bag'ishlagan. Shuni unutmaslik kerakki, falsafa, adabiyot va musiqa buyuk fizikning shunchaki hordiq chiqarish mashg'uloti emas, balki Eynshteynning olim sifatidagi shaxsiyati hamda fizik qarashlarining ajralmas qismi bo'lgan. Ularsiz Eynshteyn fizik olim sifatida namoyon bo'lmagan bo'lardi! Agar uning umr bo'yi raqibi bo'lgan kvant mexanikasining asoschilaridan biri Nils Borni oladigan bo'lsak, uning shogirdi, taniqli fizik Verner Karl Geyzenberg «Ufqdan olislagan qadamlar» kitobida o'z ustozi haqida shunday yozadi: «Bor avvalambor fizik emas, faylasuf edi; ammo u bizning zamonamizda natur falsafa haqiqatning eksperimental mezonlariga to'lig'icha itoat etgandagina kuchga ega bo'lishini yaxshi bilardi». Bor fortepianoni yaxshi chalar, uchrashuvlarda raqiblar — Bor va Eynshteyn ko'pincha Motsart, Betxoven, Brams musiqalarini ijro etishardi. Geyzenbergning o'zi fizikaning falsafiy masalalariga bag'ishlangan bir qator asarlar muallifi hisoblanadi. Uning, ya'ni fizik olimning qarashlariga Aflotun, Kant va boshqa faylasuflar katta ta'sir ko'rsatgan. Geyzenberg «yunon falsafasini bilmay turib, zamonaviy atom fizikasida ilgarilash mumkin emas», deb hisoblagan. Fizika bo'yicha yana bir Nobel mukofoti sovrindori Maks fon Laue tarjimayi holida o'zi uchun falsafaning kashf etilishi haqida shunday yozadi: «U turmushimni butunlay o'zgartirib yubordi; hatto fizika ham o'sha paytdan beri menga o'zgacha ahamiyat kasb etuvchi ilm sohasi bo'lib tuyilmoqda. Chunki bu ilmning asl mohiyati shundaki, u falsafani muhim qo'shimcha g'oyalar bilan ta'minlaydi. Menimcha, barcha fanlarning umumiy markazi falsafa atrofida birlashishi kerak, falsafaga xizmat qilish ularning asl maqsadi hisoblanadi. Bu ilm-fanning muttasil ixtisoslashuviga qarshi ilmiy madaniyat birligini saqlab qolishning yagona yo'lidir. Mana shu birlik bo'lmaganida, butun madaniyat zavol topishi mumkin edi». Boshqa bir Nobel mukofoti sovrindori Maks Plank musiqa va falsafa bilan jiddiy mashg'ul bo'lgan. Ushbu mashg'ulotlar shu darajada professional olib borilgan ediki, yoshligida uning qarshisida hayotini musiqa (u bir nechta musiqa asboblarini chalgan), filologiya yoki fizikaga bag'ishlash tanlovi turgan. Garchi u fizikani tanlagan bo'lsada, musiqa bilan shug'ullanishni davom ettirib, hatto musiqa nazariyasidan dars bergan. Yana bir fizika bo'yicha Nobel mukofoti sovrindori, bir qator falsafiy asarlar muallifi Ervin Shryodinger qadimgi hind va xitoy falsafasiga katta e'tibor qaratgan, lirikaga qiziqib, she'rlar yozgan. Ehtimol, bu fizik qarashlarning o'ziga xos xususiyatidir. Balki haqiqatan ham olimlarning jiddiy falsafiy tayyorgarliksiz va hattoki gumanitar ta'limsiz nisbiylik nazariyasi va kvant mexanikasini (o'tgan asrda yaratilgan nazariyalar) yaratishi imkonsiz bo'lgandir? Matematikachi? Noevklid makon g'oyasi muallifi, nisbiylik nazariyasining yaratilishiga zamin yaratgan Nikolay Lobachevskiy zamondoshlari matematik uchun «dahshatli jinoyat» hisoblangan ishni odat qilgan: Qozon adabiy to'garaklarida doimiy ishtirok etgan. Kechqurunlari u oilasini yig'ib, Gogol asarlarini ovoz chiqarib o'qigan. Griboyedov, Pushkin, Jukovskiyni yaxshi ko'rgan. Buyuk matematik yana bir «jinoyat» — qadimgi falsafa va adabiyot bilan ham mashg'ul bo'lgan. «Matematika qiroli» Gauss lotin, fransuz va ingliz adabiyotini yaxshi ko'rgan; yoshligida uning qarshisida jiddiy tanlov turgan: filologiyami yoki matematika? 60 yoshidan keyin rus tilini o'rgana boshlagan va unga Pushkin asarlarining asl nusxasini yuborishlarini so'ragan. XX asrning eng buyuk matematiklari muvaffaqiyatsiz kurash olib borgan Puankare teoremasini isbotlagan matematik Grigoriy Perelman uchun ham maktabni tugatgach, jiddiy savol tug'ilgan: konservatoriyaga kirish kerakmi yoki mexanika va matematika fakultetiga? Mayli, bular fizika va matematika. Kimyochi? XIX asrning taniqli bastakori, «Knyaz Igor» operasi muallifi Aleksandr Borodin tibbiyot doktori, mashhur organik kimyogar bo'lgan. Kimyoviy elementlarning davriy jadvali bilan butun dunyoga tanilgan Dmitriy Mendeleyev Rossiya Fanlar akademiyasi a'zosi bo'lmagan, ammo Badiiy akademiyaga qabul qilingan. Bugunchi? Kimyo bo'yicha Nobel mukofoti sovrindori, sinergetika — ochiq chiziqli bo'lmagan tizimlarda o'zini-o'zi tashkil etish jarayonlari haqidagi fan asoschilaridan biri Ilya Prigojinga Anri Bergson falsafasi kuchli ta'sir ko'rsatgan. Prigojin «o'zgaruvchanlik falsafasi»ning asoschisi va ilm-fan falsafasiga oid bir qator asarlar muallifidir. Ammo uning arxeologiya fanlari doktori bo'lgani (va dunyodagi eng nufuzli universitetlarda bu fandan ma'ruzalar o'qigani), tarix, rassomchilik sohalari bilimdoni, pianinochi va bastakor bo'lgani hammaga ham ma'lum emas! Ro'yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Misollarning salmog'i shu qadar kattaki, ortiqcha gapga hojat qolmaydi. Bu tasodifiy o'xshashlik emas: matematiklar, fiziklar va kimyogarlar — hech bo'lmaganda ular orasida ko'zga ko'ringan olimlar uchun «she'riyat» haqiqatan ham zarur bo'lgan. Ammo buning sababi nima? Bugungi kunda yaxshi ma'lumki, har qanday ijod turi, shu jumladan, ilmiy ijod, juda ko'p omillar ta'sir ko'rsatuvchi murakkab jarayon hisoblanadi. Ilmiy kashfiyotlar, ayniqsa, mashhur topilmalar hech qachon tor sohaga ixtisoslashgan bilimlarning o'zi bilangina yaratilmagan. Ushbu kashfiyotlarni shunchaki ilmiy darajaga ega bo'lgan olimlar emas, taniqli shaxslar va g'ayrioddiy, ko'p qirrali shaxslar yaratgan. U yoki bu kashfiyot tarixini yaratishda barcha narsa muhim rol o'ynaydi: bo'lajak olimning bolaligi, sevimli mashg'ulotlari, fe'l-atvori, hayotiy tajribasi, professional muhit va boshqalar. Buyuk olimlarning hayot yo'li shuni ko'rsatadiki, ularning barchasi keng dunyoqarashi, mutaxassisligiga bevosita bog'liq bo'lmagan mashg'ulotlarga ishtiyoq qo'ygani bilan ajralib turardi. Olimning dunyoqarashi qanchalik keng bo'lsa, uning ijodiga ta'sir ko'rsatuvchi omillar shuncha ko'p bo'lgan. Hatto aytish mumkinki, maxsus sohalardagi ilmiy muvaffaqiyatlar olimning dunyoqarashi va sevimli mashg'ulotlarining kengligi bilan to'g'ri proporsionaldir. Bundan tashqari, inson tafakkuri bir tomondan mantiqiy, ratsional, sistematik va ongli, boshqa tomondan intuitiv, hissiy va obrazli xarakterga ega. Haqiqiy ijod jarayonida bu ikkala tomon bir-biriga uzviy bog'langan. Ilmiy kashfiyotlar har doim ikkala tomonning o'zaro ta'siri natijasida ro'y beradi. Bugungi kunda ilm-fanning buyuk muammolarini hal qilishning mantiqiy, matematik yoki fizik formulasi yaratilishidan avval doim intuitiv, yaxlit obrazlar shakllanishi isbotlangan. Obrazli tafakkur, tasavvurlarning teranligi adabiyot va san'at olami bilan tanishish orqali sayqal topadi. Ehtimol, falsafa, adabiyot va san'atga bo'lgan ishtiyoq fundamental fanlar: fizika, kimyo, matematika bilan shug'ullanadigan kishilarning tafakkur yuritish tarziga xos xususiyatdir? Mana, hozir kompyuter texnologiyalari asri, raqamli iqtisodiyot, sun'iy idrok, bevosita amaliy ahamiyatga ega bo'lgan ilm-fan sohalari (har qanday amaliy fan nazariy fanlar asosiga qurilishi va ularni chetlab o'tish imkonsiz ekanini yaxshi bilsak ham) jadal rivojlanmoqda. Zamonaviy IT-mutaxassislari XX asrning buyuk fiziklari singari gumanitar bilimlarga muhtoj bo'lmasligi mumkin. Biznes va zamonaviy texnologiyalar sohasining nufuzli vakillariga to'xtalib o'tsak. IT pioner, Apple, NeXT va Pixar kompaniyalari asoschisi Stiv Jobs: «Men barcha texnologiyalarimni Suqrot bilan bir kunlik suhbatga almashgan bo'lardim» , — degan edi (2001). Bu fikr Eynshteynning Dostoyevskiy haqidagi iqroriga o'xshab ketmaydimi? Ehtimol, «raqamli inqilob otasi» mug'ombirlik qilgandir? Aslo. 2010 yilgi iPad taqdimotida Jobs yana shunday degan: «Apple DNKsida texnologiyaning o'zi yetarli emas degan g'oya yotadi. Bizga umumiy ta'lim, gumanitar fanlar bilan uyg'unlashgan texnologiya kerak va bunday texnologiya qalbimizni junbushga keltira oladi». Jobsning Zen-buddizm falsafasiga qiziqqani yaxshi ma'lum, bu uning «tafakkur minimalizmi» tamoyillariga ta'sir ko'rsatgan. Microsoft asoschisi va dunyodagi eng badavlat kishilardan biri Bill Geyts: «Bolalarimning, albatta, kompyuterlari bo'ladi. Ammo ular, birinchi navbatda, qo'liga kitob oladi», — degan edi. Geytsning o'zi ko'p kitob o'qigan. U xuddi shu kitoblarni boshqalarga ham tavsiya qiladi. Bu dasturlash, ya'ni Geytsning o'zi mashg'ul bo'lgan soha bo'yicha kitoblar emas. Ular tarix, adabiyot, siyosat, psixologiya, ta'lim, ekologiya, sog'liqni saqlashga oid kitoblar, taniqli shaxslarning memuarlari va tarjimayi hollaridir. Geyts o'zi erishgan yutuqlari haqida shunday deydi: «O'ylashimcha, ko'p mutolaa qilishga imkonim bo'lgani uchun ko'p narsaga erishdim». Bu mutolaa nafaqat bilim berishi, balki fikrlash va tasavvur qilishni ham rag'batlantirishi, busiz hech qanday sohada yutuqqa erishib bo'lmasligini anglatadi. Geytsning fikriga ko'ra, uning dunyoqarashini o'zgartirgan kitoblar professor Vatslav Smilning «Energiya va sivilizatsiya: tarix» (Geyts Smilning barcha — 36 asarini o'qib chiqqan), Garvard universiteti professori Stiven Pinkerning «Bugungi ma'rifat», shved muallifi Xans Roslingning dunyoqarash stereotiplari haqidagi «Faktlarga asoslanish: dunyo haqida noto'g'ri fikrlashimizning o'nta sababi va nima uchun voqelik ko'ringanidan yaxshiroq» hamda isroillik tarixchi Yuval Noy Hararining «Sapiens: insoniyatning qisqacha tarixi» asarlaridir. E'tibor bersangiz, bularning birortasi ham dasturlash haqida emas! Taniqli kompyuter biznesi vakili, Glue Mobile, Meebo, Rally Healthy va MemSQL kompaniyalarining kadrlar bo'yicha vitse-prezidenti hamda direktori Tom Perrolt «Harvard Business Review» sahifasida quyidagicha fikr bildiradi: «Kompaniyalar ko'proq gumanitar bilim va ko'nikmalarga ega xodimlarni jalb qilish orqali ertangi kunga tayyorgarlik ko'ra boshlashlari kerak. Mazkur kompaniyalar ko'p yillar davomida murakkab nazariy muammolar ustida bosh qotirgan va ularni batafsil tushuntirib bergan faylasuflar yoki tarixchilarga qarshi turish o'rniga, ushbu talabalar egallagan ko'nikmalar ertangi kunning yetakchisi bo'lishiga yordam berishini tushunishlari kerak». Zamonaviy xorij tajribasini o'rganish haqida gapiradigan bo'lsak, AQSH va Buyuk Britaniyaning texnika universitetlarida gumanitar fanlar hajmi 30 foizga teng. Butun ilm-fan tarixi, xorij amaliyoti va jahon ekspertlari fikrlari shundan dalolat beradiki, tabiiy va texnik fanlar universitetlari uchun gumanitar fanlar, adabiyot va san'at zarur. Agar ulardan voz kechsak, XX asrning birinchi yarmidagi muvaffaqiyatsizlikka uchragan ixtisoslashgan ta'lim tizimiga qaytamiz. Zamonaviy ta'lim shaxsni rivojlantirish, uning axloqiy va kognitiv fazilatlarini (ijodiy, tanqidiy, tizimli va nostandart fikrlash, keng dunyoqarash, hissiy idrok, muloqot qilish qobiliyati va boshqalar) takomillashtirishga asoslangan shaxsga yo'naltirilgan ta'lim tizimiga o'tish orqali rivojlanadi… Bularga gumanitar va san'at fanlarisiz erishib bo'lmaydi. Yana bir narsa: bugungi kunda ko'plab kurslar fanlararo integrallashgan uslubda, shu jumladan, tabiiy, texnik va gumanitar fanlar kesishmasida o'qitiladi. Aslo. Ijtimoiy-gumanitar fanlarning, kamdan-kam istisnolardan tashqari, hozirgidek o'qitilishi foyda keltirmaydi va talabalar buni adolatli ravishda rad etadi. Masalan, maktabda bir necha yil davomida juda sinchkovlik bilan o'rganilgan va mazmunan maktab materialini takrorlaydigan fanlarni qayta o'tish kerakmi? Yo'q. Bundan tashqari, ba'zan ijtimoiy-gumanitar fanlarni ular bilan yaqindan tanish bo'lmagan odamlar o'qitadi: filolog falsafadan, sotsiolog dinshunoslikdan dars beradi, muhimi, o'quv yuki to'lib-toshsin. Duch kelgan odam o'zi bilmagan narsani o'qitishi sababli, u matndan tashqariga chiqa olmaydi va shunchaki darslikni so'zma-so'z o'qib beradi. Natijada, juda muhim mavzular zerikarli, rasmiy ravishda, ruhsiz o'qitiladi, bu esa talabalarda ham xuddi shunday munosabatni yuzaga keltiradi. Butun kursdagi talabalar birgalikda u yoki bu fanni bekor qilishni talab qilgan holatlar ham bo'lgan. Aslida, bu muhim fan bo'lgan, ammo juda yomon o'qitilgan. Kafedralar, dekanatlar, universitet ma'muriyati qanday qilib o'qituvchini bekor qoldirmaslik, uning manfaatlari haqida o'ylaydi, lekin talaba haqida, davlat manfaatlari haqida umuman o'ylamaydi. Mana shunaqa aqli kaltalik qilishadi. Bundan tashqari, ijtimoiy-gumanitar fanlar ko'pincha yodlash kerak bo'lgan qandaydir bir ma'lumotlar yig'indisi sifatida o'qitiladi, ular siz egallaydigan mutaxassisligingizga qanday aloqasi borligi esa noma'lumligicha qoladi. Talabalar nima uchun u yoki bu fan ularga majburiy o'qitilganini hech qanaqasiga tushuna olmaydi. Ijtimoiy-gumanitar fanlar mafkuraga bo'ysundiriladi, ko'pincha tarbiyaviy dars, nasihat shaklida, dogmatik tarzda o'qitiladi, go'yo talabalar buni o'zlashtirishga majburdek. Vaholanki, bu talabalar orasida faqat e'tirozga sabab bo'ladi. Oliy ta'lim vazirligi talabalarning «Milliy istiqlol g'oyasi» (MIG') yoki «Milliy g'oya va ma'naviyat asoslari» kabi fanlarga munosabatidan xabardormikin? Yuqorida ijtimoiy-gumanitar fanlarni o'qitish, ayrim istisnolarni aytmasa, hech qanday foyda keltirmasligini aytib o'tdim. Endi tushuntirib beraman: ularni hozirgi shaklda o'qitish hatto zararli, chunki ular jonli fikrni o'ldiradi, ijodiy izlanishlar ufqini toraytiradi, dogmatik qarashlar va johillikni rag'batlantiradi. Xo'sh, agar ijtimoiy-gumanitar fanlar foyda keltirmasa va hatto zararli bo'lsa, ehtimol ular universitetlarda, ayniqsa, tabiiy fanlar va texnika universitetlarida umuman kerak emasdir? Yo'q, juda kerak. Xuddi Eynshteyn va Geytsga kerak bo'lganidek, bizga ham zarur. Hozirgi shaklda o'qitilsa, kerak emas. Ammo qanday o'qitilishi kerak? Birinchidan, ular yanada ixtisoslashgan va fanlararo integrallashgan tartibda o'tilishi mumkin. Dinshunoslik fanini oladigan bo'lsak, bu yo'nalishni, masalan, huquq, psixologiya, sotsiologiya, san'at, siyosat kabilar o'qitiladigan tegishli universitetlarda «Din va huquq», «Din psixologiyasi», «Din sotsiologiyasi», «San'atdagi diniy motivlar», «Zamonaviy diniy ekstremizm» kabi kurslar orqali o'tish mumkin. Turli universitetlarda gumanitar fanlarni o'qitish universitet profiliga mos ravishda turlicha bo'lishi kerak, chunki barcha ilmiy sohalarda differensiatsiya jarayoni amalga oshirilib, buning natijasida yangi ixtisoslashgan fanlar shakllanadi. Masalan, barcha universitetlarda oddiy falsafa o'qitiladi. Axir fizika falsafasi, matematika falsafasi, biologiya falsafasi, siyosat falsafasi, texnika falsafasi kabi kurslar mavjud. Differensiatsiya tarix faniga ham ta'sir ko'rsatdi. Bugungi kunda tarixiy antropologiya, tarixiy sotsiologiya, kvantitativ tarix, tarixiy geografiya, tarixiy demografiya, tarix falsafasi, tarix kartografiyasi, tarixiy antropometriya va boshqalar umumiy tarix fanidan ajralib chiqqan. Antropologiya fani esa bugungi kunda fizik antropologiya, madaniy antropologiya, falsafiy antropologiya, tibbiy antropologiya, shahar antropologiyasi, oila antropologiyasi kabilarga bo'lingan. Sotsiologiyani oladigan bo'lsak, din sotsiologiyasi, huquq sotsiologiyasi, madaniyat sotsiologiyasi, fan sotsiologiyasi va boshqalar mavjud. Barcha ijtimoiy-gumanitar fanlar shu kabi tor ixtisosliklarga ajralgan. Gumanitar fanlar bo'yicha darslarda ularning kerakliligi borasida shubha tug'dirishi mumkin bo'lgan umumiy nazariy bilimlar emas, balki nazariy savollar amaliy muammolarni hal qilishga xizmat qiladiган фuнкционал savodxonlik shakllantirilishi kerak. Ikkinchidan, yuqorida sanab o'tilgan kurslar tabiatan fanlararo integrallashgan xususiyatga ega. Ko'lami va nimaga yo'naltirilganligiga qarab ular xilma-xil bo'lishi, katta nazariy kurslardan (fizika falsafasi, tarixiy antropometriya, tibbiy antropologiya, din sotsiologiyasi va boshqalar) tortib torroq maxsus kurslar va maxsus seminarlargacha farqlanishi mumkin. Masalan, fizika fakultetining «Nisbiylik nazariyasi» kafedrasi talabalariga maxsus kurs yoki «Dostoyevskiyning noevklid makoni va nisbiylik nazariyasi» nomli seminar, kvant mexanikasi kafedrasi talabalariga «Xudo oshiq o'ynaganmi: Eynshteyn-Bor bahsining falsafiy asoslari», optik kafedrasi talabalariga «Optik va zamonaviy fotosuratlar» kabi seminarlarni tashkil etish mumkin. Tarix fakultetida «Jahon tarixining matematik modellari», «Tarix fanida fizik-kimyoviy isbotlash usullari» yoki «Tarixiy shaxslarning psixologik portretlari» kurslarini yo'lga qo'yish mumkin. Ushbu turdagi kurslar fakultativ yoki tanlov asosida o'tkazilishi mumkin. Aytib o'tganimdek , har bir universitetda taqdim etiladigan gumanitar fanlar va ularni o'qitish uchun o'quv режалари bo'lishi kerak. Ideal vaziyatda, mamlakatdagi barcha talabalar uchun «birinchi blok» — majburiy fanlar tushunchasidan voz kechish lozim. Ammo eng muhimi, universitetdagi ijtimoiy-gumanitar fanlarning vazifa va funksiyalari nimadan iboratligini tushunish lozim. Bu nafaqat ixtisoslashgan bilim, balki moslashuvchan, ijodiy va tanqidiy fikrlash ko'nikmalari hamdir. Asarlari Bill Geytsga katta ta'sir ko'rsatgan tarixchi va futurolog Yuval Noy Harari o'zining «XXI asr uchun 21 dars» kitobida ma'lumotlar ummoniga g'arq bo'lsak, muhim va nomuhim narsalarni bir-biridan farqlashni o'rganishimiz, shuningdek, uzuq-yuluq ma'lumotlardan dunyoning umumiy manzarasini yaratishimiz kerakligini yozadi. To'rt ko'nikmani o'qitishga alohida e'tibor qaratilishi lozim: tanqidiy fikrlash, kommunikatsiya, hamkorlik va ijodkorlik. Faqat texnik ko'nikmalarni o'rgatish bosimini yumshatishimiz va o'zgarishlarga moslashish, yangi narsalarni o'rganish va notanish vaziyatlarda ruhiy muvozanatni saqlash kabi umumiy ko'nikmalarni o'rgatishni kuchaytirishimiz kerak. O'zgarishlar tezligi oshgani sayin nafaqat iqtisodiyot, balki qanday qilib inson bo'lish g'oyasi ham mutatsiyaga uchraydi. Odamlar tobora ko'proq yangiliklar bilan hisoblashishlari va deyarli har o'n yilda o'z ixtisosliklarini o'zgartirishlariga to'g'ri keladi. Noma'lumlik hukm surgan dunyoda omon qolish (ayniqsa, muvaffaqiyatga erishish) uchun kuchli ruhiy moslashuvchanlik va hissiy muvozanat kerak bo'ladi. Buni o'qitish esa tenglamalarni yechishga o'rgatishdan ko'ra ancha qiyin, deb yozadi Harari. Alibaba korporatsiyasi asoschisi Jek Ma bu haqda Moskva davlat universitetida o'qigan ma'ruzasida shunday degan: «Agar kelajakka tayyorlanmoqchi bo'lsangiz, kechagi o'quv metodlaridan voz keching: ko'r-ko'rona yodlab olishga urinmang — kompyuter baribir ko'proq narsani eslab qoladi. Tezroq hisoblashga urinmang — siz uchun buni kompyuter amalga oshiradi. Ijodkor va konstruktiv bo'lishni o'rganing». Eng qiyin savol mana shu. Ko'pchilik ijtimoiy-gumanitar fanlar o'qituvchilari kurslarini jonli va ishtiyoq bilan o'ta olmaydi. Adabiyot va fizika, psixologiya va tarix, optika va san'at kesishmasidagi integrallashgan kurslar haqida gapirmasa ham bo'ladi. Axir, fanlararo o'qitish metodi nafaqat hozirgi tabiiy hamda ijtimoiy-gumanitar fanlarda yetakchi yo'nalish, balki zamonaviy o'quv metodi hamdir (masalan, AQSHning o'zida 600 ta universitetda joriy qilingan Liberal Arts tizimi). Chetdan taklif qilingan va avvalambor malaka oshirish institutlarida ishlaydigan o'qituvchilarsiz buni amalga oshirish mushkul. Xorijda o'qigan yoki ishlagan, shuningdek, ish joyida o'z kurslariga ijodiy yondashadigan kishilarni bittalab izlab topish zarur. Albatta, ko'plab o'qituvchilar fanlararo kurslarni dabdurustdan o'qib ketolmaydi. Ularni olti oy yoki bir yil davomida tayyorgarlikdan o'tkazish kerak. Universitetlar veb-saytlarida o'zlariga kerakli kurslarni e'lon qilishlari va ishga olish shartlari to'g'risida kelishib olishlari kerak. Butun dunyoda shunday qilishadi, ammo bizda emas. Prezident murojaatnomasi yanvar oyida bo'lib o'tgan bo'lsada, sinov muddatidagi yangi fanlar endigina yaratilmoqda! Barcha universitetlar talvasaga tushgan. «Pandemiya» semestri va undan keyingi ta'tilda o'zlarini bo'sh qo'yishdi, endi esa uch-to'rt kun ichida (bir semestr yoki hatto bir yil o'rniga) o'qituvchilar ilgari tanish bo'lmagan kurslar bilan tanishib chiqish, ular bo'yicha barcha (!) ma'ruza matnlarini yozish, seminar darslar rejalarini tuzish va bularning barchasini universitetning Moodle elektron tizimiga joylashtirishga ulgurishi kerak. Bularning barchasini prezident so'zlarini buzib talqin etish, islohotlarni behurmat qilishdan boshqa narsa deb atab bo'lmaydi. Beixtiyor biz uchun odatiy holga aylangan holat yodga tushadi: «- Qachon qilish kerak, bir oy ichidami yoki ikki oy? — Kecha». Albatta, tegishli kurslarni tayyorlab, ulardan yaxshi dars bera oladigan o'qituvchilar jiddiy mukofotga loyiq ko'rilishi kerak. Aynan ular minglab boshqa kishilar uddasidan chiqolmagan ishni amalga oshiradi. O'z navbatida, bu boshqa o'qituvchilarga ixtisoslashgan fanlararo kurslarni yaratishga turtki berishi mumkin. Agar «milliy g'oya» va zerikarli, dogmaga asoslanib o'qitiladigan ijtimoiy-gumanitar fanlar o'rniga haqiqatan ham qiziqarli, xilma-xil, fanlararo integrallashgan va amaliy ahamiyatga ega kurslarni joriy qilsak, talabalarning ma'naviy dunyosini boyitamiz, dunyoqarashlarini kengaytiramiz. Shunda, ehtimol, bizda ham Eynshteynlar paydo bo'lar. Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. Maqolaning rus tilidan tarjimasi Khan Academy Oʻzbek tomonidan taqdim etildi. | columnist |
Iqtisodiyot va siyosatshunoslik bo'yicha ilmiy adabiyotlarda ko'p yillar davomida demokratiyalashuv va iqtisodiy o'sish darajasi bir-biriga bog'liq emasligi to'g'risida deyarli yakdil fikr mavjud edi. Qabul qilingan konsensusda iqtisodiy o'sish demokratiyalashuv jarayonisiz ham amalga oshishi mumkinligi aytilgan. Ko'pgina tadqiqotlar demokratiyalashuv darajasi iqtisodiy o'sishga ijobiy yoki salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin emasligini ko'rsatar edi. Albatta, iqtisodchilar demokratik davlatlarning avtokratik davlatlarda tez-tez sodir bo'ladigan halokatli qarorlardan qochish qobiliyatidagi juda ko'p afzalliklarni sinchkovlik bilan qayd etishgan. Masalan, iqtisodiyot sohasidagi Nobel mukofoti sovrindori hamda qashshoqlik va ocharchilik sohasidagi eng yirik tadqiqotchilardan biri Amartiya Sen ocharchilik demokratik davlatlarda bo'lishi mumkin emas degan xulosaga keldi va bundan tashqari ommaviy ocharchilikning barcha tarixiy misollari faqat avtokratik davlatlarda bo'lgan. Ammo juda yomon iqtisodiy qarorlar demokratik davlatlarda kam uchrasada, demokratik davlatlar avtokratik davlatlarga qaraganda yaxshiroq rivojlangan deb aytolmaymiz. O'rtacha ko'rsatkichlar nima uchun bunchalik kam ma'lumotga ega ekanligiga to'xtalib o'tish lozim. Demokratiya va avtokratiyalar o'rtacha iqtisodiy jihatdan bir xil o'sishga erishdilar, ammo avtokratiyalar juda tez yoki juda sekin o'sdi. Demakki, avtokratiyada hayot lotereya o'yiniga o'xshaydi: agar hukmdor bilan omad «chopsa», juda tez o'sish mumkin, agar omad «chopmasa», unda vayronagarchilik va ochlik ko'p yillarga kafolatlanadi. Albatta, muvaffaqiyatli avtokratiya misollari juda ko'p, ammo muvaffaqiyatsiz avtokratik davlatlar misollari bundanda ko'proq. Statistik til bilan izohlaganda, avtokratiyalarning o'sish natijalaridagi dispersiya demokratik davlatlarning o'sish tarixiga qaraganda ko'proq. Gektor Almeyda va Danel Ferreyra o'zlarining ishlarida avtokratik davlatlarda iqtisodiy o'sish variatsiyasi demokratik davlatlarga qaraganda 4,5 baravar ko'p ekanligini ko'rsatishdi . Statistik tildan oddiy tilga o'giradigan bo'lsak, avtokratik davlatlarda iqtisodiy «muvaffaqiyatli» va «muvaffaqiyatsiz» mamlakatlarda o'sish sur'atlari o'rtasidagi farq demokratik mamlakatlarga qaraganda 4,5 baravar ko'pdir. 1970−1989 yillarda avtokratik va demokratik davlatlarning o'sish sur'atlari. Almeyd va Ferreyra ishlaridan olingan grafik. Ushbu qonuniyat taniqli rus siyosatshunosi Vladimir Gelmanning «har bir Li Kuan Yuga o'ntadan Mugabe to'g'ri keladi» degan so'zlarida yaxshi aks etgan. Adabiyotni sarhisob qilamiz: demokratiyalashuv sekin, ammo aniq o'sishga olib keladi, avtoritarizm esa lotereyada «omad kulib», hukumat kompetent avtokrat tomonidan boshqarilsa, tez o'sishga yoki «omad kulmasa» uzoq yillik qashshoqlik va erkinlikning yo'qligiga (bu, albatta, tez-tez sodir bo'ladi) olib keladi. Siyosiy tizimning iqtisodiy rivojlanishga ta'sir qilmasligi to'g'risidagi konsensus manbai Garvard iqtisodchisi Robert Barrouning ishidir ( 1 , 2 ), u regressiv tahlildan foydalangan holda «siyosiy huquqlarning ko'payishi iqtisodiy o'sishga olib keladi», degan xulosa uchun yetarli sabab yo'q deb hisoblaydi. Oldindan aytib qo'ymoqchiman, mening bu maqolam 2019 yilda nashr etilgan va Barrou xulosalarini rad etgan ilmiy ish haqida. MTIdan Daron Ajemoglu, Kolumbiya universitetidan Suresh Naydu, Boston universitetidan Paskal Restrepo va Chikago universiteti vakili Jeyms Robinsonlarning chinakam yulduzli guruhi demokratiyalashuv aslida iqtisodiy o'sishning sababi ekanligini ko'rsatuvchi maqolani chop etdi. Demokratiyalashuv darajasining oshishi mamlakat farovonligining oshishiga olib keladi. Maqolada mualliflar juda ilg'or metodologik yangiliklardan foydalanishgan, natijada maqola ko'p yillar davomida ko'pgina tadqiqotchilarni qiynab kelgan ushbu savolga javob berishga imkon berdi. Yangi tadqiqot natijalari haqida gapirishdan oldin, lirik chekinish qilamiz. Ilm-fan baxtsizligiga va insonlar baxtiga iqtisodchilar, masalan, fiziklardan farqli o'laroq, ko'plab qiziqarli masalalarda tajribalar o'tkazisholmaydi. Chunki iqtisodchilarning o'rganish ob'ekti insonning xulq-atvoridir. Ayniqsa tuzum turi va iqtisodiy o'sish kabi masalalarda tajriba o'tkazishning aslo imkoni yo'q. Shuning uchun demokratiyalashuv va o'sishning statistik korrelyatsiyasi bizga sababiy bog'liqlik to'g'risida hech narsa aytolmaydi. Ya'ni, Robret Barrou demokratiyalashuv va o'sish o'rtasidagi o'zaro bog'liqlikni topa olmaganligi, bu sababiy bog'liqliklar mavjud emasligini anglatmaydi va shu bilan birga, mavjudligini ham. Shuning uchun ham Ajemoglu va hammualliflarning ishlari metodologik nuqtai nazardan muhimdir. Ular bog'liqlikni emas, balki aynan sababiy bog'liqliklarni ko'rsatadi . Ularning natijalari mamlakatni demokratiyalashuv mamlakat avtokratik holatiga nisbatan aholi jon boshiga daromadni 20 foizga oshirishini ko'rsatmoqda. Oldinroq aytganimdek, iqtisodchilar odamlar ustida tajriba o'tkaza olmaydilar. Bunda tabiiy savol tug'iladi, Ajemoglu va hammualliflar tajriba o'tkazishmagan bo'lishsa, qanday qilib demokratiyalashuv o'sishning ta'siri emas, balki sababi deb ta'kidlashlari mumkin? Buni tibbiyot misolida tushuntirishga harakat qilaman. Tadqiqotchilar dori yoki emlash vositasining ta'sirini bilmoqchi bo'lganlarida, ular yetarlicha ko'p odamlarni tanlaydilar, so'ng ularni ikki guruhga ajratadilar: nazorat guruhi va eksperimental guruh. Eksperimental guruh haqiqiy dori yoki vaksinani, nazorat guruhi esa puch dorini oladi. Tajriba natijalariga ko'ra, tadqiqotchilar dori yoki vaksinaning ta'sirini nazorat va eksperimental guruhlar faoliyatini taqqoslash yo'li bilan o'lchaydilar. Agar ishtirokchilar guruhlarga ajratilmasa, unda boshqa vositalar emas, balki aynan dori yoki emlash sog'liqqa ta'sir qilgan deb aniq aytish mumkin emas. Masalan, koronavirusga qarshi emlashlar samaradorligi shu tarzda sinovdan o'tkazildi. Bitta guruhga haqiqiy dori, boshqasiga esa platsebo (to'g'ridan-to'g'ri ta'siri bo'lmagan dori vositasi) berildi. Ta'sirni tekshirish uchun ushbu ikki guruhni taqqoslash kerak. Xuddi shu tarzda, iqtisodiyotda intervensiyalar samaradorligini aniqlash uchun tajribalardan foydalaniladi. Ammo tuzumlarning turiga oid masalalarda tajriba o'tkazish mumkin emasligi sababli, iqtisodchilar «tabiiy tajribalar» deb ataluvchi hodisalarni kuzatishadi — ya'ni, bu tayyorlangan tajriba kabi ko'rinadigan intervensiyalar. Masalan, AQSHning bir shtatida eng kam ish haqiga doir qonunchilik o'zgartirilganda, iqtisodchilar «eksperimental» shtatdagi hududlarni (qonunchilik o'zgartirilgan joyda) va «nazorat» shtatidagi qo'shni hududlarni (shu kabi yangi qonun qabul qilinmagan qo'shni shtat hududlarini) taqqosladilar va mehnat qonunchiligining ishsizlik darajasiga sababchi ta'sirini aniqlay oldilar. Pensilvaniya va Nyu-Jersidagi tadqiqotchilar o'rgangan joylar xaritasi. Minimal ish haqi Nyu-Jersida 1992 yilda 4,25 dollardan 5,05 AQSH dollarigacha ko'tarilgan. Pensilvaniyada esa 4,25 dollar bo'lib qoldi, bu deyarli «tabiiy tajriba» o'tkazishga imkon berdi. Kvazieksperimental tahlilning yana bir misoli instrumental o'zgaruvchilar usuli ( rus tilida yaxshi video ) deb nomlanadi. Ushbu usul korrelyatsiya yordamida o'zgaruvchilarning bog'liqligini aniqlashning iloji bo'lmagan muammolarni, ya'ni nima nimaga ta'sir qilishi aniq bo'lmagan muammolarni (mashhur tovuq va tuxum muammosi) o'rganish uchun qo'llaniladi. Demokratiyalashuv iqtisodiy o'sishga olib keladimi yoki ushbu iqtisodiy rivojlanish demokratiyalashuvga olib keladimi degan savol ham yuqorida ko'rsatilgan janrdan kelib chiqadigan muammo. Ajemoglu va hammualliflarning ishidagi yangilik — bu o'zaro bog'liqlikni o'rnatish uchun instrumental o'zgaruvchi usulidan foydalanishdir. Aytaylik, tadqiqotchi fastfud iste'mol qilish va odamning sog'ligi holati o'rtasidagi sababiy munosabatni baholamoqchi. Sog'liqni saqlash va fastfud mahsulotlarini iste'mol qilish o'rtasidagi o'zaro bog'liqlik aynan fastfud sog'liqning yomonlashuvi sababi ekanligini ayta olmaydi. Chunki sog'liqqa ham, fastfud iste'moliga ham ta'sir qiladigan boshqa o'zgaruvchilar bo'lishi mumkin. Masalan, daromadi kam odam ko'proq fastfud iste'mol qilishi mumkin, bunday holda aynan fastfud uning sog'ligiga zarar yetkazadi deb aytolmaymiz. Ehtimol, kam daromad bu odamga yetarli tibbiy yordam ko'rsatilishiga yoki ekologik toza joyda yashashga to'sqinlik qilishi mumkin. Ya'ni, fastfud iste'mol qilish va sog'liq holati o'rtasidagi statistik bog'liqlikni ko'rib chiqqanimizda, xulosa chiqarishga haqqimiz yo'q. Bu muammoni hal qilish uchun biz faqat fastfud iste'mol qilishga ta'sir qiladigan va sog'liqqa ta'sir qilmaydigan o'zgaruvchini topishimiz kerak. Shunda iqtisodiy tadqiqotlarda «instrument» deb nomlangan yangi o'zgaruvchi fastfud iste'mol qilish va sog'liq holati o'rtasidagi sababiy bog'liqlikni topishga yordam beradi. Aytaylik, biz uydan eng yaqin fastfudgacha bo'lgan masofani hisoblaydigan o'zgaruvchini joriy qildik. U bizning tenglamamizda «instrument» bo'lib xizmat qilishi va savolimizga javob berishda yordam berishi mumkin. Masofa fastfud iste'mol qilish chastotasiga katta ta'sir ko'rsatishi, ammo inson salomatligiga bevosita ta'sir qilmasligi sababli, bu o'zgaruvchi juda yaxshi «instrument» bo'lishi mumkin. Shuni ta'kidlash lozimki, media maydonda ba'zi dorilar yoki mahsulotlarning sog'liqqa ta'siri bo'yicha olib borilgan ommabop tadqiqotlar natijalarining aksariyati ishonchli emas va ular ko'pincha sababiy bog'liqlikga emas, balki korrelyatsiyaga asoslanganligi uchun rad etiladi. Endi yana demokratiyalashuvga qaytamiz. Ajemoglu va hammualliflar modulining «instrumenti» qo'shni mamlakatlarni demokratiyalashuvidir: bu manba mamlakatda iqtisodiy o'sishga ta'sir qilmaydi, lekin demokratiyalashuvga ta'sir qiladi. Shuning uchun, bu o'zgaruvchi yetarlicha yaxshi «instrument». Uch xil usuldan, shu jumladan instrumental o'zgaruvchan usulidan foydalangan holda, mualliflar demokratiyalashuv odamlar daromadlarini uzoq muddatda 20 foizga ko'paytiradi degan xulosaga kelishdi. Mashhur sudya va advokat Richard Poznerning kambag'al mamlakatlarda diktatura jamiyatni tashkil qilishning demokratiyadan ko'ra samaraliroq usuli ekanligi haqidagi mashhur fikri ham o'z tasdig'ini topmadi. Ya'ni, hatto juda kambag'al mamlakatlar demokratiyalashuvni amalga oshirganda ham ularning daromadlari oshadi. Ajemoglu va hammualliflarning tadqiqotlari nashr etilgan vaqt juda qiziq. Dunyoni farovonlik va taraqqiyotning misli ko'rilmagan tarixiy o'sishiga olib kelgan demokratiya, globallashuv, so'z erkinligi va boshqa muhim g'oyalar so'nggi besh yilda unchalik mashhur emas. Ayniqsa rivojlangan va demokratik mamlakatlarda. Albatta, istisnosiz barcha rivojlangan mamlakatlar demokratik davlat va juda ochiq iqtisodiyotga ega, ammo baribir globallashuv, erkinlik va demokratiya g'oyalari tobora mashhurligini yo'qotmoqda. Nima uchun bu narsa sodir bo'layotganini izohlamoqchi emasman, buni tushuntirish uchun iqtisodiy adabiyotda ham aniq xulosa hali shakllanmagan. Ammo psixologiyada olimlar bu tendensiya uchun juda ishonchli tushuntirishlar berib, inson xotirasi juda uzoq emasligini ta'kidlamoqdalar. Erkinlik insoniyatni rivojlangan va boy qilganligi ko'pincha unutiladi va bu tabiiydir . Xulosa shuki, muhim g'oyalar keyingi avlodlar tomonidan doimiy ravishda qayta ko'rib chiqiladi. Shuning uchun Ajemoglu va hammualliflarning maqolasi juda muhim va dolzarbdir. Bu bizga insoniyat tomonidan umume'tirof etilgan demokratik qadriyatlarga yangicha qarashga yordam beradi. Demokratiyalashuv va erkinlik uchun kurashgan, ularni hayotlarining asosiy maqsadi deb bilgan o'tmishdagi odamlarning fikrlari endi zamonaviy munozalarga bu qadar kuchli ta'sir ko'rsatmayapti. Zamonaviy jamiyat ham demokratiyaning ahamiyatini qayta ko'rib chiqishi kerak. Ba'zi jamiyatlarda bu jarayon yanada og'riqli. Maqolada demokratiyalashuv jarayoni farovonlikni yaxshilashi va agar daromadlarni ko'paytirishni jamiyat uchun yetarlicha ezgu maqsad deb bilsak, demokratiyalashuv hech bo'lmaganda ushbu maqsadga erishishga yordam beradi. Kambag'al va rivojlanayotgan mamlakatlar uchun bu natijalar yanada muhimroq bo'lishi mumkin, chunki aksariyat kambag'al mamlakatlar demokratik davlatlar emas. Menimcha, O'zbekistondagi hozirgi islohotlar nuqtai nazaridan siyosiy islohotlar haqida gapirish har qachongidan ham muhimroq. Biz uzoq vaqtdan beri iqtisodiy o'zgarishlarni amalga oshirib, asta-sekin demokratiyalashuvga yaqinlashamiz deb o'ylaymiz. Ammo gap shundaki, ma'lum bo'lishicha, demokratiyalashuv yoki siyosiy o'yin qoidalarini isloh qilish ham mohiyatan iqtisodiy islohotdir. Iqtisodiy adabiyotlarda nafaqat demokratik davlatlar asta-sekin, uzoq muddatda o'sib borishi, balki demokratiyalashuv o'sishning natijasi emas, aynan sababi ekanligi ham ko'rsatiladi. Barchamiz iqtisodiy o'sishni xohlayotganimiz sababli, demokratiyalashuv bu maqsadga erishishda yordam beradi. Maqolani diqqat bilan o'qilsa, daromadlarning 20 foizga o'sishi muvaffaqiyatli demokratiyalashuvdan 25 yil o'tgach paydo bo'lishi ko'rsatib o'tilgan. Bu, agar O'zbekiston mustaqillikka erishgandan so'ng darhol demokratlashganida, biz hozirgi kunga qaraganda 20 foizga boyroq bo'lishimiz mumkinligini anglatadi… Vaqtinchalik shkala bo'yicha demokratiklashtirishdan oldin va keyin aholi jon boshiga YAIM o'sishining grafigi. Manba : Ajemoglu, Naydu, Restreppo, Robinson. Shuning uchun, agar biz demokratiyalashuv jarayonini hozirdan boshlasak, bizning daromadimiz 25 yildan so'ng ko'payadi. Albatta, 25 yil — bu uzoq muddat, ammo hozir boshlanmasa, bu muddat barbir qisqarmaydi. Muvaffaqiyatli demokratiyalashuv holatida bu yil tug'ilgan bolalar chorak asrdan keyin ancha obod va eng muhimi, erkin mamlakatda yashashlari mumkin. Menimcha, bu juda ezgu maqsad. So'z yakunida. Konstitutsiyamizda demokratiya ham asosiy tamoyil sifatida belgilangan. Shuning uchun men «demokratiyalashuv» nima ekanligini muhokama qilishni Konstitutsiyamizning tavsiflovchilariga topshiraman. Maqolam bilan men shuni aytmoqchimanki, agar ushbu tamoyilga amal qilinsa, unda iqtisodiy o'sishni ham tezlashtirish mumkin. Menimcha, win-win. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin. Behzod Hoshimov — iqtisodchi, Medisondagi (AQSH) Viskonsin universiteti biznes-maktabining doktoranti. 2016 yil may oyidan buyon Vaynart tadbirkorlik markazida tadqiqotchi bo'lib ishlaydi. Viskonsin universitetining iqtisodiyot magistri va Nanyang texnologik universitetining (Singapur) matematika bakalavri darajasiga ega. | columnist |
BMT Bosh Assambleyasi 23 sentyabrni Xalqaro imo-ishoralar tili kuni deb e'lon qilgan . Ushbu kun imo-ishoralar tilining hayotimizdagi o'rni borasidagi bilimlarimizni oshirish hamda kar va zaif eshituvchi insonlar huquqlarini to'liq hayotga tatbiq qilish maqsadida 2018 yildan boshlab har yili nishonlab kelinmoqda . Butunjahon karlar federatsiyasi ma'lumotlariga ko'ra , dunyoda qariyb 72 million kar odam bo'lib, ularning 80 foizdan ortig'i rivojlanayotgan mamlakatlarda yashaydi. 2019 yil holatiga ko'ra, 21212 nafar eshitish qobiliyati cheklangan shaxs O'zbekiston karlar jamiyatida ro'yxatga olingan. Davlat statistika qo'mitasi eshitish qobiliyati cheklangan odamlar soni to'g'risidagi ma'lumotlarni alohida e'lon qilmaydi , natijada karlar jamiyati ma'lumotlariga tayanishga to'g'ri keladi. Ehtimol , kar va zaif eshituvchi odamlarning ko'pchiligi hali ham ro'yxatga olinmagan yoki hatto nogironlik guruhiga ham kiritilmagandir. O'zbekiston va boshqa sobiq sovet ittifoqi davlatlari hududida rus imo-ishora tili (RIT) ishlatiladi. Dastlabki tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, Qirg'iziston, Tojikiston va O'zbekistonda qo'llaniladigan imo-ishora tili Rossiya Federatsiyasida qo'llaniladigan RITdan unchalik farq qilmaydi. Biroq mahalliy madaniy kontekstdan kelib chiqib, ba'zi farqlanishlar ham kuzatiladi. Imo-ishora tillari odatdagi nutq tillari singari, doimiy ravishda rivojlanib boradi va kar/zaif eshituvchi insonlarning kundalik hayot ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda yangi so'zlar, iboralar va so'z birikmalarini lug'atiga kiritadi. Shunday qilib, aytishimiz mumkinki, mustaqillikni qo'lga kiritgan kundan boshlab O'zbekistonda qo'llaniladigan imo-ishora tili ham ba'zi o'zgarishlarga uchradi va RIT shevasiga aylandi. Ushbu tilni o'zbek imo-ishora tili (O'IT) deb atash mumkinmi, degan savol ochiq qolmoqda. O'tgan yilning 1 iyulidan boshlab prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoniga binoan Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzurida Eshitish va nutqida nuqsoni bo'lgan shaxslarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash bo'yicha dispetcherlik xizmati ishga tushirildi . Ushbu xizmat 24/7 rejimida ishlaydi va kar/zaif eshituvchi insonlarning murojaatlarini video qo'ng'iroqlar, matnli xabarlar va maxsus dasturlar orqali qabul qiladi. Dispetcherlik xizmati ishi tahsinga loyiq, ammo ba'zi kamchiliklari ham bor. Ko'plab karlar qo'ng'iroq qilib, tushib bo'lmasligidan shikoyat qilmoqdalar — video qo'ng'iroqlar uchun ishlatiladigan JustTalk dasturi nosozliklar bilan ishlayapti. Shu paytgacha kar va zaif eshituvchi insonlarning shoshilinch aloqa xizmati operatorlari bilan bog'lanishlari mumkin bo'lgan milliy muvofiqlashtirilgan dastur ishlab chiqilmagan. Yana bir yutuq — Surdo-Online imo-ishora tarjimasi bo'yicha ishonch telefonining joriy etilishidir . Surdo-Online bilan shartnoma imzolagan dorixonalar, banklar , temir yo'l kassalari va boshqa davlat muassasalariga borganda, karlar o'rnatilgan planshetlar yordamida onlayn ravishda surdotarjimonlar xizmatidan foydalanishlari mumkin. O'zbekiston Milliy innovatsion sog'liqni saqlash palatasi ham ukrainalik hamkorlar bilan shunga o'xshash tajriba-sinov loyihasini amalga oshirishni boshladi. 2019 yil 25 yanvardan boshlab, O'zbekiston tarixida birinchi marta respublikaning markaziy masjidlarida juma namozlarining surdo tarjimasi yo'lga qo'yildi . Loyiha O'zbekiston musulmonlar idorasi, «Vaqf» xayriya jamoat fondi va Surdo-Online tomonidan amalga oshirilmoqda. Eshitish bo'yicha nogironligi bor musulmonlar endi juma namozlarini maxsus o'rnatilgan ekran orqali o'zlariga ajratilgan joylarda tinglashlari mumkin. A ndijon shahridagi markaziy masjidlardan birida Surdo - Online dan foydalanib o'qilgan juma namozi. Foto: «Vaqf» jamg'armasi Yana bir muammo — kar va zaif eshituvchi foydalanuvchilar uchun uyali aloqa xizmatlarining qimmatligida. Aloqa uchun karlar asosan mobil Internet trafigini «yutib yuboradigan» videoaloqadan foydalanadilar. Masalan, Rossiyada kar va zaif eshituvchi mijozlar uchun mo'ljallangan maxsus qulay Deafon tarifi mavjud. Deafonda karlar uchun maxsus xizmatlar, jumladan cheksiz Internet va avtomatik tarzda javob beruvchi xizmatlar mavjud. Qulaylik shundan iboratki, agar eshitish qobiliyati yaxshi bo'lgan kishi kar abonentga qo'ng'iroq qilsa, unga avtomatik ravishda abonent kar ekanligi aytiladi va xabar qoldirishni so'raydi. Balki uyali aloqa operatorlarimiz korporativ ijtimoiy mas'uliyat doirasida bu kabi tajribani e'tiborga olishar? Dunyoda 300 dan ortiq turli xil imo-ishora tillari mavjud va ularning aksariyati to'liq tabiiy tillar sifatida tan olingan. Shuningdek, xalqaro imo-ishora tili ( International sign language, ISL ) ham mavjud bo'lib, u turli mamlakatlardagi kar va eshitish qobiliyati zaif odamlar tomonidan karlar o'rtasidagi xalqaro tadbirlarda va muloqotda qo'llaniladi. Imo-ishora tillari dunyoning ko'plab mamlakatlarida huquqiy maqomga ega. Masalan, dunyoda birinchi marta 1995 yilda Uganda imo-ishora tili mamlakat konstitutsiyasida mustahkamlangan . Yangi Zelandiyada imo-ishora tili (YAZIT) ingliz va maori tilidan keyin uchinchi rasmiy tildir. MDH davlatlari orasida, masalan, Rossiyada RIT «eshitish va (yoki) nutqida nuqsonlar mavjud bo'lganda, shu jumladan davlat tilidan og'zaki foydalanish sohalarida мuло қот tili » deb tan olindi . 2012 yilda Rossiya Federatsiyasining «Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida"gi qonuniga tegishli o'zgarishlar kiritilgan. Amalda imo-ishora tilining huquqiy maqomi shuni anglatadiki , barcha muassasalar eshitish qobiliyatida nogironligi bor odamlar uchun surdo tarjima xizmatlarini ko'rsatishi shart. «O'zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida"gi qonunning 22-moddasida imo-ishora tilining cheklangan huquqiy maqomi « shaxslararo aloqa vositasi » sifatida tan olingan. Afsuski, mamlakatimizda imo-ishora tili ma'lumot olish va sifatli ta'lim olish uchun to'laqonli til sifatida emas, balki faqatgina kar va zaif eshituvchi insonlarning o'rtasidagi aloqa vositasi bo'lib qolmoqda. Imo-ishora tilining noaniq maqomi davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan dasturlarning yo'qligi va ularni ixtisoslashtirilgan maktablarda to'laqonli o'qitish tili sifatida ishlatilmasligining asosiy sababidir. Kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning ko'pgina o'qituvchilari imo-ishora tilini bilishmaydi. O'quvchilar tomonidan imo-ishora tilidan foydalanish ko'pincha cheklangan — asosiy e'tibor labdan o'qish va og'zaki nutqni (artikulyatsiya)ni rivojlantirishga qaratilgan. COVID-19 pandemiyasi sababli maktablarning karantin uchun yopilishi davrida Xalq ta'limi vazirligi tomonidan televideniyeda masofaviy o'qitish tashkil etildi hamda video darslar o'zbek va rus tillarida surdotarjima bilan o'tkazildi. Xalq ta'limi vazirligi rahbariyatining ta'lim jarayonida inklyuziyani qo'llashga bo'lgan intilishini mamnuniyat bilan qabul qilar ekanmiz, hamma o'qituvchilar ham darslarni imo-ishora tiliga yuqori sifatli tarjima qila olmaganiga e'tibor qaratmaslikning iloji yo'q. Surdo tarjima mualliflarining kuzatuvlariga ko'ra, boshlang'ich sinflarning video darslaridagi surdotarjimasini kar bolalar tushunishi qiyin bo'lgan. Ehtimol, hatto maktab-internatlarning ba'zi birinchi sinf o'quvchilari imo-ishora tilini bilishmasa ham kerak . Bundan tashqari, maktab-internatlarning ixtisoslashtirilgan o'quv dasturi umumiy ta'lim maktabining o'quv dasturidan sezilarli darajada farq qiladi — eshitish qobiliyati cheklangan o'quvchilar uzaytirilgan dastur asosida ta'lim olishadi va maktabni boshqa bolalarga nisbatan bir yil kechikib yakunlashadi . Boshqacha qilib aytganda, umumiy ta'lim maktablarining video darslari, hattoki surdotarjimasi bilan ham eshitish qobiliyati cheklangan bolalarning hozirgi ta'lim darajasi uchun murakkab edi. O'zbekistonda sezilarli darajada malakali surdotarjimonlar yetishmaydi . Ular barmoq bilan sanagulik. Norasmiy ma'lumotlarga ko'ra, faqat Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 5 mingga yaqin karlarga 10 nafar surdotarjimon to'g'ri keladi. Boshqacha qilib aytganda, har ming kar odamga atigi 2 ga yaqin surdotarjimon to'g'ri keladi . Surdotarjimonlarning oylik maoshi kam, ish esa juda ko'p. Ular nafaqat tarjima xizmatlarini ko'rsatadilar, balki TMEK organlaridagi nogironlik holatini belgilash, sudlarda, militsiyada, soliq inspeksiyasida karlarning huquqlarini himoya qiladilar. Surdotarjimon kasbi jozibali kasb emas: bu kasbni faqatgina karlar bilan qarindoshlik aloqasi bo'lgan kishilargina egallaydi, aksariyat hollarda ular kar ota-onalarning farzandlaridir. Malakali (professional) surdotarjimonlarning yetishmasligi nafaqat bizning mamlakatimizda, balki boshqa ko'plab MDH mamlakatlarida ham kuzatilmoqda. Masalan, Rossiyada har ming kar odamga atigi uchta surdotarjimon to'g'ri keladi , Finlyandiyada esa bu ko'rsatkich 100 baravar yuqori — har ming kar kishiga 300 ta surdotarjimoni to'g'ri keladi. Surdotarjimonlar yetishmovchiligi muammosini hal qilish maqsadida Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi barcha xohlovchilar uchun bepul imo-ishora kurslarini tashkil qila boshladi . 2017 yil dekabrida prezident farmoni bilan Vazirlar Mahkamasiga viloyat va tuman markazlarida umumta'lim maktablari bazasida imo-ishora tilini o'qitish bo'yicha maxsus kurslar tashkil etish bo'yicha chora-tadbirlar belgilash topshirilgan edi. Biroq, noaniq sabablarga ko'ra, bunday kurslar prezident farmonining mas'ul ijrochilari tomonidan shu ko'yi tashkil qilinmadi. O'zbekiston prezidentining 2017 yil 1 dekabrdagi PF-5270-sonli Farmoni ilovasidan skrinshot «2018 yilda bizni Xalq ta'limi vazirligi mutaxassisi mazkur masala bo'yicha chaqirdi. Unga ushbu masala bilan shug'ullanish topshirilgan ekan. Respublika Ta'lim markazining yana bir xodimi masala imo-ishora tili maqomi tufayli to'xtab qolganini aytdi — imo-ishora tili maqomi rasmiy kurslarni ochishga imkon bermaydi . Shuningdek, oliy pedagogik ma'lumotga ega bo'lgan imo-ishora tili bo'yicha o'qituvchilar yo'q», — deb tushuntiradi O'zbekiston karlar jamiyatining Toshkent viloyati boshqaruvi raisi Lyubov Inogamova . Rossiyada eshitish qobiliyati cheklangan har bir fuqaro yiliga federal byudjet hisobidan 40 soatgacha surdotarjimadan foydalanish huquqiga ega , ko'r-karlar esa 240 soatgacha tiflosurdotarjima (muloqotning daktil (barmoqli), barmoqlar bilan so'zlashish, kaftga-kaft uslubi orqali imo-ishora) xizmatlarini olishlari mumkin. Qo'shni Qozog'istonda davlat byudjeti mablag'lari hisobidan yiliga 30 soatgacha imo-ishora tili bo'yicha mutaxassis xizmati ko'rsatiladi . Ammo, O'zbekistonda imo-ishora xizmatlarining minimal soatlari qonuniy ravishda belgilanmagan va nogironlarga ko'rsatiladigan davlat xizmatlari ro'yxatiga kiritilmagan. «Rossiyada federal davlat byudjeti hisobidan ko'rsatiladigan davlat xizmatlarining ro'yxati tasdiqlangan. Ro'yxat eshitish moslamalari bilan ta'minlash bilan birga, surdotarjima xizmatlarini ham o'z ichiga oladi. Bizda — O'zbekistonda eshitish moslamalari ro'yxatga kiritilgan, surdotarjima xizmatlari kiritilmagan. Bunga nima xalaqit beryapti? O'zbekiston karlar jamiyatining markaziy boshqaruvi davlat byudjeti mablag'lari hisobidan imo-ishora tarjimasi xizmatlarini kiritish uchun muammo va takliflarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Mehnat, sog'liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo'mitasiga, shuningdek Senatning fan, ta'lim va sog'liqni saqlash qo'mitasiga taqdim etdi. Ammo bu masala hal etilmayapti », — deya umidsizlanadi Lyubov Inogamova. Tarjima xizmatlarining yetishmasligi milliy televideniyega surdotarjimonlarning jalb qilinishi bilan yanada kuchaymoqda. Natijada, shundoq ham cheklangan imo-ishora tarjimasi xizmatlaridan foydalanish eshitish qobiliyati cheklangan insonlar uchun yanada qiyinchilik tug'dirmoqda. O'zbekistonda jami 20 dan ortiq davlat va xususiy kanallar mavjud. Ulardan faqat O'zbekiston24, MY5 va UzReport TV telekanallarida ba'zi surdotarjimali dasturlarni ko'rish mumkin. Boshqacha qilib aytganda, televizion kanallarning atigi 15 foizigina surdotarjima xizmatlarini taqdim etadi . Afsuski, mualliflarning milliy telekanallarni o'zbek nutqini avtomatik ravishda aniqlash texnologiyasidan foydalangan holda harakatlanuvchi yozuvlar va subtitrlar bilan ta'minlash zarurligi haqidagi maqolasi e'tiborsiz qoldirildi. Subtitrlar imo-ishora tarjimasi xizmatlari cheklangan sharoitda kar va zaif eshituvchi tomoshabinlar uchun ma'lumot olish imkoniyatini sezilarli darajada oshirishi va savodxonlik darajasini yaxshilashi mumkin edi. 2017 yilga kelib, O'zbekiston karlar jamiyati blogining muallifi Ma'mur Ahliddinov O'zKJ Markaziy boshqaruvi raisi Javoxir Rixsiyevga YouTube va ijtimoiy tarmoqlarda imo-ishora tilida va subtitrlar bilan axborot kanalini yaratish loyihasini taqdim etgan edi. Loyihaning maqsadi muntazam ravishda sifatli ma'lumotlarni taqdim etish va eshitish qobiliyati cheklangan yoshlarning savodxonlik darajasini oshirish edi. Ammo eshita oladigan rais mazkur loyiha O'zbekiston qonunlariga zid degan bahonaga tayanib, uni qo'llab-quvvatlashdan bosh tortdi. Ammo ushbu loyiha aynan qaysi qonunlarni buzayotganiga aniqlik kiritmadi. O'zbekiston karlar jamiyati butun mamlakat bo'ylab kar va zaif eshituvchi fuqarolarni birlashtirishga qaratilgan asosiy jamoat tashkiloti hisoblanadi. Tashkilot mamlakatda imo-ishora tilini ishlab chiqishi va tartibga solishi, imo-ishora lug'atini ishlab chiqishi va imo-ishora tilini to'laqonli davlat tili sifatida rasmiy tan olinishiga ko'maklashishi kerak . Masalan, Butunrossiya karlar jamiyati RITni rivojlantirish va asosiy surdotarjima xizmatlarini ko'rsatish bilan shug'ullanadi. Afsuski, O'zKJ O'zbekistonda imo-ishora tilini rivojlantirmayapti, surdotarjimon xizmatlari esa hatto poytaxtda ham juda chegaralangan, chekka tumanlarni gapirmasak ham bo'ladi. Jamiyat rahbarlari imo-ishora tilini rivojlantirish va karlarni yetarli miqdordagi malakali surdotarjimonlar bilan ta'minlash uchun moliyaviy mablag'larning yetishmasligini bahona qilishmoqda. 2017 yildan boshlab O'zbekiston karlar jamiyati butun dunyo bo'ylab karlarning 135ga yaqin milliy assotsiatsiyalarini birlashtirgan Butunjahon karlar federatsiyasiga a'zoligini to'xtatdi. Sababi ma'lum — O'zbekiston karlar jamiyatining achinarli moliyaviy ahvoli , Butunjahon karlar jamiyatining oldida qarzdorligi va a'zolik badallarini to'lay olmasligidir. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh assambleyasi imo-ishora tili va sifatli imo-ishora ta'limiga erta kirish karlarning o'sishi va rivojlanishi uchun hayotiy muhim omil ekanligini tasdiqladi . Imo-ishora tarjimasi xizmatlari muloqot to'siqlarini bartaraf etish va ularni jamiyatga to'laqonli qo'shish uchun juda zarurdir. BMT imo-ishora tillarini karlar tilining o'ziga xosligi va madaniyati elementi sifatida tan oladi . Imo-ishora tillari tizimli ravishda og'zaki tillardan farq qilishi mumkin, ammo hech bir jihatdan ulardan qolishmaydi va to'laqonli tabiiy tillardir. Karlar hamjamiyatlari bilan ishlashda «bizga daxldor barcha masalalarni hal qilish — faqat bizning ishtirokimiz bilan» tamoyili doimo e'tiborga olinishi va qo'llanilishi kerak. O'zbekiston 2009 yil 27 fevralda imzolagan va hozirgacha ratifikatsiya qilmagan BMT nogironlar huquqlari to'g'risidagi konvensiyasi davlatlarni imo-ishora tillarini tan olish, qabul qilish va foydalanishni rag'batlantirishga chaqiradi . O'zbek imo-ishora tili maqomini ko'tarish va kar/zaif eshituvchi fuqarolarning axborot va kommunikatsiyalardan to'liq foydalanish huquqlarini amalga oshirish uchun maqola mualliflari quyidagi choralarni qo'llashni taklif qilmoqdalar: Ma'mur Ahliddinov — karlar huquqlari faoli va O'zbekiston karlar jamiyati blogi muallifi, O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi. Dilmurod Yusupov — Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya) Taraqqiyot tadqiqotlari institutining doktoranti. Mualliflarning fikrlari tahririyat nuqta nazari bilan mos kelmasligi mumkin. | columnist |
Davlat test markazi (DTM) YUNISEF va hamkorlarning U-Report raqamli platformasi orqali o'tkazilgan so'rov natijalarini e'lon qildi . 2020 yilda OTMlarga kirish imtihonlari shaffof o'tdimi, degan savolga 3813 kishidan 28%i ijobiy, 24% salbiy javob bergan, 38%i shaffoflikni «o'rtacha» deb baholagan. 3766 kishidan 14 foizi kirish imtihonlari paytida korrupsiya yoki boshqa noqonuniy holatlarga guvoh bo'lishganini bildirishdi. 3717 nafar respondentning 32%i imtihon paytida abituriyentlar tomonidan qoidabuzarlik holatlariga guvoh bo'lgan. 10059 nafar respondentning 24%i kirish imtihonlarini yanada adolatli o'tkazish uchun umumta'lim fanlardan sertifikatlarni joriy etishni taklif qildi. Nodavlat tashkilotlari yoki OTMlarning o'zlari tomonidan imtihonlarni o'tkazilishiga mos ravishda 8% va 7% ovoz berishdi. So'rovnoma «yoshlarning oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarini topshirish jarayoniga munosabatini o'rganish, mavjud muammolarni aniqlash va kirish imtihonlari tizimini takomillashtirish» maqsadida o'tkazildi, deb xabar beradi DTM. So'rov natijalari qiziq bo'lishi mumkin, ammo ular, nazarimda, muammolarning ildizini aniqlashga yordam bermaydi. Buning uchun kirish testlari bilan bog'liq jarayonlarni testologiya — test haqidagi fan talablariga muvofiqligi nuqtai nazaridan tahlil qilish kerak. «Gazeta.uz» tahririyati DTMga kirish imtihonlari va markaz faoliyati bilan bog'liq bir qator savollar bilan murojaat qilgan edi. 3 dekabr kuni savollarga javoblar olindi va bu javoblar DTM tomonidan o'tkazilgan testlarni ilmiy nuqtai nazardan tahlil qilishga yordam beradi. Ilmiy nuqtai nazardan, test — bu bilim, ko'nikma, malaka yoki kompetensiyalarni o'lchashdir. Agar test jarayoniga o'lchov jarayoni sifatida qaralsa, test topshiriqlari o'lchov vositasi bo'lib xizmat qiladi. Abuturiyentlar tomonidan ushbu topshiriqlarning bajarilishiga qarab, ma'lum bir xulosalarga kelinadi: abituriyent A abituriyent Bga nisbatan ko'proq (yoki kamroq) biladi, tanlangan yo'nalishda o'qishni davom ettirishga tayyor (tayyor emas), shuning uchun biz uni OTMga (kollejga va h.k.) qabul qilamiz (qabul qilmaymiz). Har qanday o'lchov vositasi sifatni nazorat qilish jarayonidan o'tishi kerak. Masalan, davlat elektr energiyasi, gaz va suv sarflanishini hisoblaydigan moslamalarini o'rnatishdan oldin va foydalanish jarayonida sertifikatlash va tekshirishga majbur qiladi. Xuddi shu tarzda, bilimlarni o'lchash vositalari — test topshiriqlari yordamida kimningdir bilimini sinab ko'rishdan oldin bu topshiriqlar sifatni tasdiqlash jarayonidan o'tishi kerak. Bu murakkab va sermashaqqat jarayon bo'lib, bir necha yil davom etishi mumkin. Ushbu jarayonning majburiy bosqichlaridan biri — bu test topshiriqlarini aprobatsiya qilishdir (tajriba-sinovdan o'tkazish), chunki uning natijalariga ko'ra statistik ma'lumotlar — test topshiriqlari qay darajada sifatli ishlab chiqilganligini ko'rsatuvchi raqamlar olinadi. Har qanday o'lchov moslamasida bo'lgani kabi, testlarda ham xatolik bo'ladi. Fanda bu xatolik o'lchashning standart xatosi deb ataladi. Aprobatsiya ushbu xatolik fanda qabul qilingan qiymatlar chegarasida ekanligiga ishonch hosil qilishga yordam beradi. Pandemiya sharoitida, ommaviy tadbirlar taqiqlangan paytda aprobatsiya jarayonlari qanday o'tkazildi, degan savolga quyidagicha javob oldik: «Test topshiriqlarining dastlabki aprobatsiyasi 2019 yil oktyabr oyida Toshkent shahrida, Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlarda o'tkazildi. Keyingi aprobatsiya 2020 yil aprel oyida o'tkazilishi rejalashtirilgan edi, lekin pandemiya munosabati bilan imkoni bo'lmadi. Shunday bo'lsa-da, E-Sinov tizimi orqali test topshiriqlari onlayn taqdim qilib borildi va ishlatilgan test topshiriqlari tahlil qilindi. Shuningdek, 2019 yilda nashr etilgan test to'plamlaridagi topshiriqlardan foydalanildi». Mazkur javobni tahlil qilishga harakat qilamiz. Dastlabki aprobatsiyadan so'ng, uning keyingi bosqichlari o'tkazilmagan. Test topshiriqlarining sifatiga esa bir martalik aprobatsiya bilan ishonch hosil qilish mumkin emas. Dastlabki aprobatsiyadandan so'ng topshiriqlarga zaruriy o'zgartirishlar kiritiladi va qayta aprobatsiyaga olib chiqiladi. Bu jarayon aprobatsiya natijasida olingan statistik ko'rsatkichlar fanda qabul qilingan me'yorlarga mos tushmaguncha qayta va qayta takrorlanadi. Bu degani — 2020 yilda qo'llanilgan test topshiriqlarining sifati talablarga javob berishiga kafolat yoki dalillar mavjud emas. Onlayn tizimga kiritilgan test topshiriqlari tahliliga kelsak, aprobatsiya shunday o'tishi kerakki, unda qatnashuvchilar testlarni haqiqiy imtihonlarga imkon qadar yaqin sharoitlarda yechishi lozim. Abituriyentlar topshiriqlarni onlayn tarzda bajarishida ushbu shartlar bajarilmaydi, demakki, topshiriqlarning sifatini tahlil qilishda «onlayn aprobatsiya» natijasida olingan ma'lumotlarga tayanish mumkin emas. Oldingi yillarda chop etilgan materiallardan testlarda foydalanish ham o'lchov vositasi bo'lmish testlarning sifatini oshirishga xizmat qilmaydi. Birinchidan, abituriyent mavzuni bilgani uchun emas, balki repetitor yoki boshqa birov tomonidan aytilgan to'g'ri javobni eslab qolganligi sababli testlarni to'g'ri yechishi mumkin. Mazkur holat mavzu bo'yicha bilim emas, balki xotira sinovdan o'tkazilishini anglatadi. Ikkinchidan, testlar tarkibidagi har qanday o'zgarishlardan so'ng, ularning sifatini qayta aprobatsiyadan o'tkazish kerak. Oxirgi ta'kidni yaqqol misol bilan tushuntirishga harakat qilamiz. Maxsus metall qotishmalaridan tayyorlangan va ishlatishdan oldin sinovdan o'tkazilgan tarozi toshlarini ko'z oldimizga keltiramiz. Agar toshlar qotishmasining tarkibi o'zgartirilsa, ularning xususiyatlari o'zgaradi, ya'ni qayta tekshirishdan o'tkazish zarurati paydo bo'ladi. Xuddi shunday, bir test varianti o'lchov uchun bir og'irlik toshi kabi, o'ziga xos test topshiriqlari yig'indisidan iborat bo'lib, har doim ushbu yig'indi o'zgarganda, masalan, testga boshqa topshiriqlar kiritilganda uning sifatiga ishonch hosil qilish uchun qayta sinov zarur. DTM eng yuqori ball to'plagan abituriyentlar soni o'tgan yillarga nisbatan ko'proq bo'lganini ta'kidlab, buni «test topshiriqlari soddalashtirilganligi», «test topshiriladigan fanlar soni kamaytirilganligi», «test topshiriqlarini yechish uchun vaqt miqdori oshirilganligi» va «tilni bilish sertifikatlariga maksimal ball berilganligi» bilan izohladi. Biroq, testologiya fanining o'z qonuniyatlari bor. « Ballarning normal taqsimoti » degan tushuncha mavjud va agar normal taqsimot kuzatilmasa (maksimal ballarning ko'payishi esa normal taqsimotning buzilishidir), demak, bu testlarning sifati bilan bog'liq muammolar borligini anglatadi. Va bu muammolarni boshqa turli xil omillar bilan «xaspo'slash» mumkin emas. Yuqorida aytib o'tilganlarni umumlashtirgan holda shuni ta'kidlash lozimki, testlarda ishlatiladigan har qanday test topshirig'i aprobatsiyadan o'tishi kerak va bu aprobatsiya bir marta bilan cheklanishi mumkin emas, chunki aprobatsiyalar natijasida topshiriqlar sifatini tahlil qilish uchun kerakli raqamlar olinadi. Test varianti tarkibidagi har qanday o'zgarish ham aprobatsiyani talab qiladi. DTM vakillari pandemiyadan oldin ham butun test topshiriqlari bazasi aprobatsiyadan o'tmasligini inkor qilmagan edilar . Abituriyent qo'liga tushadigan ko'rinishdagi test varianti esa hech qachon aprobatsiyadan o'tmaydi, chunki bu variant imtihondan oldin generatsiya qilinadi. Demak, OTMlar, kollejlar, texnikumlar , magistraturaning ayrim yo'nalishlari, keyingi yildan boshlab esa litseylar va ixtisoslashtirilgan maktablarga o'qishga kirayotgan millionlab abituriyentlarning kelajakdagi taqdirini hal qilishda foydalaniladigan testlar sifatiga qo'yiladigan ilmiy talablarga rioya qilinishi katta savol bo'lib qolmoqda. Testlar «qoricha» yodlash darajasini tekshirmasligi lozimligi borasida bir necha bor aytganman . Shuningdek, bir necha bor qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga qaramay, bu muammo yechilmay qolayotganini ham yozgan edim . Bu yilgi imtihonlardan so'ng ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, shuningdek, DTM saytida e'lon qilingan test topshiriqlari namunalarini tahlil qilsak, ularda «kim?», «nima?», «qayerda?», «qachon?» singari savollar ko'pligini ko'rish mumkin, demak, yaqin kelajakda qoricha yod olishdan forig' bo'lishimiz dargumon. «Gazeta.uz» tahririyatining xotira testidan ta'lim standartlariga belgilangan kompetensiyalarni sinashga qachon o'tilishi to'g'risidagi savoliga «DTM test topshiriqlari sifatini oshirishga hamisha e'tibor qaratib kelgan», «test topshiriqlari Davlat ta'lim standartlari, o'quv dasturlari va amaldagi darsliklar asosida shakllantiriladi», «kompetensiyaga asoslangan test topshiriqlarini ishlab chiqish bo'yicha ishchi guruh shakllantirilgan» deb javob berishdi. Bir narsani tushunish lozim. Kompetensiyani tekshiruvchi va «darsliklar asosida tuzilgan» testlar — bu bir-birini istisno qiluvchi tushunchalardir. Kompetensiya bu Davlat ta'lim standartida belgilangan ta'rifga asosan bilim, ko'nikma va malakalarni kundalik hayotda qo'llash qobiliyatidir. Bu degani, agar maqsad kompetensiyalarni sinash bo'lsa, unda test topshiruvchi darslik chegarasidan chiqib, darslik yordamida olgan bilimlarini turli vaziyatlarda qanday ishlata olishini ko'rsatishi kerak. Oddiy misol. Tasavvur qilaylik, matematikadan «kvadrat tenglamalar» mavzusi o'tilgan. Agar o'qituvchi o'quvchilarda kvadrat tenglamalarni yechish ko'nikmasi shakllanganligini tekshirmoqchi bo'lsa, u holda u nazorat ishida ularga darslikda bo'lmagan va sinfda yechilmagan yangi tenglamalarni yechishni beradi. Aks holda, o'quvchi shunchaki yodlagan yechimlarini takrorlashi mumkin. Agar o'qituvchi o'quvchida kompetensiyani tekshirmoqchi bo'lsa, o'quvchilarga shunday hayotiy muammo berishi kerakki, uni yechish uchun kvadrat tenglamalardan foydalanish zarur bo'lsin. Chet tillari o'qituvchilariga ustama belgilash maqsadida o'tkaziladigan test sinovlarida turli xalqaro imtihonlarga tayyorlanish uchun chop etilgan qo'llanmalar va saytlarda berilgan topshiriqlardan foydalanish ham xotira testi sifatida ko'rilishi mumkin. O'qituvchi chet tilini yetarli darajada bilgani uchun emas, balki javoblarni oldindan yod olgani uchun testdan kerakli ball to'plab o'tishi mumkin. Bundan tashqari, agar mazkur qo'llanma yoki sayt mualliflari DTM testlarida o'z materiallaridan foydalanishga yozma rozilik berishmagan bo'lsa, bunday harakatga davlat organining mualliflik huquqlari to'g'risidagi qonunlarni buzishi sifatida qaralishi mumkin. Agar xalqaro tajribaga nazar tashlasak, IELTS, TOEFL, SAT, A-Level va boshqa imtihonlar darsliklar asosida ishlab chiqilmaydi. Ular kompetensiyani sinashga qaratilgan, o'qituvchi va o'quvchi esa kompetensiyalarni rivojlantirish uchun har qanday darsliklardan foydalanishi mumkin. Bizda esa DTM tomonidan nashr etilgan darsliklar ro'yxatiga binoan, bu yil maktabni tugatayotgan o'n birinchi sinf o'quvchisi 2020 yil chop etilgan 5-sinf darsliklarini o'rganib chiqishi kerak, vaholanki u beshinchi sinf o'quvchisi bo'lganida bu darsliklar hali mavjud bo'lmagan edi. Xotirani tekshiruvchi testlarning nimasi yomon? Birinchidan, ma'lumki, baholash tizimi ta'lim tizimidagi ustuvor yo'nalishlarni ko'rsatadi hamda o'qituvchilar va o'quvchilarning harakatlarini yo'naltiradi. Agar baholash tizimida asosiy e'tibor yod olishga qaratilsa, o'quvchilar kelajakdagi o'qishlarida va hayotlarida zarur bo'lgan kompetensiyalarni rivojlantirishga intilmasdan, ko'r-ko'rona yodlashni maqsad qilishadi. Ikkinchidan, kirish testlari tanlangan mutaxassislik bo'yicha kimning o'qishga tayyorligini bilish uchun o'tkazilishi kerak. Testlar — bu eng ko'p «chalkash» savollarga javob bera oladigan g'olib aniqlanadigan televizion o'yin emas. Oliy yoki kasb-hunar ta'limi muassasalaridagi cheklangan o'rinlarga nomzodlarni noto'g'ri tanlab olish natijasida mablag' va vaqt behuda sarflanadi, mamlakatda esa kelajakda malakali kadrlar tanqisligi yuzaga kelishi mumkin. Uchinchidan, xotirani tekshirishga qaratilgan testlar baholashning muhim sifat talabi — ishonchlilik talabiga javob bermaydi. Ishonchlilik — bu bir xil auditoriyada testlarni qayta ishlatganda natijalarning bir-biriga yaqinligi. Odatda ahamiyatsiz hisoblangan ma'lumot inson xotirasida odatda qisqa vaqt saqlanadi. Demak, testlarni topshirish uchun ma'lumotlarni yod olgan, ammo kerakli kompetensiyalar shakllanmagan abituriyent imtihondan so'ng ushbu ma'lumotlarni unutib yuboradi. Quyidagi holatni tasavvur qilaylik. Og'ir atletika bo'yicha musobaqa tashkil etildi. G'oliblikka da'vogarlardan biri 100 pud, ikkinchisi 105 funt, uchinchisi 110 kilogramm tosh ko'tarib kuchini ko'rsatdi. Kimni g'olib deb e'lon qilamiz? 110 soni 100 va 105dan katta bo'lgani uchun 110 kg ko'targan sportchini g'olib deb e'lon qilsak adolatdan bo'ladimi? Aslo yo'q. Avvalo biz ushbu qiymatlarning barchasini yagona o'lchov tizimiga keltirishimiz kerak va shundan keyingina kim ko'proq ko'targanligini taqqoslash mumkin bo'ladi. DTM tomonidan o'tkaziladigan testlarda har bir abituriyentga kompyuter tomonidan generatsiya qilingan test varianti beriladi. Bu variant boshqa abituriyentning variantiga o'xshamaydi. Kompyuter ma'lum bir algoritmga asosan topshiriqlarni variantga kiritsa-da, barcha variantlarning qiyinlik darajasi bir xil bo'lishini ta'minlash imkonsiz. Bilimi kuchliroq abituriyentga qiyinroq variant tushib qolsa, u bilimi kuchsizroq, biroq osonroq variantni yechgan abituriyentga nisbatan kamroq ball to'plashi mumkin. Agar imtihon natijalarida hatto bir ballning o'ndan biri ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini hisobga olsak, biz yuqorida tasvirlagan vaziyat yuzaga keladi: aslida kamroq «yuk ko'targan» g'olib deb e'lon qilinadi. Bu esa adolatdan emas. Turli xil test variantlarini yechgan abituriyentlarga nisbatan DTM adolatni qanday ta'minlaydi, degan savolga shunday javob oldik: «Test variantlari maksimal darajada bir xil bo'lishiga harakat qilinadi. Masalan, parallel testlardan foydalanish, har bir variant oldindan tasdiqlangan test tafsilotlari bo'yicha shakllantirilishi ularning qiyinlik darajasi bir xil bo'lishini ta'minlashga yordam beradi». Qo'shilmaslikka ijozat bergaysiz. Test tafsilotlaridan (spetsifikatsiyalaridan) foydalanish test variantlarida test topshiriqlarining fan bo'limlari va mavzular kesimida bir xil taqsimlanishini ta'minlashga yordam beradi (Tafsilotlarning tashkilot saytida e'lon qilinmasligi shaffoflik tamoyilining buzilishidir, deb olin ham aytgan edik , ammo hozir gap bu haqida emas). Oddiy qilib aytganda, tafsilotlarga rioya qilinsa, har bir test variantida turli mavzulardan test topshiriqlari soni teng bo'ladi. Ammo turli xil variantlarining qiyinlik darajasi bir xil deyish uchun yuqorida aytib o'tilgan o'lchov xatosi teng ekanligiga ishonch hosil qilish kerak. Masalan, Kroker va Algina bu haqda o'zlarining testlar nazariyasi bo'yicha mashhur darsligida yozgan. Ammo test varianti tajriba-sinovdan o'tmagan bo'lsa va imtihonda uni faqat birgina abituriyent yechgan bo'lsa, o'lchov xatosi bir xil ekanligiga qanday amin bo'lish mumkin? Testning turli xil variantlarini yechgan abituriyentlarga nisbatan adolat masalasiga qaytsak, fanda testlar bilan shug'ullanadigan tashkilotlar tomonidan qo'llaniladigan «yagona shkalaga keltirish» usuli ixtiro qilingan. Biz funt va pudlarni taqqoslashdan oldin ularni kilogrammga aylantirish uchun maxsus formulalardan foydalanganimiz kabi, testologiyada ham abituriyentlarning turli xil variantlar bo'yicha olingan natijalarini bitta o'lchovga keltirish uchun maxsus formulalardan foydalaniladi. Oxirida to'g'ri javoblar soni emas, aynan shunday formulalar yordamida olingan natijalar e'lon qilinadi. Ammo yana takrorlayman, ushbu formulalardan foydalanish uchun har bir variantning o'lchov xatosini bilish kerak, test variantini birgina abituriyent yechganda esa bu imkonsizdir. Bu testning turli variantlarini yechgan abituriyentlarga nisbatan adolat ta'minlanmasligini anglatadi. Adolatsizlik bir muammoga nisbatan turlicha yondashuvda, ya'ni test topshiriqlarida abituriyentning aybisiz xatolarga yo'l qo'yilganda ham kuzatiladi. Gap shundaki, agar abituriyent test sinovlari paytida test topshiriqlariga nisbatan o'z e'tirozlarini bildirgan bo'lsa va DTM ekspertlar komissiyasi ushbu e'tirozlarni adolatli deb topgan bo'lsa, unda variantida bu topshiriqni yechgan barcha abituriyentlarga qo'shimcha ball beriladi. Ammo, agar abituriyent apellyatsiya yoki sud jarayonida test topshirig'idagi xatolikni isbotlasa, u holda faqat o'sha abituriyentning natijalari qayta ko'rib chiqiladi. Xuddi shu muammoli topshiriqga duch kelgan, ammo appelyatsiya berish yoki DTM bilan sudlashish imkoniyati yoki xohishi bo'lmagan abituriyentlarning natijalari qayta ko'rib chiqilmaydi. Ushbu masalani ko'targanimizda , bizga «DTM boshqa abituriyentlarning natijalarini ko'rish yoki o'zgartirish huquqiga ega emas» va «agar abituriyent o'z natijalaridan qoniqmasa, u belgilangan muddat ichida apellyatsiya shikoyati berishi kerak» degan javobni oldik. Biroq, muammoga bunday yondashish muammoni hal qilmaydi — sifatni nazorat qilishning barcha bosqichlaridan o'tmagan test topshiriqlaridan imtihonda foydalanilganligi sababli abituriyent aziyat chekadi. Kerakli nazorat mexanizmlarning ishlamasligi sababli texnik xatolarga yo'l qo'yilishi va oqibatda e'lon qilingan natijalarning o'zgarishi ham adolatsizlikning bir ko'rinishi sifatida baholanishi mumkin. Istalgan abituriyentning natijalari «texnik xato» bahonasi bilan o'zgarishi mumkin bo'lgan vaziyatlarning oldini olish uchun DTMda qanday mexanizmlar joriy etilayotganligi to'g'risidagi tahririyatning savoliga DTM «jarayonlarning har bir bosqichida ishlarni iloji boricha inson omilisiz amalga oshirish bo'yicha ishlar olib borilmoqda» deb javob berdi. Koronavirus pandemiyasi va kasallik tarqalishini to'xtatish uchun ko'plab mamlakatlarda joriy qilingan cheklovlar testlar bilan bog'liq jarayonlarga ham ta'sir qilmay qo'ymadi. Ochiq havodagi imtihonlarga e'tibor qaratib, New York Times nashri «ayrim abituriyentlar soyada, qulay sharoitda test topshirayotgan bo'lsa, boshqalari qog'oz yoki kiyim bilan quyoshning tik nurlaridan o'zlarini himoya qilishga majbur bo'lishdi» deb yozdi . Ba'zi abituriyentlar belgilangan vaqtda imtihonga yetib borish uchun sahar tongda turishlari kerak edi, boshqalari esa tushdan keyin, inson organizmi charchay boshlaydigan paytda test topshirishdi. Kimlargadir kepkalar berildi, kimlargadir esa yo'q. Qayerdadir abituriyentlar imtihonga mobil telefonlarini olib kirib, ishlatishga muvaffaq bo'lishdi, qayerdadir esa yo'q. Koronavirus yoki isitma sababli testlarda qatnasha olmagan abituriyentlar uchun qo'shimcha testlar tashkil etildi, test sinovlariga boshqa uzrli sabablarga ko'ra kela olmagan abituriyentlar uchun esa yo'q. «Test topshiruvchilarga test sinovlarida va uning natijalarini qayta ishlashda mutanosib munosabatda bo'lish kerak» deya ta'kidlangan test sinovlari standartlari nuqtai nazaridan yuqoridagi misollar tahlil qilinsa, unda standartlarning buzilganligi yaqqol ko'rinadi. Xususan, chet tillari o'qituvchilariga ustama belgilash testlarida kuzatilgan audio yozuv va isitish bilan bog'liq muammolarni ham bu standartlarning buzilishi sifatida keltirish mumkin. Markazning matbuot xizmati o'qituvchilarning e'tirozlariga javob berar ekan , o'qituvchilar tomonidan test sinovlari qoidalarining buzilishi borasida raqamlarni keltirdi: mana, telefonlar va «shpargalkalar» olib kirilgan, imtihon vaqtida o'zaro gaplashilgan, materiallarni bir-biriga uzatishgan. Biroq, imtihon topshiruvchilar tomonidan imtihon qoidalarining buzilishi tashkilotchilar tomonidan test standartlarini buzish uchun bahona bo'la olmaydi. DTM bu yilgi test jarayonlaridan qanday saboq olganligi haqidagi tahririyatning savoliga javob berar ekan, «asosiy e'tibor abituriyentlarning xavfsizligi (sog'ligi)ga qaratilganligini», «xorijiy davlatlar tajribasini o'rgangan holda, test sinovlarni ochiq maydonlarda o'tkazish eng yaxshi variant sifatida tanlanganligi»ni ta'kidladi. Shuningdek, «eng asosiy yutuq abituriyentlar va xodimlarda koronavirus infeksiyasi bilan bog'liq muammolar yuzaga kelmaganligi» va «markaz noodatiy sharoitda, ochiq maydonlarda test o'tkazish tajribasiga ega bo'lganligi» DTM tomonidan aytib o'tildi. Agar test sinovlari bilan shug'ullanadigan xalqaro tashkilotlarning tajribasiga nazar tashlansa, ular bir oz boshqacha yo'nalishda tajriba olishni afzal ko'rishdi — ko'pchilik odamlarning to'planishi zaruratisiz, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda test o'tkazish. Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti yoki Toshkentdagi Turin politexnika universiteti singari O'zbekistonda faoliyat yuritayotgan ba'zi xalqaro universitetlar ham onlayn tarzda imtihonlar tashkil etib, adolat va shaffoflikni ta'minlash maqsadida test topshiruvchilar va kuzatuvchilar tomonidan rioya qilinishi kerak bo'lgan qoidalarni ishlab chiqdilar. To'g'ri, balki onlayn imtihonlarda barcha ishtirokchilarning qoidalarga birdek rioya qilishini ta'minlash qiyinroq kechishi mumkin, ammo qachondir boshlash kerak. Masalan, pandemiya bizni ilgari umuman inkor qilib kelganimiz — masofaviy ta'limni joriy etishga majbur qildi-ku. Umuman olganda, xalqaro tajribaga nazar solinsa, turli tashkilotlar tomonidan o'tkazilgan test natijalari hukumat qarorlari tufayli tan olinmaydi. Masalan, Britaniya universitetlari tomonidan IELTS yoki A-level imtihon natijalarini tan olish to'g'risida Britaniya hukumati rahbari tomonidan imzolangan farmonni topishimiz ehtimoldan yiroq. Bunday imtihonlarning natijalari ularning sifati — validligi va ishonchliligining ilmiy dalillari tufayli tan olinadi. Agar imtihonlarimiz sifatning ilmiy talablariga javob berishini istasak, fikrimizcha, bilimlarni baholash bilan bog'liq xizmatlar sohasida monopoliyani tugatish kerak . Bu borada dastlabki qadamlar tashlangan — xalqaro nodavlat tashkilotlar tomonidan o'tkaziladigan chet tillari bo'yicha imtihonlarning natijalari davlat OTMlari tomonidan tan olinmoqda . Shunigdek, nodavlat tashkilotlariga ta'lim sifatini baholash sohasida xizmatlar ko'rsatishga ruxsat beruvchi qaror imzolangan. Endi keyingi qadamlarni tashlash lozim. Test sohasida ishlashni istagan barcha tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiy bo'lgan shartlar aniq ko'rsatilishi kerak. Shunday shartlardan biri baholash vositalarining sifati bo'yicha ilmiy tadqiqotlar o'tkazish va ushbu tadqiqot natijalarini e'lon qilish bo'lishi kerak. Va ushbu shartlar DTM singari davlat tashkilotlari uchun ham, nodavlat tashkilotlar uchun ham bir xil bo'lishi kerak. Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. | columnist |
Tibbiy psixolog, professor Abdullajon Begmatov mamlakatda psixologiya sohasiga oid muammolar haqida o'z fikrlari bilan bo'lishdi. Psixologiya universitetini ochish to'g'risidagi prezident qarorining loyihasi 3 yanvarga qadar jamoatchilik muhokamasida bo'ldi. Psixologiyaga oid muammolarni hal qilish mamlakat taraqqiyoti uchun naqadar muhimligini shundan ham bilsa bo'ladiki, ularni yechish nafaqat ta'lim rivojiga, balki iqtisodiyotdan tortib sportgacha, tibbiyotdan tortib tadbirkorlikkacha bo'lgan sohalar taraqqiyoti tezlashishiga sezilarli ta'sir o'tkazadi. Sobiq ittifoqda XX asrning 60-yillarigacha psixologiya faniga yetarlicha ahamiyat berilmas edi. Psixologiya fanining ba'zi eng yangi yo'nalishlariga esa mensimay qaralar edi. Masalan, psixologiya fanining AQSH v Yevropaning rivojlangan mamlakatlarida o'tgan asrning 30−40 yillarida shakllanib tez rivojlana boshlagan sohasi — «ijtimoiy psixologiya» yo'nalishi 60-yillargacha burjua fani sifatida inkor etib kelindi. 60-yillarda chop etilgan «Bolshaya sovetskaya ensiklopediya»da bu fanga quyidagicha ta'rif berilgan edi: «burjuacha soxta fan» (burjuaznaya ljenauka). Psixologiya faniga bunday yondashuv kadrlar tayyorlashda ham o'z aksini topmay qolmadi. 80-yillarning o'rtalarigacha O'zbekistonda faqat Toshkent Davlat Universitetida (hozirgi O'zbekiston Milliy Universiteti) psixologiya yo'nalishiga har yili 25 nafar talaba qabul qilinar edi. Bunday yondashuv oqibatida 1990 yil boshlarida sobiq ittifoqda hammasi bo'lib oliy ma'lumotli psixologlar soni 5000 kishidan kamroqni tashkil qilar edi. Qiyoslash uchun: o'sha yil boshlarida oliy ma'lumotli psixologlar soni AQSHda 300 000dan ortiqroqni tashkil qilgan edi. Har ming kishiga hisoblaganda AQSHda psixologlar soni sobiq ittifoqqa qaraganda 60 baravar ko'p bo'lgan. Bundan 50 yil avval amerikaliklarning ko'pchiligi o'zlarining oilaviy psixologiga ega bo'lgan. Bizning mamlakatimizdagi poliklinikalarning ko'pchiligida hozirgi kunda ham tibbiy psixolog mavjud emas. O'tgan asrning 70-yillaridan boshlab sobiq ittifoqda psixologiyaga e'tibor biroz kuchaydi. Lekin ko'p vaqt yutqizilgan edi. Mustaqillikka erishilgandan keyin O'zbekistonda psixologiya faniga ko'proq e'tibor berila boshlandi. Mamlakat oliy o'quv yurtlaridagi psixologiya fakulteti va yo'nalishlariga har yili 800ga yaqin talaba qabul qilinmoqda. Bu sobiq ittifoq davriga qaraganda 30 baravardan ortiqroqni tashkil qiladi. Lekin miqdoriy jihatga yetarli e'tibor berilgan bo'lsada, ta'lim sifatiga yetarli e'tibor berilmadi. Ittifoq parchalangandan keyin Rossiya Federatsiyasi, Belarus singari mamlakatlarda psixologiya fanining mundarijasi jiddiy o'zgartirildi va rivojlangan mamlakatlar darajasiga deyarli yetkazildi. O'zbekistonda psixologiya fakultetlari soni va ularga qabul qilinayotgan talabalar soni ortgan bo'lsa ham, fan mundarijasi sobiq ittifoq darajasida qolib ketdi. Psixologiya fanlari mundarijasini belgilashda bizningcha, bir qator kamchiliklarga yo'l qo'yilmoqda. Mamlakatimiz psixologiya fanida inson psixikasi ikki qatlamdan, ong va ongostidan iborat ekanligi hisobga olinmayapti. Dunyoda ko'zga ko'ringan olimlarning fikriga ko'ra, ong psixikaning 10 foizini, ongosti esa 90 foizini tashkil qiladi. Mamlakatimizdagi deyarli barcha psixolog olimlar psixikaning 10 foizini tashkil qiladigan ong bo'yicha dissertatsiyalar himoya qilganlar. Psixologiya fakultetlarining o'quv rejalariga ham faqat ong bilan bog'liq mavzular kiritilgan. Chunki sobiq ittifoqning psixologiya fakultetlarida ham faqat ong bilan bog'liq mavzular o'qitilar edi. Mamlakatimizda yigirmadan ortiq fan doktorlari, yuzdan ortiq fan nomzodlari bo'lishiga qaramay faqat 1−2 dissertatsiya ongosti bilan bog'liq mavzularda himoya qilingan. Ular ham nomzodlik dissertatsiyalari. Ongosti bilan bog'liq mavzular naqadar muhim ekaniga qaramay, ular deyarli ishlanmagani uchun juda ko'p muammolar vujudga kelmoqda. Psixologiya fanlarining bir qator muhim yo'nalishlarida juda kam ishlangan yoki umuman ishlanmagan. Jumladan, mamlakatimizda tibbiy psixologiya bo'yicha ilmiy ish qilgan mutaxassislar barmoq bilan sanarli. Toshkent tibbiyot akademiyasida mazkur yo'nalish bo'yicha magistratura ochilgan. Lekin yaqin vaqtlargacha tibbiyot muassasalarida tibbiy psixolog shtati ko'zda tutilmagani uchun magistraturani tugatganlar qayerga ishga kirishni bilmay sarson bo'lishdi. Tibbiyot oliygohlarining o'quv rejasiga shaxs psixologiyasi, yosh davrlari psixologiyasi, psixodiagnostika, psixokorreksiya degan vrachlar uchun zarur bo'lgan fanlar umuman kiritilmagan. Umumiy psixologiyani pedagogika fani bilan qo'shib o'qitish uchun faqat 56 soat vaqt ajratilgan. Bu esa umumiy psixologiya o'qish olti yil davom medinstitutlarda 28 soat o'qitilishini anglatadi. Ya'ni o'qish har kuni 6 soat davom etadi, deb hisoblasak, psixologiyaga olti yil davomida 5 kun ajratilishini bildiradi. To'g'ri, o'quv rejalarida tibbiy psixologiya va psixiatriya, singari fanlarni o'qitish ham ko'zda tutilgan. Lekin bu fanlar me'yoriy psixikani emas, psixikaning me'yordan og'ishlarini o'qitishni ko'zda tutadi. Tibbiyot institutlarida insondagi me'yordan og'ishlarni o'rgatadigan fanlarni o'qitishdan avval me'yoriy holatlarni o'rganishga bag'ishlangan fanlar chuqur o'qitiladi. Masalan patologik anatomiya fanidan avval normal anatomiya, patologik fiziologiya fanidan avval normal fiziologiyani o'qitish singari. Shunisi ham borki, me'yordagi holatlar va me'yordan og'ishlarni o'rgatuvchi fanlarga ajratiladigan soatlar hajmi deyarli bir xil. Ruhiyatni o'rganadigan fanlar masalasiga kelsak, 28 soat davomida inson ruhiyatidagi asosiy holat va jarayonlarni sanab o'tish va ularga qisqacha ta'rif berib o'tish mumkin xolos. Me'yoriy holatni yaxshi bilmagan talaba me'yordan og'ishni qanchalik chuqur anglashi mumkin. Ruhiyatdagi me'yordan og'ishni yaxshi o'rganish uchun avvalo uning me'yoriy holatini obdon o'rganish zarur. Rivojlangan mamlakatlarda, Rossiya Federeratsiyasi tibbiy OTMlarida psixologiyaning eng zamonaviy yo'nalishlari: psixokardiologiya, psixodermatologiya, psixoimmunologiya, psixoonkologiya, psixoendokrinologiya singari qator fanlar o'qitilmoqda. Bu mamlakatlarda kardiolog mutaxassisligini egallayotgan talaba psixokardiologiyani, endokrinologiya mutaxassisligini egallayotgan talaba psixoendokrinologiyani, bo'lg'usi onkolog psixoonkologiyani egallashi shart hisoblanadi. Qanchalik og'ir bo'lsa ham e'tirof etish zarurki, bu fanlardan talabalar uyoqda tursin, aksariyat olimlarimiz ham yetarli bilimga ega emas. Buni qayerdan bilasiz, degan savol paydo bo'lishi mumkin. Men mamlakatimizda keyingi ikki yilda chop etilgan jurnallarni o'rganib, tibbiyotning sanab o'tilgan yangi yo'nalishlari bo'yicha bironta maqola ham topa olmadim. Bu holat mazkur yo'nalishlarning mamlakatimizda qanday ahvolda ekanidan dalolat beradi. Tibbiy psixologiya va uning yo'nalishlarini ishlab chiqish va hayotga tadbiq qilish bemorlarning davolanishi va jamiyat salomatligini yaxshilashda juda muhim rol o'ynagan bo'lar edi. Universitetlarning o'quv rejalariga o'qituvchilar uchun zarur bo'lgan pedagogik psixologiya va yosh davrlari psixologiyasi, ijtimoiy psixologiya, psixodiagnostika, psixokorreksiya singari fanlar kiritilmagan. Ayni paytda psixologiyaning o'qituvchilar uchun mutlaqo zarur bo'lgan bu sohalari bo'yicha yetarli bilim olmagan bitiruvchilarning 90 foizdan ortiqrog'i maktablarga o'qituvchilik qilish uchun bormoqda. O'qituvchining asosiy vazifalari tushuntirish, uqtirish va shu usullar yordamida o'quvchilarga bilim berish va tarbiyalash. Ta'lim jarayoni qisman, tarbiya jarayoni esa, asosan, ongostiga ta'sir o'tkazish orqali amalga oshiriladi. Ongostiga ta'sir qilmay ham ta'lim va tarbiya tadbirlarini o'tkazish mumkin. Lekin bunda tadbirlarning samaradorligi juda past bo'ladi. Tarbiya jarayonida uqtirishning muhimligi shundaki, o'quvchilarda uning yordamida ijobiy sifatlarning zarurligiga ishonch hosil qilish orqali bu sifatlar ongostiga singdiriladi. Bunga faqat pand-nasihat qilish yo'li bilan erishib bo'lmaydi. Hozir ta'lim tizimimizda o'quvchilardagi ijodkorlik xususiyatini rivojlantirishga alohida talablar qo'yilmoqda. Mamlakatimizda ijod maktablari, prezident maktablarini tashkil etishdan ko'zlanayotgan asosiy maqsadlardan biri ham ijodkorlikni rivojlantirishdir. Shu talab va maqsadga mos ravishda psixologiya va pedagogika fanlarimizda ijodkorlikni rivojlantirish uslubiyati, texnologiyalarini rivojlantirishga alohida e'tibor berilishi kerak edi. Lekin hozircha psixolog va pedagoglarimizning faoliyatlarida bu masalani tezroq va atroflicha tadqiq etishga intilish sezilmayapti. Ijodkorlikni shakllantirish va rivojlantirish bo'yicha jahon psixologiya fanida mavjud xulosalarga ko'z yugurtirsak, avvalo, ijodkorlik yana o'sha ongostida shakllanishi va rivojlanishi ma'lum bo'ladi. Ijod maktablarimizda ishlayotgan o'qituvchi va murabbiylarda esa ongostining tuzilmasi va xususiyatlari haqidagi bilimlarni shakllantirish va rivojlantirishga e'tibor berilmayapti. Bizning fikrimizcha, bunday holat bu vazifani bajara oladigan psixologlarning kamligi bilan bog'liq bo'lsa kerak. Ijodkorlikning doimiy yo'ldoshi bo'lgan bir hodisa bor. Bu ilhom degan hodisadir. Agar o'quvchilarda ijodkorlikni shakllantirish jarayonida ularda ilhom uyg'otish muammosini hal qila olsak, oldimizga qo'yilgan maqsadning yarmiga yetgan bo'lar edik. Bu vazifani bajarish uchun ham ongostiga murojaat qilishimiz va u bilan ishlashimiz kerak bo'ladi. Psixologiyaning mamlakatimizda eng kam rivojlangan, endigina oyoqqa turib kelayotgan sohalaridan biri sport psixologiyasi hisoblanadi. Bu yo'nalish bo'yicha Jismoniy tarbiya va sport universitetida mutaxassislar tayyorlanmoqda. Bu universitetning mazkur yo'nalishini tamomlagan mutaxassislarning nazariy tayyorligini bilmadim-u, lekin men bilganlarim amaliy jihatdan o'z yo'nalishi bo'yicha ishlashga to'la tayyor emas. Ishonch bilan bunday deyishimga sabab shuki, 2018 yilda Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazida sport psixologiyasi bo'limi ochiladigan bo'ldi. Shu bo'limga mutaxassislarni olish uchun maxsus komissiya tuzildi va mendan shu bo'limga ishga kirmoqchi bo'lgan talabgorlar bilan suhbatlashib ular orasidan bo'limda ishlashga yaraydiganlarini tanlashda yordam berishimni so'rashdi. Men yigirmadan ortiq davogar bilan suhbatlashdim. Ularning yarmiga yaqini sport psixologiyasi yo'nalishini bitirganlar edi. Suhbatga kelganlarning deyarli barchasi sport musobaqalari va mashqlari davomida yuz beradigan psixologik holat bo'yicha berilgan eng oddiy savolarga ham javob berolmay sukut saqlashdi. Sportchi mahorati o'zi tanlagan sport turidagi zarur ko'nikmalarni qanchalik puxta egallashiga bog'liq. Ko'nikmalar esa barcha darslik va qo'llanmalarda takrorlanayotganidek, zarur amallarni ko'p marta takrorlash natijasida shakllanadi. Sportchi zarur ko'nikmani shakllantirish uchun uni yuzlab va minglab marta takrorlaydi. Bu ko'nikmalar ongda emas, ongostida shakllanadi. Shuning uchun murabbiy yoki jamoa psixologi ongostiga ta'sir o'tkazish usullaridan xabardor bo'lsa, zarur ko'nikmalarni shakllantirish jarayonini bir necha marta tezlashtirish mumkin. Yuqorida sanab o'tilgan kamchiliklarning mavjudligi va tez tugatilmayotgani sabablaridan biri, bizningcha, mamlakatimizda psixologiya bo'yicha yagona ilmiy-metodik markazning yo'qligida. Aytaylik, Rossiyada psixologiya bo'yicha o'nlab ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlari ishlab turgan paytda, mamlakatimizda psixologiya bo'yicha birorta ham ilmiy-tadqiqot instituti yoki shunday institutning o'rnini bosa oladigan markaz yo'q. Ana shunday ilmiy-tadqiqot instituti tuzilsa va unda tegishli bilim va malakaga ega bo'lgan olim va mutaxassislar jamlansa, bu sohadagi ishlarimiz ancha jonlangan bo'lar edi. Nafaqat sport, balki, ta'lim-tarbiya, tibbiyot va ijtimoiy hayotning boshqa sohalarida ham psixologiya fanida vujudga kelayotgan yangiliklarni o'rganish va imkon boricha amaliyotga tadbiq qilish Yangi O'zbekistonning tezroq shakllanishi va rivojlanishiga xizmat qiladi, deb ishonch bilan aytish mumkin. Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. Muallif: Abdullajon Begmatov — Tibbiy psixolog, prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o'rganish va istiqbolli kadrlar tayyorlash instituti «Boshqaruv psixologiyasi» kafedrasi professori. | columnist |
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Vazirlar Mahkamasining «Umumiy o'rta, o'rta maxsus ta'lim muassasalari va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining baholarini oliy ta'lim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olish tartibi to'g'risida"gi qarori loyihasi muhokama uchun qo'yildi. Bunday uzun nomli hujjatning qisqacha mazmuni quyidagicha: o'rta ta'lim muassasalari o'quvchilarining so'nggi 6 yilda barcha fanlardan olgan yillik baholarini kiritib borish uchun elektron platforma yaratiladi. Mana shu baholarning o'rta arifmetik qiymati bitiruvchining oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonida to'plagan balliga qo'shiladi. Loyihani ishlab chiqqan Davlat test markazi ushbu qarorni qabul qilish zaruratini «mamlakatimizda ta'lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini yanada takomillashtirish», «intellektual va ma'naviy salohiyati yuksak yangi avlod kadrlarini tayyorlash» va «ta'lim tashkilotlari bitiruvchilarining mukammal bilim olishlarini ta'minlash» bilan izohlaydi. Loyiha mualliflarining fikricha, bu qaror bilan «umumiy o'rta, o'rta maxsus ta'lim muassasalari va kasb-hunar maktablarida ta'lim sifatining sezilarli darajada oshishiga erishiladi» hamda «ta'lim muassasalari rahbarlari va pedagog kadrlari tomonidan ta'lim jarayonini samarali tashkil etish va o'quvchilarga sifatli ta'lim berish majburiyati yuklanadi». Biroq, deyarli hech nimani anglatmaydigan o'rta arifmetik qiymatni kirish imtihonida to'plangan ballarga qo'shish qay tarzda ta'lim sifatini oshirishga xizmat qilishi borasida tushuntirish keltirilmagan. Haqiqatdan ham bu qaror ta'lim tizimiga ijobiy ta'sir qiladimi, tahlil qilib ko'ramiz. O'rta ta'lim muassasalarining o'quv dasturiga o'ndan ortiq turli fanlar kiradi: kamida uchta til (ona tili, chet tili, ta'lim qaysi tilda olib borilishidan kelib chiqib rus yoki o'zbek tili), ijtimoiy-gumanitar fanlar (adabiyot, tarix, huquqshunoslik, tarbiya), aniq va tabiiy fanlar (matematika, tabiatshunoslik, fizika, kimyo, biologiya, geografiya) hamda amaliy fanlar. Ba'zi fanlar (masalan, tillar) butun ta'lim davri davomida o'tiladi, ba'zilari esa (chizmachilik va tadbirkorlik singari) faqat bir yo ikki yil davomida o'qitiladi. Bunday vaziyatda o'quvchining o'rtacha yillik bahosi — hech nimani anglatmaydigan, qandaydir xulosalar chiqarishda tayanib bo'lmaydigan oddiy bir raqam. Bir necha yillik o'rtacha baho esa — yanada mavhumroq bir tushuncha. Bunday vaziyatni tasavvur qilib ko'raylik. Bir o'quvchining ona tilidan yillik bahosi — 5, chet tilidan — 3, matematikadan — 3, jismoniy tarbiyadan — 4, tabiatshunoslikdan — 4. Bu baholarning o'rta arifmetigi 3,8 bo'ladi. Ushbu raqamga tayanib, bu o'quvchi haqida qanday xulosaga kelish mumkin? U tillarni zo'rg'a 4ga biladi deymizmi? Yoki matematikani yaxshi tushunadi deymizmi? Balkim, tabiiy fanlarda nisbatan kuchliroq dermiz? Bunday sharoitda har qanday xulosamiz — ko'r-ko'rona fol ochish, xolos. Fanlar va yillar soni qanchalik ko'paysa, o'rta arifmetik qiymat o'quvchining istalgan sohadagi bilimlarini shunchalik noaniq ko'rsatib beradi. Nega o'rta arifmetik hech narsani anglatmasligini yodda tutishimiz kerak? Kirish imtihonlarining validligi masalasini oldin ham ko'p ko'targanman. Validlik — test natijalari abituriyentning bilimi haqida to'g'ri xulosa bera olishi va shunga tayanib asosli qaror qabul qilish mumkinligi. Kirish imtihonlari «Abituriyentlarning qay biri o'zi tanlagan sohani egallash uchun kerakli bilim, malaka, kompetensiyalarga ega?» degan savolga javob topish maqsadida o'tkaziladi. Aynan shu imtihon natijalariga qarab kim oliy ta'lim muassasasiga qabul qilinishi aniqlanadi. Demak, imtihon natijalari abituriyent OTMda o'qishga qanchalik tayyor ekanini ko'rsata olishi kerak. Masalan, agar abituriyent dasturlash yo'nalishiga topshirgan bo'lsa , imtihon natijalariga qarab u aynan bo'lajak dasturchiga kerakli bilim va ko'nikmalarni qay darajada egallagani haqida xulosa chiqara olishimiz lozim. Kirish imtihonidagi fanlar sonining ko'paytirilishi OTMlardagi cheklangan o'rinlarga munosib nomzodlarni topishga yordam bermasligi haqida avval yozgandim . (Bu yildan boshlab abituriyentlar 5ta fandan imtihon topshirishadi.) Imtihon natijalariga hech nimani anglatmaydigan raqam — bir necha yillik baholarning o'rta arifmetik qiymatinii qo'shish esa kirish imtihonlarining shundoq ham jiddiy muammo bo'lib turgan validligini yanada shubha ostiga qo'yadi. Formativ va summativ baholash: bularni chalkashtirmaslik zarur Loyihani ishlab chiqish jarayonida mualliflar, ehtimol, nazardan qochirgan yana bir jihatga e'tibor qaratamiz. Pedagogika ilmida «formativ baho» va «summativ baho» tushunchalari mavjudligi, ular bir-biridan keskin farq qilishi haqida avval ham yozgan edim . Formativ baholashning maqsadi aslida baholash ham emas, balki o'quvchiga o'zining kuchli va zaif tomonlarini aniqlashda yordam berish, o'qish jarayonidagi kelgusi qadamlarini belgilab olishda ko'maklashishdan iborat. Masalan, o'qituvchi sinfda nazorat ishi o'tkazib, keyingi darsni xatolar ustida ishlashga bag'ishlashi mumkin. Bunda o'quvchilar qayerda xato qilganliklarini, qaysi mavzularni takrorlashlari kerakligini bilib olishadi. Uyga vazifa va darsdagi faol ishtiroki uchun qo'yiladigan baholar ham aslida formativ bahoga misol bo'la oladi. Summativ baholash esa, o'quvchining ta'lim dasturini qay darajada o'zlashtirgani haqida ob'ektiv xulosa berishi kerak. Bir o'quvchining bahosini boshqa o'quvchi bahosi bilan taqqoslash imkoni ham bo'lishi lozim. Ob'ektivlikni ta'minlash uchun qator talablarga rioya qilinishi kerak. Masalan, baholashda ishlatiladigan topshiriqlarni standartlashtirish, baholash jarayonini standartlashtirish, anonim baholash (tekshiruvchi kimning ishini baholayotganini bilmaydi), aniq baholash mezonlarini ishlab chiqish va tekshiruvchilarning hammasi bu mezonlar asosida ishlashini ta'minlash. Ana shundagina Toshkentning markazidagi «obro'li» maktabda 6-sinf o'quvchisining matematika fanidan olgan 3 bahosi Surxondaryoning tog'li qishlog'idagi 6-sinf o'quvchisining matematikadan olgan «uch"iga teng bo'ladi. Muhim qarorlarni qabul qilishda formativ bahodan foydalanish noto'g'ri — bunday qarorlar faqat summativ bahoga asoslanib qabul qilinishi kerak. Bundan tashqari, formativ baho summativ bahoga ta'sir etmasligi kerak, zero bu ikkisining maqsadlari boshqa-boshqa. Yil so'nggida topshiriladigan imtihonlarda yoki yakuniy davlat attestatsiyasida olingan baholar, aslida, summativ baho bo'lishi kerak. Chunki ular o'quvchi fanni qay darajada o'zlashtirganini ko'rsatishi va shunga qarab uni sinfdan-sinfga o'tkazish yo o'tkazmaslik haqida qaror qabul qilinishi lozim. Biroq amalda, o'zlariga muammo orttirmaslik uchun o'qituvchilar davlat ta'lim standartlarining minimum talablariga javob bermaydigan o'quvchilarga ham «uch» qo'yishadi. Buning ustiga, summativ baholashning yuqorida aytib o'tilgan boshqa talablariga ham odatda rioya qilinmaydi. Mavjud tizimda fanlar bo'yicha yillik baholar qanday chiqariladi ? O'qituvchilar chorak davomida qo'ygan baholardan o'rtacha chorak baho, choraklar yig'indisidan esa, o'rtacha yillik baho hisoblanadi. Agar o'quv yili yakunida fandan imtihon topshirilsa, o'rtacha yillik bahoni aniqlashda u ham inobatga olinadi. Bunda formativ va summativ baholash talablarining yaqqol buzilishini ko'rishimiz mumkin — formativ baholarning o'rta arifmetik qiymati summativ baho sifatida olinmoqda. Bu yerda Toshkentning markazidagi, yoki Samarqand viloyatining chekka qishloqlaridagi, yoki Qoraqalpog'iston ovullaridagi maktab bitiruvchilarining shahodatnomalaridagi 3 baholar teng kuchli ekanligini kafolatlovchi hech qanday mexanizm yo'q. Mamlakatning turli chekkalaridagi maktablar qo'ygan baholar u yoqda tursin, bir maktabning o'zida ham turli o'qituvchilar qo'ygan baholarni taqqoslab bo'lmaydi, sababi — nima uchun 3, 4 yoki 5 qo'yilishini har kim o'z qarichi bilan o'lchaydi. Endi shu ob'ektiv bo'lmagan, qiyoslash imkonsiz baholar o'n minglab o'quv dargohlarini bitirayotgan millionlab abituriyentlarning kelajagini hal qiluvchi imtihon natijalariga ta'sir ko'rsatishi taklif qilinmoqda. Bu esa baholashda adolat mezonlarining buzilishidir. Yuqoridagi fikrlarga qo'shimcha sifatida. Muayyan fanga ixtisoslashgan maktablar bor. Tabiiyki, ulardagi o'quvchilarning aynan shu fan bo'yicha bilim darajasiga qo'yiladigan talablar oddiy maktab talablaridan farq qilishi lozim. Bu ham baholarni taqqoslashni qiyinlashtiradi. Misol uchun, fizika fanini chuqur o'rgatadigan maktab yoki litseyda fizika fanidan olingan 4 baho oddiy maktabda, yoki adabiyotga ixtisoslashgan maktabda, yo bo'lmasa oshpazlarni tayyorlovchi kasb-hunar maktablarida fizikadan olingan 4 baho bilan teng emas. Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, kirish imtihonlariga hech qanday daxli bo'lmagan maktab baholarining imtihon natijalariga ta'sir qilishi adolatsizlikdir. Yuqorida aytib o'tilganidek, loyihaga ilova qilingan tushuntirish xatida bu taklif qanday qilib o'quv maskanlaridagi «ta'lim sifatini sezilarli oshirishga xizmat qilishi» ochiqlanmagan. Agar loyiha egalari bu bilan o'quvchilarni barcha fanlarni yaxshi o'zlashtirishga ruhlantirmoqchi bo'lishsa, keling, qarshi fikrimni bayon etay. Har bir insonning o'z qiziqadigan sohalari bo'ladi. Kimdir fizik bo'lishga qaror qiladi, kimningdir esa adabiyotda iste'dodi bo'lishi mumkin. Kimdir trigonometrik masalalarni pistadek chaqib tashlaru, she'riyatdagi vaznlarni bir-biridan ajrata olmas. Boshqasi o'tmishga sho'ng'ishni yoqtirsa, yana boshqasi kimyoviy tajribalar o'tkazishni afzal ko'rar. Bunday farqlar, ayniqsa, yuqori sinflarda yaqqol sezila boshlaydi. Bu normal holat. Har bir o'quvchiga «ko'ngliga yaqin» sohani aniqlashda yordam berar ekanmiz, kelajakda har xil sohadan malakali mutaxassislar yetishib chiqishi uchun zamin yaratamiz. O'quvchilardan bir paytning o'zida ham yaxshi fizik, ham yaxshi adabiyotshunos bo'lishni, ijtimoiy fanlarniyu tabiatshunoslikni birday zo'r bilishni talab qilsak, kelajakda «bo'lganicha bo'lar» qabilida o'qigan, hech bir sohani yaxshi bilmaydigan bitiruvchilarni yetishtirib chiqarishimiz mumkin. Tasavvur qiling, bir bola yettinchi sinfligidanoq kelajakda muhandis bo'lishga qaror qilib, matematika va fizika bilan jiddiy shug'ullana boshladi. Nega uning tarix va adabiyotdan olgan baholari Politexnika institutiga kirayotganda ballariga ta'sir qilishi kerak? Ha, dunyoqarashni kengaytirish uchun barcha fanlar muhim, lekin institut uchun «keng dunyoqarash» emas, abituriyentning muhandislik bilimlarini o'rgana olishga qay darajada tayyorligi muhimroq bo'lishi kerak emasmi? Agar o'z kelajagi haqida bir qarorga kelgan o'quvchi unga tarixdan uch ham yetarli ekani, lekin ertaga kirish imtihoniga attestatdagi shu uch ham ta'sir qilishini oldindan bilsa, ota-onasidan muammoni hal qilib berishni so'raydi. Shunda ota-ona o'qituvchi bilan gaplashib ko'rishi va uch «sehrli tarzda» to'rtga, hatto beshga aylanishi mumkin. Bayramlar arafasida sovg'alar berib turish mumkin. Yoki direktorga maktabni ta'mirlashda yordam taklif qilish mumkin, so'ngra direktor o'qituvchidan kerakli bahoni qo'yib berishni iltimos qiladi yoki majburlaydi. Hozirgi tizimimizda o'qituvchi qo'ygan baho o'quvchining haqiqiy bilim darajasiga qanchalik to'g'ri kelishini tekshiruvchi hech qanday mexanizm mavjud emas. Ya'ni, agar yuqoridagi qaror loyihasi kuchga kiradigan bo'lsa, maktab darajasidagi korrupsiyaning oshishiga olib keladi. Loyiha muhokamasi tagida qoldirilgan izohlarda ayrim foydalanuvchilar shu bo'yicha xavotirlarini bildirishgan. Kimdir e'tiroz bildirishi mumkin: elektron kundalik va baholar kiritib boriladigan elektron platformaning bo'lishi korrupsiyaning oldini olishga yordam beradi, deb. Elektron kundalik baholar tizimga tushgandan keyingi o'zgartirishlarning oldini olar, ehtimol. Ammo baholar kundalikka kiritilishidan oldin «gaplashib olish»ga hech narsa to'sqinlik qilmaydi. Ta'lim tizimidagi har bir xodimga bittadan Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi vakilini biriktirib qo'ya olmaymizku? Ehtimol, loyiha mualliflari bu bilan o'quvchilarni, ayniqsa, yuqori sinf o'quvchilarini «soyadagi ta'lim» hisoblanmish o'quv markazlari va repetitorlardan maktabga qaytarishmoqchi bo'lishgandir. Bu yaxshi qaror deb o'ylamayman. O'quvchilarni soyadagi ta'lim «quchog'i»ga boshqa sabablar undamoqda: davlat standarti talablari va kirish testlari o'rtasidagi jardek tafovut, sinflardagi o'quvchilar sonining ko'pligi va natijada o'qituvchidan sifatli fidbek (qayta aloqa) olish imkonsizligi, o'qituvchilarning o'zlarida bilimning balkim yetishmasligi ham . Sabablarni hal qilmasdan turib oqibatlar bilan kurashish nafaqat samara bermaydi, balki yangi muammolar tug'dirishi mumkin. O'quvchilar repetitorlarga qatnashda davom etaveradi, qo'shimchasiga kerakli bahoni «qo'yib berishlari» uchun maktab bilan «gaplashishlar» boshlanadi. Ta'lim tizimi ishtirokchilari hatti-harakatlariga ta'sir etuvchi qarorlarni qabul qilishdan oldin pedagogika ilmining asosiy tamoyillarini hisobga olish, yuzaga kelishi mumkin oqibatlarni obdon ko'rib chiqish lozim. Har qachon ham yaxshi niyat yaxshi oqibatga olib kelavermaydi. Ayniqsa, noxush oqibatlarning oldini olish uchun zarur mexanizmlar bo'lmasa. Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. Maqola tarjimasi Khan Academy Uzbek tomonidan taqdim etildi. | columnist |
So'nggi paytlarda nogironligi bo'lgan shaxslarga ko'proq e'tibor qaratilmoqda, bu 28 iyulda O'zbekistonda Nogironlarning huquqlari to'g'risidagi konvensiya kuchga kirganligi bilan ham tasdiqlanmoqda. Bundan buyon Konvensiya davlatimizga nogironlarga barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklarini boshqalar bilan teng asosda amalga oshirish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berish majburiyatini yuklaydi . Shunday huquqlardan biri «Ta'lim to'g'risida"gi qonunning 44-moddasida mustahkamlangan pedagogik faoliyat bilan shug'ullanish huquqidir. Shuningdek, ushbu qonunning 45-moddasida pedagog xodimlar tarkibining maqomi belgilanadi va ularni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, ularning kasbiy faoliyatini amalga oshirish uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilishini kafolatlaydi. I va II guruh nogironligi bo'lgan shaxslar uchun oliy o'quv yurtlariga qabul uchun qo'shimcha 2% kvota joriy etilgandan so'ng, 2018−2019 o'quv yilidan boshlab, pedagogika bo'yicha diplomga ega bo'lgan mutaxassislar soni sezilarli o'sishi kutilmoqda. Biroq, shu bilan birga, turli darajadagi ta'lim muassasalaridagi munosabat va muhit bilan bog'liq to'siqlar tufayli ularni pedagogika sohasida munosib ish bilan ta'minlash bo'yicha keskin muammo yuzaga kelmoqda. Ko'zi ojiz abituriyentlarni imtiyozli asoslar bilan oliy o'quv yurtlariga qabul qilish 2% kvota joriy qilinishidan ancha oldin amalga oshirilayotgan edi va hozirgacha hukumatning alohida qarori bilan tartibga solinadi. Natijada, miqdoriy nuqtai nazardan, ko'zi ojizlar orasida oliy ma'lumotli odamlar soni boshqa nogironligi bo'lgan shaxslarga qaraganda ancha ko'p. Afsuski, oliy o'quv yurtlarini tugatgandan so'ng, ko'zi ojiz bitiruvchilar o'z mutaxassisligi bo'yicha ish topishda to'siqlarga duch kelishadi. Pedagogik faoliyat ko'rish qobiliyati cheklangan kishilar uchun ustuvor mutaxassisliklardan biridir. Biroq, milliy ta'lim tizimining turli darajalarida ularning pedagogik faoliyat huquqini amalga oshirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilganmi? Keling, ko'zi ojiz pedagoglar uchun mavjud tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni o'rganib, bu masalani tahlil qilamiz. Shartli ravishda biz ko'zi ojiz pedagoglarni uch turga bo'lishimiz mumkin: ko'rish qobiliyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda ishlaydiganlar; umumiy ta'lim maktablarida ishlaydiganlar; oliy va o'rta maxsus o'quv muassasalarida ishlaydiganlar. Bu mutaxassislar guruhlarini alohida ko'rib chiqamiz. Ko'zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda bolalar va o'qituvchilar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish majburiy tartibda amalga oshiriladigan ishlar sirasiga kiradi. Ko'zi ojiz o'qituvchilar faoliyatini samarali olib borishi uchun maktab-internat kotib tayinlaydi. Umuman olganda, bu maktablardagi muhit ko'zi ojiz pedagoglar uchun eng ijobiy muhitdir, chunki ular bu yerda ko'rish qobiliyati cheklangan kishilarning mehnat qobiliyati haqidagi salbiy stereotiplarga va xurofotlarga to'la jamiyatdan himoyalangan o'z muhitlarida ishlashadi. Ta'kidlash joizki, ko'plab pedagogik oliy o'quv yurtlarini tamomlagan ko'zi ojiz talabalar aynan bir vaqtlar o'zlari tahsil olgan maxsus maktablarida ish topishga intilishadi, chunki u yerda ular uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Bundan tashqari, maxsus maktab-internat o'qituvchilari oddiy umumta'lim maktablari o'qituvchilariga nisbatan ancha ahamiyatli ijtimoiy himoya bilan ta'minlangan. Lekin maxsus maktablar hammani ham sig'diraolmaydi! Butun respublika bo'ylab ko'zi ojiz va zaif ko'ruvchi bolalar uchun faqat 14 ta maktab-internat faoliyat ko'rsatmoqda , ularda 2830 dan ortiq bola o'qiydi va 823 o'qituvchi va 606 tarbiyachi ishlaydi. Ko'zi ojizlar jamiyati ma'lumotlariga ko'ra, O'zbekistonda 66 mingdan ortiq ko'rish qobiliyati cheklangan shaxslar ro'yxatga olinganini inobatga oladigan bo'lsak, oliy ta'lim muassasalarining barcha ko'zi ojiz bitiruvchilarini ixtisoslashtirilgan maktablarda ishga joylashtirishning imkoni yo'q. Hozirgi vaqtda nogironligi bo'lgan bolalarning 26,8 foizi ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarga qamrab olingan. O'tgan yili qabul qilingan inklyuziv ta'limni rivojlantirish konsepsiyasida 2025 yilgacha maktab-internatdagi bolalar sonini bosqichma-bosqich 16%ga qisqartirish va umumiy o'rta ta'lim muassasalarida o'qiyotgan nogironligi bo'lgan bolalarning ulushini hozirgi 16,5% dan 40% gacha oshirish ko'zda tutilgan. Agar ko'zi ojiz bola oddiy maktabga o'qishga kirsa, u uchun barcha oqilona qulayliklar oldindan tayyorlanishi kerak — qulay formatlardagi (Brayl alifbosida, katta shriftda yoki audio formatida) o'quv materiallari. Maktabda ko'rish qobiliyati cheklangan o'quvchiga individual yordam ko'rsatadigan malakali o'qituvchilarning mavjudligi ham muhim ahamiyatga ega. Ko'zi ojiz o'qituvchilar O'zbekistonda inklyuziv ta'limni rivojlantirish uchun muhim inson resursiga aylanishi mumkin, chunki ular nafaqat ixtisoslashtirilgan pedagogik mahoratga ega (Brayl alifbosida yoki boshqa formatlarda bajarilgan uy vazifalari va nazorat ishlarini tekshirish), balki ko'zi ojiz va zaif ko'ruvchi o'quvchilar bilan bo'lishadigan hayotiy tajribaga ega. Bundan tashqari, agar ko'zi ojiz o'qituvchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilsa, u holda ular nogironligi bo'lmagan bolalarga ham ta'lim berishlari mumkin. Agar maxsus maktab-internatlar barcha ko'zi ojiz universitet bitiruvchilarini yollay olmasa, ularning oddiy maktablardan ish qidirishdan boshqa ilojlari yo'q. Ammo umumiy ta'lim maktablarining aksariyati ilgari bunday tajribaga ega bo'lmaganligi bois nogironligi bo'lgan o'qituvchilarni ishga joylashtirish uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olishdan qo'rqishadi. Ba'zilar hatto ko'zi ojiz kishilar ta'lim muassasalarida umuman ishlamasligi kerakligini ochiq aytishadi. Xalq ta'limi vazirining 2019 yil 28 dekabrdagi 406-sonli buyrug'ining 19-bandiga muvofiq, hozirgi vaqtda Xalq ta'limi vazirligi ko'zi ojiz o'qituvchilar uchun «tarjimon-kotiba» larni ajratadi: «Ko'zi ojiz o'qituvchilar dars beradigan maktablarda har ikkita ojiz o'qituvchiga 1,0 birlik tarjimon-kotiba ajratiladi. Agar maktabda bitta ko'zi ojiz o'qituvchi ishlasa, u uchun 1,0 birlik tarjimon-kotiba belgilanadi». Shunga qaramay, Xalq ta'limi vazirligining mazkur buyrug'i bilan ozchilik tanish va uning ba'zi kamchiliklari bor. Birinchidan, hujjatda ko'rish qobiliyati bo'yicha qaysi guruh nogironlarigiga ega o'qituvchilarga bu xizmat ko'rsatilishini aniq belgilanmagan. Masalan, O'zbekiston Fanlar akademiyasi adabiyotshunoslik aspiranturasini tamomlagan, «o'zbek filologiyasi» yo'nalishi bo'yicha diplomga ega mutaxassis Madina Bolliyevaga bir yarim yildan buyon tarjimon-kotiba ajrata olishmayapti. «Men Toshkent shahrining Mirzo Ulug'bek tumanidagi 187-sonli umumiy o'rtata'lim maktabida ishlayman va rus tilida gapiradiganlar uchun o'zbek tilidan dars beraman. Tarjimon-kotiba berish haqidagi yozma arizamga maktab direktori rozi bo'ldi va bizning talabimiz tuman XTB moliya bo'limiga yuborildi. Ular menga tarjimon-kotiba shtatini ajratishdi, lekin keyin ular men ko'zi ojiz emasligim, balki ko'rish qobiliyatim zaif bo'lgani sababli Vazirlik qarori mezonlariga mos kelmasligimni aytishdi», — tushuntiradi ko'rish bo'yicha II guruh nogironligi bo'lgan pedagog Madina Bolliyeva. Ikkinchidan, tarjimon-kotibalarni tanlash tartibi va mezonlari ko'rsatilmagan. Ba'zi maktablarda tarjimon-kotibaning oliy ma'lumotli bo'lishi talab qilingan holatlar bo'lgan. Lekin qaysi oliy ma'lumotli odam arzimagan maosh bilan tarjimon-kotiba bo'lib ishlashga rozi bo'ladi? O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti magistraturasini tugatayotgan ingliz tili o'qituvchisi, I guruh nogironligi bo'lgan Dildora Muslimova shunday vaziyatga tushdi. «Men umumiy ta'lim maktabida ish topmoqchi bo'lganimda, menga tarjimon-kotibam ingliz tilini biladigan oliy ma'lumotli bo'lishi lozimligi sharti qo'yildi. Lekin qanday oliy ma'lumotli odam tarjimon-kotibaning arzimas maoshi bilan ishlashga rozi bo'ladi? Menimcha, bunday sharoitda hech kim bunday ishga rozi bo'lmaydi. Shu bahona bilan maktab meni ishga qabul qilishdan bosh tortdi», — deydi Dildora Muslimova o'z tajribasi haqida. Ko'pgina ojiz pedagoglar o'z ehtiyojlariga qarab tarjimon-kotibalarini mustaqil tanlash imkoniyatiga ega emaslar. Bundan tashqari, «tarjimon-kotiba» so'zining shakllanishi ham noqulaylik tug'diradi. Bu ushbu lavozimga faqat ayollar talabgor bo'lishi mumkinligini ko'rsatadi. Shuningdek, tarjimon-kotiba aynan qanday tarjima hizmatlarini ko'rsatishi noma'lum, chunki ko'zi ojiz shaxslar yozish va o'qish uchun Brayl alifbosidan foydalanishadi va boshqa tilda gaplashishmaydi. Bundan tashqari, «tarjimon-kotiba» shtat lavozimining nomi o'qish va yozish uchun ko'rsatiladigan cheklangan xizmatlar turini anglatadi va ko'zi ojiz pedagoglarga individual hamrohlik qilish esa uning vazifalariga kirmaydi. Biroq, ta'lim muassasalarining binolarda ko'pincha qulay muhit va oqilona qo'layliklar yo'qligi sababli, tarjimon-kotiba bu vazifalarni bajarishi kerak, aks holda o'qituvchining mehnat qilishi uchun zarur imkoniyatlar yaratilmaydi. Xalq ta'limi vazirligi ko'zi ojiz o'qituvchilar uchun tarjimon-kotiblarni ajratish tartibi to'g'risidagi tushuntirish berish so'rovimizga javoban, tarjimon-kotiblar ko'zi ojiz o'qituvchilarga tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (TMEK) tomonidan berilgan ishlarni bajarish mazmuni, hajmi, sifati va shartlariga qo'yiladigan talablarga muvofiq mehnat faoliyatini amalga oshirish layoqati bo'yicha tavsiyasiga (ma'lumotnoma) asosan tuman (shahar) moliya bo'limlari tomonidan ajratilishini ma'lum qildi. Boshqacha qilib aytganda, XTVning normativ-xuquqiy hujjatlarda kanday guruh nogironligi bo'lgan shaxslar uchun tarjimon-kotibalar ajratilishi aniq belgilanmagan bo'lib, TMEK tomonidan berilgan tibbiy xulosa tarjimon-kotiba xizmatlari bilan ta'minlashga asos bo'lar ekan. Shuningdek, Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga (XALIKK-2020) «Ko'zi ojiz mutaxassis kotibi» xizmatchi lavozimi 5505 tartib raqami ostida kiritilganligi haqida XTVdan qo'shimcha ma'lumot oldik. Unda «Ko'zi ojiz mutaxassis kotibi» xizmatchi lavozimiga texnik xodim talabi ko'rsatilgan ekan. Klassifikatorga ko'ra, bunday xodimlar «4» kodiga muvofiq tegishli ma'lumotga ega bo'lishlari kerak: «boshlang'ich kasbiy ma'lumot va kasbiy tajriba yoki o'rta-maxsus ta'lim yoki ta'lim muassasalari yoki kasb-hunar ta'limi dasturlari bo'yicha uzoq muddatli kasbiy tayyorgarlik kurslari yoki validatsiyadan o'tgan kamida 1 yil davom etadigan kasb-hunar ta'limi dasturlari». Shu nuqtai nazardan, ba'zi maktablarning ko'zi ojiz o'qituvchining tarjimon-kotibasi o'zi oliy kasbiy ma'lumotga ega bo'lishi kerakligi haqidagi talablari asossizdir. XALIKK-2020 klassifikatoriga ko'ra, tarjimon-kotibalar lavozimida, shuningdek, o'rta maxsus ma'lumotli yoki kasbiy tayyorgarlik kurslarini tamomlagan shaxslar ishlashlari mumkin. Yaqinda qabul qilingan Xalq ta'limi vazirining 1 iyuldagi 206-sonli buyrug'ining 17-bandiga binoan tarjimon-kotibaning vazifalari ham tasdiqlangan. Biroq, o'qituvchilarning maktab ichkarisida va tashqarisida harakatlanishiga individual yordam ko'rsatish vazifalari kiritilmagan. Bunday vazifalar nogironligi bo'lgan shaxslarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash tizimi rivojlangan mamlakatlarda odatda shaxsiy yordamchilar bajaradigan vazifalar turiga kiradi. Afsuski, xalq ta'limi tizimida amalda bo'lgan hattoki bunday normativ-huquqiy hujjat Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi tizimida yo'q: tarjimon-kotibalar OTM, kollej va litseylarda faoliyat yuritayotgan yoki yuritishni istagan ko'zi ojiz pedagoglar uchun ajratilmaydi. Oliy va o'rta maxsus ta'lim muassasalari professor-o'qituvchilarini shaxsiy yordamchilar bilan ta'minlash tartibini muvofiqlashtiruvchi qonuniy asos yo'q. OTMlar, kollejlar va litseylarning ko'zi ojiz pedagoglarini qo'lda sanash mumkin, chunki ularga pedagogik faoliyatni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmagan. Ish bilan ta'minlangan kam sonli pedagoglar esa shaxsiy yordamchilari xarajatlarini o'z maoshidan to'lashga majbur bo'lmoqdalar. Nogironlarning huquqlari to'g'risidagi konvensiyaga asosan oqilona qulayliklarni taqdim etishda rad etish nogironlik belgisi bo'yicha kamsitish deb hisoblanadi. Shunday qilib, ko'rish qobiliyati cheklangan o'qituvchilarning Oliy ta'lim vazirligi tizimida pedagogik faoliyat bilan shug'ullanish huquqi cheklanmoqda. Ko'zi ojiz pedagoglarni oqilona qulayliklar bilan ta'minlashning muvaffaqiyatli amaliyoti misollaridan biri — Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti rahbariyatining yaqinda qabul qilgan ko'zi ojiz pedagoglarga o'zlarining tanlovlari asosida shaxsiy yordamchini taqdim etish qaroridir. Biroq, bu amaliyot OTM ma'muriyatining xayrixohligiga bog'liq bo'lgan birgina holatdir. Ko'zi ojiz o'qituvchilarning ochiq kamsitilishiga yo'l qo'ymaslik va ularning pedagogik faoliyat bilan shug'ullanish huquqini ta'minlash uchun tizimli choralar ko'rish zarur. Ko'zi ojiz pedagoglarni mehnat faoliyatiga jalb qilish ko'zi ojiz shaxslarni samarali ijtimoiy himoya qilish, shuningdek, inklyuziv ta'limni rivojlantirish va umuman inklyuziv jamiyat yaratish vazifasi bo'lib xizmat qiladi. Ko'zi ojizlarning katta qismi oliy ma'lumot olishiga qaramay, ularning ko'pchiligi o'z salohiyati haqidagi salbiy stereotiplar va oqilona qulayliklarning yo'qligi tufayli o'zlarini professional darajada namoyon qila olmayaptilar. Turli darajadagi ta'lim muassasalariga ishga kira olmasligi ko'zi ojiz pedagoglarning nogironligi bo'lmagan o'qituvchilar bilan teng asosda pedagogik faoliyat bilan shug'ullanish huquqini cheklaydi. Mazkur muammoni nafaqat ko'zi ojiz pedagoglar, balki ko'rish qobiliyati cheklangan barcha kishilar uchun shaxsiy yordamchi (ingliz tilida « personal assistant») xizmatini joriy etish orqali hal qilish mumkin. Shuning uchun, «tarjimon-kotibalar» degan tor tushunchani shaxsiy yordamchilarga o'zgartirish zarur, chunki bu konsepsiya ularning funksional vazifalarini kengaytirishga va bunday xizmatlarni ko'zi ojiz va zaif ko'ruvchi fuqarolarning barcha toifalariga taqdim etishga xizmat qiladi. Ko'zi ojiz o'qituvchilarga ta'lim muassasasi turidan qat'i nazar — maktabgacha ta'lim muassasasi, maktab, o'rta maxsus yoki oliy ta'lim muassasasi bo'ladimi, shuningdek davlat yoki xususiy ta'lim muassasasi bo'ladimi, shaxsiy yordamchilar ajratilishi lozim. Buning uchun, birinchi navbatda, qonuniy huquq va erkinliklarini amalga oshirish uchun nafaqat ojiz pedagoglarga, balki ko'rish qobiliyati cheklangan barcha kishilarga ularning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda shaxsiy yordamchi xizmatlari ko'rsatishning yagona me'yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish va ishlab chiqish zarur. Masalan, shaxsiy yordamchilarning xizmatlariga hozirda shunga o'xshash ijtimoiy xizmatlar bilan ta'minlanmagan ko'zi ojiz OTM talabalari ham muhtoj. «Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida"gi qonunga Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konvensiyaga muvofiq «oqilona qulayliklar» ta'rifini, shuningdek «Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to'g'risida"gi qonunga «shaxsiy yordamchilar» ta'rifini kiritish zarur. Shuningdek, mazkur xizmat qonun va idoraviy me'yoriy hujjatlarda nogironlarning qaysi toifalari va guruhlariga va qay darajada ko'rsatilishini aniq belgilash maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, shaxsiy yordamchilar xizmatlarini ko'rish qobiliyati cheklanganlarga ko'rsatiladigan davlat xizmatlari ro'yxatiga kiritish zarur. Shu bilan birga, shaxsiy yordamchilarni mavjud ma'lumotlar bazasidan tanlash imkoniyati bilan davlat byudjeti hisobidan shaxsiy yordamchilar xizmatining kafolatlangan minimal soatlarini qonuniylashtirish kerak. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tibbiy va ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi huzurida shaxsiy yordamchi xizmatining tashkil etilishi nafaqat ta'lim sohasi uchun, balki nogironligi bo'lgan shaxslar hayotning barcha sohalarida shaxsiy yordamchilarni to'g'ri tayyorlash va qayta tayyorlash orqali ko'rsatiladigan xizmatlar sifatini to'g'ri nazorat qilishni ta'minlaydi. Mualliflarning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasiligi mumkin. Abdullo Abduxalilov — Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy ish kafedrasi dotsenti, sotsiologiya fanlari nomzodi, O'zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisining strategik rejalashtirish bo'yicha o'rinbosari. Dilmurod Yusupov — Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya) Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti. | columnist |
Joriy haftada Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo'yicha vitse-prezidenti Anna Berdening Toshkentga navbatdagi ishchi tashrifi bo'lib o'tadi. Bu yerda u O'zbekiston hukumati tomonidan tashkil etilayotgan yuqori darajali anjuman — O'zbekiston iqtisodiy forumida ishtirok etadi. Tadbir ishtirokchilari O'zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish bilan bog'liq masalalarda erishgan yutuqlari, shuningdek, kelgusida islohotlarning jadal sur'atlarini saqlab qolish uchun zarur choralarni muhokama qiladilar. Tashrifi arafasida Berde so'nggi besh yil mobaynida o'tkazilgan islohotlar natijasi va O'zbekistonning 2030 yilgacha kambag'allikni ikki baravarga qisqartirish, shuningdek, aholi daromadi o'rtachadan yuqori bo'lgan davlatlar qatoriga kirish vazifasini amalga oshirish borasida hal qilish talab etiladigan muhim vazifalar to'g'risidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi. Bugun, so'nggi besh yil mobaynida misli ko'rilmagan iqtisodiy va ijtimoiy o'zgarishlarni boshdan kechirgan O'zbekiston uchun hal qiluvchi payt yaqinlashmoqda. Bundan besh yil avval O'zbekistonda muvaffaqiyatli biznes yuritish oson ish emasdi. Xorijiy valyuta muomalasiga qo'yilgan cheklovlar tadbirkorlarning qo'lidagi tushov edi. O'zbekistonda valyuta ayirboshlash umumiy hajmining deyarli yarmi norasmiy bozorlarda amalga oshirilar edi. Mamlakatning soliq tizimi esa iqtisodiyot gardanidagi og'ir yuk edi. Soliqlarning balandligi tufayli tadbirkorlar o'z bizneslarini rivojlantirish yoki yangi ish o'rinlari yaratishdan manfaatdor bo'lmas, ishchi kuchiga qo'yilgan yuqori soliqlar sabab ishchi yollash ish beruvchilarga o'ta qimmatga tushardi. Soliq to'lashdan qochish keng tarqalgan holat bo'lib, budjetga kelib tushadigan soliq va yig'imlar tushumi kamsonli yirik kompaniyalarga bog'liq bo'lib qolgandi. Kuchli davlat nazorati biznes imkoniyatlarini cheklab kelgan. Tadbirkorlik faoliyatini litsenziyalashtirishdagi murakkab talablar bozordagi raqobatning rivojlanishi va ishlab chiqarish-ta'minot zanjirining to'laqonli faoliyat ko'rsatishiga to'sqinlik qilgan. Chegaradagi uzoq muddatli ushlanib qolishlar tadbirkorlar uchun xarajatlarning oshishiga va qimmatbaho meva-sabzavot mahsulotlarining iste'molga yaroqsiz holga kelishiga olib kelgan. Ushbu cheklovlar nafaqat mahalliy tadbirkorlarning xarajatlari oshishiga olib kelgan, ular, shu bilan birga, samaradorlikni pasaytirib, korrupsiyaga keng yo'l ochgan. Bu hol mamlakatda rasmiy tadbirkorlikdagi raqobatbardoshlikka putur yetkazar va yashirin iqtisodiyotning rivojlanishiga turtki berardi. Besh yil avval mamlakatdagi vaziyat shunday edi. Bugungi kunda tadbirkorlik sharoitlari ancha yaxshilandi. Xorijiy valyuta bilan muomala qilish bugungi kunda muammo emas. Garchi norasmiy bozorlar butunlay yo'qolib ketgan bo'lmasa-da, bank va «bozor» kursi kamdan-kam hollarda farq qiladi. Endilikda deyarli hech kim norasmiy bozor xizmatlaridan foydalanmay qo'ydi. Mamlakatning soliq tizimi ham ancha adolatli va samarali yo'nalishda o'zgartirildi. Tadbirkorlar va ishchilarga solinadigan soliqlar miqdori kamaytirildi, soliq qonunchiligi talablarini bajarish osonlashdi. Soliq tizimida 2018 yilda amalga oshirilgan islohotlaridan so'ng qo'shimcha 1,4 million nafar fuqaro va firmalar soliq to'lovchi sifatida ro'yxatdan o'tdilar, binobarin, soliq to'lashdan bo'yin tovlagandan ko'ra soliqni to'lash afzalroq bo'lib hisoblana boshlandi. Soliq stavkalari keskin kamaytirilganiga qaramasdan, davlat budjetiga tushumlar bir necha baravar oshdi. Tadbirkorlik va savdoni tartibga soluvchi me'yoriy-huquqiy hujjatlar tadbirkorlarga moslab qulaylashtirildi. Yangi tadbirkorlik subyektlarini ro'yxatga olish, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish, turistlar oqimi ko'rsatkichlari hamda xorijiy kapital ishtirokidagi mahalliy firma va kompaniyalar soni tarixda kuzatilmagan darajada oshdi. 2020 yilda dunyodagi aksar mamlakatlarda aholi jon boshiga YAIM qisqargan bir sharoitda, O'zbekiston, ko'p jihatdan, mazkur islohotlar sharofati bilan iqtisodiy o'sishning ijobiy sur'atlarini saqlab qola oldi. COVID-19 keltirib chiqargan salbiy oqibatlarga javoban islohotlar dasturiga tuzatishlar kiritildi. Fuqarolar hayoti va farovonligini saqlab qolish maqsadida ijtimoiy himoyani kuchaytirish va kambag'allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish jadallashtirildi. Bugungi kunda sog'liqni saqlash va ta'lim tizimini takomillashtirishga ko'proq e'tibor qaratilmoqda. So'nggi besh yil ichida O'zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar kishida ijobiy tasavvur uyg'otadi. Shu bilan birga, mamlakat o'zining mavjud salohiyatini to'laqonli ochishi uchun hali ko'p ishlar qilinishi kerak. 2030 yilga borib kambag'allik darajasini ikki baravarga qisqartirish va daromad darajasi o'rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirish uchun O'zbekistonga yanada ko'proq sifatli ish o'rinlari kerak. Zero 2017 yilga qadar har yili 600 000ga yaqin yangi ish qidiruvchi mehnat bozoriga kirib kelar va taklif qilingan atigi 200 000 yangi ish o'rinlaridan biriga ega bo'lish uchun raqobatlashishga majbur edilar. So'nggi yillarda yangi ish o'rinlari soni oshganligiga qaramasdan, ishsizlik masalasi hal qilinishi dolzarb bo'lgan muammolar sirasida qolmoqda. Foto: Jahon banki Mazkur vazifani hal qilish uchun to'rt muhim instrumentni ajratib ko'rsatish maqsadga muvofiq. Xususiy sektorning o'sishini rag'batlantirish. Ishbilarmonlik muhiti yaxshilanganiga qaramay, firmalar haligacha yer resurslari, kapitalga ega bo'lish va, masalan, energiya singari ishlab chiqarish omillarining uzluksiz ta'minoti bilan bog'liq qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Mahalliy bozorlardagi raqobatning yetarli darajada rivojlanmaganligi, infratuzilma imkoniyatlari va global bozor bilan integratsiyaning cheklanganligi ham yanada ko'proq sifatli ish o'rinlari yaratish imkoniyatiga ega bo'lgan xususiy sektorning rivojlanishiga xalaqit qiladi. Bugungi kunda 2000 dan oshiq davlat ishtirokidagi korxonalar hanuzgacha iqtisodiyotda yetakchilik qilib, xususiy sektorning o'sishiga to'sqinlik qilmoqda. Xususiylashtirishni, ayniqsa, kichik davlat korxonalari va banklarni xususiylashtirishni tezlashtirish O'zbekistonda xususiy sektor ko'lamining kengayishiga va milliy iqtisodiyot uchun ko'proq ish o'rinlari yaratilishiga yordam bergan bo'lar edi. Xususiy sektorni kengaytirishda davlatning yordamchilik vazifasi. O'zbekistonning iqtisodiy rivojlanishida davlatning iqtisodiyotdagi o'rni o'zgarishi kerak bo'lgan muhim pallaga qadam qo'yildi — u tovar ishlab chiqaruvchi va xizmat ko'rsatuvchidan xususiy sektorning kengayishiga ko'maklashuvchi instrumentga aylanishi kerak. Binobarin, me'yoriy-huquqiy hujjatlar iqtisodiyotning barcha subyektlari uchun yanada aniq, adolatli va shaffof bo'lishi lozim. Katta hajmdagi davlat investitsiyalari hamon davlat korxonalariga yo'naltirilmoqda. Xususiy sektor faol ishlayotgan, yuqori o'sish salohiyatiga ega meva-sabzavotchilik, turizm va xizmat ko'rsatish kabi iqtisodiyot tarmoqlarini qo'llab-quvvatlash uchun yanada rivojlangan infrastruktura va samarali davlat xizmatlari zarur. Joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va ularni moliyalashtirish borasida ustuvor yo'nalishlarni aniqlash masalalarida hududlarning vakolatlarini kengaytirishga ehtiyoj mavjud. Bu mazkur hududlarning iqtisodiy raqobatdagi ustun jihatlaridan yanada samaraliroq foydalanish va butun mamlakat bo'ylab aholi o'rtasida farovonlikning keng taqsimlanishiga imkon yaratadi. Inson resursiga sarmoyalarni ko'paytirish. Ixtisoslik malakalari va bilimlarining yetishmasligi tadbirkorlikni rivojlantirishga investitsiya kiritishni sezilarli darajada cheklaydi. Oliy ta'lim olish imkoniyati keskin o'sdi, shu bilan birga, malaka oshirish va kasbiy-texnik ta'limga davlat investitsiyalari sezilarli oshirildi. Bu ishlarni kelgusida ham kengaytirib borish, bunda harakatlantiruvchi kuchi xususiy sektor bo'lgan yangi iqtisodiyot ehtiyojlariga ta'lim tizimini moslashtirish zarur. Sog'liqni saqlash va ta'lim xizmatlariga investitsiyalarning oshirilishi, shuningdek, gender tengsizlik va yoshlar o'rtasida ishsizlik darajasining oshishiga olib keluvchi cheklovchi siyosatdan voz kechish O'zbekiston inson kapitaliga yanada ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Ekologik barqarorlikni takomillashtirish. O'zbekiston iqtisodiyoti dunyodagi eng ko'p resurs sarflaydigan iqtisodiyotlardan biridir. Mamlakat neft va gaz zahiralarining kamayib borishi nuqtai nazaridan, mavjud iqtisodiyot modeli barqaror bo'lib hisoblanmaydi. Iqlim o'zgarishlari allaqachon suvni kamyob manbaga aylantirdi. Atmosferaga karbonat angidrid tashlamalarini qisqartirish va atrof-muhitni saqlash bo'yicha tezkor choralarni ko'rish O'zbekistondagi iqtisodiy o'sishni barqarorlashtiradi. Ekologik barqarorlikning oshishi atrof-muhit va iqlim o'zgarishlari bilan bog'liq xatarlarni yaxshiroq boshqarish, kelgusi avlodlarga ularni yengib o'tishga ko'maklashish, shuningdek, bugunning o'zidayoq yangi bozorlar va ish o'rinlari yaratish imkonini beradi. Mazkur islohotlarni amalga oshirish, albatta, oson ish emas. Bu puxta o'ylangan sa'y-harakatlar va ularni amalga oshirish yuzasidan muntazam nazoratni talab etadi. Binobarin, bu ishlar natijasida yangi ish o'rinlari, xususiy sektorning kengayishi va atrof-muhitga nisbatan yanada ehtiyotkorona munosabat ko'rinishidagi aniq natijalarga erishiladi. Puxta o'ylangan islohotlar ish o'rinlarining oshishiga zamin yaratadi, shuningdek, iqtisodiy yangilanishlar jarayonini jadallashtirish bilan birga, ayni paytda, mamlakat fuqarolari farovonligini oshiradi. Men Toshkentga tashrifim boshlanadigan kunni sabrsizlik bilan kutyapman va O'zbekistonning iqtisodiy forumi davomida yuqoridagi masalalarni batafsil muhokama qilamiz, deb umid qilaman. | columnist |
Tashqi savdo defitsiti tashqi savdo aylanmasi tarkibida import hajmining eksport hajmidan ko'proq ekanligini ifodalaydi. Boshqacha aytganda, bunda mamlakat boshqa davlatlarga sotayotgan tovar va xizmatlarining umumiy qiymati boshqa davlatdan sotib olayotgan tovar va xizmatlarining umumiy qiymatiga qaraganda kamroq bo'ladi. Tashqi savdo defitsitining o'sishi yoki umuman mavjudligi mamlakatdan chet el valyutasining oqib chiqib ketishiga sabab bo'lganligi tufayli ko'plab mamlakatlar uni kamaytirish choralarini ko'rishadi. O'zbekistonda ham so'nggi yillarda tashqi savdo defitsiti keskin oshib bormoqda. Xususan, 2017 yilda bu ko'rsatkich 1,4 mlrd dollarni tashkil etgan bo'lsa, 2021 yilga kelib 8,8 mlrd dollarga yetdi . 2017−2021 yillar oralig'ida esa faqat bir yil tashqi savdo defitsitining hajmida pasayish kuzatilgan bo'lib, bu butun dunyoda, jumladan, bizda ham inqiroz kuzatilgan 2020 yilda sodir bo'lgan edi. Umuman olganda, inqiroz kuzatilgan yilni hisobga olmasa, O'zbekistonning tashqi savdo defitsiti yildan-yilga oshib bormoqda. Xo'sh, bu milliy iqtisodiyotimiz uchun qanchalik xatarli? Nazariy jihatdan olib qaralganda, tashqi savdo defitsiti umuman xatarli emas. Bunday xulosani mamlakatimizda yuritilayotgan valyuta siyosati bilan izohlash mumkin. Ya'ni, hozirgi kunda mamlakatimizning valyuta siyosati «suzib yuruvchi» kurslarga asoslangan valyuta siyosati hisoblanadi. Boshqacha aytganda, valyuta kursi markaziy bank tomonidan belgilanmaydi, balki bozor muvozanati asosida shakllanadi. Bunday holatda tashqi savdo defitsitining mavjudligi muammo tug'dirmaydi. Sababi, bunday «suzib yuruvchi» valyuta kursi sharoitida tashqi savdo defitsiti oshsa — chet davlatlarga kamroq tovar va xizmatlar sotib, ko'proq tovar va xizmatlar xarid qilayotgan bo'lsak, bu chet el valyutasining mamlakatimizdan chiqib ketishiga sabab bo'ladi. Mamlakatimizdan chet el valyutasining chiqib ketishi esa ichki bozorda chet el valyutasi taklifini kamaytiradi ( albatta boshqa omillar, masalan, risklar yoki boshqa valyuta oqimiga ta'sir qiluvchi omillar o'zgarmagan sharoitda) . Natijada, har qanday bozorda kuzatilganidek, chet el valyutasi taklifining kamayishi uning narxi qimmatlashishiga yoki milliy valyuta kursining pasayishiga sabab bo'ladi. O'z navbatida, milliy valyuta kursining pasayishi eksportga rag'bat beradi. Masalan, milliy valyuta kursining 10% ga qadrsizlanishi amalda eksport tovarlarimizning chet el bozorida 10% arzonroq bo'lishiga olib keladi hamda ularning raqobatbardoshligini oshiradi. Import mahsulotlari esa ichki bozorda 10% ga qimmatlashadi, natijada ichki bozorda ularning raqobatbardoshligi pasayadi. Shunday qilib, valyuta kursi o'zining oldingi muvozanat holatiga qaytmagunicha bu jarayon davom etadi. Uzoqroq muddatda esa valyuta kursi oldingi muvozanatga intiladi hamda, tabiiyki, tashqi savdo balansi ham o'z muvozanatiga intiladi. Boshqacha aytganda, qandaydir sababga ko'ra tashqi savdo defitsitining ortishi uzoq muddatda milliy valyutaning qadrsizlanishi natijasida yana muvozanat holatiga qaytadi. Yuqoridagi holatdan ko'rish mumkinki, tashqi savdo balansi tabiiy ravishda muvozanat holatiga intiladi ( eksport hamda import teng bo'lgan holatga ). Lekin real hayotda bu jarayon yuqorida keltirilganidek yaqqol ko'zga tashlanmaydi. Chunki valyuta kursiga ta'sir qilishi mumkin bo'lgan tashqi savdo balansidan boshqa omillar mavjud. Jumladan, chet eldan pul o'tkazmalari, investitsiyalar yoki risklar holatining o'zgarishi kabi omillar ham valyuta kursining shakllanishida muhim rol o'ynaydi. Bu omillarning barchasi bir vaqtda o'zgarishi esa savdo defitsitining valyuta kursiga ta'sirini kamaytiradi va ba'zi holatlarda bu ta'sir hatto sezilmasligi mumkin. Masalan, joriy yilda tashqi savdo defitsiti o'tgan yilga nisbatan 2,8 mlrd dollarga oshgan bo'lsada, nominal valyuta kursining qadrsizlanishi yil davomida 3,4% ni tashkil etgan xolos. Lekin yuqorida keltirilgan misol nazariya amalda ishlamasligini anglatmaydi. Tashqi savdo defitsitining ortishi, boshqa shartlar o'zgarmagan holatda, milliy valyuta kursiga salbiy ta'sir qiladi hamda uzoq muddatda savdo balansini muvozanat tomon intilishiga sabab bo'laveradi. O'zbekiston iqtisodiyoti uchun tashqi savdo defitsitining oshishi yoki uning mavjud ekanligi muammo tug'dirmasligiga import tarkibini o'rganish orqali yana bir bora ishonch hosil qilish mumkin. Xususan, 2021 yilda import tarkibining 32,4% qismini mashina va asbob-uskunalar tashkil etgan . Ya'ni import tarkibining qariyb uchdan bir qismi mamlakatimizning ishlab chiqarish imkoniyatlarini yaxshilashga xizmat qiladigan tovarlardan iborat. Bu tovarlar joriy iste'mol hajmidan ko'ra kelajakdagi ishlab chiqarish hajmini ko'proq oshiradi. To'g'ri, oxirgi yillarda import tarkibida mashina va asbob-uskunalarning ulushi kamayib bormoqda. Lekin uning hozirgi kundagi ulushi ham bir muncha yuqori hisoblanadi. Tashqi savdo defitsitining hozirgi holati yoki uning oshib borayotganligi hukumatni tashvishga solishi tabiiy. Mening nazarimda, mana shu jihat biz uchun eng katta xatar. Ya'ni qaror qabul qiluvchilar tashqi savdo defitsitining oshishidan xavotirga tushib, savdoni cheklash choralarini ko'rishi mumkin. Bu esa so'nggi yillarda ko'pchilikning orzusiga aylangan tashqi savdoning erkinlashuvini, eng kamida, yana ortga surishi mumkin. Yuqorida aytib o'tganimdek, defitsitning ortishi aslida muammo emas, lekin uni muammo hisoblab, tashqi savdoni cheklashga urunish — bu haqiqiy ma'noda katta muammo bo'ladi. Chunki «suzib yuruvchi» valyuta kursi rejimida tashqi savdoni to'sishga qaratilgan harakatlar tashqi savdo balansiga ta'sir qilmaydi. Tasavvur qiling, qaror qabul qiluvchilar tashqi savdo defitsitini muammo hisoblab, savdoga cheklovlarni oshirdi. Bu import hajmini kamaytiradi, natijada ichki bozordagi chel el valyutasining taklifi oshadi. Bu holat, o'z navbatida, chet el valyutasining arzonlashishi yoki, boshqa tarafdan, milliy valyuta kursinining oshishiga olib keladi. Masalan, avval 100 dollarni 1 mln so'mga sotib olgan bo'lsangiz, endi uni 950 ming so'mga sotib olishni boshlaysiz. Bu eksportga qanday ta'sir qiladi? Milliy valyuta kursining oshishi tashqi bozorda mamlakat eksport tovarlari va xizmatlarining qimmatlashishiga olib keladi. Ya'ni 1 mln so'mlik tovar yoki xizmatni avval tashqi bozorda 100 dollardan sotgan bo'lsangiz, endi uning narxi 105 dollardan ziyodga oshadi. Bu uzoq muddatda eksport hajmining ham kamayishiga sabab bo'ladi. Boshqacha aytganda, tashqi savdoga o'rnatilgan to'siqlar tashqi savdo aylanmasini kamaytirsada, tashqi savdo balansiga ta'sir qilmaydi . Ya'ni, aslida, tashqi savdo defitsitini kamytirish maqsadida savdoni cheklashga urinish, ( boshqa omillar o'zgarmagan holatda ) defitsitni kamaytirmaydi. Yuqorida bo'lgani kabi, real hayotda boshqa omillar ta'sirida tashqi savdoga qo'yilgan cheklovlar amalda tashqi savdo defitsitiga ta'sir qilishi mumkin ( ammo bu ta'sir sezilarli bo'lmaydi ). Haqiqatdan oxirgi yillarda tashqi savdo defitsiti oshib bormoqda. Bu jarayon ko'pchilikni xavotirga solayotgan bo'lishi mumkin. Lekin «suzib yuruvchi» valyuta kursi rejimini tanlagan ekanmiz, tashqi savdo defitsitini kamaytirishga qaratilgan harakatlar, birinchidan, samarasiz bo'lsa, ikkinchidan, judayam katta yo'qotishlarga sabab bo'ladi. O'ylab ko'ring, biz, tashqi savdo defitsitini kamaytirish maqsadida samarasiz qarorni qo'llash orqali farovonlikni pasaytirishga rozimizmi? Avvalo tashqi savdoni cheklashga qaratilgan harakatlar defitsitga ta'sir qilmaydi, ta'sir qilgan taqdirda ham uning ta'siri juda kichik bo'ladi ( hatto statistik xatolik darajasida ). Lekin to'siqlar zararining ko'lami juda katta bo'ladi. Boshqacha aytganda, qaror qabul qiluvchilarning tashqi savdo defitsitini pasaytirish uchun qo'llaydigan choralari hammani kambag'allashtiradi . Savdoni cheklashning kambag'allashuvimizga ta'sirini aslida biz boshqalardan ko'ra ko'proq bilishimiz zarur. Chunki bu ta'sirni mustaqillikdan keyin to hozirgi kungacha o'z tanamizda his qilmoqdamiz. Tashqi savdo defitsitining oshishi bilan bog'liq meni o'ylantiradigan yagona jihat shuki, defitsitning oshishi savdoni cheklashga bo'lgan harakatlarni kuchaytirishi mumkin. Umuman olganda, defitsitning oshishi uni kamaytirish uchun qabul qilinishi mumkin bo'lgan istalgan choradan ko'ra xatarliroq emas. Mirkomil Xolboyev - iqtisodchi, Janubiy Koreyadagi Jeonbuk milliy universiteti Xalqaro savdo yo'nalishi magistranti. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin. | columnist |
O'qituvchilar va ularning oylik maoshi mavzusi so'nggi yillarda juda ko'p tilga olinmoqda. O'qituvchilarning jamiyatdagi mavqeyini oshirish, o'qituvchi oylik maoshini 1000 dollarga yetkazish ko'zda tutilayotganligi, xususan, davlat rahbari tomonidan bir necha bor ta'kidlandi . Oldingi davr bilan taqqoslab ko'rilsa, so'ngi yillarda o'qituvchilar kasbiy faoliyatida erishgan eng katta yutuq — bu ularni majburiy mehnatga jalb qilishning sezilarli darajada kamayganligi bo'ldi. O'z vaqtida, o'qituvchilar o'quvchilari bilan birga butun yig'im-terim mavsumi davomida — sentabr boshidan noyabr-dekabr oylarigacha paxta dalalaridan chiqmas edi. Eng achinarlisi, o'qituvchilar o'z faoliyatining bir qismini paxta dalalarida o'tkazishi odatiy holga aylanib qolgan edi. Shu ma'noda, majburiy mehnatning sezilarli darajada kamayganligini oxirgi yillarda erishilgan chinakam yutuq deb hisoblash mumkin. O'qituvchilarning shundog'am xizmat vazifasiga kirmaydigan ishlardan ozod qilinganligini olqishlashimiz mumkin, lekin ta'lim sohasi vakillarining oylik maoshi haqida gap ketganda, oxirgi yillardagi o'zgarishlar bilan maqtana olmaymiz. O'rtacha oylik ish haqi nuqtai nazaridan taqqoslasak, 2017 yilda ta'lim sohasida band bo'lgan xodimlarning o'rtacha oylik maoshi respublikadagi o'rtacha ish haqi darajasidan 20% pastroq ko'rsatkichni namoyon qilganligini ko'ramiz . 2021 yil yakunlariga ko'ra esa mazkur ko'rsatkichlar orasidagi tafovut yanada kengayib, qariyb 28% ga yetgan . Ya'ni, 2017 yilda ta'lim sohasi vakillarining o'rtacha oylik maoshi 1,1 mln so'mni tashkil etganda, O'zbekistondagi o'rtacha ish haqi darajasi 1,4 mln so'mga teng edi. 2021 yilning oxiriga kelib ta'lim sohasi vakillarining oylik maoshi 2,3 mln so'mni tashkil etdi (2017 yilga nisbatan 1,99 marta oshgan), respublika miqyosidagi o'rtacha oylik ish haqi darajasi esa 3,2 mln so'mga yetgan (2017 yilga nisbatan 2,2 marta oshgan). Bu shuni anglatadiki, ta'lim sohasi vakillarining oylik maoshlari darajasi boshqa soha vakillarining oylik ish haqi darajasiga qaraganda sekinroq o'sgan, natijada o'tgan davr ichida ta'lim sohasi vakillari jamiyatning boshqa vakillariga nisbatan kambag'allashgan. Oxirgi besh yil ichida faqatgina bir yil — 2019 yilda o'qituvchilarning oylik maoshi boshqa soha vakillarinikiga qaraganda tezroq o'sgan . Xususan, ularning oylik ish haqi respublikadagi o'rtacha oylik ish haqiga nisbatan 79,2% ga yetgan, taqqoslash uchun bu ko'rsatkich 2018 yilda 76,6% ni tashkil etgan edi. So'nggi ikki yilda esa ta'lim sohasi vakillarining oylik maoshlari, 2018 yilda bo'lgani kabi, boshqa soha vakillarining oylik ish haqi darajasiga nisbatan sekinroq o'sgan. Shuni qayd etish joizki, 2021 yilda ta'lim sohasi vakillarining, jumladan, o'qituvchilarning oylik maoshlari boshqa soha vakillarining oylik maoshlaridan sekinroq o'sgan bo'lsada, nisbatan yaxshi suratda, ya'ni inflyatsiyadan bir muncha yuqori darajada o'sgan. Xususan, 2021 yilda ta'lim sohasida band bo'lgan xodimlarning o'rtacha oylik ish haqi qariyb 17% ga o'sgan (buni o'tgan yil fevral oyida oylik ish haqlari 10% hamda sentabr oyida pensiyalarning 7% ga oshirilganligi bilan izohlash mumkin), inflyatsiya ko'rsatkichi esa 10% ni tashkil etgan . Boshqacha aytganda, 2021 yilda o'qituvchilar jamiyatdagi boshqa soha vakillariga nisbatan kambag'allashgan bo'lishlariga qaramay, ularning real daromadlari qariyb 7% ga ko'paygan. Lekin, shuni ham e'tiborga olish kerakki, 2020 yilda pandemiya inqirozi bo'lishiga qaramasdan mamlakat aholisining real umumiy daromadlari 2,6% ga, real YAIM hajmi 1,6% ga o'sgan sharoitda ta'lim sohasi vakillarining real ish haqlari pasaygan edi. Xususan, 2020 yilda soha vakillarining o'rtacha nominal ish haqi 2019 yilga nisbatan 7,4% ga oshgan xolos. Inflatsiya darajasi esa 2020 yilda 11,1% ni tashkil etgan. Bundan kelib chiqadiki, 2020 yilda ta'lim sohasi vakillarining o'rtacha real daromadlari 2019 yil bilan taqqoslaganda 3,7% ga pasaygan. Ya'ni ta'lim sohasi vakillari nafaqat boshqa soha vakillari bilan taqqoslaganda kambag'allashgan, balki ularning daromadlari darajasi real ko'rsatkichlarda ham jamiyatda boshqalardan ortda qolgan. Aholi real daromadlari darajasida kichik bo'lsada o'sish kuzatilgan yilda, biz faqatgina kasb bayramlarida ulug'laydigan o'qituvchilar, sezilarli darajada kambag'allashgan edi. Ta'lim sohasi vakillarining, xususan, o'qituvchilarning oylik maoshlari boshqa soha vakillarining oylik maoshlariga qaraganda sekinroq o'sayotganligi ularning jamiyatdagi mavqeyiga salbiy ta'sir qilishi tabiiy. Bu esa, kelgusida shu kasbni tanlashi mumkin bo'lgan yoshlarni — potensial o'qituvchilarni moliyaviy omillar sabab boshqa sohalarni tanlashiga olib keladi. Boshqacha aytganda, ta'lim sohasi, shunchaki rag'batlarning yetishmasligi ortidan, soha rivojiga hissa qo'shishi mumkin bo'lgan potensial xodimlardan ayriladi. Buni quyidagicha ifodalash ham mumkin: o'qituvchilik faoliyati bilan shug'ullanish — oliy ta'limda tahsil olayotgan talabalarning ish topish uchun eng oxirgi chorasiga aylanadi. Bu, o'z navbatida, ta'lim sohasida malakasiz kadrlarning yildan-yilga ortib borishiga olib keladi. Chunki malakali kadrlarning ko'pchiligi o'qituvchi bo'lishni xohlasada, nisbatan yuqoriroq daromad taklif qiladigan boshqa faoliyat turlarini tanlashiga to'g'ri keladi. Bu kabi holatga hozir ham qisman guvoh bo'lib turibmiz. Bunday tendensiyaning davom etishi va kuchayishi esa ta'lim tizimini yanada chuqurroq inqirozga olib kiradi. Albatta, bu jarayon nisbatan uzoqroq muddatda sodir bo'ladi. Qisqa muddatda esa, agar o'qituvchilar o'zlarining kambag'allashib borayotganligini sezsa, bu ularning mehnat unumdorligi hamda mehnat sifatiga to'g'ridan to'g'ri ta'sir qilishi mumkin. Majburiy mehnatning keskin qisqartirilishi o'qituvchilar faoliyati va hayotini ancha yaxshiladi. Lekin bu kabi ishlar shundoq ham ularning xizmat vazifasiga kirmagan. Bundan tashqari, majburiy mehnatning bekor qilinishi ta'lim sohasini nisbatan qisqa muddatda biroz yaxshi tomonga o'zgartirishi mumkin xolos. O'qituvchilar jamiyatda daromad nuqtai nazaridan o'z mavqelarni yo'qotib borar ekan, uzoq muddatda ta'lim tizimini qutqarib bo'lmaydi. Ya'ni yuqorida ta'kidlab o'tganimdek, uzoq muddatda potensial soha vakillari moliyaviy hamda jamiyatdagi obro'-e'tibor nuqtai nazaridan boshqa sohalarni tanlaydi. Ta'lim sifati iqtisodiyotning uzoq muddatli o'sishida juda muhim ahamiyat kasb etadi. Agar bu sohada ishlashga rag'bat yildan-yilga kamayib borsa, bu, tabiiyki, uzoq muddatda ta'lim sifatining ham pasayishiga sabab bo'ladi. Ta'lim sifatining pasayishi, o'z navbatida, uzoq muddatli o'sishni ham pasaytiradi. Shunday ekan, ta'lim sohasi vakillarining jamiyatdagi boshqa soha vakillariga nisbatan kambag'allashib (hozir kuzatilayotgan tendensiya) borishini yaqin va uzoq istiqbol uchun ham xavf-xatar deb baholash maqsadga muvofiq. Mirkomil Xolboyev - iqtisodchi, Janubiy Koreyadagi Jeonbuk milliy universiteti Xalqaro savdo yo'nalishi magistranti. | columnist |
Markaziy Osiyo tarixi davomida turli asrlarda turli xil xalqlar, qabilalar va davlatlar mintaqa hududini zabt etgan. Miloddan avvalgi VI asrdan XX asrga qadar zamonaviy O'zbekiston hududida yigirmadan ortiq davlatlar hukmronlik qilgan. Ular orasida Afrig'iylar sulolasi boshqargan Xorazm davlati ushbu mintaqada o'z hududida eng uzoq vaqt (600 yil) hukmronlik qilgan. «Gazeta.uz» geacron.com tarixiy xaritalar platformasi ma'lumotlariga tayanib, zamonaviy O'zbekiston hududida hukm surgan davlatlar xaritasini to'pladi. Muhim: «Gazeta.uz» u шбu videoda taqdim etilgan davlatlar chegaralarida ayrim kichik noaniqliklar bo'lishi ehtimolini inkor etmaydi. Zamonaviy O'zbekiston hududida hukm surgan davlatlar haqida ma'lumotlar ochiq manbalardan olingan bo'lib, material tarixshunos olim tomonidan ko'rib chiqilgan. Quyida videoda keltirilgan ayrim davrlar va davlatlar haqida qisqa ma'lumotlarni o'qishingiz mumkin. Miloddan avvalgi VII-VI asrlarda O'zbekiston hamda qo'shni hududlarda so'g'diylar, baqtriyaliklar, xorazmliklar hamda sak va massaget qabilalari yashaganlar. Miloddan avvalgi VI asrda Markaziy Osiyoga forsiy Ahamoniylar davlati qo'shinlari hujum qildilar. Kir II va Doro I hukmdorligi davrida Baqtriya, Xorazm va So'g'd forslar davlati tarkibiga kiradi. Forslar hukmronligi miloddan avvalgi IV asrda Makedoniyalik Aleksandr tomonidan Gavgamella jangidan so'ng to'xtatildi. M.a. 329 yilda esa Aleksandrdan sharqqa, Markaziy Osiyoga qochib ketgan oxirgi Ahamoniylar shohi Doro III vafot etdi. Doroni ta'qib qilib, Aleksandr qo'shinlari Ahamoniylarning sharqiy satrapiya (viloyatlari)lari Baqtriya va So'g'dni bosib oldi. Miloddan avvalgi 327 yilga kelib, Aleksandr mintaqada o'z hokimiyatini o'rnatishga muvaffaq bo'ldi. Aleksandr Makedonskiyning o'limi (m.a. 323 yil) va uning yaqinlari (diadoxlar) o'rtasidagi hokimiyatni egallash uchun bo'lib o'tgan qirq yillik urushdan so'ng, Baqtriya va So'g'd Aleksandrning do'sti va qo'riqchisi, yunon qo'mondoni Salavk tomonidan asos solingan Salavkiylar davlatiga qo'shib olindi. Miloddan avvalgi 250 yilda Baqtriya va So'g'diyona satrapi Diodot qo'zg'olon ko'tarib, Salavkiylar hukmronligidan chiqdi va poytaxti Baqtra bo'lgan Yunon-Baqtriya davlatiga asos soldi. Miloddan avvalgi II asrda eroniy yuyechji qabilalari (toxarlar, da-yuechji) Baqtriyaga kirib kelib, Yunon-Baqtriya davlatini tugatishdi. Yuechji Baqtriyani beshta hokimliklarga ajratdi. Milodiy I asr boshlarida Kushon sulolasi rahbari Kudzula Kadfiz I butun Baqtriyani birlashtirdi. U va uning merosxo'rlari So'g'd va Xorazmning ayrim viloyatlari, shuningdek Farg'ona va Chag'aniyonni bo'ysundirib, davlat yerlarini kengaytirib bordilar. Kushon shohi Vima Kadfiz II shimoliy-sharqiy Hindistonni egalladi. Kushon davlatining hududiy va iqtisodiy rivojlanishi Kanishka I hukmronligi davrida sodir bo'ladi. Kushon imperiyasi va Kangyuy kabi davlatlarning siyosiy maydondan yo'qolishi antik davrni yakunlab berdi. Mintaqa tarixida erta o'rta asr davrining (IV — VIII asrlarda) boshlanishi IV asrga to'g'ri keldi, ushbu davrda ko'chmanchi qabilalar — kidariylar, xionitlar, eftalitlar va boshqalar sharq — shimoli-sharqiy hududlardan O'rta Osiyoga ko'chib kelishdi. Ular ushbu hududning turli viloyatlarida joylashib, o'z davlatlarini barpo qilishdi. Ko'chmanchi qabilalar ichida eftaliylar — «oq gunlar» davlati eng qudratli davlatga aylandi. Ushbu davlat Baqtriya-Toxariston, So'g'd, Choch, Farg'ona va Shimoliy Hindiston hududlarini o'z ichiga olgan imperiyaga aylandi. 561−563 yillarda Turk xoqonligi Eron bilan eftaliylarga qarshi ittifoq tuzishdi. 565 yilda Naxshab (hozirgi Qarshi) jangida turklar g'alaba qozonib, So'g'd xoqonlikka qo'shib olindi. VI asrning oxiriga kelib, Turk xoqonligi butun Markaziy Osiyoni o'z davlati tarkibiga qo'shib oldi. 603 yili Turk xoqonligi ichki qarama-qarshiliklar natijasida G'arbiy va Sharqiy turk xoqonliklariga bo'linib ketdi. Qabila zodagonlari o'rtasida kechgan qabilalararo urushlar oqibatida G'arbiy turk xoqonligi 704 yilda parchalanib ketdi. Bu vaqtga kelib, Arab xalifaligi Sharq tomon tobora kengayib, Sosoniylar imperiyasinining hududini 642 yilda butunlay bosib olishdi, Markaziy Osiyoga esa bosqinchilik qilib turishar edi. 705 yildan boshlab har yili Qutayba ibn Muslimning sharqqa yurishlari amalga oshirilib kelinardi. Shu yo'l bilan Qutayba Arab xalifaligi hududiga yangi yerlarni qo'shib boradi. 705 yildan arablar Markaziy Osiyo hududini muntazam ravishda bosib olishga kirishdilar. 707 yilda Buxoro vohasining bosib olinishi boshlandi. Buxoro qamali 709 yilgacha davom etdi va bir nechta hujumlardan so'ng shahar zabt etildi. X asrning oxirida Movarounnahrga Sharqiy Turkistondan turk-qoraxoniylar bostirib kelib, Somoniylar davlatining sobiq yerlarini o'z hududiga qo'shib oldi, biroq ma'lum vaqt Saljuqiy turklarga qaram bo'lib qoldi. XI asrning oxiridan boshlab Xorazmda turkiy Anushteginlar sulolasi dastlab Saljuqiylar vassallari, XII asrning ikkinchi yarmidan esa mustaqil hukmdorlar sifatida hokimiyatga keldi. Tez orada Anushteginlar bosib olgan yerlarda ulkan Xorazmshohlar davlati barpo etildi. 1215 yilda Chingizxon o'zining 450 musulmon savdogar va bir necha o'nlab mo'g'ul zobitlaridan tashkil topgan ilk savdo karvonini Xorazmga jo'natdi. Ular O'tror hukmdori Qayirxon tomonidan qo'lga olindi va qatl qilindi. 1219 yilning kuzida Chingizxon armiyasi bilan Irtish qirg'og'idan g'arbga yurish boshladi. Shu yilning o'zida u Movarounnahrni bosib oldi. Ikki yil mobaynida mo'g'ullar Xorazmshohlarning deyarli barcha yerlarini vayron qilib, qo'lga kiritdilar. 1370 yilda Amir Temur Turonning oliy amiriga aylandi. U hukmronligi davrida uchta mashhur yurushlarni amalga oshirdi: uch yillik (yaqin sharqqa yurish), besh yillik (Oltin O'rda bilan urush), yetti yillik (Eronga yurish, Usmonli turklar imperiyasiga qarshi urush). Temuriylar O'zbekistonning hozirgi hududini XVI asr boshida Shayboniyxon qo'shini bilan hududga kirib kelgunga qadar boshqargan. Shayboniylar (o'zbek) sulolasi asoschisi Shayboniyxon Movarounnahrda Temuriylar davlatini egallab, Shayboniylar davlatiga asos soldi. Shayboniyxonning jiyani Ubaydullaxon 1533 yilda o'z davlatining poytaxtini Samarqanddan Buxoroga ko'chirdi. Shayboniylar davlati Buxoro xonligi deb ataldi, ammo 1785 yilda u amirlikka aylantirildi va 1920 yilgacha saqlanib qoldi. XVIII asr boshlarida Buxoro xonligida markaziy hokimiyat ichki kurashlar oqibatida zaiflashdi. Tashqi xavf sabab 1709 yilda ming urug'i vakillari Farg'ona vodiysida hokimiyatni o'z qo'llariga oldilar. Shu tariqa, keyinchalik Qo'qon xonligi deb atalgan yangi o'zbek davlati vujudga keldi. 1865−1876 yillarda Qo'qon xonligi, qisman Xiva xonligi va Buxoro amirligi hududlari Rossiya imperiyasiga qo'shib olindi. 1867 yilda Turkiston general-gubernatorligi (1867−1917) tashkil etildi. Sirdaryo, Samarqand va Farg'ona viloyatlari kabi uchta viloyatlar tashkil etildi, ular harbiy hokimlar tomonidan boshqarilgan. 1920 yilning fevral oyida Xiva xonligi va Buxoro amirligi qizil armiya tomonidan qo'lga olindi va ularning o'rniga Xorazm va Buxoro Xalq Sovet Respublikalari tashkil etildi. 1924 yilning sentabrida ushbu respublikalar O'zbek va Turkman SSR tarkibiga kirgan. 1924 yil 27 oktabrda O'zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi tashkil etildi. 1956 yilda O'zbek va Qozoq SSR chegaralari o'zgardi, buning natijasida O'zbekiston Respublikasining hozirgi chegarasi shakllandi. 1991 yilning 31 avgustida O'zbekiston mustaqilligi e'lon qilindi. O'zbekiston tarixi haqida gapirar ekanmiz, Orol dengizi haqida ham to'xtalib o'tish lozim. Videoda O'zbekistonning 2600 yillik tarixi qisqacha namoyish etildi, unda siz 2500 yildan ko'proq vaqt davomida Orolning hajmi qanchalik yirik bo'lganligini ko'rishingiz mumkin. Ammo faqatgina oxirgi 50 yil davomida Orol yuzasining maydoni 88% ga kamaydi. | columnist |
2020 yilning iyul-oktabr oylarida eng ko'p muhokamalarga sabab bo'lgan mavzulardan biri — bu mahalliy shakar zavodlarimiz o'z ishchilarini ommaviy ravishda ishdan bo'shatayotganligi bo'lgan edi. O'sha vaqtlarda mazkur zavodlar chet el ishlab chiqaruvchilari bilan raqobatda yutqazayotganligini ta'kidlagan edi. Xo'sh, 2021 yilda mahalliy shakar zavodlari bilan bog'liq qandaydir yangilikka ko'zingiz tushdimi? So'nggi ikki yilda shakar zavodlarimiz bilan nimalar sodir bo'ldi? Hammasi 2020 yilning aprel oyida, pandemiyaning salbiy oqibatlarining oldini olish maqsadida ayrim turdagi tovarlar importining aksiz solig'i hamda bojlardan ozod qilinishi bilan boshlangan edi. Xususan, 2020 yilning 1 yanvaridan kuchga kirgan shakar importiga 20% lik boj hamda 20% lik aksiz solig'i xuddi shu yilning 3 aprelidagi qarorga muvofiq, 2020 yil 31 dekabriga qadar bekor qilingandi. Shakar importiga mavjud to'siqlarning olib tashlanishi, tabiiyki, ichki bozorda import qilingan shakarning narxi arzonlashishiga va, o'z navbatida, raqobatbardoshligi oshishiga olib keldi. Ichki bozorda raqobatning keskin ortishi esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatda yutqazishi, pirovardida, ishlab chiqarishni qisqartirishi yoki to'xtatishi natijasida ishchilarini ishdan bo'shatishi va keyinroq vaqtinchalik yopilishiga ham sabab bo'ldi. 2021 yilga kelib, import qilinadigan shakarni erkin olib kirish huquqi o'z kuchini yo'qotdi (qarorda «imtiyoz» deyilgan, lekin importga boj bo'lmasligi — bu, aslida, imtiyoz emas, huquq hisoblanadi) hamda shakar importiga to'siqlar qayta joriy qilindi. Buning natijasida ikkala shakar zavodimiz ishlab chiqarish hajmini keskin oshirdi. Xususan, 2021 yilning yanvar-sentabr oylarida mahalliy shakar ishlab chiqarish hajmi o'tgan yilning mos davriga nisbatan uch barobarga oshib, 438 ming tonnaga yetgan . Ishlab chiqarish hajmiga mos ravishda, Braziliyadan shakar xomashyosi importi hajmi ham keskin oshgan. Xususan, 2021 yilda O'zbekistonga Braziliyadan qiymati 319 mln dollarga teng bo'lgan (2020 yilga nisbatan yetti yarim barobar ko'proq) shakar xomashyosi import qilingan. Braziliyadan import qilingan xomashyoning 2021 yilda O'zbekistonga kirib kelgan jami shakar va shakar xomashyosi importidagi ulushi 90% dan ziyodni tashkil etgan. Yuqoridagi ma'lumotlardan anglash qiyin emaski, 2020 va 2021 yillarda mamlakat shakar bozoridagi holat turlicha bo'lgan. Masalan, 2020 yilda importga to'siqlar umuman bo'lmagan holda, ichki iste'molning katta qismi import qilingan shakar hisobiga qoplangan bo'lsa, 2021 yilda ichki iste'molninng asosiy qismi mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan qondirilgan. 2020 yilda shakar narxining yillik o'sishi 21% ni tashkil etgan bo'lsa, 2021 yilda bu ko'rsatkich 25,4% ni tashkil etgan . Bir qarashda xulosa qilish mumkinki, iste'molning asosiy qismi mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilarimiz tomonidan qondirilgan yilda shakarning narxi uning importiga to'siqlar bekor qilingan yildagiga nisbatan biroz tezroq o'sgan. Lekin faqatgina ichki bozordagi narx o'zgarishining o'zidan xulosa chiqarib bo'lmaydi. Chunki import qilinayotgan shakar (yoki shakar xomashyosi) narxining mintaqa yoki jahon bozoridagi o'zgarishi ham ichki bozordagi narx o'zgarishiga ta'sir qilishi mumkin. Agar ichki iste'molda import qilinadigan shakar kattaroq ulushga ega bo'lsa, unda mintaqa yoki mamlakatimizga shakar eksport qiladigan davlatdagi narx o'zgarishining ichki bozorimizga ta'siri kuchli bo'ladi. Masalan, mamlakatimiz tayyor shakarni asosan Rossiyadan import qiladi. Bundan kelib chiqadiki, Rossiyadagi narx o'zgarishiga qarab import shakarning ichki bozorga ta'sirini aniqlash mumkin. Xususan, 2020 yilda Rossiyada shakar narxi 64,5% ga qimmatlashgan hamda iste'mol tovarlari orasida eng yuqori narx o'sishi aynan shakar mahsulotida qayd etilgan. Bunday keskin narx o'zgarishi bizning ichki bozorga nisbatan yengil ta'sir qilganligiga sabab — rublning dollarga nisbatan sezilarli darajada qadrsizlanganligi bo'lgan (albatta, bu yagona omil emas). 2021 yilda esa Rossiyada shakar narxi yil davomida bor-yo'g'i 4% ga qimmatlashgan xolos. To'g'ri, 2021 yilning birinchi yarmida Rossiyada shakar narxi davlat tomonidan nazorat qilingan. Lekin shakar narxini nazorat qilish to'xtatilgandan keyin ham bu tovar narxida keskin o'sishlar kuzatilmagan. Ya'ni ichki bozorda taklif haqiqatdan ham 2020 yilga nisbatan yaxshi shakllangan. Boshqa tomondan, Rossiya hukumati ichki bozorda shakar narxini nazorat qilishi shakar import qiladigan davlatlar uchun nafli bo'lishi mumkin. Chunki mahalliy ishlab chiqaruvchilar Rossiya ichki bozorida nazorat qilinayotgan shakarni arzon narxda sotishdan ko'ra qo'shni davlatlarda sotishni afzal ko'rishadi, bu esa shakar import qilayotgan davlatlarning import hajmi oshib, ichki bozorida narxlari barqarorlashishi hamda narx o'sishining sekinlashishiga sabab bo'ladi. Xuddi shunga o'xshash tendensiya 2021 yilda Rossiya hamda Qozog'iston o'rtasida bo'lgan. Agar narxlar Rossiyada nazorat qilinmaganda, bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarning o'z ichki bozorlarida ko'proq sotishiga rag'batni oshirardi hamda eksportning kamayishiga ham sabab bo'lishi mumkin edi. Yuqorida aytganimdek, eksportga to'siqlar qo'yilmagan sharoitda ichki bozorda qaysidir tovar narxini nazorat qilish o'sha tovarni import qiladigan mamlakatlarga ko'proq naf keltiradi. Soddaroq tushuntirilganida, 2020 yilda shakar narxi Rossiyada bizdan karrasiga tezroq o'sgan. O'zbekistonga tayyor shakar importining asosiy qismi Rossiya hissasiga to'g'ri kelishi hisobga olinsa, u yerdagi narx o'sishi bizning bozorda ham o'z aksini ko'rsatmasdan qolmaganligi aniq. 2021 yilda esa mahalliy zavodlarimiz ishlab chiqarish faoliyatini qayta tiklagani holda, shakar narxining inflyatsiyadan ko'ra ikki yarim marta tezroq o'sayotganligini ko'rmoqdamiz. Bizga shakar eksport qiladigan Rossiyada esa narxlar real ko'rsatkichlarda (ya'ni, inflyatsiyani ayirib tashlaganda) hatto pasaygan. Shunisi e'tiborliki, asosiy iste'mol import hisobiga qondirilgan davrda, hatto eksportyor mamlakatlardagi shakarning yuqori narxlari bosimi ostida ham O'zbekiston bozorida shakar narxi nisbatan sekin o'sgan. Asosiy ta'minot mahalliy ishlab chiqaruvchilar zimmasiga tushgan yilda esa narxlar keskin ko'tarilgan. Yoki boshqa bir misol. 2020 yilda Qozog'istonda shakar narxi yil davomida qariyb 34% ga oshgan va shakar iste'mol tovarlari orasida eng yuqori narx o'sishi kuzatilgan tovar bo'lgan. 2021 yilda esa shakar inflyatsiyasi 15,3% ni tashkil etgan . Taqqoslash uchun, O'zbekistonda shakarning narxi 2021 yilda 25,4% ga oshgan edi. To'g'ri, Qozog'istondan juda katta miqdorda shakar import qilmaymiz. Lekin Qozog'istondagi narx o'zgarishining O'zbekistondagi narx o'zgarishiga ta'siri bo'ladi — albatta chegaralar ochiq bo'lgan sharoitda (afsuski 2021 yilda chegaralarimiz yopiq edi). Xususan, 2021 yilning yanvar-noyabr oylarida mamlakatga Qozog'istondan 1,5 ming tonna shakar import qilingan . Taqqoslash uchun, xuddi shu davrda Rossiyadan O'zbekistonga 5,3 ming tonna shakar import qilingan. Qayd etish joizki, 2020 yilda shakar importi uchun to'siqlar olib tashlangan vaqtda ko'pchilik «importyorlar bozorni egallab olguncha narxni arzon ushlab turib, keyinroq narxni ko'taradi» degan fikrni ilgari surgan edi. Bundan tashqari, «import bojlari olib tashlanganligiga qaramay shakar narxi tushmaydi» yoki «narx o'sishi sekinlashmaydi» kabi fikrlar ham ko'p yangragan edi. Agar 2020 hamda 2021 yildagi narx o'zgarishlarini taqqoslab ko'rsak, bunday xavotirlar qaysidir ma'noda haqiqatdek bo'lib ko'rinadi. Chunki qisqa muddatda chegaralar ochilishining ta'siri iste'molchilarga deyarli sezilmadi. To'g'ri, 2020 yilda narx o'zgarishi 2021 yilga nisbatan pastroq bo'ldi. Qaysidir ma'noda, bu iste'molchilar uchun erkin savdo yaxshiroq ekanligini isbotlash uchun, aslida, yetarli, lekin oddiy iste'molchi 2021 yilda shakar narxi 2020 yilga nisbatan tezroq o'sganligini hatto sezmasligi ham mumkin. Narx o'zgarishining faqat O'zbekistondagi emas, balki umumiy mintaqa yoki bizga shakar eksport qiladigan davlatlardagi tendensiyalarini kuzatsak, shunga amin bo'lamizki, 2020 yilda narx o'sishining sekinlashmaganligi yoki pasaymaganligidan «importning erkinlashuvi — bu samarasiz qaror» degan xulosaga kelish aslida xato. Chunki 2020 yilda shakar narxinig keskin o'sishi — boshqa davlatlarda ham kuzatilgan tendensiya hisoblanadi. Agar 2020 yilda shakar importiga to'siqlar saqlanib qolganida, kuzatilganidan ko'ra ancha yuqori narx o'sishiga guvoh bo'lishimiz mumkin edi. 2021 yildagi shakar narxining o'zgarishi esa nisbatan mahalliy ishlab chiqarish bilan bog'liq tendensiya hisoblanadi. Chunki O'zbekistonga shakar eksport qiluvchi davlatlarda narx o'zgarishi ichki bozor bilan taqqoslaganda ancha past bo'lgan, xususan, Rossiyada shakarning real narxi hatto pasaygan. 2021 yilda iste'molchilarning qimmatroq shakar iste'mol qilayotganligi — bu, to'laligacha, qaror qabul qiluvchilarning qarorlari natijasi. Ya'ni qaror qabul qiluvchilar qaysidir sabablarga ko'ra mahalliy ishlab chiqaruvchilar faoliyatini yana qo'llab-quvvatlashga qaror qilishgan va buning natijasida import shakar uchun bojsiz hamda aksiz solig'isiz rejimni davom ettirish lozim ko'rilmagan. To'g'ri, bu qarorlar mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilarning ishlab chiqarish hajmini keskin oshirishiga olib keldi. Natijada mazkur zavodlarda minglab ishchilar ish bilan ta'minlandi. Ammo, boshqa tomondan, butun boshli iste'molchilar, qo'shni davlatlarda shakar narxi bizdagiga nisbatan ancha sekin o'sganligiga qaramay, shakarni qimmatroq narxda sotib olishga majbur bo'lishdi. O'tgan yili shakar zavodlari o'z ishchilarini yoppasiga ishdan bo'shatayotgani masalasi ko'pchilik tomonidan fojea sifatida olib chiqilgan edi. Hatto iste'molchilarning o'zlari ham ko'plab ishchilarning ish o'rnini yo'qotishi va zavodlarning yopilishini yomon xabar sifatida qabul qilgandilar. Lekin aslida ham shundaymi? Keling, ba'zi taxminiy hisob-kitoblarni amalga oshirib ko'ramiz. Albatta, misol asosan raqamlar va hisob-kitobdan iborat. Biroq men misolni texnik jihatdan emas, soddaroq va tushunarliroq qilib tasvirlab berishga harakat qilaman. Tasavvur qilamiz, import bojlari bo'lmagan sharoitda ichki shakar iste'moli 525 ming tonnani (import to'siqlari bor sharoitda bu ko'rsatkich 470 ming tonna) tashkil etadi. Agar importga mavjud to'siqlar butunlay olib tashlansa, bu ichki bozordagi narxning 25% pasayishiga sabab bo'ladi. Importga to'siqlar 40% atrofida bo'lgan sharoitda, to'siqlar olib tashlanishining umumiy narxga ta'siri aslida 25% dan yuqoriroq bo'lishi ehtimoli katta, biroq bozorlar sof raqobat bozori emasligi hamda transport xarajatlari mavjudligini hisobga olgan holda, to'siqlar olib tashlanishining narxga ta'sirini -25% deb olamiz. Shakar narxini esa kilogrammi uchun o'rtacha 9000 so'm etib belgilaymiz va zarur hisob-kitobni amalga oshiramiz (chegara ochilgandagi narx esa 6750 so'm). Yuqorida olingan shartlarning hammasi real hayotga yaqin qilib olingan, albatta ayrim xatoliklar bo'lishi mumkin. Import bojlarining bekor qilinishi natijasida narxlar 6750 so'mgacha pasaysa, unda iste'molchilarning narx pasayishidan ko'radigan nafi 1,12 trln so'mga teng bo'ladi (grafikda a+b soha). O'tgan yilgi tendensiyani kuzatsak, import bojlarining olib tashlanishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarning faoliyati butunlay to'xtashiga olib kelgan edi, hozirgi misolda ham aynan shunday tasavvur qilamiz. Ya'ni import bojlarining olib tashlanishidan ishlab chiqaruvchilarning umumiy yo'qotishi 528 mlrd so'mga teng bo'ladi (grafikda a soha). Ko'rib turganingizdek, chegaralarning ochilishi natijasida iste'molchilarning oladigan nafi ishlab chiqaruvchilarning yo'qotishidan taxminan ikki barobar ko'proq. Boshqacha aytganda, chegaralarning ochilishidan butun iqtisodiyot 592 mlrd so'm yutadi. Bu raqam import bojlari saqlanib qolgan sharoitda iqtisodiyotning yillik yo'qotishi hisoblanadi. Ya'ni shakar importi uchun to'siqlarning olib tashlanishi umumiy farovonlikni yiliga qariyb 600 mlrd so'mga oshiradi. Agar yo'qotishlar yoki yutuqlarni aholi jon boshiga hisoblansa, bir qarashda yo'qotishlar kattadek ko'rinmaydi. Masalan, chegarada bojlar mavjud bo'lgan sharoitda har bir iste'molchining yo'qotishi yiliga o'rtacha 32 ming so'mni tashkil etadi xolos. Boshqacha aytganda, shakar zavodlarining ishlab turishi hamda chegaradagi bojlarning saqlanib qolishi har bir iste'molchini yiliga o'rtacha 32 ming so'mga kambag'allashtiradi. Ko'rib turganingizdek, agar zararni butun aholiga bo'lib yuborilsa, unda bitta iste'molchi o'zining kambag'allashayotganligini hatto sezmaydi ham. Ammo har bir iste'molchining ko'rgan zararini qo'shib chiqilsa, unda bu judayam katta raqamga aylanadi. Boshqa tomondan, ishlab chiqaruvchilar iste'molchilar singari ko'p bo'lmaganliklari tufayli, chegaradagi bojlarning saqlanib qolishidan har bir ishlab chiqaruvchining ko'radigan foydasi katta bo'ladi. Tabiiyki, to'siqlarning olib tashlanishidan ko'radigan zarari ham. Hozirgi kunda O'zbekistonda ikkita shakar zavodi faoliyat yuritadi, o'z navbatida, savdoning erkinlashtirilishidan keladigan zarar aynan shu ikki zavod yelkasiga tushadi. O'z-o'zidan, zarar judayam katta bo'lganligi bois bu zavodlar, qaysidir ma'noda, hukumatga turli yo'llar bilan ta'sir o'tkazishga urinadi hamda ichki bozorni imkon qadar yuqoriroq bojlar bilan tartibga solishni talab qiladi. Proteksionizm soyasiga yashirinishga harakat qiladigan bu kabi zavodlar, o'zlarining ishlab turishi jamiyat uchun foydali ekanligiga hukumat va xalqni ishontirish maqsadida o'zlari yaratayotgan ishchi o'rinlarini asosiy argument sifatida keltirishadi. Vaholanki, shakar zavodlaridagi ish o'rinlari iste'molchilarning kambag'allashishi evaziga yaratiladi. Masalan, hozirgi kunda O'zbekistondagi ikkita shakar zavodida 2000 ga yaqin ishchi faoliyat olib boradi. Yuqorida keltirilgan misoldan kelib chiqadigan bo'lsak, mazkur zavodlarning ishlab turishi oqibatida iste'molchilar yiliga jami 1,12 trln so'mga kambag'allashadi. Agar bu zararni har bir ishchiga bo'lib chiqsak, 560 mln so'mdan to'g'ri keladi. Ya'ni shakar ishlab chiqarishda yaratilgan har bir ish o'rni evaziga iste'molchilar yiliga 560 mln so'mga kambag'allashadi. Yoki, boshqacha aytganda, bu sohada yaratilgan bitta ish o'rni jamiyatga 560 mln so'mga tushadi. Agar zavodlarda ishlaydigan ishchilarning o'rtacha oylik maoshi 3 mln so'mni tashkil etsa (menimcha, bu biroz optimistroq raqam), unda kelib chiqadiki, iste'molchilar uchun import bojlarini olib tashlab, ishini yo'qotgan ishchilarga oylik maoshini to'lab turish hozirgi holatdan taxminan 15,5 marta arzonroq tushadi. Bundan tashqari, «zavodlar yopilsa, ishsizlik keskin oshib ketadi», degan argumentni beruvchilar ko'p topiladi. Lekin zavodda band bo'lgan xodimlarning ishsiz qolishi ishsizlikni hozirgi darajasidan bor-yo'g'i 0,00013% ga oshiradi xolos. Xo'sh, bu ko'rsatkich seziladimi? Ba'zi hududlar, masalan, Angren yoki Xazorasp tumanlarida (Xorazm viloyati) biroz sezilishi mumkin, lekin butun iqtisodiyot nuqtai nazaridan olib qaraganda, bu yo'qotish umuman sezilmaydi. Albatta, men odamlarning ishsiz qolishi yaxshi, degan fikrdan yiroqman, lekin aynan mana shu zavodlarning ishlab turganligi sababli resurslarning noto'g'ri taqsimlanishi natijasida yo'qotiladigan potensial ish o'rinlari bu zavodlar yaratadigan ish o'rinlaridan ancha ko'proq . Boshqacha aytganda, zavodlar yopilishidan iqtisodiyot ish o'rinlari yo'qotmaydi, balki resurslarning qaytadan, samaraliroq taqsimlanishi natijasida ko'proq ish o'rinlari yaratiladi. Shubhasiz, yuqoridagi tipik misol real hayotdan farq qilishi mumkin. Qolaversa, model nihoyatda sodda. Lekin bu mazkur misol haqiqiy hayotni aks ettirmaydi, degani emas. Chunki, birinchidan, barcha ko'rsatkichlar mavjud statistik ma'lumotlarga asoslangan holda olingan, bundan tashqari modelning soddaligi hisobiga ba'zi omillar e'tibordan chetda qoldiriladi. Bu esa zavodlarning jamiyatga keltirayotgan zarari aslida misolda keltirilganidan ko'ra ancha ko'proq bo'lishi mumkinligini anglatadi. Masalan, zavodlarning mavjudligi resurslarning noto'g'ri taqsimlanishi hamda rag'batlarning noto'g'ri shakllanishiga olib keladi. Bunday oqibatlarning modelda inobatga olinmasligi ham zavodlarning keltirayotgan zararini hisob-kitoblarda kamroq ko'rinishiga olib keladi. Biroq modelning sodda ekanligi o'quvchilarning haqiqiy vaziyat haqida aniqroq va tushunarliroq xulosa olishiga yordam beradi. 2020 yilda shakar importining qisqa muddat bo'lsada erkinlashganligi, albatta, juda quvonarli hodisa bo'lgan edi. Lekin ba'zi omillar natijasida iste'molchilar erkin savdoning haqiqiy nafini o'z tanalarida sezishga muvaffaq bo'lolmadi. Ammo bu erkin savdoning foydasiz yoki samarasiz ekanligini anglatmaydi. Proteksionizm esa, har doim ta'kidlanganidek, yomon va zararli qaror. Uning qanchalar zararli ekanligini 2021 yildagi tendensiyalardan ham ko'rish mumkin. Xususan, yuqorida guvohi bo'lganimizdek, ichki bozorimizda shakar narxining o'sishi, bizga tayyor shakar eksport qiladigan davlatlar bilan taqqoslaganda, nihoyatda yuqori bo'lgan. Turli proteksionizm usullari orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish iste'molchilarning kambag'allashib borishiga olib keladi. Lekin zararning har bir iste'molchiga ta'siri kichik bo'lganligi uchun iste'molchilar o'zlarining kambag'allashayotganini sezmaydi hatto. Ammo iqtisodiyotimizning hajmi aynan mana shunaqa zararli zavodlarning ishlab turishi natijasida kichrayib boradi. Yechim esa — erkin savdo. Ya'ni erkin savdoga yo'l ochib berilishi iste'molchilarni boyroq qiladi hamda umumiy farovonlikni oshiradi. Men bu fikrim bilan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni yopib chegaradagi bojlarni ochish kerak, demoqchi emasman. Chegaradagi importga bo'lgan to'siqlarni olib tashlab, ichki ishlab chiqaruvchilar adolatli raqobat muhitida ishlay olishsa, demak ularni ishlashiga hech kim to'sqinlik qilmaydi. Qaysi mahsulot bo'lishidan qat'i nazar, agar uni mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishlab chiqarishi import qilishdan arzonroq bo'lsa, unda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bu tovarni ishlab chiqarishi kerak, agar chet eldan import qilib iste'mol qilish arzonroq bo'lsa, unda bu tovar ishlab chiqarilishi emas, balki import qilinishi kerak. Masalaning eng muhim jihati esa, қ aйси mahsulotni import qilish-u, qaysinisini ishlab chiqarishni davlat emas, balki erkin va bojlarsiz bozor hal qilishi kerak. Aks holda har qanday noto'g'ri qarorning jabrini iste'molchilar tortadi. Shuni ham qayd etish joizki, O'zbekistonda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish bahonasida erkin savdoning cheklanishi faqatgina shakar bilan bog'liq hodisa emas, balki boshqa ko'plab tovarlar uchun ham amal qiladigan rejim hisoblanadi. Iste'molchilarning savdo yopiqligidan ko'radigan zarari yildan-yilga oshib bormoqda, lekin afsuski qaror qabul qiluvchilar iste'molchilarning manfaatlariga xizmat qiladigan qarorlarni qabul qilishga umuman shoshilishmayapti. Erkin savdoga qarab yurmasligimiz esa, aslida, bugungi kundagi haqiqiy fojealarimizdan biridir. Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. Mirkomil Xolboyev - iqtisodchi, Janubiy Koreyadagi Jeonbuk milliy universiteti Xalqaro savdo yo'nalishi magistranti. | columnist |
Ukrainadagi urush, boshqa og'ir salbiy oqibatlari bilan bir qatorda, hozirgi globallashuv jarayonlariga ham tahdid solmoqda. Ko'plab mamlakatlar Rossiyaga nisbatan misli ko'rilmagan sanksiyalar kiritmoqda, yirik korporatsiyalar Rossiya bozorini tark etmoqda, bundan tashqari ayrim davlatlar muayyan tovarlar eksportiga cheklovlar o'rnatmoqda. Mamlakatlar o'rtasidagi savdo aloqalarining qiyinlashishi, qimmatlashishi va cheklanishi kabi holatlar Ikkinchi jahon urushidan keyin jadal rivojlana boshlagan erkin savdoning kelajagini yana xavf ostida qoldirmoqda — xuddi Birinchi jahon urushining boshlanishi bilan globallashuvning birinchi to'lqini to'xtab qolganidek. Ayniqsa, ayrim davlatlar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari eksportiga vaqtincha cheklovlarning joriy etilishi rivojlanayotgan hamda nisbatan kambag'al davlatlar uchun og'ir zarba bo'ladi. Sababi — past daromadli davlatlarda oziq-ovqat mahsulotlarining umumiy iste'moldagi ulushi nisbatan yuqori hisoblanadi. Boshqacha aytganda, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi kambag'alroq davlatlar aholisiga ko'proq seziladi. Urush boshlanganining dastlabki kunlaridanoq ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining global narxlari keskin o'sa boshladi . Xususan, kungaboqar yog'i eksportida yetakchi mamlakatlar hisoblangan Rossiya va Ukraina iqtisodiyotidagi beqarorlik fonida jahon bozorida o'simlik yog'i narxlari keskin ko'tarildi. Masalan, Ukrainadan import qilinadigan kungaboqar yog'iga kuchli bog'langan Hindistonda uning oylik inflyatsiya darajasi 9% ga yaqinlashib ulgurdi. Bundan tashqari, don mahsulotlari narx indeksining keskin o'sishi kuzatilmoqda. Mart oyida jahon bozorida don mahsulotlari indeksi 12,6% ga oshgan va bunday keskin o'sish bug'doy narxining sezilarli ko'tarilganligi bilan izohlanadi. Shuningdek, go'sht narxi indeksi mart oyida 4,8% ga oshgan. Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining qisqa muddatda bunday keskin oshishi, yuqorida ta'kidlab o'tilganidek, nisbatan past daromadli davlatlar uchun nihoyatda og'riqli kechadi. 2021 yilning may hamda oktabr oylarida O'zbekistonda bir nechta asosiy oziq-ovqat mahsulotlari realizatsiyasi hamda importi QQSdan ozod qilindi. Qayd etish joizki, berilgan QQS imtiyozlari o'tgan davr mobaynida, qaysidir ma'noda, ichki bozordagi narxning sezilarli barqarorlashuviga xizmat qildi. Biroq bunday barqarorlik asosan mazkur mahsulotlar import hajmining sezilarli oshganligi hisobiga kuzatilayotgan edi. Masalan, 2021 yil may oyida yog' mahsulotlari realizatsiyasi hamda importi QQSdan ozod qilingandan so'ng yil davomida yog' mahsulotlari narxi barqaror saqlanib qoldi hamda ba'zi oylarda hatto pasaydi. Lekin fevral oxirida urush harakatlarining boshlanishi ortidan yog' narxlari o'sish sur'ati nisbatan tezlashdi. Chunki mamlakatga o'simlik yog'i importining qariyb 90% qismi Rossiya va Qozog'iston orqali kirib keladi. Grafik: Davlat statistika qo'mitasi ma'lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi. 2021 yil oktabr oyida go'sht va kartoshka mahsulotlari importi hamda realizatsiyasi QQSdan ozod qilingan edi. Imtiyozli davr boshidan fevral oyigacha bo'lgan davrda go'sht mahsulotlari narxi qariyb 1% ga pasayganligini kuzatishimiz mumkin. Albatta, joriy etilgan imtiyozlarning hajmi bilan solishtirilganda go'sht mahsulotlari narxlarining pasayishi juda kichik. Lekin bu borada xulosa qilishdan oldin ayrim jihatlarni sanab o'tish va inobatga olish zarur. Birinchidan, go'sht mahsulotlarini QQSdan ozod qilish qisqa muddatda ichki bozorda katta o'zgarishlarga sabab bo'lmaydi. Buni go'sht bozorining o'ziga xosligi — mahsulot yaratish va uni realizatsiya qilish orasidagi nisbatan uzoq muddat bilan izohlash mumkin. Imtiyozli davrda ichki bozordagi narxga ta'sir qilishi mumkin bo'lgan asosiy omil — bu import hajmi. Ammo go'sht mahsulotlari importi umumiy go'sht iste'molida juda kichik ulushga ega ekanligi go'sht mahsulotlari importining ichki bozorga ta'sirini chegaralaydi. Ikkinchidan, imtiyoz berilguncha bo'lgan davrda go'sht mahsulotlari narxi sezilarli sur'atda o'sib kelayotgan edi. Ya'ni QQS bo'yicha berilgan imtiyoz (asosan importning arzonroq kirib kelishi hisobiga) go'sht mahsulotlari narxlari o'sishining sekinlashishiga xizmat qilgan. Kartoshka uchun berilgan imtiyozlar ham asosan import hajmining ortishi evaziga ichki bozordagi narxga ta'sir o'tkazdi. 2021 yil avgust oyidan boshlab O'zbekistonda kartoshka narxlari, 2020 yilning mos davridagi ko'rsatkichlar bilan taqqoslaganda, sezilarli oshishni boshlagan edi. Imtiyozli davr boshlanishi bilan narx o'sishi dastlab sekinlashdi, fevral oyidan boshlab hatto pasayuvchi tendensiyani namoyon qilib kelmoqda. Bu tendensiyani aynan kartoshka importi hajmining sezilarli oshganligi bilan izohlash mumkin (aprel oyidagi narx pasayishi asosan mavsumiy pishiqchilik davri bilan bog'liq). Masalan, joriy yilning yanvar-mart oylarida kartoshka importi 10,4 ming tonnani tashkil etgan hamda o'tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 4,6 ming tonnaga yoki 1,8 barobarga oshgan . Grafik: Davlat statistika qo'mitasi ma'lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi. Yaqinda ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari uchun QQS bo'yicha imtiyozlar muddatini 31 dekabrgacha uzaytirilganligi haqida xabar qilindi . Ko'pchilikda imtiyozli davrning uzaytirilishi qanday o'zgarishlar olib kelishi mumkin, degan savol tug'ilgan bo'lishi tabiiy. Imtiyozli davr yana uzaytirilishiga qaramay ayrim turdagi tovarlar uchun narx barqarorligini saqlab qolish endilikda bir muncha qiyin bo'lishi mumkin, ba'zi tovarlar narxini barqaror saqlab qolishning ehtimoli esa nisbatan yuqori. Xususan, kartoshka kabi mahsulotlarining mavsumiy pishiqchilik davri kelganligi uning narxi pasayishiga xizmat qilishi ham shubhasiz. Kelayotgan oylarda o'simlik yog'i (umuman yog'lar) narxini barqaror ushlab turish qaror qabul qiluvchilar uchun mushkul vazifaga aylanadi. Chunki yog' narxining barqarorligini ta'minlash to'laqonli ichki imkoniyatlarimizga bog'liq emas. Birinchidan, Ukrainadagi urushning boshlanishi butun dunyoda o'simlik yog'i narxlarining sezilarli darajada o'sishiga sabab bo'ldi. Bu esa boshqa shartlar o'zgarmagan holatda ham mamlakatimizda narx tebranishlariga olib kelishi muqarrar. Chunki O'zbekiston o'simlik yog'ini (shuningdek, xomashyo ham) katta hajmda import qiladi. Ikkinchidan, urush fonida Rossiya hamda Qozog'iston o'z ichki bozorlaridagi narx barqarorligini ta'minlash maqsadida kungaboqar yog'i va kungaboqar ozuqasi uchun vaqtinchalik eksport kvotasini joriy etdi. Eksport kvotasi bu eksportning butunlay to'xtatilishini emas, balki eksport hajmiga ma'lum darajada cheklov o'rnatilganligini anglatadi. Masalan, Rossiya sentabr oyiga qadar kungaboqar yog'i eksportiga 1,5 mln tonna miqdorida, kungaboqar ozuqasiga esa 700 ming tonna miqdorida kvota o'rnatdi . Qozog'iston esa 2021 yilning avgust oyidayoq kungaboqar yog'i hamda ozuqasi eksportiga 2022 yilning iyul oyiga qadar eksport kvotasi o'rnatgan edi. Xususan, kungaboqar yog'i uchun oylik eksport kvotasi 32 ming tonna bo'lsa, kungaboqar urug'lari uchun 15 ming tonna miqdorida belgilangan edi. Ta'kidlash joizki, o'rnatilgan eksport kvotasi mamlakatning amaldagi oylik eksport hajmidan ancha yuqori bo'lsa-da, 2021 yil sentabr hamda 2022 yil yanvar oylari oralig'ida Qozog'istonning umumiy kungaboqar eksporti o'tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 21% ga pasaygan. O'zbekistonga eksport hajmi esa bu davrda taxminan 17% ga qisqargan . Manba: https://www.apk-inform.com/en/news/1526259 Qayd etish kerakki, Qozog'iston bilan vaziyat eng kamida iyul oyiga qadar o'zgarmaydi. Qozog'istondan import hajmi biroz kamayishi hamda jahon bozoridagi vaziyatdan kelib chiqqan holda qimmatlashishi mumkin. Rossiya hukumati 2021 yilning ikkinchi yarmida kungaboqar yog'i eskporti uchun tariflarni oshirganligi , urush boshlanganidan keyin kungaboqar yog'i hamda uning ozuqasi eskportiga vaqtinchalik cheklov o'rnatganligi esa O'zbekiston ichki bozoriga ham ta'sir qilishi ehtimoli yuqori. 2021 yil ikkinchi yarmida Rossiyada kungaboqar yog'i eksportiga qo'yiladigan eksport boji stavkasining oshirilishi mamlakatimizga Rossiyadan kirib kelayotgan yog' importini keskin pasaytirgan edi. Bu tendensiya ko'pchilikda yanglish fikrni keltirib chiqarishi mumkin. Ya'ni Rossiyadan yog' importi 2021 yildayoq kamaya boshlagan ekan, yog' eksportiga kiritilgan yangi cheklovlarning ichki bozorimizga ta'siri kuchli bo'lmaydi, degan tasavvur uyg'onishi ehtimoldan yiroq emas. Umuman olganda, bu fikrda qisman jon bor. Biroq bu borada boshqa bir farazga ham e'tibor qaratish maqsadga muvofiq — Rossiyadan yog' importi kamaymagan, balki u O'zbekistonga katta ehtimol bilan boshqa nom ostida kirib kelmoqda. Masalan, yanvar-fevral oylarida Rossiyadan import qilingan oziq-ovqat mahsulotlari qatorida yog' mahsulotlari umuman ko'rsatilmagan, sababi yog' importi hajmi juda kichik bo'lgan (yoki bir qismi Qozog'iston orqali kirib kelgan). Ayni paytda, margarinning import hajmi o'tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 5,8 barobarga oshgan va Rossiyadan kirib keladigan asosiy import tovariga aylangan. Tabiiy savol tug'iladi — qisqa muddatda hech qanday sababsiz mamlakatimizda margarin iste'moli shu darajada keskin oshib ketdimi? Albatta, yo'q. Nazarimda, bunday tendensiyaning kuzatilishiga asosiy sabab — Rossiyada yog' eksportiga tariflarning oshirilishi. Ya'ni eksportyorlar (yoki importyorlar) oshirilgan eksport tariflarini aylanib o'tish maqsadida «yog'ni margaringa aylantirish» orqali o'z xarajatlarini kamaytirayotgan bo'lishi mumkin. Margarin iste'molining bu tarzda asossiz keskin o'sishi hech bir sog'lom aqlga to'g'ri kelmaydi. Bundan tashqari, O'zbekistonga o'simlik yog'i importida taxminan 60% ulushga ega bo'lgan mamlakatdan import hajmining bunday keskin pasayishi ichki bozordagi narxga ta'sir o'tkazmaydimi? Albatta o'tkazishi kerak edi va o'simlik yog'i narxining nisbatan tez sur'atda o'sishi yanvar-fevral oylaridayoq kuzatilgan bo'lardi. Umuman olganda, Rossiya tomonidan kiritilgan cheklov bir nechta jihatlar orqali ichki bozorimizga ta'sir qiladi. Birinchidan, Rossiya o'rnatgan eksport kvotasi O'zbekistonga Rossiyadan yog' importi hajmini kamaytirishi mumkin. Lekin hozirgi kunda Rossiyadan yog' nomi ostida kirib kelayotgan import tovari hajmi juda kichik ekanligini hisobga olsak, bu omilning ta'siri kuchli bo'lmaydi — o'z navbatida, margarin importi oshishda davom etishi mumkin. Ikkinchidan, Rossiyaning yog' eksportiga cheklovi mamlakatimizga Qozog'istondan kirib keladigan yog' importi hajmini kamaytirishi mumkin. Rossiya va Qozog'iston Yevroosiyo Ittifoqiga a'zo davlatlar bo'lganligi bois ular orasida tovarlar harakati uchun deyarli hech qanday cheklov mavjud emas (istisno holatlarni hisobga olmasak). Ya'ni bu ikki mamlakat orasida bojxona ittifoqi rejimi amal qiladi. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizga Qozog'istondan kirib kelayotgan yog' mahsulotlarining bir qismi aslida Rossiyada ishlab chiqarilgan hamda Qozog'iston orqali re-eksport qilinayotgan bo'lishi ehtimoldan holi emas. Rossiya hukumati o'rnatgan cheklov esa Qozog'istondan kirib keladigan importga ham salbiy ta'sir qilishi mumkin (ammo bu ta'sir sezilarli darajada bo'lmaydi). Uchinchidan, jahon iqtisodiyotidagi umumiy beqarorlik ortidan yog' narxlarida ham sezilarli o'sish kuzatilmoqda. Bu kelgusi oylardan O'zbekiston ichki bozoriga ham o'z ta'sirini o'tkazmasdan qolmaydi. Ya'ni import hajmi kamaymagan taqdirda ham import qilinadigan yog' endilikda nisbatan yuqori narxlarda kirib kela boshlaydi. Bu, o'z navbatida, ichki bozorda narxning o'sishga sabab bo'ladi (bunday tendensiya mart oyidan boshlanib ulgurgan). Go'sht mahsulotlari uchun imtiyozli davrning uzaytirilishi, yog'dan farqli ravishda, ichki bozorda nisbatan barqaror vaziyatni vujudga keltirishi yoki narx o'sishi kuzatilgan taqdirda ham, bu o'simlik yog'i bilan taqqoslaganda sezilarli darajada past bo'lishi mumkin. Birinchidan, jahon bozorida go'sht narxlari o'sish sur'ati o'simlik yog'i narxlari bilan taqqoslaganda u qadar yuqori emas. Ikkinchidan, O'zbekistonga import go'shtning qariyb 60% qismi Belarusdan kirib keladi . Belarus kelgusi oylarda O'zbekistonga go'sht eksportini oshirishni rejalashtirmoqda . Yuqorida keltirilgan ikki sababga ko'ra yangi imtiyozli davrda go'sht mahsulotlari narxi barqaror saqlanib qolishining ehtimoli yuqori. Kartoshka uchun pishiqchilik davri kelayotganligi taxminan avgust oyiga qadar kartoshka narxlarida pasayuvchi tendensiya kuzatilishiga zamin yaratadi. Mavsumiy pishiqchilik davri tugagach, kartoshka narxida o'sish kuzatilishi mumkin. Agar imtiyozli davr dekabr oyiga qadar uzaytirilsa, bu kartoshka importi hajmining yuqori darajada saqlanib qolishiga xizmat qiladi. Bu, o'z navbatida, mavsumiy pishiqchilik tugagandan keyin ham kartoshka narxlarining barqaror saqlanib qolishiga yoki kutilganidan sekinroq o'sishiga sabab bo'lishi mumkin. Umuman olganda, Ukrainadagi urush fonida 2022 yil biz kabi past daromadli mamlakatlar uchun judayam sinovli davr bo'ladi. Ayni shu kutilmada Markaziy bank 2022 yilda inflyatsiya darajasi uchun yangi 12−14% lik targetni belgiladi . Ya'ni asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o'sishi xavfi ortib borayotganligi regulyator o'z kutilmalarini o'zgartirishiga sabab bo'ldi. Asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini narxlarining oshishi global miqyosda asosiy xavotirlardan biriga aylanib ulgurdi. Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlarini katta hajmda eksport qiluvchi ayrim davlatlar ba'zi turdagi oziq-ovqat tovarlariga vaqtinchalik eksport cheklovlari o'rnatmoqda. Jumladan, O'zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining yuqori sur'atda o'sishi xavfining oldini olish maqsadida ba'zi turdagi tovarlarni ishlab chiqarish hamda import qilish uchun berilgan imtiyozli davrni yana uzaytirish masalasi ko'rib chiqilmoqda. Umuman olganda, imtiyozli davrning uzaytirilishi ichki bozorga, 2021 yilda bo'lgani kabi, asosan import tovarlari (qisman ichki bozordagi o'zgarishlar) orqali ta'sir qilishi mumkin. Lekin joriy yilda tashqi beqarorliklarning jahon bozoriga, xususan ichki bozorimizga ham ta'siri yuqori. Shu sababli ba'zi tovarlar uchun imtiyozli davrning uzaytirilishi amalda bu tovarning narxi barqaror saqlanib qolishi uchun yetarli bo'lmasligi mumkin. Yog' mahsulotlari narxi, yuqorida ta'kidlanganidek, kelayotgan oylarda qaror qabul qiluvchilar uchun eng asosiy masalaligicha qolaveradi. Chunki yog' mahsulotlari narxi allaqachon sezilarli darajada o'sishni boshlab ulgurdi. Ammo QQS bo'yicha imtiyozlar go'sht hamda kartoshka mahsulotlari narxi yilning ikkinchi yarmida ham barqaror saqlanib qolishiga zamin yaratishi mumkin. Chunki kartoshka yoki go'sht mahsulotlari uchun tashqi beqarorlik yog' mahsulotlari kabi yuqori emas. Muallifning fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin. | columnist |
O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O'zLiDeP) va «Milliy tiklanish» Demokratik partiyasi fraksiyalari tomonidan boshlab yuborilgan Konstitutsiyaga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish jarayoni jadallashib bormoqda. Akmal Saidov boshchiligida Konstitutsiyani isloh qilish bo'yicha komissiya tuzildi . Saidov Bosh qonunga o'zgartirishlar kiritish kerakligini so'roq ostiga olgan internet-foydalanuvchilarini bilmasdan turib gapirishda aybladi va «hozir butun dunyoda konstitutsiyaviy islohotlar sharpasi kezib yurganligi»ni ta'kidladi. U Konstitutsiyasiga so'nggi o'zgartirish 30 yil oldin kiritilgan AQShni misol tariqasida keltirdi. Senat raisining o'rinbosari Sodiq Safoyev amaldagi Konstitutsiya bilan barcha kutilgan o'zgarishlarni amalga oshirishning imkoni yo'qligini ta'kidladi . U mamlakat aholisi ko'p yillardan buyon ko'tarayotgan savolni misol qilib keltirdi: qachongacha hokimlar ham ijro, ham vakillik hokimiyati rahbari bo'ladi. Bunday bo'shliqlar Konstitutsiyada haqiqatdan ham bor. Iqtisodchi, Bakiroo Telegram-kanali muallifi Otabek Bakirov O'zbekistondagi oldingi konstitutsion islohotlar asosan Konstitutsiyaning 90-moddasi talablarini chetlab o'tish va prezidentlik muddatlarini «nollashtirish» uchun qilinganligini eslatdi . Ushbu moddada ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O'zbekiston prezidenti bo'lishi mumkin emasligi belgilangan. 1995 yilda, prezident Islom Karimovning vakolatlari tugashidan bir yil oldin O'zbekistonda prezidentning vakolatlarini 2000 yilgacha uzaytirish to'g'risida referendum bo'lib o'tgan edi. Prezident referendum natijalarini ikkinchi muddatga qayta saylanish deb e'tirof etishi haqida bayonot bergan edi, biroq 2000 yilgi saylovlarda uning nomzodi yana ko'rsatildi. 2003 yilda Konstitutsiyaga o'zgartirishlar kiritildi, shu jumladan prezidentlik vakolatlari muddati besh yildan yetti yilga oshirildi va prezident saylovlarini prezident vakolatlari tugaydigan yilning dekabr oyi uchinchi o'n kunligining birinchi yakshanbasida o'tkazish belgilandi. Biroq surunkasiga ikki muddatdan oshiq lavozimda qolish mumkin emasligi cheklovi o'z kuchida qoldi. Shunga qaramasdan, 2007 yilda Islom Karimov nomzodi yana bir marotaba davlat rahbari lavozimiga ko'rsatildi . YeXHT DIIHB ning saylovlarni kuzatish bo'yicha cheklangan missiyasi o'z hisobotida shunday yozgan edi: «Markaziy saylov komissiyasi pozitsiyasiga binoan, 1992 yilda Konstitutsiya qabul qilinganidan so'ng prezident Karimov bir marotaba 2000 yilda saylangan, shunday qilib Konstitutsiyaning 90-moddasiga muvofiq qayta saylanish huquqiga ega». MSK 2007 yilgi saylovlarni Islom Karimovning ikkinchi prezidentlik muddati (demak, oxirgisi) deb hisoblaganiga qaramasdan, uning nomzodi 2015 yilgi saylovlarda ham ilgari surildi. YeXHT DIIHB ning cheklangan missiyasi o'z yakuniy hisobotida buni «qonun ustuvorligi umumiy tamoyilining buzilishi» deb baholadi va o'z tavsiyalarida «Konstitutsiyaga rioya qilish shart, va Konstitutsion sud tayinlangan organ sifatida Konstitutsiya normalarini sharhlashi kerak», deb yozgan edi. 26 may kuni Konstitutsion komissiyaning yig'ilishida hozirgacha konstitutsiyaga o'zgartirishlar bo'yicha kelib tushgan takliflar 13,15, 29, 37, 40, 41, 53, 78 va 80-moddalarga bog'liq ekanligi aytildi . Ya'ni, hozircha 90-moddaga o'zgartirish kiritish masalasi muhokama qilingani yo'q. O'zbekisiton prezidentlik muddatini «nollashtirish»ga harakat qilingan yagona davlat emas. AQShdagi Virjiniya Universiteti huquq fakulteti tadqiqotchilari turli xil mamlakatlardagi 60 ta shunday urinishlarni o'rganishdi va tizimlashtirishdi. Tadqiqot mualliflarining ta'kidlashicha, konstitutsion cheklovlarni chetlab o'tishning eng keng tarqalgan strategiyasi konstitutsiyaga o'zgartirish kiritish bo'lgan — o'rganilgan «nollashtirish» holatlarining 60% da bosh qonunga o'zgartirish kiritilgan, ularning 60% muvaffaqiyatli bo'lgan. 8% xolatlarda yangi konstitutsiya qabul qilingan va shu orqali eski konstitutsiya bo'yicha muddatlar hisobga olinmasligi e'lon qilingan («oq qog'oz» nazariyasi) — ularning barchasi muvaffaqiyatli kechgan. «Nollashtirish» uchun konstitutsiyaga kiritiladigan o'zgartirishlar turli xil bo'lishi mumkin — muddatlar bo'yicha cheklovlarni olib tashlashdan boshlab muddatlar soni yoki muddatlar yilini o'zgartirishgacha, yoki bir nechta o'zgartirishlar kombinatsiyasi. Masalan, 2018 yilda Xitoy Xalq Respublikasi konstitutsiyasining 45-moddasiga kiritilgan o'zgartirishlar mamlakat prezidenti va vitse-prezidenti uchun surunkasiga faqatgina ikki muddat bo'yicha cheklovlarni olib tashladi. Ushbu o'zgartirishlarni yoqlab ko'pchilik ovoz bergan bo'lsa-da, ayrim tanqidchilar bu «xaosga olib kelishi» va «tarixchilar tomonidan fars deb baholanishi» haqida o'z xavotirlarini bildirishgan edi. 2004 yilda Belarus prezidenti Aleksand Lukashenkoning ikkinchi muddati tugashidan bir oz vaqt oldin mamlakat Konstitutsiyasidan prezidentlik vakolatlari muddati ikkita besh yillik muddatlar bilan cheklanishi haqidagi cheklovlar olib tashlandi . Lukashenkoning uchinchi va to'rtinchi muddatlari moliyaviy inqiroz fonida kechda, oltinchisi esa ommaviy namoyishlar bilan boshlandi . «Nollashtirish»ning yana bir qiziq holati — konstitutsion cheklovlarga qaramasdan alohida shaxsga qayta saylanish huquqini berish. Masalan, Kolumbiya konstitutsiyasining 197-moddasida «prezident sifatida xizmat qilgan har qanday fuqaro prezident etib qayta saylanishi mumkin emas» deb belgilanganligiga qaramasdan, 2015 yilda Alvaro Uribe «so'lradikal kuchlar bilan kurashni davom ettirish» bahonasi bilan qayta saylanish huquqini qo'lga kiritdi , biroq 2010 yilda uning uchinchi muddatga qayta saylanish urinishiga rad javobi berilgan edi . Uning prezidentligi qanday kechganligi bo'yicha fikrlar bir-biridan farq qiladi , va keyinroq unga korrupsiya va guvohlarni og'dirib olish bo'yicha ayblovlar qo'yilgan edi. Tojikiston konstitutsiyasining 65-moddasi ayni bir shaxsga davlat rahbari lavozimini surunkasiga ikkita yetti yillik muddatdan ko'proq egallashni taqiqlaydi. Biroq 2016 yilda qabul qilingan o'zgartirishlarga ko'ra, ushbu cheklov Tinchlik va milliy birlik asoschisi — Millat yetakchisiga taalluqli emas. Konstitutsion qonunga muvofiq, Millat yetakchisi amaldagi prezident Emomali Rahmon hisoblanadi. Shunga o'xshash istisno — ikkita muddatdan ko'proq saylanish huquqi — Qozog'iston konstitutsiyasining 42-moddasiga ko'ra mamlakatning birinchi prezidenti — konstitutsion qonun bilan Elboshi maqomi berilgan Nursulton Nazarboyevga ham kafolatlangan. Nazarboyev 30 yil davomida hokimiyat tepasida bo'lishga erishdi, va tahlilchilarning qayd etishicha , hattoki o'z xohishi bilan iste'foga chiqqandan keyin ham mamlakat siyosiy tizimi ustidan sezilarli nazoratni saqlab qolgan edi. Biroq yanvar voqealaridan so'ng prezident Qasim-Jomart Toqayev tomonidan e'lon qilingan o'zgartirishlar joriy qilinsa, Nazarboyev Elboshi maqomidan va maxsus imtiyozlardan ayrilishi kutilmoqda. 2020 yil Rossiya konstitutsiyasiga ko'p sonli o'zgartirishlar kiritildi, ulardan biri kosmonavt Valentina Tereshkova tomonidan taklif qilingan — Vladimir Putinning oldingi muddatlarini «nollashtirish» g'oyasi bo'ldi. Ushbu o'zgartirishlar kiritilishi bilan Rossiyaning amaldagi prezidentida 2024 yilda prezidentlik vakolati muddati tugagach, yana ikki muddatga qayta saylanish imkoniyati paydo bo'ldi. Ayrim tahlilchilarning ta'kidlashicha, uzoq yillar hokimiyat tepasida bo'lganidan keyin Rossiya prezidenti atrofida «axborot pufagi» yuzaga kelgan , Putinga yoqmaydigan ma'lumot yetkazilmaydi — va unga real ma'lumotlarning yetib bormasligi o'z navbatida Ukrainaga qarshi urush boshlanishining sabablaridan biri bo'ldi, deydi ekspertlar. Tadqiqotchilar Ugandada sodir bo'lgan «nollashtirish» holatini ham eslashadi: fuqarolik urushidan so'ng 1986 yilda hokimiyat tepasiga kelgan prezident Yoveri Museveni konstitutsiyadan prezidentlik muddati bo'yicha cheklovni olib tashlaydi, biroq yosh bo'yicha cheklovlarni olib tashlashni unutadi, va qayta saylanish imkoniyatiga ega bo'lish uchun yana konstitutsiyani o'zgartirishiga to'g'ri keladi. Tadqiqot mualliflari «nollashtirish»ga yo'naltirilgan konstitutsion islohotlarning muvaffaqiyatiga quyidagi omillar ta'sir qilishini ta'kidlaydi: hokimiyatning davlat rahbari qo'lida to'planganligi darajasi va (yoki) uning xalq orasidagi obruyi, shuningdek konstitutsiyaga o'zgartirish kiritish jarayonining nisbatan osonligi. Biroq ular avtoritar mamlakatlarda rahbarning xalq orasida katta obro'ga egadek tuyulishi haqiqatdan yiroq bo'lishi mumkinligi haqida ogohlantiradi: «avtoritar prezidentlar hech qachon haqiqatdan ham xalq orasida obro'ga ega ekanliklari haqida to'liq ishonch hosil qila olmaydilar, va doimo kichik qarshilik ham muvaffaqiyat qozona olishi xatari mavjud bo'ladi». Misol tariqasida mualliflar Paragvay, Burkina-Faso va boshqa bir nechta mamlakatlardagi omadsiz «nollashtirish»ga urinishlarni keltirishadi. Tadqiqot mualliflari qayd etganidek, prezidentlik va yarim prezidentlik shaklidagi mamlakatlarda prezidentlik vakolati muddatlari bo'yicha cheklovlar demokratik konstitutsion tizimni himoya qilish uchun kerak: «hokimiyat tepasida juda uzoq vaqt qolgan rahbarlar davlatning boshqa nazorat qiluvchi organlariga juda katta ta'sir o'tkazishni boshlaydilar». Umuman olganda, tadqiqotchilarning fikriga ko'ra, qiziq paradoks kuzatiladi: vakolatlar muddatlari bo'yicha cheklovlarga rioya qilinadigan rejimlar alohida shaxslarni ma'lum muddatdan so'ng iste'foga chiqishga majbur qilishiga qaramasdan boshqa rejimlarga nisbatan mustahkamroq bo'ladi. Konstitutsiyani isloh qilish bo'yicha oldingi maqolamda hokimiyatning almashinuv instituti ham siyosiy, ham iqtisodiy jarayonlar uchun muhim ekanligi haqida yozgan boshqa tadqiqotlarni ham keltirib o'tgandim. O'tmishdagi tajribani inobatga olib, Konstitutsion sud quyidagi savolga aniq va yuridik jihatdan asoslangan javob berishi lozim: islohotlar davomida 90-modda o'zgarishsiz qolgan taqdirda ham amaldagi konstitutsion islohot «nollashtirish»ga olib keladimi? Ushbu savolga javob nafaqat mamlakatimizning jahon hamjamiyati ko'z oldidagi imidji va turli xil xalqaro reytinglardagi o'rnimizga, balki davlatimizning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanish yo'liga ham ta'sir qiladi. Muallifning fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin. | columnist |
Rossiyaning Ukrainada «maxsus operatsiya» boshlashi ortidan yuzaga kelgan iqtisodiy-siyosiy beqarorlik va noaniqliklar O'zbekiston kabi Rossiyaga kuchli bog'langan iqtisodiyotlar uchun turli xatarlarni keltirib chiqardi. Shunday xatarlardan biri savdo-iqtisodiy munosabatlarning yomonlashuvi hisoblanadi. Avvalo e'tiborga olish joizki, og'ir sanksiyalar bosimi ostida Rossiyaning tashqi savdo hajmi mart oyining o'zidayoq rekord darajada qisqardi. Shu bilan birga, g'arb mamlakatlarining haligacha Rossiya tomonidan yetkazib beriladigan energiya resurslaridan to'liq voz kecholmayotganligi hamda energiya resurslari narxlarining o'sib borayotganligi Rossiyaning eksport tushumlari barqaror yuqori darajada saqlanib qolishiga zamin yaratmoqda. Biroq, Rossiyaga nisbatan kiritilgan oltinchi sanksiyalar paketidan dengiz orqali kirib keladigan Rossiya nefti ham joy olgan va bu endilikda Rossiyaning energiya resurslaridan oladigan daromadi pasayishida muhim rol o'ynashi mumkin. Shunga qaramay, Rossiya import bilan bog'liq ko'plab muammolarga duch kelmoqda. Xususan, mart oyining o'zida Rossiyaning Yaponiya, Koreya, Tayvan va kollektiv G'arb (aniqrog'i, Ukrainadagi urushga qarshi) mamlakatlaridan importi o'tgan yilning mos davriga nisbatan 53 foizga , urushga betaraf yoki Rossiya tomonida bo'lgan davlatlardan import hajmi (Xitoyni qo'shib hisoblaganda) 45 foizga kamaygan . Umuman olganda, turli prognozlarga ko'ra , Rossiyaning joriy yilda rekord darajadagi savdo profitsitiga (eksport ko'rsatkichining import ko'rsatkichidan yuqori bo'lishi) erishishi kutilayotganligi ham bejiz emas. Hozirgi kunda Rossiya iqtisodiyoti uchun import masalasi tobora qiyinlashib bormoqda. O'zbekiston tashqi savdosi bo'yicha to'rt oylik hisobotlardagi raqamlarga e'tibor qaratsak, ko'rish mumkinki, import ham, eksport ham yuqori suratlarda o'smoqda . Xususan, 2022 yilning yanvar-aprel oylarida mamlakatning eksport hajmi o'tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 2 barobarga oshgan . Import hajmi esa o'tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga ko'paygan . Umuman olganda, eksport hajmining bunday yuqori sur'atda o'sayotganligining asosiy sababi oltin eksporti hisoblanadi. O'tgan to'rt oy mobaynida O'zbekiston qariyb 3 mlrd dollar qiymatdagi oltin eksportini amalga oshirgan. Taqqoslash uchun, 2021 yilning mos davrida umuman oltin eksport qilinmagan edi. Shunisi e'tiborliki, tashqi savdo o'sishi hatto Ukrainadagi urush fonida — mart-aprel oylarida ham o'zining yuqori sur'atlarini saqlab qolgan. Xususan, import hajmi mart oyida 2021 yilning mart oyi bilan taqqoslaganda 45 foizga o'sgan bo'lsa, aprel oyida bu ko'rsatkich 32 foizni tashkil etgan. Albatta, aprel oyiga kelib importning o'sish sur'atida biroz pasayish kuzatilgandek tasavvur uyg'onishi mumkin, biroq mos davr bilan taqqoslaganda 32 foizlik o'sishning o'zi ham sezilarli darajada yuqori hisoblanadi. Eksport hajmi esa mart oyida o'tgan yilning mos davriga nisbatan 16 foizga o'sgan bo'lsa, aprel oyiga kelib bu ko'rsatkich 18 foizni tashkil etgan. Bundan xulosa qilish mumkinki, urush harakatlari davom etayotganligiga qaramasdan O'zbekiston tashqi savdosi hozircha sog'lom ko'rsatkichlarda o'smoqda. O'tgan to'rt oylik davr uchun tashqi savdo ko'rsatkichlari o'zgarishini tashqi savdo geografiyasiga ko'ra — alohida davlatlar kesimida olib qaralsa, mart-aprel oylaridagi tendensiyalar turlicha bo'lganligiga guvoh bo'lish mumkin. Import ko'rsatkichlari tahlillari shuni ko'rsatadiki, Rossiya hamda Qozog'istondan import hajmining o'sish sur'ati aprel oyiga kelib sezilarli darajada sekinlashgan (1-jadval) . Xususan, Rossiya va Qozog'istondan import hajmining o'sish sur'ati mart oyida o'tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda mos ravishda 39 foiz hamda 37 foizni tashkil etgan bo'lsa, aprel oyiga kelib mazkur ko'rsatkich har ikkala davlat uchun ham 13 foizni tashkil etgan xolos. Umuman olganda, 13 foizlik o'sishni ham yuqori sur'atdagi o'sish deb baholash mumkin, biroq, birinchidan, mart oyidagi ko'rsatkichlar bilan taqqoslaganda o'sish sur'ati sezilarli darajada sekinlashgan bo'lsa, ikkinchidan, umumiy import hajmining o'sish sur'ati bilan taqqoslagan holda, bu ikki davlatdan importimiz yomonlashgan, deb bemalol aytishimiz mumkin. 1-jadval. Manba: Davlat statistika qo'mitasi ma'lumotlari asosida muallif tomonidan hisoblab chiqilgan. Mart oyida asosiy savdo hamkorlarimizning ko'pchiligi bilan tashqi savdo aylanmasida mamlakatimizning eksport ko'rsatkichlari qisqargan (2-jadval). Xususan, Rossiyaga eksport hajmi 2021 yilning mart oyiga nisbatan 1 foizga, Qozog'istonga — 7 foizga hamda Turkiyaga — 11 foizga qisqargan. 2-jadval. Manba: Davlat statistika qo'mitasi ma'lumotlari asosida muallif tomonidan hisoblab chiqilgan. Rossiya va Qozog'istonga eksportimizning qisqarishini asosan urush harakatlarining boshlanishi ortidan bu davlatlar milliy valyutalarining (rubl hamda tenge) qisqa muddatda dollarga nisbatan keskin qadrsizlanishi bilan izohlash mumkin. Bundan tashqari, urush fonida yuzaga kelgan noaniqliklarning ortib ketishi bozor qatnashchilarining qarorlari va harakatlariga ta'sir qilgan bo'lishi mumkin. Yuqoridagi ikki sabab va, ehtimol, yana boshqa omillar ta'sirida bu davlatlarga eksportimiz qisqargan. Ammo mart oyida Turkiyaga eksport hajmining qisqarishi biroz tushunarsiz tendensiya bo'lib, bu holatga logistika bilan bog'liq noaniqliklar ta'sir o'tkazgan bo'lishi mumkin, biroq 11 foizlik pasayishni izohlash uchun bu omilning o'zi yetarli emas. Mart oyidagi pasayishlarga qaramay, yuqorida nomi keltirilgan davlatlarga eksportimiz hajmi aprel oyida yuqori sur'atlarda o'sgan (2-jadval). Xususan, Rossiyaga eksport hajmi 2021 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 60 foizga o'sgan bo'lsa, Qozog'iston misolida bu ko'rsatkich 79 foizni tashkil etgan (Turkiyaga — 26 foiz). Ya'ni bir oylik pasayishga qaramasdan, O'zbekistonning Rossiya hamda Rossiya bilan bitta ittifoqda bo'lgan yirik savdo hamkoriga eksporti hajmi keskin ravishda qayta tiklangan. Bu tendensiyani birinchi navbatda valyuta kursining o'zgarishi, ya'ni tenge hamda rublning qayta barqarorlashishi bilan izohlash mumkin. Xususan, aprel oyiga kelib ikki davlat milliy valyutalari ham ozmi-ko'pmi urushdan oldingi darajasiga qaytishga muvaffaq bo'ldi (bu qanday sodir bo'lgani esa boshqa maqola uchun mavzu). Manba: https://www.xe.com/currencyconverter/convert/?Amount=1&From=USD&To=KZT Manba: https://www.xe.com/currencycharts/?from=USD&to=RUB Bundan tashqari, urush va beqarorlikning davom etishi iqtisodiy qatnashchilarning asta-sekinlik bilan shu muhitga moslashishiga ham sabab bo'lgan hamda ular Rossiya bilan to'xtab turgan savdo aloqalarini qayta davom ettirishga qaror qilgan bo'lishlari ehtimoldan holi emas. Bundan tashqari, Rossiyaning G'arb mamlakatlari bilan aloqalarining yomonlashuvi, yuqorida ta'kidlanganidek, Rossiyaning ko'plab davlatlardan import qilish imkoniyatini yo'qotishiga sabab bo'ldi. Bu esa ayrim tadbirkorlarning bunday imkoniyatdan foydalanib qolish istagida Rossiya bozoriga kirib borishga qaror qilishlariga turtki bo'lgan bo'lishi mumkin. O'quvchida savol tug'ulishi mumkinki, Rossiyaning Ukrainada urush harakatlarini boshlashi mart oyida Rossiya bilan savdo aloqalarimizga ta'sir qilganligi tushunarli, ammo Qozog'istonga eksport ko'rsatkichlari nima sababdan Rossiya bilan kuzatilgani singari, balki undan kuchliroq darajada qisqargan? Qozog'istonga eksport hajmining mart oyida, hatto Rossiyaga eksport ko'rsatkichining pasayishidan ham yuqori darajada qisqarganligini faqat valyuta kursining o'zgarishi tushuntirib berolmaydi. Buni Rossiyaning Qozog'iston bilan bojxona ittifoqi rejimi amal qiluvchi bitta ittifoqda ( Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi ) ekanligi bilan izohlash mumkin. Rossiya bilan Qozog'istonning bitta bojxona ittifoqida ekanligi bu davlatlarning biriga kirib kelgan tovarlarning bir qismi osongina boshqasiga o'tib ketishiga (re-eksport) imkoniyat mavjud ekanligini anglatadi. Ya'ni O'zbekiston Qozog'istonga eksport qilayotgan tovarlarning ma'lum qismi Qozog'iston orqali Rossiyaga o'tib ketayotgan bo'lishi mumkin. Shu nuqtai nazardan qaralsa, Qozog'istonga eksportimiz hajmi Rossiyaga eksport hajmiga qaraganda tezroq sur'atda qisqargan. Shuningdek, tenge kursining qisqa muddatda keskin qadrsizlanishi ham bunda muhim rol o'ynagan. Yana bir jihatni unutmaslik kerakki, hozirgi narxlarning beqarorligi sharoitida import hajmining qiymatda ortayotganligi uning fizik hajmi qanday o'zgarayotganligi haqida aniq xulosa qilishga imkon bermaydi . Ya'ni oxirgi ikki oyda urush harakatlarining davom etayotganligiga qaramasdan, import hajmining yuqori sur'atlarda o'sayotganligi import iste'molining huddi shu sur'atda oshayotganligini anglatmasligi mumkin. Chunki importning o'sishi uning qiymatiga nisbatan ifodalangan bo'lib, uning fizik hajmi qanday o'zgarayotganligini bu qiymat orqali baholash mushkul, shu bilan birgalikda, noto'g'ri hamdir. Ayniqsa, asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxi dunyo bo'yicha yuqori sur'atlarda o'sayotgan bir sharoitda. Masalan, joriy yilning mart oyida dunyo bo'yicha bug'doy narxi indeksi 19,7 foizga, o'simlik yog'ining narx indeksi 23,2 foizga, shakar narxi indeksi 6,7 foizga, go'sht narxi indeksi esa 4,8 foizga oshgan . Ko'rib turganimizdek, asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari yuqori sur'atlarda o'smoqda. Bu esa importning fizik hajmi kichikroq bo'lsa-da, uning puldagi qiymati yuqori shakllanishiga olib keladi. Umuman olganda, Ukrainadagi urush harakatlari boshlangan davrdan keyingi ikki oyda tashqi savdo ko'rsatkichlarining o'zgarishi nisbatan sog'lom ko'rinmoqda. Urush fonidagi iqtisodiy beqarorlik mart oyida yirik savdo hamkorlarimiz bo'lgan Rossiya hamda Qozog'istonga eksportimizning pasayishiga sabab bo'lgan. Yuqorida ta'kidlanganidek, bunday tendensiyaga noaniqliklarning ortishi, valyuta kursining o'zgarishi kabi omillar ta'sir o'tkazgan bo'lishi mumkin. Aprel oyida esa mazkur davlatlarga eksport hajmi yana yuqori sur'atlarda o'sishni boshlagan. Urush harakatlarining davom etayotganligi mamlakatimizning importiga hozircha ta'sir o'tkazmagan. Ammo, asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining importyori ekanligimizni hisobga olsak, shuningdek, butun dunyoda asosiy oziq-ovqat tovarlarining narxi yuqori sur'atlarda o'sayotgan bir sharoitda import tovarlarining fizik hajmi qanday o'zgarayotganligi haqida aniq xulosa berish qiyin. Shunga qaramay, hozircha urush fonida o'tgan ikki oyga oid ma'lumotlardan ko'rish qiyin emaski, tashqi savdomiz davom etayotgan urushdan jiddiy zarar ko'rmagan. Biroq, bu tendensiya kelayotgan oylarda o'zgarishi mumkin. Mirkomil Xolboyev — iqtisodchi, «Gazeta.uz» kolumnisti | columnist |
«Kitob — qo'shningning uyidagi o'qlangan miltiqdir. Uni yoqish kerak! Miltiqning o'qini chiqarmoq kerak! Insonning ongini jilovlamoq kerak». Taniqli amerikalik yozuvchi Rey Bredberi ijodi, ayni paytda, XX asr adabiyotining durdonalaridan biri hisoblangan «Farengeyt bo'yicha 451 daraja» asari antiutopiya va ilmiy-fantastika janrlarida yozilgan bo'lib, ilk marta 1953 yilda kitob holida dunyo yuzini ko'rgan. Asarda ko'tarilgan g'oyalar, xususan, insoniyatning ma'naviy va madaniy taraqqiyotida adabiyotning o'rni, senzura va ko'r-ko'rona itoatkorlik hukm surgan jamiyatning muqarrar tanazzuli, tanqidiy fikrlashning zarurati, oradan qariyb 70 yil vaqt o'tganligiga qaramay, o'z ahamiyatini yo'qotmagan. Asarda XXI asr tipik odamining standartlashgan turish-turmushi, tushovlangan tafakkuri, ruhiyatidagi to'lqinlar va pinhon ziddiyatlar qalamga olingan. «Farengeyt bo'yicha 451 daraja» — bu, muallif ta'biri bilan aytganda, kitob qog'ozi o'z-o'zidan o't olib, kulga aylanadigan harorat. Muallif bir inson hayotida qisqa vaqt ichida sodir bo'lgan tub burilishlar bayoni orqali insoniyatning bitmas ehtiyojlari yo'lida yoqib yuborilgan tafakkur, qalblar va taqdirlarga ishora qiladi. Eng asosiysi, syujet o'quvchini og'ir ruhiy holat va bosim ostida ushlab tursa-da, muallif asarni o'lmas umid bilan tugallagan. Bosh qahramon — Gay Monteg — oddiygina o't o'chiruvchi, lekin uning zamonasidagi o't o'chiruvchining vazifasi biz bilgandan farq qiladi — u kitoblarni yoqadi. Lekin miyasiga «joylangan dastur»ga tanaffus berib, unda qisqa muddatli chaqnashlarga sabab bo'lgan ikki inson Montegning «o't o'chiruvchilik» hayotini butunlay «izdan chiqarib», butunlay boshqa o'zanga burib yuboradi. Ulardan biri Klarissa Maklellan — Montegning «menini ikkiga bo'lib yuborgan» o'smir qizcha. Klarissa Montegning baxt niqobini yulqib olib, unga oyna tutadi — Monteg kim? U baxtlimi? Monteg na er, na ota, na do'st, na odam! U faqat o't o'chiruvchi! Baxtsiz o't o'chiruvchi! Tamom! Klarissa unga o'ylash, sevish, yashash kerakligini eslatadi. Ikkinchi qahramon — zulmatda yo'lini yo'qotgan Montegning yo'liga chiroq tutgan Faber. U Montegning tafakkurini uyg'otadi. Har ikkisi bir vaqtda bir-birining xaloskori. Faber ayni paytda insonlarga uchta narsa yetishmasligini ta'kidlaydi: 1. Sifatli BILIM. 2. Bo'sh VAQT. 3. Yuqoridagi ikkita narsaning o'zaro aloqasidan kelib chiqib harakat qilish HUQUQi. Bilim — tafakkur xazinalariga o't ochilgan jamiyatda o'rgatilganidan ortig'ini bilishning imkoni bormi?! Vaqt-chi?! Yo'q. Odamlar faqat «baxt» izlash bilan band. Shu darajada bandki, hatto o'zlari izlayotgan o'sha «baxt»ning mohiyati, shakl-shamoyili xususida tafakkur qilib ko'rishga ham vaqtlari yo'q! O'ylashga vaqti bo'lmagan odamlarning, o'z-o'zidan, o'ylab harakat qilish huquqiga ham ehtiyojlari bo'lmaydi. Montegning rafiqasi Mildred obrazi — XXI asr uy bekalarining tipik vakili sifatida namoyon bo'ladi. Mildred — o'zi sezmagan holda YOLG'IZ. Shu sabab faqat ekran ortidagi uning borligidan ham bexabar «qarindoshlari» davrasiga oshiqadi. Shu bilan o'zini band qiladi. Ularning «tashvishi» bilan yashaydi — shaxsiy hayoti, oilasi, o'zi haqida O'YLASHga esa vaqt yo'q. Aynan shuning uchun ham u BAXTLI. «Dunyoning eng og'ir dardi — tafakkur», Remark. Shu o'rinda, Mildredning dugonasi — farzandlari bilan bir oyda uch kungina ko'rishib, shunda ham ularni — «kirlarni kir mashinasiga tiqib, qopqog'ini yopib qo'ygandek» — bir xonaga qamab qutulish payida bo'ladigan ayol obrazi ota-ona va farzand munosabatlarining jar yoqasiga qay darajada yaqin kelib qolganligini ko'rsatadi. Bitti — asarda mening eng ko'p e'tiborimni tortgan obraz. Jamiyatda inson qiyofasining, tafakkurning tanazzulga yuz tutishi sabablari aynan Bitti tilidan ochib berilgan. Baxt izlagan olomon. Baxt izlab uzzukun tentiraymiz, mol-dunyo yig'amiz, bir-birimizni azoblaymiz, ertani kutamiz. Umid ko'zlarimizni o'zi mavhum, kelishi gumon bo'lgan baxtning yo'liga qadab, ixtiyorimizdagi shu lahza — qo'limizdagi naqd turgan BAXTIMIZni ko'zdan qochiramiz, u yonimizdan sirg'alib o'tib ketaveradi. Bittining Monteg bilan suhbati jarayonida qanchalik yuqori intellekt sohibi ekanligini ilg'ash qiyin emas. Lekin u o't o'chiruvchi! Nachora, axir intellektual degan tushuncha haqoratga aylangan bir paytda, uning bu intellektining kimga keragi bor?! Men Bitti obrazi ruhiyatida alamzadalikni, cheksiz g'am-anduh va pushaymonlikni his qildim. Bitti timsolida favqulodda qobiliyatli bo'lganligi, barchaga xos tafakkur va tasavvur chegaralarini yorib o'tganligi uchun atrofdagilarning nafrati, tepkilashlari va qiynoqlariga duchor bo'lgan murg'ak bolakayni ko'rdim. Bittiga achindim. «Bitti o'lishni xohlagan edi!» Miyamda faqat, ehtimol Bitti kitoblarni benihoya sevgandir, ularga yaqin bo'lish maqsadida shu kasbni tanlagandir, kitoblarni yoqish barobarida o'zi ham har gal shu olovda qovrilgandir degan fikr. Esdan chiqarilgan intellektlar. Ularda Faber tilga olgan, odamlarga yetishmaydigan narsalarning dastlabki ikkitasi bor — sifatli bilim va bo'sh vaqt. Biroq ularda shu bilimni yuzaga chiqarish, amalda qo'llash, yoyish huquqi yo'q. Shunday bo'lsa ham ular mamnun, xotirjam — chunki ular bilimdan ortiq boylik yo'q ekanligini yaxshi anglaydilar. Monteg ham buni tushunib yetgan kuni ularning safidan joy oldi. U bor-budini yo'qotdi, biroq tafakkurini, qalbini, inson sifatidagi qiyofasini topish evaziga! Yakunda Qaqnus qushi tilga olinadi, o'zini gulxanda yoqib, kulidan qayta tug'iladigan Qaqnus. U odamga qiyoslanadi — odam ham qancha xatolar olovida o'zini kuydiradi. Lekin uning Qaqnusdan farqi shundaki, odam xatosini anglaydi. Odam o'tmishdagi xatolardan xabar beradigan kitoblarga hamisha ehtiyoj sezadi, bugunning xatolaridan kelgusi avlodni ogoh etadigan tirik kitoblar esa hamisha topiladi. Muallif asar orqali insoniyatni bugungi kunning xatolari yetaklaydigan oqibatlardan, yuz berishi mumkin bo'lgan tanazzuldan, xatardan, yo'qotishlardan ogoh qiladi. Insoniyatni odam qiyofasini yo'qotishdan qaytarishga urinadi. Asarni o'qib, beixtiyor o'ylab qolasan: bugungi kun odamining qiyofasi asar qahramonlariga qanchalik yaqin, qanchalik uzoq?! Ularga qay darajada o'xshaymiz, qay darajada farqlimiz?!. Afsuski, ularga tobora yaqinlashib, o'xshab borayotgandekmiz. Quyida asardan ayrim iqtiboslarni keltirishni joiz deb bildim. Ular sizda ham asar mutolaasiga ishtiyoq uyg'otsa, kundalik tashvishlar va odatiy o'y-xayollaringizdan birozgina chalg'ib, tafakkur qilishga undasa, ajab emas. Maktablar tadqiqotchilar, tandiqchilar, olimlar, san'at mutaxassislari o'rniga tobora ko'proq yuguruvchilar, sakrovchilar, suvoriylar, suzuvchilar, motorlarni kavlashtirishga ishqibozlar, uchuvchilar, avtopoygachilar chiqara boshlaganidan keyin, «intellektual» so'zi haqoratomuz so'zga aylandi. Shunday bo'lishi ham kerak. Inson har qanday chegaradan chiqishlarni qabul qilavermaydi. Hamma bir xil bo'lmog'i kerak. Konstitutsiyada aytilganidek, tug'ilgandan ozod va teng bo'lmasdan, hamma teng bo'lishi kerak. Odamlar xuddi ikki tomchi suvdek bir-biriga o'xshasin: o'shanda hamma baxtli bo'ladi, chunki ulug'lar ham, ularning yonida o'zlarining arzimas odam ekanini his qiluvchi o'zgalar ham bo'lmaydi. O'shanda, agar odamlar faqat shahvoniy o'pichlar va shafqatsiz olishuvlar haqida o'qisa, qanchalik yuvoshroq bo'lishini anglagan hukumatimiz siz olov ishqibozlarini chorlab hammasiga nuqta qo'ydi. Agar inson siyosatdan norozi bo'lmasin desang, masalani ikki tomonini ko'rishiga yo'l qo'yma. Bir tomonini ko'rsa bas, hech narsa ko'rmasa undan yaxshi. Odamlarning miyasini raqamlar bilan to'ldiring, ko'ngliga urmaguncha jo'n faktlardan boshlang, qarabsizki, o'zlarini juda bilimdon his qila boshlaydilar. Kafolatlarni talab etmang. Insondanmi, mashinadanmi yoki kutubxonadanmi, najot kutib o'tirmang. Dunyoni qutqarib qolishi mumkin bo'lgan narsani o'zingiz yarating, bordi-yu, bu yo'lda cho'kib ketsangiz ham, jilla bo'lmasa sohilga qarab suzganingizni anglaysiz. Muqaddamxon Saidrasulova — iqtisodchi, «Gazeta.uz» kolumnisti. | columnist |
Gollandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida o'tkaziladigan Tata Steel Chess turniri shaxmat olamidagi «so'nggi mogikan» hisoblanadi. Oldinlari buyuk an'anaga ega bo'lgan yillik turnirlar taqvimning salmoqli qismini egallagan, ularda eng kuchli grossmeysterlar hamda yosh iqtidor egalari qatnashgan va 64 joydan iborat bo'lgan taqsimotda dunyoda kim qaysi o'rinda bo'lishini aynan ular aniqlagan. Ammo dunyo o'zgardi va Linares , Redjo-Emiliya hamda boshqalarning shon-sharafi o'tmishda qoldi. Boy tarixga ega bo'lgan so'nggi muhim voqea Gollandiyadagi turnir bo'ldi. 60 yillarda unda barcha kuchli shaxmatchilar — Sovet chempionlari ham, G'arbning eng yaxshi vakillari ham qatnasha boshladilar. Ko'p yillar davomida Botvinnik va Tal, Karpov va Kasparov, Anand va Kramnik, Nakamura va Karlsen uning g'oliblari bo'lib kelishgan. Bu musobaqani boshqalaridan ajratib turadigan yana bir jihati tashkilotchilarning yondashuvidir. Ular barcha yuqori o'rindagi o'yinchilarni bir joyga yig'ishni maqsad qilishmaydi, bu ko'pincha juda jiddiy o'yinga olib keladi, oqibatda o'yinlar unchalik qiziqarli kechmaydi. Aksincha, ular umidli o'smirlarni, eng kuchli ayol shaxmatchilarni, eng yuqori davradan bo'lmasada, yorqin uslubi bilan esda qoladigan o'yinchilarni taklif qilishni yaxshi ko'rishadi. Shu tufayli turnir natijalari oldindan aytib bo'lmaydigan ko'rinishga kelib qoladi, musobaqaning oxirigacha «intriga» o'lmaydi va ko'plab janglar shaxmat san'ati xazinasini boyitadi. Bu butun dunyo bo'ylab o'yin ixlosmandlari tomonidan qadrlanadi va kutiladi. Turnir boshlanishidan oldin Vishi Anand aytganidek, «Veyksiz yanvar — yanvar emas». Bu yil ham turnir odatdagidek qiziqarli va ko'p qirrali o'yinchilar to'plami bilan bizni mamnun qildi. Ma'lum sabablarga ko'ra, rossiyalik grossmeysterlar unda ishtirok eta olishmadi, ammo bu sezilarli muammoga aylanmadi. Jahon chempioni Magnus Karlsen va ikkinchi jahon shaxmatchisi Din Liren boshlang'ich ro'yxatda birinchi o'rindv turishgan edi. Maydon mezboni Anish Giri ham yuqori baholangandi, u bu yerda allaqachon besh marta ikkinchi o'rinni olgan, lekin hech qachon shohsupaning eng yuqori pog'onasiga ko'tarilmagan. Amerikalik Fabiano Karuana, Uesli So va Levon Aronyanlar tarkibga vazn qo'shishdi. Ammo turnirning asosiy jihati o'smirlarning ko'pligida edi. Hindistonlik shaxmatchilar Gukesh, Erigaysi va Pragnanandha, germaniyalik Keymer va, albatta, Nodirbek Abdusattorov hali yuqori davralarda ro'yxatdan o'tmagan bo'lsalarda, o'zlarini baland ovozda e'lon qilishga muvaffaq bo'lishgan edi. Mutaxassislarning fikricha, ular yaqin kelajakda shaxmat elitasini tashkil qiladi. Ushbu tarkibda «qora otlar» sifatida yosh eronlik Magsudlu va Gollandiyaning yana bir vakili van Forestni keltirish mumkin — ular murosasiz jang uslubidagi shaxmatchilar. Nodirbek birinchi davrada vengriyalik (hozirda Ruminiya sharafini himoya qiladi) grossmeyster Richard Rapportga qarshi dona surishi kerak edi. Rapport juda o'ziga xos o'yinchi bo'lib, u eskirib ulgurgan yurishlardan qochib, raqiblarni ijodiy munozaralarga olib boradi, ba'zan esa hattoki jiddiy pozitsion imtiyozlarni qurbon qilish evaziga. U uzoq vaqt davomida shaxmat olamida mashhur va hurmatga sazovor bo'lgan, lekin eng yuqori yutuqlarga da'vo qila olmadi va yaqinda, 2022 yilda u muvaffaqiyatga erishdi va nomzodlar turniriga (jahon chempioni bilan o'yin uchun) chiqdi. Nodirbek bilan o'yinda oq donalarda o'ynagan Richard birinchi harakatlardan eski va hozir juda kam uchraydigan yurishlarga o'tdi. Nodirbek, o'z ta'biri bilan aytganda, bunday voqealar rivojiga tayyor edi, lekin bu variantni kutmagan edi. Biroq, u o'tgan mashg'ulotlardagi ba'zi g'oyalarni esladi va sezilarli ustunlikka erishdi. Oqlar vaziyatni soddalashtirganidan keyin hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo'lgan bo'lsada, o'yin tashabbusi ham, fikr yuritish uchun vaqt bo'yicha ustunlik ham Nodirbekda qoldi va Richard yakunda hal qiluvchi xatoga yo'l qo'ydi. Shaxmatchimiz Veyk-an-Zeyedagi ilk turnirini qora donalarda ishonchli g'alaba bilan boshladi (bu oq donalarda g'alaba qozonishdan ko'ra ancha qiyinroq). Bir-ikkita kuchli durangdan so'ng to'rtinchi turda Nodirbek Parham Mag'sudlu bilan o'ynadi. Parham tashkilotchilar taklif qilgan nomzod — polyak Yan-Kshishtof Duda ishtirok eta olmagani uchun so'nggi daqiqada turnirga taklif etildi. Eronlik shaxmatchi 22 yoshda, bu zamonaviy shaxmat standartlari bo'yicha allaqachon jiddiy yosh. Uning qachondir reytingning eng yuqori pog'onalariga chiqishi dargumon, ammo uning ajoyib uslubi va insoniy jozibasi ko'plab muxlislar e'tiborini qozongan. «O'yin zaliga kirganingizda ko'plab o'yin ishqibozlari va shaxmatga juda qiziqadigan, o'yinlarni doim tomosha qiladigan bolalarni ko'rasiz. Bu meni yaxshiroq o'ynashga, ular zavqlanishi uchun ko'proq jangovar shaxmat o'ynashga undaydi», — dedi grossmeyster turnir boshlanishidan oldin. O'yinda eronlik shaxmatchi qora donalar bilan qirol himoyasining jiddiy zaiflashishiga yo'l qo'ydi va doskada faqat rux va farzin qolganiga qaramay, uning pozitsiyasi juda yoqimsiz edi. Nodirbek doimiy ravishda tahdidlar yarata olardi, raqib esa ko'p variantlarni sanab, aniq harakatlar bilan himoyalanishga majbur bo'ldi. Bir vaqtning o'zida u farzinlarni (asosiy hujumchi kuchni) piyoda evaziga almashishi va osongina ushlab turadigan pozitsiyaga o'tishi mumkin edi, lekin negadir u buni qilmadi. Nodirbek juda ishonchli o'ynadi va raqibiga ikkinchi imkoniyat qoldirmadi. Bu g'alaba unga o'sha kuni jahon chempionini mag'lub etgan Anish Giri bilan birga turnir peshqadami bo'lib qolish imkonini berdi. 2022−23 yillar Magnus Karlsen va butun shaxmat jamoasi uchun ahamiyatli yil bo'ldi. O'tgan yili u klassik shaxmat bo'yicha jahon chempioni unvonini Yan Nepomnyaiy bilan o'yinda himoya qilmasligini ma'lum qilgandi . Buning sabablari ko'p bo'lishi mumkin: o'yinlarning uzoq formatidan charchash, o'tgan safar hech qanday qarshilik ko'rsata olmagan raqib bilan yana uchrashishni istamaslik, umuman olganda to'laqonli raqib yo'qligi sababli zerikish hissi. Yil yakuniga ko'ra, Magnus uchun Olmaotadagi tezkor shaxmat bo'yicha chempionatda dunyoning eng kuchlisi ekanligini isbotlash muhim edi va u buni ajoyib tarzda amalga oshirib, oltin dubl qayd etdi. O'sha musobaqada u ikki bor Nodirbek bilan to'qnash keldi — 2021 yildagi mag'lubiyat uchun qasos olish niyatida edi. Har ikki o'yin ham Karlsenning ishonchli g'alabasi bilan yakunlandi va grossmeyster Aleksandr Shimanov bu haqda hazillashganidek, «Karlsenni mag'lub etgandan keyin, bir necha yil davomida uning qo'liga tushmagan ma'qul», — dedi. Abdusattorov Karlsenni mag'lub etganida, tezkor shaxmat bo'yicha 2021 yilgi jahon chempionati. Foto: O'zbekiston shaxmat federatsiyasi. Magnus Veykda rekord miqdorda — yetti marta yutgan va bu raqamni yana oshirishga tayyor edi. U ikkinchi raundda Vensan Keymerni ishonchli tarzda mag'lub etdi, lekin keyin to'xtab qoldi va yuqorida aytib o'tilganidek, mezbonga imkoniyatni boy berdi. Norvegiyalik shaxmatchining muxlislari unchalik xafa bo'lishmadi — u musobaqalarni sekin sur'atda bilan boshlashga moyil, ammo marra chizig'ida shiddat oladi. Bundan tashqari, beshinchi raund oldidan dam olish kuni bor edi va Magnus, Veykda odat tusiga kirganidek, kuch to'plab olish uchun futbol o'ynadi . U oq donalar bilan o'ynadi va bu Nodirbekning ishonchli qadamini to'xtatib qo'yish uchun eng zo'r imkoniyat bo'lib ko'ringandi. Karlsen o'yinni o'zining sevimli uslubida boshladi — katta ustunlikka da'vo qilishdan bosh tortdi, lekin uzoq davom etgan kurashda raqibni asta-sekinlik bilan o'yin davomiyligini qisqartirishga imkon bermadi. 14-harakatda, o'z o'rnini keskinlashtirib olishni xohlab, u fil uchun ruxni xavfli tarzda qurbon qildi (bu qismlar orasidagi farq taxminan ikki piyoda). «Qoralar» qirolining xavfsiz joyga pozzitsiyaga o'tishning imkoni bo'lmaganligi va piyodalarga tahdid kompensatsiya bo'ldi. Jonli efirda sharhlovchilar ikkiga bo'linib olishdi. Nodirbek o'yindan keyin bergan intervyusida qurbonlikni shubhali deb bilganini aytdi. Biroq, Magnus g'alaba qozongan taqdirda, bu to'g'ri amaliy qaror sifatida tan olinishi kerak edi. Ammo tarix istak mayli nima ekanligini bilmaydi va Nodirbek tahdidlarni ishonchli tarzda qaytardi hamda o'yinni faqat «u g'alaba qozona oladimi (yoki durang bo'ladimi)» degan masalaga olib keldi. Doskada faqat farzinlar qoladigan o'yin bosqichi shaxmatda eng qiyinlaridan biri hisoblanadi — juda ko'p variantlar paydo bo'ladi va ko'pincha pozitsiyani to'g'ri baholash uchun tayanadigan belgilar yo'q. Nodirbekning 2021 yilda chempion ustidan qozongan muhim g'alabasi ana shunday pozitsiyada bo'lib o'tgani, albatta, uning kayfiyatini ko'tardi va Magnus tushkunlikka tushdi. Qora piyoda qirolichalar tomon muqarrar ravishda yurardi va norvegiyalikning baxtiga qarshi, uning qiroli taxtaning noqulay tomonida edi. Himoyalanish payida yurishlar qilib , ertami-kechmi, qora donalarning javob yurishidan so'ng, o'yin nihoyat shaxmatchimizning g'alabasi bilan yakunlandi. Foto: Jurriaan Hoefsmit. Darvoqe, beshinchi tur, boshqalardan farqli o'laroq, Veyk-an-Zeyeda emas, Amsterdamdagi «Ayaks» futbol klubining uy stadioni «Yohan Kroyf Arena»da bo'lib o'tdi. O'yindan so'ng Nodirbekdan bu haqda qanday fikrda ekanligi so'raldi. U jamoaning Chempionlar ligasidagi o'yinlarini tez-tez kuzatib borishini aytdi va hatto «Real Madrid» ustidan qozonilgan g'alabani eslab o'tdi. Oltinchi-yettinchi raundlarda Nodirbek ikkita asosiy raqib — hindistonlik tengdoshlari Pragnanandxa va Erigaysi ustidan g'alaba qozonishi kerak edi. Pragga bilan (muxlislar uning ismini shunday qisqartirib aytishadi) bahsda Nodirbek oq donalarda o'ynadi. U ishonchli tarzda, deyarli harakatlar haqida o'ylamasdan, raqib hisobni tenglashtirish uchun aniq o'yinni tanlashi kerak bo'lgan holatga o'tdi. Hisob-kitoblarga ko'ra, raqib uydagi tayyorgarlikdan cho'chib, o'rniga passiv himoyaga o'tishi kerak edi, lekin bu o'zini oqlamadi. Rameshbabu variantlarni to'g'ri hisoblab chiqdi va ishonchli tarzda o'yinni durangga olib chiqdi. Erigaysi oq donalarda o'z qirolining himoyasini zaiflashtirish evaziga xujum yaratib, g'alaba qozonishga harakat qildi. «Qoralar»ning yagona qarshi o'yini sababli doska markazida yaxshi pozitsiya yuzaga keldi, ammo bu tashabbusni qo'lga olish uchun yetarli bo'ldi. Natijada Arjun tizginni yo'qotdi va Nodirbek bir qator kuchli, aniq hisoblangan harakatlar bilan turnirdagi to'rtinchi g'alabasini qo'lga kiritdi. O'sha kuni Pragnanandxa butun turnirda omadsizlikka uchragan Lirenni mag'lub etdi va Nodirbekdan bir ochko ortda qolgan holda uning eng yaqin ta'qibchilari guruhiga qo'shilib oldi. O'sha paytda birinchi o'rin uchun kurash ikki vunderkin o'rtasidagi qarama-qarshilikka aylangandek tuyuldi, ammo taqdir boshqacha qaror qildi. Sakkizinchi turdan boshlab Nodirbek turnir peshqadamligini saqlab qolish uchun oqilona taktika tanladi. Yana bir o'smir Vinsent Keymerga qarshi o'yinda u qiyinchilikka duch keldi, nemis shaxmatchisi bir nuqtada juda qiyin yakundagi g'alaba qozonish imkoniyatini o'tkazib yubordi. Boshqa janglarda u durangga qarshi emasdi — aytish mumkinki, u daryo qirg'og'ida o'tirib, quvib o'tishga harakat qilgan raqiblarini kutayotgandek edi. Prag esa haqiqatdan ham kurashning keskinligiga chiday olmadi, uchta o'yinda mag'lub bo'ldi. Ammo mezbonlarning eng kuchli vakili Anish Giri butunlay muvaffaqiyatsizlikka uchragan Lijenni mag'lub etdi va yakunga ikki raund qolganda shaxmatchimizga yaqinlashdi. Foto: Jurriaan Hoefsmit. So'nggi turda Anish o'z vatandoshi Yorden van Forest bilan uchrashdi, u o'sha paytda so'nggi o'rinlardan birini egallab turgan edi. Bu o'yinda katta jang bo'lishini kutishmagan edi, ammo Yorden skeptiklarni uyatirishga muvaffaq bo'ldi. U o'yin boshida ajoyib tayyorgarlik ko'rganini namoyish etdi va tezda g'alabali pozitsiyaga chiqib oldi. U bir necha bor g'alabaga yaqin keldi, ammo Anishning o'jar himoyasi va uning sportchilarga xos omadi unga yordam berdi — durang. Shu tariqa, so'nggi tur oldidan Nodirbek Giridan yarim ochko oldinda bo'lib, yaqqol birinchi o'rinni egallab turgan edi. Nodirbek van Forest qarshi dona surdi, Giri esa Rapportga qarshi o'ynadi. Agar Abdusattorov ta'qibchilariga (Giridan tashqari Karlsen birinchi o'rin uchun nazariy imkoniyatlarni saqlab qolgan) faqat g'alaba kerak bo'lsa, Nodirbek g'alaba yoki durang uchun o'ynashni hal qila olmadi shekilli . G'alaba qozongan taqdirda yakka tartibda g'olib bo'lardi, durang va Anish g'alaba qozongan taqdirda esa birinchi yoki ikkinchi o'rin uchun tay-brek o'ynashi kerak edi. Boshqa tomondan, g'alaba qozonish uchun o'ynash har doim xavf bilan bog'liq va tinch durang ehtimoliy tay-breykgacha energiyani tejash imkonini berdi. Lirik chekinish. Ushbu satrlar muallifi 18 yoshgacha bo'lganlar o'rtasidagi blits-chempionatining so'nggi turida o'ynab, o'z tajribasi davomida xuddi shunga o'xshash tuyg'ularni boshdan kechirgan edi. Oxirgi raunddagi raqib durangni taklif qildi, lekin katta ehtimol bilan bu faqat ikkinchi o'rin uchun yetarli bo'lar edi, g'alaba esa birinchilikni kafolatlardi. Haqiqatan ham diqqatni jamlash va to'g'ri yo'nalish olish juda qiyin edi. Durangdan voz kechish yaxshi natijaga olib kelmadi — g'alaba qozonishni juda xohlab, asta-sekin mag'lub bo'ldim. Shunga o'xshash dilemma — osmonda turnani ushlayman deb, qo'ldagi chittakni qo'ldan boy berish mumkin — bu har bir shaxmatchining boshiga tushadi va uning to'g'ri yechimi har doim donolik va jasoratni talab qiladi. Ana shu ikkilanishlar tufayli Nodirbek o'yinni xotirjam, chin yurakdan o'ynay olmadi. O'yinning dastlabki bosqichida u piyodalar tuzilishining jiddiy buzilishiga yo'l qo'ydi. Buning kompensatsiyasi raqibning ot va ruxning rivojlanmaganligi edi, ammo uni faqat qarama-qarshi qanotni o'z vaqtida yorib o'tish orqali ishlatish mumkin edi. Afsuski, Nodirbek buni qilmadi va uslubiy jihatdan ustunlikni qo'ldan boy berdi. Giri Rapportga qarshi o'ynab, o'yin yo'nalishini tanlash borasida psixologik jihatdan juda nozik yondashdi. U jiddiy ustunlikka erisha olmadi, lekin pozitsiya tinch va xavf-xatarsiz edi — kurashning bu tabiati jangovar Richardga umuman mos kelmadi. Shunga qaramay, u o'zini juda ishonchli himoya qildi, bir nuqtada tenglikka erishib, elementar taktik zarbani o'tkazib yubordi. Shu tariqa Giri g'alaba qozondi va o'z faoliyatida ilk bor 2011 yildan buyon o'ynab kelayotgan Veyk-an-Zeye turnirining g'olibiga aylandi. Nodirbek ikkinchi o'rinni egalladi. Mag'lubiyatning achchiqligi va g'olib bo'lish imkoniyatini qo'ldan boy berganlik hissiga qaramay, bu ajoyib natija. Shaxmatchimiz eng yuqori darajadagi o'yin (Jahon shaxmat federatsiyasi bosh direktorining fikricha, unga bo'lajak jahon chempioni unvonini bashorat qilish uchun yetarli), yaxshi tayyorgarlik (yana bir taniqli o'zbekistonlik shaxmatchi Rustam Qosimjonov bilan hamkorlik samarasi), va hozircha — mustahkam asablar va hayratlanarli darajadagi xotirjamlikni namoyish etdi. Oxirgi tur imtihoni 18 yoshli bolaning ruhiyati uchun juda qiyin bo'lib chiqdi, lekin shubhasiz uni mustahkamlashtirdi. Nodirbek tezkor shaxmat bo'yicha Olimpiya chempioni, jahon chempioni unvonlarini yana ko'plab shonli kuboklar bilan to'ldirishiga shubha yo'q. Ayni paytda, eng kuchli emas, balki kuchli va tajribali shaxmatchilar o'zaro bahslashayotgan Challengers turnirida yana bir yosh grossmeysterimiz Javohir Sindarov faxrli uchinchi o'rinni egalladi. Har bir raunddagi jangning borishi bilan quyidagi havolalarda batafsilroq tanishishingiz mumkin: | columnist |
6 fevral kuni Turkiyaning janubiy viloyatlari hamda Suriyaning Turkiyaga chegaradosh hududlarida sodir bo'lgan kuchli magnitudali zilzilalar misli ko'rilmagan talafotlarni keltirib chiqardi. Hozirgi vaqtga kelib zilzila qurbonlari soni umumiy hisobda 23 ming nafardan oshib ulgurdi (bu maqolani o'qiyotgan vaqtingizda bu raqam, afsuski, yanada o'sayotgan bo'ladi). Insoniy yo'qotishlardan tashqari, mamlakatning zilzila epitsentrida joylashgan va unga tutash, zilzila ta'siri sezilgan hududlarida ishlab chiqarish va infratuzilma obyektlari vayron bo'ldi, saqlanib qolganlari jiddiy zarar ko'rdi. Zilzila natijasida yetkazilgan talafotlar, insoniy va iqtisodiy yo'qotishlar Turkiya iqtisodiyotiga sezilarli ta'sir ko'rsatadi. Bu ta'sir mamlakatning yirik hamkorlari bilan o'zaro savdo aloqalarida ham aks etishi shubhasiz. Shu nuqtai nazardan, ushbu maqolada Turkiyadagi zilzila oqibatlarining O'zbekiston iqtisodiyotiga potensial ta'sirini baholashga urinib ko'ramiz. O'zbekiston iqtisodiyoti so'nggi uch yillikda muttasil kutilmagan sinovlar — 2020 yilda pandemiya, 2022 yilda mintaqaviy geosiyosiy vaziyatning keskinlashuvi, 2023 yilning dastlabki oyida anomal sovuq — ta'siri ostida qolmoqda (albatta, anomal sovuq ta'siridagi iqtisodiy yo'qotishlar avvalgi shoklar darajasida emas, bu alohida mavzu). Turkiyada kuzatilgan tabiiy ofat va uning talafot ko'lami favqulodda katta ekanligi esa 2023 yil ham O'zbekiston iqtisodiyoti uchun sinovli bo'lishi ehtimolini oshirayotgandek tasavvur uyg'otmoqda. Sababi — Turkiya O'zbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan biri. Tabiiyki, Turkiya iqtisodiyotining jiddiy talafot ko'rishi yoki qisqarishi O'zbekiston iqtisodiyotiga ham o'z ta'sirini o'tkazmasdan qolmaydi. Xo'sh, Turkiyaning zilzila natijasidagi iqtisodiy yo'qotishlari O'zbekiston iqtisodiyotiga qanday va qay darajada salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin? Bu savolga javob berish uchun, birinchi navbatda, Turkiyada sodir bo'lgan zilzilaning ko'lami hamda uning iqtisodiyotga keltirgan (yoki keltirishi kutilayotgan) umumiy zarari to'g'risida to'liqroq ma'lumotga ega bo'lish zarur. Biroq hozircha bu haqda aniq, ishonchli va yetarli ma'lumotlar mavjud emas. Shunga qaramay, ayrim dastlabki tahminiy xulosalarni berish mumkin. Tabiiy ofatdan jiddiy talafot ko'rgan hududlarning Turkiya iqtisodiyoti (yalpi ichki mahsuloti)dagi ulushi taxminan 9,3 foizni tashkil etadi . Shundan kelib chiqib, mazkur hududlarda YAIM hajmi 30 foizga qisqaradi, deb faraz qilinsa, bu mamlakat iqtisodiyotining 2,8 foizga qisqarishiga sabab bo'lishi mumkin. 2022 yilda Turkiya iqtisodiyoti, Jahon bankining dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra , 4,7 foizga o'sgan. Bank o'zining yanvar oyidagi prognozlarida 2023 yil uchun 2,7 foizlik o'sishni taqdim etgan bo'lsa, mamlakat hukumati prognozlari nisbatan optimistik — 5 foizlik o'sishni ko'rsatayotgan edi . Albatta, mazkur prognozlarda zilzila keltirib chiqargan talafotlarning ta'siri hisobga olinmagan. Yuqorida qilingan taxminiy hisob-kitoblar hamda Turkiyada 2023 yilgi iqtisodiy o'sishning dastlabki prognozlariga tayansak, Turkiya iqtisodiyoti joriy yilda inqirozni boshdan kechirishi ehtimoli kam . Shubhasiz, iqtisodiy o'sish sezilarli darajada sekinlashishi mumkin. Biroq, yana bir jihatni e'tiborga olish joizki, tabiiy ofatdan talafot ko'rgan hududlarda sezilarli darajada kapital (boylik) yo'qotildi. Bu hududlarni qayta tiklash esa keng ko'lamli ekspansion (rag'batlantiruvchi) siyosat talab qiladi. Bu ayrim sohalarda, xususan, qurilish sohasida o'sish sur'atlarining keskin tezlashishiga sabab bo'lishi mumkin. Talafot ko'rgan hududlarda ma'lum vaqt — kapitalning avvalgi darajasi tiklanguncha — iqtisodiy o'sish sur'ati zilziladan avvalgi davrdagi ko'rsatkichlarga nisbatan yuqoriroq bo'ladi. Bu jihat, o'z navbatida, kutilayotgan salbiy iqtisodiy oqibatlarni yumshatuvchi omil bo'lib xizmat qiladi. Yuqorida ta'kidlanganidek, hozirgi vaqtda tabiiy ofatning iqtisodiy o'sishga qay darajada ta'sir qilishi borasida aniq xulosa chiqarish qiyin. Zilzila talafotlari mamlakatdagi iqtisodiy faollikka jiddiy zarar yetkazib ulgurgani shubhasiz: o'n minglab insonlar (mehnat resurslari) halok bo'ldi, talafot ko'rgan hududlar qachon tiklana boshlashi hamda hukumatning mazkur hududlarni qayta tiklash uchun qancha mablag' ajratishi hozircha noma'lum. Shunga qaramay, Turkiyada iqtisodiy o'sish 2,8 foizga sekinlashadi, deb faraz qilinsa, yuqoridagi taxminiy hisob-kitoblarga asoslangan holda xulosa qilib, buning O'zbekiston iqtisodiyotiga potensial salbiy ta'siri darajasini baholash mumkin. Bugungi kunda Turkiya O'zbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. Xususan, 2022 yilda Turkiya hamda O'zbekistonning у мумий tashqi savdo aylanmasi 3,2 mlrd dollarni tashkil etib , shundan 1,5 mlrd dollar — eksport, 1,7 mlrd dollari import hissasiga to'g'ri kelgan. Boshqa bir jihat ham borki, tashqi savdo aylanmasida eng yirik hamkorlar orasida to'rtinchi bo'lishiga qaramay, Turkiya bilan tashqi savdo aylanmasi O'zbekiston umumiy tashqi savdo aylanmasining 6,4 foiz qismini tashkil etadi, xolos. Bundan tashqari, Turkiyada yuritilayotgan nisbatan yumshoq monetar siyosat hamda O'zbekistonda yuritilayotgan nisbatan qattiq monetar siyosat so'mning liraga nisbatan (real) almashinuv kursining oshib borishiga sabab bo'lmoqda. Bu esa, o'z navbatida 2022 yil davomida Turkiyaga eksportning qisqarishini tushuntirib beruvchi asosiy omillardan bo'lib hisoblanadi. Ma'lumot uchun, yumshoq monetar siyosat — bu markaziy bank tomonidan iqtisodiyotga qo'shimcha stimul berish maqsadida pul massasini oshirishga qaratilgan siyosat bo'lib, asosan asosiy foiz stavkasining paysaytirish orqali amalga oshiriladi. Ko'plab davlatlar inqiroz yaqinlashishi bilan foiz stavkalarini tushirish orqali iqtisodiyotga stimul berishni maqsad qiladi. Nisbatan qattiq monetar siyosat esa yuqori inflyatsiyaga qarshi kurash maqsadida yuritiladigan siyosat bo'lib, asosiy foiz stavkasining oshirilishi hamda inflyatsiya darajasi bilan asosiy foiz stavkasi o'rtasida ma'lum darajada ijobiy farqni saqlab turishni nazarda tutadi. 2022 yil yakuniga ko'ra, O'zbekistonning Turkiyaga eksporti 11 foizga qisqargan . Ya'ni tabiiy ofat yuz bermagan sharoitda ham Turkiyaga eksport qisqarishni boshlagan edi. Boshqa tarafdan, Turkiyadagi monetar siyosatda hozircha qattiqlashtirish alomatlari sezilmayapti. Ayni paytda O'zbekiston Markaziy banki 2024 yilgacha inflyatsiyaning 5 foizlik maqsadli ko'rsatkichiga erishish uchun monetar siyosatni hozirgi darajada ushlab turishni rejalashtirgan . Bunday sharoitda real almashinuv kursining o'sishda davom etishi ehtimoli yuqori. Bu esa 2023 yilda ham Turkiyaga eksportning qisqarishiga xizmat qiluvchi asosiy omillardan biridir. O'z navbatida, tabiiy ofat qo'shimcha omil bo'lib xizmat qiladi. Grafik Ctatistika agentligi ma'lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi. Agar tabiiy ofat natijasida Turkiya iqtisodiyotining o'sishi, faraz qilganimizdek, 2,8 foizga sekinlashsa, bu O'zbekistonning Turkiyaga eksportini taxminan YAIMning qisqarishi (2,8 foiz) darajasida qisqartiradi. Turkiyaga eksport umumiy eksportning 8 foizini tashkil etishini hisobga olsak, mazkur ko'rsatkichning 2,8 foizga qisqarishi O'zbekiston umumiy eksportining taxminan 0,2 foizga qisqarishiga sabab bo'lishi mumkin. Umumiy eksportning YAIMdagi ulushi esa 24 foizni tashkil etadi. 24 foiz qismini tashkil etuvchi komponentning 0,2 foizga qisqarishi YAIMning 0,05 foizga qisqarishiga sabab bo'lishi mumkin, xolos (multiplikator effekti bilan qisqarish biroz yuqori bo'lishi ham mumkin). Boshqacha aytganda, tabiiy ofat natijasida Turkiya bilan savdoning nisbatan qisqarishi (qisqarishining tezlashishi, desak to'g'riroq bo'lar) amalda O'zbekiston YAIMining o'sishiga deyarli ta'sir o'tkazmaydi. Grafik Statistika agentligi ma'lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi. Turkiyadagi iqtisodiy pasayish tashqi savdodan tashqari omillar orqali ham O'zbekiston iqtisodiyotiga salbiy ta'sir o'tkazishi mumkin. Shunday omillardan biri — bu xalqaro pul o'tkazmalari hajmining o'zgarishidir. Biroq, so'nggi yillardagi statistik ma'lumotlarga e'tibor qaratilsa, Turkiyadan kirib kelayotgan pul o'tkazmalaridan ko'ra Turkiyaga chiqib ketayotgan pul o'tkazmalari ko'proq. Xususan, pul o'tkazmalari bo'yicha salbiy saldo 2021 yilda 111 mln dollarni tashkil etgan . Zilzila oqibatida yuzaga kelgan vaziyat Turkiyadan pul o'tkazmalari hajmini qisqartirishi, bu, o'z navbatida, manfiy saldoning yanada kattalashishiga sabab bo'lishi mumkin. Grafik Markaziy bank ma'lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi. Pul o'tkazmalari haqida fikr yuritar ekanmiz, o'tgan yillarda aynan tabiiy ofatdan talafot ko'rgan hududlardan kirib kelgan o'tkazmalar hajmini bilish juda muhim, biroq bu to'g'rida ma'lumotlar mavjud emas. Yuqoridagi taxminlarga tayanib, Turkiyadan pul o'tkazmalari hajmi ham 2,8 foizga qisqaradi deb faraz qilinsa hamda Turkiyadan pul o'tkazmalari hajmi O'zbekistonga kirib kelgan umumiy pul o'tkazmalarining taxminan 3 foizini (2022 yilda mazkur ko'rsatkich yanada qisqargan) tashkil etishi hisobga olinsa, Turkiyadan pul o'tkazmalari hajmining qisqarishi amalda iqtisodiyotga umuman sezilmaydi: buning YAIMga olib kelishi mumkin bo'lgan potensial zarari bor-yo'g'i 0,01 foiz atrofida bo'lishi mumkin. Yuqoridagi tahlillar ko'rsatadiki, Turkiya bilan savdo hamda pul o'tkazmalari hajmi qisqarishining O'zbekistonda YAIM o'sishiga salbiy ta'siri sezilarli emas — taxminan 0,06−0,08 foiz atrofida bo'lishi mumkin (albatta, bu dastlabki taxminlarga asoslangan hisob-kitoblar ekanini e'tiborga olish zarur). Turkiya boshdan kechirgan tabiiy ofat juda ayanchli va achinarli. Zilzila natijasida o'n minglab insonlar hayotdan ko'z yummoqda, yana qanchasi jarohatlangan, boshpanasiz qolgan. Qolaversa, minglab binolar butunlay yaroqsiz holga kelgan, infratuzilmaga jiddiy zarar yetgan. Bu tabiiy ofat Turkiya hukumati uchun katta sinov, biroq dastlabki taxmin va prognozlar 2023 yilda mamlakat iqtisodiyoti o'sishida jiddiy pasayish kuzatilmasligiga ishora qilmoqda. Sababi tabiiy ofatdan jiddiy zarar ko'rgan hududlar Turkiya iqtisodiyotining kichik qismini tashkil etadi. Bundan tashqari, mazkur hududlarga kelgusida yirik pul mablag'lari yo'naltiriladi. Bu esa tabiiy ofat iqtisodiy yo'qotishlarini muayyan darajada kompensatsiya qilishi mumkin. Asosiy savdo hamkorlaridan biri bo'lishiga qaramay, Turkiya iqtisodiyotidagi kutilayotgan pasayish yaqin kelajakda O'zbekistonning iqtisodiyotiga jiddiy xatar tug'dirmaydi. | columnist |
O'zbekistonda so'nggi yillarda tashqi savdo defitsiti muttasil oshib — eksport va import orasidagi farq tobora kengayib — bormoqda hamda bu tendensiya ko'pchilikni, xususan, qaror qabul qiluvchilarni xavotirga sola boshlagani shubhasiz. Yaqin yillardagi trendga e'tibor qaratadigan bo'lsak, tashqi savdo defitsitining nafaqat qiymati, balki tashqi savdo aylanmasidagi ulushi ham yil sayin o'sib borayotganining guvohi bo'lish mumkin. Bu tendensiyani qisman yangi davr boshlanishi ortidan savdo to'siqlarining biroz yumshatilishi, qo'shni mamlakatlar bilan savdo aloqalarining yaxshilanishi hamda pandemiya davrida ayrim tovarlar uchun import bojlarining vaqtincha bo'lsa-da bekor qilinishi bilan izohlash mumkin. Grafik Statistika agentligi ma'lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi. Raqamlarga nazar tashlansa, 2017 yilda tashqi savdo defitsiti 1,4 mlrd dollar yoki umumiy tashqi savdo aylanmasiga nisbatan 5 foizni tashkil etgan bo'lsa, 2022 yil so'ngiga kelib bu ko'rsatkich 11,3 mlrd dollar yoki umumiy tashqi savdo aylanmasiga nisbatan 23 foizga yetgan . Boshqacha aytganda, o'tgan besh yil ichida tashqi savdo defitsiti hajman sakkiz barobarga, ulush hisobida esa salkam besh barobarga ortgan. Bu tendensiyani izohlash uchun yuqorida keltirilgan — tashqi savdoning nisbatan erkinlashishi hamda qo'shni davlatlar bilan savdo aloqalarining yaxshilanishi kabi — omillarning o'zigina yetarli emas. Xo'sh, tashqi savdo salbiy saldosiga ta'sir o'tkazayotgan yana qanday omillar mavjud? Bugungi maqolamizda ana shu omillar haqida fikr yuritamiz. O'zbekistonda so'nggi yillarda monetar va fiskal siyosat ikki — butunlay qarama-qarshi yo'nalish bo'ylab harakatlanmoqda. Xususan, Markaziy bank tomonidan yuqori inflyatsiyani jilovlash maqsadida yuritilayotgan nisbatan qattiq monetar siyosatga qarama-qarshi ravishda hukumat yalpi talabni rag'batlantirish maqsadida rag'batlantiruvchi fiskal siyosat yuritmoqda. Quyida ana shu ikki yo'nalishda olib borilayotgan siyosatlarning tashqi savdoga va tashqi savdo defitsitiga ta'sirini baholashga urinib ko'ramiz. Yuqorida ta'kidlanganidek, Markaziy bank yuqori inflyatsiyani jilovlash hamda moliyaviy barqarorlikni ta'minlash maqsadida nisbatan qattiq monetar siyosat yuritib kelmoqda. Regulyator qattiq monetar siyosat yuritish orqali asosiy foiz stavkasi (qayta moliyalashtirish stavkasi) hamda inflyatsiya o'rtasidagi ijobiy farqni saqlab kelmoqda. Ma'lumot uchun: yumshoq monetar siyosat — bu markaziy bank tomonidan iqtisodiyotga qo'shimcha stimul berish maqsadida pul massasini oshirishga qaratilgan siyosat bo'lib, asosan asosiy foiz stavkasini pasaytirish orqali amalga oshiriladi. Ko'plab davlatlar inqiroz arafasida foiz stavkalarini tushirish orqali iqtisodiyotga stimul berishni maqsad qiladi. Nisbatan qattiq monetar siyosat esa yuqori inflyatsiyaga qarshi kurash maqsadida yuritiladigan siyosat bo'lib, asosiy foiz stavkasining oshirilishi hamda inflyatsiya darajasi bilan asosiy foiz stavkasi o'rtasida ma'lum darajada ijobiy farqni saqlab turishni nazarda tutadi. Boshqacha aytganda, Markaziy bank yuqori inflyatsiyaga qarshi kurashish hamda iqtisodiyotni «sovutish» maqsadida asosiy foiz stavkasini inflyatsiyadan bir muncha yuqori darajada ushlab turibdi. Xususan, 2019 yilda asosiy stavka hamda inflyatsiya o'rtasidagi farq 0,8 foizni tashkil etgan bo'lsa, 2022 yil yakuniga kelib mazkur farq 2,7 foizni tashkil etdi. Grafik O'zbekiston Markaziy banki ma'lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi. Bir qarashda 2022 yilda inflyatsiya hamda asosiy foiz stavkasi orasidagi farq 2021 yilga nisbatan qisqarganligi amalda monetar siyosatning biroz yumshayotganligiga ishora qilayotgandek. Biroq, bu jarayon 2022 yilda kuzatilgan mintaqaviy geosiyosiy keskinlashuv, xususan, Ukrainadagi urush ortidan qisqa muddatda ayrim turdagi oziq-ovqat tovarlari narxiga tashqi bosimlarning keskin oshganligi natijasida yuz berdi. Bu, o'z navbatida, monetar siyosatni yanada qattiqlashtirishni taqazo etdi va bunga javoban regulyator asosiy foiz stavkasini 17 foizgacha oshirdi . Biroq, keyinchalik inflyatsiyaga tashqi bosimlarning nisbatan pasayishi natijasida asosiy stavka ketma-ket pasaytirilib , 15 foizgacha tushirildi . Umuman olganda, O'zbekistonda yuritilayotgan monetar siyosatni hozirgi holatida ham nisbatan qattiq hamda yaqin kelajakda ham shu tartibda saqlanib qoladi, deb bemalol aytish mumkin. Sababi, 2024 yil yakuniga qadar inflyatsiyaning 5 foizlik maqsadli ko'rsatkichiga erishish ko'zda tutilgan . Ayni paytda yillik inflyatsiya ko'rsatkichi 12 foizdan biroz yuqori shakllanmoqda . 2024 yil yakuniga qadar maqsad qilingan ko'rsatkichga erishish hozirgi sharoitda nisbatan qattiq monetar siyosatni ushlab turishni taqozo etadi. Qattiq monetar siyosat vositasida asosiy foiz stavkasining nisbatan yuqori saqlab turilishi o'z-o'zidan mamlakatda pul massasi o'sishini sekinlashtiradi. Pul massasi o'sishining sekinlashishi valyuta kursining oshishiga — milliy valyutaning boshqa valyutalarga nisbatan qadri ortib borishiga sabab bo'ladi. Xususan, 2022 yil noyabr oyi holatiga real valyuta kursi, turli terbranishlardan so'ng, 2019 yil bilan taqqoslaganda 7 foizga balandroq bo'lgan . Ta'kidlash joizki, milliy valyutaning real almashinuv kursi 2019 yildan keyingi davrda biron marta 100 foizdan, ya'ni 2019 yil sentabr oyidagi darajadan pastga tushmagan. Bu esa, boshqa shartlar o'zgarmagan holda, eksport tovarlarining hamkor davlatlarda qimmatroq bo'lib qolishiga va, tabiiyki, ularning raqobatbardoshligi pasayishiga olib keladi. Ichki bozorda esa, aksincha, import tovarlarning narxi arzonlashadi. Ya'ni, real valyuta kursining o'zgarishi (boshqa shartlar o'zgarmagan holda) mahalliy tovarlarni jahon bozorida 2019 yildagiga qaraganda 7 foizga qimmatroq, import tovarlarini ichki bozorda 7 foizga arzonroq qilib qo'ygan. Bu holat o'z-o'zidan tashqi savdo defitsitining o'sishiga olib keladi. Manba: O'zbekiston Markaziy banki Ma'lumot uchun: tashqi savdoning o'zgarishiga nominal valyuta kursining o'zgarishi emas, balki real valyuta kursining o'zgarishi ta'sir o'tkazadi. Nominal valyuta kursi — bu Markaziy bank tomonidan e'lon qilib boriladigan kunlik valyutalar kursi. Real valyuta kursi esa ikki davlat o'rtasidagi narx o'zgarishini ham inobatga oladi. Aynan ikki davlat o'rtasidagi narx o'zgarishini inobatga olganligi nuqtai nazaridan real valyuta kursi ikki davlat o'rtasidagi savdo hajmining o'zgarishiga ta'sir o'tkazadi. budjet xarajatlarining oshishi yoki kamayishi tashqi savdo hajmiga mamlakatdagi yalpi talabning o'sishi yoki qisqarishi orqali ta'sir qiladi. Xususan, budjet xarajatlarining (transfertlar bilan birga) oshishi yalpi talabni rag'batlantiradi. Yalpi talabning o'sishi, o'z navbatida, import tovarlariga bo'lgan talab hajmida ham o'sishga olib keladi. O'zbekistonda so'nggi yillarda budjet xarajatlarning muntazam oshib borayotganligi kuzatilmoqda. Aytaylik, YAIM daromad sifatida qaralsa, uning tarkibida davlat xarajatlarining hissasi yildan-yilga ortib bormoqda. Raqamlarga murojaat qilsak, konsolidatsiyalashgan budjet xarajatlarining YAIMdagi ulushi 2016 yilda 23,8 foizni tashkil etgani holda, hozirgi kunga kelib mazkur ko'rsatkich 35 foizga yetganligini ko'rish mumkin. Ta'kidlash joizki, bu davrda budjet defitsiti ham muttasil o'sib borgan. Grafik Xalqaro valyuta jamg'armasi ma'lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi. Yuqoridagi grafikdan ko'rish mumkinki, davlat xarajatlarining oshib borishi bilan bir vaqtda tashqi savdo defitsiti ham ortib borgan. Shubhasiz, fiskal xarajatlarning oshirilishi tashqi savdo defitsitining o'sishini tushuntirib beruvchi yagona omil emas. Masalan, 2019 yilda tashqi savdo defitsitining o'sish darajasi budjet xarajatlarining oshishiga qaraganda sezilarli darajada past bo'lgan. Shunga qaramay, davlat xarajatlarining muntazam oshib borishi tashqi savdo defitsitining o'sishiga sezilarli darajada hissa qo'shib kelayotganligi shubhasiz . Qolaversa, nisbatan qattiq monetar siyosatni ushlab turish yaqin kelajakda moliyaviy shart-sharoitlar nuqtai nazaridan manfaatliroq ekanligi hisobga olinsa, budjet xarajatlarini imkon qadar qisqartirish tashqi savdoning muvozanat nuqtaga tomon siljishini ta'minlashda eng optimal yechimlardan biri bo'lishi mumkin. Masalan, manzilliligi so'roq ostida bo'lgan va samarasiz ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirishdan voz kechish bu borada dadil qadam bo'ladi. Sababi, bu singari loyihalar qisqa muddatda ijtimoiy kayfiyatning yaxshilanishigagina xizmat qilishi, aholining zaif qatlami turmush farovonligi oshgandek va barqarorlik o'rnatilgandek illyuziya hosil qilishi mumkin, biroq yakunda aholi zaif qatlamining kambag'allikdan qutilishi yoki mamlakatda uzoq muddatli barqarorlikka olib kelmaydi. Umuman, samarasiz budjet xarajatlaridan tiyilishning boshqa vositalari ham topiladi, buning uchun qaror qabul qiluvchilarning irodasi zarur, xolos. Tahlillardan xulosa qilish mumkinki, qaror qabul qiluvchilar tashqi savdo defitsitini qisqartirishni istasa, birinchi navbatda fiskal xarajatlarni kamaytirish yo'lidan borish maqsadga muvofiq. Zero, hozirgi vaqtda monetar siyosatning yo'nalishini o'zgartirish qimmatga tushishi va ko'plab insonlar uchun og'ir kechishi shubhasiz. Sababi rag'batlantiruvchi monetar siyosat inflyatsiyaning yanada tezlashishiga zamin yaratadi. Yuqori inflyatsiya esa moliyaviy barqarorlikka putur yetkazish bilan bir qatorda, aholining zaif qatlami uchun qo'shimcha xarajatlarni keltirib chiqaradi. Fiskal siyosatda budjet xarajatlarini qisqartirish yo'lidan borish qisqa muddatda o'sish tempini biroz sekinlashtirishi mumkin — yuqorida guvohi bo'lganimizdek, budjet xarajatlari hozirgi kunda YAIMning katta qismini tashkil etadi. Biroq, budjet xarajatlarini qisqartirish, birinchidan, qaror qabul qiluvchilarni tashvishga solayotgan tashqi savdo defitsitining qisqarishiga sabab bo'lsa, ikkinchidan, inflyatsiyaning maqsadli ko'rsatkichiga tezroq erishishga ham zamin yaratishi shubhasiz . Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin. | columnist |
24-mart, shanba kuni O'zbekiston Prezidenti raisligida xususiylashtirish jarayonini rivojlantirish masalalariga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tgani haqida xabar e'lon qilingandi, unda muvaffaqiyatli yirik bitimlar haqidagi ma'lumotlar fonida 40 ta kompaniyaning "xalq IPO"si e'lon qilindi. Men davlatni kompaniyalar egaligidan, ayniqsa ularni birja orqali ommaviy sotish yordamida maksimal darajada chiqarish g'oyasini to'liq qo'llab-quvvatlayman, ammo ro'yxatda 40 ga yaqin kompaniya borligi meni xavotirga solmoqda. Agar avvalgi ro'yxatga aksariyati bunga tayyor va IPO`ga umuman muhtoj bo'lmagan 21 ta kompaniya kiritilgan bo'lsa, unda ro'yxatni qanday qilib 40 ta kompaniyagacha kengaytirishga erishildi? Bugun ijtimoiy tarmoqlarda qo'shimcha m'lumotlar, keyinroq esa E-auksion platformasi orqali mualliflarning kompaniyalar aksiyalarini sotish haqidagi g'oyasiga oydinlik kirituvchi hujjat matni e'lon qilindi . Agar mendan bu yangilikka bir so'z bilan izoh berishni so'rashsa, men hech ikkilanmay birgina so'zni aytgan bo'lardim — "FALOKAT!" Men ushbu takliflarni O'zbekiston kapital bozori uchun o'ta salbiy, va hatto batamom nomaqbul, qimmatli qog'ozlar bozorini rivojlantirishning butun jarayoniga va ochiq kompaniyalarni xususiylashtirish jarayoniga zarar etkazishi mumkin, deb hisoblayman. Chunki ular infratuzilma va savdoni tashkil etishning asosiy tamoyillariga taalluqlidir, bundan tashqari ular fond bozori, shuningdek, parallel ravishda ishlaydigan "kulrang" litsenziyalashtirilmagan birja platformasini yaratadi, bu esa mamlakat fond bozorini rivojlantirish sohasida ortga tashlangan katta qadam bo'ladi. Boz ustiga, hujjat qimmatli qog'ozlar bozori bo'yicha mutaxassislar hamjamiyati va "keng jamoatchilik" bilan muhokama qilinmaganligi odamni hayratga soladi. Bundan tashqari, ayrim mish-mishlarga ko'ra, hatto bozorni tartibga soluvchi organ, birja va yaqinda qabul qilingan qarorga ko'ra ushbu kompaniyalarning aksiyadori/haqiqiy boshqaruvchisi bo'lgan O'zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligiga ham bu haqda e'lon qilingan press-relizdan ma'lum bo'lgan. "Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida"gi [814-son] qonunga ham xuddi shu tarzda e'lon qilingan va amalda minoritar investorlarni AJda mustaqil direktorlar nomzodini ko'rsatish huquqidan mahrum qiluvchi o'zgartishlar xalqaro normalar va xalqaro tashkilotlar tavsiyalarga zidligi tufayli mutaxassislar hamjamiyati hamda Xalqaro iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ekspertlarning keskin tanqidiga uchragan edi. Bunday vaziyatda bu kabi hujjatning tayyorlanishi bilan bog'liq fakt kishini taajjubga solmay qolmaydi. Mualliflar fond bozorining faoliyati va rivojlanishi asoslarini juda past darajada tushunushlari yoki O'zbekiston prezidenti tashabbusi bilan boshlab yuborilgan islohotlar va say-harakatlarni ataylab qo'porishga qaratilgan destruktiv harakatlar mavjudligi o'z-o'zidan ko'rinib turibdi. Bu fuqarolarni onlayn identifikatsiya qilish uchun modernizatsiya qilinadigan va ularga qimmatli qog'ozlarni to'g'ridan-to'g'ri sotib olish imkonini beruvchi E-auksion platformasi yordamida mahalliy chakana investorlarga taklif etish orqali davlat ulushiga ega 40 ta kompaniya aksiyalarini sotishni nazarda tutadi. Bu jarayon "xalq IPOsi"deb nomlangan. Aslida, bu taklif "populistik shior" bo'lib, u hech qanday mantiqiy, huquqiy va texnik asosga ega emas. Shuningdek, u O'zbekistonning xalqaro moliya bozorlari bilan integratsiyalashuviga va fuqarolarimizga yetakchi korxonalar ulushlarini sotib olish imkonlarini berish maqsadida tashkil etilgan savdoga qo'shilishlarini ta'minlashga qaratilgan barcha urinishlarga ziddir. Bir narsani tushunish juda muhim. E-auksion binolar, mulk, ijara va hokazolarni sotishdagi samaradorligi va muvaffaqiyatiga qaramay, qimmatli qog'ozlar bozori qonunchiligi nuqtai nazaridan mutlaq "huquqiy vakuum"da qolmoqda — bunda na savdo maydonchasining ishlashi ustidan litsenziyalash nazorati, na savdo qoidalari, na emitentlar uchun listing talablari, na bozor ishtirokchilarini litsenziyalash mavjud. Bu salohiyatli investorlar o'z huquqlarini himoya qilishlari uchun regulyatorga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo'lmasliklari va ushbu platformada mavjud bo'lishi mumkin bo'lgan barcha muammolar va xatarlarni yuzma-yuz qarshi olishga majbur bo'lishlarini anglatadi. Bunday litsenziyasiz platformada institutsional investorlar o'zlarining komplayens- va xavf-xatarlarni boshqarish tartib-qoidalari tufayli savdo qila olmaydi. Bu xatarlarga ko'z yumgan taqdirda ham, parallel savdo platformasining yaratilishi bozorning parchalanishiga, shusiz ham yo'q darajadagi likvidlikning yo'qotilishiga, narxlarni manipulyatsiya qilish uchun imkoniyatlarning paydo bo'lishiga, insayderlik savdosiga, qimmatli qog'ozlar bo'yicha ikkita parallel kotirovkaning paydo bo'lishiga olib keladi. Bu esa o'z navbatida institutsional investorlar orasida chalkashliklarni keltirib chiqaradi (ularning ma'murlari va auditorlari pastroq narxdan foydalanadilar, bunday narxlar esa kamroq tartibga solinadigan va manipulyatsiya qilinadigan platformada bo'lishi ehtimoli ko'proq). O'zbekiston fond bozorida so'nggi yillarda amalga oshirilgan barcha ishlar aynan shu muammolarni hal qilishga qaratilgan bo'lib, natijalar unsurlari paydo bo'la boshlagach, ularga E-auksion nomli atom bombasini tashlash rejalashtirilmoqda. Oddiy mantiqqa murojaat qiladigan bo'lsak ham, aksiyalarning bir qismini davlat ulushidan chiqarib sotish (darvoqe, bu SPO, ya'ni pul sotuvchining cho'ntagiga tushganidan keyin mavjud aksiyalarning ikkilamchi savdosi) deb ataladi. Aynan o'sha kompaniyalarning IPO/FPO`sini o'tkazish, shu jumladan ularning qimmatli qog'ozlarini xalqaro birjalarda joylashtirish g'oyasiga zid ekanligi yaqqol ko'zga tashlanadi. Sotuvchilarning (aksiyadorning budjetni to'ldirish uchun va kompaniya mablag'larini jalb qilish uchun) motivatsiyasi turlicha, muddatlari va kapital tarixi bir-biridan farq qiladi, narx belgilash tartibi ham o'zgacha. Bularning hammasi barcha institutsional va professional investorlarning bozorimizni tark etishiga olib keladi. Agar ertaga qoidalarga bo'ysunmaydigan boshqa (litsenziyasiz) savdo maydonchasida xuddi shu aksiyalar bo'yicha bitimlar o'zgacha va arzonroq narxlarda qo'yilish xavfi mavjud bo'lsa, unda nima uchun IPO`da qatnashish va barcha qoidalarga muvofiq tashkil etilgan bozordan aksiyalarni sotib olish kerak? Bunday sharoitda aksiyalarning har qanday ommaviy taklifi amalda muvaffaqiyatsizlikka, ya'ni o'rta muddatli narxlarning pasayishiga va mamlakat oddiy fuqarolarining zarar ko'rishlariga va pullarini yo'qotishlariga olib kelishi muqarrardir. Bu shunchaki fuqarolarning islohotlar, xususiylashtirish, bozorni rivojlantirishga, umuman, davlat tomonidan berilgan va'dalarga bo'lgan ishonchini yo'qqa chiqaradi. Darvoqe, bu o'rinda korporativ boshqaruv va mas'uliyat masalasiga qaytsak: kompaniyalar ustidan nazoratni Strategik islohotlar agentligiga topshirgan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xodimlari nega IPO rejalari haqida ochiqchasiga go'yo bu sodir bo'lgan hodisadek gapirayotganlari taajjublanarli, bu investorlarni yanglishtirishdan boshqa narsa emas. Bundan tashqari, "xalq IPO`si" atamasiga nisbatan bunday munosabat jiddiy tashvish uyg'otmoqda — ushbu atamadan foydalangan qo'shni mamlakatlarda atigi 1−3 ta bitim (Rosneft, VTB, Kazatomprom) tuzilgan, ular uzoq vaqt davomida va professional tarzda tayyorlangan va ularning deyarli barchasi mahalliy chakana investorlar uchun muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Bizlar esa 40 ta ana shunday bitim haqida gapirmoqdamiz. Fikrimcha, bu davlat ulushi mavjud bo'lgan AJlar, shu jumladan, ilgari xususiylashtirish ro'yxatida bo'lgan, davlat ulushi 1 foizdan kam yoki biroz ko'proq bo'lgan, lekin jami bir necha o'n yoki yuz million so'mdan oshmaydigan kompaniyalar, masalan, "Alskom" AJ, "Ipak Yo'li Bank" ATB va boshqalar kiritilgan ro'yxatdan boshqa narsa emas. Qanday qilib bunday bitimni IPO, boz ustiga uni "xalq IPO`si" deb atash mumkin? Bu ushbu atamani shunchaki so'kinish so'ziga yoki istehzo obyektiga aylantiradi. Yana bir munozarali masala — Ye-auksion va Yagona dasturiy ta'minot savdo majmuasining (YADTSM) texnik integratsiyalashuvi imkoniyatidir. YADTSMni har qanday boshqa narsalar bilan integratsiya qilish jarayoni nechog'lik qiyin kechayotganini hisobga olsak, buni ham amalga oshirish shubhali ko'rinadi. Yana bir mulohaza: "Markaziy depozitariy" davlat unitar korxonasining IPO`si kutilmoqda. Endi tasavvur qilaylik, xalqaro sanksiyalar qo'yilgan shaxslardan biri ochiq savdodagi bitim doirasida kamida bitta aksiyani sotib oladi va ijtimoiy tarmoqlarda "do'stona" davlatga sarmoya kiritishni boshlab yuborgani haqida bong urib xabar joylashtiradi. O'zbekistonda kastodian-bank sifatida ish boshlash imkoniyatini ko'rib chiqayotgan xalqaro banklarning, ayniqsa, bizning bozorimizga kirishni rejalashtirayotgan (bu masala ko'p yillar davomida muhokama qilinmoqda va bu ishga katta kuch sarflangan) xalqaro kliring kompaniyalarining reaksiyasini tasavvur qilyapman. Aftidan bunday yangiliklardan keyin biz o'nlab yillarga ushbu g'oya bilan vidolashishimizga to'g'ri keladi. Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin. | columnist |
Strategik islohotlar agentligi Qoraqalpog'istonning Chimboy tumanida joylashgan "Gulparshin" sanatoriysini qayta ishga tushirishni taklif qildi . Qayd etilishicha, Chimboyda 1999-yilda tashkil etilgan va hozirda faoliyat yuritmayotgan "Gulparshin" sanatoriyasining binosiga yaqin hududda yer osti shifobaxsh artezian suvi mavjud bo'lib, ushbu suv yordamida bemorlarni yod tanqisligi, oyoq bo'g'in, osteoxondroz, teri va tanosil hamda boshqa kasalliklar davolangan . Sanotoriy 2004-yilgacha faoliyat yuritgan bo'lib, 2007-yildan buyon Chimboy tumani Tibbiyot birlashmasining 3-sonli Reabilitatsiya bo'limi sifatida qayta tashkil qilingan va mazkur binoda oxirgi marta 2009-yilda qurilish-rekonstruksiya ishlari olib borilgan. Agentlikning ta'kidlashisa, sanatoriyni qayta ta'mirlash va 75 o'ringa mo'ljallangan quvvatini oshirish, yer osti shifobaxsh suvidan foydalanishni qayta yo'lga qo'yish orqali uning salohiyatidan samarali foydalanish mumkin. ""Yangi Gulparshin" sanatoriysi to'liq quvvatda ishga tushirish natijasida Rossiya, Qozog'iston, Turkmaniston, Tojikiston va boshqa mamlakatlardan tashrif buyuruvchilarga tibbiy xizmat ko'rsatish imkoniyat paydo bo'ladi. Har bir davolangan bemordan tumanga o'rtacha 600−700 ming so'm tushum ta'minlanadi. Natijada tumanda tibbiy xizmat sifati yaxshilanishi orqali 50 ta yangi ish o'rinlari yaratilib, budjetga qo'shimcha 1,3 mlrd so'mlik manba yaratiladi", — deyiladi agentlik xabarida. Shuningdek, agentlik Chimboy tumani hududida 100 metr chuqurlikda astraxanit (52%), galit (22%), (6%), tenardit (5%) turidagi 400 mln tonna mineral tuzlar zaxirasi mavjud ekanini aytib o'tdi. Qayd etilishicha, mazkur zaxiradan unumli foydalanishga doir loyiha ishga tushirilganidan so'ng yiliga 10 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilib, yurtimizda sulfat natriyga talab kuchli bo'lgani sabab, 90 foizi (9 ming tonna) ichki bozorga va 10 foizi (1 ming tonna) tashqi bozorga sotilishi mumkin. "Ushbu imkoniyatdan unumli foydalanish maqsadida salohiyatli investorlarni jalb qilgan holda sulfat natriy mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish taklifi tayyorlandi. Mazkur loyihaga 10 mln dollar investitsiya kiritish natijasida 200 ta yangi ish o'rinlari yaratilib, budjetga qo'shimcha 2,6 mlrd so'm tushumlar ta'minlanadi", — deyiladi xabarda. Ma'lum qilinishicha, Strategik islohotlar agentligi va tuman hokimligi tomonidan tayyorlangan barcha tashabbuslarni amalga oshirishga doir hujjat loyihasini ishlab chiqish ishlari davom etmoqda. | economy |
O'zbekistonda davlat banklari yirik davlat korxonalariga kredit berishni bosqichma-bosqich to'xtatadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 20-avgust kuni Nukusda tadbirkorlar bilan muloqot chog'ida ma'lum qildi . Davlat banklari bergan kreditning 92 trln so'mi yoki 30 foizi 10 ta yirik davlat korxonasiga to'g'ri keladi. Shu bilan birga, yirik korxonalar transformatsiya qilinmoqda, moliya bozorlariga mustaqil chiqib, o'zi mablag' jalb qilishga o'rgatilmoqda. Masalan, "O'zbekneftgaz" va "O'zavtosanoat" 1 mlrd dollardan ortiq yevrobond chiqargan. Navoiy kombinati ham chetdan o'zi bond olib kelishga tayyorgarlik ko'rmoqda. Prezident davlat jalb qilgan mablag'larni yirik korxonalarga berish amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechilishini ma'lum qildi. Bunday mablag'larni berish ikki yil ichida kamida 40 foizga qisqaradi. Banklar buning hisobidan kamida 30 trln so'mni xususiy biznesga yo'naltiradi. Avvalroq prezident ushbu yig'ilishda O'zbekistonda 3 yildan ortiq ishlayotgan korxonalar ulushi 76 foizni tashkil etib, ilk marta 300 mingtaga yetgani, xususiy sektorda 5 mln so'mdan ortiq maosh oladigan ishchilar soni 1 milliondan oshganini ta'kidlagandi . Qolaversa, u O'zbekistonda investorlarning biznes qilishga ishonchi ortib borayotganiga ishora qildi. | economy |
Qoraqalpog'istonda yer ajratishning soddalashtirilgan tizimi joriy etiladi. Bu haqda 19-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Kegeyli tumanida o'tkazilgan yig'ilishda ma'lum qilindi . Qayd etilishicha, Nukus shahrida 1 mln dollar, qolgan tumanlarda 300 ming dollar investitsiya kiritish sharti bilan Qoraqalpog'iston Vazirlar Kengashi qarori asosida yer uchastkalari to'g'ridan-to'g'ri berilyapti. Investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun to'g'ridan-to'g'ri yer ajratish huquqi faqat Qoraqalpog'istonda joriy etilgan. Kichik investitsiyalarga ham yer to'g'ridan-to'g'ri berilsa, investorlar Nukus shahri, tuman markazlari va yo'l bo'ylarida kamida 2 ming aholini ish bilan ta'minlashi mumkin. Davlat rahbari bunday kichik va o'rta loyihalarga yerni to'g'ridan-to'g'ri ajratish taklifini ma'qulladi. Umuman, Qoraqalpog'istonda amalga oshirsa bo'ladigan yana 9,5 mlrd dollarlik 120 ta istiqbolli loyihalar tayyorlangani ma'lum qilindi. sentabr oyida Qoraqalpog'istonda yirik Investitsiya forumini o'tkazish reja qilingan. Mas'ullarga forumga puxta tayyorgarlik ko'rish topshirig'i berildi. 2023-yilda Qoraqalpog'istondagi sanoat loyihalariga 100 million dollar ajratildi. Nukus shahrida sanoat ipotekasi asosida tadbirkorlarga beriladigan 35 ming kvadrat metr maydoni bor ilk loyiha ishga tushyapti. Bir oy ichida yana bir shunday obyekt foydalanishga topshiriladi. Prezident mutasaddilarga ushbu tajribani ommalashtirib, yil yakunigacha Nukus erkin iqtisodiy zonasi hududida zamonaviy texnopark tashkil qilish topshirildi . Bunda, biznes uchun tayyor binolar qurilib, tadbirkorlarga 10 yilga lizingga beradi. Qoraqalpog'istonda sanoatni rivojlantirish uchun yana 100 mln dollar yo'naltiriladi. 2021-yilda prezident farmoni bilan hokimliklarning yerni to'g'ridan-to'g'ri ajratish vakolati bekor qilingandi . Shuningdek, ularning yer uchastkalarini foydalanishga berishi, kelgusida ajratish uchun zaxiralashi, biriktirishi, obodonlashtirish uchun berishi yoki yerlarni boshqacha yo'l bilan tasarruf qilishi ham bekor bo'lgandi. | economy |
Shavkat Mirziyoyev 20-avgust kuni Nukus shahrida tadbirkorlar bilan bo'lib o'tgan ochiq muloqot chog'ida erishilgan yutuqlar bilan o'rtoqlashar ekan, O'zbekistonda tadbirkorlik faoliyatiga investorlarning ishonchi ortib borayotganini ta'kidladi . Davlat rahbarining aytishicha, o'zidan boshlab bosh vazir, bosh vazir o'rinbosarlari, vazirlar, hokimlar, Savdo-sanoat palatasi, Biznes ombudsman — barcha rahbarlar yil bo'yi tadbirkor bilan doimiy muloqotda bo'lgan. Tadbirkorlar ko'targan 700 dan ortiq masala, tashabbus va yangi loyihalar qo'llab-quvvatlangan, 8 trln so'm qo'shimcha mablag' ajratilgan. Sanoat, qishloq xo'jaligi, xizmatlar rivoji, tadbirkorlik infratuzilmasi uchun yana 18 trln so'm yo'naltirilgan. Bundan tashqari, mahalladagi mikroloyihadan tortib, megaloyihagacha qo'llab-quvvatlash bo'yicha yangi tizim yo'lga qo'yilgan. Prezidentning so'zlariga ko'ra, ilgari kredit, bozor topish, infratuzilma bilan bog'liq muammolar, tinimsiz "tekshir-tekshirlar" sababli 60 foiz yangi tadbirkorlar faoliyati birinchi yilning o'zidayoq to'xtab qolgan. "Hozir esa uch yildan ortiq ishlayotgan korxonalar ulushi 76 foizni tashkil etib, ilk bor 300 mingtaga yetdi. Yana 100 mingdan ziyod shunday yakka tartibdagi tadbirkorlar bor", — dedi u. Bu yilning o'zida tadbirkorlarning tovar aylanmasi o'tgan yilga nisbatan 25 foizga ko'payib, 986 trillion so'mga yetdi. Yillik aylanmasi 10 mlrd so'mdan 100 mlrd so'mgacha bo'lgan o'rta korxonalar 2 karra ko'paydi. Aylanmasi 100 mlrd so'mdan ortiq yirik korxonalar esa 2200 tadan oshdi. Bu ham o'tgan yilga nisbatan 2 baravar ko'p bo'ldi. Soliq, bank, moliya, butun iqtisodiyot kompleksi "mahallabay" va "mijozbay" ishlashni boshlagani natijasida oldin zarar bilan ishlagan 16 ming korxona yarim yilda 6,5 trillion so'm foydaga chiqdi, dedi prezident. Bugungi kunda 100 tadan ortiq ishchisi bor korxonalar 3 mingga yaqinlashib, ulardagi ish o'rni bir yilda 440 mingga ko'paydi. Xususiy sektorda 5 mln so'mdan ko'p maosh oladigan ishchilar 1 milliondan oshdi. Shundan 370 mingi 10 mln so'mdan ziyod oylik oladi. "Bular tadbirkorlarimiz "soyada" ishlashdan ko'ra qonuniy faoliyat, sog'lom raqobatni manfaatli deb bilayotganidan dalolat", — dedi davlat rahbari. Tadbirkorlik reytingida "A" va "B" — yaxshi toifaga kiruvchi korxonalar 91 mingga ko'paydi, yana 170 ming korxona "D" — eng yomon toifadan chiqarildi. Buning hisobiga soliq tekshiruvlari o'tgan yilga nisbatan 2 karra, jumladan, kameral tekshiruvlar 3 karra qisqardi, deyiladi xabarda. Shu davrda yirik soliq to'lovchilar tushumlari 10 foizga, viloyat darajasidagi korxonalarda 25 foizga, tuman tadbirkorlari to'layotgan soliqlar 40 foizga o'sdi. "" Tekshirsa — qo'rqadi, qo'rqsa — soliq to'laydi", degan qarash bilan ish yurmasligini hamma, ayniqsa soliqchilar tushunib yetdi . Sodda qilib aytganda, mansabdorlar tadbirkor bilan muloqot qilishga o'rgatilib, biznes muhitini yaxshilash bo'yicha tub burilish yasaldi", — dedi Shavkat Mirziyoyev. Olti oyda "to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiya hajmi o'tgan yilga nisbatan 2 karra o'sib, 14 milliard dollarga yetdi". Bu — investorlarning O'zbekistonda biznes qilishga ishonchi ortib borayotganidan dalolat, dedi prezident. Davlat rahbari "ushbu raqamlarning birortasi 33 yillik tariximizda bo'lmaganini" qayd etdi. "Hali imkoniyatlarimiz bundan karra-karra ko'p. Eng muhimi, ularni ishga solishga qodir bo'lgan sizdek vatanparvar va jonkuyar tadbirkorlarimiz bor. Aholimiz 38 millionga yaqinlashib boryapti, ularning daromadi ham kundan-kunga ko'paymoqda. Qo'shni davlatlar bilan hamkorlik aloqalarimiz misli ko'rilmagan darajaga chiqdi. Mamlakatimiz mahalliy korxonalar uchun ham, chet el kompaniyalari uchun ham katta bozorga, mintaqadagi sanoat xabiga aylanib ulgurdi", — dedi u. Uning so'zlariga ko'ra, "hozirgi murakkab sharoitda barcha davlatlar o'z yurtidagi ishlab chiqaruvchilarni himoya qilishni ustuvor yo'nalish sifatida ko'rmoqda". O'zbekiston ham raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag'batlantirish bo'yicha tadbirkorlarni yanada keng qo'llab-quvvatlaydi, dedi u. | economy |
Shavkat Mirziyoyev 20-avgust kuni Nukusda tadbirkorlar bilan bo'lib o'tgan ochiq muloqot chog'ida yer uchastkalarini sotib olish va ulardan samarali foydalanishga ko'maklashish chora-tadbirlarini ma'lum qildi . Qayd etilishicha, yer bozori shakllanishi ta'sirida yangi investitsiya loyihalarida yer sotib olish xarajatlari "keskin ortib bormoqda". Tomorqa sotib olishga katta mablag' sarflagan tadbirkorga qurilish, mashina va jihozlar uchun mablag' yetishmayapti, dedi davlat rahbari. Endilikda tadbirkor auksiondan yer sotib olganda unga qo'shilgan qiymat solig'i hisoblash bekor qilinadi. Toshkent shahri va viloyat markazlarida sotilgan yer bo'yicha xarid summasini uch yilgacha, qolgan hududlarda besh yilgacha, 4 va 5-toifa tumanlar uchun esa o'n yilgacha bo'lib-bo'lib to'lashga ruxsat beriladi. Endi tadbirkorlar darhol to'lov qilaman desa, 20 foizgacha chegirma beriladi. Bundan tashqari , yirik loyihalarda tadbirkor yer uchastkasining qiymatini davlat ulushi sifatida ustav kapitaliga qo'shishi mumkin bo'ladi. U istalgan vaqtda bu ulushni qaytarib sotib olishi mumkin. Natijada joriy yilda tadbirkorlar ixtiyorida 3 trillion so'm bo'lishi ta'kidlandi. Davlat rahbari ko'plab tadbirkorlar yer yo'qligi sababli yangi loyiha boshlay olmaganini ta'kidladi . Aksincha, "auksiondan sotib oldim, endi mening mulkim" deb, yerni qarovsiz tashlab qo'ygan "uddaburonlar" ham ko'p, dedi u. "Yer — eng cheklangan resursimiz va u doim iqtisodiy naf keltirishi kerak", — dedi prezident. Shu bois, yangi yerlarni ajratishda binolarni loyihalashdan obyektni topshirishgacha bo'lgan muddatlar majburiy ko'rsatiladi . Shu bilan birga, qurilish davriga yer solig'i bo'yicha 50 foiz imtiyoz beriladi (viloyat markazlaridan tashqari). Qurilishga ruxsat olish muddati davlat organi aybi bilan o'tkazib yuborilsa, qurilish vaqti shu muddatga uzaytirib beriladi. Muddatida bo'lmasa, yer sud orqali qaytarib olinadi yoki boshqa tadbirkorga sotiladi. Avval xabar qilinganidek , tadbirkorlarga eletr energiyasi va gazdagi limitdan ortiqcha foydalanishdagi yuqori tariflarlar summasi pasaytiriladi. Prezidentning aytishicha, endi tadbirkorlar limitdan 20 foizgacha oshib ketsa ham, bazaviy tarif saqlanib qoladi, oshgan qismiga to'lov esa 20 foiz qimmatlashadi. Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikni moliyaviy qo'llab-quvvatlash bo'yicha yangi chora-tadbirlarni ham ma'lum qildi . Mikrokredit limitini 300 million so'mgacha oshirish, mikromoliya tashkilotlari uchun qo'shimcha resurslar ajratish, faktoring xizmatlari va islomiy moliyalashtirish bozorini rivojlantirish shular jumlasidandir. | economy |
Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot chog'ida biznes uchun qo'shimcha shart-sharoitlar yaratish bo'yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi . Birinchi yo'nalish — kichik va o'rta biznes uchun moliyaviy resurslarni ko'paytirish. Yil boshidan Biznesni rivojlantirish banki va Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tashkil etilib, 35 mingdan ortiq tadbirkorga 3,5 trillion so'm mikrokreditlar ajratildi. Bundan tashqari, "Biznesga birinchi qadam" dasturi bo'yicha tadbirkorlikni endi boshlayotgan 115 ming aholiga 1 trillion so'mlik mikroqarzlar berildi. Prezidentning so'zlariga ko'ra, bu tajribani yanada kengaytirishga qaror qilingan. Endilikda barcha banklar va mikromoliya tashkilotlari kichik va o'rta biznesni qo'llab-quvvatlashda ishtirok etishlari mumkin bo'ladi. Masalan, 100 million so'mgacha bo'lgan mikrokredit tadbirkorlarning bor-yo'g'i 9 foizining ehtiyojiga yetarli ekani ma'lum bo'ldi. Shunday qilib, mikrokreditlar miqdori 3 barobarga oshirilib, 300 million so'mga yetkaziladi. Shu bilan birga, kreditning 100 million so'mgacha bo'lgan qismi uchun garov talab qilinmaydi. Bu maqsadlar uchun yiliga 10 trillion so'm yo'naltiriladi. Endilikda har bir hududda Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi filiali tashkil etilib, salohiyatli tadbirkorlarni aniqlaydi. Kompaniya yaxshi kredit tarixi va yuqori barqarorlik reytingiga ega bo'lgan tadbirkorlarga kafolatlar beradi. Mikromoliya bozori uchun ham yo'l "ochiladi". Masalan, o'tgan yetti oyda 91 ta mikromoliya tashkiloti tomonidan 6,6 trillion so'mlik moliyaviy xizmatlar ko'rsatilgan bo'lsa, yil yakuniga qadar bu ko'rsatkich 12 trillion so'mga yetishi kutilmoqda. Mikromoliyaviy xizmatlarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash davom ettiriladi. Ularga joriy yildagi 1 trillion 600 milliard so'mga qo'shimcha 1 trillion so'm mablag' ajratiladi. Bundan tashqari, ustav kapitali kamida 50 milliard so'm bo'lgan mikromoliyaviy banklarni tashkil etishga ruxsat beriladi. Ushbu banklar kredit portfelining kamida 70 foizi kichik va o'rta biznesni moliyalashtirishga yo'naltiriladi. Shuningdek, mikromoliya tashkilotlariga tadbirkorlarga xorijiy valyutada xizmat ko'rsatish va litsenziya asosida to'lov tashkiloti sifatida faoliyat ko'rsatishga ruxsat beriladi. Bugungi kunda ko'p eksportchilar yirik xorijiy savdo tarmoqlariga 3−4 oy kechiktirib to'lash sharti bilan mahsulot yetkazib bermoqda. Uzluksiz ishlab chiqarish uchun korxonalarda aylanmaga ehtiyoj oshayapti. Lekin hamma tadbirkorda ham yangi kredit olish, unga garov topish imkoniyati yo'q. Ushbu maqsadlar uchun faktoring tadbirkordan garov talab qilmaydigan eng qulay vosita hisoblanadi. Xalqaro moliya korporatsiyasi ma'lumotlariga ko'ra, O'zbekistonda faktoring xizmatlariga talab 10 milliard dollarni tashkil etadi. Hozirda bu xizmat faqat banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan taqdim etiladi. Endilikda alohida faktoring tashkilotini tashkil etishga ruxsat berildi, agar mijozning kontragenti O'zbekiston norezidenti bo'lsa, xorijiy valyutada operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat beriladi. Faktoring xizmatlari uchun elektron platforma ham yaratiladi. Qayd etilganidek, faktoringni ommalashtirish tufayli tadbirkorlar aylanmasidan 20 trillion so'm, eksport qiluvchi korxonalar esa 1 milliard dollar oladi. So'rov davomida tadbirkorlarning 38 foizi islom moliyasiga asoslangan resurslarni olish istagini bildirgan. O'tgan oyda mikromoliya tashkilotlariga bunday xizmatlar ko'rsatishga ruxsat berildi. Tayyorlangan yangi qonun loyihasi qabul qilinsa, banklar islomiy moliya bilan ishlashlari mumkin bo'ladi. Bu yangi moliyaviy xizmatlar joriy etilishini, ko'plab investorlarning kelishini va 5 milliard dollarlik qo'shimcha resurs yaratilishini rag'batlantiradi, dedi prezident. | economy |
O'zbekistonda yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va gaz iste'moli belgilangan limitdan oshib ketganda hisobi o'zgartiriladi. Bu haqda seshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning Nukusda tadbirkorlar bilan bo'lib o'tgan ochiq muloqotida aytib o'tildi . Prezident barcha sanoat korxonalari elektr va gazga o'rnatilgan limit oshib ketsa, to'lov 2 karra ko'p undirilayotganidan norozi bo'layotganini, bunday cheklovlar sanoatning o'sishiga ta'sir qilishini aytdi. Endi elektr va gaz iste'moli limitdan 20 foizgacha oshib ketsa ham bazaviy tarif saqlanib qoladi. Agar iste'mol 20 foizdan o'tib ketsa, oshgan qismiga to'lov 20 foiz qimmatlashadi. Tadbirkorlik reytingida "yuqori", "o'rta" toifadagi korxonalarga elektr uchun oldindan to'lovni bir oyda ikkiga bo'lib to'lashga ruxsat beriladi. budjetdan, kreditdan va boshqalardan qarzi bor tadbirkorlarni hisob raqamiga "inkasso" (qarz undirish) qo'yilgani uchun, ular elektr, gaz va suvga to'lov qila olmayapti. Vaholanki, ishlab chiqarish to'xtamasa, qarzdorlik tezroq uziladi. Endilikda "inkasso" bo'lganda ham, kommunal xizmatlarga to'lovlar to'xtatilmaydi. Eslatib o'tamiz, elektr energiyasi va gazdan foydalanishning yangi qoidalarida (Vazirlar Mahkamasining 31-maydagi qarori bilan tasdiqlangan) yuridik shaxslar elektr energiyasidan belgilangan limitning 10 foizidan ortiq miqdorda elektr energiyasi iste'mol qilganda shartnomada ikki baravar tarif to'lashi belgilab qo'yilgan. Iyun oyining boshidan tadbirkorlar elektr energiyasi limitidan oshib ketganda ikki baravar tarif to'lay boshladi . "[Yuridik shaxslarga] 1 kVt/soat uchun 900 so'm qilingandi. Limitni abonent o'ziga o'zi belgilagan va "predoplata" qilgan. Aytaylik, oyiga 5000 kVt/soat. Limitdan oshsa, 960 so'mdan to'lashgan. Endi limitdan oshsa, 1 kVt/soatni 1800 so'm qilishibdi", — degandi jurnalist Shuhrat Shokirjonov. Iqtisodchi Behzod Hoshimov iyun oyi boshida Energetika vazirligining bu qarorini "juda qimmat xato" deb atagandi . Uning ta'kidlashicha, jismoniy shaxslar uchun ham energiya juda katta subsidiyalashgan narxda, ishlab chiqarish xarajatlaridan bir necha barobar arzon narxda beriladi, xuddi shu sxemani yuridik shaxslarga nisbatan qo'llash "mutlaqo xato". "Chunki, birinchidan, shundoq ham yuridik shaxslar to'laydigan narx xarajatlardan yuqoriroq. Ya'ni mantiqan yuridik shaxslar ishlatgan har bir kilovatt energiyadan, energetik kompaniyalar foyda olishadi. Jismoniy shaxslarda teskarisi, har bir uyda yoqilgan kilovatt soat svet uchun davlat — ya'ni soliq to'lovchilar orasidagi farqni kompensatsiya qilishadi. Yuridik korxonalarda esa teskarisi — qancha ko'p yoqishsa — shuncha foyda", — deb yozgan u. Lekin bu qarorning asli eng yomon tarafi iqtisodiy shikastida, deydi iqtisodchi. Uning so'zlariga ko'ra, O'zbekistondagi eng katta muammolardan biri "o'rtacha firmaning kichikligi"dir. Ya'ni bizda, boshqa mamlakatlardan farqli o'laroq, korxonalarni nufuzi ortishi juda qiyin masala, deya tushuntirgan u. | economy |
Shavkat Mirziyoyev 20-avgust kuni Nukusda tadbirkorlar bilan muloqot chog'ida mamlakatning 2026-yilda Jahon savdo tashkilotiga (JST) a'zo bo'lishi zarurligi haqida gapirdi . "Ushbu tashkilotga kirish — chuqur o'ylangan va uzoqni ko'zlagan tanlov, qolaversa, islohotlarimizning ajralmas bir qismi. Lekin ayrimlar bunga shubha bilan qarayapti, boshqalar "korxonalar sinadi, import bosib ketadi" degan xavotir bilan yuribdi. Bir narsani tushunish zarur, import bojlari ishlaydi. Shuning uchun tashkilot a'zolari bilan muzokaralar o'tkazayapmiz", — dedi davlat rahbari. "Ertangi kunimiz — teng raqobat muhiti va eksportga qaratilgan sanoat va savdo siyosati. Iqtisodiyotimizga oldinlari proteksiya qaysidir ma'noda kerak edi. Yana shu yo'lda davom etsak, imkoniyatlarimiz cheklanib qoladi. Chunki xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga kirmasak, iqtisodiy o'sish biz kutgandek bo'lmaydi", — dedi u. Prezidentning so'zlariga ko'ra, joriy yilning yetti oyida O'zbekiston eksporti 13 foizga oshib, 10 milliard AQSh dollaridan yuqoriladi. U mamlakat korxonalarining tashqi bozorga chiqishini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash davom etishini ta'kidladi. Shavkat Mirziyoyev qo'shni davlatlarning yillik importi 90 milliard dollar bo'lgani bilan O'zbekistonning undagi ulushi atigi 4 foiz ekani yoki MDH doirasida erkin savdo rejimi o'rnatilgani bilan, hamdo'stlikdagi 500 milliard dollarlik importda O'zbekistonning hissasi 2 foizga ham bormasligini misol qilib keltirdi. Uning ta'kidlashicha, O'zbekiston "hali raqobat borasida ancha ishlashi zarur". Shu munosabat bilan ikki oy oldin alohida farmon bilan metallurgiya, kimyo, energetika va telekommunikatsiyalar sohalarida mutlaq huquqlar bekor qilindi . Bundan tashqari, 2026-yilning iyul oyidan boshlab davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga beriladigan imtiyozlar, shuningdek, mahalliy elektr jihozlari uchun narx imtiyozlari qisman bekor qilinadi . Prezident: "Bundan buyon, hech kimda alohida huquq bo'lmasligi, xoh davlat strategik korxonasi bo'lsin, xoh xususiy korxona yoki xorijiy investor bo'lsin, iqtisodiyotda barcha teng sharoitda ishlashi kerak " , — deb ta'kidladi. Jahon savdo tashkilotiga a'zolik xalqaro tranzit yuk tashishda ortiqcha to'lov yoki cheklovlardan xalos qiladi. Albatta, bu raqobatdosh bo'lishimizga yana bir turtki beradi", — dedi davlat rahbari. Umuman olganda, mahsulot va xizmatlar sifatini oshirish, tashqi bozorda munosib o'rin topish uchun xalqaro standartlarga o'tish zarurligi ta'kidlandi. Masalan, pestitsidlar nazorati yo'lga qo'yilmas ekan, qishloq xo'jaligi mahsulotlari eksportini 2030-yilgacha 10 milliard dollarga yetkazish bo'yicha belgilagan marralarga erishib bo'lmaydi. Yetishtirayotgan mahsulotlar bozorini topolmasdan nobud bo'laveradi. Shu bois bu yil oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bo'yicha katta o'zgarishlar rejalashtirilgan. Bu orqali karantin, veterinariya, sanepidemnazorat va standart tashkilotlarining takrorlovchi vakolatlari qisqaradi, tadbirkorlarni qayta-qayta tekshirishga chek qo'yiladi. Bosh vazir o'rinbosari Jamshid Xodjayev may oyida O'zbekiston 2026-yilda Kamerunda bo'lib o'tadigan 14-vazirlar konferensiyasigacha Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lish niyatida ekanini ma'lum qilgandi . O'tgan yilning avgust oyida prezident 2025-yildan boshlab olib kirilayotgan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini bojxona rasmiylashtiruvidan o'tkazish uchun yig'imlarni bekor qilish, olib kirilayotgan tovarlarni davlat tilida markirovkalash tartibiga o'zgartirishlar kiritish va boshqalarni nazarda tutuvchi farmonni imzolagan. | economy |
Shavkat Mirziyoyev 20-avgust kuni Nukusda tadbirkorlar bilan uchrashuvda umumiy ovqatlanish va mehmonxona xizmatlari sohasini qo'llab-quvvatlash bo'yicha yangi chora-tadbirlarni ma'lum qildi . Davlat rahbari ularning eng katta muammosi qo'shilgan qiymat solig'i (QQS) va ishchilar hisobini yuritish ekanidan xabardorligini ta'kidladi. Shu bois keyingi yilning 1-yanvaridan umumiy ovqatlanish korxonalariga QQSning bir qismi tadbirkorga "keshbek" sifatida qaytarib beriladi. Bunda oylik aylanmasining 60 foizini naqd pulsiz amalga oshirgan korxonalarga QQSning 40 foizi to'langan zahoti qaytariladi. Agar naqd pulsiz aylanma 60 foizdan kam bo'lsa, "keshbek" 20 foiz bo'ladi. QQS to'lashga o'tgan restoran va kafelarga foyda solig'i 2 karra kamayadi. 1-dekabrdan bu korxonalar naqd pulga sotib olgan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini kirim qilishda hech qanday hujjat talab qilinmaydi. Ularga bahor va yoz mavsumida o'zlariga tutash maydonlarda stol-stul va soyabon qo'yib ishlashga ruxsat beriladi. Restoran va kafelar ishchilar bilan qisqa muddatli, soddalashgan mehnat shartnomasini tuzishi mumkin bo'ladi. Xuddi shu kabi 1-oktabrdan mehmonxona va turoperatorlarga ham to'langan QQSning 20 foizi "keshbek" qilib beriladi. Avvalroq restorator Timur Musin ovqatlanish korxonalari uchun QQS daromaddan emas, aylanmadan to'lanishini ta'kidlagan edi . QQS, shuningdek, boshqa soliqlar va to'lovlarga ketadigan 20 foiz marja biznesning "toza" ishlashiga imkon bermaydi. Tadbirkor umumiy ovqatlanish korxonalari uchun QQS stavkasini ikki baravar — amaldagi 12 foizdan 6 foizga kamaytirishni taklif qilgan. 2022-yilning avgust oyida moliya vazirining sobiq o'rinbosari Dilshod Sultonov bir qator mahsulotlarga QQS miqdorini nolga tushirish samarasi "nolga teng" bo'lganini aytgan edi . Bundan tashqari, bu umumiy ovqatlanish sanoatida soliq zanjiridagi uzilishlarga olib kelgan. | economy |
Gaz resurslari ulgurji savdosi bilan shug'ullanuvchi Ultimo Group Limited MCHJning 50 foizlik ulushiga egalik qiluvchi tadbirkor va mazkur kompaniya direktori Tuhfatxo'ja Anvarxo'jayev 2024-yil aprel oyida e'lon qilingan materiallar sabab "Ozodlik" radiosining o'zbek tahririyati hamda uning jurnalisti Lazizxon Olimov (Aziz Nur) ustidan sudga da'vo arizasi kiritgandi. Ish fuqarolik ishlari bo'yicha Shayxontohur tumanlararo sudida sudya A. Rajabov raisligida ko'rib chiqildi. 12-iyul kuni bo'lib o'tgan ochiq sud majlisida da'vogar Tuhfatxo'ja Anvarxo'jayevning advokati Davronbek Axmatov, uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan "O'ztransgaz" AJning ikki nafar xodimi ishtirok etgandi. Birinchi sud majlisi haqida ushbu haqola orqali tanishish mumkin. 19-iyul kuni o'tkazilgan navbatdagi sud majlisida "O'ztransgaz" kompaniyasi vakillari so'zga chiqib, Ultimo Group Limited Turkmaniston gazini "Qizilqumsement" kompaniyasiga sotganligini tasdiqladilar. Yetkazib berish uchun "O'ztransgaz"ning magistral gaz quvurlari infratuzilmasidan foydalanilgan bo'lib, u bilan "faqatgina tashish shartnomasi" imzolangani qayd etildi. Gaz-transport kompaniyasi vakilining aytishicha, "O'ztransgaz" tabiiy monopoliya subyekti hisoblanadi, shuning uchun "gazni tashish bo'yicha shartnoma tuzishni rad etish mumkin emas, lekin texnologik imkoniyatlarni hisobga olish kerak". Uning so'zlariga ko'ra, tashish tariflari bosh vazir o'rinbosari Jamshid Qo'chqorov raisligida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Hukumatlararo tarif komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Shuningdek, u 2021-yilning kuz-qish mavsumida ko'plab sanoat korxonalarining ishga tushirilishi va "so'nggi yillarda qurilish hajmining 30−40 foizga oshishi" fonida gaz tanqisligi yuzaga kelganini ma'lum qildi. "O'ztransgaz" vakilining aytishicha, qishda sement zavodlari gaz yetishmasligi sababli to'xtab qolgan, biroq "Qizilqumsement"ning Tashkent City loyihasi tashabbuskorlari oldidagi majburiyatlari bor edi, uni amalga oshirish uchun xomashyo kerak bo'lgan. Ta'minot uzilgan taqdirda jarima nazarda tutilgan. Uning eslatishicha, "Qizilqumsement" Ultimo Group Limited kompaniyasidan gazni 1000 so'mdan sotib olgan — xuddi shunday tarif uchinchi toifadagi iste'molchilar uchun ham amal qilgan. Mutaxassis, shuningdek, "O'ztransgaz" Ultimo Group Limited'ga gaz importi uchun to'lamaganini ta'kidladi. 29-iyul kuni bo'lib o'tgan yakuniy yig'ilishda tilshunos mutaxassislar, filologiya, adabiyot va o'zbek tili fanlari magistranti va doktorantlari ishtirok etib, tergovda bildirilgan fikrlarga baho berdilar. Ular "arvoh" "o'rtakash" "yashirin faoliyat" va boshqa so'zlarni hamda kontekstni baholadilar. Da'vogar tomon, shuningdek, Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o'qitish va malaka oshirish markazidan xulosa olib, kompaniyaning ishchanlik obro'siga, ta'sischining sha'ni va qadr-qimmatiga salbiy ta'sir ko'rsatayotgan yuqoridagi va boshqa epizodlarni ham ko'rsatib o'tdi. Majlis yakunida Abduqodir Rajabov raisligidagi sud Ultimo Group Limited va Tuhaftxo'ja Anvarxo'jayevning da'vosini qanoatlantirish to'g'risida qaror qabul qildi va "Ozodlik" radiosiga raddiya e'lon qilib, ma'naviy zarar uchun 100 mln so'm kompensatsiya to'lashni yukladi. Ma'lumot uchun, Ultimo Group Limited kompaniyasi 2021-yilning 10-martida tashkil etilgan bo'lib, oradan bir oy o'tib, "Qizilqumsement" bilan 315 milliard so'mlik (30 million dollarga yaqin) shartnoma imzolagan. | economy |
Shavkat Mirziyoyev 29-avgust kuni Nukusda tadbirkorlar bilan uchrashuvda tadbirkorlik faoliyati uchun to'siqlarni kamaytirish va qonunchilikdagi kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlarini ma'lum qildi . O'zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini to'xtatishga asos bo'ladigan qonun buzilish holatlari darajasi belgilanmagan, dedi prezident. Oqibatda arzimagan kamchiliklar bilan ham tadbirkorlar faoliyatini to'xtatib qo'yish holatlari kuzatilmoqda. Shu bois 1-noyabrga qadar aholining hayoti va sog'lig'iga haqiqiy xavf soluvchi mezonlar reyestri ishlab chiqiladi . Prezident reyestrda yo'q mezon bo'yicha tadbirkor faoliyatini to'xtatgan mansabdor javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirdi. Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarni jinoiy javobgarlikka tortishni yanada liberallashtirish muhimligini ta'kidladi. Masalan, 100 million so'mdan ortiq soliq to'lashdan bo'yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. Prezident bu limitni 2 barobarga — 200 million so'mga oshirishni taklif qildi. U tadbirkorlar berilayotgan yengillik va bildirilayotgan ishonchni suiiste'mol qilmasligiga umid bildirdi. Prezident kredit oldi-berdisida bank ham, tadbirkor ham tavakkal qilishini ta'kidladi. Lekin amaliyotda bankning huquq va vakolatlari tadbirkorga nisbatan ancha ko'proq. Masalan, kredit vaqtida qaytmasa, garovga qo'yilgan mulk shartnoma tuzilgan paytdagi qiymatida sotuvga chiqariladi. "3−4 yil oldin kredit olinganda 100 million so'mga baholangan mulkning bugungi narxi 30−40 foiz qimmatlashsa, uni qanday qilib eski qiymatida sotish mumkin? To'g'ri, muammoli kredit bilan qattiq shug'ullanish kerak, lekin bu tadbirkorni "tugatish" hisobidan bo'lmasligi zarur", — dedi Shavkat Mirziyoyev. Shu munosabat bilan garovga qo'yilgan mulk sotuvga qo'yilishidan avval uning joriy bozor qiymati aniqlanadigan tizim yaratiladi. Agar qarz miqdori garov qiymatining 15 foizidan kam bo'lsa, undirish mulkka yo'naltirilmaydi. Ya'ni bank mijoziga qarzni boshqa manba hisobidan qoplashga imkon beradi. Davlat rahbari ko'chmas mulk buzilishi bo'yicha kompensatsiya to'lashda haligacha muammolar borligini aytdi. Hozirda ushbu xarajatlar viloyat budjeti hisobidan qoplanyapti. Lekin ayrim viloyatlar budjetida mablag' kam qolayotgani uchun tadbirkorning pulini qoplab berish 5−6 yilga cho'zilib ketmoqda. Prezidentning so'zlariga ko'ra, endilikda yer savdosidan tushgan mablag'lar avvalo buzilishlar bo'yicha tadbirkorlardan qarzni so'ndirishga qaratiladi. So'nggi ikki yilda bozorga kirishdagi 13 ta eksklyuziv huquq bekor qilingan edi. Yaqinda yana 7 tasi bekor bo'ladi , bu orqali 1,5 mingdan ortiq tadbirkorlar uchun bozorga kirish imkoniyati yaratiladi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Misol uchun, mehmonxona faoliyatini sertifikatlash bilan akkreditatsiyasi bor barcha korxonalar shug'ullanishi mumkin bo'ladi. Hozirda Qurilish vazirligidagi "Shaffof qurilish" tizimi orqali tender savdolari uchun hujjatlarni faqat vazirlik qoshidagi konsalting markazlari tayyorlab beryapti. 1-oktabrdan xuddi Tadbirkorlik reytingi kabi "Shaffof qurilish" tizimini tadbirkorlarning o'zi yuritadi. Konsalting markazlari funksiyalari to'liq xususiy sektorga o'tkaziladi. Prezident tadbirkorlar taklif bersa, davlat idoralari ko'rsatayotgan boshqa xizmatlarni ham xususiy sektorga berishga tayyorligini bildirdi. Prezidentning tadbirkorlar bilan muloqoti yakuni bo'yicha boshqa yangiliklarni quyidagi havolalar orqali o'qing. | economy |
Hindiston va O'zbekistonni Eron orqali bog'lovchi yangi multimodal yo'nalishda konteyner tashuvlari yo'lga qo'yildi. Bu haqda "O'ztemiryo'lkonteyner" matbuot xizmati xabar qildi . Yozilishicha, Hindistonning Mundra, Nhava Sheva va Chennay portlaridan O'zbekistonga yangi multimodal yo'nalishda konteyner tashuvlari muvaffaqiyatli tashkil etilgan. Sinov tariqasida amalga oshirilgan tashuvlar Hindistondan Eronning Bandar-Abbos portiga dengiz orqali olib borilgan. Shundan so'ng portdan Sergeli stansiyasiga qadar temiryo'l transportida olib kelingan. Bunda konteynerlar Bandar-Abbosdan Saraxs stansiyasiga qadar Eron platformalarida tashilsa, u yerdan Toshkentga Turkmaniston orqali "O'zbekiston temir yo'llari"ga qarashli platformalarga qayta yuklangan holda yetkaziladi. 20 ta 20 futlik konteynerlardan tashkil topgan yuk poyezdi umumiy temiryo'l uzunligi 2673 km bo'lgan masofani 20 kunda bosib o'tdi. Kelgusida tashish muddatini 15 kunga qisqartirish rejalashtirilgan. Eslatib o'tamiz, o'tgan yil iyun oyida transport vaziri Ilhom Mahkamov eronlik hamkasbi bilan uchrashuvda "O'zbekiston-Turkmaniston-Eron" transport multimodal koridorini rivojlantirish, shuningdek, Eronning Chobahor va Bandar-Abbos portlarida o'zbekistonlik tadbirkorlar ishtirokida terminallar va omborlar qurishga kelishib olgandi . Uchrashuvdan bir hafta o'tgach O'zbekistonga Xitoyning Siyamen portidan Eronning Bandar-Abbos porti orqali tovarlar yetkazib berish boshlangan . | economy |
Dunyodagi eng yirik uyali aloqa operatorlaridan biri Britaniyaning Vodafone kompaniyasi O'zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 20-avgust kuni Nukusda prezident bilan bo'lib o'tgan yig'ilishda UzTex Group to'qimachilik kompaniyasi ta'sischisi, InfinBank `ning asosiy aksiyadori va boshqa tadbirkorlik subyektlari egasi Farhod Mamajonov ma'lum qildi. "Biz yangi sohaga qo'l urdik. O'zingiz kecha majlisda raqamlashtirish haqida gapirdingiz. Yashin tezligida ishlash uchun bizga yashin [tezligida] internet kerak. O'tgan yili chet el brendini olib kirgin, deb topshiriq bergandingiz. Biz O'zbekistonga juda ham yaqqol bo'lgan Britaniyaning Vodafone brendi mobil aloqasini ishga tushirish bo'yicha 5G Standalone bilan ish boshladik", — dedi u. "Hamkorimiz Britaniyaning Vodafone brendi bo'ladi. Biz Perfectum korxonasini xususiylashtirib oldik…Xususiy tadbirkorga raqamlashtirish quyi bo'g'inda yetib borishi uchun internet kerak bo'ldi, buni bank orasida ko'rib chiqdik. Buning uchun Uzcard kompaniyasi bilan hamkorlikda inqilobiy rejaga qo'l urdik — Vodafone kompaniyasi tashkil etiladi. Xudo xohlasa, yangi yilda ishga tushadi", — dedi tadbirkor. Vodafone Group Plc qirq yillik tarixga ega va 30 mamlakatda 434 mln foydalanuvchi (dunyodaChina Mobile`dan keyin ikkinchi ko'rsatkich) bo'lgan dunyodagi eng yirik telekommunikatsiya kompaniyalari guruhlaridan biri hisoblanadi. Yana 50 ta davlatda u to'liq nazoratga ega bo'lmagan tarmoqning hamkori hisoblanadi. U ovozli, xabar almashish, ma'lumotlar va statsionar aloqa kabi keng ko'lamli xizmatlarni taqdim etadi. Shuningdek, kompaniya Freedom Telecom bilan hamkorlikda Qozog'iston bozoriga chiqishni rejalashtirgan . Farhod Mamajonov investitsiya qiymati 250 mln yevroni tashkil etishini aytdi. Loyiha 2025-yilning birinchi choragida boshlanishi va 1000 ta ish o'rni yaratilishi kutilmoqda. Loyihada o'z jihozlari bilan Finlyandiyaning Nokia kompaniyasi ham ishtirok etadi. "Ushbu texnologiyalar ishga qo'yish uchun olib kelinyapti, o'rnatish ishlari olib borilyapti. Bu loyihani amalga oshirish uchun "O'zsanoatqurilishbank" orqali Finlyandiya eksport agentligidan 100 mln yevro investitsiya jalb qildik. Ta'sischilar — o'zimiz 150 mln yevro jalb qilyapmiz… Shu paytgacha xorijiy va davlat [mobil] korxonalari bo'lgan, hozir esa milliy uyali aloqa operatorini tashkil qilyapmiz", — dedi u. Tadbirkorning aytishicha, Vodafone bozorga kirishdan oldin "O'zbekistondagi iqtisodiy va siyosiy o'zgarishlarni sinchiklab tekshirgan". BAA texnologik guruhi — Emirates Telecommunications Group Company PJSC (e& — Etisalat and) ham loyihada texnik hamkor sifatida ishtirok etadi, dedi u. 2023-yilning oktabr oyida Perfectum dunyodagi yetakchi mobil aloqa tizimlari yaratuvchilaridan va ishlab chiqaruvchilaridan biri Nokia kompaniyasi ishtirokida 5G New Radio texnologiyasini joriy etishga qaror qilgani haqida xabar bergan . Mart oyida Perfectum uyali aloqa operatori to'liq xususiylashtirilib, yangi egasiga o'tgani ma'lum bo'lgan . Operatorning yuridik shaxsi — Rubicon Wireless Communication MCHJ hozirda 100 foiz tadbirkor Abdumalik Validjanovich Iminovga tegishli. Kompaniya rahbari esa Dmitriy Shukov bo'ldi. 2020-yilda davlat Perfectum`dagi davlat ulushini xususiylashtirish rejalarini e'lon qilgandi . O'sha paytda kompaniyaning 65 foizi davlatga tegishli bo'lgan, qolgan qismi Amis Protrade International`ga tegishli edi. Perfectum aksiyalarini sotish haqidagi xabarlar ochiq manbalarda chop etilmagan. 2024-yilning iyun oyida Perfectum O'zbekiston telekommunikatsiya ekotizimini raqamlashtirish va transformatsiya qilish maqsadida BAAning e& Group (Etisalat and) kompaniyasi bilan hamkorlik shartnomasini tuzdi . Ushbu hamkorlikning bir qismi sifatida kompaniya 5G Standalone New Radio (5G SA NR) texnologiyasiga asoslangan yangi Perfectum infratuzilmasini yaratishda yordam beradi. Bugungi kunda O'zbekistonda beshta GSM uyali aloqa operatori: MobiUz, Beeline, Humans, Uzmobile va Ucell faoliyat ko'rsatmoqda. Ko'p yillar davomida Perfectum CDMA standartidagi uyali aloqa xizmatlarini taqdim etgan. O'zbekistondagi uyali aloqa operatorlarining radiochastotalari davlat komissiyasi tomonidan standartlashtiriladi va tarqatiladi. | economy |
2025-yil 1-yanvardan O'zbekistonda yer uchastkalari va kapital qurilish obyektlarining yagona klassifikatori joriy etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 20-avgust kuni Nukus shahrida tadbirkorlar bilan muloqot chog'ida ma'lum qildi . Unga ko'ra, qishloq va noqishloq joylarda yer fondi doirasida bir faoliyatdan boshqasiga o'zgartirish tartibi aniq belgilanmagan. Masalan, bog' o'rnida issiqxona qilaman, degan tadbirkor ishni nimadan boshlashni, kimga murojaat qilishni bilmaydi. Yoki tadbirkor o'z bog'ida tomchilatib sug'orish uchun hovuz, kichik sig'imli saralash va saqlash omborini qura olmaydi. Shu bois har bir yer uchastkasi uchun asosiy faoliyat turini qaysilariga almashtirish mumkinligi, qanday yordamchi inshootlarni joylashtira olishi aniq belgilab berilishi reja qilinmoqda. Shu maqsadda 1-yanvardan boshlab yer uchastkalari va kapital qurilish obektlarining yagona klassifikatori joriy etiladi. Shu tariqa, yil davomida tadbirkorlar o'z tomorqasiga 800 milliard so'm sarmoya kiritishi kutilmoqda. Bundan tashqari, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik, pilla yetishtirish, shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari uchun ular joylashgan bino va inshootlar ostidagi yerlar uchun yer solig'i endilikda sanoat toifasi stavkasi bo'yicha hisoblab chiqiladi. Klassifikator joriy etilgandan so'ng ular qishloq xo'jaligi yerlaridagi kabi yer solig'ini to'lashga ham o'tadi. Shuningdek, prezident yig'ilishda tadbirkorlar tomonidan kimoshdi savdosida yer sotib olayotganda qo'shilgan qiymat solig'i undirilishi bekor qilinishi, ushbu xarid summasini bo'lib-bo'lib to'lashiga ruxsat berilishi va to'liq to'langanda chegirma berilishini ma'lum qildi . Shu bilan birga, tadbirkorlik subyekti obyektni loyihalashtirish va foydalanishga topshirish muddatlarini buzgan taqdirda, davlat tomonidan ajratilgan yer maydonini tortib olish mumkin bo'ladi. Davlat rahbari, shuningdek, yer sotuvidan tushgan mablag'lar mulki buzilgan tadbirkorlar kompensatsiyasiga yo'naltirilishini taklif qildi . | economy |
AQShning Air Products va O'zbekistonning Saneg kompaniyalari Farg'ona neftni qayta ishlash zavodining 140 million dollarlik aktivlarini sotib olish bo'yicha kelishuvni e'lon qildi. Bu haqda Saneg matbuot xizmati xabar berdi . Dunyo bo'ylab vodorod yetkazib beruvchilardan biri bo'lgan Air Products kompaniyasi Saneg'ning Farg'ona neftni qayta ishlash zavodidagi vodorod ishlab chiqarish aktivlarini sotib oladi. Amerika kompaniyasi vodorod ishlab chiqarish bloki va qisqa siklli adsorbsiya qurilmalari egasiga aylanadi, deya aniqlik kiritdi Saneg (sobiq Jizzakh Petroleum) matbuot xizmati "Gazeta.uz"ga. 2021-yilda FNQIZ Air Products kompaniyasi bilan vodorod ishlab chiqarish uchun ikkita o'zgaruvchan bosimli adsorbsiya qurilmasini (PSA) yetkazib berish bo'yicha shartnoma tuzgandi. Ularni sotib olish va o'rnatish modernizatsiya dasturining asosiy komponentiga aylandi, deyiladi xabarda. AQSh kompaniyasi yetkazib berilgan uskunani qaytarib oladimi, degan savolga Saneg xodimlari shunday dedi: "[Bu yerda], aniqrog'i, gap qayta ishlash haqida ketyapti. Mahsulotlar xalqaro miqyosda tan olingan vodorod yetkazib beruvchi tomonidan to'liq jarayon nazorati va sifat nazorati ostida ishlab chiqariladi". Saneg ma'lumotlariga ko'ra, ushbu bitim korxonaning global modernizatsiya jarayoniga mos keladi va uning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va optimallashtirishda muhim qadam hisoblanadi. Saneg asoschisi Baxtiyor Fazilovning ta'kidlashicha, Air Products bilan kelishuv "vodorod ishlab chiqarish bo'yicha jahon yetakchisi bilan birgalikda Farg'ona NQIZni modernizatsiya qilish bo'yicha uzoq muddatli rejalarimizni amalga oshirishning yana bir bosqichi yakunlanganini anglatadi". "Kelishuv doirasida birgalikdagi ishlarimiz O'zbekiston hukumatining asosiy ustuvor yo'nalishlaridan biri — ichki vodorod yetkazib berishni ko'paytirish orqali davlatning energetika xavfsizligini mustahkamlashga erishishda muhim omil rolini o'taydi", — dedi u. "Vodorod ishlab chiqarish bo'yicha ilg'or texnologiyalarimiz va tajribamiz NQIZ imkoniyatlarini kengaytiradi, Markaziy Osiyoda neft-gaz sohasining rivojini qo'llab-quvvatlaydi, bu esa, o'z navbatida, O'zbekistonga yanada yuqori barqarorlik darajasiga hamda energiya mustaqilligiga erishishga yordam beradi. Shu bilan birga, respublikaning ekologiya borasidagi kelajagiga hissa qo'shadi", — dedi Air Products vakili, prezidenti va bosh ijrochi direktori Seyfi Gasemi. Eslatib o'tamiz, kelishuv e'lon qilinishidan bir kun avval Shavkat Mirziyoyev Seyfi Gasemini qabul qilgan edi . Saneg tasarrufidagi Farg'ona NQIZ hozirda ishlab chiqarish imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan kompleks modernizatsiya jarayonlaridan o'tmoqda. Takomillashtirishlar gidrokreking jarayonini joriy etish, xususan, Yevro-5 toifasidagi dizel yoqilg'isi va aviatsiya kerosini ishlab chiqarish maqsadida yoqilg'ini qayta ishlash chuqurligini 92 foizdan oshirishni o'z ichiga oladi. Vodorod ishlab chiqarishni sanoatlashtirish orqali energiya manbalarini diversifikatsiya qilishda O'zbekiston hukumatiga ko'mak ko'rsatish ham NQIZlarini modernizatsiya qilishning maqsadlaridan biri hisoblanadi, deyiladi xabarda. Sotib olish 100 foizli tabiiy gazni ham, suyultirilgan gazni ham qayta ishlashga qodir bo'lgan metanni bug' bilan riforming qilish qurilmasini (SMR) o'z ichiga oladi. "Ushbu aktivlar Air Products tomonidan muqaddam yetkazib berilgan ikkita o'zgaruvchan bosimli adsorbsiya qurilmalari bilan birgalikda NQIZ va umuman tijorat bozori ehtiyojlari uchun vodorod ishlab chiqarishning ishonchli bazasini ta'minlab beradi", — ta'kidladi Saneg. Bitim 2024-yilning to'rtinchi choragida yakunlanishi kutilmoqda. Agar hozirda ishlab chiqarish bo'linmalarining bir qismi 140 million dollarga sotilayotgan bo'lsa, 2022-yil may oyida FNQIZning 100 foiz ulushi 100 million dollarga baholangan va o'sha paytda 103 ta neft va gaz konlarida yer qa'ridan foydalanish huquqiga ega bo'lgan eng yirik xususiy neft-gaz kompaniyasi Sanoat Energetika Guruhi'ga sotilgandi. Ilgari FNQIZ va konlar "O'zbekneftgaz"ga tegishli bo'lgan. Ushbu kelishuvga qaramay, 2024-yil 29-may holatiga ko'ra, DABA davlat nomidan 58,5 foiz ulushni saqlab qolmoqda, Saneg esa 41,5 foiziga egalik qilyapti. Davaktivning may oyida ta'kidlashicha , investor haligacha zavod uchun mablag'ni to'liq to'lamagan. "Xarid qiymatini to'lagan qismiga mutanosib ravishda ulush o'tkazib beriladi. Xarid qiymati to'liq to'langandan va shartnoma shartlarini bajargandan so'ng, ulush ham to'liq o'tkaziladi", — deyiladi xabarda. Agentlik kompaniya to'liq summani qancha muddatda to'lashi kerakligiga aniqlik kiritmagan. "Air Products kompaniyasi bilan kelishuv yirik xorijiy o'yinchilarning ichki bozorga kirishidan manfaatdor bo'lgan O'zbekiston Respublikasi hukumati ishtirokida tayyorlangan. Shartnomada korxona aksiyalarini Air Products kompaniyasiga o'tkazish ko'zda tutilmagan. Shu bilan birga, tranzaksiya tafsilotlari haqida uning barcha parametrlari yakunlangandan so'ng, aniqrog'i joriy yilning to'rtinchi choragi oxirida izoh berish to'g'riroq bo'ladi", — dedi Saneg mas'ullari "Gazeta.uz" so'roviga javoban. 2024-yilning ikkinchi choragi uchun investitsiya dasturi ma'lumotlariga ko'ra, modernizatsiya qiymati 389,3 million dollarga ko'tarilgan, 1-yanvar holatiga ko'ra, qoldiq 171,8 million dollarni tashkil etgan; xorijiy hamkorlar Shveysariyaning Gas Project Development Central Asia va Kiprning Belvor Noldings Limited kompaniyasi hisoblanadi. Avvalroq ushbu kompaniyalarning tadbirkor Baxtiyor Fazilovga aloqasi borligi haqida xabar berilgan edi . Qayd etish joiz, bu vaqt ichida Saneg 41,5 foiz ulush uchun 41,5 million dollar to'lashi kerak bo'lardi. Joriy kurs bo'yicha bu taxminan 525 milliard so'mni, o'rtacha hisobda esa 450 milliard so'mdan biroz kamroqni tashkil qiladi. 2022-yildan buyon zavodning sof foydasi 557,3 milliard so'mni tashkil etadi : 2022-yilda — 19,3 milliard so'm, 2023-yilda — 469,6 milliard so'm , 2024-yilning birinchi choragida — 68,4 milliard so'm . Moliyachi Otabek Bakirovning fikricha , kompaniya zavodni sotib olish xarajatlarini ushbu zavod foydasi hisobiga to'lashi mumkin. "Gazeta.uz" Saneg va Davaktivga zavod foydasi qanday taqsimlangani, investor qancha to'lagani, to'lovlar qancha muddatda to'lanishi kerakligi va investitsiya majburiyatlari bajarilishi bo'yicha so'rovlar yubordi. Saneg bunga quyidagicha javob berdi: "To'lovlar va investitsiya majburiyatlarini bajarish muddatlari Saneg va O'zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi o'rtasida tuzilgan shartnoma shartlari bilan belgilanadi. Ayni paytda Saneg Farg'ona NQIZni sotib olish uchun summaning bir qismini to'lash bo'yicha shartnoma majburiyatlarini bajarmoqda. Shartnomaga ko'ra, korxonaning uzoq muddatli investitsiya va rivojlanish rejasi doirasida barcha to'lovlar va majburiyatlar shartnomada nazarda tutilgan belgilangan muddatlarda bajariladi. Qolgan summa kelishuvda ko'rsatilgan grafikka muvofiq to'lanadi". | economy |